ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

The role of ethnic units in the political processes of the period of Shaibanids

Idiyev Akbar Avaz o‘g‘li

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

THE ROLE OF ETHNIC UNITS IN THE POLITICAL PROCESSES OF THE
PERIOD OF SHAIBANIDS

Idiyev Akbar Avaz ogli
Junior Researcher, Institute of Oriental Studies

named after Abu Rayhan Beruni,
Academy of Sciences of the Republic of Uzbekistan

Tel.: +998 90 037-45-00
e-mail: akbaridiyev515@gmail.com

ORCID ID: 0009-0009-8153-1228

Annotation. The article provides information about the status of ethnic groups in
our country during the reign of Shaibani Khans, especially during the reign of Abdullah
Khan II. Based on the analysis of several sources on the history of the Shaybani period,
it is considered which tribes achieved a superior status. It is studied based on the
recorded events that during the time of Abulkhair Khan, the Qushchi and Naymans had
a high influence in the government, and during the Shaibani period, the Naymans and
Dormans increased in number and came to the first place in terms of political influence.
Each of these ethnic units, whose names were listed, occupied certain positions in the
state administration according to their efficiency, activity and combat readiness.
However, it should also be mentioned that some of these tribes rebelled against the
central government and acted independently. Also, while describing the processes of
the second half of the 15th century, the sentences recorded by the historians of that
time in the sources are cited in the necessary places.

Keywords: Shaibani period, ethnic groups, clan, tribe, position, status, historical
events, internal political situation.

SHAYBONIYLAR DAVRI SIYOSIY JARAYONLARIDA ETNIK
BIRLIKLARNING O‘RNI

Idiyev Akbar Avaz o‘g‘li
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti

kichik ilmiy xodimi
Tel.: +998 90 037-45-00
e-mail: akbaridiyev515@gmail.com
ORCID ID: 0009-0009-8153-1228

Annotatsiya. Maqolada Shayboniy xonlar davrida, xususan Abdullaxon II
hukmronligi yillarida yurtimizdagi etnik guruhlarning mavqei qay darajada bo‘lgani
haqida ma’lumotlar beriladi. Shayboniylar tarixi bo‘yicha bir qancha manbalar tahlil

qilingan holda qaysi qabilalar ustunroq maqomga erishgani ko‘rib chiqiladi.
Abulxayrxon davrida qushchi va naymanlarning hokimiyatda nufuzi baland bo‘lgani,
Shayboniylar davrida esa nayman va do‘rmonlar son jihatdan ko‘paygani, siyosiy
taʼsiri bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqani, qayd etilgan voqealar bayonidan kelib chiqib
o‘rganiladi. Nomlari sanab o‘tilgan bu etnik birliklarning har biri o‘zining
samaradorligi, faoliyati va jangovar tayyorgarligiga ko‘ra davlat boshqaruvida ham
maʼlum o‘rinlarni egallagan. Biroq, shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu qabilalarning
baʼzilari maʼlum davrlarda markaziy hukumatga qarshi chiqib, mustaqil harakat ham
qilganlar. Shuningdek, XV asr ikkinchi yarmidagi jarayonlar bayon qilinar ekan, o‘sha
davr tarixchilarining manbalarda yozib qoldirgan jumlalari ham lozim bo‘lgan
o‘rinlarda keltirib o‘tiladi.

Kalit so‘zlar: Shayboniylar davri, etnik guruhlar, urug‘, qabila, mansab, maqom,
tarixiy voqealar, ichki siyosiy vaziyat.

РОЛЬ ЭТНИЧЕСКИХ ОБЪЕДИНЕНИЙ В ПОЛИТИЧЕСКИХ
ПРОЦЕССАХ ПЕРИОДА ШЕЙБАНИТОВ

Идиев Акбар Авазович
Академия наук Республики Узбекистан
Институт востоковедения имени Абу Райхана Беруни

младший научный сотрудник
Тел.: +998 90 037-45-00

e-mail: akbaridiiev515@gmail.com
ORCID ID: 0009-0009-8153-1228

Аннотация. В статье дается информация о положении этнических групп в
нашей стране в период правления Шайбани-ханов, особенно в период правления
Абдуллы-хана II. На основе анализа ряда источников по истории периода
Шейбанитов рассматривается, какие племена достигли высшего статуса.
Изучается на основе зафиксированных событий, что во времена Абулхаир-хана
кушчи и найманы имели высокое влияние в правительстве, а в период
Шейбанитов найманы и дорманы увеличились в численности и вышли на первое
место по политическому влиянию. Каждая из этих этнических единиц, названия
которых были перечислены, занимала определенные позиции в государственном
управлении в соответствии со своей эффективностью, активностью и
боеспособностью. Однако следует также упомянуть, что некоторые из этих
племен восставали против центральной власти и действовали самостоятельно.
Также при описании процессов второй половины XV века в необходимых местах
цитируются изречения, зафиксированные историками того времени в
источниках.

Ключевые слова: Эпоха Шейбанитов, этнические группы, род, племя,
положение, статус, исторические события, внутриполитическая ситуация.

KIRISH
XV asr oxiriga kelib Temuriylar saltanati qulashi arafasida Dashti Qipchoqdan
turli etnik birliklar Muhammad Shayboniyxon boshchiligida o‘zbeklar nomi ostida
birlashib, Movarounnahr va Turkiston hududlariga kirib kelgan va ularning o‘troq
turmush tarziga o‘tish jarayoni mintaqada yangi siyosiy jarayonlarni vujudga keltirdi.
Shayboniylar sulolasi siyosiy tarixining dastlabki bosqichidagi harbiy yurishlar
natijasida tashkil topgan Buxoro xonligiga ko‘p miqdorda turli etnik guruhlar kirib
keladi. Ular adabiyotlarda asosan o‘zbek qabilalari deb umumiy nomda tilga olingan
bo‘lsa-da, tarkibida turli-tuman etnoslarni birlashtiradi. Keyingi bosqichlarda xonlik
chegaralarining o‘zgarib turishi aholi etnik tarkibi hamda miqdoriga o‘z taʼsirini
ko‘rsatgan. Shu bilan birga siyosiy jarayonlarning beqarorlashishi etnik guruhlarning
tez-tez davlat ichki hududida u yerdan bu yerga ko‘chib yurishiga olib kelgan. Bu
bosqichda turli urug‘ va qabilalar davlat boshqaruvida va siyosiy hayotda muhim rol
o‘ynay boshlaganlar.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu maqola davomida Shayboniylar davrining siyosiy jarayonlarida etnik
birliklarning o‘rni tahlil qilingan. Abdulqodir Majit (2015) o‘zining doktorlik ishida
Shayboniylar imperiyasining ichki va tashqi siyosatini yoritib, etnik birliklararo
munosabatlarni qamrab oladi. Xondamir (1983) asarida esa, tarixiy shaxslar va
ularning ijtimoiy roli haqida keng ma’lumot beriladi, bu Shayboniylar davrida etnik
birliklarning o‘zaro ta’sirini tushunishda muhim ahamiyatga ega. Rumlu Hasan (2004)
tomonidan yozilgan "Şah İsmail Tarihi" esa, Shayboniylar davridagi siyosiy
masalalarni va etnik guruhlar o‘rtasidagi aloqalarni ko‘rsatadi. Maqolada, shuningdek,
yana o‘ndan ortiq mualliflarning asarlari o‘rganib chiqilgan va ulardan urug‘-
qabilalarning mavqeiga oid fikrlar ajratilgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada Shayboniylar davrida etnik birliklarning siyosiy jarayonlardagi
o‘rnini o‘rganish uchun tarix fani sohasida qiyosiy va mantiqiy usullarga tayanildi.
Maqolada tarixiy asarlar va qo‘lyozmalar tahlil qilinadi. Asosiy manbalar sifatida
Abdulqodir Majit, Xondamir, Rumlu Hasan va Abdurahmon Tali asarlari tanlangan
bo‘lib, ularning tarkibidagi tarixiy ma’lumotlar tizimli ravishda o‘rganildi. Har bir
asardan keltirilgan faktlar va dalillar asosida etnik birliklararo munosabatlar va siyosiy
jarayonlar tahlil etilib, ularning sharoitlari va ahamiyati baholandi. Zamon va
kontekstni hisobga olib, izlanishlar natijalari umumlashtirilib, Shayboniylar davrida
etnik birliklarning roli haqida xulosa chiqarildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Shayboniyxon o‘zbeklar davlatini barpo etish uchun harakat qilgan 1480-yildan
boshlab 5 ta qabilani siyosiy jihatdan ilg‘or bo‘lganligini va harbiy harakatlarda oldingi
saflarda turganligini ko‘rish mumkin: bular do‘rmon, arg‘un, nayman, qo‘shchi va
uyg‘urlardir (Ахмедов Б., 1965:106). Abulxayrxon qo‘shinida uyrat, mojar va qipchoq
urug‘laridan ko‘ngillilar ham bo‘lgan (Ахмедов Б., 1965:16). Keyinchalik siyosiy
jarayonlarda faol ishtirok etuvchi bunday qabilalar soni 14 taga yetgan. Turkiyalik
tadqiqotchi Abdulkadir Macit Kamoliddin Binoiy maʼlumotiga asoslanib, Muhammad
Shayboniyxonni qo‘llab-quvvatlagan 56 amir va ular mansub bo‘lgan 16 ta qabila
nomlarini sanab o‘tgan (Abdulkadir Macit, 2015:185).
Shayboniylar hokimiyatga kelgan kundan boshlab alchin, arg‘un, xitoy, qarluq,
qipchoq, qirg‘iz, qushchi, qo‘ng‘irot, nayman, atoyi, uyg‘ur va boshqalar ular bilan
siyosiy hayotda birgalikda harakat qilib, 1599-yilgacha muhim davlat ishlarida
ularning yonida turgan.
Samarqandni uzil-kesil qo‘lga olish uchun tayyorlangan Shayboniyxon 1500-
yilda shaharni jangsiz qo‘lga kiritadi (Довуди Д., 2006 :34). Bu paytda Shayboniyxon
harbiy jihatdan ko‘proq naymanlarga suyanar edi. Shu sababdan naymanlardan bo‘lgan
600 ga yaqin sara qo‘shinni harbiy sarkarda Jonvafo bilan birga strategik jihatdan
muhim bo‘lgan shahar boshqaruviga qoldiradi (Ахмедов Б., 1965: 39-52). Muhammad
Solih uni “o‘ng tomon ulug‘laridan bo‘lgan” deya taʼriflaydi (Муҳаммад Солиҳ,
1989:36). Muhammad Shayboniyxon va Ismoil Safaviy o‘rtasidagi jangda ham u
muhim o‘rin tutadi. Bu haqda Muhammadyor ibn Arab Qatag‘on asarida
“Muhammadxon Shayboniy qo‘shini qanotlarini Jon Vafobiy va Qanbarbiy bilan
mustahkamladi” (Муҳаммадёр, 2009:100) degan maʼlumotni keltiradi. 1510-yildagi
bu jangda Jonvafobiy ham vafot etadi. Keyingi siyosiy jarayonlarda ham naymanlar
shahar boshqaruvi va uning himoyasida faol ishtirok etadi. Nayman qabilasi, uning
uchta aymog‘i qo‘shtamg‘ali, uvaq tamg‘ali va sadrlar keyingi asrlar davomida
Samarqand atrofida yashab kelganlar.
Burhon sulton tomonidan 1554-yilda bir guruh sadoqatli amirlar shubha ostiga
olinib, qatl qilishga hukm qilinadi. Ular orasida amir Tamomibiy nayman ham bo‘lib,
u o‘zining xalqqa qilgan xizmatlari bilan mashhur edi (Муҳаммадёр, 2009:151).
Naymanlarning siyosiy faoliyati haqida ko‘pgina maʼlumotlar uchraydi.
Jumladan, ular XVI asr ikkinchi yarmidan boshlab shayboniylar o‘rtasidagi taxt uchun
kurashlarda Ko‘chkinchixon oilasidan Juvanmard Ali, Jonibek oilasidan Abdullaxon,
Suyunchxo‘ja avlodidan Navro‘z Ahmadxonning yonida turgan. Naymanlar bu uch
shayboniy hukmdorlar davrida muhim rol o‘ynasalar ham, siyosiy jarayonlarga muhim
taʼsir ko‘rsata olmagan. Hofiz Tanish Buxoriy Abdullaxon II ning 1572-yilda Balxga
qarshi yurish qilishi sabablaridan biri sifatida naymanlarning bu yerda qiynoqqa
solinganligini ham keltirib o‘tadi (Ҳофиз Таниш Бухорий, 1999:197). Abdullaxon

amirlari orasida Nazarbiy nayman boshchiligidagi guruh Balx yurishi paytida Ustod
Ruhiy yo‘lboshchiligidagi to‘pchilarni qo‘riqlab borishga mas’ul bo‘lgan.

Abdullaxon II Buxoro taxtini egallagan vaqtida oliy dargohda Buxoro qo‘shinini
ushlab turmaslik masalasi kun tartibiga chiqib, Xusrav sulton boshchiligida Jon Alibiy
ibn Jo‘g‘ultoybiy nayman va Nazarbiy ibn Amin Boqi naymanlarni olib Shahrisabzga
ketadi. Devonlik ishlarini hal qilishni ham ayni shu shaxslar qo‘liga topshiradi
(Муҳаммадёр, 2009:254). Jon Alibiyga nisbatan “davlat ustun”i taʼrifi berilgani ham
uning mavqeyi yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi. Abdullaxon hokimiyatni qo‘lga
kiritgandan keyin ukasi Ibodulloh sultonni amir kabir Jon Alibiy nayman va boshqa bir
guruh yuqori lavozimli shaxslar bilan birga otasi Iskandarxon oldiga uning tug‘ilgan
yeri va asli qarorgohi Karmanaga yuboradi. Manbalarda Iskandar sulton oldiga
yuborilgan boshqa shaxslarning ismlari ko‘rsatilmaydi. Faqat naymanlardan Jon Alibiy
davlat ustuni sifatida qayd etiladi (Муҳаммадёр, 2009:261). Naymanlarning davlat
miqyosida nufuzini mana shu maʼlumot ko‘rsatib beradi. Abdullaxon Marvga yurishga
otlangan vaqtda Jon Alibiy nayman va Nazarbiy naymanlar Chorjo‘yda qo‘shindan
ajralib chiqib, Marvdagi ahvolni bilish uchun yuboriladi.

1550-yillarda Balx hokimi bo‘lib turgan Pirmuhammadxon Abdulazizxonning
vafoti bilan taʼziya bildirish uchun Buxoroga kelgan vaqtida shaharni egallash
harakatiga tushadi. Bu ishga bosh bo‘lishni Abduvali Porsoga topshiradi va unga
hamroh qilib Mirzo Alibiy naymanni yuboradi (Муҳаммадёр, 2009:260).

Yuqoridagi shaxslardan tashqari bu paytda Andxud viloyatini boshqarib turgan
Shohmuhammadning otalig‘i Jondavlat nayman ham “aqli o‘tkir va hashamat obro‘si
baland” amir sifatida mashhur bo‘lgan. Bu xislatlari tufayli u Andxudda boshqaruv
ishlarini o‘z qo‘liga olgan va Abdullaxon II bu shaharga hujum qilgan vaqtida
Jondavlatbiy qalʼa himoyasiga qattiq kirishgan (Муҳаммадёр, 2009: 283-284).

Abdullaxon II davrida Balx hokimi bo‘lgan Dinmuhammadxon markaziy
hokimiyatga qarshi bir necha marta harakat qiladi. Shu paytda uning amirlaridan biri
bo‘lgan Mirzo Alibiy nayman xonga ariza bilan murojaat qiladi. Unda Dinmuhammad
davrida Balxda yashovchi, yuqori davlat lavozimida ishlovchi bir nechta
naymanlarning ahvoli bayon qilinadi: “Kimyoasar ko‘nglingizga oydin va ayonki,
otodin-oto, bobodin-bobo barcha aka-uka va qarindoshlar o‘zimizni bu sulola qo‘liga
topshirib, farmon ado etish kamarini jon belimizga bog‘lab kelmoqda edik.
Dushmanlarni yo‘q qilish, hujum va zarbalarni daf etishda jon-dilimiz bilan yordam
berib, hech qanday ko‘makni darig‘ tutmaganmiz. Ammo, endilikda, hech bir sababsiz
va dalil-isbotsiz Dinmuhammad sulton biz aka-ukalarni talon-toroj qildirdi. Ustigaustak, Balxdan ham haydab chiqardi. Bugun biz talanganlar Andxudga akamiz
Jondavlat biy oldiga keldik. Agar Siz hazratlari bizga marhamat ko‘rsatib,
xizmatkorlaringiz qatoridan joy bermoqchi bo‘lsangiz va qullikka loyiq deb bilsangiz,
u holda bir “inoyatnoma” yozib berib, bizni sarafroz qiling” (Муҳаммадёр, 2009:295).

Bu maktubdan ko‘rinib turibdiki, naymanlar uzoq yillar davomida shayboniylarga
sadoqat bilan xizmat qilishgan. Ushbu maktubga javoban Abdullaxon II “Ganja Ali
shig‘ovulni Balxga elchilik rasmi bilan jo‘natdi va amirlarning molini qaytarib berish
borasidagi gaplarni yetkazish vazifasini ham topshirdi. Jultoybiy Andxud viloyatiga
borib, inoyat bobidagi so‘zlarni bir-bir aytib bergach, Mirzo Alibiy nayman nihoyatda
quvonib, shodligidan darhol Andxud viloyatini Jultoybiyga topshirdi va barcha akaukalari hamda boshqa qarindosh-tuqqanlari bilan birga oyoq emas, balki, bosh birlan
yurib, oliy dargoh sari yuzlandi” (Муҳаммадёр, 2009: 295-296).

Naymanlardan yana bir yuqori mavqega ega shaxs Nazarbiy bo‘lgan. Abdullaxon
tomonidan Balx va Shibirg‘onga yurishlar vaqtida u Ustod Ruhiy boshchiligidagi ko‘p
sonli to‘pchilar bilan birga harakat qiladi. Xon tomonidan boshqa amirlarga yordam
uchun yuboriladi. Harbiy harakatlar tugab, Balx egallangach, “aʼlo hazrat yillar
davomida ul yuksak shaʼnli podshohlar farmoni ostida bo‘lib kelgan Balx hukumatini
ulug‘ no‘yon Nazarbiy naymonga baxshida” qilinganini Muhammadyor ibn Arab
Qatag‘on alohida taʼkidlab o‘tadi (Муҳаммадёр, 2009:301). Balxning boshqa tuman
va shaharlari eʼtiborli lashkarboshilar va amirlarga topshiriladi. Shu misolning o‘zi
ham naymanlarning davlat boshqaruvidagi o‘rnini ko‘rsatadi.

Abdullaxon Hisori Shodmonga yurish qilib kelayotgan vaqtida vahimaga tushgan
viloyat hokimi Hoshim Sulton Boqibiy naymanni itoat etish uchun oliy dargohga
yuboradi. Lekin, xon viloyat hokimining itoatini qabul qilmay, Boqibiy naymanni
yoniga olib, u yerga bostirib kiradi.

Abdullaxonning Toshkent, Shohruxiyaga qilgan yurishlari chog‘ida naymanlardan
Abduhalimbiy, Abdi Mirzo, Sherimboy, Qanbarbiy, Ahmadalibiylarning qalʼa
mudofaasini tashkil qilish va harbiy harakatlarni olib borishda ishtirok etgan. Bu
shaharlar egallangach, mazkur nayman amirlari Abdullaxon xizmatiga o‘tishgan.

Xonlikdagi siyosiy jarayonlarga eng katta taʼsir o‘tkazgan hamda yuqori mavqega
erishgan etnik birlik bu do‘rmon urug‘i hisoblanadi. Ular eng yuqori mansablardan
hisoblangan otaliq, dodxoh va parvonachi lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan. Jumladan,
do‘rmonlardan Bekmuhammad dodxoh, Bekmuhammad biy, Muhammadyorlar
parvonachi, Muhammad Rahimboy Samarqand hokimi, Olloyorbek devonbegi,
Jonibekbiy qo‘shin boshlig‘i bo‘lishgan (Мухаммед Юсуф Мунши, 1956:44).

Shayboniyxon vafotidan keyin Bobur Mirzo va Ubaydullaxon o‘rtasidagi hal
qiluvchi jangda shayboniylar tomonidan O‘risbiy do‘rmon qahramonlik ko‘rsatadi
(Муҳаммадёр, 2009:137). Davlat ishlarida faol qatnashgan, shariat tomonidan
taqiqlangan ishlardan Burhon sultonni tartibga chaqirgan Xalqomonbiy do‘rmon
davlatga xiyonatda shubha ostiga olinadi va 1554-yilda o‘ldiriladi (Ҳофиз Таниш
Бухорий, 1999:151).

Abdullaxon II hukmronligi davrida do‘rmon amirlari “amiri kabir” unvoniga ega
bo‘lib, barcha yurishlarda muhim vazifalarni bajargan. Jumladan, Abdullaxon Marvga

yurishi oldidan Chorjo‘yda to‘xtagan vaqtida ulug‘ amirlardan Sulton Yorbiy do‘rmon,
Turumbiy do‘rmonlar xondan avval Marvga yo‘l oladi. Bular orasida Yorbiy
do‘rmonning mavqe baland edi. Bu safarda boshqa etnik birlikdan amirlar ham
qatnashgan va ular Abdullaxonning yaqin kishilari bo‘lgan. Jon Alibiy naymon,
Nazarbiy naymon, Tanishbiy jaloyir, Jon Keldibiy utorchilar shular jumlasidandir.
Lekin, bular orasida ikki yirik urug‘ vakillari bo‘lgan Sulton Yorbiy do‘rmon va
Nazarbiy nayman o‘rtasida nizo chiqib, jamoa ikki qismga bo‘linib ketadi
(Муҳаммадёр, 2009: 265-266).

Muhammadyor ibn Qatag‘on asarida do‘rmonlardan Muhammad Boqibiy
“Movarounnahr amiru-l-umarosi va boshqa amirlarga qaraganda aql-u farosatda
ustun” ekanligi, u Sayid Muhammad sultonni xonlik taxtiga munosib ko‘rib, o‘z fikrini
boshqa yirik amirlar huzurida aytib, agar dushmanlar yengilsa Sayid Muhammad
sultonni xon qilib ko‘tarishga qaror qilinganligi qayd qilinadi (Муҳаммадёр,
2009:185). Bundan ko‘rinib turibdiki, do‘rmonlardan chiqqan amirlar hatto xonni
tanlash darajasiga ham erisha olgan.

Keyinchalik Abdullaxon II davrida ham Muhammad Boqibiy do‘rmonning
obro‘yi baland bo‘ladi. Unga “amirlar peshqadami” degan nom berilgan. Ibodulla
sulton Bobo Sultonga qarshi kurashayotgan vaqtida Muhammad Boqibiy do‘rmonga
o‘zining barcha eshik og‘olarini yoniga olib, sultonlar orqasidan yetib borishi va ularni
ortga qaytarishi buyuriladi. Bundan ko‘rinib turibdiki, Abdullaxon davrida eshik
og‘alariga ham do‘rmon urug‘i vakillari boshchilik qilgan. Muhammad Boqibiy
do‘rmonni shayboniylar davlatida eng ishonchli kishilar bo‘lganiga yana bir misol qilib
Abdullaxon uni bir necha mansabdorlar bilan birgalikda Badaxshon viloyati mahalliy
boylarining mol-mulkini aniqlash va shayx Xalilulloh oilasini ko‘chirib keltirish uchun
Varsak, Xo‘st va Farxor viloyatlariga yuborganligidan ham bilish mumkin
(Муҳаммадёр, 2009:374). Bu tarkibda naymanlardan Ahmadalibiy ham bo‘lgan.
Lekin, Abdullaxonning o‘limi haqidagi maʼlumotlarda uni 1598-yil 8-fevralda o‘g‘li
Abdulmo‘min sulton aynan shu Muhammad Boqibiy do‘rmon tomonidan
zaharlanganligi qayd etiladi (Abdulkadir Macit, 2015:403).

Eshik og‘alari orasida Abdulboqibiy do‘rmon ham bo‘lib, davlat ishlarida alohida
o‘ringa ega bo‘lgan (Муҳаммадёр, 2009:352). Uni Muhammadyor ibn Qatag‘on
“nomi mashhur amirlardan” deb atagan. Bu davrda bunday nomi mashhur amirlar
orasida boshqa etnoslar – yuzlardan Jonmuhammadbiy, qang‘lilardan Rahmonquli
chuhra og‘osi, bahrinlardan Do‘stum chuhra og‘osi ham kirgan. Abdulboqibiy
do‘rmon Abdullaxonning ishonchli amiri sifatida Badaxshon voliysi Shohrux mirzoga
qarshi qo‘shin yuborganda Abulboqibiy do‘rmonni boshqa bir qancha amirlarga bosh
qilib qochayotgan Shohrux mirzoni orqasidan yuboradi.

Abdullaxon O‘ratepa viloyatini o‘z davlati tarkibiga qo‘shib, ukasi Abdulquddus
sultonni u tomonga yuborgan paytda Muhammad Boqibiy do‘rmonga “zafarnishon

qo‘shindan ilg‘or yo‘sini bilan yuborilish ehtimoli bor amirlar, davlat ustunlari va eshik
og‘olari ro‘yxatini tuzib, qalamga olinganlar ismini nurli nazarga yetkaz”, degan
farmon berdi (Муҳаммадёр, 2009:352).

Abdullaxon II davrida yuqori mansabdor hisoblangan otaliqlar orasida ham
do‘rmonlarni ko‘rish mumkin. Ulardan Hojimbiy otaliq do‘rmon Abdullaxon Sarbon
qalʼasini qamal qilgan vaqtida qalʼa hokimi bo‘lgan Tohir sultonni taʼqib qilish uchun
uning ketidan yuboriladi (Ҳофиз Таниш Бухорий, 1999:324).

Muhammadyor ibn Arab Qatag‘on asarida yana Navro‘zberdi, Abdurahim Mirzo,
Sayfalbek, Tandurustbiy, Tavakkalbiy, Sulton Yorbiy, Turumbiy, Hasan qo‘rchi,
Hojibiy kabi do‘rmon urug‘iga mansub davlat amaldorlari va sarkardalar haqida
maʼlumotlar keltiriladi.

Buxoro shahrida yashagan va siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etgan do‘rmon
amirlari shayboniylar hukmronligining oxirgi yilida Jonibek Sulton va uning o‘g‘illari
Buxoro xonligida yuksak mavqega erishgan vaqtida, Jonibek Sultonning o‘g‘li Boqi
Muhammadni taxtga o‘tqazilishida yordam beradi.

Abdullaxon II hukmronligi davrida do‘rmonlarning siyosiy mavqei baland bo‘lib,
uning harbiy yurishlarida bu urug‘ vakillari faol qatnashgan. Masalan, Bobo Sulton
Sulton Saʼid bilan birga Miyonqolga bostirib kelgan vaqtida Abdullaxon Tangriqul
do‘rmonni Mahmud Sultonga yordamga yuboradi (Муҳаммадёр, 2009:280). Bobo
Sulton Samarqandni egallash uchun yurishlari vaqtida Abdullaxon yonida turgan
asosiy qism amirlar do‘rmonlardan edi. Masalan, Hojibiy, Abdulboqibiy, Muhammad
Boqibiy, Hasan qo‘rchi do‘rmonlar shular jumlasidandir. Boshqa qabila amirlaridan 2
kishi bo‘lib, Jonhasan Bahodir va Muhammad quli Bahodirlar kenagaslardan edi
(Муҳаммадёр, 2009:293).

Muhammad Yusuf Munshiy asarida alchin urug‘i haqida batafsil maʼlumotlar
uchraydi. Jumladan, ular maʼmuriy boshqaruvda to‘qsoba lavozimida ham faoliyat
ko‘rsatib, xonlik harbiy yurishlarida faol ishtirok etgan (Мухаммед Юсуф Мунши,
1956:267).

Arg‘un (arg‘in) qabilasi ham mamlakatda o‘ziga xos mavqeda bo‘lib, yuqori
mansablarni egallagan va siyosiy jarayonlarga faol aralashgan. Temuriylar davlatida
ham arg‘un urug‘idan bo‘lgan amirlar qo‘shin boshliqlari sifatida faol bo‘lgan.
Shayboniyxon Qunduzga yurish qilib kelayotgan vaqtida Amir Xusravshohga yordam
tarzi bilan kelayotgan amirlar Amir Zunnun arg‘un boshchiligida Qunduzga
yaqinlashib qolgan. Chig‘atoy amirlari ichida shijoat va g‘ayratda taniqli Amir Zunnun
arg‘un shunday boy va obod shaharni dushman qo‘liga berib qo‘yish va ushbu joydan
bunday qaytish mardlarning ishi emasligini, Qunduzga borib shaharni mustahkamlab,
uni dushmanga topshirmaslik harakatini qilish kerakligini taʼkidlaydi. Boshqa amirlar
ham xohlasa-xohlamasa-da, yurish ishida ayro tushmasdan Amir Zunnun bilan birga
borishga rozi bo‘lib, Qunduzga ketadi” (Муҳаммадёр, 2009:88). 1507-yilda esa

Badiuzzamon Mirzo va Muzaffar Husayn Mirzo Muhammadxon Shayboniyning o‘zi
qo‘shin bilan Amudaryo va Murg‘ob daryolaridan kechib o‘tib, Hirot tomon
kelayotganidan xabar topib, Zunnun arg‘inni 12 ming kishilik qo‘shin bilan birga
yuboradi. Lekin, bu kurashda Zunnun Arg‘in qo‘shini Shayboniyxondan yengiladi
(Муҳаммадёр, 2009: 374-377). Bu maʼlumotdan ko‘rinib turibdiki, arg‘un urug‘iga
mansub amirlar shayboniylargacha ham o‘z o‘rinlariga ega bo‘lgan shaxslardan
bo‘lgan.

Muhammad Shayboniyxon Movarounnahr hududlariga yurishi davrida
Samarqandni qamal qilib turganda, shaharni Bobur Mirzodan avval Shayboniyxonga
berish masalasida davlat amaldorlari orasida bahs boradi. Bu jarayonda arg‘un
urug‘ining ishtiroki xususida Kamoliddin Binoiy asarida “shahar ulamolari, misli amir
Ibrohim Joniy, amir Haybat qavchin, amir Sulton Husayn arg‘un va amir Abdulvahob
shig‘ovul tamomi akobiri shahar bila ittifoq etib, tuhfa va peshkashlar olib shahardin
chiqdilar”, deya maʼlumot beradi. Shu o‘rinda shahar ulamolari orasida yuqori
mavqega ega bo‘lgan amir Husayn arg‘un ismi tilga olinadi. Bundan ko‘rinib turibdiki,
shayboniylarga qadar ham arg‘un qabilasi davlat ishlarida yuqori mavqeni egallagan.
Shuningdek, “devonbegi” lavozimida faoliyat ko‘rsatgan Ali Said devonbegi
boshchiligidagi arg‘un qabilasi Balxda qipchoqlarga qarshi kurashda faol ishtirok
etgan (Мухаммед Юсуф Мунши, 1956:172).

Abdullaxon II davrida arg‘inlarning siyosiy jarayonlarda ishtiroki ko‘payadi.
Ko‘zga ko‘ringan arg‘un amirlaridan biri Amir Shohimbiy bo‘lib, Abdullaxon Sarbon
qalʼasini qamal qilib turgan paytida qo‘shinda g‘alla tanqisligi boshlanadi va amirni
Sayramga bu muammoni hal qilib kelishi uchun yuboradi. Bu haqda Muhammadyor
ibn Arab Qatag‘on asarida berilgan “u Sayram tomonga oshiqdi va o‘z elchiligi
vazifasini sultonlarga maʼlum qildi. Sultonzodalar, dastlab, o‘zlarining xaloskori
hamda xoqon elchisi bo‘lgan bu amirga to‘la izzat-ikromlar ko‘rsatib, munosib bir
mavzeda joylashtirdilar”, (Муҳаммадёр, 2009:325) degan maʼlumot bu shaxsning
mavqeini ko‘rsatib beradi. Uning yuqori mavqei haqida asarda yana bir maʼlumot
beriladi. Bo‘zaxo‘r sulton Bobo sultondan ayrilib Sayram tomonga keladi va bu yerda
Abdulkarim sultonga xizmat qilib bir majlisda “eng yaxshisi dushmanimiz Abdullaxon
davlatining ulug‘ ustunlaridan bo‘lmish amir Shohimbiyni o‘ldiraylik va ko‘pchilik
odamlarimiz bilan Axsi tomonga boraylik”, degan fikrni berishi ham ushbu arg‘un
amirining Abdullaxon davlati ustunlaridan biri ekanligini bildiradi (Муҳаммадёр,
2009:337).

Xonlikdagi siyosiy jarayonlarda kam bo‘lsa-da bahrinlarning ham ishtirokini
ko‘rish mumkin. Jumladan, Abdullaxon Balxga amakisi Pirmuhammad huzuriga yo‘l
olgan paytida uning mulozimlari safida Bekoyibiy bahrinni ham ko‘rish mumkin.
Abdullaxon Mo‘min sultonga qarshi qo‘shin yuborganda Bekoyibiy bilan birga
Do‘stum chuhra og‘asi bahrin ham ilg‘or yo‘sinda sultonlarga yordamga yuboriladi

(Муҳаммадёр, 2009:352). Bundan tashqari, ular Abulfayzxonga qarshi bosh ko‘targan
Abdukarim qo‘shini tarkibida bo‘lishgan. Abdukarim buyrug‘iga ko‘ra Buxoroning
G‘ijduvon va Vardanza tumanlarini talon-toroj qilganligini taʼkidlagan.

Saroylar esa Buxoro xonligida yuqori mansab hisoblangan devonbegi, qushchi,
miroxo‘r lavozimlarini egallagan. Shu bilan birga ular Buxoro qo‘shiniga sarkardalik
qilib, jang vaqtida qo‘shinning chap tarafida harakat qilgan. Qalmoqlar Toshkentning
dehqonchilik hududlariga tez-tez hujum qilib turgan.

Xonlikda kechgan siyosiy jarayonlarda qatag‘onlar ham muhim rol o‘ynagan.
Shoh Muhammad, Xo‘ja Ali miroxo‘r, Bektemirbiy, O‘ztemurbiy qatag‘onlar xonlikda
yuqori davlat lavozimlarini egallab turgan

Xonlikda devonbegi, miroxo‘r lavozimlarida faoliyat ko‘rsatgan yirik urug‘lardan
biri qo‘ng‘irotlar bo‘lgan. Xoja Ahmad qo‘ng‘irot Shayboniyxon davrida Astrobod
voliysi sifatida faoliyat ko‘rsatgan (Rumlu Hasan, 2004:131). Keyinchalik u
Ubaydullaxon va Bobur o‘rtasida Ko‘li Malik mavzesida bo‘lgan jangda jasorat
ko‘rsatadi.

Shayboniyxon taxt uchun kurash olib borayotgan vaqtida Dashti qipchoqda
mang‘it amirlarining mavqei yuqori bo‘lgan. Shu paytda mamlakat taxtiga shahzoda
Shayboniyni o‘tqazmoqchi bo‘lgan Muso Mirzo huzuriga mang‘it amirlari borishadi
va unga quyidagi gaplarni uqtirishadi: “Qadim zamonlardan to shu kunlargacha odat
bo‘yicha mang‘it amirlari qaysi xonni taxtga o‘tqazsalar, o‘sha xonlar mamlakat
ixtiyorini butunligicha mang‘it amirlari qo‘liga topshirganlar va ularning hech bir
ishiga aralashmaganlar, raʼylariga qarshi bormaganlar. Hozirgi masalada esa
quyoshdek ravshankim, sulton Muhammadxon Shayboniy ul toifadagi podshohlardan
emas”. Muso Mirzo ayni haqiqatni aytayotgan mang‘it amirlari gapidan qattiq
taʼsirlanib, shu zayl, o‘z vaʼdasi bajarilishini orqaga surdi. Muhammadxon Shayboniy
uning vaʼdasiga qarshi ish tutayotganidan xabar topgach, bu joydan qo‘zg‘alib,
yaratguvchi molik himoyasi va saqlovida Sig‘noq viloyati tomon qarab ketdi
(Муҳаммадёр, 2009:37). Keyinroq Shayboniyxon janglarni davom ettirayotgan
vaqtda Hamzabek mang‘it to‘rt ming dovyurak jangchi bilan uni O‘zgan qalʼasida
qamal qiladi (Муҳаммадёр, 2009:49).

Atoyi qabilalarining ham shayboniylar davlatida alohida o‘rni bo‘lib, ular ham
yuqori davlat lavozimlarida ishlagan. Ulardan ko‘pchiligi hududlarning hokimi va
boshqaruvchisi sifatida faoliyat yuritgan. Jumladan, shayboniylar davrida Farob
qalʼasida shahar hokimi vazifasini Do‘stumxo‘ja sayid atoyi bajargan. Abdullaxon
1555-yilda Buxoroga qaytayotgan vaqtida Farobga tushadi. Do‘stumxo‘ja sayid esa
unga Buxoro hokimi Burhon sulton nomidan sovg‘a va xonga loyiq tuhfalarni olib
keladi. Abdullaxon davlati tarkibiga kirgan Chorjo‘y viloyatiga ham atoyilardan
O‘roqxo‘ja sayid hokimlik qilgan.

Abdullaxon beshinchi marta Turkiston va Dashti qipchoqqa yurish qilgan paytda
Bobo sulton tavba-tazarru bilan uning oldiga Amin shayx va Tinoayxoja sayid atoyini
elchi qilib yuboradi. Lekin, xon Bobo sultonni kechirmasligini aytib, Amin shayxni
ortiga qaytaradi. Tinoayxojani esa o‘z qarorgohida olib qoladi (Муҳаммадёр,
2009:313).

Atoyilar orasida shayboniylar davrida naqib unvoniga ega bo‘lganlar ham
bo‘lgan. Ulardan biri Yusufxoja sayid atoyi bo‘lib, unga butun Buxoro viloyatining
naqibi degan unvon beriladi (Муҳаммадёр, 2009:199).

Kenagaslardan chiqqan shaxslar ham shayboniylar davridagi siyosiy jarayonlarda
oz bo‘lsa-da ishtirok etgan. Navro‘z Ahmadxon vafot etgandan keyin farzandlarining
shayboniylarga qarshi kurashi davom etadi. 1557-yilda Abdullaxon Samarqandga
yurish qilgan vaqtda chuhra og‘asi bo‘lgan Xonhasan kenagas xonga “Samarqand
tomondan katta bir chang-to‘zon ko‘tarilib, bu tomonga kelmoqda, balki bu akasi
Darveshxonga yordamga kelayotgan Boboxonning qo‘shinidir”, degan xabarni
yetkazadi (Муҳаммадёр, 2009:249). Bundan bilish mumkinki, kenagaslar orasida
chuhra og‘asi lavozimida xonga maxsus xabarlarni yetkazuvchi shaxslar ishlagan.
Bundan tashqari, Samarqand uchun bo‘lgan ushbu janglarda Abdullaxon qo‘shinining
maymana qismidan Jonhasan Bahodir kenagas, Muhammad quli Bahodir kenagaslar
joy oladi. Abdullaxon Bobo Sulton orqasidan tushib, Turkistonga yo‘l olgan vaqtida
Ibrohim kenagasni Boboxoja sayyid otoiy, Oq Saʼid qorovul, Keldish Bahodir mojor,
Gulbobo Bahodir, Muhammad devona, Oybosh naymonlar bilan birga Bobo sulton va
Bo‘zaxo‘r sultonni Manqit tomonga jo‘natgan Turkiston qabilalarini topish uchun
farmon bilan beradi (Муҳаммадёр, 2009:321).

Temuriylar saroyida yuqori mavqega ega bo‘lgan barloslar Shayboniyxon Balxga
yurish qilgan vaqtida o‘z hukmdorlariga xiyonat qilib, o‘zbek xonlariga qarindoshligi
borligi orqasida, xon va sultonlarning yaxshi siylovlariga erishgan Jaʼfarxoja
sayyidning daʼvati bilan u tomonga o‘tib ketadi. Ular orasida Badiuzzamon Mirzoning
xos amirlari hisoblangan Ibrohim Mirzo barlos, Jahongir barlos, Shohmuhammad
barloslar Jaʼfarxojaga bayʼat qo‘lini berib, qulay fursat yetganda, Shayboniyxonga
xayrixohlik bildirib, uning xizmatida bo‘lishga qasamyod qiladilar (Ҳофиз Таниш
Бухорий, 1999:198).

XVI asrning ikkinchi yarmidan boshlab, jaloyirlar muhim vazifalarda ko‘rina
boshlagan. Ayniqsa, Abdullaxon II davridan boshlab ularning ko‘pchiligi yuqori davlat
lavozimi – otaliqlikka tayinlanadi. Bu haqda Arab Muhammad Qatag‘on quyidagicha
maʼlumot beradi: “Ubaydulla sulton hurkkan ohu kabi va domdan sakrab qochmoqchi
singari har tarafga yugurib, har bir teshikka o‘rmalab yurgan payti bir guruh qozoqlarga
duch keldi. Qozoqlar uni ushlab, kishanlagancha sohibqiron xoqon oldiga odam
yuborib, voqeani xon arziga yetkazdilar. Iskandar nishon sohibqiron bu ish bo‘yicha
Sarxun Otoliq jaloyirni qozoq sultonlari oldiga jo‘natdi va ularning o‘z vaʼdasiga

binoan Ubaydulla sultonni shu kishiga topshirishlarini talab qildi” (Муҳаммадёр,
2009:316). Bundan ko‘rinib turibdiki, jaloyirlar tashqi siyosiy masalalarni hal qilishda
qatnashgan.

Shu bilan birga, Shayboniylarning qudratli hukmdori Abdullaxonning tarbiyasi
ham dastlab shu qabiladan chiqqan kishi zimmasiga yuklanadi. Bu haqda Arab
Muhammad Qatag‘on “Sulaymonmakon Iskandar sulton farosat nuri bilan oqibati
chiroyli bu go‘dak kelajakda buyuklik osmonidagi yetti iqlim quyoshi bo‘lib, butun
olamni yoritishi hamda davlati oyi balqiganda zulmat shomi va bani odam toyifasini
Navro‘z bayrami kunlaridan ham porloq subhidam tongga yetkazishini anglab, shu
sababdan, uning tarbiyasi uchun, dastlab, Sayyidbiy jaloyirni bolaga otoliq qilib
tayinlab, zimmasiga aziz farzandi ahvolidan boxabar bo‘lib borish vazifasini yukladi”
degan qimmatli maʼlumotni qayd etadi.

1550-yillarda Balxdan kelgan Pirmuhammad Buxoroni o‘z mulki qilish uchun
kurash boshlaydi. Shu vaqtda yosh Abdulla sulton Karmana qalʼasini himoya qilishga
kirishadi. Bu ishda unga jaloyirlardan Tinsayyid otoliq jaloyir, uning o‘g‘li Sarxunbiy
va Mirzovalixon jaloyir katta yordam beradi. Bu mudofaada yana Jaʼfarxon qipchoq
ham jonbozlik ko‘rsatadi (Ҳофиз Таниш Бухорий, 1999:167). Abdulla sultonning bu
voqeadan keyingi harbiy yurishlarida ham Tinsayyid otoliq jaloyir doimo uning yonida
bo‘ladi. Jumladan, 1552-yil Qarshiga qarashli Maymurg‘ qo‘rig‘ida chodir tikishganda
xon bu mavzeda ayrim amirlardan keyin qolib, o‘zi Jayhun daryosidan kechishni
ko‘ngliga tugadi. Shu kechuvdan keyin Tinsayyidbiy jaloyir, Do‘stmuhammadbiy,
Oqmuhammad qo‘rchini ukasi Abdulquddus sultonga qo‘shib, Miyonqol tomonga
yubordi (Муҳаммадёр, 2009:242).

Nasafda Abdulla sultonga qarshi Navro‘z Ahmadxonning hujumi vaqtida ham
jaloyirlar jasorat ko‘rsatgan. Jumladan, Tanishbiy jaloyir o‘g‘li Poyanda Mirzo oldingi
hamla usulida hujumni amalga oshiradi. Dushman qo‘shini juda ko‘p bo‘lganidan va
ularga soat sayin odam kelib qo‘shilib turganidan, ular Amudaryodan kechib o‘tib,
Balx tomonga chekinadi (Муҳаммадёр, 2009:175).

1579-yilda Badaxshon egallangach, bu viloyat Mahmud sultonga beriladi va
Xushibiy jaloyir unga otaliq qilib tayinlanadi. Bu esa sultonning martabasini boshqa
yaqinlaridan ko‘ra oshirib yuboradi (Муҳаммадёр, 2009:201). Pirmuhammadxon
Tavakkal sulton qozoqni mag‘lubiyatga uchratgach, Buxoroda xonlik taxtiga o‘tirdi.
Jahongir sultonni Toshkent viloyati hokimligiga tayinlab, Muhammad Saʼid jaloyirga
esa uning otalig‘i vazifasini yukladi va Jahongir sultonga qo‘shib, uni Toshkentga
yuboradi (Муҳаммадёр, 2009:186).

Yuqoridagi etnik birliklar bilan birga qushchilar ham yuqori mavqega ega bo‘lgan
urug‘lardan hisoblangan. Ubaydullaxon vafot etgach, uning Qozoq xotundan tug‘ilgan
o‘g‘li Abdulaziz sulton 1540-yilda Buxoroda taxtga chiqib, o‘z nomiga xutba
o‘qittirgan vaqtida Tanishbiy qushchini o‘zining otalig‘i etib tayinlaydi. Ayni shu

Ubaydullaxon vafotidan keyingi taxt talashuv o‘yinlarida xonlikdagi eʼtiborli
shaxslardan biri hisoblangan Mirzo Akobiy ibn Saydimbiy qushchi ham katta rol
o‘ynaydi (Камолов X., 2007:122). U Burhon sultonni bahona bilan uyiga chaqirib,
ziyofat beradi va taxtga daʼvogarlik qilayotgan bu shahzodani o‘ldirtirib,
Ubaydullaxon naslining oxirgi kishisini yo‘q qiladi (Муҳаммадёр, 2009: 150-152).

Bu davrda Axsikent viloyatining taniqli va eʼtiborli amirlaridan biri amir kabir
Ali Saidbiy hisoblangan. Baroqxonning avlodlari Samarqanddan quvilgach,
Toshkentda to‘planib, bu atrofdagi viloyatlarda hokimlikni qo‘lga oladi. Shu davrda
Toshkent hokimi bo‘lgan Darveshxonning otalig‘i qilib o‘z davrining eʼtiborli
shaxslaridan biri amir kabir Ali Saidbiy qushchi tayinlanadi. U viloyatning
boshqaruvchisi sifatida vazifasiga kirishgan kundan boshlab ko‘knori va afyunni
taqiqlagan. Manbalarda Ali Saidbiy qushchi boshqaruvi ostida “Toshkent mamlakati
ul saodat buluti adolati sharofatidan maʼmur va obod bo‘ldi. Chunki ul amir adolat va
arz-u dod so‘rash qoidasini to‘la ado etdi”, deya maʼlumot keltiriladi (Муҳаммадёр,
2009: 170-171). Shu o‘rinda Ali Saidbiy qushchi Makkaga ziyoratga ketgandan keyin
Baroqxon avlodlari o‘rtasida o‘zaro kurash boshlanib, Toshkent, Turkiston va
Axsikent ularning qo‘lidan chiqib ketganligi aytiladi. Bu esa amirning siyosiy jihatdan
yuqori o‘rinda turganligini ko‘rsatadi.

Abdullaxon II davrida, ayniqsa, qushchilarning mavqei ko‘tarilib boradi. Bu
davrda eʼtiborli qushchilardan sanalgan Saydambiyning o‘g‘li Mirzo Akabiy qushchi
Abdullaxonning Buxoroni egallashida katta yordam beradi (Мухаммед Юсуф
Мунши, 1956:122). U o‘sha vaqtda shaharni boshqarib turgan Burhon sultonni uyiga
taklif etib qatl etadi (Муҳаммадёр, 2009: 374-377). Shundan keyin Abdullaxon
Buxoroni egallashni taniqli amirlariga topshiradi.

Bu davrda qushchilardan bo‘lgan Muhammadqulibiy otaliq va uning sherigi Arab
biy qushchilar Balx hokimi Podshoh Muhammadning vakili sifatida viloyatni
boshqarar edi. Abdullaxon Balxni egallash uchun yetib kelganda ular darvozalarni
berkitib, shaharni himoya qilish ishlariga bosh bo‘lgan. Keyinroq Podshoh Muhammad
sulton, taslim bo‘lgan bu qushchi otaliqlar ham Abdullaxon xizmatiga o‘tib
shayboniylarga sodiq bo‘lib qolishgan (Муҳаммадёр, 2009:285). Yana bir qushchi
Do‘stimbiy ibn Tangriquli Shahrisabzga yuborilgan Isfandiyor sultonga otaliq qilib
yuborilgan. Shu o‘rinda unga “Isfandiyorga otoliq bo‘lgani alomati sifatida ot tortiq
qilsin, so‘ng darhol O‘ratepaga borib, Marg‘inon va Andijon evaziga berilgan
Shahrisabz hukumati yorlig‘ini Moʻmin sultonga yuborsin va unga bu ishga moyillik
bildirish borasida muloyim gapli noma bitib, har qanday hadik va qo‘rquvni Mo‘min
sulton ko‘nglidan chiqarishga erishsin” degan oliy farmon chiqarilib, mas’uliyatli
elchilik vazifalari ham yuklanadi (Муҳаммадёр, 2009:350).

1572-yilda Termiz viloyatini qo‘lga olgan Abdullaxon uni Mahmud Sultonga
inʼom qiladi va aʼzam no‘yonlardan Menglibiy qushchini uning otalig‘i etib tayinlaydi

(Муҳаммадёр, 2009:290). Qushchilardan Abdolbiy otaliq Hisori Shodmondan
Hoshim nomidan Abdullaxon II oldiga elchi bo‘lib keladi va Badaxshon qo‘shini
qilgan ishidan afsusda ekanligini bildiradi. Qushchilarga bunday muhim ishlarning
topshirilganligi ham ularning siyosiy mavqei yuqori bo‘lganligini ko‘rsatadi. Bunga
yana bir misol Abdullaxon yurishlardan keyin mamlakat poytaxtiga kelib tushgach,
Samarqanddan Javonmardali sulton huzuridan Kelishbiy qushchi oliy dargohga kelib,
podshohga itoatgo‘yliklarini bildirgan (Муҳаммадёр, 2009:302).

Yuqoridagi misollar qushchilarning shayboniylar davrida muhim siyosiy
vazifalarni bajarganligi va yuqori davlat lavozimlarida hukmdorlarga sadoqat bilan
xizmat qilganliklarini ko‘rsatadi.

Nomlari sanab o‘tilgan bu etnik birliklarning har biri o‘zining samaradorligi,
faoliyati va jangovar tayyorgarligiga ko‘ra davlat boshqaruvida ham maʼlum o‘rinlarni
egallagan. Biroq shuni ham aytib o‘tish kerakki, bu qabilalarning baʼzilari maʼlum
davrlarda markaziy hukumatga qarshi chiqib, mustaqil harakat ham qilganlar.
Ko‘chmanchilik harbiy anʼanalarining davomi sifatida xonlikda maxsus harbiy qo‘shin
shakllantirilgan bo‘lib, uning tarkibida 30 dan ortiq turli etnik birliklar bo‘lgan. Ular
qo‘shinning asosiy o‘zagi hisoblangan. Shayboniyxonning Bobur bilan ilk
to‘qnashuvlarida 14 ga yaqin ko‘zga ko‘ringan qabilalarning har biri 200 tadan 1000
tagacha maxsus tayyorlangan askarlarni berishi majburiy bo‘lgan. Masalan,
qo‘shinning so‘l qanotidan joy olgan naymanlar bu urushga 700 tacha askar yuborgan
(Муҳаммад Солиҳ, 1989: 136-137). Qo‘shinga bu tarzda askar berish etnik
birliklarning ahamiyati va samaradorligiga qarab belgilangan. Buxoro xonligida
qo‘shinning asosini tashkil etgan o‘zbek qabilalari turli etnik tuzilmalarga va siyosiy
kelib chiqishga mansub unsurlardan yuzaga kelgan edi.

Yuqoridagi qabila birliklaridan tashqari XVI asr ikkinchi yarmida Xo‘jand hamda
Zarafshon vodiysiga kelib joylashgan qozoq va qirg‘izlar ham siyosiy jarayonlarda
sezilarli iz qoldirgan. Bunga misol sifatida Hofiz Tanish quyidagilarni yozib qoldiradi:
“Rajab oyining o‘n yettinchisi, seshanba kuni (1582-yil 8-avgust) Tavakkal sulton
Bobo sulton va Jonmuhammadbiylarning boshlarini Latif sulton va baʼzi asirlar bilan
birgalikda, oliy dargohga keltirib, taxtning oyog‘iga tashladi va xizmatkorlik zaminini
o‘pib, arz qildi. Xoqon Tavakkal sultonga shohona mehribonchilik va navozishlar
qilib, o‘z birodarlarini unga hasad qiladigan darajaga yetkazdi. Uning qaddi-qomatini
faxrlanishga loyiq sarupolar bilan bezab, ko‘p naqdinalar berdi. Buning ustiga
Samarqandning eng yaxshi joylaridan bo‘lgan Ofarinkent (Qoradaryo va Oqdaryo
oralig‘idagi viloyat)ni unga berdi” (Ҳофиз Таниш Бухорий, 1999: 87-89). Bu
voqeadan bir muddat keyin, 1586-yilda Tavakkal sulton Buxoro xoni xizmatidan
ketgan bo‘lsa-da, qozoqlarning aksariyati bu hududlarda muntazam yashab qolgan va
Buxoro xonligidagi siyosiy jarayonlarda doimiy ishtirok etgan.

XULOSA
Xulosa qilib aytganda, Shayboniylar davrida alchin, arg‘un, bahrin, yuz, barqut,
jaloyir, qang‘li, do‘rmon, qarluq, kenagas, qiyot, qo‘ng‘irot, qo‘shchi, mang‘it, ming,
nayman, no‘g‘uz, oyrat, usun, saroy, sulduz siyohut, shirin, tama, tanyoruq, tubay,
o‘tarchi, bo‘yrak, yabu, chimboy, uyg‘ur etnoslari qo‘shinning asosiy tarkibiy qismi
bo‘lgan. Shayboniyxon barcha egallangan hududlarni o‘zbek qabilalarining nufuzli
xonadoniga mansub qo‘mondonlarga va qarindoshlariga bo‘lib beradi. O‘zbek
xonlaridan Abulxayrxon davrida qushchi va naymanlarning hokimiyatda nufuzi baland
bo‘lgan bo‘lsa, Shayboniylar davrida nayman va do‘rmonlar son jihatdan ko‘paygan
va siyosiy taʼsiri bo‘yicha birinchi o‘ringa chiqqan. Buxoro xonligida ham o‘zbek
davlati xonlari anʼana va tartiblari o‘rnatilgach, yuqori davlat lavozimlari asosan atoyi,
nayman, do‘rmon va qushchi etnosi oqsoqollari qo‘lida bo‘lgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Abdulkadir Macit. (2015) Şeybânî hanliği (1500-1599). Doktora Tezi. –
İstanbul.

2. Hândemîr. Târîhü habîbi’s-siyer fî ahbâri efrâdi beşer, IV, Kitâbfürûşî
Hayyâm. – Tahran 1362/1983

3. Rumlu Hasan. (2004) Şah İsmail Tarihi: (Ahsenü't Tevarih) 1 bs. – Ankara:
Ardıç Yayınları.

4. Абдуррахман-и Тали. (1959) История Абулфейз-хана / Пер. А.А.
Семёнова. – Ташкент.

5. Ахмедов Б. (1965) Государство кочевых узбеков. – Москва.
6. Довуди Д. (2006) Из истории Шайбанидов. – Душанбе.
7. Завоевание Хорасана Шейбани-ханом. Участие туркмен в борьбе
узбеков и иранцев за Хорасан / Материалы по истории туркмен и Туркмении /
Под ред. В. В. Струве и др. – Т. II. – Москва, – Ленинград: Изд-во АН СССР,
1938.
8. Камал ад-Дин Бинаи. (1969) Шайбани-наме. Материалы по истории
казахских ханств.
9. Мир Мухаммед Амин-и Бухари. (1957) Убайдулла-наме / Пер. с тадж. с
примеч. А.А.Семёнова. – Ташкент: Издательство Академии наук УзССР.
10. Мухаммед Юсуф Мунши. (1956) Муким-ханская история / Пер. А.А.
Семёнова. – Ташкент.
11. Муҳаммад Солиҳ. (1989) Шайбонийнома. – Тошкент.
12. Муҳаммадёр ибн Араб Қатағон. (2009) Мусаххир ал-билод. – Тошкент.
13. Камолов X. (2007) История вторжения кочевых племен Дашт-и
Кипчака в среднюю Азию (XVI в.). – Душанбе.
14. Ҳофиз Таниш Бухорий. (1999) Абдулланома. 1-китоб. – Тошкент.
15. Ҳофиз Таниш Бухорий. (1999) Абдулланома. 2-китоб. – Тошкент.

REFERENCES:

1. Abdulkadir Macit. (2015) Şeybânî hanliği (1500-1599). Doktora Tezi. –
İstanbul. (In Turkish)

2. Hândemîr. Târîhü habîbi’s-siyer fî ahbâri efrâdi beşer, IV, Kitâbfürûşî
Hayyâm. – Tahran 1362/1983. (In Turkish)

3. Rumlu Hasan. (2004) Şah İsmail Tarihi: (Ahsenü't Tevarih) 1 bs. – Ankara:
Ardıç Yayınları. (In Turkish)

4. Abdurraxman-i Tali. (1959) Istoriya Abulfeyz-xana / Per. A.A. Semyonova.
– Tashkent. (In Russian)

5. Axmedov B. (1965) Gosudarstvo kochevix uzbekov. – Moskva. (In Russian)
6. Dovudi D. (2006) Iz istorii Shaybanidov. – Dushanbe. (In Russian)
7. Zavoyevaniye Xorasana Sheybani-xanom. Uchastiye turkmen v borbe
uzbekov i iransev za Xorasan / Materiali po istorii turkmen i Turkmenii / Pod red. V.
V. Struve i dr. – T. II. – Moskva, – Leningrad: Izd-vo AN SSSR, 1938. (In Russian)
8. Kamal ad-Din Binai. (1969) Shaybani-name. Materiali po istorii kazaxskix
xanstv. (In Russian)
9. Mir Muxammed Amin-i Buxari. (1957) Ubaydulla-name / Per. s tadj. s
primech. A.A.Semyonova. – Tashkent: Izdatelstvo Akademii nauk UzSSR. (In
Russian)
10. Muxammed Yusuf Munshi. (1956) Mukim-xanskaya istoriya / Per. A.A.
Semyonova. – Tashkent. (In Russian)
11. Muhammad Solih. (1989) Shayboniynoma. – Toshkent. (In Uzbek)
12. Muhammadyor ibn Arab Qatag‘on. (2009) Musaxxir al-bilod. – Toshkent.
13. Kamolov X. (2007) Istoriya vtorjeniya kochevix plemen Dasht-i Kipchaka v
srednyuyu Aziyu (XVI v.). – Dushanbe. (In Russian)
14. Hofiz Tanish Buxoriy. (1999) Abdullanoma. 1-kitob. – Toshkent. (In Uzbek)
15. Hofiz Tanish Buxoriy. (1999) Abdullanoma. 2-kitob. – Toshkent. (In Uzbek)