ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbekistonliklar va Misrliklar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining tarixiy ildizlari

Bobojonov Islombek Usmonaliyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

O‘ZBEKISTONLIKLAR VA MISRLIKLAR O‘RTASIDAGI HAMKORLIK
ALOQALARINING TARIXIY ILDIZLARI

HISTORICAL ROOTS OF COOPERATION RELATIONS BETWEEN
UZBEKS AND EGYPTIANS

ИСТОРИЧЕСКИЕ КОРНИ СОТРУДНИЧЕСТВА МЕЖДУ УЗБЕКАМИ И
ЕГИПТЯНАМИ

Bobojonov Islombek Usmonaliyevich
Oriental universiteti

Tarix kafedrasi dotsenti, t.f.f.d. (PhD)
Tel.: +998 97 454-66-88

E-mail: islombekbobojonov@gmail.com

Annotatsiya: Ushbu maqolada o‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi
hamkorlik aloqalari tarixiga to‘xtalib o‘tilgan. Ya’ni ikki xalq aloqalarining tarixiy
ildizlari yoritilgan. Islom dinining kirib kelgandan keyingi davrda har ikki xalq hudud
jihatdan bir-biriga nisbatan uzoq bo‘lsa-da, biroq din jihatdan umumiylik sababli ular
o‘rtasida aloqalar faol tarzda olib borilganligini kuzatish mumkin. Ushbu aloqalarning
dastlabki davrida Misrda mustaqil davlatga asos solgan farg‘onalik ixshidiylar,
Mamluklar sultonligida hokimiyatni qo‘lga olgan so‘nggi Xorazmshoh – Sayfuddin
Qutuz muhim o‘rin tutadi. Amir Temur va temuriylar davrida esa har ikki xalq o‘rtasida
jiddiy raqobatga asoslangan hamkorlik aloqalarini kuzatishimiz mumkin. Shuningdek,
maqolada O‘zbekiston SSR (O‘zSSR) va Misr Arab Respublikasi o‘rtasidagi
hamkorlik aloqalari, mustaqillik yillarida O‘zbekiston va Misr Arab Respublikasi
o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tahlil qilinadi.

Kalit so‘zlar: mamluk, ixshid, Amir Temur, temuriylar, xalq diplomatiyasi,
elchixona, Misr, xalqaro aloqalar.

Annotation: This article explores the history of cooperative relations between
Uzbeks and Egyptians, shedding light on the historical roots of their interactions.
Although these two peoples were geographically distant from each other, following the
spread of Islam, they maintained active ties due to their shared religion. In the early
stages of these relations, significant roles were played by the Ikhshidids – who
established an independent state in Egypt and originated from the Fergana region – as
well as by the last Khwarazmshah, Sayf al-Din Qutuz, who seized power in the Mamluk
Sultanate. During the era of Amir Temur and the Temurids, cooperation between the two
nations was marked by intense rivalry. The article also analyzes the cooperative relations
between the Uzbek SSR and the Arab Republic of Egypt, as well as the bilateral
cooperation between independent Uzbekistan and Egypt in the post-Soviet period.

Keywords: Mamluk, Ikhshid, Amir Temur, Temurids, public diplomacy, embassy,
Egypt, international relations.

Аннотация: В данной статье рассматривается история сотрудничества
между узбекистанцами и египтянами, освещаются исторические корни их
взаимоотношений. Несмотря на территориальную удалённость двух народов
после распространения ислама, благодаря религиозному единству между ними
активно развивались связи. В ранний период этих отношений важную роль
сыграли ихшидиды, происходившие из Ферганы и основавшие независимое
государство в Египте, а также последний хорезмшах – Сайфиддин Кутуз,
захвативший власть в султанате мамлюков. Во времена Амира Темура и
темуридов можно наблюдать сотрудничество, основанное на серьёзном
соперничестве между двумя народами. Кроме того, в статье анализируются
отношения сотрудничества между Узбекской ССР и Арабской Республикой
Египет, а также двусторонние связи между независимым Узбекистаном и
Египтом в постсоветский период.

Ключевые слова: мамлюк, ихшид, Амир Темур, темуриды, народная
дипломатия, посольство, Египет, международные отношения.

KIRISH
O‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari tarixi uzoq
o‘tmishga borib taqaladi. Xususan, o‘rta asrlar davrida garchi hudud jihatdan bir-biriga
nisbatan uzoq bo‘lsa-da, biroq din, madaniyat, ilm-fan jihatdan umumiylik va yaqinlik
sababli bu ikki xalq o‘rtasida aloqalar faol tarzda olib borilgan deyish mumkin.
Ushbu aloqalarning dastlabki davri Islom dini Movarounnahrga kirib kelgandan
keyin amalga oshirila boshlanadi. Arab xalifaligida abbosiylar hokimiyati davrida
xalifalar, xususan, xalifa Ma’mun davridan boshlab harbiy ishlarda turk g‘ulomlarining
xizmatidan foydalanish boshlanadi.
Shuningdek, Bag‘dodda “Baytu-l-hikma”ga asos solinishi bilan Movarounnahr
olimlarining u yerga taklif qilinishi orqali poytaxt Bag‘dodda katta ilmiy jamoa faoliyat
yurita boshladi va ushbu ilmiy markaz olimlari xizmatidan butun xalifalik hududida
foydalanildi. Xususan, Al-Farg‘oniy Misrning Nil daryosida suv oqimining hajmi va
tezligini o‘lchaydigan asbobni yuksak bilimdonlik bilan ta’mirlaydi. Uning nomi
Ahmad al-Farg‘oniyning fanniy olami Nilomer deb ataladi, u miqyos an-Nil yoki
Miqyosi jadid ham deyiladi (Fayzullayev O., 2008: 8).
Keyingi davrda Misrda asli buxorolik Ahmad ibn Tulun tomonidan birinchi
mustaqil islomiy davlatga asos solinishi, undan keyin farg‘onalik ixshidiylar Misrda
mustaqil davlatga asos solishi, Jaloliddin Manguberdining jiyani Sayfuddin Qutuz
tomonidan Mamluk sultonligida hokimiyat egallanishi orqali Misrda vatandoshlarimiz
alohida tarix yaratdi. Shuningdek, Amir Temur davrida Misrdagi Mamluk sultonligi

bilan ziddiyatli raqobat, Shohrux mirzo va Ulug‘bek mirzo davrida esa biroz iliq
munosabat shakllanganini alohida qayd etish zarur.

Sovet Ittifoqi davrida O‘zSSR va Misr Arab Respublikasi o‘rtasida ko‘plab
hamkorlik aloqalari amalga oshirilgan. O‘zbekiston mustaqillikka erishgach esa
o‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi diplomatik aloqalar yangi bosqichga
ko‘tarildi. Misr Arab Respublikasi 1991-yil 26-dekabrda O‘zbekistonni rasman
mustaqil davlat deb tan oldi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu mavzu alohida tadqiqot mavzusi sifatida tadqiq etilmagan. Biroq
tarixchilar tomonidan ushbu ikki xalq aloqalarining turli davrlari haqida to‘xtalib
o‘tilgan. Xususan, Z. Aripova tomonidan Misrdagi Mamluklar sultonligi tarixiga
bag‘ishlangan doktorlik dissertatsiyasi himoya qilingan va “O‘rta asrlarda Markaziy
Osiyo – Misr munosabatlari” monografiyasi nashr etilgan. B. Abdirimov,
G‘..Atajanovlar tomonidan “Sayfuddin Qutuz – so‘nggi zarba” monografiyasi
tayyorlangan. Ushbu tadqiqot ishida Jaloliddin Manguberdining jiyani Misr yerlarida
Mamluklar sultonligida hokimiyatni qo‘lga olganligi va keyingi siyosiy faoliyati
haqida so‘z yuritiladi. Bir qancha temurshunos olimlar tomonidan Amir Temur va
temuriylar davri o‘rganilib, uning xalqaro munosabatlardagi faoliyatiga doir bir qancha
tadqiqotlar olib boriladi. Xususan, B. Axmedov, Sh. Kamoliddin, Sh..O‘ljayevalar
tomonidan mavzuga doir maqolalar va monografiyalar tayyorlangan. Sovet Ittifoqi
davrida o‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari kengayib
boradi. Bu ma’lumotlar, asosan, arxiv materiallari asosida saralab olinadi. Shuningdek,
Lutfiddin Xodjayev, Ahmad Tohir hammuallifligida “O‘zbekiston va Misr
hamkorligi” mavzusidagi monografiya chop etilgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI tarixiy
O‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarining tahlil,
ildizlari mavzusini tadqiq etishda xolislik, analiz, sintez, qiyosiy
umumlashtirish, tarixiy tahlil, xronologik uzviylik uslublardan foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
IX asr oxiri – X asr boshlarida Bag‘dodning zaiflashib borishi ma’lum hududlarda
mustaqillik uchun harbiy harakatlar boshlanishiga imkoniyat yaratib berdi. Shunday
mustaqil davlatlardan biri Misr va Shomda tashkil topdi. Mazkur davlatga 868-yilda
Ahmad ibn Tulun asos soldi va Tuluniylar nomi bilan tarixda qoldi (Muhammad Yusuf
M.S., 2018: 183). Ahmad ibn Tulunning kelib chiqishi Turkiston hududiga borib
taqalishini inobatga olsak, ushbu davrdan bizning hududimiz aholisi bilan misrliklar
o‘rtasida manfaatli aloqalarga asos solindi. Ahmad ibn Tulunni Z. Aripova o‘z
izlanishlarida asli buxorolik qul Tulunning o‘g‘li deb ma’lumot beradi (Muhammad
Yusuf M.S., 2018: 197). Tuluniylar davlati Misrda mustaqil bo‘lgan birinchi islomiy

davlatdir. Ahmad ibn Tulunning otasi Turkistondan kelgan qul bo‘lib, u xalifa
Ma’munning qo‘riqchilari boshlig‘i bo‘lgan. Ahmad ibn Tulun Misrni o‘ziga mustaqil
davlat qilib olgach, u yerda juda katta qo‘shin to‘pladi va Shom yurtlarini ham egallab
oldi. Mazkur davlat milodiy 905-yilda parchalanib ketadi.

Misrda hukmronlik qilgan davlatlardan yana biriga ixshidiylar tomonidan asos
solinadi. Ixshidiylar asli farg‘onalik turklardir. Bu davlatning asoschisi Muhammad
Ixshid ibn Tag‘ij bo‘lib, u Ibn Tulunning ozod qilgan qullaridan hisoblanadi.
Tuluniylar davlatidan keyin o‘ttiz yil, ya’ni hijriy 293-323 (milodiy 906-935) yillar
mobaynida Misr to‘g‘ridan-to‘g‘ri abbosiylar xalifasiga bo‘ysundi. Ana shu vaqtda
Muhammad Ixshid Roziy ismli g‘ulom xalifa tomonidan Misrga voliy qilib qo‘yildi
(Muhammad Yusuf M.S., 2018: 197).

O‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarida so‘nggi
Xorazmshoh – Sayfuddin Qutuz alohida ahamiyatga ega. Sayfuddin Qutuz buyuk
xorazmshoh Jaloliddin Manguberdining opasi Xon Sultonning o‘g‘li hisoblanadi. U
Xorazm yerlarida, Anushteginiylar saroyida dunyoga keldi. Mo‘g‘ullar bosqini davrida
oiladagi ko‘pchilik qatori asir tushib, hayoti sarson-sargardonlikda kechdi.

Chingizxon tomonidan tuzilgan Mo‘g‘ullar imperiyasining 1219-yil sentyabrida
O‘trorga birinchi zarbani berishi bilan Xorazmshohlar saltanatiga hujum boshlandi va
1221-yilga qadar harbiy harakatlar olib borildi (Buniyotov Z., 2023: 238). 1221-yilda
saltanat poytaxti Urganch bosib olingach, Chingizxon saroydagi sulton xonadoniga
mansub bo‘lgan ayol-erkak, yosh-u qari barchasini asir qilib oladi. Asir olinganlar
orasida Alovuddin Muhammadning katta qizi Xon Sulton ham bor edi. Xon Sultonni
Dushixon (Chingizxonning to‘ng‘ich o‘g‘li Jo‘jixon) o‘ziga xotinlikka mo‘ljallaydi
(Nasaviy Sh., 2018: 120). Xon Sulton o‘zi aslida Samarqand hukmdori sulton
Usmonga hijriy 547-yilning bahorida (1201-yilning aprelida) turmushga chiqadi.
Uning vafotidan keyin, Juvayniyning aytishicha, Xon Sulton Ili daryosi havzasi
yaqinidagi oʻrta asr shahri boʻlgan Emilda yashovchi boʻyoqchiga erga beriladi.
Boʻyoqchi umrining oxiriga qadar u bilan yashagan deyiladi. Ibn Xoldun ham shunga
oʻxshash maʼlumot beradi. Biroq bu maʼlumot notoʻgʻri. Chunki Xon Sulton Joʻjiga
tegadi. Ulardan Oltin O‘rdaning ilk musulmon xoni Berka Sulton dunyoga keladi
(Bobojonov I., 2024: 34). Muslima ona tarbiyasida ulg‘aygan Berka Sulton keyinchalik
arab xalifaligi poytaxti ustiga yurish qilgan qarindoshi Xulaguxonga qarshi chiqib
musulmonlarni himoya qilishga urinadi. Xon Sulton bilan birga uning o‘g‘li Mahmud
ibn Mamdud ham asir qilib olingach, mo‘g‘ullar uni biroz muddat o‘z qo‘lida saqlab,
qullar bilan urushtirib tomoshalar tashkil qiladi. Keyinchalik esa Shom diyoridagi qul
bozoriga olib borib sotib yuboradi. Ismi Mahmud ibn Mamdud bo‘lsa ham, u
Sayfuddin Qutuz nomi bilan mashhur bo‘ldi. Qutuz nomi haqida olimlar tomonidan
turlicha fikrlar ilgari suriladi. Xususan, “Qutuz” – so‘zining kelib chiqishi turkiycha
bo‘lib, “Qutuz” so‘zining o‘zagi bo‘lgan “qut” so‘zidan olingan va bu odatda, “baraka”

so‘zi bilan qo‘shma so‘z sifatida ishlatiladi. Ayrim tarixchilar tomonidan “Qutuz” –
“quturgan it” degan ma’noni anglatishi aytiladi (Abduraimov B., 2023: 96).

Sayfuddin Qutuz Shom diyorida biroz vaqt qul bo‘lib xizmat qilgach, uni
Misrdagi qul bozoriga olib kelib sotishadi. Ma’lumki, 1260-1517-yillar davomida
Misr, Shom va Hijozda Mamluklar sultonligi (qullar davlati) hukmronlik qiladi. Ushbu
davlat Ayyubiylar davlati tarix sahnasidan ketgach, uning o‘rnida tashkil topadi.

Mamlakatda o‘zi shundoq ham siyosiy vaziyat izdan chiqish arafasida edi. Shu
vaqtda Xulaguxon boshliq mo‘g‘ullar imperiyasi tomonidan Islom dunyosiga hujumlar
tashkil qilinib, shaharlar vayron qilinayotgan edi. Bag‘dod vayron qilingan va keyingi
nishon Misr bo‘lishi aniqlashib qolgan edi.

Rashiduddin o‘zining “Jome’u-t-tavorix” asarida keltirishicha, hijriy 658-yilning
jumadu-s-soniy (milodiy 1260-yil iyun) oyida Xulaguxon Suriyadaligida mo‘g‘ul
choparini 40 nafar xizmatkor bilan Misrga yuborib, undan Chingizxonga bo‘ysunishni,
xiroj yuborishni va sultonning o‘zi Xulaguxon huzuriga kelib, shihnalikni so‘rashni
talab qiladi va aks holda, urushga tayyorlanishni buyuradi. Shu solnomada xorazmshoh
Jaloliddinning ba’zi amirlari ko‘p sarguzashtlardan so‘ng Misrga borib qolganliklari
aytiladi. Ularni mamluk sultoni al-Malik al-Muzaffar Sayfuddin Qutuz (1259-1260)
qabul qilib, mehribonlik ko‘rsatadi, ahvollaridan xabar oladi va ko‘p mollar in’om
qiladi. Xulaguxonning choparlari kelganda Qutuz amirlarini maslahat uchun to‘plab,
ulardan qanday ish tutish haqida so‘raydi. Xorazmiylarning amiri Nasiruddin
Muhammad Kaymuriy bunday dedi: “Agar biz Xulaguning himoyasiga borsak,
sharmandagarchilik bo‘lmaydi, ammo piyolada zahar borligini bila turib, undan ichish
va to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘limga borish, bu aqldan uzoqdir. Xulagu majburiyatlari va
va’dalarini bajarmaydi, chunki u bitim va va’dalardan so‘ng ismoiliylarning boshlig‘i
Hurshohni, xalifa al-Musta’simni va boshqalarni o‘ldirdi. Agar uning huzuriga
boradigan bo‘lsak, u biz bilan ham xuddi shunday qiladi”. Qutuz dedi: “Agar biz
mo‘g‘ullardan oldin harakat qilmasak, u holda boshqa mamlakatlar bilan bo‘lganidek,
Misr ham tezda vayron qilinadi. Bizning mamlakatimizga qasd qilayotgan bu
odamlarga nisbatan uch choradan birini qo‘llash kerak: yo yarashmoq, yo jang qilmoq,
yoki vatanni tark etmoq”. Shunda Nasriddin Kaymuriy dedi: “Yarashishning foydasi
yo‘q, chunki ularning va’dasiga ishonib bo‘lmaydi!”. Sulton Qutuz mo‘g‘ullar bilan
jang qilishga qaror qildi (Buniyotov Z., 2023: 239).

Misrlik mamluk qo‘shinlarining mo‘g‘ullar bilan jangi hijriy 658-yil ramazon
oyining 25-kunida (milodiy 1260-yil 4-aprel) Falastinda, Ayni Jalut degan joyda
bo‘ldi. Ma’lumki, bu jang mo‘g‘ullarning qaqshatqich mag‘lubiyati va qochishi bilan
tugadi. Sulton Qutuzning o‘ziga kelsak, al-Makriziy bunday yozadi: “Aytishlaricha,
uning ismi Mahmud ibn Mamdud edi, uning otasi sulton Jaloliddinning amakisining
o‘g‘li edi. Qutuzni totorlar asir olganlar va uni Damashqqa sotganlar, u yerdan u
Qohiraga olib ketilgan”.

Xorazmliklar Misrda, Suriya shimolida, Iroqda va Onadulining janubi-g‘arbida
o‘troq bo‘lib qoldilar. Ularning avlodlari hozirgi kunda ham Iroqning shimolida Mosul
va Qirko‘k atrofidagi qishloqlarda yashaydilar, ular o‘zlarini turkman deydilar.
Onadulida ular xurzumlu deb ataladilar va hozirgi kunda Xurzum deb ataladigan
qishloqlarda yashaydilar. Shunday qishloqlardan sakkiztasi Egey dengizi sohilida
Manisa (Turkiya) viloyatida joylashgan.

Amir Temur va temuriylar davrida Misrdagi Mamluklar sultonligi bilan aloqalar
har qachongidan faollashdi. 1382-yilda Misrda hokimiyat tepasiga kelgan Sulton az-
Zohir Barquq, boshliq cherkas mamluklari davlati o‘z tarkibiga kirgan Suriya, ularga
tobe bo‘lgan va muqaddas sajdagohlar makoni Hijoz bilan birgalikda qudratli kuchga
aylangan bo‘lib, sharqdagi qo‘shni mamlakatlar uchun himoya vazifasini o‘tardi.
(O‘ljayeva Sh., 2018: 60).

Amir Temur davrida Misr mamluklari bilan munosabatlar ziddiyatli tus oladi.
Temur Tabrizda hukmronlikni qo‘lga kiritgan Qora quyunlilar hukmdori Qora Yusuf
Turkman (791/1389—823/1420) dan bir necha bor itoat etishni talab etgan. Uning otasi
Qora Muhammadni esa Temur ilgaridan haj va savdo karvonlariga bosqinchilikda
ayblab kelgan va o‘zining ashaddiy dushmani deb bilgan. Qora Yusuf Turkman
Temurning itoat borasidagi talabini rad etgan. Buning ustiga to‘qnashuvlardan birida
Avnik qal’asiga Temur tomonidan hukmdor etib tayinlangan Atalmish Qavchin ismli
shaxsni 1388-yilda asir olib Qohiraga, mamluklar sultoni huzuriga yuborgan va u yerda
zindonga tashlagan edi.

Bundan tashqari, Misr mamluklari Sohibqiron Amir Temurning ashaddiy
dushmani Sulton Ahmad ibn Uvaysga mamlakatdan panoh bergan edilar. Shunga
ko‘ra, Sohibqiron maktublaridan birida Misrga qochib kelgan Bag‘dod hokimi Sulton
Ahmad ibn Uvaysni yuborishni, ya’ni Misrdan chiqarib yuborishni talab qilgan edi.
Misr mamluklari xalqaro udumlarni oyoq osti qilib, Sohibqiron elchilarini bandga solar
yoki o‘ldirar edilar.

Temuriy shahzodalar, xususan, Shohrux mirzo va Ulug‘bek mirzolar davrida
mamluklar bilan biroz iliqroq munosabat davom etdi. 1422-yil mamluk davlati taxtiga
sulton Barsbay chiqdi. 1425-yil yanvar oyida Shohrux tomonidan Barsbayga bir elchi
borganligi ma’lum. Lekin manbalarda elchining nima sababdan kelganligi
bildirilmagan. Faqat elchi to‘qqiz oy yo‘l yurib kelganligi va elchi uchun 28-yanvarda
tantanali qabul marosimi o‘tkazilganligi ma’lum. 1429-yil 13-oktyabr kuni Shohrux
tomonidan yana bir elchilik hay’ati Qohiraga yetib bordi. Elchilar mamluk sultoni
Barsbayga Shohrux va Sheroz hokimi Ibrohim sultonning maktub va qimmatli sovg‘asalomlarini yetkazdilar. Shohrux Barsbayga yuborgan maktubida undan Ibn Hajar
Asqaloniyning Imom Buxoriyning “Sahihu-l-Buxoriy” nomli kitobiga yozgan sharhini
va Taqiyuddin Maqriziyning “Kitobu-s-Suluk” deb nomlangan kitobini yuborishini
so‘ragan. Bundan tashqari, undan Ka’baga kisva yoptirish va Makkayi Mukarramaga

suv yo‘li qurishni xohlashini bildirgan. Mamluk sultoni Shohruxning kitoblar
masalasidagi talabini qondiradi (Turdimirzayev J., 2025: 99). Lekin Ka’baga kisva
yopish va Makkaga suv yo‘li qurish masalasida, uning uchun alohida vaqf joriy
qilinganligini va Makkaga suv yo‘li yetarlicha borligini aytib, boshqasiga ehtiyoj
yo‘qligini aytadi. Xulosa qilib ko‘riladigan bo‘lsa, agar Ka’baga Shohrux tomonidan
kisva yoptiriladigan bo‘lsa, uning islom olamida nufuzi ortib ketishiga olib kelardi. Bu
narsa xalifa ham uning himoyasida bo‘lgan sulton Barsbay va mamluk davlati
manfaatlariga zid keladi. Shuning uchun Barsbay Shohruxning kisva va suv yo‘li
talablarini rad etgan. Shohrux mirzo tomonidan Ka’baga kisva yopish masalasida
bundan keyin ham yana bir necha marta elchilar yuboriladi, lekin bu talab
qondirilmaydi. O‘rtada ziddiyatli munosabatlar ham avj ola boshlagan edi, lekin 1439-
yil may oyida Misr mamluk sultoni Barsbay vafot etadi. Uning o‘rniga shu yil avgust
oyida sulton Chaqmoq mamluk hukmdori bo‘ldi. 1439-yil noyabr oyida Qohiraga
Shohrux mirzodan bir elchi bordi. Elchi olib borgan maktubda Shohrux Barsbayning
o‘limidan xabar topganligi va mamluk taxtiga Chaqmoq chiqqanligidan xursand
bo‘lganini bildirgan. Shohruxning elchisi Qohirada bo‘lgan vaqtda, sulton
Chaqmoqning Chichekbug‘o deb nomlangan elchisi Hirotda Shohrux huzuriga kelib,
yangi sultonning hadyalarini topshiradi.

Ikki xalq o‘rtasidagi munosabatlar keyingi davrlarda ancha sustlashdi. Sovet
Ittifoqi davrida esa uning Misr Arab Respublikasi bilan o‘zaro yaqin ittifoqi yuzaga
keldi. XX asrda, ayniqsa 1950–1980-yillar oralig‘ida O‘zbekiston SSR va Misr
o‘rtasida Sovet Ittifoqi doirasida madaniy, ilmiy va iqtisodiy aloqalar kuchaydi.
O‘zbek olimlari Misrda ishlagan, misrlik talabalar esa Toshkentda tahsil olgan. Savdo,
sanoat va ta’lim sohasida o‘zaro hamkorlik qilindi. O‘zbekistonlik olimlar jamoasi
Misr Arab Respublikasida ko‘plab loyihalarda Sovet Ittifoqi nomidan ishtirok etdi.

O‘zbekiston 1991-yil mustaqillikni e’lon qilgach, ikki mamlakat o‘rtasida
elchixonalar ochildi, siyosiy, iqtisodiy va madaniy hamkorlik hujjatlari imzolandi.
Tashqi siyosatda xalq diplomatiyasi, savdo, turizm, ta’lim, va madaniyat sohalaridagi
almashinuvlar orqali aloqalar mustahkamlanmoqda.

O‘zbekiston mustaqillikni e’lon qilganidan so‘ng to‘rt oy ichida, 1991-yil 26-
dekabrda Misr uni tan olgan va 1992-yil 23-yanvarda diplomatik aloqalar o‘rnatilgan.
Misrning Toshkentdagi elchixonasi 1993-yilning may oyidan faoliyatini boshlagan,
O‘zbekistonning Qohiradagi elchixonasi esa 1994-yilda ochilgan. O‘zbekiston
Respublikasining Birinchi Prezidenti I. Karimov 1992-yil va 2007-yillarda ikki marta
Misrga rasmiy tashrifni amalga oshirgan. 1997-yilda “O‘zbekiston-Misr” do‘stlik
jamiyati, 2000-yilda “Misr-O‘zbekiston” do‘stlik jamiyatlari ta’sis etildi (Aripova Z.,
2021: 3). Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi 2018-yil 4–5-sentyabr kunlari
O‘zbekistonga rasmiy tashrif buyurgan. Bu uning O‘zbekistonga birinchi tashrifi edi.
Tashrif davomida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan Ko‘ksaroy

qarorgohida oliy darajadagi muzokaralar o‘tkazildi. Muzokaralarda siyosiy, savdoiqtisodiy, turizm, fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi hamkorlikni
rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Tashrif yakunida ikki mamlakat o‘rtasida
bir qator hujjatlar imzolandi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 20–21-fevral kunlari Misr
Arab Respublikasiga rasmiy tashrif buyurdi. Tashrif davomida Qohiradagi “Al-
Ittihodiya” saroyida Misr Prezidenti Abdulfattoh as-Sisi bilan oliy darajadagi
muzokaralar o‘tkazildi. Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish,
savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish
masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasida qo‘shma
bayonot qabul qilindi va bir qator ikki tomonlama hujjatlar imzolandi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, o‘zbekistonliklar va misrliklar o‘rtasidagi
hamkorlik aloqalari uzoq tarixga borib taqaladi. Ikki xalqning bir dinga e’tiqod qilishi
sababli ular barcha davrlarda yaqindan hamkorlik qilib keldi.
Ayniqsa, Sovet Ittifoqi davrida ittifoq tomonidan Misr bilan yaqin siyosat
yuritilishi va har jihatdan uni qo‘llab-quvvatlashda O‘zbekiston olimlarining hissasi
katta bo‘lgan. Ayniqsa, Asvon to‘g‘onining barpo etilishida Sovet Ittifoqi ham moddiy,
ham ma’naviy jihatdan Misrni qo‘lladi.
Hozirda Misr Arab Respublikasi bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi diplomatik
munosabatlarni fan va ta’lim sohasida yanada chuqurlashtirish orqali ikki mamlakat
hamkorligini bundan-da yuqori darajalarga olib chiqish imkoniyatlari mavjud.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Aripova Z. (2021). O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo-Misr munosabatlari. –
Toshkent.
2. Bobojonov I. (2024). The last Khorezmshah – The history of Saifiddin Qutuz’s
struggle against the Mongol invaders // International Journal of European Research
Output, № 9.
3. Buniyotov Z. (2023). Anushteginiy – Xorazmshohlar davlati (1097-1231). –
Toshkent: Yangi asr avlodi.
4. Fayzullayev O. (2008). Ahmad al-Farg‘oniyning fanniy olami // Ma’rifat
gazetasi.
5. Muhammad Yusuf M. S. (2018). Islom tarixi (J. 2). – Toshkent: Hilol nashr.
6. Turdimirzayev J. (2025). Temuriy Shohrux Mirzoning Misr davlati bilan
xalqaro elchilik aloqalari. Academic Research in Modern Science, № 4. – B. 44–46.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15128614
7. Uvatov U. (1996). Amir Temur va mamlukiylar. – Toshkent.
8. O‘ljayeva Sh. (2018). Amir Temur diplomatiyasi. – Toshkent.

9. https://www.egypttoday.com/Article/1/57014/Sisi-to-conclude-Asian-tourby-visiting-Uzbekistan?utm_source

10. https://president.uz/oz/lists/view/2014?utm_source

REFERENCES:
1. Aripova Z. (2021). O‘rta asrlarda Markaziy Osiyo-Misr munosabatlari. –
Toshkent. (In Uzbek)
2. Bobojonov I. (2024). The last Khorezmshah – The history of Saifiddin Qutuz’s
struggle against the Mongol invaders // International Journal of European Research
Output, № 9.
3. Buniyotov Z. (2023). Anushteginiy – Xorazmshohlar davlati (1097-1231). –
Toshkent: Yangi asr avlodi. (In Uzbek)
4. Fayzullayev O. (2008). Ahmad al-Farg‘oniyning fanniy olami // Ma’rifat
gazetasi. (In Uzbek)
5. Muhammad Yusuf M. S. (2018). Islom tarixi (J. 2). – Toshkent: Hilol nashr.
(In Uzbek)
6. Turdimirzayev J. (2025). Temuriy Shohrux Mirzoning Misr davlati bilan
xalqaro elchilik aloqalari. Academic Research in Modern Science, № 4. – B. 44–46.
https://doi.org/10.5281/zenodo.15128614. (In Uzbek)
7. Uvatov U. (1996). Amir Temur va mamlukiylar. – Toshkent. (In Uzbek)
8. O‘ljayeva Sh. (2018). Amir Temur diplomatiyasi. – Toshkent. (In Uzbek)
9. https://www.egypttoday.com/Article/1/57014/Sisi-to-conclude-Asian-tour-byvisiting-Uzbekistan?utm_source
10. https://president.uz/oz/lists/view/2014?utm_source