ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Turkiston jadidlaridan Shokir Muxtoriyning faoliyati va uning jamiyatdagi ijtimoiy muammolarga nisbatan qarashlari

Ochilova Gulmira Mardonovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

TURKISTON JADIDLARIDAN SHOKIR MUXTORIYNING FAOLIYATI VA
UNING JAMIYATDAGI IJTIMOIY MUAMMOLARGA NISBATAN
QARASHLARI

THE ACTIVITY OF SHOKIR MUKHTARI, ONE OF THE JADID
REPRESENTATIVES IN TURKISTAN, AND HIS ATTITUDES ON SOCIAL

PROBLEMS IN THE SOCIETY

ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ ШОКИРА МУХТАРИ, ОДНОГО ИЗ
ПРЕДСТАВИТЕЛЕЙ ДЖАДИДОВ В ТУРКЕСТАНЕ, И ЕГО
ОТНОШЕНИЕ К СОЦИАЛЬНЫМ ПРОБЛЕМАМ В ОБЩЕСТВЕ

Ochilova Gulmira Mardonovna,
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi

Tarix instituti katta ilmiy xodimi, PhD
Tel.: +998 93 557-45-53

ochilovagulmira86@gmail.com

Annotatsiya: Maqolada XX asr boshida Turkistonda keng yoyilgan
ma’rifatparvarlik harakatining ko‘zga ko‘ringan vakillaridan biri Shokir Muxtoriyning
hayoti, u haqda zamondoshlarining xotiralari va asarlarida asosiy e’tibor qaratilgan
ijtimoiy hayot masalalari haqida ma’lumot beriladi. Jadidchilik harakatining
faollaridan bo‘lmish Shokir Muxtoriyning millatni yuksaltirish yo‘lida qilgan
mulohazalari, aytgan fikrlari, bu boradagi amaliy harakatlari haqida ma’lumotlar berib
o‘tilgan. Xususan, o‘g‘il bolalar ta’limi bilan birga qizlar ta’limiga ham birdek e’tibor
berish nima uchun lozim degan savolga juda o‘rinli fikr bildirilgani qayd etilgan.
Xorijda tahsil olayotgan yoshlar masalasida ham uning so‘zlari aytilar ekan, boshqa
taraqqiy etayotgan davlatlarning ilg‘or talabalari miqdori bilan solishtirganda, bizning
talabalarimiz soni juda oz ekanini asoslaganiga guvoh bo‘lamiz. Qolaversa, to‘yma’raka sababidan yoshlarning ta’limiga yetarlicha e’tibor berilmaganligi holatlariga
ham Shokir Muxtoriy munosabat bildirib yozgan maqolalari eslab o‘tiladi. Shokir
Muxtoriy o‘z davrining ma’rifatparvar shaxslaridan bo‘lgani, pedagogik va muharrirlik
ishlarida katta tajriba to‘plagani, bu bilan xalqning hurmati va e’tirofiga sazovor
bo‘lganini maqolada anglab yetamiz. Maqolada mazkur insonning hayoti va faoliyatini
yoritish uchun arxiv manbalarida saqlanayotgan, hamda ba’zi kitoblarda chop etilgan
esdaliklarga murojaat qilindi.

Kalit so‘zlar: Shokir Muxtoriy, jadidchilik, ta’lim, millat, taraqqiyot masalasi,
muharrirlik, xotiralar, e’tirof.

Annotation: The article provides information about the life of Shakir Mukhtari,
one of the prominent representatives of the enlightenment movement that was
widespread in Turkistan at the beginning of the 20th century, and the memories of his
contemporaries, as well as the issues of social life focused on in their works.
Information was given about Shakir Mukhtari, one of the activists of the Jadid
movement, his comments about development, opinions, and practical actions in this
regard. In particular, it was noted that a very appropriate opinion was given to the
question of why it is necessary to pay equal attention to the education of girls along
with the education of boys. When speaking about the issue of young people studying
abroad, we can see that the number of our students is very small compared to the
number of advanced students of other developing countries. In addition, the articles
written by Shakir Mukhtari reacting to the cases of not paying enough attention to the
education of young people due to the wedding and mourning are remembered. In the
article, we understand that Shakir Mukhtari was one of the enlightened persons of his
time, gained great experience in pedagogic and editorial work, and thus earned the
respect and recognition of the people. In order to illuminate the life and activities of
this person, the article referred to memories kept in archival sources and some
published books.

Keywords: Shakir Mukhtari, Jadid movement, education, nation, issue of
development, editorship, memories, recognition.

Аннотация: В статье приводятся сведения о жизни Шакира Мухтари,
одного из видных представителей просветительского движения,
распространенного в Туркестане в начале XX века, и воспоминания его
современников, а также вопросы общественной жизни, которым уделялось
внимание в их трудах. Приведены сведения о Шакире Мухтари, одном из
активистов движения джадидов, его рассуждениях о развитии, мнениях и
практических действиях в этом направлении. В частности, отмечено, что очень
уместно было дано мнение по вопросу о том, почему необходимо уделять равное
внимание образованию девочек и образованию мальчиков. Говоря о проблеме
обучения молодежи за рубежом, мы видим, что количество наших студентов
очень мало по сравнению с количеством продвинутых студентов других
развивающихся стран. Кроме того, следует вспомнить статьи Шакира Мухтари,
в которых он реагировал на случаи не уделения должного внимания образованию
молодежи из-за свадьбы и траура. В статье мы понимаем, что Шакир Мухтари
был одним из просвещенных людей своего времени, приобрел большой опыт в
педагогической и редакторской работе, чем заслужил уважение и признание
народа. Для освещения жизни и деятельности этого человека в статье

использованы воспоминания, хранящиеся в архивных источниках и
опубликованные в некоторых книгах.

Ключевые слова: Шакир Мухтари, движения джадидов, образование,
нация, проблема развития, редакторство, воспоминания, признание.

KIRISH
XIX asr oxiri va XX asr boshlari buyuk ilmiy kashfiyotlar davri sifatida, shu bilan
birga texnologik ustunlikka erishgan davlatlarning imperialistik ambitsiyalari
kuchaygan davr sifatida tarixda qoldi. Bunday vaziyatda xalqimizni jahonda
bo‘layotgan o‘zgarishlardan xabardor etish, yoshlarimizni taraqqiyot uchun xizmat qila
oladigan darajada bilimli qilish, shu orqali qoloqlik iskanjasidan xalos bo‘lish zamon
talabiga aylangan edi. Buni chuqur his etgan ma’rifatli shaxslar ta’limga va islohotlarga
qattiq e’tibor berishdi. Odamlarga ma’rifatparvar g‘oyalarni yetkazish uchun
bosmaxonalar tashkil etib, gazeta va jurnallar chop eta boshlashdi. Shunday insonlar
qatorida Shokir Muxtoriyni eslab o‘tishimiz mumkin. Shokir Muxtoriyning xizmatlari
ulug‘ bo‘lsa-da, bu inson haqida bizgacha juda oz ma’lumot yetib kelgan. Asosan,
Shokir Muxtoriyning zamondoshlari tomonidan yozib qoldirilgan iliq fikrlar maqolada
keltirib o‘tiladi.
Tarixiy ildizlarimizga tayangan holda uchinchi renessansga qadam qo‘yar
ekanmiz, bu borada jadid ajdodlarimizning ibratli hayot faoliyati hamda o‘gitlariga
ehtiyoj sezamiz. Shuning uchun, jadidchilik harakatiga nisbatan e’tibor ortgan bugungi
kunimizda, jadidlarning faollaridan bo‘lmish Shokir Muxtoriyni eslab o‘tish, bu inson
haqida qimmatli fikrlarni yetkazish lozim va manfaatlidir.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Shokir Muxtoriy haqida ma’lumot to‘plash uchun asosan XX asr birinchi
choragidagi mahalliy gazeta va jurnallarga murojaat etildi. Jumladan, Hoji Muinning
“Inqilob” jurnali, 1922-yil, 3-sondagi maqolasi, Vadud Mahmudning “Mehnatkashlar
tovushi” gazetasida 1921-yil 12-fevralda chop etilgan “Marhum Shokir Muxtoriу”
nomli maqolasi, “Sadoyi Farg‘ona” gazetasining bir qancha sonlari, “Yurt” jurnali,
Shokir Muxtoriyning o‘zi yozib nashr ettirgan “Yana to‘y masalasi” nomli felyeton
(“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 8-iyun, 27-son), yana “Islohni nimadan
boshlarg‘a?” nomli maqolasi (“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 3-aprel, 1-son),
Shokir Sulaymon qalamiga mansub “Ovrupoda Turkiston o‘quvchilari” nomli maqola
(“Turkiston” gazetasi, 1923-yil, 1-yanvar soni), nihoyat, Vadud Mahmudga tegishli
“Turkiston” gazetasi 1923-yil, 25-mart sonida chop etilgan “Maorif ishlarimiz”
sarlavhasi ostidagi maqolada Shokir Muxtoriy haqida ma’lumotlar berib o‘tilgan.
Ulardan tashqari bir qancha jadidshunos olimlar ham (Naim Karimov, Begali
Qosimov) Shokir Muxtoriy haqida ma’lumotlarni qayd etib o‘tishgan, biroq bu inson
haqida maxsus tadqiqotlar yetarlicha amalga oshirilmagan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mavzuga oid tadqiqotni amalga oshirishda asosan manbashunoslik yo‘nalishida
ilmiy izlanish olib borildi. Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy
kutubxonasidagi dissertatsiya va kitoblar, arxiv manbalar orasida mavjud asl
materiallar o‘rganib chiqildi. To‘plangan ma’lumotlar qiyosiy-mantiqiy usulda tahlil
qilindi. Tadqiqot davomida asosan bosma ommaviy axborot vositalariga tayanilgani
uchun jurnalistik fakt-chekking usulidan ham foydalanib maqola tayyorlandi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Bugungi kunga kelib Turkistonda jadidchilikning paydo bo‘lishi, unda ishtirok
etgan shaxslar faoliyatiga e’tibor kuchaymoqda va bu davlat siyosati darajasiga
ko‘tarildi. Shunday vaziyatda olimlar oldiga jadidlar safida bo‘lib, ular bilan yelkamayelka turgan barcha shaxslarning faoliyatini o‘rganish vazifasi qo‘yildi. Ulardan biri
Turkistonda taraqqiyparvarlikning yoyilishiga katta hissa qo‘shgan Shokir
Muxtoriydir. Zamondoshlarining guvohlik berishicha, 1920-yilda taqriban 40
yoshlarida vafot etgani hisobga olinsa, u 1880-yillarda tug‘ilgan. O‘zining
maqolalarida “biz tatarlar” deb yozishicha, millati tatar bo‘lgan. U haqda ko‘p
ma’lumot saqlanib qolmagan. Asosiy qolgani ham zamondoshi va yaqin do‘sti bo‘lgan
jadidlarning yirik vakili Hoji Muin tomonidan berilgan quyidagilardir: “Turkistonda
taraqqiy va tajaddud yo‘lida ko‘p xizmat qilg‘onlardan biri marhum Shokir afandi
Muxtoriydir.
Shokir afandi Turkistonda taxminan 15 yil ta’lim va tarbiya yo‘lida xizmat qilib
kelgan ma’ruf muallim va muharrirlarimizdan edi. 1920-yil 26-dekabrda Jizzax
kasalxonasida chixutqa (sil) xastalig‘i ila vafot etdi.
Shokir afandi muqtadir bir muallim, o‘tkur qalamli bir muharrir edi. Turkistonda
qahatu-r-rijollik bir zamonda eng kerak bo‘lg‘on shunday zotdan ayrilishimiz biz
uchun zo‘r musibat va ulug‘ ziyondir.
Shokir afandi 1906-yillarda Farg‘onag‘a kelib shunda 10 yildan ziyoda bir
muddat muallimlik etdi. 1917-yil fevral inqilobidan so‘ng oilasi bilan Samarqandg‘a
ko‘chub kelib, shunda tura boshladi. 1918-yil iyun boshlarida chiqa boshlag‘on
“Mehnatkashlar tovushi” gazetasig‘a kirib o‘n oy chamasi qalami ila xizmat qildi.
Ondan so‘ng dorilmualliminda va turli kurslarda muallimlik qilib turdi. 1920-yil
xastalangan bo‘lsa-da, shul hol bilan yana bir necha oy muallimligida davom etdi. Oxiri
xastalig‘i zo‘rayib xeyli vaqt o‘z uyida va so‘ngra bir necha oy Samarqand
kasalxonasida yotdi.
So‘ngra 1920-yil yoz faslida bir do‘stining dalolat va yordami bilan qimiz ila
davolanmak uchun oilasini olib Jizzaxg‘a ko‘chdi va shunda kasalxonada vafot etdi.
Shokir afandi, bir yoqdan, ilmi ila xalq bolalarini tarbiya etdigidek, ikkinchi
yoqdan, qalami ila matbuot oshiqlarini istifodalandirub turar edi. Aning she’rlari

O‘rinburg‘da chiqaturg‘on “Sho‘ro” majallasida, istifodali maqolalari Turkiston va
Farg‘onada chiqaturg‘on ro‘znomalarda bosilib turar edi.

Shokir afandi taqriban qirq yoshida edi. Marhumdan bir xotun, Midhat va Tal’at
ismlarida ikki o‘g‘ul, Faiza va Noila ismli ikki qiz qoldi. Bulardan Midhat 16
yoshlarida bo‘lub, ilgari Samarqand dorilmualliminida o‘qur edi, hozirda ziroat
maktabida o‘qumoqdadir” (Hoji Muin, 1922: 2). Ushbu tarjimayi hol u haqda saqlanib
qolgan asosiy ma’lumot hisoblanadi.

Uning yana bir yaqin do‘sti va maslakdoshi Vadud Mahmud Turkiston uchun
qilgan xizmatlarini xotirlab, Samarqandda chiqadigan “Mehnatkashlar tovushi”
gazetasida chop etilgan maqolasida “Shokirali Muxtoriyning xizmatlari g‘oyat
taqdirdir. O‘z kasalining yoyilg‘oniga qaramasdan kecha-kunduz ishladi, tirishdi,
o‘zining ahlidan bir necha yil burun o‘lishga sabab bo‘ldi. Shokirali Muxtoriy oddiy
bir muharrir, anchayin bir muallim edi. Lekin bizga qorni bilan yuragini ayira
olmayturg‘on turkistonlilarga farqli bir kishi edi. U o‘lgach, uning o‘rniga qolaturg‘on
bir muallim, u ketgach, o‘rnini bosaturg‘on bir muharrir qolmasligi uchun topilmas bir
kishi edi. Ay, buyuk ishchi! Tinch yot sag‘anangda, sening qilg‘on xizmatlaring esdan
chiqmas, sening chekkan zahmatlaring unutilmas. Sen o‘z bo‘yningga yuklangan
vazifangni ado qilding. Koshki sendek kishilarimiz bir necha bo‘lsa edi. O‘zining keyin
qolg‘on xalqi uchun umridan kechaturg‘on kishilar koshki topilsa edi. U vaqt sening
tutgan yo‘ling ochiqroq bo‘lar edi. Tikilgan yulduzingga tezroq yetishar edik. Har
holda sen shuhratlisan” (Vadud Mahmud, 1921) deya keltirgan so‘zlari bilan bu
shaxsning jadid ma’rifatparvarlari orasidagi mavqeini ko‘rsatadi.

O‘rganishlar davomida uning bir qancha asarlari, risolalari va matbuotda chiqqan
bir qancha maqolalari ham aniqlandi. 1910-yillarda yozilgan “Kim qozi bo‘lsun” asari,
1917–1918-yillarda “Sotsializm nimadir?”, “Er haqida ikki turli fikr”, “Turk tilining
usuli ta’limi” risolalari shular jumlasidandir. Bundan tashqari “Yana to‘y masalasi”
(“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 8-iyun, 27-son), “Islohni nimadan boshlarg‘a”,
va “Mafiy isloh al-isloh” (“Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 8-iyun, 1-son), “Chin
musulmon yoki ahil irfon bo‘laylik!” (“Yurt” jurnali, 1919-yil, 1-son: 11–12) kabilar
shular jumlasidandir.

Ma’lumki, XIX asr oxiri – XX asr boshlarida xalqning ijtimoiy hayoti, undagi
o‘zgarishlar, turmush tarzi va uni yaxshilashga oid masala jadidlar tomonidan
ko‘tarilgan asosiy mavzu bo‘ldi. Ushbu muallif ham o‘zining ijodiy faoliyati davomida
deyarli barcha maqola va asarlarini ushbu masalada yozdi. Masalan, “Yana to‘y
masalasi” nomli maqolasida “Rusiyada to‘y majlislarida maktab, madrasa va jamiyat
xayriyalar foydasiga ionalar jami qilindig‘i har zamon g‘azetalarda yozilub ko‘rsa ham
bizim Xo‘qandda birdan rasmiy jamiyatimiz yo‘qlig‘i uchun va birdan hukumat
adolatimizdan zakun musoidasida istefoda qila olmoq kabi qoidalik ishlar qilmoq
odatni bizda hanuzda yo‘qliqdan, Xo‘qand to‘ylarida diniy va milliy ishlarga iona

qilmoq kabi ishlar aslo yo‘qdur. Binobarin bu to‘y ham shundog‘ qorin yorilguncha
yemoqdan iborat bo‘ldi-qoldi”, - (Shokir Muxtoriy, 1914-yil, 8-iyun) deya bergan
ma’lumoti asrlar davomida mavjud bo‘lgan muammoni ko‘rsatib beradi.

Shokir Muxtoriy jadidlar tomonidan jamiyatni isloh qilishga qaratilgan yana bir
ijtimoiy masala hisoblanmish ta’limni isloh qilish va tarbiya xususida o‘zining barcha
maqolalarida to‘xtalib o‘tgan. Uning bergan ma’lumotlari o‘z davri, qolaversa bugungi
kun uchun ham juda dolzarbdir. Shu sababdan ushbu maqoladagi fikrlar to‘liqroq
keltirildi. “Man Ovrupa xalqining bu darajada taraqqiy va tole’liklarining bosh va
birinchi sababini ko‘b axtardim. Lekin ibtidoiy tarbiyalarining mukammalotidan
boshqa sabab topa olmadim.

Misol olaylik, ruslarning ibtidoiy maktab shogirdlari ila bizning eski
madrasalarimizda o‘n-o‘n besh sana tahsil ko‘rgan shogirdlarimizni. Agar biz bularni
tashrih etub qarasaq, bularning hosil bo‘lg‘an va tahsil qilg‘an ilmlari orasinda ulug‘
tafovut toparmiz. Shundoqki, bizning ul zavolli ko‘hna madrasa shogirdida
Muxtasarning kalima xaraji, Kifoyaning alif va lomi, Tahzib va qozilarning birorta
qoziyasindan boshqa hech shey topilmas, aning o‘z tarixi milliysi ilan turkiy tilining
adab va qoidasindan aslo xabari yo‘q. Turkiy sarf va turkiy nahv deb gapursak, aning
ishongisi ham kelmaydi. Turkiy tilning ham sarf va nahvi bo‘larmi? deb istibad va
taajjub etadur. Men buni latifa tariqa ilangina yozmasman, shogirdlardan va hatto ba’zi
mudarrislardan ham eshitub yozaman. Madrasa talabalarining hisob o‘qutmoq odati
bizda yamturuk yoki aslo yo‘q. Jug‘rofiya va sa’r ilm riyoziya darslarini albatta
mudarrislarimiz o‘zlari ham o‘qumag‘anlar, shogirdlariga o‘qutmaydurlar.

Demak tashrih bobinda bizning madrasa shogirdimiz nihoyatda past qadam
bo‘lub qolmoqdadur. Ammo ibtidoiy rus shogirdi boshqadur. Ul o‘zining ona tilini
qonun va qoidi ila bilar. Jug‘rofiya, hisob va o‘zining tarix milliysidan xabardor.
Tog‘larining takun va surat tashkindan, nabototning nishu va namasindan va soridan
ham va lovki ijmoli bo‘lsa ham xabardordir. O‘qug‘an va tahsil qilg‘an ilmlari keraklik,
dunyocha foidalik bo‘lub, har qiyosiy ilm haqiqiya ana andandir.

Bizning shogirdimizning ko‘ngrak chiritub topqan amalkorining ba’zisi dinga
taalluqi yo‘q, dunyocha foidasiz, ba’zilari mavhumot kalimaya va xurofot yunoniyadan
iboratdur. Madrasalarimizda ozgina va sath sirtidagina bo‘lsa ham, agarda fiqh darslari
bo‘lmasa edi, shaharlarimizda va madrasalarimizda ilm nominda bir narsa ham mavjud
bo‘lmas edi.

Mana men ushbu ikki shogird va tahsil qilg‘on amallari orasinda ushbu qadar
tafovutni ko‘raman va shu taftish juz’iy natijasi o‘laliq Ovrupa sar malal matamdinai
g‘ayr muslimalarni bu qadar taraqqiy qildurg‘an narsa tarbiya ibtidoiyalarining
mukammaloti deyman. Va binobarin biz ham islohotimizni maktab ibtidoiylarimizdan
boshlamoq darkor deb maqola jegma natija beraman. Gazetamizda maktab va madrasa
talaba va shogirdlarimizg‘a va alarning asl ta’lim va tadrislariga oid ko‘b narsalar

yozilajakdir. Avvalgi yuqorida ham bayon qildig‘imiz kabi gazetamizning maslaki
hurmatlik millatning taraqqiysiga xizmatdur. Bu xizmatni kamolila ifo etmak ichun
ham madrasa, mudarris va talabalarimizning ahvolindan bahs etmak lozimdur” (Shokir
Muxtorov, 1914-yil 3-aprel). Muallifning bu fikrlari Turkiston jadidlarining barchasi
tomonidan bosh g‘oya sifatida ko‘tarilgan edi. Turkiston xalqlari turmush tarzini
yaxshilashda asosiy islohni ta’limdan boshlash kerakligi, o‘z ona tili va tarixini
mukammal o‘rgatish zarurligi shu kabi matbuot materiallarida aks ettirilgan. Shu
davrdagi ta’lim tizimining yuqori bosqichi bo‘lgan madrasalarda ham o‘qish va
o‘qitishning ahvoli Muxtoriyni befarq qoldirmadi. Xususan, u madrasa talabalariga
milliy tarix va matematika o‘qitilmasligi ayanchli ahvol ekanligini, hatto
mudarrislarning geografiya va riyoziyotni ham o‘qimasliklari, shuning uchun ularning
shogirdlari bu ilmlardan bexabar qolayotganliklarini taassuf bilan bayon qiladi.

Ta’limni, maorifni rivojlantirishgina xalqning turmush tarzini isloh qilishi
haqidagi fikrlarni deyarli barcha ma’rifatparvarlarning maqolalarida ko‘rish mumkin.
Jumladan, Shokir Muxtoriyning zamondoshi Shokir Sulaymon “So‘nggi kunlarda
yurtni idora qilarliq siyosiy, ilmiy, fanniy muqtadir kuchlarimizning yo‘qlig‘i ochiq va
qattig‘ sezildi. Zamonimiz Turkistondan o‘zini o‘zi idora qila olaturg‘on ustolar talab
qila boshladi. Mana shul hollarni ko‘rgan Turkiston yoshlari borliq hayotimiz,
najotimiz maorifda, maorif ham Ovrupoda ekanligini bilib, Ovrupo sari og‘ila
boshladilar. Natijada, Qafqoz Bokuda 50, Maskov Peterburg‘da 150, Berlinda 70 nafar,
butun Ovrupoda borlig‘i 270ga yaqin Turkiston o‘quvchilarini ko‘ramiz. Bu ko‘rinish
har holda Turkistonning kelgusi porloq, tarixi jonliq ekanligini bildiradir. Unday
bo‘lsa-da bir oz umid bog‘latadi. Biroq, hayhotki bu sonlar boshqalarg‘a qaraganda
yo‘q darajasidadir” (Shokir Sulaymon, 1923).

Maorifni isloh qilishni bosh maqsad etishning foydali jihatlari haqida yuqoridagi
ma’rifatparvarlar fikrini Vadud Mahmud ham qo‘llab-quvvatlaydi: “Hol shunday ekan,
butun Turkistonimizda barmoq bilan ko‘rsatilurliq bir maktabimiz yo‘qdur. Bizda
tarbiya ishlarimiz shunday muhim ekan, bilim yurtlarimiz xarob, bizda o‘qug‘on
kishilar qancha bo‘lmasa, fakultetlarimiz shuncha buzuq. Hozir biz tartiblik suratda
o‘qituvchi chiqara olaturg‘on bir ilmiy muassasaga ega emasmiz. Hozir hech bo‘lmasa,
ta’lim-tarbiya ishlariga rahbarlik qila olaturg‘on bir jurnalimiz yo‘q. Ochiqcha
aytganda, bizda hali asoslik bir narsa yo‘q... Tuzukkina bir o‘qituvchimiz yo‘q ekan,
ibtidoiy maktab uchun tuzilgan programmda 15 turlik fan kirgizamiz, ish talab qilamiz.
Hali maktabda talaba yo‘q ekan, biz Amriqo usuli bilan ta’lim yo‘llarig‘a mashg‘ul
bo‘lamiz. Bu ishlarning hammasi bizdagi maorif ishlarining bir markazga
bog‘lanmag‘oni va shu ishlarni ishlab chiqoraturg‘on bir muassasamizning
bo‘lmag‘onidir” (Vadud Mahmud, 1923).

Shokir Muxtoriy kelib chiqishi jihatdan tatar millatiga mansub bo‘lsa-da,
Turkiston yoshlarini ilm-ma’rifatli qilishda boshqa hamkasblari bilan birday jon

kuydirgan, buni o‘zining maqolasida berilgan “biz tatarlar qancha sanalar farz, nizoh
va maslal jadallardan keyin hamdlar o‘lsun Xo‘qandda ikki birda qizlar maktabi
ochmoqg‘a muvaffaq bo‘ldiq. Bu juda yaxshi va juda asosli ishdir. Binobarin bu ishga
sathi nazar ila nazar qilmay asosli va ilmiy nazar ila nazar qilmoqimiz lozimdur. Biz
tatarlar sovuq rizq ilanmi, boshqa bir sabab ilanmu, bu viloyatlarga kelib usul
savtiyaning umuman Turkistonda intishorini bir jihatdan sabab bo‘lg‘an edik. Emdi:
o‘zimizgagina maxsus bo‘lsa ham maktab ochmoqimiz ilanda mahalliy
musulmonlarg‘a namuna o‘laroq tarixda go‘zal nom olmoq sharafig‘a noil o‘lalim”,
kabi jumlalari isbotlaydi (Shokir Muxtoriy, 1914-yil 8-iyun).

Bu o‘rinda uning xotin-qizlar maktabi ochganligi haqidagi ma’lumoti e’tiborni
tortadi. Shokir Muxtoriy ijodi davomida ijtimoiy hayotda ayollar ta’limi va tarbiyasiga
alohida e’tibor qaratganligini uning asarlaridagi fikrlari isbotlaydi. Jumladan
“tamaddun va maorifning insonlari orasiga surat ila mutashir bo‘lmog‘i uchun ham
onalarimizni yoxud ona bo‘ladurg‘an qizlarimizni tarbiya va ta’lim qilmoqimiz
zarurdur. Bizki er bolalarimizni ham durust tarbiya qilg‘onimiz yo‘q! Lekin er
bolalarimizni qancha yaxshi tarbiya qilsaq ham kelajak asrda ona bo‘ladurg‘on
qizlarimiz tarbiya qilinmag‘onda biz hamon yarim jonlikdan, mag‘lubchilikdan najot
topa olmasmiz. Chunki xotun demak Nuh basharning yarimi demak bo‘lg‘anligi uchun
xotunlar, qizlar tarbiya qilinmasa, yarim millat tarbiyasiz qoldi demak bo‘lurki, bu esa
ma’niy va ruhan mag‘lublik demakdur” (Shokir Muxtoriy, 1914-yil 8-iyun).

Yuqoridagilardan ko‘rish mumkinki, Turkistonlik boshqa ma’rifatparvarlar qatori
Shokir Muxtoriy ham rus mustamlakasidan og‘ir ahvolga tushgan xalqni bu
qiyinchilikdan faqat ilm-ma’rifat va ta’lim-tarbiya olib chiqishiga umid qilib, butun
hayotini shu yo‘lga bag‘ishlagan. Asarlarida ham asosiy ko‘targan masala shu kabi
ijtimoiy hayot bo‘lgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, Shokir Muxtoriy Markaziy Osiyo xalqlarining ta’limtarbiya va ma’rifatida muhim rol o‘ynagan fidoyi shaxs edi. Uning jadidchilik
harakatida ishtirok etishi, o‘quvchilarni Yevropaga o‘qishga jo‘natish harakati,
muharrir va yozuvchi sifatidagi faoliyati xalqning yuksalishi va taraqqiyoti uchun
amalga oshirilgan edi. Muxtoriyning ijtimoiy sharoitlarni isloh qilish, barcha uchun
ta’lim olish imkoniyatlarini targ‘ib qilish borasidagi fidoyiligi chindan ham ilg‘or fikrli
ajdodlarimiz har zamonda bo‘lganini ifoda etadi.
Muxtoriy merosi haqida mulohaza yuritar ekanmiz, ta’lim-tarbiya shaxsning
imkoniyatlarini kengaytirish va ijtimoiy o‘zgarishlarni rag‘batlantirishda muhimligini
eslatib o‘tamiz. Uning vatandoshlari hayotini yaxshilash yo‘lidagi tinimsiz sa’yharakatlari barchamiz uchun yorqin ibrat bo‘lib xizmat qilmoqda. Ta’lim olish

imkoniyati hali ham ko‘pchilik uchun oson bo‘lmayotgan bugungi dunyoda Muxtoriy
fikrlari yoshlar uchun ruhiy quvvat taqdim etadi.

Ta’lim olishda teng huquqlilikni targ‘ib qilish, ma’rifat va tanqidiy fikrlashni
targ‘ib qiluvchi tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash, adolatli va farovon jamiyat qurish
yo‘lida harakat qilish orqali Muxtoriy xotirasini ulug‘lashimiz mumkin. Shokir
Muxtoriy kabi shaxslar ilgari surgan g‘oyalarni tatbiq etishda davom etsak, kelajak
avlodlar uchun bundan-da farovon hayot yaratamiz.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Hoji Muin. “Inqilob” jurnali. 1922-yil, 3-son.
2. Vadud Mahmud. “Marhum Shokir Muxtoriу” // “Mehnatkashlar tovushi”
gazetasi, 1921-yil 12-fevral.
3. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 8-iyun, 27-son.
4. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 3-aprel, 1-son.
5. “Yurt” jurnali, 1919-yil 1-son, 11–12-betlar.
6. Shokir Muxtoriy. “Yana to‘y masalasi” // “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil
8-iyun, 27-son.
7. Shokir Muxtorov. “Islohni nimadan boshlarg‘a?” // “Sadoyi Farg‘ona”
gazetasi, 1914-yil 3-aprel, 1-son.
8. Shokir Sulaymon. “Ovrupoda Turkiston o‘quvchilari” // “Turkiston” gazetasi,
1923-yil 1-yanvar.
9. Vadud Mahmud. “Maorif ishlarimiz” // “Turkiston” gazetasi, 1923-yil 25-mart.

REFERENCES:
1. Hoji Muin. “Inqilob” jurnali. 1922-yil, 3-son. (In Uzbek)
2. Vadud Mahmud. “Marhum Shokir Muxtoriу” // “Mehnatkashlar tovushi”
gazetasi, 1921-yil 12-fevral. (In Uzbek)
3. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 8-iyun, 27-son. (In Uzbek)
4. “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil 3-aprel, 1-son. (In Uzbek)
5. “Yurt” jurnali, 1919-yil 1-son, 11–12-betlar. (In Uzbek)
6. Shokir Muxtoriy. “Yana to‘y masalasi” // “Sadoyi Farg‘ona” gazetasi, 1914-yil
8-iyun, 27-son. (In Uzbek)
7. Shokir Muxtorov. “Islohni nimadan boshlarg‘a?” // “Sadoyi Farg‘ona”
gazetasi, 1914-yil 3-aprel, 1-son. (In Uzbek)
8. Shokir Sulaymon. “Ovrupoda Turkiston o‘quvchilari” // “Turkiston” gazetasi,
1923-yil 1-yanvar. (In Uzbek)
9. Vadud Mahmud. “Maorif ishlarimiz” // “Turkiston” gazetasi, 1923-yil 25-mart.
(In Uzbek)