ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi va menejmenti: muzey faoliyatini tashkil etishda muvofiqlik masalalari

Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUZEYLARNING ILMIY KONSEPSIYASI VA MENEJMENTI: MUZEY
FAOLIYATINI TASHKIL ETISHDA MUVOFIQLIK MASALALARI

SCIENTIFIC CONCEPT AND MANAGEMENT OF MUSEUMS:
ISSUES OF ALIGNMENT IN ORGANIZING MUSEUM ACTIVITIES

НАУЧНАЯ КОНЦЕПЦИЯ И МЕНЕДЖМЕНТ МУЗЕЕВ: ВОПРОСЫ
СОГЛАСОВАННОСТИ В ОРГАНИЗАЦИИ МУЗЕЙНОЙ
ДЕЯТЕЛЬНОСТИ

Yunusov Komiljon Alimdjanovich
Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti

mustaqil izlanuvchisi
Tel.: +998 94 650-44-12
E-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Annotatsiya: Maqolada muzey ilmiy konsepsiyasi va muzey menejmenti
o‘rtasidagi aloqadorlik, hamda muzey ishini tashkil etishda ularning uyg‘unligi
masalalari tahlil etiladi. Tadqiqotni amalga oshirishda asosan xorij muzeylaridagi
muzey ishi yo‘nalishlari hamda muzeyshunoslarning muzey menejmentiga oid ilmiy
ishlariga tayanildi. Tahlillar asosida muzey menejmenti uchun konsepsiyada
belgilangan tamoyillarning muhimligi ta’kidlangan holda, ba’zi muzeylar faoliyati
misolida boshqaruvdagi kamchiliklar ko‘rib chiqiladi. Jumladan, muzey qurilishi va
ta’mirlanishi masalalari, muzey ekspozitsiyasining shakllanishi, hamda eksponatlar
haqidagi ma’lumotlarning yetkazilishi ilmiy konsepsiyaga har doim ham muvofiq
kelmasligi masalalari yoritiladi. Tadqiqot natijalari sifatida muzey ilmiy
konsepsiyasiga mos holda faoliyatni yo‘lga qo‘ymaslikning oqibatlari turli misollar
yordamida ko‘rsatib beriladi hamda muzey ishini muvaffaqiyatli yo‘lga qo‘yish
uchun takliflar beriladi.

Kalit so‘zlar: muzey ilmiy konsepsiyasi, muzey menejmenti, moliyaviy holat,
muzeyning o‘ziga xosligi, maqsad va vazifalar.

Abstract: This article analyzes the relationship between the scientific concept of
museums and museum management, as well as issues related to their alignment in
organizing museum activities. The study primarily relies on the directions of museum
practices in foreign museums and the scientific works of museologists on museum
management. Based on the analysis, the importance of principles outlined in the
conceptual framework for museum management is emphasized, and shortcomings in
management are examined through examples from specific museum activities. In

particular, issues such as museum construction and renovation, the formation of
museum exhibitions, and the presentation of information about exhibits are
highlighted as not always aligning with the scientific concept. The consequences of
failing to align activities with the scientific concept of museums are demonstrated
through various examples, and recommendations are provided for successfully
organizing museum operations.

Keywords: museum scientific concept, museum management, financial
situation, museum distinctiveness, goals and objectives.

Аннотация: В статье анализируется взаимосвязь между научной
концепцией музеев и музейным менеджментом, а также вопросы их
согласованности в организации музейной деятельности. Исследование
опирается в основном на направления музейной практики в зарубежных музеях
и научные работы музееведов, посвященные музейному менеджменту. На
основе анализа подчеркивается важность принципов, определенных в
концептуальной основе для музейного менеджмента, и рассматриваются
недостатки в управлении на примерах деятельности отдельных музеев. В
частности, освещаются вопросы, связанные с строительством и ремонтом
музеев, формированием музейных экспозиций, а также представлением
информации об экспонатах, которые не всегда соответствуют научной
концепции. В результате исследования на различных примерах показаны
последствия несоответствия деятельности научной концепции музеев, а также
предложены рекомендации для успешной организации музейной работы.

Ключевые слова: научная концепция музея, музейный менеджмент,
финансовое положение, уникальность музея, цели и задачи.

KIRISH
Muzeylar faqatgina madaniy merosni saqlash va namoyish etish bilan
shug‘ullanib qolmay, balki jamiyatning ilmiy, ma’rifiy va ijtimoiy rivojlanishi uchun
muhim muassasa bo‘lib xizmat qiladi. So‘nggi yillarda muzeyshunoslik sohasida
ilmiy konsepsiya, muzey menejmenti kabi mavzular global miqyosda
muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi ularning maqsad
va vazifalarini aniqlash, ekspozitsiyalarni shakllantirish va eksponatlar haqidagi
ma’lumotlarni yetkazishda asosiy yo‘l-yo‘riq bo‘lib xizmat qilsa, muzey menejmenti
bu tamoyillarni amaliyotda samarali tatbiq etishni ta’minlaydi. Ushbu tadqiqotda
muzey ilmiy konsepsiyasi va menejmenti o‘rtasidagi aloqadorlik tahlil qilinib,
ularning muzey faoliyatini tashkil etishda uyg‘unligiga e’tibor masalalari ko‘rib
chiqiladi. Mazkur mavzuning dolzarbligi nafaqat jahon muzeylari tajribasi, balki

O‘zbekiston muzeyshunosligining rivojlanish yo‘nalishlari nuqtai nazaridan ham
muhim ahamiyat kasb etadi.

Jahon miqyosida muzeylar faoliyati zamonaviy talablar asosida o‘zgarib,
“smart” muzeylar, interaktiv ekspozitsiyalar va moliyaviy barqarorlikka erishish kabi
yangi yondashuvlar joriy etilmoqda (Pérez A., 2022). Biroq, ko‘plab muzeylarda
ilmiy konsepsiyaga asoslangan boshqaruvning yetishmasligi tufayli muammolar,
masalan, eksponatlarning noto‘g‘ri namoyish etilishi yoki muzey infratuzilmasining
eskirishi kabi masalalar yuzaga kelmoqda (Hatton A., 2012). Bu muammolar
muzeylarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash va tashrif buyuruvchilar
ehtiyojlarini qondirishda jiddiy to‘siqlar yaratadi. Xorijiy tajriba, xususan, Yevropa
va Shimoliy Amerikadagi muzeylarning ilmiy va amaliy yondashuvlari ushbu
masalalarni hal qilishda muhim tajribalar bilan o‘rtoqlashadi (Sandell R., Janes R.,
2007; Нагорная, О., 2015).

O‘zbekiston muzeylari esa madaniy merosni saqlash va targ‘ib qilishda strategik
ahamiyatga ega. So‘nggi yillarda davlat tomonidan muzeylar faoliyatini
rivojlantirishga qaratilgan bir qator qarorlar qabul qilindi. Masalan, O‘zbekiston
Respublikasi Prezidentining “Muzeylarda xizmatlar sohasini rivojlantirish choratadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-261-son qarori va “Turizm, madaniy meros va
muzeyshunoslik sohalarida malakali kadrlar tayyorlashning uzluksiz tizimini yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-5270-son qarori muzeylarning
moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xodimlar malakasini oshirish va ilmiytadqiqot ishlarini rivojlantirishga qaratilgan. Ushbu qarorlarda O‘zbekiston
muzeylarini zamonaviy talablarga moslashtirish va ularning xalqaro hamkorlikdagi
ishtirokini kengaytirish nazarda tutiladi. Biroq, mahalliy muzeylarda ilmiy
konsepsiyaga asoslangan menejment tizimining to‘liq joriy etilmaganligi, masalan,
muzey qurilishi va ta’mirlash jarayonlarida standartlarning buzilishi yoki
ekspozitsiyalarning nomuvofiq tashkil etilishi kabi muammolar hali ham dolzarb
bo‘lib qolmoqda.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi, menejmenti masalalari so‘nggi o‘n yilliklarda
muzeyshunoslik sohasidagi tadqiqotlarning asosiy yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
Ushbu tadqiqotda foydalanilgan adabiyotlar mavzularni turli nuqtai nazardan yoritib,
ilmiy konsepsiya va menejmentning o‘zaro bog‘liqligini tahlil qilishda muhim asos
bo‘lib xizmat qiladi. Quyida manbalar asosida tadqiqotchilarning mazkur mavzularga
yondashuvi va ularning ishlaridagi asosiy jihatlar tahlil qilinadi.
Kevin Moore, Richard Sandell va Robert Janes o‘z ishlarida muzey
menejmentining umumiy tamoyillari va amaliyotiga katta e’tibor qaratgan. Moore

“Museum Management” kitobida muzeylarning tashkiliy tuzilishi, xodimlar
malakasini oshirish va tashrif buyuruvchilar bilan ishlash strategiyalariga urg‘u
bergan bo‘lsa (Moore K., 2004), Sandell va Janes “Museum Management and
Marketing” asarida menejmentni marketing bilan integratsiyalashga e’tibor qaratadi.
Biroq, bu tadqiqotchilar ilmiy konsepsiyaga yetarlicha to‘xtalmaydi, chunki asosiy
diqqat amaliy boshqaruv va tashkiliy masalalarga qaratilgan. Ilmiy konsepsiya faqat
muzeyning maqsad va vazifalarini belgilashda umumiy kontekst sifatida tilga olinadi
(Sandell R., Janes R., 2007).

Gail Lord esa “Manual of Museum Management for Museums in Dynamic
Change” kitobida dinamik o‘zgarishlar sharoitida muzeylarni boshqarishning yangi
yondashuvlarini muhokama qiladi. Lordning ishi, xususan, muzeylarning zamonaviy
talablarga moslashishi va innovatsion yondashuvlariga urg‘u beradi, lekin ilmiy
konsepsiyaning aniq ta’rifi va uning menejment bilan uyg‘unligi yetarlicha chuqur
o‘rganilmagan (Lord, G., 2021).

Alf Hatton “The Conceptual Roots of Modern Museum Management
Dilemmas” maqolasida muzey menejmentining konseptual asoslariga chuqur kirib,
ilmiy konsepsiya va amaliy boshqaruv o‘rtasidagi ziddiyatlarni tahlil qiladi.
Hattonning ishi ushbu tadqiqot uchun muhim hisoblanadi, chunki u ilmiy
konsepsiyaning menejmentdagi o‘rniga alohida e’tibor qaratadi va boshqaruvdagi
kamchiliklarning ildizlarini ochib beradi. Shu bilan birga, uning tadqiqoti moliyaviy
jihatlarga kamroq e’tibor qaratadi. Xuddi shunday, Alba Perez “Smart Museums”
maqolasida zamonaviy muzey menejmenti modellarini, xususan, “smart”
yondashuvlarni muhokama qiladi, lekin ilmiy konsepsiyaga faqat umumiy kontekstda
ishora qiladi. Perez o‘z ishida texnologik integratsiyaga urg‘u bergan holda, ilmiy
asoslarning chuqur tahliliga yetarlicha to‘xtalmaydi (Pérez A., 2022).

O. Nagornaya va N. Levochkina Yevropa va Rossiya kontekstida muzey
menejmentini o‘rganib, ilmiy konsepsiyaning amaliyotdagi o‘rniga e’tibor qaratadi.
O..Nagornaya zamonaviy Yevropa muzeylarida ilmiy va amaliy yondashuvlarning
uyg‘unligini tahlil qilsa (Нагорная О., 2015), N..Levochkina Rossiya muzeylari
tajribasiga asoslanib, menejmentning tashkiliy va madaniy jihatlarini ko‘rib chiqadi.
Biroq, bu ishlar ilmiy konsepsiyaning aniq ta’rifini berish yoki uning menejment
bilan chuqur integratsiyasini tahlil qilishda yetarlicha ma’lumot bermaydi
(Левочкина Н., 2017). O‘zbekistonlik tadqiqotchilar orasida B. Ahmedov “Muzey
ishini boshqarish: samara va taraqqiyot” maqolasida mahalliy muzeylarning
boshqaruv masalalariga e’tibor qaratadi, ammo ilmiy konsepsiyaga faqat umumiy
ma’noda to‘xtaladi. Uning tahlillarida O‘zbekiston muzeylari uchun amaliy takliflar
berishga e’tibor qaratilgan bo‘lib, ilmiy konsepsiyaning nazariy asoslari chuqur
yoritilmaydi (Ahmedov B., 2022).

Umuman olganda, ko‘rib chiqilgan adabiyotlar orasida A..Hatton va
O..Nagornaya ilmiy konsepsiya va menejment o‘rtasidagi bog‘liqlikni tahlil qilishda
eng muhim hissa qo‘shgan bo‘lsa, nomlari sanalgan boshqa mualliflar asosan amaliy
menejment va marketing masalalariga urg‘u bergan. Bu esa ushbu tadqiqot sohasida
bo‘shliq mavjudligini ko‘rsatadi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot muzeylarning ilmiy konsepsiyasi va menejmenti o‘rtasidagi
muvofiqlik masalalarini o‘rganishga qaratilgan bo‘lib, qiyosiy metod va analiz
usullariga asoslanadi. Qiyosiy metod xorijiy va mahalliy muzeylar faoliyatini
solishtirish orqali ilmiy konsepsiya va menejmentning uyg‘unligini baholashda
qo‘llanildi. Xususan, Yevropa, Shimoliy Amerika va O‘zbekiston muzeylarining
boshqaruv amaliyotlari tahlil qilinib, ularning ilmiy asoslarga muvofiqligi
solishtirildi. Shuningdek, muzey qurilishi, ekspozitsiya tashkilotchiligi va eksponatlar
haqidagi ma’lumotlarning taqdimoti kabi amaliy jihatlar misollar orqali tahlil qilindi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Muzey ilmiy konsepsiyasi muzeyning maqsad, vazifalari va faoliyat
yo‘nalishlarini belgilovchi nazariy asos bo‘lib, uning madaniy, ma’rifiy va ilmiy
ahamiyatini ta’minlaydi. Bu konsepsiya muzeyning o‘ziga xosligini, eksponatlarning
namoyish etilishi va tashrif buyuruvchilar bilan ishlash strategiyasini shakllantiradi.
Muzey menejmenti esa ushbu konsepsiyani amaliyotda tatbiq etish, resurslarni
samarali boshqarish, infratuzilmani rivojlantirish va moliyaviy barqarorlikni
ta’minlashni o‘z ichiga oladi. Ushbu ikki tushuncha o‘rtasidagi muvofiqlik
muzeyning samarali ishlashi, jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlashi va tashrif
buyuruvchilar ehtiyojlarini qondirishi uchun muhimdir. Agar ilmiy konsepsiya
menejment bilan uyg‘unlashmasa, muzey faoliyati maqsadsiz yoki samarasiz bo‘lishi,
eksponatlar namoyishi qoniqarsiz holga kelishi yoki infratuzilma bilan bog‘liq
muammolar yuzaga kelishi mumkin. Mazkur jihatlarni e’tiborga olgan holda muzey
ilmiy konsepsiyasi va menejmentining mosligini aniqlash uchun xorijiy va
O‘zbekiston muzeylari misolida qiyosiy tahlil o‘tkazildi. Quyida ilmiy konsepsiya va
menejmentning uyg‘unligi muvaffaqiyatli namoyon bo‘lgan, keyingi qatorlarda esa
mos emaslik kuzatilgan muzeylar misollari keltiriladi.
Luvr muzeyi (Parij, Fransiya). Luvr muzeyi ilmiy konsepsiyasi (strategiyasi) va
menejmentining uyg‘unligi bo‘yicha dunyodagi eng yaxshi namunalardan biridir.
Luvrning ilmiy konsepsiyasi san’at va tarixiy ashyolarni dunyoning barcha
davlatlaridan tashrif buyuruvchi sayyohlarga namoyish etish, tadqiqot va ta’limni
birlashtirishga asoslanadi. Menejmentda esa innovatsion yondashuvlar va interaktiv
raqamli platformalar joriy etilishi bu konsepsiyaga mos keladi (Pérez A., 2022). Bu

borada muzeyning moliyaviy barqarorligini hisobga olish lozim. Sababi, strategiyada
katta rejalarni belgilab, ularni amalga oshirish uchun moliyaviy imkoniyatlar yetarli
bo‘lsa, ko‘plab natijalarga erishish mumkin. Bu esa tashrif buyuruvchilarga xizmat
ko‘rsatish va xalqaro ko‘rgazmalar almashinuvida, ilmiy maqsadlarini amalga
oshirishda muhim rol o‘ynaydi. Biroq, muzey binosi o‘rta asrlar uslubidagi saroy
ekanligini hisobga olsak, shishadan ishlangan zamonaviy piramida Luvrning
me’moriy qiyofasiga mos kelmaydi. O‘zbekistondagi muzeylar bilan taqqoslaganda,
Temuriylar tarixi davlat muzeyi, yaqin davrimizda qurilgan bino bo‘lishiga qaramay,
o‘zida temuriylar davri me’morchiligi an’analarini namoyon etadi. Ekspozitsiyasi
ham konsepsiya asosida temuriylar madaniyatini yoritishga qaratilgan.

Luvr muzeyining amaldagi direktori Laurence des Cars 2025-yil yanvar oyida
muzeyning jismoniy holati bo‘yicha jiddiy muammolar mavjudligini ta’kidlagan.
Unga ko‘ra, muzey binolari “haddan tashqari ko‘p ekspluatatsiya qilinmoqda”,
infratuzilma eskirgan va “ko‘plab xonalar jiddiy darajada yomonlashgan”. Bu
muammolar tashrif buyuruvchilar oqimining ko‘pligi va ta’mirlash ishlariga
yetarlicha mablag‘ ajratilmagani bilan bog‘liq. Uning fikrlaridan anglash mumkinki,
muzey menejmentida tashrifchilar bilan bog‘liq ishlar hamda ekspozitsiya zallarini
qoniqarli darajada saqlashda muammolar mavjud. Ijtimoiy tarmoqlardagi postlar
tahliliga ko‘ra, Luvr muzeyiga juda ko‘p odam tashrif buyurishiga qaramay (kuniga
o‘rtacha 30.000), xodimlar uchun ish haqi ozligi, umuman, ishchilar soni kamligi,
muzey boshqaruvida iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga jiddiy e’tibor berilmaganini
ko‘rsatadi va bu Luvrdek jahonga mashhur muzeyning strategiyasini mukammal
amalga oshirish imkoniyatini bermaydi.

Britaniya muzeyi (London, Buyuk Britaniya). Britaniya muzeyi o‘zining ilmiy
konsepsiyasida jahon xalqlari madaniyatlari tarixini o‘rganish va saqlashga e’tibor
qaratadi. Muzeyning menejmenti bu konsepsiyani amaliyotda muvaffaqiyatli joriy
etmoqda. Chunki u ilmiy tadqiqot markazlari, xalqaro hamkorlik va zamonaviy
texnologiyalarni qo‘llash orqali faoliyat yuritadi (Moore K., 2004). Masalan,
muzeyning onlayn kataloglari va virtual turlari ilmiy ma’lumotlarni keng ommaga
yetkazishda muhim vosita sifatida ishlaydi. Ekspozitsiyalar, masalan, mumiyolangan
Misr fir’avnlari yoki Parfenon haykallari ilmiy asosda tashkil etilib, tashrif
buyuruvchilar uchun ta’limiy ahamiyatga ega hisoblanadi (Hatton A., 2012).

Biroq, so‘nggi yillarda menejmentdagi ba’zi muammolar ko‘zga
tashlanmoqdaki, ulardan birqanchasini sanab o‘tish mumkin.

Eksponatlarni qaytarish bo‘yicha nizolar. Britaniya muzeyi Parfenon haykallari
(Gretsiya) va Benin bronza haykallari (Nigeriya) kabi eksponatlarni asl
mamlakatlariga qaytarish bo‘yicha uzoq yillik nizolarga duch kelmoqda. Bu
eksponatlar muzeyning dunyo xalqlari madaniyatlari tarixini namoyish etish

strategiyasiga mos keladi deb hisoblansa-da, ularning qonuniyligi masalalari xalqaro
tanqidga sabab bo‘lmoqda. Masalan, Gretsiya hukumati muzey boshqaruvi tizimini
“madaniy imperializm”da ayblab, eksponatlarni qaytarishni talab qilmoqda (The
Guardian, 2024). Bu holat muzeyning ilmiy konsepsiyasidagi “Jahon madaniyatiga
hurmat bilan munosabatda bo‘lish” tamoyiliga zid keladi.

Islom san’ati muzeyi (Doha, Qatar). Qatarning Doha shahridagi Islom san’ati
muzeyi ilmiy konsepsiyasi va menejmentning zamonaviy uyg‘unligiga misol bo‘la
oladi. Muzeyning ilmiy konsepsiyasi islom madaniyati va san’atining tarixiy
ahamiyatiga e’tibor qaratadi. Shu sababli bino va ekspozitsiya dizaynida qadimiy
islom me’morchiligiga asoslangan yondashuv aks etadi. Muzeyning tashrif
buyuruvchilarga xizmat ko‘rsatish tizimi va ta’limiy dasturlari uning ilmiy
konsepsiyasiga to‘liq mos keladi. Shu o‘rinda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi
markazi binosini esga olsak, binoning me’moriy yechimida islomiy madaniyatga xos
belgilarni ko‘ramiz. Bunday dizayn o‘z-o‘zidan emas, balki konsepsiyada
belgilangan aniq vazifalardan kelib chiqib amalga oshirilgan.

Yuqorida tilga olingan Luvr va Britaniya muzeylari misolida fikrimizni davom
ettiradigan bo‘lsak, muzey menejmenti va konsepsiyasi o‘rtasida
tushunmovchiliklarga sabab bo‘ladigan omillar ham mavjud. Bularga moliyaviy va
ma’muriy masalalarni kiritish mumkin. Luvr muzeyida bo‘lganidek, Britaniya
muzeyida ham ish tashlashlar, ishchilar va rahbarlar o‘rtasidagi kelishmovchiliklar
muzey missiyasini amalga oshirishga jiddiy to‘siq bo‘lishi sir emas. Mazkur masala
haqida Richard Sandell va Robert Janes o‘z fikrlarini quyidagicha ifoda etgan edi:

Shubhasiz, boshqaruv bilim va amaliyot sifatida, kimga tegishli bo‘lishidan qat’i
nazar, “faoliyatni donolik, jur’at va kelajakka ishonch bilan boyitish”da tobora
muhim vositaga aylanmoqda. To‘g‘ri boshqaruv va marketing, ayniqsa, muzeylar
kabi ijtimoiy institutlar uchun muhim ahamiyatga ega. Muzey boshqaruvi ko‘pincha
muzey xodimlari tomonidan hurmatsizlik yoki hatto nafrat obyekti sifatida qaralar, bu
faoliyatni noo‘rin deb, yoki ilmiy tadqiqotlar, to‘plamlar va ko‘rgazmalar tashkil
etishga qaraganda ahamiyatsizroq deb hisoblanardi. Garchi bu qarash hali ham ba’zi
norozi muzey xodimlari orasida mavjud bo‘lsa-da, o‘tgan yillar davomida muzey
olamida keskin o‘zgarishlar yuz berdi. Hatto tajribali mutaxassislar uchun ham
boshqaruv va marketingning muzey ishlarida misli ko‘rilmagan darajada roli oshib
borishi hayratlanarlidir. Kevin Moore “Leicester Reader on Museum Management”
asarida (1994) buni oldindan ko‘zda tutgan va o‘sha paytdagi muzey boshqaruvi
rivojini aks ettiruvchi muhim ma’lumotlar to‘plamini jamlagan edi (Sandell R., Janes
R., 2007: 18).

Muzey menejmenti va konsepsiyasi o‘rtasida nomuvofiqlikka sabab bo‘ladigan
yana bir omil qadriyatlardir, bu qadriyatlar madaniy, moddiy, diniy, milliy yoki

boshqa ko‘rinishda bo‘lishi mumkin. Muzey konsepsiyasida qanchalik insonparvar
g‘oyalar ilgari surilmasin, boshqaruv ishlarida mavjud vaziyat bilan hisoblashish
oqibatida konsepsiyada belgilangan vazifalarga zid harakatlar kuzatilishi ehtimoli
bor. Bu borada me’yorni topa olish ulkan mas’uliyat talab etadi. Hayotning boshqa
sohalari (iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy, harbiy soha va boshqalar) bilan о‘zaro
hamkorlikda bо‘lgan muzeylar boshqaruvning yangi usullarini о‘zlashtiradi va
rivojlantiradi. Shu jumladan, davlat organlari bilan munosabatlarni о‘rnatish va
muzeyni boshqarish sohasida xorijiy tajribani о‘zlashtirish ishlari jadallik bilan
amalga oshirilmoqda. Muzeylar о‘z ishining iqtisodiy samaradorligini oshirishga
intilib, turli biznes loyihalarni amalga oshirish jarayonida о‘z resurslaridan
foydalanishning yangi shakllarini topishga, turizm, nashriyot va boshqa biznes turlari
bilan integratsiyalashishga kirishdi (Ahmedov B., 2022: 51).

Zamonaviy muzeyni boshqarishda muzeyning maqsadi va vakolatlarini aniqlash
birinchi о‘rinda turadi. Muzey faoliyati va dasturlarini boshqarish quyidagilarni о‘z
ichiga oladi: kо‘rgazmalar, ta’lim dasturlarini tashkil etish, auditoriyani jalb qilish,
nashriyot faoliyati, marketing, hamda mijozlarga xizmat kо‘rsatish. Muzeyni
boshqarish bо‘yicha mutaxassis Rodjer Maylzning fikriga kо‘ra, har qanday muzey
faoliyati uchta asosiy deb hisoblangan istiqbolli rejani ishlab chiqish bilan
boshlanadi: auditoriyani aniqlash, maqsad va vazifalar iyerarxiyasini yaratish
(muzeyning maqsadi); muzeyda mavjud bо‘lgan moliyaviy, moddiy va inson
resurslarini aniqlash (Ahmedov B., 2022: 51).

Muzey ishini yuritishda iqtisodiy omillar sabab ma’naviy qadriyatlarga ko‘z
yumish ham muzey mavqeiga to‘g‘ri kelmaydi. Tadqiqotchilar ichida moddiyatga
ustuvor ahamiyat berib fikr bildirganlar ham uchrab turadi. Masalan, “Har qanday
muzey, uning turidan qat’i nazar, bozor iqtisodiyotiga integratsiyalashgan bo‘lishi
zarur, shuning uchun har besh-yetti yilda uzoq muddatli rivojlanish konsepsiyalarini
qayta ko‘rib chiqish, ularni o‘zgaruvchan tendensiyalarga moslashtirish lozim”, -
deya yozgan edi O. Nagornaya (Нагорная О., 2015: 46). Biroq bunday yondashuv
ma’naviy qadriyatlarning moddiyat oldida ahamiyati pasayishiga olib kelish ehtimoli
bor. Shu sababli, muzey ishi boshqaruvida har bir jihatga e’tibor berish, doimiy
ravishda sohani chuqur o‘rganib borish, har bir masalaga kengroq nazar bilan qaragan
holda faoliyatga chuqurroq yondashish talab etiladi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Muzeylarning ilmiy konsepsiyasi va menejmenti o‘rtasidagi munosabat
zamonaviy muzey faoliyatini muvaffaqiyatli tashkil etishda muhim ahamiyatga ega
ekani yuqorida ta’kidlab o‘tildi. Ilmiy konsepsiya muzeyning maqsadlari, vazifalari
va jamoatchilik bilan muloqot strategiyasini belgilab, uning ijtimoiy-madaniy

missiyasini shakllantiradi. Menejment esa ushbu konsepsiyani amaliyotda ro‘yobga
chiqarish uchun resurslarni boshqarish, tashkiliy jarayonlarni muvofiqlashtirish va
bozor talablariga moslashishni ta’minlaydi. Bu ikki tushuncha o‘zaro bog‘liq bo‘lib,
biri ikkinchisisiz samarali faoliyat ko‘rsata olmaydi: ilmiy konsepsiya menejment
uchun yo‘l-yo‘riq beradi, menejment esa konsepsiyani hayotga tatbiq etadi.

Biroq, amaliyotda bu ikki tomon o‘rtasida ziddiyatlar yuzaga kelishi
mumkinligiga tahlillar orqali qisman guvoh bo‘ldik. Masalan, ilmiy konsepsiyaning
akademik va konservativ yondashuvi ko‘pincha zamonaviy marketing strategiyalari
yoki moliyaviy pragmatizm talablariga mos kelmaydi. Muzey xodimlari orasida ilmiy
tadqiqotlarga ustunlik berish va menejmentning “tijoratlashtirish” harakatlariga
qarshilik ko‘rsatish tendensiyasi ham ziddiyatlarni keltirib chiqaradi. Bundan
tashqari, resurslarning cheklanganligi, tashkiliy muvofiqlashtirishdagi kamchiliklar
va bozor talablariga moslashishdagi sustkashlik muzey faoliyatida muvozanatni
saqlashni qiyinlashtiradi. Ushbu muammolarni hal etish uchun quyidagi takliflar
ilgari suriladi:

Integratsiyalashgan yondashuvni joriy etish: Muzey menejmenti va ilmiy
konsepsiyasini muvofiqlashtirish uchun uzoq muddatli strategik rejalashtirishda har
ikki soha vakillari faol ishtirok etishi lozim. Bu jarayonda ilmiy maqsadlar va
iqtisodiy samaradorlik o‘rtasida muvozanat ta’minlanadi.

Professional malaka oshirish: Muzey xodimlari uchun zamonaviy menejment va
marketing usullarini o‘rgatuvchi treninglar tashkil etish orqali ilmiy va boshqaruv
sohasidagi tafovutlarni kamaytirish mumkin.

Raqamli texnologiyalardan foydalanish: Muzeylar raqamli platformalar, virtual
ko‘rgazmalar va interaktiv kontent orqali kengroq auditoriyani jalb qilishi mumkin.
Bu ilmiy konsepsiyani targ‘ib qilishda menejmentning samaradorligini oshiradi.

Davlat va xususiy sektor hamkorligi: Muzeylarning moliyaviy barqarorligini
ta’minlash uchun davlat grantlari, xususiy homiylar va xalqaro tashkilotlar bilan
hamkorlikni kengaytirish zarur.

Bozor tadqiqotlari va innovatsiyalar: Muzeylar har 5-7 yilda bozor
tendensiyalarini tahlil qilib, ilmiy konsepsiyasini yangilab borishi kerak. Innovatsion
yondashuvlar orqali muzeylar o‘z auditoriyasini kengaytirib, raqobatbardoshligini
oshirishi mumkin. Bu orqali muzey missiyasidan chekinmagan holda moliyaviy
barqarorlikni ta’minlash imkoniyatlari saqlanishi nazarda tutilishi kerak.

Xulosa qilib aytganda, muzeylarning ilmiy konsepsiyasi va menejmenti o‘zaro
sinergiyada bo‘lgandagina muzey faoliyati ijtimoiy-madaniy missiyasini
muvaffaqiyatli bajarishi mumkin. Yuqoridagi takliflar ushbu sohada mavjud
muammolarni yengishga va muzeylarning zamonaviy talablarga mos keladigan
institutlar sifatida rivojlanishiga xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. A. Gilmore, R. Rentschler. (2002). Changes in museum management: A
custodial or marketing emphasis?
2. Ahmedov B. (2022). Muzey ishini boshqarish: Samara va taraqqiyot //
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xabarlari, № 23.
3. Hatton A. (2012). The conceptual roots of modern museum management
dilemmas // Museum Management and Curatorship, № 27. – P. 129–147.
https://doi.org/10.1080/09647775.2012.674319
4. Левочкина Н. (2017). Музейный менеджмент. – Москва: Direct Media.
5. Legget J. (2012). Using concept mapping and stakeholder focus groups in a
museum management case study / K. Hyde, C. Ryan, A. Woodside (Eds.), Field
guide to case study research in tourism, hospitality and leisure // Advances in Culture,
Tourism and Hospitality Research, V. 6. – P. 61–88. https://doi.org/10.1108/S1871-
3173(2012)0000006007
6. Lord G. (2021). Manual of museum management for museums in dynamic
change (4th ed.). – Lanham: Rowman & Littlefield.
7. Moore K. (2004). Museum management. London: Routledge.
8. Нагорная О. (2015). Музейный менеджмент в современной Европе:
Вызовы среды, концептуальные подходы, практические решения // Вестник
Совета молодых учёных и специалистов Челябинской области, № 1.
9. Pérez A. (2022). Smart museums: Definition and presentation of a smart
management model for museums // Tourism and Heritage Journal, № 4.
https://doi.org/10.1344/THJ.2022.4.8
10. R. Sandell, R. Janes. (2007). Museum management and marketing. London:
Routledge.

REFERENCES:
1. A. Gilmore, R. Rentschler. (2002). Changes in museum management: A
custodial or marketing emphasis?
2. Ahmedov B. (2022). Muzey ishini boshqarish: Samara va taraqqiyot //
O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti xabarlari, № 23.
3. Hatton A. (2012). The conceptual roots of modern museum management
dilemmas // Museum Management and Curatorship, № 27. – P. 129–147.
https://doi.org/10.1080/09647775.2012.674319
4. Levochkina N. (2017). Muzeyniy menedjment. – Moskva: Direct Media. (In
Russian)
5. Legget J. (2012). Using concept mapping and stakeholder focus groups in a
museum management case study / K. Hyde, C. Ryan, A. Woodside (Eds.), Field

guide to case study research in tourism, hospitality and leisure // Advances in Culture,
Tourism and Hospitality Research, V. 6. – P. 61–88. https://doi.org/10.1108/S1871-
3173(2012)0000006007

6. Lord G. (2021). Manual of museum management for museums in dynamic
change (4th ed.). – Lanham: Rowman & Littlefield.

7. Moore K. (2004). Museum management. London: Routledge.
8. Nagornaya O. (2015). Muzeyniy menedjment v sovremennoy Evrope: Vizovi
sredi, konseptualnie podxodi, prakticheskie resheniya // Vestnik Soveta molodix
uchyonix i spesialistov Chelyabinskoy oblasti, № 1. (In Russian)
9. Pérez A. (2022). Smart museums: Definition and presentation of a smart
management model for museums // Tourism and Heritage Journal, № 4.
https://doi.org/10.1344/THJ.2022.4.8
10. R. Sandell, R. Janes. (2007). Museum management and marketing. London:
Routledge.