SOCIAL, POLITICAL AND RELIGIOUS LIFE IN THE PERIOD OF
HUSAMUDDIN AKHSIKATI
Nishanova Dildora Komiljanovna
Oriental University,
Acting Associate Professor of the Department of History, PhD
Tel.: +998 99 001-48-87
e-mail: dnishanova@yahoo.com
Abstract. Husamuddin Akhsikatiy was a significant scholar who lived during the
11th to 13th centuries, a period marked by distinctive social, political, and religious
transformations. However, until now insufficient information has been gathered and
studied regarding this era, making it challenging to fully understand his life and
contributions. During the time of Husamuddin Akhsikatiy, the territories of Uzbekistan
were under the influence of the Seljuk and Karakhanid states. The Karakhanids, in
particular, initially operated as an independent state and played a vital role in the
advancement of science, culture, and economic life during their period. This era
witnessed vigorous activities in the development of science, as well as significant
positive transformations in religious and social spheres. Despite these contributions,
research and sources about Husamuddin Akhsikatiy have remained scarce.
Consequently, there are certain complexities in identifying his contributions to social life
and the sciences. This situation undoubtedly poses challenges for historical research and
underscores the necessity for a deeper exploration of this historical period. The study of
Husamuddin Akhsikatiy and his influence during this era is crucial for future research,
as it sheds light on his contributions to the development of science and culture.
Keywords: Husomuddin Akhsikatiy, history of Akhsikent, scientific heritage,
Muntakhab ul-Husomiy, life of the scholar, social life.
HUSOMUDDIN AXSIKATIY YASHAGAN DAVRDAGI IJTIMOIY, SIYOSIY
VA DINIY HAYOT
Nishanova Dildora Komiljanovna
Oriental universiteti,
Tarix kafedrasi dotsenti v.b., PhD
Tel.: +998 99 001-48-87
e-mail: dnishanova@yahoo.com
Annotatsiya. Husomuddin Axsikatiy, XI–XIII asrlarda yashagan muhim ilm-fan
arbobi bo‘lib, uning davri o‘ziga xos ijtimoiy, siyosiy va diniy o‘zgarishlar bilan ajralib
turadi. Biroq, hozirgi kungacha bu davr haqida yetarli ma’lumotlar to‘planmagan va
o‘rganilmaganligi sababli, uning hayoti va faoliyatini to‘liq tushunish qiyin.
Husomuddin Axsikatiy yashagan paytda, O‘zbekiston hududlari Saljuqiylar va
Qoraxoniylar davlatlari tarkibida bo‘lgan. Qoraxoniylar, o‘z navbatida, dastlab
mustaqil davlat sifatida tashkil topgan va o‘z davrida ilm-fan, madaniyat va iqtisodiy
hayotda katta ahamiyatga ega bo‘lgan. Ushbu davrda ilm-fan taraqqiyotida qizg‘in
faoliyat yuritilgan. Shuningdek, diniy va ijtimoiy hayotda ham muhim ijobiy
o‘zgarishlar ro‘y bergan. Biroq, bu xizmatlarga qaramay, Husomuddin Axsikatiy
haqida tadqiqotlar va manbalar juda kam. Natijada, uning ijtimoiy hayotga, ilm-fanga
qo‘shgan hissasini aniqlashda ma’lum bir murakkabliklar yuzaga kelmoqda. Bu holat,
albatta, tarixiy tadqiqotlar uchun qiyinchiliklar keltirib chiqaradi va o‘z navbatida,
tarixiy davrni yanada chuqurroq o‘rganishga zarurat tug‘diradi. Husomuddin Axsikatiy
va uning mazkur davrdagi ta’siri tarixi, ilm-fan va madaniyat rivojiga qilgan
hissasining o‘rganilishi kelajakdagi tadqiqotlar uchun muhim ahamiyatga ega.
Kalit so‘zlar: Husomuddin Axsikatiy, Axsikent tarixi, ilmiy meros, Muntaxab ul-
Husomiy, alloma hayoti, ijtimoiy, hayot.
СОЦИАЛЬНАЯ,َПОЛИТИЧЕСКАЯَИَРЕЛИГИОЗНАЯَЖИЗНЬَВОَ
ВРЕМЯَХУСОМУДДИНАَАХСИКАТИ
НишановаَДилдораَКомилжановна
Университет Ориентал,
И.о. доцент кафедры История, PhD
Teл.: +998 99 001-48-87
e-mail: dnishanova@yahoo.com
Аннотация. Хусомуддин Ахсикати, важный учёный XI–XIII веков,
который жил в эпоху уникальных социальных, политических и религиозных
изменений. Однако, до сих пор недостаточно информации об этом периоде, и его
жизнь и деятельность остаются не до конца понятными. Хусомуддин Ахсикати
жил в то время, когда территории Узбекистана были под властью Сельджукид и
Каракханидских государств. Каракханиды, в свою очередь, были независимым
государством и играли важную роль в развитии науки, культуры и экономики. В
это время научное развитие шло с остротой, а также произошли важные
изменения в религиозной и общественной жизни. Однако, несмотря на это,
исследования и источники по Хусомуддину Ахсикати очень ограничены.
Результатом является то, что трудно достичь полного понимания его роли в
обществе и науке. Недостаток информации создает сложности для полноты
исторических исследований и требует более глубокого изучения эпохи.
Огранение знаний о Хусомуддине Ахсикати и его влиянии на историю науки и
культуры является важным для будущих исследований.
Ключевыеَ слова: Хусомуддин Аксикатий, история Аксикента, научное
наследие, Мунтахаб ул-Хусомий, жизнь улемы, социальная жизнь.
KIRISH
Ma’lumki, Husomuddin Axsikatiy XI–XIII asrlarda ilm-fan taraqqiy etgan bir
davrda yashagan. Bu vaqtda mazkur hududlar Saljuqiylar va Qoraxoniylar
(Xoqoniylar)ga tegishli bo‘lgan. Qoraxoniylar, dastlab mustaqil davlat sifatida faoliyat
yuritgan. Keyinchalik Qoraxoniylar davlati Saljuqiylar hukmdori Malikshoh tomonidan
(480–481/1087–1088) bosib olinadi va bu yеrlarni u Qoraxoniylar vositasida
boshqaradi. Ammo 1141–1142-yillarda (hijriy 536) Saljuqiylar hukmdori Sulton Sanjar
Movarounnahrni Qoraxitoylarga boy beradi. Saljuqiylar kabi Qoraxitoylar ham davlat
boshqaruvida Qoraxoniylardan foydalanadi. Xususan, Qoraxoniylar hukmdori
Arslonxon (1102-1130) tomonidan 16 ming xitan oilasi Movarounnahrga ko‘chirilib,
ulardan Qoraxoniylar davlati chegaralarini himoya qilish uchun foydalanilgan. Xitan
aholisi ko‘payishi bilan Arslonxon ayollarni erkaklardan alohida joylashtirishni
buyuradi. Shundan so‘ng xitanlar Bolasog‘unga ko‘chib o‘tdilar va ular bilan Arslonxon
o‘rtasida tez-tez to‘qnashuvlar bo‘lib turadi (Дутураева Д., 2010:31).
Ichki ziddiyatlar ayni kuchaygan vaqtda Bolasog‘un xoqoni taxtni saqlab qolish
niyatida Qoraxitoy Go‘rxoniga yordam so‘rab murojaat qiladi. Go‘rxon bu taklifni
ko‘pdan kutib yurganligi bois, u katta qo‘shin yuborib, Qoraxoniylarning markaziy
shahri Bolasog‘unni ishg‘ol qiladi va o‘z qarorgohini shahar yaqinida o‘rnatadi
(Shoniyozov K., 2020: 239). Qoraxitoylar ko‘p vaqt o‘tmay Yettisuv va Sharqiy
Turkistonni ishg‘ol qiladilar. Qoraxitoylar Bolasog‘unni olgan vaqtida (1129—1130)
bu yеrda Elxon Ahmad Ibn Xasan xonlik qilgan (u taxtga 1103-yilda o‘tirgan).
Musulmon manbalarida qayd etilishicha, Qoraxitoy hukmdorlarining davlat boshliqlari
unvoni Go‘rxon bo‘lgan. Ibn Asirning talqin qilishicha: Go‘r xitoy tilida podshohlarni
ulug‘lovchi unvon, ya’ni, ulug‘lar ulug‘i, degan ma’noni bildirgan. XII asrning 30-
yillari oxirlarida Qoraxoniylar davlatining sharqiy qismi batamom Qoraxitoylar
qo‘liga o‘tgan.
Qoraxitoylar Sharqiy va G‘arbiy Turkistonda, Movarounnahrda 526/1130–1211-
yillar orasida hukmronlik qilgan mo‘g‘ul davlati edi. Ulardan so‘ng 607/1210-yilda
Xorazmshohlar hokimiyat tepasiga kelgan va Qoraxoniylar hukmronligi o‘z
nihoyasiga yеtgan.
Qoraxoniylar sulolasining (225-607/840-1211) yuksalishi natijasida musulmon
jamiyatida chuqur o‘zgarishlar ro‘y berdi (Бартолд В. 1963: 137). Bu sulolaning
nomini Yevropa sharqshunoslari Qoraxoniylar deb atagan. Chunki, ularning
unvonlariga qora («qudratli») degan unvon qo‘shib aytilgan. Shuningdek, ular
Ilikxonlar (aniqrog‘i, ilig) deb ham ataladi (Bosvort K., 2007: 87). Qoraxoniylar davlati
g‘arbda Buxorodan va Sirdaryoning quyi oqimidan sharqda Yetti suv va
Qoshg‘argacha yеtgan. 407/1016-yilda Qoraxoniylar o‘rtasida o‘zaro nizo boshlanadi
va taxminan, 433/1041-yildan keyin esa, yaxlit xonlik ikki qismga ajralib ketadi.
Natijada, markazi Buxoroda bo‘lgan Movarounnahr va Farg‘onaning Xo‘jandgacha
boradigan g‘arbiy hududlarini o‘z ichiga olgan g‘arbiy xonlik, hamda o‘z ichiga Talas,
Isfijob, Shosh, Farg‘onaning sharqiy hududlari, Yettisuv va Qoshg‘arni olgan sharqiy
xonlik yuzaga keldi (Bosvort K., 2007: 87). Bu xonlikning siyosiy va harbiy poytaxti
Bolasog‘un bo‘lgan, ammo doimiy va madaniy markazi Qoshg‘ar edi. Qoraxonlar
hukmronligi Movarounnahrda qariyb 200 yil davom etdi (Shoniyozov K., 237-bet).
Tadqiqotchilarning fikricha, Qoraxoniylar turkiy qabilalar konfederatsiyasidan
iborat bo‘lib, ular tarkibida Qarluq, Yag‘mo, Chigil, Tyurgash, Arg‘un, O‘g‘uz kabi
yirik qabilalar bor edi (Shoniyozov K., 237-bet).
Qoraxoniylarning boshqaruv institutida turkiy davlatga xos kuchli an’analar
saqlanib qolgan bo‘lib, ular Alp-tegin, Atim-tegin, Tog‘an-tegin, Tog‘ril-tegin, Ulug‘-
tegin, Humtegin, Chag‘ri-tegin, Aka-og‘a, Subashi og‘a, Tonga-og‘a, Yel-og‘a,
Tarxan/tarkan, bek kabi titul va unvonlar ostida hukumronlik qilgan (Кочнев Б.,
2006:126).
Qoraxoniylar davlati Somoniylar davlati kabi markazlashmagan bo‘lsa-da, uni
birlashtirishga harakat qilgan shaxslardan biri Ibrohim Tamg‘ochxon edi. Xususan,
uning markazlashtirish siyosati pul tizimini birlashtirishda ham ifodalangan (Кочнев
Б., 2006: 138).
Mazkur pullar butun hudud bo‘ylab tarqamagan bo‘lsa-da (ba’zi hududlarda
dirham, boshqalarida esa, mis-qo‘rg‘oshin pullar muomalada bo‘lgan),
Movarounnahrda keng tarqaldi.
Qoraxoniylar davlati o‘z davrida g‘arb va sharq o‘rtasidagi «Oltin ko‘prik»
vazifasini o‘tagan. Bunda Buyuk ipak yo‘lining asosiy tarmoqlari mazkur hududdan
o‘tganligi va u turli dinlar, shu jumladan, islom dini tarqalishiga katta hissa
qo‘shganligini alohida ta’kidlash lozim (Кылычев А., 2016: 207-210). Qoraxoniylar
taxtiga 24 yoshida o‘tirgan hukmdorlardan biri Satuk Bug‘roxon islom dinini rasman
davlat dini deb e’lon qildi (Айдын A., 2004: 74). Bu nafaqat turkiy qabilalar
tomonidan islomning ommaviy qabul qilinishiga va ularning etno-madaniy muhitiga
ta’sir ko‘rsatdi, balki islom dinining keyingi tarixida ham hal qiluvchi rol o‘ynadi.
Satuk Bug‘roxon tomonidan islom dinining qabul qilinishi masalasi manbalarda
turlicha talqin qilinadi. Jumladan «Tazkira-i Bug‘roxon» asarida keltirilishicha
Somoniylar sulolasi vakili xoja Abu Nasr Samoniy Olloh tomonidan Satuk
Bug‘roxonning ustozi etib tanlangan. U tushida Muhammad (s.a.v.)ni ko‘radi va undan
Turkistonga jo‘nab ketish hamda Qoraxoniylarni topish ishorasini oladi. Safardan
maqsad Satuk Bug‘roxonga Qur’onni o‘rgatish edi. Bir so‘z bilan aytganda, Satuk
Bug‘roxon «islomni qabul qilish va turkiy xalqni musulmon qilish» uchun
mo‘jallangan shaxs edi.
Satuk Bug‘roxon o‘z tangalarini Shihabu-d-davla laqabi ostida zarb qildirgan.
Lekin bu laqab xalifa tomonidan rasman unga berilmagan. Bunday «o‘z-o‘zini
tabriklash» o‘sha paytdagi odatiy amaliyotga zid bo‘lgan va bu «Qoraxoniylar islomi»
«xalifalik islomi» bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq bo‘lmaganligini ko‘rsatadi (Кочнев
Б., 2006: 83). Keyinchalik u Xorun laqabli Abdulkarim nomli musulmoncha ism bilan
chaqirila boshladi (Джамоли С., 2018: 95).
Manbalarda Qoraxoniylar Farg‘onadan Shosh (Toshkent)gacha bo‘lgan yеrlarni
qaysi vaqtda qo‘lga kiritganligi to‘g‘risida aniq ma’lumotlar uchramaydi. Lekin
Qoraxoniy hukmdor Eloq Nasrxon davrida, to‘g‘rirog‘i 380\990-91-yillarda
Farg‘onada tangalar zarb qilingan (Караев О., 1983: 114). X asrda Farg‘onada Quva,
Nasrobod kabi yirik shaharlar bo‘lishi bilan birga, alohida qismlar ham mavjud edi. X-
XII asrlarda Axsi, Marg‘ilon, Rishton, Andijon kabi shaharlar siyosiy va iqtisodiy
markazlar sifatida muhim ahamiyatga ega bo‘ldi (Бернштам А., 1951). Xususan, tog‘-
kon sohasida, asosan, janubiy mintaqalardan, jumladan, merkuriy (Sox), oltin va
kumush (Nekad), ammiak, qatron, asbest, firuza, temir, mis va qo‘rg‘oshin (Nessay
mintaqasi)dan qazib olingan. Shimoliy Farg‘onada ham ruda konlari bor edi. Masalan,
Axsikent yaqinidan kumush va oltin qazib olingan. Bundan tashqari, mintaqada
pardador, dovotdor, tashtdor, jashnigir, qutvol, salor, sarhang, sipohsalor, biruq,
ag‘ichi, qushchi, chovush, xaylboshi kabi rasmiy lavozimlar ham joriy qilingan
(Zinatullaev Z., 2022: 20). Maqdisiyning ma’lumotlariga ko‘ra (Халмўминов У.,
2021: 82), IX-X asrlarda Farg‘onadan, shuningdek, Isfijobdan turkiy qullar bilan birga
oq matolar, qurollar, qilichlar, mis, temir eksport qilingan. Metall buyumlar, ayniqsa,
qurol-yarog‘ hatto Bag‘dodda ham sotilgan.
Markaziy Osiyo mintaqasiga temir asosan Farg‘ona va Ustrushonadan yеtkazib
berilgan. Farg‘onalik ustalar temirga ishlov berishda juda mohir bo‘lgan va ular qurolyarog‘ bilan birga, pichoq hamda ignalar yasagan. Shuningdek, bu yеrda har oyda bir
marotaba hunarmandlar tomonidan yarmarka o‘tkazilgan va unga uzoq hududlardan
savdogarlar, hunarmandlar kelib qatnashgan. Farg‘ona Qoraxoniylar davrining
dastlabki bosqichlarida siyosiy voqealar markaziga aylandi. Qoraxoniylarga qarshi
chiqqan Muntasir O‘zgan shahridagi qamoqxonaga qamaladi va u yеrdan qochib,
qo‘zg‘olon boshlaydi. Qo‘zg‘olon bostirilgandan keyin uning ukalari va tarafdorlari
qamoqqa tashlandi. Bu vaqtda Qoraxoniylar o‘rtasida do‘stona ittifoq tuzish uchun
Mahmud G‘aznaviy O‘zganga tashrif buyuradi. Nasr Mahmud G‘aznaviyga Farg‘ona
boyligini namoyish еtuvchi sovg‘alarni topshiradi. Ushbu sovg‘alar orasida muskus,
otlar, tuyalar, qullar va ayol, oq lochinlar, qora mo‘ynalar, xutu shoxlari, Xitoy
zargarlik buyumlari, Nefrit toshlari bor edi (Большаков О., 1974: 286).
IX–X asr boshlarida yashab faoliyat yuritgan Ibn Xordadbeh, Ibn Ruste, Al
Ya’qubi, Qudama kabi geograflar, asosan, Farg‘onadan o‘tgan savdo yo‘llari haqida
yozadilar. Masalan, Ibn Xordadbeh transkontinental yo‘lni tasvirlash jarayonida
Farg‘onadagi quyidagi shaharlarni eslatib o‘tadi: Xo‘jand (Xo‘jend), Bab (Pap),
Farg‘ona (Parkana), Quba (Quva), Ush (O‘sh), O‘zgend (O‘zgan), va Atbash.
Tadqiqotchi A. Anorboyev, Ibn Xordadbeh ma’lumotiga suyanib Farg‘ona shahrini
(unga ko‘ra, Farg‘ona shahri Bab va Fargan shaharlari o‘rtasida 4 farsax masofada
joylashgan) eski Ahsi deb ta’kidlaydi va mazkur ma’lumotlar savdo yo‘llarini
o‘rganish hamda mahalliylashtirish uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini aytib
o‘tadi (Анарбаев А., 2017: 92).
Mo‘g‘ullar davrigacha bo‘lgan o‘rta asr yozma manbalarida keltirilgan Markaziy
Osiyo shaharlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar V.V. Bartoldning ishlarida keltirilgan
(Бартолд В., 1963: 220-221). U o‘z tadqiqotida Farg‘onada masjidlar bilan birga 40 ta
shahar va qishloqlar borligini aytib o‘tadi hamda ulardan 31 tasining nomlarini
keltiradi. O.G. Bolshakov esa, 39 ta shahar borligini qayd etadi. Ba’zi sabablarga ko‘ra,
Axsikent bu shaharlar ro‘yxatiga kiritilmagan (Анарбаев А., 2017: 92). Ushbu
ma’lumotlar o‘rta asrlarda Farg‘onani ko‘plab shahar va qishloqlarga ega bo‘lgan
gullab-yashnayotgan mamlakat bo‘lganidan darak beradi. Bu yеrdan oltin, kumush,
mis, qo‘rg‘oshin, bronza, ammiak, simob, yonadigan tosh (ko‘mir), magnit va boshqa
minerallar qazib olingan. Yozma manbalarga ko‘ra, Farg‘onaning poytaxti Axsikent
edi va u uch qism bilan: ko‘handiz, rabod, va devor bilan himoyalangan.
Axsining janubi-sharqiy qismida, massivdagi qal’a yaqinida joylashgan juma
masjidi arxeologlar tomonidan topib o‘rganilgan. Shahristonning sharqiy qal’a devori
va chuqur o‘rtasida qal’aning xandaqi va uning atrofida qo‘shimcha binolar bilan birga,
juma masjidi qoldiqlari topilgan. Bu yеrda to‘rtta qurilish davri aniqlangan. Ulardan
uchtasi Mo‘g‘ullargacha bo‘lgan davrda qurilgan masjid va to‘rtinchisi sanoat
binolaridan iborat. Masjid mehrobi g‘arbiy devor tomonda joylashgan va ganchlar
bilan bezatilgan. Farg‘onada ilk o‘rta asrlarda Axsikent, Koson, Quva, O‘zgand kabi
shaharlar mavjud bo‘lganligi xitoy, arab-fors tilidagi yozma manbalar va arxeologik
qazishmalardan ham ma’lum. Ular vodiydagi bir qator shahar va yirik aholi
maskanlarini o‘z ichiga oluvchi alohida-alohida siyosiy-ma’muriy markazlashgan
shaharlar hisoblanganligi bois, boshqaruv markazlari aynan qaysi shaharlar bo‘lgani
masalasida ham tadqiqotchilar orasida farqli qarashlar bor . Biroq yozma manbalarda,
ba’zan Kosonni yoki Quvani, ba’zan esa O‘zgandni boshqaruv markazi sifatida
eslatilishi tadqiqotchilardan bu masalani chuqurroq o‘rganishni talab qiladi. Xitoy
manbalarida Sigyan (bugungi Eski Axsikent yodgorligi) shahri Farg‘onaning poytaxti,
deb ko‘rsatiladi. IX-XII asrlarda vodiyda bo‘lgan arab va fors geograflari asarlarida
Farg‘ona vodiysida 40 ta shahar bo‘lgani, uning poytaxti Sirdaryo bo‘yidagi Axsikat
(Axsikent) ekani, uning aylanasi 3 farsaxdan (18 km) kam emasligi eslab o‘tiladi.
Shuningdek, “Axsikat, tekislikdagi shahar, tog‘lar bilan orasi bir farsax. Daryoning
o‘ng sohilida, bozorlari shahar va rabodda joylashgan, kattaligi farsaxning o‘ndan olti
qismichadir”, - degan ma’lumotlar ham bor. “Boburnoma”da Axsikentga shunday
tavsif beriladi: “… Farg‘onada Andijondin so‘ngra mundin ulug‘roq qasaba yo‘qtur…
Umarshayx Mirzo muni poytaxt qilib edi.” Mazkur ma’lumot Axsikent o‘zbek
davlatchiligi tarixida muhim o‘rin tutganligini ko‘rsatadi.
Quva ikkinchi yirik shahar hisoblangan. U ham ko‘handiz, shahriston va raboddan
iborat bo‘lib, devorlar bilan o‘ralgan. Shaharda katta juma masjidi joylashgan.
Qoraxoniylar ko‘chmanchi turkiy qabilalar bo‘lganligi uchun asosan chorvachilik
bilan shug‘ullangan. Shunday bo‘lsa-da, ular X-XI asrlarda o‘troqlasha boshlagan.
Mazkur sulola davrida o‘troq dehqonchilik madaniyati eng rivojlangan hududlar
Farg‘ona va Movarounnahr edi. Yerga sultoniy (sulolaga tegishli), amloki xos
(xususiy), devon (davlat) va vaqf yеrlari ko‘rinishida egalik qilingan. Qoraxoniy
hukumdorlar va ayrim mansabdor shaxslar o‘z yеr-mulklari hisobidan masjid va
madrasalarga vaqf ko‘rinishida ulush ajratganlar. Xususan, Ibrohim ibn Nasrga tegishli
ikkita vaqf hujjatining nusxasi hozirgi kungacha saqlanib qolgan. Bu hujjat, dastlab,
O.G. Bolshakov, keyinchalik Sh. Kamoliddin tomonidan batafsil o‘rganilib, tadqiq
etilgan.
Yuqorida keltirilgan vaqf hujjatlarining birinchisi Samarqand shahrida joylashgan
shifoxonaga tegishli bo‘lib, Ibrohim ibn Nasr Tamg‘ochxon bemorlarga oziq-ovqat,
turli xil ichimliklar, shifokorlar va boshqa xodimlarga zarur bo‘lgan maosh hamda
zarur narsalar uchun ikkita mehmonxona, do‘konlarni vaqf qiladi (Болшаков О., 1971:
172). Shu o‘rinda Ahsi shahrining yuqori qismida ham shifoxonalar muvaffaqiyatli
faoliyat yuritganligini aytib o‘tish o‘rinli.
Ikkinchi vaqf ham Samarqandning mashhur Bob jadid degan joyida joylashgan
madrasaga tegishli bo‘lib, madrasa tarkibiga masjid, maktab, Qur’on o‘qish joyi,
hujralar, binolar va hovli kirgan. Unga uchta mehmonxona, karvonsaroy, erkaklar
hammomi, uzumzorlar, ekin maydonlari vaqf qilingan.
Qadimgi Xitoy tarixchisi Si Ma Syanning "Tarixiy xotiralar" (Shi Ji") asarida
yozilishicha: "Davan Xan sulolasidan 10 ming li (Li qadimda taxminan 0,5 km ga teng
bo‘lgan, hozir esa 576 m. deb qabul qilingan) olisda bo‘lib, xunlarning g‘arbi-janubiga,
Xan (sulolasi) ning aynan g‘arbiga to‘g‘ri keladi. Davanda shahar, qal’a, uy-joylar bor,
katta-kichik 70 dan ortiq shaharlar bor ekan. Ularda 60 ming oila (300 ming odam)
yashar ekan. Bu asarda, ya’ni "Shi Ji"da Davanning ikkita poytaxti bo‘lganligi,
ularning biri Ershi bo‘lsa, ikkinchisi Yu (Yuchen) ekanligi tilga olinadi. Bu ikki
shaharning lokalizatsiyasi masalasida olimlar o‘rtasida hozirgacha ilmiy munozara va
bahslar davom etadi. O‘zbekiston tarixining 1950-yilda chop etilgan nashrida Davan
hukmdorining qarorgohi Gushan (Yu-chen) O‘zgan shahri bilan taqqoslanadi, Ershi
esa, A.N. Bernshtamga asoslanib, Andijon viloyatining Marhamat tumanida
joylashgan Mingtepa deb ko‘rsatiladi. O‘z davrida N.Y. Bichurin Ershi Qo‘qon
bo‘lishi kerak, degan fikrni o‘rtaga tashlagan. Ershi shahrining o‘rni masalasida A.N.
Bernshtam tahlilining tarafdorlari ko‘proq. Ammo keyingi yillarda Ershining
lokalizatsiyasi masalasida A. Anorboyev yangi fikr bilan chiqib, Ershi bu eski
Axsikentdir, degan asosli xulosaga keldi (Асқаров А., 2007: 172).
Qoraxoniylar davrida barpo etilgan madrasa va masjidlar va ularning faoliyati,
Qoraxoniy hukmdorlarning ilm-fan rivojiga katta ahamiyat berganliklarini va bu esa,
hanafiy mazhabining Movarounnahr bo‘ylab tarqalishi asosiy sabablardan biri
bo‘lganini ko‘rsatadi. Bu holat, o‘z navbatida, Faxruddin O‘zjandiy yashab, ijod qilgan
davrning ilmiy muhiti haqida tasavvur hosil qilishda alohida o‘rin egallaydi. Hanafiy
mazhabining rivojiga hissa qo‘shgan Ubaydulloh ibn Umar Dabusiy (vaf. 456/1063),
Halvoniy (vaf. 482/1089), Saraxsiy (400/483-1009/1090), Bazdaviy (vaf. 482/1089),
Umar Sadr Shahid (vaf. 536/1141), Umar Nasafiy (vaf. 537/1142), Ibn Moza Mahmud
(vaf. 570/1174), Alouddin Kosoniy (vaf. 546/1151), Qozixon (vaf. 592/1196) va
Marg‘inoniy (vaf. 594/1197) kabi faqihlarning Qoraxoniylar davrida yеtishib
chiqqanligi va Movarounnahrdan bo‘lganliklari bu davrning hanafiy mazhabi rivoji va
uning Movarounnahr bo‘ylab keng tarqalishiga katta ta’sir ko‘rsatgan. Qoraxoniylar
davrida Samarqand, Saraxs va Buxoro kabi Movarounnahr shaharlari mustaqil ilm
markazlari bo‘lib, u yеrlarda hanafiy mazhabining asoslari ishlab chiqilgan. Bu yеrda
musulmon turkiy hukmdorlarning faqihlarga ko‘rsatgan iltifotlari ham katta ta’sirga
ega bo‘lgan. Qoraxoniylar davrida yashab ijod etgan Movarounnahrlik faqihlar
mujtahid faqihlar bo‘lgani sababli islom huquqi tarixida Qoraxoniylar davrini
“mujtahid imomlar davri”ga kirgizish mumkin.
Ko‘rib chiqilayotgan davrlarda Movarounnahrdan ko‘plab buyuk mufassirlar,
muhaddislar, mutakallim va faqihlar yеtishib chiqqan. Ular jahon sivilizatsiyasiga boy
ilmiy-ma’naviy meroslari bilan ulkan hissa qo‘shganlar. Shunday allomalardan biri
Farg‘onaning Lomish qishlog‘idan chiqqan yirik olim Mahmud ibn Zayd Lomishiydir.
Yozma manbalarda keltirilishicha, Lomish qishlog‘idan bir qancha olimlar -
Lomishiylar yеtishib chiqqan bo‘lib, ulardan ikkitasi ayniqsa, alohida shuhrat
qozongan (Уватов У., 2007: 155-157). Ulardan biri Abu Sana Mahmud ibn Zayd
Lomishiy bo‘lib, u Hanafiy mazhabi bo‘yicha yirik mutakallim va faqih sifatida
tanilgan. Ikkinchisi esa, hadisshunos olim Husayn ibn Ali ibn Abulqosim Imoduddin
Lomishiy deb atalib, u milodiy 1049 (hijriy 441) yilda Lomish qishlog‘ida tug‘ilgan va
milodiy 1128-yilning (hijriy 522) ramazon oyida Samarqandda vafot etgan (Уватов
У., 2007: 155-157). Imom Lomishiyning ilohiyot masalalariga bag‘ishlangan asari
«kitob Tamxiyd li-qavoid tavhiyd» (“Tavhid (Allohning yagonaligi) qoidalariga doir
qo‘llanma kitob”) deb atalib, uning titul varag‘ida muallif haqida «Imomu-l-alloma
shayxu-l-islom Lomishiy» deb yozilgan. Qo‘lyozmalarning ikkinchisi esa, fiqh (islom
qonunshunosligi) asoslari haqidagi «kitob fi usulu-l-fiqh» nomli asardir. Imom
Lomishiyning topilgan qo‘lyozmalaridan biri «kitobu-t-tamhiyd li-qavoidu-t-tavhiyd»
asari ahli sunna val jamoa aqidasining qonun-qoidalarini g‘oyatda ommabop va yеngil
uslubda sharhlab tushuntirib bergan. Asarda o‘sha davrda mavjud bo‘lgan turli-tuman
diniy toifalar - mujassamalar, daysoniylar, karromiylar va boshqalarga ta’rif berilgan
hamda muallif ularning qarashlariga o‘z munosabatini bildirgan.
Mashhur olim Yoqut Hamaviy (1170-1221)ning «Mu’jami buldan” (“Shaharlar
qomusi”) asarida ham Farg‘onaning turli shahar va qishloqlarida yashab ijod qilgan
jami 18 nafar mashhur shaxslar (faqihlar, muhaddislar, adiblar, sufiy shayxlar) haqida
ma’lumotlar berib o‘tiladi. Asarda muallif Hojib ibn Molik ibn Irkin Abu-l-Abbos
Turkiy Farg‘oniy haqida ma’lumot bergan. Olim tug‘ilgan sana noma’lum bo‘lib,
Damashqda yashagan. 296/908-yil Asbahonda bo‘lgan. Bag‘dodda hadis aytgan.
306/918-yil Damashqda vafot etgan. Yoqut Doriqutniy (306/918-385/995)dan keltirib,
«Unda [Farg‘oniyda] hech qanday yomonlik yo‘q edi» deydi. «Mu’jami buldan»da
olimning hadisshunoslikdan ta’lim olgan olti ustozi va shogirdlaridan besh nafari
nomlari zikr qilingan. Ular qatorida mashhur hofiz, imom Abu-l-Qosim Tabaroniy
(260/873-360/970) nomi ham ko‘rsatilgan.
Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar imom Muhammad ibn Muhammad ibn Umar
Husomuddin Axsikatiy (kunyasi Abu Abdulloh) yashagan davrdagi ijtimoiy muhit,
iqtisodiy, siyosiy va diniy vaziyatni imkon qadar ochib berishga xizmat qiladi. Bu esa,
o‘sha davr muhitida bunday olimlarning yеtishib chiqishiga sabab bo‘lgan holatlarni
anglash, muallif shaxsini turli rakurslardan o‘rganish imkonini beradi. Allomalarning
hayoti va faoliyati haqida ma’lumotlar bizgacha yetib kelmagan bo‘lsa-da, ularning
yozgan asarlaridan salohiyati, yo‘nalishi hamda asarining o‘rganilishi va sharhlariga
qarab tadqiqotchiga xulosa beradi. Jumladan, Husomuddin Axsikatiyning bizgacha
ma’lum bo‘lgan asarlarining barchasi usulu-l-fiqh ilmiga oid asarlar bo‘lib, mazkur
asarlar allomaning faqih ekanligining dalilidir. O‘z davrida allomaga “Husomuddin”
taxallusi berilganligi olimlikning yuksak darajasidaligi, hamda o‘z davridayoq xalq
e’tirofida bo‘lganligini taxmin qilishimiz mumkin. Zero, mazkur taxallus ilm yuqori
bo‘lgan faqihlarga berilgan.
FOYDALANILGANَADABIYOTLARَRO‘YXATI:
1. Асқаров А. (2007) Ўзбек халқининг этногенези ва этник тарихи. –
Тошкент: “Университет”.
2. Бобожонов А. Ёқут Ал-Ҳамавийнинг «Мужам Ал-Булдон» асарида
Фарғона ва Фарғоналик олимлар.
3. Караев О. (1983) История Караханидского каганата (С начало XIII вв).
Фрунзе: Илм.
4. Большаков О.Г. (1974) Город Средней Азии в конце VIII-начале XIII вв.
Средневековый город. – Москва.
5. Болшаков О.Г. (1971) Два вакфа Ибрахима Тамгач Бугра-хана в
Самарканде // СНВ, вып. 10. – Москва. – С. 170-178.
6. Шамсиддин Камолиддин, Махмудова Мухайё, Мусаметов Баходир.
(2012) Два вакфа Тамгач Бугра-хана в Самарканде. – Германия.
7. Нурматова Г. (2010) Средневековый Ахсикент (IX - XII) // Ученые
записки.
8. Уватов У. (2007) Ал-Ломиший-Калом ва фиқҳ илмининг алломаси //
Марғилон шаҳрининг жаҳон цивилизaцияси тарихидаги ўрни. Марғилон
шаҳрининг 2000 йиллик юбилейига бағишланган халқаро илмий конференция
материаллари. – Тошкент. “Фан” нашриёти. – Б. 155-157.
REFERENCES:
1. Asqarov A. (2007) O‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. – Toshkent:
“Universitet”.
2. Bobojonov A. Yoqut Al-Hamaviyning «Mujam Al-Buldon» asarida Farg‘ona
va Farg‘onalik olimlar.
3. Karayev O. (1983) Istoriya Karaxanidskogo kaganata (S nachalo XIII vv).
Frunze: Ilm.
4. Bolshakov O.G. (1974) Gorod Sredney Azii v konse VIII-nachale XIII vv.
Srednevekoviy gorod. – Moskva.
5. Bolshakov O.G. (1971) Dva vakfa Ibraxima Tamgach Bugra-xana v
Samarkande // SNV, vip. 10. – Moskva. – S. 170-178.
6. Shamsiddin Kamoliddin, Maxmudova Muxayyo, Musametov Baxodir. (2012)
Dva vakfa Tamgach Bugra-xana v Samarkande. – Germaniya.
7. Nurmatova G. (2010) Srednevekoviy Axsikent (IX - XII) // Ucheniye zapiski.
8. Uvatov U. (2007) Al-Lomishiy-Kalom va fiqh ilmining allomasi // Marg‘ilon
shahrining jahon sivilizatsiyasi tarixidagi o‘rni. Marg‘ilon shahrining 2000 yillik
yubileyiga bag‘ishlangan xalqaro ilmiy konferensiya materiallari. – Toshkent. “Fan”
nashriyoti. – B. 155-157.