ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

History of Tajikistan-Taliban relations

Rahmonkulov Ikromqul Xudoyberdiyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

HISTORY OF TAJIKISTAN-TALIBAN RELATIONS

Rahmonkulov Ikromkul Khudoyberdiyevich
Freelance Researcher,

Tashkent State University of Oriental Studies
Tel.: +998 93 806-66-77

e-mail: mumtoz1990@bk.ru

Annotation. After the independence of Tajikistan, the establishment of
diplomatic relations with neighboring countries became a priority of the country’s
foreign policy. However, the civil war that started in the country and the seizure of
power by the Taliban in neighboring Afghanistan created serious obstacles in the
implementation of this priority. In particular, after Tajikistan’s independence, the
Taliban took power in Afghanistan, leading to concerns about the spread of their
ideology to various political and religious groups in Tajikistan. In this article, the
history of the development of multifaceted relations between Tajikistan and the
Taliban, the role of ethnic, religious and cultural factors is highlighted. The impact of
the conflicts in the relations of the two sides on the economic, political, regional
cooperation and ensuring the security of the Central Asian countries will be analyzed.

Keywords: civil war, internal conflicts, ethnic problems, Tajiks, “Taliban”
ideology, political field.

TOJIKISTON-TOLIBON MUNOSABATLARI TARIXI

Rahmonqulov Ikromqul Xudoyberdiyevich
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti
erkin tadqiqotchisi
Tel.: +998 93 806-66-77
e-mail: mumtoz1990@bk.ru

Annotatsiya. Tojikiston mustaqillikka erishgandan so‘ng qo‘shni davlatlar bilan
diplomatik munosabatlarni yo‘lga qo‘yish mamlakat tashqi siyosatining ustuvor
yo‘nalishiga aylandi. Lekin mamlakatda boshlangan fuqarolar urushi va qo‘shni
Afg‘onistonda hokimiyatning Tolibon tomonidan egallanishi bu ustuvor yo‘nalishni
amalga oshirishda jiddiy to‘siqlarni yuzaga keltirdi. Xususan, Tojikiston mustaqillikka
erishgandan so‘ng, Tolibonning Afg‘onistonda hokimiyatni egallashi Tojikistonda
turli siyosiy va diniy guruhlarga o‘z mafkuralarini yoyish bilan bog‘liq xavotirlar
paydo bo‘lishiga olib keldi. Ushbu maqolada Tojikiston-Tolibon o‘rtasidagi ko‘p
qirrali munosabatlarning rivojlanish tarixi, bunda etnik, diniy va madaniy omillarning
o‘rni yoritiladi. Ikki tomon munosabatlaridagi ziddiyatlarning Markaziy Osiyo
davlatlariga iqtisodiy, siyosiy, mintaqaviy hamkorlik va davlatlar xavfsizligini
ta’minlashga ta’siri masalalari tahlilga tortiladi.

Kalit so‘zlar: fuqarolar urushi, ichki nizolar, etnik muammolar, tojiklar, Tolibon
mafkurasi, siyosiy maydon.

ИСТОРИЯ ОТНОШЕНИЙ ТАДЖИКИСТАНА И ТАЛИБАНА

Рахмонкулов Икрамкул Худойбердиевич
Независимый научный сотрудник

Ташкентского государственного университета востоковедения
Тел.: +998 93 806-66-77

e-mail: mumtoz1990@bk.ru

Аннотация. После обретения Таджикистаном независимости установление
дипломатических отношений с соседними странами стало приоритетом внешней
политики страны. Однако начавшаяся в стране гражданская война и захват власти
талибами в соседнем Афганистане создали серьезные препятствия в реализации
этого приоритета. В частности, после обретения Таджикистаном независимости
Талибан пришел к власти в Афганистане, что вызвало опасения по поводу
распространения их идеологии среди различных политических и религиозных
групп в Таджикистане. В данной статье освещена история развития многогранных
отношений Таджикистана и Талибана, роль этнического, религиозного и
культурного факторов. Будет проанализировано влияние конфликтов в
отношениях двух сторон на экономическое, политическое, региональное
сотрудничество и обеспечение безопасности стран Центральной Азии.

Ключевые слова: гражданская война, внутренние конфликты, этнические
проблемы, таджики, идеология Талибана, политическое поле.

KIRISH
Tojikiston davlati qo‘shni Afg‘oniston bilan nafaqat savdo-iqtisodiy, ijtimoiysiyosiy hamkorlik nuqtayi nazaridan, balki milliy-etnik, diniy-madaniy bog‘liqlik
jihatidan muhim munosabatlarga ega. Tojikiston va Tolibon o‘rtasidagi munosabatlar
tarixiy, siyosiy va ijtimoiy-etnik omillarning murakkab fonida rivojlanib, bu ikki
qo‘shni subyekt o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlarni shakllantirgan. Tojikiston 1991-
yilda mustaqillikka erishgach, diplomatik munosabatlar oʻrnatish uning Markaziy
Osiyo mintaqasida barqarorlik va hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan tashqi
siyosatining asosiga aylandi. Biroq, bu ambitsiya Tojikiston ichida boshlangan
halokatli fuqarolar urushi va keyinchalik Afg‘onistonda Tolibonning kuchayishi
tufayli muammolarga duch keldi. Tolibonning hokimiyat tepasiga kelishi Tojikistonda
xavotir uygʻotdi, chunki turli siyosiy va diniy guruhlar oʻrtasida allaqachon toʻqnashuv
boʻlgan mamlakatga radikal mafkuralarning kirib kelishidan xavotirlar kuchaygan edi.
Ushbu tadqiqotda mazkur voqealarni tarixiy-ilmiy jihatdan tahlil etish orqali biz
Tojikiston va Tolibon o‘rtasida yuzaga kelgan muhim masalalarga oydinlik kiritishni
maqsad qilganmiz.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tojikiston va Afg‘oniston davlatlari o‘rtasidagi munosabatlar tarixi yuzasidan
amalga oshirilgan tadqiqotlarda, asosan ikki mamlakat munosabatlariga ta’sir qiluvchi
jihatlar tahlilga tortilgan. Tolibonning hokimiyatga kelish tarixi va istiqbollari haqida
D. Yusupov (2022), M. Hamroyev (2021) va F. Rahimov (2023) tadqiqot olib
borishgan. Tojikiston-Tolibon munosabatlaridagi etnik xususiyat haqida Q. Iskandarov
(2017) va K. Nazarov (1998) tadqiqot olib borgan bo‘lsalar, xorijiy tahliliy markazlar
tomonidan bu mintaqadagi siyosiy vaziyat haqida tahliliy materiallar muntazam e’lon
qilib boriladi. Ushbu maqola yuqorida sanab o‘tilgan tadqiqotlarda kam o‘rganilgan
Tojikiston-Tolibon munosabatlarining 2021-yildan keyingi holati bo‘yicha
mulohazalar va uning O‘zbekistonga ta’siri masalasi tahliliga bag‘ishlanadi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotning maqsadi Tojikiston-Tolibon o‘rtasidagi munosabatlar va
bunda yuzaga kelgan ziddiyatlarning O‘zbekistonga ta’siri masalasini ochib berishdan
iborat. Tadqiqotni amalga oshirishda qiyosiy, tavsifiy va tahliliy metodlardan
foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tojikiston va Afg‘onistonni umumiy tarix, urf-odatlar va anʼanalar, madaniyat va
din, shuningdek, umumiy til birlashtiradi. Ushbu davlatlar uzunligi 1344 km bo‘lgan
chegara bo‘ylab qo‘shnichilik munosabatlarini shakllantirib kelmoqda. Bunda tojik
millati va Afg‘onistonda hokimiyatni boshqaruvchi kuch omillari asosiy rolni bajaradi.
“Tolibon” va Tojikiston o‘rtasidagi munosabatlar tarixi XX asrning 90-yillari,
ya’ni Tojikiston SSSRdan mustaqillikka erishishi, ayni vaqtda Afg‘onistonda toliblar
1996-yilning sentyabrida hokimiyatni egallagan vaqtdan boshlangan. Ikkala davlatdagi
fuqarolar urushi, siyosiy beqarorlik, anarxiya va etnik tojiklar omili o‘zaro
chegaralarda diniy radikallashgan qurolli guruhlarning har ikki tarafdagi harakatlarga
aralashishi, terrorchi guruhlarning paydo bo‘lishi va giyohvand moddalarning katta
miqdordagi noqonuniy aylanmasi shakllanishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, toliblarning
shar’iy boshqaruvga asoslangan davlatni shakllantirgani, terrorchi tashkilotlar bilan
yashirin aloqalarni saqlab qolgani va mamlakatda diniy radikallashgan jangari guruhlar
faoliyatiga yo‘l ochib bergani nafaqat qo‘shni Tojikistonning mavjudligiga, balki
mintaqa xavfsizligiga tahdidlarni yuzaga keltirdi.
Tojikiston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaraning Afg‘oniston bilan to‘g‘ridanto‘g‘ri tutashishi, ikki davlatni Afg‘onistondagi fuqarolik urushining salbiy ta’sirlariga
duchor qilgan. Afg‘onistondagi nizolar, xususan, “Tolibon”ning hokimiyatga kelishi,
O‘zbekistonga afg‘on qochqinlari kirib kelishiga sabab bo‘lgan edi.
1994-yildan boshlab Аfg‘onistonda hokimiyat uchun kechayotgan ichki
kurashlarga yangi siyosiy kuch – “Tolibon” radikal islomiy harakati ham qo‘shiladi va
1996-yilning sentyabr oyida Qobulda hokimiyatni egallaydi. Mamlakat Аfg‘oniston
islom amirligi deb e’lon qilinadi va shar’iy boshqaruvga asoslangan tizim joriy etiladi.

Mamlakat xalqaro terrorchilarni tayyorlash markaziga aylanadi, giyohvand moddalar
yetishtirish va bu mahsulotlarning aylanmasi yanada kengayadi. Qo‘shni Tojikistonda
ham fuqarolar urushi jarayonida diniy-islomiy radikalizmga tayanuvchi qurolli
guruhlar va yetakchilar mavjud demokratik tuzumga qarshi kurashni faollashtira
boshlashi, o‘z navbatida, mustaqil Tojikistonning mavjudligiga jiddiy tahdidlarni
yuzaga keltirdi. Shu bois Tojikiston tashqi siyosatida “afg‘on masalasi”ni tinch yo‘l
bilan hal qilish yo‘llarini izlash, mamlakatdagi vaziyatni tezroq barqarorlashtirishga
hissa qo‘shish dolzarb ahamiyatga ega yo‘nalishga aylandi. Shu bois Tojikiston oliy
rahbariyati Afg‘onistonda “Tolibon” harakatiga qarshi kurashayotgan AQSH va uning
ittifoqchilarini faol qo‘llab-quvvatladi. Tojikistonda davom etayotgan fuqarolar
urushini imkon qadar tezroq tugatishga, Afg‘oniston bilan chegara hududlarda
xavfsizlikni ta’minlashga jiddiy e’tibor qarata boshladi. Bunda Tojikiston rahbariyati
KHSHTning qurolli imkoniyatlaridan foydalanish, xususan, mintaqa davlatlari
ko‘magiga tayanishni maqsad qildi. Bunda O‘zbekistonning amaliy yordamlari asosiy
rolni bajardi. Natijada, 1997-yilda Tojikistonda fuqarolar urushi barham topgan bo‘lsa,
2001-yilga kelib AQSH va uning NATOdagi ittifoqchilari “Tolibon”ni hokimiyatdan
ag‘darish va mamlakatda respublika tuzumini o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldi. Ya’ni,
2001-yil 11-sentyabrda AQShda sodir bo‘lgan terrorchilik hujumlari Afg‘onistondagi
“Tolibon” hukumati tomonidan maxfiy tarzda dastaklanadigan “Al-Qoida”
terrorchilik tashkiloti bilan bog‘liq edi. Shundan so‘ng, AQSh va uning ittifoqchilari
Afg‘onistonga hujum qilib, toliblar tuzumini ag‘darishadi. Bu jarayonda Tojikiston
AQShning Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarini qo‘llab-quvvatlab, o‘z hududini
tranzit sifatida taqdim etdi. Tojikiston, asosan, Afg‘onistondagi xavfsizlikni tiklashga
qaratilgan xalqaro harakatlar bilan faol hamkorlikni davom ettirdi.

Tojikistonning “Tolibon”ga qarshi qaratgan siyosati faqatgina uning xavfsizlik
manfaatlariga asoslanmagan, balki mintaqadagi siyosiy va etnik barqarorlikni
ta’minlashga ham qaratilgan edi. “Tolibon”ning shar’iy va ekstremistik g‘oyalarga
asoslangan siyosati, jumladan, ayollarni zamonaviy erkinlikdan mahrum qilish, diniy
va siyosiy muxolifatni jazolash kabi amaliyotlari Afg‘onistonga qo‘shni bo‘lgan
boshqa musulmon davlatlari uchun ham tahdid sifatida qaraldi.

Oradan 20 yil vaqt o‘tgach, ya’ni 2021-yilning avgust oyida o‘zining diniymafkuraviy faoliyati va qurolli qarshiligini to‘xtatmagan “Tolibon” harakati poytaxt
Qobulda ikkinchi marta hokimiyatni egallab oladi. Afg‘onistonda shar’iy tuzumga
asoslangan boshqaruvning o‘rnatilishi mintaqa davlatlari uchun yangi tendensiyalarni
yuzaga keltirdi. 1990-yillarda “Tolibon”ning ekstremistik va shariatga tayangan
siyosatidan ehtiyotkor tajribaga ega bo‘lgan Tojikiston toliblarning yangi hukumatini
tan olishdan bosh tortdi.

Tojikiston, ayniqsa, Afg‘onistonda inklyuziv hukumatni shakllantirish, etnik
tojiklar, inson huquqlari va ayollar huquqlarini himoya qilish masalalarida qat’iy turdi.
2021-yildan so‘ng, Tojikiston o‘zining mintaqaviy xavfsizligini ta’minlash uchun
Afg‘onistondan keladigan tahdidlar bilan kurashishga kirishdi. Tojikiston

hukumatining yuqori darajadagi rahbarlari, ayniqsa, toliblarning ideologiyasi va
siyosatiga qarshi ochiq pozitsiyasini bildira boshladi.

Xususan, Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon Afg‘onistonda hokimiyatni
boshqarib kelayotgan Tolibon hukumati faoliyatini zulm va zo‘ravonlikka
asoslanganlik, etnik ozchilik huquqlarini ta’minlamaganlik, hokimiyatni
shakllantirishda inklyuzivlik talablarini bajarmaganlikda ayblab keladi41. Emomali
Rahmon o‘zining nutqlarida Tolibon Afg‘onistonda aholining 46 foizini tashkil
qiluvchi (ko‘pchilik tadqiqotchilar 20 foiz deb ta’kidlaydi) etnik tojiklar uchun
hokimiyatda yetarli o‘rin ajratmayotgani, toliblar qiz-ayollarning huquq va
erkinliklariga to‘sqinlik qilayotgani, mamlakatda faol bo‘lgan ayrim terrorchi
guruhlarni yashirincha qo‘llab kelayotganini bir necha marta takrorlagan.

Tolibon bunga javoban turli tahdidli munosabatlarni bildirdi. Jumladan, Tolibon
hukumati rahbari o‘rinbosari, etnik o‘zbek A. Hanafiy 2021-yilning sentyabr oyida
“Al-Jazira” telekanaliga bergan intervyusida toliblar Tojikiston bilan yaxshi
munosabatlarga egaligini ta’kidlasa-da, tojik tomonini Afg‘onistonning ichki ishlariga
aralashmaslikka chaqirgan va shunday holat yuz bersa, bunga nisbatan javob choralari
qo‘llanishini aytgan42. Tolibon poytaxt Qobulda hokimiyatni qo‘lga olganidan ko‘p
o‘tmasdan shimoliy viloyatlar, ya’ni Tojikiston bilan chegaradosh bo‘lgan Toxar va
Badaxshon hududlariga “Lashkari Mansuriy” nomi bilan tanilgan xudkushjangarilardan iborat batalyonlarni joylashtirdi va buni mintaqa xavfsizligi uchun
amalga oshirayotganini qo‘shimcha qildi. O‘z navbatida, prezident Emomali Rahmon
KXSHT doirasidagi chiqishida Afg‘onistonning shimoli-sharqiy hududlarida 6
mingdan ortiq jangarilar faol ekanini, xususan, bu hududlarda 40 dan ortiq terror
lagerlari tashkil qilinganini keltirgan va tashkilotdan toliblarning turli guruhlari
o‘rtasidagi ichki urushlarni bartaraf etish uchun ushbu mamlakat atrofida xavfsizlik
kamarini yaratishga chaqirgan edi43.

Shuningdek, Tolibon Mudofaa vazirligi yetakchilaridan biri, etnik tojik Qori
Fasihuddin Fitrat 2022-yil fevral oyida toliblarning zamonaviy qurol-yarog‘ va
texnikalar bilan qurollangan 10 ming nafar jangarisi Afg‘onistonning shimoliy
viloyatlariga joylashtirilayotganini ma’lum qilgan. U ushbu hududlarda yuzaga kelishi
mumkin bo‘lgan qurolli hujumga qarshi turish uchun shunday choralar
ko‘rilayotganini qo‘shimcha qilgan. Bundan tashqari, qisqa vaqt ichida ushbu
jangchilarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida jangovar samolyotlar ham jalb qilinishini
ta’kidlagan edi44.

41 Президент Таджикистана: Афганистан превратился в площадку для геополитических игр, Новости ООН, 23
сентябрь, 2021.

42 Талибы призвали руководство Таджикистана не вмешиваться во внутренние дела Афганистана, ТАСС, 27
сентябрь, 2021.

43 Taliban’s decision to deploy troops in north and northeast provinces raise concern in neighboring countries, Asia-
Plus, February 17, 2022.

44 Талибы направят к границе Афганистана с Таджикистаном и Узбекистаном 10 тысяч боевиков, Интерфакс,
14 февраль, 2022

Bu kabi harbiy-siyosiy taranglik ikki o‘rtada qurolli nizolarga ham sabab bo‘lish
ehtimolini oshirdi. Jumladan, 2022-yilning 15-may kuni Tojikistonga chegaradosh
bo‘lgan Sherxon-Bandar tumanida Tolibon va tojik chegarachilarining og‘zaki
tortishuvidan so‘ng yuzaga kelgan taranglik 4 soatlik otishmaga aylanib ketgan45.
Ta’kidlanishicha, Afg‘oniston hududidan bir nechta qurolli mashinalar tojik
chegarasiga kelgan va qo‘shni davlat hududiga snaryadlar otgan. Bu harakat aksariyat
OAVda harbiy to‘qnashuv sifatida baholandi. Bunga javoban Tojikiston tomoni o‘z
chegaralari xavfsizligini ta’minlash maqsadida, o‘zining mintaqaviy hamkorlik
subyekti maqomidan foydalangan holda, KXSHT doirasida harbiy-o‘quv
mashg‘ulotlarini kuchaytirganiga ishora qiluvchi harakatlarni boshladi. Ya’ni, ushbu
tashkilot hamkorligida mamlakatdagi “Harbmaydon” poligonida tezkor-strategik
mashg‘ulotlar, chegara xavfsizligi va chegarani qo‘riqlashga qaratilgan harbiy
amaliyotlarni tashkillashtirdi.

Tolibon Afg‘oniston ichkarisida ularga qarshi Panjsher viloyatining tog‘li
hududlarida qurolli harakatlarni davom ettirayotgan, tarkibi etnik tojiklardan iborat
bo‘lgan, kichik A. Mas’ud boshchiligidagi “Milliy qarshilik fronti”ni Tojikiston
tomoni qo‘llab-quvvatlayotganiga oid bayonotlarni berdi va qo‘shni davlatni bu
harakatlardan tiyilishga chaqirdi. Mazkur ziddiyatlar fonida Tolibonning 217-
“Umariy” armiya korpusi yetakchilaridan biri mulla Jon Muhammad Xamza 2022-
yilning avgust oyida Tojikiston Afg‘onistonning ichki ishlariga aralashishni
to‘xtatmasa, RF ushbu mamlakatni qo‘llab-quvvatlamasa, toliblar bir hafta ichida
qo‘shni davlatni zabt etishi mumkinligidan ogohlantirdi46.

Tojikiston tomonining Tolibon Afg‘onistonda rasmiy Dushanbega qarshi
kayfiyatdagi jangari guruhlarni qo‘llayotganiga oid da’volari tasdig‘i sifatida 2022-yil
iyul oyida “Taxrike Tolibon Tojikiston” terrorchi tashkiloti tuzilganini keltirish
mumkin. Afg‘on yo‘nalishidagi mutaxassislar va ayrim OAV manbalari keltirayotgan
ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu terrorchi tashkilotga asli kelib chiqishi tojikistonlik
bo‘lgan Muhammad Sharipov (taxallusi Mahdi Arsalon) boshliq etib tayinlangan.

Ma’lumot o‘rnida, Muhammad Sharipov 1995-yilda Tojikistonda tug‘ilgan,
terrorchilik faoliyati tufayli tojik huquq-tartibot organlari tomonidan qidiruvga
berilgan. U maqsadi Dushanbedagi hokimiyatni ag‘darish bo‘lgan tojiklardan iborat
“Ansorulloh jamoati” nomli terrorchi tashkilot (Afg‘oniston hududida faol) a’zosi
bo‘lgan.

Mintaqadagi siyosiy jarayonlarni sharhlab boruvchi A. Serenko, R. Sagitov, A.
Djustossi, B. Rubin kabi tahlilchilarning fikricha, Tolibon Afg‘oniston shimolida
tarkibi asosan mintaqaviy jangarilar, ya’ni markaziy osiyolik jangarilardan iborat
bo‘lgan terrorchi guruhlar bilan yashirin hamkorlikka ega. Shuningdek, toliblar
Tojikistondagi joriy hukumatga qarshi bo‘lgan jangari guruhlarni qo‘llashi, ularning

45 Вооруженные столкновения произошли на афганско-таджикской границе, Интерфакс, 15 май, 2022.
46 Предупреждение командира «Талибана»: «Мы можем завоевать Таджикистан за неделю», Ася-Плюс, 3
август, 2022.

tarkibiga diniy radikalizm ta’siriga moyil bo‘lgan tojikistonlik yoshlarni jalb qilishi
haqida ma’lumotlar mavjud. Ayrim o‘rinlarda “Taxrike Tolibon Tojikiston” terrorchi
guruhi Tojikiston hududida xuddi Afg‘onistondagi kabi islom amirligi davlatini
o‘rnatishni maqsad qilgani ta’kidlanadi. Biroq “Taxrike Tolibon Tojikiston”
terrorchilik guruhi afg‘on-tojik chegarasida “yangi qurolli aktor” sifatida
ko‘rilmayotgan o‘rinlarni ham ta’kidlash joiz. Ayrim afg‘onshunos ekspertlarning
fikriga ko‘ra, Tolibon rahbariyati ushbu chegara hududida avvaldan faol bo‘lgan
mintaqaviy jangari guruhlar nomini o‘zgartirdi (rebrendingni amalga oshirdi). Ya’ni,
ularni “Taxrike Tolibon Tojikiston” nomi ostida birlashtirdi (Ramachandran S., 2023:
6). Ikki taraflama siyosiy taranglik davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, Tolibon va
Tojikiston o‘rtasida kelishuvga erishilayotgan holatlar mavjudligini keltirish maqsadga
muvofiq. Xususan, Tojikiston tomoni Afg‘onistonga elektr energiyasini eksport
qilishda davom etayotgani, bu boradagi yirik mintaqaviy loyiha sanaladigan CASA-
1000 dasturi doirasida ishlar to‘xtatib qo‘yilmagani bunga misol bo‘ladi.

Shuningdek, 2024-yilning avgust oyida Tojikiston Respublikasi milliy xavfsizlik
davlat qo‘mitasi raisi S. Yatimov toliblar bilan munosabatlarni yaxshilash va asirdagi
ayrim tojik razvedkachilarini ozod qilish bo‘yicha muzokara o‘tkazish uchun Qobulga
borgan47. U yerda Tolibon yetakchilaridan tashqari toliblarning xavfsizlik kuchlari
rahbarlar bilan ham uchrashgan. Ayrim OAV mazkur tashrif kichik A. Mas’ud
boshchiligidagi “Milliy qarshilik fronti”ning (Afg‘onistonda toliblar hokimiyatiga
qarshi qurolli harakatni amalga oshiradi) Dushanbe shahridagi ofisi yopilishi va
Tojikistonning Tog‘li Badaxshon avtonom viloyatining Xorog shahridagi Afg‘oniston
konsulligi Tolibon ixtiyoriga o‘tgan vaqtda yuz berganiga e’tibor qaratgan. Mazkur
jarayon Tolibon va Tojikiston o‘rtasida ziddiyatlar mavjud bo‘lsa-da, ayrim o‘rinlarda
o‘zaro kelishuvlar yuzaga kela boshlaganidan dalolat beradi.

Shunday bo‘lsa-da, xalqaro hamjamiyat talab qilib kelayotgan inklyuzivlikka
asoslangan hukumat tuzish, inson huquqlarini ta’minlash, xususan, Afg‘onistonda qizayollar huquqlariga to‘sqinlik qilmaslik, terrorchi guruhlar va tashkilotlar bilan
aloqalarni to‘xtatish talablariga Tolibon amalda hech qanday ijobiy javob bermay
kelmoqda. Shuningdek, toliblar Afg‘onistonda qat’iy shar’iy qoidalarga asoslangan
davlatni shakllantirishga intilmoqda. Toliblarning Tojikiston bilan bog‘liq ziddiyatlar
misolida namoyon bo‘layotgan pozitsiyalari va yuqorida sanalgan omillar Markaziy
Osiyo mintaqasi davlatlari, xususan, qo‘shni O‘zbekiston uchun bir qator xatarlarni
yuzaga keltirmoqda. Jumladan:

- Siyosiy xatarlar. Birinchidan, Tolibon va Tojikiston ziddiyatlari fonida

toliblar shimoliy viloyatlarda mintaqaviy terrorchi guruhlar bilan hamkorlikni davom
ettirishi O‘zbekistonga nisbatan terrorizm va ekstremizm xavfi kuchayishiga, diniy
radikalizm g‘oyalarining tarqalishiga olib keladi. Ikkinchidan, chegara hududlarida

47 Саймумин Ятимов: Поездка в Кабул была «содержательной», Азда ТВ, 10 сентябрь, 2024

terrorchi guruhlarning to‘planishi, toliblarning ular xizmatidan foydalanish ehtimoli
O‘zbekistonning chegara xavfsizligiga tahdidlarni yuzaga keltiradi;

- Iqtisodiy ta’sir. Ikki tomonlama ziddiyat Afg‘onistondagi ayrim mintaqaviy
muhim loyihalarning istiqbolini xavfga qo‘yishi mumkin. Bu O‘zbekiston bilan savdoiqtisodiy aloqalarga ham o‘zining salbiy ta’sirini ko‘rsatadi;

- Migrantlar va qochqinlar oqimining yuzaga kelishi. Toliblarning
Tojikistonga nisbatan turli tahdidlari va mamlakatdagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni
o‘nglay olmaslik holati Afg‘oniston va Tojikiston hududidan O‘zbekistonga migrantlar
va qochqinlar oqimini yuzaga keltirishi mumkin;

- Mintaqaviy hamkorlikka ta’sir. Tojik-Tolibon ziddiyatlarining kuchayishi
mintaqa davlatlarining o‘zaro hamkorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Masalan,
O‘zbekiston Tojikiston bilan turli yo‘nalishlarda muhim ittifoqchilik aloqalariga ega.
Mazkur taranglikning zo‘rayishi bu munosabatlarga putur yetkazishi mumkin.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Tojikiston va Tolibon o‘rtasida davom etayotgan ziddiyatlar bevosita qo‘shni
O‘zbekistonning milliy xavfsizligiga salbiy ta’sirini ko‘rsatish ehtimoli bor. Xususan,
ushbu taranglik fonida diniy radikallashish jarayoni mintaqaga tezkorlik bilan
yoyilishi, toliblar Afg‘onistonda islom amirligi qoidalari asosida davlat tuzishga qat’iy
intilayotgani, mamlakatdagi boshqa terrorchi guruhlar bilan yashirin hamkorlikni
saqlab qolayotganligi mazkur muammoga nisbatan jiddiy yondashuvni talab qiladi. Bu
jarayonda O‘zbekistonning Tojikiston bilan o‘zaro siyosiy, harbiy hamkorligi va
Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash borasidagi faoliyatlari mamlakat milliy
xavfsizligini saqlashda muhim rol o‘ynaydi. Tojikiston va Tolibon o‘rtasidagi
munosabatlarni o‘rganish va tahlil qilish esa Markaziy Osiyoda barqarorlikni
ta’minlash uchun zarurdir. Zero, qo‘shni davlatlarning tinch bo‘lishi butun mintaqada
olib borilayotgan do‘stona aloqalarning rivojlanishini, ezgu niyatlar bilan amalga
oshirilayotgan islohotlarning ijobiy natijalarini ko‘rishimizni ta’minlaydi. Uzoq va
yaqin o‘tmishimizdagi voqea-hodisalardan to‘g‘ri xulosa chiqarish, tarixiy xatolarni
takrorlamaslik barchamiz uchun birdek dolzarbdir. Maqola yakunida shuni taklif etgan
bo‘lardimki, mintaqamizdagi chigal masalalarga yechim bera oladigan mutaxassislarni
ko‘proq yetishtirish, atrofda bo‘layotgan jarayonlardan xabardor bo‘lgan va tahlillar
asosida oqilona xulosalarni chiqara oladigan kadrlarni tayyorlash lozim deb
hisoblayman.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Khamroev, M. (2022). The Taliban’s Influence on Central Asian Politics. –
Tashkent.
2. Khamroev, M. (2020). Security Dynamics in Central Asia: The Impact of
Afghanistan. – Almaty.
3. Rahimov, F. (2023) The Dynamics of Tajik-Afghan Relations. – Dushanbe.

4. Rahmonov, R. (2020) From War to Peace: Tajikistan’s Relations with the
Taliban. – Almaty.

5. Rasulov, K. (2021) Tajikistan and the Taliban: A Historical Analysis. –
Dushanbe.

6. Samadov, L. (2024) Security Challenges for Tajikistan in the Post-Taliban
Era. – Bishkek.

7. Sudha Ramachandran, Tajikistan Faces Threat from Tajik Taliban, The
Central Asia-Caucasus Analyst, March 27, 2023.

8. Рахмон: "Талибан" не предпринял шагов, чтобы убедить мир в
легитимности своей власти: https://tass.ru/mezhdunarodnaya-panorama/15270681

9. Один против «Талибана». Зачем Таджикистан конфликтует с новыми
властями Афганистана: https://carnegieendowment.org/posts/2021/10/whytajikistan-is-taking-a-stand-against-the-taliban?lang=ru

REFERENCES:
1. Khamroev, M. (2022). The Taliban’s Influence on Central Asian Politics. –
Tashkent.
2. Khamroev, M. (2020). Security Dynamics in Central Asia: The Impact of
Afghanistan. – Almaty.
3. Rahimov, F. (2023) The Dynamics of Tajik-Afghan Relations. – Dushanbe.
4. Rahmonov, R. (2020) From War to Peace: Tajikistan’s Relations with the
Taliban. – Almaty.
5. Rasulov, K. (2021) Tajikistan and the Taliban: A Historical Analysis. –
Dushanbe.
6. Samadov, L. (2024) Security Challenges for Tajikistan in the Post-Taliban
Era. – Bishkek.
7. Sudha Ramachandran, Tajikistan Faces Threat from Tajik Taliban, The
Central Asia-Caucasus Analyst, March 27, 2023.
8. Raxmon: “Taliban” ne predprinyal shagov, chtobi ubedit mir v legitimnosti
svoyey vlasti: https://tass.ru/mezhdunarodnaya-panorama/15270681 (In Russian)
9. Odin protiv “Talibana”. Zachem Tadjikistan konfliktuyet s novimi vlastyami
Afganistana: https://carnegieendowment.org/posts/2021/10/why-tajikistan-is-takinga-stand-against-the-taliban?lang=ru (In Russian)