ANALYSIS OF COMMENTS ON THE SCIENTIFIC HERITAGE OF
ABUَJA’FARَMUHAMMADَIBNَJARIRَAT-TABARI
Alijonova Gulnozaxon Muhammad qizi
Oriental University,
Teacher of the History department, PhD
Tel.: +998 99 871-11-92
e-mail: gulnozaalijonova58@gmail.com
Annotation. The Eastern Renaissance is of particular importance as it
encompasses a period of great achievements in such fields as science, mathematics,
astronomy, medicine, chemistry, philosophy and geography. Islamic scholars made
new scientific discoveries based on ancient Greek and Persian scientific traditions. In
particular, the scientific works of scholars such as al-Khwarizmi, Beruni, Ibn Sina,
Fakhriddin Razi, Tusi and Ibn Rushd are of great importance. The works of these
scholars were widely distributed not only in the Islamic world, but also in Europe and
later became the basis for starting scientific revolutions. At the same time, many
encyclopedic scholars also wrote in the field of history. One of such commentators and
historians was Abu Ja’far Tabari. This article analyzes the views and scientific research
of Western and Eastern scholars regarding the scholar’s scientific heritage, as well as
the scholar’s contribution to the science of history.
Keywords: Sheikh Manna’ ibn Khalil Qattan, Michael Jean de Goeje, Theodore
Noeldeke, Wilferd Madelung, “Kitab al-aruz”, “Jami’ al-bayan”, “Latif al-havl”,
“Kitab al-i’tizar”.
ABUَJAʼFARَMUHAMMADَIBNَJARIRَAT-TABARIYNING ILMIY
MEROSIGA OID MULOHAZALAR TAHLILI
Alijonova Gulnozaxon Muhammad qizi
Oriental Universiteti,
Tarix kafedrasi o‘qituvchisi, PhD
Tel.: +998 99 871-11-92
e-mail: gulnozaalijonova58@gmail.com
Annotatsiya. Sharq Renessansi ilm-fan, matematika, astronomiya, tibbiyot,
kimyo, falsafa va geografiya kabi sohalarda katta yutuqlarga erishgan davrni qamrab
olganligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Islom olimlari qadimgi yunon va fors ilmiy
an’analari asosida yangi ilmiy kashfiyotlar qilganlar. Xususan, al-Xorazmiy, Beruniy,
Ibn Sino, Faxriddin Roziy, Tusiy va Ibn Rushd kabi olimlarning ilmiy ishlari katta
ahamiyatga ega. Bu olimlar asarlari nafaqat Islom dunyosida, balki Yevropada ham
keng tarqaldi va keyinchalik ilmiy inqiloblarni boshlashga asos bo‘ldi. Shu bilan
birgalikda, tarix sohasida ham ko‘plab qomusiy allomalar qalam tebratdi. Mana
shunday mufassir va tarixchi olimlardan biri Abu Ja’far Tabariy edi. Mazkur maqolada
olimning ilmiy merosiga oid g‘arb va sharq olimlari qarashlari va ilmiy tadqiqotlari
hamda olimning tarix ilmiga qo‘shgan hissasi tahlil qilingan.
Kalit so‘zlar: Shayx Manna’ ibn Xalil Qatton, Mixael Jan de Goeje, Teodor
Noldeke, Vilferd Madelung, “Kitobu-l-aruz”, “Jomi’u-l-bayon”, “Latifu-l-hovl”,
“Kitobu-l-i’tizar”.
АНАЛИЗَКОММЕНТАРИЕВَКَНАУЧНОМУَНАСЛЕДИЮَ
АБУَДЖАФАРАَМУХАММАДАَИБНَДЖАРИРАَАТ-ТАБАРИ
АлиджоноваَГульназаханَМухаммадَкизи
Преподаватель кафедры истории, PhD
Teл.: +998 99 871-11-92
e-mail: gulnozaalijonova58@gmail.com
Аннотация. Восточное Возрождение имеет особое значение, поскольку
охватывает период великих достижений в таких областях, как наука, математика,
астрономия, медицина, химия, философия и география. Исламские ученые
совершили новые научные открытия, основанные на древнегреческих и
персидских научных традициях. В частности, большое значение имеют научные
труды таких ученых, как аль-Хорезми, Беруни, Ибн Сина, Фахриддин Рази, Туси
и Ибн Рушд. Труды этих ученых были широко распространены не только в
исламском мире, но и в Европе и впоследствии стали основой для начала
научных революций. В то же время многие ученые-энциклопедисты также
писали в области истории. Одним из таких комментаторов и историков был Абу
Джафар Табари. В этой статье анализируются взгляды и научные исследования
западных и восточных ученых относительно научного наследия ученого, а также
вклад ученого в науку истории.
Ключевыеَ слова: Шейх Манна ибн Халил Каттан, Михаэль Жан де
Гоедже, Теодор Ноэльдеке, Вильферд Маделунг, «Китаб аль-Аруз», «Джами
аль-Баян», «Латиф аль-хавл», «Китаб ал-иътизар».
KIRISH
Islom tarixi tamadduni boshqa sivilizatsiyalardan o‘zining madaniy va ijtimoiy
sohalarda yuksak rivojlanganligi bilan ajralib turuvchi tamaddun beshiklaridan biri
hisoblanadi. Shuningdek, Islom sivilizatsiyasi – tarixan, islom dinining tarqalishi va
rivojlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan, bilim, madaniyat, san’at, ilm-fan va ijtimoiy
tuzumlarning o‘ziga xos tizimi. Islom sivilizatsiyasi VIII asrdan boshlab Arabiston
yarim orolidan boshlanib, butun O‘rta Sharq, Shimoliy Afrika, Ispaniya (Andalus),
Hindiston, Markaziy Osiyo va boshqa hududlarda rivojlanib, o‘rta asrlar davomida eng
ilg‘or sivilizatsiyalardan biriga aylangan.
Islom sivilizatsiyasida ham dunyoviy ham ilmiy sohalarda qalam tebratgan
olimlar alohida ahamiyat kasb etgan. Mazkur allomalardan: Imom Buxoriy, Imom
Termiziy, Muhammad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Imom Moturidiy, Muhammad
Xorazmiy, Beruniy, Tabariy kabi olimlar o‘zlarining ilmiy salohiyatlari bilan e’tiborli
bo‘lishdi. Tarix sohasida samarali faoliyat olib borgan islom tamaddunining eng yirik
vakillaridan biri Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir at-Tabariy edi. Tabariy birinchilardan
bo‘lib tafsir kitobini ta’lif etgan va uni alohida fan sifatida yo‘lga qo‘ygan olimlardan
hisoblanadi.
Bu buyuk zot 839-yilda hozirgi Eronning tarixiy viloyati Tabaristonda tavallud
topgan. Tabariy Tabaristonning Amul shahrida (hozirgi Eron shimolidagi shahar)
zodagon oilada tugʻilgan. Amul shahrida dastlabki taʼlimni olgan. Yetti yoshida u hofiz
(Qurʼonni yoddan biluvchi), sakkiz yoshida imom (qori) hisoblangan. O‘n ikki yoshida
u oʻqishni davom ettirish uchun oʻz uyini tark etib, avval Rayda mashhur muhaddis va
faqihlar qoʻlida oʻz bilimini oshirgan, soʻngra Bagʻdod, Basra, Kufaga borib,
zamonasining mashhur ulamolariga shogird tushgan. Suriya, Falastin va 867-yilda
Misrga borganida yetuk olim sifatida eʼtirof etilgan. 870-yili Misrdan Bagʻdodga
kelgan olim keyingi 50 yillik hayoti davomida sermazmun ilmiy faoliyat olib borgan
(Askalânî, 1971: 100-101).
Abu Jaʼfar oʻzining yoshligi haqida soʻzlab: “Yetti yoshimda Qurʼoni Karimni
yod oldim. Sakkiz yoshga toʻlganimda, taroveh namozlarida insonlarga namoz oʻqib
berar edim. Toʻqqiz yoshga toʻlganimda esa, hadis yoza boshladim”, degan ekan.
Imom Abu Bakr Xatib Bag‘dodiy oʻzining “Tarixi Bagʻdod” kitobida shunday
yozadi: “Abu Jaʼfar Muhammad ibn Jarir Tabariy shunday olim ediki, soʻzlari hukm
oʻrnida qabul qilinardi, uning raʼyiga murojaat qilishardi. U oʻz asrida hech kim
muvaffaq boʻlmagan darajada ilm oldi va ularni yozdi. U Qurʼoni Karimni toʻla yod
olgan, qiroat turlarining barchasini chuqur oʻzlashtirgan, ularning maʼnolarini teran
oʻrgangan olim edi. U hadis ilmida ham benazir boʻlib, sahobalar, tobeinlarning
hayotlari, haqida ham hammadan yaxshiroq bilar edi”, deya ta’riflagan. Imom Tabariy
yuksak eʼtiroflarga sabab boʻlgan “Tafsir”ini yetti yil davomida shogirdlariga aytib
turib yozdirgan. Xatib Bagʻdodiy shunday deydi: “Ali ibn Ubaydulloh Simsimiydan
eshitdimki, ibn Jarir Tabariy qirq yil davomida har kuni qirq varaqdan asar yozgan”
(Sarsûr H., 2004: 48-51).
Shayx Manna’ ibn Xalil Qatton aytadi: “Ibn Jarir va ibn Moja Qur’onni kitob
shaklida tafsir qilgan ilk olimlardandir. Lekin ibn Mojaning tafsiri yo‘qolgan (bizgacha
yetib kelmagan). Muhammad ibn Jarir Tabariy tafsiri bugungacha komil shaklda yetib
kelgan va u zot mufassirlar imomi deya atalgan”.
270/883-yilda ta’lif etilgan “Jami’il bayani fiy tafsiril Qur’an”, ya’ni, “Tafsiri
Tabariy” ayni damdagi eng qadimgi tafsirlardan biridir. Bag‘dodiy rivoyat qiladi:
“Abu Ja’far Tabariy bir kuni o‘z shogirdlariga aytdi: “Tafsir o‘qishni xohlaysizlarmi,
yozib beraymi?” - dedi. Ular: “Qancha varaq bo‘ladi?” - deb so‘rashdi. U kishi: “O‘ttiz
ming sahifa bo‘lsa kerak…” - deb, javob berdi. Shunda shogirdlari: “Kitobning oxiriga
yetmasdan umrimiz tugab qoladi-ku!” - deb, javob berdilar. So‘ng Abu Ja’far Tabariy
kitobni uch ming sahifaga qisqartirib, ta’lif qildi. Soʻngra shogirdlaridan: “Odam
alayhissalomdan bizning vaqtimizgacha boʻlgan olam tarixini yozib beraymi” - deb,
soʻradi. Ular: “Necha sahifa boʻladi?” - deb soʻrashdi. Abu Jaʼfar tafsir kitobining
adadicha miqdorni aytgan edi, shogirdlari ham xuddi oʻshanday javob qaytarishdi.
Shunda Abu Jaʼfar: “Inna lillahi va inna ilayhi rojiun! Odamlarda himmat kamayib
ketibdi.” - deb, tafsirni qisqartirib yozdi”.
Abu Jafar Muhammad ibn Tabariy Misrda boʻlgan chogʻida uch buyuk shofeʼiy
alloma – Ismoil ibn Yahyo al-Muzoniy, Robiy ibn Sulaymon Murodiy va Abu
Abdulloh shofeiy mazhabini to‘liq o‘rgangan. Arab tili va adabiyoti mutaxassisi Abu
Hasan Ali ibn Sarraq al-Misriy bilan yaqin do‘stlik o‘rnatdi. U bilan hadis, fiqh, til,
sintaksis va she’r haqida suhbatlar o‘tkazdi. Bir adabiy suhbatda aruz zikr qilinganida,
Xalil bu mavzudan unchalik xabardor emasligini aytdi. Ahmadning “Kitabu-l-aruz”
kitobini ko‘zdan kechirdi. Shuningdek, Yunus ibn Molikiy fiqhini ham Abdulloh as-
Sadafiydan Hamza va Varsh qiroatlarini ham o‘qigan. Misrning ilk poytaxtlaridan biri
bo‘lgan Fustatda fanning turli sohalarida ta’lim olgan shaxs sifatida katta shuhrat
qozongan. Bu orada Tabariy Shomga borib, u yerdagi ba’zi ulamolardan hadis va qiroat
saboqlarini olgach, Fustatga, so‘ngra 256/870-yili Bag‘dodga qaytadi (Zehebî, 273-
277-betlar). Umrining ellik yilidan ko‘prog‘ini o‘tkazgan Bag‘dodda ko‘plab
muhaddislar istiqomat qiladigan bir mahallaga joylashdi. “Jomi’u-l-bayan” nomli
asarga sharhini yozgach, 290/903-yili shaharning g‘arbiy tomonidagi Shammasiyaga
ko‘chib o‘tdi. Tabariy otasidan qolgan yerning puliga kun kechirardi. Abbosiylar vaziri
Abu Hasan ibn Xoqon taklif qilgan hech qanday lavozimni, jumladan, qozilik, vazirlik
yoki raislikni qabul qilmadi. Oyiga bor-yo‘g‘i 10 dinor evaziga bu vazirning farzandlari
o‘qishini o‘z zimmasiga oldi. Abbosiylarning boshqa vaziri Abbos ibn Hasan al-
Jarjaroyning iltimosiga binoan “Latifu-l-hovl” nomli fiqh kitobini yozgan, ammo vazir
yuborgan 1000 dinorni olmagan (Zehebî, 278-bet).
Abbosiylarning o‘n sakkizinchi xalifasi Muqtadir Billahning iltimosiga ko‘ra
vaqf haqida risola yozar ekan, xalifaning bergan sovg‘asini qabul qilmaydi va unga
sovg‘ani qabul qilishi yoki iltimoslaridan birini bajarishi kerakligi aytiladi.
Umrining oxirigacha tasnif va yozish bilan band bo‘lgan Tabariy ko‘plab
shogirdlar tarbiyalagan bo‘lib, o‘z shogirdlariga o‘zlarining asarlarini yozishni
buyurdi. Tabariy ilm majlislarida qatnashib, suhbatlar o‘tkazdi, savollarga javob berib,
ijtimoiy masalalar yuzasidan fatvolarga javob berdi. Tabariy o‘zi yozgan va tasniflagan
asarlari bilan qiroat, tafsir, ma’no, hadis, fiqh va tarix sohalarida katta nufuzga ega
bo‘ldi. Ayni paytda Bag‘doddagi hanbaliylar va zohiriy mazhabi a’zolarining o‘ziga
bo‘lgan dushmanligi tufayli u juda ko‘p azob chekdi. Ahmad ibn Hanbalni faqih
sifatida qabul qilmasligi va uning fiqhiy qarashlarini, ayniqsa “Ihtilafu-l-fuqaho” nomli
asariga kiritmaganligi hanbaliylarni unga qarshi harakat qilishiga sababchi bo‘lgan
omil hisoblanadi. Shuning uchun Tabariy hanbaliylarning Qur’oni Karimda zikr
qilingan “maqomi mahmud” (Isro surasi, 79-oyat) talqinini Payg‘ambar
alayhissalomning Allohning o‘ng tomonidagi taxtga o‘tiradigan joyi deb qabul
qilmaydi. Bu dushmanlikning yana bir sababi sifatida ko‘rsatilgan. Ba’zi mutaassib
hanbaliylar uning uyini toshbo‘ron qilib, zulm qildilar.
Tabariy keyinchalik Ahmad ibn Hanbal g‘oyalarini himoya qilib “Kitobu-li’tizar” nomli asar yozgan. Tabariy, zohiriy mazhabining asoschisi Dovud ibn Ali al-
Isfahoniydan ham bir muddat saboq olgan. Bir kuni Dovud ibn Ali al-Isfahoniyning
shogirdlaridan biri undan ustozining g‘oyalariga qarshi chiqqani uchun g‘azablanib,
og‘ir so‘zlarni gapirganda, Tabariy majlisni tark etib, uning ma’ruzalariga boshqa
qatnashmadi.
Shuningdek, u zohiriylarga qarshi “Kitob ar-Rad a’la zil-asfar” nomli asarini yoza
boshlaydi. Taxminan 100 sahifa yozgandan so‘ng, u Dovudning o‘limi haqida bilib,
kitob yozishni to‘xtatgan. Shunga qaramay, Dovudning o‘g‘li Muhammad “Kitobu-l-
Intisar”da unga qarshi Muhammad ibn Jarir at-Tabariy nomli bob yozgan.
Tabariy iffatli, pokiza kiyingan, yurish-turishi juda nafis, samimiy, shogirdlari va
boshqalarga do‘st va otadek mehribon edi. Zohid, taqvodor hamda har bir ishga jiddiy
yondashar, hayoti tartibli, vaqtini juda yaxshi ishlatgan inson sifatida keyingi davr
ulamolarining asarlarida yodga olingan. Shuningdek, Tabariy ertalab uyda ish boshlar,
tushgacha biron bir asar yozish va tasnif bilan shug‘ullangan. Asr namozi uchun
masjidga borib, shogirdlarga shom namozigacha dars o‘tar, kitoblarini o‘zi o‘qir yoki
shogirdlaridan biriga o‘qittirardi. Shom namozidan so‘ng, ayniqsa, fiqh fanlaridan dars
to‘garagini to‘plab, xuftondan keyin uyiga qaytar, kechasi esa uyda jamlama darslarini
davom ettirgan.
Tabariy islom ilmlari sohasida qilgan ilmiy izlanishlari nuqtai nazaridan turli xil
rutbalarga erishgan. Masalan, tafsir sohasidagi ilmiy ijodi uchun “Imom almufassirin”, hadis sohasida Termiziy va Nasoiy darajasidagi muhaddis sifatida
e’zozlangan, fiqh sohasida “mujtahid imom”, tarix fanidagi xizmatlari uchun “shayx
al-muarrihin” nisbalari bilan ulug‘langan edi. Shu bilan birgalikda, Tabariy arab tili va
adabiyoti, aruz va ifoda ilmlari bilimdoni hamda shoir bo‘lib, axloq va odob haqida
kitoblar yozgan boy ilmiy ijodga ega inson hisoblanadi. Falsafa, mantiq, isbot, tabobat,
algebra va riyoziyot sohalarini ham chuqur bilgan olim edi (Selkiniy M., 24-34-betlar).
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tabariy ilmiy merosi g‘arb ilmiy jamoatchiligida katta ta’sir ko‘rsatgan. Uning
asarlari, xususan tarix, tafsir va fiqh sohalarida quyidagi g‘arb olimlari tomonidan keng
o‘rganilgan:
Mixael Jan de Goeje (1836–1909) Gollandiyalik arabshunos va sharqshunos olim
hisoblanadi. U Tabariyning “Tarix al-Rusul val-Muluk” asarini golland tiliga tarjima
qilgan. Mixael Jan de Goejening “Annals of Tabari” nomli asarida Tabariyning tarixiy
metodologiyasini tahlil qilib, uning ilmiy ishlari haqida keng qamrovli tahlil olib
borgan. Uning tarjimasi bugungi kunda ham asosiy manba sifatida qabul qilinadi.
Teodor Noldeke (1836–1930) nemis sharqshunosi va islomshunos olimi bo‘lib,
Teodor Noldeke al-Tabariyning asari bo‘yicha yozgan eng muhim asari “Die Chronik
des Tabari” (Tabariyning xronikasi) bo‘lib, u Tarikh al-Tabari asarini ilmiy tahlil
qilishda asosiy manbalardan biri hisoblanadi. Bu asar 1879-yilda nashr qilingan va
Tabariyning tarixiy tafsiri va metodologiyasini batafsil yoritgan. Noldeke “Tarikh al-
Tabari”ning bir qismini o‘z ichiga olgan xronologik sharhni yaratdi va Tabariyning
tarixiy voqealarni qanday tarzda tasvirlaganini, uning metodologiyasini o‘rganishga
katta e’tibor berdi (Patricia C., 1997).
Vilferd Madelungning (1930-2023) al-Tabariy haqidagi eng muhim ilmiy ishlari
orasida al-Tabariyning tarixiy va diniy merosini tahlil qilgan maqolalar va kitoblar
mavjud. Madelung o‘zining ilmiy ishlarida al-Tabariyning tarixshunoslik uslubi, uning
siyosiy yondashuvlari va diniy tafsirlarini o‘rganishga katta e’tibor bergan.
Madelungning “The Succession to Muhammad: A Study of the Early Caliphate”
(Muhammadning muvaffaqiyatini tanlash) asarida Tabariy asarlarini tahlil qilgan, bu
esa Tabariyning tarixiy metodologiyasini yanada chuqurroq tushunishga yordam
bergan (Patricia C., 1997:28).
Arthur Jeffery (1892–1959) Avstraliyalik islomshunos va qur’onshunos olim
hisoblanadi. Arthur Jeffery Tabariyning ilmiy merosini o‘rganish va tahlil qilishda
muhim rol o‘ynagan. Jeffery Tabariyning “Jami’ al-bayan fi ta’vil al-Qur’an” tafsirini
va “Tarix al-Rusul val-Muluk” tarixini o‘rganib, Tabariyning ilmiy metodologiyasini,
hadislar va rivoyatlar tahlilini, Qur’ondagi oyatlar bilan bog‘liq tahrif (Tahrif bu aniq
oyatlarning va sahih hadislarning maʼnolarini yolgʻon boʻlgan boshqa maʼnolarga
almashtirish – G.M. Alijonova) masalalarini g‘arb ilmiy jamoatchiligiga tanitishda
katta hissa qo‘shgan. Jeffery Tabariyning tarixshunoslik va tafsir uslubini o‘zining
ilmiy ishlarida tadqiq etib, uning ilmiy yondashuvlarini kengroq tushunishga yordam
bergan (Jeffery A., 1985: 90).
Sharq olimlari ilmiy merosida Abu Jafar Tabariyning o‘rni alohida ajralib turadi.
Tabariy ilmiy merosini o‘rgangan olimlar qatoriga birinchilardan bo‘lib Ibn Xalliqonni
(1211–1282) misol qilib keltirish mumkin. Ibn Xalliqon o‘rta asrlarning eng mashhur
tarixchilaridan biri bo‘lib, asosan biografiya (tazkirah) va tarix sohasidagi ishlari bilan
tanilgan. Uning eng mashhur asari “Vafayatu-l-ayan” (Hayot va o‘lim haqida yozilgan
biografik ensiklopediya) bo‘lib, unda ko‘plab musulmon olimlari, shoirlar,
siyosatchilar va boshqa muhim shaxslarning hayoti haqida batafsil ma’lumotlar
berilgan. Ibn Xalliqon, Tabariyning tarixiy asarlarini o‘rganib, o‘zining biografik
asarida Tabariyning fikrlarini va tarixiy yondashuvlarini muhim manba sifatida qabul
qilgan. Shunday qilib, Tabariyning tarixshunoslikdagi o‘rni Ibn Xalliqon tomonidan
tasdiqlangan va uning ilmiy ishlari keng targ‘ib qilingan.
Ibn Hajar al-Asqaloniy (1372–1449) hadisshunos va islom tarixchisi bo‘lib,
Tabariyning hadislar va tafsirlaridagi ilmiy yondashuvlarni o‘rgangan va o‘zining
“Fath al-Bari” asarida Tabariy asarlarini sharhlagan (Jeffery A., 1985).
Suyutiy (1445–1505) islomiy ilmlarning ko‘plab sohalarida, ayniqsa, tafsir, hadis
va tarixshunoslikda Tabariyning asarlarini o‘rganib, ular haqida ko‘plab risolalar
yozgan. Suyutiy Tabariyning tafsir va tarixshunoslik sohasidagi yondashuvlarini
o‘rganib, o‘zining hadisga oid kitoblarida hadislarni sharhlashda Tabariyning ishlari
va metodlarini davom ettirgan. Masalan, al-Suyutiy “Ed-Dürerü’l-münte̱sire fi’leḥâdî̱si’l-müştehire” nomli hadisga bag‘ishlangan asarida Tabariyning tafsiri va
boshqa olimlarning tafsirlaridan foydalangan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Abu Jafar Muhammad ibn Jarir Tabariy ilmiy merosiga oid mulohazalarni tahlil
qilish jarayonida g‘arb va sharq olimlarining Tabariy ilmiy merosiga oid tadqiqotlariga
murojaat qilindi. Shuningdek, tadqiqot davomida qiyoslash, tarixiylik, analiz va sintez
uslublari keng qo‘llanilib, mavzuni ilmiy asoslab berishga harakat qilindi. Ba’zi g‘arb
va sharq olimlari o‘rtasidagi yondashuvlar ikki xil ekanligi hisobga olinib, sivilizatsion
va diniy omillar ta’siri tahliliga ham e’tibor berildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Tabariyning hozirgacha yetib kelgan asarlari tekshirilsa, uning ahli sunna val jamoa
yo‘lida sodiq bo‘lgani, ochiqdan-ochiq Jabriyya, Qadariyya va ayniqsa, Mu’tazila
yo‘nalishlariga qarshi raddiyalar beradi. Bu borada Tabariy sahobalar va tobeinlar
yo‘lidan yurib, “Men o‘qigan Qur’on yaratilgandir” deganlar bilan barcha aloqalarni
uzib, ularga murtad sifatida qarash kerakligini aytgan (En-Nesefî, 1993: 97-130).
Tabariy ham diniy ham dunyoviy ilm-fanga hissa qo‘shgan olimlardan biri bo‘lib,
uning asarlari quyidagilardan iboratdir:
1. “Jami al-bayan an-ta’vili ayi al-Qur’an” nomli kitobi bu Tabariyning bizgacha
to‘liq holatda yetib kelgan ikki kitobidan biri bo‘lib, Payg‘ambarimizdan, u zotning
sahobalaridan, taba-tobeinlardan rivoyatlarni to‘plashi bilan islom olamida mashhur
bo‘lgan katta hajmli tafsirdir.
Muallifning o‘z qarashlari bilan bir qatorda avvalgi mulohazalari va afzalliklarini
o‘z ichiga olgan asar ilk bor Mustafo ibn Muhammad al-Bobi al-Halabiy tomonidan
Qurʼonning har bir qismi bir jild, oxirgi qismi indeks (statistika – G. Alijonova) boʻlgan
oʻttiz bir jildda nashr etilgan. Keyin Ahmad Muhammad Shokir va Mahmud
Muhammad Shokir bilan Abdulloh ibn Abdulmuhsin at-Turkiy tomonidan ikkita
nusxasi nashr qilingan (Herbert B., 2000: 29).
2. “Tarix ar-rusul val-muluk” uning bugungi kungacha to‘liq saqlanib qolgan
ikkinchi asaridir. Bizgacha yetib kelmagan, ilgari yozilgan ko‘plab kitoblardan
ko‘chirilishi tufayli katta qadriyatga ega bo‘lgan asar birinchi marta sharqshunoslar
guruhi Jan de Gyote bilan birgalikda nashr etilgan.
Tabariyning mazkur asari nafaqat islom tarixini yoritishda, balki tarixshunoslik
ilmida metodologiya va yondashuvlar bilan ham muhim ta’sir ko‘rsatgan. Tabariyning
tarix ilmiga qo‘shgan hissasi mazkur asar nuqtai nazaridan quyidagilardan iborat:
a) “Tarix al-Tabariy” (Tarix ar-rusul val-muluk) asari: Tabariy tarixni keng
qamrovli yondashuv bilan yozgan. Uning “Tarix al-Tabariy” asari islom tarixining eng
muhim manbalaridan biridir. Asar islomdan oldingi Arab tarixidan to abbosiylar
davrigacha bo‘lgan siyosiy, diniy va ijtimoiy jarayonlarni qamrab oladi.
Asarda voqealar, rivoyatlar va shaxslarning faoliyati ko‘plab manbalardan
foydalangan holda yoritilgan. U ko‘p manbalarni tahlil qilish va ularni sinchiklab
solishtirish orqali tarixiy voqealarni keltirib, tarixshunoslikka obyektiv yondashuvni
yaratgan. Xususan, Tabariy asarni yaratishda manbaviy asos sifatida Qur’oni Karim
oyatlari, hadisi shariflar, xalq og‘zaki ijodidan foydalandi. Shuningdek, Tabariy o‘z
asarida Ibn Is’hoq (vaf. 151/768), Ibn Hishom (vaf. 218/833), Ibn Sa’d (vaf. 230/845)
va boshqa tarixchilarning asarlarini muhim manbalar sifatida ko‘rsatgan. Ular ko‘p
hollarda Roshidun xalifalari, umaviylar, va abbosiylar davridagi siyosiy voqealar
haqida yozishgan edi. Tabariyning o‘zi tarixiy voqealar va davlatlar tarixi bilan
bevosita shug‘ullangan. Masalan, u abbosiylar hukmronligi davrida yashagan va bir
necha marta siyosiy ijtimoiy hayotda faol bo‘lgan.
Tabariy o‘z asarida tarixni faqat diniy yoki siyosiy nuqtai nazardan emas, balki
ijtimoiy jihatdan ham tahlil qilgan. U ijtimoiy hayot va sinflar, siyosiy o‘zgarishlar va
iqtisodiy jihatlarni ham yoritgan. Tabariy ijtimoiy tizim, iqtisodiyot, xalqning turmush
tarzini yoritishda arab va fors madaniyatlari ta’sirini muhokama qilgan. Bu yondashuv
uning tarixni kengroq nuqtai nazardan ko‘rishiga yordam bergan.
Tabariy siyosiy tarixni, xalifaliklarning tarixini, davlat tuzilmalari va
hukmdorlarning faoliyatini yoritishda ham juda ko‘p manbalardan foydalangan. U bu
asarlarda xalifalar, sultonlar va ularning siyosiy faoliyatlarini yoritish uchun ko‘plab
tarixchilar va siyosatshunoslarning asarlarini qabul qilgan. Xususan, u Ibn al-Kalbi, al-
Mas’udi kabi tarixchilarning asarlarini o‘zida jamlagan. Bu manbalar orqali u
davlatlarning tashkil etilishi va ularning o‘zgarishini ko‘rsatgan. Xususan, asarda
Muoviyaning o‘g‘li Yazidning xalifa bo‘lib taxtga o‘tirishi ham keltiriladi. Bu voqea
680-yilda ro‘y berdi va Yazidning hukmronligi, ko‘plab ziddiyatlar va isyonlarga
sabab bo‘ldi. Jumladan, Husayn ibn Ali va Karbalo voqeasi bunga misol bo‘la oladi
(Muhammed Tevfîk, 2001:145).
b) Rivoyatlarni tekshirish va manbalarni tanlash: Tabariy tarixshunoslikda tarixiy
voqealarni yozishda rivoyatlarni tekshirish va manbalarni tanlashda qat’iy ilmiy
yondashuvni qo‘llagan. Uning asarida rivoyatlar isloh va tahlil qilish orqali
tasdiqlangan. Bu metodologiya tarixiy voqealarni yana bir bor qayta ishlashda juda
muhim rol o‘ynagan. Tabariy o‘z asarida voqealarning ishonchliligini ta’minlash
uchun rivoyatlar orasidagi ziddiyatlarni ko‘rsatib, ularning ishonchli yoki
ishonchsizligini aniqlagan. U turli tarixiy manbalardan olingan rivoyatlarni solishtirish
orqali haqiqatni ajratishga harakat qilgan. Tabariy asarida ko‘plab rivoyatlar tarixiy
kontekstda yoritilgan. Masalan, Ali va Muoviya o‘rtasidagi janglarni yoki abbosiylar
sulolasining kuchayishini tahlil qilganda, Tabariy ular o‘rtasidagi siyosiy va ijtimoiy
sabablarni ko‘rsatgan (Muhammed Tevfîk, 2001: 78).
c) Tabariyning tarixiy tahlili: Tabariy tarixni nafaqat voqealar to‘plami sifatida,
balki ularning ijtimoiy, siyosiy va diniy ahamiyatini ko‘rsatishga intilgan. U, masalan,
Roshidun xalifaligi davridagi siyosiy o‘zgarishlar va ichki ziddiyatlarni tahlil qilgan.
Xalifa Usmonning vafotidan keyingi fuqaro urushlari, Ali va Muoviya o‘rtasidagi
ziddiyatlarni keng yoritgan. Bu voqealar, faqat siyosiy o‘zgarishlar sifatida emas, balki
ijtimoiy va diniy jihatdan ham o‘rganilgan, chunki Tabariy har bir voqeaning ijtimoiy
va diniy kontekstini ham bayon etgan. “Tarixi Tabariy” asari tuzilishi shaklidan ham
undagi tarixiylik, qiyosiylik kabi metodlardan unumli foydalanganligini yaqqol sezish
mumkin.
d) Ilmiy metodologiya va tarixiy obyektivlik: Tabariy tarixshunoslikda ilmiy
metodologiyani joriy etgan. U tarixni yozishda faqat rivoyatlarni yig‘ish va bayon
qilish bilan cheklanmay, har bir voqeaning ilmiy va tarixiy o‘rnini tushunishga harakat
qilgan. Tabariy tarixiy voqealar o‘rtasidagi bog‘liqliklarni, voqealarning sabablarini
tahlil qilishni qo‘llagan. Misol uchun, u Qurayshlik musulmonlarning Makkadan
Madinaga hijratini tarixiy va siyosiy sabablari bilan tushuntirgan, faqat diniy omillar
bilan cheklanib qolmagan. Xususan, “Agar bir voqea turli manbalarda farq qilsa, men
har birining sanadini tekshirib, so‘ngra eng to‘g‘ri va ishonchli bo‘lgani haqida qaror
qabul qilardim” (Nöldeke T., 156-bet).
XULOSA VA TAKLIFLAR
Tabariy tarixi nafaqat arab tarixini yoritish bilan cheklangan, balki boshqa xalqlar
tarixiga ham e’tibor berib, ularni tahlil qilgan. Bu yondashuv Tabariyning
tarixshunoslikka qo‘shgan ilmiy xissasini yanada boyitadi. Uning asarida fors, Rim,
Vizantiya va boshqa xalqlar tarixi ham o‘z ifodasini topgan. Masalan, u umaviylar va
abbosiylarning urushlarini, shuningdek, Rim va Bizans (Vizantiya) imperiyalarining
o‘sha davrdagi siyosiy strategiyalarini yoritgan. Bu boshqa xalqlar tarixini o‘rganish
orqali umumiy islomiy tarixni chuqurroq tahlil qilish imkoniyatini yaratgan. Xususan,
Tabariy o‘z kitobida: “Umaviylar, o‘z hokimiyatlarini saqlab qolish uchun siyosiy va
diniy qudratni kuchaytirgan. Ammo abbosiylar bu holatga qarshi chiqib, haqiqiy
Islomni qaytarish uchun kurashdilar” (Nöldeke T., 80-bet).
Xulosa qilib aytganda, Abu Ja’far Muhammad ibn Jarir Tabariyning ilmiy merosi
hamisha dunyo olimlari e’tibor markazida bo‘lgan. Tabariy tarixshunoslikda muhim
o‘rin tutgan olimdir. Uning “Tarix al-Tabariy” asari nafaqat islom tarixining eng yirik
manbalaridan biri, balki tarixshunoslikning ilmiy metodlarini shakllantirishda ham
katta ahamiyatga ega. Tabariyning tarixga yondashuvi, obyektivlik va turli manbalarni
integratsiyalashdagi yuksak mahorati uni tarixshunoslik sohasida ajralib turuvchi
olimlardan biriga aylantirgan. Uning ilmiy merosi, keyingi asrlar davomida tarixchilar
va islomshunoslar tomonidan o‘rganilgan va rivojlantirilgan. Tabariyning asarlari
tarixshunoslikda zamonaviy yondashuvlar va metodlar uchun mustahkam asos bo‘lib
xizmat qilgan, deb aytilsa mubolag‘a bo‘lmaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. İbn Hacer el-Askalânî. (1390/1971) Lisânü’l-Mîzân. – Beyrut. – S. 100-101.
2. Hüsâm b. Hasan Sarsûr. (1424/2004) Âyâtü’ṣ-ṣıfât ve menhecü İbn Cerîr eṭ-
Ṭaberî fî tefsîri meʿânîhâ. – Beyrut.
3. Zehebî. Aʿlâmü’n-nübelâʾ, XIV. – S. 273-277.
4. Yokut. Mu'cemü'l-üdebaʾ, XVIII, 58.
5. Ibrohim Muhammed Selkiniy, I, 24-34.
6. En-Nesefî, Ebu’l-Muîn Meymun b. Muhammed b. Muhammed el-Hanefi:
Tabsıratü’l-Edille, thk. Hüseyin Atay. – Ankara: Diyanet İşleri Başkanlığı Yayınları,
1993. – S. 97-130
7. Berg, Herbert. (2000) The Development of Exegesis in Early Islam. –
Richmond: Curzon Press.
8. El-İmâmu’t-Taberî fakîhen ve müerrihen ve müfessiren ve ‘âlimen bi’lkırâât
/ edt. Muhammed Tevfîk Ebû Ali, Meryem Berrî, I-II. – Beyrut: Dâru’t-Takrib
Beyne’l-Mezâhibi’l-İslâmiyye, 2001.
9. Fries, Nikolaus. (1921) Das Heerwesen der Araber zur Zeit der Omaijaden
nach Tabarî. – Tübingen: Druck von G. Schnürlen.
10. Nöldeke T. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden aus der
arabischen Chronik des Tabari: Übersetzt und mit ausführlichen Erläuterungen und
ergänzungen Versehn
11. Crone, Patricia (1997). In Defence of Ali: Wilferd Madelung, The
Succession to Muhammad: A Study of the Early Caliphate (review) // Times Literary
Supplement. February 1997. – P. 28.
12. Joseph Schacht. (1959) The Origins of Muhammadan Jurisprudence. –
London.
13. Arthur Jeffery. (1985) The History of al-Tabari. – New York: SUNY Press.
14. İbn Hallikân. Vefeyât, neşredenin girişi, I, 5-13; ayrıca bk. neşredenin eki,
VII, 5-107.
15. Ed-Dürerü’l-münte̱sire fi’l-eḥâdî̱si’l-müştehire. 1915. – Misr; Bayrut.
REFERENCES:
1. İbn Hacer el-Askalânî. (1390/1971) Lisânü’l-Mîzân. – Beyrut. – S. 100-101.
(In Arabic)
2. Hüsâm b. Hasan Sarsûr. (1424/2004) Âyâtü’ṣ-ṣıfât ve menhecü İbn Cerîr eṭ-
Ṭaberî fî tefsîri meʿânîhâ. – Beyrut. (In Arabic)
3. Zehebî. Aʿlâmü’n-nübelâʾ, XIV. – S. 273-277. (In Arabic)
4. Yokut. Mu'cemü'l-üdebaʾ, XVIII, 58. (In Arabic)
5. Ibrohim Muhammed Selkiniy, I, 24-34.
6. En-Nesefî, Ebu’l-Muîn Meymun b. Muhammed b. Muhammed el-Hanefi:
Tabsıratü’l-Edille, thk. Hüseyin Atay. – Ankara: Diyanet İşleri Başkanlığı Yayınları,
1993. – S. 97-130. (In Turkish)
7. Berg, Herbert. (2000) The Development of Exegesis in Early Islam. –
Richmond: Curzon Press.
8. El-İmâmu’t-Taberî fakîhen ve müerrihen ve müfessiren ve ‘âlimen bi’lkırâât
/ edt. Muhammed Tevfîk Ebû Ali, Meryem Berrî, I-II. – Beyrut: Dâru’t-Takrib
Beyne’l-Mezâhibi’l-İslâmiyye, 2001. (In Arabic)
9. Fries, Nikolaus. (1921) Das Heerwesen der Araber zur Zeit der Omaijaden
nach Tabarî. – Tübingen: Druck von G. Schnürlen. (In German)
10. Nöldeke T. Geschichte der Perser und Araber zur Zeit der Sasaniden aus der
arabischen Chronik des Tabari: Übersetzt und mit ausführlichen Erläuterungen und
ergänzungen Versehn. (In German)
11. Crone, Patricia (1997). In Defence of Ali: Wilferd Madelung, The
Succession to Muhammad: A Study of the Early Caliphate (review) // Times Literary
Supplement. February 1997. – P. 28.
12. Joseph Schacht. (1959) The Origins of Muhammadan Jurisprudence. –
London.
13. Arthur Jeffery. (1985) The History of al-Tabari. – New York: SUNY Press.
14. İbn Hallikân. Vefeyât, neşredenin girişi, I, 5-13; ayrıca bk. neşredenin eki,
VII, 5-107.
15. Ed-Dürerü’l-münte̱sire fi’l-eḥâdî̱si’l-müştehire. 1915. – Misr; Bayrut. (In
Arabic)