ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Uyg‘ur-o‘zbek shoiri Nasrulloh Qori Farhatiy hayoti va faoliyati, adabiy merosi

Karimova Shahlo G‘aniyevna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

UYG‘UR-O‘ZBEK SHOIRI NASRULLOH QORI FARHATIY HAYOTI,

FAOLIYATI VA ADABIY MEROSI

LIFE, ACTIVITIES, AND LITERARY LEGACY OF THE UYGHUR-UZBEK
POET NASRULLOH QORI FARHATIY

ЖИЗНЬ, ДЕЯТЕЛЬНОСТЬ И ЛИТЕРАТУРНОЕ НАСЛЕДИЕ УЙГУРСКО-
УЗБЕКСКОГО ПОЭТА НАСРУЛЛОХА КОРИ ФАРХАТИЯ

Karimova Shahlo G‘aniyevna
Oriental Universiteti

Uzluksiz ta’lim pedagogikasi dotsenti
Tel.: +998 90 185-69-13

E-mail: shkarimova1984@gmail.com
ORCID ID: https://orcid.org/0009-0000-5380-4852

Annotatsiya: Mazkur maqolada XX asr boshlaridagi Sharqiy Turkistondagi
adabiy muhitda o‘zbek adiblarining ijodi va ilk bor o‘zbek jamoatchiligiga XX asr
boshlari Toshkentda tug‘ilgan, turmush taqozosi bilan G‘uljada yashab ijod etgan
o‘zbek shoiri Nasrullo qori Farhatiy hayot faoliyati va ijodiy yo‘li tanishtiriladi.
Oilaviy muhiti va turmush sabablariga ko‘ra Sharqiy Turkiston, Qashqar,
Yorkentlarga borib qolishi, G‘uljada muqim yashab ijod qilishi, “Namuna” maktabida
bastakor va shoir sifatida, shuningdek, “O‘zbeklar jamiyati” da oz sonli millatlarning
huquq va majburiyatlarini himoya qilishdagi xizmatlari e’tirof etiladi. Shoirning
bolaligi va o‘smirlik davrlaridanoq mumtoz adabiyotga qiziqishi, G‘uljada ham
o‘zbek mumtoz she’riyat an’analarini dadillik bilan davom ettirishi haqida ma’lumot
beriladi.

Kalit so‘zlar: shoir, adabiy muhit, badiiylik, ijodkor mas’uliyati, ijtimoiy hayot,
davr kayfiyati, insoniy tuyg‘ular, g‘azal, poetik shakl va mazmun, taxmis, hajv,
marsiya.

Abstract: This article introduces the Uzbek public for the first time to the life
and creative journey of Nasrullo qori Farkhati, an Uzbek poet born in Tashkent at the
beginning of the 20th century who lived and worked in Ghulja (Yining). Due to his
family background and circumstances, he traveled to East Turkistan, Kashgar, and
Yarkand, eventually settling and working in Ghulja. There, his contributions as a
composer and poet were recognized by the “Namuna” school and the “O‘zbeklar
jamiyati” organization for their work in protecting the rights and obligations of
national minorities. The article explores the poet's lifelong interest in classical
literature, his love for poetry cultivated through reading exemplary works of classical
Eastern art, and his literary heritage shaped by the lessons he received from his

mentors. It analyzes his poems, inspired by the works of Sa’di, Navoi, Babur, and

Muqimi, as well as his verses on social themes and satirical pieces imbued with bitter

laughter and sharp wit. A sample of his correspondence with his mentor, Miskin,

reflecting their creative and personal relationship – “Xat keldi” – is published for the

first time for the literary community.

Key words: poet, composer, teacher, literary environment, creative

responsibility, social life, mood of the era, ghazal, art, Kashgar, Gulja, “Namuna”

school, Uzbek society, takmis, satire, lament.

Аннотация: В статье впервые узбекской общественности представлен
жизненный и творческий путь узбекского поэта Насрулло кори Фархати,
родившегося в Ташкенте в начале XX века, но жившего и творившего в
Кульдже. В силу семейных обстоятельств он побывал в Восточном Туркестане,
Кашгаре и Яркенде, поселился и работал в Кульдже, где его заслуги как
композитора и поэта были отмечены школой «Намуна», а также организацией
«Узбеклар жамияти» в деле защиты прав и обязанностей национальных
меньшинств. В статье рассказывается об интересе поэта к классической
литературе с детства и юности, о его любви к поэзии, возникшей в результате
чтения замечательных образцов классического восточного словесного
искусства, и о его творческом наследии, сформированном под влиянием уроков,
полученных им от своих учителей. Анализируются его стихи, вдохновлённые
произведениями Саади, Навои, Бабура и Мукими, стихи на социальные темы,
сатирические строки, пронизанные горьким смехом и острым остроумием.
Образец его переписки с наставником в творчестве и жизни Мискином –
«Пришло письмо» – впервые публикуется для литературной общественности.

Ключевые слова: поэт, композитор, учитель, литературная среда,
творческая ответственность, общественная жизнь, настроения эпохи, газель,
искусство, Кашгар, Кульджа, школа «Намуна», узбекское общество, тахмис,
сатира, плач.

KIRISH
Jahon adabiyotida kuzatiladigan umumiy tamoyillar singari, uyg‘ur adabiyoti
ham ko‘p asrlik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi. U o‘zining tarixiy shakllanish
jarayonida betakror an’analarni mustahkamlab, badiiy salohiyatini muntazam
ravishda takomillashtirib kelmoqda. Xususan, Sharqiy Turkiston hududida joylashgan
Qashqar, Yorkent, Xo‘tan va G‘ulja kabi nufuzli madaniy-ma’rifiy markazlar o‘z
zamonasida so‘z san’atining yuksalishiga katta hissa qo‘shgan. Mazkur markazlarda
shakllangan mumtoz adabiy meros avloddan-avlodga o‘tib, milliy badiiy
tafakkurning kamolotini ta’minlab kelmoqda. Uyg‘ur adabiyoti o‘z tarixi davomida
jahon adabiyotining ajralmas bir qismi sifatida rivojlanib, ko‘plab xalqlar adabiyoti

bilan o‘zaro ta’sirchan aloqalarni yo‘lga qo‘ygan. Bir tomondan, u qardosh turkiy

xalqlarning (turkman, ozarbayjon, qozoq, qirg‘iz va boshqalar) adabiy an’analari

bilan uzviy bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan, fors-tojik, arab hamda xitoy

adabiyotlari bilan ham samarali ta’sirlashuvda bo‘lgan. Bu o‘zaro ta’sirlar natijasida

uyg‘ur adabiyoti nafaqat o‘zining milliy xususiyatlarini saqlab qolgan, balki

umuminsoniy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan badiiy namunalar yaratishga

muvaffaq bo‘lgan.

Shu jihatdan, uyg‘ur adabiyoti jahon adabiyoti durdonalari qatorida o‘z o‘rniga

ega bo‘lib, uning rivojiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda. Ahamiyatli tomonlardan

biri shundaki, tarixan uyg‘ur adabiyotiga yaqin hamkorlikda rivojlangan adabiyot bu

o‘zbek adabiyotidir. Ilk taraqqiyot bosqichlaridan boshlab, bu ikki adabiyot o‘zaro

ta’sirda, badiiy g‘oyaviy aloqalar asosida rivojlangan va bu jarayon bugungi kunga

qadar izchil davom etib kelmoqda. Har ikki adabiyot bir-biridan suv ichdi, biri-

biridan ilhomlandi, ma’naviy oziqlandi. Salaf ijodkorlar o‘zidan keyin maydonga

chiqqan shoirlarga ustoz bo‘ldi, ijodi ibrat maktabi vazifasini o‘tadi. Shulardan biri

Nasrullo qori Farhatiydir.

Farhatiy taxallusi bilan ijod qilgan shoir, bastakor, pedagog Nasrulloh Qori

hozirgi zamon Sharqiy Turkiston adabiyotining asoschilaridan biri va taniqli

namoyandasidir.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Uyg‘ur-o‘zbek adabiyoti va ular o‘rtasidagi adabiy aloqalar haqida kam ishlar
amalga oshirilgan. Jumladan, ilk urinishlar S. Mallaudov (Маллаудов S., 1980: 147)
va U. Mamatoxunov ishlarida ko‘zga tashlanadi (Mamatoxunov U., 1960: 114).
Navoiy ijodining uyg‘ur adabiyotiga ta’siri haqida H. Solihova (Solihova H., 1995:
154) R. Qodiriy (Qodiriy R., 1963: 56-60) ilmiy chiqishlarida u yoki bu jihatdan
yoritilgan. Dissertatsiyamizda ham uyg‘ur-o‘zbek adabiy aloqalari, jumladan XX asr
boshlaridagi uyg‘ur shoirlarining o‘zbek shoirlariga naziralari-o‘xshatmalari tahlil
qilinib, muhim xulosalar bergan edik (Karimova Sh., 2018: 123).
Sharqiy Turkistonda esa o‘zbek adabiyotini o‘rganish masalalari oz sonli
millatlar adabiyotini o‘rganish borasida amalga oshirilgan ishlar mavjud. Farhatiy
umrbayoni to‘g‘risidagi, uning adabiy faoliyati haqidagi ma’lumotlar ilk bor Sharqiy
Turkistondagi o‘zbek adiblari ijodi bilan shug‘ullanib kelgan Qodir Akbarning
tadqiqotlarida, ilmiy izlanishlari natijasi jamlangan kitobda (Qodir Akbar, 1995: 213),
Shinjong Universiteti professori ko‘p yillar oz sonli millatlar adabiyoti tadqiqotchisi
Hurmatjon Fikratning “Shinjong o‘zbek adabiyoti tarixi” darsligida (Hurmatjon F.,
Qodir A., 2005: 258) uchraydi. Farhatiy ijodi bo‘yicha esa mahalliy biror tadqiqot
uchramaydi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI

Tadqiqot metodologiyasi Nasrullo qori Farhatiyning hayoti va ijodini o‘zbek

jamoatchiligiga ilk bor taqdim etish orqali XX asr boshlari Sharqiy Turkiston o‘zbek

adabiy muhitini yoritishdan iborat bo‘lib, shoirning qo‘lyozma she’rlari (1924–1940-

yillar, G‘ulja arxivi nusxalari), Miskin bilan “Xat keldi” yozishmasi, avtobiografik

eslatmalari hamda Qodir Akbar (1995), Hurmatjon Fikrat va boshqalar (2005)

tadqiqotlari asosiy manbalar sifatida qo‘llanilgan. Shuningdek, biografik tahlil hayot

yo‘li va ijtimoiy faoliyatni arxiv hujjatlari orqali rekonstruksiya qilgan bo‘lsa, matn

tahlili she’rlarning mazmuni, janri (g‘azal, taxmis, hajv) va ta’sirlarini (Navoiy,

Muqimiy) qiyosiy o‘rganib, kontekstual yondashuv “Namuna” maktabi va

“O‘zbeklar jamiyati” faoliyatini davr voqealari bilan bog‘lagan.

TAHLIL VA NATIJALAR
Nasrullo qori Farhatiyning hayoti va ijodiy faoliyati XX asr boshlari Sharqiy
Turkiston o‘zbek adabiy muhitining o‘ziga xos namoyandasi sifatida baholanadi.
Shoir 1906-yilda Toshkentda tug‘ilgan bo‘lib, oilaviy muhitda diniy va adabiy ta’lim
olgan. 1918-yilda otasining vafotidan so‘ng tog‘asining himoyasida Ko‘kaldosh
madrasasida tahsil ko‘rgan. Shuningdek, Miskin1 bilan yaqin aloqa o‘rnatgan, ustozshogird munosabatlari shakllangan. 1924-yildan boshlab “Mulla To‘qmoq” va
“Farhatiy” taxalluslari bilan she’r yozgan. Eng dastlabki qo‘lyozma nusxalar
Toshkentda yaratilgan (“Kerak”, “Izlamas”). Oilaviy sabablar tufayli Sharqiy
Turkistonga ko‘chib, Qashqar, Yorkent orqali G‘uljada muqim yashagan. Bu yerda
“Namuna” maktabi va “O‘zbeklar jamiyati”da bastakor, shoir va pedagog sifatida
faoliyat yuritgan. (Қодир Акбар, 1995: 213; Hurmatjon Fikrat va Qodir Akbar, 2005:
258)
Shoirning bir she’r daftariga XVIII-XIX asrda yashab ijod qilgan shoirlarning
she’rlari ko‘chirilgan bo‘lib, ularning ichida Nizomiy, Jomiy, Navoiy, Fuzuliy, Bobur,
Huvaydo, Hilvatiy, Muqimiy, Furqat, Haziniy, Miskin, Zavqiy, Mahzun, Akmalxon,
Rojib, Gulshaniy, Fazliy, Kotib, Noqis, Yusuf, Nodir va hatto yaqin davrga tegishli
shoirlar: Hamza Hakimzoda, Xurshid, G‘ulom Zafariy, Sobir Abdullalarning she’rlari
ham uchraydi. Ehtimol, shoir o‘zi yaxshi ko‘rgan shoirlarning she’rlaridan

1 Shoir Miskin (taxallusi; asl ism-sharifi G‘ulomxalil Toshmuhammad o‘g‘li), (1880 - Toshkent - 1937) o‘z
ijodiyotida Muqimiy, Furqatlar boshlagan yo‘ldan borib, xalqni jaholatdan uyg‘otishga chaqiradigan ma’rifatparvarlik
ruhi bilan sug‘orilgan she’rlari bilan o‘zbek adabiyoti tarixida yorqin iz qoldirgan ijodkor bo‘lib, o‘zbek xalqining XX
asrning boshlarida bo‘lgan milliy, ijtimoiy harakatning uyg‘onishida muhim rol o‘ynagan. U o‘z she’rlaridan ikki devon
tuzgan bo‘lib, birinchi devon 1925-yilgacha yaratilgan she’rlarini o‘z ichiga olgan. Keyingi she’rlari bo‘lsa, ikkinchi
devoniga kiritilgandi. Farhatiyning Miskin she’rlarini yodda qolganicha daftariga xotirlab qo‘yishi va uning she’rlariga
muxammas yozgani, G‘uljaga kelgandan keyin ham uning bilan aloqa qilib turganligi har ikkisi o‘rtasidagi
munosabatlarning qanchalik chuqur ekanligidan darak beradi. Miskinning o‘z tarjimayi holini bayon qilib yozgan bir
qism she’rlaridan hayotining bir qismi jafo, mashaqqatda o‘tganligini bilish qiyin emas. 1937-yil olamdan o‘tadi.
Nasrulloh Qori ustozining musibat xabarini garchi kechikibroq eshitgan bo‘lsa ham, o‘z qayg‘usini she’riy yo‘l bilan
izhor qilib, ustoziga marsiya yozadi (Sh.K.)

namunalarni ko‘chirgan bo‘lishi ham mumkin. Bularning orasida Navoiy, Qozi,

Muqimiy, Furqat, Miskin kabi shoirlarning she’rlari eng ko‘p ko‘chirilgan bo‘lib, eng

ko‘p she’riyatga havas qo‘ygan Nasrulloh uchun ustoz bo‘lganligi shubhasiz. Ammo

shoir ko‘proq buyuk salaf ijodkor Navoiydan ilhom olgan, o‘rgangan. (Райҳонов Д.,

1992: 68).

Navoiy g‘azallariga yozgan muxammaslari hatto “Navoiydan tazmin”,

“Navoiydan taqlid”, “Navoiydan o‘xshatma” kabi nomlanishlari bilan uchraydigan

she’rlari shundan darak beradi. U Bobur ruboiy, g‘azallaridan ham juda ko‘p

ilhomlangan bo‘lib, ularga taqlid qilib ham bir qancha she’r yozgan. XIX asrdagi

shoirlardan Muqimiy, Zavqiy ijodiyoti shoir uchun she’riyat maktabi bo‘lgan,

(Karimova Sh., 2018:124) desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shoir arab, fors tillaridan

yaxshi xabardor bo‘lgan. Buni shoirning hozirga qadar matbuotda e’lon qilingan

she’rlaridan ham, masalan, “O‘zgadur”, “Bo‘lgaymi, bo‘lmagay”, “Kelmadi”, “Arz

etaymu etmay”, “Oldirish” va boshqalardan bilish mumkin. Shuningdek, shoirning

she’rlari, uning ijodiyoti haqida kengroq tushuncha hosil qilish ehtiyoji bilan undan

meros qolgan qo‘lyozma holatdagi she’r daftarlarini ko‘rib chiqish jarayonida shoir

she’rlarining ba’zi betlariga forscha yozilib, ko‘chirilgan she’rlar uchraydi. Bularning

ko‘pi Sa’diy, Rumiy, Hofiz, Fuzuliy ijodidagi mashhur yoki shoirga ma’qul baytlari

bo‘lishi ham ehtimol. Ehtimol, shoir fors tilida she’r yozishga harakat qilgan bo‘lishi

ham mumkin. Bu keyingi tadqiqotchilarimiz uchun yana bir ilmiy muammo bo‘ladi.

Shoir 1924-yil Toshkentda vaqtda ijod qilgan asarlaridan biri “Izlamas” radifli

she’rining oxirida shunday yozilgan edi:

Farhato, “Bo‘ston”, “Guliston”din shavq olg‘on kishi
Ikki gulshandin bo‘lak sayri guliston izlamas.
So‘z mulkida gulistonlar ko‘p bo‘lsa-da, lekin bu ikki asar barchasidan ham
go‘zal, badiiy barkamol ekanini, kishilarga zavq ulashishini o‘z she’rlarida aks
ettiradi. Bu shoirning adabiyotga, mumtoz so‘zga muhabbatini oshirgan va qalbida
muhrlangan asarlar bo‘lganini ham aniqlasa bo‘ladi. Bu asarlar uyg‘urlar orasida ham
juda mashhur asarlar hisoblanadi.
Shoir forschani yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lib, buyuk fors mutafakkiri Sa’diyning
“Bo‘ston”, “Guliston” asarlari u uchun yod bo‘lib ketgan. Daftardagi ba’zi
she’rlarning yoniga Sa’diy she’rlari forschasini yozib qo‘yishi ham, balki Sa’diy
hikmatlarining o‘zlashtirma qilinganligiga, ulardan ilhom olganiga ishoradir. Farhatiy
she’rlarida alohida yo‘nalishni tashkil qiladigan pand-nasihat, ya’ni didaktik
mazmundagi she’rlarning ko‘p bo‘lishi ham ma’lum ma’noda olganda Sa’diy
ijodining ta’siridan bo‘lsa kerak.
Shoir 1925-yil qarindoshlarining yordami bilan sartaroshning qiziga uylanadi va
ikki yilcha tirikchilik ehtiyoji bilan tog‘asining Oloy va Tolchuk bozorlaridagi yoyma

do‘konlarida qarashib turadi. U 1926-yil qaynotasining maslahati bilan sartaroshlikni

1929-yilgacha o‘rganadi. Hunarni o‘rganib bo‘lgandan keyin bir-ikki yil ko‘chalarda

sartaroshlik qilib yurib, 1930-yil o‘zi alohida do‘kon ochadi. 1932-yilgacha shu

do‘konda o‘zi yolg‘iz ishlab, vaziyat kun sari yomonlashayotgandan keyin, ilojsiz

1933-yil sentyabrda o‘z tug‘ilib o‘sgan ona shahri Toshkentni tashlab, bosh olib

chiqib ketadi. Ko‘p qiyinchiliklardan so‘ng 1933-yil may oyida G‘ulja shahriga yo‘l

oladi. U yerda o‘zbeklar bilan muloqotda bo‘lganida, uning she’riy va musiqiy

qobiliyati e’tirof etiladi. Mahalliy hamshaharlari ko‘magida G‘uljadagi “Namuna”

o‘zbek maktabiga bastakor hamda, shoirning o‘z ta’biri bilan aytganda, ohang

o‘qituvchisi lavozimiga taklif qilinadi.

1935-yilda G‘uljada o‘zbek madaniyatini targ‘ib qiluvchi uyushma tuzilgandan

so‘ng, u uyushmaning san’at bo‘limida faoliyat ko‘rsatadi. Shoirning ayoli va bolalari

Toshkentda qolganligi va ularni olib kelishning imkoni bo‘lmaganligi sababli, 1936-

yilda G‘uljada ikkinchi marta oila quradi. G‘uljaga ko‘chib o‘tib, doimiy yashab

qolganidan keyin ham, shoir Toshkentdagi qarindoshlari bilan xat orqali aloqada

bo‘lib, ularning ahvolidan xabardor bo‘ladi va o‘z hayoti haqida ma’lumot beradi.

Bunga dalil sifatida, ustozi Miskinning xatini olgandan keyin yozgan “Keldi xat”

she’ri keltirilishi mumkin. Ushbu she’r shoirning ahvoloti haqida ham darak beradi:

…Gulshani mehri vafodin chiqdi bu dostonkim
Xatti rayhon jomasi gul-u rayhondan keldi xat.

Ketgay ko‘ngil ko‘zgusini qoplagan zangori g‘am,
Ishqi haq birla munavvar bosafodin keldi xat.

Naslidin nasliga ko‘p nahli vafolar o‘sturub,
Bog‘i serhosil ulug‘ atodin keldi xat.

Farhatiy, farhat g‘azo maktub olib mundog‘ dedi:

Ey ko‘ngil, xushlab qadrdon rahnamodin keldi xat. (Hurmatjon Fikrat,
Qodir Akbar, 2005:153)

Bu g‘azalda xat oddiy yozishma emas, balki sadoqat va vafodorlik belgisi (1- va
5-bayt), ruhiy orom va shifo (2-bayt), hikmat va ma’rifat manbai (3-bayt), yolg‘izlik
va hijron dardiga malham (4- va 6-bayt), avloddan-avlodga o‘tadigan qadriyat (7-
bayt), yo‘l ko‘rsatuvchi rahnamolik (8-bayt) sifatida talqin qilinadi.

G‘azalning umumiy ohangida ustozidan ruhiy madad, ma’naviy taskin va mehrmuhabbat kutayotgan shogirdning sog‘inchlari tarannum etilgan. Shoir maktubni –
ko‘ngilning dardiga malham, muhabbatning isboti, sadoqatning hujjati sifatida
kuylagan. Miskin bilan shoir Farhatiy o‘rtasida kuchli ustoz-shogird munosabati
bo‘lgan. Nasrullo Qori ko‘p yillar O‘zbek uyushmasida va “Namuna” maktabida

o‘qituvchi bo‘lib faoliyat olib boradi. bolalar qo‘shiqlariga o‘zi she’rlar yozib, mos

ohangda kuyga solib beradi. Bu qo‘shiqlar xalq orasiga tezda tarqaladi. Misol uchun:

Kecham tong otti, turdum o‘rundan,
Maktab sorig‘a chaqqon borurman.
Darsimni yodlab, ko‘nglumni shodlab,
Olmoqqa ilm u urfon kelurman.

Zamonaviy dunyoda bo‘lib turgan yangiliklarni, madaniy hayotga kirib
kelayotgan ijobiy o‘zgarishlarni sodda xalqqa she’riy usulda tushuntirib boradi.
Shoirning o‘sha paytlarda xalq orasida keng tarqalgan bir qator maktab haqidagi
qo‘shiqlari G‘uljada yashaganlar hozirgacha ham yodlab keladilar:

Biling, xalqim, jahonning joni matbuot bilan maktab
Xudoyimning buyuk ehsoni matbuot bilan maktab.

Ko‘ringkim, Yevropada ko‘p taraqqiyga sabab ul
Ziyolilari, yoshlarning do‘koni matbuot bilan maktab.2

Nasrulloh Qorining ijodiyoti Toshkentdagi vaqtlarida boshlangan bo‘lib, “Mulla
to‘qmoq”, “Farhatiy” (shod-xurram, xushhol ma’nolarida) taxallusi bilan ijod qilib
borgan. Qo‘lyozmalari orasidagi she’rlarining ko‘p qismi arab alifbosi asosidagi eski
o‘zbek yozuvida bitilgan bo‘lib, yozilgan vaqti ko‘rsatilganlaridan eng dastlabkisi
1924-yilga tegishlidir. Shoirning “Kerak”, “Izlamas” radifli ikki she’rining ostiga
1924-yil Toshkent deb yozilgan:

Axloq, odob, ilm-hunar, mehr-u vafo kerak
Ota-onang qarindoshing sandin rizo kerak.
Insof-u adl-u bo‘lmagan ulfatlaring qo‘y,
Inson deyishga bo‘lg‘udek yor oshno kerak.
Nomus, uyatni tashlama saqla go‘zalsifat,
Mo‘min musulmon bandaga sharm-u hayo kerak.

1924-yil Toshkent

Qaro ko‘ngillar jahonda to‘g‘ri vijdon izlamas,
E’tiqodi sog‘ kishilar soxta imon izlamas.

1924-yil Toshkent
Ko‘rinib turibdiki, Nasrulloh Qori Farhatiyning adabiy ijodiyoti 1920-yillarning
boshlarida boshlangan. Shoirning Toshkentda yashagan davriga taalluqli asarlari juda

2 Nasrulloh qori Toshkentda yashagan vaqtlarda o‘lkadagi matbuot va maktab maorif tizimidagi yangiliklardan
yaxshigina xabardor bo‘lgan: yangi maktablar va u yerdagi tahsil, gazeta va jurnallarning yo‘lga qo‘yilishi, jamiyat
hayotining matbuotda e’lon qilib borilishi, jadidlarning harakatlarini, maqsad-muddaosini yaxshi anglab borgan.

ham kam. Farhatiy G‘uljaga kelgandan keyin u yerdagi o‘zbek namuna maktabi va

o‘zbek o‘zbek madaniyatini targ‘ib qiluvchi uyushmada ishtirok etgandan keyin bir

tarafdan maktab va uyushmaning san’at ehtiyoji, ikkinchi tarafdan o‘zining ijodiy

kuchi va tafakkuri shoirni tinimsiz ijod qilishga undagan. Shoirning bu yillarda bir

tarafdan maktab o‘quvchilari uchun, ularning yoshiga mos keladigan bolalar she’rlari,

qo‘shiq matnlari yozib, ularga ohang bastalab, yana bir tarafdan uyushmaning ishlari

uchun qiz-yigit, ota-bola, ona bilan qiz birga aytib chiqadigan aytishuvlarining

matnlarini yozadi. Farhatiyning she’rlari 30-yillardan boshlab Sharqiy Turkistonda

matbuotda e’lon qilina boshlagan. Ko‘rinib turibdiki, Nasrulloh Qori Farhatiy

ijodiyotining rivoj berishida ayni vaqtdagi G‘ulja o‘zbek “Namuna” maktabi va

o‘zbek oqartish uyushmasi ijodiyoti ham juda katta rol o‘ynagan. Shoir G‘uljaga

kelgandan keyin ham, avvalo, o‘zi tanish bo‘lgan o‘zbeklar turmushini tasvirlagan.

Uning G‘uljaga kelib bir necha oydan keyin “Mulla to‘qmoq’’ taxallusi bilan yozgan

“Tanqid” nomli she’ridan ham buni aniq ko‘rsa bo‘ladi:

O‘zbek xotin-qizlari ko‘p nodondir,
O‘qumasdin g‘aflat aro qolg‘ondir...
Opa-singillarim yaxshi bilishsun,
To‘g‘ri o‘ylab insoflarga kelishsun.
O‘quv-bilim uchun g‘ayrat qilishsun
Nodon qolganlarning holi yomondur.
Bu so‘zumga lablarini bursalar,
Meni qarg‘ab yomonlashib yursalar.
Mayligadir meni yomon ko‘rsalar,
Mulla To‘qmoq degan shundoq yomondur.

O‘zbek xotin-qizlarining ilmsizligi, “o‘quv bilimlarni aslo suymas”ligi, “orzuhavas qancha bo‘lsa to‘ymas”ligi shoir yuragini og‘ritadi, jaholatdan qutulishning
yo‘li ilm ekanligiga da’vat qiladi.

Shoir vujudini chirmagan millat sevgisi, xalqining holatini o‘zgartirish, uni
nodonlikdan, jaholatdan uyg‘otish istagi uning ijodiyotida muhim o‘rin tutadi. U
millatning vujudini chirmab olgan odatlar, ilmsizlik, nodonlikni uzluksiz qoralaydi. U
o‘ziga dastlab “Mulla To‘qmoq” deb taxallus qo‘llashida ham, balki millatdagi
yaramas illatlar, nodonlik va jaholatga zarba berib charchamaydigan to‘qmoq
bo‘lishni ko‘ngliga tugganligidan bo‘lsa kerak. Adib asarlari kuchli tanqidiy
xarakterda bo‘lib, ma’rifatsizlik, nodonlik, jaholat, diniy xurofot, kishilik
munosabatidagi sadoqatsizlik, mehrsizlik, manmanlik, quruq safsatabozlik kabi shoir
qalamga olib tanqid qilmagan, qamchilamagan boshqacha aytganda to‘qmoq bilan
urmagan mavzular qolmagan desa ham bo‘ladi. Shoirning 30-40-yillardagi

she’rlarining ko‘p qismini mana shu mazmundagi asarlar tashkil qiladi. 1934-yillari

yozilgan “Bezdim man” kabi she’rlarida ham shoirning g‘oyaviy shu kabi qarashlari

o‘z ifodasini topgan:

Xalqi uchun kuymagan, dunyo yig‘ib to‘ymagan
Baxillikni qo‘ymagan, boyonlardan bezdim man.
Oz nafsiga qul bo‘lgan, fikri mol-u pul bo‘lgan
Vijdoni ham shul bo‘lgan, surbetlardan bezdim man.

Shoir ba’zida hatto millatdagi bunday jaholatdan, nodonlikdan, inoqsizlikda
bezor bo‘lib hasratlanganidan o‘zining ham shu millatning bir bo‘lagi bo‘lib
qolganiga hasrat chekadi. Shoirning “O‘zbek emasman” she’rida mana shu hissiyoti
chuqur ifodalanadi:

Ey o‘zbeklar, muncha nodon ekansiz,
G‘aflat girdobida qolg‘on ekansiz,
O‘z nafsingiz uchun qurbon ekansiz,
Qo‘ying, o‘z holima o‘zbek emasman.

Bu zamonda sizda birlik, g‘ayrat yo‘q
Maktab-maorifga aslo rag‘bat yo‘q
Yetim-miskinlarga yordam shafqat yo‘q
Qo‘ying, o‘z holima o‘zbek emasman.

Choy-mashrab3ga to‘p-to‘p bo‘lib borasiz
Uyushmada majlis desa qochasiz
Qaysi millat sizlar kabi parvosiz
Qo‘ying, o‘z holima o‘zbek emasman.

Albatta, bu she’rning maydonga kelishida muayyan davr ijtimoiy kayfiyati
sabablari bor: ayni yillardagi uyushma faoliyatida ishlab yurgan vaqtlarida yozilgan
bu she’rida shoir o‘z millatidan kechayotgani yo‘q, shu millatga mansubligidan
orlanayotgan yo‘q, balki mana shu yo‘l bilan millatining bu holiga qattiqroq tegib,
ularni o‘zlari haqida mushohada qilib ko‘rishlariga da’vat qilmoqda. Shoirning
“Turmushimizg‘a bir nazar”, “Ili o‘zbeklari”, “Muncha ham”, “Shunchalar”, “Biz va
boshqalar” (1935) kabi she’rlarida millat sevgisi tanqidiy yo‘l bilan ifodasini topadi.

Misol uchun, uning asr boshlaridagi she’rlarida ko‘proq millatning ijtimoiy
ongini uyg‘otib ularni ilmsizlikka, jaholatga qarshi kurashga chaqiradigan she’rlari
asosiy o‘rinda turgan bo‘lsa, 30-yillardan boshlab, she’rlarida dunyo xalqi uchun
vabo bo‘lib yetib kelayotgan urushning insoniyat boshiga tushiradigan balo-ofatlari,

3 Choy-mashrab – uyg‘urlarning marosimi, urf-odati, erkaklar yig‘ini (Sh.K.)

fashizmning muqarrar mag‘lub bo‘lishiga ishonchi ifodalangan she’rlari ko‘proq

o‘rinni tashkil qiladi. Shuningdek, shoir she’rlarida vatanparvarlik mavzusi izchil

o‘rinda turgan bo‘lib, u xalqini birdamlikka, ahillikka chaqiradigan jangovar

she’rlarini yozadi. Xalqining o‘ziga bo‘lgan ishonchini, vatanparvarlik tuyg‘ularining

kuchayishida adabiyot, san’atning tengsiz kuchini namoyon qiladi. Keyinchalik

ijodiyotida ozodlikdan tug’ilgan ilhom, hayajonlari, ijtimoiy hayotda yuz berayotgan

o‘zgarishlar, yangiliklar o‘z ifodasini topadi. Bundan ko‘rinadiki, shoir har zamon o‘z

davri bilan teng ilgarilab, o‘z muhitida yuz berayotgan o‘zgarishlar, yangiliklar,

davrning talabini o‘z ijodiyotning markaziga qo‘ya olgan.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Shoir Farhatiy ijodiy faoliyati yuzasidan izlanishlarimiz quyidagicha xulosalar
berishimizga asos bo‘ladi:
1. Nasrullo qori Farhatiy o‘zbek shoirlaridan bo‘lib, o‘tgan asrning eng talotum
davrida Sharqiy Turkistonga ketib, o‘sha yerda umrining oxirigacha yashab ijod etgan
iste’dodli ijodkorlaridan biri.
2. Uning adabiy merosi mazmun-mundarija va g‘oyaviy jihatdan rang-barang,
obrazlarga boy. Poetik uslub va badiiy mahoratda salaf hamda zamondosh shoirlardan
olgan ilhomi va ibrati o‘laroq o‘z iste’dodini namoyon qila olgan salohiyatli shoir.
Shuningdek, shoir ijodida mumtoz o‘zbek adabiyotidagi janrlar va mavzularni
tadrijiy takomili sifatida bo‘y ko‘rsatsa-da, o‘ziga xos novatorlik belgilari ham
uchraydi.
3. Shoir Farhatiyning ijodiyotiga umumiy jihatdan nazar tashlansa, u dastlab
mumtoz she’riyat an’anasi bo‘yicha ishq-muhabbat mavzularida qalam tebratgan
bo‘lsa, keyinchalik uning she’rlarida davr sadolari o‘z aksini topa boshladi. Shoir
zamon bilan hamnafas bo‘lib, davr bilan teng borib, diqqat e’tiborini zamona uchun
muhim bo‘lgan aktual mavzularga qaratganligini ko‘rishimiz mumkin islom ma’rifati
va tasavvuf axloqi, insoniy sevgi, axloqiy qadriyatlar tarannumi va ijtimoiy
masalalarga qaratilgan.
4. Bu adabiy meros o‘sha davr uyg‘ur va o‘zbek adabiy aloqalarining qay
darajada rivoj topganidan, ijodiy izlanishlardan darak beradi. Shoirning ijodiy
faoliyati va adabiy merosi XX asr boshlaridagi Sharqiy Turkistondagi o‘zbek
shoirlari yashagan adabiy muhitni baholashda o‘ziga xos ahamiyat kasb etadi.
5. Bu kabi ijodkorlar merosini o‘rganish har ikki adabiy muhit – o‘zbek va
uyg‘ur adabiy aloqalari qay darajada bo‘lganligi, ijodiy hamkorlik va adabiy
uslubning ta’sir ko‘lami haqida muhim xulosalar chiqarishga asos bo‘la oladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Каримова Ш. )2012(. Шинжонг ўзбек шоирлари ижодиётида Завқий
таъсири // Шинжонг Давлат университети хабарномаси, 4-son.
2. Каримова Ш. (2018). Ўзбек мумтоз шеъриятида поэтик мазмун ва
янгиланишлар (Завқий ва Муҳсиний ижоди мисолида). Филология фанлари
номз. ...дисс. – Тошкент.
3. Маллаудов С. (1980). Тарихий достонлар // “Уйғур адабиёти ва
фольклоридаги жанрлар” тўплами. – Алмута.
4. Маматохунов У. (1960). Уйғур адабиёти классиклари. – Тошкент.
5. Мухлисов Ю. (1973). Асрлар ва асарлар. – Алмату: Наука.
6. Райхонов Д. (1992). Место и значение произведений Навои в
литературной жизни уйгуров. АКД. – Алмута.
7. Солиҳова Х. (1995). Уйғур достончилиги ва насри тараққиётида
Алишер Навоий “Ҳамса” сининг ўрни / Фил.ф. док .... диссертaцияси. –
Тошкент: ЎзМУ.
8. Ҳурматжон Фикрат, Қодир Акбар. (2005). Ўзбек адабиёти тарихи. –
Урумчи: Шинжонг халқ нашриёти. (уйғур тилида)
9. Қодирий Р. (1963). Уйғур адабиётида Навоий анъаналари. 1-китоб //
“Адабий мерос”.
10. .‫شىنجاڭ ئۆزبېكىستان یازغۇچىلىرى. نهشر قىلىشقا تهیيارلانغان: قادىر ئهكبهر. شىنجاڭ خهلق نهش‬
1989 Шинжонг ўзбек адиблари / Нашрга тайёрловчи: Қодир Акбар. (1989). –
Шинжонг: Шинжонг халқ нашриёти. – Б. 114-140.
11. ‫ شنﺨلﮛ ﺌﯢزبيﻚ شلﺌرلرﻰ ﺌﺟادياتيده زهﯟقيﻰ تهﺳيرﻰ. شینﺟاڭ ﯝنﯟيرﺳتیتى ﺌامیى ﮊﯗرناى‬1
‫ يلی‬-2012 ‫ ﺳاﻦ‬-4 .‫﴿ﭘهاﺳهﭘه -ﺌﺟتماﺌی ﭘهﻦ قسمی)‬

REFERENCES:
1. Karimova Sh. (2012). Shinjong oʻzbek shoirlari ijodiyotida Zavqiy ta’siri //
Shinjong Davlat universiteti xabarnomasi, 4-son. (In Uzbek)
2. Karimova Sh. (2018). Oʻzbek mumtoz she'riyatida poetik mazmun va
yangilanishlar (Zavqiy va Muhsiniy ijodi misolida). Filologiya fanlari nomz. ...diss. –
Toshkent. (In Uzbek)
3. Mallaudov S. (1980). Tarixiy dostonlar // “Uygʻur adabiyoti va folkloridagi
janrlar” toʻplami. – Almuta. (In Uzbek)
4. Mamatoxunov U. (1960). Uygʻur adabiyoti klassiklari. – Toshkent. (In
Uzbek)
5. Muxlisov Yu. (1973). Asrlar va asarlar. – Almatu: Nauka. (In Uzbek)
6. Rayxonov D. (1992). Mesto i znachenie proizvedeniy Navoi v literaturnoy
jizni uygurov. AKD. – Almuta. (In Russian)

7. Solihova X. (1995). Uygʻur dostonchiligi va nasri taraqqiyotida Alisher

Navoiy “Hamsa” sining oʻrni / Fil.f. dok .... dissertatsiyasi. – Toshkent: OʻzMU. (In

Uzbek)

8. Hurmatjon Fikrat, Qodir Akbar. (2005). Oʻzbek adabiyoti tarixi. – Urumchi:

Shinjong xalq nashriyoti. (In Uyghur)

9. Qodiriy R. (1963). Uygʻur adabiyotida Navoiy an’analari. 1-kitob // “Adabiy

meros”. (In Uzbek)

10. ‫شىنجاڭ ئۆزبېكىستان یازغۇچىلىرى. نهشر قىلىشقا تهیيارلانغان: قادىر ئهكبهر. شىنجاڭ خهلق نهش‬

1989 Shinjong oʻzbek adiblari / Nashrga tayyorlovchi: Qodir Akbar. (1989). –

Shinjong: Shinjong xalq nashriyoti. – B. 114-140. (In Uzbek)

11. ‫﴿ﭘهاﺳهﭘه شنﺨلﮛ ﺌﯢزبيﻚ شلﺌرلرﻰ ﺌﺟادياتيده زهﯟقيﻰ تهﺳيرﻰ. شینﺟاڭ ﯝنﯟيرﺳتیتى ﺌامیى ﮊﯗرناى‬

‫ يلی‬-2012 ‫ ﺳاﻦ‬-4 .‫-ﺌﺟتماﺌی ﭘهﻦ قسمی)‬