ABU HOMID G‘AZZOLIY “TIL OFATLARI” ASARINING MANBA
SIFATIDA YOSHLAR AXLOQIDAGI AHAMIYATI
THE SIGNIFICANCE OF ABU HAMID GHAZALI’S “THE EVILS OF THE
TONGUE” AS A SOURCE IN THE MORALITY OF YOUTH
ЗНАЧЕНИЕ «БЕДЫ ОТ ЯЗЫКА» АБУ ХАМИДА ГАЗАЛИ КАК
ИСТОЧНИКА НРАВСТВЕННОСТИ МОЛОДЕЖИ
Alijonova Gulnozaxon Muhammad qizi
Oriental Universiteti,
Tarix kafedrasi o‘qituvchisi, PhD
Tel.: +998 99 871-11-92
e-mail: gulnozaalijonova58@gmail.com
Xamidova Madina Nurxonovna
Oriental universiteti, Filologiya va tillarni o‘qitish fakulteti
2-kurs talabasi
Tel.: +998 90 970-83-85
e-mail: Madinakhamidova87@gmail.com
Annotatsiya. Yoshlarning axloqiy kamoloti bashariyat tarixidan muhim ahamiyat
kasb etgan masalalardan biri hisoblanadi. Yosh avlod ta’lim-tarbiyasida e’tibor
qaratiladigan eng dolzarb muammolardan biri ularning tafakkur shakllarini milliy
qadriyatlar va milliy urf-odatlar asosida shakllantirish sanaladi. Shuningdek, insonni
har qanday ishga safarbar qiladigan va yo‘naltiradigan qismi bo‘lmish inson
ruhiyatining markazi bo‘lgan yuragi va qalb qo‘rini ham axloq suvi bilan sug‘orish
lozimdir. Mazkur maqolada, yoshlar tarbiyasini axloqan rivojlantiradigan asarlardan
biri Abu Homid G‘azzoliyning “Til ofatlari” asari tahlil qilingan bo‘lib, unda tilning
inson ma’naviy kamolotidagi ahamiyati atroflicha yoritib berilgan.
Kalit so‘zlar: Abu Homid G‘azzoliy, sukut saqlash, behuda gap, mahmadonalik,
chaqimchilik, yolg‘on so‘zlash.
Annotation. The moral development of young people is one of the most important
issues in the history of mankind. One of the first problems that is considered relevant
in the education of the younger generation is the formation of their thinking patterns
based on national values and national traditions. It is also necessary to purify the heart
and soul, which are the part that mobilizes and directs a person to any work, the center
of the human psyche, with moral water. This article analyzes Abu Hamid Ghazali’s
“The Evils of the Tongue”, one of the works that morally develops the education of
young people, and in it the importance of language in human spiritual development is
comprehensively covered.
Keywords: Abu Hamid al-Ghazali, keeping silence, idle talk, flattery,
denunciation, lying.
Аннотация. Нравственное развитие молодежи является одним из
важнейших вопросов в истории человечества. Одной из первых проблем, которая
считается актуальной в воспитании подрастающего поколения, является
формирование у ных моделей мышления, основанных на национальных
ценностях и национальных традициях. Необходимо также орошать водой
нравственности сердце и душу, которые являются центром человеческой
психики, той частью, которая мобилизует и направляет человека на любую
задачу. В данной статье анализируется «Беды от языка» Абу Хамида Газали,
одно из произведений, которое нравственно развивает воспитание молодежи, и
в нем всесторонне освещается значение языка в духовном развитии человека.
Ключевые слова: Абу Хамид аль-Газали, молчание, пустословие, лесть,
донос, ложь.
KIRISH
Insoniyat sivilizatsiyasi paydo bo‘lganidan boshlab insonning ruhiyati bilan
bog‘liq bo‘lgan ta’lim masalasi muhim ahamiyatga ega hisoblanadi. Bugungi
globallashuv davrida ham yoshlar ta’lim-tarbiyasiga bo‘lgan e’tibor har qachongidan
ham dolzarbdir. Chunki bugungi dunyoda insonning ma’naviy olamiga zarar
yetkazayotgan bir qator muammolar mavjuddir. Mana shu muammolarni bartaraf etish
hozirgi davr talabi bo‘lib qolmoqda. Yoshlarni ma’naviy jihatdan yuksaltirish, ular
yaxshi axloqiy sifatlarga ega bo‘lishida O‘rta asrlarda faoliyat olib borgan ulug‘
allomalarning ilmiy merosi alohida ahamiyat kasb etadi. Mana shunday olimlardan
biri, XII asrlarda yashab ijod qilgan olim Abu Homid G‘azzoliy edi.
Butun dunyoda “Hujjatu-l-islom” unvoniga sazovor bo‘lgan mutafakkirlardan
biri deb e’tirof etilgan Abu Homid Muhammad ibn Ahmad al-G‘azzoliy Tus shahrining
(hozir Mashhad) Taboron qishlog‘ida hijriy 450-yilda (milodiy 1058) dunyoga kelgan.
Otasi Muhammad ip yigiruvchi, turli ip mahsulotlarini tayyorlab sotuvchi, ya’ni
arabcha aytganda “g‘azzol” edi. Kasbi ko‘p vaqtini olganligi sababli ilm bilan
shug‘ullana olmaydi. O‘g‘illarini o‘sha davrda obro‘li hisoblangan va rasman qo‘llabquvvatlanayotgan ilmlar bilan qurollantirishga harakat qiladi. Shu tufayli ilm va
tasavvuf olamiga ikki buyuk shaxsiyatni (Bular Abu Homid G‘azzoliy va Abul-Fotuh
Ahmad) yetishtirib berishga muvaffaq bo‘lgan baxtli ota bo‘lgan.
G‘azzoliy Al-Rozihoniydan bir muddat fiqh ilmini o‘rganadi. Keyin Jurjonga
ketib, imom Abu Nasr al-Ismoiliydan tahsil oladi. O‘qishi bitib uyiga qaytayotganida
mudarrisiga kitobining chetlariga eslatmalar yozdirib oladi. Bular barcha tariqatni
qamragan muhim ko‘rsatmalar edi. Afsuski, u hamroh bo‘lgan karvonni yo‘lda
qaroqchilar to‘nashadi. Bu haqda Imom al-As’ad “Al-Kavorib al-Durriya” kitobida
voqeani aynan G‘azzoliydan eshitganini ta’kidlaydi. Voqea quyidagicha: “Jurjondan
ona shahrimga qaytar ekanman yo‘lda qaroqchilar yo‘limizni to‘sdi. Karvonda har neki
bo‘lsa hammasini tortib oldi. Hech bo‘lmasa kitobimni qaytarib olish uchun ularning
orqalaridan ketaverdim, boshliq o‘girilib: “Qayt orqaga, yo‘qsa seni o‘ldiramiz”- dedi.
Men boshliqqa yolvorib undan Alloh roziligi uchun narsamizni qaytarib berishini
iltimos qildim. Baribir sizlarga ular kerak bo‘lmaydi dedim.
- Mollaring nima? - deb so‘radi boshliq.
- Anovi to‘rvadagi kitob, u mening o‘qish kitobim. Tinglash, o‘rganish va yozish
uchun g‘urbat diyoriga borib kelayotgan edim.
Bu so‘zlarimga boshliq qotib-qotib kuldi va dediki: “Sen qanday qilib onangga
bu kitobdagilarni o‘rgandim deb ayta olasan? Kitoblaring yo‘qolsa butun biliming ham
yo‘qqa chiqib, ilmingdan nom-nishon qolmas ekan-da.” So‘ngra sheriklariga
“Kitoblarini qaytarib beringlar”, deb buyurdi. Qaroqchi mening ko‘zimni ochdi. Tus
shahriga qaytib uch yil tinimsiz harakat qilib kitobchaga yozganlarimni yodlab oldim.
Endi yo‘limni to‘sib tortib olsa ham ilmsiz qolmas edim”.
Imom G‘azzoliy o‘zidan bir qator asarlar yozib qoldirgan bo‘lib, fiqhga doir
“Bosit”, “Vojiz”, “Vosit”, aqidaga doir “Qavoidu-l-aqoid” (“Aqidalarning qoidalari”),
“Ar-Risolatu-l-qudsiya” (“Qudsiya risolasi”), mutasavviflar uchun “Ihya ulumi-d-din”
(“Diniy ilmlarni tiriltirish”), “Mukoshafatu-l-qulub” (“Qalblar kashfiyoti”) asarlari
mashhur. Shuningdek, “Tahofutu-l-falasifa” (“Faylasuflarni rad etish”), “Kimyo-isaodat” (“Saodat kimyosi”), “Maqosidu-l-falasifa” (“Faylasuflarning maqsadlari”)
asarlari olim ijodida muayyan oʻrinni egallaydi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Imom G‘azzoliyning shaxsiyati va ilmiy merosiga dunyo bo‘ylab olimlar
tomonidan katta qiziqish bildirilgan. Quyida dunyodagi mashhur olimlarning
G‘azzoliy haqidagi ilmiy tadqiqotlari ko‘rsatiladi:
Rene Guenon (1886–1951) — fransuz mutafakkiri, islomshunos va diniy
faylasuf, asosan sharq va g‘arbning diniy, falsafiy va ma’naviy qarashlarini o‘rganish
bilan mashhurdir. U g‘arbning zamonaviy falsafiy va ilmiy yondashuvlarini tanqid
qilib, sharq falsafasi, ayniqsa islomiy va hind falsafasi orqali ma’naviy rivojlanishni
targ‘ib qilgan (Fink-Bernard J., 1996: 34). Rene Guenon Abu Hamid al-G‘azzoliyga
oid bevosita bir asar yozmagan, ammo uning asarlarida G‘azzoliy va tasavvufga oid
juda ko‘p izohlar mavjud. Guenon o‘zining “The Crisis of the Modern World”
(Zamonaviy dunyoning inqirozi) va “The Reign of Quantity and the Signs of the
Times” (Miqdoriyat hukmronligi va zamonning alomatlari) kabi asarlarida
G‘azzoliyning tasavvufiy yondashuvini va umumiy diniy qarashlarini yuqori
baholagan. Guenon, G‘azzoliyning asarlaridagi diniy va tasavvufiy elementlarni,
shuningdek, uning zamonining ilmiy va ijtimoiy inqirozlarini tahlil qilgan (Jean-Pierre
L., Barbanegra P., 2006: 45).
Louis Massignon (1883-1992) - fransuzlarning mashhur islomshunosi, olim va
mutafakkir bo‘lib, u islom, tasavvuf va ayniqsa, Abu Homid G‘azzoliyga bo‘lgan
chuqur qiziqishi bilan tanilgan. Massignon XX asrning eng yirik islomshunoslaridan
biri hisoblanadi va uning ilmiy faoliyati asosan islomiy diniy tafakkur, tasavvuf va
musulmon mistitsizmi bilan bog‘liq. Massignon G‘azzoliyga oid o‘zining yirik asarini
“The Passion of al-Ghazali” (fransuzcha: La Passion d'Al-Ghazâlî) nomi bilan yozgan.
Bu asar G‘azzoliyning tasavvufga bo‘lgan chuqur e’tiqodini, uning diniy, falsafiy va
axloqiy qarashlarini, shuningdek, uning hayotidagi ma’naviy izlanishlarni tahlil qiladi
(Mason H., 1988: 67).
Fazlur Rahman (1919-1988) pokistonlik zamonaviy islomshunos olim
hisoblanadi. U zamonaviy dunyo nuqtai nazaridan islomni qayta o‘rganishni va
Qur’onni boshqatdan tushunishni targ‘ib qilgan. G‘azzoliy esa o‘z davrida islom
falsafasini grek falsafasidan farqlash va diniy ahamiyatga urg‘u berish tarafdori edi.
G‘azzoliy g‘arb falsafasining “xavfli” sohalarini tanqid qilgan va uning o‘rnini
ma’naviy va diniy tafakkur bilan to‘ldirishga harakat qilgan. Fazlur Rahman esa ilmiy
metodologiyalar va tafsir orqali islomni zamonaviy dunyo bilan bog‘lashga uringan.
Fazlur Rohmanning eng muhim asarlaridan biri “Islamic Methodology in History”
bo‘lib, bu asar islom falsafasi va ilmi tarixini o‘rganishda muhim qo‘llanma
hisoblanadi. Shuningdek, mazkur asarda Fazlur Rohman G‘azzoliyning falsafaga oid
asarlaridan iqtiboslar keltirgan.
John Valbrij - amerikalik islomshunos, asosan islom falsafasi, tasavvuf va sharq
falsafasiga oid ilmiy ishlari bilan tanilgan olim. Valbrij, ayniqsa, islom falsafasi tarixini
o‘rganishda katta hissa qo‘shgan va G‘azzoliy haqida ham bir nechta ilmiy ishlar
yozgan. U G‘azzoliy asarlarini, xususan “Tahafut al-falasifa” (Falsafachilarning xato
qilishlari) va “Ihya’ Ulumi-l-din” (Din ilmini qayta tiklash) nomli asarlarini alohida
e’tibor bilan o‘rgangan. U G‘azzoliyning falsafiy va diniy yondashuvlarining bir-biriga
qanday bog‘langanini, shuningdek, uning islom falsafasida qoldirgan ta’sirini
ko‘rsatadi (Saliba G., 2012: 78).
Richard C. Martin (1938–2019) - islomshunos va diniy tadqiqotlar sohasida
taniqli olimlardan hisoblanadi. U, asosan, islom dinining turli jihatlarini, xususan,
islom falsafasi, tasavvuf va diniy tafakkur masalalarini o‘rgangan. G‘azzoliy haqida
ham bir nechta ilmiy asar va maqolalar yozgan. U G‘azzoliyning diniy fikrlari va
tasavvufiy yo‘nalishlarini, uning islomdagi o‘rni va ahamiyatini o‘rganishga katta
e’tibor qaratgan. G‘azzoliy o‘zining tasavvufiy yondashuvlari va ilmiy asarlarida
islomning inson ruhiga bo‘lgan ta’sirini ko‘rsatgan. U G‘azzoliyning falsafaga bo‘lgan
yondashuvini, islomiy ilm-fan bilan bog‘liq muammolarni hal qilishdagi rolini, islom
falsafasida muhim o‘rni borligini ta’kidlab o‘tgan (Richard C., 1997: 79).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Abu Homid G‘azzoliyning “Til ofatlari” asarini tahlil qilishda, manbashunoslikka
oid ilmiy tadqiqotlardan ma’lumotlarni yig‘ish, tasniflash va tahlil qilish kabi
metodlardan foydalanildi. Shuningdek, G‘azzoliy ilmiy merosini o‘rgangan dunyo
olimlarining qarashlari qiyosiy tahlil qilindi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Imom G‘azzoliyning “Til ofatlari” nomli kitobi insonning ruhiy kamolotida
muhim o‘rin egallaydigan asarlardan biridir. Alloh ilm xazinasini berdi. Shu bilan
birga, inson qalbi va aqlidagi fikrlarni zohiriga chiqarish uchun unga til berdi. Til
Haqni dedi, nutq ravon bo‘ldi. Bu e’tibor va fazldan marg‘ub tildan faqat shukronalar
sochildi.” Til Alloh tomonidan insonga berilgan ajib, latif san’atdir. Garchi u kichik
qism bo‘lsa-da u insonni halokatga yoki zalolatga yetaklovchi katta kuchdir. Chunki
kufr ham, iymon ham til guvohligida ayon bo‘ladi. Shu bilan birga mavjudlik va
yo‘qlik, ma’qul yoki noma’qul narsalarning barchasi til vositasida izohlanadi.
Til insoniyatni yuqorida aytganimizday yaxshilikka yoki yomonlikka undovchi
vositadir. “Yaxshi so‘z bilan ilon inidan, yomon so‘z bilan pichoq qinidan chiqar”,
deganlaridek, yaxshilikni ham yomonlikni ham boshimizga o‘zimiz so‘zlarimiz orqali
olib kelamiz. G‘azzoliyning “Til ofatlari” kitobida tildan yetadigan xatar va jim yurish
fazilatlari haqida so‘z boradi. Mazkur kitob tahlil qilinganda, hozirgi yoshlar uchun
so‘zning qanchalar muhim tarbiyaviy ahamiyat kasb etishi namoyon bo‘ladi. Shu bilan
birgalikda yoshlarning axloqiy kamolotida til nuqtai nazaridan nimalarga e’tibor
berilishi kerakligi quyidagilardir:
Birinchidan - jim yurish kerakligi haqida bo‘lib, Imom G‘azzoliy “Til ofatlari”
asarida bu haqida shunday deydilar: “Til tufayli juda katta xatarlar yetadi. Bundan
saqlanishning yagona yo‘li jim yurishdir. Shuning uchun shariatimiz ham jim yurishni
maqtaydi va jimlikka undaydi. Payg‘ambarimiz Muhammad alayhissalom aytgan
edilar: “Jim yurgan kishi najot topadi” deb” (Jean-Pierre L., Barbanegra P., 2006: 5).
Darhaqiqat, inson qayerda jim turish va qay o‘rinlarda so‘zlash kerakligini bilmog‘i
lozim. Sababi insonning boshiga keladigan balolarning ko‘pi aynan tili orqasidan
bo‘lishi, aynan tili orqali inson nafaqat bu dunyoda, balki oxiratda ham jazo yoki
mukofotga sazovor bo‘lishi mumkin. G‘azzoliy kitobning birinchi bobida jim turishlik
fazilatlarini yuqoridagidek bayon qilib bergan edi. Shu bilan birga, G‘azzoliy asar
davomida “So‘zamollikda xatar bor, jim yurishda salomatlik. Shuning uchun jim
yurishning fazilati ulkan. Albatta, jim yurish quruq sukutdan iborat fe’l emas. Unda
oxirat g‘ami, davomli vazminlik, tafakkur uchun imkon, zikr, ibodat jamlangan. Jim
yurgan inson bu dunyoda so‘zlar charchog‘idan, oxiratda u so‘zlar uchun hisob
berishdan xalos bo‘ladi” (Jean-Pierre L., Barbanegra P., 2006: 10).
Ikkinchidan – “behuda gap” bo‘lib, inson behuda gapi insonlarga na bir foyda na
bir ziyon yetkazar ekan bu amali bilan umrini bekorchi bo‘lgan narsalarga sarf qilgan
bo‘lib qoladi. Xususan, bu haqida Abu Homid G‘azzoliy shunday deydi: “So‘zlaringni
g‘iybat, yolg‘on, bahs-u jadal va boshqa yuqorida eslatilgan ofatlardan asray bilsang,
mana shu sening uchun eng chiroyli holatdir. Na o‘zingga, na o‘zga musulmonga zarari
tegmaydigan gapni so‘zlashing muboh. Ammo bu so‘zlaringdan biron foyda
ko‘zlanmas ekan, vaqtingni zoye qilgan bo‘lasan, behuda narsalarga tilingni
ishlatganing uchun hisob berasan. Bu ishing yaxshi narsani past narsaga ishlatish bilan
barobardir” (Jean-Pierre L., Barbanegra P., 2006: 11). Shu o‘rinda Anas roziallohu
anhudan rivoyat qilingan hadisni keltirib o‘tish maqsadga muvofiqdir: “Bir odam vafot
etdi, boshqa bir odam Rosululloh sollallohu alayhi va sallamga eshitarli qilib: “Jannat
muborak bo‘lsin!” deb yubordi. Shunda Rosululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar:
“Qayerdan bilasan? Balki u ma la, ya’ni – bekorchi gaplar gapirgandir yoki xasislik
qilgandir?” (Termiziy). “Ma la” so‘zini qisqacha qilib “dunyo va oxirat uchun kerak
bo‘lmagan narsa” deb izohlash mumkin. Olimlar bunga ta’rif berishda ba’zi nozik
jihatlarni bayon etganlar. Ibn Rajabning aytishicha, ma la, ya’ni amallarimiz va gapso‘zimizda bo‘lishi mumkin. Inson undan harom, makruh, shubhali va ortiqcha muboh
amallar va gap-so‘zlardan tiyilish orqali uzoqda bo‘ladi. Ortiqcha muboh – foydasi
yo‘q narsa.
Uchinchidan – “mahmadonalik” bo‘lib, bu sifat asli “maqtalgan” maʼnosini
anglatadigan arabcha “mahmud” sifati bilan “bilimdon” maʼnosini anglatadigan
tojikcha “dono” sifatidan tuzilgan boʻlib, tojik soʻzlashuv tilida “mahmaddono” tarzida
aytiladi oʻzbek tilida shu shaklida namoyon bo‘ladi. Mahmadona oʻzini bilimdon his
qilib gapga aralashaveradigan maʼnosini anglatadi. Imom G‘azzoliy “Til ofatlari”
asarida mahamadonalik sifatiga alohida to‘xtalib o‘tadi: “Mahmadonalik, ya’ni ko‘p
gapirish ham yomon deb topilgan odatlardandir. Mahmadonalik zarur yoki zarur
bo‘lmagan gaplarni keragidan ortiq gapirib laqmalik qilishdan iborat. Chunki, zarur
gapni bir ikki og‘iz so‘z bilan muxtasar bayon qilish ham mumkin yoki uni ta’kid va
takrorlash bilan istagancha shishirib ifodalash ham mumkin” (Jean-Pierre L.,
Barbanegra P., 2006: 16).
To‘rtinchidan – “Botil (haqqa zid) bo‘lgan so‘zlarga berilish” bo‘lib, mazkur
holat yoshlar axloqida uchraydigan ko‘p odatlardan biridir. Imom G‘azzoliy bu borada
shunday deydilar: “Ayollar, ichkilik bazmlari, fosiqlar davrasi, boylarning ayshishratlari, shohlarning kalondimog‘ligi-yu, har xil nojoiz marosimlari va boshqa
yoqimsiz holatlarni hikoya qilish botil so‘zlarga berilish hisoblanadi” (Jean-Pierre L.,
Barbanegra P., 2006: 17). Yoshlarning bo‘sh vaqtida behuda so‘zlarga berilib, ilm
olishlariga to‘sqinlik qilishi, ularning komil shaxs sifatida shakllanishiga salbiy ta’sir
ko‘rsatadigan vositalardan biri deb aytish mumkin.
Beshinchidan – “Bahs-u mujodala” qilishlikdir. Bahs-munozara mantiq ilmining
azaliy muammolaridan biri hisoblanadi. Behuda bahs-munozara insonning e’tiqodi va
taqvosiga zarar yetkazadigan odatlardan biridir. Bu xususida Imom G‘azzoliy shunday
deydilar: “Shariatimiz ortiqcha bahs-u tortishuvlardan qaytaradi”. Darhaqiqat, behuda
gaplar qalbni bulg‘aydi, fikrni noaniq qiladi va insonni hurmatdan mahrum qiladi. Shu
bois yoshlar tarbiyasida so‘zning qimmati va insonga ortiqcha tuyiladigan so‘zlardan
o‘zini tiymog‘i maqsadga muvofiqdir (G‘azzoliy, 2011: 22).
Shu bilan birgalikda, Imom G‘azzoliy “Til ofatlari” asarini bir necha ofatlarga
bo‘lib chiqadi:
Birinchi ofat “Behuda gap”;
Ikkinchi ofat “Mahmadonalik”;
Uchinchi ofat “Botil so‘zlarga berilish”;
To‘rtinchi ofat “Bahs-u mujodala”;
Beshinchi ofat “Xusumat”;
Oltinchi ofat “Vaysaqilik va takalluf”;
Yettinchi ofat “So‘kish va behayolik”;
Sakkizinchi ofat “La’natlash”
To‘qqizinchi ofat “Beodob ashula va buzuq she’r”;
O‘ninchi ofat “Hazil-huzul”;
O‘n birinchi ofat “Masxaralash va istehzo”;
O‘n ikkinchi ofat “Sirni ochish”;
O‘n uchinchi ofat “Yolg‘on va’da”;
O‘n to‘rtinchi ofat “Yolg‘on so‘z va yolg‘on qasam”;
O‘n beshinchi ofat “G‘iybat”;
O‘n oltinchi ofat “Chaqimchilik”;
O‘n yettinchi ofat “Tilyog‘lamalik”;
O‘n sakkizinchi ofat “Maqtov”;
O‘n to‘qqizinchi ofat “G‘aflat”;
Yigirmanchi ofat “Avomlar savoli”.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqoridagi keltirilgan ma’lumotlardan kelib chiqib quyidagi xulosa va takliflarni
berish mumkin:
1. Yolg‘on va g‘iybatdan saqlanish. G‘azzoliy yolg‘on va g‘iybatning insonlar
o‘rtasida ishonchni yo‘qotishiga olib kelishini tushuntiradi. Yoshlar uchun, bu ofatlar
axloqiy jihatdan yomon va har bir so‘zning salbiy oqibatlarini tushunishlari kerak.
Yoshlar, ayniqsa, yolg‘on aytishdan va boshqalarning orqasidan gapirishdan
saqlanishlari kerak, chunki bular nafaqat boshqa odamlarni ranjitadi, balki ijtimoiy
munosabatlarni buzadi.
2. Ijobiy muloqotni rivojlantirish. G‘azzoliy, tilni nafaqat zararli so‘zlar uchun,
balki ijobiy va ma’rifatli so‘zlar uchun ham ishlatish kerakligini ta’kidlaydi. Yoshlar
o‘z so‘zlari orqali boshqalarga yordam berishni, ijobiy muhit yaratishni va jamiyatda
tinchlikni saqlashni o‘rganishlari kerak.
3. So‘zlarning kuchini tushunish. Asarda tilning kuchi va uning ijtimoiy
hayotdagi ahamiyati haqida ko‘plab misollar keltirilgan. G‘azzoliy tilni o‘rgatishda
yoshlarning so‘zlar kuchini anglashini va har bir so‘zni ehtiyotkorlik bilan ishlatishni
o‘rgatadi. Yoshlar o‘z fikrlarini bildirishda ehtiyot bo‘lishlari, boshqalarni xafa
qilmasliklari kerak.
4. Axloqiy me’yorlarga amal qilish. Tilning ofatlari, o‘zini boshqalar oldida
ko‘rsatish va o‘zini maqtashdan iborat bo‘lishi mumkin. G‘azzoliy bunday o‘zini
ko‘rsatishning axloqiy jihatdan noto‘g‘ri ekanligini va yoshlar bunday xattiharakatlardan saqlanishi kerakligini bildiradi. So‘zlar bilan odamlarni hurmat qilish,
kamsitmaslik va boshqalarni haqorat qilmaslik juda muhimdir.
5. Javobgarlik va so‘zlarni to‘g‘ri tanlash. G‘azzoliy, yoshlarni so‘zlarni
ehtiyotkorlik bilan tanlashga va har bir gapni o‘ylab gapirishga chaqiradi. Tilning
ofatlari nafaqat jismoniy, balki ruhiy zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun yoshlar
har doim so‘zlari bilan boshqalarga yordam berishni va ularni ruhiy jihatdan qo‘llabquvvatlashni o‘rganishlari kerak.
Imom G‘azzoliy ilmiy merosi o‘rta asrlar sharq renessansi rivojida muhim
ahamiyat kasb etdi. Olim nafaqat islom ilmlari, balki dunyoviy ilm-fan tarmoqlariga
ham katta hissa qo‘shdi. Olimning inson ruhiy kamolotiga oid asarlari orasida “Til
ofatlari” kitobi ham muhim hisoblanadi. “Til ofatlari” asarida behuda gaplar, so‘kish,
xusumat, vaysaqilik va takalluf, behayolik, la’natlash, masxaralash va istehzo, sir
ochish, yolg‘on va’da, yolg‘on so‘z va yolg‘on qasam va g‘iybat kabi qusurlarni
qoralagan. Asarda mazkur sifatlar yoshlarning axloqan yetuk shaxs sifatida kamol
topishida to‘sqinlik qiluvchi omillar deb baholangan. Shu bois, yoshlarni axloqiy
kamolotida kitobda zikr qilingan illatlar muhim ahamiyat kasb etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Fink-Bernard, Jeannine. (1996) L'Apport spirituel de René Guénon, in
series, Le Cercle des philosophes. Paris: Éditions Dervy. ISBN 2-85076-716-6
2. Jean-Pierre Laurant and Barbanegra, Paul. (2006) Cahiers de l'Herne 49: René
Guénon, Éditions de l'Herne, Paris. ISBN 2-85197-055-0
3. Mason, Herbert. (1988) Memoir of a friend, Louis Massignon. Notre Dame,
Ind.: University of Notre Dame Press. ISBN 978-0-268-01365-3
4. Hourani, Albert. (1991) "A Disturbance of Spirits (since 1967)" In A History
of the Arab Peoples. Cambridge, Massachusetts: Belnap Press of Harvard University
Press.
5. Saliba, George. (2012). "John Walbridge, God and Logic in Islam: The
Caliphate of Reason". International Journal of Middle East Studies. 44 (4): 815–817.
6. Richard C. Martin. (1997). Defenders of Reason in Islam: Mu’tazilism from
Medieval School to Modern Symbol. One world pubication.
7. Die Wiedersprüche der Philosophie nach al-Gazzali. – Straatsburch, 1894.
8. Al-Mukhassass d'Ibn Sïda: études et index, ed. Imprimerie officielle, Tunis,
1956.
9. Ibn Warraq. (1995) Why I Am Not a Muslim. Foreword by R. Joseph
Hoffmann, Prometheus Books, hardcover. – 428 pages, ISBN 0-87975-984-4
10. An Introduction to Medieval Islamic Philosophy, Cambridge University
Press, 1985.
11. Abu Homid G‘azzoliy. (2011) Til ofatlari. – Toshkent. Toshkent islom
universiteti.
REFERENCES:
1. Fink-Bernard, Jeannine. (1996) L'Apport spirituel de René Guénon, in
series, Le Cercle des philosophes. Paris: Éditions Dervy. (In French)
2. Jean-Pierre Laurant and Barbanegra, Paul. (2006) Cahiers de l'Herne 49: René
Guénon, Éditions de l'Herne, Paris. ISBN 2-85197-055-0 (In French)
3. Mason, Herbert. (1988) Memoir of a friend, Louis Massignon. Notre Dame,
Ind.: University of Notre Dame Press. ISBN 978-0-268-01365-3
4. Hourani, Albert. (1991) "A Disturbance of Spirits (since 1967)" In A History
of the Arab Peoples. Cambridge, Massachusetts: Belnap Press of Harvard University
Press.
5. Saliba, George. (2012). "John Walbridge, God and Logic in Islam: The
Caliphate of Reason". International Journal of Middle East Studies. 44 (4): 815–817.
6. Richard C. Martin. (1997). Defenders of Reason in Islam: Mu’tazilism from
Medieval School to Modern Symbol. One world pubication.
7. Die Wiedersprüche der Philosophie nach al-Gazzali. – Straatsburch, 1894.
(In German)
8. Al-Mukhassass d'Ibn Sïda: études et index, ed. Imprimerie officielle, Tunis,
1956. (In French)
9. Ibn Warraq. (1995) Why I Am Not a Muslim. Foreword by R. Joseph
Hoffmann, Prometheus Books, hardcover. – 428 pages, ISBN 0-87975-984-4
10. An Introduction to Medieval Islamic Philosophy, Cambridge University
Press, 1985.
11. Abu Homid G‘azzoliy. (2011) Til ofatlari. – Toshkent. Toshkent islom
universiteti. (In Uzbek)