ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Muzeylarda boburiylar mavzusi yoritilishiga doir tarixiy-etnologik masalalar

Yunusov Komiljon Alimdjanovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

MUZEYLARDA BOBURIYLAR MAVZUSI YORITILISHIGA DOIR
TARIXIY-ETNOLOGIK MASALALAR

HISTORICAL AND ETHNOLOGICAL ISSUES RELATED TO THE
COVERAGE OF THE BABURID THEME IN MUSEUMS

ИСТОРИКО-ЭТНОЛОГИЧЕСКИЕ ВОПРОСЫ, СВЯЗАННЫЕ С
ОСВЕЩЕНИЕМ ТЕМЫ БАБУРИДОВ В МУЗЕЯХ

Yunusov Komiljon Alimdjanovich
Kamoliddin Behzod nomidagi

Milliy rassomlik va dizayn instituti mustaqil izlanuvchisi
Tel.: +998 94 650-44-12

e-mail: komiljonyunuszoda@gmail.com
ORCID: 0009-0005-4921-0943

Annotatsiya. Maqola Zahiriddin Muhammad Boburning etnik kelib chiqishiga
oid masalalardan iborat. Bobur kabi tarixiy shaxslarga doir muhim ma’lumotlarning
haqqoniy yoritilishi faqatgina ilmiy jamoatchilik uchun emas, balki keng omma
uchun, qolaversa, mustaqillikka erishgandan so‘ng o‘zligini tiklashga va jahonda o‘z
o‘rnini belgilashga harakat qilayotgan O‘zbekiston uchun muhim ahamiyatga ega.
Boburiylarning qaysi millat va urug‘dan ekanligi, nima sababdan xorijiy manbalarda
mo‘g‘ullar deb atalishi haqida tahliliy fikr yuritiladi. Shu jumladan, O‘zbekiston
muzeylari va xorijiy muzeylarda Bobur va uning avlodlarining milliy mansubligi
haqida qanday fikrlar ifodalanishi haqida ma’lumotlar keltirib o‘tiladi. Ushbu
mavzuda tadqiqotni amalga oshirishda bir qancha mahalliy va xorijiy olimlarning
asarlari o‘rganilib, ulardagi etnologik ma’lumotlar qiyosiy tahlil qilindi. Tadqiqot
natijalari sifatida Boburning turkiy hamda mo‘g‘ul millatlariga qanchalik aloqador
ekanligi asosli dalillar bilan yoritib beriladi.

Kalit so‘zlar: muzey, tarixiy shaxslar, etnologiya, etnik kelib chiqish,
boburiylar, mo‘g‘ullar, Hindiston, turkiylar.

Abstract. The article is devoted to issues concerning the ethnic origins of
Zahiriddin Muhammad Babur. The accurate representation of important information
about historical figures like Babur is significant not only for the academic community
but also for the broader public, as well as for Uzbekistan, which, since gaining
independence, has been striving to restore its identity and establish its place in the
world. The article provides an analytical discussion on the nationality and lineage of
the Baburids, as well as the reasons why they are referred to as “Mughals” in foreign
sources. It also highlights the perspectives expressed in Uzbekistan’s museums and
foreign museums regarding the national identity of Babur and his descendants. In

conducting this research, the works of several local and foreign scholars were

studied, and the ethnological data therein were comparatively analyzed. The research

results substantiate, with well-founded evidence, the extent of Babur’s connection to

Turkic and Mongol ethnicities.

Keywords: museum, historical figures, ethnology, ethnic origin, Baburids,

Mongols, India, Turks.

Аннотация. Статья посвящена вопросам, связанным с этническим

происхождением Захириддина Мухаммада Бабура. Точное отображение важной

информatsiи об исторических личностях, таких как Бабур, имеет значение не

только для научного сообщества, но и для широкой общественности, а также

для Узбекистана, который после обретения независимости стремится

восстановить свою идентичность и определить свое место в мире. В статье

проводится аналитическое обсуждение нatsiональности и происхождения

Бабуридов, а также причин, по которым их называют “Моголами” в

иностранных источниках. Также освещаются точки зрения, выраженные в

музеях Узбекистана и зарубежных музеях, относительно нatsiональной

принадлежности Бабура и его потомков. В ходе исследования были изучены

работы ряда местных и зарубежных ученых, а содержащиеся в них

этнологические данные подверглись сравнительному анализу. Результаты

исследования с обоснованными доказательствами раскрывают степень связи

Бабура с тюркскими и монгольскими этносами.

Ключевые слова: музей, исторические личности, этнология, этническое

происхождение, Бабуриды, монголы, Индия, тюрки.

KIRISH
O‘zbekistonning boy tarixiy merosini hamda Markaziy Osiyolik tarixiy
shaxslarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini o‘rganish jarayonida Zahiriddin
Muhammad Bobur kabi buyuk shaxslarning etnik kelib chiqishi va ularning avlodlari
– Boburiylarning milliy mansubligi masalasi alohida o‘rin tutadi. Ushbu maqola
muzeylarda Boburiylar mavzusi yoritilishiga doir tarixiy-etnologik masalalarni
o‘rganishga bag‘ishlangan bo‘lib, unda Boburning turkiy va mo‘g‘ul etnik
guruhlariga aloqadorligi, xorijiy manbalarda “mo‘g‘ullar” deb atalish sabablari
hamda O‘zbekiston va xorijiy muzeylarda ushbu mavzuning yoritilishi tahlil qilinadi.
Mustaqillikka erishgan O‘zbekiston uchun bu mavzu nafaqat ilmiy, balki ijtimoiysiyosiy ahamiyatga ega bo‘lib, u milliy o‘zlikni tiklash, tarixiy haqiqatni qayta ko‘rib
chiqish va jahon miqyosida o‘z o‘rnini belgilash jarayonlariga bevosita ta’sir etadi.
O‘zbekiston 1991-yilda mustaqillikka erishgach, tarixiy davlatchilik va shaxslar
bilan bog‘liq masalalarni qayta baholashga kirishdi. Asrlar davomida yozib kelingan
manbalarni tahlil etar ekanmiz, Abu Rayhon Beruniy, Ibn Sino, Amir Temur,

Zahiriddin Muhammad Bobur kabi shaxslarning millati, tug‘ilib o‘sgan makoni

hamda diniga oid ma’lumotlar turlicha ekaniga guvoh bo‘lamiz. Xususan, ularning

eronlik ekani, fors, arab yoki mo‘g‘ul millatiga mansubligi haqida ko‘plab asossiz

ma’lumotlar hamon uchrab turibdi. Mazkur masalada keng jamoatchilikka haqqoniy

fikrni yetkazishda ommaviy axborot vositalari bilan birga muzeylarning ham o‘rni

beqiyosdir. Zero, ilmiy manbalarni saqlash, keng ommaga axboriy ta’sir etish hamda

milliy ruhiyatni yuksaltirishda muzeylarning ahamiyati beqiyosdir.

Shu jihatni hisobga olib aytganda, Temuriylar tarixi davlat muzeyi o‘z ilmiy

konsepsiyasiga asoslanib, temuriylar davri ashyolarini namoyish etish bilan birga, bu

davrda yashagan tarixiy shaxslar haqida ma’lumot berishni, ular ustida ilmiy

tadqiqotlarni amalga oshirishni o‘z vazifalaridan deb biladi. Shunday tarixiy

shaxslardan biri Zahiriddin Muhammad Bobur bo‘lib, uning Hindistonda hukmronlik

qilgan sulolasi ba’zi manbalarda “turkiylar” deyilsa, boshqa ko‘plab manbalarda

“mo‘g‘ullar” deyiladi. Mazkur masala qanchalik haqiqatga yaqin yoki uzoq

ekanligini quyidagi tahlillar asosida ko‘rib chiqamiz.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Zahiriddin Muhammad Bobur haqida juda ko‘p ilmiy va badiiy asarlar yozib
kelinmoqda. Bu borada bir qator boburshunos olimlar nomlarini ham qayd etib o‘tish
mumkin. Biroq ayni mavzuni yoritishga manba taqdim eta oladigan ilmiy darajali
tadqiqotchilarning asarlarini tahlil qilish maqsadga muvofiqdir.
Bobur va uning ajdod va avlodlarini uzoq yillar davomida o‘rgangan olimlar
ichida Turg‘un Fayziyevni alohida e’tirof etish lozim. T. Fayziyev “Temuriylar
shajarasi” asarida Boburning nasl-nasabi haqida to‘liq ma’lumot beradi. Xususan,
uning ota tomondan turkiy barlos urug‘idan ekani, ona tomondan Yunusxon avlodi
ekani yozilgan (Fayziyev T., 1995: 220). Ammo ushbu manba barcha ma’lum
temuriy hukmdor va shahzodalar haqidagi qisqa biografiyani o‘zida qamragani uchun
Boburning milliy mansubligi xususida alohida to‘xtalib o‘tilmaydi.
Boburning etnik mansubligi haqida maqolalarda ham ba’zi tadqiqotchilar
to‘xtalib o‘tishgan. Masalan, Beknazarov Sobirjon o‘zining “Mo‘g‘ullar istilosi
natijasida Movarounnahrda yuz bergan etnik jarayonlar” maqolasida Boburning ota
urug‘i barloslardan, ona urug‘i dug‘lat bo‘lgani haqida, shuningdek turkiy tilda ijod
qilganini yozadi (Beknazarov S., 2025:10).
Xorijiy olimlardan esa Stephen Dale “Babur: Timurid Prince and Mughal
Emperor, 1483–1530” (“Bobur: Temuriy shahzoda va mo‘g‘ul hukmdor”) kitobini
chop ettirgan (Stephen D., 2018). Muallif kitobda Boburning hayoti haqida batafsil
ma’lumot beradi. Asar biografik janrda bo‘lib, unda Boburning yoshlik yillaridan
tortib Afg‘oniston va Hindistondagi faoliyatigacha so‘z yuritiladi. Asar nomidan

ma’lumki, Bobur mo‘g‘ul davlati hukmdori deb atalsa-da, temuriy shahzoda deb

ta’kidlanmoqda.

Yana bir tadqiqotchi Lisa Balabanlilar “Imperial Identity in the Mughal Empire”

(Mo‘g‘ullar (Boburiylar) imperiyasida aslzodalik nasabi”) asarida Boburning

genealogik kelib chiqishi va nima sababdan mo‘g‘ul nomini olgani haqida asosli

fikrlar yuritiladi. Uning fikricha, bu legitimlik uchun zarur bo‘lgan (Balabanlilar L.,

2015).

B.Kumekov, A.Sagandikova, T.Mukhazhanova, G.Sabdenova, R.Myrzabekova

hammuallifligida chop etilgan “Genealogical Myths and Problems about the Origin

of Ancient Turkic Peoples” nomli maqola qadimgi turkiy xalqlarning kelib chiqishi

masalasiga bag‘ishlangan bo‘lib, mualliflar bu boradagi turli genealogik afsona va

rivoyatlarni o‘rganadi. Tadqiqotda turkiy xalqlarning etnogenezidagi asosiy

nazariyalar, ularning tarixiy ildizlari va milliy ongda tutgan o‘rni tahlil qilinadi.

Mualliflar an’anaviy qarashlar bilan ilmiy-tarixiy dalillarni solishtirib, mifologik

tasavvurlar bilan haqiqiy tarixiy jarayonlar o‘rtasidagi farqni ko‘rsatishga harakat

qilishadi. Bu maqola boburiylar mavzusiga oid tadqiqotda turkiy dunyoning

shakllanish jarayonlarini chuqurroq tushunish uchun qimmatli nazariy asos bo‘lib

xizmat qiladi, chunki Boburiylar davlati ham o‘z ildizlari bilan qadimgi turkiy

an’analarga borib taqaladi.

K.Yunusov tomonidan magistrlik ilmiy darajasini olish uchun yozilgan “Xorijiy

va milliy nashrlarda tarixiy shaxslar mavzusi yoritilishining qiyosiy tahlili”

mavzusidagi dissertatsiyada esa Zahiriddin Muhammad Bobur millati bilan bog‘liq

masalalar bosma ommaviy axborot vositalari (gazeta va ilmiy-ommabop jurnallar)

materiallari asosida o‘rganilgan. Shunday bo‘lsa-da, media vositalarida nashr etilgan

tadqiqotchilarning ilmiy ishlariga oid xabarlar bilan tanishish mavzuni yoritishga

hissa qo‘shishi mumkin.

“Muzeylarda boburiylar mavzusi yoritilishiga doir tarixiy-etnologik masalalar”

nomli ushbu maqolada esa, yuqoridagi manbalarda qayd etilgan fikrlarga qo‘shilgan

holda, Bobur kabi tarixiy shaxslarning mo‘g‘ul emas, turkiy deyishga asoslar

yetarlicha ekani ko‘rsatib beriladi va uning turkiy xalqlar uchun ahamiyatiga alohida

urg‘u beriladi.

Shu o‘rinda qo‘shimcha qilish mumkinki, Bobur hayotini o‘rgangan

boburshunos tadqiqotchilarga oid eng to‘liq ma’lumotni “Zahiriddin Muhammad

Bobur ensiklopediyasi”dan olish mumkin (2014 hamda 2017-yillarda nashr etilgan.

2025-yilgi yangi tahrirdagi nashri ham tayyorlanmoqda).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotni amalga oshirishda manbashunoslikka murojaat etilgan holda
Boburiylar davri, xususan, Zahiriddin Muhammad Bobur hayoti, ijodi va faoliyatiga

oid manbalar ko‘zdan kechirildi. Bu borada A.Madraimov tomonidan chop etilgan

“Manbashunoslik” qo‘llanmasidan xronologik tartibda foydalanildi. Jamlangan

ma’lumotlar tasniflangan holda qiyosiy tahlil etildi va tadqiqot uchun ilmiy bo‘shliq

aniqlangan holda ayni zaruriy mavzuda maqola tayyorlandi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Temuriylar mansub bo‘lgan barlos urug‘i tarixiy manbalarda turkiy etnosga
mansub deb tilga olinadi (Мирзо Улуғбек, 1994: 66). Barlos urug‘ining kelib
chiqishi dastlab Mo‘g‘uliston hududidagi turkiy qabilalar bilan bog‘liq bo‘lib, ular
XIII-XIV asrlarda Chig‘atoy ulusi tarkibiga kirgan Markaziy Osiyoga ko‘chib
kelgan. Barloslarning Shahrisabzda mavqei kuchayishi esa, taxminan XIV asrning
birinchi yarmida, Chig‘atoy ulusidagi ichki nizolar va hududiy o‘zgarishlar natijasida
ro‘y bergan. Barlos urug‘i beklari Chig‘atoy xonlari noibi sifatida Shahrisabzni idora
qilgan. Amir Temur davrida esa Shahrisabz Temuriylar imperiyasining muhim
markazlaridan biriga aylanib, barlos urug‘i istiqomat qiluvchi makon sifatida tilga
olingan. Yana shuni ta’kidlash lozimki, Temuchin (Chingizxon) tomonidan tuzilgan
davlat to‘laligicha mo‘g‘ul elidan iborat bo‘lmagan. Ular atrofdagi ko‘plab turkiy
qabilalarni birlashtirgan holda katta davlat tuzishga erishgan. Ular tarkibida uyg‘ur,
qarluq, qipchoq kabi ko‘plab urug‘larni tilga olish mumkin. Ba’zi tadqiqotchilar
fikricha, boshqa turkiy urug‘larning zaiflashgan vaqtida mo‘g‘ullarning kuchayishi va
ular boshchiligida yangi davlatga asos solinishi mo‘g‘ul etnonimining keng
tarqalishiga olib keldi (Kumekov B., Sagandikova A., Mukhazhanova T., Sabdenova
G., Myrzabekova R., 2016:3). Mazkur tadqiqotchilar turk, mo‘g‘ul va tatar ellari
xunlardan shakllangani qayd etiladi. Bu jihatni hisobga olib aytadigan bo‘lsak,
mo‘g‘ullar ham asli turkiylarga yaqin yoki uzoq qarindosh bo‘lgani tushuniladi.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, barloslar turkiy tilda so‘zlashuvchi qabila bo‘lib,
ularning madaniyati va urf-odatlari ham turkiy xalqlarning an’analariga xos edi. Amir
Temur o‘zining “Tuzuklari”da ham barlos urug‘ini turkiy qabila sifatida tasvirlaydi
va bu urug‘ning Chig‘atoy ulusi ichidagi yetakchi mavqeini ta’kidlaydi. Zahiriddin
Muhammad Bobur esa Amir Temurning to‘g‘ridan-to‘g‘ri avlodi sifatida barlos
urug‘idan kelib chiqqan. Bobur o‘zining mashhur “Boburnoma” asarida o‘zini
Temuriylar sulolasining vakili sifatida ko‘rsatib, turkiy kelib chiqishini bayon qiladi
(Бобур З., 2008: 34).
Ammo boburiylarning “mo‘g‘ullar” deb atalishi masalasi ularning
Hindistondagi hukmronligi davrida yuzaga kelgan. Bu atama, ehtimol, temuriylarning
Chig‘atoy ulusi orqali Mo‘g‘ul imperiyasi bilan tarixiy aloqalariga ishora sifatida
qo‘llanilgan bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, Bobur o‘z asarida mo‘g‘ul tilidan
farqli o‘laroq, turkiy tilni asosiy muloqot vositasi sifatida ishlatgan.

Boburning onasi Qutlug‘ Nigor Xonim Chig‘atoy ulusining mo‘g‘ul xonlari

avlodidan bo‘lib, uning otasi Yunusxon Mo‘g‘ulistonning sharqiy qismida

hukmronlik qilgan xonlardan biri edi (Файзиев T., 1995: 220). Bu Boburning ona

tomondan mo‘g‘ul xonlari bilan qarindosh ekaniga dalildir. Temuriylar davrida

mo‘g‘ul xonlariga kuyov bo‘lish an’anasi tasodifiy emas edi – bu strategik nikohlar

orqali siyosiy ittifoqlar mustahkamlanar, hududiy nazorat kengaytirilar va Chig‘atoy

ulusi ichidagi mo‘g‘ul elitalari tomonidan tan olinish amalga oshar edi.

Amir Temur davridan boshlab, barlos urug‘i o‘z hukmronligini legitimlashtirish

uchun Chingizxon vorislari bilan qarindoshlik aloqalarini o‘rnatishga intilgan.

Mo‘g‘ul xonlarining Chig‘atoy ulusidagi ta’siri XIV asrda hamon sezilarli bo‘lib,

Markaziy Osiyo yerlari Chingizxon mulki sifatida faqat uning avlodlari –

merosxo‘rlariga berilishi taomilga aylangan zamonda Sohibqiron Temur o‘z

hokimiyatini mustahkamlashda bu taomildan foydalangan. Masalan, u o‘zini

“Ko‘ragoniy” yoki “Go‘rgoniy”, ya’ni xon kuyovi sifatida ko‘rsatib, mo‘g‘ul elitalari

orasida qo‘llab-quvvatlanishga erishgan. Shu sababli, temuriylar sulolasi mo‘g‘ul

xonlarining qizlari bilan nikohlar tuzish orqali nafaqat siyosiy barqarorlikka erishgan,

balki o‘zlarining hukmronlik huquqini qo‘lga kiritib mustahkamlagan. Amir Temur

davrida zarb etilgan tangalarga nazar tashlasak, “Suyurg‘atmishxon nomidan Amir

Temur so‘zim…”, “Sulton Mahmudxon nomidan Amir Temur so‘zim…” kabi

jumlalar uchraydiki, Markaziy Osiyodek katta mulkni mo‘g‘ullardan mustaqil qilib

olish osonlik bilan bo‘lmagani anglanadi.

Bobur uchun esa ona tomondan mo‘g‘ul xonlari avlodi bo‘lish Hindistonda

muhim ahamiyatga ega edi. 1526-yilda Panipat jangida g‘alaba qozonib, Hindistonda

Boburiylar sulolasiga asos solganida, u o‘zining temuriylar va mo‘g‘ul xonlari bilan

qarindoshligini ta’kidlab, mahalliy elitada legitimlikka erishdi (Сотимов Ғ., 2003: 6).

Hindistondagi zodagonlar “amir” unvonini yaxshi anglab qabul qilmagani sababidan

Bobur Hindistonga kelgan paytidan boshlab o‘zini “Amirzoda Bobur” emas, “Bobur

podshoh” deb atashlarini buyurdi. Podshoh nomi hindlarga tanish bo‘lgani uchun

Bobur podshohning nomi ulug‘vor va jarangdor eshitiladi va tan olinishiga ma’lum

ma’noda yordam beradi. Chingiziylar hukmronligi Osiyoning katta qismida e’tirof

etilgani esa Boburga “mo‘g‘ul” nomi qo‘shilishini manfaatli qilib ko‘rsatdi. Shuning

uchun Bobur karimu-t-tarafayn – ikki tomonlama ulug‘langanlik sifatiga ega ekani

bilan faxrlangan va bundan foydalangan. Qolaversa, qo‘shni mamlakatlarda

hukmronlik qilayotgan chingiziylar boburiylar davlatiga hujum qilishga va o‘z

davlatiga qo‘shib olishga asos topa olmagan. Shuning uchun, Hindistonlik tarixchilar

va zodagonlar Boburni “mo‘g‘ul” deb atashgan bo‘lsalar-da, bu uning etnik kelib

chiqishidan ko‘ra, siyosiy merosxo‘rlikning bir qismi sifatida qabul qilinishi kerak.

Shu o‘rinda ota taraf naslidan kelib chiqqan holda farzandlar millati belgilanishi

hisobga olinsa, Boburiylarni mo‘g‘ul deyish o‘rinsiz bo‘lib qoladi.

Temuriylar tarixi davlat muzeyi kabi muassasalarda Boburiylarning kelib

chiqishi va etnik identifikatsiyasi haqidagi haqiqatni keng ommaga yetkazish nafaqat

ilmiy jihatdan, balki madaniy va milliy ahamiyat nuqtai nazaridan ham muhimdir.

Boburning ota tomondan turkiy barlos urug‘idan va ona tomondan mo‘g‘ul xonlari

avlodidan ekanligi – bu ikki madaniyatning qorishmasi bo‘lib, Temuriylar

sulolasining murakkab tarixini aks ettiradi.

Muzeylar nafaqat tarixiy shaxslarga oid ashyolarni saqlash, balki ularning

hayotini avlodlarga bayon etish vositasi o‘laroq xizmat qiladi. Agar boburiylar

haqidagi ma’lumotlar noaniq yoki biryoqlama tarzda taqdim etilsa, bu tashrif

buyuruvchilar orasida noto‘g‘ri tasavvur va chalkashliklarni keltirib chiqarishi

mumkin. Masalan, boburiylarning “mo‘g‘ullar” deb atalishi uning Hindistondagi

sulolasi nomidan kelib chiqqan bo‘lsa-da, bu atama hozirgi Mo‘g‘uliston xalqi bilan

to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘lanmasligi lozim. Shu sababli, muzeylarda bu farqni aniq

ko‘rsatish zarur. Aks holda, tarixiy shaxslarning haqiqiy nasl-nasabi yo‘qolib, begona

tushunchalar aralashib ketishi ehtimoli yuqori.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Tadqiqotning xulosasi o‘rnida quyidagi natijalarni qisqacha yodga olib o‘tish
mumkin:
- Maqolada Zahiriddin Muhammad Bobur asli turkiy millatdan ekani manbalar
asosida ko‘rsatildi (davr nuqtai nazaridan Bobur o‘zbek hisoblanmaydi. O‘zbek
tushunchasi XVI asrgacha Dashti Qipchoqdagi ko‘chmanchi urug‘ga nisbatan
ishlatilgan);
- Bobur turkiy ekanligi bilan birga mo‘g‘ullarga ham begona emasligi dalillar
asosida bayon qilindi;
- Mahalliy odatga ko‘ra nasl-nasab ota tomon bilan hisoblangani uchun mo‘g‘ul
millati deya hisoblanmaydi;
- Bobur va yana boshqa temuriy shahzodalarning mo‘g‘ul xonlariga qarindosh
bo‘lishlari sababi siyosat va manfaat taqozosi ekani ko‘rsatildi.
Boburiylar misolida ajdodlarimiz ro‘yi-rost tanishtirilishi O‘zbekistonning jahon
miqyosidagi madaniy va tarixiy imiji uchun ham katta ahamiyatga ega. Zahiriddin
Muhammad Bobur nafaqat Markaziy Osiyoda, balki Afg‘oniston, Pokiston va
Hindistonda ham muhim iz qoldirgan shaxs sifatida O‘zbekistonning boy tarixiy
merosini dunyoga tanituvchi ramzlardan biridir. Uning turkiy kelib chiqishi va
mo‘g‘ul xonlari bilan qarindoshligi O‘zbekistonni turli madaniyatlar qorishuvidagi
yetuk shaxs sifatida ko‘rsatadi. Bu esa mamlakatning sayyohlik salohiyati va xalqaro
ilmiy hamkorlikdagi obro‘sini oshirishga xizmat qiladi.

Agar Boburiylar faqat “mo‘g‘ullar” sifatida yoritilsa, bu O‘zbekistonning turkiy

madaniyatdagi o‘ziga xos o‘rni va temuriylar sulolasining Markaziy Osiyo tarixidagi

yetakchi mavqeini soyada qoldirishi mumkin. Umuman, O‘zbekistonning suveren

davlat sifatida poydevorga ega emas degan noto‘g‘ri tushunchani yuzaga keltiradi va

geosiyosiy munosabatlarda bu o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Shuning uchun muzeylarda

ushbu haqiqatni aniq va ilmiy asosda taqdim etish orqali O‘zbekiston o‘zining global

miqyosda to‘g‘ri tanilishini ta’minlaydi. Bu, ayniqsa, xorijdan martabali mehmonlar,

media vakillari hamda tadqiqotchilar tashrif buyurgan vaqtda dolzarb ahamiyat kasb

etadi. Chunki muzey orqali mamlakat haqidagi tasavvur shakllanadi. Ko‘pchilik

sayyohlar O‘zbekistondagi ilk sayohatini odatda muzeylardan boshlashini, hamda

yurtimiz haqida asosiy ma’lumotni ekskursovodlardan olishini inobatga olsak,

muzeylar jahon xalqlari uchun ham tariximiz va bugungi holatimizni tanitishda katta

ta’sirga ega ekanini tushunamiz. Shu sababli muzeylarda quyidagi bir qator jihatlarga

e’tibor berish kerak.

Bobur hozirgi mo‘g‘ullar bilan chalkashtirilmasligi uchun muzey

ekspozitsiyalari va ekskursiyalarida bir nechta asosiy jihatlarga e’tibor qaratish lozim.

Birinchidan, Boburning ota tomondan barlos urug‘idan ekanligi va bu urug‘ning

turkiy etnosga mansubligi aniq ko‘rsatilishi kerak. Masalan, ekspozitsiyada

Boburning “Boburnoma” asaridan iqtiboslar keltirilib, unda turkiy tilni asosiy

muloqot vositasi sifatida ishlatgani ta’kidlanishi mumkin.

Ikkinchidan, Boburning ona tomondan mo‘g‘ul xonlari bilan qarindoshligi

siyosiy zarurat sifatida tushuntirilishi zarur. Bu ma’lumotni Chig‘atoy ulusi va

mo‘g‘ul imperiyasi xaritalari yoki temuriylar sulolasining nasabnomasi bilan vizual

tarzda tasdiqlash samarali bo‘ladi. Uchinchidan, “mo‘g‘ullar” atamasi Hindistonda

boburiylar sulolasi uchun ishlatilgan siyosiy nom ekanligi va hozirgi Mo‘g‘uliston

xalqi bilan bog‘liq emasligi alohida urg‘ulanmog‘i lozim. Ekskursiyalarda gidlar bu

farqni tashrif buyuruvchilarga oddiy va tushunarli tilda yetkazishi kerak.

Nihoyat, muzeylarda Boburning shaxsiy hayoti, ijodi va Hindistondagi

faoliyatiga oid eksponatlar orqali uning ikki madaniyat – turkiy va mo‘g‘ul

hukmdorlarining merosxo‘ri sifatida ko‘rsatilishi maqsadga muvofiq. Bu nafaqat

chalkashliklarni oldini oladi, balki tashrif buyuruvchilarga Boburning tariximizdagi

o‘ziga xos o‘rnini anglash imkonini beradi.

Zahiriddin Muhammad Bobur shoh bo‘lishi bilan birga olim, shoir, tarjimon va

mehribon ota sifatida farzandlari hamda keng ommaga ko‘plab asarlar meros

qoldirgani tufayli uning nomi bilan bog‘liq juda ko‘p qo‘lyozmalar, miniatyuralar

hamda boshqa turdagi ashyolar jahon bo‘ylab tarqalib ketgan va turli muzeylarda

saqlanadi. Jumladan, Metropoliten muzeyida Bobur qilichi va miniatyura, Britaniya

muzeyida “Boburnoma” asari, Viktoriya va Albert muzeyida miniatyuralar va

me’moriy bezaklar, Dehlidagi Milliy Muzeyda boburiylarga tegishli ko‘plab

yodgorliklar, Luvr muzeyida miniatyuralar, Smitsonian muzeyida qo‘lyozma asarlar

saqlanadi. Millionlab odamlar dunyoning turli qismlarida Bobur haqida ma’lumotga

duch kelayotgan ekan, biz bunga befarq bo‘lmasligimiz, ajdodlarimiz xizmatlari

ortidan boyigan madaniyatimizni ko‘rsata bilishimiz lozim.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Амир Темур жаҳон тарихида. – Тошкент: Шарқ, 2001.
2. A.Madraimov, G.Fuzailova, A.Madraimov. (2023). Manbashunoslik. –
Toshkent: Metodist nashriyoti.
3. Balabanlilar L. (2015). Imperial Identity in the Mughal Empire. – London.
4. Beknazarov S. (2025) Mo‘g‘ullar istilosi natijasida Movarounnahrda yuz
bergan etnik jarayonlar // Xalqaro innovatsion tadqiqotlar, № 1. – B. 6–13.
5. B.Kumekov, A.Sagandikova, T.Mukhazhanova, G.Sabdenova,
R.Myrzabekova. (2016). Genealogical Myths and Problems about the Origin of
Ancient Turkic Peoples // Analele Universitătii din Craiova. Istorie, Anul XXI, № 30.
6. Заҳириддин Муҳаммад Бобур. (2008). Бобурнома. – Тошкент:
Ўқитувчи.
7. Заҳириддин Муҳаммад Бобур энциклопедияси. – Тошкент: Шарқ.
8. Мирзо Улуғбек. (1994). Тўрт улус тарихи. – Тошкент: Чўлпон
нашриёти.
9. Richard Craig Foltz. (1996). Uzbek Central Asia and Mughal India: Asian
Muslim Society in the 16th and 17th Centuries. – Harvard.
10. Сотимов Ғ. (2003). Бобурийзодалар. – Тошкент: Маънавият, 2003.
11. Stephen D. (2018). Babur: Timurid Prince and Mughal Emperor, 1483–
1530. – Cambridge: Cambridge University Press.
12. Yunusov K. (2024) Xorijiy va milliy nashrlarda tarixiy shaxslar mavzusi
yoritilishining qiyosiy tahlili. Magistrlik ilmiy darajasini olish uchun yozilgan
dissertatsiya. – Toshkent.
13. Файзиев T. (1995). Темурийлар шажараси. – Тошкент: Ёзувчи.
14. Қурбонова Д. (2009). Хориж музейларида сақланаётган темурийлар
даврига оид тарихий ва маданий ёдгорликлар. Тарих фанлари номзоди илмий
даражасини олиш учун тақдим этилган диссертaция. – Тошкент.

REFERENCES:
1. Amir Temur jahon tarixida. – Toshkent: Sharq, 2001. (In Uzbek)
2. A.Madraimov, G.Fuzailova, A.Madraimov. (2023). Manbashunoslik. –
Toshkent: Metodist nashriyoti. (In Uzbek)

3. Balabanlilar L. (2015). Imperial Identity in the Mughal Empire. – London.

(In Uzbek)

4. Beknazarov S. (2025) Mo‘g‘ullar istilosi natijasida Movarounnahrda yuz

bergan etnik jarayonlar // Xalqaro innovatsion tadqiqotlar, № 1. – B. 6–13. (In

Uzbek)

5. B.Kumekov, A.Sagandikova, T.Mukhazhanova, G.Sabdenova,

R.Myrzabekova. (2016). Genealogical Myths and Problems about the Origin of

Ancient Turkic Peoples // Analele Universitătii din Craiova. Istorie, Anul XXI, № 30.

Zahiriddin Muhammad Bobur. (2008). Boburnoma. – Toshkent: Oʻqituvchi. (In

Uzbek)

6. Zahiriddin Muhammad Bobur ensiklopediyasi. – Toshkent: Sharq. (In

Uzbek)

7. Mirzo Ulugʻbek. (1994). Toʻrt ulus tarixi. – Toshkent: Choʻlpon nashriyoti.

(In Uzbek)

8. Richard Craig Foltz. (1996). Uzbek Central Asia and Mughal India: Asian

Muslim Society in the 16th and 17th Centuries. – Harvard.

9. Sotimov Gʻ. (2003). Boburiyzodalar. – Toshkent: Ma’naviyat, 2003. (In

Uzbek)

10. Stephen D. (2018). Babur: Timurid Prince and Mughal Emperor, 1483–

1530. – Cambridge: Cambridge University Press.

11. Yunusov K. (2024). Xorijiy va milliy nashrlarda tarixiy shaxslar mavzusi

yoritilishining qiyosiy tahlili. Magistrlik ilmiy darajasini olish uchun yozilgan

dissertatsiya. – Toshkent. (In Uzbek)

12. Fayziev T. (1995). Temuriylar shajarasi. – Toshkent: Yozuvchi. (In Uzbek)

13. Qurbonova D. (2009). Xorij muzeylarida saqlanayotgan temuriylar davriga

oid tarixiy va madaniy yodgorliklar. Tarix fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish

uchun taqdim etilgan dissertatsiya. – Toshkent. (In Uzbek)