ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Xalqaro munosabatlar tizimida Samarqand shahrining o‘rni

Ismatullayev Farhodjon Odiljonovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

XALQARO MUNOSABATLAR TIZIMIDA SAMARQAND SHAHRINING
O‘RNI

ROLE OF SAMARKAND CITY IN THE SYSTEM OF INTERNATIONAL
RELATIONS

РОЛЬ ГОРОДА САМАРКАНДА В СИСТЕМЕ МЕЖДУНАРОДНЫХ
ОТНОШЕНИЙ

Ismatullayev Farhodjon Odiljonovich,
Toshkent davlat pedagogika universiteti dotsenti,

tarix fanlari doktori (DSc)
Tel.: +998 93 804-00-89

e-mail: farhod.ismatullayev@mail.ru

Annotatsiya: Ushbu maqolada Samarqand shahrining xalqaro munosabatlar
tizimida tutgan o‘rni tahlil qilingan. Samarqandning qadimdan Buyuk ipak yo‘li
doirasida xalqaro darajada savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarni
rivojlantirishda asosiy tranzit va muhim markaz bo‘lgani manbalar asosida yoritib
berilgan. Samarqand dunyoning mashhur shaharlaridan biri sifatida jahon
sivilizatsiyasi rivojiga, xususan sharq mamlakatlari taraqqiyotiga katta hissa qo‘shgani
ta’kidlanar ekan, bu fikrlar turli xorijiy shaxslarning e’tiroflari bilan tasdiqlanadi.
Osiyo bilan Yevropa o‘rtasida savdo-diplomatik aloqalarning rivojlanishida aynan
Samarqand hududida mavjud bo‘lgan qadimiy so‘g‘diylarning xizmatlari tufayli bu
shaharning o‘rni va ahamiyati yuksak ekani eslanar ekan, bugungi kunda ham dunyo
madaniyati va san’ati vakillarining bir yerda to‘planishida, “Sharq taronalari” festivali
orqali jahon xalqlarini tinchlik va hamkorlikka da’vat etilishida Samarqand shahri
mezbonlik qilayotgani ta’kidlanadi. Shu sababli Samarqand shahriga qiziqish kattaligi,
bir qancha olim va yozuvchilar bu shahar haqida kitoblar yozishgani ham maqolada
qayd etilgan. Bundan tashqari, Yangi O‘zbekistonni rivojlantirish strategiyasida
Samarqand shahrini Markaziy Osiyoning turistik habiga aylantirish bo‘yicha
qilinayotgan ishlar haqida ham so‘z yuritilgan.

Kalit so‘zlar: sivilizatsiya, Maroqand, Samarqand, Buyuk ipak yo‘li, Rennesans,
Rim, turizm.

Annotation: In this article the role of Samarkand city in the system of
international relations is analyzed. According to the sources, Samarkand has been the
main transit and an important center in the development of trade, economic, cultural
and humanitarian spheres at the international level within the framework of the Great
Silk Road. It is mentioned that Samarkand, as one of the famous cities of the world,

made a great contribution to the development of world civilization, especially to the
development of Eastern countries, and these opinions are confirmed by the confessions
of various foreign persons. It is remembered that the place and importance of this city
in the development of trade and diplomatic relations between Asia and Europe is high
due to the services of the ancient Sogdians who lived in the territory of Samarkand, it
is also noted that the city of Samarkand is hosting to gather world peoples and calling
them for peace and cooperation through the "Sharq taronalari" festival. For this reason,
it is noted in the article that due to the great interest in the city of Samarkand, several
scientists and writers have written books about this city. In addition, it is also
mentioned that according to the strategy for the development of New Uzbekistan some
projects are being carried out to turn the city of Samarkand into a tourist hub of Central
Asia.

Keywords: civilization, Marokand, Samarkand, Great Silk Road, Renaissance,
Rome, tourism.

Аннотация: В данной статье анализируется роль города Самарканда в
системе международных отношений. Также на основе источников
подчеркивается, что город Самарканд является основным транзитным и важным
центром развития торгово-экономической и культурно-гуманитарной сфер
региона в рамках Великого Шелкового пути. Упоминается, что Самарканд, как
один из известных городов мира, внес большой вклад в развитие мировой
цивилизации, особенно в развитие стран Востока, и эти мнения подтверждаются
признаниями различных иностранных лиц. Вместе с вспоминанием, что место и
значение этого города в развитии торговли и дипломатических отношений
между Азией и Европой высоки из-за заслуг древних согдийцев, проживавших
на территории Самарканда, также отмечается, что город Самарканд принимает у
себя мировые народы и призывает их к миру и сотрудничеству посредством
фестиваля «Шарк тароналари». По этой причине в статье отмечается, что из-за
большого интереса к городу Самарканд, несколько ученых и писателей написали
книги об этом городе. Кроме того, в стратегии развития Нового Узбекистана
упоминается и проводимая работа по превращению города Самарканда в
туристический центр Центральной Азии.

Ключевые слова: цивилизация, Мароканд, Самарканд, Великий Шелковый
путь, Возрождение, Рим, туризм.

KIRISH
Insoniyat sivilizatsiyasining qadimiy beshiklaridan biri bo‘lgan yurtimizda qadim
davrlardan siyosiy, iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalar rivojida muhim o‘rin tutgan
ko‘plab shaharlar shakllangan. Samarqand ana shunday ko‘hna shaharlardan biridir.

Samarqand jahon sivilizatsiyasi rivojiga o‘zining salmoqli hissasini qo‘shgan. Bu
shahar miloddan avvalgi I ming yillik boshlarida Markaziy Osiyoda shahar madaniyati
yoyilishida muhim o‘rin tutgan. Markaziy Osiyo shaharsozlik va fortifikatsiyasi
tarixida birinchi marta Samarqandda murakkab relyefda monumental arxitektura
qurilishi ixtiro qilindi va bu usul keyinchalik qo‘shni mintaqalarga tarqaldi. Miloddan
avvalgi IV asrda esa ellinizm madaniyati shakllanishiga katta hissa qo‘shdi (Ртвеладзе
Э., 2001: 48). Shuningdek, ikkiga bo‘linib qolgan sharq va g‘arb mamlakatlarini o‘zaro
bog‘lab, yaxlit bir dunyoga aylantirgan, insoniyat tarixi rivojini yangi o‘zanga burib
yuborgan, Buyuk ipak yo‘lining paydo bo‘lishi va rivojlanishiga ham beqiyos hissa
qo‘shgan. Chunki Rimdan Siangacha bo‘lgan Buyuk ipak yo‘li tarmoqlarida so‘g‘d tili
xalqaro til vazifasini bajardi. So‘g‘dliklar tijorat, madaniyat va g‘oyalar harakatida
asosiy vositachilik vazifasini o‘tadi. Xitoy yoki Koreyadan yo‘lga chiqqan savdo
karvonlari o‘z mahsulotlarini So‘g‘diyona – Samarqandgacha yetkazib kelgan. So‘ngra
so‘g‘d savdogarlari ularni Yevropagacha eltgan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mavzuga oid masalalarni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat
Mirziyoyevning asarlari va nutqlarida uchratish mumkin. Jumladan, Samarqand
shahrining turistik imkoniyatlari haqida Shavkat Miromonovich Mirziyoyev quyidagi
fikrlarni bildirgan edi: “Aksariyat davlatlar xalqlari yurtimizni ko‘hna Samarqand
orqali tasavvur qiladi. Shuning uchun ham O‘zbekiston haqida gapirganda, avvalo, bu
qadim shaharni tilga olamiz. Haqiqat shuki, Buyuk Ipak yo‘lini birlashtirgan shaharlar
orasida Samarqandchalik qadim tarixga ega manzil yo‘q. Afsuski, shunga mos
infratuzilma yaratishga avvalroq e’tibor qaratmadik”.1
Tarixchi olimlardan Edvard Rtveladze, Abdulahad Muhammadjonov, N.Qosimov
hamda B.G‘ofurov Samarqand shahri haqida tadqiqot natijalarini e’lon qilganlar.
Mazkur maqolada esa ularning ma’lumotlari tahlili asosida umumiylashtirilgan, hamda
mavzuni yoritib berishga xizmat qiluvchi ma’lumotlar havola etiladi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
“Xalqaro munosabatlar tizimida Samarqand shahrining o‘rni” nomli ushbu
maqolaning tadqiqot metodologiyasi turli manbalarni, jumladan, tarixiy hujjatlar, ilmiy
ishlar va rasmiy hisobotlarni har tomonlama tahlil qilishni o‘z ichiga oladi. Maqolani
yozish quyidagi bosqichlarda amalga oshirildi:
1. Adabiyot sharhi: Samarqand shahrining xalqaro munosabatlardagi o‘rni
bo‘yicha mavjud adabiyotlar atroflicha o‘rganildi. Samarqandning savdo, madaniyat

1 Мирзиёев Ш.М. Мақсадимиз – Самарқандни жаҳон туризм марказига айлантириш, аҳоли учун замонавий турмуш шароити
яратиш // Халқ сўзи газетаси, 2019 йил 27 июль.

va diplomatiya rivojidagi ahamiyatini tushunish uchun tarixiy matnlar, ilmiy maqolalar
va boshqa tegishli manbalarni o‘z ichiga oluvchi materiallarga diqqat qaratildi.

2. Ma’lumot to‘plash: Ma’lumotlar turli manbalardan, jumladan, asosiy va
ikkilamchi manbalardan to‘plandi. Birlamchi manbalarga tarixchi va olimlar bilan
suhbatlar, ikkinchi darajali manbalarga esa kitoblar, maqolalar va rasmiy hisobotlar
taalluqlidir.

3. Tahlil: Yig‘ilgan ma’lumotlar Samarqandning xalqaro munosabatlardagi o‘rni
bilan bog‘liq asosiy mavzular va tendensiyalarni aniqlash uchun tahlil qilindi.
Uyg‘onish davridagi Rim kabi Samarqand va boshqa tarixiy shaharlar o‘rtasidagi
o‘xshashlik va farqlarni tushunish uchun qiyosiy tahlil o‘tkazildi.

4. “Case Study” metodi: Samarqandning xalqaro munosabatlarda tutgan o‘rni
bilan bog‘liq bo‘lgan aniq voqealar yoki o‘zgarishlarga oid misollar batafsil ko‘rib
chiqildi. Bunga Buyuk Ipak yoʻlining shahar rivojiga taʼsiri, qadimgi soʻgʻdiylarning
savdo va diplomatiyaga qoʻshgan hissasi, “Sharq taronalari” kabi xalqaro festivallarga
mezbonlik qilish kiradi.

5. Sotsiologik tadqiqotlar: Suhbat, fokus-guruhlar va ishtirokchilarni kuzatish
kabi sifatli tadqiqot usullaridan foydalanib, mahalliy ekspertlar va aholidan
Samarqandning bugungi global kontekstdagi ahamiyati haqida tushunchalar to‘plandi.

Ushbu maqolaning tadqiqot metodologiyasi Samarqand shahrining xalqaro
munosabatlar tizimidagi rolini tahlil qilish uchun tarixiy, sotsiologik va iqtisodiy
istiqbollarni birlashtirgan fanlararo yondashuvni o‘z ichiga oladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Qadimgi Samarqand va ko‘hna Rim o‘rtasidagi hamkorlikning tarixiy ildizlari
uzoq antik davrga borib taqalishini arxiv ma’lumotlari ham tasdiqlaydi. Manbalarda
Rim imperatori Adrian (milodiy II asr) davrida saroy ayollari Buyuk ipak yo‘li orqali
keltirilgan Maroqand shoyisidan tayyorlangan kiyim kiygani haqidagi ma’lumotlar
keltirilgan.
Diplomatik aloqalarni rivojlantirishda ham shaharning alohida o‘rni mavjud.
Bunga misol sifatida Vizantiyaga ilk marta yo‘l ochgan jasur so‘g‘d elchisi Maniaxni
ko‘rsatish mumkin (Муҳаммаджонов А., 2009: 168).
Amir Temur davrida Samarqand “yer yuzining sayqali”ga aylandi. Sohibqiron
Samarqandni o‘zgacha bir mehr bilan obod qildi. Uni “dunyoning markazi”ga
aylantirish uchun hech narsani ayamadi. Natijada, ilm-fan, san’at va madaniyat yuksak
darajaga ko‘tarildi, insoniyat tarixidagi nodir jarayon – ikkinchi Renessans –
Uyg‘onish yuzaga keldi. Dunyo ilm-fani Mirzo Ulug‘bek asarlari bilan boyidi.
Matematika va astronomiya fanlari rivoji yuksak darajaga ko‘tarildi. Bu ilmlar aynan
Samarqandda rivojlanib, dunyoga tarqaldi. Mashhur fransuz mutafakkiri Volter

“Samarqand akademiyasi”ni bir necha marta tilga olgani ham bejiz emas (Ртвеладзе
Э., 2001: 77).

Samarqand dovrug‘i Amir Temur va temuriylar davrida ayniqsa yuksaldi.
Samarqandni poytaxt qilgan Amir Temur butun dunyodan ilm-fan ahlini Samarqandga
taklif etdi. Ularga ijod qilish uchun sharoit yaratib berdi. Tabiiyki, Samarqand shonshavkatining ortishida Amir Temur davridagi diplomatik aloqalarning rivojlanishi ham
muhim omil bo‘ldi. Amir Temur tomonidan boshqa davlatlarga yuborilgan elchilar
xalqaro va diplomatiya huquqi mezonlariga qat’iy amal qilgan. Amir Temur
diplomatiyasi mardlik, jasurlik, tashabbuskorlik va jamiki insoniy fazilatlarga
yo‘g‘rilgan. Hatto u yengilgan raqibiga katta hurmat va jo‘mardlik ko‘rsatgan.
Temurning Yevropaga, jumladan, Fransiya bilan hamkorlik aloqalariga jiddiy e’tibor
qaratganini va o‘z navbatida, Fransiya qiroli Sharl VI ham bunga munosib javob
qaytarganini o‘sha davrdagi yozishmalar orqali bilib olish mumkin.

Ispaniya qiroli Enriko III (1390-1407) Amir Temur (1370-1405)ga 1402, 1403-
yillarda maktublar yo‘llagan. Shu bilan birga, Ispaniyaning mashhur tarixchisi Rui
Gonzales de Klavixo 1404-yili mamlakat qiroli topshirig‘iga binoan Samarqandga
elchi bo‘lib keladi (Клавихо, 2010: 6). U tashrifi chog‘ida Sohibqiron bilan bir necha
marta uchrashgani, temuriylar elchisi Muhammad Qozi ham Ispaniyaga tashrif
buyurgani va ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirishga munosib hissa qo‘shgani
manbalarda keltirilgan. Demak, buyuk Sohibqiron yurtimizni Yevropa bilan
bog‘laydigan elchilik aloqalariga yangitdan asos soldi va yuqori bosqichga ko‘tardi.

Rui Gonzales de Klavixo o‘z elchiligi davrida ko‘rgan, tanishgan va o‘qigan
manbalariga tayanib, “Buyuk Temur tarixi”, “Temur qarorgohi”, “Samarqandga
sayohat kundaligi” nomli kitoblarni yozgan. Demak, Yevropa xalqlari XVI asrdayoq
buyuk Amir Temur va temuriylar davlati hamda uning dovrug‘i haqida ma’lum
darajada ma’lumotga ega bo‘lgan.

Amir Temur va temuriylar davriga qiziqish keyingi davrlarda ham davom etdi.
Jumladan, XVIII asr oxiri – XIX asr boshlarida buyuk nemis shoiri va mutafakkiri
Iogann Volfgang von Gyote o‘z asarlarida temuriylar davlati, qadimiy voha shaharlari
– Samarqand va Buxoro haqida yozgan (Қосимов Н., 2021: 16). Bu ma’lumotlar
hamma davrlarda O‘zbekiston va uning madaniyatiga qiziqish davom etganini
ko‘rsatadi.

Istiqlol yillarida bu aloqalar o‘zining takomiliga erishdi. Buni biz turli
yo‘nalishlarda, jumladan, iqtisodiyot, madaniyat va ta’lim sohalaridagi
hamkorliklarning rivojlanganida ko‘ramiz. Shu bilan birga, madaniyat va ilm-fanning
turli sohalariga bag‘ishlangan konferensiya va festivallar ham aynan Samarqand
shahrida o‘tkazilishi an’anaga aylandi. Chunki ham tarixiy, ham zamonaviylikni o‘zida
jamlagan Samarqand shahri dunyo xalqlari e’tiborida, uni ko‘rishga qiziquvchilar soni
esa yildan-yilga ortib bormoqda.

2007-yilning 24-26-may kunlari Samarqand shahrining 2750 yillik yubileyi
xalqaro miqyosda nishonlandi. O‘zbekiston Fanlar akademiyasi, YUNESKO
hamkorligida “Samarqand shahrining insoniyat sivilizatsiyasi taraqqiyoti tarixida
tutgan o‘rni”ga bag‘ishlangan ilmiy anjuman tashkil etildi. Ushbu anjumanda Avstriya,
Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Fransiya, Shveysariya kabi
davlatlardan yetakchi arxeolog, tarixchi, sharqshunos olim va mutaxassislar ishtirok
etdi. Bu, albatta, Samarqand shahriga nisbatan jahon ilm-fan doiralarida ham katta
qiziqish uyg‘onayotganidan dalolatdir.

Yildan-yilga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro aloqalar qamrovi kengayib,
hamkor davlatlar soni ortib bormoqda. O‘zbekiston jahonning eng rivojlangan
davlatlari bilan turli fan sohalarida hamkorlikni yo‘lga qo‘yib kelmoqda. Ana shunday
aloqalar fransuz qadimshunoslari bilan Samarqandning ko‘hna Afrosiyob qo‘rg‘onida
arxeologik tadqiqotlar olib borish bilan davom etmoqda. Shuni ta’kidlash mumkinki,
YUNESKO qaroriga muvofiq Samarqand shahri yoshining 2750 yil deb
belgilanishida, albatta, fransuz qadimshunoslari va arxeologlarining ham katta hissasi
bor.

So‘nggi yillarda Yevropa ommaviy axborot vositalarida O‘zbekiston tarixi va
madaniyatiga oid ko‘rsatuvlar ko‘payib bormoqda. Ushbu namoyishlar orqali xorij
teletomoshabinlari o‘lkamizning tarixiy-madaniy merosi va zamonaviy rivoji bilan
tanishish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda. Italiya kanallarida ham yurtimiz tarixi,
madaniyati va sayyohlik imkoniyatlari haqida ana shunday turkum ko‘rsatuvlar
namoyish etilmoqda. Ko‘rsatuv mualliflari tomonidan O‘zbekistonning Markaziy
Osiyo mintaqasida ko‘p mingyillik tarixga ega va beqiyos me’moriy obidalarga boy
mamlakat ekani alohida ta’kidlandi. Shuningdek, Amir Temur poytaxti – mahobatli
Samarqandni tasvirlar ekan, Italiya jurnalistlari tomonidan mashhur sayyoh Marko
Poloning ushbu shahar ta’rifidagi so‘zlarini keltirilib, uning insoniyat tamadduniga
qo‘shgan hissasi haqida ma’lumot berildi.

Italiya jamoatchiligi uchun tayyorlangan mazkur telejurnal O‘zbekiston
shaharlarining insoniyat tamaddunida tutgan o‘rni va ahamiyati, buyuk
ajdodlarimizning dunyo ilm-fani hamda madaniyatiga qo‘shgan beqiyos hissasini
yoritishda davom etmoqda.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Samarqandning xalqaro miqyosdagi roli ortib
borishida muntazam asosda o‘tkazib kelinayotgan “Sharq taronalari” xalqaro musiqa
festivalining o‘rni kattadir. 1997-yildan Samarqand shahrida har ikki yilda
o‘tkaziladigan ushbu festivalda dunyoning ko‘plab davlatlaridan, shu jumladan,
Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan tashrif buyurgan musiqa ustalari o‘z mahoratini
namoyish etib kelmoqda.

Festivalda ishtirok etuvchi mamlakatlar soni yildan-yilga ko‘payib bormoqda.
1997-yil Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Sharq taronalari” festivalida jami 31

mamlakat va 2 ta xalqaro tashkilot vakillari qatnashgan bo‘lsa, ulardan 6 tasi Yevropa
Ittifoqiga to‘g‘ri kelib, 23 nafar musiqa ustalari ishtirok etdi. 2005-yil o‘tkazilgan
festivalda esa 291 kishi 50 ta mamlakatdan qatnashgan bo‘lsa, 76 ishtirokchi 13 ta
Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan tashrif buyurdi. 2017-yilda 58 mamlakatdan 241
nafar san’atkor qatnashgan. Shuni ta’kidlash joizki, “Sharq taronalari” festivallarida
Yevropa Ittifoqi mamlakatlari orasida faol ishtirok etuvchilar qatorida Avstriya, Buyuk
Britaniya, Germaniya, Gretsiya, Italiya, Fransiya, Latviya davlatlarini tilga olish
mumkin.

So‘nggi yillarda O‘zbekiston Yevropaning rivojlanayotgan davlatlaridan biri
bo‘lgan Latviya Respublikasi bilan madaniy aloqalarni rivojlantirish pallasidadir.
Albatta, ushbu aloqalarda Samarqand shahrining o‘rni katta bo‘lmoqda. Ikki mamlakat
o‘rtasidagi aloqalar turli yo‘nalishlarda, jumladan, tasviriy va amaliy san’at sohasida
davom etmoqda. Buni biz 2013-yil Rigada O‘zbekiston tasviriy va amaliy san’at
ustalarining ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tganida ko‘rishimiz mumkin. Uning mantiqiy
davomini esa 2014-yilning may oyida Samarqandda kurort shahar Yurmalaliklar
tomonidan Latviya rassomlari ko‘rgazmasi tashkil etilganida ko‘ramiz. Ko‘hna
Samarqand bilan Yurmala o‘rtasida hamkorlikning o‘rnatilishi madaniy aloqalar
rivojida juda katta ahamiyatga ega.

Oxirgi yillarda O‘zbekiston tarixi va madaniyatini tadqiq etishga jahon miqyosida
qiziqish ortib bormoqda. Buni birgina Amir Temur shaxsiga oid ilmiy izlanishlar
jahondagi o‘ttizdan ortiq mamlakatda olib borilayotgani misolida ko‘rishimiz mumkin.
Albatta, tariximiz, san’atimiz va qadriyatlarimizni xorijda o‘rganilishi va targ‘ib
etilishi har jihatdan foydalidir. Birinchidan, ular Markaziy Osiyo tarixi va uning dunyo
tamadduniga qo‘shgan hissasi haqida ma’lumotga ega bo‘lsa, ikkinchidan,
O‘zbekistonning tarixiy shaharlarini ko‘rishga qiziqishni orttiradi. Bu esa yurtimizga
keladigan sayyohlar oqimi ortishiga xizmat qiladi.

Butunjahon atlasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, ayni paytda dunyoda 5 mingga yaqin
shahar mavjud. Ana shu shaharlar orasida ko‘p ming yillik tarixga ega bo‘lgani, nari
borsa 40 taga yetadi (Ғофуров Б., 2018). Ushbu ro‘yxatda Samarqand shahri ham o‘rin
olgan.

So‘nggi yillarda hukumatimiz xorijda yurtimiz tarixi va madaniyati bilan
shug‘ullanib kelayotgan ko‘plab olim va adabiyotchilarni davlatimizning nufuzli
mukofotlari bilan taqdirlab kelmoqda. 2018-yil 9-oktyabrda O‘zbekiston tarixi va
madaniyatini o‘rganishga munosib hissa qo‘shgan Fransiyaning taniqli adabiyot va
ilm-fan namoyandalari – yozuvchi Amin Maaluf, olimlar Frederik Bopertyui-Bressand
xonim va Frans Grenelarga Samarqand shahri faxriy fuqarosi unvoni topshirildi.

Frederik Bopertyui-Bressand xonim O‘zbekistonga birinchi marta 1977-yilda
kelgan, Samarqandni ko‘rgan, Amir Temur shaxsi va davriga qiziqib, ko‘plab
izlanishlar olib borgan. 2007-yilda o‘tkazilgan Samarqandning 2750 yilligiga

bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada Frederik Bopertyui – Bressand “Temuriylar
davrida musiqa” mavzusida chiqish qildi. Parijda shu yili uning “Durdona
Samarqand”, “Sirli Samarqand” kitob-albomlari chop etildi.

Ulardan biri Amin Maaluf o‘zining “Samarqand” romani bilan o‘zbek
kitobxonlariga yaxshi tanish bo‘lib, uning romani o‘zbek tilida 2003-yili “Jahon
adabiyoti” jurnalining 6-7, 2005-yilning 7-8 sonlarida chop etilgan. Romanda shoir va
faylasuf Umar Hayyomning Samarqanddagi hayoti, XI asrdagi ijtimoiy-siyosiy vaziyat
talqini aks etgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
So‘nggi yillarda Samarqand shahri nafaqat madaniy tadbirlarga, balki turli
darajadagi siyosiy tashrif va xalqaro konferensiyalarga ham mezbonlik qilmoqda. Buni
biz 2023-yil noyabr oyida davlat tashrifi bilan mamlakatimizga kelgan Fransiya
Prezidenti Emmanuel Makron tashrifi misolida ko‘rishimiz mumkin. Tashrif davomida
davlat rahbarlarining Samarqand shahrining diqqatga sazovor joylariga amalga
oshirgan tashriflari, o‘tkazgan uchrashuvlari, erishgan bitim va shartnomalari
istiqbolida ikki tomonlama munosabatlar yanada rivojlanishiga ishonamiz.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Samarqand dunyoning eng qadimiy
shaharlari – Rim, Afina, Bobil va Fiva qatorida turadi. Rim g‘arb sivilizatsiyasining
rivojida qanchalik ahamiyat kasb etgan bo‘lsa, Samarqand ham sharq taqdirida xuddi
shunday vazifani o‘tagan. Samarqand hamisha navqiron, barhayot va umrboqiy
shahardir. O‘zbekistonning madaniy markazi bo‘lgan Samarqand shahri har doim
xalqaro munosabatlar rivojida muhim o‘rin tutib, o‘zining noyob arxitekturasi bilan
insoniyatni hayratga solishda davom etmoqda.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. История Узбекистана в 4 томах. Том.1. – Ташкент: Фан, 1967.
2. Латвия Президенти Андрис Берзиньш: Бизнинг Ўзбекистон билан
муносабатларимиз узоқ муддатлидир // Халқ сўзи газетаси, 2014 йил 27 май.
3. Макроннинг ташрифи сабаб Самарқандда қатор кўчалар ёпилади.
https://uznews.uz/posts/69059. Мурожаат этилган сана: 11.07.24.
4. Мирзиёев Ш.М. Мақсадимиз – Самарқандни жаҳон туризм марказига
айлантириш, аҳоли учун замонавий турмуш шароити яратиш // Халқ сўзи
газетаси, 2019 йил 27 июль.
5. Муҳаммаджонов А. (2009) Ўзбекистон тарихи. – Тошкент: Шарқ
нашриёт-матбаа акционерлик компанияси.
6. НА. РУз., ф - М-2., д.-172, л.-13.
7. Ртвеладзе Э. (2001) Қадимги Ўзбекистон цивилизацияси. – Тошкент:
Адолат.

8. Руи Гонзалес де Клавихо. (2010) Самарқандга – Амир Темур саройига
саёҳат кундалиги (1403-1406). – Тошкент: Ўзбекистон.

9. Самарқанд ва дунё цивилизацияси // Халқ сўзи газетаси, 2007 йил 25
май.

10. Самарқандга ўзгача меҳр қўйган француз ёзувчиси // Халқ сўзи газетаси,
2018 йил 11 октябрь.

11. Самарқанднинг жаҳон цивилизацияси ривожидаги ўрни // Халқ сўзи
газетаси, 2007 йил 25 май.

12. Ўзбекистон - Франция: узоқ муддатли ҳамкорликни янада кенгайтириш
ва мустаҳкамлаш йўлида // Халқ сўзи газетаси, 2018 йил 10 октябрь.

13. ЎзР МА. Ўзбекистон Республикаси Маданият ва спорт ишлари
вазирлиги. “Шарқ тароналари” халқаро мусиқа фестивалларида қатнашган ва
таклиф этилиши режалаштирилган иштирокчилар ҳамда ижрочилар ҳақида
қиёсий маълумот. Фонд – м -38, 1 – рўйхат, 343 – жилд, 4 – варақ.

14. Француз олимасининг ўнгидан келган туши // Халқ сўзи газетаси, 2018
йил, 13 октябрь.

15. Қосимов Н. (2021) Тарих, бугун, келажакни туташтирган ҳамкорлик //
Ўзбекистон иқтисодий ахборотномаси. – Тошкент. – № 2. – Б. 16.

16. Ғофуров Б. (2018) Тарих ва келажак олдидаги бурч // Халқ сўзи газетаси,
2018 йил 5 октябрь.

REFERENCES:
1. Istoriya Uzbekistana v 4 tomax. Tom.1. – Tashkent: Fan, 1967. (In Russian)
2. Latviya Prezidenti Andris Berzinsh: Bizning O‘zbekiston bilan
munosabatlarimiz uzoq muddatlidir // Xalq so‘zi gazetasi, 2014 yil 27 may. (In Uzbek)
3. Makronning tashrifi sabab Samarqandda qator ko‘chalar yopiladi.
https://uznews.uz/posts/69059. Murojaat etilgan sana: 11.07.24. (In Uzbek)
4. Mirziyoyev Sh.M. Maqsadimiz – Samarqandni jahon turizm markaziga
aylantirish, aholi uchun zamonaviy turmush sharoiti yaratish // Xalq so‘zi gazetasi,
2019 yil 27 iyul. (In Uzbek)
5. Muhammadjonov A. (2009) O‘zbekiston tarixi. – Toshkent: Sharq nashriyotmatbaa aksionerlik kompaniyasi. (In Uzbek)
6. NA. RUz., f - M-2., d.-172, l.-13. (In Russian)
7. Rtveladze E. (2001) Qadimgi O‘zbekiston sivilizatsiyasi. – Toshkent: Adolat.
(In Uzbek)
8. Rui Gonzales de Klavixo. (2010) Samarqandga – Amir Temur saroyiga sayohat
kundaligi (1403-1406). – Toshkent: O‘zbekiston. (In Uzbek)
9. Samarqand va dunyo sivilizatsiyasi // Xalq so‘zi gazetasi, 2007 yil 25 may. (In
Uzbek)

10. Samarqandga o‘zgacha mehr qo‘ygan fransuz yozuvchisi // Xalq so‘zi
gazetasi, 2018 yil 11 oktyabr. (In Uzbek)

11. Samarqandning jahon sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rni // Xalq so‘zi gazetasi,
2007 yil 25 may. (In Uzbek)

12. O‘zbekiston - Fransiya: uzoq muddatli hamkorlikni yana-da kengaytirish va
mustahkamlash yo‘lida // Xalq so‘zi gazetasi, 2018 yil 10 oktyabr. (In Uzbek)

13. O‘zR MA. O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi.
“Sharq taronalari” xalqaro musiqa festivallarida qatnashgan va taklif etilishi
rejalashtirilgan ishtirokchilar hamda ijrochilar haqida qiyosiy maʼlumot. Fond – m -38,
1 – ro‘yxat, 343 – jild, 4 – varaq. (In Uzbek)

14. Fransuz olimasining o‘ngidan kelgan tushi // Xalq so‘zi gazetasi, 2018 yil, 13
oktyabr. (In Uzbek)

15. Qosimov N. (2021) Tarix, bugun, kelajakni tutashtirgan hamkorlik //
O‘zbekiston iqtisodiy axborotnomasi. – Toshkent. – № 2. – B. 16. (In Uzbek)

16. G‘ofurov B. (2018) Tarix va kelajak oldidagi burch // Xalq so‘zi gazetasi,
2018 yil 5 oktyabr. (In Uzbek)