MUZEY PEDAGOGIKASINING SHAKLLANISHIDA KONSEPSIYAVIY
YONDASHUVLAR
CONCEPTUAL APPROACHES IN THE FORMATION OF MUSEUM
PEDAGOGY
КОНЦЕПТУАЛЬНЫЕ ПОДХОДЫ В ФОРМИРОВАНИИ МУЗЕЙНОЙ
ПЕДАГОГИКИ
Yunusov Komiljon Alimdjanovich
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti
mustaqil izlanuvchisi
Tel.: +998 94 650-44-12
E-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943
Annotatsiya: Ushbu maqola muzey pedagogikasining konsepsiyaviy asoslarini
shakllantirishda muzey ilmiy konsepsiyasi rolini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqotning
maqsadi muzey pedagogikasi metodologiyasini ishlab chiqishda har bir muzeyning
o‘ziga xos xususiyatlariga muvofiq ilmiy konsepsiyalarni yaratish va ular asosida
pedagogik faoliyatni tashkil etish masalalarini tahlil qilishdir. Maqolada fanlararo
yondashuv orqali muzeyshunoslik, pedagogika, psixologiya va tarix fanlaridan olingan
ma’lumotlar qiyosiy va tanqidiy tahlil qilindi. Muzey pedagogikasiga oid mavjud ilmiy
ishlarni o‘rganish natijasida muzey konsepsiyasining ta’limiy faoliyatni
rivojlantirishdagi samarali jihatlari aniqlandi. Tadqiqotda har bir muzeyning o‘ziga xos
ilmiy konsepsiyasi mavjud bo‘lishi va konsepsiya asosida muzey ishi yuritilishi muzey
pedagogik faoliyatining sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil ekanligi
isbotlandi. Maqola yakunida muzey xodimlari, pedagoglar hamda muzeyshunos
mutaxassislar uchun foydali ahamiyatga ega bo‘lgan tavsiyalar o‘rin olgan.
Kalit so‘zlar: muzey ilmiy konsepsiyasi, muzey pedagogikasi, ekspozitsiya,
ta’lim, ma’rifiy faoliyat, auditoriya, o‘ziga xos yondashuvlar.
Abstract: This article examines the role of a museum’s scientific concept in
shaping the conceptual foundations of museum pedagogy. The study aims to analyze
the development of museum pedagogy methodologies by creating scientific concepts
tailored to the unique characteristics of each museum and organizing pedagogical
activities based on these concepts. Employing an interdisciplinary approach, data from
museology, pedagogy, psychology, and history were subjected to comparative and
critical analysis. The review of existing research on museum pedagogy revealed the
effective contributions of museum concepts to the development of educational
activities. The study demonstrates that the presence of a museum-specific scientific
concept and the organization of museum activities based on this concept are critical
factors in enhancing the quality and effectiveness of museum pedagogical practices.
The article concludes with practical recommendations of value to museum
professionals, educators, and museology specialists.
Keywords: museum scientific concept, museum pedagogy, exhibition, education,
enlightenment activities, audience, tailored approaches.
Аннотация: Статья посвящена исследованию роли научной концепции
музея в формировании концептуальных основ музейной педагогики. Цель
исследования заключается в анализе разработки методологии музейной
педагогики путем создания научных концепций, соответствующих уникальным
особенностям каждого музея, и организации педагогической деятельности на их
основе. С применением междисциплинарного подхода были проанализированы
данные из музееведения, педагогики, психологии и истории с использованием
сравнительного и критического анализа. В результате изучения существующих
научных работ по музейной педагогике выявлены эффективные аспекты влияния
музейной концепции на развитие образовательной деятельности. Исследование
доказывает, что наличие уникальной научной концепции музея и организация
музейной деятельности на ее основе являются ключевыми факторами
повышения качества и эффективности педагогической практики музея. В
заключение статьи предлагаются практические рекомендации, представляющие
ценность для музейных работников, педагогов и специалистов в области
музееведения.
Ключевые слова: научная концепция музея, музейная педагогика,
экспозиция, образование, просветительская деятельность, аудитория,
индивидуализированные подходы.
KIRISH
Ma’lumki, har qanday davlat o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib taraqqiyot
yo‘lini belgilaydi. Qulay logistik salohiyatga ega mamlakatlar, yoki ulkan neft
zaxiralariga ega yurtlar yildan-yilga boyib, rivojlanib bormoqda. Bu borada
O‘zbekiston, dengizga chiqish imkoniyati eng qiyin bo‘lgan hudud sifatida, tabiiy
boyliklariga nisbatan aholi soni yuqori hisoblangan respublika o‘laroq, o‘zi uchun mos
rivojlanish strategiyasini tuzishga majbur. Mana shunday murakkab masalalar
qarshisida tariximizga nazar tashlasak, jahon ilm-fani va madaniyati rivojiga ulkan
hissa qo‘shgan olimlarning aksariyati Markaziy Osiyo farzandlari ekani kishiga umid
bag‘ishlaydi. Shu boisdan vaziyatni to‘g‘ri baholagan hukumatimiz mustaqillikning ilk
yillaridan boshlab tarixiy shaxslarimizning nomlarini tiklashga, muzeylar tashkil etib
aholimizning ishonchini mustahkamlashga, ta’lim tizimiga e’tibor orqali yoshlarning
yetuk mutaxassis bo‘lishiga jiddiy e’tibor qaratib kelmoqda. Zero, eng katta boylik aqlzakovat bo‘lsa, eng og‘ir qashshoqlik bilimsizlikdir. O‘zbekiston Respublikasi
Vazirlar Mahkamasi tomonidan “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash
to‘g‘risida”1, “Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”2, “Ta’lim to‘g‘risida”3, “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”4
kabi qarorlar qabul qilingani ushbu maqsad yo‘lidagi sa’y-harakatlar sanaladi.
Biroq, natijalarning kutilgan darajada bo‘lmagani, ba’zi qonun va qarorlarning
qayta qabul qilingani masalaga chuqur va keng qamrovda yondashish lozimligini
ko‘rsatmoqda. Shu jihatdan jahon tajribasi hamda muzeyshunos va pedagoglarning
taklif va tavsiyalarini hisobga olib, ta’lim tizimining ilm-fan va madaniyat bilan
integratsiyasini ta’minlash haqida, xususan, muzey pedagogikasi borasida, uning
yoshlar ta’lim-tarbiyasi hamda ma’naviy-ma’rifiy yo‘nalishdagi ahamiyati haqida fikr
yuritiladi. Shu o‘rinda O‘zbekiston muzeylari jahon sivilizatsiyasiga bemisl hissa
qo‘shgan ajdodlarimizning ilmiy asarlarini, ulardan qolgan madaniy meros
namunalarini saqlab namoyish etib kelayotganini hisobga olsak, yoshlarning tarix,
geografiya, astronomiya, matematika, tibbiyot, mineralogiya, adabiyot,
hadisshunoslik, fiqh va boshqa ko‘plab fan sohalaridagi bilimlarini mustahkamlashda,
ularning ilm-fanga qiziqishini oshirishda, ajdodlarimizning namunali faoliyatini ibrat
sifatida ko‘rsatishda muzeylar ulkan salohiyatga ega. Buning uchun muzey
pedagogikasiga jiddiy e’tibor berish talab etiladi. Ammo, muzey pedagogikasi
bo‘yicha ishlab chiqilayotgan metodologiyalarni barcha muzeylar uchun birdek tatbiq
etishning imkoni mavjud emasligini, har bir muzeyning o‘ziga xos shart-sharoitlari
borligini hisobga olsak, bu borada eng to‘g‘ri yechim muzeylar ilmiy konsepsiyalari
asosida muzey pedagogikasini ishlab chiqish ekanligi ayon bo‘ladi. Shu sababli
mazkur maqolada muzey pedagogikasini shakllantirishda muzey konsepsiyasining
ahamiyati, muzeylarning ma’rifiy yo‘nalishdagi o‘rni hamda o‘quvchilarning kreativ
qobiliyati va tafakkurini rivojlantirishda ekskursiyalarning roli haqida ba’zi
mulohazalar bildiriladi. Maqolada dolzarbligi ta’kidlanayotgan masala yechimi keng
qamrovli bo‘lib, shunchaki muzey faoliyatini isloh qilish bilan muammo hal
bo‘lmasligiga urg‘u bergan holda, ta’lim tizimi, muzeylar faoliyati, ilmiy
konsepsiyalar, milliy qadriyatlarni hisobga olishdek kompleks yondashuv taklif etiladi.
1 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Amir Temur tavalludining 660 yilligini nishonlash to‘g‘risida”gi
630-son qarori, 29.12.1994. Manba: https://lex.uz/ru/docs/-2329020
2 O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Temuriylar tarixi davlat muzeyini tashkil etish chora-tadbirlari
to‘g‘risida”gi 99-son qarori, 14.03.1996. Manba: https://lex.uz/docs/-397141
3 O‘zbekiston Respublikasining “Ta’lim to‘g‘risida”gi 464-I-son Qonuni, 29.08.1997. Manba: https://lex.uz/uz/docs/-
16188
4 O‘zbekiston Respublikasining “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi to‘g‘risida”gi 463-I-son Qonuni, 29.08.1997.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Muzey pedagogikasi sohasidagi tadqiqotlar so‘nggi o‘n yilliklarda sezilarli
darajada rivojlandi. Bu esa muzeylarning ta’limdagi rolini qayta ko‘rib chiqish va
ularning jamiyatdagi ijtimoiy-madaniy funksiyalarini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
Maqolaning ushbu qismida muzey pedagogikasining shakllanishida konsepsiyaviy
yondashuvlarni o‘rganishga bag‘ishlangan bir qator adabiyotlar tahlil qilinadi.
Jumladan, Matjaž Duh o‘zining “The Function of Museum Pedagogy in the
Development of Artistic Appreciation” maqolasida muzey pedagogikasining estetik
tarbiya va badiiy idrokni rivojlantirishdagi roliga ko‘proq urg‘u beradi. Muallif
muzeylar faqatgina bilim ulashish maskani emas, balki o‘quvchilarda ijodiy fikrlash va
estetik tabni shakllantiruvchi muassasa ekanligini ta’kidlaydi. Biroq, muzey
pedagogikasi vazifalariga e’tibor qaratilgani bilan konsepsiyaviy asoslar alohida
ta’kidlanmaganini aytib o‘tish mumkin (Duh M., 2015).
P. Hansson va J. Öhman esa “Museum education and sustainable development: A
public pedagogy” nomli maqolasi bilan muzey pedagogikasi qanchalik barqaror
taraqqiyotga hissa qo‘sha olishini tahlil qiladi. Mazkur tadqiqotchilar ekologik,
ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni yechishda muzey pedagogikasining o‘rniga e’tibor
qaratishadi. Shu sababli, muzey pedagogikasini shakllantirish, bu borada konsepsiyaga
tayanib maxsus pedagogik dastur ishlab chiqish ular uchun ustuvor ahamiyat kasb
etmagan (Hansson P., Öhman J., 2022).
Rossiyalik tadqiqotchilar Y. Komarovskaya va V. Axunov “Культурнообразовательная деятельность музеев и музейная педагогика” maqolasida
muzeylarning madaniy-ma’rifiy faoliyatini tahlil qilib, muzey pedagogikasining
tarixiy va zamonaviy rivojlanishini ko‘rib chiqadilar. Ular muzeylarning ta’limdagi
rolini oshirishda interfaol metodlar va ko‘rgazmalar orqali o‘quvchilarning faolligini
rag‘batlantirish lozimligiga diqqatni qaratgan holda muzey konsepsiyasi rolini
ta’kidlashmagan (Комаровская Е., Ахунов В., 2009).
B. Stolyarov va A. Boyko o‘z ishlarida badiiy muzeylarning ta’lim tizimi bilan
integratsiyasini tahlil qiladilar. Ushbu tadqiqotchilar tomonidan nashr etilgan
“Концепция педагогического взаимодействия художественного музея и системы
образования” nomli maqolada biz muzey pedagogikasining ta’lim bilan hamkorligi
haqida o‘qiymiz. Ayniqsa, bu hamkorlikning konsepsiya asosida yo‘lga qo‘yilishi
tadqiqotning ilmiy ishimizga mavzu jihatdan yaqin ekanligini ko‘rsatadi (Столяров Б.,
Бойко А., 1998). Biroq, pedagogik hamkorlik konsepsiyasi muzey ilmiy
konsepsiyasidan farq qilishini hisobga olsak, bu masalada bo‘shliq qolib ketayotganiga
amin bo‘lamiz. Shu sababli, quyida muzey ilmiy konsepsiyasi xususida, uning asosida
yaratiladigan ikkilamchi konsepsiyalar haqida fikr yuritiladi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Maqolani yozish jarayonida mavzuga oid manbalar tizimli ravishda tahliliy ko‘rib
chiqildi. Qiyosiy metod orqali muzey konsepsiyasiga eng yaqin deb hisoblangan
adabiyotlar saralab olindi. Shuningdek, fakt-chekking usuli orqali to‘plangan
ma’lumotlarning xolisligi tekshirildi. Natijada, muzeyshunoslik, tarix, pedagogika va
psixologiya fanlari qamrovida muzey pedagogikasining shakllanishidagi
konsepsiyaviy yondashuvga oid masalaga yechim berishga harakat qilindi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Muzey pedagogikasi shakllanishidagi konsepsiyaviy yondashuvlar haqida fikr
bildirishdan oldin muzey konsepsiyasi haqida ma’lumot berib o‘tgan ma’qul. Muzey
ilmiy konsepsiyasi bu biror muzey uchun maxsus ishlab chiqiladigan dastur bo‘lib,
unda muzey missiyasi, maqsadi, vazifalari, kelgusi yillar uchun strategiyalari, ustuvor
qadriyatlari aks ettiriladi. Uning kirish qismida muzey va uning tarixiga oid
ma’lumotlar beriladi va ekspozitsiyasi haqida ham qisman to‘xtalib o‘tish mumkin.
Mana shu konsepsiya orqali muzey haqida yetarli tasavvur hosil bo‘lishi lozim. Eng
asosiysi, konsepsiya muzeyning boshqa muzeylar ichida qaysi betakror xususiyatlari
bilan alohida o‘ringa ega ekanini ta’kidlashi kerak, aks holda muzey o‘z mavqeiga ega
bo‘lmaydi.
Muzey ilmiy konsepsiyasi bosh konsepsiya bo‘lib, uning asosida ekspozitsiya
konsepsiyasi, muzey fondi konsepsiyasi, ilmiy tadqiqot konsepsiyasi, ilmiy-ma’rifiy
faoliyat konsepsiyasi, ilmiy noshirlik faoliyati konsepsiyasi, hamda muzey boshqaruvi
va xo‘jalik faoliyati konsepsiyasi alohida ishlab chiqiladi. Bular qatorida, ko‘pchilik
muzeyshunoslar ta’kidlaganidek, muzey pedagogik faoliyati konsepsiyasi ham ishlab
chiqiladi. Bundan maqsad, muzeyda amalga oshiriladigan ishlar tartibga solinib,
tizimli ravishda olib boriladi, xodimlarning vazifalari taqsimlangan holda mafkuraviy
yo‘nalish ham belgilanadi. Pedagogik faoliyat konsepsiyasida strategiyalar qayd etilib,
bosqichma-bosqich mazkur faoliyat rivojlantirib boriladi. Muzeyning asosiy
konsepsiyasi esa muzeyning ilmiy tadqiqot ishlarini, ekspozitsion faoliyatini, hamda
ekskursiya xizmatini pedagogik tomonga yo‘naltirish orqali soha rivojiga hissa qo‘sha
oladi. Muzey pedagogikasi xususida tahlillarga kirishilayotgan ayni shu o‘rinda
mazkur atamaga oid ta’riflar bilan ham tanishib chiqish foydadan holi bo‘lmasdi.
Ko‘plab olimlar, jumladan, A. Mavrulov, T. Misheva, L. Shlyaxtina, B. Stolyarov
hamda A. Boyko kabi tadqiqotchilar muzey pedagogikasi tushunchasini deyarli bir xil
ifodalashgan. Ya’ni, muzey pedagogikasi bu muzey muhiti sharoitlarida o‘tmish
tajribalari, tarixiy, ma’rifiy, madaniy qadriyatlarni pedagogik jarayon orqali kelajak
avlodga yetkazishdan iborat alohida fan sohasidir, deya tushuntirishgan (Mavrulov A.,
Saidboboyev Z., 2018; Мышева Т., 2007; Шляхтина Л., 2021; Столяров Б., Бойко
А., 1998). Mening fikrimcha, muzey pedagogikasi bu muzey muhitida yo‘lga
qo‘yilgan pedagogik faoliyat bo‘lib, o‘quvchi-talabalarga ma’naviy-madaniy meros
namunalarini namoyish etish jarayonida ma’rifiy jihatlarga ustuvorlik berishdir. Bu
orqali muzeyda ta’lim jarayoni tashkil etiladi, yoshlarning bilimlari boyitilishi bilan
birga dunyoqarashi kengaytiriladi, kreativ fikrlash qobiliyati rivojlantiriladi, hayotga
qadriyatlar nazari bilan boqish hissi shakllantiriladi. Ayni shu maqsadlar yo‘lida,
Germaniya muzeylarida pedagogik faoliyat dunyoda birinchilardan bo‘lib yo‘lga
qo‘yila boshlandi va “muzey pedagogi” nomli yangi mutaxassislik vujudga keldi
(Abdullayev D., Muxamedova M., 2024: 198).
Keyingi davrlarda ta’lim-tarbiyaga yanada ko‘proq e’tibor berilishi muzeylarning
ham pedagogik faoliyatda ishtirok etishiga olib keldi. Bu orqali hozirgi
sivilizatsiyalashgan zamonda o‘zining munosib o‘rnini topa oladigan yetuk shaxslarni
yetishtirish nazarda tutiladi (Abdullayev D., Muxamedova M., 2024: 200). Buning
uchun ekspozitsiyalarni maktab o‘quv dasturlariga moslab tashkil etish, o‘qituvchi,
o‘quvchi va muzey o‘rtasidagi hamkorlik, maktab o‘qituvchilarini muzey ilmiy
xodimlari tomonidan malakasini oshirish kabi vazifalarni amalga oshirish davr talabiga
aylandi (Abdullayev D., Muxamedova M., 2024: 202). Bu borada O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2017–2027-yillarda davlat muzeylari
faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo‘yicha
kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 975-son qarorida
muzeylardagi ekspozitsiyalar orqali qo‘shimcha bilim berilishi va ma’lumot olinishi
mumkin bo‘lgan tarix, madaniyat va jamiyatshunoslik kabi yo‘nalishlar bo‘yicha
bevosita pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish vazifasi belgilab
qo‘yilganini ta’kidlash joiz.
Ta’lim tizimida muzeylar ishtirokining ta’minlanishiga sabablardan biri shuki,
muzeylar yosh avlodlarga bilim berishda maktablardan ba’zi ustun jihatlarga ega.
Masalan, tabiat muzeylari o‘quvchilarning o‘simlik, daraxt, hasharot va hayvon turlari,
ularning hayot tarziga oid muhim ma’lumotlarni tez va oson o‘rganishi uchun ajoyib
imkoniyatlar taqdim etadi. Psixologik jihatdan, diqqat kuchli qaratilgan ma’lumot
osonroq yodda qolishi hisobga olinsa, bolalarning muzey ashyolariga diqqat qaratib,
o‘z ko‘zlari bilan real ko‘rib turgan ashyosi haqida foydali ma’lumotlarni eshitishi
ularning xotirasida bir umr muhrlanishiga yordam berishi mumkin. Xuddi shu tarzda,
Turin politexnika muzeyi va Aloqa tarixi muzeylarida olamshumul ixtirolar bilan, tarix
muzeylarida insoniyat erishgan madaniy yutuqlar bilan, san’at va adabiyot
muzeylarida esa inson ijodkorlik qobiliyatining cheksiz imkoniyatlari bilan tanishish
mumkin. Bu orqali yoshlar o‘zlarini iste’dodli inson sifatida tabiatning bir qismi,
qolaversa, vatanning bir bo‘lagi deb his etadilar.
Muzeydagi ma’rifiy faoliyat muzey maqsadidan kelib chiqib amalga oshiriladi
(Duh M., 2015: 88). Hozirgi vaqtda muzeylarning ma’rifiy faoliyatini rivojlantirish,
buning uchun ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish davr talabiga
aylanmoqda. Bunda muzeylar universitetlar kabi talabalarga bilim olish uchun turli
yo‘nalishlar taqdim etadi. Buning uchun esa, muzey ashyolari ekspozitsiyada
shunchaki qiziqarli tarzda emas, balki, tashrif buyuruvchilarning bilimlarini boyitish
uchun maqsadli va tizimli namoyish etilishi zarur (Duh M., 2015: 89).
Shu sababli, bugungi kunga kelib ko‘plab muzeylar ma’rifat bo‘limlariga ega va
bu bo‘lim xodimlari maktab o‘quvchilari uchun muzey muhitidagi ta’lim dasturlarini
ishlab chiqish bilan shug‘ullanmoqdalar (Hansson P., Öhman J., 2022: 471).
Masalan, Shimoliy Karolina Tabiiy fanlar muzeyi o‘quvchilar uchun 15 soatlik
maxsus dastur ishlab chiqqanini, ekologik savodxonlikni oshirish uchun uchta
laboratoriya va bitta dala qo‘riqxonasi tashkil etganini, tashrifchilarga ko‘plab flora va
fauna turlarini tanishtirishini eslab o‘tish mumkin. Shuningdek, AQShning boshqa
muzeylari ham yozgi ta’til davomida universitetlar uchun alohida kurslar taklif etadi
(Bunday kurslar odatda to‘lovli bo‘lib, muzeylar pedagogik sohada ko‘rsatgan xizmati
uchun pul ishlab topish hamda moliyaviy holatini mustahkamlash imkoniyatiga ega)
(Ibodov I., 2023: 529).
Metropoliten muzeyida esa shanba-yakshanba kunlari talabalar va kattalar uchun
ma’ruzalar o‘qiladi. Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun tarix, geografiya kabi
fanlardan maktab dasturiga mos ma’rifiy faoliyat yo‘lga qo‘yilgan. Shu jihatlar bilan
Metropoliten muzeyi boshqa muzeylarga ibrat bo‘la oladi. Sababi, hamma
muzeylarning ham pedagogik faoliyati ta’lim dasturlariga muvofiq kelmaydi
(Abdullayev D., Muxamedova M., 2024: 201).
Muzeylarning ko‘rgazmali ashyolarga ega ekanligi o‘quvchilar uchun maktab
darslaridan-da qiziqarliroq dasturlarni taqdim etishi mumkinligini anglatadi. Ayni shu
imkoniyatdan unumli foydalangan holda o‘quvchilarning bilimlarini oshirishda
qiziqarli dasturlar taklif qilish mumkin. Muzey pedagoglaridan esa, tashrifchilarning
yoshi va qiziqishidan kelib chiqqan holda maxsus yondashuv asosida xizmat ko‘rsatish
talab etiladi. Misol sifatida aytadigan bo‘lsak, bolalarni qadimiy yodgorliklarga
ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishni o‘rgatishda, madaniy meros namunalariga
nisbatan hurmat hissini shakllantirishda turli o‘yinlarni taklif etish mumkin. Xususan,
haqiqiy bo‘lmagan yaltiroq tangalar, metall buyumlar, sopol idishlar kabi
“yodgorlik”larni qumga berkitib qo‘yib, yosh bolalar uchun “arxeologik ekspeditsiya”
tashkil etish mumkin. Balki bu kelajakda malakali arxeologlar yetishib chiqishiga
zamin yaratar. Bolalar qum uyumlarini kovlab, o‘z mehnati va izlanishlari evaziga
topilmalarni qazib olar ekan, ular eng kamida shu buyumlarning nomlarini eslab
qoladilar. Bundan oladigan zavqlarini esa bir umr unutmaydilar. Bu esa bolalarni
yoshlik vaqtidan ilm-fanga qiziqtirishning bir pedagogik usuli hisoblanadi.
Ta’kidlash lozimki, auditoriya yoshiga qarab turli qiziqarli dasturlar taqdim etish
murakkab masaladir. Eilean Hooper-Greenhill fikriga ko‘ra, muzey va tashrifchilar
o‘rtasidagi munosabatning ma’rifiy-pedagogik tomoni ko‘plab bahslarga sabab bo‘lib
kelmoqda. Muzey ma’rifiy faoliyati konsepsiyasi yaxshi ishlab chiqilgan bo‘lishiga
qaramay, aynan qaysi jihatlar ustuvor deb hisoblanishi, qanday maqsadlar muhim deb
topilishi xususida munozaralar davom etmoqda. “Yetarlicha bilim mavjud emasligi
tufayli muzey pedagogikasi haqida ham tasavvurlarimiz to‘la shakllanmagan, bu esa
muzeydagi pedagogik soha aynan qanday shakl va tartibda bo‘lishi hamon mavhum
bo‘lib qolmoqda” (Hooper-Greenhill E., 2000: 1). Yevropalik mutaxassislarni
o‘ylantirayotgan mazkur masalani, qisman bo‘lsa-da, muzey ilmiy konsepsiyasi orqali
tartibga solish mumkin. Muzeylar o‘z nomi, yo‘nalishi va missiyasidan kelib chiqib
ilmiy konsepsiyada ustuvor vazifalarni belgilaydi va shunga sodiq qolgan holda
pedagogik faoliyat konsepsiyasini ishlab chiqadi. Ba’zi tashrifchilar bunga tanqidiy
munosabatda bo‘lishi esa subyektiv fikr sifatida qaralmog‘i lozim. Misol uchun,
Temuriylar tarixi davlat muzeyida o‘quvchilar uchun mo‘g‘ullarning Markaziy
Osiyoga bosqini haqida, yoki O‘zbekistonning mustaqillikka erishishi jarayoni haqida
yetarlicha ma’lumot berilmasligi tanqid qilinmasligi lozim, deb hisoblayman. Sababi,
bu muzey konsepsiyasi temuriylar davrini yoritishga qaratilgan. Auditoriya fikri bu
o‘rinda konsepsiya qamrovi doirasida inobatga olinishi kerak deb hisoblayman.
AQSh va Yevropadagi ba’zi muzeylar daromad topish maqsadida brendini
mustahkamlayotgan kompaniyalarning mahsulotlarini ko‘rgazma zallarida namoyish
etmoqda, bu kompaniyaning paydo bo‘lish va rivojlanish tarixi haqida hikoya
qilmoqda. Tan olish kerakki, zamonaviy muzeylardan tashqari boshqa muzeylarda
bunday tadbirlarni qo‘llash ularni asosiy maqsadlaridan uzoqlashtiradi. Bu esa barcha
tashrifchilarga ham ma’qul kelmaydi.
Shu bois, mazkur masalaga oid bahslar tufayli muzeylar o‘z ijtimoiy rolini qayta
shakllantirmoqda, tashrif buyuruvchilar manfaatlariga mos maqomda o‘rnini
belgilamoqda (Hooper-Greenhill E., 2000: 150).
Ayni o‘rnida muzeylar faoliyatida ro‘y bergan muvaffaqiyatsiz ko‘rgazmalardan
birini ibrat uchun eslab o‘tish mumkin. 1988-yilda Kanadaning Calgary shahridagi
Glenbow muzeyida bo‘lib o‘tgan “The Spirit Sings: Artistic Traditions of Canada’s
First Peoples” ko‘rgazmasi ko‘plab insonlarning noroziligiga sabab bo‘ladi. Oqibatda
ko‘rgazmaga homiylik qilgan Shell Oil kompaniyasi mahsulotlariga xalqaro darajada
boykot e’lon qilinib, ularning mahsulotlarini xarid qilish to‘xtatiladi. Bundan tashqari,
ushbu ko‘rgazmaga namoyish uchun eksponatlarini vaqtincha yuborgan muzeylar,
qaytarib olgandan keyin ham ularni o‘z muzeylarida ham namoyish etishni
to‘xtatishgan... Xo‘sh, o‘zi nima bo‘lgandi? Gap shundaki, ko‘rgazma Kanadada
yashovchi tub xalqlar madaniyati haqida bo‘lib, uning g‘oyasida kolonialistik
yondashuv mavjud edi va eng asosiysi, bu ko‘rgazmani tashkil etishda mahalliy xalq
vakillari ishtiroki ta’minlanmagan. Qisqasi, mahalliy xalq madaniyatiga oid ko‘rgazma
tub aholi fikrlari bilan hisoblashmagan holda noxolis namoyish etilgan. Ayni shu holat
odamlar orasida, asosan, tub xalqlar ichida katta norozilikka sabab bo‘lgan. Yuzaga
kelgan bu jiddiy muammoni hal qilish uchun Birinchi Millatlar Assambleyasi
(Assembly of First Nations) va Kanada Muzeylar Assotsiatsiyasi (Canadian Museums
Association) milliy ishchi guruh tuzadi. Ishchi guruh 1992-yilda “Turning the Page:
Forging New Partnerships Between Museums and First Peoples” nomli hisobotni e’lon
qildi. Bu hisobotdan quyidagi bandlar o‘rin oldi:
- Muzeylar va mahalliy xalqlar o‘rtasida teng huquqli hamkorlikni yo‘lga
qo‘yish;
- Mahalliy xalqlarning o‘z madaniyati va tarixini targ‘ib qilishdagi ishtirokini
oshirish;
- Mahalliy xalqlar uchun muzey kolleksiyalariga kirish erkinligini ta’minlash;
- Muzey kolleksiyalarida saqlanayotgan muqaddas buyumlar va inson
qoldiqlarini o‘z joyiga qaytarish.
Guvohi bo‘lib turganimizdek, ozchilik (kolonialistik tafakkurdagi toifalar)
manfaatini hisobga olaman deb, katta muammolarga duch kelindi. Afsuski,
kolonializm, imperializm, kommunizm va boshqa ko‘plab vayronkor g‘oyalar
muzeylarni o‘z mafkurasiga xizmat qilishga majburlab keldi. XX asr oxirlariga
kelibgina jamoatchilik talabi bilan muzeylar o‘z missiyalarini, konsepsiyalarini qayta
ko‘rib chiqib, insonparvarlik g‘oyalariga, tarixni xolisona yoritish va san’atni bor
mazmunicha ko‘rsatishga intila boshladilar.
Bu borada muzeydagi pedagogik tadqiqotlar ma’rifiy faoliyatni tizimli jarayonga
aylantirib, aniq manzilli maqsad va vazifalarni shakllantirishga, muzeylarning
potensial va real auditoriyasining turli guruhlariga ta’sir samaradorligini aniqlashga,
buning uchun maxsus “Dasturlar” tuzishga harakat qilinmoqda (Шляхтина Л., 2009).
XULOSA VA TAKLIFLAR
Muzey pedagogikasining shakllanishida konsepsiyaviy yondashuvlar
mavzusidagi ushbu maqolada muzey pedagogik faoliyatini qay tarzda tashkil etish
xususida mulohazalar bilan tanishildi. Jumladan, muzeyshunoslarning bahsli fikrlari,
ularning bu boradagi qarashlari, hamda auditoriya va muzey munosabatlariga oid
fikrlar bayon qilindi. Muzey pedagogik dasturini ishlab chiqishda auditoriya
qiziqishlari hisobga olinishi, psixologik va sotsiologik metodlar orqali tashrifchilar
fikri o‘rganib borilishi zarur, albatta. Biroq, tashrifchilar qiziqishlari jihatidan bir-
biriga o‘xshamasligini, ta’bir joiz bo‘lsa, ularning har biri o‘zgacha “dunyo” ekanini
ham unutmaslik lozim. Muzey pedagogik faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yishning eng
maqbul yo‘li, faqatgina omma qiziqishlari ortidan ergashmasdan, muzey qadriyatlariga
mos takliflarni ham bera olish kerak, deb hisoblayman. Muzey ilmiy konsepsiyasini
mukammal ishlab chiqish, hamda uning asosida muzey pedagogik konsepsiyasini
yaratish murakkab vazifa bo‘lib, bu borada quyidagilarga amal qilish lozimligini
ta’kidlab o‘tmoqchiman:
- Muzey ilmiy konsepsiyasini ishlab chiqishda, avvalo, muzey nomi va
mohiyatini hisobga olish kerak. Masalan, Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyida sovet
davrida qatag‘onga uchragan yurtdoshlarimiz qismati haqida ma’lumot berilishiga
asosiy e’tibor qaratilishi zarur. Eksponatlar ham ayni shu holatni tasavvur qilishimizga
xizmat qilishi lozim;
- O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va boshqa tegishli me’yoriy-huquqiy
hujjatlarda, UNESCO tomonidan qabul qilingan hujjatlarda qayd etilgan moddalarga
mos tarzda muzey konsepsiyasi mazmuni ifodalanishi zarur. Jumladan, millatlararo
totuvlik, diniy bag‘rikenglik, inson huquqlari hurmat qilinishi, madaniy merosni asrabavaylash va hokazo;
- Milliy madaniyatimiz va qadriyatlarimizga hurmat bilan munosabatda bo‘lish;
- Muzey faoliyati tashrif buyuruvchilarning dunyoqarashi kengayishiga,
o‘zligini anglashiga xizmat qilishi kerak;
- Muzeyning me’moriy yechimi va ekspozitsiya dizayni muzey nomi va
ko‘rgazma mavzulariga mos bo‘lishi maqsadga muvofiq;
- Auditoriyaga ma’lumot bera oladigan an’anaviy va zamonaviy vositalardan
foydalanishni hisobga olish;
- Muzeyda tegishli bo‘limlarni tashkil etish va ilmiy-tadqiqot, pedagogik
faoliyat, ekspozitsiya hamda ekskursiya ishlari uchun mutaxassislarni jalb qilish. Ya’ni
muzey faoliyati mukammal shaklda yo‘lga qo‘yilishi lozim.
Mazkur talablar asosida muzey ilmiy konsepsiyasi ishlab chiqilgach, pedagogik
faoliyat konsepsiyasi ham uning asosida yaratilsa, ko‘plab bahsli masalalarga chek
qo‘yilgan bo‘lardi. Bu borada ta’lim tizimi hamda ilm-fan bilan integratsiyada bo‘lish
ham foydali ekanini qayd etish o‘rinlidir. Muzeylar, maktablar va ilmiy institutlar
yagona maqsad va mafkura yo‘lida xizmat qilsagina yoshlar ta’lim-tarbiyasida
samarali natijalarga erishish mumkin. Har bir muzeyning o‘ziga xos ilmiy konsepsiyasi
mavjud bo‘lishi esa bu vaziyatda muammoli emas, balki manfaatlidir. Zero, tarix
muzeylari tarixiy mavzularda, tabiat muzeylari tabiiy fanlar yo‘nalishida, san’at
muzeylari esa san’at yo‘nalishida o‘z konsepsiyalari asosida muzey ishini yuritilishi
muzey pedagogik faoliyatining sifati va samaradorligini oshirishda muhim omil bo‘lib
xizmat qiladi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. A. Mavrulov, Z. Saidboboyev. (2018). Muzeyshunoslik. O‘quv qo‘llanma. –
Тoshkent: Turon-Iqbol.
2. Б. Столяров, А. Бойко. (1998). Концепция педагогического
взаимодействия художественного музея и системы образования //
Художественный музей в образовательном процессе. СПб.
3. D. Abdullayev, M. Muxamedova. (2024). Muzeyshunoslik. Darslik. –
Toshkent: Zilol buloq.
4. Duh M. (2015). The function of museum pedagogy in the development of
artistic appreciation // Revija za elementarno izobraževanje, № 8.
5. Е. Комаровская, В. Ахунов (2009). Культурно-образовательная
деятельность музеев и музейная педагогика // Вестник Московского
Университета. Серия 20. Педагогическое образование, № 1.
6. Hooper-Greenhill E. (2000). Museums and the interpretation of visual culture.
– New York: Routledge.
7. Ibodov I. (2023). Jahonda muzey pedagogikasining shakllanish jarayonlari
(AQSh misolida) // Muzeyshunoslik XXI asrda: tadqiqotlar, an’analar va
innovatsiyalar. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman to‘plami. – 529 b.
8. Johnson K. (2019). Unsettling exhibition pedagogies: Troubling stories of the
nation with Miss Chief (Doctoral dissertation). University of Victoria.
9. K. Milovanov, E. Nikitina, N. Sokolova, M. Sergeyeva. (2017). The creative
potential of museum pedagogy within the modern society // Espacios, № 38.
10. Короткова М. (2016). Музейная педагогика в свете тенденций развития
исторического образования XXI века // Наука и Школа, № 2.
11. Мышева Т. (2007). Музейная педагогика в современном
социокультурном образовательном контексте (Диссертация на соискание ученой
степени кандидата педагогических наук). – Ростов-на-Дону.
12. Н. Шеховская, Е. Мандебура. (2011). Музейная педагогика: историкопедагогический анализ // Научные ведомости БелГУ. Серия Гуманитарные
науки, № 6. – С. 343–350.
13. P. Hansson, J. Öhman. (2022). Museum education and sustainable
development: A public pedagogy // European Educational Research Journal, № 21.
14. Троянская С. (2007). Музейная педагогика и ее образовательные
возможности в развитии общекультурной компетентности. – Ижевск.
15. Шляхтина Л. (2009). Основы музейного дела: теория и практика (2-е
изд.). – Москва: Высшая школа.
16. Шляхтина Л. (2021). Музейная педагогика: учебно-методическое
пособие. – Санкт-Петербург: СПбГИК.
REFERENCES:
1. A. Mavrulov, Z. Saidboboyev. (2018). Muzeyshunoslik. O‘quv qo‘llanma. –
Toshkent: Turon-Iqbol. (In Uzbek)
2. B. Stolyarov, A. Boyko. (1998). Konsepsiya pedagogicheskogo
vzaimodeystviya xudojestvennogo muzeya i sistemi obrazovaniya // Xudojestvenniy
muzey v obrazovatelnom prosesse. SPb. (In Russian)
3. D. Abdullayev, M. Muxamedova. (2024). Muzeyshunoslik. Darslik. –
Toshkent: Zilol buloq. (In Uzbek)
4. Duh M. (2015). The function of museum pedagogy in the development of
artistic appreciation // Revija za elementarno izobraževanje, № 8.
5. E. Komarovskaya, V. Axunov (2009). Kulturno-obrazovatelnaya deyatelnost
muzeev i muzeynaya pedagogika // Vestnik Moskovskogo Universiteta. Seriya 20.
Pedagogicheskoe obrazovanie, № 1. (In Russian)
6. Hooper-Greenhill E. (2000). Museums and the interpretation of visual culture.
– New York: Routledge.
7. Ibodov I. (2023). Jahonda muzey pedagogikasining shakllanish jarayonlari
(AQSh misolida) // Muzeyshunoslik XXI asrda: tadqiqotlar, an’analar va
innovatsiyalar. Xalqaro ilmiy-amaliy anjuman to‘plami. – 529 b. (In Uzbek)
8. Johnson K. (2019). Unsettling exhibition pedagogies: Troubling stories of the
nation with Miss Chief (Doctoral dissertation). University of Victoria.
9. K. Milovanov, E. Nikitina, N. Sokolova, M. Sergeyeva. (2017). The creative
potential of museum pedagogy within the modern society // Espacios, № 38.
10. Korotkova M. (2016). Muzeynaya pedagogika v svete tendensiy razvitiya
istoricheskogo obrazovaniya XXI veka // Nauka i Shkola, № 2. (In Russian)
11. Misheva T. (2007). Muzeynaya pedagogika v sovremennom sotsiokulturnom
obrazovatelnom kontekste (Dissertatsiya na soiskanie uchenoy stepeni kandidata
pedagogicheskix nauk). – Rostov-na-Donu. (In Russian)
12. N. Shexovskaya, E. Mandebura. (2011). Muzeynaya pedagogika: istorikopedagogicheskiy analiz // Nauchnie vedomosti BelGU. Seriya Gumanitarnie nauki, №
6. – S. 343–350. (In Russian)
13. P. Hansson, J. Öhman. (2022). Museum education and sustainable
development: A public pedagogy // European Educational Research Journal, № 21.
14. Troyanskaya S. (2007). Muzeynaya pedagogika i ee obrazovatelnie
vozmojnosti v razvitii obshekulturnoy kompetentnosti. – Ijevsk. (In Russian)
15. Shlyaxtina L. (2009). Osnovi muzeynogo dela: teoriya i praktika (2-e izd.). –
Moskva: Visshaya shkola. (In Russian)
16. Shlyaxtina L. (2021). Muzeynaya pedagogika: uchebno-metodicheskoe
posobie. – Sankt-Peterburg: SPbGIK. (In Russian)