ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Museum concept: history of its emergence and stages of formation

Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUSEUM CONCEPT: HISTORY OF ITS EMERGENCE AND STAGES OF
FORMATION

Yunusov Komiljon Alimdjanovich
Independent researcher at the Department of Museum Studies of the

National Institute of Art and Design
named after Kamoliddin Behzod
Tel.: +998 94 650-44-12

e-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Annotation. In this article, information related to the concept of museums is
presented. Concepts that reflect the objectives and functions of museums, their core
values, and areas of activity have been gaining significant relevance over time.
Therefore, this paper provides insights into the importance of the museum concept, the
reasons for its emergence, and the evolutionary processes of its development. To
illuminate the topic, the works of renowned museum specialists and researchers from
around the world were collected, alongside the expression of our own opinions. The
article presents information about historical processes that led to the establishment of
numerous museums, including the British Museum, the Louvre, the Hermitage, the
Victoria and Albert Museum, the Metropolitan Museum, and the Museum of Modern
Art, as well as the concepts that have been developed for these institutions.
Additionally, various interpretations about the museum concept are discussed, and
certain approaches pertaining to the concept are also addressed.

Keywords: museum, concept, history, exposition, art, cultural heritage, artifact,
collection.

MUZEY KONSEPSIYASI: PAYDO BO‘LISHَTARIXIَVAَSHAKLLANISH
BOSQICHLARI

Yunusov Komiljon Alimdjanovich
Kamoliddin Behzod nomidagi milliy rassomlik va dizayn instituti,

Muzeyshunoslik kafedrasi mustaqil izlanuvchisi
Tel.: +998 94 650-44-12

e-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Annotatsiya. Maqolada muzey konsepsiyasiga oid ma’lumotlar taqdim etiladi.
Muzeylarning maqsad va vazifalarini, ustuvor qadriyatlari hamda faoliyati yo‘nalishini
aks ettiruvchi, belgilab beruvchi konsepsiyalar vaqt o‘tgani sari dolzarb ahamiyat kasb
etmoqda. Shu bois, mazkur maqolada muzey konsepsiyasining ahamiyati, vujudga

kelishi sabablari va rivojlanishining evolyutsion jarayonlari haqida ma’lumot beriladi.
Mavzuni yoritish uchun jahonning taniqli muzeyshunoslari va tadqiqotchilari
asarlariga murojaat etgan holda o‘z fikr-mulohazalarimizni ham ifoda etganmiz.
Maqolada Britaniya muzeyi, Luvr, Ermitaj, Viktoriya va Albert muzeyi, Metropoliten
va Zamonaviy san’at muzeyi kabi ko‘plab muzeylarning paydo bo‘lishiga olib kelgan
tarixiy jarayonlar va bu muzeylar uchun ishlab chiqilgan konsepsiyalar haqida
ma’lumotlar taqdim etiladi. Shuningdek, muzey konsepsiyasi takomillashib borgani
sari yuzaga kelgan turfa xil tushunchalar haqida fikr yuritilib, konsepsiyaga oid ba’zi
yondashuvlar haqida ham to‘xtalib o‘tiladi.

Kalit so‘zlar: muzey, konsepsiya, tarix, ekspozitsiya, san’at, madaniy meros,
eksponat, kolleksiya.

КОНЦЕПЦИЯَМУЗЕЯ:َИСТОРИЯَВОЗНИКНОВЕНИЯَИَЭТАПЫَ
ФОРМИРОВАНИЯ

ЮнусовَКомилжонَАлимджанович
Независимый научный сотрудник кафедры музееведения

Национального института художеств и дизайна
имени Камолиддина Бехзода
Teл.: +998 94 650-44-12

e-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Аннотация.َ В этой статье представлена информация, связанная с
концепцией музеев. Концепции, отражающие цели и функции музеев, их
основные ценности и сферы деятельности, со временем приобретают
значительную актуальность. Поэтому в этой статье дается представление о
важности концепции музея, причинах ее возникновения и эволюционных
процессах ее развития. Для освещения темы были собраны работы известных
специалистов и исследователей музеев со всего мира, а также выражение наших
собственных мнений. В статье представлена информация об исторических
процессах, которые привели к созданию многочисленных музеев, включая
Британский музей, Лувр, Эрмитаж, Музей Виктории и Альберта, Метрополитен
и Музей современного искусства, а также концепции, которые были разработаны
для этих учреждений. Кроме того, обсуждаются различные интерпретации
концепции музея, а также рассматриваются определенные подходы,
относящиеся к концепции.

Ключевыеَ слова: музей, концепция, история, экспозиция, искусство,
культурное наследие, артефакт, коллекция.

KIRISH
Muzeylar vujudga kelgan davridan boshlab takomillashib kelmoqda. Jahonda
ko‘plab muzeylar mashhurlikka erisha olgani sir emas. Londondagi Britaniya muzeyi,
Parijdagi Luvr yoki Sankt-Peterburgdagi Ermitaj odamlar tasavvurida o‘ziga xos
tarzda gavdalanadi. Ayni shu o‘ziga xoslik konsepsiya bilan bog‘liq. Ya’ni, muzey
qanday qilib boshqa muzeylardan ajralib turishi, qanday faoliyat yuritishi va nimalarni
asosiy qadriyat sifatida afzal bilishi muzey konsepsiyasida aks etadi. Muzey
konsepsiyasi muzeyga tegishli maxsus hujjatlarda qayd etiladi. Biror bir zamonaviy
muzey yo‘qki, konsepsiyasiz – reja yoki maqsadsiz tashkil etilgan bo‘lsa. Masalan,
O‘zbekiston davlat tabiat muzeyi bizga tabiatdagi maxluqotlardan iborat namunalarni
yodga soladi. San’at muzeyi esa san’at asarlari bilan assotsiatsiya hosil qiladi. Tarix
muzeylarida qadimiy ashyolar namoyish etiladi. Bu yerdagi tartib va o‘ziga xoslik
konsepsiya asosida tashkil etilganidan dalolat beradi. Shuning uchun ham muzey
konsepsiyasi muhim ahamiyat kasb etadi. Ayniqsa, hozirgi bozor iqtisodiyoti
sharoitida daromad topish maqsadida ba’zi muzeylar o‘z mohiyatiga mos kelmaydigan
tadbir va ko‘rgazmalarni tashkil etmoqdaki, bu holat konsepsiya mazmunini buzgan
holda turli masalalarni yuzaga keltirmoqda. Shu sababdan, muzey konsepsiyasi haqida
ma’lumotga ega bo‘lish muzey ekspozitsiyasini tushunishga, ularning ma’nomohiyatini anglab yetishga yordam beradi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Muzey konsepsiyasi haqida alohida tadqiqot ishlari juda oz olib borilgan. Keren
Braun va Fransua Meres “The definition of the museum: History and issues” (“Muzey
ta’rifi: tarixi va muammolari”) sarlavhali maqolada muzey konsepsiyasi haqida qisman
ma’lumot berishadi. Jahon va O‘zbekistondagi aksariyat muzeyshunoslar,
san’atshunoslar va boshqa tadqiqotchilar muzeylarning konsepsiyalari haqida ozroq
to‘xtalib o‘tishgan. Asosan, biror muzeyga xos konsepsiya haqida, qaysidir shaxsning
ilgari surgan konsepsiyasi haqida ma’lumot berish bilan kifoyalanishgan. Shu sababli,
maqolada turli manbalarga murojaat etgan holda muzey konsepsiyasi mohiyati va
shakllanishi haqida ma’lumotlar taqdim etiladi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotni amalga oshirishda manbashunoslikka murojaat etildi va to‘plangan
ma’lumotlar tanqidiy-qiyosiy ko‘rib chiqildi. Muzey konsepsiyasi shakllanishiga oid
yig‘ilgan materiallar xronologik tartibda bayon etildi. Manbalarni to‘plashda
worldcat.org, diss.natlib.uz, archive.org, scholar.google.com kabi sayt va portallar
hamda Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti resurslaridan
foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Muzeylar sivilizatsiya mahsulidir. Ya’ni, odamlar mehnati va intellektini ishga
solib vujudga keltirgan, shakl bergan ashyolar qadr topar ekan, ularni asrab qo‘yish,
atrofdagilarga namoyish etish fikri paydo bo‘ldi. Shu bilan birga, boshqa sabablarni
ham keltirish mumkin. Qadimdan monarxiya boshqaruvi shakli keng tarqalishi
boylikning ma’lum shaxslar xazinasida to‘planishini ta’minladi. Qo‘lga kiritilgan
o‘ljalar, qabul qilingan hadyalar, xarid qilingan qimmatbaho ashyolar dastlabki boy
kolleksiyalarni tashkil etdi. Natijada esa Luvr va Ermitaj singari saroylar vaqti kelib
kolleksiyalar omboriga, undan so‘ng esa muzeylarga aylandi.
Yevropa tarixiga nazar tashlasak, Renessans davrida kabinetlar (qimmatbaho
buyumlar joyi) paydo bo‘lib, bu kabinetlarda boyliklarni turkumlarga ajratish va xos
odamlarga (elita uchun) namoyish etish urf bo‘la boshladi. Ushbu kabinetlardagi
buyumlar estetik, falsafiy, hamda badiiy mazmun kasb etgani uchun, faoliyat
yo‘nalishiga ko‘ra zamonaviy muzeylar konsepsiyasida qayd etilgan ta’limiy
maqsadga xizmat qila boshladi. Biroz vaqt o‘tib, kabinetlar bir-biridan farqlana
boshladi: qimmatbaho buyumlar uchun xazinaxonalar mavjud bo‘lgan bo‘lsa, diniy
mazmundagi muqaddas ashyolarni jamlash va saqlash uchun “relikvariy” deb
nomlanuvchi alohida joylar tashkil etildi. Hozirda har bir muzey o‘z xususiyatiga ega
bo‘lganidek, o‘rta asrlarda shakllanib kelayotgan muzeylar ham alohida xususiyat kasb
eta boshladi (Hopkins O., 2021: 44-45).
Muzeylar takomillashuvida rol o‘ynagan navbatdagi omil studioladir. Studiola
avvalda kitob saqlanadigan joy ma’nosini bergan. XV asrdan esa turli nodir ashyolarni
saqlaydigan xonaga aylandi. Shu o‘rinda kabinet bilan studiola o‘rtasidagi farqni aytib
o‘tsak. Kabinetda istalgan narsani saqlash mumkin edi: qimmatbaho teri, suyaklar,
bezakli buyumlar va hokazo. Studiolada esa san’at asarlari alohida tanlangan va bunda
ma’lum estetik talablar o‘z aksini topgan. Shuningdek, mulkdorning qarashlarini aks
ettirgan holda biror mazmunga ega bo‘lgan. Ayni shu jihat muzeylar hamda muzey
konsepsiyasi paydo bo‘lishida muhim rol o‘ynadi (Hopkins O., 2021: 47).
Zamonaviy turdagi muzeylar paydo bo‘lishiga Britaniyadagi tarixiy jarayonlar
katta turtki berdi. Misol uchun, 1628-yildan saroy bog‘boni sifatida ishlay boshlagan
Jon Treydeskant biri-biridan g‘aroyib o‘simliklarni to‘play boshlaydi. Ko‘p o‘tmay
noyob o‘simliklarni ekish ortidan o‘z bog‘ini tashkil etadi. Bu inson kolleksiya
to‘plashga shunchalar berilib ketganidan mashhur Pokahontasning otasi hadya qilgan
bosh kiyimni ham, Amerika va Afrika qit’alaridan olib kelingan boshqa g‘aroyib
buyumlarni ham saqlab qo‘yaverdi. Uning “muzeyi” juda oddiy edi: suyaklar, mo‘yna
va chig‘anoqlar, quritilgan barg va boshqa tabiiy narsalar o‘sha paytdagi ilk
eksponatlar edi (Hopkins O., 2021: 69).
Jon Treydeskant 1634-yilda o‘z kolleksiyasini barcha odamlar ko‘rishi
mumkinligini e’lon qildi. Bu yerga kelganlardan biri “Inson bu yerda butun umr

dunyoni sayr qilib ko‘radigan ajoyibotlarni bir kunda tomosha qilishi mumkin”, degan
ekan. Tashrifchilar bu joyni “Nuh kemasi” deb atashdi (Jeffrey Abt, 2007:124). Sababi,
dunyodagi ko‘plab turlar bu yerda jamlangandi. Kolleksiya hamma uchun ochiq
bo‘lgani, ya’ni oddiy odamlar ham kirib ko‘rishi mumkinligi hozirgi muzey
konsepsiyasiga ancha yaqin kelinganini anglatardi. Chunki, undan avval tashkil etilgan
kabinetlar qanchalik qimmatbaho buyumlarni to‘plamasin, oddiy xalq uchun emasdi.
Jon Treydeskant vafotidan so‘ng uning o‘g‘li ushbu muzeyda faoliyat yuritadi. Ammo
u ham uzoq yashamadi. O‘sha davrdagi mashhur huquqshunos Elias Eshmol bu
oilaning hamkori bo‘lgani uchun kolleksiyalar unga vasiyat qilib qoldiriladi. Eshmol
o‘zidagi noyob tangalar, qo‘lyozmalar, nashr etilgan kitoblar va boshqa buyumlar bilan
Treydeskantdan meros qolgan ashyolarni birlashtiradi. Vaqti-soati kelib u ham
kolleksiyaning keyingi taqdiri haqida bosh qotiradi va nihoyat 1675-yilda o‘limi
oldidan Oksford universitetiga topshirib yuborishga qaror qiladi. Bir necha yil
davomida kolleksiya uchun alohida bino quriladi, ularni joylashtirish masalalari
muhokama qilinadi. Shu tariqa, ma’lum konsepsiya asosida dunyodagi ilk zamonaviy
muzey vujudga keldi. Ushbu muzeyda ilmiy faoliyat yo‘lga qo‘yildi, ilmiy izlanishlar
olib borildi, ma’ruzalar ham o‘qildi. Eshmol muzeyi misolida konsepsiya takomillasha
boshlaganini ko‘rish mumkin. Boisi, ekspozitsiya uchun maxsus joy barpo etilgandi,
avvallari esa boshqa maqsadda qurilgan joylardagina kolleksiyalar yig‘ib kelinardi.

1683-yilda Eshmol muzeyi ish boshlar ekan, ko‘p o‘tmay muzey faoliyatini
tartibga solish ehtiyoji yuzaga chiqdi. Shu sababli, 1686-yili “Qonunlar, buyruqlar va
qoidalar” nomli hujjat Oksford universiteti tomonidan qabul qilindi (Jeffrey Abt, 2007:
124). Muzey boshqaruvi, muzey ishini yuritish, maosh to‘lash tartibi kabi masalalar
ushbu hujjatda belgilab qo‘yildi. Bundan biz XVII asr oxiridanoq muzey konsepsiyasi
ancha takomillashib qolganini anglashimiz mumkin (Hopkins O., 2021: 71).

XVIII asrga kelib muzey konsepsiyasi yana rivojlanib, ma’rifatparvarlik
g‘oyalarini targ‘ib qila boshladi. Bir vaqtning o‘zida muzey ekspozitsiyasi ham
rivojlanib bordi. Ya’ni, bundan buyon eksponatlarning hammasini aralash
qo‘ymasdan, ularning xronologiyasiga, paydo bo‘lgan joyiga, hamda turiga qarab
tartib bilan o‘rnatish qoidasi shakllana boshladi.

Eshmol muzeyidan keyin yana boshqa yirik muzeylar oldinma-ketin ochila
boshladi. Shulardan biri, 1753-yili tashkil etilgan Britaniya muzeyidir. Mazkur muzey
vujudga kelishida asosan Ser Hans Sloan (1660-1753) ismli kolleksionerning xizmati
katta bo‘ldi. Ser Hans Sloan 93 yillik hayotining asosiy qismini ilm-fan va nodir
ashyolarni to‘plashga sarfladi. Bu inson 1753-yili vafot etgach, umri davomida yiqqan
70 mingdan ortiq buyumlari davlat tasarrufiga olinib, Britaniya muzeyi tashkil etildi.
Keyinroq muzey yangi binoga ko‘chirildi. Lekin, bu muzey bizning tasavvurimizdagi
muzeylar kabi emasdi, u ko‘proq kitoblar va buyumlar to‘planmasiga ega ko‘rgazmali
joy edi. Tabiiy yodgorliklar, nodir kitoblar va qadimiy ashyolar o‘rtasida aniq tasnifiy

chegara bo‘lmagan va ularning aralash joylashuvi taxminan yuz yil o‘z holicha turdi
(Карстен Ш., 2016: 14). 1870-yildagi fotosuratlar tahlil etilganda muzey eksponatlari
go‘yo ombordagi buyumlarni eslatardi. Qolaversa, faqatgina zodagonlar muzeyga kira
olgan, oddiy xalq yoki xorijiy mehmonlar uchun shu tartibsiz ko‘rgazmani ko‘rish juda
mushkul edi.

Yevropa jamiyatlari ichidagi ba’zi ziyolilar ijtimoiy-iqtisodiy tanglikdan qutulish,
qanday tuzum asosida taraqqiy etish, nima qilsa farovonlikka erishish haqida o‘ylanar
edi. Shuning uchun o‘rta asr mutafakkirlari qadimgi Gretsiya va Rimning madaniyiqtisodiy sohalarda katta natijalarga erishganini ko‘rsatishni lozim deb topdi.
Ma’rifatchilarning fikricha, har bir inson tug‘ma qobiliyat bilan dunyoga keladi. Ular
o‘z iste’dodini erkin muhitda ro‘yobga chiqarsa, jamiyat taraqqiy etib boraveradi. Ayni
shu sababdan oydinlar qadimgi Yunoniston va Rimning yodgorliklarini ibrat va
namuna sifatida xalqqa tanitishni, bu orqali inson nimalarga qodir ekanini ta’kidlashni
maqsad qildilar. Bu borada muzeylar mazkur g‘oyani targ‘ib qilish uchun munosib
ko‘rila boshlandi.

Mashhur fransuz rassomi Jak Lui David o‘z xotiralarida shunday yozgan edi:
“Muzey bu faqat ishqibozchilik uchun to‘plangan hashamatli va bema’ni narsalardan
iborat joy emas. Muzey katta ahamiyatga ega maktabga aylanishi kerak” (Карстен Ш.,
2016: 17). Davr taqozosiga ko‘ra, muzeylar jamiyat hayotida tub burilish yasab, ularga
birdek ilm olish erkinligi berdi va iste’dodni kashf etishga chorlagan dargoh sifatida
shakllandi. Napoleon Bonapartning Imperatorligi davrida Luvr fondi misli ko‘rilmagan
darajada boyib ketdi. San’at asarlari shu darajada ko‘paydiki, ular uchun yetarli joy
topilmay qoldi. Bu hol ekspozitsiyani qanday tashkil etish borasida masalalarni yuzaga
keltirdi. Davr ruhiyatidan kelib chiqib, inqilob g‘oyasi ustuvor bo‘lganini hisobga olsak,
nima uchun “nomuvofiq” eksponatlar ko‘rgazmaga qo‘yilmaganini tushunib yetamiz.
Demak, Luvr muzeyidagi ishlar o‘ziga xos konsepsiya asosida tashkil etilgan. Napoleon
mag‘lubiyatidan so‘ng esa inqilobiy mazmundagi eksponatlar diniy, estetik va tarixiy
mavzulardagi san’at asarlari bilan almashtirildi. Bunday turdagi eksponatlar ko‘pchiligi
qaysi davrga mansubligi ma’lum emasdi. Umuman, xronologik tartib asosida
joylashtirish endi shakllana boshlagandi. Vaziyatdan kelib chiqqan holda Dominik
Vivan Denon – muzey rahbari ekspozitsiya tashkil etaverdi. Bu ekspozitsiyada
davriylikka e’tibor bermasdan, san’at asarlari mualliflarining yetishib chiqqan
maktablariga diqqat qaratilgani va shu asosda tartibli ish qilingani e’tirofga loyiq.

Angliya va Fransiyada muzeylar tashkil etilgani haqidagi xabarlar tevarak atrofga
yoyila boshladi. Ushbu vaziyatda o‘zini katta millatlardan deb hisoblovchi xalqlar
madaniy taraqqiyotda ortda qolishni istamay, tezda o‘z muzeylarini tashkil etish
harakatiga tushdilar. Zero, muzeylar davlatlarning qudratini, iqtisodiy farovonligi va
madaniy yuksalganini namoyon etuvchi ramzga aylana boshlagandi. Angliya va
Fransiya imperializmda raqobat qilgan bir vaqtda Britaniya muzeyi va Luvr madaniyat

maskani sifatida bir-biridan o‘zishga harakat qildi. Tez orada Niderlandiyada ham
yangi muzey tashkil etish taraddudi boshlandi. Dastlab, Haga shahrida 1800-yili
“Imperiya muzeyi” ochildi. Ispaniyaning Madrid shahrida ham Prado muzeyi ta’sis
etildi (1819). Muzeylarga davlat darajasida e’tibor berilayotgani, o‘ziga xos ramzga
ega ekanligi ulardagi ko‘rgazmalarni ko‘rsatib bera olish masalasini kun tartibiga
qo‘ydi. Shuningdek, muzeylar uchun alohida binolar qurila boshlandi. Ekspozitsiyaga
mos me’moriy yechimlar o‘ylandi. Mazkur holatlar muzeylar konsepsiyasi yangi
bosqichga ko‘tarilishiga turtki berdi, deb ayta olamiz. Sababi, muzey ishi bilan bog‘liq
bu jarayonlar reja asosida amalga oshirilar ekan, har qanday rejani konsepsiyasiz
tasavvur etib bo‘lmaydi.

Ushbu davr muzeylarining yana bir ahamiyatli tomoni shundaki, muzey
vositasida davlatlar qaysi buyuk xalqning siyosiy, madaniy va ma’naviy merosxo‘ri
ekanligini namoyish etishga urg‘u bera boshladi.

Muzey konsepsiyasining shakllanishida Amerika muzeylaridagi islohotlarning
ham o‘rni borligini eslab o‘tish lozim. Tadqiqotchilardan Hopkins XIX asrda muzey
tushunchasi va roli shakllanishida amerikalik mashhur boylardan bo‘lmish Henry Kley
Frik kolleksiyasining ta’siri bor, degan fikrni bildiradi. Ya’ni, muzeylar ommani
madaniy jihatdan yuksaltiruvchi ma’rifiy institutga aylangani ta’kidlanadi. Bu fikr
hozirgi muzeylar konsepsiyasida nazarda tutiladigan tamoyillarga mos keladi.

Frik bor qobiliyatini ishga solgan holda AQSh sanoatini yuksaltirishga, po‘lat
ishlab chiqarishni misli ko‘rilmagan darajada oshirishga intilardi. Bunda inson o‘z
imkoniyatlariga ishonishi ortidan qanday mo‘jizalar yaratish mumkinligini, katta
boylik to‘plash imkoniyatini, hayot sifatini yuqori darajalarga olib chiqish imkoni
borligini isbotlashni xohlardi. Ommani inson qobiliyatiga ishontirish uchun muzey va
kolleksiyalar katta ahamiyat kasb etishini Frik tushunib yetdi. Shu sababli uning
kolleksiyasida o‘ta noziklik va mahorat bilan yasalgan soatlar, dunyodagi eng go‘zal
mebellar, yuqori darajada did bilan chizilgan suratlar, nafis ishlangan idishlar va
boshqa buyumlar joy olgan. Bularning hammasi ma’lum maqsad yo‘lida – odamlar
katta imkoniyatlar egasi ekanligini ta’kidlashga qaratilgan bo‘lib, bu orqali hammadan
ham ko‘ra Frikning o‘zi ilhomlanardi. Frik kolleksiyasi o‘z konsepsiyasida insonlar
qobiliyatini qadrlash, ilm-fanga e’tibor berish, san’atni tushunish kabi g‘oyalar
shakllandi. Frik to‘plagan bisoti xalq uchun ochiq muzeyga aylanishini vasiyat qildi.

Umuman, XIX asrda insonlar va jamiyatlar nimalarga qodir ekanligini ko‘rsatish
bo‘yicha o‘ziga xos poyga avj ola boshladi. 1851-yili Londonda Billur saroy (Crystal
Palace) qurilgan bo‘lsa, 1889-yili Parijda Eyfel minorasi bunyod etildi. Navbatdagi
loyiha esa ulkan Titanik kemasi ekani hammaga ma’lum. Maydaroq texnologik
yutuqlar ham nazardan chetta qolmasligi uchun ko‘rgazmalar tashkil etishga zo‘r
berildi. Hatto ba’zi ko‘rgazmalarga Britaniyaning qirollik oilasi boshchilik qildi.
Xususan, Billur saroyning ichida turli xil san’at asarlari va ilm-fan yutuqlari namoyish

etilgan. Erishilgan ushbu natijalar insoniyat sivilizatsiyasi qadimgi va o‘rta asrlarga
nisbatan misli ko‘rilmagan darajada ilgarilab ketganini namoyish etardi. Billur saroyda
100 mingdan ortiq eksponatlarni ko‘rsatishdan maqsad madaniy yuksalishni namoyon
etish bo‘lib, ko‘rgazma konsepsiyasining ustuvor mohiyatini aks ettirardi.

XX asrda muzey ekspozitsiyasi va konsepsiyasi takomillashishda davom etdi.
Haykallar masalasidagi yondashuvni shu o‘rinda eslab o‘tish mumkin. Elgin
boshchiligida Akropol va Parfenondan olib kelingan haykallar asli me’morchilikning
bir qismi bo‘lgani bois, ularga bino bezagi sifatida qarash holatlari bo‘lgan. XIX asrda
marmar haykallar ko‘rgazmalarda turgan bo‘lsa-da, ular boshqa turdagi eksponatlar
orasida joy olgandi. 1933-yilga kelib esa Londondagi Britaniya muzeyida faqat
haykallardan iborat ekspozitsiya tashkil etildi va bu hozirgacha namoyish etib
kelinmoqda. Ana shu vaqtdan boshlab haykallarga san’at asari sifatida qarash
kuchaydi. Bunday qarash muzey konsepsiyasiga ham ta’sir etib, muzeylarning asosiy
vazifasi ilmiy tadqiqot emas, balki estetik-ma’rifiy maskan vazifasini ham o‘tashi
kerakligi ta’kidlandi (Карстен Ш., 2016: 28).

Muzey konsepsiyasi shakllanishidagi navbatdagi bosqich qaram davlatlarning
mustaqillikni qo‘lga kiritishi ortidan ro‘y berdi. Uzoq vaqt bosqinchilar ta’sirida
bo‘lgan Afrika va Osiyo xalqlari birin-ketin mustaqillik e’lon qila boshladilar va
shafqatsizlarcha buzib yuborilgan milliy o‘zliklarini tiklashga kirishdilar. Ushbu
jarayonda o‘zlarining milliy tarixlariga murojaat etishlari muhim ahamiyat kasb etdi.
Madaniy boyliklari sobiq mustamlakachilar tomonidan talon-toroj qilinishiga endi
chek qo‘yib, hatto qaytarib olib kelish maqsadida jasorat bilan harakat qila boshladilar.

Muzeylar bir vaqtning o‘zida ham ma’rifat maskani, ham milliy shon-sharaf ramzi
ekani muzey xodimlari hamda davlat rahbarlari tomonidan yaxshi anglanadi. Mazkur
ikki xususiyat muzey metodologiyasi va maqomini belgilashga ta’sir etib kelmoqda.
Natijada muzey konsepsiyasi ham shakllantirilmoqda. XX asr muzeylarining yana bir
o‘zgarish jihati shundan iboratki, avvalgi davrlarda bo‘lganidek imperialistik mafkura
ahamiyatini yo‘qotib bordi, bu esa san’atni o‘z holicha ko‘rsatish, ya’ni xolis bo‘lishga
imkoniyat tug‘ilayotganidan darak edi.

Ikkinchi jahon urushi davri va undan keyingi bir necha yil davomida muzey
ekspozitsiyasi va konsepsiyasini rivojlantirish deyarli ilojsiz bo‘lib qoldi. San’atdan
bahra olishdan ko‘ra o‘z xavfsizligi uchun qayg‘urish, oziq-ovqat va boshqa birlamchi
ehtiyojlarni qondirish zarurati har doimgidan-da dolzarb ahamiyat kasb etgani ortidan
ekspozitsiyalarni ko‘rishga qiziqish ancha tushib ketdi. Sovetlar ta’sirida bo‘lgan
hududlarda eski boylar va ularning shohona hayotiga nafrat kuchayishi, hatto g‘arb
jamiyatlarida kuzatilgan norozilik, ijtimoiy-iqtisodiy muammolar muzeyga nisbatan
turli fikrlar shakllanishiga olib keldi. Ba’zi toifalar nazdida, muzeylar boylarning
hashamatini eslatuvchi buyumlarni namoyish etardi. Bir tomondan qiziqish pasaygan
bo‘lsa, ikkinchi tomondan muzeylarni moddiy qo‘llab-quvvatlash ozayib borardi.

Qolaversa, kino, televideniye, adabiyot va musiqa rivoji omma e’tiborini o‘ziga torta
oldi. Ushbu og‘ir vaziyatda muzey haqidagi tasavvurlarni ijobiy tomonga o‘zgartirish
oson bo‘lmadi (Карстен Ш., 2016: 59-62).

1970-yillarga kelibgina muzeylarga davlat va omma tomonidan yana e’tibor
kuchaya boshladi. Bunda, urushdan so‘ng infratuzilmaning qayta tiklangani, iqtisodiy
o‘sish boshlangani, ziyolilar qatlami kengaygani va turizm sabab bo‘ldi. Ayniqsa,
1969-yildan ulkan hajmli Boeing 747 uchog‘ining xizmat ko‘rsata boshlashi fuqaro
aviatsiyasi rivojiga, sayyohlar oqimi ortishiga olib keldi.

Oqibatda muzey ishi yana rivojlandi. Endilikda muzeylar numizmatika,
arxeologiya, etnografiya, manbashunoslik va boshqa ko‘plab yo‘nalishdagi faoliyatni
o‘zida qamragani, tashrifchilar manfaati uchun ekspozitsiyada tez-tez o‘zgarishlar qila
boshlashi, odamlar qulayligi haqida ko‘proq qayg‘urishi bilan avvalgi muzeylardan
katta farq qilardi. Ekspozitsiyaning statik holatdan dinamik holatga o‘zgarishi muzey
konsepsiyasida tub burilish yasadi. Mazkur xususiyatlarni nazarda tutuvchi yangi
konsepsiya haqiqatan ham ancha demokratik edi. Muzeyshunoslik tarixida burilish
yasagan eng mashhur voqea Parij shahrida Pompidu muzeyi tashkil etishi edi. Pompidu
muzeyining innovatsion konsepsiyasi fanlararo yondashuvga asoslanishi, san’atning
turli yo‘nalishlarini qamrab olishi, tom ma’noda madaniyat markaziga aylangani
(ustaxona, ma’ruzalar zali, madaniy tadbirlar bilan), tashrifchilarga kuzatishdan ko‘ra
ko‘proq imkoniyat berishi, multimedia vositalaridan unumli foydalanishi, shaffof
qoplamali me’moriy yechimi bilan o‘ziga xos edi.

Pompidu markazini 1929-yili AQShda tashkil etilgan Zamonaviy san’at muzeyi
(Museum of Modern Art – MoMA) bilan solishtirganda ham, zamonaviy
yo‘nalishlarga ochiqligi, ko‘rgazmalarni interfaol usulda tashkil etishi va faoliyati
qat’iy chegaralab tashlanmagani bilan ajralib turardi. Pompidu muzeyi shuni isbotlab
berdiki, har bir muzey o‘z konsepsiyasini ishlab chiqishi va o‘ziga xos ekspozitsiyalar
tashkil etishi mumkin ekan. Ushbu muzey misolida postmodernizmning kelishi
muzeylari rolini tubdan o‘zgartirib yubordi.

Pompidu markazi vujudga kelguniga qadar muzey ekspozitsiyasi va konsepsiyasi
turli davrlarda turli muzeylar faoliyatida asta-sekin rivojlanib keldi. Ilg‘or
konsepsiyani taklif etishda yaqqol yetakchi muzey bo‘lmadi, vaqti kelganda Britaniya
muzeyi ilgarilab ketgan bo‘lsa, boshqa muzeylar ham o‘z vaqtida innovatsion qadamlar
tashlay oldi. Masalan, XVIII asr oxirida Parij, XIX asr ikkinchi yarmida London, XX
asr birinchi yarmida AQSh, nihoyat, 1970-yildan yana Parij yetakchilik qildi. Bu
borada Dominik Vivan Denon, Vilgelm Bode, Alfred Barr kabi muzey rivoji uchun
xizmat qilgan shaxslarni eslab o‘tish o‘rinlidir.

Aslida, muzey konsepsiyasi evolyutsiyasini alohida tadqiqot obyekti sifatida
o‘rganish mumkin. Sababi, ro‘y bergan jarayonlar bayon qilinganidan ko‘ra
murakkabroq xususiyatga ega. 1970-yilgacha mavjud bo‘lgan muzeylar

konsepsiyalarida o‘xshash va umumiy jihatlarni uchratish mumkin edi, ammo keyingi
davrda shu qadar xilma-xil konsepsiyalar paydo bo‘la boshladiki, ular o‘rtasidagi farq
kattalashib bordi.

Pompidu markazi an’anaviylashib qolgan muzeyga turli nuqtai nazarlardan qaray
boshlagan birinchi muzey bo‘ldi. Undagi asosiy farqlardan biri odamlarga hordiq
chiqarish uchun imkoniyat berishidir. Endilikda muzeylar o‘ziga xos bo‘lishi
mumkinligini, joylashgan hududi bilan chegaralanib qolmasligini Pompidu markazi
ko‘rsatib berdi. Odamlar xohlasalar uylarida o‘tirib ekspozitsiyani ko‘rishlari,
xohlasalar safar qilib kelishlari reallikka aylandi. Muzey tashrifchilari orasida
sayyohlar nisbati keskin orta boshlagani esa, ekspozitsiyada tez-tez yangiliklar qilib
turish zaruratini yuzaga keltirdi. Chunki, bir xil tartibdagi ko‘rgazma odamlarni
zeriktira boshladi (Карстен Ш., 2016: 73).

Shu davrdan boshlab, milliy-madaniy va siyosiy-iqtisodiy sharoitdan kelib
chiqqan holda muzeylar o‘z yo‘nalishida yuzaga kela boshladi. Biroq, bu bilan har bir
muzey alohidalashib ketgani yo‘q, baribir, barcha muzeylarning umumiy fundamental
asoslari saqlanib qoldi va muzey rahbariyati konsepsiya hamda ekspozitsiyani ishlab
chiqishda birlamchi asoslarga tayanaverdi.

Muzey konsepsiyasini shakllantirish mazkur davrda qiyin vazifaga aylandi, desak
mubolag‘a bo‘lmaydi – bir tomondan siyosatchilar mafkuraviy qurol sifatida
foydalanishni istasa, boshqa tomondan san’atkorlar o‘z g‘oyalarini ifodalashni
istardilar, uchinchi tomonda esa xalq o‘z istaklarini ayta boshlagandi. Ommaviy
axborot vositalarining rivojlanishi muzey ko‘rgazmasi va faoliyatidan barchani
xabardor etib turardi. Shu vaziyatda aniq bir konsepsiyaga tayanish muzey
rahbariyatidan katta iroda talab eta boshladi. Muzey ma’rifat maskanimi, ko‘ngilochar
joymi, yoki auditoriya qiziqishlarini o‘rgangan holda ekspozitsiya tashkil etadigan
markazmi – bu holat XX asr oxiridagi postmodernistik jarayon hosilasi edi. Avvallari,
muzeylar shohona buyumlarni saqlaydigan, odamlarga hech qanday izohsiz namoyish
etadigan institut sifatida yuzaga kelgan bo‘lsa, bu davrga kelib auditoriya bilan
muloqot o‘rnatishga, ular uchun yangilanib turadigan ko‘rgazmalar qilishga harakat
qilina boshlandi. Asosiysi, auditoriyaning fikrini hurmat qilgan holda o‘z qarashlarini
singdirishda ularni majburlamay qo‘ydi. Ayni shu davrda kommunistik-sotsialistik
mafkura yemirila boshladi.

XX asrning to‘rtinchi choragida kuzatilgan yana bir holat shuki, muzey kuratorlari
faqat san’at ixlosmandlarini emas, balki aholining har qanday toifasini muzeyga jalb
qilish uchun chora-tadbirlarni ko‘ra boshladilar. Mening fikrimcha, ayni shu ish
kelgusida ekspozitsiyalarning “saviya”sini tushirib yubordi. Sababi, ommaning
madaniy ehtiyoji va saviyasi san’atni qadrlaydigan toifa dunyoqarashidan farqlanadi.
Ustiga-ustak, davlat tomonidan moddiy qo‘llab-quvvatlashning kamayishi, muzey
marketingi haqida bosh qotirishga, daromadni oshirish uchun muzey maqomiga mos

kelmaydigan tadbirlarni o‘tkazishga olib keldi. Mazkur ikki holat muzeylar uchun
og‘riqli bo‘ldi, desak, xato bo‘lmaydi.

Bunday og‘ir vaziyatdan chiqish uchun ba’zi muzeylar yangi g‘oyani ilgari surdi:
ekspozitsiya qancha tor doirada ixtisoslashsa, o‘z homiylarini topish shuncha
osonlashadi. Haqiqatan ham, Londondagi Milliy Galereya va Teyt Galereyasi ushbu
yo‘nalishdagi konsepsiyaga asoslanib muvaffaqiyatga erishdi. Shunday bo‘lsa-da,
ko‘plab muzeylar 90-yillarga moliyaviy muammolar bilan kirib keldi. Oqibatda,
davlatning moliyaviy ta’minotidan mahrum bo‘lgan va homiylar topa olmagan
muzeylar tashrifchilarga suyanishdan boshqa chora topa olishmadi. Bu esa, muzey
konsepsiyasi va ekspozitsiyasini tayyorlashda tashrifchilar manfaati ustuvor bo‘lishini
ta’minladi. Shunday bozor iqtisodiyoti sharoitida muzeylarda marketolog, moliyachi
kabi yangi ish o‘rinlari paydo bo‘ldi.

Markaziy Osiyo va Kavkaz respublikalari tarixiga nazar tashlasak, iqtisodiy
tanglikka qaramay, muzeylar tashkil etildi va bu bilan puldan-da muhimroq qadriyatlar
targ‘ib qilina boshlandi. Milliy istiqlol g‘oyasi, o‘zlikni anglash, ajdodlarning pok
nomlarini tiklash kabi masalalar shular jumlasidandir.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Tadqiqot natijalariga tayanib shuni aytish mumkinki, muzey konsepsiyasi muzey
uchun eng muhim tarkibiy qismlardan hisoblanadi. Zero, muzey uchun alohida bino
qurish mumkin, ko‘plab ashyolarni olib kelib joylash mumkin. Biroq, binoning
me’moriy yechimi qay ko‘rinishda mos kelishi, qanday eksponatlar muzey uchun
muvofiqligi kabi masalalar konsepsiya qamrovida hal etilishi lozim. Ayni shu
konsepsiya asosida muzey o‘z xususiyatini namoyon etadi. O‘zbekistonda mustaqillik
yillarida yangi tashkil etilgan Olimpiya shon-shuhrati muzeyi, Temuriylar tarixi davlat
muzeyi, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi kabi qadamjo va osorxonalar ham aniq
konsepsiyalar asosida ishlab chiqilganki, bunda san’atshunoslar, tarixchi va
muzeyshunoslarning xizmatlari beqiyos. Shu o‘rinda taklif etgan bo‘lardimki,
muzeylar ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdan uzoqlashmagan holda innovatsion yutuqlar
bilan muzey ko‘rgazmalarining jozibadorligini oshirishsa, tashrifchilar fikrlarini
inobatga olgan holda muammolar hal etib borilsa, maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abdullayev Diyorjon, Muxamedova Munisa. (2024) Muzeyshunoslik. Darslik.
– Toshkent: “Zilol buloq” nashriyoti. - 408 b.
2. Agzamxodjayev S. (2021) Muzeyshunoslik va arxivshunoslik. O‘quv uslubiy
majmua. – Toshkent.
3. Hooper-Greenhill, Eilean. (1992) Museums and the shaping of knowledge. –
London.

4. Jeffrey Abt. (2007) The Origins of the Public Museum / Sharon Macdonald. A
Companion to Museum Studies. – Oxford, - Malden, - Carlton, Blackwell Publishing.

5. Karen Brown, Francois Mairesse. (2018) The definition of the museum through
its social role // Curator: The Museum Journal, Volume 61, Number 4. – pp. 525-539.

6. Kylie Message, Andrea Witcomb. (2015) Introduction: Museum theory. –
Oxford.

7. Owen Hopkins. (2021) The Museum. From its Origins to the 21st Century. –
London.

8. Tony Bennett. (1995) The birth of the museum. History, theory, politics. –
London and New York.

9. Нишанова К., Мухамедова М., Исмаилова Ж. (2015) Музей ва жамият.
Дарслик. – Тошкент.

10. Шуберт, Карстен. (2016) Удел куратора. Концепция музея от Великой
французской революции до наших дней. – Москва: Маргинем Пресс.

REFERENCES:
1. Abdullayev Diyorjon, Muxamedova Munisa. (2024) Muzeyshunoslik. Darslik.
– Toshkent: “Zilol buloq” nashriyoti. - 408 b. (In Uzbek)
2. Agzamxodjayev S. (2021) Muzeyshunoslik va arxivshunoslik. O‘quv uslubiy
majmua. – Toshkent. (In Uzbek)
3. Hooper-Greenhill, Eilean. (1992) Museums and the shaping of knowledge. –
London.
4. Jeffrey Abt. (2007) The Origins of the Public Museum / Sharon Macdonald. A
Companion to Museum Studies. – Oxford, - Malden, - Carlton, Blackwell Publishing.
5. Karen Brown, Francois Mairesse. (2018) The definition of the museum through
its social role // Curator: The Museum Journal, Volume 61, Number 4. – pp. 525-539.
6. Kylie Message, Andrea Witcomb. (2015) Introduction: Museum theory. –
Oxford.
7. Owen Hopkins. (2021) The Museum. From its Origins to the 21st Century. –
London.
8. Tony Bennett. (1995) The birth of the museum. History, theory, politics. –
London and New York.
9. Nishanova K., Muxamedova M., Ismailova J. (2015) Muzey va jamiyat.
Darslik. – Toshkent. (In Uzbek)
10. Shubert, Karsten. (2016) Udel kuratora. Konsepsiya muzeya ot Velikoy
fransuzskoy revolyutsii do nashix dney. – Moskva: Marginem Press. (In Russian)