ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Menejmentda sun’iy intellektni qo‘llash

Xodjimuratova Zuxra Zaynitdinovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MENEJMENTDA SUN’IY INTELLEKTNI QO‘LLASH

IMPLEMENTING ARTIFICIAL INTELLIGENCE IN MANAGEMENT

ВНЕДРЕНИЕ ИССКУСТВЕННЫЙ ИНТЕЛЛЕКТ В МЕНЕДЖМЕНТ

Xodjimuratova Zuxra Zaynitdinovna
Oriental universiteti

Matematika va axborot texnologiyalari
kafedrasi katta o‘qituvchisi
Тel.: +998 97 748-58-11

E-mail: zukhra_doctor@yandex.ru

Annotatsiya: Ushbu maqolada sun’iy intellekt (SI) va menejmentning o‘zaro
ta’siri tahlil qilinadi hamda O‘zbekiston Respublikasining rivojlanish strategiyalari
doirasida mamlakat rivoji uchun hissa qo‘shish imkoniyatiga e’tibor qaratiladi.
Maqolada SI texnologiyalarining tashkiliy samaradorlik, qaror qabul qilish, inson
resurslarini boshqarish va innovatsiyalarga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Shuningdek, ushbu
jarayonda yuzaga keladigan axloqiy, texnologik va tashkiliy muammolar statistik
ma’lumotlar va ekspert xulosalari asosida yoritiladi. Tadqiqot kelajak menejeri uchun
zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni aniqlaydi va va O‘zbekistonning raqamli transformatsiya
jarayonida sun’iy intellektning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun strategik
yondashuvlarni taklif etadi. Bundan tashqari, SI asosidagi tizimlarning mahalliy
iqtisodiyotga integratsiyasi va ularning global raqobatbardoshlikni oshirishdagi roli
o‘rganiladi. Shu bilan birga, O‘zbekistonning ta’lim tizimida SI bo‘yicha malaka
oshirish dasturlarini joriy etish zarurati alohida e’tiborga olinadi.

Kalit so‘zlar: sun’iy intellekt, menejment, O‘zbekiston, raqamli transformatsiya,
qaror qabul qilish, inson resurslari, innovatsiya.

Abstract: This article analyzes the interaction between artificial intelligence
(AI) and management, focusing on its potential to contribute to the development of
the Republic of Uzbekistan within the framework of its development strategies. The
article examines the impact of AI technologies on organizational efficiency, decisionmaking, human resource management, and innovation. Furthermore, ethical,
technological, and organizational challenges arising in this process are explored
based on statistical data and expert opinions. The study identifies the skills required
for future managers and proposes strategic approaches to fully realize the potential of
artificial intelligence in Uzbekistan’s digital transformation process. Additionally, the
integration of AI-based systems into the local economy and their role in enhancing
global competitiveness are investigated. Moreover, the need to introduce AI-focused

training programs within Uzbekistan’s education system is given particular attention.
Keywords: artificial intelligence, management, Republic of Uzbekistan, digital

transformation, decision-making, human resources, innovation.

Аннотация: В данной статье анализируется взаимодействие
искусственного интеллекта (ИИ) и управления, с акцентом на его потенциал
для содействия развитию Республики Узбекистан в рамках стратегий развития
страны. Рассматривается влияние технологий ИИ на организационную
эффективность, принятие решений, управление человеческими ресурсами и
инновации. Кроме того, этические, технологические и организационные
проблемы, возникающие в этом процессе, освещаются на основе
статистических данных и экспертных заключений. Исследование определяет
навыки, необходимые для менеджеров будущего, и предлагает стратегические
подходы для полного раскрытия потенциала искусственного интеллекта в
процессе цифровой трансформации Узбекистана. Кроме того, изучается
интеграция систем на основе ИИ в местную экономику и их роль в повышении
глобальной конкурентоспособности. Также особое внимание уделяется
необходимости внедрения программ повышения квалификации по ИИ в
образовательной системе Узбекистана.

Ключевые слова: искусственный интеллект, менеджмент, Республика
Узбекистан, цифровая трансформация, принятие решений, человеческие
ресурсы, инновации.

KIRISH
XXI asrning dastlabki choragida sun’iy intellekt (SI) texnologiyalari global
iqtisodiy va ijtimoiy muhitni tubdan o‘zgartirib yubordi. Ma’lumotlarning ko‘payib
borishi va hisoblash quvvatining oshishi SI ni ilgari faqat fantastikada tasavvur
qilingan vazifalarni bajarishga qodir qildi (Brynjolfsson E., McAfee A., 2014). Ushbu
rivojlanish, ayniqsa, iqtisodiy jihatdan rivojlangan yetakchi davlatlarda juda katta
sezilarli ta’sirda namoyon bo‘lyapti. O‘zbekiston Respublikasi uchun ham bu
tendensiyalar o‘ta dolzarb bo‘lib, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari
surilgan “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning raqamli
transformatsiya yo‘lidagi intilishlarini yaqqol ko‘rsatadi. Bu o‘zgarishlar, ayniqsa,
biznes va menejment sohalarida sezilarli ta’sir ko‘rsatib, davlat tashkilotlari va
xususiy sektor korxonalarida samaradorlikni oshirish, strategik qaror qabul qilish
jarayonlarini qayta shakllantirish, inson resurslarini boshqarishga yangi
yondashuvlarni joriy etish va innovatsion jarayonlarni tezlashtirish imkoniyatini
yaratadi, deb umid qilinmoqda.
SI O‘zbekiston sharoitida tashkilotlarga integratsiya qilinishi bir qator

vazifalarni hal qilish zaruratini keltirib chiqarmoqda. Bularga ishchi kuchining
o‘zgarishi, ma’lumotlar xavfsizligi va maxfiyligi, shuningdek, yangi texnologiyalarni
o‘zlashtirish uchun zarur bo‘lgan malakali kadrlar yetishmasligi kiradi.

Ushbu maqolada sun’iy intellektning menejmentga ta’sirini chuqur o‘rganish,
mavjud imkoniyatlar va muammolarni aniq faktlar va statistik ma’lumotlar asosida
tahlil qilish, shuningdek, kelajak menejerlari uchun zarur bo‘lgan ko‘nikmalarni
belgilash maqsad qilingan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
SI, menejment, raqamli transformatsiya, qaror qabul qilish va inson resurslari
boshqaruvi bo‘yicha akademik jurnallar, konferensiya materiallari va kitoblari tahlil
qilindi (Davenport T., Ronanki R., 2018).
Xalqaro nufuzli tashkilotlar va konsalting firmalarining tadqiqotlari, hisobotlari,
so‘nggi ma’lumotlari va statistikalari: Gartner, McKinsey & Company, PwC,
Deloitte, IBM va World Economic Forum kabi taniqli firmalarning so‘nggi
hisobotlari, tadqiqotlari va prognozlari tahlil qilindi. Bu hisobotlar sun’iy
intellektning biznesga ta’siri, qabul qilinishi, investitsiyalar va kelajakdagi
tendensiyalar bo‘yicha qimmatli statistik ma’lumotlarni taqdim etdi. SI va menejment
sohasidagi yetakchi ekspertlarning fikrlari, tahlillari va xulosalari o‘rganildi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqola uchun ma’lumotlar va dalillarni yig‘ishda keng qamrovli
adabiyotlar tahlili, xalqaro nufuzli tashkilotlar va konsalting firmalarining
tadqiqotlari, hisobotlari, so‘nggi ma’lumotlari va statistikalari, shuningdek,
O‘zbekiston Respublikasining tegishli normativ-huquqiy hujjatlari, davlat dasturlari
va mahalliy tadqiqotlardan foydalanildi. Tadqiqot quyidagi bosqichlarda amalga
oshirildi:
 O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sun’iy intellektga oid farmon va
qarorlari, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlari, “Raqamli O‘zbekiston – 2030”
strategiyasi hujjatlari, Raqamli texnologiyalar vazirligi ma’lumotlari, mahalliy
universitetlarning ilmiy ishlari va O‘zbekiston Respublikasi davlat statistika
qo‘mitasi ma’lumotlari ko‘rib chiqildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tadqiqot natijalari sun’iy intellektning menejmentga ko‘p qirrali ta’sirini
tasdiqladi, shu bilan birga yangi imkoniyatlar va muhim muammolarni ochib berdi.
O‘zbekiston sharoitida bu tendensiyalar o‘ziga xos xususiyatlarga ega.
1. Sun’iy intellektning eng sezilarli ustunliklaridan biri operatsion
samaradorlikni oshirishdir. Gartnerning 2023-yilgi hisobotiga ko‘ra, global
tashkilotlarning 30% dan ortig‘i allaqachon operatsion jarayonlarda SI qo‘llash orqali

sezilarli darajada xarajatlarni qisqartirishga va samaradorlikni oshirishga erishgan.
Masalan, robotlashtirilgan jarayonlarni avtomatlashtirish (RPA) moliyaviy hisobot,
mijozlarga xizmat ko‘rsatish va ma’lumotlarni kiritish kabi takrorlanuvchi
vazifalarda inson aralashuvini 60-80% gacha kamaytirishi mumkin (Deloitte, 2022).
Bu esa xodimlarning strategik ishlarga e’tibor qaratishiga imkon beradi. Masalan,
JPMorgan Chase banki SI va Mashinali o‘rganish (Machine learning) dan foydalanib,
moliyaviy hisobotlarni qayta ishlashda va shartnomalarni ko‘rib chiqishda katta
yutuqlarga erishdi. Ular “Contract Intelligence (COIN)” dasturidan foydalanib, 12
mingta kredit shartnomasini bir necha soniyada ko‘rib chiqa oldilar, bu esa insonlar
tomonidan 360 000 soatlik mehnatni tejab qoldi. Bu bankning operatsion
samaradorligini va tezkorligini oshirdi. O‘zbekiston misolida “O‘zbekiston temir
yo‘llari” AJ kabi yirik davlat korxonalarida logistika va yuk tashish jarayonlarini
optimallashtirishda SI elementlari joriy qilinmoqda. Masalan, poyezdlar harakatini
boshqarish, yoqilg‘i sarfini tahlil qilish va texnik xizmat ko‘rsatishni prognozlashda
SI asosidagi tizimlardan foydalanish orqali operatsion xarajatlarni kamaytirish va
samaradorlikni oshirishga erishilmoqda.

2. SI katta hajmdagi ma’lumotlarni tahlil qilish va aniqroq prognozlar qilish
orqali qaror qabul qilish jarayonini tubdan o‘zgartirmoqda. IBM ning 2022-yilgi
tadqiqoti shuni ko‘rsatdiki, SI asosidagi analitika vositalaridan foydalanadigan
kompaniyalar 25% gacha aniqroq biznes prognozlariga erishganlar. Moliyaviy
sohada, SI algoritmik savdo va kredit riskini baholashda inson omilidan ustunlikni
namoyish etib, xatolikni sezilarli darajada kamaytirmoqda (Accenture, 2021).
Masalan, banklar SI dan foydalanib, firibgarlikni aniqlash tezligini 50% dan
oshirganlar va soxta xabarlarni 70% gacha kamaytirganlar. Netflix kompaniyasi SI
yordamidan foydalanib, foydalanuvchilarning kontentlarni ko‘rishlarini tahlil qiladi
va shaxsiy tavsiyalar beradi. Bu qaror qabul qilish (masalan, qaysi filmlarni sotib
olish yoki ishlab chiqarish) va mijozlarni jalb qilish (masalan, qaysi reklama qaysi
mijozga ko‘rsatish) uchun fundamental ahamiyatga ega. SI asosidagi algoritmlar
tufayli Netflix mijozlarni saqlab qolishda va kontent ishlab chiqarishda yuqori
samaradorlikka erishgan. O‘zbekiston misolida “Yagona interaktiv davlat xizmatlari
portal” (YIDXP) ning rivojlanishi SI asosidagi tahliliy vositalarni davlat
boshqaruvida qo‘llash imkoniyatini yaratmoqda. Misol uchun, fuqarolardan tushgan
murojaatlarni tahlil qilish, muammoli hududlarni aniqlash va aholi ehtiyojlarini
prognozlashda sun’iy intellektdan foydalanish davlat organlarining qaror qabul qilish
sifatini oshirishga xizmat qiladi. Shuningdek, qishloq xo‘jaligida SI asosidagi
monitoring tizimlari hosildorlikni bashorat qilish, sug‘orishni optimallashtirish va
zararkunandalarni aniqlash orqali fermerlarga samaraliroq qarorlar qabul qilishda
yordam berishini e’tiborga olish kerak (Aktamov Sh., Raximova L., 2024).

3. Inson resurslari (HR) sohasida SI ishga qabul qilish, xodimlarni o‘qitish va
ularning faoliyatini baholash jarayonlarini transformatsiya qilmoqda. LinkedIn
Learning platformasining 2023-yilgi ma’lumotlariga ko‘ra, HR mutaxassislarining
40% dan ortig‘i nomzodlarni skanerlash, rezyumelarni tahlil qilish va dastlabki
intervyularni o‘tkazish uchun SI vositalaridan foydalanmoqda. Bu esa ishga qabul
qilish jarayonining vaqtini 30% gacha qisqartirishi mumkin. Shuningdek, SI
asosidagi o‘quv platformalari xodimlarning bilim darajasini tahlil qilib,
shaxsiylashtirilgan o‘quv dasturlarini taklif qilmoqda, bu esa o‘qitish samaradorligini
oshirmoqda. O‘zbekiston misolida O‘zbekistondagi IT-kompaniyalar va yirik
korxonalar ishga qabul qilish jarayonida SI asosidagi onlayn testlar va intervyulardan
foydalanmoqda. Bu ayniqsa, nomzodlarning katta qismini samarali boshqarishda
yordam beradi. Ta’lim sohasida o‘qitish platformalari SI dan foydalanib,
talabalarning o‘zlashtirishini tahlil qilishi va shaxsiylashtirilgan o‘quv dasturlarini
tavsiya etishi mumkin. Masalan, onlayn kurslar, “Coursera”, “Udemy” kabi
platformalarning mahalliy ekvivalentlarida SI texnologiyalari qo‘llanilishi
kengaymoqda.

4. Generativ SI (Generative AI) rivojlanishi innovatsiyalar uchun yangi
imkoniyatlar ochmoqda. McKinseyning 2024-yilgi hisobotiga ko‘ra, generativ SI
global YaIMga har yili 2.6 trillion dollardan 4.4 trillion dollargacha qo‘shimcha
qiymat qo‘shishi mumkin. Bu, ayniqsa, mahsulot dizayni, marketing kontentini
yaratish va dasturiy ta’minotni ishlab chiqish sohalarida sezilmoqda (McKinsey.com,
2024). Kompaniyalar SI dan foydalanib, bozordagi bo‘shliqlarni aniqlash,
iste’molchilarning ehtiyojlarini bashorat qilish va yangi mahsulot prototiplarini tezda
yaratish orqali raqobat ustunligiga erishmoqdalar (Forbes, 2023). Masalan, Nike SI
dan sport poyabzallarining dizaynini va materiallarini optimallashtirishda
foydalanadi. SI dizaynerlarga ko‘p sonli variantlarni yaratishga, materiallarning
ishlash xususiyatlarini bashorat qilishga va ishlab chiqarish jarayonlarini samaraliroq
qilishga yordam beradi. Bu Nike uchun tezroq yangi, innovatsion mahsulotlarni
bozorga chiqarish imkonini beradi.

O‘zbekiston misolida O‘zbekistondagi “IT-park” rezidentlari va start-up
loyihalar generativ SI texnologiyalaridan foydalanib, yangi dasturiy mahsulotlar,
mobil ilovalar va raqamli xizmatlar yaratmoqdalar. Masalan, marketing kontentini
yaratish, mijozlarga xizmat ko‘rsatuvchi chatbotlar ishlab chiqish va dasturiy kodni
avtomatlashtirishda SI ning roli ortmoqda. Qurilish sohasida SI yordamida
binolarning dizaynini optimallashtirish, energiya samaradorligini oshirish va qurilish
jarayonlarini modellashtirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.

Sun’iy intellektning kelajakdagi rivojlanishi O‘zbekiston menejmentiga yanada
chuqur ta’sir ko‘rsatishi va sezilarli afzalliklarni keltirishi mumkin:

Davlat boshqaruvida: O‘zbekiston hukumatining elektron hukumat va “aqlli
shaharlar” loyihalarini rivojlantirishga qaratilgan strategiyasi sun’iy intellektning
davlat boshqaruvidagi rolini oshiradi. SI asosidagi tizimlar korrupsiyani kamaytirish,
xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish va qaror qabul qilish jarayonlarini optimallashtirish
uchun qo‘llanilishi mumkin.

Mintaqaviy integratsiya: Markaziy Osiyo mintaqasida sun’iy intellektni qo‘llash
bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish, tajriba almashish va yagona standartlarni joriy
etish bo‘yicha imkoniyatlar mavjud. Bu O‘zbekistonning mintaqaviy raqamli
markazga aylanishiga yordam berishi mumkin.

SI etikasi va milliy regulyatsiya: O‘zbekistonda SI ga oid etik normalarni va
huquqiy asoslarni ishlab chiqish, ma’lumotlar himoyasi qonunchiligini xalqaro
standartlarga moslashtirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda. Bu SI texnologiyalaridan
mas’uliyatli va ishonchli foydalanishni ta’minlaydi.

Kichik va o‘rta biznes (KO‘B) uchun imkoniyatlar: KO‘B lar uchun SI asosidagi
xizmatlar (masalan, bulutli platformalar, standartlashtirilgan AI modullari) yanada
arzon va oson kirish imkoniyatiga ega bo‘ladi. Bu ularga yirik korxonalar bilan
raqobatlashishga yordam beradi va iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantiradi.

SI ning menejmentga tatbiq etilishi sezilarli afzalliklarni keltirib chiqarsa-da, bir
qator muhim muammolarni ham o‘z ichiga oladi:

Axloqiy va ijtimoiy masalalar: O‘zbekistonda SI ni qo‘llashda axloqiy me’yorlar
va ma’lumotlar maxfiyligi bo‘yicha aniq normativ-huquqiy baza ustida ish olib
borish kerak. Shaxsiy ma’lumotlar himoyasini ta’minlash va SI tizimlarining
shaffofligini oshirish dolzarb vazifalardan hisoblanadi.

Malakali kadrlar yetishmasligi: O‘zbekistonning Raqamli texnologiyalar
vazirligi va boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan SI sohasida mutaxassislar
tayyorlashga qaratilgan sa’y-harakatlarga qaramay, talab yuqoriligicha qolmoqda.
Oliy ta’lim muassasalarida SI yo‘nalishlarini kengaytirish, xodimlarni qayta
tayyorlash va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish muhim hisoblanadi.

Investitsiya va xarajatlar: SI loyihalarini joriy etish yuqori dastlabki
investitsiyalarni talab qiladi. Davlat korxonalarida va xususiy sektorda bu
investitsiyalarning qaytishini ta’minlash, loyihalarning samaradorligini baholash va
moliyaviy barqarorlikni ta’minlash muhim menejment vazifasidir.

Tashkiliy o‘zgarishlar: Yangi texnologiyalarni qabul qilish xodimlar va
boshqaruv xodimlaridan o‘zgarishlarga moslashishni talab qiladi. An’anaviy
boshqaruv uslublaridan SI asosidagi boshqaruvga o‘tishda xodimlarni o‘qitish va
ularni jarayonga jalb qilish lozim.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, SI menejment sohasini yuqori darajada
o‘zgartiruvchi kuchdir. O‘zbekiston Respublikasi uchun bu texnologiya
mamlakatning raqamli transformatsiya va iqtisodiy modernizatsiya strategiyalarini
amalga oshirishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi. SI operatsion samaradorlikni oshirish,
qaror qabul qilishni yaxshilash, inson resurslarini optimallashtirish va
innovatsiyalarni tezlashtirish uchun mislsiz imkoniyatlarni taqdim etadi. Biroq, bu
transformatsiya jarayoni O‘zbekiston sharoitida o‘ziga xos axloqiy, ijtimoiy,
texnologik va tashkiliy muammolarni ham o‘z ichiga oladi.
SI ning to‘liq salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun O‘zbekistondagi tashkilotlar
faqat texnologiyaga sarmoya kiritish bilan cheklanmasdan, balki quyidagilarga
e’tibor qaratishni talab etadi:
- axloqiy prinsiplarni joriy etish: SI adolatli, shaffof va mas’uliyatli
qo‘llanilishini ta’minlash, mahalliy qonunchilikni rivojlantirish;
- kadrlar salohiyatini oshirish: SI savodxonligini oshirish, ta’lim dasturlarini
modernizatsiya qilish va xodimlarni kelajak ishlari uchun qayta tayyorlash;
- strategik rejalashtirish: SI ni mamlakatning umumiy rivojlanish strategiyasi va
sektorlarga xos dasturlar bilan moslashtirish;
- xorij axborot texnologiyalari bilan raqobatbardoshlikni ta’minlash;
- o‘zgarishlarni faol boshqarish: xodimlarni jarayonga jalb qilish va
o‘zgarishlarga moslashishga yordam berish, aholining raqamli ko‘nikmalarini
oshirish kerak bo‘ladi.
SI va inson intellektining sinergik uyg‘unlashuvi orqali O‘zbekiston tashkilotlari
nafaqat bugungi qiyinchiliklarni yengib o‘tishlari, balki kelajakdagi imkoniyatlardan
maksimal darajada foydalanishlari va raqobatbardosh dunyoda o‘z mavqelarini
mustahkamlashlari mumkin.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.10.2019-yildagi “O‘zbekiston
Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini
tasdiqlash to‘g‘risida” PF-5847-sonli Farmoni.
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yildagi “O‘zbekiston –
2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-sonli Farmoni.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14.10.2024-yildagi “Sun’iy intellekt
texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash
to‘g‘risida”gi PQ-358-sonli Qarori.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.01.2025-yildagi “Cyber
university davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-14-sonli Qarori.

5. A. Agrawal, J. Gans, A. Goldfarb. (2018). Prediction Machines: The Simple
Economics of Artificial Intelligence. – Boston: Harvard Business Review Press.

6. Sh. Aktamov, L. Raximova. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellekt
texnologiyalarini qo‘llash orqali sifat va samaradorlikni oshirish usullari //
“Application of artificial intelligence technologies in the public civil service”
international scientific and practical conference november 21, 2024. – B. 204-208.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14225536

7. E. Brynjolfsson, A. McAfee. (2014). The Second Machine Age: Work,
Progress, and Prosperity in a Time of Brilliant Technologies. – New York: W. W.
Norton & Company.

8. T. Davenport, R. Ronanki. (2018). Artificial Intelligence for the Real World:
What Managers Need to Know. – Boston: Harvard Business Review Press.

9. C. Gomez-Uribe, N. Hunt. (2015). The Netflix recommender system:
Algorithms, business value, and innovation. ACM Trans. Manage. Inf. Syst., № 6. –
P. 1-19. DOI: http://dx.doi.org/10.1145/2843948

10. Kaplan A. (2022). Artificial Intelligence: Thinking Like a Human. A Critical
Approach to AI’s Current State and Future. – Heidelberg: Springer.

11. https://www.mckinsey.com/capabilities/quantumblack/our-insights/the-stateof-ai-2024

12. https://www.redalyc.org/journal/2313/231374563005/

REFERENCES:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 08.10.2019-yildagi “O‘zbekiston
Respublikasi Oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini
tasdiqlash to‘g‘risida” PF-5847-sonli Farmoni. (In Uzbek)
2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 11.09.2023-yildagi “O‘zbekiston –
2030 strategiyasi to‘g‘risida”gi PF-158-sonli Farmoni. (In Uzbek)
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 14.10.2024-yildagi “Sun’iy intellekt
texnologiyalarini 2030-yilga qadar rivojlantirish strategiyasini tasdiqlash
to‘g‘risida”gi PQ-358-sonli Qarori. (In Uzbek)
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 20.01.2025-yildagi “Cyber
university davlat universitetini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-14-sonli Qarori. (In
Uzbek)
5. A. Agrawal, J. Gans, A. Goldfarb. (2018). Prediction Machines: The Simple
Economics of Artificial Intelligence. – Boston: Harvard Business Review Press.
6. Sh. Aktamov, L. Raximova. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda sun’iy intellekt
texnologiyalarini qo‘llash orqali sifat va samaradorlikni oshirish usullari //
“Application of artificial intelligence technologies in the public civil service”

international scientific and practical conference november 21, 2024. – B. 204-208.
https://doi.org/10.5281/zenodo.14225536 (In Uzbek)

7. E. Brynjolfsson, A. McAfee. (2014). The Second Machine Age: Work,
Progress, and Prosperity in a Time of Brilliant Technologies. – New York: W. W.
Norton & Company.

8. T. Davenport, R. Ronanki. (2018). Artificial Intelligence for the Real World:
What Managers Need to Know. – Boston: Harvard Business Review Press.

9. C. Gomez-Uribe, N. Hunt. (2015). The Netflix recommender system:
Algorithms, business value, and innovation. ACM Trans. Manage. Inf. Syst., № 6. –
P. 1-19. DOI: http://dx.doi.org/10.1145/2843948

10. Kaplan A. (2022). Artificial Intelligence: Thinking Like a Human. A Critical
Approach to AI’s Current State and Future. – Heidelberg: Springer.

11. https://www.mckinsey.com/capabilities/quantumblack/our-insights/the-stateof-ai-2024

12. https://www.redalyc.org/journal/2313/231374563005/