ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Amir Temur va temuriylar davrida ta’lim-tarbiya masalalari

Ganiyeva Muborak Adilovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

AMIR TEMUR VA TEMURIYLAR DAVRIDA TA’LIM-TARBIYA
MASALALARI

EDUCATION AND UPBRINGING ISSUES DURING THE ERA OF AMIR
TEMUR AND THE TEMURIDS

ВОПРОСЫ ОБРАЗОВАНИЯ И ВОСПИТАНИЯ В ЭПОХУ АМИРА
ТЕМУРА И ТЕМУРИДОВ

Ganiyeva Muborak Adilovna
Tashkent International University

Tel.: +998 99 803-84-85
E-mail: muborakxonim@mail.ru

Annotatsiya: Ushbu maqola Amir Temur va temuriylar davridagi ta’lim-tarbiya
masalalariga bag‘ishlanib, temurshunos olimlarning tadqiqotlari asosida tayyorlangan.
Maqolada o‘sha davrning ilmiy, madaniy va ta’lim sohasidagi yutuqlari atroflicha
tahlil qilinadi. Temuriylar davrida ta’lim tizimining tuzilishi, tarbiyaviy qadriyatlar,
nutq madaniyatining rivojlanishi, shariat qonunshunosligi, nahv ilmi va “Haftiyak”
kabi adabiy asarlarning o‘rni muhokama qilinadi. Amir Temurning tuzuklari ta’lim va
tarbiyaga qanday ta’sir ko‘rsatgani alohida e’tiborga olinadi. Tadqiqot davrning
ijtimoiy-madaniy hayotida ta’limning o‘ziga xos xususiyatlarini va uning jamiyatdagi
muhim rolini yoritadi. Maqola o‘sha davr ta’lim-tarbiya tizimining bugungi kun uchun
dolzarbligini ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Kalit so‘zlar: Temuriylar davrida ta’lim, tarbiya, tuzuklar, nutq madaniyati, din,
shariat qonunshunosligi, nahv, Haftiyak.

Abstract: This article is dedicated to the issues of education and upbringing
during the era of Amir Temur and the Temurids, based on the research of Temurid
scholars. It thoroughly analyzes the achievements in science, culture, and education of
that period. The structure of the education system, educational values, the development
of oratory culture, Islamic jurisprudence, the science of syntax, and the significance of
literary works such as “Haftiyak” are discussed. Particular attention is paid to the
influence of Amir Temur’s ordinances on education and upbringing. The study
highlights the unique characteristics of education in the socio-cultural life of the era
and its pivotal role in society. The article aims to demonstrate the relevance of the
Temurid education and upbringing system for today.

Keywords: Education in the Temurid era, upbringing, ordinances, oratory
culture, religion, Islamic jurisprudence, syntax, Haftiyak.

Аннотация: Данная статья посвящена вопросам образования и воспитания
в эпоху Амира Темура и Темуридов и подготовлена на основе исследований
тимуроведов. В ней подробно анализируются достижения того периода в
области науки, культуры и образования. Обсуждаются структура
образовательной системы, воспитательные ценности, развитие культуры речи,
исламское право, наука о синтаксисе и значение литературных произведений,
таких как «Хафтияк». Особое внимание уделяется влиянию уставов Амира
Темура на образование и воспитание. Исследование раскрывает уникальные
особенности образования в социально-культурной жизни эпохи и его ключевую
роль в обществе. Статья демонстрирует актуальность системы образования и
воспитания тимуридской эпохи для современности.

Ключевые слова: образование в эпоху Темуридов, воспитание, уставы,
культура речи, религия, исламское право, синтаксис, Хафтияк.

KIRISH
O‘rta Osiyoda mo‘g‘ullar hukmronlik qilgan davrda yurtimiz ta’lim-tarbiya tizimi
faoliyati susaydi. Mo‘g‘ullar bon (osmon xudosi) diniga mansub bo‘lib, islom diniga
past nazar bilan qaragan va masjid, madrasalarning aksariyatini kazarma va
otxonalarga aylantirganlar, ularni vayron qilganlar. Ular o‘lka hayotini har jihatdan
tushkunlik va tanazzul girdobiga g‘arq etdilar.
Mana shunday og‘ir davrda ham xalqimiz ta’lim-tarbiyasini o‘ylagan yurtning
mag‘rur va erksevar kishilari, bir tomondan muqaddas Vatan tuyg‘usini dillariga
mustahkam joylab, ozodlik va mustaqillik yo‘lida jonbozlik bilan kurash olib borgan
bo‘lsalar, ikkinchi tomondan esa, ular asriy xalq an’analari, udumlariga sodiq qolib
yaratuvchanlik ishlari bilan mashg‘ul bo‘ldilar. Zero, o‘lmas xalq dahosi yangi-yangi
salohiyatli ijodkorlar avlodini yetishtira bordi. Shu boisdan ham sahroyi mo‘g‘ullar
xarobazorga aylantirgan kultepalar o‘rnida ko‘p o‘tmay yangidan ko‘rkam shaharlar,
me’morchilik obidalari qad rostlab, hayot yangidan izga tushib bordi. Tazyiqlarga
qaramay, mahalliy xalq orasidan yetishib chiqqan ilmli-tarbiyali me’morlar, naqqoshu hunarmandlar sa’y-harakati, mahorati bilan betakror moddiy madaniyat namunalari
yaratilib, bundan o‘lka hayoti o‘zgacha fayz-u manzara kasb etib bordi.
Tariximizga nazar solar ekanmiz, ajdodlarimizning qadim-qadimdan ilm-u
ma’rifatda, axloq va odobda ibrat bo‘lib kelganlariga guvoh bo‘lamiz. Xalqimizning
bu ibrati IX-XII va XIV-XV asrlarda dunyoning boshqa xalqlariga ham o‘z ijobiy
ta’sirini ko‘rsatganligi va bugun ham ko‘rsatayotganligini o‘zgalar ham e’tirof
etmoqda. Aynan shu davrlarda yurtimizda voyaga yetgan buyuk zotlarning ijodlari va
kashfiyotlarining dunyo ilm-fanida qo‘llanilayotganligi ham buning tasdig‘idir.
Amir Temur va temuriylar sulolasi o‘z davrida ta’lim va tarbiya rivojiga ham katta

hissasi qo‘shdi. Bu davrda ilm-fan, madaniyat va ma’naviyat yuqori darajada
rivojlandi. Ushbu davrda ta’lim jarayonlari faqat ilmiy bilimlar bilan cheklanib
qolmasdan, insonning ma’naviy, axloqiy va ijtimoiy jihatdan ham rivojlanishiga
qaratilgan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Amir Temur va temuriylar davrida ta’lim va tarbiya masalalari alohida o‘rin
tutgan. Bu davrda ilm-fan va madaniyat sohasidagi yutuqlar tarixiy ahamiyatga ega
bo‘lib, ko‘plab asarlar va manbalar orqali o‘rganilgan. Temuriylar davrida ta’lim tizimi
va tarbiya sohasida mavjud bo‘lgan fikrlar va qarashlarni yorituvchi adabiyotlar turli
manbalar, tarixiy asarlar, ilmiy tadqiqotlar va boshqa muhim manbalarga asoslanadi.
Ushbu tahlilda, Amir Temur va temuriylar davrida ta’lim va tarbiya masalalariga oid
ba`zi bir adabiyotlarni ko‘rib chiqamiz.
Sharq tarixchisi, olim va siyosiy arbob Sharafiddin Ali Yazdiy tomonidan
yozilgan “Zafarnoma” asarida ham Amir Temurning hayoti, harbiy yurishlari, davlat
boshqaruvi va siyosiy faoliyati tasvirlangan. Asar Amir Temur va uning davlatining
harbiy muvaffaqiyatlaridan tashqari, uning ilm-fan va ta’limga bo‘lgan yuksak
e’tiborni ham yoritadi. Temur o‘z hukmronligini ilm-fan bilan bog‘lagan va madaniy
rivojlanishning zarurligini muntazam ta’kidlagan. “Zafarnoma”da, shuningdek,
Temuriylar davlatining ilmiy va madaniy rivojlanishiga oid ma’lumotlar keltirilgan, bu
esa ta’lim tizimi va tarbiya masalalari haqida muhim manba hisoblanadi.
Temuriylar davrida Xoja Ahror Valiy, Alisher Navoiy, Ulug‘bek kabi tarixiy
shaxslarning asarlarida ham ilm-fan va ta’limga alohida e’tibor berilganligi haqidagi
ma’lumotlar saqlanib qolgan. Bu davrda Samarqand va Buxoroda ilmiy maktablar
yaratilgan. Masalan, Alisher Navoiy “Xamsa” asarida ko‘plab ijtimoiy axloqiy
qadriyatlarni ifodalagan. Navoiy nafaqat adabiyot, balki axloqiy, ma’naviy tarbiya
sohasida ham muhim ma’lumotlar qoldirgan.
Temurshunos olimlar tomonidan olib borilayotgan tadqiqotlar Temur va
temuriylar davrining ilmiy va tarbiyaviy jarayonlariga bag‘ishlangan. Unda ilm-fan,
madaniyat va ta’lim sohasidagi yutuqlar tahlil qilingan (Bobomurodova N., 2024).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda Amir Temur va temuriylar davridagi ta’lim-tarbiya masalalarini
o‘rganish uchun tarixiy-tahliliy usul qo‘llanildi. Asosiy manbalar sifatida davrga oid
yozma yodgorliklar, tarixiy hujjatlar va ilmiy adabiyotlar tahlil qilindi. Tadqiqot
jarayonida sifatli tahlil usullari, xususan, manbalarni solishtirish va kontekstual
sharhlash amaliyoti qo‘llaniladi. Ushbu yondashuv orqali ta’lim tizimining tuzilishi,
tarbiyaviy qadriyatlar va ularning jamiyatdagi ta’siri yoritiladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Temuriylar davridagi ta’lim tizimi va tarbiya masalalarini tahlil qilish orqali
ushbu davrning o‘ziga xos xususiyatlari va bugungi ta’lim tizimi uchun qimmatli
saboqlar olish mumkin. Quyida ushbu tahlil natijalarining asosiy xulosalarini
keltiramiz. Amir Temur va uning avlodlari ta’lim va ilm-fanga katta e’tibor qaratgan.
Temur o‘z hukmronligi davrida ilm-fan va madaniyatni rivojlantirishga alohida
ahamiyat bergan, bu esa uning davlat boshqaruvidagi muvaffaqiyatlariga ham ta’sir
ko‘rsatgan. Samarqand, Buxoro ilmiy va madaniy rivojlanishning muhim markazlariga
aylangan. Temuriylar davrida ilmiy markazlar, madrasalar va kutubxonalar tashkil
etilgan, ularning asosiy maqsadi nafaqat ilmli mutaxassislar tayyorlash, balki ulkan
madaniy merosni yaratish edi.
Temuriylar davrida ta’lim diniy va dunyoviy yo‘nalishda olib borilgan. Diniy
ta’lim madrasalarda Qur’on, hadis, fiqh, tafsir kabi diniy fanlarni o‘rganishga
qaratilgan bo‘lsa, dunyoqarashni rivojlantirish maqsadida ilmiy fanlar, masalan,
astronomiya, matematika, falsafa va tibbiyot kabi sohalarda ham ta’lim berilgan.
Ushbu ikki soha o‘zaro uyg‘unlashib, ilm-fan va ma’naviyatni birlashtirishga hissa
qo‘shgan. Unda amaliy va nazariy bilimlarni birlashtirilgan. Bilimlarning amaliy
qo‘llanilishiga katta e’tibor qaratilgan. Ta’lim berishda nafaqat nazariy bilimlar, balki
kundalik hayotda foydalanish mumkin bo‘lgan amaliy ko‘nikmalar ham o‘rgatilgan.
Ta’limda ustozlarning o‘rni juda katta bo‘lgan, nafaqat bilim berish, balki axloqiy
tarbiya ham muhim o‘rin egallagan.
Amir Temur va temuriylar davrida ta’lim masalalari haqida olib borilgan tahlil,
bu davrda ta’limning ilm-fan, madaniyat va axloqiy tarbiya bilan bog‘langanligini
ko‘rsatdi. Temuriylar davrining ta’lim tizimi o‘z zamonasi uchun yuksak darajada
ilmiy va madaniy jihatdan rivojlangan bo‘lib, bugungi kunda ham ta’lim sohasidagi
yuksak qadriyatlar va tamoyillarni o‘rganish va tatbiq etishda muhim manba
hisoblanadi. Temuriylar davrining ta’lim va tarbiya masalalari nafaqat o‘z davrining,
balki hozirgi kunda ham ta’lim jarayonlarini rivojlantirishda o‘z ahamiyatini
yo‘qotmaydi.
Amir Temur hukmdor bo‘lgandan keyin ham ilmli, ma’rifatli kishilarni o‘z
atrofiga to‘pladi, ilm, fan va madaniyatga homiylik qildi.
Amir Temur bu haqda o‘z tuzuklarida: “Sakkizinchi toifa – hakimlar, tabiblar,
munajjimlar va muhandislar saltanat korxonasiga rivoj beruvchilardir. Ularni o‘z
atrofimga to‘pladim, har qaysisining qissalari va xabarlari, ishlari va so‘zlarini eshitib
tajribam ortdi. Olamda bo‘layotgan voqealarni ulardan eshitardim va olam ahvolidan
xabar topar edim”, deb yozgan edi.
Sohibqiron davlatni boshqarish, fuqarolarning turmush sharoitlarini yaxshilash
ishlarida o‘zgalarning jo‘yali maslahatlaridan ham o‘rinli foydalangan. Shuningdek,

o‘z ona tili – turk, o‘zbek tilidan tashqari fors tilini ham mukammal bilgan. Zamonasi
talabiga har tomonlama amaliy javob bera oladigan, tafakkuri chuqur inson bo‘lgan.
Temur o‘ng va so‘l qo‘llarda birdek yozishni mashq qilgan. Keyinchalik esa
mukammal husnixat bitishga, mohirlik bilan qilich chopishga o‘rgangan.

Amir Temurning o‘zi tiniq va ochiq turk shevasida yozardi. Uning yordami bilan
nutq madaniyati, din, shariat qonunshunosligi, nahv (morfologiya, sintaksis), tafsir
(Qur’on sharhi) ilmi rivojlanib bordi.

Amir Temur jahon tarixida o‘chmas iz qoldirgan buyuk inson. Temur shaxsi
mashhurligining boisi, negizi nimada? Ko‘p tarixiy dalillar guvohlik beradiki, u
xudojo‘y, odil va orif oilada dunyoga kelib, yosh bolaligidanoq yaxshi tarbiya ko‘rgan.
Temur tirishqoq, o‘tkir zehnli, e’tiqodi mustahkam, mehnatdan qochmaydigan bo‘lib
o‘sgan. U hayot so‘qmoqlarini barvaqt anglagan, voqealarni chuqur tahlil qila bilgan
va tegishli xulosalar chiqarish qobiliyatiga ega bo‘lgan. Sohibqiron davlat ishlarini
maslahat-u mashvarat bilan olib borgan. Shu bilan birga, u mustaqil fikrga ham ega
bo‘lgan mulohazakor siymo bo‘lgan. U saltanat ishlari xususida fikr yuritar ekan,
qudrat kuchda emas, adolatdadir, degan falsafaning teran ma’nosini anglagan. Katta
iste’dod va salohiyat sohibi Amir Temur jamiyat taraqqiyoti mazmunini, uning
obyektiv qonunlarini va bu qonunlarni harakatga keltirish mexanizmini yaxshi
anglagan buyuk davlat arbobi va mohir siyosatchi bo‘lgan shaxs. Bunga ishonchli asos
uning tuzuklaridir. Temur odamlar kayfiyatini, ularning kuchli va zaif tomonlarini
aniqroq ko‘ra bilgan qobiliyatli siymo bo‘lgan. Xullas, Sohibqiron o‘z faoliyatida
iymon-e’tiqodga, aniq qonun-qoidalarga tayanib qattiqqo‘llik bilan saltanatni idora
qilishga intilgan siyosiy arbob bo‘lgan.

Amir Temurning ilmga qanchalik e’tiborli bo‘lganidan guvohlik beruvchi bir
misol keltiramiz. U mashhur orif Mahmud Shabistariyning “Gulshani roz” nomli
kitobini qunt bilan o‘qib, undagi ma’naviy-ma’rifiy g‘oyalardan g‘oyatda ta’sirlanadi.
Hokimiyatga erishib, Ozarbayjonni tasarruf qilgach, Mahmud Shabistariy vatani –
Shabistar aholisini ardoqlab, jon boshiga besh misqoldan, hammasi bo‘lib 18500
misqol oltin bag‘ishlaydi.

Amir Temur va temuriy shahzodalar nafaqat o‘zlarining, hatto boshqalarning ham
ilmdan bahra olishlari uchun imkoniyat yaratishgan, ilm-fan o‘choqlari tashkil etishga
bosh-qosh bo‘lganlar va homiylik qilganlar, ta’lim-tarbiyani davlat darajasidagi
ustuvor vazifa darajasiga ko‘targanlar. Ular qurdirgan madrasalarda oliy ta’lim
berilgan (Bobomurodova N., 2024).

Temuriylar davrida ta’lim-tarbiyaga qanchalik e’tibor qaratilganligini temuriy
malikalar ilmi va odobi misolida ham ko‘rish mumkin. Saroy Mulkxonim (1341-1409,
Bibixonim), Gavhar Shod Begim (1379-1457), Shod Mulk Xotun (1387-1411),
Xadicha Begim (1451-1511), Gulbadan Begim (1523-1603), Mumtoz Mahal

(Arjumand Bonu, 1594-1631), Zebuniso Begim (1639-1702) larning ilm-u ma’rifati va
odobi bugungi yoshlarimizga ham ibrat sifatida xizmat qilmoqda.

Saroy Mulkxonim (Bibixonim) buyuk Sohibqironning sevimli rafiqasi, bilimli,
dono, oqila ayol sifatida Amir Temur faoliyatida muhim o‘rin tutgan. Olimimiz T.
Fayziyevning ta’kidlashicha, Bibixonim o‘ta bilimli, ziyrak, tadbirkor bo‘lib, saltanat
boshqaruvida vujudga kelgan ayrim muammolarni hal qilishda oqilona maslahatlari
bilan faol qatnashgan. Hukmdor Saroymulk xonimga oshkora bo‘ysunmasa-da, biroq
uning oqilona maslahatlariga qandaydir ehtiyoj sezib turgan.

Saroy Mulkxonim madrasa qurdirish uchun Amir Temurdan ruxsat olsa-da, uning
qurilishi uchun otasi sovg‘a qilgan zeb-u ziynatlarni sottirgan, madrasa qurilishi
jarayonida ustaboshiga maslahatlar berib turgan, madrasa ishga tushirilgach, tolibi
ilmlarning ahvolidan tez-tez xabar olgan, ularga homiylik qilgan. Sohibqiron o‘g‘li
Shohrux mirzoni, nabiralari Muhammad Sulton mirzo, Xalil Sulton mirzo, Ulug‘bek
mirzo va boshqa mirzolarni bevosita zukko Saroy Mulkxonim tarbiyasiga
topshirganligi ham uning o‘ta ma’rifatli, ma’naviyatli bo‘lganligidan guvohlik beradi.

Amir Temur va temuriylar davlati ilm-u ma’rifati va madaniyatining shiddatli va
keng doirada yuksalishiga ijtimoiy-ma’naviy “Naqshbandiya” tariqati ham muhim
omil bo‘lib xizmat qilgan. Bu tariqat asosida davlat faoliyati olib borilgan.

Amir Temur va temuriylar davri ilm-u ma’rifati yuksalishida ta’lim-tarbiya
tizimining oqilona yo‘lga qo‘yilishi ham muhim o‘rin tutgan. Bu davr maktablarida
bilim berish o‘quvchilarga arab harflari o‘rgatishdan boshlanib, yozish qoidalarini
egallashgach, “Haftiyak” (Qur’onning yettidan bir bo‘lagi) o‘qitilgan, diniy
marosimlar, milliy urf-odatlar o‘rgatilgan.

Maktab o‘quvchilari yoshlaridan qat’iy nazar uch guruh – kichik, o‘rta va yuqori
guruhlarga ajratilgan:

- Kichik guruhda 3 yil mobaynida maxsus taxtachaga yozilgan harflarni o‘rganib,
savod chiqarganlar, so‘ngra “Haftiyak” o‘qitilgan;

- O‘rta guruhda 3 yil davomida harflarning yozilishi tizimi, arab raqamlari orqali
matematik tushunchalar o‘rgatilgan. “Chor kitob”, So‘fi Olloyorning hikmatlari
o‘qitilgan;

- Yuqori guruhlarda o‘quvchilar 3 yil ichida diniy va dunyoviy bilimlarni egallash
bilan birga islom dini asoslarini tashviqot qilganlar. Shuningdek, Shayx Sa’diy
Sheroziy va Xo‘ja Hofiz g‘azallarini sevib o‘qiganlar, yodlaganlar, o‘zlari ham she’rlar
yozishgan, ijodiy ishlar bilan shug‘ullanganlar. Maktablardagi ta’lim mazmuni va sifati
o‘qituvchining o‘qitish mahoratiga va bilim saviyasiga bog‘liq bo‘lgan.

Yuqorida zikr etilgan tadqiqotchilar o‘rta asrlarda maktablarning turlari ko‘p
bo‘lganligini yozadilar. Shulardan biri qorixonalardir. Qorixonalar diniy bilimlarni
targ‘ib qilish maqsadida odamlar gavjum joylarda qurilgan. Ularni tugatgach talabalar

Qur’onni yod bilishgan va qiroat bilan ayta olishgan. Qorixonalarda nisbatan kattaroq
yoshdagi (18-40 yosh) talabalar o‘qitilgan. Qorilar mahallalarda marosimlar
o‘tkazishda bosh-qosh bo‘lishgan, hojatmandlarga ariza va shikoyatlarni yozib
berganlar. Maktab turlaridan yana biri dalyarxona bo‘lib, unda yoshi ulug‘lar ma’lum
bir mavsumda (kuzda, qishda) ma’lumot olishgan, bilimlarning asosini o‘rganishgan.

Imom xatiblarning oila a’zolari, shoiralar va boshqa ziyoli xotin-qizlar o‘z
uylarida maktab ochib, otinoyilik qilganlar, qizlarga diniy va axloqiy ta’lim-tarbiya
berganlar.

Bu davrda saroy ahlining bolalari uchun alohida qo‘llanma bilan ishlaydigan
maktab turidagi muassasalar ham mavjud bo‘lgan. Bolalar 5-6 yoshga yetganda xatsavodi chiqqach, tajribali kishilarga biriktirib qo‘yilgan. Bunday kishilarni qissaxonlar
deyishgan. Qissaxonlar davlat ishlarida, harbiy ishlarda bir necha yil ishlagan
keksaroq, obro‘li kishilar bo‘lib, ular shahzodalar va bekzodalarga atqalik
(shahzodaning ta’lim-tarbiyasiga javobgar shaxs) vazifasini ham bajarganlar.

Amir Temurning atqasi va piri Said Baraka, Ulug‘bekning atqasi esa Shoh Malik
bo‘lgan. Qissaxon va atqalar davlatni boshqarish ishlari bo‘yicha ma’ruzalar qilishgan,
bekzodalarning zehnini o‘stirish maqsadida o‘zlari bevosita qatnashgan va eshitgan
voqealar, Temurning jang qilish usullari haqida so‘zlab, uning harbiy ishlar bo‘yicha
bilimi va mahoratini oshirgan. Atqalar doimo shahzodalar va bekzodalar bilan birga
bo‘lishib, ularga otda yurish, qilichbozlik, nayzabozlik kabilarni o‘rgatishgan, harbiy
bilim berishgan va o‘zlari bunday mashqlarni bajarishda o‘rnak ko‘rsatishgan.

Saroyda “Suluqul muluk” (Shohlar haqida qo‘llanma) bo‘yicha o‘quv tarbiya
ishlarini olib boradigan maktablar ham bo‘lgan (Ergashev Q., Hamidov H., 2015).

“Suluqul muluk” arab grafikasida, fors tilida bo‘lib, bir necha kitoblardan tashkil
topgan. Unga muvofiq, shahzodalarga quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha ta’lim berilgan:

- Davlat ishlarini boshqarish;
- Diplomatiya masalalari (chet mamlakatlarning elchilarini qabul qilish, ular bilan
suhbatlashish va ularni kuzatish, harbiy va fuqarolik diplomatiyalari);
- Soliq yig‘ish ishlari;
- Harbiy ishlar o‘rgatilgan, ularda diniy ishlarni olib borish bo‘yicha bilim va
ko‘nikmalar shakllantirilgan.
Mamlakatda oliy o‘quv yurti vazifasini madrasalar o‘tagan. Amir Temur ham
ikkita madrasa – Muhammad Sulton va Bibixonim madrasalarini qurdirgan.
Madrasalar, asosan, yirik shaharlarda: Samarqand, Buxoro, Hirot va Marvda qurilgan
va faoliyat ko‘rsatgan. Ularda, avvalo, diniy, keyinchalik dunyoviy bilimlar
o‘rgatilgan, o‘sha davrning ko‘zga ko‘ringan ulamo-olimlari mudarrislik qilishgan.
Ulug‘bek 1417-yilda Buxoroda, 1417-1420-yillarda Samarqandda va 1433-yilda
Gʻijduvonda madrasalar qurdirgan.

Madrasalarning eng kattasi Samarqanddagi bo‘lib, u ikki qavat va 50 ta hujradan
iborat bo‘lgan. Unda 100 dan ortiq tolibi ilmlar o‘qigan.

Samarqanddagi Ulug‘bek madrasasiga taniqli olim mavlono Shamsuddin Havofiy
birinchi mudarris bo‘lgan. Unda Qozizoda Rumiy, Ali Qushchi va ko‘zga ko‘ringan
boshqa allomalar ma’ruzalar o‘qishgan. Qur’on, Hadis, tabiiy, astronomiyaga oid
fanlar, jug‘rofiya fanlari, geodeziyaga oid bilimlar, tibbiyot, fiqh, tarix, adabiyot,
ritorika, mantiq kabi fanlar o‘qitilgan.

Talabalar o‘z-o‘ziga xizmat qilganlar, madrasa atrofini ko‘kalamzorlashtirishda
qatnashganlar, ijtimoiy foydali mehnat bilan shug‘ullanganlar. Ularning har biri biror
kasbni ham egallab, hunar orqasidan kun kechirganlar. Madrasada besh vaqt namoz
o‘qilgan. Juma kuni madrasa bo‘shatib qo‘yilgan.

Ulug‘bekning buyuk xizmatlaridan yana biri shundaki, u madrasadagi ta’limtarbiya ishlarini isloh qilgan: o‘qish muddatini 14-15 yildan 8 yilga qisqartirgan.

Talabalar uch guruhga bo‘lib o‘qitilgan:
- Anda (kichik) guruh – o‘qish muddati 2 yil;
- O‘rta guruh – (avsat) – o‘qish muddati 3 yil;
- Yuqori guruh – a’lo (oliy) – o‘qish muddati 3 yil.
O‘qishlar qat’iy kundalik dars, mustaqil o‘qish va dam olish muddatlari
ko‘rsatilgan jadval asosida nazariya amaliyot bilan qo‘shilgan holda olib borilgan.
Ulug‘bekning o‘zi astronomiyadan dars o‘tayotganda talabalarni rasadxonaga olib
borib, turli asboblardan foydalanib, yulduzlar joylashishini aniqlashga o‘rgatgan.
Shuningdek, ular ustozlari rahbarligida quyosh soatini kuzatganlar va h.k.
Mirzo Ulug‘bek tashkil etgan va yurtimizni jahonga tanitgan akademiya o‘sha
davr ilm-u fanining o‘chog‘i hisoblangan. Unda turli mamlakatlardan kelib, ilm-fan
bilan shug‘ullangan olimlar soni 1417-yildayoq 100 dan oshib ketgan. Kutubxonada
qariyb 150 ming nusxa kitob saqlangan.
Rasadxonada Ulug‘bekning bevosita rahbarligida o‘tkazilgan ishlar uning
matematika, geometriya va astronomiya sohasida chuqur bilimlar sohibi ekanligidan
guvohlik berar hamda bir qancha amaliy vazifalar yechimi uchun katta ahamiyat kasb
etardi. Ulug‘bekning nechog‘lik bilimdonligi va mahorati to‘g‘risida uning xodimi
Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy 1417-yilda Samarqanddan otasiga yozgan quyidagi xati
ta’riflaridan ham bilish mumkin: “Ollohga va ne’matlarga ko‘p shukrlar bo‘lsinkim,
yetti iqlimning farmonbardori islom podshohi donishmand kishidurlar. Men bu narsani
odob rasmi yuzasidan aytayotganim yo‘q. Haqiqat shuki, avvalo u kishim Qur’oni
Karimning aksariyat qismini yoddan biladilar.
Arab tilining nahv va sarfini yaxshi biladilar va arabchadan g‘oyat yaxshi
yozadilar. Shuningdek, u kishim fiqhdan ancha xabardor... mantiq, ma’nolarining
bayoni va usullaridan ham xabardorlar. U kishi riyoziyot (matematika) fanining barcha

tarmoqlarini mukammal egallagan va shunday jiddiy mahorat ko‘rsatganlarki,
kunlardan bir kun otda ketayotib, 818 rajab oyining o‘ninchi va o‘n beshinchi kunlari
orasidagi (milodiy 1415-yil 15-20-sentyabr) dushanba kuni yil mavsumining qaysi
kuniga munosib kelishini aniqlashni istadilar. Shunga ko‘ra, otda ketayotib, xayoliy
hisob bilan quyoshning taqvimi (o‘sha kuni) bir daraja va ikki daqiqa ekanligini
topdilar. Keyin otdan tushgach (hisob to‘g‘riligini) bu bandai bechoradan so‘rab oldilar

Inson bino bo‘lganidan beri shu kungacha hali hech kimsa bu qadar aniq hisoblay
olmagan edi. Qisqa qilib aytmoqchimanki, u kishim bu fan sohasida g‘oyat katta
mahoratga erishganlar, yulduzshunoslikka taalluqli amallarni yaxshi bajaradilar va
chuqur dalillar bilan xuddi keragidek isbotlaydilar: “Tazkira” va “Tuhfa” dan shu qadar
zo‘r dars o‘tadilarki, ularga hech qanday qo‘shimcha qilishning hojati qolmaydi”
(Ergashev Q., Hamidov H., 2015).

Temuriylar davri ta’lim-tarbiyasi haqida gap ketganda, davrning eng ilmli,
ma’naviyatli mutafakkiri Alisher Navoiy haqida to‘xtab o‘tish o‘rinlidir.

Alisher Navoiy Hirotda ko‘pgina ilm va san’at ahlini to‘pladi, ularni har
tomonlama himoya qildi. Abdurahmon Jomiy, Sayid Hasan Ardasher kabi so‘z ustalari
Navoiyning yaqin do‘stlari va maslahatchilari edilar. Navoiy iste’dodli yoshlar
tarbiyasiga alohida e’tibor berdi. Tarixchi Xondamir, xattot Sulton Ali, rassom Behzod
va boshqalar Navoiy homiyligida kamolga yetdilar. Navoiy ko‘plab madrasa,
kutubxona, shifoxona, hammom va shunga o‘xshash binolar qurdirdi.

Navoiyning Hirotda qurdirgan “Ixlosiya”, “Nizomiya” madrasalari, “Xalosiya”
xonaqohi, Marvda qurdirgan “Xisraviya” madrasasi ilm va san’at rivojida katta
ahamiyatga ega bo‘ldi. Xondamirning ta’kidlashicha, u “talabalar faqat o‘qish bilan
mashg‘ul bo‘lsin”, deb ularga nafaqalar tayin etgan.

Alisher katta yer va mulk egasi bo‘lgan. U yillik daromadining katta qismini xalq
farovonligi uchun har xil qurilishlarga, ochlarni boqish, kambag‘allarni kiyintirish va
ilm istovchilarga homiylik qilish kabi savob ishlarga sarflagan.

Amir Temur va temuriylar davrida hukmdorlarni o‘zlarining ilmliligi va
tarbiyaliligi, ularning ilm, fan va madaniyatga intilishi, bu sohaga ularni o‘zlarini
shaxsan homiylik qilishlari XIV-XV asrlarda yurtimizda fan va madaniyatning
yuksalishiga, shu tariqa dunyoda ikkinchi marta ham O‘rta Osiyoda renessans
(uyg‘onish) ro‘y berishiga olib keldi. Bu davrda Samarqand, Shahrisabz, Buxoro, Hirot
kabi yirik shaharlarda qurilish, bunyodkorlik va me’morchilik ishlari olib borildi.
Baland, yirik obidalar va ilm maskanlari qad ko‘tardi, go‘zal bog‘lar barpo etildi.

Temuriy shahzodalardan Shohrux Mirzo, Abu Said Mirzo, Husayn Boyqaro,
Bobur Mirzolar ijodlari bu yurtni jahonga tanitdi. Mirzo Ulug‘bek, Jaloliddin Ahmad
Xorazmiy, Mavlono Termiziy, Mansur ibn Muhammad Buxoriy, Shayx Zayniddin
Xofiy, Said Sharif Jurjoniy, Sa’duddin Taftazoniy, Gʻiyosiddin Jamshid Koshiy, Ali

Qushchi, Muhammad Havofiy va Qozizoda Rumiy kabi allomalar jahon
sivilizatsiyasiga o‘zlarining munosib hissalarini qo‘shdilar.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, ma’naviy ildizlarimizning bir bo‘lagi – Amir Temur va
temuriylar ma’naviyatidir. Biz mustaqillik tufayli bu ma’naviyatning naqadar
zarurligini va buyuk kelajak sari qadam tashlayotgan xalqimiz uchun nihoyatda qadrli
ekanligini angladik.
Amir Temur va ayrim temuriy shahzodalarning adolat, osoyishtalik uchun
kurashlari nafaqat yurtning ijtimoiy-iqtisodiy rivojiga, balki xalqimizning ilm-u
ma’rifatli, axloq-odobli, yuksak ma’naviyat egalari bo‘lishlariga ham imkon yaratdi.
Bu davrda diniy ta’lim va dunyoviy ilm bir-birini to‘ldirgan. Madrasalarda diniy
bilimlar, Qur’on, hadis, fiqh o‘qitilgan, shu bilan birga, ilmiy va amaliy sohalarda ham
bilimlar berilgan. Bu, ta’lim tizimining har tomonlama rivojlanishini ta’minlagan va
ta’lim olgan shaxslar nafaqat diniy, balki dunyoviy dunyoqarashi keng bo‘lgan.
Temur, ta’limni nafaqat ilm-fan, balki axloqiy tarbiya bilan birlashtirishga alohida
e’tibor qaratgan. U davlat boshqaruvi, axloqiy qadriyatlar va insoniy fazilatlar haqida
keng fikr yuritgan. “Temur tuzuklari”da adolat, sadoqat, halollik, vatanparvarlik kabi
axloqiy tamoyillarni shakllantirishga urg‘u berilgan. Bu, ta’lim jarayonida shaxsiy
fazilatlarning muhimligini ko‘rsatadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Bobomurodova N. (2024). Temuriylar saltanatida ma’naviy-ma’rifiy hayot va
ayollarning ta’lim-tarbiyadagi o‘rni // Bukhara State University Journal of Social
Sciences, № 3. – B. 25–32.
2. Bo‘riyev O. (2011). Sohibqiron Amir Temur. – Toshkent.
3. G. Tursunova, I. Ochilov. (2020). Amir Temur hayoti va ulkan saltanatning
vujudga kelishi // Oriental Art and Culture, №. 4. – B. 45–51.
4. Keren L. (1999). Amir Temur saltanati. – Toshkent: Ma’naviyat.
5. M. Jo‘raqulova, A. Kamalova. (2024). Amir Temur va Temuriylar davrida
pedagogik fikrlar taraqqiyoti va ta’lim-tarbiya masalalarining bugungi kun ijtimoiy
faoliyatdagi ahamiyati // Science and Education, № 5. – B. 490–494.
6. Natanziy, Muiniddin. (2011). Muntaxab ut-tavorixi Muiniy. – Toshkent.
7. Q. Ergashev, H. Hamidov. (2015). O‘zbekiston tarixi: O‘quv qo‘llanma. –
Toshkent: G‘afur G‘ulom.
8. Sodiqov H. (2007). Amir Temur hayotidagi g‘aroyibotlar. – Toshkent.
9. Sh. O‘ljayeva, G. Tosheva. (2023). Amir Temur saltanatida sog‘lom avlod
tarbiyasi masalalari // Central Asian Journal of Education and Innovation, № 2. – B.
112–118.

10. Xoliqova R. (2023). Temur va temuriylar davri manbalaridan “Temurnoma”
asari haqida // Journal of Historical Studies, № 5. – B. 45–52.

REFERENCES:
1. Bobomurodova N. (2024). Temuriylar saltanatida ma’naviy-ma’rifiy hayot va
ayollarning ta’lim-tarbiyadagi o‘rni // Bukhara State University Journal of Social
Sciences, № 3. – B. 25–32. (In Uzbek)
2. Bo‘riyev O. (2011). Sohibqiron Amir Temur. – Toshkent. (In Uzbek)
3. G. Tursunova, I. Ochilov. (2020). Amir Temur hayoti va ulkan saltanatning
vujudga kelishi // Oriental Art and Culture, №. 4. – B. 45–51. (In Uzbek)
4. Keren L. (1999). Amir Temur saltanati. – Toshkent: Ma’naviyat. (In Uzbek)
5. M. Jo‘raqulova, A. Kamalova. (2024). Amir Temur va Temuriylar davrida
pedagogik fikrlar taraqqiyoti va ta’lim-tarbiya masalalarining bugungi kun ijtimoiy
faoliyatdagi ahamiyati // Science and Education, № 5. – B. 490–494. (In Uzbek)
6. Natanziy, Muiniddin. (2011). Muntaxab ut-tavorixi Muiniy. – Toshkent. (In
Uzbek)
7. Q. Ergashev, H. Hamidov. (2015). O‘zbekiston tarixi: O‘quv qo‘llanma. –
Toshkent: G‘afur G‘ulom. (In Uzbek)
8. Sodiqov H. (2007). Amir Temur hayotidagi g‘aroyibotlar. – Toshkent. (In
Uzbek)
9. Sh. O‘ljayeva, G. Tosheva. (2023). Amir Temur saltanatida sog‘lom avlod
tarbiyasi masalalari // Central Asian Journal of Education and Innovation, № 2. – B.
112–118. (In Uzbek)
10. Xoliqova R. (2023). Temur va temuriylar davri manbalaridan “Temurnoma”
asari haqida // Journal of Historical Studies, № 5. – B. 45–52. (In Uzbek)