THE CONSTITUTION OF THE TURKISTAN AUTONOMOUS SOVIET
REPUBLIC IS A SOURCE FOR STUDYING THE ACTIVITIES OF LOCAL
AUTHORITY
Sodiqov Furqat Fatulloyevich
Oriental University
Acting associate professor of the History department, PhD
Tel.: +998 99 531-45-55
e-mail: furkatsodikhov@gmail.com
Annotation. This article analyzes the structure, formation and electoral system of
local authority in Turkistan Autonomous Soviet Republic based on the constitutions of
the of 1918 and 1920. The first constitution of the Turkistan ASR, adopted in 1918,
contained information on the creation of local governments, the legal basis for central
and local government, and the establishment of an electoral system during their
creation. The above issues are also covered in the new constitution of the republic,
adopted in 1920, and the article provides a comparative analysis of both constitutions.
The constitutions of the Turkistan Autonomous Republic used primary sources based
on archival documents to cover the activities of local government. At the same time,
based on domestic and foreign studies, it has been proven that local government bodies
in the Turkistan Autonomous Republic consist of region devisions – volost, village and
rural councils according to the newly established Soviet model. Based on archival
sources and thematic studies, conclusions and proposals were made on this issue.
Keywords: soviet, constitution, syezd, uezd, volost, village, awul (town),
elections, local government, deputy.
TURKISTON AVTONOM SOVET RESPUBLIKASI KONSTITUTSIYALARI
MAHALLIY BOSHQARUV IDORALARIَFAOLIYATINIَO‘RGANISHَ
MANBASI SIFATIDA
Sodiqov Furqat Fatulloyevich
Oriental universiteti
Tarix kafedrasi dotsenti v.b., t.f.f.d.(PhD)
Tel.: +998 99 531-45-55
e-mail: furkatsodikhov@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada Turkiston Avtonom Sovet Respublikasining 1918
va 1920-yilgi konstitutsiyalari asosida respublikadagi mahalliy boshqaruv
idoralarining tuzilishi, shakllanishi, hamda saylov tizimi tahlil qilingan. 1918-yilda
qabul qilingan Turkiston ASRning dastlabki konstitutsiyasida mahalliy boshqaruv
idoralarining tashkil etilishi, markaziy va mahalliy boshqaruv idoralarining huquqiy
asosi va ularni tuzishda saylov tizimining yo‘lga qo‘yilganligi bo‘yicha ma’lumotlar
berilgan. Shuningdek, 1920-yilda qabul qilingan respublikaning yangi
konstitutsiyasida ham yuqoridagi masalalar yoritilgan bo‘lib, maqolada ikkala
konstitutsiya qiyosiy tahlil qilingan. Turkiston Avtonom Respublikasi
konstitutsiyalarida mahalliy boshqaruv idoralari faoliyatini yoritishda arxiv hujjatlari
asosidagi birlamchi manbalardan foydalanilgan. Shu bilan birga, mahalliy va xorijiy
tadqiqotlar asosida Turkiston Avtonom Respublikasidagi mahalliy boshqaruv idoralari
yangicha tashkil etilgan sovet andozasida viloyat, uezd, volost, qishloq va ovul
sovetlaridan iborat ekanligi dalillangan. Arxiv manbalari va mavzuga oid tadqiqotlar
asosida masala yuzasidan xulosa va takliflar berilgan.
Kalit so‘zlar: sovet, konstitutsiya, syezd, uezd, volost, qishloq, ovul, saylov,
mahalliy boshqaruv idoralari, deputat.
КОНСТИТУЦИИَТУРКЕСТАНСКОЙَАВТОНОМНОЙَСОВЕТСКОЙَ
РЕСПУБЛИКИَ– ИСТОЧНИКَИЗУЧЕНИЯَДЕЯТЕЛЬНОСТИَ
МЕСТНЫХَОРГАНОВَУПРАВЛЕНИЯَ
СодиковَФуркатَФатуллоевич
Университет Ориентал
И.о. доцента кафедры истории, к.и.н. (PhD)
Teл.: +998 99 531-45-55
e-mail: furkatsodikhov@gmail.com
Аннотация. В данной статье анализируется структура, формирование,
избирательная система местных органов управления в республике на основе
конституций Туркестанской Автономной Советской республики 1918 и 1920
годов. Первая конституция Туркестанской АСР, принятая в 1918, давала
сведения об организации органов местного самоуправления, о правовых основах
центрального и местного управления, а также об установлении избирательной
системы в период их создания. Вышеуказанные вопросы также освещены в
новой конституции республики, принятой в 1920 году, и в статье был проведен
сравнительный анализ обеих конституций. В конституциях Туркестанской
Автономной Республики при освещении деятельности органов местного
самоуправления использовались первоисточники на основе архивных
документов. В конституциях Туркестанской Автономной Республики для
освещения деятельности местных органов управления использовались
первоисточники, основанные на архивных документах. В то же время на основе
отечественных и зарубежных исследований доказано, что органы местного
самоуправления в Туркестанской Автономной Республике состоят из областных,
уездных, волостных и сельских советов по вновь сложившейся советской
модели. На основе архивных источников и тематических исследований были
сделаны выводы и предложения по этому вопросу.
Ключевыеَ слова: совет, конституция, съезд, уезд, волость, село, авул
(аул), выборы, местные органы управление, депутат.
KIRISH
Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgach, mahalliy boshqaruv idoralari qayta
shakllantirildi. Ushbu idoralarni shakllantirishning huquqiy asosi sifatida Turkiston
Avtonom Sovet Respublikasi Konstitutsiyasi asosiy rol o‘ynadi. 1918-yilning 5–15-
oktyabr kunlari bo‘lib o‘tgan Turkiston ASRning Favqulodda VI syezdida uning
konstitutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatda respublikaning boshqaruv tuzilmasi,
saylov tizimi va mahalliy boshqaruv idoralari faoliyatining huquqiy masalalari
yoritilgan. 1920-yil sentyabr oyida yangi konstitutsiya qabul qilindi. Ushbu maqolada
respublikaning ikkala konstitutsiyasi tahlili asosida Turkiston Sovet Respublikasining
mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati o‘rganilgan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur mavzuni yoritishda Rossiyada D.V. Kuznetsov tomonidan 2015-yilda chop
etilgan “Советские конституции. Хрестоматия. В 4 частях. Част 1. Первые
советские республики, 1918-1922 гг.” to‘plamining 1-qismidan foydalanildi. Ushbu
to‘plamda sobiq Sovet Ittifoqining barcha respublikalari konstitutsiyalari matni
keltirilgan. Shuningdek, Qahramon Rajabov va Mirodil Haydarovlarning “Turkiston
tarixi (1917-1924)” monografiyasida Turkiston ASSR konstitutsiyalari qabul qilinishi
va uning respublika boshqaruv tizimidagi o‘rni to‘g‘risida ma’lumotlar keltirilgan.
F. Sodiqovning “O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati (1917-
1938-yillar)” monografiyasida Turkiston ASSRdagi konstitutsiyalar va ularning
mahalliy boshqaruv idoralari faoliyatidagi o‘rni tahlil qilingan bo‘lib, unda respublika
konstitutsiyalari, mahalliy boshqaruv idoralarining tuzilishi, huquqiy maqomi, ularni
shakllantirishda saylov tizimining o‘rni kabi masalalar bo‘yicha to‘liq ma’lumot
berilgan.
O‘zbekiston Milliy Arxivining 17-fond 270, 286 va 745-ishlari, 25-fond 1060-ishi,
2231-fond 290-ishida Turkiston Avtonom Sovet Respublikasi konstitutsiyalarida
mazkur respublika mahalliy boshqaruv idoralarining shakllanishi, saylov tizimi va
undagi kamchiliklar, mahalliy boshqaruv idoralarini shakllantirishda sovet
hukumatining yuritgan siyosati masalalari bo‘yicha ma’lumotlar berilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqolani yozish jarayonida O‘zbekiston Milliy Arxivi materiallari, tegishli
dissertatsiya va monografiyalardagi faktlardan foydalanilgan holda tarixiylik va
xolislik tamoyillariga tayanildi. To‘plangan materiallarni tartibga keltirishda analiz va
sintez usullari qo‘llanildi. Tarixiy xronologiya, tarixiy parallel, qiyosiy tahlil usullari
orqali maqola bo‘yicha zarur ma’lumotlar shakllantirildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Turkiston ASR Konstitutsiyasi, aslini olganda, 1918-yil 10-iyunda Butunrossiya
Sovetlarining II-syezdida qabul qilingan birinchi sovet konstitutsiyasi - RSFSR
Konstitutsiyasi asosida tuzilgan edi. Bu holatni Turkistondagi sovet hukumati
rahbarlaridan biri A. F. Solkin o‘z nutqida quyidagicha e’tirof etgan edi: “Sovetlarning
II-syezdida Turkiston Respublikasi Konstitutsiyasini yaratish uchun tuzilgan
komissiya hech qanday ish qilmadi. Qachonki telegraf orqali Butunrossiya
Konstitutsiyasi olingach, Turkiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosiy qoidalari
ishlab chiqildi” (Ражабов Қ., Ҳайдаров М., 2002: 52). Turkiston ASR Konstitutsiyasi
respublikada mahalliy boshqaruv idoralarining huquqiy asosini ta’minlab berdi. Ushbu
konstitutsiyaga ko‘ra, Turkiston ASRda mahalliy boshqaruv idoralari viloyat
hududlarida Sovetlarning viloyat syezdiga, uezd hududlarida Sovetlarning uezd
syezdiga, volost hududida Sovetlarning volost syezdiga, shahar, qishloq, shahar
tipidagi qishloqlar, ovullar hududida shu joylar ishchi, soldat, dehqon deputatlari
Sovetlariga va saylovchilarning bevosita umumiy yig‘ilishiga tegishli bo‘lgan4.
Konstitutsiyaga ko‘ra, Turkistonda saylov huquqi joriy etildi. Umuman olganda,
sovet hokimiyati tomonidan umumiy saylov huquqining joriy etilishi o‘z davri uchun
katta natija edi. Bunga sovet davlat boshqaruv tizimi shakli asos bo‘lib xizmat qildi.
Chunki barcha sovet respublikalari markaziy va mahalliy boshqaruv shakllari
saylanadigan syezdlar va ularning ijroiya qo‘mitalari hamda sovetlardan iborat edi
(Кузнецов Д., 2015: 155).
Sovet hukumati mahalliy sovetlarni saylovlar asosida shakllantirdi va bu o‘sha
davrda ochiqlik va shaffoflik uchun qo‘yilgan katta qadam edi. Lekin, saylovlarning
qanday tartibda o‘tkazilishi, saylovda qatnashadigan nomzodlarning sovet hokimiyati
manfaatlariga mos kelishi shartligi, saylovlarda boylar, dindorlar, savdogar va
sudxo‘rlar hamda boshqa qatlamlarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘ymaslik, ushbu
saylovlarning faqat sovet hokimiyati uchun xizmat qilganini va saylovlar bolsheviklar
tomonidan davlat boshqaruvini to‘liq nazorat qilish vositasi sifatida foydalanilganini
ko‘rsatadi. Turkiston ASR Konstitutsiyasiga ko‘ra, 18 yoshga to‘lgan, o‘z mehnati
bilan kun ko‘rib, yollanma mehnat kuchidan foydalanmaydigan kishilar, sovet
armiyasi harbiylari saylovlarda qatnashish huquqiga ega bo‘lgan. Saylash va saylanish
huquqidan quyidagi toifalarga kiruvchi kishilar mahrum qilingan:
a) foyda keltirishni maqsad qiluvchi yollanma mehnatdan foydalangan shaxslar;
b) mehnat qilmasdan topilgan daromadlar hisobiga yashovchilar, ya’ni ko‘chmas
mulk yoki sarmoyadan keluvchi foyda foizi hisobiga yashovchi shaxslar;
c) xususiy savdo vositachilari;
d) monaxlar, cherkovlar va diniy ziyoratgohlarda xizmat qiluvchi diniy
4 O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 3-varaqning orqasi.
xizmatchilar;
e) politsiya, xususan, jandarm va qo‘riqlash bo‘limlarining sobiq agentlari va
xizmatchilari, shuningdek, Rossiyada hukmronlik qilgan podsho xonadoni a’zolari;
f) ruhiy xasta deb tan olingan va e’tirof etilgan kishilar hamda ularga
tenglashtirilgan shaxslar;
g) mavjud qonun va sud hukmi bilan og‘ir jinoyati uchun jazo muddatini
o‘tayotgan shaxslar (Тагаев М., 2018: 7).
Boylar, savdogarlar va oldingi hokimiyat davrida faoliyat yuritgan shaxslarning
saylov huquqidan mahrum etilishi jamiyatda noroziliklarni keltirib chiqardi. Saylov
tizimi soliq siyosati bilan chambarchas bog‘liq hisoblangan. Har bir saylov huquqidan
mahrum qilingan shaxsga nisbatan katta soliq solingan va saylov huquqidan mahrum
qilinganlarga katta majburiyatlar yuklatilgan. Bularga hosilni yig‘ib olishda
qo‘shimcha rejalarni yuklash, davlatdan ssuda va moddiy yordam ololmaslik,
farzandlarini maktabga olmaslik, respublika ichida harakatlanishning cheklanganligi,
bozorlarda ularga xizmat ko‘rsatmaslik, yo‘llarni ta’mirlash, irrigatsiya majmualarini
tozalash, yuklarni yetkazib berish va hokazolarni keltirish mumkin (Тагаев М., 2018:
7). Bunga o‘xshagan holatlar jamiyatda qo‘rquv va noroziliklarni keltirib chiqardi:
xalqning o‘ziga to‘q, tadbirkor va diniy qatlamlarini dastlab sovet hokimiyatiga qarshi
faol va passiv kurashga yo‘naltirgan bo‘lsa, sovet hokimiyati kuchaygach, yashab
qolish uchun kurash ushbu qatlamlarning jamiyatda tranformatsiyaga uchrashiga sabab
bo‘ldi. Kambag‘al, batrak va savodsiz aholi esa sovet hokimiyatini yangi
imkoniyatlarni baxshida etuvchi hukumat sifatida qabul qildi.
1920-yil 19–24-sentyabr kunlari Turkiston ASSR Sovetlarining IX syezdi bo‘lib
o‘tdi. Unda Turkiston ASSR yangi konstitutsiyasi qabul qilindi. 1920-yilda Turkiston
ASSR ma’muriy jihatdan 6 viloyat, 32 uezd va 466 volost va 3925 qishloq jamoasiga
bo‘lingan. Turkiston ASSRdagi viloyat va uezdlar:
1. Sirdaryo viloyatida 7 ta uezd bo‘lgan. Bular Qazali, Perovsk, Chernyayev,
Turkiston, Avliyoota, Toshkent, Mirzacho‘l.
2. Amudaryo viloyati 2 ta uezddan tashkil topgan. Bular Sho‘raxon, Chimboy.
3. Yettisuv viloyati. 7 ta uezddan tashkil topgan. Bular Lepsin, Kopal, Jarkent,
Qorako‘l, Norin, Pishpek, Verniy.
4. Farg‘ona viloyatida 7 ta uezd bo‘lgan. Bular Andijon, O‘sh, Marg‘ilon,
Namangan, Qo‘qon, Xo‘jand, Pomir.
5. Samarqand viloyati 4 ta uezddan tashkil topgan. Bular Samarqand,
Kattaqo‘rg‘on, Jizzax, O‘ratepa.
6. Kaspiyorti viloyatida 4 ta uezd bo‘lgan. Bular Marv, Tajan, Poltorask,
Krasnovodsk (Ражабов Қ., Қандов Б., Ражабова С., 2015: 165).
Turkiston ASSRning yangi konstitutsiyasi 1918-yilgisi asosida tuzilgan bo‘lib,
unda ko‘pgina o‘zgarish va qo‘shimchalar kiritilganligini ko‘rish mumkin. Yangi
konstitutsiyaning qabul qilinishiga sabablardan biri, sovet hokimiyati Turkistonda
mustahkam o‘rnashib olgach, bolsheviklar o‘z hokimiyatini o‘rnatgan boshqa
respublikalarda RSFSR kabi yagona boshqaruv modelini shakllantirish vazifasi
qo‘yilgan edi. Bu sovetlarning syezdlari va ijro hokimiyatida ijroiya qo‘mitalarining
shakllantirilishi edi. Xususan, tadqiq qilinayotgan mahalliy boshqaruv idoralari
tizimida ham buni ko‘rish mumkin. Masalan, 1918-yilgi konstitutsiyaning 36-
moddasida – “Shaharlarda shahar soveti 100 saylovchiga bir deputat hisobida, qishloq
va ovullarda qishloq sovetlari 200 aholiga bir deputat hisobida saylanib, qishloqlarda
deputatlar soni 3 nafardan kam va 30 nafardan ko‘p bo‘lmasligi kerak bo‘lgan. Shahar
va qishloq sovetlari deputatlarining faoliyati muddati 3 oyni tashkil etadi”5, deb
yozilgan edi. 1920-yilgi konstitutsiyaning 71-moddasida qishloq va ovullarda qishloq
sovetlari 100 aholiga bir deputat hisobida saylanib, qishloqlarda deputatlar soni 3
nafardan kam va 50 nafardan ko‘p bo‘lmasligi, shahar va qishloq sovetlari
deputatlarining faoliyati muddati 6 oyni tashkil etishi yozilgan6. Yuqoridagi
moddalarni sharhlaydigan bo‘lsak, 1918-yil konstitutsiyasida aholisi 600 nafardan 6
minggacha bo‘lgan qishloq va ovullardan deputatlar saylangan, aholisi 600 nafardan
kam bo‘lgan qishloq yoki ovullar boshqa shunday subyektlar bilan qo‘shilib, deputatlar
sovetini tuzgan bo‘lsa, yangi konstitutsiyada aholisi 300 nafardan 5 minggacha bo‘lgan
qishloq va ovullardan deputatlar saylangan. 1920-yil konstitutsiyasida Turkistonning
qishloq va ovullari aholisining real miqdoridan kelib chiqib sovetlar tuzilishi ishlab
chiqilgan7.
1-rasm. Turkiston ASSRning 1922-yilgi viloyat va uezd boshqaruv tuzilishi.
5 O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaqning orqa tomoni.
6 O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni.
7 O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni, 21-varaq.
Shuningdek, ijroiya qo‘mitasi a’zolari tarkibi sonida o‘zgarishlar bo‘lganini
ko‘rish mumkin. Masalan, avval ijroiya qo‘mita a’zolari shaharlarda 7 nafardan 15
nafargacha tarkibda saylangan bo‘lsa8, yangi konstitutsiyada 3 nafardan 15 nafargacha
tarkibda saylanadi, deb yozilgan9.
1920-yilning 12-oktyabrida yangi konstitutsiya asosida mahalliy boshqaruv
idoralariga saylovlar o‘tkazish bo‘yicha Turkiston ASSR XKSning qarori qabul
qilindi. Unda uch oy muddat ichida saylovlarni o‘tkazish ta’kidlab o‘tilgan10.
Saylovlarda Turkiston ASSRning millati va dinidan qat’iy nazar, 18 yoshga
to‘lgan kishilar, ishchilar, sanoat, savdo va qishloq xo‘jaligi xizmatchilari, yollanma
ishchi kuchidan foydalanmaydigan dehqon va kazaklar, sovet armiyasi xizmatchilari
qatnashishi mumkin bo‘lgan. Yollanma mehnat asosida foyda ko‘radigan kishilar,
sudxo‘rlar, xususiy tijorat vositachilari, dindorlar, sovetlardan oldingi davr
politsiyasida xizmat qilganlar, imperiya xonadoni a’zolari, ruhan nosog‘lom va jinoiy
javobgarlikka tortilgan fuqarolar saylov huquqidan mahrum etilgan (Кузнецов Д.,
2015: 38). Sovet hokimiyatiga qarshi kurashayotgan qurolli harakat vakillari saylovda
ishtirok etishi uchun, sovetlar tomoniga o‘tishi va o‘z mehnati bilan faoliyat olib
borayotgan bo‘lishi kerak edi.11
Turkiston ASSRning 1920-yilgi konstitutsiyasida “Foyda olish uchun yollanma
ishchilardan foydalanadiganlar saylov huquqidan mahrum etiladi”, degan band mavjud
edi. Turkiston Sovetlarining IX-syezdida mazkur band bo‘yicha muhokamada “Muhim
ahamiyatga ega ekinlar (paxta, guruch, tamaki va boshqalar)ni yetishtirishda yollanma
ishchi kuchidan foydalanadigan dehqonlarga saylov huquqi beriladi”, – deb qaror
chiqarilgan edi. Turkiston ASSR XKS ushbuni inobatga olib, mana shunday
dehqonlarga saylovlarda qatnashishga ruxsat berdi.12
Mahalliy boshqaruv idoralariga saylovlar o‘tkazish uchun saylov komissiyalari
tashkil etilgan. 1921-yil 14-iyunda Turkiston ASSR MIQ “Saylov komissiyalari
to‘g‘risida”gi nizomni ishlab chiqdi. Unda uezd saylov komissiyalari 5 kishidan,
viloyat, volost, qishloq va ovul saylov komissiyalari 3 kishidan iborat qilib tuziladi,
komissiyalar ichki ishlar xalq komissarligidan yo‘l-yo‘riqlarni olib turadi, saylovlar
o‘tkazilgandan so‘ng komissiyalar bir hafta ichida saylov to‘g‘risidagi ma’lumotlarni
viloyat ijroiya qo‘mitasining boshqaruv bo‘limiga, u esa ichki ishlar xalq
komissarligiga yetkazadi”, – deb keltirilgan.13 Yangi konstitutsiya asosida 1920-
yilning oxiri va 1921-yilning boshlarida Turkiston ASSRning Sirdaryo, Samarqand,
Kaspiyorti viloyatlarida revkomlar tugatildi va ularning o‘rnini yangi saylangan ijroiya
8 O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaq.
9 O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 21-varaq.
10 O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 270-ish, 92-varaq.
11 O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 745-ish, 125 -varaq.
12 O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 270-ish, 92-varaq.
13 O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 286-ish, 128-129-varaqlar.
qo‘mitalari egalladi. Farg‘ona, Yettisuv va Amudaryo viloyatlarida harbiy harakatlar
davom etayotgani sababli, bu hududda revkomlar saqlanib qolindi14. Turkiston Ichki
ishlar xalq komissarligining ma’lumotiga ko‘ra, Turkiston ASSRda 1921-yil 1-aprel
holatida 29 ta uezd, 33 ta rayon, 23 ta shahar, 446 ta volost va 737 ta qishloq va ovul
sovetlari faoliyat yuritgan. Biroq ushbu ma’lumotda qishloq va ovul sovetlari sonining
to‘liq emasligini kuzatish mumkin.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xullas, Turkiston ASSRda qabul qilingan konstitutsiyalar ushbu respublika
mahalliy boshqaruv idoralari faoliyatini tashkil etish uchun asos bo‘ldi. Sovet
hokimiyati mazkur konstitutsiyalardan davlat boshqaruv tizimini nazorat qilish va
o‘ziga dushman kayfiyatdagi insonlarni filtrlash vositasi sifatida foydalandi.
Tadqiqot yakunida erishilgan natijalardan o‘quv darsliklari, o‘quv-uslubiy
qo‘llanmalar, tarixiy-ma’rifiy ko‘rsatuv va manbalarda foydalanish mumkin. Ushbu
ilmiy ish Turkiston ASSRdagi mahalliy boshqaruv idoralari faoliyatini yoritishda
respublika konstitutsiyalarining o‘rni bo‘yicha zaruriy ma’lumotlar beradi.
FOYDALANILGANَMANBAَVAَADABIYOTLARَRO‘YXATI:
1. Rajabov Q., Haydarov M. (2002) Turkiston tarixi (1917-1924). – Toshkent.
2. Sodiqov F. (2023) O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati
(1917–1938-yillar). – Toshkent: “Mahalla va oila” nashriyoti. – 191 b.
3. Советские конституции. Хрестоматия. В 4 частях. Част 1. Первые
советские республики, 1918-1922 гг. / Сост. Д.В. Кузнецов. [Электронный
ресурс]. – Благовещенск: Благовещенский государственный педагогический
университет, 2015.
4. Тагаев М. (2018) Социальная и религиозная ксенофобия как инструмент
политики советского государства. История и неизлеченные уроки. На примере
материалов юга Кыргызстана // Глобальные мнения о плюрализме. Глобальный
центр плюрализма. Оттава.
5. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 3-varaqning orqasi.
6. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaq.
7. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaqning orqa tomoni.
8. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 14-varaq.
9. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni.
10. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni,
21-varaq.
11. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 21-varaq.
12. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 270-ish, 92-varaq.
14 O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 287-ish, 66-varaq.
13. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 745-ish, 125-varaq.
14. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 286-ish, 128-129-varaqlar.
15. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 287-ish, 66-varaq.
REFERENCES:
1. Rajabov Q., Haydarov M. (2002) Turkiston tarixi (1917-1924). – Toshkent. (In
Uzbek)
2. Sodiqov F. (2023) O‘zbekiston SSRda mahalliy boshqaruv idoralari faoliyati
(1917-1938-yillar). – Toshkent: “Mahalla va oila” nashriyoti. – 191 b. (In Uzbek)
3. Советские конституции. Хрестоматия. В 4 частях. Част 1. Первые
советские республики, 1918-1922 гг. / Сост. Д.В. Кузнецов. [Электронный
ресурс]. – Благовещенск: Благовещенский государственный педагогический
университет, 2015. (In Russian)
4. Тагаев М. (2018) Социальная и религиозная ксенофобия как инструмент
политики советского государства. История и неизлеченные уроки. На примере
материалов юга Кыргызстана // Глобальные мнения о плюрализме. Глобальный
центр плюрализма. Оттава. (In Russian)
5. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 3-varaqning orqasi. (In
Russian)
6. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaq. (In Russian)
7. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 4-varaqning orqa tomoni. (In
Russian)
8. O‘zbekiston MA, R-2231-fond, 1-ro‘yxat, 290-ish, 14-varaq. (In Russian)
9. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni.
(In Russian)
10. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 20-varaqning orqa tomoni,
21-varaq. (In Russian)
11. O‘zbekiston MA, R-25-fond, 1-ro‘yxat, 1060-ish, 21-varaq. (In Russian)
12. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 270-ish, 92-varaq. (In Russian)
13. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 745-ish, 125-varaq. (In Russian)
14. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 286-ish, 128-129-varaqlar. (In
Russian)
15. O‘zbekiston MA, R-17-fond, 1-ro‘yxat, 287-ish, 66-varaq. (In Russian)