COMMON ASPECTS IN THE WORK OF UYGUR-UZBEK POETS:
CONTENT, GENRE AND STYLE
Karimova Shakhlokhon Ganiyevna
Associate Professor of Oriental University,
Doctor of Philosophy in Philology
Tel.: +998 90 185-69-13
e-mail: shkarimova@mail.ru
Annotation. This article examines the literary activity, heritage, proximity to
Uzbek literature, and common features of Uyghur-Uzbek poets who lived and worked
in Xinjiang in the second half of the 19th and early 20th centuries. Common features
in terms of theme, idea, poetic expression, especially in Uyghur and Uzbek literature,
have a very fruitful exchange.
The common features of Uyghur poets (Dilafkor, Barkilar) of the early twentieth
century with Uzbek classical poets, especially with the work of Ubaydullah Zavki, are
analyzed. For centuries, Eastern literatures have received literary food from each other
and shared creative experiences. His skills were analyzed, from his ability to use words
to his ability to connect metaphors with ghazals. Important conclusions are drawn
regarding the genre typology and poetics of his works. The article also discusses the
issues of scientific study and coverage of the work of Uzbek and Uyghur writers.
Keywords: literary activity, literary communication, system of genres, poetics,
theme and image, ghazal, rubai, mukhamas, masnavi, creative style, folklore, takhmisnazira, epic, following.
UYG‘UR-O‘ZBEK SHOIRLARI IJODIDA MUSHTARAK JIHATLAR:
MAZMUN-MUNDARIJA, JANR VA USLUB
Karimova Shaxloxon G‘aniyevna
Oriental universiteti dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori
Tel: +998 90 185-69-13
e-mail: shkarimova@mail.ru
Annotatsiya. Mazkur maqolada XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlarida
Shinjongda yashab ijod qilgan uyg‘ur-o‘zbek shoirlarining adabiy faoliyati, merosi va
o‘zbek adabiyotiga yaqinligi, mushtarak jihatlari tekshirildi. Sharq adabiyotlari asrlar
osha bir-biridan adabiy ozuqalangan, ijodiy tajribalar almashgan. Mavzu, g‘oya, poetik
ifoda jihatidan mushtarak xususiyatlar, ayniqsa, uyg‘ur va o‘zbek adabiyotida juda
sermahsul almashinuvga ega. XX asr boshlaridagi uyg‘ur shoirlari (Dilafkor,
Barqiylar)ning badiiy ijodda o‘zbek mumtoz shoirlariga, xususan, Ubaydullo Zavqiy
asarlariga mushtarak jihatlari tahlilga tortildi. So‘z qo‘llash mahoratidan tortib
g‘azallariga taxmis-nazira bog‘lashlarida mahoratlari tahlil qilindi. Asarlarining janriy
tipologiyasi va poetikasi bo‘yicha muhim xulosalarga erishildi. Maqolada, shuningdek,
o‘zbek va uyg‘ur adiblari ijodining ilmiy o‘rganilishi va yoritilishi masalalari haqida
ham fikr yuritiladi.
Kalit so‘zlar: adabiy faoliyat, adabiy aloqa, janrlar tizimi, poetika, mavzu va
obraz, g‘azal, ruboiy, muxammas, masnaviy, ijodkor uslubi, xalq og‘zaki ijodi, taxmisnazira, doston, izdoshlik.
ОБЩИЕ АСПЕКТЫ В ТВОРЧЕСТВЕ УЙГУРО-УЗБЕКСКИХ ПОЭТОВ:
СОДЕРЖАНИЕ, ЖАНР И СТИЛЬ
Каримова Шаклохoн Ганиевна
Доцент университета Ориентал,
доктор философии по филологии
Тел.: +998 90 185-69-13
e-mail: shkarimova@mail.ru
Aннотация. В данной статье исследованы литературная деятельность,
наследие, близость к узбекской литературе, общие черты уйгуро-узбекских
поэтов, живших и творивших в Синьцзяне во второй половине XIX - начале XX
века. На протяжении веков восточные литературы получали друг от друга
литературную пищу и делились творческим опытом. Общие черты в плане темы,
идеи, поэтического выражения, особенно в уйгурской и узбекской литературе,
имеют весьма плодотворный обмен. Проанализированы общие черты уйгурских
поэтов (Дилафкор, Баркилар) начала ХХ века с узбекскими поэтами-классиками,
особенно с творчеством Убайдуллы Завки. Его навыки были проанализированы:
от умения использовать слова до умения связывать метафоры с газелями.
Сделаны важные выводы относительно жанровой типологии и поэтики его
произведений.
Ключевые слова: литературная деятельность, литературное общение,
система жанров, поэтика, тема и образ, газель, рубай, мухаммас, маснави,
творческий стиль, фольклор, тахмис-назира, эпос, следование.
KIRISH
Turkiy xalqlar adabiyoti azaldan mushtarak rivojlanish bosqichini bosib o‘tgan.
Mavzu va g‘oya tanlash, obraz va xarakter yaratish borasida bir adabiyot ikkinchi bir
adabiyotga ilhom bergan, ijodiy ergashgan. Izlanishlar mobaynida Shinjongdagi
o‘zbek-uyg‘ur shoirlarining ijodi bilan tanishish mobaynida Dilafkor va Barqiy
taxalluslari bilan ijod qilgan ikki ijodkorning maʼrifatparvar shoir Ubaydulloh Zavqiy
lirikasiga bo‘lgan eʼtibori va izdoshligi diqqatimizni jalb qildi. Ubaydulla usta Solih
o‘g‘li Zavqiy (1853-1921) serqirra ijodi o‘tkir hajv va yumoristik sheʼrlari bilan
zamondosh shoirlarga ham keyingi avlodga ham o‘z taʼsirini ko‘rsata olgan isteʼdodli
ijodkor bo‘lgan. Bu adabiy taʼsir, badiiy asar tili va uslubiy jihatlardan tortib, mavzu
tanlashgacha, qahramonlar yaratish-u poetik mahoratda ham sezilib turadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Uyg‘ur va o‘zbek adabiyotiga oid badiiy tahlillar, har ikki adabiyot vakillari
ijodini o‘rganish, adabiy merosini jamoatchilikka tanishtirish borasida faoliyat olib
borgan qator adabiyotshunoslar, matnshunos olimlar u yoki bu darajada yoritdilar.
Bungacha XX asr boshlari o‘zbek adabiyoti va uyg‘ur adabiy aloqalari haqida,
xususan, Zavqiy ijodiga uyg‘ur shoirlarining munosabati haqida ilmiy chiqishlar
uchramaydi. Ilk urinishlar sifatida muallifning nomzodlik dissertatsiyasida qisqacha
maʼlumot – axborot sifatida uchraydi (Каримова Ш., 2017). Asosan, uyg‘ur klassik
adabiyotida Navoiy ijodining o‘rni, Navoiy asarlarining uyg‘ur shoirlariga taʼsiri
masalalariga bag‘ishlangan tadqiqotlar asosiy o‘rinni egallaydi (Солиҳова Х., 1995:
242-248). Jumladan, B. G‘afurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti professori,
filologiya fanlari doktori, akademik Nizomiddin Murodiy “O‘zbek va uyg‘ur adabiy
aloqalari tarixidan” maqolasida o‘zbek va tojik adabiyotlarining uyg‘ur adabiyotiga
taʼsiri masalasi Navoiy “Xamsa”sining Sharqiy Turkistondagi o‘rni misolida
yoritilgan. Umuman olganda, bu kabi ishlar – Sharqiy Turkistonda o‘zbek mumtoz
adabiyotiga ergashish turli davrlarda deyarli barcha adabiy janrlarda rivojlangan
bo‘lib, uyg‘ur shoirlari tatabbu va nazira yozishda, tarjima va tazminda mohirona kuch
sinashganlar va o‘zlariga xos mahorat va isteʼdodlarini to‘la ko‘rsata olganliklarining
yorqin dalili sifatida qimmatli maʼlumotlar hisoblanadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqola adabiyotshunoslikdagi so‘nggi yutuqlar va mezonlar asosida tahlil
qilindi. Tarixiy metodlar - tarixiylik, qiyosiy-mantiqiy tahlil, ketma-ketlik, xolislik
tamoyillari asosida yoritilgan bo‘lib, uyg‘ur-o‘zbek adabiy aloqalari va bu adabiy
taʼsirlanishda o‘zbek mumtoz lirik ijodkori Zavqiy asarlariga Shinjongdagi uyg‘uro‘zbek shoirlarining munosabati tadqiq etilgan.
Muqimiy, Furqat kabi so‘z sanʼatkorlari qatorida Zavqiy ijodiga xatto
Shinjongdagi o‘zbek, uyg‘ur shoirlari ham o‘sha zamondayoq yuqori baho berishgan.
Uning g‘azallariga taxmis-naziralar bog‘lashgan, poetik ifoda yo‘sini, hajv va yumorga
boy sheʼrlari uslubiga hamda xalq og‘zaki ijodidan foydalanishda Zavqiyga
ergashganlar. Ilhom va ibrat taʼsiri o‘laroq yaratilgan asarlaridagi mazmun va g‘oya,
badiiylik Zavqiy sheʼrlarini yodga soladi. Dilafkor3 - XIX asrning boshida yashab ijod
3 O‘zbek adabiyotida “Dilafkor” taxallusli ikki shoir o‘tgan. Birinchisi biz ijodiga to‘xtalayotgan Mansur Saʼdulla
o‘g‘li, yana biri Mulla Abdulboriy ibn Shermuhammad hoji bo‘lib, u “Piskandiy” va “Dilafkor” taxalluslarini qo‘llagan.
1882-yili Toshkentda tug‘ilib, 1952-yili Piskentda vafot etgan.
qilgan o‘zbek shoirlaridan bo‘lib, uning asl ismi Mansur Saʼdulla o‘g‘li. Taxminan
1844-1845-yillarda Kattaqo‘rg‘on atrofidagi Qo‘njinay qishlog‘ida tug‘ilgan bo‘lib,
1898-1908-yillar oralig‘ida Sharqiy Turkistonga kelib, Yorkent va Qog‘aliqda
yashagan. Shinjong Ijtimoiy fanlar akademiyasi millatlar adabiyoti tadqiqotchisi Qodir
Akbar “Shinjong o‘zbek adiblari” nomli kitobi orqali hali nomi va ijodi unchalik tanish
bo‘lmagan adiblar sirasida shoir hayoti va ijodi bilan keng jamoatchilikka maʼlumot
beradi va qo‘lyozma daftari orqali yetib kelgan sheʼrlaridan namunalar eʼlon qiladi
(Қодир Акбар, 1989: 114-140).
TAHLIL VA NATIJALAR
Dilafkorning “Raʼno va Suxangul” dostoni va baʼzi sheʼrlari maʼlum bo‘lib,
asarlarning hozirgacha yetib kelib saqlanayotgan holati haqida maʼlumotlar ham
maʼlum qilinadi: 1985-yili shoirning bir qo‘lyozma devoni Yorkent shahridan topilgan.
Qo‘lyozmani saqlagan maʼrifatparvar kishilarning bergan maʼlumotlariga ko‘ra, u
Mansur qori nomi bilan mashhur bo‘lgan, Yorkentda savdo ishlari bilan shug‘ullanib,
shu yerda vafot etganligi aniqlangan. Uning adabiy merosini ko‘zdan kechirib,
sheʼrlarida tanlangan mavzu va obraz, badiiy sanʼatlar zavqiyona uslub, zavqiyona
fikrga ijodiy ergashish, maʼnaviy ozuqa olish mevasi sifatida ko‘rinadi. Uning asarlari
shunchaki qalamga olingan ishqiy mavzularga bag‘ishlanib qolmasdan, balki o‘sha
asrning ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy va madaniy hayotini badiiy aks ettiradi.
Bu asarlar mohiyatidan zamondoshlarning holati, xalqning yashash sharoiti,
siyosiy boshqaruvning taʼsiri va unga oddiy xalqning munosabati darajasini aniqlay
olish mumkin. Shuningdek, shoirning asarlari uning shaxsiy hayoti - tarjimayi holi
haqidagi maʼlumotlar manbasi ham hisoblanadi. Shoir ijodida faqatgina g‘azal janrida
emas, balki boshqa turdagi sheʼriy janrlarda ham mahorat egasi sifatida muxammas va
tarjeʼbandlari, qitʼa va masnaviylarida ijtimoiy illatlar, baʼzi axloqiy masalalar,
maʼnaviy qusurlar tanqidiy ruhda talqin qilinadi. Dilafkor sheʼriyatidagi ijtimoiy
yo‘nalish bilan Zavqiy merosi o‘rtasidagi umumiylik, hamohanglik juda kuchli.
O‘zbek shoirlari orasida xalq dardini to‘kis ayta olgan, kuchli hayqiriq va o‘tkir hajv
usulida bayon eta olgan ijodkorlardan bo‘lgan Zavqiy uslubiga xos belgilar Dilafkor
sheʼriyatida ham ko‘zga tashlanadi. Masalan, Zavqiyning shartli “Abdurahmon
shayton” nomli sheʼrida bevosita shaxs timsoli orqali zamonning ijtimoiy-siyosiy,
axloqiy masalalari tahlilga tortilgan. Shoir mustamlaka davrida xalqning zulmat
hayotida ekanligi, maʼrifatdan yiroqligi, odamlarda ittifoq yo‘qligi, sharm-u hayoning
kamligi, insonlardagi salbiy illatlar to‘g‘risida o‘tkir hajv va achchiq tilda kesatiq,
piching, masxaraomuz usulda taʼsirchan bitadi:
Xira iblis kabi benomus-u beor ketsang-chi!
Yalog‘ suqmagan bosh, ey sagi bozor ketsang-chi! (Мадаминов A.,
Турдиалиев A., 2003:146)
Shoir bu kabi shaxslardagi salbiy illatlar: xalqni aldab pulini olish, ochko‘zlik,
mol-dunyo oldida har qanday pastkashlikka borish, o‘zgalar hisobiga kun ko‘rish,
amaldorlarga laganbardor-u, kambag‘allarga zug‘um qilish kabilarni ayovsiz tanqid
qiladi. Sheʼrning real hayotdan olinganligiga isbot-dalil to‘rtinchi baytda keltiriladi:
Na tanho ket demay, Musicha Maxsumni olib hamroh,
Qilib bizlarni ham bir yo‘li minnatdor ketsang-chi!
Abdurahmon shaytonga hamroh va hamtovoq Musicha Maxsum – ochko‘z,
xudbin, o‘z shaxsiy manfaatlarini hamma narsadan ustun qo‘yuvchi real shaxs. Bu
shaxsni obraz darajasiga ko‘tarishni Zavqiyga zamondosh shoir Usmonxo‘ja Zoriy
ijodida ham uchratamiz (Абдуллаева Д., 2005:70). Xasis, pastkash, nafsga berilgan
kishilar obrazini mana shunday jonli va hayotiy tasvirlash, kinoya, kesatiq, fosh etish
kabi usullar orqali voqelikka o‘zining munosabatini ifodalash Dilafkor ijodiga ham
xos. Uning quyidagi muxammasi yozilish uslubi va ohangi, mazmuni jihatidan
Zavqiyga juda ham hamohang:
Ayo do‘stlar, bu kun rahm qiyomat aylasanglarchi,
Fujur fisq isyong‘a nadomat aylasanglarchi.
Yigitlik vaqtida haqqa ibodat aylasanglarchi,
Tutub amri xudoni emdi toat aylasanglarchi,
Ayo ahboblar, tarki sharorat aylasanglarchi.
Shoir sheʼriyatida nafaqat ayrim kishilarning tabiatidagi qusurlar, kamchiliklar,
illatlar fosh etiladi, balki zamona ham tanqid qilinadi. Masalan, uning “Arzirmu” radifli
muxammasi Zavqiy g‘azaliga tatabbuʼ tarzida yozilgan. Zamonaning nosozligi va avj
olgan zo‘ravonlik haqida Zavqiy g‘azalining matlaʼsi quyidagicha boshlanadi:
Gunoh qilmoqda, ey tan, o‘yla kuygoninga arzirmu,
Bu yanglig‘ ming yil umring bir o‘lgoninga arzirmu?
Chor mustamlakasi Turkiston xalqlarining urf-odatlarini, dinini, milliy
qadriyatlarini yo‘qotish bilan odamlardagi axloqiy meʼyorlarni ham izdan chiqardi.
Dinning tobora zaiflashuvi, iymon-eʼtiqodning sustlashishi, kishilar xulqidagi urchib
borayotgan salbiy illatlar shoirni chuqur qayg‘uga soladi. Insonlarni ziyraklikka,
birdamlikka, gunohlardan poklanib, insoniy burch va bandalik shartlarini bajarishga
undovchi g‘azal baytlariga hamohang, hammazmun Dilafkor misralari ham shoirning
poetik maqsadlarini to‘ldiradi. Xalqning g‘aflatda ekani, maʼrifatdan yiroqligi, o‘zaro
ittifoq yo‘qligi, nafslariga qul bo‘layotganligi kuyunchak va taʼsirchan misralarda
beriladi. Shoirning hayotiy tajribalaridan kelib chiqqan xulosalari so‘nggi bandda
ifodalanadi:
Kishiga sud qilmas bu jahonni(ng) aysh ila zavqi,
Chiqorg‘ay balki yo‘ldin makr-nayrang ila shavqi,
Dilafkor, tavba qil to tushmayin bo‘yningg‘a laʼin tavqi,
Tiriklik borida izla4 haqiqat yorin, ey Zavqiy,
Majolarni vasli so‘zi xijroningg‘a arzirmu?
Shoir Barqiyning hayoti va adabiy faoliyatiga kelsak, shoirning asl ismi
Abdug‘ofurjon Qori 1901-yil Qo‘qonda tug‘ilgan. Adabiyotga yoshligidan qiziqqan.
1930-yillarda ota-onasi bilan Sharqiy Turkistonga ko‘chib kelib, Qashqar, Xo‘tan,
Qog‘aliq kabi shaharlarda yashagan. Lekin shoir o‘z asarlarini biror matbuotda eʼlon
qilmagan. Chunki u ko‘p holatlarda safar qilib yurgan va ayni davrda matbuot tanqis
bo‘lgani uchun asarlari faqat qo‘lyozma holatida xalq orasiga tarqagan. Yorkentda
yashab ijod etgan shoir Najimiy (Asl ismi Ubaydulloh Hoji To‘ram bo‘lib, o‘zbek
shoirlaridan hisoblanadi) bisotida Barqiyning qo‘lyozma asarlari saqlangani aytiladi.
Bu ikki shoir bir-birlari bilan ijodiy hamfikr bo‘lishgan ekan.
Yana bir jihat: Zavqiyning evarasi O. Yoqubovning5 bergan maʼlumotiga ko‘ra,
shoir avlodlarining Qashqarga ko‘chib kelish vaqtlari taxminan bo‘lsa-da, Barqiyning
Qashqarga kelish vaqtlariga to‘g‘ri kelar ekan. Biroq Shinjongdagi taniqli
adabiyotshunos, madaniyatshunos olimlar yordamida surishtirib izlash natijasida u
kishi boshqa shaxs bo‘lib chiqdi. Lekin shoir ijodidagi zavqiyona uslub bizni yana bu
shoir hayoti va ijodi to‘g‘risida izlanishga undamoqda.
Barqiy ijodidagi g‘azal, muxammas, hattoki, sheʼriy maktublari ham Zavqiyga
hamohang uslubda yozilgan. Masalan, Zavqiyning davr manzaralarini o‘tkir til va teran
fikrlar bilan ifodalovchi baytlarini yodga soluvchi o‘rinlar ko‘p uchraydi:
Bor ismi Sulaymoncha, lokin o‘zidur tarso,
Gardanda kishi haqqi, barakka muddao yo‘q.
Ko‘zingni o‘yub bersang “Rahmat” demagay hech kim,
Vojgundur kuning Barqiy, bul yerda musaffo yo‘q.
Shoir fikrlari zaminida, albatta, ijtimoiy sabablar bor. Xalq maʼnaviyatiga putur
yetkazayotgan buzg‘unchilik, talonchilik, axloqsizliklarga tomoshabindek
munosabatda bo‘lish uning vijdoniga muvofiq kelmaydi. Shuning uchun ham sheʼrda
zamon holati, davr kayfiyati, oddiy xalqning nochor ahvoli, boshqaruvdagi adolatsiz,
zolim kishilarning qilmishlari Zavqiy asarlari tiliga yaqin va hamohang fosh etiladi.
Shoir yashab turgan jamiyatdagi illatlar, zalolat, kufr, adolatsizlikni ko‘rib, har qanday
qo‘rquv va g‘azabni pisand etmay haqiqatni baralla kuylaydi.
Shoirning adabiy merosi tarkibida sayohatnoma va sheʼriy maktublar ham bor.
Sayohatnoma janrining o‘zga xos xususiyatlarini yaxshi o‘zlashtirgan Barqiy Muqimiy
va Zavqiy ijodidagi shu usul va tartibda sheʼr yozib, ularga ijodiy ergashgan:
4 Dilafkor taxmisida “izla” so‘zi, Zavqiy g‘azali (“Ajab zamona”)da “ista” tarzida berilgan.
5 Bu kishi hozirda Qo‘qon shahrida yashab, savdo ishlari bilan shug‘ullanish bilan bir qatorda, shoir Zavqiyning adabiy
merosini targ‘ib qilish va o‘rgatish borasida ko‘p ishlarni amalga oshirmoqdalar. Jumladan, Farg‘ona viloyatida “Zavqiy
fondi”ni tashkil etib rahbarlik qilmoqdalar.
Shahar ajoyib dilkusho,
Odamlari yengilnamo,
Har muyulishda doimo,
Tuproq to‘zar ham chang ekan.
Bandi bilan boshlanadigan sayohatnomasi garchi to‘liq yetib kelmagan bo‘lsa-da,
uning Muqimiy sayohatnomasiga o‘xshash qismlardan, safar yo‘nalishlariga mos
sarlavhalar ostida voqelik bayon etiladi. Faqat unda joy va kishi nomlari boshqa, tabiat
manzaralari, sayohat maqsadi farq qiladi xolos. Asarning qolgan matni orqali uning
ham bo‘lim (qismlar)dan tashkil topganligini sarlavhalardan bilib olish mumkin.
Masalan, “Xo‘tan” sarlavhasidagi qismda shoirning Xo‘tanga qilgan yurishi va
safar taassurotlari bitilgan:
Xuftanda tushsam bir do‘kon,
Qildi ashula bir juvon,
Oldi qo‘lga dutor shu on,
Yangrorda xushohang ekan
Ozodadin to‘pori ko‘p,
Dukchisidin attori ko‘p,
Choy xo‘ridan ko‘knori ko‘p,
Bir rasta nos-u bang ekan.
XULOSA
Yuqoridagi tahlillardan maʼlum bo‘ladiki, Barqiy va Dilafkor kabi shoirlar uslub
jihatdan sodda va ravon asarlar yaratishda, badiiy tasvirda, qofiya va radiflar tanlay
bilishda, xalq og‘zaki ijodidan samarali foydalanishda Zavqiy izidan bordi. Bu uslubiy
xususiyatlarning naqadar yaqin ekanligi Zavqiy poetik ijodining taʼsirchanligini,
ko‘lamdorligini ko‘rsatib turadi. Zavqiy sheʼriyati shoirlar uchun adabiy maktab
vazifasini o‘tagan. Uning sheʼriyati har ikki ijodkor sheʼriyatiga barakali taʼsir
ko‘rsatgan.
Bu kichik ilmiy tadqiqotimiz Dilafkor va Barqiy kabi uyg‘ur-o‘zbek klassik
shoirlari ijodi bilan tanishish imkonini bersa, uyg‘urlar yurtidagi o‘zbek shoirlari bilan
Turkistondagi ijodkorlarning o‘sha davrdagi adabiy aloqa va adabiy taʼsirlariga
oydinlik kiritishga yordam beradi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Иброхим Ҳаққул. Навоийни англаш машаққати // Ўзбек тили ва адабиёти
журнали, 2005, 1-сон, 3-бет.
2. Шинжонг ўзбек адиблари. Нашрга тайёрловчи: Қодир Акбар. – Урумчи:
Шинжонг халқ нашриёти. 1989. 114 – 140 бетлар.
4. Маматохунов У. (1960) Уйғур адабиёти классиклари. – Тошкент.
6. Аршиддинов Б. (1988) Уйғур классиклири ижадийитида дастан жанри. –
Алмута.
7. Маллаудов С. Тарихий достонлар // Уйғур адабиёти ва фольклоридаги
жанрлар. – Алмута, 1980.
8. Мугинов А. (1962) Описание уйгурских рукописей института народов
Азии. – Москва.
9. Мухлисов Ю. (1956) Уйғур классик қўлёзмаларининг каталоги. – Урумчи.
10. Ҳурматжон Фикрат, Қодир Акбар. (2005) Ўзбек адабиёти тарихи. –
Урумчи: Шинжонг халқ нашриёти. (Уйғур тилида)
11. Розиева Д. Низорий ижодида Навоий традицияси // Уйғур адабиётидики
традиця ва наваторлиқ масилилири. – Алмута, 1976.
12. Солиҳова Х. (1995) Уйғур достончилиги ва насри тараққиётида Алишер
Навоий “Ҳамса”сининг ўрни // фил.ф.док.... диссертацияси. – Тошкент: ЎзМУ.
13. Уйғур адабиётининг қисқача тарихи. – Алмута, 1983.
14. Қодирий Р. (1963) Уйғур адабиётида Навоий анъаналари / “Адабий
мерос”, 1-китоб.
15. Ажаб замона. Шеърлар. Нашрга тайёрловчилар: А. Мадаминов ва А.
Турдиалиевлар. – Тошкент: Шарқ, 2003.
16. Каримова Ш. (2018) Ўзбек мумтоз шеъриятида поэтик мазмун ва
янгиланишлар (Завқий ва Муҳсиний ижоди мисолида). Филология фанлари
номз. ...дисс. – Тошкент.
REFERENCES:
1. Ibrohim Haqqul. Navoiyni anglash mashaqqati // O‘zbek tili va adabiyoti
jurnali, 2005, 1-son, 3-bet. (In Uzbek)
2. Shinjong o‘zbek adiblari. Nashrga tayyorlovchi: Qodir Akbar. – Urumchi:
Shinjong xalq nashriyoti. 1989. 114 – 140 betlar. (In Uyghur)
4. Mamatoxunov U. (1960) Uyg‘ur adabiyoti klassiklari. – Toshkent. (In Uzbek)
6. Arshiddinov B. (1988) Uyg‘ur klassikliri ijadiyitida dastan janri. – Almuta. (In
Kazak)
7. Mallaudov S. Tarixiy dostonlar // Uyg‘ur adabiyoti va folkloridagi janrlar. –
Almuta, 1980. (In Kazak)
8. Muginov A. (1962) Opisaniye uygurskix rukopisey instituta narodov Azii. –
Moskva. (In Russian)
9. Muxlisov Yu. (1956) Uyg‘ur klassik qo‘lyozmalarining katalogi. – Urumchi.
(In Uyghur)
10. Hurmatjon Fikrat, Qodir Akbar. (2005) O‘zbek adabiyoti tarixi. –Urumchi:
Shinjong xalq nashriyoti. (In Uyghur)
11. Roziyeva D. Nizoriy ijodida Navoiy traditsiyasi // Uyg‘ur adabiyotidiki
tradisya va navatorliq masililiri. – Almuta, 1976. (In Kazak)
12. Solihova X. (1995) Uyg‘ur dostonchiligi va nasri taraqqiyotida Alisher
Navoiy “Hamsa”sining o‘rni // фил.ф.док.... dissertatsiyasi. – Toshkent: O‘zMU. (In
Uzbek)
13. Uyg‘ur adabiyotining qisqacha tarixi. – Almuta, 1983. (In Kazak)
14. Qodiriy R. (1963) Uyg‘ur adabiyotida Navoiy anʼanalari / “Adabiy meros”,
1-kitob. (In Uzbek)
15. Ajab zamona. Sheʼrlar. Nashrga tayyorlovchilar: A. Madaminov va A.
Turdialiyevlar. – Toshkent: Sharq, 2003. (In Uzbek)
16. Karimova Sh. (2018) O‘zbek mumtoz sheʼriyatida poetik mazmun va
yangilanishlar (Zavqiy va Muhsiniy ijodi misolida). Filologiya fanlari nomz. ...diss. –
Toshkent. (In Uzbek)