ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

XIX asrning ikkinchi yarmida Kaspiyorti hududida Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari manfaatlarining to‘qnashuvi

Xaynazarov Baxromjon Baxtiyorovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

XIX ASRNING IKKINCHI YARMIDA KASPIYORTI HUDUDIDA ROSSIYA
VA BUYUK BRITANIYA IMPERIYALARI MANFAATLARINING
TO‘QNASHUVI

THE CONFLICT OF INTERESTS OF THE RUSSIAN AND BRITISH
EMPIRE IN THE CASPIAN AREA IN THE SECOND HALF OF THE 19TH

CENTURY

КОНФЛИКТ ИНТЕРЕСОВ РОССИЙСКОЙ И БРИТАНСКОЙ ИМПЕРИИ
НА ЗАКАСПИЙСКОЙ ТЕРРИТОРИИ ВО ВТОРОЙ ПОЛОВИНЕ XIX
ВЕКА

Xaynazarov Baxromjon Baxtiyorovich,
O‘zbekiston Milliy universiteti,

Jahon tarixi kafedrasi dotsenti, PhD
Tel.: +998 93 447-62-05

Annotatsiya: Ushbu maqolada XIX asrning ikkinchi yarmida Kaspiyorti
hududida Rossiya va Buyuk Britaniya imperiyalari manfaatlarining to‘qnashishi,
xususan, Rossiya imperiyasining Kaspiyorti o‘lkasini bosib olishga urinishlari, harbiy
missiyalari, chegara masalalarida qo‘shni mamlakatlar bilan yuzaga kelgan ziddiyatlar,
ushbu masalalar bo‘yicha Buyuk Britaniya va Rossiya imperiyalarining qaramaqarshiligi va uning oqibatlari tahlil qilingan. Shuningdek, dunyoni bo‘lib olish uchun
keskin raqobat ketayotgan bu davrda Rossiyaning Xiva xonligi, turkman yerlari va
Afg‘oniston bilan munosabatlari, bu borada qo‘llagan xiyla va tadbirlari haqida
tafsilotlar bayon etilgan. Kaspiyorti mintaqasi uchun kurashlar ancha jiddiy kechganini
Rossiya, Buyuk Britaniya, Eron kabi davlatlarning tashqi ishlar vazirlari, harbiy
generallari va elchilari qanday harakat qilganlarini maqolada o‘qib-o‘rganish orqali
anglab yetish mumkin.

Kalit so‘zlar: Rossiya imperiyasi, Buyuk Britaniya imperiyasi, Turkiston, Kaspiy
dengizi, Kaspiyorti, turkmanlar.

Annotation: In this article, the issues such as the conflict between the interests
of the Russian and British empires in the Caspian territory, in particular, the attempts
of the Russian Empire to occupy the Caspian region, military missions, conflicts with
neighboring countries on border issues in the second half of the 19th century are
discussed. Particularly, the conflict between the British and Russian empires and its
consequences are analyzed. Also, in the period of fierce competition for the division of
the world, the details of Russia’s relations with the Khanate of Khiva, Turkmen lands,
and Afghanistan, as well as the tricks and measures used in this regard, are described.

It is possible to understand that the struggle for the Caspian region was very serious by
reading the actions of foreign ministers, military generals and ambassadors of the
countries such as Russia, Great Britain, and Iran in the article.

Keywords: Russian Empire, British Empire, Turkestan, Caspian Sea, Caspian
territory, Turkmens.

Аннотация: В данной статье рассматриваются такие вопросы, как
конфликт интересов Российской и Британской империй на территории Каспия, в
частности, попытки Российской империи оккупировать Каспийский регион,
военные миссии, конфликты с соседними странами по пограничным вопросам во
второй половине XIX века. В частности, анализируется конфликт между
Британской и Российской империями и его последствия. Также в период жесткой
конкуренции за раздел мира описываются подробности отношений России с
Хивинским ханством, туркменскими землями и Афганистаном, а также уловки и
меры, применяемые в этом отношении. О том, что борьба за Каспийский регион
была очень серьезной, можно судить, прочитав в статье действия министров
иностранных дел, военных генералов и послов таких стран, как Россия,
Великобритания и Иран.

Ключевые слова: Российская империя, Британская империя, Туркестан,
Каспийское море, территория Каспия, туркмены.

KIRISH
XIX asrning ikkinchi yarmi Kaspiy bo‘yida Rossiya va Britaniya imperiyalari
o‘rtasidagi manfaatlar to‘qnashuvi, shiddatli raqobat va siyosiy harakatlarning muhim
davri bo‘ldi. Ushbu maqolada Rossiya imperiyasining Kaspiy bo‘yida hukmronlik
qilishga bo‘lgan tajovuzkor urinishlari va buning natijasida Britaniya manfaatlari bilan
to‘qnashuvlariga e’tibor qaratilib, ushbu tarixiy raqobatning murakkab tomonlari
o‘rganiladi. Maqolada harbiy missiyalar, qo‘shni davlatlar bilan chegaradagi
kelishmovchiliklar va diplomatik strategiyalar batafsil o‘rganilib, strategik ahamiyatga
ega Kaspiy hududi ustidan nazoratni ta’minlashdagi urinishlarga oydinlik kiritiladi.
Rossiya, Buyuk Britaniya va Eron tashqi ishlar vazirlari, harbiy generallar va elchilar
kabi muhim shaxslarning harakatlarini tahlil qilish orqali o‘quvchilar tarixning ushbu
muhim davridagi ko‘p qirrali dinamikani chuqurroq tushunishlari mumkin.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Kaspiy boʻyidagi Rossiya va Britaniya imperiyalari oʻrtasidagi manfaatlar
toʻqnashuvi koʻplab tarixchilar va siyosiy tahlilchilarni qiziqtirgan mavzu boʻldi. Bir
qancha olimlar bu raqobatni va uning mintaqaga ta’sirini o‘rganib chiqdilar. Jumladan,
O. Jigalina XIX asr va XX asr boshlarida Rossiya va Buyuk Britaniyaning Yaqin
Sharqdagi tashqi siyosat konsepsiyalarini muhokama qilib, ularning qarama-qarshi

manfaatlari va strategiyalariga oydinlik kiritadi. Bu ish ularning Kaspiy mintaqasidagi
harakatlari ortida turgan motivlari haqida qimmatli tushunchalar beradi.

Tadqiqotchi V. Korgun Afgʻonistonning XX asr tarixini oʻrganib, Rossiya va
Britaniyaning mintaqadagi rolini yoritadi. Muallifning Afg‘onistondagi kuch
dinamikasi va mojarolar tahlili Kaspiy mintaqasidagi mavjud geosiyosiy muammolarni
chuqurroq tushunish imkonini beradi. G. Hidoyatov XIX asr oxirida Oʻrta Osiyodagi
Angliya-Rossiya munosabatlari tarixini oʻrganib, mintaqadagi ikki imperiya
oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar haqida bir qancha maʼlumotlarni beradi. M. Bartorp
esa 1839-1947-yillar oralig‘ida Afg‘oniston urushlari va shimoli-g‘arbiy chegara
haqida to‘liq ma’lumot beradi, bunda Buyuk Britaniya va Rossiyaning mintaqadagi
roliga e’tibor qaratiladi. Umuman olganda, ko‘rib chiqilgan adabiyotlar XIX asr
oxirlarida Kaspiy bo‘yidagi Rossiya va Britaniya o‘rtasidagi manfaatlar
to‘qnashuvining murakkab ekanini anglatadi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mavzuni oʻrganish maqsadida bir qator tarixiy tadqiqotlar va tahlillar olib borildi.
Xususan, adabiyotlarni ko‘rib chiqish, hujjatlar tahlili, qiyosiy tahlil, sintez va
boshqalar. Adabiyotlarni ko‘rib chiqish davomida Rossiya va Britaniya
imperiyalarining Kaspiy bo‘yi hududidagi tarixiy konteksti, voqealari va o‘zaro
munosabatlari haqida ma’lumot to‘plash uchun ko‘rsatilgan vaqt oralig‘ida batafsil
adabiyotlar tahlili o‘tkazildi. Mintaqadagi manfaatlar to‘qnashuvining murakkabligini
tushunish uchun birlamchi va qo‘shimcha manbalar, jumladan, tarixiy hujjatlar, ilmiy
maqolalar va kitoblar bilan tanishildi.
Hujjatlarni tahlil qilish jarayonida Rossiya va Britaniya imperiyalarining Kaspiy
dengizi hududidagi rasmiy pozitsiyalari va strategiyalarini o‘rganish uchun tarixiy
hujjatlar, shartnomalar, diplomatik yozishmalar va boshqa tegishli matnlar tahlil
qilindi. Qiyosiy tahlil uchun ikki imperiyaning Kaspiy dengizi hududiga nisbatan
yondashuvlaridagi o‘xshashlik va farqlarni aniqlash maqsadida qiyosiy tahlil
o‘tkazildi. Ularning diplomatik sa’y-harakatlari, harbiy harakatlari va iqtisodiy
manfaatlarini solishtirib, ular o‘rtasida ziddiyatga olib kelgan qarama-qarshi
manfaatlarni ko‘rsatishni maqsad qildik.

TAHLIL VA NATIJALAR
1853–1856-yillardagi Qrim urushida Angliyaning ishtiroki Rossiya hukmron
doiralarining Qora dengizda hukmronlik o‘rnatish rejalarini amalga oshirishga
to‘sqinlik qildi. Bir qator rus generallari Angliyaning Qrim urushidagi aralashuvi
uchun qasos olish maqsadida Hindistonga hujum qilishda Kaspiy dengizining sharqiy
sohillaridan foydalanishni taklif qiladilar. Xususan, uning janubiy-sharqiy sohilida
joylashgan Oq Qal’a tayanch nuqta bo‘lib qolishi lozim edi. Ushbu generallar
Hindistonga qarshi hujum harakatlari olib borish uchun eng qulay yo‘l Kaspiy

dengizidan Shimoliy Eron, turkman qabilalari, Hirot va Qobul orqali deb hisoblardilar.
Bu kabi harakatlarni amalga oshirish bilan Markaziy Osiyodagi ingliz hukumatining,
xususan, “Ost-Indiya” kompaniyasining manfaatlariga zarba berish ko‘zda tutilgan edi.
Bu masalada bir necha yig‘ilishlar o‘tkazilib, qo‘yilgan vazifalarni bajarish uchun bir
qator variantlar ilgari suriladi.

Birinchi variantning muallifi maxfiy maslahatchi baron N.Y.Toranu bo‘lib,
Astrobod viloyati masalasi Eron bilan shartnoma tuzish, shu orqali Hirotga rus
qo‘shinlarining borishi bilan shug‘ullanish va u yerda tayanch bazani qurishni nazarda
tutardi.

Ikkinchi variant ingliz-hind hukmronligiga deyarli shunchaki namoyish
uchungina chora-tadbirlar ko‘rishdan iborat edi. Turkiston general gubernatori fon
Kaufman Angliyaning Osiyodagi manfaatlariga tahdid qilish uchun ikkita mustaqil
otryadni jo‘natishning o‘zi yetarli deb hisobladi: biri (Turkiston otryadi) Buxoroga
tegishli bo‘lgan Sherobod yaqiniga, ikkinchisi Kavkaz harbiy okrugi qo‘shinlaridan
birini Marvga jo‘natish lozim deb bildi. Bu tadbirlarning muvaffaqiyati Afg‘oniston
tarafining reaksiyasiga bog‘liq edi. Shuningdek, u Afg‘on amiriga siyosiy elchilar
jo‘natishni ham shart deb hisoblardi.

Uchinchi variant Orenburg general gubernatori general-adyutant
N.A.Krijanovskiy rejasi bo‘lib, Astrobod va Hirot orqali Hindistonga olib boradigan
asosiy yo‘lga 150 ming kishilik qo‘shin jo‘natishni nazarda tutardi. Muallifning
fikricha, aynan shu yo‘l ingliz hukumatini Rossiya imperiyasining Sharqqa nisbatan
siyosatiga aralashishini keskin kamaytirishiga majbur qilardi.

Harbiy vazirlik birinchi va uchinchi loyihalarni rad qildi. Biroq Kaspiy
dengizining sharqiy sohillarida bazani yaratish, quruqlik orqali aloqa o‘rnatish uchun
qulay yerlarni qidirib topish, Kaspiy dengizining sharqiy sohillarida kemalar to‘xtashi
uchun qulay dengiz ko‘rfazi qidirib topish haqida qaror qabul qilindi. Birinchi va
uchinchi variantni rad qilinishining asosiy sabablari moliyaviy resurslarning yetarli
emasligi va “Yevropadagi siyosiy vaziyatdan kelib chiqqan holda bundan ko‘ra
ko‘proq ahamiyatga ega bo‘lgan vaziyatlarga tayyor turish” uchun Yevropa armiyasini
tutib turish edi.

Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Turkmanistonda shoshilinch harakatlarga qarshi
chiqdi va turli xil bahonalar bilan sharqiy sohillarga qo‘shinlarni jo‘natishni orqaga
surdi. Rus diplomatlari Turkmanistonda rus askarlarining paydo bo‘lishi Eron bilan
munosabatlarni yomonlashtirib yuborishidan cho‘chirdilar. Chunki talablarini asoslab
berishda moddiy va huquqiy asoslar bo‘lmasa-da, Fors podsholari Kaspiyortining bir
qismiga da’vo qilib kelardilar. Aftidan, Rossiya Fors hukmron doiralarida Rossiyaga
nisbatan salbiy munosabatlar shakllanib qolishidan xavfsirardi. Rus askarlarining
turkman yerlarida paydo bo‘lishi o‘sha davrda Eronga qaram bo‘lgan Xuroson bilan
to‘qnashuvlarning kelib chiqish ehtimolini oshirar edi. Chunki o‘sha davrda Eronda

ingliz hukmron doiralarining ta’siri ancha kuchli bo‘lib, turli xil yo‘llar bilan Erondagi
yuqori tabaqa vakillarini o‘z taraflariga og‘dirib olishgandi. Shu boisdan Streouxov
Kaufmanga 1869-yilda yozgan maktubida uning Xivaga qarshi yurishlariga qarshi
chiqqan edi. U Krasnovodskda rus askarlarining paydo bo‘lishi va u yerda rus
eskadrilyasining muqim bo‘lishi Eron davlati bilan aloqalarda salbiy oqibatlarga olib
kelishi mumkinligidan ogohlantirgandi (Хидоятов Г., 1969: 132). Aynan shu kabi
xavfsirashlar tufayli rus tashqi ishlar vazirligi deyarli 10 yil davomida rus hukumatini
Kaspiy dengizining sharqiy sohillarida faol harakatlardan tiyilishga majbur qildi va
harbiy rahbarlarning Krasnovodskka rus askarlarini jo‘natishni tezlashtirishga bo‘lgan
barcha urinishlariga xalaqit qilishga urindilar.

1960-yillarning oxiriga kelib vaziyat birmuncha o‘zgardi. Rossiya Turkistonga
o‘rnashib oldi va amalda Buxoro amirligi ustidan nazorat o‘rnatdi. Turkistonda
to‘plangan rus qo‘shinlari Rossiyaning markaziy hududlaridan uzilib qolgan edi.
Orenburg orqali temir yo‘l hali-beri bitmasligidan kelib chiqib, yagona aloqa Xiva va
turkman yerlaridan o‘tishi mumkin bo‘lgan yo‘l orqali bo‘lishi mumkin edi. Asosan
Xiva xonligiga qarashli bo‘lgan Amudaryoning butun oqimi bo‘ylab nazoratni
o‘rnatmasdan Markaziy Osiyoning janubi-g‘arbiy qismi bilan savdo-sotiq ishlarini
kengaytirib bo‘lmasdi. Shuningdek, Xiva xonligini egallash kun tartibida turar va buni
Turkiston general gubernatorligi hamda Kaspiy dengizi tarafidan hujum qilmasdan
amalga oshirib bo‘lmasdi. Oxir-oqibat rus ofitserlari tomonidan 1850-yillarda ilgari
surilgan Kaspiy dengiz bo‘yida harbiy bazani shakllantirish to‘g‘risidagi takliflar,
1863-yildagi polyak qo‘zg‘olonidagi Angliya diplomatiyasining dushmanona
pozitsiyasi Rossiya hukumatining Kaspiy dengizining janubi-sharqiy qismidagi
siyosatiga o‘z ta’sirini o‘tkazadi.

Bunday sharoitlarda Rossiya tashqi ishlar vazirligi Kaspiy dengizi hududidagi
harakatlarga rahbarlik qilishni kamaytirdi va buni to‘liqligicha harbiy idoralar
ixtiyoriga topshirdi. Harbiylar o‘z navbatida sharqiy sohillarda faol harakat qilish
tarafdori bo‘lib, bu harakatlarning oqibatlari to‘g‘risida o‘ylashmas va hech kim bilan
hisoblashishni istashmasdi. Asosan Kavkaz boshliqlari va ofitserlaridan iborat bo‘lgan
harbiylar hukumatning Kaspiyortidagi xohishlarini amalga oshirishlari, Tashqi ishlar
vazirligi bo‘lsa yordamchi vazifani, ya’ni ularning harakatlarini “savdo manfaatlaridan
kelib chiqqan holda” oqlashlari kerak bo‘lardi.

1869-yil oktyabr oyining oxirida rus qo‘shinlari Krasnovodskka tashlandi va
Kaspiybo‘yi turkmanlari (yovmutlar, go‘klanlar va boshqalar) o‘z yerlarida ruslarning
nazorati o‘rnatilishini xohlamay, ularga qarshi urushga tayyorlana boshladilar. 1870-
yillarda nufuzli qabila boshliqlari bo‘lgan Safixon, Avaz Murod sardor va Nurberdixon
boshchiligida rus qo‘shinlariga qarshi ittifoq tuzildi va rus qo‘shinlariga birinchi
zarbani berdilar.

1872–1873-yillarda qo‘mondon Markozovning turkmanlarga qarshi harbiy
harakatlari, repressiyani kuchaytirib yuborishi mahalliy aholining Rossiyaga qarshi
harakatlarining yanada kuchayishiga olib keladi. Shuningdek, Kaufman tomonidan
Xivaga yurishlar vaqtida qarshilik qilgan turkmanlarni jazolash uchun general
Golovachev jo‘natiladi va turkman qabilalariga qarshi janglarda qaqshatqich zarbalar
beriladi. Garchi turkman qabilalari qattiq qarshilik qilib, rus qo‘shinlariga qarshi
partizanlik kurashini olib borgan bo‘lsa ham Rossiya imperiyasi Turkmaniston
yerlarini egallab oladi.

1874-yil martida “Kaspiyorti o‘lkasida harbiy boshqaruvni joriy qilish
to‘g‘risidagi vaqtinchalik holat” tasdiqlandi. Unda Kaspiyorti harbiy bo‘limining
chegaralari, bo‘lim boshlig‘ining huquq va majburiyatlari, Mang‘ishloq va
Krasnovodsk pristavlari aniqlab olindi. Shuningdek, ushbu hujjatda rus boshqaruvi va
mahalliy boshqaruv, yig‘imlar, soliqlar, mahalliy aholining huquqlari belgilab olinadi.

Kaspiyorti o‘lkasining chegaralari shimolda O‘lik qo‘ltiq, janubda Artek daryosi
va Kaspiy dengizidan Xivaning g‘arbiy chegaralariga qadar etib belgilandi (Хидоятов
Г., 1969: 136). Shimoliy, g‘arbiy va janubiy chegaralar shunchalar erkin belgilangan
ediki, ularni janubiy-sharqiy deb aytish qiyin edi. Bu harbiylarga yangi harbiy yurishlar
uchun keng imkoniyatlar yaratardi, xolos.

Shuni ham ta’kidlash joizki, ruslar joriy etgan yangicha tartiblar mahalliy
aholining diniy va milliy qadriyatlarini birmuncha hurmat qilinishini ham ta’minlar
edi. Bu mahalliy aholining orasida norozilik harakatlari kuchayib ketishining oldini
olish maqsadida qilingan xatti-harakatlar natijasi edi.

Turkmanlar bilan munosabatlarda Rossiya uchun eng katta qiyinchilik shunda
ediki, turkmanlar joylashgan yerlar fors shohlari hukmronligiga moslashib qolgandi.
Ular o‘rtasida qat’iy belgilangan chegaralar ham yo‘q edi. Bu esa Eron shohlarini
tashvishlantirishi, buning natijasi Rossiya-Eron munosabatlarining sovuqlashishiga
olib kelardi. Bunday vaziyatdan foydalanib qolishga harakat qiladigan Angliya esa o‘z
navbatida Turkmaniston yerlarida rus siyosatiga bo‘lgan e’tirozlarini bildirdi.

Rus qo‘shinlarining Krasnovodskka tushirilishi, Eron tashqi ishlar vaziri Mirza
Sayyidxonning rus elchisi Begerga bildirishicha, shoh hukumatini tashvishlantiradigan
biron narsaga sabab bo‘lmayotganini aytadi (Хидоятов Г., 1969: 135). Lekin, buni
Eron shohining turkman yerlarida bo‘lib o‘tayotgan voqealarga shunchaki beparvolik
bilan qarayotgani bilan emas, balki o‘sha davrda yuzaga kelgan murakkab bir sharoitda
qulay vaziyatni kutayotganligi bilan izohlash mumkin. Shuningdek, o‘sha paytda rus
elchilari Eron shohi bilan boshqa hududlar masalasida muzokaralar olib borishayotgan
edi. Eron shohi ham rus bosqinlariga qarshi turish uchun harbiy jihatdan kuchsizligini
tushunib turardi. Shu bilan birga, Turkmanchoy bitimiga ko‘ra Rossiya imperiyasi
Kaspiy dengizida harbiy flotga ega bo‘lishi mumkin edi. Qonuniy tarafdan olib
qaraganda, Eronning norozilik bildirishi uchun asoslari ham yo‘q edi.

Eron shohi vaziyatni to‘g‘ri anglagan holda yon berishga qaror qiladi. U turkman
yovmutlari ustidan Rossiya hukmronligini tan olish evaziga Atrek va Gurgan
daryolarida harbiy bazalar qurishdan voz kechishni talab qiladi. O‘z navbatida Eron
bilan aloqalarni keskinlashtirishni istamagan Rossiya imperiyasining tashqi ishlar
vazirligi Angliya tomonidan turli xil provokatsiyalar uyushtirilishidan xavfsirab, bu
shartlarga rozi bo‘ladi (Хидоятов Г., 1969: 136).

Kaspiyorti viloyatining tuzilishi bilan Rossiya imperiyasining bu hududdagi
hukmronligi uzil-kesil ta’minlanmadi. Eron bilan o‘zaro chegaralar aniqlab olingan
bo‘lsa-da, Afg‘oniston bilan janubi-sharqiy chegaralar masalasi ochiqligicha
qolmoqda edi. Shu boisdan Kaspiyorti hududining keyingi taqdiri Afg‘oniston bilan
munosabatlarga ham ko‘p jihatdan bog‘liq edi.

General-mayor Stoletov boshchiligidagi rus delegatsiyasi diniy ishlar bo‘yicha
mutaxassislar, Zagunuv (turkiy va ingliz tillari tarjimoni), tibbiyot sohasining malakali
bir shifokori va bir leytenant, kazaklarning yigirma bir nafar qobiliyatli askarlari bilan
Kobulga keldilar. Sankt-Peterburgdan tayinlangan bu delegatsiya Turkiston viloyati
rahbari general Kaufman tomonidan Toshkentda tuzilgan edi. Kutilmagan bir paytda
ular Amudaryo bo‘yiga yetib keldilar va amir bilan muzokara olib borishni mahalliy
xalq vakillariga aytdilar. Mozori-Sharif rahnamosi Sherdilxon bu holatni Sheralixonga
yetkazdi va u bu mehmonlarning rasmiy qabul qilishini xohlayotganliklarini aytdi.
1877-yil 22-iyulda Kobulga yetib keldilar va amir ham ularni kutib oldi.

Ular Kaufmanning nomasini amirga berdilar va Afg‘oniston bilan Rossiya
o‘rtasida do‘stlik shartnomasi yuzaga kelishi, bu shartnomada qadrli amirning
nevarasi(Abdullaxon) ham rasmiy ishtirok etishi aks ettirilgandi. Yetib kelgan bu
delegatsiya inglizlarga tahdid bo‘lmasa-da, inglizlar bundan juda sarosimaga tushib,
amir bilan muzokara olib borishni umid qila boshladilar.

Ruslarning uddaburon boshqa vakillari aynan shu vaqtda Yevropa davlatlarining
rahbarlari yig‘ilgan Berlin konferensiyasida bo‘lib, inglizlarni San-Stefano kelishuvi
darz ketishidan xavotirga solardi. San-Stefano shartnomasida baribir inglizlarga
imtiyoz berildi va Afg‘oniston yuzasidan o‘zaro kelishib oldilar. Ularning
kelishuvlarida shunday ma’lumotlar keltirilgan edi: Afg‘oniston inglizlarning ta’sir
doirasidagi joy va Bolqonga inglizlar aralashmasligi hamda bolgarlarni oradan olib
tashlash qayd etilgan. Ruslar ayni mana shu vaqtda amirni gijgijlash maqsadida
Stoletovni Afg‘onistonga jo‘natdilar. Bu ruslarning katta yolg‘oni edi. Ruslar
konferensiyani imzolayotgan vaqtda Stoletov Kobulda edi. Bu maxfiy nomani amirga
berdi va amir hech qanday shartnoma imzolamasligini unga bildirdi (Коргун В., 2004:
223).

Ammo, baribir Inglizlar va amir o‘rtasida keskinlik yuzaga keldi hamda rus
delegatsiyasi paytdan foydalanib amirni himoya qilish yuzasidan o‘zining kuchli
askarlarini jo‘natishi kerakligini amirga tushuntirdilar. Shundan so‘ng Stoletov bir

bahona qilib Kobuldan chiqib ketadi. Inglizlar Afg‘oniston sarhadlariga hujum qilgan
vaqtda amir Kaufmanga xabar qildi. Javob esa quyidagicha qaytarildi: “Zaytun bargini
qo‘lga olib inglizlarga murojaat qil. Zaytun bargining ma’nosi inglizlar bilan murosa
qilishdir” (Жигалина О., 1990: 45).

Amir o‘z ishini davom ettirib, bir noodatiy tadbir qo‘lladi. Uning odami Sankt-
Peterburgga bordi va u yerda inglizlarning tajovuzlari yuzasidan jahon
hamjamiyatlariga o‘z shikoyatlarini yetkazdi. Inglizlar vakili Leytin amirga noma
jo‘natib, ketidan bir delegatsiyani jo‘natishni ham aytdi. Lekin amir ularning hech bir
talabini qabul qilmadi. Mana shu kunda ingliz askarlari Afg‘onistonga kirgan edilar va
bu fojia keyinchalik Afg‘onistonni Angliya manfaatlariga xizmat qiladigan
qo‘g‘irchoq mamlakatga aylantirib qo‘ydi (Barthorp M., 2002: 178-179). Angliya esa
mazkur ta’sir kuchidan keyinchalik Rossiyaning Kaspiyortidagi manfaatlariga zarba
berish yo‘lida foydalanadi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, XIX asrning ikkinchi yarmida Kaspiy boʻyidagi Rossiya
va Britaniya imperiyalari oʻrtasidagi manfaatlar toʻqnashuvi mintaqaning geosiyosiy
landshaftini shakllantirishda hal qiluvchi rol oʻynagan muhim va murakkab masala edi.
Rossiya imperiyasining Kaspiy dengizi mintaqasi ustidan oʻz taʼsiri va nazoratini
kengaytirishga urinishlari Britaniya imperiyasining manfaatlariga zid ravishda
vaziyatni taranglashtirdi. Har ikki imperiya qoʻllagan strategiyalar, shuningdek,
ularning Xiva xonligi, turkman yerlari va Afgʻoniston kabi mahalliy kuchlar bilan
oʻzaro munosabatlari Kaspiy boʻyida hukmronlik uchun kurashning qizgʻinligini
koʻrsatadi. Umuman olganda, bu davrdagi Kaspiy mintaqasi uchun kurash, dunyoning
boshqa mintaqalarida bo‘lganidek, imperialistik raqobatning murakkab dinamikasini
ko‘rsatadi. Ushbu ma’lumotlarni bilish bugungi kunning ziddiyatlarini anglashga
yordam beradi va jamoatchilikning geosiyosiy bilimdonlik darajasi ortishiga,
xabarlarni tahlil eta olish ko‘nikmasini shakllantirishga yordam beradi, degan
umiddamiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Жигалина О. (1990) Великобритания на Среднем Востоке. ХIX – начале
ХХ в: Анализ внешнеполитических концепций. – Москва.
2. Коргун В. (2004) История Афганистана. ХХ в. – Москва.
3. Хидоятов Г.А. (1969) Из истории англо-русских отношений в Средней
Азии в конце XIX в. – Ташкент: Фан.
4. Barthorp, Michael (2002) Afghan Wars and the North-West Frontier 1839–
1947. London: Cassell. ISBN 0-304-36294-8. – pp. 178-179.

5. Madeline Lazer. (2005) Why They Played: The British and Russian
Motivations for Expansion in Nineteenth-Century Central Asia. Senior Honors Thesis,
George Washington University.

6. John L. (1984) “Introduction,” in Mission of N. P. Ignat’ev to Khiva and
Bukhara, 1858 by Nikolai Pavlovich Ignat’ev (Newtonville, MA: Oriental Research
Partners)

7. Муҳаммаджанов Р., Неъматов Т. (1957) Бухоро ва Хиванинг Россия билан
муносабатлари тарихига доир баъзи манбалар. – Тошкент: Ўзбекистон ССР
Фанлар Академияси.

8. Conoly А. (1838) Journey to the North of India overland from England through
Russia, Persia and Afghanistan. London. – pp. 232-233.

9. Зияев З. (1983) Экономические связи Средней Азии с Сибирью в XVI –
XIX вв Ташкент. – Ташкент.

REFERENCES:
1. Jigalina O. (1990) Velikobritaniya na Srednem Vostoke. XIX – nachale XX v:
Analiz vneshnepoliticheskix konsepsiy. – Moskva. (In Russian)
2. Korgun V. (2004) Istoriya Afganistana. XX v. – Moskva. (In Russian)
3. Xidoyatov G.A. (1969) Iz istorii anglo-russkix otnosheniy v Sredney Azii v
konse XIX v. – Tashkent: Fan. (In Russian)
4. Barthorp, Michael (2002) Afghan Wars and the North-West Frontier 1839–
1947. London: Cassell. ISBN 0-304-36294-8. – pp. 178-179.
5. Madeline Lazer. (2005) Why They Played: The British and Russian
Motivations for Expansion in Nineteenth-Century Central Asia. Senior Honors Thesis,
George Washington University.
6. John L. (1984) “Introduction,” in Mission of N. P. Ignat’ev to Khiva and
Bukhara, 1858 by Nikolai Pavlovich Ignat’ev (Newtonville, MA: Oriental Research
Partners)
7. Muhammadjanov R., Neʼmatov T. (1957) Buxoro va Xivaning Rossiya bilan
munosabatlari tarixiga doir baʼzi manbalar. – Toshkent: O‘zbekiston SSR Fanlar
Akademiyasi. (In Uzbek)
8. Conoly A. (1838) Journey to the North of India overland from England through
Russia, Persia and Afghanistan. London. – pp. 232-233.
9. Ziyayev Z. (1983) Ekonomicheskiye svyazi Sredney Azii s Sibiryu v XVI –
XIX vv Tashkent. – Tashkent. (In Russian)