ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ijtimoiy manfaatlar – oilada professional shaxsni tarbiyalash omili sifatida

Hayitov Oybek Eshboyevich, Kabulova Saboxat Baxodirovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

IJTIMOIY MANFAATLAR – OILADA PROFESSIONAL SHAXSNI
TARBIYALASH OMILI SIFATIDA

SOCIAL INTERESTS – AS A FACTOR IN RAISING A PROFESSIONAL
INDIVIDUAL IN THE FAMILY

СОЦИАЛЬНЫЕ ИНТЕРЕСЫ – КАК ФАКТОР ВОСПИТАНИЯ
ПРОФЕССИОНАЛЬНОГО ЧЕЛОВЕКА В СЕМЬЕ

Hayitov Oybek Eshboyevich
Oriental universiteti

Uzluksiz ta’lim pedagogikasi kafedrasi professori,
psixologiya fanlari doktori
Tel.: +998 90 997-33-61

e-mail: oybekhayitovj887na@jmail.com
ORCID: 0000-0002-3539-4076

Kabulova Saboxat Baxodirovna
Urganch davlat universiteti tayanch doktoranti

Tel.: +998 62 224 66 80

Annotatsiya. Ushbu maqolada oilada professional shaxsni tarbiyalashda ijtimoiy
manfaatning roli ilmiy-akademik nuqtai nazardan tahlil qilinadi. “Ota kasbi”ni davom
ettirgan sulola vakillari — o‘qituvchilar va shifokorlarning psixologik meros va nasliy
meros asosidagi xususiyatlari o‘rganilgan. Tadqiqotda oilaviy meros va shajara
a’zolarining ijtimoiy manfaatga yo‘naltirilganligi “ijtimoiy manfaatlar indeksi” orqali
aniqlangan. Tajriba va nazorat guruhlari ma’lumotlari asosida sulola vakillarining
psixologik xususiyatlari va gender farqlari tahlil qilingan. Natijalar oilaning
professional shaxs shakllanishidagi muhimligini tasdiqlaydi. Shu bilan birga, ijtimoiy
manfaat oilaviy va psixologik merosning uzviy qismi sifatida kasbiy yo‘nalishni
belgilovchi omil ekanligi isbotlanadi. Tadqiqot shuningdek, ota kasbning shaxsiy
motivatsiya va ijtimoiy mas’uliyatga ta’sirini yoritadi. Bu jarayon oilaviy
an’analarning kasbiy identifikatsiyaga ta’sirini ochib beradi.

Kalit so‘zlar: oila, psixologik meros, nasliy meros, oilaviy meros, sulola vakili,
shajara a’zosi, ijtimoiy manfaat, ijtimoiy manfaatlar indeksi, ota kasb, professional
shaxs, o‘qituvchi, shifokor.

Annotation. This article highlights the role of social interests in nurturing a
professional individual within the family from a scientific-academic perspective. The
psychological and hereditary characteristics of dynastic representatives – teachers and
doctors, who perpetuate their "parental profession" are investigated. The study determines

the orientation of family heritage and lineage members toward social interests through the
"social interests index." Based on data from experimental and control groups, the
psychological traits and gender differences of dynastic representatives are analyzed. The
findings affirm the family’s significance in shaping a professional individual.
Furthermore, social interests are proven to be an integral component of familial and
psychological heritage, determining career orientation. The research also highlights the
influence of parental profession on personal motivation and social responsibility,
revealing how family traditions impact professional identity formation.

Keywords: family, psychological heredity, generational heredity, family
heredity, representative of the pedigree, family member, social interest, social interest
index, father’s profession, professional personality, teacher, doctor.

Аннотация. В данной статье роль социальных интересов в воспитании
профессиональной личности в семье анализируется с научно-академической
точки зрения. Изучены психологические особенности представителей династий
— учителей и врачей, продолжающих «отцовскую профессию», на основе
психологического и наследственного наследия. В исследовании ориентация
семейного наследия и членов рода на социальные интересы определена через
«индекс социальных интересов». На основе данных экспериментальной и
контрольной групп проанализированы психологические характеристики
представителей династий и гендерные различия. Результаты подтверждают
значимость семьи в формировании профессиональной личности. Доказано, что
социальные интересы как неотъемлемая часть семейного и психологического
наследия являются определяющим фактором профессиональной ориентации.
Исследование также освещает влияние отцовской профессии на личную
мотивацию и социальную ответственность. Этот процесс раскрывает
воздействие семейных традиций на профессиональную идентификацию.

Ключевые слова: семья, психологическая наследственность,
наследственность поколений, семейная наследственность, представитель
родословия, член семьи, социальный интерес, индекс социального интереса,
отцовская профессия, профессиональная личность, учитель, врач.

KIRISH
Ma’lumki, inson shaxsiyati o‘zining shakllanishi va rivojlanishida ijtimoiymadaniy hodisalar ta’sirida bo‘ladi va ijtimoiylashuv jarayonida mazkur shaxs o‘zi
mavjud bo‘lgan jamiyat normalari, qoidalari va xulq-atvor xususiyatlarini o‘zlashtiradi.
Jahon ta’lim va ilmiy tadqiqot markazlarida oilaviy shajaraning shaxs professional
shakllanishiga ta’sirini o‘rganish, oilaviy merosning professional kompetensiyalar
rivojlanishidagi psixologik xususiyatlari aniqlash masalalari bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar

olib borilmoqda. Bu borada klassik psixologiyada «professional xulqi va uning shaxsi»
muammosi nazariy jihatdan bir qator mutaxassislar tomonidan ko‘rib chiqilgan hamda
o‘rganilgan bo‘lib, ushbu yo‘nalish tarafdorlari tomonidan «qobiliyat bilan tug‘iladilar»
va bunda professional sifatlar oilaviy meros yordamida ota yoki onadan farzandlarga
o‘tadi degan g‘oyani ilgari surish, «tug‘ma professional»larning dominanta
xromosomalarini aniqlash bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarga alohida e’tibor berilmoqda.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ijtimoiy-maishiy sohada shakllanuvchi va shaxsning ijtimoiy hayotga
munosabatini, uning ijtimoiy faolligi xususiyatini belgilovchi manfaatlar turi – bu
ijtimoiy manfaatdir (Saidov M., 2007).
J.E. Krandell ta’kidlaganidek, «Ijtimoiy manfaatdagi empatiya nafaqat
boshqalarni tushunish va ularga g‘amxo‘rlik qilish, balki ularning o‘sishiga yordam
berish sifatida ham talqin qilinadi» (Crandall J., 1981). A. Adler o‘z davrida:
«... identifikatsiya yoki empatiya har doim bizning ijtimoiy qiziqishimiz darajasiga
bog‘liq va u ijtimoiy manfaatning muhim jihati sanalib, ijtimoiy hayotga professional
shakllanishga erishish uchun mutlaqo zarurdir», deb ta’kidlagan (Adler A., 1956). Bu
yerda A. Adler empatiyani ijtimoiy manfaat bilan tenglashtirmaydi, ya’ni ijtimoiy
qiziqish nafaqat empatiyani, balki fikrlashni ham o‘z ichiga qamrab oladi, degan
g‘oyani ilgari suradi.
Ijtimoiy manfaat (lotincha socialis – jamoat va manfaat – muhim) – bu jamiyat
hayotiga hissiy jihatdan yuklangan munosabat, obyektiv ravishda belgilangan faoliyat
motivi. «Ijtimoiy manfaat» tushunchasini fanga avstriyalik psixolog A. Adler kiritgan.
Avvaliga u ijtimoiy manfaatni tajovuzkorlik va hokimiyatga intilishni cheklovchi
qarshi kuch sifatida baholagan. Keyinchalik ijtimoiy manfaat kognitiv funksiya, ya’ni
ongli va (yoki) professional rivojlanish(i) uchun tug‘ma genetik qobiliyat sifatida
qarala boshlagan.
A. Adlerning fikricha, «ijtimoiy manfaat jamiyatga integratsiyalashuv va pastlik
tuyg‘ularini yo‘q qilish uchun asosdir. Bu nomukammal bo‘lishga tayyorlik, umumiy
farovonlikka hissa qo‘shish, ishonch, g‘amxo‘rlik, rahm-shafqat, mas’uliyatli tanlov
qilishga tayyorlik, ijodkorlik, yaqinlik, hamkorlik va inklyuzivlik bilan tavsiflanadi».
A. Adlerning fikriga ko‘ra, «har bir inson bolalik davridanoq o‘rnatiladigan
ma’lum bir energiya darajasiga ega va u befarqlikni doimiy g‘azablanadigan
faoliyatgacha o‘zgartirish xususiyatlarini turli xildagi insonlardan tanlab oladi» (Adler
A., 1956). Shu bois ham yuqorida ta’kidlaganimizdek, faollik darajasi faqat ijtimoiy
manfaat bilan uyg‘unlashgandagina konstruktiv yoki destruktiv rol o‘ynashi mumkin.
Ilmiy manbalarda ijtimoiy manfaatni ikki jihatda, «jarayon» va «obyektga
yo‘nalganlik» sifatida tadqiq etilganligini ko‘rish mumkin. Ijtimoiy manfaat jarayon

sifatida shaxsiyatdan tashqarida va umumiy hayotga bo‘lgan qadriyatli munosabatlarda
o‘z ifodasini topgan. Bu «begonaning ko‘zi bilan ko‘rish, birovning qulog‘i bilan
eshitish, o‘zganing qalbi bilan his qilish» qobiliyatidir.

J.E. Krandell ta’kidlaganidek, «Agar men boshqa odamlarni qadrlasam, ular xafa
bo‘lganini, bundan qayg‘urayotganini, ularga yordam berish uchun nima qilishim
mumkinligini yaxshiroq o‘ylab ko‘raman va so‘ngra o‘ylaganimni amalga oshira
olaman» (Crandall J., 1984: 164). Bunda sulola vakili oilaviy meros hisoblangan
shajara muvaffaqiyatini qadrlasa, ajdodlari kelajak avlodlaridan nimalar
kutishganligini, ular uchun qanday qayg‘urishganini, ularga munosib voris bo‘lish
uchun nimalar qila olishini chuqur o‘ylab ko‘radi va «ota kasbga» bo‘lgan ichki
intilishi asosida o‘zini professional jihatdan shakllantirishga yo‘naltira oladi.

Fanda ijtimoiy qiziqish indeksini o‘lchash uchun turli usullar qo‘llaniladi. Bizning
EIT dasturimiz konsepsiyasiga J.E. Krandell tomonidan ishlab chiqilgan «Ijtimoiy
manfaatlar indeksi» metodikasini psixologik nuqtai nazardan eng munosib deb
baholash mumkin (Crandall J., 1975: 187). «Ijtimoiy manfaatlar indeksi» (Social
Interest Index) metodikasi dastlab J.E. Krendell tomonidan tanlangan 90 ta shaxs
sifatlarining har birini ijtimoiy tuyg‘u va (yoki) xatti-harakatlar bilan bog‘liqlik
darajasi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlashga bag‘ishlangan. Tadqiqot ishimizda
muayyan tartib jarayonida dastlab (pilotaj) bosqichda qirq sakkizta, yakuniy (empirik)
bosqichda esa so‘rovnoma asosini tashkil etuvchi o‘n besh juft belgi tanlab olindi.
Psixologik adabiyotlarda qayd etilishicha, «Indeks yigirma to‘rtta shaxsiy sifatdan
tashkil topgan bo‘lib, yo‘riqnomaga muvofiq, respondentdan har bir juftlikdagi ikkita
sifatdan birini tanlash taklif etiladi. Respondent ba’zi sifatlarga ikki marta ro‘para
kelishi mumkin, ammo har safar to‘qqizta bufer punkti bilan aralashtirilgan yangi
kombinatsiyalarda uchraydi» (Сидоренко Е., 2000). Empirik ijtimoiy tadqiqot
natijalarini tahlil qilishda takroriy berilgan javoblar tadqiqotchi tomonidan hisobga
olinmaydi va qayta ishlanmaydi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqot ishi oilada professional shaxsni tarbiyalashda ijtimoiy manfaatlarning
rolini o‘rganishga qaratildi. Tadqiqot sifatli yondashuvga asoslanib, ota-onalar va
yoshlar bilan yarim strukturlashtirilgan intervyular o‘tkazildi. Ma’lumotlarni yig‘ish
uchun maqsadli tanlov usuli qo‘llanildi, bunda turli ijtimoiy tabaqalardan 20 ta oila jalb
qilindi. Intervyular audioyozuvga olinib, keyinchalik transkripsiya qilindi va tematik
tahlil usulida ishlab chiqildi. Tadqiqotda ishtirokchilarning maxfiyligi ta’minlandi va
ularning roziligi oldindan olindi. Natijalar oilaviy muhitning professional rivojlanishga
ta’sirini aniqlashga xizmat qildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Kris Sent-Jon va M.S. Dentonlar tomonidan 1995-yilda o‘tkazilgan tadqiqotda
qayd etilishicha, «ijtimoiy manfaat»ni empirik tarzda o‘lchash mumkin bo‘lgan
tushuncha sifatida tasavvur qilish unchalik qiyin emas. Biroq, bu yerda ayrim bahstalab
jihatlarni albatta e’tibordan chetga qoldirmaslik lozim. Xususan, 1970-yillar boshida,
o‘z-o‘zidan boshqariladigan bir qator «ijtimoiy manfaat»lar ko‘rsatkichlarini
o‘lchovchi mezonlar ishlab chiqilgan:
1) Ijtimoiy manfaatlar indeksi (Social Interest Index – bundan keyin matnda – SII;
mualliflari: Greever, Tseng, va Friedland, 1973);
2) Sullimanning ijtimoiy manfaat shkalasi (Sulliman Scale of Social Interest –
bundan keyin matnda – SSSI; muallifi: Sulliman, 1973);
3) Ijtimoiy manfaatlar shkalasi (Social Interest Scale – bundan keyin matnda –
SIS; muallif: Crandall, 1975).
S. Vatkins ma’lumotlariga ko‘ra, 1981–1991-yillar oralig‘ida matbuotda 38 ta
maqola e’lon qilingan bo‘lib, ular kontekstida 45 ga yaqin «ijtimoiy manfaat»lar
bo‘yicha tadqiqotlar o‘tkazilgan. Ulardan faqat bitta tadqiqotda «SSSI»dan, yana
ikkitasida uni «SIS» bilan birlashtirib tahlil qilingan. Ammo, so‘nggi o‘n yil ichida
e’lon qilingan ishlarning deyarli barchasida «ijtimoiy manfaat»lar bo‘yicha tadqiqotlar
«SII» va «SIS»ni faqat o‘zi va (yoki) bir-birini to‘ldirgan holda qo‘llanilib kelinmoqda.
Shuning uchun, ushbu tadqiqot ishimizning maqsadiga muvofiq, ya’ni «ijtimoiy
manfaat»lar kasbiy sulola barqarorligini ta’minlashga xizmat qiluvchi va oilada
bo‘lajak professional shaxsni tarbiyalashga yordam beruvchi omili ekanligini
tasdiqlash uchun, avvalo «SSSI»ning konstruksiya (oilaviy shajara va (yoki) kasbiy
sulola) bilan bog‘liqligini isbotlovchi dalillarni tekshirishga to‘g‘ri keladi. Shu bois
ham tadqiqotning ilk bosqichidayoq quyidagi bog‘liqliklarni analitik dalillashga
harakat qildik:
- empatiya, ijtimoiy aloqa, baxt va hamkorlikning «SSSI» tomonidan
o‘lchanadigan «ijtimoiy manfaat»larga mos kelishi o‘zaro munosabatlar orqali
ko‘rsatish;
- barqarorlikni ta’minlash va professional shaxsni dastavval oilada tarbiyalashni
tushuntirib beruvchi omillarni «SSSI» kontekstidagi konstruktiv nazariyasi.
«SSSI» yordamida, biz, konvergent va diskriminant jarayonlarini amalga oshirdik
va shu orqali kasbiy sulola davomchilarini konstruksiya (oilaviy shajara va (yoki)
kasbiy sulola) bilan bog‘lanishlari qanchalik barqarorligini dalillashga muvaffaq
bo‘ldik. Shu yo‘l bilan:
a) Sent-Jonning 1992-yilgi tadqiqotini O‘zbekiston sharoitida takrorlashga;
b) qo‘shimcha psixologik chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan empirik ijtimoiy
tadqiqot yordamida ushbu tadqiqot natijalarini kengaytirishga;

c) va asosiy vektor – bu kasbiy sulola davomchilarining professional shaxs bo‘lib
shakllanishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar (ijtimoiy manfaatlar) mohiyatini psixologik
jarayonlarga bog‘lab tekshirishga erishildi.

Birinchidan, Sent-Jon tadqiqotida «SSSI» va boshqa o‘zgaruvchilar o‘rtasida
ko‘rsatilgan barcha to‘qqizta munosabatlar, bizning tadqiqot ishimizda ham
takrorlandi.

Ikkinchidan, ushbu tadqiqot natijalarini kengaytirishda, xususan, «SSSI» va
boshqa psixologik choralar o‘rtasidagi 26 ta faraz qilingan munosabatlardan 22 tasi
bashorat qilingan, ya’ni oilaviy shajaraning shaxs professional shakllanishiga ta’sirini
psixologik xususiyatlarini aniqlash yo‘nalishiga moslashtirildi.

Uchinchidan, faktor-tahlili natijalari «kontekst uyg‘unligi», «ijobiy
munosabat/javob» va «o‘ziga va o‘zgaga ishonch» deb nomlangan uchta omil
ustuvorligini keltirib chiqardi.

Umuman olganda bizning tadqiqot ishimiz maqsadi «SSSI» uchun asosli
dalillarni to‘plash sanaldi. Birinchidan, «SSSI» va u bilan bog‘liq «oilaviy meros» va
(yoki) «ijtimoiy meros»ga daxldor bir nechta tanlangan o‘zgaruvchilar – «oilaviy
shajara/ota-kasb»ga empatiya, «ijtimoiy aloqa», «baxt», «hamkorlik» va «narsissizm»
o‘rtasidagi munosabatni ko‘rib chiqdik. Ikkinchidan, «SSSI» natijalarini «ijtimoiybiologik» dilemma qonuniyatlariga muvofiq faktor tahlilini o‘tkazdik. Ushbu tahlillar
natijasida, biz, «nasabnoma-modelida»gi shaxsni, ya’ni kasbiy sulola vakilini (bo‘lajak
o‘qituvchi va shifokorni) psixikasidagi ustuvor konvergent va diskriminant dalillarni
to‘pladik va shu bilan «SSSI» ning konstruktiv haqqoniyligini baholadik.

Mazkur «SSSI» metodikasi 50 ta shkaladan tashkil topgan bo‘lib, u oʻz-oʻzidan
boshqariladigan oʻlchov hisoblanadi. Ushbu shkalalar ellikta tasdiq (bayonot)dan
iborat. Respondent har bir tasdiqni diqqat bilan o‘qib, u o‘ziga nisbatan «asosan toʻgʻri
– menga muvofiq keladi» yoki o‘ziga nisbatan «men uchun notoʻgʻri – odatda yolg‘on»
ekanligini baholaydi. Agar bayonot asosan toʻgʻri va respondentga muvofiq kelsa,
ushbu bayonotning chap tomonidagi bo‘sh joyga «1» raqamini qo‘yadi. Agar
bayonotni respondent o‘zi uchun noto‘g‘ri yoki odatda yolg‘on hisoblasa, ushbu
bayonotning chap tomonidagi bo‘sh joyga «2» raqamini qayd etadi.

Respondentlar berilgan tasdiqlarga «toʻgʻri-yolgʻon» shakli orqali javob berishdi.
Masalan, «Odamlar qaysi davlatda yashashidan qat’i nazar, hamma teng va qadrlidir»,
«Bu dunyo yashash uchun eng ajoyib joy» va «Odamlar ko‘p hollarda men bilan
hamkorlik qilishadi» kabi shkalalardagi tasdiqlarni ifodalovchi «yuqori ballar» yuqori
ijtimoiy qiziqishni ifodalagan bo‘lsa, «past ballar» past ijtimoiy qiziqishni ko‘rsatdi.
Eng so‘nggida barcha tasdiqlar javoblari «SSSI» bo‘yicha yagona ball (indeks) berish
uchun umumlashtirildi.

Bizgacha o‘tkazilgan tadqiqotlarda (masalan, Kris Sent-Jon va M.S. Dentonlar)

izlanishlar natijalari quyidagi 9 ta shkala orqali psixologik tahlil qilingan:
1-shkala «Sullimanning ijtimoiy manfaatlar shkalasi – SSSI»
2-shkala «Shaxslararo reaktivlik indeksi – IRI»;
3-shkala «Berkmanning ijtimoiy tarmoqlar indeksi – BSNI»;
4-shkala «Qovushgan qo‘llar testi – PHT»;
5-shkala «Ijtimoiy faollik o‘lchovi – SAM»;
6-shkala «Oksford baxt so‘rovnomasi – OHI»;
7-shkala «Hamkorlik shkalasi – CS»;
8-shkala «Narsissistik shaxsiyat ko‘rsatkichlari – NPI»;
9-shkala «Marlou-Kraun bo‘yicha ijtimoiy istak indeksi – M-C SDS»
Bunda «SSSI» uchun ballarning mumkin bo‘lgan diapazoni 50 dan 100 gacha;

«IRI» ballari diapazoni «fantaziya, kelajakni barpo qilish, o‘zga shaxsga nisbatan
empatik tashvish va shaxsiy tashvish shkalalari bo‘yicha 7 dan 35 gacha; «BSNI»
ballari oralig‘i esa yaqin do‘stlar soni, yaqin qarindoshlar soni va oyiga kamida bir
marta borib ko‘rilgan yaqin do‘stlar va qarindoshlar soni uchun 1 dan 5 gacha; «Baxt»
darajasi 1 dan 6 gacha; «PHT» ballari 26 dan 131 gacha; «SAM» ballari 21 dan
40 gacha; «CS» ballari 36 dan 180 gacha; «OHI» ballari 0 dan 116 gacha; «NPI»
ballari 54 dan 108 gacha va «MC SDS» ballar 33 dan 66 gacha bo‘lgan ko‘lamda tahlil
qilingan. Biz tadqiqot ishimizda «SSSI» uchun ballarning mumkin bo‘lgan umumiy
ko‘lamini 50 dan 100 gacha saqlab qolgan bo‘lsak-da, ammo uni 3 ta shkalaga va har
bir shkalani faollik darajasiga ko‘ra umumiy 4 ta mezonga (shaxs tipiga) ajratib tahlil
qildik. Bunda, 1-shkala – «Subsotsial obyektlarga yo‘nalganlik indeksi»ni; 2-shkala –
«Sotsial obyektlarga yo‘nalganlik indeksi»ni; 3-shkala – «Suprasotsial obyektlarga
yo‘nalganlik indeksi»ni aniqlab berdi.

Biz esa yuqoridagi tadqiqotdan farqli ravishda, 108 nafar «tajriba guruhi»
respondentlari kasbiy sulolaning 3- yoki 4-avlod vakili, ya’ni farzandning «ota kasb»ga
intiluvchanligi qaysi omillardan kelib chiqib, «subsotsial» xarakter kasb etishini hamda
oilaviy shajaraning shaxs professionalizmini shakllanishidagi ta’siriga ko‘ra
yo‘nalganligi nima sababdan «sotsial» bo‘lishini tekshirdik. Natijalar ota yoki ona
kasbini tanlamagan 107 nafar «nazorat guruhi» respondent natijalari qiyoslab tahlil
qilindi (1-jadvalga qarang).

Shu yo‘l bilan, dastavval, «psixologik meros» va «nasliy meros» fenomenlari
ta’sirining 108 nafar, 57 nafar 3-avlod, 51 nafar 4-avlod kasbiy sulola vakilini ichki
tuyg‘usi va genetik asosida qanday ifodalanishini psixologik xususiyatlari aniqlandi.
So‘ngra esa maskulinlik (erkaklik) va femininlik (ayollik) stereotiplari bilan
integratsiyalashuv farzandlarning «inson-inson» tipidagi o‘qituvchi va (yoki) shifokor
kasbidan birini tanlashida qanday «dixotomik» xususiyatlar ustuvor ahamiyat kasb
etishi ochiqlandi.

1-jadval.
Kasbiy sulola barqarorligini ta’minlash va oilada professional shaxsni tarbiyalashga xizmat

qiladigan ijtimoiy manfaatlar indeksi ko‘rsatkichi (n=215)

Respondentlar Ijtimoiy manfaatlar O‘rtacha Kruskalguruhi indeksi yo‘nalishi N rang Uollisning r

N-mezoni

Subsotsial obyektlarga 49 4459

yo‘nalganlik

Tajriba guruhi Sotsial obyektlarga 56 4760 4485,98 0,000***
yo‘nalganlik

Suprasotsial obyektlarga 3 222

yo‘nalganlik

Subsotsial obyektlarga 36 3276

yo‘nalganlik

Sotsial obyektlarga 64 5440 4452,61 0,000***
Nazorat guruhi yo‘nalganlik

Suprasotsial obyektlarga 7 518

yo‘nalganlik

Izoh: *** r < 0,001

Tadqiqot ishimizda, biz, tajriba guruhi (bu yerda 3-, 4-avlod kasbiy sulola)
vakillarining hamda nazorat guruhi respondentlarining «ijtimoiy manfaati» jarayonini
3 turdagi obyektlarga yo‘nalganlik kontekstida tekshirdik.

«TG» dan 45,37 foiz, «NG» dan 33,64 foiz sinaluvchining ijtimoiy manfaatlari
indeksi yo‘nalishi «subsotsial obyektlar»ga qaratilgan. Jumladan, ushbu toifa
respondentlar yo‘nalganligi, odatda, jonsiz narsalarga, holat va (yoki) ish faoliyatga
(masalan, fan, san’at va boshqalar)ga bo‘lgan munosabatlarida aks etgan. Ularga
bo‘lgan qiziqish hech qanaqasiga shaxsning o‘z «men»i bilan bog‘liq holat
hisoblanmaydi. Masalan, sulola vakilining ichki tuyg‘usi va (yoki) genetik asosidan
kelib chiqib, shakllanadigan bunday qiziqish qobiliyati uning shajaraning kelajakdagi
avlodlari psixik taraqqiyotiga qo‘shadigan hissasi uchun psixogenetik asos bo‘lib
xizmat qiladi. Ammo sulola vakilining shajara istiqboli yo‘lida o‘z hissasini qo‘shishi
va (yoki) qo‘sha olmasligi ko‘p jihatdan uning ikkinchi toifa obyektlarga bo‘lgan
qiziqishlari ko‘lamini rivojlantirishiga bog‘liq bo‘ladi.

Yana «TG» dan 51,85 foiz, «NG» dan 59,81 foiz sinaluvchi xulq-atvorida aks
etuvchi ijtimoiy manfaatlari indeksi «sotsial obyektlar»ga nisbatan yo‘naltirilgan.
Xususan, mazkur toifa respondentlar, odatda, barcha tirik mavjudot (insoniyat,
hayvonot olami, o‘simliklar dunyosi va boshqalar)ga nisbatan yo‘nalgan bo‘ladi.
Masalan, bu yerda ijtimoiy manfaat hayotni va o‘z shajarasining tarixiy-genezisini
qadrlash va shaxsiy va (yoki) professional jihatdan rivojlanishda ajdodlari, ya’ni sulola

asoschisining nuqtai nazarini qabul qilish qobiliyati tarzida namoyon bo‘ladi.
Shuningdek, shaxsning haqiqiy ijtimoiy obyektlarga (masalan, shajara a’zolariga)
bo‘lgan qiziqishi subsotsial obyektlarga (masalan «ota-kasb»ga) bo‘lgan qiziqishidan
kechroq yuzaga keladi va shu bois ham ijtimoiy manfaat qaror topishining sezilish
davrlari va bosqichlari haqida tadqiqot doirasida to‘xtalishimiz mumkin.

«TG» dan 2,78 foiz, «NG» dan 6,54 foiz sinaluvchi «suprasotsial obyektlar»ga
nisbatan yo‘nalgan bo‘lib, buni biz, ulardagi ham jonli, ham jonsiz obyektlar (koinot,
butun olam, yaqqol ko‘zga tashlanuvchi zohiriy va (yoki) yashirin, ichki ruhiy – botiniy
ilmlarga)ga yo‘nalganligini ifodalovchi xulq-atvorda ko‘rishimiz mumkin. Masalan,
bu yerda shaxs o‘z ijtimoiy manfaatini o‘z-o‘zidan to‘laqonli ravishda «ijtimoiy-diniy
shajara»ga yo‘naltirgan bo‘lib, avlod-u ajdodlar bilan botinan va zohiran bir ekanligini
ta’kidlaydi. Demak, «TG» (N=4485,98; r<0,001) va «NG» (N=4452,61; r<0,001)
toifasiga mansub sinaluvchilarning ijtimoiy manfaatlari indeksini deyarli yaqin
bo‘lishida, ya’ni o‘xshash yo‘nalganlikni qayd etishlarida, avvalo, oilada farzandni
shaxs sifatida shakllanishi va rivojlanishida ota va (yoki) onaning gumanistik tarbiya
boshqaruvi muhim ahamiyat kasb etgan, degan xulosani keltirib chiqaradi.
Shuningdek, «TG» dagi kasbiy sulola davomchisi bo‘lgan ayol-o‘qituvchilar (shu
jumladan, bo‘lajak o‘qituvchilar)ning ijtimoiy manfaatdorlik ko‘rsatkichi shu toifa
erkaklarnikidan, erkak-shifokorlar ko‘rsatkichi shu toifa ayollarnikidan yuqori ekan.

2-jadval.
Tajriba va nazorat guruhlari respondentlarining ijtimoiy manfaatlar indeksi ko‘rsatkichi

bo‘yicha gender farqlanishlari (n=215)

Respondentlar Respondentlar jinsi/kasbi M σ N
guruhi toifasi

Erkak-shifokorlar (shu jumladan 58,53 29,328 26
bo‘lajak shifokorlar)

Erkak-o‘qituvchilar (sh.j. bo‘lajak 51,47 39,132 23
o‘qituvchilar
Tajriba guruhi
Ayol-shifokorlar (sh.j. bo‘lajak
49,20 48,306 28
shifokorlar)

Ayol-o‘qituvchilar (sh.j. bo‘lajak 58,47 35,758 31
o‘qituvchilar)

O‘zga kasbni tanlagan shifokor 47,87 48,955 22
farzandlari (erkaklar)

O‘zga kasbni tanlagan o‘qituvchi 48,07 48,738 34
farzandlari (erkaklar)
Nazorat guruhi
O‘zga kasbni tanlagan shifokor
51,47 39,132 19
farzandlari (ayollar)

O‘zga kasbni tanlagan o‘qituvchi 45,93 39,129 32
farzandlari (ayollar)

Kasbiy sulola vakili bo‘lmagan, ya’ni «ota-kasbni» tanlamagan «NG» dagi ayolfarzandlarda esa umumiy vaziyat o‘zga kasbni tanlagan o‘qituvchi farzandlari
(erkaklar) yuqoridagi holatning aksi. Statistik jihatdan sezilarli farqlar (p=0,032)
kuzatildi.

Umuman olganda, tadqiqot ishimizda «nasabnoma-modeli»dagi kasbiy sulola
vakili bo‘lgan «TG» dagi erkak o‘qituvchilar va shifokorlarning «NG» dagi o‘zga
kasbni tanlagan qiz farzandlarini ijtimoiy qiziqishlari va o‘zlarini ro‘yobga chiqarish
ehtiyojlari aynan bir xil o‘xshashligi aniqlandi. Shuningdek, kasbiy sulola vakili
bo‘lgan «TG» dagi shifokor ayollar va «ota kasb»ni tanlamagan «NG» dagi
erkaklarning ijtimoiy manfaatlari, odatda, kutilmalar darajasidan yuqori ekanligi
kuzatildi (2-jadvalga qarang). Fikrimizcha, bunday yuqori darajadagi ijtimoiy manfaat,
hozirgi vaqtda ustuvor sanalayotgan ijtimoiy intellekt va psixologik yetuklikning
ushbu toifa sinaluvchilar psixikasida barqaror rivojlanganligi hisobiga shakllangan.

MUHOKAMA
Shu jihatdan olib qaraganda, sulola vakillarining ijtimoiy manfaatlari shajara
tarixining ijtimoiy hayotda tutgan o‘rni va mavqei bo‘yicha turlichaligi bilan bog‘liq
holda turli ijtimoiy guruhlarda shakllanuvchi harakatlarning muayyan sabablari haqida
guvohlik beradi. Ijtimoiy manfaatlarda u yoki bu sulola vakillarining dolzarb
ehtiyojlari ancha umumlashgan ifodasini kuzatish mumkin. Sababi ijtimoiy manfaatni
idrok etish jamiyatda uzluksiz sodir bo‘luvchi ijtimoiy taqqoslash, muayyan sulola
turmush tarzini boshqa ijtimoiy meros guruhi, ya’ni shajara turmush tarziga qiyoslash
jarayoni borishida amalga oshadi.
Shuningdek, ijtimoiy manfaat shaxsning boshqa odamlar bilan birga oila va (yoki)
jamoa bo‘lib yashash imkoniyatini amalga oshirishga qaratilgan ichki salohiyati
hamdir. Ayni shu his shaxsga umumiy sababni o‘z farovonligidan ustun qo‘yishga
yordam beradi. Ijtimoiy manfaat tug‘ma salohiyat bo‘lsa-da, uni oilaviy muhitda va
(yoki) ijtimoiy merosxo‘rlik ruhida tarbiyalash kerak. Ijtimoiy manfaat kontekstida
atrofdagilar bilan hamkorlikda o‘zaro munosabatlarni kuchaytirish, o‘z navbatida,
shaxsni bema’nilik darajasiga tushib qolishiga zamin bo‘lmaydigan ta’limning muhim
elementi bo‘lishi shart. Ijtimoiy manfaatni «ijtimoiy empatiya» bilan solishtirish
mumkin, biroq bu «ota kasb» davomchisi sanalgan sulola vakilining begona
odamlarning tajribasiga tayanishi, o‘zga shaxslarning quvonchlari va azoblarida hissiy
jihatdan ishtirok etishga tayyor bo‘lishini ifodalamasligi zarur. Professional jihatdan
yuksalmoqchi bo‘lgan sulola vakili o‘zga shaxsning hayotiga ko‘nikishi, uning
istiqbolini baholashi va boshqa birovning ma’lum bir vaziyatni qanday his
qilayotganini tushunish uchun kognitiv darajada rivojlangan bo‘lishi kerak.
Sababi ijtimoiy manfaat ijtimoiy merosxo‘rlik ruhida qanchalik sug‘orilgan

bo‘lsa, har bir professional rivojlanishni ixtiyor etgan farzandning sa’y-harakatlari
ijtimoiy muammolarni hal etishga va foydali amallarni bajarishga qaratilgan bo‘ladi.
Fikrimizcha, ana shu tafovut ijtimoiy manfaatlar va o‘ziga qaratilgan maqsadlar
o‘rtasidagi farqni tushuntirib beradi.

Nazarimizda, sulola vakilining ijtimoiy manfaati barcha shajara a’zolariga
nisbatan yo‘nalganlik hissi bo‘lib, u shaxsiy manfaat uchun emas, balki oilaviy meros
va (yoki) qadriyat sanalgan umumiy muvaffaqiyat uchun oila a’zolari, xususan
sulolaning katta yoshlilari bo‘lgan referent shaxslar bilan hamkorlikda namoyon
bo‘ladi. Shu nuqtai-nazardan baholaganda, «ijtimoiy manfaat» konstruktiv jihatdan
psixologik yetuklikning asosiy mezoni yoki destruktiv jihatdan xudbinlikning o‘zidir.
«Ota-kasb»ni egallashga bo‘lgan ishtiyoq darajasi sulola vakilining kasb tanlash
muammolariga qanday yondashishiga va uning energiya darajasi qanchalik yuqori
ekanligiga bevosita bog‘liqdir.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Demak, ijtimoiy manfaat hamisha jamiyat a’zosi bo‘lgan faol shaxsning ijtimoiy
maqomi (mavqeyi)ni u yoki bu sulola shajarasi (nasabnomasi) holatining saqlanishi va
(yoki) o‘zgarishiga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Bizning tadqiqot ishimizda shaxs
professional shakllanishi uchun «ijtimoiy-diniy», «urug‘», «oilaviy» shajaralardan
birining manfaatlarini ifodalovchi mujassam ijtimoiy manfaatlar indeksini hisobga
olish va ular samarali uyg‘unlashuvini ta’minlovchi EIT dasturiga qat’iy amal qilish
kerak bo‘ladi. Tadqiqot ishida quyidagi natijalar aks etganini ko‘rish mumkin:
1. Tajriba guruhida 3-, 4-avlodlarning «ota kasb»ga intiluvchanligi «psixologik
meros» va «nasliy meros» fenomenlari ta’siri natijasida sulola vakilining ichki tuyg‘usi
va genetik asosidan kelib chiqib subsotsial obyektlarga yo‘nalganligi bilan identiv
namoyon bo‘ldi va bunda sifat va belgilarning ustuvor omil ekanligi dalillandi.
2. Nazorat guruhida oilaviy shajaraning shaxs professionalizmini shakllanishidagi
ta’siriga ko‘ra, sulola oilalarga mansub bo‘lmagan farzandlardagi sotsial obyektlarga
yo‘nalganlikning maskulinlik va femininlik stereotiplari bilan integratsiyasi kuzatildi
hamda «inson-inson» munosabatlari ko‘rinishidagi kasblarini tanlashda «dixotomik»
xususiyatlarning ustuvorligi pedagogik-psixologik jihatdan asoslandi.
3. Tajriba guruhida to‘g‘ri va yon shajarali sulolaviy o‘qituvchi va shifokorlar
farzandlarining kasbiy-shaxsiy qobiliyatlari rivojlanishida «xotirada mavjud bo‘lgan
kishilar», «hodisalar», «vaziyatni idrok etish» kabi «ijtimoiy-biologik»
dilemmallarning ustuvor xarakterda ekanligi aniqlandi va ulardagi kasb tanlashni
amalga oshirish istagi darajasi va ijtimoiy manfaatlar indeksi o‘rtasidagi farqlar
mavjudligi isbotlandi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Ijtimoiy himoya: atamalar izohli lug‘ati / Tuzuvchilar: M.X. Saidov va
boshqalar; O‘z. R. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mehnat va ijtimoiy masalalar
qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi
akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. – Toshkent:
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. – 436 b.
2. Crandall, J.E. (1981). Theory and measurement of social interest: Empirical
tests of Alfred Adler's concept. New York, NY: Columbia University Press.
3. Adler, A. (1956). In H.L. Ansbacher & R.R. Ansbacher (Eds.), The individual
psychology of Alfred Adler: A systematic presentation in selections from his writing.
New York, NY: Basic Books.
4. Ansbacher, H.L. (1992). Alfred Adler’s concept of community feeling and
social interest and the relevance of community feeling for old age. Journal of Individual
Psychology, 48 (4), 402–412.
5. Crandall, J.E. (1984). Social interest as a moderator of life stress. Journal of
Personality and Social Psychology, 47 (1), 164–174.
6. Crandall, J.E. (1975). A scale for social interest. Journal of Individual
Psychology, 31 (2), 187–195.
7. Conger, R. D., & Donnellan, M. B. (2007). An interactionist perspective on the
socioeconomic context of human development. Annual Review of Psychology, 58,
175-199.
8. Whiston, S. C., & Keller, B. K. (2004). The influences of the family of origin
on career development: A review and analysis. The Counseling Psychologist, 32(4),
493-568.
9. Bryant, B. K., Zvonkovic, A. M., & Reynolds, J. (2006). Parenting in relation
to child and adolescent vocational development. Journal of Vocational Behavior, 69(1),
149-175.
10. Сидоренко Е.В. (2000) Терапия и тренинг по Альфреду Адлеру. – Санкт-
Петербург: ООО Издательство «Речь». – 352 с.

REFERENCES:
1. Ijtimoiy himoya: atamalar izohli lug‘ati / Tuzuvchilar: M.X. Saidov va
boshqalar; O‘z. R. Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi mehnat va ijtimoiy masalalar
qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi
akademiyasi, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi. – Toshkent:
Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy kutubxonasi nashriyoti, 2007. – 436 b.
2. Crandall, J.E. (1981). Theory and measurement of social interest: Empirical
tests of Alfred Adler's concept. New York, NY: Columbia University Press.

3. Adler, A. (1956). In H.L. Ansbacher & R.R. Ansbacher (Eds.), The individual
psychology of Alfred Adler: A systematic presentation in selections from his writing.
New York, NY: Basic Books.

4. Ansbacher, H.L. (1992). Alfred Adler’s concept of community feeling and
social interest and the relevance of community feeling for old age. Journal of Individual
Psychology, 48 (4), 402–412.

5. Crandall, J.E. (1984). Social interest as a moderator of life stress. Journal of
Personality and Social Psychology, 47 (1), 164–174.

6. Crandall, J.E. (1975). A scale for social interest. Journal of Individual
Psychology, 31 (2), 187–195.

7. Conger, R. D., & Donnellan, M. B. (2007). An interactionist perspective on the
socioeconomic context of human development. Annual Review of Psychology, 58,
175-199.

8. Whiston, S. C., & Keller, B. K. (2004). The influences of the family of origin
on career development: A review and analysis. The Counseling Psychologist, 32(4),
493-568.

9. Bryant, B. K., Zvonkovic, A. M., & Reynolds, J. (2006). Parenting in relation
to child and adolescent vocational development. Journal of Vocational Behavior, 69(1),
149-175.

10. Sidorenko E.V. (2000) Terapiya i trening po Alfredu Adleru. – Sankt-
Peterburg: OOO Izdatelstvo «Rech». – 352 s. (In Russian)