ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

“Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” asaridagi muqaddas qadamjolar va islom dini ulamolarining maqbaralariga qilingan ziyoratlar xususidagi maʼlumotlar

Axmedov Sanjar Bektemirovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

“MATLAI SAʼDAYN VA MAJMAI BAHRAYN” ASARIDAGI MUQADDAS
QADAMJOLAR VA ISLOM DINI ULAMOLARINING MAQBARALARIGA

QILINGAN ZIYORATLAR XUSUSIDAGI MAʼLUMOTLAR

INFORMATION ON THE VISITS THE TOMBS OF ISLAMIC SCHOLARS
AND SACRED SITES DESCRIBED IN THE WORK
“MATLAI SAʼDAYN VA MAJMAI BAHRAYN”

СВЕДЕНИЯ О СВЯТЫХ МЕСТАХ И ПОСЕЩЕНИЯХ МАВЗОЛЕЕВ
ИСЛАМСКИХ УЧЁНЫХ В ПРОИЗВЕДЕНИИ

“МАТЛАИ САЪДАЙН ВА МАДЖМАИ БАХРАЙН”

Axmedov Sanjar Bektemirovich
Oriental Universiteti dotsenti v.b., t.f.f.d. (PhD)

Tel.: +998 90 955-18-19
e-mail: 9551819@gmail.com
ORCID ID: 0000-0001-7910-0765

Annotatsiya. Markaziy Osiyo hududlariga islom dinining kirib kelishi nafaqat
uning keng tarqalishiga, balki hududdagi madaniy, ijtimoiy va ilmiy rivojlanishga ham
ulkan taʼsir koʻrsatgan. Islomning tarqalishida mahalliy sulolalarning, ayniqsa, Amir
Temur va uning avlodlarining oʻrni muhim boʻlgan. Ular nafaqat islom dinini qabul
qilib, unga amal qilishgan, balki uni ommalashtirish va ilm-fanni rivojlantirishga katta
hissa qoʻshganlar. Amir Temur va uning avlodlari islom ilm-fani, fiqh, hadis va
tasavvuf yoʻnalishlarida yetakchi olimlarni qoʻllab-quvvatlab, diniy merosni
boyitishga harakat qilishgan. Biroq, shu bilan birga, oʻsha davrda turli diniy xurofotlar
va aqidaparastlik kabi illatlar ham mavjud boʻlgan. Maqolada hozirgi vaqtda ham
muhokamalarga sabab boʻlayotgan muqaddas qadamjolarga ziyorat qilish, ulugʻ
avliyolar maqbaralariga safar uyushtirish masalalari oʻrganiladi. Xususan, temuriylar
davrida bu kabi ziyoratlarga boʻlgan munosabat qanday boʻlgani va uning oʻsha davr
manbalarida qay tarzda aks etgani tahlil qilinadi. Manbada keltirilgan maʼlumotlar
orqali muqaddas joylarga safarlar, ularning maʼnaviy ahamiyati, diniy qadriyatlar va
ijtimoiy ahvolga taʼsiri keng yoritiladi.

Kalit soʻzlar: Amir Temur, temuriylar, Matlai saʼdayn, manba, Abdurazzoq
Samarqandiy, islom dini, ziyorat, bidʼat.

Annotation. The introduction of Islam into the territories of Central Asia had a
significant impact not only on its widespread dissemination but also on the cultural,
social, and scientific development of the region. Local dynasties, especially Amir
Temur and his descendants, played an important role in the spread of Islam. They not
only adopted Islam and adhered to its principles, but also contributed significantly to

its popularization and the advancement of Islamic sciences. Amir Temur and his
descendants supported leading scholars in the fields of Islamic studies, fiqh, hadith,
and Sufism, striving to enrich the religious heritage. However, during this period,
various religious superstitions and fanaticism also existed. The article examines issues
related to the visitation sacred sites and pilgrimages to the mausoleums of great saints,
which remain subjects of debate today. In particular, it analyzes the attitudes toward
such pilgrimages during the Temurid era and how these practices were reflected in the
sources of that time. Using the data provided in the sources, the article explores the
journeys to sacred places, their spiritual significance, religious values, and their impact
on social conditions.

Keywords: Amir Temur, Temurids, “Matlai saʼdayn”, source, Abdurazzoq
Samarqandiy, Islam, pilgrimage, bid’a.

Аннотация. Проникновение ислама на территорию Центральной Азии
оказало значительное влияние не только на его широкое распространение, но и
на культурное, социальное и научное развитие региона. Важную роль в
распространении ислама сыграли местные династии, особенно Амир Темур и его
потомки. Они не только приняли ислам и следовали его предписаниям, но и
внесли большой вклад в его популяризацию и развитие наук. Амир Темур и его
потомки поддерживали выдающихся учёных в области исламских наук, фикха,
хадисов и суфизма, стремясь обогатить религиозное наследие. Однако в этот
период также существовали такие явления, как религиозные предрассудки и
фанатизм. В статье рассматриваются вопросы, связанные с посещением святых
мест и путешествиями к мавзолеям великих святых, которые вызывают споры и
в наше время. В частности, анализируется, как относились к подобным
паломничествам во времена Темуридов и как это отразилось в источниках того
времени. На основе приведённых данных освещаются путешествия к святым
местам, их духовное значение, религиозные ценности и влияние на социальную
жизнь.

Ключевые слова: Амир Темур, Темуриды, Матлаи саъдайн, источник,
Абдураззак Самаркандий, исламская религия, паломничество, бидъа.

KIRISH
Markaziy Osiyo tarixi islom dini ta’siri ostida rivojlangan ijtimoiy, madaniy va
ilmiy jarayonlar bilan xarakterlanadi. Bu mintaqaning diniy va ilmiy rivojlanishida
islomning kirib kelishi muhim burilish nuqtasi bo‘lib, mahalliy sulolalar, xususan,
Temuriylar sulolasi bu jarayonga katta ta’sir ko‘rsatgan. Amir Temur va uning
avlodlari islom dinining asosiy tamoyillariga qat’iy amal qilgan holda, uning keng
tarqalishi va ilm-fanning rivojlanishiga katta hissa qo‘shgan. Ular fiqh, hadis, tasavvuf
va boshqa yo‘nalishlardagi yetuk olimlarni qo‘llab-quvvatlab, diniy merosni

boyitganlar. Temuriylar davrida diniy qadriyatlar va ulamolarning maqbaralarini
ziyorat qilish, yaratgandan madad so‘rashda ularni vasila qilish odati keng tarqalgan.
Bu holat nafaqat diniy hayotning ajralmas qismi bo‘lgan, balki ijtimoiy
munosabatlarning shakllanishida ham muhim o‘rin tutgan. Shu bilan birga, bu davrda
turli diniy xurofotlar va aqidaparastlik kabi muammolar ham mavjud bo‘lib, ularning
tarqalishiga qarshi kurash olib borilgan.

Mazkur maqolada temuriylar davrida muqaddas qadamjolarni ziyorat qilish va
ulug‘ avliyolar maqbaralariga safarlar haqida mavjud tarixiy manbalar tahlil qilinadi.
Asosiy e’tibor “Matlai saʼdayn va majmai bahrayn” asarida keltirilgan ma’lumotlarga
qaratilib, bu holatlarning o‘sha davr jamiyatidagi ahamiyati va ta’siri o‘rganiladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Temuriylar davri tarixi Amir Temur tarixiga nisbatan kamroq o‘rganilgan
yo‘nalish hisoblanadi. Bu davr diniy munosabatlar tarixini yoritishga qaratilgan
adabiyotlar temuriylar davri tarixini, diniy va madaniy hayotini chuqur o‘rganish
imkonini beradi. M. Subtelnyning “Timurids in Transition: Turko-Persian Politics and
Acculturation in Medieval Iran” asari temuriylar davrining siyosiy va madaniy
o‘zgarishlarini yoritib, ular tomonidan sufiylar va ulamolarni qo‘llab-quvvatlash
siyosatini tahlil qiladi. Bu asar temuriylar va diniy qadriyatlar o‘rtasidagi o‘zaro
munosabatlarni tushunishda muhim ahamiyatga ega. B.F. Manzning “Power, Politics
and Religion in Timurid Iran” nomli asari temuriylar davridagi siyosat, din va
hokimiyat o‘rtasidagi munosabatlarni yoritadi. Muallif, ayniqsa, temuriylar
sulolasining diniy rahbarlar va avliyolar maqbaralariga bo‘lgan hurmatini tahlil qiladi.
Bu siyosatning ijtimoiy barqarorlik va hokimiyat legitimligini ta’minlashda qanday
xizmat qilganligini ochib beradi. M.Ş. Yüksel tomonidan yozilgan “Timurlularda Din-
Devlet İlişkisi” asarda temuriylar davrida din va davlat o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar
chuqur tahlil qilinadi. Ushbu asarda maqbaralar va diniy obidalarni tiklash siyosati
temuriylar hokimiyatini mustahkamlashda qanday o‘rin tutgani yoritilgan.
İ. Akaning “Mirza Şahruh ve Zamani, 1405-1447” asari Shohrux Mirzo davrini
o‘rganishda muhim ahamiyatga ega. Bu asar Shohruxning avliyolar maqbaralariga
bo‘lgan hurmati va ularni ziyorat qilish odatlarini batafsil yoritadi.
Shuningdek, A. Muhammadjonovning “Temur va temuriylar saltanati” asari
Temur va avlodlarining diniy hayotdagi o‘rnini ko‘rsatadi. Bu asar, ayniqsa, temuriylar
davrining mintaqaviy o‘ziga xosliklarini o‘rganishda mahalliy tadqiqot sifatida
qimmatlidir.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda tarixiy-tahliliy usul asosiy metod sifatida qo‘llanilib, birlamchi
manbalar va ilmiy adabiyotlar o‘rganilgan. Shuningdek, qiyosiy tahlil usuli yordamida
temuriylar davridagi ziyorat amaliyotlari boshqa davr va hududlar bilan taqqoslangan.

TAHLIL VA NATIJALAR
Temuriylarni islom dini ulamolari, xususan, sufiylik tariqati oilasi vakillarining
maqbaralari ilhomlantirgan (Subtelny M., 2007: 200). Islom ulamolarining qabrlarini
obod qilish, ularni ziyorat qilish temuriylarning muqaddas hisoblagan odatlaridan biri
boʻlgan. Ayniqsa, Shohrux Mirzo bu ishga alohida eʼtibor bergan. Qaysiki shahar yoki
mamlakatga borar ekan, u albatta oʻsha yerda yotgan aziz-avliyolar mozorini ziyorat
qilgan. Mamlakatda sufiylik taʼlimotining oʻrni ham yuqori boʻlgan. Xoja Ahror kabi
soʻfiylik taʼlimotining yirik namoyandalari davlat siyosiy ishlariga ham aralashib
turishgan (Muhammadjonov A., 1994: 83).
Shohrux Mirzo 1405-yilda Movarounnahrdagi ishlarni tinchitish uchun Kolot
tomon borar ekan, Sulton Abu Said ibn Abul Xayrning qabrini ziyorat qiladi. Uning
avlodlariga mehr-muruvvat koʻrsatib yoʻlida davom etadi (Samarqandiy A. II jild, 1-
qism. 2008: 86). Tus va Mashhad tomonlarga 1406-yilda yurish qilgan Shohrux u
yerdagi shayxulislom Ahmadi Jomning qabrini ziyorat qilib, uning ruhi vasilasida
Allohdan madad tilaydi. Uning avlodlariga marhamat koʻrsatib, yetim-yesirlarga
sadaqalar ulashadi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 94). Shu yili yana
Mashhadga borib, u yerdagi Ali ibn Muso Rizo qabrini ziyorat qiladi. U yerda barcha
ziyorat odobini bajarib, din peshvolariga inʼom-u ikromlar koʻrsatib, oʻz yoʻlida davom
etadi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 96). Shohrux Mirzoning mazkur
ziyoratgohga va u yerda yotgan Ali ibn Muso Rizo shaxsiyatiga hurmati cheksiz
boʻlganligini koʻrishimiz mumkin. Biron bir sabab bilan shu taraflarga oʻtar ekan,
doimo ziyorat shartlarini toʻliq bajarishni kanda qilmagan. Aholi oʻrtasida Qurbon
hayiti vaqtida kichik haj amali oʻrnida yoki unga teng oʻrinda qabul qilingan ziyoratga
1412-yil 22-fevralda ham maxsus ziyorat tashkil qilingan (Samarqandiy A. II jild, 1-
qism. 2008: 220-222). Shohrux Mirzo kabi uning rafiqasi Gavharshod ogʻoning ham
ushbu manzilga e’tibori boshqacha boʻlgan. 1418-yilning sentyabr oyida ham Shohrux
tomonidan Ali Rizo maqbarasiga ziyorat uyushtirilib, uch ming misqol tillodan maxsus
yasatilgan qandil maqbara gumbaziga osilgan. Shu yili Gavharshod ogʻo tomonidan
qabr yoniga qurdirilayotgan masjid ham bitib, foydalanishga topshiriladi. Shu bilan
birga, Shohrux Mirzo Mashhad ziyoratiga koʻp kelishini inobatga olib, shaharning
sharq tomonida bir bogʻ va saroy qurdiradi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 343).
Shohrux Mirzo 1410-yilda Samarqandda sodir boʻlgan voqealar tufayli u yerga
borib, dastlab Sohibqiron Amir Temur, soʻngra boshqa aziz-avliyolar maqbaralarini
ziyorat qiladi. (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 187). Hirotdan Saraxs tomon
1415-yil 25-fevralda yoʻlga chiqqan Shohrux Mirzo u shahardagi mashoyixlar
qabrlarini ziyorat qilib, Mihnaga joʻnaydi va tariqat olimi Shayx Abu Said Abul-
Xayrning mozorini ziyorat qiladi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 343). Mazkur
ziyoratgohga 1426-yil fevral oyida va 1432-yil yanvar oyida ham tashrif buyurib, duo
qilib qaytib ketadi (Samarqandiy A. II jild, 2-3-qismlar. 2008: 343). U 1427-yilda ham

Samarqand shahriga tashrif buyuradi va barcha ishlardan oldin ziyorat shartlarini bajo
keltiradi. Shahardagi Qusam ibn Abbos, Abu Mansur Moturidiy va Muhammad Ismoil
Buxoriylarning mozorlariga tashrif buyurib faqir-u muhtojlarga xayriyalar ulashadi va
kam taʼminlangan oilalar holidan xabar oladi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 493).

Ajam Iroqi mamlakatlari qaytadan Shohrux Mirzo qoʻliga oʻtgan 1416-yilda u
yerni boshqarishga masʼullar tayinlanadi va shu bahona sabab aziz avliyolar
mozorlarini ziyorat qilish shartlari ham ado etiladi. Kozirun shahrida joylashgan Shayx
Abu Isʼhoq mozoriga tashrif buyurib, ziyorat qilish bilan bogʻliq nimaiki amallar boʻlsa
toʻla-toʻkis ado etadi. Qaytishda Seydi Dovud qabrini, Muhammad (s.a.v.) ning
xirqalarini ko‘rib, Kozirun shahriga koʻmilgan barcha aziz avliyolar qabrlarini ziyorat
qiladi va ular haqiga tilovat qilinadi. U yerdan keyin, Sirjon shahrida Shoh Shujo
Kermoniy qabrini ziyorat qiladi (Samarqandiy A. II jild, 2-3-qismlar. 2008: 302).

Ozarbayjon va Iroqni Amir Qora Yusufdan qaytarib olish uchun birinchi bor
1420-yil yurish boshlagan Shohrux Mirzo yoʻldagi ziyoratgohlarga tashrif buyurishni
kanda qilmagan. Xususan, Ahmadi Jom, Shayx Saʼduddin al-Hummuiy, Shayx Abu-l-
Hasan Xaraqoniy, Shayx Abu Yazid va Ruknuddin Alouddavla Simnoniylarning
qabrlarini ziyorat qiladi (Samarqandiy A. II jild, 2-3-qismlar. 2008: 359-361). Mazkur
yurishdan 1421-yil avgust-sentyabr oylarida qaytar ekan, Shohrux Mirzo oʻzining
sevimli amali boʻyicha qayerdaki ulugʻ avliyo va ulamolarning qabri boʻlsa, ularni
ziyorat qilib boradi hamda yurishga ketayotgan vaqtida, 1420-yil 9-oktyabr kunidagi
kabi 1421-yil 29-sentyabrda ham Shayx Saʼduddin al-Hummuiy mozoriga kelib
tushadi va ziyorat shartlarini ado etadi. U yerdan muqaddas Mashhad tomon yoʻl olib
u yerda ham ziyorat shartlarini bajo keltiradi (Samarqandiy A. II jild, 2-3-qismlar.
2008: 412-413). Amir Iskandar ibn amir Qora Yusufga qarshi 1429-yilda yurishga
joʻnar ekan, xuddi shu tartibda yoʻldagi barcha ziyoratgohlarga kirib oʻtadi. 1429-yil
10-aprelda Hirotdan yoʻlga chiqib, 19-aprelda Ahmadi Jom qabriga, 29-aprel kuni
Nishopurdagi muqaddas joylarga, 2-may kuni Shayx Saʼduddin Hummuiy qabriga, 14-
may kuni Abu-l-Hasan Xaraqoniy hamda Shayx Abu Yazidlarning qabrlariga, 22-may
kuni Ruknuddin Alouddavla Simnoniyning qabriga, 7-iyun kuni Sayyid Abdulazim,
Shayx Ibrohim Xavos va Imom Muhammad Shayboniylarning qabrlariga tashrif
buyurib ziyorat shartlarini ado etadi va duo-yu fotihalar qiladi. Ikkinchi Ozarbayjon
yurishidan 1430-yilda qaytar ekan, yana shaharlardagi maqbaralarni ziyorat qilib oʻtadi
(Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 497-498).

Uchinchi bor Ozarbayjon yurishiga 1434-yil 5-noyabrda otlangan Shohrux Mirzo
yoʻldagi barcha muqaddas qadamjolarni ziyorat qilishni niyat qiladi. Odatga muvofiq
ziyoratlarni amalga oshirib, aziz-avliyolar haqiga duo qiladi (Samarqandiy A. II jild,
1-qism. 2008: 48-49). Uchinchi Ozarbayjon yurishidan qaytishda Mashhadga kirib
o‘tolmagani sababli, Shohrux Mirzo 1439-yilda maxsus ziyorat tashkil qiladi
(Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 79).

1440-yilda Saraxsga borib u yerdagi Shayx Abu-l-fazl Hasan, mavlono Saʼduddin
Taftozoniy va Javonmard Qassoblarning qabrlarini ziyorat qilishga borib, ularning
ruhoniyati vasilasida madad tilaydi (Samarqandiy A. II jild, 1-qism. 2008: 94).

1447-yilda Iroq tomon yurish qilgan Shohrux Mirzo Ray shahriga yetgunga qadar
hech qayerda toʻxtamagani, faqat muqaddas joylarni ziyorat qilib, jang oldidan
ularning muqaddas avliyolik ruhlari haqiga duo qilgani qayd etilgan (Samarqandiy A.
II jild, 2-3-qismlar. 2008: 192). Uning avlodlari va birodarzodalari ham Shohrux Mirzo
singari qaysi manzilga yoʻl olsa, oʻsha yerdagi aziz-avliyolar qabrlari va muqaddas
joylarni ziyorat qilishni kanda qilmas edi. Asarda Ulugʻbek Mirzo, Abdulatif, Abul
Qosim Bobur, Sulton Abu Saʼid va boshqa temuriylarning bobolari kabi ziyoratlarga
tashrif buyurib turishi qayd etiladi. Islom dini va fiqhi boʻyicha yetuk bilimdon boʻlgan
Shohrux Mirzo va uning farzandlari marhum aziz avliyolar va ulamolarning qabrlari
atrofini obodonlashtirish, maqbaralar qurish, qabrlarni ziyorat qilish, ularning
ruhoniyatlari hurmatidan vasila qilish ishlarini odatiy amallardan hisoblashgan. Bu
shundan dalolatki, vasila qilish ota-bobolarimizdan bizgacha yetib kelayotgan odatdir.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqoridagi tahlillar asosida temuriylar davrida muqaddas qadamjolar va ulug‘
avliyolar maqbaralariga ziyoratga kelish amaliyoti nafaqat diniy e’tiqodning ifodasi,
balki ijtimoiy va siyosiy hayotning ajralmas qismi bo‘lib xizmat qilgani aniqlandi.
Amir Temur va uning avlodlari tomonidan amalga oshirilgan ziyoratlar, diniy ulamolar
va sufiylik tariqati vakillariga hurmat ularning hokimiyatni mustahkamlash va madaniy
merosni boyitishdagi siyosatining bir qismi bo‘lgan.
Shohrux Mirzoning maqbaralarga bo‘lgan e’tibori va ularga tashrif buyurish odati
Temuriylar sulolasi uchun diniy qadriyatlarning qanchalik muhim bo‘lganligini
ko‘rsatadi. Ziyoratlar orqali diniy birlikni mustahkamlash va jamiyatda ijtimoiy
birdamlikni ta’minlash maqsadi kuzatiladi. Yuqoridagi asosiy xulosalardan kelib
chiqqan holda temuriylar davridagi ziyorat amaliyotlari orqali jamiyatda diniy
bag‘rikenglik va madaniy qadriyatlarning ahamiyatini targ‘ib qilish, oliy o‘quv yurtlari
dasturlarida Temuriylar davridagi diniy, madaniy va ijtimoiy hayotga oid mavzularni
kengroq yoritish orqali yosh avlodning tarixiy merosga qiziqishini oshirish, hamda
temuriylar davridagi ziyorat amaliyotlari va maqbaralarning tarixiy ahamiyatini
kengroq o‘rganish uchun maxsus ilmiy loyihalar tashkil etish tavsiya etiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Муҳаммаджонов А. (1994) Темур ва темурийлар салтанати. – Тошкент:
Қомуслар бош таҳририяти.
2. Самарқандий, Абдураззоқ. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаъи бахрайн.
II Жилд. 1 қисм. 1405-1429 йил воқеалари. – Тошкент: Ўзбекистон. – 632 б.

3. Самарқандий, Абдураззоқ. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаъи бахрайн.
II Жилд. 2-3 қисмлар. 1429-1470 йил воқеалари. – Тошкент: Ўзбекистон. – 832 б.

4. Subtelny M. (2007) Timurids in transition: Turko-Persian politics and
acculturation in Medieval Iran. – Brill. – V. 19. – P. 200.

5. Manz B. F. (2007) Power, politics and religion in Timurid Iran. – Cambridge
University Press. – P. 208.

6. Thrower J. (2004) The religious history of Central Asia from the earliest times
to the present day. – Mellen. – P. 155.

7. Yüksel M. Ş. (2009) Timurlularda din-devlet ilişkisi. – Türk Tarih Kurumu
Basımevi. – S. 30-32.

8. Aka İ. (1994) Mirza Şahruh ve zamanı, 1405-1447. – Türk Tarih Kurumu
Basımevi. – S. 14. – S. 72.

9. Devin De Weese. (1996) Yassavi Sufi Communities in the Temurid Era //
Materials of the International Scientific conference “Amir Temur and his place in the
World History”. – Tashkent.

REFERENCES:
1. Muhammadjonov A. (1994) Temur va temuriylar saltanati. – Toshkent:
Qomuslar bosh tahririyati. (In Uzbek)
2. Samarqandiy, Abdurazzoq. (2008) Matlai saʼdayn va majmaʼi baxrayn. II Jild.
1 qism. 1405-1429 yil voqealari. – Toshkent: O‘zbekiston. – 632 b. (In Uzbek)
3. Samarqandiy, Abdurazzoq. (2008) Matlai saʼdayn va majmaʼi baxrayn. II Jild.
2-3 qismlar. 1429-1470 yil voqealari. – Toshkent: O‘zbekiston. – 832 b. (In Uzbek)
4. Subtelny M. (2007) Timurids in transition: Turko-Persian politics and
acculturation in Medieval Iran. – Brill. – V. 19. – P. 200.
5. Manz B. F. (2007) Power, politics and religion in Timurid Iran. – Cambridge
University Press. – P. 208.
6. Thrower J. (2004) The religious history of Central Asia from the earliest times
to the present day. – Mellen. – P. 155.
7. Yüksel M. Ş. (2009) Timurlularda din-devlet ilişkisi. – Türk Tarih Kurumu
Basımevi. – S. 30-32. (In Turkish)
8. Aka İ. (1994) Mirza Şahruh ve zamanı, 1405-1447. – Türk Tarih Kurumu
Basımevi. – S. 14. – S. 72. (In Turkish)
9. Devin De Weese. (1996) Yassavi Sufi Communities in the Temurid Era //
Materials of the International Scientific conference “Amir Temur and his place in the
World History”. – Tashkent.