ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Huvaydo ijodida iqtibos san’ati

Zaripova Dilfuza Baxtiyorovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

HUVAYDO IJODIDA IQTIBOS SAN’ATI

THE ART OF QUOTATION IN HUVAYDO’S CREATION

ИСКУССТВО ЦИТИРОВАНИЯ В ТВОРЧЕСТВЕ ХУВАЙДО

Zaripova Dilfuza Baxtiyorovna
Ichki ishlar vazirligi

Buxoro akademik litseyi dotsenti,
Filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

Tel.: +998 91 415-82-64
E-mail: dilfuzabaxtiyorovna010@gmail.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada Huvaydoning o‘zbek mumtoz adabiyotida tutgan
o‘rni, ijodkorning g‘oyaviy yo‘nalishi, badiiy mahorati, ilohiy ishq tasviridagi o‘ziga
xosligi haqida fikr yuritilgan. Uning ijodida didaktikaning o‘rni haqida asosli fikrlar
keltirilgan. Adib ijodida iqtibos san’atining qo‘llanilishi lirik janrlar misolida tahlil
qilingan. Hamd g‘azalidagi o‘ziga xosliklar ochib berilgan. Shoir ijodida Qur’on va
hadisning ta’siri yetarlicha asoslangan. Adibning diniy mavzudagi g‘azallarida nido,
tazod, iqtibos, didaktik mavzudagi g‘azallarida intiboh, irsoli masal, tazod, talmeh,
tashbeh, ishqiy mavzudagi g‘azallarida esa mubolag‘a, nido, tanosib, tashbeh, takrir,
ta’did san’atlaridan mohirona foydalanganini ko‘rish mumkin. Bu Huvaydoning badiiy
mahoratining o‘ziga xos yo‘lidir. Huvaydoning o‘zbek mumtoz adabiyotida Ahmad
Yassaviy, Boborahim Mashrab, So‘fi Olloyorlar yo‘lidan borib, she’rlarida ilohiy ishq,
oliyjanob insoniy fazilatlarni ulug‘laganligi, ma’naviy kamolotga erishishda diniy
qadriyatlarning katta ahamiyatga ega ekanligi haqida fikr yuritilgan.

Kalit so‘zlar: Ilohiy ishq, g‘azal, Qur’on, hadis, didaktika, iqtibos, ezgulik,
yaxshilik, ma’naviy kamolot, hamd.

Annotation: This article examines the place of Khuvaydo in Uzbek classical
literature, the ideological orientation of the poet’s work, his artistic mastery, and his
distinctive approach to depicting divine love. Well-founded reflections are provided on
the role of didactics in his creative output. The use of the art of citation in the poet’s
works is analyzed through examples from lyrical genres. The peculiarities of the hamd
ghazal are elucidated. The influence of the Quran and hadiths on the poet’s creativity is
convincingly substantiated. In Khuvaydo’s ghazals on religious themes, one can observe
the skillful use of such techniques as exclamation (nido), contrast (tazod), and citation
(iqtibos); in didactic ghazals — awakening (intiboh), parable (irsoli masal), contrast
(tazod), allusion (talmeh), and simile (tashbeh); and in love-themed ghazals —
exaggeration (mubolagha), exclamation (nido), proportion (tanosib), simile (tashbeh),
repetition (takrir), and amplification (ta’did). This constitutes the unique path of

Khuvaydo’s artistic mastery. The article argues that Khuvaydo, in the context of Uzbek
classical literature, followed the traditions of Ahmad Yasavi, Boborahim Mashrab, and
Sufi Allayar, glorifying divine love and noble human virtues in his poetry, while
emphasizing the significant role of religious values in achieving spiritual perfection.

Keywords: Divine love, ghazal, Quran, hadith, didactics, quotation,
righteousness, good, spiritual perfection, praise.

Аннотация: В данной статье рассматривается место Хувайдо в узбекской
классической литературе, идейная направленность творчества поэта, его
художественное мастерство и своеобразие в изображении божественной любви.
Обоснованно излагаются мысли о роли дидактики в его творчестве. Применение
искусства цитации в произведениях автора анализируется на примерах
лирических жанров. Раскрываются особенности хамд газель. Влияние Корана и
хадисов на творчество поэта убедительно обосновано. В газелях Хувайдо на
религиозные темы можно наблюдать искусное использование таких приемов,
как восклицание (нидо), контраст (тазод), цитация (иктибас), в дидактических
газелях — пробуждение (интибох), притча (ирсоли масал), контраст (тазод),
намёк (талмех), сравнение (ташбех), а в любовных газелях — преувеличение
(муболага), восклицание (нидо), соразмерность (таносиб), сравнение (ташбех),
повтор (такрир) и усиление (таъдид). Это представляет собой уникальный путь
художественного мастерства Хувайдо. В статье подчеркивается, что Хувайдо в
узбекской классической литературе следовал традициям Ахмада Ясави,
Бабарахима Машраба, Суфи Аллаяра, прославляя в своих стихах божественную
любовь и возвышенные человеческие добродетели, а также отмечается
значимость религиозных ценностей в достижении духовного совершенства.

Ключевые слова: Божественная любовь, газель, Коран, хадис, дидактика,
цитата, благо, добро, духовное совершенство, хвала.

KIRISH
Xo‘janazar Huvaydo (1704–1780/81) – o‘zbek mumtoz adabiyotidagi muhim
shoirlardan biri bo‘lib, tasavvuf she’riyatining yirik vakillaridan sanaladi. O‘sh
shahrida tug‘ilib, Farg‘ona vodiysidagi Chimyon qishlog‘ida umrining so‘nggi yillarini
o‘tkazgan Huvaydo o‘zbek lirik she’riyatida o‘ziga xos o‘rin egallaydi. Uning ijodi
diniy-axloqiy, tasavvufiy va oshiqona mavzularning boy uyg‘unligi bilan ajralib turadi.
Huvaydo she’rlarida iqtibos san’ati, ya’ni Qur’on, hadis va klassik adabiyotdan olingan
iboralar yoki mazmunlarni o‘ziga xos uslubda qo‘llash muhim o‘rin tutadi. Bu san’at
uning asarlarida nafaqat badiiy mahorat, balki chuqur diniy va falsafiy
dunyoqarashning ifodasi sifatida namoyon bo‘ladi. Ushbu maqolada Huvaydoning
lirik ijodida iqtibos san’ati qanday qo‘llanilgani, uning she’riy uslubiga ta’siri va
o‘zbek adabiyotidagi o‘rni tahlil qilinadi.

Huvaydo ijodiy merosi XIX asr boshlaridan boshlab o‘rganila boshlagan.
Turkiston Rossiya tomonidan bosib olinganidan so‘ng rus olimlari tomonidan yеrlik
xalq madaniyati, ilm-fani, etnografiyasini o‘rganishga qiziqish kuchaygan. Rus
sharqshunoslari V.V.Bartold, A.N.Samoylovich, M.F.Gavrilov, G.R.Andreyev,
V.P.Nalivkin va boshqa tadqiqotchilarning Turkiston xalqlari madaniyatini
o‘rganishga bag‘ishlangan maqolalari chop etilgan.

O‘zbek olimlari, tadqiqotchilari tomonidan Huvaydo ijodini o‘rganish asr
o‘rtalaridan boshlanganini ko‘rishimiz mumkin. Sabab sifatida ungacha bo‘lgan
davrda islom dini qattiq qoralanib, diniy, tasavvufiy asarlarni o‘rganish taqiqlanganini
aytish mumkin.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI

Akademik V.Zohidov, adabiyotshunos T.Jalolovning Huvaydo ijodiga

bag‘ishlangan maqolalari paydo bo‘ldi. Shundan so‘ng shoir ijodi haqida

S.G‘aniyeva, R.Nosirov, S.Hasan, A.Qayumov, Sh.Turdiyev, Q.Ro‘zmatzoda,

A.Xudoyberdiyev, N.Jumaxo‘ja, I.Suvonqulov o‘z maqola va tadqiqotlarida

ma’lumotlar berishgan. Huvaydo ijodini o‘rganish adabiyotshunoslar tomonidan 1959-

yildan boshlandi. Xususan, M. Afzalov “Huvaydo va Mashrab ijodini atroflicha

o‘rganaylik” sarlavhali maqolasida Huvaydo ijodi chuqur o‘rganilmaganligini ma’lum

qildi (Afzalov M., 1959: 49).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Biz ushbu maqolada Huvaydo lirikasida iqtibos san’ati qanday qo‘llanganligi,
uning hamd g‘azali tahlili orqali uning badiiy mahoratini ochib berishni maqsad qildik.
Tahlil jarayonida hamd g‘azalidagi misralar Qur’on va hadislar asosida tahlil qilindi.
Adibning o‘ziga xos badiiy mahorati yetarlicha asoslandi.
Huvaydo o‘z ijodida lirik qahramon obrazi, uning kechinmalari, ichki histuyg‘ularini ifodalashda g‘azalning kompozitsion yaxlitligini, baytlar misralarining
mantiqiy va uzviy bog‘lanishi uchun tasvirlanayotgan mazmunni chuqurlashtirishda
ko‘plab badiiy san’atlardan foydalangan. Huvaydo g‘azallaridagi asosiy badiiy san’at
iqtibos san’atidir.

TAHLIL VA NATIJALAR
Mumtoz adabiyotda Qur’on, Hadis va ilohiyotga bag‘ishlangan boshqa asarlarda
Ollohning sifatlari, payg‘ambarlarning dinni targ‘ib qilish va mustahkamlash
jarayonidagi harakatlari, valiylar hayotidan olingan rivoyatlarga, shuningdek, tarixiy
sanalarga ishoralar va diniy asarlar qahramonlari ko‘plab uchraydi. Bundan maqsad
lirik qahramon obrazini yorqinroq tasvirlash va qahramonning ichki tuyg‘ularini aniq
ifodalashdir. Bu usul badiiy adabiyotda “iqtibos” deb yuritiladi. “Iqtibos” so‘zining
lug‘aviy ma’nosi “ilm o‘zlashtirmoq” ma’nosini bildiradi. Sharq shoirlari bu san’atga
murojaat qilib, lirik va liro-epik asarlarda oyatlar va hadislarni keltirganlar. Hadislar

asosida yozilgan “Arbain”lar ham iqtibos usulida yaratilgan (Hojiahmedov A., 1998:
62). Bu san’at turi haqida adabiyotshunos olim Yoqubjon Is’hoqov shunday yozadi:
“Iqtibos – mushtarak (ham lafziy, ham ma’noviy) san’atlar jumlasidan bo‘lib, nasr yoki
nazmda bayonning yorqin va go‘zal ifodasi uchun oyat va hadislar keltirish usuli.
Ayrim olimlar (Masalan, Atoulloh Husayniy) fikricha, iqtibos sifatida olingan oyat va
hadislar to‘g‘ridan to‘g‘ri, ya’ni ularning oyat va hadis ekaniga ishora qilinmagan
holda keltirilishi lozim.

Iqtibos ikki xil ko‘rinishda bo‘lishi mumkin:
1. Oyat yoki hadis aynan keltirilgan iqtibos “darj” deyiladi. …Ular ifoda, bayon
uchun oddiy bezak, ziynat emas, balki quvvatlab, kuchaytirishga xizmat qiluvchi
muhim vosita hisoblanadi. Hatto ayrim she’riy va nasriy parchalar mohiyatan oyat yoki
hadisning mazmuni bilan aloqador bo‘lishi mumkin.
2. Agar oyat va hadisning tarjimasi yoki mazmuni keltirilsa, bunday iqtibosni
Doyiy Javod “hal” usuli deb ataydi. Lekin Atoulloh Husayniy “hal” deb nazmning
mazmunini nasrda chiroyli bayon qilishni ataydi. …Atoulloh Husayniy faqat ishorasiz
– to‘g‘ridan to‘g‘ri keltirilgan oyat va hadislarni iqtibos, deb ataydi (Is’hoqov Y., 2006:
26). Qur’oni Karimning bir necha oyatlarida “sahro” – do‘zax dahshatlari bayon
qilingan. 77-sura – “Balmursalot” surasining 24 va 40-oyatlarida jahannam va
jahannam ahli tasvirlangan. 78-sura – “Naba’” surasining 21-22-oyatlari yuqoridagi
oyat mazmunini to‘ldiradi: “Albatta, tug‘yonga tushguvchilarning borar joylari bo‘lgan
jahannam ko‘z tutib turibdi.” 24-oyatda bu fikr davom ettiriladi: “Ular u joyda biror
salqinni va biron ichimlikni topmaslar!” (Qur’oni Karim, 1992: 450).
Munojotning 3-baytida:

“Kelur nayza bo‘yi xurshidi tobon farqi sar uzra,
O‘shal kun boshimg‘a chodari rahmatni qil paydo” (Huvaydo, 1990: 1).
(Nur taratayotgan quyosh bosh uzra nayza uzunligida keladi, o‘sha kun
mehribonlik chodaringni boshimiz uzra yaratgin.)
Ikkinchi misradagi “chodari rahmat” so‘zini qo‘llash iqtibos san’atini yuzaga
keltirgan. Bunda Qur’ondagi oyatlarga ishoralar bor. Jumladan, 77-suraning 41-42-
oyatlarida shunday marhamat qilingan: “Taqvodor zotlar esa albatta, soya-salqinlarda,
chashmalar va ko‘ngillari tusagan meva-chevalar ustidadurlar.” 44-oyatda esa:
“Albatta, biz chiroyli amal qilguvchilarni mana shunday mukofotlarmiz” (Qur’oni
Karim, 1992: 448).
Munojotning 4-baytida:
“Qurulsa ul famay-ya’mal da mezonim sabuk qilma,
Gunohimdin savobimni ayo sattori ma’budo”. (Huvaydo, 1990:1).
(Qilgan savoblarimni mahshar kuni gunohlarimdan yengil qilib qo‘ymagin, ey,
gunohkorlar gunohlarini yashirguvchi” deb nola qiladi.)

Birinchi misrada qo‘llangan “Famay-ya’mal” – Qur’ondagi “Az-Zalzala”
(Zilzila) deb nomlangan 99-suraning 7-8-oyatlari qisqartmasi bo‘lib, “Kimki nima
qilsa” deb nomlanadi. To‘liq shakli: “Famay ya’mal misqola zarrotin xoyroy yaro.
Vamay ya’mal misqola zarrotin sharroy yaro. – “Bas, kim (hayoti–dunyodalik paytida)
zarra misolichalik yaxshilik qilgan bo‘lsa, (qiyomat kunida) o‘shani ko‘rur. Kim zarra
misolichalik yomonlik qilgan bo‘lsa, uni ham ko‘rur” (Qur’oni Karim, 1992: 448).

Demak, bu baytda iqtibos san’atining ajoyib namunasi yaratilgan.
Munojotning 5-baytida:

“Qadam qo‘ysam yiqitmog‘il sirotal mustaqim uzra,
Giriftori jahiym aylab ilohi qilmag‘il rasvo”. (Huvaydo, 1990:1).
(Sirot ko‘prigiga qadam qo‘yganda, o‘ta olmay, ilohim, meni rasvo qilma.)
“Sirot al-mustaqim” – insonning narigi dunyodagi darajasini belgilashda uning
ahamiyati shundaki, sirot ko‘prigidan o‘tolmaganlarning joyi 7 do‘zax “egalari”
sanalgan. Qur’onda shunday deyiladi: “Kofir bo‘lgan va bizning oyatlarimizni yolg‘on
degan kimsalar – do‘zax egalari bo‘lib, o‘sha joyda mangu qoluvchilardir”.
Jahiym – do‘zax. Shoir o‘zini gunohkorlardan sanab, gunohkorlarning borar joyi
do‘zaxligini “bilib”, ana shu borar joyi – jahiymdan saqlashni Ollohdan so‘ragan.
Munojotning 6-baytida:
“Hama ish bizga mushkuldur saning oldingda osondur,
Ki sansan barchaning parvardigori halli mushkulho”. (Huvaydo, 1990:1).
Shoir bu baytda ham Yaratgandan panoh so‘rab iltijo qilgan. Qur’onning “Va-nnajm” surasi quyidagi oyatlarga ishora qilgan. 25-oyat: “Zero, oxirat ham, dunyo ham
yolg‘iz Ollohnikidir.” 31-oyat: “Osmonlardagi va yerdagi bor narsalar yolg‘iz
Ollohnikidir. U zotning O‘zi yomonlik-gunoh qilib o‘tgan kimsalarni qilgan amallari
bilan jazolagay va chiroyli amal qilgan zotlarni jannat bilan mukofotlagay.” 32-oyat:
“Albatta, Parvardigoringiz mag‘firati keng zotdir” (Qur’oni Karim, 1992: 385).
Munojotning 7-baytida:
“Umidim ko‘pdur la taqnatuv min rahmatillah din,
Agar chandeki noshoyista ishni aylasam barpo”. (Huvaydo, 1990:1).
“la taqnatuv min rahmatillah – Ollohning marhamatidan umid uzmangiz”.
Ushbu so‘zlar Qur’oniy kalom sanaladi. Qur’oni Karimning 53-oyatida shunday
deyilgan: “(Ey Muhammad) Mening o‘z jonlariga jabr qilgan bandalarimga ayting:
Allohning Rahmat-marhamatidan noumid bo‘lmangiz! Albatta, Alloh uning barcha
gunohlarini mag‘firat qilur. Albatta, uning O‘zigina mag‘firatli, mehribondir”.
(Qur’oni Karim, 1992: 329). Huvaydo baytga aynan shu ma’noni singdirgan. Ikkinchi
misradagi “chandeki”, “noshoyista” kabi forsiy so‘zlar misralar ohangdoshligini
ta’minlagan. Sakkizinchi baytda Rosulullohning buyukligi e’tirof qilingan:
“O‘shal ro‘zi qiyomatni Iloho, aylag‘il oson,
Bahaqqi sayyidil kavnayn subhanal lazi asro”

Birinchi misrada Ollohning muslimlarga “Olloh taqvo qilgan zotlarni (jannatga)
erishganlari sababli (jahannam azobidan) qutqarur – ularga biror yomonlik ham yetmas
va ular g‘amgin ham bo‘lmaslar” degan va’dasiga ishora qilingan bo‘lsa, ikkinchi
misrada to‘laligicha arabiy jumla qo‘llangani baytning shir-u shakar usulida
ekanligidan darak bermoqda. Ikkinchi misraning ma’nosi: “Ikki dunyo sayyidi
Muhammad alayhissalom hurmatidan” bo‘lib, bunda Ollohning Muhammad
alayhissalom hurmatidan insoniyatning gunohlaridan o‘tishi uchun mahsharda
Payg‘ambar (s.a.v)ning shafoat qilishiga ishoradir.

To‘qqizinchi baytda Muhammad (s.a.v)ning payg‘ambarlik darajasi bilan
insonlarga qiladigan mehribonligi va shu bilan birga qahriga ishora qilinadi:

“Nechuk baxt-saodatdur Muhammad ummatim desa,
Seningdek ummatim yo‘q, desalar faryod-u vovaylo”. (Huvaydo, 1990: 1)
“Yunus” surasining 49-oyatida esa bu fikr davom ettirilgan: “Ayting (Ey
Muhammad), “men agar Olloh xohlamasa, (o‘zgalar u yoqda tursin), o‘zimga ham
biron ziyon yoki foyda yetkazishga qodir emasman. (Binobarin, kelajak, g‘ayb
ilmlaridan ham xabardor emasman, lekin) har bir millat avlod uchun bir ajal bordur.”
Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) ham atigi 63 yil umr ko‘rdi. Insonlar, dev-u
parilar, parranda-yu darrandalar ustidan hukmronlik qilgan Sulaymon Payg‘ambar ham
Ollohning hukmiga itoat qilib, uning huzuriga qaytgan. Shu kabi lavhalarni qalamga
olgan Huvaydo kishi bu dunyodagi hayoti davomida ezgu ishlar qilib, narigi dunyodagi
hayoti uchun savob to‘plashi lozimligini eslatgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Huvaydo hamd g‘azallarining quyidagi xususiyatlari mavjudligini aniqladik:
1. Ilohiy mavzu. Hamd g‘azali bevosita Ollohni madh qilish, uning buyukligini,
rahmatini, qudratini tasvirlashga bag‘ishlangan bo‘lib, Ollohning go‘zal sifatlarini
alohida ta’kidlaydi;
2. Tasavvufiy yo‘nalish. Huvaydo tasavvufga oid g‘oyalarni hamd g‘azallariga
singdirib, ilohiy ishq, ruhiy poklanish, haqqa yaqinlik kabi tushunchalarni ilgari suradi;
3. Balog‘at va obrazlilik. Adib o‘z asarlarida ramziy va badiiy ifoda vositalaridan
mahorat bilan foydalanadi. U Ollohning qudratini turli badiiy tasvirlar orqali
ifodalaydi. Masalan, munojot g‘azalning 3-baytida quyosh nurlarining nur sochish
ifodasi orqali fikr yorqinroq tasvirlangan;
4. Qur’on va hadis ta’siri. Shoirning hamd g‘azallarida Qur’on oyatlari va hadislar
mazmuni o‘z aksini topgan. U ilohiy kalomdan ilhom olib, Ollohning ishlarini,
sifatlarini madh etishga e’tibor qaratgan;
5. Mumtoz adabiyot an’analari. G‘azalning shakl va uslub jihatidan an’anaviyligi
seziladi. Unda nido, tanosib, tazod, tashbeh, talmeh kabi she’riy san’atlardan
foydalangan.

Huvaydo g‘azallarining aksariyatida Olloh zikr qilinadi. Insonlarni qalb
pokligiga, Ollohni eslashga chaqiradi. Biz yuqorida keltirgan fikrlarning mazmunmohiyati adib lirikasi mohiyatini ochishga xizmat qiladi. Huvaydoning hamd g‘azallari
o‘z davrining diniy-ma’rifiy va tasavvufiy qarashlarini o‘zida mujassam etgani bilan
o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.

Hasan Basriy rahimahulloh: “Kimki Olloh taoloni eslasa, Olloh taolo ham uni
eslaydi. Kim unga shukr qilsa, u ham ne’matlarini ziyoda qiladi. Kimda-kim noshukrlik
qilsa, uni azoblaydi”, - dedilar (Abdusattor I., 2024: 10).

Abu Abdulloh Muhammad ibn Havayziy “Ahkomul Qur’on” nomli kitobida
quyidagi voqeani keltiradi: “Bir kishi: “Men shunday vaqtni bilamanki, u vaqt Olloh
bizni eslaydi”, - dedi (Abdusattor I., 2024: 10). Odamlar qayerdan o‘rganganini
so‘rashdi, u Olloh taoloning “Meni eslanglar, men ham sizlarni eslayman” oyatini
o‘qidi. Olloh taoloning bizni eslashini xohlasak, unda U zotni eslaylik, shunda
Robbimiz bizni ham eslaydi. Tafakkur qilib ko‘raylik, yuqoriroq lavozimdagi kishi
yoki sevib, hurmat qilib yurgan ustozimiz bizni eslasa, qanday baxt! Endi
Robbimizning eslashi... Banda uchun bundan ortiq baxt bormi?

Mu’oz ibn Jabal roziyallohu anhu aytadi: “Odamzodning shunday amali borki, u
sabab azobdan najot topadi. U Ollohning zikridir” (Abdusattor I., 2024: 10). Ollohni
zikr qilish Uning azobidan saqlaydi.

Xulosa qilib aytganda, adib lirikasida badiiy san’atlarning mohirona
qo‘llanganligini ko‘rish mumkin. Yuqorida tahlilga tortilgan g‘azalning Ollohga
hamdligi tufayli unda iqtibos va talmeh san’atlaridan foydalanilgan. Mazkur san’atlar
o‘tmish adabiyotimizda barcha ijodkorlar tomonidan qo‘llangan. Shoir har bir muslim
bilishi va amal qilishi lozim bo‘lgan islomiy vazifalarni badiiy san’atlar yordamida
o‘ziga xos dars uslubida o‘z muridlariga yetkazish niyatida bo‘lgan. Qur’oni Karim
oyatlarining mazmun va mohiyatini ochib berish san’atiga e’tibor qilinsa, shoirdagi
vatan va millat oldidagi yuksak ma’naviy va ma’rifiy mas’uliyatni va shuning bilan
birga nozik badiiy-estetik ta’bni sezish mumkin.

Shoir she’riyatining tili sodda, xalq og‘zaki ijodiga xos ifodalar ko‘p qo‘llangan.
“Devon”dagi she’rlarning aksariyati mumtoz adabiyotda keng tarqalgan va “turkiy”
deb yuritilgan o‘zbek xalq qo‘shiqlari yaratilgan ramali musammani maqsur bahrida
yozilgani buning dalilidir. “Devon”da arabcha va forscha so‘zlar nisbatan kam,
so‘zlashuv uslubidagi oddiy so‘z va jumlalar, xalq maqollari va iboralar ishlatilgan.
Ifodadagi soddalik va bayondagi ixchamlik shoir asarlari tilini xalq jonli tiliga juda
yaqinlashtirgan. Huvaydoning tafakkuri va g‘oyaviy fikrlari payg‘ambarimiz
Muhammad (s.a.v.) Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyor, Mashrab, Navoiy, Bobur
g‘oyalari ta’sirida shakllandi.

So‘fi Olloyor va Mashrab bir davrda yashagan va har biri o‘z maslagi va
qarashlariga ega bo‘lgan. Mashrab faoliyatida shariat qonun-qoidalariga rioya

qilishdan ko‘ra Ollohni sevish va Uning o‘gitlariga qalb bilan beriyo itoat etish ustuvor
bo‘lsa, So‘fi Olloyor faoliyatida shariat qonun-qoidalariga qat’iy itoat etish, Ollohdan
qo‘rqish va islom farzlariga beriyo amal qilish g‘oyasi bo‘rtib ko‘rinadi. Har ikkalasi
birdek jamiyat tarbiyasi bilan shug‘ullangan bo‘lsalar-da, ikki qutbga mansub turli
maslak targ‘ibotchilari edilar. Ular bir-birlarini chuqur hurmat qilsalar-da, maslak
jihatidan kelisha olmaganlar. Huvaydo ular qoldirgan ijodiy namunalardan bahramand
bo‘ldi, ularning ilgari surgan ta’limot va g‘oyalaridan ilhom oldi, uni rivojlantirishga
hissa qo‘shdi. Dilorom Salohiy ta’kidicha, sharq ma’naviy tafakkuri buloqlari,
adabiyoti an’analarini XV asrda Navoiy, XVI asrda Bobur, XVII-XVIII asrlarda esa
Boborahim Mashrab davom ettirdi. Uning tadrijiy-tarixiy davomiyligini Huvaydo
“Rohati dil”, Ibrohim Adham” kabi tasavvufiy asarlari bilan davom ettirdi.

Huvaydo she’rlariga nazar solib, ular tasavvufona, Ollohga hamd,
payg‘ambarlarga na’t va insoniyat uchun foydali bo‘lgan didaktik g‘oyalarni ijodiy
merosida davom ettirganligiga guvoh bo‘ldik. Uning tariqat yo‘lini tutishdan maqsadi,
jannat umidi emas, balki izchil so‘fiylardek Olloh diydoriga vosil bo‘lish edi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Аъзамов А. (1997) Муножотнома. Алишер Навоийнинг “Муножот”
асарига шарҳлар. – Наманган.
2. Bakhtiyorovna Z. (2023). History of the Huvaydo’s works study // EPRA
International Journal of Multidisciplinary Research (IJMR), № 9. – P. 4-7.
3. Huvaydo. Devon / Nashrga tayyorlovchi: Q. Ro‘zimatzoda. – Toshkent: Yangi
asr avlodi, 2017.
4. Huvaydo. Huvaydo Chimyoniy (toshbosma nusxa). – Buxoro.
5. Навоий, Алишер. (1993) Мукаммал асарлар тўплами. 20 томлик, 11-том.
Садди Искандарий. – Тошкент: Фан.
6. Суйима Ғани қизи. (1991) Абадиятга назар. Алишер Навоий. Муножот. –
Тошкент.
7. Todjixodjayev M. (2016) O‘zbek adabiyoti namunalari Martin Hartman
tarjimasi va talqinida. – Toshkent: Bayoz.
8. Zaripova D. (2023) Khojanazar Huvaido is a major representative of Uzbek
classical literature // Science and innovation, № 2. – P. 124-126.
9. Қуръони Карим. Алоуддин Мансур таржимаси. − Тошкент: Чўлпон, 1992.
10. Ғаффорова З. (2001) Навоийнинг ҳамд ва наът ғазаллари. – Тошкент:
“Маънавият”.

REFERENCES:
1. A’zamov A. (1997) Munojotnoma. Alisher Navoiyning “Munojot” asariga
sharhlar. – Namangan. (In Uzbek)

2. Bakhtiyorovna Z. (2023). History of the Huvaydo’s works study // EPRA
International Journal of Multidisciplinary Research (IJMR), № 9. – P. 4-7.

3. Huvaydo. Devon / Nashrga tayyorlovchi: Q. Ro‘zimatzoda. – Toshkent: Yangi
asr avlodi, 2017. (In Uzbek)

4. Huvaydo. Huvaydo Chimyoniy (toshbosma nusxa). – Buxoro. (In Uzbek)
5. Navoiy, Alisher. (1993) Mukammal asarlar toʻplami. 20 tomlik, 11-tom. Saddi
Iskandariy. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
6. Suyima Gʻani qizi. (1991) Abadiyatga nazar. Alisher Navoiy. Munojot. –
Toshkent. (In Uzbek)
7. Todjixodjayev M. (2016) O‘zbek adabiyoti namunalari Martin Hartman
tarjimasi va talqinida. – Toshkent: Bayoz. (In Uzbek)
8. Zaripova D. (2023) Khojanazar Huvaido is a major representative of Uzbek
classical literature // Science and innovation, № 2. – P. 124-126.
9. Qur’oni Karim. Alouddin Mansur tarjimasi. − Toshkent: Choʻlpon, 1992. (In
Uzbek)
10. Gʻafforova Z. (2001) Navoiyning hamd va na’t gʻazallari. – Toshkent:
“Ma’naviyat”. (In Uzbek)