ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Movarounnahrda Islom sivilizatsiyasining shakllanishi (VIII–XI asrlar)

Axmedov Muzaffar Boriyevich, Azimbayeva Nargiza Tuxtamuradovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MOVAROUNNAHRDA ISLOM SIVILIZATSIYASINING SHAKLLANISHI
(VIII–XI ASRLAR)

FORMATION OF ISLAMIC CIVILIZATION IN MAVARAUNNAHR

(8TH–11TH CENTURIES)

ФОРМИРОВАНИЕ ИСЛАМСКОЙ ЦИВИЛИЗАЦИИ В МАВЕРАННАХРЕ
(VIII–XI ВЕКА)

Axmedov Muzaffar Boriyevich
Oriental universiteti tarix kafedrasi dotsenti

Tarix fanlari nomzodi
Tel.: +998 97 114-34-34
E-mail: muzaffar_ahmad@mail.ru

Azimbayeva Nargiza Tuxtamuradovna
Oriental universiteti,

Sharq tillari kafedrasi katta o‘qituvchisi
Tel.: +998 90 353-22-01

E-mail: nazimbaeva@icloud.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada VIII–X asrlarda Movarounnahrda islom dinining
tarqalish jarayonlari va bu jarayondagi ijtimoiy-madaniy o‘zgarishlar tahlil etilgan.
Xususan, buyuk muhaddis va mufassir Imom al-Buxoriyning hayoti orqali mintaqa
aholisining islomga qay darajada va qanday shart-sharoitlarda yuz tutgani ko‘rsatib
berilgan. Maqolada Imom al-Buxoriyning ajdodlari yashagan davrdagi diniy xilmaxillik, islom dinining to‘liq singishi uchun kerak bo‘lgan vaqt va musulmon
da’vatchilarining roli ilmiy nuqtai nazardan yoritilgan. Movarounnahrning islom
madaniyati markaziga aylanishidagi tarixiy omillar ham atroflicha tahlil etilgan.
Shuningdek, VII asrning ikkinchi yarmidan boshlab arablarning Termiz va uning
atrofidagi hukmronligi, mahalliy aholining islomga kirishi va bu jarayonda yuzaga
kelgan murakkabliklar yoritilgan. Maqolada diniy xilma-xillik, da’vat ishlarining
xarakterlari va masjid qurilishi masalalariga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Kalit so‘zlar: Imom al-Buxoriy, Movarounnahr, islomning tarqalishi, VIII–X
asrlar, Abbosiylar, dinlararo xilma-xillik, muhaddislik, madaniyat, da’vat,
islomlashuv jarayoni.

Annotation: This article highlights the processes of the spread of Islam in
Mavarounnahr during the 8th–10th centuries and the associated socio-cultural
transformations. Specifically, through the life of the great muhaddith and commentator
Imam al-Bukhari, the article illustrates the extent and conditions under which the

region’s population embraced Islam. The study examines the religious diversity in the
era of Imam al-Bukhari’s ancestors, the time required for the full assimilation of Islam,
and the role of Muslim missionaries from a scholarly perspective. The historical factors
contributing to Mavarounnahr’s emergence as a center of Islamic culture are also
thoroughly analyzed. Additionally, the article addresses the Arab domination of
Termez and its surrounding areas starting from the second half of the 7th century, the
local population’s conversion to Islam, and the complexities that arose during this
process. Particular attention is given to issues of religious diversity, the nature of
propagation activities, and mosque construction.

Keywords: Imam al-Bukhari, Mavarounnahr, spread of Islam, 8th–10th
centuries, Abbasids, religious diversity, hadith scholarship, culture, propagation
activities, Islamization process.

Аннотация: В данной статье анализируются процессы распространения
ислама в Мавераннахре в VIII–X веках и связанные с ними социальнокультурные изменения. В частности, через призму жизни выдающегося
мухаддиса и комментатора Имама аль-Бухари показано, в какой степени и при
каких условиях население региона принимало ислам. В статье рассматривается
религиозное многообразие в эпоху предков Имама аль-Бухари, время,
необходимое для полной ассимиляции ислама, а также роль мусульманских
проповедников с научной точки зрения. Исторические факторы,
способствовавшие превращению Мавераннахра в центр исламской культуры,
также подвергнуты детальному анализу. Кроме того, освещается арабское
господство в Термезе и прилегающих территориях, начиная со второй половины
VII века, процесс принятия ислама местным населением и связанные с этим
сложности. Особое внимание уделено вопросам религиозного многообразия,
характера деятельности исламизации и строительства мечетей.

Ключевые слова: Имам аль-Бухари, Мавераннахр, распространение
ислама, VIII–X века, Аббасиды, религиозное многообразие, наука хадисов,
культура, призыв к исламу, процесс исламизации.

KIRISH
Movarounnahr tarixiy jihatdan islom sivilizatsiyasining muhim markazlaridan
biri hisoblanadi. VIII–X asrlarda bu hududda ro‘y bergan siyosiy, diniy va madaniy
jarayonlar nafaqat mahalliy, balki butun islom olami uchun katta ahamiyat kasb etdi.
Ayniqsa, islom dinining tarqalishi, unga mahalliy aholining munosabati va bu
jarayonda yuzaga kelgan murakkabliklar alohida tahlilni talab etadi. Shu nuqtai
nazardan, buyuk muhaddis va ulamolardan biri bo‘lgan Imom al-Buxoriyning hayoti
va faoliyati misolida ushbu davrning diniy muhitini o‘rganish mumkin. Maqolada

arablarning Termiz va atrofi kabi shaharlardagi hukmronligi, mahalliy aholi o‘rtasida
islom dinining qanday va qay tarzda tarqalgani tahlil qilinadi.

Buyuk olim, mashhur muhaddis Imom al-Buxoriy islom dini hamda madaniyati
Movarounnahrda keng ko‘lamda tarqalgan davrda tavallud topdi. Biroq uning
ajdodlari, otasi va bobosi islom qoidalari hali ushbu mintaqa aholisi uchun majburiy
bo‘lmagan davrda yashadilar. Chunki bu mintaqa VIII asrning ikkinchi yarmi
boshlariga kelibgina Abbosiy arab xalifaligi tarkibiga tugal kirgandi.

Movarounnahrning turli joylarida aholi hali har xil dinlarga – buddaviylik,
zardushtiylik, moniylik va nasroniylikka e’tiqod qilishda davom etardi. Islom ushbu
mintaqa aholisining ma’naviy hayotiga singishi uchun muayyan vaqt hamda musulmon
da’vatchilaridan jidd-u jahd talab qilinardi. Shu munosabat bilan Movarounnahr
siyosiy tarixining hamda bu mintaqada islomning yoyilishi jarayonining asosiy
bosqichlarini ko‘rib chiqish zarur.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Movarounnahrda islom dini tarqalishi va uning ta’siri bo‘yicha
B..Azizxodjayevning “Movarounnahrda islom dini tarqalishi va uning ijtimoiy ta’siri”
asari dinning jamiyatga, xususan ta’lim va oila hayotiga ta’sirini sodda tilda yoritadi.
Asar foydali, ammo ba’zi xulosalar aniqroq dalillarga muhtoj. L..Ahmedov
“Musulmon sharqida din va davlat munosabatlari” asarida esa islomning Somoniylar
davrida davlat boshqaruvidagi o‘rnini tarixiy manbalarga asoslanib tahlil qiladi, lekin
ijtimoiy jihatlarga kam e’tibor beradi. Har ikkala asar islomning Movarounnahrda
tarqalishini tushunishga yordam beradi, biri ijtimoiy, ikkinchisi siyosiy jihatlarni
ochadi. Qo‘shimcha manbalar bilan boyitish mumkin.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tarixiy-tahliliy usul orqali Azizxodjayev va Ahmedov asarlari hamda Al-
Balazuriy, Narshaxiy kabi tarixiy manbalar o‘rganiladi. Qiyosiy usul yordamida
Movarounnahrda islomning ta’siri boshqa mintaqalar bilan solishtiriladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Al-Balozuriyning aytishicha, Jayxun (Amudaryo)dan kechib o‘tgan hamda 670-
yildan biroz ilgari Movarounnahr hududida Qur’on tilovat qilgan birinchi arab
sarkardasi Alambardor al-Hakam ibn Amr al-G‘iforiy bo‘lgan. Bu davrda
Umaviylarning birinchi xalifasi Muoviya hukmronlik qilayotgan edi (Ал-Балазури,
1987: 21). Al-G‘iforiy musulmon bo‘lib, uning eski Marvdagi qabri bejiz ziyoratgohga
aylanmagan. Tabariy rivoyat qilgan bir lavha g‘oyat e’tiborga loyiq. Xuroson noibining
g‘animat o‘ljani Umaviylar xalifasi Muoviyaga berish to‘g‘risidagi talabiga al-Hakam:
«Sen o‘ljadagi oltin, kumush va boshqa nodir buyumlarni amir al-mo‘minin uchun
ajratishdan oldin o‘ljadagi hech narsaga tegmaslik haqida amir al-mo‘minin yo‘llagan

nomani menga jo‘natding. Biroq men uchun Allohning nomasi amir al-mo‘mininning
nomasidan oliyroqdir», deb javob bergan (Narshaxiy M., 1991).

Markaziy Osiyoning ikki daryo oralig‘idagi hudud siyosiy jihatdan mayda va
yirik mulklar quramasidan iborat edi. Chunonchi, Choch (Toshkent) viloyatining
o‘zida o‘ndan ziyod mulk mavjud edi.

Markazi Buxoroda bo‘lgan buxorxudotlar, markazi Samarqandda bo‘lgan
ixshidlar, poytaxti Gurganj (hozirgi Ko‘hna Urganch)da bo‘lgan Xorazmshohlar,
Surxondaryo viloyatidagi hozirgi Denov shahri yaqinidagi chag‘onxudotlar mulklari
Markaziy Osiyoning ikki daryo oralig‘idagi eng yirik mulklar edi. Markaziy Osiyo ikki
daryo oralig‘ining shimoliy viloyatlari G‘arbiy Turk xoqonligiga bo‘ysungan, turkiy
sulolalar vakillari esa bu vaqtda Toharistondan Chochgacha bo‘lgan ushbu hududdagi
turli mulklarda hukmronlik qilib, faol siyosiy rol o‘ynagandi. Ayni shu qudratli harbiy
kuch dastavval sosoniylar Eroni va Xitoyning, keyinchalik esa arablarning Markaziy
Osiyo ikki daryo oralig‘iga kirib kelishida to‘siq bo‘ldi.

Xurosonda Ubaydulloh ibn Ziyod va uning vorislari Sa’id ibn Usmon va Salma
ibn Ziyod noiblik qilgan davrda arab qabilalari Movarounnahr ichkarisiga ancha faol
kirib kela boshladilar. Bu yurishlar davrida shahar va qishloqlar g‘orat qilindi, asirlar
olindi, katta miqdorda boj talab qilindi. Masalan, al-Balozuriy guvohlik berishicha,
Buxoro malikasi Xo‘tan Xotun arablar bilan 1 million kumush dirham to‘lash sharti
bilan sulh tuzgan. 670-yildan boshlab arablar Buxoro, Poykand, Samarqand, Termiz
va Xorazm tomon siljishgan. Endi harbiy yurishlarga jangchilarning o‘zigina emas,
balki ko‘pincha ularning oilalari ham qatnasha boshladilar. Masalan, al-Balozuriy
xabariga ko‘ra, Salma ibn Ziyodning Buxoroga 671-yildagi safari chog‘ida xotini ham
u bilan birga edi va u Movarounnahrdagi birinchi musulmon ayol bo‘ldi (Азизходжаев
Б., 2003). Salma ibn Ziyod davrida arablar qishni o‘tkazish uchun, odatdagidek
Marvga qaytmay, ilk bor Movarounnahrda qolishdi (Аҳмедов Л., 2005). Shundan
keyin Umaviylar xalifaligida boshlanib ketgan nizolar hamda Xurosonda arablarning
ikki nufuzli qabilalari muzariylar va robi’alar o‘rtasidagi o‘zaro kurash arablarning
Movarounnahr ichkarisiga kirib kelishi hamda bu yerda islomning mustahkamlanishini
vaqtincha to‘xtatib qo‘ydi.

VII asr oxiriga kelib, Xuroson noibi al-Muxallab davridagina arablar bu mintaqa
fathini qaytadan boshladilar. Biroq ular 689-yilda qaysiy qabilasi boshlig‘i Abdulloh
ibn Xozimning o‘g‘li Muso ibn Abdulloh tomonidan bosib olingan Termiz
shahridagina uzoq vaqt mustahkam qoldilar. Muso ibn Abdulloh bu yerda 15 yil
hukmronlik qildi. Uning bu yerdagi hukmronligi shu qadar kuchli edi-ki, arablar
tomonidan mahalliy aholidan undirib olinadigan yer va jon solig‘i – xiroj hamda jizya
xalifalar xazinasiga emas, balki Termizga, Muso ibn Abdulloh xazinasiga kelib
tushardi (Ҳайитметов A., 1999).

Aftidan, mahalliy aholini islomga kiritish VII asrning ikkinchi yarmidayoq
boshlab yuborilgan. Termiz va uning atrofida arablar hukmronlik qilgan mahalliy
aholidan deyarli yigirma yil ichida bironta ham odam islomga kiritilmagan va bironta
ham masjid bo‘lmagan, deb taxmin qilish qiyin.

Ayni mahalda, ayrim tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, 644-yilda boshlanib, 704-
yilgacha davom etgan ilk Movarounnahr fathi davrida mahalliy aholini islomga to‘la
kiritish hamda Movarounnahrni xalifalikka bo‘ysundirish niyati bo‘lmagan. Aftidan,
bu vazifa 704-yildan keyin, Movarounnahrni fath etishning ikkinchi bosqichida,
qat’iyatli va shafqatsiz al-Hajjoj Xuroson noibi, Qutayba ibn Muslim esa harbiy
yurishlar rahbari bo‘lgandan keyin qo‘yilgan. Iste’dodli sarkarda Qutayba ibn Muslim
Movarounnahrning Xorazmdan tortib Chag‘oniyongacha, Poykanddan tortib
Chochgacha bo‘lgan deyarli barcha viloyatlariga sakkiz yil davomida qo‘shin tortib
bordi (Табари M., 1985).

Qutayba ibn Muslim harbiy zafarlarga erishishida, ko‘pincha, arablar bilan ittifoq
bo‘lib, qo‘shni mulklarga yurish qilgan mahalliy feodal hukmdorlar o‘rtasidagi adovat
rol o‘ynagan. Ayni mahalda Qutayba ibn Muslim islomni singdirish siyosatini
qattiqqo‘llik bilan olib bordi. Buxoroda, masalan, ayni Qutayba davrida majusiylar
ma’bad (ibodatxona)lari o‘rnida ilk masjidlar qurildi. Ba’zan mahalliy aholini, ayniqsa
kambag‘allarni, musulmonlar masjidiga pul berib jalb etishardi: masjidga har bir
kelishi uchun ularga ikki dirhamdan berilardi-ki, bu o‘sha davr uchun ancha katta
mablag‘ edi.

Qutayba ibn Muslim shafqatsiz muomalasi uchun o‘z qabiladoshlari tomonidan
Farg‘onada o‘ldirilganidan keyin ham arablarning yurishi to‘xtatilmadi. Aksincha, bu
yurishlar rejali ravishda, muayyan maqsadni ko‘zlab olib borila boshlandi:
Movarounnahrning arablar tomonidan fath etilishining uchinchi davri boshlanib, u VIII
asr o‘rtalarigacha davom etdi. Xususan, arablarning bu mintaqaga ko‘chib kelishi
kuchaydi. Masalan, at-Tabariy ma’lumotlariga ko‘ra, bu davrda qirqdan ziyod arab
qabilalari Movarounnahrga ko‘chib keldi. Ular orasida eng ko‘psonlilari bohiliylar,
yamaniylar, qaysiylar, qurayshiylar, muzariylar, robi’alar, tamimiylar, hanzalalar va
al-xuzo’iylar edi (Босворт К., 1971).

Arablar butun-butun qishloqlar barpo etib, ularga biron-bir qabilani boshdanoyoq joylashtirardilar. Masalan, Marv vohasida xuzo’iy qabilasining al-Lin va Fannin
qishloqlari mavjud edi. Yoki ular Buxorodagi kabi, alohida mahallalarni band etib, u
yerdan mahalliy so‘g‘d aholini siqib chiqarishar edi. Bu qishloq va shaharlarda
masjidlar qurilar, asta-sekin musulmonlarning muqaddas joylari yuzaga kelardi.
Xullas, mahalliy aholiga islom dinini qabul qildirish jarayoni borardi.

Movarounnahr aholisi o‘z vatani va ko‘hna dinining himoyasiga otlanib, arab
fotihlariga uzoq vaqt shiddatli qarshilik ko‘rsatadi. Masalan, so‘g‘d hokimi Divashtich
tomonidan Mug‘ tog‘idagi qal’a qahramonona mudofaa qilingani ma’lum. Divashtich

arablar tomonidan qo‘lga tushirilgach, Rabinjonda otashparastlar xilxonasida qatl
qilingan. VIII asr o‘rtalarida, ikkinchi arab xalifaligi – Abbosiylar davrida
Movarounnahr arablar tomonidan deyarli butunlay fath etildi. Bu paytda arablarning
Movarounnahrdagi siyosiy manfaatlari xitoy Tan imperiyasining bosqinchilik siyosati
bilan to‘qnash keldi.

751-yilda Talas daryosi bo‘yida arablar va mahalliy qo‘shinlar xitoy armiyasini
tor-mor qildi. Bu bilan Xitoyning Movarounnahr g‘arbiga tomon yurishiga ko‘p
asrlarga chek qo‘yildi. Natijada arablarning ham, islomning ham dushmani qolmadi.
ІX asrga kelib islom Movarounnahrda davlat diniga aylandi. Shunday bo‘lsa-da, yana
bir necha yuz yillar davomida ushbu mintaqaning bir qator tumanlarida zardushtiylik
saqlanib, ajdodlar dinini tiklash uchun Muqanna qo‘zg‘oloni kabi harakatlar bo‘lib
turdi, keng xalq ommasi orasida esa qadimiy dinlar va e’tiqodlar qoldiqlari saqlanib
qoldi. 749-yilda xalifalikda hokimiyat payg‘ambar Muhammad alayhi salomning
amakisi, Abbosiylar xalifaligi asoschisi, makkalik hoshimiylardan bo‘lgan al-Abbos
avlodi bo‘lmish as-Sahhof qo‘liga o‘tdi. Abu Muslimning Xuroson va
Movarounnahrdagi qo‘zg‘oloni bunda ancha madad bo‘ldi.

Bu paytda Movarounnahrning ayrim viloyatlarida, masalan, Chag‘oniyonda,
Ustrushona yoki Shoshda mavjud bo‘lib kelgan mahalliy hukmdor sulolalari bekor
qilindi, bu mintaqa Abbosiylar xalifaligi tarkibiga qo‘shib olindi.

Shunisi e’tiborga loyiqki, VIII asrning o‘rtalarida Movarounnahrning qator
shaharlarida mis tanga (fals) muntazam ravishda zarb qilina boshlandi. Tangalarda
arabcha diniy ifodalar, hukmdorlik qilib turgan amir nomi, biron-bir shahar noibining
nomi va hatto, mahalliy hukmdorlar nomi ham zarb qilingan. Masalan, VIII asr
o‘rtasida Kesh dehqoni feodal Ixrid zarb qildirgan mis tangalar arabcha namunadagi
tangalar edi (Гафуров Б., 1989: 43). Bunday kichik qiymatli tangalar Axsikent,
Buxoro, Termiz, Shosh, Chag‘oniyon va Xorazmda, ya’ni Movarounnahrning eng
yirik shaharlarida zarb qilinardi (Azimbayeva N., 2023: 479-486). Keyinroq bu
shaharlarning ayrimlarida kumush dirhamlar zarb etish ham yo‘lga qo‘yilgandi.
Umaviylardan farqli ravishda, Abbosiylar xalifalikning sharqiy hududlariga tayanish,
u yerlik mahalliy aslzodalarni jalb etish siyosatini olib bordilar. Bu bilan Abbosiylar
go‘yoki xalq qo‘zg‘olonlari va harakatlari yuzaga kelishining oldini olgandek
bo‘ldilar. Chunki bu qo‘zg‘olon va harakatlar o‘z xalqiga qarshi qaratilgan bo‘lib
chiqardi. Natijada Movarounnahr xalqlarining mustaqillikka intilishi ham go‘yo
bostirilganday bo‘ldi. Binobarin, xalifalardan al-Mansur (754-775 yillar), al-Mahdiy
(775-785 yillar) va Horun ar-Rashid (786-809 yillar) hukmronligi davridan boshlab
Movarounnahr va Xurosonning turli viloyatlarini mahalliy zodagonlardan chiqqan
dehqon-feodallar – Barmakiylar, Tohiriylar, Somoniylar boshqarishdi. Biroq
Abbosiylar bunday choralar bilan bu mintaqalar xalqlarining mustaqillikka bo‘lgan

intilishini bo‘g‘olmadilar. Aksincha, bu intilish yanada kuchaydi. Mahalliy zodagonlar
hokimiyatni qo‘lga olib, Abbosiy xalifalarga qaramlikdan qutulishni istashar edi.

Siyosat maydoniga birinchi bo‘lib Barmakiylar chiqishdi. Ularning ajdodlari
ilgari Balxdagi Navbahor budda ibodatxonasi bosh kohinlari bo‘lib, islomni qabul
qilishgan edi. Bu xonadondan chiqqanlar Abbosiy xalifalar huzurida yuqori
lavozimlarni egallashardi. Masalan, ularning vakillari Tabariston, Mosul yoki
Ozarbayjonda noib bo‘lishgandi. Ammo Xorun ar-Rashid hukmronligi paytida cheksiz
vakolatga ega vazir etib tayinlangan Yahyo ibn Xolid Barmakiy g‘oyat katta obro‘-
e’tiborga ega edi. U xalifalikda davlatni 17 yil davomida (786-803-yillar) boshqargan
arab bo‘lmagan birinchi vazir edi.

Yahyoning to‘ng‘ich o‘g‘li Fadl Armaniston va Ozarbayjon noibi edi, 794-796-
yillarda esa Xuroson noibi bo‘ldi. U xayriya ishlarini keng miqyosda olib bordi,
jumladan, ko‘plab masjidlar va rabotlar qurdirdi, Balxda yangi kanal qazdirdi,
Buxoroda Juma masjidini barpo etdi.

Biroq Xorun ar-Rashid Barmakiylar xonadonining siyosiy nufuzi tobora ortib
borayotganidan cho‘chib, 803-yilda Yahyo va uning uch o‘g‘lini hibsga oldi. Yana bir
o‘g‘li Ja’far xalifaning buyrug‘i bilan qatl etildi. Barmakiylar mulki musodara qilinib,
o‘zlari esa barcha lavozimlardan mahrum etildi.

Shunday bo‘lsa-da, bu choralar bilan ham xalifalikda mahalliy zodagonlar
vakillarini yuqori ma’muriy lavozimlarga ko‘tarish jarayonini to‘xtatib bo‘lmadi.

821-yilda xalifalikning shimoli-sharqiy hududlarida Tohiriylar sulolasi hokimiyat
tepasiga keldi (821-873-yillar). Bu sulolaning asoschisi Tohir ibn Husayn edi.
Tohirning olis ajdodi Roziq Salma ibn Ziyod davrida Sijiston noibi bo‘lgan Abu
Muhammad Talha ibn Abdulloh al-Xuzoiyning mavlosi edi. Bobosi va otasi esa, o‘zi
kabi, Xirot viloyatidagi Pushang (Bushanj) shahrining vorisiy hukmdorlari
bo‘lishgandi. Xalifa al-Ma’mun hokimiyat tepasiga kelgach, Jaziyra noibi va Bag‘dod
amirlashkari bo‘lgan Tohir xalifalikning siyosiy hayotida muhim rol o‘ynay boshladi.
821-yilda u Xuroson noibi etib tayinlandi. Movarounnahr ham Xuroson tarkibiga
kirardi. Tohir ibn Husayn Xurosonni mustaqil hukmdor sifatida boshqardi, o‘z nomi
bilan tanga zarb qildirdi. 822-yil noyabrida esa juma namozida xalifa al-Ma’munning
nomini xutbadan tushirib qoldirdi. Bu musulmon olamida to‘la mustaqillikka ega
bo‘lganlikni bildirardi. Tez orada Tohir ibn Husayn to‘satdan vafot etdi. Uning o‘limini
xalifa al-Ma’mundan ko‘rishdi. Biroq Tohiriylarning mavqei shu darajada mustahkam
bo‘lganidan xalifa uning o‘g‘li Talxani Xuroson noibi etib tayinlashga majbur bo‘ladi
(822-828-yillar).

830-yilda bu yerda noiblik Tohirning boshqa o‘g‘li Abul Abbos Abdullohga o‘tdi
(830-844-yillar). U amalda mustaqil noib edi. Eronning shimoli-sharqida joylashgan
Nishopur shahri uning saltanati poytaxti bo‘lib qoldi. Abul Abbos Xuroson va
Movarounnahrning qator shaharlarida, shu jumladan, bu vaqtda ko‘plab kumush

konlari mavjudligi tufayli mintaqa iqtisodiyotida muhim o‘rin tutgan Shosh viloyatida
ham o‘z nomidan (kumush va mis) tanga zarb qildirdi.

Abdulloh ibn Tohir bu mintaqada o‘zining siyosiy va ma’muriy rolini
mustahkamladi, qishloq xo‘jaligini hamda suvdan foydalanishni tashkil qilishda, yangi
kanallar qazishda qat’iy choralar ko‘rdi. U, shuningdek, soliq tizimini ham tartibga
keltirdi. Bu jihatdan Tohir ibn Husaynning Abdullohga yozgan maktubi g‘oyat
e’tiborga loyiq. Maktubda soliq solish, davlatni boshqarish qoidalari va boshqalar
bayon etiladi: «Shuni yodingda tutgilki, boylik xazinada ko‘paysa va yig‘ilsa, u foyda
keltirmaydi, aksincha, ra’iyat ehtiyojiga, ularga lozim bo‘lganni to‘lashga hamda
ularni tashvishdan xalos etishga sarflansagina ko‘payadi, boylikka boylik qo‘shilib
boradi; xalq ommasining farovonligiga shu tariqa erishiladi, bu hukmdorlarni bezovchi
narsadir. Davrning gullab-yashnashiga shu orqali erishiladi, shon-shuhrat va kuchquvvat shu orqali keladi... Ayni mahalda yig‘ilishi kerak bo‘lgan yer solig‘ini
to‘plashda shu orqali katta imkoniyat yuzaga keladi.... yig‘iladigan yer solig‘i
ko‘payadi, natijada qo‘shinni o‘zingga qaram qilib olish hamda xalq ommasini
in’omga ko‘mib tashlab, uni qanoatlantirish uchun kuch-qudratga ega bo‘lasan»
(Давидович Е., 1977: 116).

Shu tariqa, Abdulloh ibn Tohir davlatni boshqarish bo‘yicha o‘z faoliyatida
otasining nasihatlariga so‘zsiz amal qilgan.

Tohiriylar davrida hunarmandchilik va dehqonchilik gullab-yashnadi, shaharlar,
shu jumladan, Buxoro ham rivojlandi. Arablar Movarounnahrni bosib olganidan so‘ng
vujudga kelgan turg‘unlikdan keyingi jonlanish yuz bera boshladi. Hukmdorlar ilmfan va madaniyatni rivojlantirishga e’tiborni kuchaytirdilar, shoirlar va olimlarga
homiylik qila boshladilar. Tohiriylar davrida Marvda mavjud bo‘lgan kutubxonaning
shuhrati jahonga yoyilgandi. Unda arab qo‘lyozmalari bilan birga o‘rta fors tilidagi
asarlar ham bor edi.

Tohiriylar e’tiqodli musulmonlardan bo‘lib, butun mamlakatni islomlashtirish
siyosatini yuritishgandi. Zardushtiylik uzoq vaqt saqlanib turgan Ustrushonada islomni
joriy etishda Tohiriylarning yordami katta bo‘ldi. Buyuk Abbosiy sarkarda,
Ustrushonaning sobiq hukmdori, qadimgi dinning yashirin tarafdori ekanlikda hamda
davlat to‘ntarishi qilishga tayyorgarlik ko‘rayotganlikda ayblangan Haydarning
ustidan olib borilgan sud jarayonining tashabbuskori ham aynan Abdulloh ibn Husayn
bo‘lgan edi. Tohiriylarning hukmronliklari davrida Movarounnahrda islom uzil-kesil
g‘alaba qozondi. Mu’tasim davrida Movarounnahr aholisini mo‘min musulmonlar deb
hisoblash mumkin edi va ularning o‘zlari «g‘azot» uchun jang qila boshlaganlar.

O‘z davrining buyuk farzandi Imom al-Buxoriy ayni Tohiriylar davrida tug‘ilib
o‘sgan va ilm oldi. Tohiriylar sulolasining Xurosondagi hukmronligi yarim asr davom
etdi. Shundan so‘ng ular yangi sulola Safforiylar (873-903-yillar) tomonidan
ag‘darildi. Bu sulolaning asoschisi Ya’qub ibn Laysning kasbi miskarlik «saffor»

bo‘lib, sulolaning nomi shundan olingan. Biroq na Ya’qub ibn Lays, na birodari Amr
(879-900-yillar) Movarounnahrning siyosiy hayotida biron-bir alohida rol
o‘ynashmadi. Bu paytga kelib Movarounnahrning turli viloyatlari va shaharlarida
hokimiyat amalda Somoniylar sulolasi vakillari qo‘lida edi.

Somoniylarning kelib chiqishi to‘g‘risida yetarlicha aniq ma’lumotlar mavjud
emas. Qator olimlarning fikricha, ularning butun sulolaga nom bergan ajdodi Somon
Farg‘onaning dehqon urug‘laridan bo‘lgan. Boshqa ma’lumotlarga qaraganda, Balx
atrofidan, yana bir ma’lumotga ko‘ra esa, Termiz viloyatidan kelib chiqqan.
Somonxudotning o‘g‘li Asad haqida hech narsa ma’lum emas. Biroq nabiralari Nuh,
Ahmad, Yahyo va Ilyos haqida, ular 806-810-yillarda Buxoroda Rofe ibn Lays
qo‘zg‘olonini bostirishda xalifa al-Ma’mun tarafida qatnashib yuqori lavozimlarga ega
bo‘lishgani to‘g’risida ma’lumotlar bor. Xalifaning farmoyishi bilan Xuroson noibi
Hasan ibn Abbod (819-821-yillar) Nuh ibn Asadni Samarqand hokimi etib, Ahmad ibn
Asadni Buxoro hokimi, Yahyoni Shosh hokimi, Ilyosni esa Hirot hokimi etib
tayinlagan. Xalifaning vafotidan so‘ng Ilyos o‘z mulkidan mahrum bo‘ldi.

Hozirgi kunda aniqlangan numizmatik ma’lumotlar ular yuqorida sanab o‘tilgan
viloyatlarda hukmronlik qilgan vaqtlarini belgilash imkonini beradi. Nuh, Ahmad va
Yahyo bu viloyatlar hokimi sifatida ko‘pincha xalifa yoki Tohiriylarni eslatmay, o‘z
nomidan mis tangalar zarb qilish huquqiga ega edilar. Biroq Ilyos zarb qildirgan tanga
hozircha topilgani yo‘q. Ularni sulola sifatida qarash mumkin bo‘lgan davrning
dastlabki bosqichida Nuh xonadon boshlig‘i hisoblangan. Somoniylarning ilk tangalari
uning nomidan 829-830-yillarda zarb qilingan.

Nuh ibn Asad vafotidan so‘ng uning ukasi Ahmad ibn Asad sulola boshlig‘i bo‘lib
qoldi. U ilgari in’om etilgan mulklarni vorisiy mulkka aylantirdi va ular bu mulklarni
o‘z ixtiyorlaricha tasarruf eta boshladilar. Chunonchi, Ahmad ibn Asad Farg‘onada
hokimligicha qoldi, Samarqand va uning atrofini o‘z o‘g‘li Nasrga tortiq qildi.

855-yilda, Yahyo ibn Asadning vafotidan keyin Shoshni Abu Yusuf Ya’qub ibn
Ahmad boshqara boshladi, numizmatika ma’lumotlari ham buni tasdiqlaydi. Shoshda
shu hukmdor nomidan zarb etilgan tangalar ma’lum.

Farg‘ona Nasrning boshqa bir birodari Abul Abbos Asad qo‘liga o‘tdi. U ham shu
viloyat poytaxti Axsikatda o‘z tangasini zarb qildirdi.

Buxoroda ahvol birmuncha boshqacha edi. Bu shaharni Husayn ibn Tohir besh
kunlik qamaldan so‘ng qo‘lga kiritadi. Uning qo‘shinlari shaharda qirg‘in qilgach,
Buxoroning ko‘p joyi yonib kul bo‘ldi. Bu bedodlikdan g‘azabga mingan buxoroliklar
isyon ko‘tarib, Husayn ibn Tohirni shahardan haydashdi. Shundan so‘ng Tohiriylar
Movarounnahrdagi hukmronlikdan mahrum bo‘lishdi.

Shu yilning o‘zida Nasr ibn Ahmad Buxoroni birodari Ismoil ibn Ahmadga in’om
etdi. Shunday qilib, bu paytga kelib Movarounnahr deyarli butunlay Somoniylar
sulolasi vakillari qo‘liga o‘tgan edi.

Bu paytda hukmronlik qilib turgan Abbosiy xalifa Mu’tasim bunday ahvol bilan
hisoblashishga majbur bo‘lib, Movarounnahrdagi butun hokimiyatni Nasr ibn
Ahmadga berdi. Biroq Nasr ibn Ahmad o‘z og‘a-inilari bilan munosabatlarni yaxshi
yo‘lga qo‘ya olmadi. Aftidan, ularning har biri o‘zini mustaqil hukmdor deb hisoblar
edi. Zarb qilingan tangalar ham, jumladan, shundan dalolat beradi. Shoshda Ya’qub
ibn Ahmad, Farg‘onada Asad ibn Ahmad o‘z nomidan tangalar zarb qilib, unda Nasr
ibn Ahmadning nomini oliy hokimiyat egasi sifatida eslashmadi. Nasr ibn Ahmad bilan
Ismoil ibn Ahmad o‘rtasida kurash keskinlashib, harbiy to‘qnashuvlarga aylanib ketdi.
Bu kurash 892-yilgacha, Nasrning vafotiga qadar 18 yil davom etdi.

Ismoil ibn Ahmad isyonlarni bostirib, o‘zaro nizolarni tugatib, Xuroson hukmdori
Amr ibn Lays Safforiy tomonidan bo‘lgan tashqi tahdidni ham bartaraf qildi. Ismoil
ibn Ahmad uning qo‘shinlarini Buxoro ostonalarida va keyingi janglarda yakson qilib,
Xurosonda yakka hokim bo‘lib qoldi. U, shuningdek, Movarounnahrga tahdid solgan
ko‘chmanchilarga qarshi ham bir necha bor yurish qildi.

Bu harakatlar hamda ichki tadbirlarni amalga oshirishi natijasida Ismoil ibn
Ahmad Abbosiy xalifalardan mustaqil bo‘lgan markazlashgan kuchli davlat barpo etdi.
Uning tarkibiga, Movarounnahrdan tashqari, Eronning shimoli-sharqiy viloyatlari,
hozirgi Afg‘onistonning janubiy hududlari ham kirdi.

Biroq, 907-yilda vafot etgan Ismoil ibn Ahmaddan keyin Somoniylar hukmronligi
asta-sekin tanazzulga yuz tuta boshladi. Shunga qaramay, bu sulola XI asr boshiga
kelibgina, Qoraxoniylar tazyiqi ostida tugab bitdi. Uning so‘nggi hukmdori al-
Muntasir 1005-yilda o‘ldirildi.

Shundan so‘ng Movarounnahrda va umuman Markaziy Osiyoda turkiy sulolalar
hukmronligi davri boshlanib, u ming yil davom etdi.

To‘qqizinchi asr ahamiyatiga ko‘ra Movarounnahr tarixidagi ulkan davrdir. Bu
mahalda siyosiy jihatdan Mag‘ribda Shimoliy Afrika va Andalusiyada ham, Mashriqda
mahalliy davlatchilik tiklangan Movarounnahr, Xurosonda ham Abbosiylar
davlatining birligiga putur yeta boshladi.

Movarounnahrda, ayniqsa, ІX-X asrlarda ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy hayotda
jiddiy o‘zgarishlar bo‘ldi. Muarrixlardan Utbiy, Narshaxiy, Gardiziy va boshqalarning
ma’lumotlariga ko‘ra, o‘sha davrda safforiy va sosoniy amirlar, eski aslzoda
zamindorlar, musulmon ruhoniylari, turkiylar gvardiyasining yuqori tabaqasi (Alp
Tegin, Sabuk Tegin, Abu Ali Simjuriy, Foiq va boshqalar), savdogarlar hukmron sinf
sanalgan. Ular ulkan yer-suv zaxiralarini va hisobsiz boyliklarni o‘z qo‘llarida jamlab,
mehnatkash xalq jamoa dehqonlari va shaharning kambag‘al aholisi kuchidan
shafqatsiz foydalanishardi.

Movarounnahr viloyatlarida, ayniqsa, Zarafshon, Surxon, Iloq vodiylarida,
Farg‘ona, Shosh, Xorazmda dehqonchilik rivoj topgandi: bug‘doy, sholi, tariq, yasmiq,
mosh, beda, paxta, poliz ekinlari va boshqa ekinlar yetishtirilardi.

Shaharda ham, qishloqda ham hunarmandchilik xo‘jalik faoliyatida katta o‘rin
tutardi. O‘sha olis davrlarda yashab o‘tgan Abu Abdulloh Muhammad ibn Ahmad ibn
Abu Bakr al-Muqaddasiy (al-Maqdisiy, 946/47-1000-yillar), Abul Qosim ibn Havqal
(976-yilda vafot etgan), Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy (899-959-yillar)
va boshqa tarixchi hamda geograf olimlar asarlarida mamlakatdagi hunarmandlik
ishlab chiqarishi ichki ehtiyojni qoplabgina qolmay, balki Movarounnahr ustalari
yasagan buyumlar tashqi bozorga ham chiqarilgani to‘g‘risida ma’lumotlar bor. Kon
ishlari ham rivojlangan edi. ІX-X asrlar tarixchilari va geograflari ma’lumotlariga
ko‘ra, o‘sha paytlarda Movarounnahr konlaridan temir, qo‘rg‘oshin, oltin, kumush,
mis, oltingugurt, navshadil, tuz, qimmatbaho toshlar, qurilish ashyolari va hokazolar
qazib olingan.

Movarounnahr shaharlari, ayniqsa, Buxoro, Samarqand, Shosh, Gurganj va
boshqalar O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlari, Volgabo‘yi, Hindiston, Xitoy bilan
iqtisodiy aloqalar o‘rnatgan edi. Bu haqda Ibn Xo‘rdodbeh, Ibn Fadlon, Mosuliy,
Gardiziy, Ibn Havqal asarlarida aniq ma’lumotlar ko‘p bo‘lib, Volgabo‘yida,
O‘zbekistonda (Xorazmda), Turkmanistonda va Tojikistonda olib borilgan arxeologik
qazishma materiallari ham buni tasdiqlamoqda.

Mamlakatning iqtisodiy aloqalarini mustahkamlash, markaziy davlat apparatini
kuchaytirish, tinchlik va osoyishtalikni o‘rnatish natijasida aholining moddiy ahvoli
yaxshilandi. Biroq dehqonlar uchun ahvol og‘ir edi. Ularning soliq va o‘lponlar
to‘lashi, jamoat ishlariga – qal’a-qo‘rg‘onlar, yo‘llar, ko‘priklar, irrigatsiya inshootlari,
masjid-madrasalar qurish yoki ularni ta’mirlashga majburiy jalb etish hollari davom
etdi. Bundan tashqari, dehqonlar va hunarmandlarga mahalliy hukmdorlar hamda
amaldorlar, ayniqsa soliq yig‘uvchilar qattiq zulm o‘tkazishardi. Bu haqda ma’lumotlar
Narshaxiy va uning zamondoshlari bo‘lgan tarixchilar asarlarida uchraydi.

Shunday holatlar uchrab turganiga qaramay, erishilgan iqtisodiy va siyosiy
barqarorlik ayni mahalda ilm-fan va madaniyatning rivojlanishiga yordam berdi-ki, bu
haqda ko‘plab manbalar guvohlik beradi.

O‘sha davrda Abu Ali Husayn ibn Ahmad as-Sulamiy, Abu Abdulloh Muhammad
ibn Ahmad al-Buxoriy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far Narshaxiy, Abu Sa’id
Abdurrahmon ibn Muhammad al-Idrisiy, Abul Xoris Asad ibn Hamduyi al-Varsiniy,
Abu Ahmad ibn Muhammad ibn Sa’id va boshqalar Buxoro, Samarqand, Kesh, Nasaf
va Xorazm tarixi bo‘yicha ajoyib asarlar yaratdilar.

Abu Zayd Ahmad ibn Sahl al-Balxiy va Jayhoniy «Taqsim al Buldon»
(«Shaharlarning taqsimlanishi») va «Ajoyib al-Buldon» («Mamlakatlar ajoyibotlari»)
singari g‘oyat qimmatli risolalar bitdilar.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Movarounnahrda matematika, astronomiya, tib fanlari yuksak darajada rivoj
topdi. Al-jabrning asoschisi Abu Ja’far Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy,
astronomiyaga oid bir qator asarlar muallifi Ahmad al-Farg‘oniy, al-Forobiy, Ibn Sino,
Abu Rayhon al-Beruniy ІX-XI asrlarda ayni shu zaminda yashaganlar.
Matematika fani, ayniqsa, uning juda muhim qismi geometriya (handasa)ning
rivojlanishi ustalar, yirik diniy va jamoat binolari me’morlari hamda loyihachilari
tajribasi ortishiga yordam berdi. Buxorodagi Somoniylar maqbarasi, Timdagi Arab ota
maqbarasi, Samarqand (Afrosiyob)dagi saroylar qoldiqlari va boshqalar buning yorqin
dalilidir. ІX-X asrlarda adabiyot ham ancha rivojlandi. O‘ttizga yaqin shoir va olimlar:
Rudakiy, Shohid Balxiy, Abu Shukur Balxiy, Abu Tohir Tayyib Xusravoniy, Abu
Mansur Muhammad ibn Ahmad Daqiqiy va boshqalarning nomlari Avfiy va boshqa
mualliflarning tarixiy risolalari orqali bizgacha yetib keldi.
Shu davrning o‘zida me’morlikda binokorlikning yangicha turlari - masjidlar,
minoralar, madrasalar, xonaqohlar, maqbaralar, rabotlar vujudga kelib, yetakchi
o‘ringa chiqa boshladi. Qurilishda ko‘proq pishiq g‘isht ishlatila boshlandi. Avval uni
faqat sahnga, oyoq ostiga to‘shalardi. Me’moriy yodgorliklar va keramikada esa
odamlar va hayvonlar aks ettirilgan devoriy rasmlar, monumental haykaltaroshlik
o‘rnini naqsh san’ati egalladi.
Keramikaning yangi turi sirkor keramika yuzaga kela boshladi. San’atning
ilgarigi diniy qarashlar bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan antropomorf terrakota
singari ommaviy turi yo‘qolib bordi.
Diniy jihatdan olganda, Movarounnahr, u bilan qo‘shni sharqiy va shimolisharqiy hududlar aholisi deyarli islomga kirib bo‘lgan, eski dinlar buddaviylik,
zardushtiylik, moniylik unutilishga mahkum etilgandi. Islom Jayxundan sharq
tomonga qarab yastanib yotgan ushbu ulkan mintaqadagi har bir kishining hayotiy
me’yoriga aylana boshladi.
Movarounnahr islom sivilizatsiyasi markazlaridan biriga aylandi. Bu mintaqa
jahonga Imom Muslim an-Naysaburiy, Imom at Termiziy, Imom an-Nasoiy, Imom ad-
Doromiy as-Samarqandiy va Imom al-Buxoriy kabi buyuk olimlarni yetishtirib berdi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Al-Tabari, Muhammad ibn Jarir. (1985). The History of al-Tabari, Volume
27. – New York.
2. Азизходжаев Б. (2003). Мовароуннаҳрда ислом дини тарқалиши ва унинг
ижтимоий таъсири. – Тошкент: Ўзбекистон.
3. Аzimbayeva N. (2023). Central Asia and Kazakhstan in the scientific heritage
of academician B. Akhmedov // Galaxy International Interdisciplinary Research
Journal, № 11. – P. 479-486.

4. Ал-Балазури. (1987). Завоевание Хорасана. – Душанбе.
5. Аҳмедов Л. (2005). Мусулмон шарқида дин ва давлат муносабатлари
(VIII–XII асрлар). – Тошкент: Фан.
6. Босворт К. (1971). Мусульманские династии. – Москва.
7. Гафуров Б. (1989). Таджики. Кн. 2. – Душанбе.
8. Давидович Е. (1977). Новые данные по истории Саманидов. – Москва.
9. Наршахий, Абу Бакр Муҳаммад ибн Жаъфар. (1991). Бухоро тарихи. –
Тошкент: Фан.
10. Ҳайитметов А. (1999). Имом ал-Бухорий – буюк муҳаддис. – Тошкент.

REFERENCES:
1. Al-Tabari, Muhammad ibn Jarir. (1985). The History of al-Tabari, Volume
27. – New York.
2. Azizxodjaev B. (2003). Movarounnahrda islom dini tarqalishi va uning ijtimoiy
ta’siri. – Toshkent: Oʻzbekiston. (In Uzbek)
3. Azimbayeva N. (2023). Central Asia and Kazakhstan in the scientific heritage
of academician B. Akhmedov // Galaxy International Interdisciplinary Research
Journal, № 11. – P. 479-486.
4. Al-Balazuri. (1987). Zavoevanie Xorasana. – Dushanbe. (In Russian)
5. Ahmedov L. (2005). Musulmon sharqida din va davlat munosabatlari (VIII–
XII asrlar). – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
6. Bosvort K. (1971). Musulmanskie dinastii. – Moskva. (In Russian)
7. Gafurov B. (1989). Tadjiki. Kn. 2. – Dushanbe. (In Russian)
8. Davidovich E. (1977). Novie dannie po istorii Samanidov. – Moskva. (In
Russian)
9. Narshaxiy, Abu Bakr Muhammad ibn Ja’far. (1991). Buxoro tarixi. – Toshkent:
Fan. (In Uzbek)
10. Hayitmetov A. (1999). Imom al-Buxoriy – buyuk muhaddis. – Toshkent. (In
Uzbek)