ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Abu Hanifa hayoti va uning ilmiy faoliyatiga doir ayrim mulohazalar

Mamataxunov Nozimjon Azizovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ABU HANIFA HAYOTI VA UNING ILMIY FAOLIYATIGA DOIR AYRIM
MULOHAZALAR

SOME REFLECTIONS ON THE LIFE AND SCHOLARLY ACTIVITY OF
ABU HANIFA

НEКOТOPЫE PAЗМЫШЛEНИЯ O ЖИЗНИ И НAУЧНOЙ
ДEЯТEЛЬНOCТИ AБУ XAНИФЫ

Mamataxunov Nozimjon Azizovich
Oriental universiteti rektori

Tarix kafedrasi dotsenti, t.f.f.d. (PhD)
Tel.: +998 95 508-24-42

E-mail: nozim@orientaluniversity.uz

Annotatsiya: Ushbu maqolada hanafiylik mazhabining asoschisi – Imom Abu
Hanifaning hayot yo‘li va ilmiy faoliyatiga doir ayrim muhim masalalar tahlil qilinadi.
Xususan, olimning bolalik yillari, ilm yo‘liga kirib kelishi hamda ustozlaridan ta’lim
olishi jarayoni haqida mavjud tarixiy manbalar asosida ma’lumot beriladi. Shuningdek,
olimning shogirdlari, ilmiy maktabining tarmoqlari, yo‘nalishlari, islom diyorining
turli hududlariga olimning ilmi qay tartibda kirib borganligi ochib beriladi. Jumladan,
tadqiqot natijalari sifatida Mоvаrоunnаhrdа hаnаfiу аqidаviу tа’limоtining yoyilishida
Abu Hanifa asarlari o‘rni, uning shogirdlari xizmati ahamiyati haqida fikr yuritiladi.
Shu bilan birga, Abu Hanifaga nisbat berilgan asarlar, bu asarlarga yozilgan sharhlar,
hamda ularning keyingi davrlardagi ahamiyati xususida ma’lumotlar havola qilinadi.

Kalit so‘zlar: islom, ilm, ilmiy maktab, qozi, mazhab, fiqh, musulmon,
Movarounnahr, olim.

Annotation: In this article several key aspects of the life and scholarly activities
of Imam Abu Hanifa, the founder of the Hanafi school of Islamic jurisprudence are
analysed. Based on available historical sources, it provides insights into the scholar’s
early years, his pursuit of knowledge, and the process of receiving education from his
teachers. Furthermore, the article elucidates the contributions of Abu Hanifa’s
disciples, the branches and directions of his scholarly school, and the dissemination of
his teachings across various regions of the Islamic world. The study highlights the
significance of Abu Hanifa’s works and the role of his disciples in the spread of Hanafi
doctrine in Mawaraunnahr. Additionally, it references the works attributed to Abu
Hanifa, the commentaries written on them, and their enduring importance in
subsequent periods.

Keywords: Islam, knowledge, scholarly school, judge, madhhab, fiqh, Muslim,
Mawaraunnahr, scholar.

Аннотация: В данной статье анализируются ключевые аспекты жизни и
научной деятельности Имама Абу Ханифы, основателя ханафитского мазхаба.

На основе доступных исторических источников представлена информация о
детских годах учёного, его пути к знаниям и процессе обучения у своих
учителей. Кроме того, раскрываются роль учеников Абу Ханифы, направления и
ветви его научной школы, а также процесс распространения его учения в
различных регионах исламского мира. В результате исследования
подчеркивается значение трудов Абу Ханифы и вклад его учеников в
распространение ханафитского учения в Мавераннахре. Также упоминаются
произведения, приписываемые Абу Ханифе, комментарии к ним и их значение в
последующие эпохи.

Ключевые слова: ислам, знание, научная школа, кади, мазхаб, фикх,
мусульманин, Мавераннахр, учёный.

KIRISH
Movarounnahrda islom dinining qaror topishi va rivojlanishida, ayniqsa, uning
dastlab Movarounnahrga kirib kelishida mahalliy aholi bilan amaldorlar o‘rtasida
vujudga kelgan turli tushunmovchiliklarning barham topishida Abu Hanifa No‘mon
ibn Sobitning ta’limoti katta ahamiyat kasb etgan. Shu nuqtai nazardan, mazkur
tadqiqotda dastlab hanafiy ta’limotining Movarounnahr o‘lkasida, aniqrogʻi,
Samarqandda paydo bo‘lishi tarixi, bu yerda faoliyat olib borgan hanafiy qozilarning
ilmiy merosi haqida batafsil ma’lumot berish maqsadga muvofiq. Zero,
Movarounnahrda hanafiy aqidaviy ta’limotining shakllanish tarixi bo‘yicha yurtimizda
hozirgacha kompleks tadqiqot amalga oshirilmagani ushbu maqola orqali tarixning
aynan shu nuqtasini yoritishga turtki berdi.
Abu Hanifaning to‘liq ismi No‘mon ibn Sobit Kufiy bo‘lib, “Imom A’zam”
kunyasi bilan mashhur bo‘lgan. Ba’zi manbalarda u No‘mon ibn Sobit ibn Zutiy deb
ham atalgan. Bunga sabab, uning bobosining ismi Zutiy bo‘lib, Qobul shahrida tavallud
topgan. Otasining ismi Sobit bo‘lib, uning Anbar yoki Niso shahrida yashagani haqida
ixtiloflar mavjud (Abdurahman Humays M., 2007: 63).

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu mavzu hamma davrlarda dolzarb va muhim hisoblangan. Tarixchi,
islomshunos hamda faylasuflar doimiy ravishda Abu Hanifa hayoti va ilmiy faoliyati
yuzasidan o‘zlarining ilmiy izlanishlarini olib bormoqdalar. Ushbu olimlar jamoasini
uch guruhga bo‘lib o‘rganish maqsadga muvofiq: birinchi guruhga sharq musulmon
mamlakatlari olimlaridan Abu Sa’d Samʼoniy, Ibn Qutlubugʻo, Abdulhay Laknaviy,
Qurayshiy, Hoji Xalifa va Xayruddin Zirikliyni misol qilish mumkin; ikkinchi guruhga
g‘arb olimlarining ilmiy tadqiqot natijalari misol bo‘lsa, uchinchi guruhda
o‘zbekistonlik olimlarni sanab o‘tish darkor. Xususan, U..Uvatov, A..Mansurov, Shayx
Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf, A..Mo‘minov, S..Oqilov, J..Sodiqov,
M..Atayevlar ushbu mavzuda atroflicha tadqiqot olib borganlar.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Abu Hanifa hayoti va uning ilmiy faoliyati mavzusini tadqiq etishda xolislik,
analiz, sintez, qiyosiy tahlil, umumlashtirish, tarixiy tahlil, xronologik uzviylik
uslublaridan foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Abu Hanifa 699-yilda Kufada Abdumalik ibn Marvon xalifaligi davrida dunyoga
kelgan. Arab diyorida tugʻilib voyaga yetgan Abu Hanifaning asli kelib chiqishi fors
ekanligi haqida quyidagicha dalil keltiriladi: “Uning kunyasi No‘mon ibn Sobit ibn
Mirzabondir. “Mirzabon” so‘zi “ozod fors o‘gʻillarining raisi” degan ma’noni
bildiradi”. Shuningdek, ulamolar Imom A’zamning forsligiga Imom Buxoriy va Imom
Muslim tomonidan Abu Hurayradan rivoyat qilingan quyidagi hadisni dalil qilganlar:
“Agar ilm surayyo yulduzida osilib turgan bo‘lsa ham, forslar uni olgan bo‘lardilar”
(Sharbosiy A., 1985: 17).
Abu Hanifa Qurʼonga bo‘lgan muhabbati tufayli uni yetti yoshida to‘liq yod oladi.
Otasi Sobitning tavsiyasi bilan kichikligidanoq tijorat bilan shugʻullanadi.
Abu Hanifaning ilm olishiga e’tiborini jalb qilgan olim katta tobeinlardan Imom
Sha’biy edi. Abu Hanifa 16 yoshida otasi bilan birga Makkaga boradi. Makka va
Madinada ko‘p ulamolarning darslarida qatnashadi. Unga sahobiylardan ikki erkak va
to‘rt ayolni, tobeinlardan to‘qson uch kishini ko‘rish nasib etgan. Biroz muddat tijorat
bilan shugʻullanganidan keyin bor kuchini ilmga qaratadi va buni tundan tonggacha
ilm bilan mashgʻul bo‘lganida ko‘rishimiz mumkin. Yana rivoyatlarga ko‘ra, u
kechalari ibodat va ilm olish bilan shugʻullanib, hatto, qirq yil mobaynida xufton
namozi tahorati bilan bomdod namozini o‘qigan.
Abu Hanifa 22 yoshida fiqh ilmini chuqur o‘rganish maqsadida o‘ziga ustoz
qidirib, Hammod ibn Sulaymonni uchratadi va undan 18 yil tahsil oladi (Oқилoв C.,
2020: 9). Abu Hanifaning aql-zakovatini ko‘rib qoyil qolgan ustozi Hammod kelajakda
uni “Islomning quyoshi” bo‘lishini bashorat qiladi. Hammod juda ko‘p muammoli
fiqhiy masalalarni so‘rab murojaat qiluvchi Abu Hanifaga ularni yechishda yordam
berardi. Nihoyat, bir kuni Hammod: “Yetar endi, bolam, charchadim, meni biroz xoli
qoldiring”, deydi (Oқилoв C., 2020: 10). O‘z navbatida Abu Hanifa ustozini juda
yaxshi ko‘rardi va eng xush damlari ustozini yodga olish bilan bogʻliq bo‘lardi. Buni,
hatto, o‘gʻliga Hammod deb ism qo‘yganidan ham bilish mumkin.
Lekin Abu Hanifa umri davomida ko‘plab qiyinchiliklarga ham duch kelgan.
Kufa voliysi Ibn Hubayra bir kuni umaviylar haq ekanini Abu Hanifaga tasdiq
ettirmoqchi bo‘ladi. Lekin u hazrat Ali haqligini bayon etgach, uni o‘n kun hibsda
saqlab kaltaklatadi. 748-yili hibsdan qutulgan Abu Hanifa Makkaga ketib, u yerda olti
yil yashaydi. Abbosiylar davriga kelib Kufadagi vaziyat ancha tinchiganidan so‘ng, u
Kufaga qaytib keladi. Keyinchalik Bagʻdod xalifasi Abu Ja’far Mansur poytaxt
qurilishida uni sharʼiy maslahatchi qilib oladi va o‘sha yerda u biroz muddat
mudarrislik ham qiladi. Xalifa Mansur Abu Hanifaga qozilik lavozimini taklif
qilganida, bu taklifni u qabul qilmaydi. Shu sababli xalifa bilan oralari buziladi. Xalifa

uni zindonga tashlatadi. Imom A’zam 769-yilning sha’bon oyida yetmish yoshida
hibsxonada urilgan qamchilar zarbidan sajdaga bosh qo‘ygan holatda vafot etadi
(Abdurahman Humays M., 2007: 70). Uning janozasida ellik mingdan ortiq kishi
qatnashadi. Imom A’zam Bagʻdod shahridagi Hayzuron qabristoniga dafn etiladi. Abu
Hanifaning jasadini yuvgan gʻassol Hasan ibn Amora yuvishni tamomlab, kafanlab
qo‘yilgan jasadga qarab: “Alloh sizni rahmat qilsin va magʻfirat etsin. O‘ttiz yildan
beri ro‘zasiz yurmadingiz. Qirq yil tunlari yonboshingiz yostiq ko‘rmadi”, - degan ekan
(Abdurahman Humays M., 2007: 71).

Ibn Nadim “Fihrist” asarida Abu Hanifaning aqida ilmiga oid quyidagi to‘rtta
kitobi haqida ma’lumot bergan: “Al-fiqhu-l-akbar”, “Al-alim va-l-mutaallim”, “Risola
ala Usmon ibn Muslim Battiy”, “Kitabu-r-radd ala-l-qadariya”. Bundan tashqari, Abu
Hanifaning o‘z shogirdlariga nasihat sifatida yozgan “Vasiyat Abi Hanifa” nomli
risolasi ham bizgacha yetib kelgan. Abu Hanifaning aqoid ilmiga oid asarlari orasida
“Al-fiqhu-l-akbar” nomli risolasi ommaga keng tarqalgan va unga ko‘plab sharhlar
yozilgan. Quyidagi sharhlarni bunga misol qilib keltirish mumkin:

1. Abu Mansur Moturidiyga yanglish nisbat berilgan “Sharh fiqh akbar mansub
li-l-imam Abi Hanifa” nomli sharh;

2. Hakim Is’hoq ibn Muhammad ibn Ismoilning (vaf. 954-y.) “Hikmat nabaviya”
nomli sharhi. Keyinchalik Hakim Is’hoq ibn Muhammad bu sharhni yana muxtasar
shaklga keltirgan;

3. Shayx Abdulqodir Jiyloniyning (vaf. 1166-y.) “Durr azhar fi sharh fiqh akbar”
nomli sharhi;

4. Mavlo Ilyos ibn Ibrohimning (vaf. 1486-y.) “Sharhi fiqhu-l-akbar” nomli
sharhi;

5. Abul Vafo Ahmadiy Muhammad ibn Ali ibn Xalafning (vaf. 1513-y.) “Iqd
javhar nazm nasr fiqh akbar” nomli manzumasi;

6. Muhyiddin Muhammad ibn Bahouddinning (vaf. 1549-y.) “Qoval fasl” nomli
sharhi;

7. Mavlo Ahmad ibn Muhammad Abul Muntahoning (vaf. 1592-y.) “Sharhi
fiqhu-l-akbar” nomli sharhi;

8. Ali ibn Sulton Muhammad Harviy Qoriy (vaf. 1606-y.) qalamiga mansub
“Sharhi fiqhu-l-akbar” nomli asari;

9. Ibrohim ibn Hisomning (xalq orasida Sharifiy nomi bilan tanilgan, vaf. 1608-
y.) nazmiy uslubda yozilgan sharhi;

10. Amaluddin Yusuf ibn Ibrohimning “Irshod fi sharh fiqhu-l-akbar” nomli
sharhi (Oқилoв C., 2020: 12).

Shuningdek, Abu Hanifaning fiqh ilmiga oid “Kitabu-s-solat”, “Kitobu-lmanosix”, “Kitabu-sh-shuru’”, “Kitabu-l-faroiz” va hadis ilmiga oid “Musnad” nomli
asarlari ham mavjud bo‘lgan.

Abu Hanifa umri davomida to‘rt mingga yaqin ustozdan ta’lim olib, o‘zidan keyin
ko‘plab shogirdlar qoldirgan. Uning shogirdlari orasida qirq nafari mujtahid darajasiga

yetgan. Jumladan, Abu Yusuf, Ya’qub, Muhammad ibn Hasan Shayboniy, Zufar ibn
Huzayl, Hasan ibn Ziyod Luʼluiy, o‘gʻli Hammod ibn Nuʼmon, nabirasi Ismoil ibn
Hammod, Abdulloh ibn Muborak, Hafs ibn Muborak, Asad ibn Umar Bajliy, Dovud
Toiy kabi faqih ulamolar Abu Hanifaning ta’limi va ilmiy merosidan bahramand
bo‘lganlar.

Tarixiy manbalarda ta’kidlanishicha, Abu Hanifaning ilmiy merosi va aqidaviy
qarashlari Movarounnahrga Xuroson orqali kirib kelgan. Buning ham, albatta,
mantiqiy sabablari bor. Nafaqat Abu Hanifa ta’limoti, balki Islom dinining asoslari
ham Movarounnahrga eng yaqin qo‘shni davlat bo‘lgan Xuroson orqali kirib kelgan
(Oқилoв C., 2020: 14). VII-IX asrlarda Xurosonning Balx va Ray shaharlari eng katta
ilm maskani sifatida shuhrat qozongan va aynan ushbu shaharlarda Abu Hanifaning
izdoshlari, hanafiylar faoliyat olib borganlar. Shu boisdan Xurosonning mazkur
shaharlarida faoliyat ko‘rsatgan dastlabki hanafiy qozilar haqida ma’lumot berib o‘tish
o‘rinlidir. Chunki aynan ularning sa’y-harakatlari natijasida Movarounnahrga hanafiy
ta’limoti kirib kelgan va keng tarqalgan. Natijada Movarounnahrda ham ko‘plab
hanafiy olimlar yetishib chiqqan (Oқилoв C., 2020: 15).

Movarounnahrga hanafiy aqidaviy ta’limotining kirib kelishida Balx va Ray
shaharlari muhim ahamiyat kasb etdi. Tadqiqotchi S..Oqilov o‘zining monografiyasida
ushbu ikki o‘lkadagi hanafiy olimlar haqida muhim ma’lumotlarni bergan. Hozirgi
Afgʻonistonning shimoliy qismida joylashgan qadimiy Balx shahri aslida tijorat
maqsadida barpo etilgan (Hamaviy Sh., 1906: 410). O‘sha davrda ilm markazi
hisoblangan Bagʻdodga o‘zga yurtlardan, jumladan, Balxdan ilm istagida kelganlar
Abu Hanifa bilan bir qatorda boshqa olimlardan ham ilm olardilar va yurtlariga qaytib
o‘z bilimlarini tarqatardilar.

Manbalarda Abu Hanifaning fikrlarini shaxsan o‘zidan yoki shogirdlaridan
o‘rgangan balxlik bir necha olimlar haqida bahs yuritiladi (Abdullatif M., 1977: 166).
Ularning ayrimlari quyidagilar:

Abu Is’hoq Ibrohim ibn Sulaymon ibn Zayyod (hijriy II asrning ikkinchi yarmi).
(Kutlu S., 2000: 212), Abu Umar ibn Muhammad ibn Maymun ibn Bahr ibn Sa’d ibn
Rammoh (vaf. 787-y.) (Ibn Dovud Balxiy, 1932: 126-127), Abu Muhammad Salim ibn
Salim Balxiy (vaf. 809-y.) (Kutlu S., 2000: 214), Abu Mutiʼ Hakam ibn Abdulloh
Balxiy (vaf. 199/814) (Oқилoв C., 2020: 16), Abu Muoz Homid ibn Sulaymon Balxiy
(vaf. 814-y.) (Ibn Dovud Balxiy, 1932: 218).

Abu Hanifaning o‘zi qozilik mansabini rad etganiga qaramay, uning ko‘plab
izdoshlari qozi, muftiy, mudarris kabi lavozimlarga rozilik bildirganlar. Mazkur
o‘lkada hanafiy ulamolaridan yigirma sakkiz kishining qozi, olti kishining muftiy va
ikki nafarining mudarris lavozimida faoliyat olib borgani bunga misol bo‘ladi
(Muhammad Kardariy H., 1981: 396).

Movarounnahrda aqida va kalom ilmining rivojlanishida Abu Hanifaning
“Vasiyat Abi Hanifa” asarining ham o‘rni katta bo‘lgan. Abu Hanifaning aqidaviy
qarashlari o‘zidan keyin kelgan mutakallimlarga kuchli ta’sir ko‘rsatganligi, ayniqsa,

musulmon olamida ahli sunnaning ikki aqidaviy yo‘nalishlaridan biri va yurtimiz
musulmonlari ergashadigan moturidiya ta’limotining asosi ekanligi hanafiy aqidasiga
oid asarlarni o‘rganishga bo‘lgan ishtiyoqni yanada oshirib yubordi. Bu borada, hatto,
ayrim olimlar ashʼariya ta’limoti ham Abu Hanifaning aqidaviy qarashlari ta’siri ostida
bo‘lganligini aytganlar (Oқилoв C., 2020: 54).

Qo‘shni Xuroson o‘lkasining Balx hamda Ray shaharlari orqali hanafiy ta’limoti
Movarounnahrga kirib keladi. Abu Hanifa shogirdlarining sa’y-harakatlari tufayli bu
yerdagi shaharlar, ayniqsa, Samarqand va Buxoro hanafiy ta’limoti markazlariga
aylangan.

Samarqandda hanafiy aqidasining keng tarqalishiga o‘sha davrdagi ayrim siyosiy
vaziyatlar ham sababchi bo‘lgan. Xususan, Samarqand shahri 712-yilda Qutayba ibn
Muslim tomonidan fath etilgandan keyin mahalliy aholi katta miqdorda xiroj va boj
to‘lashga majbur edi (Umar Nasafiy, 1999). Ammo bu xabar Xalifa Umar ibn
Abdulazizga yetib borgach, u islomga yangi kirgan samarqandliklardan nohaq olingan
jizya va xiroj soligʻini bekor qilib, o‘zlariga qaytarishga amr bergan. Ammo shundan
keyin ham soliqlar undirish davom etib, mahalliy aholi hukmdorlar tomonidan xo‘rlana
boshlanadi (Aydinli O., 2001: 244-245). Bu nohaqliklarga Abu Hanifa va uning
tarafdorlari qarshi chiqadilar. Natijada Horis ibn Surayj qo‘zgʻoloni ko‘tariladi
(Aydinli O., 2001: 221). Shu tariqa Abu Hanifa va shogirdlarining xalq tomonida
turishi mintaqada uning ta’limoti keng yoyilishiga sabab bo‘ladi (Oқилoв C., 2020:
26). Samarqand shahrida Abu Hanifaning bir qancha shogirdlari yetishib chiqdi.
Ularning bir qismi Samarqandda qozi lavozimida faoliyat olib bordi. Xizmatdan bo‘sh
vaqtlarida ilmiy faoliyat bilan shugʻullanishdi. Ba’zi shogirdlari esa umuman
mansablardan yiroq bo‘lib, asosan ilmiy faoliyatga kirishib ketdilar. Kardariy fikricha,
Abu Hanifadan ilm olgan va uning fikrlarini Movarounnahrda tarqatgan olimlar
quyidagilardir:

Abu Muqotil Hafs ibn Salim (Suhayl) Fazzoriy Samarqandiy, Nasr ibn Abu
Abdulmalik Atoqiy, Shariq ibn Abu Muqotil, Ma’ruf ibn Hasan, Yunus ibn Sabih,
Isʼhoq ibn Ibrohim Hanzaliy (Muhammad Kardariy H., 1981: 514), Shubhasiz, bu
olimlar orasida Abu Muqotil Samarqandiyning o‘rni alohida bo‘lgan.

Abu Hanifaning shogirdlari boshlab bergan ta’lim jarayonlari va qozilik vazifalari
Samarqandda uzoq yillar davom etdi. 767–912-yillar orasidagi bir yarim asrlik davrda
bu yerda muhim jarayonlar sodir bo‘ldi va natijada o‘lkada “Samarqand maktabi” nomi
bilan fiqhiy va aqidaviy maktablar vujudga keldi. Ayniqsa, abbosiylarning davlat
siyosati sifatida quvvatlangan hanafiylik ta’limoti olimlariga turli shaharlardagi kabi
Samarqandda ham qozilik lavozimlari berildi. Bu jarayonlar Samarqandda
hanafiylikning keng yoyilishiga omil bo‘ldi (Madelung W., 1982: 32-39).

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa sifatida ta’kidlash mumkinki, Abu Hanifaning umr yo‘li ilm olish va uni
tarqatishdan iborat bo‘ldi. U kishi butun hayoti davomida islom dini uchun xizmat
qilib, o‘zidan katta ilmiy maktab qoldirdi.
Shakllangan ilmiy maktab orqali ko‘plab yosh olimlar yetishib chiqdi va ular
musulmon diyorining turli hududlariga kirib bordi.
Balx, Ray va Samarqand kabi shaharlar zamirida Xuroson va Movarounnahr
o‘lkalariga hanafiy qozilarining tayinlanishi va o‘lkada hanafiy ta’limoti asosiy o‘rinni
egallagani bu mintaqada moturidiya ta’limotining shakllanishiga zamin yaratdi. Olib
borilgan kichik ilmiy tadqiqot ishi shuni ko‘rsatadiki, bugungi kunda tariximizdagi
ulug‘ olimlar hayoti bo‘yicha chuqur ilmiy tadqiqot olib borish zarur.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Abu Hafs Umar an-Nasafiy. (1999). Al-Qand fi zikri ulama as-Samarqand –
Tehron: Ayina-i Miras.
2. Ahmad Sharbosiy. Al-Aimmat al-arbaa. – Bayrut: Dar al-Jayl (Arab tilida)
3. Aydinli Osman. (2001). Fethinden samanilerin yikilişina kadar Semerkant
tarihi. MÜSBE, Doktora tezi. – Istanbul.
4. Hafiziddin Muhammad Kardariy. (1981). Manaqib Abu Hanifa. – Bayrut.
(Arab tilida)
5. Ibn Dovud Balxiy. (1932). Fazail al-Balh. – Tehron. (Fors tilida)
6. Kutlu Sönmes. (2000). Turklerin Islamlaşma Suresinde Murçiye ve tesirleri.
– Ankara.
7. Madelung W. (1982). The Early Murjiʼa in Khurāsān and Transoxania and the
Spread of Hanafism // Der Islam, № 59. – P. 32-39.
8. Muhammad ibn Abdurahman Humays. (2007). Usul ad-din indal Imam Abi
Hanifa. – Ar-Riyod: Dar as-Samiy. (Arab tilida)
9. Muhammad Muhrus Abdullatif. (1977). Mashayikh Balh minal Hanafiya va
ma infaradu bihi minal masail al-fiqhiya (J. 1-2). – Bag‘dod: Dar al-Arabiya lit-Tibaa.
(Arab tilida)
10. Оқилов С. (2020). Абу Мансур ал-Мотуридий илмий мероси ва
мотуридия таълимоти. Монография. – Тошкент: “Hilоl-Nаshr”.
11. С. Оқилов, А. Ғиёсов (2019) Имом Аъзам Абу Ҳанифанинг “Васият Аби
Ҳанифа” асари. – Тошкент: “Hilоl-Nаshr”.
12. Shihabuddin Hamaviy. (1906). Mu’jam al-buldan (J. 1-8). – Qohira. (Arab
tilida)

REFERENCES:
1. Abu Hafs Umar an-Nasafiy. (1999). Al-Qand fi zikri ulama as-Samarqand –
Tehran: Ayina-i Miras.
2. Ahmad Sharbosiy. Al-Aimmat al-arbaa. – Beirut: Dar al-Jayl (In Arabic)

3. Aydinli Osman. (2001). Fethinden samanilerin yikilişina kadar Semerkant
tarihi. MÜSBE, Doktora tezi. – Istanbul. (In Turkish)

4. Hafiziddin Muhammad Kardariy. (1981). Manaqib Abu Hanifa. – Beirut. (In
Arabic)

5. Ibn Dovud Balkhiy. (1932). Fazail al-Balh. – Tehran. (In Persian)
6. Kutlu Sönmes. (2000). Turklerin Islamlaşma Suresinde Murçiye ve tesirleri.
– Ankara. (In Turkish)
7. Madelung W. (1982). The Early Murjiʼa in Khurāsān and Transoxania and the
Spread of Hanafism // Der Islam, № 59. – P. 32-39.
8. Muhammad ibn Abdurahman Humays. (2007). Usul ad-din indal Imam Abi
Hanifa. – Ar-Riyadh: Dar as-Samiy. (In Arabic)
9. Muhammad Muhrus Abdullatif. (1977). Mashayikh Balh minal Hanafiya va
ma infaradu bihi minal masail al-fiqhiya (J. 1-2). – Baghdad: Dar al-Arabiya lit-Tibaa.
(In Arabic)
10. Oqilov S. (2020). Abu Mansur al-Moturidiy ilmiy merosi va moturidiya
ta’limoti. Monografiya. – Toshkent: “Hilol-Nashr”. (In Uzbek)
11. S. Oqilov, A. G‘iyosov (2019). Imom A’zam Abu Hanifaning “Vasiyat Abi
Hanifa” asari. – Toshkent: “Hilol-Nashr”. (In Uzbek)
12. Shihabuddin Hamaviy. (1906). Mu’jam al-buldan (J. 1-8). – Qohira. (In
Arabic)