O‘RTA TAʼLIM SIFATINI BOSHQARISHNING XORIJ TAJRIBASI
TAHLILI
ANALYSIS OF FOREIGN EXPERIENCE OF SECONDARY EDUCATION
QUALITY MANAGEMENT
АНАЛИЗ ЗАРУБЕЖНОГО ОПЫТА УПРАВЛЕНИЯ КАЧЕСТВОМ
СРЕДНЕГО ОБРАЗОВАНИЯ
Axmedov Murodjon Ubaydullayevich,
Oriental universiteti professori, p.f.f.d. (PhD)
Tel.: + 998 97 440-05-77
akhmedov_murod@mail.ru
Annotatsiya: Ushbu maqolada rivojlangan mamlakatlarda taʼlim sifatini
boshqarish tizimini joriy etish tajribasi, ta’lim sifatiga oid xalqaro standartlar haqida
fikr yuritiladi. Xususan, standartlarni ishlab chiqish va ularni amalda qo‘llash orqali
erishish mumkin bo‘lgan natijalar tahlil etiladi. Bu borada bir qancha
mutaxassislarning fanga taklif etgan g‘oyalari va ular asosida shakllangan metodlar
haqida ham ma’lumotlar havola etiladi. Shuningdek, ilg‘or ta’lim standartlari
o‘rtasidagi farqlar, ularni o‘z ta’lim tizimiga joriy etgan davlatlar haqida ham to‘xtalib
o‘tilgan. Maqolada jadvallar ham havola etilgan bo‘lib, ular orqali sifatni boshqarish
jarayonlari, ta’lim sifatini baholash modellari, hamda ta’lim sifatini boshqarish tizimi
bilan tanishish mumkin. Mazkur modellar va tizimlar asosida samaradorlikka erishgan
davlatlarning natijalari keltirib o‘tilishi bilan birga, ta’lim sifatini boshqarish
tizimining tamoyillari haqida ham so‘z boradi.
Kalit so‘zlar: umumiy o‘rta taʼlim, taʼlim sifati, boshqaruv, taʼlim sifatini
boshqarish tahlili, taʼlim sifatini baholash modeli
Annotation: In this article the experience of implementing the education quality
management system in developed countries, and international standards of education
quality are discussed. In particular, the results that can be achieved through the
development of standards and their practical application are analyzed. In this regard,
information is also provided about the ideas proposed by several experts to science and
the methods formed based on them. Also, the differences between the advanced
educational qualities and the countries that have introduced them into their education
system have been studied. The article also includes tables, through which you can get
acquainted with quality management processes, educational quality assessment
models, and educational quality management system. Based on these models and
systems, the results of the countries that have achieved efficiency as well as the
principles of the education quality management system are mentioned.
Key words: general secondary education, quality of education, management,
management analysis of educational quality, quality assessment model
Аннотация: В данной статье рассматривается опыт внедрения системы
управления качеством образования в развитых странах, а также международные
стандарты качества образования. В частности, анализируются результаты,
которых можно достичь за счет разработки стандартов и их практического
применения. В связи с этим также приводится информация об идеях,
предложенных науке некоторыми экспертами, и сформировавшихся на их
основе методах. Также обсуждены различия между передовыми
образовательными качествами и странами, внедрившими их в свою систему
образования. В статью также включены таблицы, с помощью которых можно
ознакомиться с процессами управления качеством, моделями оценки качества
образования и системой управления качеством образования. На основе этих
моделей и систем отмечены результаты стран, добившихся эффективности, а
также принципы системы управления качеством образования.
Ключевые слова: общее среднее образование, качество образования,
менеджмент, анализ управления качеством образования, модель оценки
качества.
KIRISH
Taʼlim va tarbiya eng noyob kapital sifatida qadrlanayotgan bugungi sharoitda
taʼlim natijalarini baholash samaradorligini oshirish va usullarini takomillashtirish
mexanizmlarini joriy etish orqali barcha insonlar uchun sifatli taʼlim olish
imkoniyatlari yaratilmoqda. Mamlakatimizda taʼlim-tarbiya sohasiga davlat siyosati
darajasida alohida eʼtibor qaratilib kelinmoqda. Bu esa o‘z navbatida kadrlar
tayyorlash sohasi oldiga taʼlim muassasalari faoliyati samaradorligini zamonaviy
talablar asosida oshirish vazifasini qo‘ymoqda. Shu sababli ham bugungi kunda
bo‘lajak mutaxassislarning yuksak kasbiy salohiyat va insoniy sifatlarga ega bo‘lishi
talab etiladi.
Jahon amaliyotida muayyan mutaxassislar kasbiy kompetentligini
takomillashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy izlanishlarda taʼlim boshqaruvi
natijaviyligiga alohida eʼtibor berilgan bo‘lib, bunda asosiy urg‘u taʼlim sifati
menejmentiga qaratilmoqda. Bu yo‘nalishdagi ilmiy izlanishlar umumiy o‘rta taʼlim
sifatini boshqarishning nazariy-metodologik asoslari, sifat menejmenti va taʼlim sifati
monitoringini zamonaviy talablar asosida takomillashtirish hamda taʼlim sifati va
samaradorligi uyg‘unligini ilmiy jihatdan asoslovchi takliflarni ishlab chiqish, umumiy
o‘rta taʼlim sifatini baholash tizimini takomillashtirish masalalariga qaratilgan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tahlil qilingan tadqiqotlar taʼlim sifati boshqaruvi yo‘nalishida turlicha
yondashuvlar mavjudligini ko‘rsatdi va ularni izohlab o‘tish maqsadga muvofiq. Sifat
menejmenti asoschisi V. Shuxart mahsulot sifatining har bir qismini nazorat qilishga
asoslangan yondashuvni texnologik jarayonlarning bir meʼyorda ishlashini
taʼminlashga qaratilgan metodika bilan almashtirishni taklif qilgan. Uning sifatni
doimiy yaxshilab borish zarurligi to‘g‘risidagi g‘oyasi E. Deming tomonidan
rivojlantirilib, ishlab chiqarish amaliyotiga PDCA (Plan-Do-Check-Act), yaʼni RBNH
(Rejalashtirish-Bajarish-Nazorat-Harakat) – “Shuxart-Deming metodi” yoki “Deming
sikli” nomi bilan joriy etildi. Keyingi sifat menejmenti mutaxassisi A. Feygenbaum
sifatni ishlab chiqish, qo‘llab-quvvatlash va yaxshilash bosqichlaridan iborat bo‘lgan
Sifatning Yalpi Nazorati (Total Quality Control) tushunchasini kiritdi.
Shuxart, Deming va Feygenbaumlar tomonidan joriy etilgan mazkur sifat
menejmenti metodi asosida sifatni yalpi boshqarish konsepsiyasi (Total Quality
Management - TQM) ishlab chiqildi. Uning mohiyati boshqarishning taʼlim
muassasasini muvaffaqiyatiga olib boruvchi tamoyillaridan foydalanishdan iborat.
TQM konsepsiyasida sifatni boshqarishga doir avvalgi konsepsiyalarga xos bo‘lgan
barcha ijobiy jihatlar o‘z aksini topgan. U ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish
sohasida ko‘pgina zamonaviy menejment tizimlarining asosini tashkil qiladi.
TQMning ko‘pgina yondashuvlari ISO oilasiga kiruvchi xalqaro sifat standartlarining
zamonaviy avlodi g‘oyalari tarkibiga kiritilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotni amalga oshirishda ta’lim sifati menejmentiga oid xorijiy va mahalliy
manbalar: dissertatsiyalar, monografiya va ilmiy maqolalar, hamda o‘quv
qo‘llanmalari o‘rganib chiqildi. Ma’lumotlarni to‘plash jarayonida turli statistika
bazalariga murojaat etildi. Shuningdek, empirik, sotsiologik, fakt-chekking hamda
qiyosiy metodlarni qo‘llagan holda kerakli ma’lumotlarni to‘plashga erishildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
ISO 9000 standartlari turli soha tashkilotlari uchun universaldir. Ular ishlab
chiqarish, aloqa, xizmatlar, sog‘liqni saqlash, taʼlim kabi faoliyat sohalarida faol
qo‘llanilmoqda va dunyoda eng mashhur standartlar sifatida Ginnesning rekordlar
kitobiga kiritilgan.
Bugungi kunda taʼlim sohasida ISO 9000 standartlari asosida ishlab chiqilgan
sifat tizimi standartlari unchalik ko‘p emas. Ularning orasida xalqaro standart sifatida
tan olingani yagona – ISO/IWA 2 “Quality management systems. Guidelines for the
application of ISO 9001:2000 in education” (Sifat menejmenti tizimlari. ISO
9001:2000ni taʼlimda qo‘llash bo‘yicha yo‘riqnoma). Mazkur xalqaro standart 2002-
yilda Meksikada bo‘lib o‘tgan xalqaro konferensiya (IWA 2 – International Workshop
Agreement) kelishuvlari natijalariga ko‘ra ishlab chiqilgan. Standartning dastlabki
tahriri (IWA 2:2003) 2003-yilda qabul qilingan. Standartning bugungi kunda amalda
bo‘lgan ikkinchi tahriri (IWA 2:2007) 2007-yilda qabul qilingan.
ISO/IWA 2 standarti ISO 9001:2000 standartida ko‘zda tutilganlardan boshqa
hech qanday qo‘shimcha talablarni qo‘ymaydi. Unda taʼlim xizmatlari sifatini
boshqarish bilan bog‘liq ISO 9001:2000 talablarini taʼlim muassasalarida qo‘llashga
doir yo‘riqnomalar o‘z aksini topgan.
IWA 2 standartini ishlab chiqish va qo‘llash quyidagi natijalarga erishishni
ko‘zlaydi:
– kasbiy taʼlim jarayonlarini standartlashtirish;
– taʼlim jarayoni uchun zarur bo‘lgan hujjatlar hamda qaydlarni boshqarish va
yuritish jarayonlarining muntazam monitoringini taʼminlash;
– taʼlim sohasidagi davlat talablarining bajarilishini kafolatlash;
– taʼlim xizmatlari, o‘qituvchilar tarkibi va taʼlim mazmuni sifatini kafolatlash.
IWA 2 standartining maqsadi taʼlim muassasasidagi sifat menejmenti tizimi
samaradorligini oshirish va taʼlim oluvchilarga taqdim etilayotgan taʼlim xizmatlari
sifatini uzluksiz oshirib borishdan iborat.
Rivojlangan mamlakatlarda taʼlim sifatini boshqarish tizimini joriy etish tajribasi
sifatni boshqarishning quyidagi asosiy bosqichlarini ajratish imkoniyatini beradi:
1. Taʼlim muassasasining taʼlim sifatini boshqarish tizimini loyihalashtirish va
taʼlim sifatini boshqarishni rejalashtirish – talab qilinayotgan sifatga erishish uchun
amalga oshiriladigan faoliyatning meʼyoriy, tashkiliy, uslubiy va vositaviy asoslarini
shakllantirish;
2. Taʼlim sifatini boshqarish – taʼlim xizmatlari buyurtmachilarining
ehtiyojlarini o‘rganish bo‘yicha muntazam faoliyatlar ketma-ketligini aks ettiruvchi
sifatni shakllantirish, asosiy va qo‘shimcha taʼlim dasturlarini ishlab chiqish va amalga
oshirish, resurslar bilan taʼminlash jarayonlari;
3. Jarayonlar monitoringi va o‘zgarishlar kiritish – sifatning erishilgan darajasini
belgilangan darajasi bilan solishtirish va baholash jarayoni, barcha manfaatdor
tomonlar bilan qayta aloqani amalga oshirish, boshqarish tizimi va faoliyatiga
o‘zgarishlar kiritish.
Shunday qilib, taʼlim sifatini boshqarish bir-biri bilan bog‘langan va o‘zaro
taʼsirda bo‘luvchi elementlardan iborat uzluksiz va yopiq kechadigan jarayondir (1-
jadval).
Loyihalashtirish va
rejalashtirish
Jarayonlar monitoringi va Sifatni boshqarish
korreksiya
1-jadval. Sifatni boshqarish jarayonlari (Юлдашев М., 2016).
Taʼlim muassasasida taʼlim sifatini boshqarish tizimini yaratishdan maqsad
isteʼmolchilar talablariga mos keluvchi sifatli taʼlim xizmatlarini taqdim etish uchun
zarur sharoitlarni taʼminlashdir.
Bundan tashqari, zamonaviy taʼlim muassasasida taʼlim sifatini boshqarish tizimi
quyidagilar uchun zarur:
– davlat taʼlim standartlari talablariga erishishda taʼlim jarayonlari
samaradorligini oshirish;
– muassasada ijodiy va ishchan muhitni rivojlantirish, xodimlarning kasbiy
faolligini oshirish;
– muassasada boshqaruv tizimini yaxshilash;
– taʼlim jarayonining moliyaviy, moddiy va kadrlar taʼminotini optimallashtirish;
– muassasaning raqobatbardoshligini oshirish;
– taʼlim faoliyati uchun zamonaviy xavfsiz sharoitlarni yaratish;
– boshqaruvda jamoatchilikning keng ishtirokini taʼminlash.
Taʼlim muassasasida taʼlim sifatini boshqarish tizimining vazifalari quyidagilar:
– taʼlim jarayoni subyektlari o‘rtasidagi ijtimoiy shartnoma sifatida davlat
standartlarining bajarilishini taʼminlash;
– taʼlim sifatining asosiy mezon ko‘rsatkichlarini belgilash;
– taʼlim sifati to‘g‘risida tahliliy hisobot va maʼruzalar tayyorlash;
– taʼlim sifatini taʼminlash va doimiy yaxshilash uchun innovatsion jarayonlarni
rag‘batlantirish;
– taʼlim muassasasining rivojlanish yo‘nalishlarini belgilash, pedagog xodimlar
malakasini oshirish.
V. Nujdinning taʼkidlashicha, TQM tamoyillari va metodlarini taʼlim xizmatlari
sohasiga moslashtirish natijasida sifatni rejalashtirish, nazorat qilish va yaxshilash kabi
faoliyat turlarini ajratib olish imkoniyati paydo bo‘lgan. Dastlab, iqtisodiyotning
sanoat sektori uchun ishlab chiqilgan TQM tamoyillari xorijiy taʼlim muassasalarini
boshqarish amaliyotida keng foydalanilgan. AQSH taʼlim tizimida 1985-yildan
boshlab TQM qo‘llanila boshlangan va 1996-yilga kelib sifatni takomillashtirish
tamoyillaridan 252 taʼlim muassasalarida foydalanila boshlangan. TQM standartlari
tavsiyalari bo‘yicha yaratilgan taʼlim sifatini boshqarish tizimi quyidagi tamoyillarga
asoslanadi:
– isteʼmolchilarga mo‘ljallanganligi;
– taʼlim muassasasi rahbariyatining yetakchiligi;
– taʼlim muassasasi xodimlarini jalb qilishning keng qamrovliligi;
– taʼlim muassasalarida boshqaruv qarorlarining aniq dalillar asosida qabul
qilinishi;
– tizimli yondashuv asosidagi boshqaruv;
– taʼlim sifatini doimiy yaxshilash;
– subyektlar manfaatdorligi;
– boshqaruvga jarayon sifatida yondashish va hokazo.
Boshqarish tamoyillari dasturulamal qoida sifatida, menejmentda asos bo‘luvchi
standartlar hisoblanadi.
Boshqarish tamoyillari bir-biri bilan o‘zaro bog‘liq va amaliyotda yaxlit holda
foydalanilishi lozim. Bu tamoyillardan birining buzilishi boshqa tamoyillarning ham
buzilishiga olib keladi. Boshqarish tamoyillari rahbarlikning oltin qoidalarini o‘zida
namoyon etadi. Bu qoidalar majmuasining amalda ro‘yobga chiqarilishi boshqarish
tizimining sifatli ishlashini taʼminlaydi.
Buyuk Britaniyada TQM metodikasidan 1990-yillardan boshlab foydalanilgan
bo‘lib, sifatni yalpi boshqarish konsepsiyasini qo‘llash tashabbusi dastlab AQSH
taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshirilgan. Sifat menejmenti bo‘yicha joriy
etilgan TQM metodologiyasi bugungi kunda rivojlanib, Kanada, Norvegiya,
Niderlandiya, Braziliya, Portugaliya, Rossiya Federatsiyasi, Qozog‘iston kabi
mamlakatlar bundan samarali foydalanib kelmoqda.
Demak, TQM (Sifatning yalpi menejmenti) konsepsiyasi asosida ishlab chiqilgan
sifat boshqaruvi tizimi nafaqat taʼlim jarayoni, balki muassasada kechadigan barcha
jarayonlarning sifatini o‘zini-o‘zi baholash mexanizmi asosida takomillashtirib
borishga qaratilganini eʼtiborga olib, raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda taʼlim
muassasalarida aynan ana shu konsepsiyaga asoslangan sifat menejmenti tizimini joriy
etish maqsadga muvofiqdir. Taʼlim muassasalarida sifat menejmentining joriy etilishi
isteʼmolchilarning ehtiyojlarini o‘rganish asosida taʼlimni rivojlantirish
strategiyasining barqaror taraqqiyot, uzluksiz taʼlim, bilimlarning globallashuv
konsepsiyalarini eʼtiborga olgan holda sifat muammolarini hal qilish imkoniyatini
beradi.
Aksariyat xorijiy davlatlarda taʼlim sifatini baholash ikki tarkibiy qismdan, yaʼni
ichki (o‘zini-o‘zi baholash) va tashqi baholashdan iborat bo‘lishi lozimligi,
shuningdek, mazkur tashkil etuvchilarning aniq mexanizmlari har xil bo‘lishi
mumkinligi tan olinadi. Sifatni tashqi baholash tizimi ko‘proq standartlar va iqtisodiy
samaradorlik bilan, ichki baholash tizimi esa raqobatbardoshlik va rivojlanishga
yo‘naltirilgan takomillashtirishlar bilan aloqadorlikda tushuniladi. Dunyoda mavjud
taʼlim sifatini baholash tizimlarini ham ularda tashqi yoki ichki baholashga urg‘u
berilishiga qarab, shartli ravishda, ikki modelga bo‘lish mumkin (2-jadval).
Taʼlim sifatini baholash modellari
Fransuz modeli Ingliz modeli
“Tashqi” – tashqi baholashga asoslangan “Ichki” – ichki baholashga asoslangan
Taʼlim muassasalarining jamiyat va Taʼlim muassasasi tomonidan ichki
davlat oldidagi masʼuliyatini attestatsiya, baholash asosida tashkil qilinadi
akkreditatsiya va nazorat qilish
vositasida tashqi baholashga asoslangan
Norvegiya Buyuk Britaniya
Daniya AQSh
Finlandiya Lotin Amerikasi
Chexiya mamlakatlari
Latviya Avstraliya
Estoniya Polsha
2-jadval. Taʼlim sifatini baholash modellari
Birinchi model, taʼlim muassasalarining jamiyat va davlat oldidagi masʼuliyatini
attestatsiya, akkreditatsiya va nazorat qilish vositasida tashqi baholashga asoslangan
“fransuz” modeli. Bunda davlat organlari tomonidan baholashning maqsadi
shakllantiriladi, eng muhim jihatlari belgilanadi, taʼlim jarayonini tashkil etishga doir
qarorlar qabul qilinadi hamda taʼlim muassasasi tomonidan o‘zini-o‘zi baholashga
yuzaki qaraladi, chunki asosiy eʼtibor tashqi baholashni samarali o‘tkazishga
qaratiladi.
Bizning fikrimizcha, tashqi nazorat meʼyoriy va ilmiy jihatdan taʼminlanish
borasida jiddiy muvaffaqiyatlarga erishgan bo‘lsa-da, epizodik tarzda miqdoriy
ko‘rsatkichlarni aniqlashga asoslanganligi sababli mavjud muammo va yutuqlarni
aniqlash, taʼlim sifatini oshirishni rejalashtirishga imkon bermaydi.
Taʼlim sifatini baholashning ikkinchi – “ingliz” modeli asosini taʼlim muassasasi
tomonidan ichki baholash tashkil qiladi.
Fransuz modeli Fransiya, Norvegiya, Chexiya, Latviya, Estoniya kabi Yevropa
mamlakatlarida, ingliz modeli Buyuk Britaniya, Daniya, Germaniya, Sloveniya,
Polsha, AQSH, Lotin Amerikasi davlatlarida qo‘llaniladi. AQSH, Finlandiya va
boshqa ayrim mamlakatlar taʼlim sifatini baholashning har ikkala modelidan samarali
foydalanib kelmoqda.
Demak taʼlim sifati nazorati ichki va tashqi baholashdan iborat bo‘lib, mazkur
baholashlarning mexanizmlari turlicha bo‘lishi va taʼlim sifatini taʼminlashda ichki
baholash hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanligini ko‘rsatadi.
Bugungi kunda jahon taʼlim tizimida 10 dan ortiq taʼlim sifati menejmenti
modellari qo‘llanilib kelinmoqda va bu modellar taʼlim muassasalarining sifat bo‘yicha
talab qilingan natijalariga erishishga qaratilgan faoliyat jarayonlari va jihatlariga
nisbatan belgilangan talablar va ko‘rsatkichlar, tamoyillar, metodlar hamda ushbu
jarayonlarning takomillashuv darajasini belgilab beruvchi mezonlar, ularni baholash
yo‘llari yig‘indisi deb tushuniladi. Sifatni baholashga asoslangan modellar tizimli
ravishda o‘z-o‘zini baholash, SWOT-tahlili vostasida taʼlim muassasa faoliyatining
kuchli va kuchsiz tomonlarini aniqlash va kamchiliklarni bartaraf etishni nazarda tutadi
(Богомолова Е., 2007).
Tadqiqotlar natijalariga asoslanib aytish mumkinki, taʼlim sifati boshqaruvi
taʼlimning oldindan bashoratlangan natijalariga erishishga yo‘naltirilgan boshqaruv
bo‘lib, sifatni taʼminlash tadbirlarini loyihalashtirish, taʼlim jarayoni ishtirokchilarini
samarali mehnatga qiziqtirish, maqsadlardan chetga chiqishlarni aniqlash,
o‘zgarishlarni kuzatish va tahlil qilish jarayonlaridan iborat bo‘lgan, taʼlim muassasasi
faoliyatining barcha yo‘nalishlarini o‘zini-o‘zi baholash asosida doimiy
takomillashtirib borish tizimidir (3-jadval).
Umumeʼtirof etilgan boshqaruv tushunchasi bo‘lmagani kabi, taʼlim muassasalari
va taʼlim sifatini boshqarishning ham umumqabul qilingan tushunchasi yo‘q. Ilmiy
bilim rivojlanib borgani sari bu tushuncha doimiy ravishda boyib boradi. Boshqaruv
boshqariladigan obyektdagi jarayonlarning aniq maqsadga qaratilganligini va
uyushganligini taʼminlashi lozim.
Boshqaruv, boshqaruv jarayoni, uning tizimlari va vazifalari, boshqaruvdagi
yondashuvlar haqida ko‘plab maʼlumotlar bor. Lekin ularning aksariyati dinamik,
yaʼni o‘zgaruvchan xarakterga ega.
Taʼlim sifatini boshqarish tizimi
Boshqaruv subyekti
Ta’sir doirasi
Boshqaruv obyekti Jarayon
Ta’lim sifatining oshishi
Buyurtmachilar maqsadlari va DTSga muvofiqligi
Monitoring (nazorat, tahlil, baholash)
3-jadval. Taʼlim sifatini boshqarish tizimi
Avvalambor, boshqaruv tizimi qanday vazifalarni qay yo‘sinda hal etishi kerak,
turli ichki va tashqi sharoitlarda boshqaruv samaradorligi taʼminlanishi uchun u qanday
tuzilgan bo‘lishi lozim, degan savollarga javob berish zarur. Shu boisdan boshqaruv
tizimi xususiyatlari, boshqaruv jarayoni tavsiflari hamda turli tashqi va ichki
sharoitlarda faoliyat yuritish va rivojlanish natijalari o‘rtasidagi qonuniy aloqalar
alohida ilmiy fan bo‘lgan boshqaruvning umumiy vazifasi hisoblanadi. Boshqaruv
vazifasini shu yo‘sinda tushunish uni boshqaruvga eskicha yondashish nuqtai
nazaridan tadqiq qilish mumkin emasligidan dalolat beradi (Гамаюнова Т., 2011).
Bunda, shubhasiz, o‘quv-tarbiya jarayoni boshqaruvning markaziy obyekti
hisoblanadi. Lekin boshqaruv fani o‘quv-tarbiya jarayoni qay yo‘sinda amalga
oshirilishi kerakligi va vazifalari nimalardan iborat ekanligini o‘rganmaydi, bu
pedagogikaning vazifasidir. O‘quv-tarbiya jarayoni texnologiyasi xususiyatlariga
bog‘liq ravishda boshqaruv qanday amalga oshirilishi lozim, degan masala esa
boshqaruv faniga taalluqlidir. Ammo o‘qitish va tarbiya natijalari nafaqat pedagogik
texnologiyaga, balki pedagoglarning malakasiga, ularning eng yaxshi natijalarga
erishishdan manfaatdorligiga, jamoadagi munosabatlarga bog‘liqdir. Kadrlarni qanday
tanlash kerak, ularni qay yo‘sinda baholash, unumli ishlashga qanday undash kerak,
jamoada qulay psixologik muhitni qanday shakllantirish lozim, kabi savollar ham
boshqaruv tadqiqotchilari oldida turgan muhim vazifalar sirasiga kiradi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Shunday qilib, olib borilgan tadqiqotlarimiz jarayonlarida aniqlangan taʼlim sifati
va taʼlim sifati menejmenti tushunchalariga bo‘lgan tavsiflar, fikrlar xilma-xilligi,
taʼlim sifati menejmentiga turlicha yondashuvlar hamda milliy standartlar talablarining
taʼlim sifati va kadrlar tayyorlashga nisbatan xalqaro andozalarga muvofiqligini
taʼminlash yo‘nalishida belgilangan talablar taʼlim sifati va taʼlim sifati menejmentiga
ilmiy yondashuvlar bo‘yicha xalqaro tajribalarni o‘rganish va tahlil qilish zaruratini
belgilaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Арутюнова, Д.В. (2010) «Стратегический менеджмент», Учебное
пособие. – Таганрог: Изд-во ТТИ ЮФУ.
2. Богомолова, Е.В. (2007) Концептуальный подход к применению
методики SWОT-анализа в организациях торговли для оценки эффективности
функционирования организации. Аудит и финансовый анализ. №2.
3. Гамаюнова, Т.М. (2011) Стратегия управления маркетинговой
деятельностью в высшем учебном заведении // Известия Волгоградского
государственного технического университета. Т. 12. № 14 (87).
4. Загородников, А. (2016) Управление общественными связями в бизнесе:
учебник. – Москва: КНОРУС. – 288 с.
5. Латышев, Д.В. (2016) Антиномичность маркетинга образовательных
услуг в условиях экономического дрейфа // Актуальные проблемы и
перспективные направления инновационного развития экономической науки.
Сборник научных трудов. Волгоградский государственный социальнопедагогический университет, Факультет экономики и управления.
6. Сидунова, Г.И. (2016) Экспрезентность в системе форсайт менеджмента
// Научный вестник Волгоградского филиала РАНХиГС. Серия: Экономика. №2.
7. Yuldashev, M.A. (2016) Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirishda
taʼlim sifati menejmentini takomillashtirish. Diss. p.f.d. – Toshkent.
REFERENCES:
1. Arutyunova, D.V. (2010) «Strategicheskiy menedjment», Uchebnoye
posobiye. – Taganrog: Izd-vo TTI YUFU. (In Russian)
2. Bogomolova, E.V. (2007) Konseptualniy podxod k primeneniyu metodiki
SWOT-analiza v organizatsiyax torgovli dlya otsenki effektivnosti funksionirovaniya
organizatsii. Audit i finansoviy analiz. №2. (In Russian)
3. Gamayunova, T.M. (2011) Strategiya upravleniya marketingovoy
deyatelnostyu v visshem uchebnom zavedenii // Izvestiya Volgogradskogo
gosudarstvennogo texnicheskogo universiteta. T. 12. № 14 (87). (In Russian)
4. Zagorodnikov, A. (2016) Upravleniye obshestvennimi svyazyami v biznese:
uchebnik. – Moskva: KNORUS. – 288 s. (In Russian)
5. Latishev, D.V. (2016) Antinomichnost marketinga obrazovatelnix uslug v
usloviyax ekonomicheskogo dreyfa // Aktualniye problemi i perspektivniye
napravleniya innovatsionnogo razvitiya ekonomicheskoy nauki. Sbornik nauchnix
trudov. Volgogradskiy gosudarstvenniy sotsialno-pedagogicheskiy universitet,
Fakultet ekonomiki i upravleniya. (In Russian)
6. Sidunova, G.I. (2016) Eksprezentnost v sisteme forsayt menedjmenta //
Nauchniy vestnik Volgogradskogo filiala RANXiGS. Seriya: Ekonomika. №2. (In
Russian)
7. Yuldashev, M.A. (2016) Xalq taʼlimi xodimlarining malakasini oshirishda
taʼlim sifati menejmentini takomillashtirish. Diss. p.f.d. – Toshkent. (In Uzbek)