THE INCREASE OF THE STRUGGLE AGAINST THE SOVIET
AUTHORITY IN CENTRAL ASIA (1931)
Boboyev Feruz Sayfullayevich
Deputy director of the Institute of History of the
Academy of Sciences of Uzbekistan,
head of the “Military History Study” center,
doctor of history sciences
Tel.: +998 97 262-70-72
e-mail: fbs2012@bk.ru
Annotation. The armed movement against Soviet power in Central Asia
continued between 1918 and 1935. During these years, the struggle sometimes
increased and sometimes decreased. However, the score of the struggle rose to a higher
level in 1931. Colonial policy, which was implemented in the field of agriculture by
the Soviet authorities, was its main reason. The struggle intensified again in 1931 since
the population attempted to restore their rights, because their opportunities of making
revenue had been limited. In addition, Ibrohimbek's return from Afghanistan, his releadership of the struggle, the complexity of the political, social and economic
processes of that period, and the increase in public dissatisfaction with the Bolshevik
policy are analyzed. These issues are explained on the basis of the reports of the leaders
of the Soviet government, documents of the OGPU and other primary sources.
Keywords: armed movement, soviet, struggle, uprising, political situation,
immigrant, social life, famine.
O‘RTA OSIYODA SOVET HOKIMIYATIGA QARSHI KURASHNING
KUCHAYISHI (1931-YIL)
Boboyev Feruz Sayfullayevich
O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktori o‘rinbosari,
“Harbiy tarixni o‘rganish” markazi boshlig‘i,
tarix fanlari doktori
Tel.: +998 97 262-70-72
e-mail: fbs2012@bk.ru
Annotatsiya. O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat 1918-
1935-yillarda davom etgan. Shu yillar mobaynida kurash baʼzan o‘sib, baʼzan pasayib
turgan. Biroq 1931-yilda kurash ko‘lami yuqori darajada ko‘tarilgan. Bunga sovet
hokimiyatining qishloq xo‘jaligi sohasida amalga oshirgan mustamlakachilik siyosati
katta taʼsir ko‘rsatdi. Aholining iqtisodiy jihatdan daromad topishga yo‘naltirilgan
barcha imkoniyatlari cheklanishi natijasida o‘zining huquqlarini tiklash maqsadida
1931-yilda kurash yana qaytadan kuchaygan. Shuningdek, Ibrohimbekning
Afg‘onistondan qaytib kelishi, kurashga yana rahbarlik qilishi, shu davrdagi siyosiy,
ijtimoiy va iqtisodiy jarayonlarning murakkabligi, bolsheviklar siyosatiga nisbatan
aholi noroziligining kuchayganligi tahlil qilingan. Ushbu masalalar sovet hokimiyati
rahbarlarining maʼruzalari, OGPU hujjatlari va boshqa birlamchi manbalar asosida
yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: qurolli harakat, sovet, kurash, qo‘zg‘olon, siyosiy holat, muhojir,
ijtimoiy hayot, ocharchilik.
УСИЛЕНИЕ БОРЬБЫ ПРОТИВ СОВЕТСКОЙ ВЛАСТИ В СРЕДНЕЙ
АЗИИ (1931 г.)
Бобоев Феруз Сайфуллаевич
Заместитель директора Института истории АН Узбекистана,
руководитель центра «Военно-исторических исследований»,
доктор исторических наук
Тел.: +998 97 262-70-72
e-mail: fbs2012@bk.ru
Аннотация. Вооруженное движение против советской власти в Средней
Азии продолжалось в 1918-1935 гг. В эти годы борьба то нарастала, то
уменьшалась. Однако масштаб борьбы поднялся на более высокий уровень в
1931 году. Причиной этого стала колониальная политика, проводимая
советскими властями в области сельского хозяйства. В 1931 году борьба снова
обострилась за восстановление своих прав в результате ограничения всех
возможностей населения, направленных на получение доходов. Анализируются
также возвращение Ибрагимбека из Афганистана, повторное руководство
борьбой, сложность политических, социальных и экономических процессов того
времени, растущее недовольство народа политикой большевиков. Эти проблемы
объясняются на основе докладов руководителей Советского правительства,
документов ОГПУ и других первоисточников.
Ключевые слова: вооруженное движение, совет, борьба, восстание,
политическая ситуация, иммигрант, общественная жизнь, голод.
KIRISH
XX asrning dastlabki choragida dunyo siyosiy hayotida keskin o‘zgarishlar yuz
berdi. Bu o‘zgarishlar zamirida ulkan imperiyalarning parchalanishi va ular qo‘l ostida
bo‘lgan xalqlarning ozodlikka chiqish uchun kurashlari boshlanib ketdi. Rossiya
imperiyasiga, keyinchalik bolsheviklar hokimiyatiga qarshi Turkistonda qayta
boshlanib ketgan milliy-ozodlik harakatlari ham dunyo siyosiy hayotida alohida o‘rin
egallaydi. Sovet hokimiyatiga qarshi Turkiston mintaqasini keng ko‘lamda qamrab
olgan ushbu harakat o‘zining taraqqiyparvarlardan iborat g‘oyaviy rahbarlariga,
dasturiga, boshqaruv tizimiga, yetakchi harbiy yo‘lboshchilariga, o‘z qo‘shiniga ega
edi. Turkistondagi milliy-ozodlik harakatlarida aholining barcha toifalari ishtirok
etgan. Bu nafaqat erkaklar, balki xotin-qizlar ham faol qatnashgan umummilliy harakat
edi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Turkiston mintaqasida, keyinchalik O‘rta Osiyo respublikalarida sovet
hokimiyatiga qarshi kurash tarixi bo‘yicha sovet davrida M. Irkayev, Y.A. Polyakov,
A.I. Chugunov, A.I. Zevelev, mustaqillik yillarida O‘zbekistonda Q. Rajabov, D.
Ziyoyeva, S. Shodmonova, N. Norjigitova, U. Rashidov, N. Nazarov, R. Hakimov, N.
Hidoyatova, F. Boboyev, D. Mo‘minov, B. Tojiboyev, N. Hamayev, MDHda Y.V.
Gankovskiy, D. Shevchenko, V.S. Boyko, N.S. Tarxova, S.A. Nefedov, T.
Allaniyazov, K. Abdullayev, J. Annaorazov, Z. Altimishova va xorijda V. Ritter, H.
Paksoy, B. Loring, M. Buttino, B. Penati kabi olimlar tomonidan ko‘plab ilmiy
tadqiqotlar olib borilgan. Biroq ushbu maqola quyidagi jihatlari bilan ulardan
farqlanadi. Birinchidan, maqola aynan 1931-yilda kechgan kurashlar tarixiga
bag‘ishlangan. Ikkinchidan, O‘rta Osiyoda olib borilgan kurashlarning eng yuqori
nuqtasi aynan shu yilda bo‘lganligi uchun shu mavzu tanlangan. Uchinchidan, boshqa
tadqiqotlarda bu davr batafsil yoritilmagan. Faqatgina 1931-yildagi ayrim janglar va
Ibrohimbekning qo‘lga olinishi tilga olinadi. Biroq shu yilda sovet hokimiyatiga qarshi
kurash nima uchun o‘zining yuqori cho‘qqisiga chiqqanligi, uning siyosiy, ijtimoiy va
iqtisodiy omillari keng tahlil etilmagan. To‘rtinchidan, mavzuni yoritishda ko‘plab
yangi arxiv hujjatlari ilk bor ilmiy muomalaga kiritilganligi bilan alohida ahamiyatga
ega.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Muammoni yoritishda narrativ, tarixiy genetik, qiyosiy, tarixiy tipologik, tarixiy
tizimli, tarixiy diaxron va sinxron, mantiqiy tahlil, muammoviy xronologik kabi ilmiy
hamjamiyatda maʼlum, tan olingan usullardan foydalanildi. Xususan, narrativ usul
orqali birlamchi manbalar asosida tarixiy jarayonlar ketma-ketlikda maʼlum bir mantiq
doirasiga solindi. Manbalar asosida O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi kurash
jarayoni bilan bog‘liq voqealar ketma-ketligi, maʼlum sabablar, natija va oqibatlar
aniqlandi. Tarixiy-genetik usul orqali sovet hokimiyatiga qarshi kurashni keltirib
chiqargan omillar va undagi o‘zgarishlarning sabablari tahlil etildi. Tarixiy-tipologik
(tasniflash, guruhlarga va turlarga ajratish) usuli orqali manbalar, ilmiy tadqiqotlar
guruhlarga ajratildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatining yuritgan mustamlakachilik siyosatiga qarshi
turkiy xalqlar orasida milliy ozodlik harakati boshlanib, bu kurash 1918-1935-yillarda
asosan qurolli harakat shaklida namoyon bo‘ladi. Bundan tashqari, kurashning
ommaviy qo‘zg‘olon, miting, namoyishlar, varaqalar tarqatish, targ‘ibot va tashviqot
qilish, quyi boshqaruv organlarini egallash, tinch qarshilik ko‘rsatish, bo‘ysunmaslik
va g‘oyaviy shakllari mavjud edi.
O‘rta Osiyodagi qurolli harakat tarixi kurash dinamikasining o‘sishi jihatidan
1931-yil alohida ajralib turadi. Shuning uchun ham aynan shu yildagi siyosiy va
ijtimoiy masalalarni tahlil etish maqsadga muvofiq hisoblanadi.
OGPUning O‘rta Osiyodagi muxtor vakili tomonidan 1931-yil mart oyida O‘rta
Osiyo harbiy okrugi qo‘mondoni Gryaznovga yuborgan favqulodda tezkor
maʼlumotida, mintaqada 1931-yilda siyosiy jarayonlar keskin tus olishi mumkinligini
quyidagilar bilan asoslagan: birinchidan, chegara rayonlarda vaziyatning
keskinlashishiga Afg‘onistonning shimolidagi voqealarning taʼsiri; ikkinchidan,
muhojirlar bilan respublikalardagi antisovet kayfiyatidagi guruhlar o‘rtasida
aloqalarning saqlanib qolganligi; xususan, Tojikiston SSR, Surxondaryo va Karki
okrugida Ibrohimbekning aloqalari juda kuchli edi; uchinchidan, 1930-yil bahorida
kollektivlashtirish siyosati, shu yilning kuzida g‘alla va paxta yetishtirish kompaniyasi
va 1931-yilning boshida bu jarayonlarning haddan tashqari oshirib yuborilishi edi.
Mazkur omillar tufayli O‘rta Osiyo respublikalaridagi umumiy siyosiy holat yetarlicha
barqaror emas, deb hisoblandi. Shunday murakkab vaziyatda 1931-yilning bahorida
Ibrohimbekning qo‘rboshilari yoki o‘zi kirib kelsa ham katta ehtimol bilan keng
ko‘lamli qo‘zg‘olon boshlanib ketishi mumkin, deb taxmin qilindi11.
Haqiqatan ham O‘rta Osiyodagi keskin vaziyatni OGPU to‘g‘ri tahlil qilgan va
bu jihatdan O‘rta Osiyo harbiy okrugi aʼzolari ham yaxshi xabardor edi. Biroq partiya
va sovet organlari bu kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etmadi. Buning oqibatida
1931-yil bahoridan boshlab O‘rta Osiyo sovet hokimiyatiga qarshi keng qamrovli
kurash maydoniga aylandi. 1931-yil 1-aprelda Ibrohimbek o‘zining bir nechta
qo‘rboshilari, jami 400 nafar yigitlari bilan Chubek chegara posti orqali sovet
chegarasiga o‘tdi (Boboyev F., 2024:126). Ibrohimbek Tojikiston SSRga kirib
kelganda respublikadagi vaziyat ancha og‘ir ahvolda edi. Ibrohimbekning qo‘rboshilari
tez orada butun Tojikiston SSR va O‘zbekiston SSRning Surxondaryo oblastiga ham
tarqalib ketdi. Qo‘rboshilarning guruhlari aholi hisobiga ko‘payib bordi. Ayni paytda
ayrim rayonlarda ochlik va non yetishmasligi, kolxozlardan norozilik va ishchilarga
to‘lanadigan ish haqining kamligi, zavodlarda ham ishchilar ish sharoitidan
qoniqmaslik holatlari kuzatilgan. Bularning barchasi Ibrohimbek rahbarligida
boshlangan kurashning kuchayishiga, bolsheviklar siyosatidan norozi bo‘lgan aholi
vakillari tomonidan bu kurashning qo‘llab-quvvatlanishiga sabab bo‘ldi.
Shu davrda Tojikiston SSRdagi murakkab vaziyat quyidagicha edi:
11 РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 405, л. 49.
Birinchidan, paxta monopoliyasi nihoyatda kuchayib, ekish kompaniyasiga jalb
etilgan ishchi-dehqonlar og‘ir sharoitlarda ishlashga majbur qilingan. Hattoki bu
ishlarga majbur qilingan o‘qituvchilarga nisbatan ham haddan tashqari qattiq jazo
qo‘llangan. Mazkur davr majburiy buyruqbozlikning eng yuqori chiqqan davrlaridan
biri edi.
Ikkinchidan, paxtachilikka ixtisoslashgan rayonlarda g‘allaga bo‘lgan talab juda
oshib ketdi12. Natijada paxtachilikka ixtisoslashgan rayonlarda non va g‘alla tanqisligi
aholi orasida ochlikning yuzaga kelishiga sabab bo‘ldi. 6–7-maydagi maʼlumotga
qaraganda, Shahrinav va Romit rayonlarida jon saqlash maqsadida aholi o‘t-o‘lanlarni
yeb kun kechirgan. Bunday vaziyatda bolsheviklarga qarshi kurash avj olishi tabiiy hol
bo‘lib, Ibrohimbek muhojirlikdan qaytmaganda ham xalq qo‘zg‘alishi kunday ravshan
edi.
Uchinchidan, majburiy ko‘chirish siyosati aholining ruhiyatiga salbiy taʼsir
ko‘rsatib, hukumatga nisbatan norozilik kayfiyatini kuchaytirdi. Garchi bu ish sovet
hokimiyatining manfaati uchun bo‘lsa-da, to‘g‘ri tashkil qilinmay ko‘chirilgan aholiga
borgan joyida yashashi uchun yetarli shart-sharoit qilib berilmagan. Farg‘ona
vodiysidan ham Tojikiston SSRga ko‘plab aholi ko‘chirib keltirildi. Biroq rayonlardagi
og‘ir iqtisodiy vaziyat tufayli may oyida ko‘chirish organlari aholiga 1 oy vaqt ichida
ham hech qanday yordam ko‘rsatmadi. Oqibatda aholi yana o‘z joylariga qaytib
ketishga harakat qildi. Bunday vaziyatda eng achinarli holat shuki, aholi shu paytda 1
pud g‘allani 40 rubldan sotib olishga majbur bo‘ldi.
To‘rtinchidan, norozilik harakatlari faqat dehqonlar orasida bo‘lmay, ishchilar
orasida ham mavjud edi. Ishchilarning oylik maoshlari kamligi, o‘z vaqtida
berilmasligi, shuningdek, norma bo‘yicha beriladigan mahsulotlarning sifatsizligi
noroziliklarga sabab bo‘ldi. Bu holat faqatgina go‘sht misolida keltirilsa, may oyida
birgina Kangurt rayonida ishchilar soatlab navbatda turib atigi 100 gramm go‘sht
olishga erishgan. Eng yomoni shuki, xalq u go‘shtni hamma vaqt ham ro‘zg‘orida
foydalana olmay, sifatsizligi uchun tashlab yuborgan13. Bu o‘z navbatida ishlab
chiqarishning maʼlum darajada to‘xtashiga va joylarda sanoat mahsulotlariga bo‘lgan
talab oshib ketishiga sabab bo‘ldi.
Beshinchidan, soliq siyosatidan norozilik, tadbirkorlar, savdogarlar uchun erkin
ishlash va savdo qilish imkoniyatlarining cheklanishi, bozor tizimining izdan chiqishi
aholining turli toifalari orasida salbiy kayfiyatni yuzaga keltirdi. Buning oqibatida
aholining qo‘lida pul bo‘lganda mahsulot yo‘q yoki mahsulot bo‘lganda esa sotish
uchun sharoit yo‘q vaziyat yuzaga keldi. May oyidagi maʼlumotga ko‘ra, aholi hattoki
birgina quruq choyni 2-3 oylab sotuvdan topolmadi. Faqatgina harbiy garnizonlar
bo‘lgan joylarda mahsulotni topish mumkin edi. Shuningdek, non ham eng asosiy
12 ГАРФ, ф. Р-3316, оп. 64, д. 1123, л. 9.
13 РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 405, л. 46-47.
nuqtalarda bor edi, xolos. Ammo qishloqlarda non masalasi katta muammoga
aylandi14.
Shunday qilib, 1931-yil aprelda Ibrohimbekning qo‘l ostidagi barcha
qo‘rboshilarning yigitlari bilan hisoblanganda, u 1000 dan ortiq harbiy guruhi bilan
Tojikiston SSR hududiga o‘tgan15. Ibrohimbek Jilontog‘da kengash chaqirganda
shunday degan edi: “Endi hech qanday urush harakatlarini olib borish yo‘q va bundan
foyda ham yo‘q. Shuning uchun sovet hokimiyatiga taslim bo‘lib, tinch hayot
kechirasizlar”16. Yaʼni Ibrohimbek sovet hukumatiga qarshi kurashish niyatida emas
edi. U o‘zi bilan muhojirlikdan qaytib kelgan oilalar va qo‘l ostidagi qo‘rboshilar
hamda yigitlariga tinch hayot bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit yaratib berish
masalasida sovet hukumati bilan kelishib olmoqchi edi. Ibrohimbek Jilontog‘ orqali
Choltog‘ tomon harakatlana boshladi. Ammo 1931-yil 3-aprelda Jilontog‘da Qurbon
Shahid yo‘lida qizil armiya otliqlari bilan pastdan, samolyotlari bilan yuqoridan hujum
uyushtirdi. Ikki o‘rtada boshlanib ketgan jang to kechga qadar davom etib, natijada
Ibrohimbek 10 nafar yigiti, 10–15 ta otini yo‘qotdi. Qizil armiyada jabr ko‘rganlar
bo‘lmagan17. Jilontog‘da tasodifan qilingan hujumlar Ibrohimbekning taslim bo‘lish
maqsadidan voz kechib sovet hokimiyatiga qarshi qayta kurashga kirishga majbur
qildi.
Tojikiston SSR XKS raisi Hojiboyevning 1931-yil 23-aprelda A.S. Medvedevga
yuborgan maktubida sovet hokimiyatiga qarshi kurashning mohiyatini quyidagicha
keltiradi: “Bu yil bosmachilar taktikasida ikkita o‘ziga xos hodisani qayd etish
xarakterlidir: 1. Bosmachi hali ham aholini talon-taroj qilmayapti, aksincha, aksariyat
joylarda ular qishloq xo‘jaligi kooperativ do‘konlarida mavjud bo‘lgan non va ishlab
chiqarish mahsulotlarini aholiga tarqatib yuborish holatlari mavjud bo‘lib, ular
quyidagilarni taʼkidlaydi: “Mana sovet hokimiyati sizdan tortib olmoqda, biz sizga
qaytarib beramiz”. 2. Har bir to‘dada yaxshi qurollangan yevropaliklarning, ayniqsa
osetinlarning borligi edi18.
Shuningdek, Tojikiston SSRdagi sovet harbiy kuchlarining 1931-yil 15-maydagi
yig‘ilishining “Bosmachilikka qarshi kurash bo‘yicha” 1-sonli qarorida Kosabuloq
rayonida aholi qo‘rboshilarning guruhlari bilan birgalikda Aziaxleb omboridagi
nonlarni talon-taroj qilib, uni aholiga tarqatayotganda ular ham “Mana sovet
hokimiyati sizdan qabul qiladi, biz esa sizga beramiz”, degan fikrini keltiradi19.
Hujjatlar sovet davrida “bosmachilik” deb atalib kelingan harakat aslida xalq
manfaatlariga qaratilganligi, shunchaki talonchilik emas, balki aholining og‘ir
14 РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 721, л. 14.
15 O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 34 – 35-varaqlar.
16 O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 3-daftar, 78-varaq.
17 O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 86-varaq.
18 ГАРФ, ф. Р-3316, оп. 64, д. 1123, л. 7
19 РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 721, л. 15.
sharoitini biroz bo‘lsa-da, yaxshilashga yo‘naltirilganligi bilan o‘z xususiyatiga ega.
Masalaga o‘z davridan kelib chiqib huquqiy baho berilganda bu harakat salbiy
ahamiyat kasb etadi. Chunki bu harakat bolsheviklar hokimiyatiga qarshi muxolifat
sifatida paydo bo‘lgan kuch edi. Biroq vaziyatga tarixiy jihatdan baho berganda esa bu
o‘zining haq-huquqlari, erkinligi va mustaqilligi uchun olib borilgan harakat edi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, O‘rta Osiyoda bolsheviklar yuritgan
siyosat mintaqani xomashyo bazasiga aylantirishdan iborat edi. Sovet hokimiyatining
O‘rta Osiyoda qishloq xo‘jaligi sohasida yuritgan siyosati natijasida aholining mulkdor
qatlami tugatildi va xususiy mulk cheklandi. Agrar o‘zgarishlar anʼanaviy hayot tarzi
va qishloqlardagi boshqaruv tartiblarini keskin o‘zgartirib yubordi. Ilgari aholi orasida
katta taʼsirga ega bo‘lgan boy qatlamlarning jamiyatdagi roli cheklandi. Majburiy
suratda amalga oshirilgan kollektivlashtirish siyosati oqibatida paxta monopoliyasi
kuchaytirildi. Natijada g‘alla maydonlari keskin kamaydi, chorvachilik sohasi inqirozli
holatga tushib, aholining ijtimoiy turmushi og‘ir holatga tushishiga va oziq-ovqat
muammosi kuchayishiga sabab bo‘ldi. Bu omillarning barchasi O‘rta Osiyoda sovet
hokimiyatiga qarshi kurashning kuchayishiga taʼsir qildi.
Birinchidan, Ibrohimbekning harbiy strategiyasi va taktikasini ilmiy jihatdan
chuqur o‘rganish dolzarb vazifalardan biri hisoblanadi. Ikkinchidan, Ibrohimbekning
milliy ozodlik harakati tarixida kechgan faoliyatiga bag‘ishlangan badiiy asarlar va
sheʼrlar yaratish zarur. Uchinchidan, milliy ozodlik harakati rahbarlarining faoliyati va
ularning tarixiy xizmatlarini aks ettiradigan hujjatli va badiiy filmlar ishlash maqsadga
muvofiq. To‘rtinchidan, yoshlarga milliy ruh va vatanparvarlik g‘oyalarni singdirish
maqsadida milliy ozodlik harakati tarixi bo‘yicha qisqa metrajli videoroliklar
tayyorlash va ularni ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlarda keng
yoyish bugungi kunning asosiy vazifasiga aylanishi shart. Beshinchidan, madaniy va
maʼrifiy muassasalarda milliy ozodlik harakatining taniqli rahbarlari suratlarini,
bannerlarda ular haqida qisqacha maʼlumotlarni berish orqali keng jamoatchilikka
tanitish maqsadga muvofiq.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Российский государственный военный архив (РГВА), ф. 25895, оп. 1, д.
405, л. 49.
2. Бобоев Ф. (2024) Ўрта Осиёда совет ҳокимиятига қарши қуролли ҳаракат
тарихи. – Тошкент: Фан. – Б. 126.
3. Государственный архив Российской Федерации (ГАРФ), ф. Р-3316, оп.
64, д. 1123, л. 9.
4. ГАРФ, ф. Р-3316, оп. 64, д. 1123, л. 9.
5. РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 405, л. 46.
6. РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 405, л. 47, 65.
7. РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 405, л. 47; Там же, д. 721, л. 18.
8. РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 721, л. 14.
9. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 34 – 35-varaqlar.
10. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 3-daftar, 78-varaq.
11. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 86-varaq.
12. ГАРФ, ф. Р-3316, оп. 64, д. 1123, л. 7.
13. РГВА, ф. 25895, оп. 1, д. 721, л. 15.
REFERENCES:
1. Rossiyskiy gosudarstvenniy voyenniy arxiv (RGVA), f. 25895, op. 1, d. 405,
l. 49. (In Russian)
2. Boboyev F. (2024) O‘rta Osiyoda sovet hokimiyatiga qarshi qurolli harakat
tarixi. – Toshkent: Fan. – B. 126. (In Uzbek)
3. Gosudarstvenniy arxiv Rossiyskoy Federatsii (GARF), f. R-3316, op. 64, d.
1123, l. 9. (In Russian)
4. GARF, f. R-3316, op. 64, d. 1123, l. 9. (In Russian)
5. RGVA, f. 25895, op. 1, d. 405, l. 46. (In Russian)
6. RGVA, f. 25895, op. 1, d. 405, l. 47, 65. (In Russian)
7. RGVA, f. 25895, op. 1, d. 405, l. 47; Tam je, d. 721, l. 18. (In Russian)
8. RGVA, f. 25895, op. 1, d. 721, l. 14. (In Russian)
9. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 34 – 35-varaqlar. (In
Uzbek)
10. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 3-daftar, 78-varaq. (In Uzbek)
11. O‘zbekiston FA Tarix instituti joriy arxivi, 2-daftar, 86-varaq. (In Uzbek)
12. GARF, f. R-3316, op. 64, d. 1123, l. 7. (In Russian)
13. RGVA, f. 25895, op. 1, d. 721, l. 15. (In Russian)