JALOLIDDIN RUMIY ASARLARIDA SHAXS EMOTSIONAL HOLATLARI
TALQINI
INTERPRETATION OF PERSONAL EMOTIONAL STATES IN THE WORKS
OF JALALIDDIN RUMIY
ИНТЕРПРЕТАЦИЯ ЛИЧНЫХ ЭМОЦИОНАЛЬНЫХ СОСТОЯНИЙ В
ТВОРЧЕСТВЕ ДЖАЛАЛИДДА РУМИ
Alimbayeva Shaxlo Tursunovna
Oriental universiteti, Pedagogika va psixologiya
kafedrasi dotsenti, psixologiya fanlari nomzodi
Tel.: +998 97 765-01-17
e-mail: shahloalimbayeva86@gmail.com
Soliyeva Dilnozaxon Abdashimovna
Oriental universiteti, Pedagogika fakulteti talabasi
e-mail: shahlo_1986@list.ru
Annotatsiya. Ushbu maqolada Jaloliddin Rumiyning inson ruhiyati haqidagi
falsafiy qarashlari va ilmiy merosidagi psixologik jihatlar tahlil etiladi. Muallif,
Rumiyning "Masnaviyi ma'navi" va "Ichindagi ichindadir" (Fihi ma fihi) asarlarida
erkin talqin qilingan emotsional holatlar va ruhiy kechinmalarni o‘rganadi. Rumiyning
shaxsiy psixologiyaga oid yondashuvlarida, ruhiyatning mohiyati, his-tuyg‘ularning
o‘zaro aloqasi va ularning inson hayotidagi o‘rni haqida chuqur tushunchalar mavjud.
Maqola, Rumiyning zamonaviy psixologiya bilan bog‘liq nazariyalar bilan qanday
muvofiqligini ko‘rsatib, uning asarlaridan olingan misollar orqali emotsional
holatlarning murakkabligini va ularni boshqarishning ruhiy mexanizmlarini taqdim
etadi. Ushbu tadqiqot, Rumiyning tutgan o‘rni va uning ruhshunoslik sohasidagi
ahamiyatini yanada chuqurroq o‘rganishga xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: asar, shaxs emotsional holatlari, qalb, nafs, ruhiy jarayonlar.
Annotation. This article analyzes Jalal al-Din Rumi's philosophical views on the
human psyche and the psychological aspects of his scientific legacy. The author
examines the emotional states and mental experiences explored in Rumi's works
"Masnavi-ye Ma'navi" and "Fihi Ma Fihi". Rumi’s approaches to personal psychology
provide deep insights into the essence of the psyche, the interrelation of emotions, and
their role in human life. The article highlights how Rumi’s ideas align with
contemporary psychological theories, presenting examples from his works that illustrate
the complexity of emotional states and the psychological mechanisms for managing
them. This research contributes to a deeper understanding of Rumi's significance and his
impact on the field of psychology.
Keywords: work, personal emotional states, heart, soul, mental processes.
Аннотaция. В данной статье анализируются философские взгляды
Джалаладдина Руми на человеческую душу и психологические аспекты его
научного наследия. Автор исследует эмоциональные состояния и душевные
переживания, свободно интерпретируемые в таких произведениях Руми, как
"Маснави-и Маънави" и "Внутри — это внутри" (Фихи ма фихи). В подходах Руми
к личной психологии содержатся глубокие понятия о сущности духа, взаимосвязи
чувств и их роли в человеческой жизни. Статья демонстрирует, как взгляды Руми
соотносятся с современными психологическими теориями, и предоставляет
примеры из его произведений, раскрывающие сложность эмоциональных
состояний и механизмы их управления. Это исследование способствует более
глубокому пониманию роли Руми и его значимости в области психологии.
Ключевые слова: произведение, личностные эмоциональные состояния,
сердце, душа, психические процессы.
KIRISH
XIII asrda yashab o‘tgan, tasavvuf tariqatining buyuk namoyandasi Jaloliddin
Rumiy qoldirgan ilmiy va adabiy meros hozirgi zamon kishisining ham ruhiy
kamolotiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Uning shunday buyuk shaxs sifatida kamol topishi,
asarlarining bebaho qiymatga ega boʻlishida oʻsha davr shart-sharoiti va unga ta’lim
bergan ustozlar oʻrni muhim sanaladi. Jaloliddin Rumiyning asl ismi Muhammad ibn
Muhammad ibn Husain an-Balhiy deya qayd etiladi. U yor-u doʻstlari tomonidan
Mavlono sifatida e’zozlangan." Jaloliddin", "Rumiy", " Mavlaviy" kabi bir necha
taxalluslarga ega boʻlgan. Rumiy (Milodiy 1207-yil 30-sentyabr) kuni "Ummu-l- bilish"
("Shaharlar Onasi") deb atalmish qadimiy Balxda dunyoga kelgan. Uning otasi
Bahouddin Muhammad (Bahaul valad) shaxrining eng mashhur voizlaridan boʻlgan.
Aflokiyning aytishicha, uni dastlab otasi "Xudovandigor" deb chaqirgan.
"Xudovandigor" soʻzi "Sarvar", "Janob", ma’nolarini anglatib, yuksak ma’naviy va
ijtimoiy hurmatga sazovor kishilarga nisbatan "Xiva" nomi oʻrnida qoʻllanilgan. Bundan
koʻrinib turibdiki, Rumiy shaxsi xalq ichida hurmat bilan tilga olingan.
ADABIYOTLAR TAHLILI
Rumiy oʻzidan keyingi avlodlarga besh muhim va qimmatbaho asarlarini qoldirdi:
1. "Devoni Kabir ",
2. "Devoni Shamsi Tabriziy",
3. "Devoni Shamsul Haqoyiq",
4. "Masnaviyi Ma’naviy",
5. "Fiyhi man Fiyhi"("Ichindagi ichindadur")
Barcha sharq allomalari asarlarida inson ruhiy jarayonlari masalalari majoziy
o‘xshatishlar asosida yoritilganidek, Jaloliddin Rumiy asarlarida ham ushbu talqinni
ko‘rish mumkin. Alloma o‘zining “Masnaviyi maʼnaviy” asarida quyidagi baytlarni
keltiradi:
“Loyqa suv daryoga yetmoq istayur,
Loy to‘sar yo‘lni – borishga qo‘ymas ul.
Yaʼni, ko‘ngil musaffo, eʼtiqod mustahkam bo‘lsa, niyating g‘arazdan holi bo‘lsa,
tilagingga yetasan. Suv – maqsad, daryo – orzu qilingan manzil, loyqa – maqsadga
qarshi turuvchi barcha muflis tuyg‘ular. Аriqni loydan tozalasang, suv ravon va tiniq
oqadi” (Rumiy J., 2010: 24). Ushbu misralar orqali Jaloliddin Rumiy inson o‘z qalbini
turli xil noxush his-tuyg‘ulardan tozalashi lozimligini, g‘azab, qo‘rquv, nafrat kabi hislar
inson qalbini “loyqa”lantirishini, ko‘ngilning musaffoligi hayot yo‘lida qoqilmay
yurishga sabab bo‘lishini taʼkidlaydi. U yana fikrining mantiqiy davomi sifatida
quyidagi baytlarni ham keltirib o‘tadi:
“Tegsa it, daryo harom bo‘lgaymu hech,
Puflasa, ul oftob so‘lgaymu hech?
Yaʼni, feʼl-atvoringni keng qil. Har narsadan g‘ayri maʼno izlama, ranjima. Аxir
quyoshni puflagan bilan so‘nib qolarmidi?! (Rumiy J., 2010: 39).
Yelkasiga tegsa oftob kimsaning,
Tikka boqqay, qo‘rquvi bo‘lmas uning.
Yaʼni, kimning orqasida madadkori bo‘lsa, u hech narsadan cho‘chimay, dadil
qadam tashlaydi” (Rumiy J., 2010: 29). Mutafakkir ushbu misralar orqali inson o‘zini
turli xavf-xatarlardan himoyalovchi borligiga ishonsa hech narsadan qo‘rqmasligiga
ishora qiladi.
“Qo‘rqmagil daryodanam, to‘lqindanam,
Qo‘rqmagil, deb senga amr etmish Egam.
Yaʼni, sen har narsaga joningni g‘ovuchlab titrab qaqshama. Faqat bir narsani –
bandaligingni esdan chiqarmasang, o‘zgasi hechdir” (Rumiy J., 2010: 43).
Аlloma yuqoridagi fikrlar orqali inson doimo qalban poklikka intilishi va har bir
xatti-harakatida Аllohga ishonishi uni turli qo‘rquv va xavotirlanishdan ozod bo‘lishiga
yordam berishini taʼkidlaydi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Jaloliddin Rumiy inson nafsini vahshiy arslonga qiyoslar ekan, quyidagicha taʼrif
beradi: “Ey odam, sen bu dunyo qudug‘ining tubiga hirs, ochko‘zlik bilan tashlangan
mahbus bir arslonsan. Nafsingni yeng-da, quyon kabi erkin bo‘l. Sening nafsing sahroda
yeb-ichmoqda, zavq-u safo etmoqda. Sen esa mana bu mish-mish va tortishuv
qudug‘ining ichidasan” (Rumiy J., 2021). Jaloliddin Rumiy nafs tushunchasi orqali
boshqa tasavvuf taʼlimoti vakillari kabi kishining yomon xususiyatlarini, jumladan,
gerdayish, o‘zini yaxshi ko‘rish, jahl, g‘azab, kin-adovat saqlash, chaqimchilik,
ko‘rolmaslik, qiyinchiliklarga sabrsizlik kabi xususiyatlarni nazarda tutadi. Ushbu
sifatlarning kuchayishi inson qadr-qimmatini tushirishini taʼkidlab o‘tadi.
TAHLIL VA NATIJALAR
"Ichingdagi Ichingdadur" asari esa ulugʻvorlik va soddalikni uyg‘unlashtirib
yashash mohiyatini o‘zida aks ettirgan qimmatli asardir. Bu asar Jaloliddin Rumiyning
turli majlislarda aytgan soʻzlaridan tarkib topgan bo‘lib, ularni oʻgʻli Sulton Valad yoki
Muridlaridan biri yozib olib, jamlangan va kitob holiga keltirgan.
"Ichindagi ichindadur" asari oltmish bitta fasldan iborat boʻlib, ular muayyan bir
masala yoki biror muridning majlisda bergan savoliga Mavlononing javobi bilan
boshlanadi. Shunga koʻra fasllarning har biri boshqa-boshqa mavzuga bagʻishlangan va
mazmunan mustaqildir. Biroq ular Mavlono Rumiyning tasavvufiy tushunchalarini,
dunyoqarashini, davrining bir qancha diniy, falsafiy va axloqiy aqidalarini, dunyo va
insoniyatning muhim voqealarni, nihoyat, o‘sh davr muhitini yoritish jihatidan bir
umumiylik kasb etadi. Bu asar insonni fikrlashga, fikrlash orqali oʻzligini, oʻzligi orqali
Haqni - Yaratganni tushunishga undaydi. Jaloliddin Rumiy o‘zining “Ichindagi
ichindadir” asarida umid ishonch yo‘lining boshi deb qaraydi. Ijobiy motivatsiya kishi
muvaffaqiyatining asosi ekanligi g‘oyasini ilgari surar ekan, quyidagi fikrni keltiradi:
Yo‘lda yurmasang ham, doimo yo‘lning boshini ko‘zla. “Noto‘g‘ri ishlar qildim” dema,
to‘g‘rilikni tut. O‘shanda hech qanday egrilik qolmaydi.
Muallif to‘g‘rilikni Musoning hassasiga, egrilikni esa sehrgarlarning sehriga
o‘xshatar ekan, to‘g‘rilik o‘rtaga chiqishi bilan ularning hammasini yutadi. Shunday der
ekan, Rumiy ushbu holatni tog‘ boshiga qo‘nib uchgan qush uning hech narsasini
orttirmasligi va kamaytirmasligiga qiyoslaydi (Rumiy J., 2021). Bu fikrlar orqali Rumiy
insonda muvaffaqiyatga intilish motivatsiyasini kuchaytirish yo‘llarini ko‘rsatadi.
Alloma umidsizlikni kishini yo‘ldan qoldiruvchi, uning imkoniyatlarini tormozlovchi
xususiyat kabi bilib, har qanday holatda ham umidni so‘ndirmaslik lozimligini uqtiradi.
Mutafakkir “insonning ichi - dahliz, dunyo esa uy” deya qiyoslaydi. Avval
dahlizga, so‘ngra uyga kiriladi. Daxlsizday ko‘ringan barcha narsa uyning ichkarisida
ham mutlaq zohirdir. Masalan, shu o‘tirgan uyimizning tarxi avval me’morning
miyasida aniqlanib, keyin uning o‘zi maydonga kelgan. Dunyoni — uy, dedik.
Tushuncha va fikrlar shu uyning dahlizlaridir, Dahlizdagi borliq uyning ichida ham
mavjud ekanligi haqiqatini bilishing kerak, deya Rumiy dunyoda paydo bo‘lgan jamiki
xayrli va xayrsiz ishlar, avvalo insonning ichki olamida aks etishini ta’kidlaydi.
“Bir danakni qobiqsiz holda yerga eksang, ko‘karmas. Qobig‘i bilan yerga
ekkaning vaqtda unadi va ulkan bir daraxtga aylanadi” (Rumiy J., 2010: 32). Shunday
deya Jaloliddin Rumiy vujudning ham buyuk bir asli bor ekanligini, mana shu asl ma’no
bo‘lib, uni hamma ham anglamasligini ta’kidlaydi.
Shuningdek, Rumiy insonga berilgan sinovlarga chidamlilikni aks ettirish
lozimligini quyidagi misol orqali ifodalaydi: “Bir saroyda shamol essa, gilamning
chetini ko‘taradi, xas-xashakni osmonga uchiradi, hovuz suvini halqa-halqa etadi,
daraxtni, uning shoxlari-yu barglarini o‘ynatadi. Bu bir-biriga o‘xshamagan hollar
maqsad, asos va haqiqat nuqtai nazaridan birdir. Chunki hammasining harakati bir
shamoldandir” (Rumiy J., 2010: 35-36). Alloma bu fikrlar orqali insonlar berilgan
sinovlar xilma-xilligini – kimdir befarzand, yana kimdir yaqin insonidan ayrilgan,
kimdir yetimlik dardini boshidan kechiradi, yana kimdir och-nahor ekanini ta’kidlaydi.
Ammo Rumiy bularning bari turli tuman mushkulotlar bo‘lgani bilan barining asosi bir,
ya’ni barchasi insonga berilgan sinov ekanini aytib o‘tadi. Gilamni urib, changini qoqish
gilamga aziyat yetkazish uchun emas, uni tozalash uchun bo‘lganidek, insonga berilgan
sinovlar ham uning qalbini poklash uchun yuborilishini aytib o‘tadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, Jaloliddin Rumiy kelajak avlodlarga meros qilib qoldirgan
noyob durdona asarlari, hikmatli iboralari orqali insonlarni aniqlikka, teranlikka,
insoniylikka, sabr-toqatlilikka, fahm-farosatlilikka chorlaydi. Sharq allomalari
tomonidan yozib qoldirilgan ko‘pgina asarlarda metafora va o‘xshatishlardan keng
foydalanilgan bo‘lib, ichki mohiyatida chuqur ma’no yotuvchi sodda ko‘rinishli
hikoyalarning keltirilishi har qanday o‘quvchi uchun o‘z bilim va salohiyatidan kelib
chiqqan holda ma’noni anglay olishiga yordam beradi. Ushbu yo‘nalish Jaloliddin
Rumiy asarlarida ham aks etgan bo‘lib, unda shaxs emotsional holatlari go‘zal usulda,
majoziy o‘xshatishlar asosida yoritilgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Rumiy Jaloliddin. (2010) Masnaviy hikoyalaridan darslar: 40 hikoyaga 40
sharh. – Toshkent: Muharrir. 1-kitob.
2. Rumiy Jaloliddin. (2010) Oqibat tuproq bo‘lurmiz: “Masnaviyi maʼnaviy”
hikmatlaridan / Nasriy matn muallifi X.Qosim. – Toshkent: Muharrir. – 44 b.
3. Rumiy Jaloliddin. (2021) Ichindagi ichindadir / Tarjimon Ulug‘bek Hamdam.
–Toshkent: Yangi asr avlodi. – 272 b.
4. Alimbayeva Sh. (2020) Sharq allomalari izidan: bolaga ilm asoslarini o‘rgatish
an’analari // Maktabgacha ta’lim. № 9.
5. Nishanova Z.T., Alimbayeva Sh.T., Umurzoqov D.X. (2018) O‘quvchilarda
milliy xususiyatlarni tadqiq etishning ilmiy-uslubiy asoslari. – Toshkent.
6. Gross, J. J. (2002). Emotion regulation: Affective, cognitive, and social
consequences. Psychophysiology, 39(3), 281-291.
https://doi.org/10.1017/S0048577202392048
7. Scherer, K. R. (2001). Appraisal considered as the basis for emotion. In K. R.
Scherer, & P. Ekman (Eds.), Approaches to Emotion (pp. 92-120). Psychology Press.
8. Lazarus, R. S. (1991). Emotion and adaptation. Oxford University Press.
9. Mayer, J. D., Salovey, P., & Caruso, D. R. (2004). Emotional intelligence:
Theory, findings, and implications. Psychological Inquiry, 15(3), 197-215.
https://doi.org/10.1207/s15327965pli1503_02
10. Robinson, M. D., & Clore, G. L. (2002). Belief and feeling: Evidence for an
accessibility model of emotional self-report. Psychological Bulletin, 128(6), 934-960.
https://doi.org/10.1037/0033-2909.128.6.934
REFERENCES:
1. Rumiy Jaloliddin. (2010) Masnaviy hikoyalaridan darslar: 40 hikoyaga 40
sharh. – Toshkent: Muharrir. 1-kitob. (In Uzbek)
2. Rumiy Jaloliddin. (2010) Oqibat tuproq bo‘lurmiz: “Masnaviyi maʼnaviy”
hikmatlaridan / Nasriy matn muallifi X.Qosim. – Toshkent: Muharrir. – 44 b. (In Uzbek)
3. Rumiy Jaloliddin. (2021) Ichindagi ichindadir / Tarjimon Ulug‘bek Hamdam.
–Toshkent: Yangi asr avlodi. – 272 b. (In Uzbek)
4. Alimbayeva Sh. (2020) Sharq allomalari izidan: bolaga ilm asoslarini o‘rgatish
an’analari // Maktabgacha ta’lim. № 9. (In Uzbek)
5. Nishanova Z.T., Alimbayeva Sh.T., Umurzoqov D.X. (2018) O‘quvchilarda
milliy xususiyatlarni tadqiq etishning ilmiy-uslubiy asoslari. – Toshkent. (In Uzbek)
6. Gross, J. J. (2002). Emotion regulation: Affective, cognitive, and social
consequences. Psychophysiology, 39(3), 281-291.
https://doi.org/10.1017/S0048577202392048
7. Scherer, K. R. (2001). Appraisal considered as the basis for emotion. In K. R.
Scherer, & P. Ekman (Eds.), Approaches to Emotion (pp. 92-120). Psychology Press.
8. Lazarus, R. S. (1991). Emotion and adaptation. Oxford University Press.
9. Mayer, J. D., Salovey, P., & Caruso, D. R. (2004). Emotional intelligence:
Theory, findings, and implications. Psychological Inquiry, 15(3), 197-215.
https://doi.org/10.1207/s15327965pli1503_02
10. Robinson, M. D., & Clore, G. L. (2002). Belief and feeling: Evidence for an
accessibility model of emotional self-report. Psychological Bulletin, 128(6), 934-960.
https://doi.org/10.1037/0033-2909.128.6.934