SO‘Z BIRIKMASINING KO‘P FUNKSIYALILIK XUSUSIYATI
POLIFUNCTIONAL FEATURES OF THE WORD COMBINATION
ПОЛИФУНКЦИОНАЛЬНАЯ СУЩНОСТЬ СЛОВОСОЧЕТАНИЯ
Boboyeva Madina Xaydarovna
Oriental Universiteti Tillar-2 kafedrasi dotsent v.b.,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel.:+998 90-954-41-15
E-mail: Boboyeva-madina@mail.ru
Annotatsiya. Ushbu maqolada so‘z birikmalarining til tizimidagi polifunksional
mohiyati chuqur tahlil etiladi. So‘z birikmasi so‘z (quyi bosqich) va matn (yuqori
bosqich) o‘rtasidagi oraliq birlik sifatida nominativ, kommunikativ, informativ hamda
estetik funksiyalarni bajarishi ko‘rsatiladi. So‘z birikmasining nominativ vazifasi
hodisa va predmetlarni nomlashda, kommunikativ funksiyasi axborotni aniqlashtirish
va konkretlashtirishda, informativlikda mazmuniy yukni kengaytirishda, estetik
vazifada esa badiiy ta’sir va obrazlilik yaratishda namoyon bo‘lishi ta’kidlanadi.
Frazeologik birikmalar bilan chegaradoshligi, periferik va markaziy tuzilmalar
o‘rtasidagi o‘tish xususiyati ham muhokama qilinadi. Majmuaviy funksionalkommunikativ yondashuv orqali so‘z birikmasining til tizimidagi o‘ziga xos mavqeyi
va polifunksionalligi aniqlanib, kommunikativ sintaksis rivojiga hissa qo‘shishi
xulosalanadi.
Kalit so‘zlar: so‘z birikmasi, polifunksionallik, nominativ funksiya,
kommunikativ funksiya, informativ funksiya, estetik funksiya, valentlik, semantik
yaxlitlik.
Abstract. This article provides an in-depth analysis of the polyfunctional nature
of word combinations (phrases) within the language system. As an intermediate unit
positioned between the word (lower level) and the text (higher level), the word
combination is shown to perform nominative, communicative, informative, and
aesthetic functions. Its nominative function manifests in naming objects and
phenomena; the communicative function in clarifying and specifying information; the
informative function in expanding semantic content; and the aesthetic function in
creating artistic impact and imagery. The article also discusses the borderline nature of
word combinations with phraseological units, as well as transitional features between
peripheral and central structures. Through an integrated functional-communicative
approach, the unique position and polyfunctionality of word combinations in the
language system are elucidated, concluding that such investigation contributes to the
development of communicative syntax.
Keywords: word combination, polyfunctionality, nominative function,
communicative function, informative function, aesthetic function, valency, semantic
integrity.
Аннотация: В статье проводится глубокий анализ полифункциональной
сущности словосочетания в системе языка. Словосочетание, как промежуточная
единица между словом (нижний уровень) и текстом (высший уровень),
демонстрирует выполнение номинативной, коммуникативной, информативной и
эстетической функций. Номинативная функция проявляется в назывании
предметов и явлений; коммуникативная — в уточнении и конкретизации
информации; информативная — в расширении смысловой нагрузки;
эстетическая — в создании художественного воздействия и образности.
Обсуждается также пограничный характер словосочетаний с фразеологическими
единицами и переходные свойства между периферийными и центральными
структурами. С помощью комплексного функционально-коммуникативного
подхода выявляется уникальное положение и полифункциональность
словосочетания в языковой системе, делается вывод о вкладе такого
исследования в развитие коммуникативного синтаксиса.
Ключевые слова: словосочетание, полифункциональность, номинативная
функция, коммуникативная функция, информативная функция, эстетическая
функция, валентность, семантическая целостность.
KIRISH
Hozirgi paytda So‘z birikmasining, xuddi boshqa mustaqil til birliklari singari,
polifunksional, ya’ni bir qator vazifalarni bajarish xususiyati tadqiqotchilar tomonidan
e’tirof etilmoqda. Shu bilan birga, So‘z birikmasining til tizimida o‘ziga xos o‘rin
egallashi, muayyan vazifani bajarishi ham qayd etiladi. Lug‘at birligining asosiy
vazifasi nomlash bo‘lsa, yuqori bosqichdagi birliklar – gap, matn asosan
kommunikativ vazifani bajaradi. Tilning kichik birliklari aynan yuqori bosqichdagi
yirikroq ko‘rinishdagi birliklar tarkibida turli munosabatlarga kirishib, shakl va
mazmun uyg‘unligiga erishgan holda, o‘z funksional mohiyatlarini namoyon qiladilar.
So‘z va SBlari gap hamda matn tarkibida, ma’lum bir denotatni ifodalash bilan
birgalikda, aniq axborotni ma’lum qilish maqsadida o‘zaro aloqaga kirishadi va
kommunikativ birlik – kommunikemani yaratish jarayonining ishtirokchilariga
aylanadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Darhaqiqat, so‘z birikmalari nazariyasining shakllanishi uzoq tarixga ega, zero,
nutqiy tuzilmalar tarkibida so‘zlarning o‘zaro birikishi, ularning mazmun jihatidan
moslashuvi masalalari G‘arb va Sharq tilshunoslarini har doim qiziqtirib kelgan. Shu
sohaga oid tadqiqotlarda F.F.Fortunatov, A.A.Shaxmatov, A.M.Peshkovskiy kabi rus
sintaksistlari va O.Behagel, H.Suit, O.Yespersen singari nemis hamda ingliz
olimlarining nomlarini eslatib o‘tish muhim hisoblanadi (Sweet H., 2007:510).
Tilshunoslar e’tirof etganidek, SBning asosiy ko‘rsatkichi – uning hech
bo‘lmaganda ikki qismli (komponentli) strukturaga ega bo‘lishidir: red dress;
independence of the republic; two brothers; bad boy; smart girl; warm greetings;
beginning of a meeting; ugly appearance; deep forest; a head of onion; tragic
accidence; tea pot; mild smile.
Bu qismlar so‘z yoki so‘z formasidan iborat bo‘ladi. Ma’lumki, har qanday so‘z
sintagmatik tuzilmalarda bir qator turli elementlar bilan birikishi mumkin, ya’ni uning
valentlik maydoni kengdir. Lekin SBlari hududi valentlik zaxirasining faqat birgina
nuqtasi ko‘rinishini oladi, SB tarkibida alohida so‘zlarning valentlik aloqasi voqelanib,
birikmaning yеtakchi va tobe bo‘laklari munosabati yuzaga keladi. SB imkoniyatdagi
xususiyatlarni faollashtirgan holda, ma’lum shakl va mazmunga ega bo‘lgan lug‘aviy-
nutqiy tuzilmani hosil qiladi. Shu jihatdan uni valentlik hosilasi, deb qarash mumkin.
Bu jarayonda so‘zning nominativ, birikmaning valentlik va nutqiy tuzilmalarning
kommunikativ vazifalari o‘ziga xos tarzda namoyon bo‘ladi.
Ammo barcha birliklarning tilning asosiy vazifasi – muloqot vositasi bo‘lishiga
itoat etishiga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, ularning muloqot matnlarida faollashuviga,
ya’ni murakkab sintaktik qurilmalar tarkibidagi roliga ahamiyat berish lozim. Til
birliklarining bu qurilmalar tuzilishidagi hissasi turli darajada bo‘lishi mumkinligiga
qaramasdan, ularning bajaradigan vazifalari o‘zaro yaqindir, chunki bu vazifalarning
ijrosi yaxlit matnning kommunikativ maqsadi bilan bog‘liq. Xuddi shu maqsad
zamirida til birliklarining grammatik va semantik kategoriyalari shakllanadi. Bu esa,
o‘z navbatida, SBning barcha xossa va xususiyatlarini funksional va kommunikativ
imkoniyatlarning faollashuvi nuqtayi nazaridan o‘rganishga undaydi. Bunday
majmuaviy yondashuv, har tomonlama o‘rganish natijasida til birliklarining, shu
jumladan, SBning ham polifunksional xususiyatlarini aniqlashi mumkin.
SBlarining nominativ funksiyasi muammosi uzoq paytdan buyon muhokamadan
tushmayotganligiga qaramasdan, tadqiqotchilar bu masalada aniq bir to‘xtamga
kelishmagan. L.V.Shcherba, V.V.Vinogradov, N.N.Prokopovich va ularning
izdoshlari SBni alohida so‘zlarning semantik “yoyilishi” natijasida hosil bo‘ladigan
murakkab nominativ birlik sifatida qaraydilar. Bunday yondashuvda SB alohida
so‘zning muqobiliga aylanadi: “... SB gapning alohida qurilish materiali deb qaralsa,
xuddi so‘z kabi tilning nominativ vositalari, predmet, hodisa, jarayon kabilarni atovchi
vositalari hududidan joy oladi” (Виноградов В.В., 1975:231-254). Olimning ushbu
mulohazasi biror-bir sezilarli o‘zgarishsiz, ko‘plab tadqiqotlar, darsliklarda takrorlanib
kelmoqda. Bu bilan esa til tizimining ikki mustaqil birligi orasidagi farq yo‘qotilishiga
yo‘l qo‘yilmoqda. Boshqa bir guruh olimlar (O.Yespersen, R.Kvirk, V.P.Suxotin,
Ye.M.Galkina-Fedorchuk, V.N.Yarseva) so‘z va SBni tamoman farqli hodisalar
sifatida qarashib, oxirgisini nominativ vazifadan xoli degan fikrni olg‘a suradilar.
Ba’zan bu ikki nuqtayi nazarni birlashtirish holatlari va nominativ funksiya SBga
xos ekanligini barcha tilshunoslar ma’lum darajada qayd etganligini isbotlovchilar
uchrab turadi, zotan, V.V.Vinogradov nazdida, SB “yagona bir tushunchaning qismli
atamasi” bo‘lsa, V.P.Suxotin uni “yagona bir predmet-hodisaning qismli nomlanishi”,
deb qaragan. T.P.Lomtevning fikricha: SB tushunchalar o‘rtasidagi munosabatlarni aks
ettirish bilan birga, “ushbu munosabatlarni yaratmaydi, balki ataydi”. Ingliz tili
SBlarining lingvodidaktik xususiyatlarini maxsus o‘rgangan S.G.Ter-Minasova uning
alohida kategorial belgilarga ega ekanligini e’tiborga olish muhimligini uqtiradi.
Olimaning ta’kidlashicha, konnotativlik (axborot tashish bilan birgalikda, emotsional
ta’sir o‘tkazish xususiyatiga ega bo‘lish), klishe (doimiy takrorlanish) xususiyatiga ega
bo‘lish, idiomativlik (yaxlit ma’noning bo‘laklar ma’nolari yig‘indisidan farq qilishi),
konseptual to‘laqonlilik kategoriyalari SBning vazifaviy va semantik mohiyatini
belgilaydi (Тер-Минасова С.Г., 1982:144). Fikrimizcha, SBning konseptual
to‘laqonlilikka ega bo‘lishi, ya’ni ma’nosining ma’lum mantiqiy struktura-mazmunga
mos kelishi uning nominativ funksiya bajarishidan guvohlik beradi.
Tadqiqotchilar, SBlarining nominativ vazifa bajarishini e’tirof yoki inkor
etishlaridan qat’i nazar, ushbu birikmalar bo‘laklari voqelikdagi predmetlarni yoki ular
haqida tug‘ilgan tasavvurni tafakkur jarayonida tug‘iladigan tushunchalar vositasida
bevosita ifoda etishini qayd etadilar. Aslida, tushunchaning o‘zi predmet-hodisalarning
asosiy farqli belgilarini umumlashtirish orqali yuzaga keladigan yaxlit psixologik
obraz, konseptual birlikdir. Bunday birlikning yuzaga kelishi alohida tushunchalarning
to‘g‘ridan-to‘g‘ri birikishini taqozo etmaydi, ya’ni tushunchalar o‘zaro munosabatida
komponentlar o‘z lug‘aviy qiymatini yo‘qotmaydi. Masalan, Manchester University
students; the farm dogs; the style in shoes; talks on the strike; opposition to Market
entry. kabi birikmalar mazmunan yaxlit tushuncha – konseptlarni ifodalasalar-da,
ularning har bir bo‘lagi alohida konseptni ataydi va mustaqil leksik ma’noni ifodalaydi.
Xuddi konseptual yaxlitlik va mustaqillik zamirida SB nutqiy tuzilmalari SBlari
qismlarining bir-biridan uzilish, ayri holda joylashish holatlari yuzaga keladi. Alohida
so‘zlarning SB tarkibidagi semantik munosabati samarasida u yoki bu predmetning
sifat-belgilari, jarayon va harakatning kechishi, muhiti haqida yangi tasavvurlar
tug‘iladi.
Bunday semantik munosabatlar majmuasi SBlarining sintaktik faollashuvi
jarayonida o‘z aksini topmasdan qolmaydi. SBning yеtakchi bo‘lagi gap qurilishida
boshqa bir SBning tobe elementiga aylanib qolishi mumkin.
Masalan, “His daughter’s sewing was perfect, he was proud of it and decided to
buy a sewing machine for her” (M.D.) qo‘shma gapida avval his daughter's sewing
birikmasining yеtakchi bo‘lagi bo‘lgan sewing shu gap tarkibidagi a sewing machine
SBda tobe elementdir.
Odatda, gap qurilishi ishtirokchi elementlarning to‘g‘ri chiziq bo‘ylab ketma-ket
joylashishini talab qiladi va bunda SBning har bir qismi alohida gap bo‘lagining o‘rnini
oladi. Shuni inobatga olgan holda, V.V.Vinogradov: “SB tarkibida so‘zlar o‘rtasidagi
grammatik munosabatlarning bajaradigan vazifalari ikkinchi darajali gap bo‘laklari
doirasida umumlashadi, jamlanadi”, - deb yozgan edi (Vinogradov, 1975: 280).
Shunga o‘xshash fikrni ingliz tili sintaksisining bilimdonlaridan biri bo‘lgan
A.I.Smirnitskiy ham aytib o‘tgan: “SB ma’lum qurilish formulasi asosida shakllanadi
va bu uning har bir komponentiga alohida qo‘shimcha ma’no beradi, chunki ular bir
SBning qismlari sifatida muayyan munosabatlarga kirishadilar. Gapda esa bunday
xususiyat SBga ham tegishli bo‘lgan alohida so‘zlar (so‘z formalari) orqali amalga
oshiriladi. Ammo bu jarayonda ma’lum miqdoriy farqlar vujudga keladi, zero, gapda
fikrning umumiy yo‘naltirilganligi, maqsadi va motivi ifodalanadi, ya’ni nutqning
muayyan darajada yakunlangan qismi hosil bo‘ladi”.
Ko‘rinadiki, SB tadqiqi jarayonida uning juft tabiatini e’tiborga olish lozim. Bir
tomondan, alohida bo‘laklar ma’nosidan uzoqlashib, so‘zlar birikishining umumiy
sintaktik qonuniyatlari, SBning sintaktik tuzilishi xususiyatlarini inobatga olish lozim.
Bu talablar leksik birliklarning nutqiy tuzilmalar hosil bo‘lishining morfosintaktik
shartlovchi kollogatsiya (collogation) hodisasining ifodasidir. Ikkinchidan,
leksemalarning tub leksik ma’nosini, ular o‘zaro birikishining kollokatsiya
(collocation), ya’ni leksik-frazeologik shartlanishini ham unutmaslik kerak bo‘ladi.
Shunga amal qilgan holda, masalan: – Labour’s shadow employment minister Red
Prentice took up his “militant-bashing” campaign again gapidagi shadow employment
minister birikmasini sintaktik va semantik jihatdan tahlil qilamiz. Bu ifoda
qilinayotgan tushunchalar sintaktik-semantik jihatdan yaxlitdek ko‘rinsa ham, uning
har bir bo‘lagi gap tarkibida alohida vazifani bajaradi. Shuningdek, minister qismi shu
gap doirasida Labour's birligi bilan aloqaga kirishib, yangi sintaktik munosabatni
yuzaga keltiradi.
Bundan tashqari, SBlari, ularning qismlari munosabatlarining turlicha
anglanilishi va sharhlanishiga nisbatan, turli tushunchalarni ifodalashi va ko‘p ma’noli
birikmalarga aylanishi mumkin. Masalan, a big house door birikmasi “katta uyning
eshigi” yoki “uyning katta eshigi” kabi ma’nolarni anglatishi mumkin. Bu xildagi
polisemiya, albatta, SBlarining bir tildan ikkinchisiga tarjimalarini qiyinlashtiradi.
Ma’lumki, frazeologik birikmalar asosan erkin SBlarining turg‘unlashuvi
jarayonida yuzaga keladilar. Shu bois, SBlarida oldindan mavjud bo‘lgan munosabatlar
va aloqalar ma’lum darajada saqlanib qoladi. Lekin frazeologik shakl olish to‘liq
tugashi bilan, uning tarkibiy bo‘laklarining munosabatlari statik, turg‘un ko‘rinish
oladi. Chunki gap va boshqa nutqiy qurilishlar tarkibida hosil bo‘ladigan munosabatlar
harakati turg‘un birikmalarni yaxlitligicha qamrab oladi va bunda ushbu turdagi
birikmalarning alohida birlik sifatida bajaradigan nominativ vazifasi yaqqol namoyon
bo‘ladi. Til tizimi birliklarini ularning turli “maydon”larga taqsimlanishi nuqtayi
nazaridan tasniflash tarafdori bo‘lganlarning fikricha, alohida birliklar ba’zan turli
maydonlardan joy olishi mumkin. Haqiqatdan ham SBlarining struktur-semantik
qurilishi ko‘p hollarda bir-birini inkor etuvchi yoki biri-ikkinchisiga qarama-qarshi
turuvchi belgilar sintezidan iborat bo‘ladi. Bunday birikmalar qatoriga, odatda, exert
influence, offer resistance, show trust, give an explanation, quote an example, make a
promise kabi birikmalar kiritiladi. Ushbu birikmalarning tavsifiy mundarijaga ega va
struktur jihatdan ko‘p qismli bo‘lishini inobatga olgan tadqiqotchilar ularga erkin va
turg‘un SBlarining chegara hududlaridan joy ajratishib, sarhaddagi hodisalar qatoriga
qo‘shadilar (Zandvoort R.W., 2009: 612). Boshqa tomondan esa bu guruhdagi
birikmalarning fe’l qismi xuddi grammatik ma’no ifodalovchi formal belgilar
tashuvchisi vazifasini bajarayotgandek ko‘rinadi va shunga binoan ularni analitizm
nuqtayi nazaridan talqin qilish mumkin (Shaposhnikova, 2003: 204). Birikmalarning
analitik xarakterga ega ekanligi ularning bir so‘zli muqobili mavjudligi bilan ham
izohlanadi: to exert influence – to influence; to offer resistance – to resist; to show trust
– to trust; to give an explanation – to explain; to quote an example – to exemplify; to
make a promise – to promise; etc.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqot tilshunoslikning funksional-kommunikativ yo‘nalishiga
asoslanib, so‘z birikmalarining (SB) polifunksional mohiyatini o‘rganishga qaratilgan.
Turli tilshunoslarning (V.V.Vinogradov, O.Yespersen, S.G.Ter-Minasova,
V.M.Pavlov va boshqalar) SBning nominativ funksiyasi haqidagi qarashlari
solishtirilib, ularning o‘zaro farq va yaqinliklari aniqlandi. Shuningdek, erkin SBlar
frazeologik birikmalar va analitik tuzilmalar bilan qiyoslandi.
Tadqiqot materiallari asosan ingliz tili so‘z birikmalaridan iborat bo‘lib, nazariy
asos sifatida rus, ingliz va o‘zbek tilshunosligidagi klassik va zamonaviy ishlar
(Vinogradov, Yespersen, Ter-Minasova va boshqalar)dan foydalanildi. Ushbu
metodlar majmuasi SBning funksional imkoniyatlarini har tomonlama ochib berishga
imkon berdi.
TAHLILLAR VA NATIJALAR
Bizning fikrimizcha, yuqorida keltirilgan guruhdagi SBlarini oraliq xarakterdagi
birliklar qatorida ko‘rish ma’qul. Chunki bu turdagi birikmalar nutqda tayyor, turg‘un
holda qo‘llanishi bilan birga, ularning bo‘laklari leksemalarga xos barcha
xususiyatlarni saqlab qoladilar. “Periferiya” hodisasi turli xarakterdagi belgilarni inkor
etmasdan, balki ularning yagona birlik tarkibida jamlanishini taqozo etadi
(Абдуазизов А.А., 2010:170). SBlari tizimida “markaz” va “periferiya”ning
mavjudligi sintaktik birliklarga xos xususiyatlarning voqelanishi, ya’ni lug‘aviy
elementlarning sintaktik qiymat olishi yoki, aksincha, sintaktik tuzilmalarning
leksikallashuvi bilan bog‘liq. Bunday siljishlar aniq nominativ so‘zlar va mavhum
ma’noli so‘zlarning o‘zaro munosabatlari sharoitida bir xilda kechadi.
Nominativ funksiyaning SBlariga qay darajada xosligi muammosi bilan
muntazam shug‘ullangan V.M.Pavlov ularning funksional-semantik jihatdan turli
xususiyatga ega ekanligi masalasini o‘rtaga qo‘ymasdan turib ushbu muammoning
yechimini izlash befoyda, deb hisoblaydi. Gap shundaki, main street – long street;
fresh water – troubled water; first aid – gratuitous aid kabi juftliklardagi birinchi qator
birikmalari tasniflovchi birliklar rolini o‘taydilar va shu vazifalariga binoan to‘lig‘icha
nominativ vositalar guruhiga kiradilar, keyingilari esa “hodisa va belgilar birikuvini
ifodalaydi hamda bu belgilarning mavjudligini so‘zlovchi ma’lum nutqiy muloqot
sharoitlarida aniqlaydi. Ma’lum sharoit uchun muhim bo‘lgan ushbu turdagi belgilar
birikuvi aytilgan hodisani turg‘un xulosa – umumlashma darajasiga ko‘tara olmaydi”
(Pavlov. 1996: 38). V.M.Pavlovning fikriga ishongan holda, SBlarini leksik va
sintaktik birikmalar kabi turlarga ajratish an’anasi muhokamasida ham ularning
funksional-semantik xususiyatlarini farqlash va bu farqlarni yuzaga keltiruvchi nutqiy
faoliyat sharoitlarini hisobga olish lozim bo‘ladi.
Xullas, SBlarining nominativ vazifadan xoli ekanligi haqidagi fikrlar asossizdir.
Barcha til birliklari belgilar tizimining elementlaridir, lisoniy belgi esa juft xususiyatli:
u shakl va mazmun uyg‘unligiga ega. Shunday ekan, SB, xuddi boshqa sintaktik
tuzilmalar kabi, yaxlit hodisalar, voqealarni nomlovchi birlik sifatida qaralishi kerak.
Nominativ funksiya keng ma’noda talqin qilinganda nomlanayotgan denotat alohida
predmet yoki hodisalar emas, balki ularning inson ongida aks topadigan obrazi,
ramzidir, masalan, dark clouds, sun shining, severe wind, rain drizzling kabi SBlari
tabiat hodisalarini bildiribgina qolmay, balki inson hayotidagi ayrim vaziyatlarni
obrazli ifodalashga ham xizmat qiladi. “Qora bulutlar” noxush kunlar, tushkunlikni
ifodalasa, “charaqlayotgan quyosh” quvonchli xabar, “esayotgan shamol” muayyan
darajada neytral, ayni damda ko‘tarinki kayfiyatni ifodalaydi. Shuningdek, “maydalab
yog‘ayotgan yomg‘ir” birikmasi, orombaxsh kuy kabi xotirjamlik ramzi sifatida
tushuniladi.
SBlarining yana bir xususiyati shundaki, ularning kommunikativ vazifa bajarish
me’yori boshqa til birliklarinikidan farq qiladi. Agar so‘z sintaktik tuzilmalarining
oldindan ma’lum va tayyor elementi bo‘lsa, SBning murakkab tuzilmaligi faqat
kommunikatsiya jarayonida ayon bo‘ladi, chunki u xuddi shu jarayonda alohida
bo‘laklarning o‘zaro birikishi natijasida hosil bo‘ladi. SBning bu mavqeiga e’tibor
qaratgan N.I.Filicheva, uning nutqiy faollashuvida asosiy bo‘lak yangi belgilar olishini
va bu belgilar individual, xususiy bo‘lishini ko‘rsatib o‘tgan: “Ko‘pchilik SBlarining
kommunikativ vazifasi tinglovchi yoki o‘quvchilarda oldindan mavjud bo‘lgan
predmet-hodisalar haqidagi tushunchani aniqlashtirish, konkretlashtirish va batafsil
izohlash maqsadini voqelantirishdir”. Germanist olima SBga xos bo‘lgan
kommunikatsiyaning bu tarzda boshqarilishini lisoniy muloqotning boshqa tugal
birliklariga xos bo‘lgan umumiy kommunikativlikdan farqli ravishda, xususiy yoki
qisman kommunikativlikni hosil qiladi, deb o‘ylaydi. Boshqacha qilib aytganda,
SBning kommunikativligi nisbiy, chunki uning bu funksiyasi boshqa nutqiy tuzilmalar
– gap, matn kabilar tarkibidagi ishtirokida namoyon bo‘ladi.
SB kommunikativ funksiyasining bu yaxlit voqelanishi uning mavqe jihatidan
sintaksis sathidagi boshqa birliklar bilan tenglashishini ifodalaydi. Har bir birlikning
sintaktik tuzilishi, albatta, tilning umumiy tizimiga xos bo‘lgan xususiyat, ya’ni uning
har bir birligi asosiy vazifa – kommunikatsiyani ta’minlash bilan bog‘liqdir. Birliklar
ichki tuzilishining kommunikatsiya maqsadi bilan bog‘liqligi SB, gap, matn kabi
qurilmalarni yaratishda namoyon bo‘ladi.
Shunday qilib, SBning kommunikativ funksiya bajarish imkoniyati uning
so‘zdan farqli jihatlarini namoyon qilish bilan bir qatorda, uning tarkibiy qismlari
semantik munosabati yanada yuqoriroq bosqichdagi hodisa – matn shakllanishi asosida
turgan tamoyillarning harakati bilan bog‘liq. SBning informativ funksiyasi haqida
gapirishdan oldin informatsion-axborot tushunchasi nimalarni anglatishini
aniqlashtirish kerak bo‘ladi. Agar axborotni keng ma’noda anglaydigan bo‘lsak, unda
til tizimining barcha birliklariga informativlik xususiyati xos ekanligini e’tirof etgan
bo‘lamiz. Aytish joizki, to‘liq axborot tashuvchi asosiy birlik matndir. Gap va SB ham
kommunikativ vosita rolini bajaradi, lekin matn hamda gapning alohida qismini
egallaydigan SBning tashiydigan axboroti voqelikdagi hodisaning faqat ma’lum bir
bo‘lagi haqidadir. Albatta, turli guruhlarga oid SBlarining mazmuniy “yuki” bir xil
emas, ba’zilari ifodalaydigan axborotning hajmi keng bo‘lishi mumkin, lekin har
qanday holatda ham ularning informativlik darajasi aniq matn miqyosida belgilanadi.
SBning informativlik darajasini bu miqyosda aniqlash uchun uning matn vositasida
uzatilayotgan axborotga qo‘shadigan hissasi qay miqdorda ekanligi hamda SB
tashiydigan axborotning qay darajada to‘liqligini bilish muhimdir. Masalan: The
cautious captain of a small ship had to go along a coast with which he was unfamiliar,
so he tried to find a qualified pilot to guide him (www.irlanguage.com/ 2020: 45).
Bundan tashqari, uzatilayotgan axborotning shakllanishi, to‘planishida SB
qismlarining roli va ular o‘rtasidagi munosabatlarning ta’sirini ham belgilab olish
lozim bo‘ladi. Qiyoslang: The cautious captain of a small ship had to go along a coast
→ The cautious captain of … small ship … a coast; he tried to find a qualified pilot to
guide him → he tried to … guide him. The captain of a ship gapi orqali o‘quvchi
kemaning kapitani haqidagi axborotga ega bo‘lsa, The cautious captain of a small ship
gapini o‘qish orqali bu axborot miqyosi kengayadi. SBlari, birinchidan, kapitanning
ehtiyotkor ekanligi haqida qo‘shimcha ma’lumot bergan bo‘lsa, ikkinchidan, kemaning
holati haqida ma’lum darajada xabardor qiladi.
XULOSA VA TAKLIFAR
SBlariga xos bo‘lgan xususiyatlar, kategorial belgilarni bu yo‘sinda o‘rganish,
so‘zsiz, kommunikativ sintaksis sohasining istiqboli, taraqqiyoti uchun ham muhimdir.
SBning asosiy funksiyasi va kategorial belgisi informativlikdir, zero, til tizimining
barcha sathlariga oid birliklarni semantik-funksional jihatdan yaqinlashtiruvchi
kategorial belgi aynan informativlik, ya’ni axborot tashish imkoniyatiga ega bo‘lish
xususiyatidir.
Nihoyat, SBlarining nutqiy faoliyat jarayonidagi ishtiroki yana bir vazifani
reallashtiradi, bu – estetik funksiyadir. Ushbu funksiyaning voqelanish holatlarini
lisoniy faoliyatning ikki kesimida kuzatish mumkin: a) SBlarining turli uslubdagi
matnlarda qo‘llanilishi va turli modellarning qo‘llanishida yuzaga keladigan mazmun
siljishi holatlari; b) mavjud qoliplar asosida o‘ziga xos badiiy qiymatga ega bo‘lgan
yangi SBlari yaratilishi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Абдуазизов А.А. (2010). Ўзбек тили фонологияси ва морфонологияси.
Тошкент: Университет, 170 б.
2. Boboyeva M. Kh. (2022). Definition of the Lexical meaning of Spatial
Prepositions // Porta Linguarium An International and inter university journal. Spain,
Vol. 11, pp. 101-104. ISSN: 1697-7467.
3. Гаджиева Н.З. (1973). Основные пути развития синтаксической
структуры тюркских языков. Москва, с. 12-20.
4. Ломов А.М. (2004). Русский синтаксис в алфавитном порядке:
Понятийный словарь-справочник. Воронеж, 317 с.
5. Шапошникова М.В. (2003). Глагольная аналитическая номинация, как
теоретическая и методологическая проблема в современном английском языке //
Теория, история, типология языков. Москва, с. 202-211.
6. Sweet H. (2007). New English Grammar. Logical and Historical. Oxford:
Clarendon Press, 510 p.
7. Тер-Минасова С.Г. (1982). Словосочетание в научно-лингвистическом и
дидактическом аспектах. Москва: Высшая школа, 144 с.
8. Васильева Н.В., Виноградов В.А., Шахнарович А.М. (1995). Краткий
словарь лингвистических терминов. Москва.
9. Виноградов В.В. (1975). Вопросы изучения словосочетаний //
Исследования по русской грамматике. Москва: Наука, с. 231-254.
10. Есперсен О. (1958). Философия грамматики. Москва: Изд-во
иностранной литературы, 404 с.
11. Zandvoort R.W. (2009). A Handbook of English Grammar. London, 612 p.
REFERENCES:
1. Abduazizov A.A. (2010). O‘zbek tili fonologiyasi va morfonologiyasi.
Toshkent: Universitet, 170 b. (In Uzbek)
2. Boboyeva M. Kh. (2022). Definition of the Lexical meaning of Spatial
Prepositions // Porta Linguarium An International and inter university journal. Spain,
Vol. 11, pp. 101-104. ISSN: 1697-7467. (In English)
3. Gadjiyeva N.Z. (1973). Asosiy yo‘llari rivojlanish sintaksicheskoy struktury
tyurkskix yazykov. Moskva, s. 12-20. (In Russian)
4. Lomov A.M. (2004). Russkiy sintaksis v alfavitnom poryadke: Ponyatiyniy
slovar-spravochnik. Voronej, 317 s. (In Russian)
5. Shaposhnikova M.V. (2003). Glagolnaya analiticheskaya nominatsiya, kak
teoreticheskaya i metodologicheskaya problema v sovremennom angliyskom yazyke //
Teoriya, istoriya, tipologiya yazykov. Moskva, s. 202-211. (In Russian)
6. Sweet H. (2007). New English Grammar. Logical and Historical. Oxford:
Clarendon Press, 510 p. (In English)
7. Ter-Minasova S.G. (1982). Slovosochetaniye v nauchno-lingvisticheskom i
didacticheskom aspektax. Moskva: Vysshaya shkola, 144 s. (In Russian)
8. Vasilyeva N.V., Vinogradov V.A., Shaxnarovich A.M. (1995). Kratkiy slovar
lingvisticheskix terminov. Moskva. (In Russian)
9. Vinogradov V.V. (1975). Voprosy izucheniya slovosochetaniy // Issledovaniya
po russkoy grammatike. Moskva: Nauka, s. 231-254. (In Russian)
10. Yespersen O. (1958). Filosofiya grammatiki. Moskva: Izd-vo inostrannoy
literatury, 404 s. (In Russian)
11. Zandvoort R.W. (2009). A Handbook of English Grammar. London, 612 p.
(In English)