ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Arab tilidagi frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlari

Boborajabov Muhammadiqbol Emomaliyevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ARAB TILIDAGI FRAZEOLOGIZMLARNING LINGVOMADANIY
XUSUSIYATLARI

LINGUISTIC-CULTURAL FEATURES OF PHRASEOLOGISMS IN THE
ARABIC LANGUAGE

ЛИНГВОКУЛЬТУРОЛОГИЧЕСКИЕ ХАРАКТЕРИСТИКА АРАБСКИХ
ФРАЗЕОЛОГОВ

Boborajabov Muhammadiqbol Emomaliyevich
Oriental Universiteti,

Sharq tillari kafedrasi stajyor-o‘qituvchisi
Тel.: + 998 77 767-09-00

e-mail: m.boborajabov62@gmail.com

Annotatsiya. Frazeologizmlar har bir xalqning tarixi, dini, urf-odatlari va
dunyoqarashini aks ettiruvchi muhim til birliklaridan hisoblanadi. Ushbu tadqiqotda
arab tilidagi frazeologizmlarning shakllanishi, ularning semantik tarkibi va
lingvomadaniy kontekstdagi o‘rni tahlil qilinadi. Arab madaniyati va islom dinining
frazeologizmlarga ta’siri, ularning ma’no qatlamlari va ramziy ifodalari asosiy
e’tiborda bo‘ladi. Maqolada arab tilidagi frazeologik birliklarning kelib chiqish
manbalari – Qur’on oyatlari, hadislardan olingan iboralar, xalq og‘zaki ijodi va tarixiy
voqealarning aks etishi ko‘rib chiqiladi. Frazeologizmlar orqali arab xalqlarining hayot
tarzi, qadriyatlari va axloqiy me’yorlari namoyon bo‘ladi. Tadqiqotda, shuningdek,
arab tilidagi frazeologik birliklarning boshqa tillarga tarjima qilinishidagi
qiyinchiliklar va ularning ekvivalentini topish masalalari ham tahlil etiladi.

Kalit so‘zlar: arab tili, frazeologizmlar, lingvomadaniy, madaniy meros,
semantika, Qur’on va hadislar, arab madaniyati, til va madaniyat o‘zaro aloqasi, arab
xalqi, ramziy ifodalar, frazeologik ekvivalentlar, lingvistik tahlil.

Annotation. Phraseologisms are considered important linguistic units that reflect
the history, religion, customs, and worldview of each nation. This study analyzes the
formation of phraseologisms in the Arabic language, their semantic structure, and their
role in the linguocultural context. The influence of Arab culture and Islam on
phraseologisms, their layers of meaning, and symbolic expressions are the primary
focus. The article examines the origins of Arabic phraseological units, including
Quranic verses, phrases derived from hadiths, folk oral traditions, and reflections of
historical events. Through phraseologisms, the lifestyle, values, and moral standards
of Arab peoples are revealed. The study also analyzes the challenges of translating
Arabic phraseological units into other languages and the issues related to finding their
equivalents.

Keywords: arabic language, phraseologisms, linguocultural, cultural heritage,
semantics, Qur’an and hadiths, Arab culture, the relationship between language and
culture, Arab people, symbolic expressions, phraseological equivalents, linguistic
analysis.

Аннотация: Фразеологизмы считаются важными языковыми единицами,
отражающими историю, религию, обычаи и мировоззрение каждого народа. В
данном исследовании анализируется формирование фразеологизмов в арабском
языке, их семантический состав и роль в лингвокультурном контексте. Влияние
арабской культуры и ислама на фразеологизмы, их смысловые слои и
символические выражения находятся в центре внимания. В статье
рассматриваются источники происхождения арабских фразеологических единиц
— аяты Корана, выражения из хадисов, народное устное творчество и отражение
исторических событий. Через фразеологизмы проявляются образ жизни,
ценности и моральные нормы арабских народов. Также в исследовании
анализируются трудности перевода арабских фразеологических единиц на
другие языки и проблемы поиска их эквивалентов.

Ключевые слова: арабский язык, фразеология, лингвистическое и
культурное наследие, семантика, Коран и хадисы, арабская культура,
взаимодействие языка и культуры, арабский народ, символические выражения,
фразеологические эквиваленты, лингвистический анализ.

KIRISH
Til har bir xalqning madaniyati, tafakkuri va turmush tarzini aks ettiruvchi muhim
vosita hisoblanadi. Xususan, frazeologik birliklar tilning eng rang-barang va ifodali
qismlaridan biri bo‘lib, ular xalqning urf-odatlari, qadriyatlari va dunyoqarashini
o‘zida mujassam etadi. Arab tili dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lib, uning
frazeologik tizimi arab xalqlarining uzoq tarixiy tajribasi va madaniy merosini aks
ettiradi. Shu boisdan arab tilidagi frazeologizmlarni lingvomadaniy nuqtai nazardan
o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Frazeologizmlar ko‘pincha kontekstga bog‘liq bo‘lib, ular tarjima jarayonida
o‘ziga xos madaniy ma’lumotlarni yo‘qotishi yoki noto‘g‘ri talqin qilinishi mumkin.
Shu sababli, arab tilidagi frazeologizmlarni o‘rganish nafaqat lingvistik, balki madaniy
jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Mazkur tadqiqot arab tilidagi
frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlarini har tomonlama o‘rganish va
ularning mazmunini aniqroq anglashga xizmat qiladi.
Arab tilidagi frazeologik birliklar Qur’on oyatlari, hadislar, arab adabiyoti va xalq
og‘zaki ijodidan oziqlanib, o‘ziga xos ma’no qatlamlariga ega. Ular orqali arab xalqlari
dunyoqarashi, diniy va axloqiy qarashlari ifodalanadi. Frazeologizmlarning kelib

chiqishi va ularning semantik tuzilishini o‘rganish arab tilining lingvistik va madaniy
xususiyatlarini yanada chuqurroq anglash imkonini beradi.

Mazkur ishda arab tilidagi frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlari keng
qamrovda tahlil qilinadi. Frazeologik birliklarning shakllanish manbalari, ularning
semantik va stilistik xususiyatlari hamda tarjima jarayonidagi muammolar atroflicha
ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, arab tilidagi frazeologizmlarning boshqa tillardagi
ekvivalentlari bilan qiyosiy tahlili ham amalga oshiriladi. Ushbu tadqiqot arab tilining
boy frazeologik merosini o‘rganish va ularni lingvomadaniy nuqtai nazardan
baholashga xizmat qiladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Arab tilshunosligida tildagi frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlari
koʻplab tadqiqotlarda oʻrganilgan. Jumladan, Izzat Husayn Gʻurobning “Qurʼoni
Karimdagi frazeologizmlarning semantikasi va tarkibi” mavzusidagi doktorlik
dissertatsiyasi, doktor Vafo Komil Foidning “Zamonaviy arab tilida ayrim
frazeologizmlar turlari” nomli maqolasi kabi tadqiqotlarda frazeologizmlarning
semantik, struktur, lingvopoetik, lingvomadaniy xususiyatlari ochib berilgan.
Rus tilshunoslari bir qator tadqiqotlarda arab va rus tillaridagi
frazeologizmlarning struktur xususiyatlarini yoritib berganlar. Jumladan, R. Bekirov
o‘zining “Общие вопросы лексико-семантических преобразований в глагольных
фразеологизмах арабского языка” nomli tadqiqot ishida fe’lli frazeologik
birliklarning qiyosiy tahlilini keltirib o‘tgan.
Shuningdek, dunyo arabshunosligida ham frazeologizmlar tahliliga oid bir qator
ishlar kuzatiladi. Jumladan, Murat Yigʻitning “Arab tilidagi frazeologizmlar va
ularning Qurʼoni Karimda qoʻllanilishi” doktorlik dissertatsiyasi, Mansur Muhammad
Hasan Sammanining “Rus tilidagi frazeologizmlar va evfemizmlar arab tili misolida:
lingvokulturologik aspekt” nomli doktorlik dissertatsiyasi, S. Abdulhamidning “Arab
va rus tillaridagi frazeologizmlarning lingvomadaniy tahlili doktorlik dissertatsiyasi,
R. Bekirov “Arab tilidagi frazeologizmlarning leksik-semantik xususiyatlari, I.
Shabaning “Arab va rus tillaridagi frazeologizmlar qiyosiy tahlili” nomli maqolalari va
yana bir qator dissertatsiya, monografiya va maqolalarda frazeologizmlarning
lingvopoetik (sistem-struktur) va lingvo-kulturologik xususiyatlari yoritilgan.
Oʻzbek tilshunosligida ham frazeologik birliklarga oid bir qator tadqiqotlar olib
borilgan. Jumladan, Sh. Rahmatullayev, Sh. Usmanova, M. Xoliqova, Sh.
Abdullayevlarning tadqiqotlarida oʻzbek tilidagi frazeologizmlarning boshqa tillardagi
frazeologizmlardan farqlari alohida koʻrsatib oʻtilgan. A. Mamatov oʻz asarlarida
frazeologizmlarning shakllanishi bilan bogʻliq boʻlgan nazariy asoslarni belgilab berdi.
B. Yoʻldoshevning qator asarlari hamda doktorlik dissertatsiyasi frazeologik
birliklarning funksional-uslubiy xususiyatlari, ayni damda, oʻzbek frazeografiyasi

taraqqiyotida katta burilish boʻldi. K. Bozorboyevning soʻzlashuv nutqi
frazeologizmlariga, Sh. Almamatovaning frazemalarning komponent tahliliga, M.
Vafoyevaning frazeologik sinonimlarga bagʻishlangan tadqiqotlari oʻzbek
frazeologiyasining rivojiga maʼlum darajada hissa qoʻshdi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqolada arab tilshunosligidagi frazeologizmlarning lingvomadaniy
xususiyatlarini o‘rganish asosiy masala hisoblanadi. Bundan tashqari tadqiqotda arab
tilidagi frazeologizmlar lingvomadaniy xususiyatlarining boshqa tillar bilan o‘xshash
va farqli jihatlari ochib beriladi. Ushbu tadqiqot ishida tavsifiy, komponent tahlil,
qiyosiy-chogʻishtirma metodlaridan foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Har bir xalqning madaniyati, milliy urf odatlari ushbu xalqning tilida, ayniqsa

frazeologizmlarida aks etadi. Lingvokulturologiyaga oid adabiyotlarda
frazeologizmlar ham tilning lingvomadaniy boyligi sifatida eʼtirof etiladi. Turli
xalqlarda mentalitet va madaniy anʼanalariga koʻra, frazeologizmlar muloqot maqsadi
va holatiga qarab turlicha qoʻllaniladi, tushuniladi va kommunikativ maqsadga
yoʻnalgan noanʼanaviy tarzda anglashiladi. Bundan tashqari, muayyan mamlakat,

geografik hududga qarab bir-biridan farqlanadi. Jumladan, arab tilidagi frazeologik
birliklar ham arab xalqining hayot tarzi, milliy-madaniyati va tarixini oʻzida aks

ettiradi. Arab tilida frazeologik birliklar lingvomadaniy jihatdan deyarli tahlil
qilinmagan. Biroq shunday boʻlsa-da, arab tilidagi frazeologizmlarning tarkibida
lingvokulturologik terminlar koʻp uchraydi. Arab tilidagi frazeologizmlar bir necha
madaniy omillar bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan va isteʼmolga kirib borgan.

Arab kiyim-kechaklari bilan bogʻliq frazeologizmlarni ko‘rib chiqadigan bo‘lsak,
ayrim frazeologik birliklar tarkibida arablar milliy madaniyatini ifodalovchi kiyimlar
ishtirok etgan. Masalan, ‫ أجمل من ذي العمامة‬(sallali kishidan ham goʻzalroq). ‫ العمامة‬soʻzi
oʻzbek tiliga salla deb tarjima qilinadi va bu arablarning milliy liboslaridan biridir. Ular
sallali kishini oʻqimishli va goʻzal deb hisoblaydilar. Iborada sallali kishidan ham
goʻzalroq deb oʻta chiroyli kishiga nisbatan aytilmoqda. ‫ما في العباءة رجل‬(Abayadagi
odam odam emas). Ushbu ibora Abaya kiyib olgan har bir inson ham yaxshi inson
emas degan maʼnoni ifodalaydi. Abaya ham arablarning milliy kiyimlaridan biri
hisoblanadi. ‫ كأنما أنشط من عقال‬(Iqoldan ham tez yechiladigandek). Iqol arablar
oʻzlarining oq roʻmollari tepasiga qoʻyadigan qora rangli doirasimon bogʻichli milliy
kiyimdir. Ushbu bogʻichning yechilishi juda oson boʻlganligi sababli arablar
muammolardan osonlik bilan qutuladigan shaxsga nisbatan ushbu iborani qoʻllaydilar
(131 :1944 ،.‫.(أبو الفضل أحمد ابن محمد النيسابوري‬

Navbatdagi frazeologizmlar quyidagi turlardan iborat:

Islom dini bilan bogʻliq boʻlgan frazeologizmlar. Arab tili islom dini bilan
bevosita bogʻliq boʻlganligi sababli, diniy atamalar vositasida shakllangan ayrim

frazeologizmlar arab madaniyatiga kirib borgan va haligacha ular orasida qoʻllaniladi.
Quyidagi frazeologizmlar bunga misoldir:

‫ أبلى من بردة النبي‬(paygʻambar koʻylagidan ham eskiroq). Ushbu ibora juda koʻp
yillar davomida ishlab eskirgan buyumga nisbatan qoʻllaniladi.

‫ آلف من حمام مكة‬(Makka kabutaridan ham erkinroq), ‫ آمن من ظبي الحرم‬(Haram
kiyigidan erkinroq). Haram va Makka soʻzlari islom dinida muqaddas joylar sanalishi
bilan bir qatorda arab madaniyatida ham oʻchmas iz qoldirgan va arablar nazdida
erkinlik ramzidir. Ushbu soʻzlar qatnashgan frazeologik birliklar erkinlik holatini
ifodalaydi.

‫ أشرف من ماء زمزم‬(Zamzam suvidan sharafliroq). Zamzam suvi nafaqat diniy
jihatdan, balki arab madaniyatida ham muqaddas suv va shon-sharaf ramzi hisoblanadi.

‫ لبس كالكعبة‬(Kaʼba kabi kiyinmoq), ‫ أكسى من الكعبة‬(Kaʼbadan ham yopiqroq). Kaʼba
arablar va butun musulmon dunyosi uchun muqaddas dargoh hisoblanadi va u arab
frazeologizmlarida kiyinish timsolini aks ettiradi ) 2018 ‫.( أميل بديع يعقوب‬

Kishi va joy nomlari bilan bogʻliq (onomastik) frazeologik birliklar. Arab
madaniyatida ayrim kishi va joy nomlari keng tarqalgan boʻlib, ushbu nomlar
frazeologik birliklarda ham ishtirok etadi. Buning misoli oʻlaroq quyidagi
frazeologizmlarni keltirish mumkin:

‫ أجود من حاتم الطي‬(Hotami Toydan saxiyroq) – Toy qabilasidan boʻlgan, VI asrda
yashab oʻtgan ushbu arab shoiri oʻzining saxiyligi bilan arablar orasida mashhur
boʻlgan va uning nomi arab madaniyatiga kirib borgan. Bugungi kunda ushbu ibora
saxiy insonga nisbatan qoʻllaniladi ) 270 :2018 ‫.( أميل بديع يعقوب‬

‫ إختلط الحابل بالنابل‬(Hobilni Nobil bilan chalkashtirib qoʻymoq) – arab xalq ogʻzaki
ijodida toʻr va qopqon bilan ovlaydigan Hobil ismli va kamon bilan ovlaydigan Nobil
ismli ovchilar mashhur boʻlib, ularning ismlari frazeologik birliklarda ham ishtirok
etadi. Yuqoridagi ushbu ibora adashib qolgan, biror narsani chalkashtirib qoʻygan
inson holatini ifodalaydi.

‫ جزى جزاء سنمار‬(Sinimmorning jazosi kabi jazoladi) – Sinimmor ismli shaxs
Sosoniylar davrida yashab oʻtgan va hukmdor Noʻmon ibn Munzir ibn Imrul Qays qoʻl
ostida xizmat qilgan boʻlib, mashhur meʼmorlardan biri boʻlgan. Ushbu shaxs arab
madaniyatida muhim shaxslardan biri hisoblanadi. U hukmdorga goʻzal qasr qurib
berganligi va hukmdor uning qasriga oʻxshash boshqa qasr qurmasligi uchun uni
oʻldirganligi manbalarda keltirilgan. Shu sababli ushbu frazema yaxshilik evaziga
yomonlik olgan kishiga nisbatan qoʻllaniladi. Yuqoridagi ushbu onomastik
komponentli frazeologik birliklar bevosita arab madaniyati bilan oʻzaro bogʻliq.

‫ أحمق من جحا‬(Juhodan ahmoqroq). Ushbu ibora kaltafahm va ahmoq shaxsga
nisbatan qoʻllaniladi. Juho arab madaniyatida ahmoqlik timsolidir. Arab ogʻzaki
ijodida ushbu shaxsning nomi va unga bogʻliq boʻlgan hikoyalar mashhurdir.

Hayvon nomlari bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan frazeologizmlar. Arab tilidagi
ayrim zoofrazemalar ham arab xalqi madaniyatini oʻzida aks ettiradi. Arab
frazeologizmlarida ‫ ظبي‬(kiyik), ‫ جمل‬(tuya), ‫ ضب‬(kaltakesak), ‫ غراب‬(qargʻa), ‫ كلب‬(it), ‫أسد‬
(sher), ‫ عصفور‬(chumchuq) kabi hayvon va qush nomlari koʻp uchraydi. Ushbu
hayvonlar arab diyorlarida keng tarqaganligi va arablar oʻz hayotlari davomida ulardan
keng foydalanganligi sababli arab madaniyatiga kirib borgan. Ayniqsa ‫ الجمل‬(tuya)
arablar eng koʻp foydalanadigan hayvon boʻlib, ular nazdida sabrlilik timsolidir. Tuya
soʻzi Qurʼoni Karimning bir qancha oyatlarida, arab sheʼriyatida, maqol va frazeologik
birliklarida uchraydi. Masalan, ‫ حتى يلج الجمل في سم الخياط‬(tuya igna teshigiga kirganda).
Ushbu frazema amalga oshmaydigan yoki amalga oshishi qiyin boʻlgan ishga nisbatan
aytiladi. Bu iboraning oʻzbek tilidagi muqobili oʻlaroq tuyaning dumi yerga tekkanda
frazemasini aytish mumkin. Har ikkala tilda ham tuya leksemasidan foydalanilgan
boʻlsa-da, ignaning teshigiga kirmoq, dumi yerga tegmoq iboralarida farq qilmoqda.
‫ الجمل من جوفه يجتر‬(tuya oʻz qornidan chaynaydi) – ushbu frazema halol mehnat qilib pul
topadigan shaxs holatiga nisbatan qoʻllaniladi. ‫ استنوق الجمل‬(tuya zaiflashdi) – ushbu
ibora zaif inson holatini ifodalaydi. Yuqoridagi ushbu misollardan tashqari tuya
leksemasi yana bir qator frazeologizmlarda ishtirok etgan.

‫ ضب‬(kaltakesak) arab madaniyatida mashhur boʻlgan sudralib yuruvchi
hayvondir. Arab diyorlari asosan sahrolardan iborat boʻlgani uchun u yerlarda
kaltakesak koʻp uchraydi. Ushbu hayvon nomini arab frazemalarida xiyonatkor, bevafo
shaxs timsolida koʻrish mumkin. ‫ أبله من الضب‬(kaltakesakdan ham ablahroq), ‫أضل من‬
‫ الضب‬(kaltakesakdan ham adashganroq), ‫ أحير من الضب‬(kaltakesakdan koʻproq
hayratlangan) kabi frazemalar bunga misoldir. Mazkur misollardan anglashiladiki
kaltakesak arab tilshunosligida salbiy boʻyoqdor soʻz sifatida qoʻllaniladi.

‫ غراب‬(qargʻa) ham arablar madaniyatida muhim qushlardan biri hisoblanadi.
Qurʼoni Karimda ham qargʻa soʻzi Qobil va Hobil qissasida zikr etilgan. Undan
tashqari Nuh alayhissalomning suv sathini bilish uchun qargʻani joʻnatganlari qargʻa
esa qaytib kelmagani manbalarda zikr etilgan. Qargʻa soʻzi bilan bogʻliq bir qancha
frazemalar mavjud boʻlib, ularga ‫ أبكر من غراب‬(qargʻadan ham epchil), ‫أبصر من غراب‬
(qargʻadan ham koʻzlari oʻtkir), ‫ أبطأ من غراب نوح‬(Nuhning qargʻasidan ham
sustkashroq) kabi frazeologizmlarni misol keltirish mumkin.

Bundan tashqari hayvon nomlarini ‫ ترك الظبي ظله‬(kiyik soyasini tark etdi) – yaʼni
oʻtgan ishga salavot, ‫ أشكر من الكلب‬(itdan shukr qiluvchiroq), ‫ضرب العصفورين بحجر واحد‬
(ikkita chumchuqni bitta tosh bilan urmoq) kabi frazeologik birliklarda koʻrish
mumkin. Shuningdek ayrim arab zoofrazemalarida inson feʼl-atvori hayvonlarga
oʻxshatiladi. Masalan, ‫غبي كالحمار‬(eshak kabi ahmoq), ‫ شجاع كالأسد‬(sher kabi jasur).

Tana aʼzolari bilan bogʻliq holda shakllangan frazeologik birliklar. ‫ قلب‬(yurak),
‫ رأس‬(bosh), ‫ وجه‬(yuz), ‫يد‬(qoʻl), ‫ رجل‬(oyoq), ‫ عين‬(koʻz) kabi somatizmlar arablar orasida
muhim tana aʼzolaridan biri hisoblanadi. Ushbu somatizmlar arab tilidagi

frazeologizmlar tarkibida juda koʻp uchraydi. Masalan, ‫ قلب‬leksemasi qatnashgan
frazeologizmlarga ‫ قوي القلب‬(yuragi kuchaymoq), ‫ أمسك قلبه في يده‬(yuragini qoʻliga olmoq)
– jasorat koʻrsatmoq, ‫ من أعماق القلب‬(yurak tubida) – chin yurakdan, ‫ كشف له قلبه‬(yuragini
ochdi, koʻnglini yozdi) – kimgadir sir-asrorlarini aytdi, ‫ انقبض قلبه‬(yuragi siqildi), ‫يأكل‬
‫ قلبه الأسى‬(yuragi gʻam yemoqda) – gʻam chekmoqda kabi iboralarni, ‫ رأس‬soʻzi
qatnashgan frazeologizmlarga ‫ أمسك رأسه‬(boshini ushlamoq) – afsuslanmoq, ‫رأسه في‬
‫ السماء‬(boshi osmonda) – magʻrur, ‫ – رأسه برأس‬teng boʻlmoq kabi iboralarni, ‫وجه‬
leksemasi ishtirokidagi frazeologik iboralarga ‫ ابيضت وجهه‬(yuzi oqarmoq) – yuzi yorugʻ
boʻlmoq, ‫ اسودت وجهه‬(yuzi qoraymoq) – sharmanda boʻlmoq, ‫ ارتسم على وجهه السرور‬kabi
frazeologizmlarni, ‫ يد‬va ‫ رجل‬soʻzlari ishtirok etgan frazeologik birliklarga ‫اليد المغلولة‬
(bogʻlangan qoʻl) – ojizlik, ‫ يده مفتوحة‬(qoʻli ochiq) – saxiy, ‫ اليد العليا‬(oliy qoʻl) –
boshqaruvchi, ‫ أخذ بيده‬(qoʻlidan tutmoq) – yordam bermoq, ‫ وقع قلبه على رجليه‬(yuragi
oyoqlariga tushib ketdi) – qoʻrqdi kabi iboralarni, ‫ عين‬soʻzi ishtirokidagi frazeologik
birliklarga ‫ سقط من عيني‬(koʻzimdan tushdi) – yomon koʻrib qolmoq, ‫على عينه غشاوة‬
(koʻzida parda bor) – haqiqatni anglamaydi kabi frazeologizmlarni misol keltirish
mumkin. Bundan tashqari ‫ استقرت الأرض تحت قدميه‬(yer oyoqlari ostida qaror topdi) –
xotirjam boʻlmoq, ‫ أفلت من قبضة‬(panjasidan ketmoq) – qoʻldan boy bermoq
frazeologizmlarida uchragani kabi ‫ قدم‬(qadam), ‫ قبضة‬(panja) kabi leksemalar ham
frazeologik birliklar tarkibida uchraydi. Yuqoridagi misollardan ushbu somatizmlar
arablar orasida keng qoʻllanishini koʻrish mumkin. Qurʼoni Karimda ham aynan shu
tana aʼzolari bir necha bor zikr etilgan.

Ayrim buyum va maʼdanlar nomi bilan bogʻliq holda shakllangan frazeologik
birliklar. Arab madaniyatida ‫ – حديد‬temir moddasi muhim maʼdanlardan biri sanaladi.
Manbalarda Dovud alayhissalom temirchilik bilan shugʻullanganliklari zikr etiladi.
Shuningdek, ushbu modda Qurʼoni Karimda ham keltirilgan. Shu nuqtayi nazardan
arab frazeologizmlarida ham ushbu maʼdanning nomi koʻp uchraydi. Temir soʻzi
arablar nazdida kuchlilik, qattiqlik va jasurlikni ifodalaydi. Masalan, ‫ قلبه حديد‬(yuragi
temir) – yaʼni yuragi qattiq. Oʻzbek tilida ushbu holat bagʻri tosh iborasida aks
ettirilgan. Demak, oʻzbek tilida qattiqlikni tosh soʻzi anglatib kelayotgan boʻlsa, arab
tilida ushbu holat temir soʻzi bilan ifodalanmoqda. Bundan tashqari yana bir qator
frazeologizmlarda ham temir soʻzini uchratish mumkin. ‫ لا يفل الحديد إلا الحديد‬(temirni
faqat temir yenga oladi) – yaʼni dovyurak insonni faqat dovyurak yengadi, ‫أطرق الحديد‬
‫ وهو ساخن‬(temirni qizigʻida bos!), ‫ أعصاب الحديدية‬(temir asablar) – yaʼni asablari kuchli
va ogʻir-bosiq, ‫ ضرب بيد الحديد‬(temir qoʻl bilan urmoq) – qattiq urmoq kabi
frazeologizmlar bunga misoldir.

Arab madaniyatida ‫ سيف‬(qilich) muhim qurollardan biri hisoblanib, shon-sharaf
va buyuklik ramzidir. Qadimda arab qabilalari oʻrtasida koʻplab urushlar boʻlib oʻtgan
va arablar qilichdan koʻp foydalanganlar. Shu sababli ular qilichni oʻz shaʼnini himoya
qilishga yordam beruvchi qurol sifatida koʻradilar. Qilich soʻzi bir qancha arab

frazeologizmlari, maqol va sheʼrlarida uchraydi. Masalan, ‫ سبق السيف العزل‬(qilich
ginadan oʻtib ketdi). Ushbu ibora boʻlib oʻtgan ishni qaytara olmaslik maʼnosini
ifodalaydi. Ushbu iboraning etimologiyasi Horis ibn Zolim ismli arab jangchisiga borib
taqaladi. U bir kishini oʻldirib boʻlganidan soʻng uning aybsiz ekanligini eshitib qoladi
va boʻlib oʻtgan ishni ortga qaytarib boʻlmasligini taʼkidlab mazkur iborani aytadi ( ‫أبو‬
562 :1944 ،.‫.(الفضل أحمد ابن محمد النيسابوري‬

‫ أبلغ من السيف‬(qilichdan chechanroq) – ushbu ibora soʻzga chechan, nutqi ravon
insonga nisbatan ishlatiladi. Shuningdek, arablar jahldor va oʻtkir xarakterli shaxsni
ifodalash uchun ‫ السيف القاطع‬(keskin qilich) iborasini qoʻllaydilar.

Yuqoridagi misollardan tashqari ayrim soʻzlar arab madaniyatiga dalolat qiladi.
Ularga quyidagi soʻzlarni misol keltirish mumkin:

‫ الكحل‬(surma) arablar orasida alohida ahamiyatga ega. Koʻzga surma qoʻyish
arablarda urf-odat tusiga kirgan boʻlib, koʻplab erkaklar ham surma ishlatadilar. Shu
bois ushbu soʻzni arab frazeologizmlarida ham uchratish mumkin. Masalan, ‫يسرق الكحل‬
‫ من العين‬(surmani koʻzdan oʻgʻirlaydi). Bu ibora oʻgʻrilikni berkitib, ustalik bilan
qiladigan kishilarga nisbatan ishlatiladi.

‫ الجار‬(qoʻshni). Qadimdan qoʻshnichilik arablar nazdida muhim qadriyat
hisoblanib kelgan. Qoʻshnini hurmat qilish va unga yaxshi muomala qilish Qurʼoni
Karim va hadislarda ham zikr etilgan. Qoʻshni soʻzi arab maqollari va
frazeologizmlarida ham oʻz aksini topgan. ‫ الجار قبل الدار‬(hovlidan oldin qoʻshni) iborasi
bunga misoldir.

Yuqorida keltirilgan ushbu leksemalar qatnashgan frazeologik birliklar arab
xalqining milliy-madaniyatini oʻzida aks ettiradi. Biroq, arab tilida oʻzbek tilidan farqli
ravishda frazeologik birliklar tarkibida milliy kiyimlar va taom nomlari uchramaydi.
Balki koʻpchilik frazeologizmlar muayyan bir tarixiy voqea yoki shaxslarning gapiga
koʻra shakllangan.

Milliy qadriyatlar bu – millat uchun muhim va jiddiy ahamiyatga ega boʻlgan
moddiy va maʼnaviy boyliklar yigʻindisi hisoblanadi. Milliy qadriyatlar millatning
yashash tarzi, tarixi, ijtimoiy qatlami, kelajagi, avlodi, milliy ongi, tili, maʼnaviyati
hamda madaniyati bilan uzviy bogʻliq. Til esa millatning aqliy qobiliyatlari bilan
bogʻliq. Ong va madaniyat, til va madaniyat kabi tushunchalar bir-biri bilan oʻzaro
bogʻliq boʻlib, har doim biri ikkinchisisiz shakllana olmaydi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Arab tilidagi frazeologizmlarning lingvomadaniy xususiyatlari tahlili o‘laroq
quyidagi xulosalarga kelindi:
xalq mavjud ekan, uning oʻziga xos urf-odatlari, dunyoqarashi, turmush tarzi,
voqelik jarayonlari bir-biriga aynan oʻxshamaydi. Shu sababli frazeologizmlarni

xalqlarning etnolingvistik xususiyatlarini koʻrsatuvchi birlik sifatida qarashimiz
hamda oʻrganishimiz hech qanday xatoliklarga olib kelmaydi;

arab tilidagi frazeologizmlar oʻzida bir qator milliy-madaniy xususiyatlarni aks
ettiradi. Ular asosan diniy (teologik) terminlar, atoqli otlar, hayvon nomlari, ijtimoiy
hayotda qoʻllaniladigan buyum nomlari, arab madaniyatida faol boʻlgan ayrim leksik
birliklar bilan bogʻliq holda yuzaga kelgan.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Бекиров Р.А. Общие вопросы лексико-семантических преобразований в

глагольных фразеологизмах арабского языка // Научный вестник Крыма, – 2016.

– № 2(2). – С. 142.

2. Бекиров Р.А. Классификация глагольных фразеологизмах арабского

языка на мезосинтаксическом уровне // Ученые записки Таврического

национального университета им. В. И. Вернадского Серия «Филология.

Социальные коммуникации, – 2011. – № 3. – С. 130-135.

3. Rahmatullayev Sh. (1978) Oʻzbek tilining izohli frazeologik lugʻati. –

Toshkent: Oʻqituvchi. – 407 b.

4. Hojiyev A. (1985) Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati. – Toshkent:

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti. – 520 b.

5. Jamolxonov H. (2005) Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – Toshkent: Talqin. – 321 b.

6. Yuldoshev B. (2007) Oʻzbek frazeologiyasi va frazeografiyasining shakllanishi

hamda taraqqiyoti. – Samarqand: SamDU. – 106 b.

7. Berdiyorov X., Rasulov R., Yoʻldoshev B. (1976) Oʻzbek frazeologiyasidan

materiallar. I qism. – Samarqand. – 176 b.

8. ‫الدكتور محمد محمد داود. معجم التعبير الاصطلاحي في العربية المعاصرة. – القاهرة: دار‬

394 .‫ – ص‬.٢٠٠٣ ،‫.الغريب للطباعة و النشر و التوزيع‬

9. .‫ – ص‬.1944 ،‫أبو الفضل أحمد ابن محمد النيسابوري. مجمع الأمثل العرب. الجزء الأول. – إيران‬

521

10. 360 .‫ – ص‬.2018 ،‫.أميل بديع يعقوب. موسوعة أمثال العرب. – بَيرُوت‬

REFERENCES:
1. Bekirov R.A. Obshie voprosi leksiko-semanticheskix preobrazovaniy v
glagolnix frazeologizmax arabskogo yazika // Nauchniy vestnik Krima, – 2016. – №
2(2). – S. 142. (In Russian)
2. Bekirov R.A. Klassifikasiya glagolnix frazeologizmax arabskogo yazika na
mezosintaksicheskom urovne // Uchenie zapiski Tavricheskogo natsionalnogo
universiteta im. V. I. Vernadskogo Seriya «Filologiya. Sosialnie kommunikatsii, –
2011. – № 3. – S. 130-135. (In Russian)
3. Rahmatullayev Sh. (1978) Oʻzbek tilining izohli frazeologik lugʻati. –
Toshkent: Oʻqituvchi. – 407 b. (In Uzbek)

4. Hojiyev A. (1985) Tilshunoslik terminlarining izohli lugʻati. – Toshkent:

Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi davlat ilmiy nashriyoti. – 520 b. (In Uzbek)

5. Jamolxonov H. (2005) Hozirgi o‘zbek adabiy tili. – Toshkent: Talqin. – 321 b.

(In Uzbek)

6. Yuldoshev B. (2007) Oʻzbek frazeologiyasi va frazeografiyasining shakllanishi

hamda taraqqiyoti. – Samarqand: SamDU. – 106 b. (In Uzbek)

7. Berdiyorov X., Rasulov R., Yoʻldoshev B. (1976) Oʻzbek frazeologiyasidan

materiallar. I qism. – Samarqand. – 176 b. (In Uzbek)

8. ‫الدكتور محمد محمد داود. معجم التعبير الاصطلاحي في العربية المعاصرة. – القاهرة: دار‬

394 .‫ – ص‬.٢٠٠٣ ،‫.الغريب للطباعة و النشر و التوزيع‬

9. .‫ – ص‬.1944 ،‫أبو الفضل أحمد ابن محمد النيسابوري. مجمع الأمثل العرب. الجزء الأول. – إيران‬

521

10. 360 .‫ – ص‬.2018 ،‫.أميل بديع يعقوب. موسوعة أمثال العرب. – بَيرُوت‬