“DASTURU-L-VUZARO” ASARIDA MANSABLAR, UNVONLAR VA
ULARNING VAZIFALARI
POSITIONS, TITLE AND THEIR DUTIES IN THE WORK
"DASTURU-L-VUZARO"
ДОЛЖНОСТИ, ЗВАНИЕ И ИХ ОБЯЗАННОСТИ В РАБОТЕ
"ДАСТУРУ-Л-ВУЗАРО"
Karimov Sherzod Shavkat o‘g‘li
O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi
Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti tayanch doktoranti
Tel.: +998 90 929-77-89
e-mail: shkarimov7789@gmail.com
ORCID: 0009-0002-8212-7744
Annotatsiya. Amir Temur va Temuriylar davlatining boshqaruv tizimi doirasida
xorijlik va mahalliy tadqiqotchilar bir qancha ilmiy izlanishlar olib borishgan. Ayniqsa,
bu mamlakatning amaldorlari, mansabdor shaxslari haqidagi boblarda davlat
a’yonlarining xizmat vazifalari, mansablarining tarixiy nomlanishi hamda ularning
vakolat doiralari bir qancha olimlar tomonidan tadqiq etilgan. Bunday tadqiqotlarning
ildizi, albatta, o‘rta asr, jumladan, Temuriylar davrida yozilgan yirik tarixiy va adabiy
manbalardir. Temuriylar davrida davlat boshqaruvida bir qancha mansablar va unvonlar
bo‘lsa ham, mazkur maqolada G‘iyosuddin ibn Humomuddin Xondamirning (879/1474–
941/1535) 915/1510-yilda yozib tugatgan “Dasturu-l-vuzaro” (“Vazirlar uchun
qo‘llanma”) asarida keltirilgan mansablar va unvonlarni tahlil etish bilan kifoyalanamiz.
Kalit so‘zlar. “Dasturu-l-vuzaro”, sohibi devon, sohibi ixtiyori mulk va mol,
ashrofi vuzaro, parvonachi, mustavfiy, muhtasib, munshiy, tug‘ronavis, axtachi,
“Mu’tamid as-saltana va mu’tamin al-mamlaka”, “muqarrab al-hazrat as-sultoniy”.
Annotation. Foreign and local researchers conducted a number of scientific
studies within the framework of the governance system of Amir Temur and the
Temurid state. In particular, the chapters concerning this country’s officials and
dignitaries have been studied by several scholars, focusing on the official duties of state
representatives, the historical nomenclature of their positions, and the extent of their
authority. The roots of such research, of course, are the major historical and literary
sources written during the Middle Ages, including the Temurid period. Although there
were numerous positions and titles in state administration during the Temurid period,
this article will focus solely on analyzing the positions and titles mentioned in “Dastur
al-wuzara” (“Manual for ministers”), written by Ghiyath al-Din ibn Humam al-Din
Khwandamir (879/1474-941/1535) and completed in 915/1510.
Key words. “Dastur al-wuzara”, sahib-i divan, sahib-i ikhtiyar-i mulk va mal,
ashraf-i wuzara, parvanachi, mustavfi, muhtasib, munshiy, tughranavis, akhtachi,
“Mu’tamid al-saltana va mu’tamin al-mamlaka”, “muqarrab al-hazrat as-sultaniy”.
Аннотация. В рамках системы управления Амира Темура и государства
Темуридов зарубежные и отечественные исследователи провели ряд научных
исследований. В частности, в главах о чиновниках и должностных лицах этой
страны ряд ученых исследовали служебные обязанности государственных
чиновников, историческое название должностей и круг их полномочий. Корни
таких исследований, безусловно, лежат в крупных исторических и литературных
источниках, созданных в средние века, в том числе в эпоху Темуридов. Хотя в
период Темуридов в государственном управлении существовало несколько
должностей и званий, в этой статье мы ограничимся анализом должностей и
званий, приведенных в “Дастур ал-вузарa” (“Руководстве для министров”
(915/1510)), написанном Гиясуддином ибн Хумамуддином Хондамиром
(879/1474–941/1535).
Ключевые слова. “Дастур ал-вузара”, сахиби девон, сахиби ихтиёри мулк
ва мал, ашрафи вузара, парваначи, муставфи, мухтасиб, мунши, тугранавис,
ахтачи, “Муътамид ас-салтана ва муътамин ал-мамлака”, “мукарраб алхазрат ас-султони”.
KIRISH
Temuriylar saltanatining davlat boshqaruvi va uning strukturaviy ahamiyati har
doim dolzarb masala bo‘lib kelgan. Sababi, yer yuzining juda katta qismini egallagan
bu ulkan saltanatning vazirlik va idoraviy tizimlarini tadqiq etish hamda uning ko‘plab
jihatlarini ochib berish orqali, mamlakatni idora qilishning o‘ziga xosliklari aniqlanadi.
Shu sababdan ham bunga o‘xshash mavzularni, eng avvalo, birlamchi manbalardan
o‘rganib, tahlil qilish muhim hisoblanadi.
Tadqiqotni amalga oshirish jarayonida Temuriylar saroyida xizmat qilgan vazirlar
va ularning yordamchilari haqidagi ma’lumotlar tahlil etildi. Ushbu lavozimlarning
atalishi lotin va arab grafikasida berildi. Bunda, albatta, maqola o‘quvchilar uchun
qulaylik tug‘dirishi tayindir. Shuni ta’kidlash kerakki, devon xodimlarining davlat
boshqaruvidagi o‘rnini aniqlashda ularning faoliyatlari bilan bir qatorda lavozimi
doirasida qanday xususiyatlar orqali mavqelarini ko‘tarish mumkinligi ham bayon
etildi. Natijada, bir qancha mansab va lavozimlarga tavsif berildi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Mazkur mavzuga oid eng birlamchi ma’lumotlarni Temuriylar davri tarixchilari
va undan keyingi davrda yashagan tarixchilar yozib qoldirishgan. Sharafuddin Ali
Yazdiyning “Zafarnoma”, Fasih Xavofiyning “Mujmali Fasihiy”, Abdurazzoq
Samarqandiyning “Matlai Sa’dayn va majmai bahrayn”, Mirxondning “Ravzatu-s-
safo”, Xondamirning “Dasturu-l-vuzaro” va “Habibu-s-siyar” asarlari shular
jumlasidandir. Bundan tashqari, mazkur mavzuga oid akademiklar B. Ahmedov va
D..Yusupovalar hamda S. Demir, A. Yag‘li, Z. O‘lmez, S. Erdenlarning ham
tadqiqotlarida aksar ma’lumotlar tahlil etilgan. Ammo, Xondamirning “Dasturu-lvuzaro” asari kam o‘rganilgani hamda o‘zbek tiliga hali izohli tarjima qilinmagani
bois, ushbu maqolada mazkur asardagi Temuriylar davriga oid lavozimlar tahlil
etilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur maqolada tizimli tahlil, qiyosiy tahlil, xronologik solishtiruv kabi
usullardan foydalanilgan. Ushbu maqolaning manbaviy asosi hisoblangan “Dasturu-lvuzaro” asarining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti
qo‘lyozmalar fondida 55/I inventar raqami ostida saqlanayotgan qo‘lyozmadan,
shuningdek, ushbu asarning 1938-yilda Tehronda amalga oshirilgan fors tilidagi
nashrini o‘zbek tiliga tarjima qilib, tadqiqot amalga oshirildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Xondamirning “Dasturu-l-vuzaro” asarida Temuriylar davlati amaldorlarining bir
qancha mansab va lavozimlari keltirilib, ayrimlariga izoh ham berilgan. Nafaqat
Temuriylar davrida, balki o‘rta asr musulmon mamlakatlarining aksariyatida ma’lum
lavozimni egallagan shaxsning mansab vakolati ma’lum bir doira bilan chegaralanib
qolmagan. Kezi kelganda hukmdor o‘zi ishongan shaxslariga eng muhim va maxfiy
topshiriqlar bajarishni ham buyurgan. Shuning uchun ayni bir mansab ayni bir vazifani
bajargan, deyish noo‘rin bo‘lib, ko‘proq shug‘ullangan vazifasiga qarab baho berish
to‘g‘ri hisoblanadi.
Vazirlik faoliyatida eng yuqori lavozim bu sohibi devon ))صاحب ديوان
hisoblangan. Bu bosh vazir lavozimiga teng bo‘lib, ko‘pchilik sharqshunoslar bu
lavozimni devonbegi deb ham ataydilar (Аҳмедов Б., 1996). Bu lavozim ayrim
hollarda amoroti devon ) )امارات ديوان(1938:364 , (سعيد نفيسيamiri devon ) )امير ديوانyoki
miri devon ) )مير ديوانdeb ham atalgan (Самарқандий A., 2008: 318). “Dasturu-lvuzaro”ning ba’zi o‘rinlarida bu lavozim amoroti devoni a’lo ) )امارات ديوان اعلىdeb
ham qayd etiladi. Bu ikkisining atalishi boshqa-boshqa bo‘lsa ham, amalda uning
vakolati bir xil bo‘lgan. Sohibi devon vazirlar orasida eng yuqori lavozim bo‘lsa-da,
lekin Temuriylarda hukmdordan keyingi eng yuqori lavozim hisoblanmagan. Chunki,
Temuriylarda harbiy sarkardalar, ya’ni amirlarning mavqeyi har doim yuqori bo‘lgan.
Sababi, ulkan davlatni qattiqqo‘llik bilan boshqarish uchun ko‘proq harbiy tuzilmaga
tayanilar edi. Shu jumladan, A.R. Yag‘li ham Amir Temur davrida vazirlik instituti
kuch jihatidan pasayib, Amir Temur va uning avlodlari davrida kuch, asosan,
qo‘shinning qo‘lida bo‘lganligi haqidagi fikrni ilgari suradi (Yağli A., 2014: 221).
Sohibi devondan keyingi asosiy va yuqori mansablardan biri sohibi ixtiyori mulk
va mol ) )صاحب اختيار ملك و مالedi (G‘iyosuddin X., 101a bet). Qisqacha qilib sohibi
ixtiyor ) )صاحب اختيارham deyilgan. Bu mansabdagi shaxs ham davlatning yuqori
amaldorlaridan bo‘lib, butun mamlakatning barcha moliyaviy ishlarini boshqarar edi.
809/1406-1407-yillari Amir Temurning nabirasi Pirmuhammad Pir Ali Tozni sohibi
ixtiyor etib tayinlaganida “uni mamlakat va raiyat ishlarida mutlaq” mansab egasi
ekanligini Abdurazzoq Samarqandiy xabar bergan (Самарқандий A., 2008: 105–106).
Sohibi ixtiyori mulk va mol mansabidagi amaldorda, kezi kelganda mahalliy
amaldorlarni lavozimiga tayinlash vakolati ham bo‘lgan. Binobarin, 847/1443-yil
Shohrux Mirzoning (779/1377–856/1447) hukmronligi davrida (807/1405–850/1447)
Sohibi ixtiyori mulk va mol mansabida bo‘lgan Amir Jaloluddin Feruzshoh Sayyid
Imoduddin Mahmud Janobadiyni Balx viloyatiga moliyaviy ishlarning nazoratchisi
etib jo‘natadi. Shuni ta’kidlash kerakki, o‘rta asr musulmon mamlakatlarida, xususan,
Temuriylar davlatida moliya ishlari rahbari bo‘lgan vazirning davlat boshqaruvida
ta’sir kuchi ortib borib, ba’zi vaqt devonbegilik ham qilgan. Masalan, Xoja Majduddin
Muhammad (vaf. 899/1494) 892/1487-yil sohibi ixtiyori mulk va mol mansabiga
tayinlangach, mamlakatning obro‘li vazirlaridan hisoblanmish Xoja Afzaluddin
Muhammad Kermoniy (vaf. 910/1504) ham undan xavfsirab, Astrobodga, ya’ni
Alisher Navoiyning yoniga jo‘nab ketadi. Chunonchi, Xoja Afzaluddin Muhammad
Alisher Navoiyning eng yaqin kishilaridan bo‘lib, siyosiy doirada esa Xoja Majduddin
Muhammadning eng katta raqibi Alisher Navoiy edi. Shuning uchun ham Xoja
Majduddin rasman sohibi devon bo‘lmasa ham, mutlaq devon rahbari bo‘lish yo‘lida
siyosiy raqiblarining ta’sirini kamaytirishga urinar edi.
Devon faoliyatida ashrofi vuzaro ) )اشراف وزراءlavozimi ham eng yuqori
mansablardan bo‘lib, ba’zan ashrofi devon ) )اشراف ديوان(1938:450 , (سعيد نفيسيyoki
mushrifi vuzaro ) )مشرف وزراءdeb ham atalgan. Xondamirning ta’kidlashicha, bu
lavozimga tayinlangan mansabdor amirlar va vazirlar orasidagi hujjatlar bo‘yicha
vositachilik qilgan. “Habibu-s-siyar” asarida keltirilishicha, devoni ashrofning
xodimlari mushrif deb atalib, bu devon mamlakatdagi barcha devonlarning ishini
taftish qilish bilan shug‘ullangan (Ғиёсуддин Х., 2013: 862). Jumladan, Sulton Abu
Sa’id Mirzoning (827/1424–873/1469) vafotidan so‘ng Xuroson o‘lkasini Sulton
Husayn Mirzo (832/1438–911/1506) birinchi marta o‘z hokimiyati ostiga kiritgach,
Abu Sa’id Mirzo zamonida sohibi devon bo‘lgan Xoja Qutbuddin Tovusni (828/1425–
900/1495) ashrofi vuzaro lavozimiga tayinlagan (Абдураззоқ С., 2008: 655). Ashrof
muhrdorlik vazifasini bajargan. Sulton Husayn Mirzo Xoja Qavomuddin
Nizomulmulkni mushrifi vuzaro lavozimiga tayinlaganida amirlar va vazirlarga muhr
bosishga buyurgan.
Parvonachi ) )پروانچیhaqida gap ketganda eng avvalo bu lavozimdagi shaxsga
muhrdor, ya’ni davlat hujjatlariga muhr bosuvchi shaxs hamda hukmdorning farmon
va yorliqlarini yetkazuvchi shaxs sifatida qaraladi. “Nomai nomiy”da bu lavozim,
ayniqsa, moliya devonida muhimligi qayd etiladi. Davlat muhrining bu kishida
saqlanishi, albatta, uning o‘ta muhim vazifada va eng ishonchli kishi ekanligini
ifodalaydi. Lekin, muhrdor har doim ham parvonachi deb atalmagan. Binobarin,
Alisher Navoiy ham bir qancha vaqt muhrdorlik qilgan bo‘lsa-da, lekin parvonachi deb
atalmagan. Parvonachining shaxsiy mavqeyiga qarab uning vazifasi belgilangan.
Masalan, Xoja Majduddin Muhammad 883/1478-1479-yillarda vazirlikdan
bo‘shatilganida Amir Muhammad to‘shakchi bilan to‘qqiz yil davomida parvonachi
lavozimida sherik bo‘lib, davlatning boshqa ishlariga aralashmadi. Xondamir bu o‘tgan
to‘qqiz yilni Xoja Majduddin noumidlikda o‘tkazdi, deydi. Demak, o‘sha vaqtda
Xondamir faqatgina farmon va yorliqlarni tegishli shaxslarga yetkazish bilan
shug‘ullangan, agar u davlat hujjatlariga muhr bosishday yuksak ish bilan
shug‘ullanganida, bundayin “noumid” bo‘lib yurmasdi. Bundan tashqari, hujjatga
sheriklik asosida ham muhr bosilmaydi. Bu joydagi parvonachining sheriklikda
tayinlanishi vazifani tezkorlik bilan amalga oshirish, xodimlar zimmasidagi yuklamani
kamaytirish uchun qilingan. Lekin, Xondamirning mazkur asarida parvonachi
lavozimi ulug‘ lavozim ekanligi ham qayd etilgan. Xoja Qavomuddin
Nizomulmulkning o‘g‘li Xoja Kamoluddin Husayn haqida gap ketganda, Xondamir u
to‘g‘risida “parvonachi bo‘lmasa-da podshoh farmonlarining ko‘pchiligi unga muhr
bosilishi uchun yetib borar edi” (Xondamir, 99a–b betlar), deb aytadi. Xoja
Kamoluddinning muhri Sulton Husayn Mirzoning muhridan keyin bosilib, agar uning
muhri bosilmagan bo‘lsa, bu hujjat e’tiborsiz qolardi. Shundan ko‘rishimiz mumkinki,
parvonachi lavozimi uning egasining mavqeyi va bajargan ishiga ko‘ra belgilangan.
“Habibu-s-siyar”da Xoja Shihobuddin Abdulloh haqida gap ketganda Xoja
Qavomuddinning qatlidan so‘ng (904/1498-yil) risolatchi ) )رسالتچیva parvonachi
lavozimiga tayinlanadi (Ғиёсуддин Х., 2013: 1060). Vaqt o‘tib, amirlar orasida muhr
bosib, Alisher Navoiyning o‘rnini egallaydi va umrining oxirigacha shu ishda qoladi.
Aytish mumkinki, parvonachi, avvalo, farmon va yorliqlarni egasiga yetkazuvchi, agar
uning martabasi oshirilsa, muhrdorlik vazifasini bajargan.
Moliyaviy masalalarga bog‘liq yana bir yuqori mansablardan biri bu mustavfiy
) )مستوفيbo‘lib, ba’zan istifo ) )استيفاdeb ham atalgan. Bu lavozimni egallaganlarning
ismiga ba’zan mustavfiy so‘zi qo‘shib ham aytilgan. Masalan, Mirzo Ulug‘bek
(796/1394–853/1449) davrida shu lavozimga tayinlangan Xoja Na’imuddin
Qo‘histoniyning ismiga mustavfiy so‘zi qo‘shib aytilganini Xondamir o‘z asarida qayd
etib o‘tgan. Bu mansabdagi kishining asosiy vazifasi oliy hukmdorning shaxsiy
daromadlari va xarajatlarining hisob-kitobini yuritish yoki devonning daromad va
xarajatlari hisobini yuritish bo‘lgan. Masalan, Xoja Afzaluddin Muhammad Sulton
Abu Sa’id zamonida devoni a’loning mustavfiysi lavozimiga tayinlanganida devoni
a’loning daromadlari va xarajatlari haqida Sulton Abu Sa’id Mirzoning shaxsan o‘zi
Xoja Afzaluddindan so‘rar edi. Mustavfiy moliyaviy kirim-chiqimlar masalasi
bo‘yicha hududlardagi vakil, ayrim hollarda umuman vakil (qazo vakili) ma’nosida
ham kelgani “Matlai sa’dayn”da qayd etib o‘tilgan (Абдураззоқ С., 2008: 810). Bu
mansabga siyoq (hisob-kitob) ilmini yaxshi o‘zlashtirganlar tayinlangan.
Sohibi ixtiyori umur ) )صاحب اختيار امورlavozimi “Dasturu-l-vuzaro”da kam
uchrasa-da, muhim lavozimlardan bo‘lib, hukmdorning yoki biror bir shahzodaning
shaxsiy topshiriqlari bajaruvchisi hisoblangan. Abulqosim Boburning o‘g‘li Mirzo
Shoh Mahmud davrida (861/1457–863/1459) Xoja Kalon buzkush5 va Xoja Ali ibn
Amir Xojalar Mirzo Shoh Mahmudning sohibi ixtiyori umuri Amir Shayx Abu
Sa’idning yordami bilan devon xizmatiga kirgani ma’lum. Bundan ko‘rinib turibdiki,
sohibi ixtiyori umur lavozimidagi shaxs ham o‘zining ma’lum ta’sir doirasiga ega
bo‘lgan. Muhtasib ) )محتسبyoki ihtisob ) )احتسابlavozimi ham mas’uliyatli
mansablardan bo‘lib, mamlakatda aholi va devon xodimlarining shariat qoidalariga
rioya qilishini nazorat qilgan. Bu haqida “Habibu-s-siyar”da “muhtasiblik mansabi,
ya’ni fisq-u fujur ahdini yomon ishlardan to‘xtatib, ularga jazo berish lavozimi” deya
ta’rif bergan (Ғиёсуддин Х., 2013: 660). Muhtasiblar diniy marosimlarning o‘z
vaqtida ado etilishi, shuningdek ibodatlarning vaqtida amalga oshirilishini
muvofiqlashtirib borgan (Абдураззоқ С., 2008: 106).
Devonda vazir lavozimidan quyi pog‘onada bo‘lsa-da, sohibi tavjih ))صاحب توجيه
mansabi ham anchagina obro‘li hisoblangan. Bu mansabdagi shaxs, asosan, devonda
maslahatchi yoki yo‘l ko‘rsatuvchi bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunonchi, “Dasturu-lvuzaro”da bu lavozimga tayinlangan Xoja Burhonuddin Abdulhamid va Xoja
Alouddin Ali Mikollarning ismi zikr etilgan bo‘lsa-da, ammo ularning aynan qaysi
vazifalar bilan mashg‘ul bo‘lganini keltirmagan. Har holda, bu lavozim vazirlik
martabasidan – lavozimidan baland bo‘lmaganiga shubha yo‘q. Sababi Xoja Alouddin
Ali Mikol haqida “bir necha yil Sohibqiron podshoh Sulton Husayn Mirzoning sohibi
tavjihi bo‘lib ishlagach, nihoyat vazir lavozimiga ko‘tarildi”, deya qayd etgan. Ba’zan
bu lavozim muvajjih ) )موجهyoki muvajjihi devon6 ) )موجه ديوانdeb ham atalgan bo‘lib,
Shohruh Mirzo davrida “Mujmali Fasihiy” (“Fasih to‘plamlari”) asarining muallifi
Fasih Ahmad Xavofiy (777/1375–845-846/1442-1443) ham ayni shu lavozimga
tayinlangan (Хавофий Ф., 2018: 6).
Mo‘g‘ullar davridan viloyatlarning rahbari sifatida eng ishonchli kishilarga
dorug‘a ) )داروغهlavozimi berilgani ma’lum. Ushbu lavozimga tayinlanganlarning
ismiga ham dorug‘a nomi qo‘shib aytilgan. Bunday holat “Dasturu-l-vuzaro”da ham
qayd etilgan bo‘lib, Sulton Abu Sa’id Mirzoni dorug‘a deb atagan. G‘iyosuddin
5 Uning ismi Tehron nusxada Xoja Kalon turkush ) )خواجه كلان تركشshaklida yozilgan, o‘sha sahifaning havolasida Sa’id
Nafisiy foydalangan ikkinchi qo‘lyozmada ,بركسdeb yozilgani qayd etilgan. “Matlai sa’dayn”da esa Xoja Kalon buzkush
deb yozilgan (Абдураззоқ С., 2008: 407).
6 Bu so‘z ba’zan muvajjah shaklida ham o‘qiladi.
Xondamir Iroq o‘lkasidagi viloyat rahbarlarini ham ayni shu atama bilan nomlagan.
“Zafarnoma”da Gilon viloyatidan hokimlar va dorug‘alarning Amir Temur huzuriga
tinchlik istab kelganlari qayd etilgan (Йаздий Ш., 2023: 417). Ayrim hollarda
dorug‘aga biror yirik ishning rahbari sifatida ham qaralgan. “Mujmali Fasihiy”da
keltirilishicha, 801-yil shavvol/1399-yil iyul oyida Amir Temur Shohrux Mirzo uchun
Hirot shahrida Bog‘i shahr qasrini7 qurishga buyruq berib, qurilishga Milkat tavochini
dorug‘a va sarkor etib tayinlaydi (Хавофий Ф., 2018: 159).
Harbiy sarkardaning yirik g‘alabasi yoki davlat oldida alohida xizmatlari uchun
katta yer-mulkka imtiyozli ravishda ega chiqqan amaldorlarga tarxon ) )ترخانyorlig‘i
berilgan va ularning ham ismlariga tarxon so‘zi qo‘shib aytilgan (Самарқандий A.,
2008: 815). “Zafarnoma”da yozilishicha, Jalol Hamid o‘ttiz kishilik askari bilan uch
qo‘shinga qarshi bahodirlik ko‘rsatgani uchun Amir Temur tomonidan ot, to‘n va
tarxonlik nishonlari bilan siylangan hamda Sohibqiron “Har mahaldakim, bular
ko‘runushg‘a kirsalar, yasovullar moni’ bo‘lmag‘ay. Va to‘qquz yozuq bulardin va
o‘g‘lon-ushoqlaridin bo‘lmaguncha kishi so‘rmagay!” (Йаздий Ш., 2023: 201), deb
buyruq bergan. “Dastur al-vuzaro”da Amir Muhammad So‘fi tarxon hamda Mahmud
tarxonlarning ismlari keltirilgan.
Oliy hukmdorning va vazirlarning eng yaqin kishilari, xususan, yordamchilari
noib ) )نائبdeb atalgan. Noiblar ham eng ishonchli kishilardan tayinlangan. Kezi
kelganda ular elchilik vazifasini ham bajargan. Chunonchi, Sohibqiron Temurning
Dehli yurishidan qaytish chog‘ida Feruzobod shahriga to‘xtaganida 801-yil 22-rabi’
al-oxir/1399-yil 1-yanvar, chorshanba kuni Termiz sayyidlaridan bo‘lgan Sayyid
Shamsuddin va Shayx Kavkariyning noibi Alouddin Kutla shahriga elchilik vazifasini
ado etib qaytganlarini Sharafuddin Ali Yazdiy yozib qoldirgan (Йаздий Ш., 2023:
309). Mirzo Boysung‘urning (799/1397–837/1433) o‘g‘li Sulton Muhammad
(820/1418–853/1449) Shohrux Mirzoga besh yil noiblik qilgan. Ba’zi hollarda ular
biror hududga rahbarlik ham qilishgan. Xususan, 819/1416-yili Mirzo Umarshayxning
(757/1356–795/1393) o‘g‘li Mirzo Ahmad (790/1388–828/1425) Mirzo Ulug‘bekdan
ko‘ngli qolib Qoshg‘arga jo‘naydi va u yerning boshqaruvini Ali Tag‘oiyga topshiradi,
ya’ni uni noib etib tayinlaydi. Noiblarning mansablarida qolishlari yoki lavozimlaridan
ozod etilishi, albatta, ular xizmat qiladigan hukmdor yoki vazirlarga bog‘liq edi. Ba’zi
hollarda vazirlar o‘z noiblari, yordamchilariga qo‘shilib qatl etilgan. Bunga misol
tariqasida 811/1408-1409-yillari Sayyid Faxruddinning fitnalari natijasida Hirot
amirlarining Xoja G‘iyosuddin Solor Simnoniy hamda uning noiblari Alouddin
Kermoniy va Shayx Sarushoniylarni qatl etilishini ko‘rsatishimiz mumkin (Хавофий
Ф., 2018: 201). Yana bir misol, 903-yil zulqa’da/1498-yil iyul oyida qatl etilgan Sulton
7 Bog‘i shahr – Hirot shahridagi bog‘. O‘z davrining eng yirik qasrlaridan biri shu yerda joylashgan. Y.E. Bertels uni
1400-yil qurib bitkazilganini aytgan (Бертельс Е., 1965: 18).
Husayn Mirzoning vaziri Xoja Qavomuddin Nizomulmulkning farzandlari (Xoja
Kamoluddin Husayn va Xoja Rashiduddin Abdulmalik) hamda uning
yordamchilaridir.
Munshiy ) )منشيlavozimi saroy va devon ishida eng muhim mansablardan bo‘lib,
davlat hujjatlarini bir me’yorda tayyorlash, jumlalarni jozibador etish va hujjatning
muddaosini o‘quvchiga yetarlicha tushunarli qilib yozish uning zimmasidagi
mas’uliyatli vazifalardan hisoblangan. Bu mansabdagi shaxs hukmdorning va
devonning deyarli barcha hujjatlaridan boxabar bo‘lgani uchun eng ishonchlilardan
tayinlangan. Umuman olganda, eng muhim hujjatlarni yoki asarlarni yozish bilan
shug‘ullanuvchilar munshiy deb atalgan. Amir Temurning g‘alabalari haqida
fathnomalar munshiylar tomonidan yozilib, barcha viloyatlarga jo‘natilar edi. Bu
haqida “Zafarnoma”ning bir qancha joyida xabar berilgan (171, 227, 307, 360, 388-
betlar). Munshiylar, eng avvalo, birlamchi maktublar, tarixiy hujjatlar yoki tarixiy
asarlarni yozishgan. Amir Temurning Boyazid Yildirimga yuborgan maktubini
Mavlono Shamsuddin munshiy yozgan edi. Abdurazzoq Samarqandiy Hofizi
Abruning8 (vaf. 834/1430) Amir Temur xizmatida munshiylik faoliyati yuzasidan
ayrim tarixiy voqealarni qayd etib qo‘yganini aytgan. Xususan, Abdurazzoq
Samarqandiy ham o‘zi haqida “[Bu] satrlar munshiysi” deb aytib o‘tgan. Xondamir
Sharafuddin Ali Yazdiy, Abdurazzoq Samarqandiylar qatorida bobosi Mirxondni ham
insho ilmining e’tiborli vakillaridan deb yozib qoldirgan. Shu bilan birgalikda, mansab
pillapoyasidan ko‘tarilishning boshlanish nuqtasi ham, asosan, munshiylik bo‘lgan.
E’tibor qaratilsa, aksar devon rahbarlari, dastavval insho9 ) )انشاءilmini puxta
o‘zlashtirganlardan tayinlangan. Chunonchi, Sulton Husayn Mirzoning eng ishonchli
vazirlaridan bo‘lgan Xoja Majduddin Muhammad Sulton Abu Sa’id zamonida munshiy
lavozimi bilan devon ishiga kirib kelgan edi.
Bulardan tashqari mamlakat devonining asosiy ish yurituvchilari hisoblangan
kotib ) )كاتبlavozimi ham bo‘lib, asosiy hujjatlarni, yozma asarlarni ko‘chirish bilan
mashg‘ul bo‘lganlar. Ba’zi vazirlar ham dastavval kotiblikdan o‘z faoliyatlarini
boshlaganlar. Jumladan, Xondamirning ta’kidlashicha, Sulton Husayn Mirzoning Xoja
Ne’matulloh Surx ismli vaziri ham dastavval ulug‘ kotiblardan bo‘lgan. Kotiblarning
munshiylardan farqi shundaki, kotiblar tayyor matnlarni ko‘chirib, undan nusxa olish
bilan mashg‘ul bo‘lgan.
Tug‘ronavis ) )طغرا نويسlavozimi ham insho devoniga xos lavozim bo‘lib, ilmiy
adabiyotlarda “podshoh hujjatlari uchun o‘ziga xos yozuv uslubiga ega bo‘lgan kotib”
deya ta’rif berilgan (Юсупова Д., 2006: 214). Tug‘ro ) )طغراdevoniy hujjatlarda
8 Hofizi Abru – Amir Temur va Shohrux Mirzo saroyida xizmat qilgan mashhur tarixchi. “Zayli Zafarnomai Shomiy”
(“Shomiyning “Zafarnoma” asariga ilova”), “Majmu’ at-tavorix” (“Tarixlar majmuasi”), “Zubdatu-t-tavorix” (“Tarixlar
saylanmasi”) kabi asarlar muallifi.
9 Insho – yozish va hujjat yuritish ilmi.
sarlavha yoki alohida belgi sifatida hukmdor yoki amaldorlarning ismi va unvonlari
aks ettirilgan yozuvdir. Tug‘ronavislar tug‘rokash ) )طغراكشyoki nishonchi ) )نشانچیdeb
ham atalgan (Demir S., 2023: 648).
Hukmdorning maxsus topshiriqlarini bajaruvchilardan biri bu axtachi yoki
axtochi ) )اختاچیlavozimidagi shaxs hisoblangan. Ilmiy adabiyotlarda bu lavozimga
saroy otxonasi boshlig‘i, otxona xizmatchisi yoki xabarchi sifatida ham ta’rif beriladi.
Chamasi, eng nozik va maxfiy xabarlar axtachilar orqali yetkazilgan. Bunga ushbu
lavozimdagi kishining shaxsiy fazilatlari orqali hukmdor e’tiborini qozonganini ham
inobatga olish lozim. Shu jumladan, Sharafuddin Ali Yazdiyning xabar berishicha,
802/1401-yil Sulton Ahmad Xuziston hokimi Shirvonni qatl qilib, boshini Bag‘dodga
yuborishni beklarga Yodgor axtachi orqali yetkazgan (Йаздий Ш., 2023: 337–338).
Abdurazzoq Samarqandiy 820/1417-yil Hirotga Xitoy elchilari kelgan vaqtda Shohrux
Mirzoga Sayyid Ahmad tarxon tomonidan sovg‘a qilingan otning jilovini ikki axtochi
ushlab turgan holatdagi xitoylik naqqosh chizgan suratni unga hadya qilganini qayd
etadi (Самарқандий A., 2008: 326). Xondamir o‘zining asarida Amir Alouddin Ali
Shaqoniyning tarjimai holini keltirganida, Shohrux Mirzo muhim topshiriqlardan
birini, ya’ni Hirot yaqinidagi Yahyoobod qishlog‘ida mast holda yurgan bu vazirni
saroyga keltirishni axtochi mansabidagi kishiga topshirganini keltiradi. Ammo uning
ismini keltirmaydi. Zamonaviy tadqiqotchilardan bo‘lmish Z. O‘lmez va S. Erdemlar
Abdulloh ibn Muhammad Ali Nasrullohiyning (X/XV asrda yashagan) “Zubdat alosor” (“Solnomalar sarasi”) asariga asoslanib, axtochi lavozimini saroy otlarini
boquvchi shaxs sifatida keltirishgan (Ölmez Z., Erdem S., 2019: 392).
Yuqorida zikr etilgan lavozimlardan tashqari, Temuriylar davrida ayrim
amaldorlarga shunday bir unvonlar berilganki, bu unvonlarning mazmunidan o‘sha
mansabdor shaxsning qanchalik obro‘ga egaligi hamda vakolat doirasining qanchalik
kengligini bilish mumkin. Bunday unvonlarning ayrimlari oliy hukmdor tomonidan
rasman hujjat bilan tasdiqlab berilgan bo‘lsa, ba’zilari esa muarrixlar tomonidan
ulug‘lab ta’rif berish uchun atalgan. E’tiborli jihati shundaki, bunday ulug‘ unvonlar
bir-birini takrorlamas, ayni bir unvon bir shaxsga xossatan tegishli edi.
Eng ulug‘ amir hamda buyuk shoir Alisher Navoiy Sulton Husayn Mirzo davrida
saltanatning eng ishonchli va nufuzli kishilaridan edi. Uning vakolati sohibi devondan
ham ustun bo‘lib, saltanatdagi har qanday muhim ishlarni hal etishda ishtirok etardi.
Shuning uchun ham unga “Muqarrabu-l-hazrat as-sultoniy” )– )مقرب الحضرة السلطاني
hazrati sultoniyning eng yaqin kishisi degan yuksak darajadagi unvon berilgan hamda
rasmiy hujjatlarda ham shunday yozilgan. Bunday martaba bilan ulug‘lanishi ortidan
Alisher Navoiy nafaqat Sulton Husayn Mirzo, balki uning farzandlari va saroyning
boshqa eng muhim kishilari tomonidan ham ulkan hurmatga sazovor bo‘lgan. Shu
jumladan, Xuroson yurtida Sulton Husayn Mirzo davrida boshqa hech kim bunday
sharafli unvonga erisha olmagan.
Bundan tashqari, Alisher Navoiy “Nizomu-d-din” ) – )نظام الدينdinni tartibga
soluvchi, “Nizomu-d-davlat vad-din” ) – )نظام الدولة والدينdavlat va dinni tartibga
soluvchi, “Nizomu-l-haqq va-l-haqiqa va-d-din” ) – )نظام الحق والحقيقة والدينhaq va
haqiqat va dinning tartibga soluvchisi, “Nizomu-l-millat va-d-din” )– )نظام الملة والدين
millat va dinning tartibga soluvchisi deb ham ulug‘langan. Alisher Navoiyning bunday
unvonlar bilan atalishi faqatgina G‘iyosuddin Xondamirning shaxsan o‘zi tomonidan
emas, balki o‘sha davrning barcha munshiylari va kotiblari hujjatlarida va adiblar
yozma asarlarida shunday ulug‘laganlar. Astroboddan qaytgach, Alisher Navoiyni
Sulton Husayn Mirzo yuqoridagi unvon bilan birgalikda yana boshqa unvonlar bilan
ham siylagan edi10. Bundan ko‘rinib turibdiki, Alisher Navoiy mamlakatdagi barcha
ishlar, hukumat, moliya, diniy siyosat, raiyat masalalariga bog‘liq ishlarni tartibga
solishda bevosita ishtirok etgan.
Alisher Navoiy 892/1486-1487-yil Astrobod viloyatini idora qilish uchun u yerga
ko‘chib o‘tgach, Hirotda mutlaq obro‘li vazir Xoja Majduddin Muhammad edi. Ayni
Alisher Navoiyning poytaxtda yo‘qligidan foydalanib, u o‘zining nafaqat devondagi,
balki butun mamlakatdagi ta’sir doirasini kengaytirishga urindi va qaysidir ma’noda
bunga erishdi ham. Chunonchi, devonning barcha kotiblari uni “Mu’tamidu-s-saltana
va mu’taminu-l-mamlaka” ) – )معتمد السلطنة ومؤتمن المملكةsaltanat tayanchi va mamlakat
ishonchi degan ulug‘ nom bilan hujjatlarda qayd etib borardi (Хондамир Ғ., 2013:
788). Shubhasiz, uning bunday unvon bilan atalishi davlat boshqaruvida kuchli
ta’sirga ega ekanligini ifodalaydi.
895/1489-1490-yillari Xoja Majduddin Muhammad lavozimidan bo‘shatilgach,
Hirotda Sulton Husayn Mirzo tomonidan sohibi devonlikka Xoja Qavomuddin
Nizomulmulk tayinlandi. Xoja Majduddin Muhammadning yirik raqibi hisoblangan
Xoja Qavomuddin Nizomulmulk ham Sulton Husayn Mirzoning shaxsan buyrug‘i
bilan “Aminu-d-davlati-l-qohira” ) – )امين الدولة القاهرةqudratli davlatning ishonchi
degan unvon bilan sharaflanadi hamda devon munshiylariga davlat hujjatlariga
shunday yozishni buyuradi (Хондамир Ғ., 2013: 815). Xoja Qavomuddin
Nizomulmulkning bunday unvon bilan ulug‘lanishi, bir tomondan Sulton Husayn
Mirzoning unga bo‘lgan ishonchini ifodalasa, ikkinchi tomondan uning obro‘ va
mavqeyi avvalgi sohibi devondan kam emasligini aks ettirgan holda Sulton Husayn
Mirzoning murosaga kelish siyosatini yuritganini ko‘rsatadi.
Xoja Qavomuddin Nizomulmulkdan keyin devonni boshqargan eng nufuzli
vazirlardan biri Xoja Afzaluddin Muhammad Kermoniydir. 903/1498-yil Xoja
10 Navoiyning bu unvoni haqida Xondamir “Habibu-s-siyar”da "جناب هدايت مآب، معالى عياب، زبده ارباب دين ودولة، قدوه اصحاب
وعمدة المملكة، اعتصاد الدولة الخاقانى، مقرب الحضرة السلطاني، نظام الحق والحقيقة والدين ملك وملة، مؤسس الخيرات، موفق المبرات، ركن السلطنة
"“ – امير عليشير ضائف الله توفيقهYo‘l ko‘rsatuvchilik hislatli, ulug‘vor himmatli, din-u davlat ahlining eng taqvodori, mulk-u
millatning boshlig‘i, xayriya ishlari ta’sischisi, yaxshi ishlar amaliyotchisi, saltanat ustuni. Mulkning eng jonkuyari,
xoqonlik davlatining yaqin kishisi, hazrat sultoniyning yaqin kishisi, haq dasturi-yu ilohiy buyruqlar va din ishlarini
tartibga soluvchi janob Alisher (Alloh muvaffaqiyatlarini ziyoda qilsin)”, deb batafsil yozgan (Хондамир Ғ., 2013: 794).
Qavomuddin Nizomulmulkning o‘rniga sohibi devon bo‘lgan Xoja Afzaluddin
Muhammad ham o‘zidan oldingi devonbegilar kabi hurmat topib, kotiblar davlat
hujjatlariga uning ismini “Nozimu a’zomi qavoid as-saltana val-xilofa, mu’tamid almulk, salohi andish Xoja Afzaluddin Muhammad vafokish” )ناظم اعظام قواعد السلطنة والخلافة
) – معتمد الملك صلاح انديش خواجه افضل الدين محمد وفاكيشsaltanat va xalifalikning ulug‘ tartibga
soluvchisi, mamlakat ishonchi, solih fikrli Xoja Afzaluddin Muhammad vafodor deb
yozishar edi (Хондамир Ғ., 2013: 862). Shundan ham bilishimiz mumkinki, Xoja
Afzaluddin Muhammadning mavqeyi avvalgi devonbegilardan qolishmagan, hatto
o‘zini ulardan ustun ekanligiga ham intilgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
“Dasturu-l-vuzaro” asarida mansablar, unvonlar va ularning vazifalari nomli ushbu
tadqiqot ishida Amir Temur va temuriylar davrida saroyda xizmat qilgan
mansabdorlarning ijtimoiy mavqe’lari, saroydagi darajalari, ularning zimmasiga
yuklatilgan burch va vazifalari haqida fikrlar bildirib o‘tildi. Mansablarning nomlarini
tadqiq etishda asosan temuriylar davrida yozilgan, ayni o‘sha davrni ko‘rgan va
voqealarga shaxsan guvoh bo‘lgan tarixchilarning asarlariga tayanildi. Yana shuni
ta’kidlash lozimki, temuriylardan avvalgi va keyingi sulolalar davrida mansablarning
soni va ijtimoiy ahamiyati turlicha bo‘lgan holatlar mavjud. Shu sababli, qo‘shimcha
tegishli manbalar bilan tanishib chiqishni tavsiya etgan bo‘lardim. Mazkur tadqiqot ishi
tariximizni, xususan davlatchiligimizni o‘rganishda, uning ma’muriy tuzilishini
anglashda katta ahamiyat kasb etadi, degan umiddaman.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Demir S.S. (2023) The Place and Importance of the Tughra Form in Turkish
Calligraphy: The Example of Sultan Suleiman the Magnificent. Arastirma makalasi //
Mevzu sosyal bilimler dergisi. – Izmir.
2. Ölmez Z., Erdem S. (2019) Zübdetü’l-Âsâr Vakayinamesindeki Devlet
Teşkilatı Terimleri. Araştırma Makalesi // Türk Dili ve Edebiyatı Dergisi, Cilt: 59,
Sayı: 2. – Istanbul: Istanbul University Press.
3. Yağli A.R. (2014) Timurlularda Vezîrlik Müessesesi ve Hâce Gıyaseddin Pir
Ahmed Hafî. Arastirma makalasi // History studies. International journal of history.
Volume 6, Issue 5.
4. G‘iyosuddin Xondamir. Dastur al-vuzaro. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi. №
55/I.
5. G‘iyosuddin Xondamir. Nomayi nomiy. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi. №
801.
6. Абдураззоқ Самарқандий. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаи баҳрайн. II
жилд, I қисм. 1405–1429 йиллар воқеалари. Форс тилидан таржима, сўзбоши ва
изоҳлар муаллифи А. Ўринбоев. – Тошкент: Ўзбекистон.
7. Абдураззоқ Самарқандий. (2008) Матлаи саъдайн ва мажмаи баҳрайн. II
жилд, II ва III қисмлар. 1429–1470 йиллар воқеалари. Форс тилидан таржима,
сўзбоши ва изоҳлар муаллифи А. Ўринбоев. – Тошкент: Ўзбекистон.
8. Алишер Навоий асарлари тилининг изоҳли луғати. Э.И. Фозилов
таҳрири остида. I том. – Тошкент: Фан, 1983.
9. Аҳмедов Б. (1996) Амир Темурни ёд этиб. – Тошкент: Ўзбекистон.
10. Аҳмедов Б. (2001) Амир Темур дарслари. – Тошкент: Шарқ.
11. Аҳмедов Б. (2024) Ўзбекистоннинг атоқли тарихшунос олимлари (биобиблиографик маълумотнома). – Тошкент: Янги аср авлоди.
12. Аҳмедов Б. (2001) Ўзбекистон тарихи манбалари (қадим замон ва ўрта
асрлар). – Тошкент: Ўқитувчи.
13. Бартольд В.В. (1964) Мир Али-Шир и политическая жизнь. Сочинения.
Т. II. Ч. 2. – Москва: Наука.
14. Бертельс Е.Э. (1965) Избранные труды. Навои и Джами. – Москва:
Наука.
15. Стори Ч. (1972) Персидская литература. Библиографический обзор/Пер.
с англ., переработал и дополнил Ю.Э. Брегел. В трех частяx. Ч. 1. – Москва:
Главная редакция восточной литературы.
16. Фасиҳ Аҳмад ибн Жалолиддин Муҳаммад ал-Хавофий. (2018)
Мужмали Фасиҳий (Фасиҳ тўплами). Таржима, кириш, изоҳлар ва кўрсатгичлар
Д.Ю. Юсупованики. – Тошкент: Фан.
17. Ўлжаева Ш. (2017) Амир Темур давлат бошқаруви. Ташқи сиёсат.
Дипломатия. – Тошкент: Академнашр.
18. Шарафуддин Али Йаздий. (2023) Зафарнома. Сўзбоши, табдил, изоҳлар
ва кўрсаткичлар муаллифлари Аҳмад А. ва Бобобеков Ҳ. – Тошкент: Янги аср
авлоди.
19. Юсупова Д. Ю. (2006) Жизнь и труды Хондамира. – Тошкент: Фан.
20. Ғиёсуддин Хондамир. (2013) Ҳабиб ус-сияр фи ахбори афроди башар.
Форс тилидан таржима, муқаддима муаллифи Ҳазратқулов Ж., Бекжонов И.
Изоҳлар муаллифи Аҳмедов А., Бекжонов И. – Тошкент: Ўзбекистон.
21. .غياث الدين بن همام الدين معروفه به خوندمير. دستور الوزراء. با تصحيح و مقدمه سعيد نفيسي
.1938/1357 ،تهران: انتشارات اقبال
REFERENCES:
1. Demir S.S. (2023) The Place and Importance of the Tughra Form in Turkish
Calligraphy: The Example of Sultan Suleiman the Magnificent. Arastirma makalasi //
Mevzu sosyal bilimler dergisi. – Izmir.
2. Ölmez Z., Erdem S. (2019) Zübdetü’l-Âsâr Vakayinamesindeki Devlet
Teşkilatı Terimleri. Araştırma Makalesi // Türk Dili ve Edebiyatı Dergisi, Cilt: 59,
Sayı: 2. – Istanbul: Istanbul University Press. (In Turkish)
3. Yağli A.R. (2014) Timurlularda Vezîrlik Müessesesi ve Hâce Gıyaseddin Pir
Ahmed Hafî. Arastirma makalasi // History studies. International journal of history.
Volume 6, Issue 5. (In Turkish)
4. G‘iyosuddin Xondamir. Dastur al-vuzaro. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi. №
55/I. (In Uzbek)
5. G‘iyosuddin Xondamir. Nomayi nomiy. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar
akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo‘lyozmasi. №
801. (In Uzbek)
6. Abdurazzoq Samarqandiy. (2008) Matlai sa'dayn va majmai bahrayn. II jild, I
qism. 1405–1429 yillar voqealari. Fors tilidan tarjima, soʻzboshi va izohlar muallifi A.
Oʻrinboev. – Toshkent: Oʻzbekiston. (In Uzbek)
7. Abdurazzoq Samarqandiy. (2008) Matlai sa'dayn va majmai bahrayn. II jild, II
va III qismlar. 1429–1470 yillar voqealari. Fors tilidan tarjima, soʻzboshi va izohlar
muallifi A. Oʻrinboev. – Toshkent: Oʻzbekiston. (In Uzbek)
8. Alisher Navoiy asarlari tilining izohli lugʻati. E.I. Fozilov tahriri ostida. I tom.
– Toshkent: Fan, 1983. (In Uzbek)
9. Ahmedov B. (1996) Amir Temurni yod etib. – Toshkent: Oʻzbekiston. (In
Uzbek)
10. Ahmedov B. (2001) Amir Temur darslari. – Toshkent: Sharq. (In Uzbek)
11. Ahmedov B. (2024) Oʻzbekistonning atoqli tarixshunos olimlari (biobibliografik ma'lumotnoma). – Toshkent: Yangi asr avlodi. (In Uzbek)
12. Ahmedov B. (2001) Oʻzbekiston tarixi manbalari (qadim zamon va oʻrta
asrlar). – Toshkent: Oʻqituvchi. (In Uzbek)
13. Bartold V.V. (1964) Mir Ali-Shir i politicheskaya jizn. Sochineniya. T. II. Ch.
2. – Moskva: Nauka. (In Russian)
14. Bertels E.E. (1965) Izbrannie trudi. Navoi i Djami. – Moskva: Nauka. (In
Russian)
15. Stori Ch. (1972) Persidskaya literatura. Bibliograficheskiy obzor/Per. s angl.,
pererabotal i dopolnil Yu.E. Bregel. V trex chastyax. Ch. 1. – Moskva: Glavnaya
redaksiya vostochnoy literaturi. (In Russian)
16. Fasih Ahmad ibn Jaloliddin Muhammad al-Xavofiy. (2018) Mujmali Fasihiy
(Fasih toʻplami). Tarjima, kirish, izohlar va koʻrsatgichlar D.Yu. Yusupovaniki. –
Toshkent: Fan. (In Uzbek)
17. Oʻljaeva Sh. (2017) Amir Temur davlat boshqaruvi. Tashqi siyosat.
Diplomatiya. – Toshkent: Akademnashr. (In Uzbek)
18. Sharafuddin Ali Yazdiy. (2023) Zafarnoma. Soʻzboshi, tabdil, izohlar va
koʻrsatkichlar mualliflari Ahmad A. va Bobobekov H. – Toshkent: Yangi asr avlodi. (In
Uzbek)
19. Yusupova D. Yu. (2006) Jizn i trudi Xondamira. – Toshkent: Fan. (In Russian)
20. Gʻiyosuddin Xondamir. (2013) Habib us-siyar fi axbori afrodi bashar. Fors
tilidan tarjima, muqaddima muallifi Hazratqulov J., Bekjonov I. Izohlar muallifi
Ahmedov A., Bekjonov I. – Toshkent: Oʻzbekiston. (In Uzbek)
21. .غياث الدين بن همام الدين معروفه به خوندمير. دستور الوزراء. با تصحيح و مقدمه سعيد نفيسي
.1938/1357 ،تهران: انتشارات اقبال