ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Eski uyg‘ur xati va uning yozuv prinsiplari (“Me’rojnoma” asari misolida)

Turdiyev Jahongir Zafariddin oʻgʻli

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

ESKI UYGʻUR XATI VA UNING YOZUV PRINSIPLARI
(“MEʼROJNOMA” ASARI MISOLIDA)

OLD UYGHUR SCRIPT AND ITS WRITING PRINCIPLES
(BASED ON THE EXAMPLE OF THE “ME’ROJNOMА”)

СТАРОУЙГУРСКАЯ ПИСЬМЕННОСТЬ И ЕЁ ПРИНЦИПЫ ПИСЬМА
(НА ПРИМЕРЕ ПРОИЗВЕДЕНИЯ «МЕЪРОДЖНОМА»)

Turdiyev Jahongir Zafariddin oʻgʻli
Oriental universiteti,

Sharq tillari kafedrasi dotsenti v.b., PhD
Tel.: +998 97 776-99-41

E-mail: jahongirshoh15@mail.ru

Annotatsiya: Mazkur maqola turkiy tildagi “Meʼrojnoma” asarining uygʻur
yozuvli nusxasi va uning temuriylar davri madaniy hayotini oʻrganishdagi ahamiyati
haqidadir. Uygʻur yozuvi qoʻlyozma manbashunoslik va matnshunoslik nuqtayi
nazaridan tahlil etilgan. Maqolada temuriylar davrida koʻchirilgan nodir manbaning
oʻziga xos xususiyatlari haqida ham bahs yuritilgan. Meʼroj islom tarixida yuz bergan
mashhur voqealardan boʻlib, mumtoz sharq adabiyotida alohida eʼtibor qaratilgan
mavzulardandir. Adabiyotda “Meʼroj” bilan bir qatorda “Isro” soʻzi qoʻllaniladi.
“Isro” Alloh taolo Muhammad sollallohu alayhi vasallamni kechaning bir boʻlagida
Makkadagi Masjidu-l-Haromdan Quddusdagi Masjidu-l-Aqsoga sayr qildirishidir.
“Meʼroj” Alloh taolo soʻnggi paygʻambari Muhammad sollallohu alayhi vasallamni
Quddusi sharifdan yuqoriga, yaʼni, Oʻzining huzuriga koʻtarishidir. Shu hodisaga
bagʻishlab yozilgan asarlar “Meʼrojnoma” deb ataladi. Buning singari asarlar dastlab
arab adabiyotida yaratildi. Keyinchalik fors va turkiy adabiyotda ham
“Meʼrojnoma”lar mustaqil asar sifatida shakllana bordi.

Kalit soʻzlar: Turkiy til, eski uygʻur yozuvi, xattotlik sanʼati, baxshi, qoʻlyozma,
madaniyat.

Abstract: This article is devoted to the Uyghur written copy of the Turkic work
“Mirajnamа” and its significance in the study of the cultural life of the Temurid
period. The manuscript with the Uyghur script is analyzed from the point of view of
source studies and textual criticism. The article also considers the specifics of a rare
source copied during the Temurid period. Miraj is one of the most famous events in
the history of Islam and one of the most important themes in classical oriental
literature. In literature, the word “Isra” is used together with the word “Meroj”. “Isra”
means that the transfer of Muhammad (peace and blessings of Allah be upon him) by
the will of Allah from the Al-Haram Mosque in Mecca to the Al-Aqsa Mosque in

Jerusalem during one part of the night. “Meraj” is the ascension of the last Prophet

Muhammad (peace and blessings of Allah be upon him) from Jerusalem to heaven to

Allah. The works dedicated to this event are called “Mirajnama”. Such works were

originally created in Arabic literature. Later in Persian and Turkic literature,

Mirajnama was formed as an independent work.

Keywords: Turkic language, Old Uyghur script, calligraphy art, bakhshi,

manuscript, culture.

Аннотaция: Данная статья посвящена уйгурской письменной копии

тюркского произведения «Мирожнома» и ее значению в изучении культурной

жизни периода Тeмуридов. Рукопись с уйгурским письмом анализируется с

точки зрения источниковедения и текстологии. В статье также рассматривается

специфика редкого источника, скопированного в период Тeмуридов. Мирадж -

одно из самых известных событий в истории ислама и одна из самых важных

тем в классической восточной литературе. В литературе вместе со словом

«Мирадж» используется слово «Исра». «Исра» означает, что перенесение

Мухаммада (да благословит его Аллах и приветствует) по воле Аллаха от

мечети аль-Харам в Мекке до мечети аль-Акса в Иерусалиме в течение одной

части ночи. «Мирадж» - это вознесение последнего Пророка Мухаммада (мир

ему и благословение Аллаха) из Иерусалима в небеса к Аллаху. Произведения,

посвященные этому событию, называются «Мираджнама». Подобные

произведения изначально были созданы в арабской литературе. Позднее в

персидской и тюркской литературе «Мираджнама» сложилась как

самостоятельное произведение.

Ключевые слова: тюркский язык, староуйгурская письменность,

искусство каллиграфии, бахши, рукопись, культура.

KIRISH
Turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida eski uyg‘ur xati alohida o‘rin
tutadi. Bu yozuv nafaqat o‘zbek xalqining, balki butun Markaziy Osiyo xalqlari
uchun muhim madaniy meros hisoblanadi. Uyg‘ur xati, o‘ziga xos tuzilishi va yozuv
prinsiplari bilan, turkiy tillarda yozma adabiyotning rivojlanishida katta rol o‘ynagan.
Ayniqsa, temuriylar davrida bu yozuvning rasmiy hujjatlarda, ilmiy va diniy
asarlarda keng qo‘llanilishi uning ijtimoiy-siyosiy va madaniy hayotdagi ahamiyatini
yanada oshirdi.
“Meʼrojnoma” asari ushbu yozuvning eng muhim namunalaridan biri sifatida
diqqatga sazovordir. Bu asar nafaqat diniy va badiiy ahamiyatga ega, balki o‘zbek
tilining tarixiy rivojlanishi, matnshunoslik va kitobatchilik san’atini o‘rganishda nodir
manba hisoblanadi. “Meʼrojnoma”ning turkiy tilga o‘girilganligi va xalqchil tilda
yozilganligi uning keng omma uchun tushunarli bo‘lishiga xizmat qiladi. Ushbu

maqola “Meʼrojnoma” asari misolida eski uyg‘ur xatining yozuv prinsiplarini tahlil

qilishga bag‘ishlanadi. Maqolada yozuvning tuzilishi va temuriylar davridagi o‘rni

yoritiladi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Pavet de Courtaille o‘zining “Miradj-nameh. Le manuscrit Oigour de la
Biblitotheque Nationale Paris” asarida “Meʼrojnoma”ning uyg‘ur yozuvidagi
qo‘lyozmasini tahlil qilib, uning matnshunoslik va tarixiy ahamiyatini keng yoritgan.
Muallif ushbu asarning tili, yozuv xususiyatlari va diniy mazmunini o‘rganib, uning
turkiy xalqlar adabiyotidagi o‘rnini ta’kidlaydi. Shu bilan birga, Q. Sodiqov “The old
uygur-writing manuscript in the funds of the national library of France” maqolasida
Fransiya Milliy kutubxonasidagi uyg‘ur yozuvli qo‘lyozma haqida ma’lumot beradi.
U “Meʼrojnoma”ning temuriylar davridagi tarjimasi va kitobatchilik san’atidagi
o‘rnini tahlil qilib, asarning xalqchil tilda yozilganligi va keng ommaga
mo‘ljallanganligini alohida e’tiborga oladi. Ikkala manba ham “Meʼrojnoma”ning
eski uyg‘ur xati va o‘zbek adabiyoti tarixidagi muhimligini ko‘rsatuvchi muhim
tadqiqotlardir.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda “Meʼrojnoma” asarining eski uyg‘ur xatidagi qo‘lyozmasi
tarixiy, adabiy va matnshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Asarning yozuv
prinsiplari va tilini o‘rganish uchun filologik va paleografik usullar qo‘llaniladi.
Qo‘lyozmaning temuriylar davridagi ijtimoiy-madaniy ahamiyati tarixiy hujjatlar va
arxeografik manbalar asosida ko‘rib chiqiladi. Tadqiqotda asarning turkiy tilga
tarjima xususiyatlari va xalqchil tilda yozilganligi sifat tahlili orqali baholanadi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Turkiy yozuv sanʼati tarixida temuriylar davri alohida oʻrin tutadi. Temuriylar
homiyligida kitobat sanʼati rivojlangan edi. Temuriylar davlatining yirik madaniy
shaharlarida xattotlik maktablari yuzaga kelib, bu davrda yozuv madaniyati, xattotlik
sanʼati ham rivojlandi. Temuriylar hukmronligida arab xati bilan bir qatorda, eski
uygʻur yozuvi, ham keng ishlatilgan. Temuriylar davrida bitilgan, turkiy kitobat
sanʼati tarixida nodir sanalgan yodgorliklardan biri oʻz davrining yirik madaniyat
markazlaridan boʻlgan Hirotda Abu Malik baxshi koʻchirgan uygʻur yozuvli
qoʻlyozmadir. Qoʻlyozma kitob hozir Parijdagi Fransiya Milliy kutubxonasida
saqlanmoqda. Qoʻlyozmada “Meʼrojnoma” hamda Farididdin Attorning “Tazkiratu-lavliyo” asarlari oʻrin olgan. Ushbu majmuadan 1b - 68a sahifalariga “Meʼrojnoma”,
69b-264b sahifalariga esa “Tazkiratu-l-avliyo” asari bitilgan. Uygʻur xatidagi nusxa
temuriylar davrining iqtisodiy, siyosiy, madaniy sohalari rivojlangan Shohrux Mirzo
davrida yozilgan. Turkiy til va adabiyotni oʻrganishda qimmatli va nodir yozma

yodgorliklardan biri sanalgan ushbu qoʻlyozmaning muqovasi va gʻilofi qalin

jigarrang charmdan ishlangan. Muqovaning oʻrtasida bodom shaklida shamsa

mavjud. Shamsaning ichida gullar shaklini koʻrish mumkin. Oʻsha kezlarda

muqovasozlikda urf boʻlgan shamsaning usti va ostida lolalar ishlanmagan.

Shuningdek, muqovaning ustki va pastki burchaklariga ishlanadigan lachaklar ham

mavjud emas. Qopqoqning oʻrta qismiga yumaloq shaklidagi boʻrtma naqsh

ishlangan. Muqovaning ichki tomonida arab yozuvida ‫ طشقون‬(Ṭāšqun) soʻzi yozilgan.

Mazkur nomdan muqovasozning ismini bilishimiz mumkin. Muqovaning yon va

ichki qismida qoʻlyozmaning inventar raqami koʻrsatilgan.

Qoʻlyozma Hirot qogʻoziga koʻchirilgan, sargʻish rangda. Qoʻlyozmaning

“Meʼrojnoma” qismida jami oltmishta miniatyura mavjud boʻlib, deyarli har bir

matnli varaq orasida boʻsh varaq qoldirilgan. “Tazkiratu-l-avliyo” qismida esa

miniatyura mavjud emas, boʻsh varaqlar ham yoʻq. Qoʻlyozmaning “Meʼrojnoma”

qismidagi boʻsh varaqlar qogʻozining sifati va rangi asosiy matn yozilgan

varaqlardan farqli. Professor Q. Sodiqov fikriga koʻra, boʻsh qoldirilgan varaqlar

miniatyura boʻyoqlarini himoyalash hamda varaqlarning bir-biriga yopishib qolishini

oldini olish maqsadida qoldirilgan (Sadikov K., 2018: 66). Darhaqiqat, boʻsh

varaqlarning baʼzi joylarida turli ranglardagi miniatyura boʻyoqlarining kichik

dogʻlarini koʻrish mumkin. Matnli varaqlarda poygirlar mavjud. Bu esa, professor

Q..Sodiqov tomonidan bildirilgan yuqoridagi fikr toʻgʻriligini tasdiqlaydi.

Qoʻlyozmadagi “Meʼrojnoma” qismining birinchi betida Hirot kitobatchiligiga

oid unvon ishlangan boʻlib, uning markaziy qismiga eski uygʻur yozuvida zarhal

harflar bilan “Rasūl alayhissalām Me’rājγa barγanï” (Paygʻambar alayhissalomning

Meʼrojga borgani) deb asar nomi yozilgan. Uch chiziqli jadval ichida asosiy matn

yozilgan. Tashqi chiziq och havo rangda, qolgan ikki ichki chiziqlar zarhal rangda.

Uygʻur xatidagi matn oʻngdan chapga qarab yozilgan. Miniatyurasiz betlarda matn 17

qatorni tashkil etadi. Miniatyura ishlangan betlarning koʻproq qismini esa tasvir

egallagan boʻlib, matn kamroq oʻrinni egallagan. Matndagi Täŋri, Muhammad va

rasūl soʻzlari zarhalda yozilgan. Matnda uchraydigan oyat va hadislardan parchalar

esa qizil rangli siyoh bilan arab tilida, kufiy xatida bitilgan.

Majmuadagi soʻnggi matn yozilmagan sahifaning pastki oʻng burchak qismida

1980-yilda taʼmirlangani haqida maxsus yozuv mavjud.

“Meʼrojnoma” asarining uygʻur yozuvli qoʻlyozmasida matnli va miniatyurali

sahifalar tepasidagi sarlavhalar arab tilida yozilgan. Sarlavhalar zarhal ranglar bilan

suls xatida bitilgan. Arab tilidagi sarlavhalar ham ikki chiziqli jadvalga olingan.

Tashqi chiziq och havo rangda, ichki qiziq zarhalda. Mazkur arabcha sarlavhalar

ostida qora siyoh bilan yozilgan eski uygʻur yozuvining yugurik xat turidagi matn va

miniatyura joy olgan. Istanbulga keltirilgandan keyin asarning boʻsh joylariga qora

siyoh bilan bitilgan arab yozuvining suls xat turida usmoniy turkchasida matnlar

qoʻshilgan. Mazkur bitiklar asosan tepa qismda arabcha sarlavha va uygʻur xatidagi

asosiy matnning oʻrtasiga, shuningdek, sahifaning tagiga, hoshiyasiga yoki boʻsh

qoldirilgan varaqlarga yozilgan. Ushbu bitiklar keyinroq boshqa xattot tomonidan

yozilgan boʻlib, unda arab tilidagi sarlavhaning turkiy tarjimasi berilgan. Asosiy

matndagi qizil rangli arabcha yozuv bilan hoshiyalarga bitilgan arab yozuvini

qiyoslaganda uslubdagi farq yaqqol koʻzga tashlanadi.

Uygʻur yozuvli qoʻlyozmaning “Meʼrojnoma” qismini fransuz sharqshunosi

Pave de Kurteyl 1882-yilda fransuz tiliga tarjima qilgan hamda arab yozuviga

transliteratsiyasini amalga oshirib, Parijda nashr qildirgan. Keyinroq, 1889-yilda

“Tazkiratu-l-avliyo” qismini ham nashr qildirgan. Pave de Kurteylning

“Meʼrojnoma” asarini arab yozuviga transliteratsiyasini alohida eʼtirof qilish lozim.

Bu oʻsha davr uchun juda katta ilmiy yangilik edi. Biroq, bugungi kun nuqtayi

nazaridan qaraganda bunday deya olmaymiz. Zamonaviy matnshunoslikda matnning

ilmiy transkripsiyasi muhim oʻrin tutadi. Sababi, bunda matn aniq va xatosiz oʻqiladi,

ilmiy auditoriya uchun qulay va samaralidir.

Saodat Chigʻatoy ham oʻzining “Türk lehçeleri örnekleri” asarida “Meʼrojnoma”

asari haqida toʻxtalgan (Çağatay S., 1950:160-165). U tadqiqotida Pave de

Kurteylning Parij nashrini asos qilib olgan va arab harflaridan lotin harflariga

oʻgirgan. Natijada bir qator kamchilik va xatolar yuzaga kelgan.

Parijda saqlanayotgan uygʻur yozuvli “Meʼrojnoma” asarining muqaddimasi

muxtasar boʻlib, muqaddima Allohga hamd bilan boshlanadi:

Šukr-u sipas va sitāyiš ul qādir-i lam yazal, on sekiz miŋ ʻālamnï yaratqan,

törütkän, munazze, bir-u bar, erklig Täŋri taʻālāγa jalla jalāluhu va taqaddasa

asmauhu vala ilāha γayruhu.“Shukr va hamd Ul abadiy qodir, oʻn sakkiz ming

olamni yaratgan, tartibga keltirgan, pok, bir-u bor hukmdor, Undan oʻzga iloh

boʻlmagan Tangri taologa (buyukligi yuksalsin va ismlari muqaddas boʻlsin).

Shundan soʻng qisqa naʼt bitilgan:

Yana yüz miŋ salāvat va tahiyyat Täŋri taʻālānïŋ ḥabībï, yüz yigirmi tört miŋ

payγambarnïŋ sardārï Muḥammad rasūlullāhnïŋ jānïnγa tegsün. Öküš raḥmat rasūl

ʻalayhissalāmnïŋ avlādï bilä čahāryārïγa tegsün. Rizvānullāhi ʻalayhim ajmaʻin

(“Yana yuz ming salavot va tahiyyat Tangri taoloning habibi, yuz yigirma toʻrt ming

paygʻambarning sardori Muhammad rasulullohning ruhiga yetsin. Koʻpdan-koʻp

rahmat rasul alayhissalomning avlodi bilan chahoriyoriga yetsin. Ularning

barchasidan Alloh rozi boʻlsin”) (Courtaille A., 1882: 6).

Naʼt qismidan soʻng kitobning yozilish sababi bayon qilingan:

Emdi bilgil-kim, bu kitābnïŋ atï “Me’rājnāma” turur. “Nahju-l-farodis” atlïγ

kitābdïn türk tiligä ewürdük, köp kišilärgä fāyda tegsün tep. Täŋri taʻālānïŋ tavfīqï

birlä tamām bitilip, xalāyiqnïŋ köŋli közigä širin körüngäy (Endi bilginki, ushbu

kitobning nomi “Meʼrojnoma”dir. “Nahju-l-farodis” (“Jannat bogʻlariga yoʻl”) nomli

kitobdan koʻp kishilarga foydasi tegsin deb, turkiy tilga oʻgirdik. Tangri taoloning

izni ila tugal yozilib, xaloyiqning qalb koʻziga totli koʻringay) (Courtaille A., 1882: 6).

Qoʻlyozmaning “Meʼrojnoma” qismi kolofonida kotibning tilagi keltirilib,

quyidagi soʻzlar bilan tugallangan:

Täŋri ta’ālā barčaγa yaxšïlïq tāʻat tavfīqïnï bersün taqï tamuγ azābïdïn āzād

qïlsun, učmaq rozī qïlsun. Āmīn, yā rabbil-ʻālamīn (Tangri taolo barchaga yaxshilik,

toat tavfiqini bersin hamda doʻzax azobidan panohida asrab, jannatni nasib etsin.

Omin! Ey olamlar Robbisi!) (Courtaille A., 1882: 95).

Majmuaning “Meʼrojnoma” qismidagi kolofonda yuqoridagi jumlalardan soʻng

sana keltirilmagan. Qoʻlyozmadan oʻrin olgan Fariduddin Attorning “Tazkiratu-l-

avliyo” qismidan soʻng yozilgan uchburchak shakldagi kolofonda esa quyidagi sana

keltirilgan:

Taẓkirada bitilgän mašāyix avliyālarnïŋ hikāyat sözläri tügätildi. Tarix säkiz yüz

qïrqta, at yïl, jumadul-axir aynïŋ onïda Harüdä Abū Malik baxšï bitidim (Tazkirada

yozilgan mashoyix avliyolarning hikoya qilgan soʻzlari tugatildi. Tarix sakkiz yuz

qirqda, ot yili, jumadu-l-oxir oyining oʻninchisida Hirotda Abu Malik baxshi yozdi)

(Courtaille A., 1882: 95). Qoʻlyozmada hijriy 840-yil 10 jumadu-l-oxirgi oyiga qayd

etilgan boʻlib, bu sana milodiy 1436-yil 19-dekabr kuniga toʻgʻri keladi. Majmuadagi

har ikkala asarni koʻchiruvchi kotib bir kishi boʻlgan. Shundan kelib chiqib, mazkur

tarixda koʻrsatilgan yil qoʻlyozma tarkibidagi “Meʼrojnoma” uchun ham taalluqliligi

va asar shu yilda koʻchirilganini xulosa qilish mumkin.

Maʼlumki, oʻtmishda baxshi soʻzi asosan kotiblarga nisbatan aytilgan. Ushbu

atama qadimgi turk budda, moniy diniy jamoalarida “ustoz, murabbiy, muallim”

maʼnolarida ishlatilgan. Zamonasining xat-savodli, oʻqimishli kishilariga nisbatan

qoʻllangan bu soʻz keyinchalik turkiy tilda va uygʻur xatida bituvchi kotiblarning

nomida saqlanib qoldi. Hozirgi oʻzbek tilida esa baxshi soʻzi “xalq dostonchisi,

baxshi”ni bildiradi. Ayrim oʻzbek shevalarida “tabib” hamda “folbin”ni

ham baxshi deyishadi (Sodiqov Q., 2009: 43).

Alisher Navoiy haqida maʼlumot qoldirgan tarixiy asarlardan biri Mirzo

Muhammad Haydarning “Tarixi Rashidiy” asari boʻlib, u XVI asrga oid qimmatli

materiallarga boy, Sharqiy Turkiston (Qashqar), Oʻrta Osiyo va Qozogʻiston,

Afgʻoniston va Hindiston kabi oʻlkalar tarixiga bagʻishlangan. Jumladan, “Tarixi

Rashidiy” asarida Navoiy haqida shunday maʼlumotlar keltirilgan: “Uning asli uygʻur

baxshilaridandir. Otasini Kichkina der edilar. Oddiy kishi edi... Birorta ham fozil

yoʻqki, uning tarbiyasini koʻrmagan boʻlsa. U juda madaniyatli, oʻtkir fahmli,

noziktaʼb odam edi va hammaning oʻzidek boʻlishini xohlardi. Bu esa koʻpchilikka

qiyinchilik tugʻdirib, oʻrtada har xil xafachiliklarga sabab boʻlardi. Mir Alisherda

noziklik va tez xafa boʻlishdan oʻzga ayb topmaydilar (Sirojiddinov Sh., 2011: 204-

205). Shuningdek, Mirzo Muhammad Haydar oʻz asarining toʻqson ikkinchi faslida

Mir Alisher Navoiy toʻgʻrisida maʼlumot bera turib, “Ularning otalarini “andakkina

baxshi” deydurlar” deb yozgan edi. Tarixchining bu yozganlari Navoiyning otasi

baxshi (kotib) oʻtganidan darak beradi; uni Gʻiyosiddin baxshi ataganlari ham bejiz

emas. Shundan kelib chiqib, Navoiyning bobolari, otasi ham, uygʻur xatini yaxshi

bilgan va qoʻllagan deyishimiz mumkin. Navoiy ham yoshlik yillari uygʻur xatini

yaxshigina oʻzlashtirgan, ilk sheʼrlari ichida oʻsha yozuvda bitilganlari ham boʻlishi

kerak, keyinchalik zamon oʻzgarishiga qarab, arab yozuviga eʼtibori ortgan koʻrinadi

(Sodiqov Q., 2018: 54-55).

Parijda saqlanayotgan “Meʼrojnoma” asari oʻziga xos xususiyati bilan ajralib

turadi. Asarda Alloh Täŋri taʻālā birikmasi bilan keltirilgan boʻlib, yaratganni

ulugʻlash maʼnosida biron jumlada ushbu birikma kelib qolsa, matn yozish uchun joy

boʻlsa ham yangi qatordan boshlab yozilgan. Asar matnida eski uygʻur alifbosida

yozilgan arabcha soʻzlarni toʻgʻri oʻqish uchun xattot Abu Malik baxshi ayrim

soʻzlardagi arab tiliga xos harflar ostiga, kichik qilib arab xatida oʻsha harflarning

alohida koʻrinishini yozib ketgan. Masalan, Muḥammad, ḥabib, raḥmat soʻzlarini

uygʻur xatida yozarkan, soʻzidagi arabcha ‫ ح‬(ḥ) tovushini uygʻur yozuvidagi h harfi

bilan ifodalagan va shu harf ostiga “shunday oʻqiladi” degan mazmunda arab

alifbosidagi ‫ح‬(ḥ) harfini yozgan. Shuningdek, huva, ilaha, alayhi soʻzlaridagi ‫ه‬(h),

Baγaviy soʻzidagi (γ) tovushlarini ham h harfi bilan ifodalagan va soʻzlardagi shu harf

ostiga arab alifbosining ‫ ه‬(h) va ‫غ‬(γ) harflarining alohida koʻrinishini yozib ketgan.

Bundan tashqari ‫ ع‬harflari qatnashgan soʻzlarda ham shunday holni kuzatish

mumkin: Asar matnidagi koʻp takrorlangan ta’ālā soʻzi, ālamīn, alayhi, Me’rājnāma

soʻzlaridagi ‫‘)ع‬ayn) tovushini uygʻur yozuvidagi a harfi bilan ifodalab, ostiga ‫ع‬(ʻa)

harfini yozgan. Agar bir sahifada ana shunday arabcha soʻz yana kelsa, takror kelgan

soʻz boʻlgani uchun soʻz ostiga izoh vazifasini bajaruvchi arabcha harflar

yozilmagan.

Ayrim arabcha soʻzlardagi tashdidli qoʻsh undoshni uygʻur yozuvida

ifodalaganda ham bir undosh yozilib, ustiga tashdid belgisi qoʻyilgan: Xattot asarning

hamd qismida munazze soʻzini yozarkan, bitta z harfi yozgan va ikkilantirib oʻqilishi

uchun ustiga tashdid belgisini qoʻygan. Biroq, matnda eski uygʻur xatida Allah,

ummat kabi qoʻsh undoshlari ikkitadan yozilgan arabcha soʻzlar ham uchraydi.

Shuningdek, m tovushini ifodalovchi eski uygʻur alifbosidagi “ma” harfi soʻz

oxirida kelganda koʻpincha satr ustida yozilgan boʻlsa, baʼzan satr ostiga tushirib

yozilgan holatda ham uchraydi.

Matnda soʻz boshi va birinchi boʻgʻinda old qator “ingichka” [ö], [ü] unlilarini

ifodalash uchun qoʻshaloq belgidan foydalanilgan. Bunda dastlab “wa” harfi yozilib,

unga “ya” harfi ulangan. Old qator lablangan “ingichka” [ö], [ü] unlilari orqa qator

lablangan “yoʻgʻon” [o], [u] unlilaridan shu usul bilan farq qilgan. Masalan: Uluγ

köŋül tütmängiz! Jumladagi köŋül soʻzining birinchi boʻgʻinidagi [ö] unlisini

ifodalash uchun “wa” harfi yozilib, unga “ya” harfi ulangan. Soʻzning ikkinchi

boʻgʻinidagi [ü] unlisini ifodalash uchun esa faqat “wa” harfi yozilgan.

Shu bilan birga, asar matnida“wa” harfidan keyin “ya” harfi kelsa, kontekstga

qarab birinchi boʻgʻinda old qator “ingichka” [ö], [ü] unlilarini emas, balki, birinchi

kelgan “wa” harfi orqa qator lablangan “yoʻgʻon” [o], [u] unlisini, undan keyin

kelgan “ya” harfi esa [y] undoshini bildirgan. Masalan: Farmānγa boyun sününgüz!

Jumladagi boyun soʻzida ham“wa” harfidan keyin “ya” harfi yozilgan. Biroq,

kontekstdan kelib chiqib bu belgilarning har biri alohida tovushni anglatuvchi

harflarni bildiradi. Shunday qilib, soʻzdagi “wa” harfi boyun soʻzidagi “yoʻgʻon” [o]

unlisini bildirsa, “ya” harfi soʻzdagi [y] undoshini bildiradi.

Uygʻur alifbosida jami 18 ta harf boʻlib, Mahmud Qoshgʻariy oʻzining “Devonu

lugʻati-t-turk” asarida uygʻur alifbosini keltiradi va har bir shakl ostida arab harflari

bilan ularning maʼnosini ham beradi. Alifboda harflar soni oz boʻlishiga qaramay,

uygʻur yozuvining imlo prinsiplari puxta ishlangan. Qator harflarga bir emas, bir

qancha tovushni ifodalash vazifasi yuklatilgan. Ayniqsa, yozuvning keyingi

bosqichida (XI-XV asrlarning yodgorliklarida), baʼzi tovushlarni farqlash maqsadida

qoʻshimcha nuqta va ishoralardan unumli foydalanilgan. Puxta imlo va qoʻshimcha

grafik vositalar yozuvning imkoniyati kengligiga dalolat beradi. Shuning uchun ham

uygʻur xati uzoq yuz yilliklar mobaynida turkiy tilning fonetik-orfoepik talablarini

bemalol qondirib keldi (Sodiqov Q., 2009: 98).

Uygʻur yozuvida yozilgan “Meʼrojnoma” asarida ham bir harf bir nechta

tovushni ifodalaganini kuzatish mumkin. Asarda quyidagi tovushlar bir xil harflar

orqali ifodalangan: b – p, k – g, x – γ , č– j – z, w – f. Sonor ŋ esa yozuvda ikki harf

(n+k) bilan berilgan.

Bundan tashqari soʻz oxirida kelgan i unlisini bildiruvchi ya harfi ayrim hollarda

soʻzga qoʻshilib yozilsa, baʼzan soʻzga qoʻshilmasdan alohida yozilgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Umuman, turkiy xalqlarning yozuv madaniyati tarixida uygʻur xatining
ahamiyati katta. Bu yozuvning mintaqada tarqalishi va taraqqiyoti davomida
temuriylar davri alohida ahamiyat kasb etadi. Uygʻur xatining ijtimoiy-siyosiy,
madaniy hayotdagi oʻrnini belgilashda, rasmiy va diplomatik munosabatlardagi
mavqeini taʼminlashda temuriylarning xizmati katta boʻldi. Turkiy tildagi
“Meʼrojnoma”ning uygʻur yozuvli nusxasi Temuriylar davrida yozilgan oʻzbek

matnshunosligi, tili, adabiyoti va oʻzbek kitobatchilik sanʼatini oʻrganishda nodir

yozma obidalardan biridir.

Tarixiy, badiiy, diniy, ilmiy mavzularni oʻzida jamlagan “Meʼrojnoma”

muqaddimasida kelgan jumlalar hamda asar matnining nihoyatda xalqchil tilda

bitilganligi asarni turkiy tilga oʻgirilish sababini koʻrsatadi. “Meʼrojnoma”ni turkiy

tilga oʻgirishdan asosiy maqsad – oddiy aholi ham asarni oʻz tillarida oʻqib

tushunishlari va ular uchun foydali boʻlishi koʻzlangan. “Meʼrojnoma”ning turkiy

tildagi tarjimasi oʻzbek tarjima maktabida uzoq yillik tarixga egaligini koʻrsatadi.

Shu o‘rinda ba’zi takliflarni ham bildirib o‘tmoqchiman:

1. “Meʼrojnoma” asarining uyg‘ur yozuvidagi nusxalarini zamonaviy o‘zbek

tiliga transliteratsiya qilib, keng ommaga yetkazish uchun raqamli platformalarda

nashr etish;

2. Temuriylar davri adabiyoti va uyg‘ur xati o‘rganiladigan maxsus o‘quv

dasturlarini oliy ta’lim muassasalarida joriy etish, shu orqali yosh avlodda o‘zbek

tilining tarixiy ildizlari va yozuv madaniyatiga qiziqishni oshirish.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
1. Ан-Наим. (2003). Арабча-ўзбекча луғат. – Тошкент.
2. Древнетюркский словарь (1969). – Ленинград.
3. Эркинов А. (2009). Матншунослик асослари. – Тошкент.
4. Pavet de Courtaille. (1882). Miradj-nameh. Le manuscrit Oigour de la
Biblitotheque Nationale Paris.
5. Sadikov K. (2018). The old uygur-writing manuscript in the funds of the
national library of France // The Light of Islam: Vol. 1.
6. Сирожиддинов Ш. (2011). Алишер Навоий: манбаларнинг қиёсийтипологик, текстологик таҳлили. – Тошкент.
7. Sodiqov Q. (2009). Turkiy til tarixi. – Toshkent.
8. Содиқов Қ. (2008). Эски туркий ёзувлари. – Тошкент.
9. Содиқов Қ. “Меърожнома”: тилимиз ва адабиётимизнинг нодир
намунаси // «Даракчи». № 2. 11.01.2018.
10. Содиқов Қ. (2009). Эски туркий ёзувлар. – Тошкент.
11. Çağatay Saadet. (1950). Türk lehçeleri örnekleri. – Аnkara.

REFERENCES:
1. An-Naim. (2003). Arabcha-o‘zbekcha lug‘at. – Toshkent. (In Uzbek)
2. Drevnetyurkskiy slovar. – Leningrad, 1969.
3. Erkinov A. (2009). Matnshunoslik asoslari. – Toshkent. (In Uzbek)
4. Pavet de Courtaille. (1882). Miradj-nameh. Le manuscrit Oigour de la
Biblitotheque Nationale Paris. (In France)

5. Sadikov K. (2018). The old uygur-writing manuscript in the funds of the

national library of France // The Light of Islam: Vol. 1. (In France)

6. Sirojiddinov Sh. (2011). Alisher Navoiy: manbalarning qiyosiy-tipologik,

tekstologik tahlili. – Toshkent: Akademnashr. (In Uzbek)

7. Sodiqov Q. (2009). Turkiy til tarixi. – Toshkent. (In Uzbek)

8. Sodiqov Q. (2008). Eski turkiy yozuvlari. – Toshkent. (In Uzbek)

9. Sodiqov Q. “Me’rojnoma”: tilimiz va adabiyotimizning nodir namunasi. –

«Darakchi». № 2. 11.01.2018. (In Uzbek)

10. Sodiqov Q. (2009). Eski turkiy yozuvlar. – Toshkent. (In Uzbek)

11. Çağatay Saadet. (1950). Türk lehçeleri örnekleri. – Аnkara. (In Turkish)