ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

“O‘zbek” nomining kelib chiqishi haqida ba’zi ma’lumotlar

Xo‘jaxonov Ismoiljon Mansurovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

“O‘ZBEK” NOMINING KELIB CHIQISHI HAQIDA BA’ZI
MA’LUMOTLAR

SOME INFORMATION ABOUT THE ORIGIN OF THE NAME
“UZBEK”

НЕКОТОРЫЕ СВЕДЕНИЯ О ПРОИСХОЖДЕНИИ НАЗВАНИЯ
«УЗБЕК»
Xo‘jaxonov Ismoiljon Mansurovich
Oriental universiteti

“Ijtimoiy-gumanitar fanlar” kafedrasi dotsenti, t.f.n.
Tel.: +998 97 261-11-79

E-mail: khujahonov@mail.ru
Annotatsiya. Mazkur maqolada “o‘zbek” atamasining kelib chiqishi va uning
etnonim sifatida shakllanish jarayoni tarixiy manbalar hamda zamonaviy ilmiy
tadqiqotlar asosida tahlil qilingan. Muallif “o‘zbek” so‘zi dastlab shaxs ismi sifatida
qo‘llanilganini, keyinchalik esa Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon nomi va uning
siyosiy faoliyati bilan bog‘liq holda umumiy etnosiyosiy nomga aylanganini asoslaydi.
Maqolada shuningdek, turli tadqiqotchilar, sharq, rus va g‘arb olimlarining fikrlari
taqqoslab ko‘rsatilgan. Xulosa qilib aytganda, “o‘zbek” atamasi dastlab antroponim
sifatida paydo bo‘lib, XIV-XV asrlarda Dashti Qipchoq hududida yashagan turkiymo‘g‘ul qabilalar birligini bildiruvchi umumiy etnik nom sifatida mustahkamlangan.
Kalit so‘zlar: O‘zbek atamasi, etnonim, O‘zbekxon, Dashti Qipchoq, Oltin
O‘rda, etnogenez, turkiy xalqlar.
Abstract. This article explores the origin and historical development of the term
“Uzbek” and its transformation into an ethnonym. The study demonstrates that the term
“Uzbek” was initially used as a personal name and later became an ethno-political
designation associated with Uzbek Khan, the ruler of the Golden Horde. The paper
compares the perspectives of Eastern, Russian, and Western scholars, highlighting
various interpretations of the term’s emergence. It concludes that “Uzbek” originated
as an anthroponym and by the 14th-15th centuries evolved into a collective ethnonym
referring to the Turkic-Mongol tribes of the Dasht-i Qipchaq region.
Keywords: Uzbek term, ethnonym, Uzbek Khan, Dasht-i Qipchaq, Golden
Horde, ethnogenesis, Turkic peoples.
Аннотация. В статье рассматривается происхождение термина «узбек» и
процесс его формирования в качестве этнонима на основе исторических
источников и современных научных исследований. Автор показывает, что слово
«узбек» первоначально употреблялось как личное имя, а позднее, в связи с
деятельностью хана Узбека - правителя Золотой Орды, стало обозначать
этнополитическое объединение. В работе сопоставлены взгляды восточных,

русских и западных исследователей. В заключение делается вывод, что термин

«узбек» возник как антропоним и к XIV-XV векам утвердился как общий

этноним для тюрко-монгольских племён Дешт-и-Кыпчака.

Ключевые слова: Термин «узбек», этноним, хан Узбек, Дешт-и-Кыпчак,

Золотая Орда, этногенез, тюркские народы.

KIRISH
O‘zbeklarning milliy o‘zligini anglash masalasini tadqiq etishda eng muhim va
murakkab yo‘nalishlardan biri “o‘zbek” atamasining kelib chiqishi hamda uning
etnonim sifatida shakllanish tarixidir. Bu masala nafaqat tilshunoslik va tarixshunoslik,
balki etnogenetik va madaniy o‘zlikni anglash jarayonlarini chuqur tushunish uchun
ham hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. “O‘zbek” atamasining ildizlarini o‘rganish
zamonaviy o‘zbek xalqining etnik birligi, siyosiy shakllanishi va madaniy
xususiyatlarini anglashda muhim kalit vazifasini bajaradi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tarixiy manbalar va ilmiy adabiyotlarda “o‘zbek” so‘zining kelib chiqishi haqida
turlicha, ba’zan esa bir-biriga zid fikrlar mavjud. XII asr arab muallifi Usoma ibn
Munqiz o‘zining “Kitob al-i’tibor” asarida bu nomni ilk bor shaxs ismi sifatida qayd
etgan. Keyinchalik Rashididdin Fazlullohning “Jome’ at-tavorix”, Ato Malik
Juvayniyning “Tarixi jahongusho” kabi asarlarda ham “o‘zbek” ismi shaxs nomida
uchraydi. Shuningdek, Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon (1312–1342) nomi bilan
bog‘liq manbalar, xususan Hamidulloh Mustavfiy Kazviniyning “Tarixi guzida”,
Mirzo Ulug‘bekning “To‘rt ulus tarixi” va Abdulg‘ozi Bahodirxonning “Shajarayi
turk” asarlarida “o‘zbek” atamasi siyosiy-ijtimoiy nom sifatida tilga olinadi.
Rus va g‘arb olimlaridan N.A. Aristov, P.P. Ivanov, A.Yu. Yakubovskiy, Xilda
Hukem, E. Olvort, H. Vamberi kabi tadqiqotchilar bu atamani Oltin O‘rda xoni
O‘zbekxon nomi bilan bog‘lash fikrini ilgari suradilar. Shu bilan birga, V.V. Grigorev,
A.A. Semyonov va B. Ahmadov singari olimlar bu atama dastlab Oq O‘rda hududida
shakllanganini ta’kidlaydilar.
G‘arb tadqiqotchilari G. Xovors va M. Pelyo “o‘zbek” so‘zining ma’nosini “o‘zo‘ziga bek”, ya’ni erkin, mustaqil inson sifatida izohlashadi. Mahalliy olimlardan A.
Asqarov, M.M. Ermatov, R.A. Agayev va A. Shukurovlar ham bu masalaga turlicha
yondashuvlarni ilgari surganlar.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu maqola tarixiy-tipologik tahlil, taqqoslamali manbashunoslik va
etnogenetik yondashuv usullariga tayangan. Asosiy maqsad “o‘zbek” atamasining
paydo bo‘lishi, ma’no transformatsiyasi va siyosiy-etnik kontekstda shakllanishini
aniqlashdir.

Manba sifatida arab, fors va turkiy tarixchilar (Usoma ibn Munqiz, Rashididdin,

Mustavfiy, Mirzo Ulug‘bek, Abdulg‘ozi) hamda rus, g‘arb va o‘zbek

tadqiqotchilarning ishlari solishtirildi. Shuningdek, “o‘zbek” atamasining antroponim

sifatidagi ilk qo‘llanilishi bilan etnonim sifatidagi siyosiy mustahkamlanish jarayoni

o‘zaro bog‘liq holda o‘rganildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tarixiy manbalar va ilmiy adabiyotlarda “o‘zbek” so‘zining kelib chiqishi hamda
uning xalq nomi sifatida shakllanishi haqida turli, ba’zan bir-biriga zid bo‘lgan fikrlar
mavjud. Shu bilan birga, tarixiy ma’lumotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, “o‘zbek” iborasi
dastlab antroponim, ya’ni shaxs ismi sifatida ishlatilgan. Masalan, XII asrda yashagan
arab muallifi va harbiy arbob Usoma ibn Munqiz o‘zining “Kitob al-i’tibor” (“Ibrat
kitobi”) asarida Saljuqiylar davrida Eronda ro‘y bergan voqealarni bayon etar ekan,
1115-1116-yillarda Hamadon amiri Bo‘rsuq qo‘shinining boshlig‘i va Mosul shahri
hokimining ismi O‘zbek bo‘lganini qayd etadi. Bu ma’lumot “o‘zbek” nomi ilk
davrlarda shaxsiy ism sifatida ishlatilganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, XIII-XIV asrlarga oid tarixiy manbalar, jumladan, Ato Malik
Juvayniyning “Tarixi jahongusho” va Rashididdin Fazlullohning “Jome’ at-tavorix”
asarlarida, hamda Elxon Oboka (1265-1282) davrida Eronda yashagan Tojiddin ibn
Bahoiddin (Puri Baho)ning dostonida ham “o‘zbek” ismi shaxs nomida uchraydi.
Shuningdek, 1221-yilda Xorazmshoh Jaloliddinning Afg‘onistondagi qo‘shini
boshliqlaridan biri “Jahon Pahlavon O‘zbek Toy” deb atalganligi haqidagi ma’lumotlar
ham bu nomning keng qo‘llanilganini tasdiqlaydi. Bu misollardan kelib chiqib aytish
mumkinki, “o‘zbek” so‘zi dastlab muayyan shaxslarning nomi sifatida qo‘llanilgan
bo‘lib, u Markaziy Osiyo hududida, xususan, o‘g‘uz va boshqa turkiy qabilalar orasida
mo‘g‘ullar bosqiniga qadar mavjud bo‘lgan.
“O‘zbek” atamasining ma’lum bir aholi guruhi yoki ulusga nisbatan qo‘llanilishi
XIV asr boshlariga to‘g‘ri keladi. Shu davr manbalaridan ma’lumki, XIV-XV asrlarga
oid sharq tarixiy asarlarida (arab, fors va turkiy tillardagi) “o‘zbek” iborasi dastlab
Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxon ulusiga nisbatan ishlatilgan. Keyinchalik esa, sharqiy
Dashti Qipchoq hududlarida shakllangan ko‘chmanchi turk-mo‘g‘ul qabilalari
ittifoqini ifodalovchi umumiy siyosiy nom sifatida qo‘llanila boshlagan.
Ta’kidlash joizki, o‘rta asr sharq tarixchilari va geograflarining ko‘pchiligi
“o‘zbek” etnonimini Oltin O‘rda xoni O‘zbekxon (1312-1342) nomi bilan
bog‘laydilar. Masalan, Hamidulloh Mustavfiy Kazviniy (1281-1350)ning “Tarixi
guzida” (“Tanlangan tarix”) asarida O‘zbekxonga tobe bo‘lgan yerlar va xalqlar
“o‘zbekiyon” (“o‘zbeklar”), ular istiqomat qilgan hududlar esa “mamlakati o‘zbek”
(“o‘zbeklar mamlakati”) deb ataladi.

Mirzo Ulug‘bek ham o‘zining “To‘rt ulus tarixi” asarida bu nomning shunday

kelib chiqishini ta’kidlab, “O‘zbek ulusini unga (O‘zbekxonga) nisbat beradilar” deb

yozadi.

Xiva xoni Abdulg‘ozi Bahodirxon (1643-1664) “Shajarayi turk” asarida shunday

deb yozadi: “To‘qtag‘uxon o‘lgandin so‘ng o‘n uch yoshda O‘zbekxon xon bo‘ldi. Elni

ota-bobosining dasturi bilan zabt qildi, har kimning martabasiga yarasha hurmat qildi

va in’omlar berdi. El-ulusni dini islomga kirguzdi. Andin so‘ng Jo‘chi elini o‘zbek eli

tedilar.” Abdulg‘ozi Bahodirxonning bu so‘zlaridan xulosa qilish mumkinki,

O‘zbekxon o‘z qo‘l ostidagi qabilalarni islom diniga kiritgach, ular umumiy ravishda

“o‘zbek eli” deb atalgan.

Bu nuqtayi nazarni qator rus va g‘arb olimlari ham qo‘llab-quvvatlaydilar.

Xususan, N.A. Aristov, P.P. Ivanov, A.Yu. Yakubovskiy, M. Chaplichka, Xilda

Hukem, H. Vamberi va E. Olvort kabi tadqiqotchilar “o‘zbek” etnonimining paydo

bo‘lishini O‘zbekxon nomi bilan bog‘laydilar. N.A. Aristovning fikricha,

“O‘zbekxongacha tarixda bu nom uchramaydi, shu sababli uning nomi bilan

bog‘langan deb aytish mumkin”. A.Yu. Yakubovskiy esa “o‘zbek” atamasining kelib

chiqishini “o‘zbek” va uning ko‘plik shakli “o‘zbekiyon” so‘zlari bilan izohlab, ular

o‘z nomlarini Oltin O‘rda hukmdori O‘zbekxondan olganlar, degan fikrni bildirgan.

P.P. Ivanov ham mazkur nuqtayi nazarni ma’qullaydi. Shuningdek, xorijlik

tadqiqotchilar M.A. Chaplichka va Xilda Hukem ham o‘zbeklarning kelib chiqishini

O‘zbekxon nomi bilan bog‘lash fikrini ilgari suradilar.

Bu borada, ayniqsa, venger sharqshunosi Herman Vamberining fikrlari alohida

e’tiborga loyiqdir. Uning ta’kidlashicha, turkiy xalqlarda agar hukmdorlardan biri

mamlakatni adolat bilan boshqarib, davlatda islohot va tartib-intizom o‘rnatsa, el uning

nomini abadiy saqlashga intiladi. Bu orqali u nafaqat hukmdorini qavm boshlig‘i

darajasiga ko‘taradi, balki shu xalqning siyosiy taraqqiyoti va umumjahon tarixiga

kirish jarayonini ramziy ifoda etadi. Vamberi shunday yozadi: “Xuddi shunday holat

Ko‘k O‘rdaning sharqida, Volga bilan Orol dengizi orasida istiqomat qilgan turk-

mo‘g‘ul qabilalarida ham kuzatiladi. Ular Jo‘chi sulolasidan bo‘lgan to‘qqizinchi

hukmdor O‘zbekxon nomi bilan bog‘lab, o‘zlariga bir siyosiy qo‘shma nom “o‘zbek”

atamasini qabul qilganlar.” Olim shuningdek, “o‘zbek” so‘zining lug‘aviy ma’nosi

haqida ham mulohaza yuritib, uni “o‘ziga xos mustaqil xo‘jayin”, “erkin shaxs”

ma’nosida talqin qiladi. Uning ta’kidlashicha, bu atama qadimiy mojyor hujjatlarida

ham uchraydi va 1150-yillarga oid ba’zi yozma manbalarda qayd etilgan.

O‘zbekxon davrida uning ulusi tarkibidagi burkut, qiyot, qo‘shchi, qo‘ng‘irot,

nayman, qorluq, mang‘it, no‘kuz, qushchi, uyshun, do‘rmon, tuboy, kenagas, taymas,

tuman-ming, uyg‘ur, xitoy (qora xitoy) va boshqa turkiy-mo‘g‘ul qabilalar Sharq

manbalarida umumiy tarzda “o‘zbeklar” deb atalgan. Ular yashagan hudud esa

“mamlakati o‘zbek” yoki “o‘zbek ulusi” sifatida tilga olingan.

XIV asrdagi arab mualliflari Nasiriddin ibn Furat (1361-1404), al-Asadiy (1377-

1447) va al-Ayniy (1361-1452) o‘z asarlarida O‘zbekxon va uning vorislarini “shimol

dashtlarining podshohlari”, “qipchoqlar sultonlari” yoxud “dasht mamlakatlarining

podshohlari” deb ta’riflaydilar. Tarixchi al-Kalkashoniy esa (1418-yilda vafot etgan)

To‘xtamishxonni “o‘zbeklar podshohi” sifatida zikr etadi.

Biroq “o‘zbek” atamasining to‘g‘ridan-to‘g‘ri O‘zbekxon nomi bilan

bog‘lanishiga barcha olimlar ham qo‘shilmaydilar. Masalan, V.V. Grigorev va A.A.

Semyonov, B.Ahmedov kabi tadqiqotchilar bu atama ilk bor Oq O‘rda hududida paydo

bo‘lgan, deb hisoblaydilar. Ularga ko‘ra, XIV-XV asrlarda Eron va Movarounnahr

tarixchilari Oq O‘rdadagi barcha turk-mo‘g‘ul qabilalarini umumiy “o‘zbeklar” nomi

bilan ataganlar, O‘zbekxon esa Ko‘k O‘rda ya’ni Oltin O‘rdaning hukmdori bo‘lib,

keyinchalik “o‘zbeklar” deb atalgan qabilalar unga bevosita bo‘ysunmagan.

B. Ahmedovning fikricha, “o‘zbek” iborasi XV asrga kelibgina Dashti

Qipchoqdagi turk-mo‘g‘ul qabilalarining umumiy nomi sifatida mustahkamlangan.

Uning ta’kidlashicha, XIV-XV asrlardagi arab va fors tillaridagi tarixiy asarlarda,

jumladan Hamidulloh Mustavfiy Kazviniy, Nasiriddin ibn al-Furat, al-Asadiy,

Nizomuddin Shomiy, Abdurazzoq Samarqandiy va Xondamir asarlarida Orol va

Kaspiydan to G‘arbiy Sibir, Itil (Volga) va Yoyiq (O‘rol) daryolaridan Balxash va Chu

vohasigacha bo‘lgan keng hududda istiqomat qilgan turk-mo‘g‘ul qabilalari

“o‘zbeklar” deb tilga olinadi.

G‘arblik tadqiqotchilar G. Xovors va M. Pelyo esa “o‘zbek” so‘zining ma’nosini

“o‘z-o‘ziga bek”, ya’ni erkin, mustaqil inson sifatida izohlab, bu atama ko‘chmanchi

turk-mo‘g‘ul qabilalarining mustaqillik hissini ifodalaganini ta’kidlaydilar. Ushbu

fikrni ayrim mahalliy olimlar ham qo‘llab-quvvatlaydilar. Shu bilan birga, Allen J.

Frank va Peter B. Golden kabi tadqiqotchilar “o‘zbek” atamasi Oltin O‘rda xoni

O‘zbekxondan ancha oldin ham mavjud bo‘lgan, deb hisoblaydilar.

Ayrim mahalliy tadqiqotchilar (M.M. Ermatov, R.A. Agayev) “o‘zbek” so‘zini

“o‘zlar” so‘zidan kelib chiqqan deb talqin qilsalar, ba’zi ziyolilar (Asqad Muxtor,

Po‘lat Zohidov, Xurshid Davron, Tohir Malik, Anvar Shukurov) uni “O‘g‘uzxon” yoki

“o‘g‘uzlar” nomi bilan bog‘laydilar.

Shu tariqa, manbalardagi ma’lumotlar va turli talqinlarning mavjudligi “o‘zbek”

atamasining kelib chiqishi haqida yagona ilmiy xulosa chiqarishni qiyinlashtiradi.

Biroq umumiy tahlil shuni ko‘rsatadiki, “o‘zbek” iborasi turkiy muhitda ilk bor shaxsiy

nom sifatida ishlatilgan, keyinchalik esa O‘zbekxon nomi va uning siyosiy faoliyati

bilan bog‘liq holda umumiy etnosiyosiy nom darajasiga ko‘tarilgan.

O‘zbekxon Dashti Qipchoq hududida islom dinini rasmiy ravishda joriy etgan ilk

hukmdorlardan biri bo‘lib, uning siyosiy nufuzi va islomni davlat dini sifatida tan olishi

natijasida u boshqargan qabilalar “o‘zbek ulusi” deb atalgan. Shu davrdan boshlab

“o‘zbek” nomi nafaqat siyosiy birlikni, balki diniy va madaniy birlikni ham ifoda eta

boshlagan.

Adib Abduqahhor Ibrohimov ham bu nuqtayi nazarni qo‘llab, “Bizkim,

o‘zbeklar” asarida shunday yozadi: “O‘zbek atamasi Oltin O‘rda davlatida yashagan,

islom dinini qabul qilgan Orlot, Bahrin, Burgut, Qtoy, Qorluq, Mojar, Qipchoq, Qiyot,

Qo‘ng‘irot, Mang‘it, Nayman, Nukuz, Tang‘ut, Qushchi, Ming kabi turkiy qabilalar

uyushmasini, ya’ni o‘zbek xalqini ifoda etgan.”

XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, “o‘zbek” atamasi ildizi qadimiy turkiy muhitda
shakllangan bo‘lib, u dastlab shaxsiy nom sifatida, keyin esa O‘zbekxon nomi va uning
islomni joriy etish siyosati bilan bog‘liq holda umumiy etnosiyosiy nom sifatida
mustahkamlandi. XIV-XV asrlarga kelib esa, bu atama Dashti Qipchoq aholisining
umumiy etnonimiga aylanib, keyinchalik Markaziy Osiyodagi yetakchi etnik va
siyosiy birlik o‘zbek xalqi nomi sifatida shakllandi.
O‘zbekxonning islomni davlat dini sifatida joriy etishi “o‘zbek” nomining diniy
va madaniy birlashuv ramziga aylanishiga sabab bo‘lgan. G‘arb va mahalliy olimlar
o‘rtasidagi fikrlar farqlansa-da, umumiy xulosa shuki, “o‘zbek” so‘zi siyosiy birlik,
mustaqillik va diniy o‘zlikni ifoda etuvchi tarixiy tushunchaga aylangan.
Kelgusida “o‘zbek” atamasining turkiy qabilalar o‘rtasida tarqalish dinamikasini,
til va madaniyat bilan o‘zaro aloqasini lingvo-etnologik tadqiqotlar orqali yanada
chuqur o‘rganish tavsiya etiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR ROʻYXATI:
1. Абдуғози Баҳодирхон. (1992). Шажарайи турк. Тошкент.
2. Агаев Р.А. (1990). Страны и народы. Происхождение названий. Москва.
С. 102.
3. Асқаров А. (2015). Ўзбек халқининг келиб чиқиш тарихи. Тошкент.
4. Аҳмедов Б. (1992). Ўзбек улуси // Ўзбегим. Тошкент.
5. Аҳмедов Б. (1994). Тарихдан сабоқлар. Тошкент.
6. Вамбери Херман. (1990). Бухоро ёхуд Мовароуннаҳр тарихи. Тошкент.
52–53-бетлар.
7. Даврон Хуршид. (1991). “Ўзбек” атамасининг келиб чиқиши билан
боғлиқ бир фараз ҳақида // Самарқанд ҳаёли. Қиссалар ва бадиялар. Тошкент.
232-бет.

8. Иброҳимов А. (2011). Бизким, ўзбеклар (миллий давлатчилигимиз

асослари ҳақида мулоҳазалар). Тошкент. 361-бет.

9. Мирзо Улуғбек. (1994). Тўрт улус тарихи (форс тилидан Б. Аҳмедов, Н.

Норқулов, М. Ҳасаний таржимаси). Тошкент. 225-бет.

10. Семёнов А.А. (1953). К вопросу о происхождении и составе узбеков

Шейбани-хана // Труды академии наук Таджикской ССР. Том XII. С. 3–37.

11. Усама ибн Мунқиз. (1958). Китаб назидания (пер. Ю.И. Крачковского).

Москва: Издательство восточной литературы. С. 134.

12. Шукуров Анвар. (2010). “Ўзбек” атамасининг келиб чиқиши ҳақида.

Тошкент. 10–36-бетлар.

13. Эрматов М.М. (1964). К вопросу о происхождении названия «узбек» //

Ученые записки Ташкентского государственного педагогического института

имени Низами. Том 49. Тошкент.

REFERENCES:
1. Abdugʻozi Bahodirxon. (1992). Shajarayi turk. Toshkent: Choʻlpon. 8-bet. (In
Uzbek)
2. Agaev R.A. (1990). Strany i narody: Proiskhozhdenie nazvaniy. Moskva. S.
102. (In Russian)
3. Ahmedov B. (1992). Oʻzbek ulusi // Oʻzbegim. Toshkent. (In Uzbek)
4. Ahmedov B. (1994). Tarixdan saboqlar. Toshkent. (In Uzbek)
5. Асқаров А. (2015). Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi. Toshkent. (In Uzbek)
6. Davron Xurshid. (1991). “Oʻzbek” atamasining kelib chiqishi bilan bogʻliq bir
faraz haqida // Samarqand hayoli: Qissalar va badiyalar. Toshkent. 232-bet. (In Uzbek)
7. Ermatov M.M. (1964). K voprosu o proiskhojdenii nazvaniya “uzbek” //
Uchenye zapiski Tashkentskogo gosudarstvennogo pedagogicheskogo instituta imeni
Nizami. Tom 49. Toshkent. S. 54–55. (In Russian)
8. Ibrohimov A. (2011). Bizkim, oʻzbeklar (milliy davlatchiligimiz asoslari
haqida mulohazalar). Toshkent. 361-bet. (In Uzbek)
9. Mirzo Ulugʻbek. (1994). Toʻrt ulus tarixi (fors tilidan B. Ahmedov, N.
Norqulov, M. Hasaniy tarjimasi). Toshkent. 225-bet. (In Uzbek)
10. Semenov A.A. (1953). K voprosu o proiskhojdenii i sostave uzbekov
Sheybani-xana // Trudy akademii nauk Tajikskoy SSR. Tom XII. S. 3–37. (In Russian)
11. Shukurov Anvar. (2010). “Oʻzbek” atamasining kelib chiqishi haqida.
Toshkent. 10–36-betlar. (In Uzbek)
12. Usama ibn Munkiz. (1958). Kniga nazidaniya (per. Yu.I. Krachkovskogo).
Moskva: Izdatelstvo vostochnoy literatury. S. 134. (In Russian)
13. Vamberi Herman. (1990). Buxoro yoxud Movarounnahr tarixi. Toshkent. 52–
53-betlar. (In Uzbek)