O‘ZBEKISTON IQTISODIYOTIDA ZIYORAT TURIZMINING O‘RNI:
ISLOHOTLAR VA O‘ZIGA XOS JIHATLAR
THE ROLE OF PILGRIM TOURISM IN THE ECONOMY OF
UZBEKISTAN: REFORMS AND SPECIFIC ASPECTS
РОЛЬ ПАЛОМНИЧЕСКОГО ТУРИЗМА В ЭКОНОМИКЕ
УЗБЕКИСТАНА: РЕФОРМЫ И ОСОБЕННОСТИ
To‘xliyev Nurislom,
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
“Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori,
O‘zFA akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori
Tel: +998 97 707-18-53
nurislomtuxliyev@gmail.com
Annotatsiya: Ushbu maqolada ziyorat turizmining O‘zbekiston iqtisodiyotiga
ijobiy ta’siri turizm sohasida amalga oshirilgan so‘nggi islohotlar kontekstida har
tomonlama tahlil qilingan. Jahon iqtisodiyotida ham, O‘zbekistonning o‘ziga xos
iqtisodiyotida ham turizm sanoatining ahamiyatiga e’tibor qaratilmoqda. Maqolada
turizm sohasida yurtimizda amalga oshirilayotgan islohotlar va undan keyingi
natijalarga e’tibor qaratilib, O‘zbekistondagi ziyorat turizmining salohiyati va uning
o‘ziga xos xususiyatlari yoritilgan. Muhokama chogʻida ziyorat turizmini
rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari ham koʻrib chiqilib, mamlakatimizning bu
boradagi sayyohlik salohiyati alohida taʼkidlandi. Bundan tashqari, musulmonlarga
maqbul turizm, jahon musulmon sayohati indeksi va halol turizm kabi tushunchalar
ta’kidlanib, maqolada ushbu omillar O‘zbekiston turizm sektorining o‘sishi va
tabaqalanishiga qanday hissa qo‘shishiga e’tibor qaratiladi. Umuman olganda, ushbu
maqola O‘zbekistondagi ziyorat turizmining iqtisodiy ahamiyati va kelajakdagi
istiqbollari haqida qimmatli fikrlarni beradi.
Kalit so‘zlar: jahon iqtisodiyoti, turizm, xalqaro turizm, ichki turizm, ziyorat
turizmi, diniy turizm, halol turizm, jahon musulmon sayohati indeksi.
Annotation: In this article, the positive impact of pilgrimage tourism on the
economy of Uzbekistan is comprehensively analyzed in the context of recent reforms
in the field of tourism. Attention is paid to the importance of the tourism industry both
in the world economy and in the specific economy of Uzbekistan. The article focuses
on the reforms implemented in the field of tourism in our country and their subsequent
results, and highlights the potential of pilgrimage tourism in Uzbekistan and its specific
features. During the discussion, promising directions for the development of
pilgrimage tourism were also considered, and the tourism potential of our country in
this regard was highlighted. In addition, concepts such as Muslim-friendly tourism, the
global Muslim travel index and halal tourism are emphasized, and the article focuses
on how these factors contribute to the growth and diversification of Uzbekistan's
tourism sector. Overall, this article provides valuable insights into the economic
importance and future prospects of pilgrimage tourism in Uzbekistan.
Key words: world economy, tourism, international tourism, domestic tourism,
pilgrimage tourism, Muslim-friendly tourism, global Muslim travel index, halal
tourism.
Аннотация: В данной статье всесторонне анализируется положительное
влияние паломнического туризма на экономику Узбекистана в контексте
последних реформ в сфере туризма. Уделяется внимание значению
туристической отрасли как в мировой экономике, так и в конкретной экономике
Узбекистана. В статье рассмотрены реформы, реализуемые в сфере туризма в
нашей стране, и их последующие результаты, а также выделены потенциал
паломнического туризма в Узбекистане и его специфические особенности. В
ходе обсуждения также были рассмотрены перспективные направления развития
паломнического туризма, подчеркнут туристический потенциал нашей страны в
этом плане. Кроме того, особое внимание уделяется таким понятиям, как
дружественный мусульманам туризм, глобальный индекс мусульманских
путешествий и халяль туризм, а в статье основное внимание уделяется тому, как
эти факторы способствуют росту и диверсификации туристического сектора
Узбекистана. В целом, эта статья дает ценную информацию об экономической
значимости и будущих перспективах паломнического туризма в Узбекистане.
Ключевые слова: мировая экономика, туризм, международный туризм,
внутренний туризм, паломнический туризм, дружественный мусульманам
туризм, глобальный мусульманский туристический индекс.
KIRISH
Jahon iqtisodiyotida turizmning roli yildan yilga ortib bormoqda. Mazkur sektor
tabiiy resurslarning kamayib ketishiga olib kelmagan holda mamlakat iqtisodiyotining
o‘sishiga taʼsir ko‘rsatadi. Turizmni rivojlantirish savdo, transport, aloqa, qishloq
xo‘jaligi, qurilish, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish va iqtisodiyotning boshqa
yetakchi tarmoqlariga ijobiy taʼsir qiladi. Bu jihatdan u iqtisodiyotning muhim kreativ
drayveridir.
Xalqaro turizm va sayohat kengashi maʼlumotlariga ko‘ra, 2023-yilda jahon yalpi
ichki mahsulotining 9,5 trillion dollari global turizm tarmog‘iga to‘g‘ri keldi. Bu
pandemiyadan ilgarigi 2019-yil ko‘rsatkichining 95 foizi demakdir.
Mavjud imkoniyatlardan keng foydalangan holda xalqaro va ichki turizmni
rivojlantirish, shu yo‘l bilan soha raqobatbardoshligini taʼminlash mamlakatimiz
iqtisodiyoti oldida turgan dolzarb vazifa hisoblanadi. “2019–2025-yillarda
O‘zbekiston Respublikasida turizm sohasini rivojlantirish konsepsiyasi”1 va
“O‘zbekiston – 2030” taraqqiyot strategiyasida2 turizmni milliy iqtisodiyotning
strategik sohasiga aylantirish vazifasi qo‘yilgan. Buning uchun turistik xizmatlarni
diversifikatsiyalash va sifatini oshirish, sohaga xorijiy sarmoyalarni jalb qilish hamda
samarali reklama-marketing ishlarini olib borish zarur, albatta.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada O‘zbekistonning turizm salohiyatini o‘rganishda va ziyorat
turizmini rivojlantirish istiqbollarini tahlil qilishda mavzuga bog‘liq ko‘plab ilmiy
nashrlar talqin qilindi, ilmiy tadqiqotlarga tayangan holda ilmiy mushohada, qiyosiy
va trendli tahlil, omilli va tarkibiy tahlil, statistik va muammolar tahlili usullaridan
keng foydalanildi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tadqiqot doirasida xorijiy va mahalliy ilmiy adabiyotlardagi turizm tizimi, uning
xususiyatlari va elementlari bilan bog‘liq ilmiy qarash va yondashuvlar tahlil qilindi.
Bir qator olimlar ziyorat turizmining elementlariga doir tadqiqotlar olib borgan.
M. Battour, M.N. Ismail “Halol turizm: konsepsiya, amaliyot, muammo va
istiqbollar” (Battour M., Mohd I., 2016: 150-154), Z. Samori, N.M. Salleh, M.M.
Khalid “Halol turizmda joriy tendensiyalar” (Samori Z., Nor M.S., Mohammad M.,
2016: 131-136) ilmiy ishlarida ziyoratning islom dinidagi mohiyati va amalga
oshirilish qonuniyatini yoritgan. J. Junaidi “Halol turizm va unga taʼsir etuvchi
omillar” (Junaidi J., 2020: 1755-1762) nomli ilmiy maqolasida halol turizmga taʼsir
etuvchi omillar va ularning tasnifiga urg‘u bergan.
A. Babkin “Turizmning maxsus turlari” nomli asarida diniy va ziyorat turizmiga
oid ilmiy qarashlarini bildirib o‘tgan. (Babkin A., 2008) Y.V. Pecheritsa, Y.Y.
Sharafanova “Ziyorat turizmi aspektlari” (Pecheritsa E., Sharafanova E., 2014), L.V.
Baylagasov, M.I. Goppa “Ziyorat turizmining klassifikatsiyasi haqida” (Baylagasov
L., Goppa M., 2016) ilmiy maqolalarida ziyorat turizmidagi asosiy g‘oya va
tushunchalar, shuningdek uning klassifikatsiyasi haqida taʼrif berganlar. Shu bilan
birga, bir qator olimlar o‘zlarining ilmiy tadqiqotlarida ziyorat turizmi muqaddas
ziyoratgohlarga tashrif buyurish, ulug‘ ajdodlarga ehtirom ko‘rsatish, ularning
madaniy-meʼmoriy, tarixiy merosi bilan tanishish, xotirlash, shuningdek, diniy va
1 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2019 yildagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal
rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5611-son Farmoni. Manba: https://lex.uz/docs/-4143188
2 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158-
son Farmoni. Manba: https://lex.uz/uz/docs/-6600413
dunyoviy marosimlarda ishtirok etish maqsadida amalga oshiriladigan safarlarni o‘z
ichiga olishini taʼkidlagan. (Xudoyarov A., 2021)
O‘zbek tadqiqotchilaridan A. Asadov “Musulmon bo‘lmagan mamlakatlarda
halol turizm standartlarini joriy etish tajribasi” ( Asadov N., 2023), U. Barotov “Halol
turizmda yetakchi onlayn turistik agentliklar faoliyati tahlili va ularning yurtimizdagi
istiqboli” (Barotov U., 2024), U. Turdiyeva “Halol mahsulot va xizmatlarni
baholashning turizm sanoatiga taʼsiri” (Turdiyeva U., 2022: 52-55) kabi mavzularda
tadqiqotlar olib borishgan.
Bugungi kunda ziyorat turizmiga oid ilmiy adabiyotlar ko‘p, ammo ularning
aksariyat qismi terminologiya va geografik asoslarga qaratilgan. Boshqacha qilib
aytganda, masalaning iqtisodiy jihatiga yetarlicha urg‘u berilmagan. Taʼkidlash joizki,
xalqaro turistik xizmatlar dinamikasi tahlili va turizm industriyasini rivojlantirish,
turizm sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va jozibador muhitni
shakllantirish masalalari iqtisodchi olimlar o‘rtasida qisman bayon etilgan. Muallifning
fikricha, ziyorat turizmi xizmatlarning jahon tajribasini tahlil va tatbiq qilish, sohada
amalga oshirilayotgan davlat siyosati samaradorligiga eʼtibor qaratish muhim
ahamiyatga ega.
TAHLIL VA NATIJALAR
O‘zbekiston turizmning muhim segmenti bo‘lgan ziyorat turizmi uchun qulay
manzil hisoblanadi. Islom olamida mashhur bo‘lgan ko‘plab ulamolar yurtimizda
tug‘ilib, shu yerda abadiy qo‘nim topgan. Islom dunyosida eng qadimgi va
qimmatbaho hisoblangan Qurʼoni Karim namunalaridan biri – Xalifa Usmon musʼhafi
saqlanuvchi Hazrati Imom majmuasi, buyuk muhaddislar – Imom Buxoriy va Imom
Termiziy ziyoratgohlari, Naqshbandiya tariqati namoyandalari maqbaralari va shu kabi
ko‘plab boshqa diniy markazlar mavjud. Bunday tarixiy va muqaddas qadamjolarni
ziyorat qilish uchun har yili dunyoning turli burchaklaridan sayyohlar keladi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda boshqa dinlarga eʼtiqod qiluvchilar uchun ham
aziz bo‘lgan tarixiy qadamjolar bor. Mamlakatimiz hududida islom va turli
konfessiyalar – xristianlik (pravoslaviye va katolitsizm), iudaizm, buddizm,
zoroastrizmning rivojlanishi bilan bog‘liq 700 dan ziyod yodgorlik va tarixiy joy
ro‘yxatga olingan. Bu esa ziyorat turizmini rivojlantirish uchun jiddiy asos va
imkoniyatdir. So‘nggi yillarda mamlakatimizda turizmni rivojlantirish, mavjud turistik
resurslardan samarali foydalanish maqsadida turizmning bir necha yo‘nalishlarida
turlar tashkil etish, turistik infratuzilmani takomillashtirish, mamlakatga kirib keluvchi
turistik oqim hajmini oshirish, turizmdan tushadigan tushumni oshirishga katta
ahamiyat berilmoqda. Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasini
mamlakatimizga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonining oshganligida ko‘rishimiz
mumkin, ammo COVID-19 pandemiyasi, dunyoning boshqa mamlakatlari kabi
O‘zbekistonga ham o‘z taʼsirini ko‘rsatdi. (1-rasm)
6748.5 6632.8
5346.2 5232.8
2690.1
2027 1504.1 1881.3
2016 2017 2018 2019 2020 2021 2022 2023
1-rasm. 2018-2023-yillar kesimida O‘zbekistonga turistik maqsadlarda tashrif
buyurgan chet el fuqarolari (ming kishi)3
2022-yil yanvar-dekabr oylarida mamlakatimizga xorijdan kelgan turistlar soni
jami 5232,8 ming kishini tashkil etgan, ushbu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 2,8
barobar ko‘p, 2023-yildagi sayyohlar soni esa 6632,8 ming kishiga yetdi, ammo
pandemiyagacha bo‘lgan davrdagi holat qayd etilgani yo‘q. 2019-yilda turistik oqim
hajmi 6748,5 ming kishini tashkil etgan va 2023-yildagi ko‘rsatkich undan 2% kam.
2020-yilda tashrif buyurgan sayyohlar soni 1504,1 ming nafarni tashkil etdi, bu esa
undan oldingi yildan 77,7 % kam edi. Pandemiya cheklovlari kamayib borishi kirib
kelayotgan turistik oqimning o‘sishiga sabab bo‘lmoqda. Biroq mamlakatimizning
turistik salohiyatidan hali to‘liq foydalana olganimiz yo‘q.
Turizm sohasidagi ko‘pchilik mutaxassislar o‘rtasida diniy turizm ziyorat
turizmidan kengroq degan tushuncha mavjud. Ularning fikricha, diniy turizm bu – o‘zi
yashayotgan hududdan tashqarida joylashgan muqaddas joylar va diniy markazlarga
sayohat qiluvchi turistlar ehtiyojini qondirish va ularga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq
faoliyat turidir. Uning tarkibiga ziyorat turizmi, diniy-ekskursiya turizmi va diniyilmiy turizm kiradi. O‘zi yashayotgan hududdan bir yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga,
turli xil diniy markazlar va muqaddas joylarni ko‘rish, maʼlum ibodat talablarini
bajarish, dinni, diniy manbalarni o‘rganish maqsadida sayohat qiluvchi shaxslar diniy
maqsad bilan sayohat qiluvchi turist deb ataladi. Ziyorat – kishilarning muqaddas
joylarga tashrif buyurishi va u yerlarda maʼlum amallarni bajarishidan iborat. Ziyorat
turizmi esa sayohatchilarga xizmat ko‘rsatishga yo‘naltirilgan faoliyat turidir.
Diniy ekskursiya turizmi diniy markazlarga sayohat qilishni o‘z ichiga oladi. Bu
yerda sayyohlar diniy obidalarni, muzeylarni ko‘rishi, diniy tadbirlarda qatnashishi
mumkin. Ushbu turdagi turizm taʼlim turizm bilan ham chambarchas bog‘liq. Olimlar
3 O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi maʼlumotlari asosida muallif tomonidan tuzildi.
mavjud diniy markazlarga, boy diniy anʼanalarga ega bo‘lgan mamlakatlar va
mintaqalarga tashrif buyurib, diniy meros – qo‘lyozmalar, diniy meʼmorchilik
obyektlarini o‘rganadilar. Qator mualliflarning fikriga ko‘ra, musulmonlarning yer
yuzi bo‘ylab turli maqsadlarda, diniy ibodatlarni ado etish (haj va umra), rizq izlash va
umuman boshqa sabablar bilan sayohat qilishi turizm sohasida o‘ziga xos yondashuv
va standartlarga asos solinishiga sabab bo‘ldi.
Ziyorat turizmi, islomiy turizm, diniy turizm, sharʼiy turizm, halol turizm kabi
taklif etilgan atamalarning muammoli jihatlari bo‘lganligi sababli, bahs va munozara,
diniy soha va turizm mutaxassislarining fikrlaridan kelib chiqib Muslim-friendly travel
(musulmonlar uchun qulay turizm) atamasi maʼqul ko‘rilgan.4
Туркия
Испания
Россия
Исроил
Италия
Греция
Германия
Финландия
0% 20% 40% 60% 80% 100% 120%
2-rasm. Diniy turizm manzillari bo‘yicha mamlakatlar ulushi 5
Yuqoridagi rasm maʼlumotlaridan ko‘rinib turibdiki, ko‘plab mamlakatlarda
turistik obyektlarda diniy turistik obyektlar ulushi sezilarli darajada yuqori. Ushbu
ziyorat obyektlarida islom ziyorat turizmi ham muhim ahamiyatga ega. Islom turizm
markazi islom turizmiga shunday taʼrif bergan: Sayohat davomida islom qoidalariga
rioya etgan holda amalga oshirilgan har qanday hodisa, uchrashuv, islomiy ziyorat
turizmi deb ataladi. Shuningdek, ushbu markazning taʼrifiga ko‘ra, islom turizmi
yo‘nalishlari sifatida quyidagilar belgilab berilgan:
– turli yo‘nalishlarda sayohat qiluvchi musulmonlar;
– musulmon mamlakatlariga sayohat qiluvchi musulmonlar;
– islom tamoyillariga amal qilgan holda sayohat qilish;
– islom merosini o‘rganish uchun sayohat qiluvchi musulmonlar;
– islom merosini o‘rganish uchun sayohat qiluvchi musulmon bo‘lmaganlar.
4 https://www.researchgate.net/publication/305701293_Muslim_Friendly_Tourism
5 https://www.semanticscholar.org/paper/Religious-Tourism-a-Finnish-Perspective-Nieminen/4123ef325d970eea5a1
33aed7179fcf5c2308d53
Shuni taʼkidlash kerakki, mamlakatimizda ziyorat turizmining sanab o‘tilgan
barcha yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun imkoniyat mavjud. Tarixiy va muqaddas
qadamjolarga ziyorat hamda sayohat qilish uchun har yili dunyoning turli
burchaklaridan minglab sayyohlar tashrif buyuradi. 2023-yilda xalqaro ziyorat turizmi
reytingi – “Global Muslim Travel Index”da O‘zbekiston 13 o‘rinni egalladi.6 Ammo
bu chegara emas.
Ziyorat turizmini rivojlantirish uchun zarur infratuzilma obyektlari –
mehmonxonalar tizimini rivojlantirish, mehmonxonalar, aeroport va vokzallarda
mehmonlarni kutish zallarining ziyorat turizmi standartlariga javob berishi
masalalarini hal etish zarur. Shu nuqtai nazardan, yurtimizda ziyorat turizmini
rivojlantirish omillaridan bo‘lgan axborot resurslarini jamlash, mavjud maʼnaviy va
moddiy boyliklar tavsifini umumlashtirish, ziyorat turizmi bo‘yicha to‘liq maʼlumot
beruvchi integratsion elektron platformani yaratish ilmiy va amaliy ahamiyatga egadir.
Turizm sohasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar
natijasida so‘nggi yillarda turoperator va turagentliklar, gid-ekskursovodlar, turizm
sohasida band aholining soni ortib borayotganligiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. (1-
jadval) 1-jadvalga ko‘ra, turizm sohasi subyektlari sonining o‘zgarish tendensiyalari
quyidagicha: Turoperatorlar va turagentliklar soni 2017-yilda 749 tani tashkil etgan
bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 2725 tani tashkil etgan. Gid-ekskursovodlarning soni
2017-yilda 574 nafar bo‘lsa, ushbu ko‘rsatkich deyarli 4,5 barobar oshib, 2023-yilda
ularning soni 2551 nafarga yetgan. 1-jadval
Turizm sohasi subyektlari sonining o‘zgarish tendensiyalari 7
Ko‘rsatkichlar nomi 2017 2018 2019 2020 2021 2022 2023
Turoperatorlar va 749 1005 1481 1346 1437 1838 2725
turagentliklar soni
Gid-ekskursovodlar soni – 574 773 816 2400 1309 2551
Turizm sohasida bandlar 187,6 201 260,1 201,3 239,1 260,4 330,0
soni, ming nafar
Joylashtirish vositalari 767 914 1188 1308 1361 2035 2068
(mehmon uylaridan
tashqari)
Oilaviy mehmon uylari – 106 886 1386 2365 3202 3458
Xonalar (mehmon uylari 18588 20491 28470 32412 399005 11045 11579
bilan birga) 37065 41937 61945 72769 87057 28073 30728
Joylar (mehmon uylari bilan
birga)
6 https://www.crescentrating.com/reports/global-muslim-travel-index-2023.html
7 https://uzbektourism.uz/ ma’lumotlari asosida muallif tomonidan tuzildi.
Turizm sohasida bandlar soni 2017-yilda 187,6 ming nafar, 2018-yilda 201,0
ming nafar, 2019-yilda 260,1 ming nafar, 2020-yilda 201,3 ming nafar, 2021-yilda
239,1 ming nafar, 2022-yilda 260,4 ming nafar, 2023-yilda esa 330,0 ming nafar
bo‘lgan. Mazkur sohada bandlar soni 2023-yilda 2017-yilga nisbatan qariyb 176 foizga
ortganligi sohada banklikni taʼminlash ko‘rsatkichlarining ijobiy tomonga o‘zgarib
borishidan dalolat beradi.
Turistik xizmatlar sohasida joylashtirish vositalari (mehmon uylaridan tashqari)
2017-yilda 767 ta, 2018-yilda 914 ta, 2019-yilda 1188 ta, 2020-yilda 1308 ta, 2021-
yilda 1361 ta, 2022-yilda 2035, 2023-yilda 2068 taga yetkazilgan. Joylashtirish
vositalari bo‘yicha ko‘rsatkichlar 2023-yilda 2017-yilga nisbatan 2,6 barobar
o‘sganligi sohaning investitsiya muhiti jozibadorligining oshishiga xizmat qiladi. Bu
borada, 2018-yilda oilaviy mehmon uylari soni 106 tani tashkil etgan. 2019-yilda
ularning soni 886 tani, 2020-yilda 1386 tani, 2021-yilda 2365 tani, 2022-yilda 3202
tani, 2023-yilda 3458 tani tashkil etgan. O‘z navbatida, joylar soni ham (mehmon
uylari bilan birga) 2017-yilda 37065 o‘rinni, 2018-yilda 41937 o‘rinni, 2019-yilda
61945 o‘rinni, 2020-yilda 72769 o‘rinni, 2021-yilda 87057 o‘rinni, 2022-yilda 28073
o‘rinni, 2023-yilda 30728 o‘rinni tashkil qilgan.
Kishilarning ziyorat safarlari uchun qator sabablar bor, albatta. Ko‘pchilik
odamlar o‘z dinining yoki maʼnaviy amaliyotining muqaddas joylarini ziyorat qilish
uchun kuchli ruhiy ehtiyojga ega. Ziyorat ularning eʼtiqodini chuqurlashtirish va
hayotidagi ahamiyatini taʼkidlash uchun bir yo‘l bo‘lib xizmat qiladi. Baʼzan esa
tarixiy voqealar bo‘lgan yoki tarixiy shaxslar yashagan joylarga odamlar o‘tmish va
o‘sha shaxs bilan bog‘liq joylar haqida ko‘proq maʼlumot olish uchun sayohatga
chiqadi. Ziyorat sayohatchiga mahalliy madaniyat, urf-odatlar bilan tanishish imkonini
beradi. Baʼzi odamlar hayotning og‘ir davrlaridan keyin ruhiy shifo yoki tiklanish
uchun ziyoratga borishga intiladi. Muqaddas joylarni ziyorat qilish ularga bu jarayonda
yordam beradi. Ko‘plab ziyoratchilar tabiati go‘zal joylardan o‘tadi, bu ham
sayohatchilar uchun ilhomlantiruvchi omil bo‘lishi mumkin. Baʼzida esa odamlar
uchun ziyorat shaxsiy o‘sish, o‘z-o‘zini kashf qilish va aks ettirish uchun imkoniyat
hisoblanadi.
Umuman olganda, ziyorat qilish uchun qaror qabul qilish har bir kishida turli
motivlarga asoslanadi. Misol sifatida maʼnaviyat, tarix, madaniyat yoki shaxsiy o‘sish
bilan bog‘liq bo‘lgan turli motivlarni keltirish mumkin.
Ziyorat mezbon mamlakatlar iqtisodiyoti va madaniyatiga sezilarli taʼsir
ko‘rsatadi.
Birinchidan, ziyorat sayyohlarga turar joy, oziq-ovqat, transport va boshqa
xizmatlar ko‘rsatish, suvenirlar sotishni tashkil qilish orqali mahalliy iqtisodiyotga
katta daromad keltiradi;
Ikkinchidan, mehmonxonalar, restoranlar, transport kompaniyalari va
hunarmandchilik ustaxonalarida ish o‘rinlari yaratishga yordam beradi;
Uchinchidan, turistlar sonining ortishi davlatlarni aeroportlar, yo‘llar,
mehmonxonalar va madaniy meros obyektlari kabi turizm infratuzilmasini
rivojlantirishga sarmoya kiritishga majbur qiladi;
To‘rtinchidan, ziyoratchilar oqimining ko‘payishi tarixiy va diniy obidalarni
saqlash va tiklash bo‘yicha saʼy-harakatlarni rag‘batlantirishi mumkin. Bu madaniy
merosni asrab-avaylashga xizmat qiladi;
Beshinchidan, muqaddas joylarni ziyorat qilish chog‘ida ziyoratchilar ko‘pincha
diniy marosim va tadbirlarda ishtirok etadilar. Bu anʼana va urf-odatlarni saqlash va
kelajak avlodga yetkazishga yordam beradi;
Oltinchidan, ziyorat madaniyatlararo almashinuvni rag‘batlantiradi. Chunki
ziyoratchilar turli mamlakatlar va madaniyatlardan bir xil muqaddas qadamjolarga
kelishadi. Bu turli jamoalar o‘rtasida tushunish va bag‘rikenglikni rivojlantiradi.
Ammo shuni ham taʼkidlash kerakki, ziyorat mahalliy iqtisodiyot va
madaniyatga salbiy taʼsir ko‘rsatishi mumkin. Masalan, intensiv turizm baʼzi
joylarning tijoratlashuviga va tabiiyligini yo‘qotishiga olib keladi. Shu sababli,
sayyohlar oqimini joylarning noyob madaniy va tarixiy qiymatini saqlab qolish bilan
muvozanatlash muhim ahamiyatga ega.
So‘nggi yillarda ziyorat turizmi turli o‘zgarishlar va yangi tendensiyalarni
boshidan kechirmoqda. Bu sayohatchilarning o‘zgaruvchan afzalliklari va umidlarini
ro‘yobga chiqayotganligi bilan bog‘liq. Ziyorat turizmidagi yangi tendensiyalardan
baʼzilari quyidagilardan iborat:
– sayohatchilar tobora ko‘proq maʼnaviy o‘sish va o‘zini rivojlantirish
maqsadida ziyorat qilmoqdalar;
– ziyoratgohlar va yo‘nalishlarning ekologik barqarorligiga eʼtibor
kuchaymoqda. Turistlar ekologik toza va masʼuliyatli ziyoratlarda qatnashishni afzal
ko‘rmoqda;
– texnologiyaning rivojlanishi bilan sayohatchilar virtual ziyorat tajribalarida
ishtirok etishlari, o‘z-o‘zidan boshqariladigan sayohatlar uchun mobil ilovalardan
foydalanishi va muqaddas joylar haqida maʼlumot olishi mumkin;
– sayohatchilar anʼanaviylikdan farq qiladigan individual va nostandart ziyorat
yo‘nalishlarini afzal ko‘rishmoqda. Bu unchalik taniqli bo‘lmagan joylarga yoki yangi
ruhiy markazlarga ziyorat qilishni o‘z ichiga oladi;
– ziyorat madaniyatlararo va dinlararo muloqotni rivojlantirish vositasiga
aylanib bormoqda. Buni turli madaniyat va dinlarga mansub sayohatchilarning
muqaddas qadamjolarda uchrashishlari, tajriba almashishlari va bir-birlaridan saboq
olishlari bilan izohlash mumkin;
– ziyorat turli yosh guruhlari, jumladan, maʼnaviy barkamollik va yangi
tajribalar izlayotgan keksa avlod va yoshlar uchun ochiq va ommabop bo‘lib
bormoqda.
Ushbu tendensiyalar sayohatchilar tobora chuqur va mazmunli maʼnaviy hamda
madaniy tajribalarni, shuningdek, ekologik masʼuliyat, innovatsion texnologiyalarni
izlashga intilayotgan zamonaviy dunyoda ziyoratning o‘zgaruvchan tabiatini aks
ettiradi.
Ko‘pgina mamlakatlarda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham ziyorat turizmi ushbu
mintaqaga xos qator muammolarga duch kelishi mumkin. Masalan:
– Yurtimiz boy madaniy merosga ega, jumladan, tarixiy masjidlar, maqbaralar,
madrasalar va boshqa muqaddas qadamjolarga ega. Biroq bu yodgorliklarni saqlash va
qo‘riqlash katta kuch va sarmoyani talab qiladi, ayniqsa, ularning baʼzilari vaqt, tabiiy
ofatlar va inson faoliyati taʼsiriga duchor bo‘ladi;
– Samarqand, Buxoro va Xiva kabi mashhur ziyoratgohlar ko‘plab sayyohlarni
o‘ziga jalb qiladi. Madaniy merosni saqlash va tashrif buyuruvchilarning qulay
tajribasini taʼminlash uchun ushbu oqimni boshqarish mahalliy hokimiyat organlari va
turizm tashkilotlari uchun masʼuliyatni oshiradi;
– turizmning o‘sishi atrof-muhitga bosim o‘tkazishi, jumladan, suv va
qirg‘oqlarning ifloslanishi, tuproq degradatsiyasi va tabiiy resurslarning kamayishi
kuzatilishi mumkin. Ziyoratgohlardagi ekologik barqarorlik noyob tabiiy muhitni
saqlash uchun tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda;
– turizm infratuzilmasini, jumladan, mehmonxonalar, transport vositalari,
yo‘nalish (tur marshrut)lar va xizmatlarni rivojlantirish va takomillashtirish
sayyohlarni jalb qilish hamda ularning tajribasini oshirish uchun asos hisoblanadi;
– ayrim ziyoratchilar uchun O‘zbekistonda yo‘l va turar joy narxi ahamiyatga
ega. Turli ijtimoiy guruhlarga kirish imkoniyatini oshirish, jumladan, arzon turar joy
va transport imkoniyatlari tashrif buyuruvchilar sonini oshirishga yordam beradi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqoridagi muammolarni hal qilish hukumat, mahalliy hokimiyat organlari,
turizm tashkilotlari va jamoatchilikning madaniy merosni saqlash va aholi
farovonligiga hissa qo‘shadigan barqaror va masʼuliyatli turizm industriyasini
rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi saʼy-harakatlarni talab qiladi.
O‘zbekistonda ziyoratchilarga sayohat tajribasini oshirish va ziyorat davomida
qulaylikni taʼminlash uchun bir qator zamonaviy xizmatlar va qulayliklar yaratilgan.
Ulardan baʼzilari:
– ko‘plab mamlakatlardan kelgan sayyohlar uchun elektron vizalarni
rasmiylashtirish tizimi joriy etildi. Bu sayohatdan oldin viza olish jarayonini
soddalashtiradi va sayohat uchun yanada qulaylik yaratadi;
– so‘nggi yillarda transport infratuzilmasi sezilarli darajada rivojlanmoqda.
Bunga takomillashtirilgan aeroportlar, temir yo‘l va avtomobil yo‘nalishlarini
rivojlantirish, shaharlar va muqaddas qadamjolar o‘rtasida sayohat qilish uchun qulay
taksi va avtomobil ijarasi xizmatlari kiradi.
– turli xizmatlar va qulaylik darajasini taklif etuvchi zamonaviy mehmonxonalar
va mehmon uylari tobora ko‘payib bormoqda. Bu ziyoratchilarga o‘z xohish-istaklari
va byudjetiga ko‘ra turar joyni tanlash imkonini beradi;
– ziyoratchilar uchun muqaddas qadamjolar tarixi va madaniyatini
o‘zlashtirishga yordam ko‘rsatuvchi, shuningdek, mahalliy urf-odat va anʼanalar
haqida qiziqarli maʼlumotlar beruvchi professional gidlar bilan turli turistik
ekskursiyalar taklif etiladi;
– zamonaviy texnologiyalar ziyoratchilarga mobil ilovalar va internet xizmatlari
orqali yo‘nalishlar, turar joy va restoranlar haqida maʼlumot olish imkonini beradi. Bu
sayohatni yanada maʼlumotli va qulay qiladi;
– dunyoda ekoturizmga qiziqish ortib borayotganidan kelib chiqib,
O‘zbekistonda ham ekoturizm tashabbuslari rivojlanmoqda. Ziyoratchilar
qo‘riqxonalarga ekskursiyada qatnashishi, daraxt ko‘chatlari ekishi yoki boshqa
ekologik tadbirlarda qatnashishi mumkin;
– mamlakatimizning turli shaharlarida anʼanaviy madaniy tadbirlar, jumladan,
festivallar, ko‘rgazmalar va konsertlar bo‘lib o‘tadi, bu yerda ziyoratchilar mahalliy
muhitga sho‘ng‘ib, mamlakatning madaniy merosi haqida ko‘proq maʼlumot
olishlariga imkoniyat bo‘ladi.
Dunyoning ko‘plab mamlakatlari va shaharlari musulmon ziyoratchilarni jalb
qilish uchun infratuzilmani rivojlantirishga intilmoqda. Saudiya Arabistoni, Turkiya,
Marokash, BAA, Indoneziya kabi mamlakatlarda ziyorat turizmi va uning
infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha katta tajriba to‘plangan.
Yurtimiz o‘zining boy tarixi, meʼmoriy moʻjizalari, muqaddas qadamjolari bilan
turistlar uchun maʼnaviy ozuqa olish va izlanishlar uchun noyob manzillarni taqdim
etadi. Buxoroyi sharifning muqaddas qadamjolari yoki qadimiy Samarqand, Xiva
shaharlaridagi ziyoratgohlarni borib ko‘rish bilan ziyoratchilar o‘z eʼtiqodlarini
kuchaytiradilar. O‘zbek xalqining mehmondo‘stligi va samimiyligi sayyohlarning
tashrifini chinakam unutilmas sayohatga aylantiradi.
O‘zbekistonda ziyorat turizmi nafaqat sayohatchilarni maʼnaviy jihatdan
boyitish, balki mamlakatning boy tarixi va madaniy merosini chuqurroq anglash
imkonini beradi. Buxoro va Samarqand kabi din va tarix o‘rtasida uyg‘unlik mavjud
bo‘lgan shaharlarga sayohat qilish sayohatchilarga o‘tmish haqida bilimlarini boyitish,
mintaqada eʼtiqod va sivilizatsiya evolyutsiyasi haqida yangi maʼlumotlarga ega
bo‘lish imkonini beruvchi muhitni yaratadi.
Shuningdek, O‘zbekistonga sayohat diqqatga sazovor joylarni tomosha
qilishdan tashqari o‘z ustida ishlash va shaxsiy kamol topish imkoniyatini beradi.
Muqaddas joylarning sokin va osoyishta muhiti tafakkurni rag‘batlantiradi, insonning
eʼtiqodini kuchaytirishga yordam beradi.
Mamlakatimizda ziyorat turizmi tarixiy va maʼnaviy ahamiyatidan tashqari,
madaniy tanishuv uchun ham imkoniyatdir. Sayohatchilar mahalliy aholi bilan
muloqot qilish, anʼanaviy urf-odatlarga guvoh bo‘lish va mamlakat haqidagi
tushunchalarini yanada boyitadigan o‘ziga xos madaniy tadbirlarda ishtirok etish
imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xalqimizning o‘z maʼnaviy merosini asrab-avaylashi va mehmondo‘stligi
O‘zbekistonda ziyorat turizmi bundan buyon ham ravnaq topishini va turli qatlam
vakillarini jalb qilishni taʼminlaydi. Bu esa mazmunli madaniyatlararo almashinuv va
shaxsiy yuksalishni rag‘batlantirishga xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Aniqoh, Nur Aini Fitriya Ardiani, and Umi Hanik (2021) The Potential of
Halal Tourism Industry in Uzbekistan. Journal of Digital Marketing and Halal Industry
3.2. – pp 111-120.
2. Jurakhonovich, K. S. (April - June 2020) Pilgrimage Tourism in Uzbekistan;
Problems and Solutions. Social Sciences and Humanities, Uzbekistan, 8.
3. Rustamovich, D. B. (2020) Analysis of the Development of Tourism in
Uzbekistan. Journal of International Business Research and Marketing (p. Uzbekistan).
Tashkent.
4. Аcтанакулов, О., Ғойипназаров, С. (2022) “Туризм 4.0”: “Саноат 4.0”
технологияларини туризм соҳасида қўллаш имкониятлари // Iqtisodiyot va taʼlim.
Т. 23. №. 3. – B. 330-337. https://doi. org/10.55439/ECED/vol23_iss3/a51.
5. Байлагасов, Л.В., Гоппа М.И. (2016) О классификации паломнического
туризма. Символ науки 10-3.
6. Печерица, Е.В., Шарафанова, Е.Е. (2014) Паломнический туризм:
cущностные аспекты. Современные проблемы науки и образования 6.
7. Бабкин А.В. (2008) Специальные виды туризма. – Ростов-на-Дону:
Феникс.
8. Худояров, А. (2021) Ўзбекистонда зиёрат туризмини
ривожлантиришнинг ташкилий-иқтисодий механизмлари: Монография /
Тошкент: ООО “Complex Print”. – 304 б.
9. Ўзбекистон Республикаси Президентининг 05.01.2019 йилдаги
“Ўзбекистон Республикасида туризмни жадал ривожлантиришга оид қўшимча
чора-тадбирлар тўғрисида”ги ПФ-5611-сон Фармони.
10. Ўзбекистон Республикаси Президентининг 11.09.2023 йилдаги
«Ўзбекистон – 2030» стратегияси тўғрисидаги ПФ-158-сон Фармони.
11. Ўзбекистон Республикаси Президентининг Ўзбекистон
Республикасида ички ва зиёрат туризмини янада ривожлантириш чора-
тадбирлари тўғрисида 09.02.2021 йилдаги ПФ-6165-сон Фармони.
12. https://www.researchgate.net/publication/305701293_Muslim_Friendly_To
urism
13. https://www.crescentrating.com/reports/global-muslim-travel-index-
2023.html
14. https://www.semanticscholar.org/paper/Religious-Tourism-a-Finnish-
Perspective-Nieminen/4123ef325d970eea5a133aed7179fcf5c2308d53
REFERENCES:
1. Aniqoh, Nur Aini Fitriya Ardiani, and Umi Hanik (2021) The Potential of Halal
Tourism Industry in Uzbekistan. Journal of Digital Marketing and Halal Industry 3.2.
– pp 111-120.
2. Jurakhonovich, K. S. (April - June 2020) Pilgrimage Tourism in Uzbekistan;
Problems and Solutions. Social Sciences and Humanities, Uzbekistan, 8.
3. Rustamovich, D. B. (2020) Analysis of the Development of Tourism in
Uzbekistan. Journal of International Business Research and Marketing (p. Uzbekistan).
Tashkent.
4. Actanakulov, O., G‘oyipnazarov, S. (2022) “Turizm 4.0”: “Sanoat 4.0”
texnologiyalarini turizm sohasida qo‘llash imkoniyatlari // Iqtisodiyot va taʼlim. T. 23.
№. 3. – B. 330-337. https://doi. org/10.55439/ECED/vol23_iss3/a51 (In Uzbek)
5. Baylagasov, L.V., Goppa M.I. (2016) O klassifikatsii palomnicheskogo
turizma. Simvol nauki 10-3. (In Russian)
6. Pecheritsa, E.V., Sharafanova, E.Ye. (2014) Palomnicheskiy turizm:
sushnostniye aspekti. Sovremenniye problemi nauki i obrazovaniya 6. (In Russian)
7. Babkin A.V. (2008) Spetsialniye vidi turizma. – Rostov-na-Donu: Feniks. (In
Russian)
8. Xudoyarov, A. (2021) O‘zbekistonda ziyorat turizmini rivojlantirishning
tashkiliy-iqtisodiy mexanizmlari: Monografiya / Toshkent: OOO “Complex Print”. –
304 b. (In Uzbek)
9. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 05.01.2019 yildagi “O‘zbekiston
Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar
to‘g‘risida”gi PF-5611-son Farmoni. (In Uzbek)
10. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023 yildagi «O‘zbekiston –
2030» strategiyasi to‘g‘risidagi PF-158-son Farmoni. (In Uzbek)
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasida ichki va
ziyorat turizmini yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida 09.02.2021 yildagi
PF-6165-son Farmoni. (In Uzbek)
12. https://www.researchgate.net/publication/305701293_Muslim_Friendly
_Tourism
13. https://www.crescentrating.com/reports/global-muslim-travel-index-2023.html
14. https://www.semanticscholar.org/paper/Religious-Tourism-a-Finnish-
Perspective-Nieminen/4123ef325d970eea5a133aed7179fcf5c2308d53