ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Ingliz va o‘zbek tillarida unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasi

Radjabov Nasir Nasimovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

INGLIZ VA O‘ZBEK TILLARIDA UNLILARNING FONETIK ASOSLI
FONEMIK INTERFERENSIYASI

PHONETICALLY BASED PHONEMIC INTERFERENCE OF VOWELS IN
THE ENGLISH AND UZBEK LANGUAGES

ФОНЕМАТИЧЕСКАЯ ИНТЕРФЕРЕНЦИЯ С ФОНЕТИЧЕСКОЙ
ОСНОВОЙ ГЛАСНЫХ НА АНГЛИЙСКИХ И УЗБЕКСКИХ ЯЗЫКАХ

Radjabov Nasir Nasimovich
Oriental universiteti

G‘arb tillari kafedrasi professori v. b.,
filologiya fanlari doktori (DSc)
Tel.: +998 90 319-04-09

e-mail: nasirnasimovich@mail.ru

Annotatsiya. Maqola "Ingliz va o‘zbek tillarida unlilarning fonetik asosli
fonemik interferensiyasi" tadqiqiga bag‘ishlangan. Unda, ingliz va o‘zbek tillaridagi
unli fonema tovushlarining fonetik jihatdan o‘ziga xosliklari ilmiy-nazariy nuqtayi
nazardan o‘rganilgan. Maqolada, unli tovushlarning artikulyatsion-akustik, perseptiv
va distributiv jihatlari izchillik bilan izohlangan. Ingliz va o‘zbek tillaridagi unli
tovushlarning o‘zaro farqli jihatlari, unli tovushlarni qabul qilish mexanizmidagi
o‘ziga xosliklar, shuningdek, unlilarning distributiv xususiyatlari aniq misollar asosida
tahlil qilingan. Maqola so‘nggida, unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasini
fonema tovushlarining artikulyatsion-akustik asosli, perseptiv asosli hamda distributiv
asosli fonemik interferensiya turlari tashkil qiladi va mazkur fonemik interferensiya
turlarining o‘zbek va ingliz tillarida voqelanishida unlilar tizimining artikulyatsionakustik, perseptiv, distributiv jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarga ega ekanligi asosiy
omil bo‘ladi, deb xulosa qilingan.

Kalit so‘zlar: unli, fonema, fonemik, fonetik, artikulyatsion-akustik, perseptiv,
distributsiya, interferensiya.

Annotation. The article is devoted to the study of "Phonetically based phonemic
interference of vowels in English and Uzbek languages". It studies the phonetic
peculiarities of the English and Uzbek vowel sounds from theoretical viewpoints. The
articulatory-acoustic, perceptive and distributional peculiarities of vowel phonemes are
consistently explained in the article. The distinctive features of the English and Uzbek
vowels and the specifications in the receptive mechanism, as well as distributional
peculiarities of vowels are analyzed on the basis of reliable examples. In the article, it
was concluded that the phonetically based phonemic interference is a typical phonemic
interference which consists of articulatory-acoustic-based phonemic interference,

perceptually based phonemic interference, distribution-based phonemic interference
and the main factor in the occurrence of these types of phonemic interference in the
Uzbek and English languages is the fact that the vowel systems of the contrasted
languages have unique articulatory-acoustic, perceptive and distributional properties.

Keywords: vowel, phoneme, phonemic, phonetic, articulatory-acoustic,
perceptive, distribution, interference.

Аннотация. Статья посвящена исследованию «Фонематической
интерференции с фонетической основой гласных в английском и узбекском
языках». В ней изучается фонетические особенности английского и узбекского
гласного звуков с научно-теоретических точек зрения. В статье последовательно
объяснены артикуляционно-акустические, перцептивные и дистрибутивные
особенности гласных фонем. Отличительные особенности гласных английского
и узбекского языков, специфика механизма их восприятия, а также особенности
дистрибуции гласных анализируются на материале обоснованных примеров. В
статье был сделан вывод о том, что фонематическая интерференция с
фонетической основой является типичной фонематической интерференцией,
которое состоит из фонематической интерференции с артикуляционноакустической основой, фонематической интерференции с перцептивной
основой, фонематической интерференции с дистрибутивной основой. Главным
фактором возникновения этих видов фонематической интерференции в
узбекском и английском языках является то, что системы гласных
сопоставляемых языков обладают уникальными артикуляционноакустическими, перцептивными и дистрибутивными свойствами.

Ключевые слова: гласная, фонема, фонематическая, фонетическая,
артикуляционно-акустическая, перцептивный, дистрибуция, интерференция.

KIRISH
Zamonaviy dunyoda ko‘p tillilik jarayoni kuchayib borayotgan bir sharoitda,
ikkinchi tilni o‘zlashtirishda uchraydigan fonetik interferensiyani o‘rganish muhim
ahamiyat kasb etadi. Xususan, ingliz tili xalqaro muloqot vositasi sifatida keng
tarqalgan bo‘lib, bu tilni o‘zlashtirish jarayonida fonetik muammolarni aniqlash va
bartaraf etish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi. Ingliz va o‘zbek tillarining fonetik
tizimi o‘rtasidagi farqlar, xususan, unli tovushlarning artikulyatsion va akustik
xususiyatlari o‘rtasidagi nomuvofiqliklar ikkinchi tilni o‘rganish jarayonida fonetik
interferensiyani keltirib chiqaradi. Bu jarayonda birinchi tilning fonetik me’yorlari
ikkinchi tilning talaffuziga ta’sir ko‘rsatadi va natijada, nutq tovushlarining noto‘g‘ri
yoki o‘zgacha shaklda ifodalanishiga olib keladi. Ayniqsa, ingliz va o‘zbek tillaridagi
unli fonemalar tizimidagi tafovutlar ikkinchi tilni o‘zlashtirishda qiyinchilik tug‘diradi.
Masalan, ingliz tilidagi qisqa va cho‘ziq unlilar (masalan, /ɪ/ va /iː/, /ʊ/ va /uː/) yoki

diftonglarning mavjudligi o‘zbek tilida uchramasligi sababli, bu tovushlar talaffuzi
o‘zbekcha so‘zlashuvchilarga qiyinchilik tug‘diradi. Shu bois, ingliz va o‘zbek tillari
misolida unli fonemalarning fonetik asosli fonemik interferensiyasini o‘rganish
bugungi kunda muhim ilmiy masala bo‘lib qolmoqda. Demak, unlilarning fonetik
asosli fonemik interferensiyasi lingvistik tadqiqotlarda ahamiyatli mavzulardan biri
bo‘lib, uni ingliz va o‘zbek tillari misolida tadqiq qilish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Fonetik interferensiya, asosan, bir tilning fonemik tizimiga xos bo‘lgan
xususiyatlarning ikkinchi tilga o‘tishi natijasida yuzaga keladigan muammo sifatida
o‘rganiladi. Shu nuqtayi nazardan mazkur tadqiqotda ingliz va o‘zbek tillarida
unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasi va unga sabab bo‘ladigan lingvistik
omillar ilmiy asosda tahlil qilindi. Mazkur tadqiqotning asosiy maqsadi ingliz va
o‘zbek tillarida unli fonemalarning fonetik asosli fonemik interferensiyasini aniqlash,
uning yuzaga kelish sabablari va mexanizmlarini lingvistik jihatdan tahlil qilishdan
iborat. Mazkur maqsadni amalga oshirish uchun quyidagi vazifalar belgilangan:

- Ingliz va o‘zbek tillaridagi unli fonemalar tizimini qiyosiy tahlil qilish;
- Ikkala til fonetik tizimida uchraydigan o‘xshash va farqli jihatlarni aniqlash;
- Fonetik interferensiyaning asosiy sabablari va ko‘rinishlarini tahlil qilish;
- Ingliz tilini ikkinchi til sifatida o‘rganishda fonemik interferensiyaning ta’sirini
empirik ma’lumotlar asosida o‘rganish;
- Unli fonemalar interferensiyasini kamaytirishga qaratilgan lingvistik va metodik
tavsiyalar ishlab chiqish.

Ushbu tadqiqot chet tilini o‘rganuvchilarning fonetik interferensiya sabablarini
chuqurroq anglashiga yordam beradi va ikkinchi tilni o‘rgatish metodikalarini
mukammallashtirishga xizmat qiladi. Natijada, u fonetik interferensiyaning oldini olish
va bartaraf etishga qaratilgan innovatsion yondashuvlar ishlab chiqishda nazariy asos
vazifasini o‘taydi. Shuningdek, mazkur tadqiqot natijalari fonetik interferensiyaning
nazariy asoslarini chuqurroq anglash va amaliy til o‘rgatish jarayonini
takomillashtirishga hissa qo‘shadi. Shu sababli, fonetik asosli fonemik
interferensiyaning sabablari va mexanizmlarini aniqlash va ularni bartaraf etish
bo‘yicha ilmiy asoslangan yondashuvni ishlab chiqish dolzarb ahamiyatga ega.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Unlilar interferensiyasi D. Jounz (Jones D., 1960: 378), L. Navienti (Noviyenty
L., 2021: 10), L. Zang (Zhang L., 2023: 65-68), F. Mu’in (Mu’in F., 2017: 64-74), M.
Mahendra, I. Marantika (Mahendra M., Marantika I., 2020: 27-34), R. Zanitra (Janitra
R., 2019: 54), R. Gani, V. Maulana, R. Rangkuti (Ganie R., Maulana W., Rangkuti R.,
2019: 49-63), V. Abramov (Абрамов В., 2004: 44), A. Bongkot (Бонгкот А., 2008:
17), X. Alieva (Алиева Х., 2011: 20), Ch. Chjao (Чжао Ч., 2017: 23), M. Djusupov
(Джусупов М., 1991: 239) kabi tilshunoslar tomonidan tadqiq qilingan. Unlilar

interferensiyasini A. Bongkot tay va rus tillari, Ch. Chjao xitoy tili shevalari va rus tili,
M. Djusupov rus va qozoq tillari, D. Jounz ingliz va nemis, fransuz, portugal, italyan
tillari, F. Mu’in banjar va ingliz tillari, L. Navienti rejang va ingliz tili, L. Zang xitoy
tilining Xitoy Xalq Respublikasi avtonom hududi bo‘lgan g‘arbiy ichki Mo‘g‘uliston
shevasi bilan ingliz tili, M. Mahendra va I. Marantika pendalungan va ingliz tili, R.
Gani, V. Maulana, R. Rangkuti indonez va ingliz tili, V. Abramov rus va ingliz tili
amerika varianti, X. Aliyeva qumiq va ingliz tili, R. Zanitra indonez va ingliz tillari
misolida tadqiq qilishgan.

Mazkur tadqiqotlarda unlilarning, asosan, fonetik va fonologik interferensiyasi
lingvodidaktik nuqtayi nazardan o‘rganilgan. Biz o‘zbek va ingliz tillarida unlilarning
fonetik asosli fonemik interferensiyasini a) artikulyatsion-akustik asosli fonemik
interferensiya, b) perseptiv asosli fonemik interferensiya, c) distributiv asosli fonemik
interferensiya nuqtayi nazaridan tadqiq qildik.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot ingliz va o‘zbek tillarida unli tovushlarning fonetik asosli fonemik
interferensiyasini o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, u lingvistik tahlil usullarini
qo‘llash orqali amalga oshirildi. Tadqiqotda nazariy-tahliliy va chog‘ishtirma metodik
usullar asosiy metod sifatida tanlandi. Nazariy-tahliliy metod orqali ingliz va o‘zbek
tillarining unli fonemalari tizimi bo‘yicha mavjud ilmiy manbalar va adabiyotlar tahlil
qilinib, ularning akustik, artikulyatsion va perseptiv xususiyatlari aniqlandi hamda
fonemik interferensiyaga sabab bo‘luvchi asosiy fonetik omillar o‘rganildi.
chog‘ishtirma-metodik tahlil usuli esa o‘zbek va ingliz tillarining unli fonemalar
tizimini fonetik nuqtayi nazardan chog‘ishtirishga qaratilib, unli tovushlarning
artikulyatsion jihatlari solishtirildi. Shuningdek, ingliz tilini o‘rganayotgan o‘zbeklar
uchun talaffuzda qiyinchilik tug‘diradigan fonemalar aniqlandi va unli fonemalar
interferensiyaga sabab bo‘ladigan asosiy xususiyatlar tahlil qilindi. Mazkur
yondashuvlar orqali ikkala tilning fonetik o‘xshashlik va tafovutlari aniqlanib, fonemik
interferensiya jarayonining sabablari va xususiyatlari chuqur o‘rganildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasida o‘zbek va ingliz tillari
tovush tizimining o‘ziga xos fonetik xususiyatlari sababli kelib chiqishi mumkin
bo‘lgan unlilarning potensial interferensiyasi o‘rganiladi. Unga ko‘ra o‘zbek tilida
so‘zlovchilarning inglizcha nutqda ona tili tovush tizimining o‘ziga xos jihatlari tufayli
unli fonemalarning artikulyatsion-akustik, perseptiv, distributiv asosli fonemik
interferensiyasi yuzaga chiqishi mumkin. Unlilarning artikulyatsion-akustik asosli
fonemik interferensiyasi o‘zbekcha so‘zlashuvchilarning nutq organlari ona tili
unlilarini talaffuz qilishga moslashganligi va bu “moslashish” ingliz tilida unlilarni
talaffuz qilish holatlaridan farqlanishi sababli yuzaga keladi. Masalan, o‘zbek tilida

unlilar tizimi sodda tuzilishga ega ekanligi tufayli o‘zbekcha so‘zlashuvchilarning nutq
organlari monoftong tuzilishidagi oltita unli fonema tovushlarini talaffuz qilishga
moslashganligi murakkab tuzilishga ega bo‘lgan ingliz tili unlilar tizimidagi
monoftong, diftong, diftongoid tarkibli fonemalarni talaffuz qilishda artikulyatsionakustik jihatdan u yoki bu turdagi xatoliklarni yuzaga kelishiga asos bo‘ladi. Shu
nuqtayi nazardan, o‘zbek va ingliz tillarida unlilarning artikulyatsion-akustik asosli
fonemik interferensiyasiga misol bo‘ladigan unlilarni ikki guruhga bo‘lish mumkin:

a) akustikasiga ko‘ra har ikki tilda uchraydigan unlilar;
b) akustikasiga ko‘ra bir tilda mavjud, ikkinchi tilda mavjud bo‘lmagan unlilar.
Akustikasiga ko‘ra o‘zbek tilida ham, ingliz tilida ham uchraydigan unlilarga /ɪ/,
/e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/; o‘zbek tilida mavjud, biroq, ingliz tilida mavjud bo‘lmagan unliga /o‘/;
ingliz tilida mavjud bo‘lib, o‘zbek tilida o‘zining muqobiliga ega bo‘lmagan unlilarga
/ɑ:/, /ɔ:/, /æ/, /з:/, /ә/, /i:/, /u:/, /eɪ/, /aɪ/, /ɔɪ/, /aʊ/, /әʊ/, /ɪә/, /ɛә/, /ʊә/ misol bo‘ladi. /ɪ/,
/e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ unlilari akustik jihatdan har ikki tilda o‘xshash bo‘lsa-da, ularning
artikulyatsiyasidagi xususiyatlari hamda pozitsion ko‘rinishlari o‘zaro farq qiladi.
Masalan, o‘zbek tilida /ɪ/ til oldi, yuqori ko‘tarilishdagi tor unli, /e/ til oldi, o‘rta
ko‘tarilishdagi keng unli, /ʌ/ til oldi, quyi ko‘tarilishdagi keng unli, /ɒ/ til orqa, quyi
ko‘tarilishdagi keng unli, /ʊ/ til orqa, yuqori ko‘tarilishdagi tor unli; ingliz tilida esa /ɪ/
til oldi-biroz orqaga siljigan, yuqori ko‘tarilishning keng shakli, /e/ til oldi, o‘rta
ko‘tarilishning tor shakli, /ʌ/ til orqa-biroz oldinga siljigan, o‘rta ko‘tarilishning keng
shakli, /ɒ/ til orqa, quyi ko‘tarilishning tor shakli, /ʊ/ til orqa-biroz oldinga siljigan,
yuqori ko‘tarilishning keng shakli tarzida hosil bo‘ladi. Ona tiliga xos talaffuz tarziga
odatlangan o‘zbekcha so‘zlashuvchilar ingliz tilida til oldi biroz orqaga siljigan, yuqori
ko‘tarilishning keng shaklidagi /ɪ/ unlisini beixtiyor o‘zbek tilidagi /ɪ/ ga xos til oldi,
yuqori ko‘tarilishdagi tor unli tarzida; ingliz tilida til oldi, o‘rta ko‘tarilishning tor
shakli bo‘lgan /e/ ni o‘zbek tiliga xos til oldi, o‘rta ko‘tarilishdagi keng unli; ingliz
tilida til orqa biroz oldinga siljigan, o‘rta ko‘tarilishning keng shaklidagi /ʌ/ unlisini
o‘zbek tiliga xos til oldi, quyi ko‘tarilishdagi keng unli; ingliz tilida til orqa, quyi
ko‘tarilishning tor shakli bo‘lgan /ɒ/ ni o‘zbek tiliga xos til orqa, quyi ko‘tarilishdagi
keng unli; ingliz tilida til orqa biroz oldinga siljigan, yuqori ko‘tarilishning keng
shaklidagi /ʊ/ unlisini o‘zbek tiliga xos til orqa, yuqori ko‘tarilishdagi tor unli tarzida
talaffuz qilib, xatoga yo‘l qo‘yadilar. O‘zbek tilida o‘zining muqobiliga ega bo‘lmagan
/ɑ:/, /ɔ:/, /æ/, /з:/, /ә/, /i:/, /u:/, /eɪ/, /aɪ/, /ɔɪ/, /aʊ/, /әʊ/, /ɪә/, /ɛә/, /ʊә/ kabi ingliz tili unli
fonemalarining talaffuzida esa artikulyatsion-akustik asosli fonemik interferensiyaning
yuzaga kelish ehtimoli ikki hissa ortadi. Zero, bunday nutq tovushlarini hosil qilishga
moslashmagan o‘zbekcha so‘zlashuvchilarning nutq organlari mazkur unlilar
artikulyatsiyasini “nuqsonli” tarzda amalga oshirishi tabiiy.
Unlilarning artikulyatsion-akustik asosli fonemik interferensiyasi ularning
pozitsion ko‘rinishlariga bog‘liq holda ham yuzaga keladi. Unli fonemalarning

pozitsion ko‘rinishlaridagi artikulyatsion-akustik o‘zgarishlar tufayli yuzaga kelishi
mumkin bo‘lgan fonemik interferensiyaga quyidagi omillar zamin yaratadi:

/ɪ/ fonemasining ingliz va o‘zbek tillaridagi pozitsion ko‘rinishlarida o‘zaro
o‘xshash jihatlarga nisbatan farqli jihatlar salmoqli o‘rin egallaydi. Mazkur tillarda /ɪ/
fonemasining invariant ko‘rinishi, shuningdek, jarangsiz undosh ta’siridagi hamda
urg‘usiz holatdagi variatsiyalari o‘zaro qisman ekvivalent bo‘lishi mumkin. Ingliz
tilidagi /ɪ/ fonemasining jarangli undosh bilan tugagan yopiq bo‘g‘indagi variatsiyasi1,
[ә] va [ɪe] variantlariga o‘zbek tilidagi /ɪ/ fonemasining mos keladigan pozitsion
ko‘rinishlari mavjud emas.

/e/ fonemasining ingliz va o‘zbek tillaridagi pozitsion ko‘rinishlari mazkur
fonemaning chog‘ishtirilayotgan tillarda o‘xshash jihatlaridan ko‘ra farqli jihatlari
ko‘proq ekanligini ko‘rsatadi. Ularning o‘xshash jihatlari bo‘lgan /e/ fonemasining har
ikki tildagi invariant ko‘rinishlari, shuningdek, jarangsiz undosh ta’siridagi va urg‘usiz
holatdagi variatsiyalari o‘zaro qisman ekvivalent bo‘ladi. Lekin ingliz tilidagi /e/
fonemasining jarangli undosh bilan tugagan yopiq bo‘g‘indagi variatsiyalari hamda
variant [ә], [ɪ] ko‘rinishlari o‘zbek tilida o‘zining tovush muqobiliga ega emas.

Ingliz va o‘zbek tillarida /ɒ/ fonemasining pozitsion ko‘rinishlari tadqiqi mazkur
tillarda uning o‘xshash jihatlaridan ko‘ra farqli jihatlari ko‘proq ekanligini izohlaydi.
Mazkur tillarda /ɒ/ fonemasining invariant hamda jarangsiz undoshlar ta’siridagi va
urg‘usiz holatdagi variatsiya ko‘rinishlari o‘zaro o‘xshash bo‘lib, ular qisman
ekvivalent bo‘la oladi. Ingliz tilidagi /ɒ/ fonemasining jarangli undosh bilan tugagan
variatsiyalari hamda variant ko‘rinishlari o‘zbek tilida o‘zining muqobiliga ega emas.

/ʊ/ fonemasining ingliz va o‘zbek tillaridagi pozitsion ko‘rinishlarida o‘zaro
o‘xshash jihatlarga nisbatan farqli jihatlar ko‘proq o‘rin tutadi. Ingliz tilidagi /ʊ/
fonemasining invariant ko‘rinishi va jarangsiz undosh ta’siridagi hamda urg‘usiz
holatdagi variatsiyalari o‘zbek tilidagi /ʊ/ fonemasining mazkur ko‘rinishlariga
o‘xshash bo‘lib, ular qisman ekvivalent bo‘la oladi. Biroq, ingliz tilidagi /ʊ/
fonemasining jarangli undosh bilan tugagan yopiq bo‘g‘indagi variatsiyalari va
variantiga mos keladigan muqobili o‘zbek tilida mavjud emas.

/ʌ/ fonemasining ingliz va o‘zbek tillaridagi pozitsion ko‘rinishlari mazkur
fonemaning chog‘ishtirilayotgan tillarda o‘xshash jihatlaridan ko‘ra farqli jihatlari
ko‘proq ekanligini ko‘rsatadi. Ularning o‘xshash jihatlari bo‘lgan /ʌ/ fonemasining har
ikki tildagi invariant ko‘rinishlari, shuningdek, jarangsiz undosh ta’siridagi hamda
urg‘usiz holatdagi variatsiyalari o‘zaro qisman ekvivalent bo‘ladi. Lekin ingliz tilidagi
/ʌ/ fonemasining jarangli undosh bilan tugagan yopiq bo‘g‘indagi variatsiyalari hamda
variant [ә] ko‘rinishi o‘zbek tilida o‘zining tovush muqobiliga ega emas.

1 Undosh tovushlarning jarangli-jarangsiz belgisi ingliz tilida deyarli o‘zgarmas, o‘zbek tilida neytralizatsiya qilinishi
darajasida o‘zgarishi o‘zbek tilida unlilarning jarangli undosh bilan tugagan so‘zlardagi ko‘rinishini alohida variatsiya
sifatida talqin qilish zaruratini keltirib chiqarmaydi.

Chog‘ishtirilayotgan tillarda akustik jihatdan o‘xshash bo‘lgan unli
fonemalarning pozitsion ko‘rinishlaridagi mazkur o‘ziga xosliklar, ya’ni ingliz tilidagi
unli fonemalarning o‘zbek tilida muqobiliga ega bo‘lmagan pozitsion ko‘rinishlari
talaffuzi o‘zbekcha so‘zlashuvchilar nutqida fonemik interferensiyaga zamin yaratadi.

O‘zbek tilida o‘zining muqobiliga ega bo‘lmagan /ɑ:/, /ɔ:/, /æ/, /з:/, /ә/, /i:/, /u:/,
/eɪ/, /aɪ/, /ɔɪ/, /aʊ/, /әʊ/, /ɪә/, /ɛә/, /ʊә/ kabi ingliz tili unli fonemalari ham kuchli-kuchsiz
pozitsiyada turli xil ko‘rinishlarda voqelanadi. Mazkur fonemalarning o‘zbek tilida
mavjud emasligi, avvalo, ularning o‘zlarini talaffuz qilishda, shuningdek, pozitsion
ko‘rinishlarining talaffuzida o‘zbeklar uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi.
Masalan, ona tiliga xos xususiyat tufayli unlilarni cho‘ziq talaffuz qilishga
odatlanmagan o‘zbek tilida so‘zlashuvchilar ingliz tilidagi cho‘ziq (/ɑ:/, /ɔ:/, /з:/, /i:/,
/u:/) unlilarni ona tili ta’sirida cho‘ziq ham, qisqa ham bo‘lmagan “o‘rtalikdagi” unli
tarzida xato bilan talaffuz qilishadi. Bu holat hatto ingliz tilidagi qisqa unlilar (/ɪ/, /e/,
/ʌ/, /ɒ/, /ʊ/, /æ/, /ә/) talaffuzida ham kuzatilishi mumkin. O‘zbek tilidagi /ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/,
/ʊ/ unlilari eshitilishiga (akustikasi) ko‘ra ingliz tilidagi qisqa /ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/
unlilariga o‘xshash bo‘lsa-da, ular miqdor jihatdan o‘ziga xos xususiyatga ega. O‘zbek
tilidagi /ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ unlilari miqdoriga ko‘ra, cho‘ziq ham, qisqa ham emas,
“o‘rtalikdagi” unli sanaladi (Абдуазизов А., 2010: 172).

Ingliz tilida esa /ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/, /æ/, /ә/ unlilari qisqa; /ɑ:/, /ɔ:/, /з:/, /i:/, /u:/ kabi
unlilari cho‘ziq unlilardir. Demak, o‘zbek tilidagi /ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ unlilarining
miqdor belgisi ingliz tilidagi qisqa (/ɪ/, /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/) unlilarga nisbatan ko‘proq,
cho‘ziq (/ɑ:/, /ɔ:/, /i:/, /u:/) unlilarga nisbatan ancha kam sanaladi. Shu sabab, nutq
a’zolari o‘zbek tili unlilarining talaffuziga odatlangan o‘zbek til sohiblari ingliz tilidagi
cho‘ziq /i:/ o‘rnida ham, qisqa /ɪ/ o‘rnida ham ona tilidagi singari na cho‘ziq va na qisqa
bo‘lgan /ɪ/ ni talaffuz qilishadi. Shu kabi yanglish talaffuz chog‘ishtirilayotgan tillarda
akustik jihatdan o‘xshash bo‘lgan boshqa cho‘ziq-qisqa unlilarga ham tegishlidir.

Ingliz tilidagi /eɪ/, /aɪ/, /ɔɪ/, /aʊ/, /әʊ/, /ɪә/, /ɛә/, /ʊә/ diftonglar va ularning
pozitsion ko‘rinishlari talaffuzi ham o‘zbekcha so‘zlashuvchilar uchun talay
qiyinchiliklarni yuzaga keltiradi. O‘zbek tilida diftonglarning mavjud emasligi o‘zbek
til sohiblarining nutq organlari shakllanishida o‘ziga xos “iz” qoldirgan, ya’ni ular bu
kabi tovushlarni talaffuz qilishga moslashmagan. Natijada, o‘zbek tilida
so‘zlashuvchilar ingliz tilida qismlari ikkiga ajralmaydigan, har biri bo‘linmas, bir
fonema sanaladigan diftonglarni ona tili ta’sirida qismlarini ikkiga ajratib talaffuz
qilish, diftonglarning pozitsion ko‘rinishlarini biri o‘rnida ikkinchisini qo‘llash bilan
xatoga yo‘l qo‘yishadi.

Unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasining navbatdagi kichik turi
perseptiv asosli fonemik interferensiya bo‘lib, u unli fonemalarning eshitilishi, eshitib
his qilinishi jarayoni bilan bog‘liq holda yuzaga keladi. O‘zbek va ingliz tillarida unli

fonemalarning perseptiv asosli fonemik interferensiyasiga quyidagi omillar sabab
bo‘ladi:

a) o‘zbek tilining o‘ziga xos tovush tizimi;
b) o‘zbek tiliga xos tovush tizimi elementlarini qabul qilishga odatlangan eshitish
mexanizmi.
Og‘zaki nutqni eshitish usuli har bir tilda o‘ziga xos tarzda shakllangan bo‘ladi.
Tovush signallarini qay yo‘sinda qabul qilish ana shu o‘ziga xoslikka bog‘liq bo‘lib,
odatga ko‘ra, eshitish mexanizmi ona tilidagi nutq tovushlarini qabul qilishga
moslashgan bo‘ladi. Eshitish mexanizmida yot (begona) nutq tovushlarini qabul qilish
ko‘nikmasi shakllanmagani bois til sohiblari mazkur nutq tovushlarining o‘ziga
xosliklarini anglay olmaydi, natijada, ular bunday nutq tovushlarini ona tilidagi akustik
jihatdan ularga yaqinroq bo‘lgan tovushlar bilan qabul qilishadi. Masalan, ingliz
tilidagi /æ/ unlisining artikulyatsion-akustik belgisini farqlash ko‘nikmasi
o‘zbeklarning eshitish mexanizmi uchun yot sanaladi. Shu sababli o‘zbek tili
vakillarida shu kabi “yot” hodisalar bo‘yicha eshitish ko‘nikmasi shakllanmaguncha,
ular ona tili ta’sirida ingliz tilidagi /æ/ tovushini o‘zbek tilidagi akustikasi nisbatan
o‘xshash bo‘lgan /e/ unlisi kabi; ingliz tilidagi cho‘ziq unlilarni (/ɑ:/, /ɔ:/, /з:/, /i:/, /u:/)
o‘zbek tilidagi cho‘ziq ham, qisqa ham bo‘lmagan /ʌ/, /ɒ/, /e/, /ɪ/, /ʊ/ unlilari singari;
ingliz tilidagi diftonglarni (/eɪ/, /aɪ/, /ɔɪ/, /aʊ/, /әʊ/, /ɪә/, /ɛә/, /ʊә/) o‘zbek tilida
akustikasi nisbatan o‘xshash bo‘lgan unli tovush birikmalari kabi qabul qilishadi. Bu
esa unli fonemalarning perseptiv asosli fonemik interferensiyasini yuzaga kelishiga
sabab bo‘ladi.
Unlilarning fonetik asosli fonemik interferensiyasining yana bir turi distributiv
asosli fonemik interferensiya bo‘lib, u unli fonemalarning so‘zdagi turli o‘rinlarda
voqelanish xususiyatiga bog‘liq holda yuzaga keladi. O‘zbek va ingliz tillarida unli
fonemalarning distributiv asosli fonemik interferensiyasi ingliz tilidagi, asosan, /e/, /ʌ/,
/ɒ/, /ʊ/ unlilari misolida kuzatiladi. O‘zbek tilida tovush tuzilishining o‘ziga xos
xususiyatiga ko‘ra /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ unlilari so‘zning istalgan o‘rnida kelishi mumkin.
Mazkur xususiyatga odatlangan ona tili o‘zbekcha bo‘lgan shaxslar ingliz tilida /e/, /ʌ/,
/ɒ/, /ʊ/ unlilari so‘z oxirida (ochiq bo‘g‘inda) uchramaslik qoidasini beixtiyor buzib,
xatoga yo‘l qo‘yishlari mumkin. Masalan, ingliz tilini o‘rganishning dastlabki
bosqichlarida o‘zbekcha so‘zlashuvchilar /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ fonemalarining yozuvdagi
ifodalaridan biri bo‘lgan ‘e’, ‘u’, ‘o’ harflarini make, parvenu, motto kabi so‘zlarning
oxirida ‘e’ harfini /e/ fonemasi, ‘u’ harfini /ʊ/ fonemasi, ‘o’ harfini /ɒ/ fonemasi orqali
talaffuz qilib, xato qilishadi. Ingliz tilida /e/, /ʌ/, /ɒ/, /ʊ/ kabi qisqa unlilar so‘z oxirida
(ochiq bo‘g‘inda) qo‘llanmasligi qayd etilgan xatoga asosiy sabab bo‘ladi. Make,
parvenu, motto so‘zlari ingliz tilida quyidagicha talaffuz qilinadi: make /meɪk/,
parvenu /ˈpɑː.vә.nuː/, motto /ˈmɒt.әʊ/.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib shuni aytish kerakki, unlilarning fonetik asosli fonemik
interferensiyasini fonema tovushlarining artikulyatsion-akustik asosli, perseptiv asosli
hamda distributiv asosli fonemik interferensiya turlari tashkil qiladi. Mazkur fonemik
interferensiya turlarining o‘zbek va ingliz tillarida voqelanishida unlilar tizimining
artikulyatsion-akustik, perseptiv, distributiv-fonetik jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarga
ega ekanligi asosiy omil bo‘ladi. Til o‘rganish jarayonida unlilarning qayd etilgan
fonemik interferensiya turlarini nazardan chetda qoldirmaslik ingliz tili talaffuzini
mukammal o‘zlashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Til o‘rganish jarayonining samaradorligini oshirish uchun, avvalo, ingliz va
o‘zbek tillaridagi unli fonemalarning artikulyatsion-akustik, perseptiv va distributiv
xususiyatlarini tizimli o‘rganish va ulardagi o‘ziga xos jihatlarni tushuntirishga alohida
e’tibor qaratish lozim. Ingliz tilini o‘rganuvchi o‘zbek til sohiblari uchun ona tilida
mavjud bo‘lmagan yoki farqlanuvchi unli tovushlarni to‘g‘ri talaffuz qilishga
yo‘naltirilgan maxsus fonetik mashqlarni joriy qilish tavsiya etiladi. Xususan,
artikulyatsion qiyinchilik tug‘diradigan fonemalarni o‘zlashtirish uchun og‘iz va til
harakatlarini rivojlantiruvchi audio-vizual vositalardan foydalanish samarali bo‘ladi.
Shuningdek, perseptiv interferensiyani kamaytirish maqsadida tinglab tushunish va
talaffuzni muvofiqlashtiruvchi maxsus mashqlardan foydalanish muhimdir. Unli
tovushlarning distributiv xususiyatlarini yaxshiroq anglash uchun ingliz tilidagi
fonemalarning kontekstga qarab qanday o‘zgarishini tahlil qilishga asoslangan
mashg‘ulotlar tashkillashtirilishi lozim. Ushbu yondashuvlar til o‘rganuvchilarning
fonemik interferensiyani yengib o‘tib, ingliz tili unlilarini aniq va me’yoriy talaffuzini
mukammal egallashlarida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Абдуазизов А. (2010) Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси. –
Тошкент: “Университет”. – 172 б.
2. Абрамов В.Е. (2004) Моно и Билингвальные механизмы восприятия
звучащей речи (на материале гласных американского варианта английского
языка): Автореф. дисс. д-ра. филол. наук. – Волгоград. – 44 с.
3. Алиева Х.А. (2011) Сопоставительный анализ звуковых систем
кумыкского и английского языков: Автореф. дисс. канд. филол. наук. –
Махачкала. – 20 с.
4. Бонгкот А. (2008) Тайско-русская фонетическая интерференция
(сегментный уровень): Автореф. дисс. канд. филол. наук. – Санкт-Петербург. – 17 с.
5. Джусупов М. (1991) Звуковые системы русского и казахского языков.
Слог. Интерференция. Обучение произношению. – Ташкент: Фан. – 239 с.

6. Чжао Ч. (2017) Звуковая интерференция в русском языке под влиянием
языка-субстрата в условиях русско-китайских языковых контактов: Автореф.
дисс. канд. филол. наук. – Москва. – 23 с.

7. Ganie R., Maulana W., Rangkuti R. (2019) Errors in pronouncing English
phonemes: a Praat analysis // Journal of Linguistics, Literature and Language
Teaching. – Volume 3. – № 1. – P. 49-63.

8. Janitra R.Z. (2019) Segmental error analysis of the English language by
freshmen of English study program of Diponegoro University: A Thesis In Partial
Fulfillment of the Requirements for the Sarjana Degree Majoring Linguistics in English
Department Faculty of Humanities Diponegoro University. – Semarang. – 54 p.

9. Jones D. (1960) An Outline of English Phonetics. 9th ed. – Cambridge: Heffer.
10. Mahendra M., Marantika I.M. (2020). The Phonological Interference in EFL
Reading // Journal of English Language, Literature, and Teaching. – № 5 (1). – P. 27-
34 // doi: 10.32528/ellite.v5i1.3272.
11. Mu’in F. (2017) Phonemic Interference of Local Language in Spoken English
by Students of English Department of Lambung Mangkurat University // Journal of
Language Teaching and Research. – Vol. 8. – № 1. – Р. 64-74.
12. Noviyenty L. Mother Tongue Interference Towards Students’ English
Pronunciation: A Case Study in IAIN Curup // Advances in Social Science, Education
and Humanities Research, Series Volume Number 532 / Proceedings of the
International Conference on Educational Sciences and Teacher Profession (ICETeP
2020) /Copyright © 2021 The Authors. Published by Atlantis Press SARL.
13. Zhang L. (2023) Study on Phonetic Transfer and Teaching Strategies in
College English Teaching // International Journal of Education and Humanities. – Vol.
7. – № 2. – P. 65-68.

REFERENCES:
1. Abduazizov A. (2010) Oʻzbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi. –
Toshkent: “Universitet”. – 172 b. (In Uzbek)
2. Abramov V.E. (2004) Mono i Bilingvalnie mexanizmi vospriyatiya
zvuchashey rechi (na materiale glasnix amerikanskogo varianta angliyskogo yazika):
Avtoref. diss. d-ra. filol. nauk. – Volgograd. – 44 s. (In Russian)
3. Alieva X.A. (2011) Sopostavitelniy analiz zvukovix sistem kumikskogo i
angliyskogo yazikov: Avtoref. diss. kand. filol. nauk. – Maxachkala. – 20 s. (In
Russian)
4. Bongkot A. (2008) Taysko-russkaya foneticheskaya interferensiya
(segmentniy uroven): Avtoref. diss. kand. filol. nauk. – Sankt-Peterburg. – 17 s. (In
Russian)
5. Djusupov M. (1991) Zvukovie sistemi russkogo i kazaxskogo yazikov. Slog.
Interferensiya. Obuchenie proiznosheniyu. – Tashkent: Fan. – 239 s. (In Russian)

6. Chjao Ch. (2017) Zvukovaya interferensiya v russkom yazike pod vliyaniem
yazika-substrata v usloviyax russko-kitayskix yazikovix kontaktov: Avtoref. diss.
kand. filol. nauk. – Moskva. – 23 s. (In Russian)

7. Ganie R., Maulana W., Rangkuti R. (2019) Errors in pronouncing English
phonemes: a Praat analysis // Journal of Linguistics, Literature and Language
Teaching. – Volume 3. – № 1. – P. 49-63.

8. Janitra R.Z. (2019) Segmental error analysis of the English language by
freshmen of English study program of Diponegoro University: A Thesis In Partial
Fulfillment of the Requirements for the Sarjana Degree Majoring Linguistics in English
Department Faculty of Humanities Diponegoro University. – Semarang. – 54 p.

9. Jones D. (1960) An Outline of English Phonetics. 9th ed. – Cambridge: Heffer.
10. Mahendra M., Marantika I.M. (2020). The Phonological Interference in EFL
Reading // Journal of English Language, Literature, and Teaching. – № 5 (1). – P. 27-
34 // doi: 10.32528/ellite.v5i1.3272.
11. Mu’in F. (2017) Phonemic Interference of Local Language in Spoken English
by Students of English Department of Lambung Mangkurat University // Journal of
Language Teaching and Research. – Vol. 8. – № 1. – Р. 64-74.
12. Noviyenty L. Mother Tongue Interference Towards Students’ English
Pronunciation: A Case Study in IAIN Curup // Advances in Social Science, Education
and Humanities Research, Series Volume Number 532 / Proceedings of the
International Conference on Educational Sciences and Teacher Profession (ICETeP
2020) /Copyright © 2021 The Authors. Published by Atlantis Press SARL.
13. Zhang L. (2023) Study on Phonetic Transfer and Teaching Strategies in
College English Teaching // International Journal of Education and Humanities. – Vol.
7. – № 2. – P. 65-68.