ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

M. G. Davletshinning shaxsiy xususiyatlari va ilmiy-pedagogik qarashlarining shakllanishiga ta’sir etgan omillar

Nishanova Zamira Taskarayevna, Nishanova Zulfizar Yashin qizi

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

M..G..DAVLETSHINNING SHAXSIY XUSUSIYATLARI VA ILMIY-
PEDAGOGIK QARASHLARI SHAKLLANISHIGA TA’SIR ETGAN

OMILLAR

FACTORS AFFECTING THE FORMATION OF THE PERSONAL
CHARACTERISTICS AND SCIENTIFIC-PEDAGOGICAL VIEWS OF

M..G. DAVLETSHIN

ФАКТОРЫ, ВЛИЯЮЩИЕ НА ФОРМИРОВАНИЕ ЛИЧНОСТНЫХ
ХАРАКТЕРИСТИК И НАУЧНО-ПЕДАГОГИЧЕСКИХ ВЗГЛЯДОВ

М..Г..ДАВЛЕТШИНА

Nishanova Zamira Taskarayevna
O‘zbekiston milliy pedagogika universiteti professori,

psixologiya fanlari doktori
Tel.: +998 90 997-33-61

E-mail: nishanovaz23x@gmail.com

Nishanova Zulfizar Yashin qizi
Toshkent amaliy fanlar universiteti,
Psixologiya kafedrasi o‘qituvchisi, PhD

Tel.: +998 94 679-66-06

Annotatsiya: Maqolada O‘zbekiston psixologiya fani taraqqiyotiga katta hissa
qo‘shgan, psixologlar ilmiy jamoatchiligida o‘zining alohida salobatli o‘rniga ega olim
Muhammad Gabdulgalimovich Davletshinning shaxs xususiyatlari hamda ilmiypedagogik qarashlari shakllanishiga ta’sir etuvchi omillar bayon etilgan. Xotira fikr,
mulohaza, mushohada yolg‘iz shu tuyg‘ular o‘tmishni ortga qaytara oladi. Shunda biz
xotira orqali anglay boshlaymiz. Xotirlashga arzigulik voqealar, jozibali tafsilotlarga
boy odamlar ruhan va qalban komil insonlar bo‘ladi. Professor M.G.Davletshin ana
shunday ruhiy olam quvvatiga ega bo‘lgan, uzoq kelajakni ko‘ra bilgan, o‘tmishni
xotirlab, yaxshi niyatlar aytishga arzigulik zabardast olim edi. O‘zbekiston
Respublikasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, psixologiya fanlari doktori, professor
M.G.Davletshin Vatanimizdagi psixologiya fani rivojlanishiga o‘zining ulkan hissasini
qo‘shgan olimdir.

Kalit so‘zlar: psixolog, shaxs, olim, psixologiya tarixi, kontent analiz.

Abstract: The article describes the factors influencing the formation of the
personality traits and scientific and pedagogical views of the scientist Muhammad
Gabdulgalimovich Davletshin, who made a significant contribution to the development
of the science of psychology in Uzbekistan and occupies a special place in the scientific

community of psychologists. Memory, reflection, and observation are the only ways in
which these relatives can return to the past. Then we begin to understand through
memory. People who are fond of memorable events and fascinating details are perfect
in spirit and heart. Professor M.G. Davletshin was a brilliant scientist who possessed
such spiritual and worldly power, who could see the distant future, remember the past,
and make beautiful memories. M.G. Davletshin, a scientist who served in the Republic
of Uzbekistan, Doctor of Psychological Sciences, professor, is a scientist who has made
a great contribution to the development of the science of psychology in our country.

Keywords: psychologist, personality, scientist, history of psychology, content
analysis.

Aннoтaция: В cтaтьe oпиcывaютcя фaктopы, влияющиe нa фopмиpoвaниe
чepт личнocти и нayчнo-пeдaгoгичecкиx взглядoв yчeнoгo Мyxaммaдa
Гaбдyлгaлимoвичa Дaвлeтшинa, внecшeгo знaчитeльный вклaд в paзвитиe нayки
пcиxoлoгии в Yзбeкиcтaнe и зaнимaющeгo ocoбoe мecтo в нayчнoм cooбщecтвe
пcиxoлoгoв. Пaмять, paзмышлeниe и нaблюдeниe – eдинcтвeнныe cпocoбы, c
пoмoщью кoтopыx эти близкиe мoгyт вepнyтьcя в пpoшлoe. Тoгдa мы нaчинaeм
пoнимaть чepeз пaмять. Люди, yвлeкaющиecя пaмятными coбытиями и
yвлeкaтeльными пoдpoбнocтями, coвepшeнны дyxoм и cepдцeм. Пpoфeccop М.Г.
Дaвлeтшин был блecтящим yчeным, oблaдaвшим тaкoй дyxoвнoй и миpcкoй
cилoй, кoтopый мoг видeть дaлeкoe бyдyщee, пoмнить пpoшлoe и coздaвaть
пpeкpacныe вocпoминaния. М.Г. Дaвлeтшин, yчeный, cлyживший в Pecпyбликe
Yзбeкиcтaн, дoктop пcиxoлoгичecкиx нayк, пpoфeccop, – yчeный, внecший
бoльшoй вклaд в paзвитиe нayки пcиxoлoгии в нaшeй cтpaнe.

Ключeвыe cлoвa: пcиxoлoг, личнocть, yчeный, иcтopия пcиxoлoгии,
кoнтeнт-aнaлиз.

KIRISH
M.G.Davletshin 1923-yil 11-noyabrda Rossiya Federatsiyasining Orenburg
shahrida tavallud topgan. Uning otasi o‘z davrining mashhur ziyolilaridan biri bo‘lib,
madrasa rahbari va mudarrisi sifatida faoliyat ko‘rsatgan. M.G.Davletshin 1957-yil «5-
7-sinf o‘quvchilarida texnik qiziqishlarni shakllantirish» mavzusidagi nomzodlik
dissertatsiyasini, 1971-yil «O‘quvchilarda texnik qobiliyatlarning psixologiyasi»
mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini muvaffaqiyatli yoqlagan.
Professor M.G.Davletshin mehnat ta’limi va kasbga yo‘llash muammolariga,
texnik qiziqish va texnik qobiliyatlarni shakllantirishning psixologik xususiyatlariga,
Respublikamizdagi pedagogika oliy o‘quv yurtlari va universitetlarida o‘qituvchi
kadrlar tayyorlash samaradorligini oshirish muammolariga ko‘p e’tibor beradi.
M.G.Davletshinning ilmiy qiziqishlari asosan oliy maktablarda psixologiyani o‘qitish

samaradorligini oshirish muammolariga qaratilgan edi. Olim tomonidan O‘zbekiston
maktablarida psixologik xizmatni tashkil qilish, boshqarishning shakl va tizimi ishlab
chiqildi. Professor M.G.Davletshin hozirgi zamon talablarini nazarda tutib, mustaqillik
yillarida asosiy e’tiborni Sharq mutafakkirlarining psixologik qarashlarini o‘rganish
masalalari bilan oliy maktabda psixologiyani o‘qitishda va Respublika
psixologlarining ilmiy tadqiqot ishlarida bu boy merosdan foydalanish masalasiga
qaratgan. Biz tadqiqotda M.G.Davletshinning shaxs xususiyatlari va ilmiy-psixologik
qarashlarining shakllanishiga ta’sir etgan omillarni aniqlash maqsadida kontent analiz
metodidan foydalandik. «M.G.Davletshin zamondoshlar va shogirdlar xotirasida»
nomli uslubiy qo‘llanma matnidagi 29811 ta so‘z tahlil qilindi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
«Ilmiy rahbarim professor, fan arbobi bo‘lsa ham kichik ko‘ngil, mehribon,
samimiy, shogirdlarini o‘z farzandiday ko‘ruvchi Muhammad Gabdulgalimovich
Davletshin va uning oqila turmush o‘rtog‘i – Maftuxa ayajonimdan juda
minnatdorman. Ustoz yonlariga ilmiy ishimni tahlil qildirgani borganimda darhol
«Qachon ketasiz?»-deb so‘rab olardi. Men «Bugun, chunki 8 oylik farzandimni tashlab
kelganman»- desam, boshqa ishlarini bir chetga surib qo‘yib, ko‘rsatgani olib borgan
ilmiy ishimni ko‘rib, maslahatlarini yozib berardi» (Maxsudova M., 2018: 108).
Ba’zi sinaluvchilar ustozni «mas’uliyatli» shaxs sifatida baholashgan, bu fikrning
takrorlanish chastotasi 0,36 ga teng. Bu fikrga misol sifatida P.S.Ergashevning
quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli:
«Ustozning o‘ta mas’uliyatli inson ekanini qanday misollar tasdiqlaydi.
Muhammad Davletshin hech qayerga kechikib bormaganligi, kechikkandan ko‘ra
bormaslikni afzal bilgani, punktual bo‘lmagan odamlar ular ko‘z o‘ngida nihoyatda
salbiy aks etgani haqida ko‘pchilik biladi. Men Ustozning har ishda qanday mas’uliyat
bilan yondashganini ko‘rsatuvchi yana bir misolni eslayman. Yodimda, 85 yillik
tavallud ayyomi katta to‘y qilib nishonlanganda anjumanning tantanali qismi so‘ngida
bularga so‘z berilganda, to‘rt qator she’r qo‘shib minnatdorchilik bildirgandi. Hali
esimda, keksalik sababmi yoki hayajon, she’rni biroz to‘xtab, lekin oxirigacha aytib
bergandi. O‘shanda ichimdan «qoyil, bayramga ataylab she’r ham yodlabdi» degan
xayol o‘tgandi» (Ergashev P., 2013:10).
Fikrimizcha, yuqoridagi hayotiy misollar ustoz M.G.Davletshinning o‘ta
mas’uliyatli shaxs, olim bo‘lganligidan nishonadir.
Respondentlar «Doim kelajakni ko‘zlash» M.G.Davletshinga xos xislatlardan biri
ekanligini ta’kidlashgan, bu fikrning takrorlanish chastotasi 0,32 ga teng. Ustozning
erishilganlar bilan to‘xtab qolmasdan, doim kelajakni ko‘zlaganlariga misol sifatida
P.S.Ergashevning quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildik: «Shu ma’noda ustoz

bilan bog‘liq bu xotiralardan qanday saboqlar olganimni quyida dona-dona sanab
o‘tsam, sanaganda ham aniq faktlar bilan keltirib o‘tsam:

Fakt №1 (29.10.2008). Nomzodlik dissertatsiyasi muddatdan avval himoya
qilindi, himoya hujjatlari Oliy attestatsiya komissiyasiga topshirildi, aspirantura
rasman tugallanishiga ikki oy bor, bu yog‘iga maza qilib o‘zimga o‘zim ta’til e’lon
qilaman desam, ustoz keyingi faoliyat, ish joyini hal qilmaguncha hech qanday ta’tilga
ruxsat yo‘q, dedilar.

Saboq: doim kelajakni ko‘zlash, bajarib bo‘lingan ishdan qoniqish bilan
cheklanib, shunda to‘xtab qolmaslik, ertani o‘ylab yashash».

Bu fikrlardan ustoz M.G.Davletshin uzoqni ko‘zlab ish tutishlari, doimo
erishilgan muvaffaqiyatlar bilan cheklanib, qolmasdan doim harakatda, izlanishda
bo‘lish zarurligini shogirdlariga uqtirganlariga guvoh bo‘ldik.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotning metodologik asosini psixologiyaning asosiy tamoyillaridan biri
bo‘lmish – determinizm tamoyili, tizimlilik tamoyili, tarixiy psixologik tadqiqotlarning
obyektivligi tamoyili, o‘tmish, bugun va kelajak birligi tamoyili tashkil etadi.
Ilmiy ishimizda determinizm tamoyilidan metodologik asos sifatida
foydalanganimiz sababi tadqiqotimiz obyekti bo‘lmish professor M.G.Davletshin
ilmiy ijodi u faoliyat yuritgan ishlab chiqarish va ta’lim tizimi bilan bevosita bog‘liq.
Chunki M.G.Davletshin dastlab mehnat faoliyatini aviatsiya zavodida slesar sifatida
boshlagan, shuning uchun nomzodlik dissertatsiyasi mavzusi texnik qiziqishlarga,
doktorlik dissertatsiyasi mavzusi texnik qobiliyatlarga bag‘ishlangan . U pedagogika
oliy o‘quv yurtida rahbarlik lavozimlarida hamda o‘qituvchi sifatida faoliyat yuritib,
psixologiya fanlarini o‘qitishning yangi konsepsiyasini ishlab chiqqan, zamonaviy
o‘qituvchining psixologik xususiyatlarini batafsil yoritgan. Shu bilan birga shogirdlari
ilmiy ishlarida o‘z g‘oyalarini davom ettirgan.

TAHLIL VA NATIJALAR
Sinaluvchilar M.G.Davletshinni «komil inson» deya baholashgan bu fikrning
takrorlanish chastotasi 0,31 ga teng. Bu fikrga misol sifatida E.N.Sattarovning
maqolasidan parcha keltiramiz: «Muhammyed Galimovich esa psixologiya fanida
yangi muammolarga bag‘ishlangan yangi kitoblarni kafedra majlisida muhokama
qilishni xodimlar uchun kasbiy zaruratga aylantira olgan edi. Murakkab ilmiy
masalalar bo‘yicha axborot berishni tajribali, ilmiy darajaga ega xodimlarga, dolzarb,
yangi, lekin juda murakkab bo‘lmagan masalalar bo‘yicha tahliliy axborot berishni
yoshlar zimmasiga yuklar edi. Bu esa doimiy ravishda kafedrada ilmiy muhit hukm
surishini ta’minlab berar edi. Albatta, bunday ilmiy muhokamalarga domlaning o‘zi
bosh bo‘lib, muhokama oxirida mavzu bo‘yicha yakunlovchi fikrini bildirar edi.

Menimcha, biz yoshlarni boshqaruv faoliyatiga tayyorlab borgan yetakchi omillardan
yana biri domla tomonidan ishning shunday tashkil etilganligi bo‘lsa ajab emas.

Ushbu maqolada men keltirgan fikrlar domlaning boy insoniy hayotidan olingan
zarra, xolos. O‘ylaymanki, aynan domlaga o‘xshab vijdonan yashab o‘tilgan hayot shu
tarzda umr kechirgan odamlarni katta harflar bilan BUYUK INSON deb atash uchun
yetarli asos bo‘lishga va yoshlar uchun esa o‘z hayotini qurishda haqiqiy andoza bo‘lib
xizmat qilishga arziydi» (Nishanova Z., 2023: 41).

Fikrimizcha, nafaqat bu misolda boshqa shogirdlar va zamondoshlar tomonidan
ham ustoz M.G.Davletshin har tomonlama yetuk, komil inson sifatida yuksak
baholangan.

Sinaluvchilar M.G.Davletshinni «mehnatsevar» shaxs sifatida baholashgan, bu
fikrning takrorlanish chastotasi 0,31 ga teng. Bu xislatga misol sifatida
Z.T.Nishanovaning maqolasidagi quyidagi fikrlarni keltirishni joiz deb bildik:

«Professor M.G.Davletshinga komil insonga xos barcha ijobiy xislatlar xos. Ular
orasida yuksak ma’naviyat, gumanizm, altruizm, maqsadga intiluvchanlik,
mehnatsevarlik, kuchli iroda, sabr-toqatlilik kabi xislatlar ustozda yaqqol namoyon
bo‘lgan» (Nishanova Z., 2018: 36).

Yuqoridagi fikrlardan, ustoz M.G.Davletshin komil insonlarga xos barcha ijobiy
xislatlar egasi bo‘lganliklarini anglab etdik.

Respondentlar M.G.Davletshinga «Bilimlarni egallashga, aqliy, axloqiy, kasbiy
va ilmiy o‘sishga intilish» xos ekanligini ta’kidlashgan, bu indikatorning takrorlanish
chastotasi 0,27 ga teng. Shogirdlar respondentlar M.G.Davletshinni «motivator»
sifatida baholashgan, bu indikatorning takrorlanish chastotasi 0,26 ga teng. Bu
fikrlarga misol sifatida M.Maqsudovaning maqolasidan bir shingil keltirishni lozim
topdik:

«Ustozimning bir gaplari qulog‘imga qo‘rg‘oshindek quyulib qolgan: «qizim
chumolining harakatlarini kuzatganmisiz, bilasizmi, ular hech qachon harakatdan
to‘xtamaydilar, siz ham shu chumolilardek yashang, ilm yo‘lida to‘xtab qolmang»,
degandilar. Men hozir shogirdlarimga ustozimning shu gaplarini tez-tez eslataman.
Chunki inson o‘z maqsadiga erishishi uchun chumolidek harakat qilishi lozim ekan.
Men ilmiy ish qilayotgan yillarim turmush o‘rtog‘im talaba edi, 2 ta farzandimizni
qiynalib boqib katta qilayotgandik. Rosa qiynalgan vaqtlarimda ustozimning chumoli
haqidagi gaplari menga motivatsiya bo‘lgan. Men judayam baxtliman, chunki menga
shunday oliyjanob, shogirdlari uchun qayg‘uradigan inson rahbar bo‘lgan. Men
ustozimning 29-shogirdlari edim» (Maxsudova M., 2018: 108).

Bizningcha, M.G.Davletshin na faqat bu shogirdlariga, barcha hamkasblar va
shogirdlariga ilmiy ish bo‘yicha so‘ralgan bir og‘iz suhbat ham ular uchun yuksak
motivatsiya bo‘lgan deya to‘liq ishonch bilan ayta olamiz.

Quyidagi 1-jadvalda ko‘rinib turganidek, ko‘pchilik respondentlar

M.G.Davletshinni yosh olimlar va rahbarlar uchun ibrat, namuna deb baholaganlar, bu

fikrning takrorlanish chastotasi 0,4 ga teng.

1-jadval. M.G.Davletshin haqida yozilgan maqolalarning kontent tahlil natijalari

(n =29811)

№ Kontent analiz indikatorlari Ch

1 Namuna, ibrat 0,4

2 Shogirdlariga mehribon 0,37

3 Mas’uliyatli 0,36

4 Doim kelajakni ko‘zlash 0,32

5 Komil inson 0,31

6 Mehnatsevar 0,31

7 Bilimlarni egallashga, aqliy, axloqiy, kasbiy va ilmiy o‘sishga intilish 0,27

8 Motivator 0,26

9 Samimiylik 0,21

10 Punktual 0,21

11 Talabchan 0,21

12 Yuksak ma’naviyat 0,21

13 Yumor hissiga boy 0,15

14 Mehmondo‘st 0,15

15 Beg‘araz yordam beruvchi, altruist 0,15

16 Osiyoda yagona 0,15

17. Maqsadga intiluvchanlik 0,15

18 Boshqalarni muhokama qilmaslik, g‘iybatdan uzoq 0,15

19 Muhimini ajratish, bosh maqsaddan chalg‘imaslik 0,1

20 Sabrlilik 0,1

21 Yuksak empatiya 0,1

22 Havas obyekti 0,1

23 Jussasi kichik, salobati yuksak 0,1

24 Gumanizm 0,1

25 Kuchli iroda 0,1

26 Erishilgan muvaffaqiyatda to‘xtab qolmaslik 0,5

27 Ish joyidagi munosabatlarni qadrlash 0,5

28 Ruhiy ko‘tarinkilik, ortiqcha asabiylashmaslik 0,5

29 Fidoiy 0,5

30 Xolislik 0,5

31 Oilaparvar 0,5

32 Vazmin va bosiqlik 0,5

33 Sabr-toqatlilik 0,5

34 Bag‘rikeng 0,5

35 Prinsipial 0,5

36 Halollik 0,5

Respondentlar M.G.Davletshinni «samimiy», «punktual», «talabchan», «yuksak
ma’naviyatli» olim sifatida baholashgan, bu indikatorning takrorlanish chastotasi 0,21
ga teng.

Shogirdlar M.G.Davletshinni «yumor hissiga boy» shaxs sifatida ta’riflashgan, bu
indikatorning takrorlanish chastotasi 0,15 ga teng. Bu fikrlarga misol sifatida
K.B.Qodirovning quyidagi fikrlarini keltirishni joiz deb bildik:

«Ustozimiz M.G.Davletshin hamkasblari va shogirdlariga shaxsiy ishlari
bo‘yicha maslahatlar berishda hazil-mutoyiba, hikmatnamo mulohazalardan
foydalanish qobiliyati bilan alohida ajralib turardi. Hattoki, darsga tayyorgarlik ko‘rib
kelmagan, uyga vazifani bajarmasdan darsda qatnashayotgan talabalarni ham juda
ta’sirchan hazil-mutoyiba orqali koyib turardi. Masalan: «Talabaga shunchaki shimini
auditoriyadagi stulga ishqalab ketgani uchun baho qo‘yilmaydi-ku!..» - deya yarim
hazil, yarim chin kinoya bilan, bir tomondan, talabani kuldirib, ikkinchi tomondan, uni
o‘ylashga, mas’uliyatni his etib, jiddiyroq yondashishga undar edi.

Yana bir vaziyat: Muhammad Gabdulgalimovich ma’ruza mashg‘uloti jarayonida
darsga xalaqit beradigan talabalarga ham o‘ziga xos uslubni qo‘llardi. Shunday
vaziyatlardan birida Muhammad Gabdulgalimovich talabalarga 2-3 marta tanbeh
berganidan so‘ng bu holat yana takrorlangach, ularga istehzo bilan quyidagicha
murojaat qilgan: «Bilasizmi, psixiatrlar ayrim bemorlarga enurez, ya’ni «peshobni
ushlab tura olmaslik» tashxisini qo‘yishadi. Siz-chi? Mabodo, «nutqni ushlab tura
olmaslik» kasalligiga chalinmaganmisiz?..»

Albatta, shunga o‘xshash ko‘plab muammoli kasbiy vaziyatlarda, nizoli
pedagogik vaziyatlarda M.G.Davletshin tomonidan yuksak darajadagi hozirjavoblik,
topqirlik, kreativlik, diplomatik muomala madaniyati namoyon qilinishi chuqur
ma’noli hazil-mutoyiba va kesatishlar orqali yoshlarning xulq-atvorini to‘g‘ri
yo‘naltirish, shuningdek, xodimlari va shogirdlarining ishga, o‘qishga bo‘lgan
munosabatlarini ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun samarali vosita bo‘lib xizmat qilgan
deb o‘ylayman. Shaxsan men hurmatli ustozimiz Muhammad Gabdulgalimovichdan
juda ko‘plab pedagogik muloqot sirlarini, pedagogik ta’sir ko‘rsatish vositalarini
o‘rganganman va hanuzgacha o‘z kasbiy-pedagogik faoliyatimda samarali qo‘llab
kelmoqdaman“ (Qodirov K., 2023: 101-102).

Fikrimizcha, K.B.Qodirov tomonidan keltirilgan ikki vaziyat M.G.Davletshin
yumordan juda unumli foydalanganligiga yaqqol misol bo‘la oladi.

Sinaluvchilar M.G.Davletshinni «mehmondo‘st» shaxs sifatida ta’riflashgan, bu
indikatorning takrorlanish chastotasi 0,15 ga teng. Ularning mehmondo‘stliklarini
batafsil ta’riflagan olimalardan biri Sh.A.Dusmuxamedovadir:

«Agar institutdagi faoliyatimizda ustozni talabchan, uzoqni ko‘ra oladigan va
sanab adog‘iga yetib bo‘lmaydigan, buyuk olimlarga xos fazilatlarning barchasi

mujassam bo‘lgan olim sifatida ko‘rgan bo‘lsam, kafedra a’zolarimiz bilan ko‘p
marotaba xonadonlariga borganimizda respublikamizning har bir psixolog olimi,
doktoranti, har bir aspiranti, kafedrasi a’zolarining ilmiy ishlarini, olib borayotgan
faoliyatlarini, hayotlarini bilgan va befarq bo‘lmagan holda jonkuyarlik bilan
qiziqadigan, beminnat maslahat va yordam berishga doim tayyor turadigan chin
ma’nodagi olim, ustoz va inson ekanliklariga amin bo‘lganman.

Mehribon, pazanda Maftuxa opamizning biz kafedra a’zolarini mehmon qilishlari
va har birimizning hayotimiz bilan qiziqishlarni ko‘rib, bu ikki inson qalbi ota va
onalarcha mehr bilan limmo-lim to‘laligiga guvoh bo‘lganmiz. Hayotlarining oxirgi
yillarida hamma kafedra a’zolariga o‘zlarining bebaho xazinalarini – umrlari davomida
to‘plagan kitoblarini tarqatishlari bilan o‘zlaridan keyin ham o‘rgatadigan, maslahat
beradigan ilm buloqlarini tashlab ketgandek bo‘ldilar» (Dusmuxamedova Sh., 2018: 103).

Bizningcha, M.G.Davletshinlar oilasi juda mehmondo‘st bo‘lishgan, ularning
mehmondo‘stliklari haqida ko‘pchilik shogirdlari ta’kidlashgan. Hattoki, ishini bir
lahzaga ko‘rsatishga kelgan shogirdlarni ham bir piyola choy ichmay chiqsangiz,
yaxshi himoya qila olmaysiz deya, tuz totmasdan chiqib ketmaslikka undashgan.

Tadqiqotda ishtirok etganlar M.G.Davletshinni «altruist» inson sifatida
baholashgan, bu indikatorning takrorlanish chastotasi 0,15 ga teng. Ushbu fikrga misol
sifatida N.Odilovaning quyidagi fikrlarini keltirish o‘rinli:

«Agar «Siz uchun komil inson kim?», deb so‘rasalar, men ikkilanmasdan
M.G.Davletshin deb aytgan bo‘lar edim. Chunki, ularda komillikka xos bo‘lgan barcha
fazilatlar mujassamlashgan edi. Jumladan, mas’uliyatlilik, mehnatsevarlik, kelajakni
oldindan ko‘ra bilish, xolislik, sabrlilik, voqea-hodisalarni obyektiv baholash,
empatiya, altruizm, insonparvarlik va boshqa qator xislatlarni sanab o‘tish mumkin.
Shu bilan birga ustoz 50ga yaqin shogirdlarning ilmiy ishlariga rahbarlik qilgan,
ularning o‘z vaqtida dissertatsiyalarini yoqlashlariga bosh-qosh bo‘lgan insondir.
Ularda shogirdlariga nisbatan talabchanlik hamda mehribonlikning me’yori
kuzatilardi» (Odilova N., 2023: 18).

Fikrimizcha, yuqoridagi misoldan M.G.Davletshinning barchaga birday beg‘araz
yordam ko‘rsatganligi, evaziga hech narsa kutmaganini payqash qiyin emas.
Qayergadir borish kerak bo‘lganda, shogirdlari taksida borishni taklif etganlarida, faqat
pulini o‘zim to‘lasam, taksiga chiqishga roziman der ekan.

Sinaluvchilar M.G.Davletshinni «Osiyoda yagona professor», «maqsadga
intiluvchan», «boshqalarni muhokama qilmaslik, g‘iybatdan uzoq» shaxs sifatida
ta’riflashgan, bu indikatorning takrorlanish chastotasi 0,15 ga teng. Bularga
E.N.Sattarovning quyidagi fikrlari misol bo‘la oladi.

«Domla hech qachon birovning g‘iybatini qilmas, bunday mavzudagi suhbatni
tinglamas ham edilar, mabodo uyda ayollar tomonidan kimdir to‘g‘risida fikr bildirilib

boshlansa, chiroyli va tushunarli qilib nigoh tashlab qo‘yar edilar, bu esa suhbatni
boshqa mavzuga o‘tkazishga go‘yoki ko‘rsatma edi. Domla hayotda sodir bo‘lgan
qiziqarli voqea-hodisalarni gapirish va tinglashni yoqtirar edilar, u kishida yumor hissi
kuchli edi. O‘ylaymanki, hurmatli ustozimiz Muhammyed Galimovichning mazmunli
umri va hayot tarzi hozirgi kunda yoshlarimiz uchun ibrat bo‘la oladigan andoza
sifatida xizmat qila oladi» (Sattarov E., 2018: 41).

Fikrimizcha, M.G.Davletshin 20 yildan ortiq, na faqat O‘zbekistonda balki O‘rta
Osiyoda yagona professor bo‘lgani bilan maqsadga intiluvchan bo‘lishi bilan bir
qatorda, shogirdlarini va hamkasblarini ham doimo olg‘a intilishga ruhlantirgan.

Sinaluvchilar «sabrlilik», «yuksak empatiya», «havas obyekti», «jussasi kichik,
salobati yuksak» shaxs sifatida baholashgan, bu indikatorlarning takrorlanish
chastotasi 0,1 ga teng.

Z.T.Nishanovaning «M.G.Davletshin havas obyekti» maqolasidagi quyidagi
fikrlar ham yuqorida keltirilgan ustozning shaxs xislatlarini to‘ldiradi.

«Ustozning hayot va ijod yo‘li biz yoshlar uchun doimo namuna, hayotimizni
yorituvchi yulduz, psixologik izlanishlarni tinmay o‘tkazishga tayyorlantiruvchi,
doimiy havas obyekti, doimiy ijodga undovchi motivdir» (Nishanova Z., 37).

Bizningcha, P.S.Ergashev, Z.T.Nishanova maqolalaridagi g‘oyalar yuqoridagi
fikrlarning isboti, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Yuqoridagi kontent tahlil asosida M.G.Davletshinning olim va shaxs sifatida
portretini yaratishga harakat qildik.

Tadqiqotda ustoz M.G.Davletshin haqida ko‘proq ma’lumotlar yig‘ish uchun
uning zamondoshlari va shogirdlaridan jami 30 nafar respondentlardan intervyu ham
olindi. Ustoz bilan uzoq yillar birga ishlagan hamkasbi S.X.Jalilova: «M.G.Davletshin
oliyjanob xislatlar egasi edi. M.G.Davletshin darajasiga hamma ham yeta olmaydi,
juda halol olim edilar. Buni har yili o‘tkaziladigan respublika fan olimpiadalarida ko‘p
kuzatganmiz. Bizga DAK raisligiga kelganlarida har birimizga shaxsiy
kutubxonalaridagi kitoblarini sovg‘a qilganlar. 11-noyabrni har yili intizorlik bilan
kutardik. Bu kun respublika psixologlarining bayrami sifatida M.G.Davletshin
xonadonida, ularning tavallud kunlarida keng nishonlanardi».

• Shunday qilib, M.G.Davletshin 250 dan ortiq ilmiy-uslubiy nashrlar muallifi.
Shuningdek, internetda elibrary.ru/page_error.asp saytida M.G.Davletshin asarlariga
158 ta iqtiboslar keltirilgan.

• M.G.Davletshin va uning ilmiy ijodi haqida ma’lumotlar dunyoga mashhur
ijtimoiy tarmoq sahifalarida o‘z aksini topgan:

• https://uz.wikipedia.org/wiki/Muhammad_Davletshin.
• https://uzpedia.uz/pedia/muhammad_davletshin
• https://malumot.ru/davletshin-muhammad-gabdulgalimovich/

• Innovative-academiy –RSC
• https://psy.su/persons/100_psihologov_rossii/130253/
• https://megabaza.net/fr/davletshin-muhammad-gabdulgalimovich-haqidamalumot-bilib-oling/ensiklopediya-uz/

XULOSA VA TAKLIFLAR
Shunday qilib, empirik izlanishlar natijalaridan quyidagi xulosalarni bildirish
o‘rinli:
1. Kontent analiz metodidan nafaqat ijtimoiy psixologiyada, balki shaxs
psixologiyasi, psixologiya tarixi bo‘yicha olib borilayotgan izlanishlarda ham keng
foydalanish mumkin.
2. Olim tavalludiga bag‘ishlab, turli yillarda TDPUda o‘tkazilgan anjumanlarda
shogirdlar va zamondoshlar tomonidan ustoz haqida yozilgan maqolalarni kontent
tahlil qilish, zamondoshlar va shogirdlar bilan o‘tkazilgan intervyularni kontent analiz
qilish asosida M.G.Davletshin shaxsiga xos ijobiy xislatlar aniqlandi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Dusmuxamedova Sh. (2018). Bagʻri keng olim va mehribon ustoz //
Psixologiya, № 3.
2. Ergashev P. (2013). Ustozni xotirlab: Yodnomaga aylangan yon daftarcha
qaydlari // Zamonaviy oliy malakali mutaxassislarni tayyorlashda psixologiya
fanlarining oʻrni va ahamiyati: M.G.Davletshinning 90-yillik yubileyiga bagʻishlangan
ilmiy-amaliy anjuman materiallari. – Toshkent: TDPU.
3. Maxsudova M. (2018). Ustozni eslab // Psixologiya, № 3.
4. Nishanova Z. (2023). Ustoz M.G.Davletshinni xotirlab // Buxoro psixologiya
va xorijiy tillar instituti ilmiy axborotnomasi, № 4.
5. Nishanova Z. (2018). M.G.Davletshin - havas obyekti sifatida // Zamonaviy
psixologiya fanining amaliy imkoniyatlari: Ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent: TDPU.
6. Odilova N. (2023). Hayoti saboq ustoz // Yosh avlodning psixologik
salomatligi – davrat siyosatining ustuvor vazifasi: M.G.Davletshinning 100-yillik
yubileyiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent.
7. P. Ergashev, A. Ubaydullaev. (2008). Ustozdan nimalarni oʻrgandik va
oʻrganayapmiz? // Psixologiya XXI asr boshlarida: M.G.Davletshinning 85 yillik
tavallud ayyomiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent: TDPU.
8. Sattarov E. (2018). Yaxshilikka baxsh etilgan umr // Zamonaviy psixologiya
fanining amaliy imkoniyatlari: Ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. – Toshkent:
TDPU.

9. Xolmatov A. (2020). M.G.Davletshin va zamonaviy psixologiya rivoji //
O‘zbekiston psixologiya jurnali, № 2.

10. Qodirov K. (2023). Muxammad Davletshin: Bir shogird xotirasidan lavhalar.
// Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti ilmiy axborotnomasi, № 4.

REFERENCES
1. Dusmuxamedova Sh. (2018). Bagʻri keng olim va mehribon ustoz //
Psixologiya, № 3. (In Uzbek)
2. Ergashev P. (2013). Ustozni xotirlab: Yodnomaga aylangan yon daftarcha
qaydlari // Zamonaviy oliy malakali mutaxassislarni tayyorlashda psixologiya
fanlarining oʻrni va ahamiyati: M.G.Davletshinning 90-yillik yubileyiga bagʻishlangan
ilmiy-amaliy anjuman materiallari. – Toshkent: TDPU. (In Uzbek)
3. Maxsudova M. (2018). Ustozni eslab // Psixologiya, № 3. (In Uzbek)
4. Nishanova Z. (2023). Ustoz M.G.Davletshinni xotirlab // Buxoro psixologiya
va xorijiy tillar instituti ilmiy axborotnomasi, № 4. (In Uzbek)
5. Nishanova Z. (2018). M.G.Davletshin - havas obyekti sifatida // Zamonaviy
psixologiya fanining amaliy imkoniyatlari: Ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent: TDPU. (In Uzbek)
6. Odilova N. (2023). Hayoti saboq ustoz // Yosh avlodning psixologik
salomatligi – davrat siyosatining ustuvor vazifasi: M.G.Davletshinning 100-yillik
yubileyiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent. (In Uzbek)
7. P. Ergashev, A. Ubaydullaev. (2008). Ustozdan nimalarni oʻrgandik va
oʻrganayapmiz? // Psixologiya XXI asr boshlarida: M.G.Davletshinning 85 yillik
tavallud ayyomiga bagʻishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. –
Toshkent: TDPU. (In Uzbek)
8. Sattarov E. (2018). Yaxshilikka baxsh etilgan umr // Zamonaviy psixologiya
fanining amaliy imkoniyatlari: Ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. – Toshkent:
TDPU. (In Uzbek)
9. Xolmatov A. (2020). M.G.Davletshin va zamonaviy psixologiya rivoji //
O‘zbekiston psixologiya jurnali, № 2. (In Uzbek)
10. Qodirov K. (2023). Muxammad Davletshin: Bir shogird xotirasidan lavhalar.
// Buxoro psixologiya va xorijiy tillar instituti ilmiy axborotnomasi, № 4. (In Uzbek)