ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Alisher Navoiyning uyg‘ur xatidagi ijodi

Sodiqov Qosimjon Pozilovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ALISHER NAVOIYNING UYG‘UR XATIDAGI IJODI

ALISHER NAVAI’S POETIC WORKS IN THE UYGHUR SCRIPT
ТВОРЧЕСТВО АЛИШЕРА НАВAИ НА УЙГУРСКОМ ПИСЬМЕ

Sodiqov Qosimjon Pozilovich
Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori,

filologiya fanlari doktori
Tel.: +998 99 840-60-54
E-mail: rixsitilla@gmail.com
Annotatsiya: Ushbu maqola Alisher Navoiyning uygʻur xatidagi yagona
gʻazalining ilmiy tahliliga bagʻishlangan. Unda Temuriylar davrida uygʻur
yozuvining turkiy adabiyot va madaniyatdagi oʻrni ochib beriladi. Tadqiqotning
maqsadi Navoiy ijodida yozuv madaniyatining ahamiyatini koʻrsatish, gʻazalning
koʻchirilish tarixini va uning uygʻur yozuvli asl nusxadan olinganligini isbotlash,
shoir taxallusining talaffuzini aniqlashdan iborat. Tadqiqotda tarixiy-genetik,
lingvistik va qiyosiy tahlil usullari qoʻllanilib, qoʻlyozmalar va tarixiy manbalar tahlil
qilindi. Navoiy gʻazali uygʻur yozuvli asl qoʻlyozmadan koʻchirilgani, sheʼrning
dastlabki varianti keyinchalik qayta ishlangani va shoir taxallusining Navāyî shaklida
talaffuz qilingani isbotlandi. Uygʻur yozuvi Temuriylar davrida yetakchi yozuvlardan
biri boʻlganligi va Navoiy uni yaxshi bilganligi xulosa qilindi. Ushbu tadqiqot turkiy
yozma merosni saqlash va turkologiya tadqiqotlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: eski turkiy yozuvlar, uyg‘ur xati, arab xati, qo‘lyozma kitoblar,
yozuv madaniyati, kitobat ishi, Temuriylar davri, eski o‘zbek tili, o‘zbek mumtoz
adabiyoti.
Abstract: This article is devoted to the scientific analysis of Alisher Navoi’s one
ghazal written in Uyghur script. It reveals the role of Uyghur writing in Uzbek
(Turkic) literature and culture during the Temurid era. The aim is to show the
importance of written culture in Navoi’s work, to prove the history of the ghazal’s
copying and its origin from the original manuscript in Uyghur script, and to
determine the pronunciation of the poet’s pen name. The study uses historicalgenetic, linguistic, and comparative analysis methods, and analyzes manuscripts and
historical sources. It is proven that Navoi’s ghazal was copied from the original
manuscript in Uyghur script, the initial version of the poem was later revised, and the
poet’s pen name was pronounced in the Turkic version as Navāyî. It is concluded that
Uyghur writing was one of the leading scripts during the Temurid era and Navoi was
well versed in it. This research contributes to the preservation of Uzbek written
heritage and the development of Turkic studies.

Keywords: Old Turkic scripts, Uyghur script, Arabic script, manuscript books,

writing culture, bookmaking, Temurid period, Old Uzbek language, Uzbek classical

literature.

Аннотaция: Данная статья посвящена научному анализу единственного

газеля Алишера Навои, написанного уйгурским письмом. В ней раскрывается

роль уйгурской письменности в узбекской литературе и культуре эпохи

Темуридов. Цель - показать значение письменной культуры в творчестве

Навои, доказать историю переписывания газеля и его происхождение из

оригинальной рукописи уйгурским письмом, определить произношение

псевдонима поэта. В исследовании использованы историко-генетический,

лингвистический и сравнительный методы анализа, проанализированы

рукописи и исторические источники. Доказано, что газель Навои переписан с

оригинальной рукописи уйгурским письмом, первоначальный вариант

стихотворения был впоследствии переработан, а псевдоним поэта произносился

в тюркском варианте как Navāyî. Сделан вывод, что уйгурская письменность

была одной из ведущих в эпоху Темуридов и Навои хорошо ею владел. Данное

исследование служит сохранению узбекского письменного наследия и

развитию тюркологических исследований.

Ключевые слова: старо-тюркские писменности, уйгурская писменност,

арабская писменност, рукописные книги, писменная култура, книжное дело,

период Тeмуридов, старо-узбекский язык, узбекская классическая литература.

KIRISH
Temuriylar davri yozuv madaniyatida o‘tmish an’analariga, ota-bobolardan
qolgan eski yozuvlarga e’tibor katta edi. Temuriylar davlatida tarixnavislik, badiiy
adabiyot, ta’lim va fan sohasi, davlat devonxonalari va hujjatchilik ishlarida, xalqaro
rasmiy-diplomatik munosabatlarda ikki xil yozuv – eski uyg‘ur (Navoiy so‘zi bilan
aytganda türkčä xaṭ) va arab yozuvi (nasta’liq xaṭï) ishlatilgan. Shuning uchun ham
o‘zbek klassik adabiyotining o‘sha chog‘lardan qolgan yozma merosi ikki xil
yozuvda yеtib kelgan: turkiy adabiy asarlarning eski, qadimiy qo‘lyozmalari ko‘proq
uyg‘ur xatida bitilgan bo‘lsa, keyingi davrlarga tegishlilari arab xatida.
XV yuzyilning o‘rtalariga kelib uyg‘ur yozuvi iste’moldan chiqib, o‘rnini arab
alifbosi negizidagi turkiy yozuv egallay boshladi. Uyg‘ur yozuvi ishlatilmay
qo‘yilgach, xon va beklarning kutubxonalari demaganda, qora ulus orasida qadimgi
turkiy yozuvdagi kitoblarni saqlashga zarurat qolmagan ko‘rinadi. Eski turkiy
yozuvdagi asarlarning ko‘pi yo‘qolib ketgani, arab xati bilan ko‘chirilgan nusxalari
ko‘proq saqlanganining sababi ham shunda. Bugungi kunimizga qadar yеtib kelgan
uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalarning soni oz, shunday esa-da, ular temuriylar davri
yozuv madaniyati to‘g‘risida xulosa chiqarishga imkon beradi.

Temuriylar zamonida bitilgan uyg‘ur yozuvli bebaho obidalarning ayrimlari va,

aytish mumkinki, eng nodirlari bugungi kungacha yеtib kelgan (Щербак A., 1962:

31-35, 46-49; Sertkaya O., 1977: 7-18).

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida XIV–XV yuzyillar qadimgi turkiy
yozuvdan arab xatiga o‘tish davri sanaladi. Shunga qaramay, badiiy adabiyot,
tarixnavislikda, shu qatorda davlat hujjatchilik ishlari, xalqaro diplomatik
munosabatlarda uyg‘ur xatining mavqeyi yuqori edi. Qadimgi turk yozuv an’anasini
saqlab, turk islom dunyosida uyg‘ur xatini keng ko‘lamda so‘nggi bor qo‘llagan ham
temuriylardir.
Ayrim ilmiy asarlarda, Amir Temur o‘z saltanatida Chingizxonga vorislik
jihatidan uyg‘ur xatiga katta e’tibor bergan, degan qarashlar ham uchrab turadi. Bu
fikr to‘g‘ri emas. Chunki Chingizxonning o‘zi mo‘g‘ul xatini turkiy xalqlar, xususan,
uyg‘urlardan olgan edi. Sohibqiron Temurbek uyg‘ur xatini keng qo‘llashda uzoq
ajdodlari bo‘lmish qoraxoniylarga ergashdi. U o‘z saltanatining rasmiy ishlarida,
ichki hamda tashqi diplomatik munosabatlarida, badiiy adabiyot sohasida, ilm
kishilari orasida ota-bobolardan meros qolgan uyg‘ur xatining keng amal qilishiga
xayrixohlik qildi va buning ijrosiga katta e’tibor qaratdi.
Oltin o‘rda hamda Temuriylar davlatida uyg‘ur xatining keng amal qilganligi
tarix kitoblarida ham qayd etib o‘tilgan. Mashhur tarixchi Ibn Arabshoh o‘zining
“Ajoibu-l-maqdur fi navoibi Taymur” deb atalgan kitobida uyg‘ur xatining tarixi
to‘g‘risida yaxshi ma’lumot bergan. Tarixchi yozadi: “Ular (chig‘atoyliklar – Q.S.)
o‘zlarining tilxat, maktub, farmon, xat, kitob, bitim, solnoma, she’r, qissa, hikoyat,
hisob, xotira va devonga tegishli hamma ishlarini, chingizona tuzuklarini shu
yozuvda yozadilar. Bu yozuvni yaxshi bilgan ularning orasida xor bo‘lmaydi, chunki
bu (yozuv) ularda rizq ochqichidir” (Рустамов A., 1976: 39-42).
Ibn Arabshoh ushbu ma’lumotida “Ular o‘zlarining tilxat, maktub, farmon, bitim
va devonga tegishli hamma ishlarini, chingizona tuzuklarini shu yozuvda yozadilar”
deganda davlat ishlari, xalqaro diplomatik munosabatlarda, tarixnavislikda uyg‘ur
xatining mavqei yuqori ekanini ko‘zda tutgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot Temuriylar davri (XIV-XV asrlar) yozuv madaniyatida qadimgi
turkiy (uyg‘ur) xati va arab alifbosi negizidagi yozuvning parallel ishlatilishi,
ularning davlat hujjatchiligi, diplomatik munosabatlar, badiiy adabiyot va ilmiy
faoliyatdagi rolini o‘rganishga qaratilgan. Tadqiqot filologiya, paleografiya va tarixiy
lingvistika fanlari kesishmasida olib borilgan bo‘lib, manbashunoslik, paleografik
tahlil va matnshunoslik usullariga asoslanadi.

TAHLIL VA NATIJALAR

Uyg‘ur xati Temuriylar davlatining rasmiy yozuvlaridan edi. Temuriylar o‘z

yorliqlarini, rasmiy hujjatlarini, hatto chet ellarga yuboriladigan xatlarini ham uyg‘ur

yozuvida bitganlar. Uyg‘ur xati devon ishlarida, rasmiy-diplomatik yozishmalarda

keng ishlatilgan. Temurbek o‘z yorliqlarini, qo‘shni ellarning hukmdorlariga

yo‘llagan maktublarini uyg‘ur xatida va turkiy tilda yozdirgan, temuriylarning

shajaralari ham ayni yozuvda. Temurbekning o‘limidan keyin Shohrux va Mirzo

Ulug‘bek, Abu Said mirzo va uning o‘g‘li Umarshayx mirzo ham o‘z devonida,

davlat ishlarida qadimgi turkiy alifboni keng qo‘llagani ma’lum (Sodiqov Q., 2016:

141-158). Bu yozuvni Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur ham yaxshi

bilgan.

XV yuzyilning boshlarida hali eski turkiy yozuvning mavqei yuqori bo‘lib,

o‘sha kezlardagi ijod ahli, xususan, Mavlono Lutfiy, Sakkokiy singari katta avlod

kishilarining xat-savodi uyg‘ur yozuvida chiqqan, ular o‘z asarlarini ko‘proq uyg‘ur

xatida yozganlar. Yuzyilning ikkinchi yarmiga kelib esa, arab yozuvining mavqei orta

boshladi. Shuning ta’sirida yosh ijodkorlar o‘z asarlarini arab yozuvida bita

boshlaganlar.

Navoiyning bobolari, otasi ham, el qatori, uyg‘ur xatini ishlatgan. Tarixchi

Mirzo Muhammad Haydar “Tarixi Rashidiy” asarining to‘qson ikkinchi faslida Mir

Alisher Navoiy to‘g‘risida ma’lumot bera turib, “Ularning otalarini “andakkina

baxshi” deydurlar” deb yozgan edi. Tarixchining bu yozganlari Navoiyning otasi

baxshi o‘tganidan darak beradi; uni G‘iyosiddin baxshi deb ataganlari ham bejiz

emas. Temuriylar zamonida uyg‘ur xatida yozuvchi kotibni baxshi deganlar. Yana

hujjat ishlari bilan shug‘ullanuvchi amaldorni ham bildirgan bu atama.

Navoiy ham yoshlik yillari uyg‘ur xatini yaxshigina o‘zlashtirgan, ilk she’rlari

ichida o‘sha yozuvda bitilganlari ham bo‘lishi kerak, keyinchalik zamon o‘zgarishiga

qarab, arab yozuviga e’tibori ortgan ko‘rinadi. Jumladan, u sulton Husayn

Boyqaroning o‘g‘li Badiuzzamonga yozgan maktubida (bu xati “Munshaot”ga

kirgan) xatlarning o‘qish uchun qulay yo qiyinligi to‘g‘risida fikr yurita turib, uyg‘ur

xatini ham eslaydi; uni türkčä xaṭ deya tilga oladi. Navoiy yozadi: Yana ul-kim, har

türlüg ’arḍadāšt-kim, yuqarï bitilsä, nasxta’liq xaṭṭï bilä andaq xvānā bitilsä-kim,

oqurda oqur kišigä tašvīš tegmäsä, türkčä xaṭ ‫ (ترکجه حط)‬bilä xūd aṣlā bitilmäsä-ki, bu

bābda daγï qavle bar (Mun.398a,23–25).

Navoiyning yoqlashicha, har turli hujjat va maktublar, o‘qish qiyin bo‘lgan

turkcha xatda emas, jamoaga o‘ng‘ay nasxta’liqda yozilgani ma’quldir.

Bunday deganining sababi shundaki, undosh tovushlarni ifodalashda uyg‘ur

xatining o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor edi. Yozuvda [k] bilan [g], [b] bilan [p], [s]–

[z], [t]–[d], [q]–[γ]–[x], [č]–[j] –[ž] undoshlari bir xil harflar bilan ifodalangan. Yana

rasmiy hujjatlar va maktublarda harflarni farqlovchi nuqtalar va turli ishoratlar ko‘p

ham ishlatilmagan.

Alisher Navoiy birovga yo‘llanadigan xatni türkčä xaṭ bilä xūd aṣlā bitilmäsä-

ki, bu bābda daγï qavle bar deganda yozuvning ana shu murakkabligini ko‘zda

tutgan.

Yana bir jihati, Navoiy ushbu maktubini yoshi ulg‘aygan, uyg‘ur xati ancha

iste’moldan chiqib, arab xati ommalashgan chog‘da bitganini ham unutmaslik kerak.

Boshqa bir misol, Navoiyning arab alifbosidagi harflarning ko‘rinishiga tashbeh

qilib yozilgan baytlarini adabiyotshunoslar yaxshi biladi. Buni qarangki, uning

she’rlari orasida uyg‘ur alifbosidagi harflarning ko‘rinishiga ishora qilib yozilgan

baytlari ham bor ekan.

Navoiyning “Badoeu-l-vasat” devonida oxiri mīm harfi bilan tugovchi g‘azallar

sirasida quyidagi bayt bilan boshlanuvchi g‘azal bor:

Barmu ul ikki örülgӓn gesū-yȋ ’anbar šamīm,
Yā etӓk salmïš Muḥammad da yazïlγan ikki mīm (Badoeu-l-vasat, 571а, 19).

Keltirilgan baytda ikki so‘zidagi kāf ning ustiga ham, Muḥammad so‘zidagi mīm
ning ustiga ham tashdid belgisi qo‘yilgan.

Ushbu baytda go‘zalning ikkita qilib o‘rilgan sochi Muḥammad so‘zidagi ikkita
mīm harfining etak yozib turgan holatiga o‘xshatilmoqda. Nihoyatda chiroyli,
mantiqli tashbeh.

Endi shu aytilganlarning ma’nosini ochishga chog‘lanib ko‘ramiz.
Muhimi shundaki, arab xatida Muḥammad so‘zi o‘rtada bitta mīm bilan yoziladi
va uning ikkita o‘qilishiga ishora qilib tashdid belgisi qo‘yib qo‘yiladi ‫ .(محمد)‬Yana
bu o‘rinda mīm harfining etak yozgan (etӓk salmïš) holati ham yo‘q. U holda Navoiy
nimaga ishora qilyapti o‘zi?
Uyg‘ur xatiga kelsak, Muḥammad so‘zi bu yozuvda ikkita mīm bilan yoziladi;
yana bir muhim belgisi, so‘z ichidagi mīm harfining ostki elementi etak yozib

turganga o‘xshaydi ( ).

Anglashiladiki, ushbu baytda Navoiy Muḥammad so‘zining arab xatidagi

yozilishiga emas, uning uyg‘ur xatida so‘z o‘rtasida ikkita mīm harfi bilan yozilishi,

harflarning ayni holatdagi ko‘rinishiga ishora qilayotir.

Istanbulning To‘pqopi saroyi arxividagi Boyazid IIga tegishli hujjatlar orasida

11980-D ko‘rsatkichli matn saqlanmoqda. Uzunasiga yopishtirib ulangan ushbu ikki

varaqqa har biri besh baytli uchta turkiy g‘azal, adog‘ida esa olti qatorli forscha tilak

bitilgan. She’rlardan birinchisi Alisher Navoiyning g‘azali, keyingilari esa usmonli

shoirlaridan bo‘lmish Baxtiyning unga yozgan naziralaridir (Sertkaya O., 1973: 6-9.

Levha, I-III).

G‘azallarning uchalasi arab xatida. Biroq, ularning sarlavhalari ikki xil yozuvli:

avval uyg‘ur xatida bitilib, tagida uning o‘qilishi arab harflarida berilgan. Uyg‘ur

yozuvidagisi qorada, uchi to‘mtoq qalam bilan, tagidagi arab harflarida berilgan,

o‘qilishi esa, qizilda, uchi ingichka qalamda bitilgan. Boshlanishda Navoiy she’riga

qo‘yilgan sarlavha tekis, undan keyingi she’rlar, har misrasi bir qatordan qilib,

sarlavhalari bilan birga qiyalatib yozilgan. Matn boshdan oxir ikki yoqdan bir chiziqli

ensiz jadvalga olingan.

Matnning o‘qilishi shunday: boshlanishiga uyg‘ur xatida Huu deb yozilib,

tagma-tag arab harflarida Hū deb izohlab qo‘yilibdi. Matnchilik rusumiga ko‘ra, o‘rta

asrlarning matnlari ana shunday unvon bilan ochilgan; ma’nosi «O‘zi» degani,

tangrining har narsaga qodirligi va buyukligiga ishora qilinadi bu unvon bilan.

O‘rtaliqda kattagina joy qoldirilib, so‘ng satrlar orasida joy tashlab, to‘rt qatorga

Amlaḥu-š-šu’arā / mavlānā / Navāyî / aytur deb yozilgan. Bu sarlavha ham ikki xil

yozuvda (Sertkaya O., 1973: 16b).

Ahamiyatlisi, shoirning taxallusi uyg‘ur xatida turkiy til talaffuziga moslab

Navāyî ( ) shaklida yozilgan. Tagidagi arab yozuvli shakli ham shunday: nūn,

vāv, alifdan keyin ikkita yā yozilgan ‫ ;(نوایی)‬hamzasi yo‘q. Darvoqe, Navoiyning arab

yozuvli boshqa devonlarida ham shuning o‘zi. Agar shoirning taxallusi hamza bilan

‫ نوائی‬yozilganda edi, uni Navāiy deb o‘qilsa bo‘lardi; bu o‘rinda u ‫ نوایی‬yozilyapti.

Shunga ko‘ra, uni Navāyî deb o‘qilgani va ana shunday talaffuz qilingani to‘g‘ri.

Navoiy g‘azalidan keyingi birinchi naziraga dona-dona qilib, Javāb / aytur,

keyingisiga esa Daxï bir / javāb / aytur deb sarlavha berilgan; bu sarlavhalar ham

uyg‘ur va arab yozuvlarida.

O‘tmishdan qolgan uyg‘ur yozuvli bitiklar bir necha xil xat turiga ega. Ushbu

matnda qo‘llangan yozuv “ikkinchi guruh yodgorliklarining xat turi”ga tushadi. Bu

xat shakli, odatda, uyg‘ur xatida bitilib, tagma-tag arab xatida izohlab chiqilgan

matnlarda qo‘llangan. U, boshqa xat turlaridan farqli o‘laroq, qirrali ko‘rinishga ega

(V. Radlov tasnifidagi “hujjatlar yozuvi” – Documentenschrift ga to‘g‘ri keladi)

(Содиқов Қ., 1992: 64-72).

Oltin O‘rda xoni Temur Qutlug‘, temuriy sulton Abu Saidning uyg‘ur yozuvida

bitilgan yorliqlari ana shu xat turida, shuningdek, Istanbulda ijod etgan Abdurrazzoq

baxshi ham qo‘lyozma asarlarni shu xat uslubida bitgan.

Ikkinchi va uchinchi sarlavhalardan keyin uning bir chekkasiga arab xati bilan

qizilda Bahtȋ-i muḥlis deb yozib qo‘yilibdi.

Matn oxirlagandagi forscha tilakda yozilishicha, shoir Baxtiy ushbu she’rlarini

sultonga tortiq qilgan ko‘rinadi. Mana buning isboti: Agar ‘ināyat-i δillu ilāhȋ bāšad

īn manṣib be-Baxtî-i muḥlis himmat kunand davlat-i du jihānȋ mustadām bād (“Agar

podshohim inoyati nasib bo‘lib, bu mansib Baxtiyga lutf aylansa, ikki dunyosi boqiy

va saodatli bo‘lsin”).

Navoiyning qog‘ozga bitikli g‘azali shunday o‘qiladi:

Seni körgäč der edim, bir mehrubānïm bar emiš,

Allāh-allāh, ne balā, bāṭil gumānïm bar emiš.

‘Ārizïŋ māhiyyatï aγzïŋ sözin šarḥ äyläsäm,
Vah ne tab‘-i pāk-u zehn-i xurda-dānïm bar emiš.

Čāk qïl köksümni ey bad-mehr, tāki bilgä-sen,
Tïγ-i hajrïŋdïn ne nav‘āzurda-jānïm bar emiš.

Ne ḥayāt erdi ölär ḥālatta-kim, körgäč anï
Nāz ilä dedi hanuz ul nātuvānïm bar emiš.

Der-ki, yalqïptur Navāyȋ ünidin vah yaxšïdur
Kim, tirigligtin nišān-teg bir fiγānïm bar emiš.

“G‘aroyibu-s-sig‘ar”ning Navoiy kulliyotlariga kirgan nusxalarida ushbu g‘azal
yetti baytdan iborat; to‘rtinchi baytdan keyin unga yana ikki bayt qo‘shilgan.

Baxtiyning Navoiy she’riga yozgan birinchi nazirasi shunday boshlanadi
(matlasi):

Pādšāhïm davrïda bir xuš zamānïm bar emiš,
Barča xavf-u ham xaṭardïn köp āmānïm bar emiš.

So‘nggi bayti (maqtasi):

E‘tiqādlïq qullarïnïŋ yüzi Baxtȋ-deg külär,
E‘tiqādsïz yörügän ornï jahannam nār emiš.

Ikkinchi naziraning boshlanishi (matlasi):

Ul parī-rux-kim, anïŋ aγzï ‘ajāyib tār emiš,
Körsä miŋ zāhid küyüp, la’l-i labïγa zār emiš.

So‘nggi bayti (maqtasi):

Baxtî gustāhlïq qïlïp aydï Navāyîγa javāb,
Ul γazalγa bir javāb ayγu bu Rūmda bar emiš.

Muhimi shundaki, shoir Baxtiyning she’rlari usmonlichada emas, eski o‘zbek
tilida bitilgan. Ikkinchi nazirada Ul γazalγa bir javāb ayγu bu Rūmda bar emiš deya
urg‘ulanishiga qaraganda, usmonli she’riyatida o‘zbek mumtoz adabiyoti, xususan,
Navoiy merosiga katta e’tibor qaratilgan, usmonli shoirlar Navoiyga ergashib
g‘azallar bitgan.

Matnni ko‘chirgan kishi noma’lum, yozilgan sanasi ham yo‘q. Qizig‘i shundaki,

To‘pqopi saroyi arxividagi Boyazid IIga tegishli hujjatlar orasida 11980-B hamda

11980-C ko‘rsatkichli matnlar ham bor. Bulardan birinchisi muallifi noma’lum

bo‘lgan o‘n yetti baytli qasida, keyingisi esa Mavlono Lutfiyning besh baytli

g‘azalidir (Sertkaya O., 1973: 10-15). Ularning ikkovi ham uyg‘ur xatida yozilib,

tagma-tag arab harflarida o‘qilishi keltirilgan. Xat uslubi yuqorida so‘z borayotgan

Navoiy va Baxtiy she’rlarining sarlavhalarida ishlatilgan xat turi bilan bir xil. Ushbu

qo‘lyozmalarning tarixi qiziq. I.Ertaylan bu qo‘lyozmalarning bari Onado‘liga

Xuroson va Hirotdan keltirilgan degan fikrni bildirgan edi. Lekin U. Sertkaya bu

qarashni inkor etadi. Uning xulosasiga ko‘ra, bu qo‘lyozmalar tashqaridan keltirilgan

emas, ular XV yuzyilning 80-yillarida Istanbulda ko‘chirilgan (Sertkaya O.,

1973:14).

Istanbulda yashab ijod etgan baxshilardan biri Shayxzoda Abdurrazzoqdir.

Uning kelib chiqishi Samarqanddan. Keyinchalik turk sultonining chorlovi bilan

Istanbulga ko‘chib borib, o‘sha yerda uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalarni ko‘chirish bilan

shug‘ullangan edi. Muhimi shundaki, Abdurrazzoq baxshining iltimosi bilan

Samarqand va Hirot shaharlaridan u yerga uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalar yuborib

turilgan. Jumladan, “Qutadg‘u bilig”ning 1439-yili ko‘chirilgan mashhur uyg‘ur

yozuvli Hirot qo‘lyozmasi, “Hibatu-l-haqoyiq”ning 1444-yili Samarqandda Zaynul-

Obidin baxshi ko‘chirgan tayanch qo‘lyozmasi ham Istanbulga uning so‘rovi bilan

jo‘natilgani ma’lum. Abdurrazzoq baxshi “Qutadg‘u bilig”dan yangi nusxa

ko‘chirganmi-yo‘qmi, buni bilmaymiz. Lekin u 1480-yili “Hibatu-l-haqoyiq”

qo‘lyozmasini ko‘chirdi. Abdurrazzoq baxshi yana uyg‘ur xatida Mavlono Lutfiy,

Sakkokiy she’rlarini ham ko‘chirgan. U Istanbulda o‘z maktabiga asos solgan taniqli

baxshilardan edi.

Lekin Navoiy va Baxtiyning g‘azallari bitilgan ushbu qo‘lyozmani Abdurrazzoq

baxshi ko‘chirgan deya olmaymiz. She’rlardan keyin bitilgan forscha matnning

mazmuniga qaraganda, ushbu she’rlarni shoir Baxtiyning o‘zi ko‘chirgan bo‘lishi

kerak.

Yana qo‘lyozma xatining ko‘rinishi ham ajralib turadi. Umumiy xat uslubi bir

bo‘lgani bilan, ular o‘rtasida baxshining qalam tortish usuli bilan bog‘liq farqlar bor.

Masalan, Abdurrazzoq baxshi Lutfiy she’rlarini uyg‘ur xatida ko‘chirganda daxï

so‘zini <t> hafi bilan bergan, bu qo‘lyozmada esa <d> bilan yozilgan. Yana

Abdurrazzoq baxshi <d> harfini yozganda, uning tugash chizig‘ini tepaga cho‘zib

qo‘yadi, bu qo‘lyozmada esa, tepaga tortib, uchi bir oz sindirib ham qo‘yilgan va

hokazo.

Aftidan, Baxtiy ustoz Abdurrazzoq baxshining qo‘lida uyg‘ur xatidan saboq

olgan. Bizgacha saqlangan qo‘lyozma esa uning o‘z qo‘lidan chiqqan.

Yanada muhimi, Navoiyning ushbu g‘azali arab yozuvli emas, uyg‘ur yozuvli

boshqa bir qo‘lyozmadan ko‘chirilgan. Asosiy qo‘lyozma ancha eski, shoirning

yoshlik yillaridan qolgan ko‘rinadi.

Boshqa bir jihati, bu g‘azal boshda besh baytli edi. Keyinchalik Navoiy uni

qayta ishlab, yana ikki bayt qo‘shgan va devoniga she’rning keyingi variantini

kiritgan. Shoir Baxtiy esa ushbu g‘azalni uning o‘sha uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmasidan

olgan deyish mumkin.

Anglanadiki, Alisher Navoiy ota-bobolari ishlatgan uyg‘ur xatini yaxshi bilgan.

Hatto o‘smirlik chog‘larida uyg‘ur xatida she’rlar ham yozgan bo‘lishi kerak.

Shoirning o‘sha she’rlari keyinchalik arab xatiga o‘girilib, devonlarga kiritilgan.

Biroq alohida varaqlarga uyg‘ur xatida bitilgan she’rlarining qo‘lyozmalari esa bor-

bora yo‘qolib ketgan. Shoir Baxtiy foydalangan qo‘lyozma esa yo‘qolmay qolgan

o‘sha she’rlardan biri edi, xolos.

Navoiyning ilkin, alohida varaqqa o‘z qo‘li bilan yozilgan she’rlari saqlanib

qolmagani ham ana shunday fikrga yo‘l beradi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Hozirgi fanda “uyg‘ur xati” deb atalayotgan qadimgi turkiy yozuv Temuriylar
davrining muhim va yetakchi yozuvlaridan biri edi. XV yuzyilning o‘rtalariga qadar
bu yozuv arab xati bilan yonma-yon ishlatilgan. Shunga ko‘ra, bu davrlarda
yaratilgan turkiy yozma yodgorliklar ikki xil – uyg‘ur va arab yozuvlarida yetib
kelgan.
Temuriylar davri yozma merosini, o‘sha davr o‘zbek yozma adabiy tili va
adabiyoti, kitobat san’ati va yozuv madaniyati tarixini uyg‘ur yozuvli
qo‘lyozmalarsiz o‘rganish mumkin emas.
Uyg‘ur alifbosi ixcham bir ko‘rinishda tuzilgan bo‘lib, undagi harflarning
aytarli bari polifonik xususiyatga ega. Turkiy xalqlar o‘tmishda foydalangan
alifbolarning eng ixchami ham uyg‘ur alifbosi edi. Uning imlo prinsiplari juda o‘ylab
ishlab chiqilgan. O‘tmish yozuv amaliyotining tajribasi shuni ko‘rsatadiki, yozuvning
qulay yoki o‘ng‘aysizligi, tilning fonetik-fonologik tizimiga qay darajada javob
berganligi alifbodagi harflarning oz-ko‘pligida emas, balki imlo qoidalarining qanday
tuzilganligiga bog‘liq ekan.
Qiyin bo‘lishiga qaramay, uyg‘ur xati yuz yillar osha qadimgi va eski turkiy til,
keyinchalik esa eski o‘zbek yozma adabiy tilining talab va imkoniyatini qondirib,
bobolar yaratgan ma’naviy merosni, bitiklarga bitilgan otalar tarixini, ularning
tabarruk o‘gitlarini kelgusi avlodlarga yetkazib keldi.
Alisher Navoiy ota-bobolari ishlatgan uyg‘ur xatini yaxshi bilgan. Hatto
o‘smirlik chog‘larida arab xati bilan bir qatorda, uyg‘ur xatida she’rlar ham yozgan
bo‘lishi kerak. Shoirning o‘sha she’rlari keyinchalik arab xatiga o‘girilib, devonlarga

kiritilgan. Biroq alohida varaqlarga uyg‘ur xatida bitilgan she’rlarining qo‘lyozmalari

esa bor-bora yo‘qolib ketgan.

Ushbu uyg‘ur yozuvli matnda shoirning taxallusi turkiy talaffuzga moslab

Navāyî deb yozilgan. Tagidagi arab yozuvli shakli ham shunday: nūn, vāv, alifdan

keyin ikkita yā yozilgan; hamzasi yo‘q. Navoiyning arab yozuvli boshqa devonlarida

ham shuning o‘zi: ushbu taxallus eski qo‘lyozmalarda ‫ نوایی‬deb yozilgan. Shunga

ko‘ra, uni Navāyî (bizning hozirgi imloda Navoiy/Navoyi) deb o‘qilgani va ana

shunday talaffuz qilingani to‘g‘ri.

Navoiyning yuqorida qayd etilgan uyg‘ur yozuvli g‘azalini shoir Baxtiy

ko‘chirgan, unga nazira ham bitgan.

Yanada muhimi, Navoiyning ushbu g‘azali arab yozuvli emas, uyg‘ur yozuvli

boshqa bir qo‘lyozmadan ko‘chirilgan. Asosiy qo‘lyozma ancha eski, shoirning

yoshlik yillaridan qolgan ko‘rinadi. Navoiyning yoshlik chog‘larida uyg‘ur yozuvida

bitgan bundan boshqa she’rlari ham bo‘lgani aniq. Aftidan, Shayxzoda Abdurazzoq

baxshi uchun Istanbulga jo‘natilgan uyg‘ur yozuvli qo‘lyozmalar orasida o‘shalardan

biri ham bor edi. Shoir Baxtiy ana o‘sha matndan nusxa ko‘chirgan ko‘rinadi.

Temuriylar davriga oid uygʻur yozuvli qoʻlyozmalarni aniqlash va ilmiy

jihatdan oʻrganish oʻzbek adabiyotshunosligi va turkologiyasi uchun muhim

ahamiyatga ega. Bu yoʻnalishda xalqaro arxivlar bilan hamkorlikni kuchaytirish,

ekspeditsiyalar tashkil etish maqsadga muvofiq. Shuningdek, uygʻur yozuvining

oʻzbek madaniyati tarixidagi rolini keng jamoatchilikka yetkazish, muzeylarda

koʻrgazmalar tashkil etish, oʻquv dasturlariga uygʻur yozuvi haqida maʼlumotlar

kiritish kerak.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. “Badoeu-l-vasat”- Istanbul To‘pqopi saroyi muzeyi kutubxonasi, Revan 808-
ko‘rsatkichli Navoiy kulliyoti. – Б. 540a-596b.
2. Мирзо Муҳаммад Ҳайдар Аёзий. (2011). Тарихи Рашидий / Нашрга
тайёрловчи, сўз боши, тадбил, изоҳлар ва кўрсаткичлар муаллифи О. Жалилов.
– Тошкент.
3. “Мunshаоt”- Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan asar. 317/1513
ko‘rsatkichli Navoiy kulliyoti. – Б. 387b-406а.
4. Рустамов А. (1976). Ибн Арабшоҳ туркий ёзувлар ҳақида // Адабий
мерос, № 5 – Б. 39-42.
5. Sertkaya O.F. (1973). Osmanlı Şâirlerinin Çağatayca Şiirleri. III. Uygur
Harflariyle Yazılmış Bazi Manzum Parçalar. I. – İstanbul.
6. Sertkaya O.F. (1977). İslâmî Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir
Bakış. – Bochum.

7. Содиқов Қ. (1992). XI–XV аср уйғур ёзувли туркий ёдгорликларнинг

график-фонетик хусусиятлари. Докторлик диссертaцияси. – Тошкент.

8. Содиқов Қ. (2016). Илк ва ўрта асрларда яратилган туркий ҳужжатлар. –

Тошкент.

9. Щербак А. (1962). Грамматика Староузбекского языка. – Москва,

Ленинград.

REFERENCES:
1. “Badoeu-l-vasat”- Istanbul To‘pqopi saroyi muzeyi kutubxonasi, Revan 808-
ko‘rsatkichli Navoiy kulliyoti. – Б. 540a-596b.
2. Mirzo Muhammad Haydar Ayoziy. (2011). Tarixi Rashidiy / Nashrga
tayyorlovchi, soʻz boshi, tadbil, izohlar va koʻrsatkichlar muallifi O. Jalilov. –
Toshkent. (In Uzbek)
3. “Munshaot”- Fransiya Milliy kutubxonasida saqlanayotgan asar. 317/1513
ko‘rsatkichli Navoiy kulliyoti. – B. 387b-406a.
4. Rustamov A. (1976). Ibn Arabshoh turkiy yozuvlar haqida // Adabiy meros,
№ 5 – B. 39–42. (In Uzbek)
5. Sertkaya O.F. (1973). Osmanlı Şâirlerinin Çağatayca Şiirleri. III. Uygur
Harflariyle Yazılmış Bazi Manzum Parçalar. I. – İstanbul. (In Turkish)
6. Sertkaya O.F. (1977). İslâmî Devrenin Uygur Harfli Eserlerine Toplu Bir
Bakış. – Bochum. (In Turkish)
7. Sodiqov Q. (1992). XI-XV asr uygʻur yozuvli turkiy yodgorliklarning grafikfonetik xususiyatlari. Doktorlik dissertatsiyasi. – Toshkent. (In Uzbek)
8. Sodiqov Q. (2016). Ilk va oʻrta asrlarda yaratilgan turkiy hujjatlar. –
Toshkent. (In Uzbek)
9. Sherbak A. (1962). Grammatika Starouzbekskogo yazika. – Moskva,
Leningrad. (In Russian)