EFTALIYLARDA DAVLAT MAFKURASI, HUQUQ VA MUDOFAA
TIZIMI
STATE IDEOLOGY, LAW AND DEFENSE SYSTEM AMONG THE
EFTALITES
В ЭФТАЛИТАХ ГОСУДАРСТВЕННАЯ ИДЕОЛОГИЯ, ПРАВО И
СИСТЕМА ОБОРОНЫ
Kamolov Jahongir Mamasidiqovich
Oreantal universiteti
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, PhD.
Tel: +998 99 843-88-96
E-mail: jahongir.kamolov.88@gmail.com
ORCID: 0009-0005-6245-1004
Annotatsiya. Ushbu maqolada Eftaliylar davlati (V–VI asrlar) siyosiy va
mafkuraviy asoslari, huquqiy tartibotlari hamda mudofaa tizimi tahlil etiladi.
Tadqiqotda Eftaliylar hokimiyatining mafkuraviy poydevori, diniy va dunyoviy
qarashlar hamda ularning davlat boshqaruvidagi o‘rni yoritilgan. Shuningdek, jamiyat
hayotida amal qilgan huquqiy normalar, adolat tamoyillari va ijtimoiy tabaqalanish
jarayonlari haqida fikr yuritiladi. Maqolada Eftaliylar davlatining mudofaa siyosati,
qo‘shin tuzilishi, harbiy taktika va strategiyalar, shuningdek, yirik yurishlar va tashqi
xavflarga qarshi olib borilgan harbiy choralarga e’tibor qaratilgan. Tadqiqotdan
ko‘rinadiki, Eftaliylar davlat mafkurasi markazlashgan hokimiyatni mustahkamlashga
xizmat qilgan bo‘lsa, huquqiy tizim jamiyat barqarorligini ta’minlashda muhim omil
bo‘lgan. Ularning mudofaa tizimi esa keng hududlarni saqlash va qo‘shni davlatlar
bilan raqobat qilish imkonini bergan.
Kalit so‘zlar: Eftaliylar, davlat mafkurasi, huquqiy tizim, mudofaa, qo‘shin,
O‘rta asrlar tarixi, sosoniylar, Xun saltanati.
Abstract. This article analyzes the political and ideological foundations of the
Ephthalite state (5th–6th centuries), its legal regulations, and defense system. The study
highlights the ideological basis of Ephthalite power, religious and secular views, and
their role in state governance. It also discusses legal norms operating in social life,
principles of justice, and social stratification processes. The article focuses on the
Ephthalite state's defense policy, army structure, military tactics and strategies, as well
as major campaigns and military measures against external threats. The research shows
that the Ephthalite state ideology served to strengthen centralized power, while the
legal system was a key factor in ensuring societal stability. Their defense system
enabled control over vast territories and competition with neighboring states.
Keywords: Hephthalites, state ideology, legal system, defense, army, medieval
history, Sassanids, Hunnic Empire.
Аннотация. В данной статье анализируются политические и
идеологические основы государства эфталитов (V–VI вв.), их правовые
установления и система обороны. В исследовании освещены идеологическая
основа власти эфталитов, религиозные и светские взгляды, а также их роль в
государственном управлении. Кроме того, рассматриваются правовые нормы,
действовавшие в общественной жизни, принципы справедливости и процессы
социальной стратификации. В статье уделено внимание политике обороны
государства эфталитов, структуре армии, военной тактике и стратегии, а также
крупным походам и военным мерам против внешних угроз. Из исследования
видно, что идеология государства эфталитов служила укреплению
централизованной власти, правовая система была важным фактором
обеспечения стабильности общества. Их система обороны позволяла сохранять
обширные территории и конкурировать с соседними государствами.
Ключевые слова: Эфтал́иты, государственная идеология, правовая
система, оборона, войско, история средних веков, Сасаниды, Хуннская империя.
KIRISH
Eftaliylar davlati (V–VI asrlar) Oʻrta Osiyoda markazlashgan hokimiyat, huquqiy
tartib va kuchli mudofaa tizimi bilan ajralib turgan muhim siyosiy kuch edi. Bu
davlatning mafkuraviy poydevori diniy bagʻrikenglik va dunyoviy qarashlarga
asoslangan boʻlib, jamiyat barqarorligini taʼminlagan. Huquqiy normalar jinoyatlarga
qattiq jazo va adolat tamoyillarini oʻz ichiga olgan, ijtimoiy tabaqalanishni
mustahkamlagan. Mudofaa siyosati otliq qoʻshinlar, harbiy taktikalar va yirik yurishlar
orqali keng hududlarni himoya qilgan, Sosoniylar va boshqa qoʻshnilar bilan raqobatni
taʼminlagan. Mazkur masalani quyidagi ma`lumotlar orqali tahlil qilib chiqamiz.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Eftaliylardagi davlat mafkurasi va huquq tizimi bo‘yicha keng ma’lumotlar
yozma manbalarda o‘rin olmasa-da, ulardagi jinoyat va jazo masalasi, ko‘mish
marosimlari, ijtimoiy turmush tarzi haqida “Bey-shi” va “Vey-shu” yilnomalarida,
shuningdek qisman elchi Sun Yun keltirilgan ma’lumotlar bu borada birmuncha
tasavvurlar beradi. Elchi Eftaliylar davlati ijtimoiy tuzumida tabaqalashuv mavjud
ekanligini quyidagi ma’lumotlar orqali keltirib o‘tadi. “Ularda kambag‘allar va
boylarning kiyimlarida farqlilik ko‘zga tashlanadi” (Гафуров Б.Г., 1989:256-266).
Eftaliylar jamiyati yuqori tabaqa va oddiy xalq o‘laroq ikkiga bo‘lingan. Ya’ni
katta boyliklarga ega boy kishilar (saroy a’yonlari, amaldorlar, urug‘-qabila boshliqlari
va h.k.) va o‘rtahol yoki kambag‘al aholi (dehqonchilik, chorvachilik,
hunarmandchilik, turli xizmatlar bilan shug‘ullanuvchilar). Jamiyatdagi tabaqalashuv
ularning ko‘mish marosimlarida ham aks etgan. Eftaliylardagi ko‘mish marosimlari
haqida elchi Sun Yun keltirilgan quyidagi ma’lumot bu borada birmuncha tasavvurlar
beradi. “Boy xonadonlar marhumning tosh lavhalari qo‘yilgan qabrlarga qo‘yiladi,
yo‘qsillar esa qazma qabrlarga ko‘miladi” (Гафуров Б.Г., 1989: 265-266).
Eftaliylarda davlat mafkurasi bevosita ularning diniy qarashlari bilan bog‘lanib
ketgan bo‘lib, urug‘-qabilachilikka asoslangan an’analardan iborat bo‘lgan, deyish
mumkin. Xo‘sh, ko‘chmanchilarga xos an’analar mohiyatan qanday bo‘lgan. Bu
masalada aniqroq tasavvurga ega bo‘lish uchun o‘z an’analarining ko‘pchiligini Juan-
juanlar orqali Xun saltanatidan olgan Turk xoqonligi misolida ko‘rish mumkin.
Ma’lumki, qadimgi turklarda qonunlar “to‘ru” (to‘ru) yoki “to‘ra” deb atalgan.
O‘rxun bitiktoshlarda to‘ru haqida ko‘p marotaba eslatilgan bo‘lsada‚ qonunlarning
majmua holida yig‘ilib‚ yozuvda ifodalangani haqida ma’lumotlar uchramaydi.
Ko‘pchilik tadqiqotchilarga ko‘ra‚ qadimgi turkiy qonunlar – to‘ru og‘zaki bo‘lib‚
hech qachon yozuvga ko‘chirilmagan (Koca A., 2002: 854). Demak, qadimgi turkiy
urf-odatlarga asoslangan ushbu ibora ostida an’anaviy rasm-rusumlar, ya’ni “odat
huquqi” tushuniladi. Bitiktoshlarda “turk to‘rusini yo‘qotgan xalqni ota-bobolarim
to‘rusi bo‘yicha tartibga solibdi, boshqaribdi” mazmunida jumlalar uchraydiki, bu esa
jamiyat a’zolari nazdida qonunlarning “ajdodlarga meros” ekanligidan va xalqning
barcha qatlamiga tegishli deb bilinganidan darak beradi.
Turk xoqonligidan oldinroq ham to‘ru tushunchasi mavjud bo‘lganini
tasdiqlaydigan ma’lumotlar Juanjuanlarga oid manbalarda ham uchraydi. Jumladan,
510 yillar atrofida xoqon bo‘lgan Chounu o‘ziga Doulo fubado ufa kexan unvonini
qabul qilgani va u Vey sulolasi tilida1 “boshqaruvni yorituvchi” ma’nosini bildirishi
xitoy yilnomalarida qayd etiladi (В.С. Таскина, 1984:279) Yapon tadqiqotchisi
Shiratori fikricha‚ ushbu unvonning birinchi qismi doulo, aslida mo‘g‘ulcha türu –
“boshqarma/mahkama”‚ “davlat boshqaruvi” degan ma’noni anglatadi (Бобоёров Ғ.,
2018:413). Demak, Turk xoqonligi davlat boshqaruviga xos bir qator an’analarni juan-
juanlardan qabul qilish barobarida mazkur davlat jamiyatiga xos ayrim huquqiy
an’analarni ham o‘zlashtirgan.
*“Vey sulolasi tili” – milodiy 385–556-yillarda Xitoyda hukm surib, xitoy yilnomalarida “Toba sulolasi” yoki “Shimoliy Vey
sulolasi” deb nomlangan va kelib chiqishi markaziy osiyolik ko‘chmanchi qabilalarga borib taqaladigan sulola asoschilarining tili. Ushbu
tilni ayrim tadqiqotchilar turkiy hisoblasa, ayrim tadqiqotchilar mo‘g‘ulcha bo‘lgan, deb talqin qiladilar (Boodberg P. A., 1936: 167–
185).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Eftaliylar davlati mavzusini o‘rganishda tarixiy, arxeologik va adabiy manbalarni
kompleks tahlil qilishga asoslanadi. Asosiy tadqiqot usullari sifatida tarixiy izchillik,
taqqoslash, tipologik tahlil va dokumentshunoslik qo‘llaniladi. Arxeologik dalillar va
yirik davlat yozma manbalari o‘rganilib, davlat mafkurasi, huquqiy tizim va mudofaa
tizimining shakllanishi yoritiladi. Shu bilan birga, jamiyatning ijtimoiy va siyosiy
jarayonlari, davlat boshqaruvi va harbiy strategiyalar tahlil qilinadi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Tadqiqotchilarga ko‘ra, o‘z navbatida juan-juanlar ham markaziy osiyolik
qadimgi ko‘chmanchilar, shu jumladan, xunlardan bir qator an’analarni qabul qilib
olishgan (Koca A., 2002:319). Masalan, Xun, Juan-Juan, Turk xoqonligida «Tangri,
ya’ni Osmon» bosh iloh bo‘lib, u barcha jonli va jonsiz narsalarning yaratuvchisi, deb
talqin qilingan. Shunga o‘xshash tushuncha Eftaliylarda ham mavjud bo‘lganini xitoy
elchisi Sun Yun (520) o‘zi guvoh bo‘lib yozib qoldirgan “Eftaliylar har kuni ertalab
chodirlaridan tashqariga chiqib, xudolarga ibodat qilishadi va shundan so‘nggina
nonushta qilishadi»” mazmunidagi qaydlar ham tasdiqlaydi. Shunga o‘xshashroq
ma’lumot Turk xoqonligi bilan bog‘liq ravishda shu tariqa uchraydi: “O‘tog‘ining
eshigi ham sharqqa qaratilgan bo‘lardi. Xoqon har tongda o‘tog‘ining eshigidan
chiqqanda muqaddas hisoblanuvchi quyoshga salom berardi” (Бичурин Н.Я., 1950:
833).
Agar Eftaliylar davlatining Juan-juanlar bilan deyarli bir vaqtda yashab o‘tgan
o‘zaro qo‘ni-qo‘shni bo‘lganligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, shuningdek, ayrim
yozma manbalarda “Ko‘plab odatlari tukyue (Turk xoqonligi) odatlari bilan bir xil”
(Taşağıl A., 2003:268) mazmunidagi ma’lumotlarning uchrashi ushbu davlatlarning
davlat mafkurasi va huquq tizimida birmuncha o‘xshashliklar bo‘lganligidan darak
beradi. Bu borada quyidagicha o‘xshash omillarni keltirib o‘tish mumkin:
- “Osmon xudosi”, ya’ni ko‘plab ko‘chmanchi davlatlarda mavjud bo‘lgan ibora
bilan aytiladigan bo‘lsa, “Tangri” tushunchasi bu uchala davlatda ham mavjud bo‘lib,
boshqaruvchi toifa tomonidan bu e’tiqod bilan bog‘liq marosimlar amalga oshirilgan;
- Ko‘plab urf-odatlar, xususan, huquq, jinoyatchilarni jazolash masalalarida
umumiylik bor. Ayniqsa, o‘g‘rilik jinoyati ushbu jamiyatlarda qattiq qoralanib, eng
katta jazolar ularga nisbatan qo‘llanilgan;
- türü / törü, ya’ni “qonun” so‘zi Juan-juanlar va Turk xoqonligida mavjud bo‘lib,
bu so‘z ko‘chmanchi jamiyatda o‘zaro muvozanatni saqlash, hokimiyat va aholi
orasidagi munosabatlarni tartibga solish ishlari orqali amalga oshirilgan. Juanjuanlarga bir qator jihatlardan o‘xshashlikka ega bo‘lgan Eftaliylarda ham shunday
qonun-qoidalar bo‘lgan deyish mumkin.
“Bey-shi” yilnomalarida Eftaliylardagi jinoyatchilarni jazolash bo‘yicha
“O‘g‘irlik uchun miqdoriga qaramasdan jinoyatchining boshi kesiladi; o‘g‘irlangan
mol-mulklarning o‘n miqdori undirib olinadi” mazmunida ma’lumotlar keltirilsa,
“Tundyan” asarida Turk xoqonligida jinoyat qilganlar va ularga nisbatan ko‘riladigan
choralar haqida “Ular (turklar)ning qonuni bo‘yicha isyon ko‘targan‚ odam o‘ldirgan
har qanday kishiga o‘lim jazosi buyuriladi. ... ot o‘g‘irlaganlar o‘n misli to‘lov to‘lash
majburiyatidir” (Гафуров Б.Г. 1989, 98) degan ma’lumot keltiriladi. Shuningdek,
“Sefu Yuankui” yilnomasida esa xoqonlikda jinoyat va uning jazosi haqida
“Ularning odatiga ko‘ra isyon ko‘targan‚ odam o‘ldirgan‚ zino qilgan‚ bog‘log‘liq
otni o‘g‘irlaganlar o‘lim jazosiga tortilardi ... Ot va molashyo o‘g‘irlagan kishi
barchasining o‘n baravaridan ko‘prog‘ini to‘lashi shart edi” (Бичурин Н.Я.,
1950:112). Bundan ko‘rinadiki, Eftaliylar davlati bilan xoqonlikdagi qonun-
qoidalarida umumiylik mavjud bo‘lgan. Ayniqsa, o‘lim jazosi va birovlarning mol-
mulkini o‘g‘irlaganda “10 baravar to‘lov to‘latish” kabi amaliyotlar bu fikrni
tasdqilaydi.
Eftaliylarning diniy qarashlari haqida dastlab xitoy manbalari ma’lumot beradi.
Xitoylik sayyoh Sun Yunning xabar berishicha, Toxaristondagi Eftaliylar buddizmga
e’tiqod qilmaydilar, ular “begona xudolarga” sig‘inadilar. V.A.Litviniskiyning yapon
tarixchisi E.Enokiga tayanib bergan ma’lumotlariga e’tibor qaratadigan bo‘lsak,
“begona xudolar” deb ko‘chmanchi eftallarning Ko‘k tangri (Qam, shamaniylik ham
bo‘lishi ehtimol)ga e’tiqod qilishlarini nazarda tutgan bo‘lishi haqiqatga yaqin. Xuddi
shunga o‘xshash ma’lumotni “Liang-shu»da ham uchratish mumkin. Gandharadagi
Eftaliylar “Eftallar jinlarni hurmat qilishadi”, “ular Osmon xudosi va Olov xudosiga”
sig‘inishadi. “Liang-shu” yilnomasining yuqoridagi ma’lumotlaridan bilish mumkinki,
eftaliylar ijtimoiy hayotida tangrichilik, otashparastlik va shamaniylik amalda bo‘lgan.
Tangrichilik va shamanizm azaldan ularning hayotida muhim o‘rin tutgan bo‘lsa,
Markaziy Osiyo, xususan, Toxariston hududiga kirib kelishi ular hayotiga
otashparastlikni ham olib kirdi. Kushonlardan esa meros bo‘lib, ular bunyod еtgan
shaharlar va buddizmning elementlari saqlanib qoldi. Buddizm ko‘proq ular hayotiga
Shimoliy Hindistonni zabt etgandan keyin rivojlandi. Yuqorida keltirib o‘tilganidek,
Eftaliylar har kuni ertalab chodirlaridan tashqariga chiqib, xudolarga ibodat qilib,
shundan so‘nggina nonushta qilishgan bo‘lib, bu esa ularning ko‘chmanchilarga xos
an’analarning ular Hindistonda hukmronlik qilgan chog‘larda ham davom etganidan
darak beradi.
Xitoy sayyohi Sun Yunning bergan ma’lumotlarida Eftaliylar buddizmga e’tiqod
qilmaganligi ta’kidlangan bo‘lsa-da, biroq Toxaristonda va boshqa hududlarda
buddizm keng tarqalgan. Bu faqatgina Eftaliylar emas, balki ular egallagan hududlar
aholisining e’tiqodi bilan bog‘liq holat edi. Deyarli uch asr Kushon podsholigi davrida
buddizm mintaqada hukmron din bo‘lgani bois aholining katta qismi bu dinga e’tiqod
qilgan, Eftaliylar kirib kelganda Markaziy Osiyoda buddizm bilan zardushtiylik asosiy
e’tiqod dini edi. Buni hozirgi O‘zbekiston, Tojikiston va Afg‘oniston hududlarida olib
borilgan arxeologik izlanishlar ham tasdiqlaydi. Shuningdek, bu davrda Afg‘onistonda
va Toxaristonda hinduiylik dini e’tiqodlari ham ko‘payib, moniylik va nestorianlik
ham tarqala boshladi.
Eftaliylar hayotida dinlarning o‘ziga xos o‘rni bo‘lib, materiallarni tahlil qilish
orqali ularning din borasida anchayin bag‘rikeng bo‘lganligini ko‘ramiz.
Eftaliylar o‘ziga xos madaniyat va diniy dunyoqarashga ega bo‘lgan turli
xalqlarni siyosiy jihatdan birlashtirgan. Milodiy IV – VI asrlarda O‘rta Osiyoda
ko‘plab diniy tizimlar va kultlar mavjud bo‘lgan. Markaziy Osiyoda zardushtiylik
mahalliy kultlar bilan aralashib ketgan. Buddizm Eftaliylar davrida, xususan, ularning
davlatining janubiy hududida keng tarqalgan. Biroq, Eftaliylarning bu dinga aloqasi
haqida ko‘plab ziddiyatli dalillar mavjud. “Bey-shi” yilnomasining yozishicha,
(Kurbanov A., 2010:265-266) Eftaliylar hukmdori qarorgohida “Badiyan shahrida
hukmdorning saroyi joylashib, aylanasi qariyb 10 li (chamasi 5 km). Unda ko‘plab
buddaviy ibodatxonalar va tosh ustunlar joylashgan bo‘lib, barchasi oltin bilan
bezatilgan”. Bu ma’lumot Eftaliylarning bosh hukmdorlari keyinchalik buddizmni
qabul qilib, uni qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatadi.
Syuan Szan Eftaliylar haqida, ular buddizmga ishonmaganliklarini va hatto
buddistlarni quvg‘in qilganliklari bo‘yicha ma’lumot yozib qoldirgan.
B.A.Litvinskiyning fikricha, bu holat Eftaliylarning mahalliy aholini bo‘ysundirish
uchun qilgan hatti-harakatlari bilan izohlanadi (Litvinsky B.A., 1999:150). Boshqa
tomondan esa Eftaliylarning ayrim guruhlari, ehtimol, ushbu sulolaning tarmoqlaridan
birida bu din taqiqlangan bo‘lib, ko‘rinishidan ular o‘zlarining qadimiy inonchlarini
saqlashga harakat qilib shunday yo‘l tutgan.
Eftaliylar davri shahar xarobalarida topilayotgan buddaviylikka xos elementlar bir
tomondan eftaliy boshqaruvchilarining keyinchalik ushbu dinga rag‘bat ko‘rsatganligi
bilan bog‘liq bo‘lsa, ikkinchi tomondan esa bu davr shaharlarining aholisi va
ibodatxona ahlining o‘z an’analarini saqlab qolgan mahalliy aholi bilan bog‘liqdir.
Ya’ni bu shaharlar etnik jihatdan eftaliy bo‘lmagan yеrli aholi, shu jumladan,
baqtriyaliklarga aloqador bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas.
Eftaliylarning ma’lum bir qismi orasida xristianlik birmuncha keng tarqalgan edi.
Suriyadagi “Mar Aba tarixi” manbasining xabar berishicha, milodiy 549 yilda
Eftaliylar Nestorian patriarxi Mar Aba II ga bu ruhoniyni nasroniy bo‘lgan Eftaliylar
uchun o‘z yurtida yеpiskop qilib tayinlash iltimosi bilan ruhoniy yuborgan.
Eftaliylarning iltimosi ma’qullanadi. Shunday qilib, Eftaliylarning bir qismi
nasroniylik ta’limotining nestorianlik oqimiga o‘tishadi (Kurbanov A., 2010:236)
Yegishe armanlar sosoniylardan mustaqillik uchun olib borgan kurashlari
chog‘ida forslarga qarshi ittifoq tuzish to‘g‘risida muzokaralar olib borish uchun Xon
(Xun)lar (ya’ni Eftaliylar) mamlakatiga o‘z vakilini yuborganlar. Eftaliylar bunga rozi
bo‘lishdi va “xristian bo‘lishga ishtiyoq bilan va’da berdilar”. Bu faktlar Eftaliylar
orasida nasroniylik keng tarqalgan deb hisoblashga imkon beradi. Marv
nestorianlarning O‘rta Osiyodagi asosiy markazlaridan biriga aylanadi (Kurbanov A.,
2010:236-238).
Ter-Mkrtichyanning fikricha, Eftaliylar orasida nasroniylikning tarqalishi
ularning armanlar bilan birga forslar va zardushtiylikka qarshi kurashidagi ishtiroki
bilan bog‘liqdir (ТерМкртичян Л. Х., 1979: 53).
Zardushtiylik bilan bir qatorda O‘rta Osiyoda Erondagidan farqli bo‘lgan
moniylik – Mazdak tarafdorlari ta’limoti sosoniylar tomonidan ta’qib qilinib, Erondan,
jumladan, Eftaliylar davlatiga quvib chiqarilgach, tez tarqalishda davom etdi. Qizig‘i
shundaki, Sosoniylar hukmdorining o‘g‘li Kubod mazdakiylar yordamida Eftaliylar
huzuriga yordam so‘rab boradi (Kurbanov A., 2010: 238).
Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, Eftaliylar davlatida bir nechta dinlar mavjud edi:
buddizm, zardushtiylik, nasroniylik (asosan nestorianlik), moniylik, hinduizm,
shuningdek, Markaziy Osiyo ko‘chmanchilariga xos qarashlar (Osmonga –
“Tangri”ga, olovga sig‘inish). Aftidan, Eftaliylar imperiyasida turli dinlar yonma-yon
yashab, diniy bag‘rikenglik xarakterli edi.
Eftaliylar davlatining davlat mafkurasini tashkil etgan unsurlarga keladigan
bo‘lsak, bu birinchi navbatda ushbu sulolani tashkil etgan elat – eftal qabilasiga xos
qadriyatlar: e’tiqod, ajdodlardan meros urf-odat va an’analar, qonun-qoidalar
ustuvorlik qilgan. Ayniqsa, ushbu sulolaga asos solingan va davlatning saltanatga
aylanish jarayonlari yuz bergan dastlabki yillarda ular o‘zlarining qadimiy an’analarini
saqlashga intilishgan. Keyinchalik esa egallangan hududlar aholisining mahalliy
an’analari ta’sirida davlat boshqaruvi va mafkurada o‘zgarishlar bo‘lib, joylarga qarab
zardushtiylik, buddaviylik kabi e’tiqodlar ham boshqaruvchi toifaga o‘z ta’sirini
ko‘rsata boshlagan. Eftaliylarga xristian dinining kirib kelishi siyosiy va g‘oyaviy
asoslar bilan bog‘liq bo‘lib, Sosoniylarga qarshi ittifoqchi izlangan paytda bu dinga
rag‘bat ko‘rsatilgan. Sosoniylar tomonidan quvg‘unga uchragan manixeylik ta’limoti
ham shunga o‘xshash omillar tufayli Eftaliylar hukm suradigan o‘lkalarda keng tarqala
boshlagan. Albatta, bu kabi e’tiqodiy o‘zgarishlarda tashqi ta’sirlar, xususan,
missionerlarning ham o‘ziga xos roli bo‘lgan.
Markaziy Osiyolik ko‘chmanchilarga xos an’ana – bosib olingan hududlardagi
mahalliy an’analarga, xususan, diniy inonchlarga zarar еtkazmaslik, o‘z e’tiqodini
bo‘ysundirilgan xalqlarga tiqishtirmaslik kabi holatlar Eftaliylar davrida ham bo‘lgan,
degan qarashlar bor (Kurbanov A., 2010: 238). Bunday yondashuv har doim ham
bo‘lavermagan ko‘rinadi. Chunki, eftaliylarning buddaviy ibodatxonalarni vayron
qilganliklari, bu e’tiqod vakillarini quvg‘in qilganliklari haqida ma’lumotlar uchraydi.
Bu kabi ma’lumotlar Eftaliylarning dastlabki paytlarda o‘z mafkurasini, xususan,
e’tiqodini saqlashga harakat qilib, bir qator qat’iy harakatlar qilganligini ko‘rsatadi.
Biroq yillar o‘tib mahalliy omillar – vaqt o‘tgan sayin madaniyat va mafkurada o‘zaro
bir-biriga ko‘nikish, hokimiyatda mahalliy vakillarning ham ishtirok eta boshlashi,
ayrim hukmdorlarning mahalliy e’tiqodlarni qabul qilishi natijasida ularning bunday
munosabatini yumshatishlariga olib kelgan, ehtimol. Shu bilan birga, VII asrning
ikkinchi choragida eftaliylar bilan yaqindan tanishgan Syuan Szanning ularni buddaviy
aholi sifatida emas, ko‘chmanchi an’analarni saqlagan elat sifatida tilga olishi o‘zining
izohini talab qiladi. Bizningcha, Eftaliylarning turli xalqlardan birmuncha uzoq,
tog‘ daralarida yashaydigan qismi o‘zlarining ilk vatani – Oltoy tog‘lari atrofidagi
elatlarga, xususan, Syun-nu (Xun)larga xos qadimiy an’analarni davom ettirgan.
Eftaliylarning davlat mafkurasi va dini bilan bog‘liq masalani yoritishda bir qator
omillarga e’tibor qaratish kerak bo‘ladi. Birinchidan, davlat chegaralari kengayib, turli
din, mafkura, madaniyat, xo‘jalik tarzi va hokazolarga ega elatlar o‘zaro bitta siyosiy
tuzumda yashay boshlagach, bu kabi masalalarda tobora yaqinlashuv, umumlashuv
kuzatilgan. Ayniqsa, turli elatlar madaniyatlari uchrashuvi yuz beradigan shaharlarda
bu holat yaqqol ko‘zga tashlanadi. Demak, boshlang‘ichda Markaziy Osiyo
ko‘chmanchilariga xos an’analar ustuvorlik qilgan bo‘lsa, keyinchalik vaqt o‘tishi
bilan o‘zaro qorishuv jarayonlari yuz bergan. Bu holat yozma manbalardan
anglashilganidek, Eftaliylar haqida bir-biridan farqli ma’lumotlar joy olishiga sabab
bo‘lgan.
Eftaliylar davlatining harbiy salohiyati, umuman olganda, ushbu davlatning
qo‘shini, uning tarkibiy tuzilishi, askarlarining soni, janglarda qo‘llangan qurol-
yarog‘lar, jang qilish usullari va hokazolar bo‘yicha yozma manbalarda o‘ta oz
ma’lumotlar o‘rin olgan. Kam sonli yozma manba ma’lumotlarini arxeologik
topilmalar asosida birmuncha boyitish mumkin.
Xitoycha «Bey-shi» yilnomasida “Yeda (Eftaliylar) ... Ularning davlatida
aravalar yo‘q, ularning o‘rniga zambillardan foydalanishadi; ot va tuyalari ko‘p ...
Xalqi qattiqqo‘l va jasur bo‘lib, jang qilishga mohirdir” (Бичурин Н.Я., 1950:269).
Xitoycha “Suy-shu” yilnomasida esa “Idan (Eftaliylar)... Jangovar qo‘shini 5
mingdan 6 minggcha” (Бичурин Н.Я., 1950:286) mazmunidagi ma’lumot uchraydi.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerak-ki, Eftaliylar davlatining “jangovar qo‘shini” 5-6 ming
jangchidan iborat bo‘lishi izoh talab qiladi. Ehtimol, xitoy yilnomalaridagi bu
ma’lumot Eftaliylar hukmdori yonida doimiy shay turadigan muntazam qo‘shin, ya’ni
gvardiyani ifodalagan yo bo‘lmasa, bu ma’lumotlar ushbu davlat tashkil topgan
dastlabki yillarga tegishli bo‘lishi mumkin. Holbuki, Markaziy Osiyoning
ko‘chmanchi asosli sulolalari o‘zlarining 100 minglab jangchilariga ega bo‘lgan.
Qolaversa, yozma manbalar tili bilan aytganda “30 ga yaqin hukmdorlikni bosib
olgan Eftaliylarning bunchalik kamsonli qo‘shini bo‘lganligiga ishonish qiyin. O‘rta
Osiyoning katta qismi, Sharqiy Turkiston, Shimoliy Hindiston, afg‘on yеrlari va
Xurosonni bo‘ysundirgan, Sosoniylardek yirik saltanat ustidan ustunlik o‘rnatgan
Eftaliylarning qo‘shini ancha ko‘p bo‘lgani tabiiy. Shu o‘rinda, Eftaliylar bilan
to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita bog‘liq ayrim ma’lumotlarga to‘xtalib o‘tish kerak
bo‘ladi. Xitoycha «Tan-shu» yilnomasida yozilishicha: “Tuxolo (Toxariston) ...
Tuxololiklar Idan (Eftaliylar) bilan birga istiqomat qiladilar; jangovar qo‘shini 100
ming” (Бичурин Н.Я., 1950: 321). Bu yеrda Tuxolo (Toxariston) muayyan bir o‘lka
nomi, Idan, ya’ni Eftaliy esa xalq va davlat nomi ekanini ko‘zda tutadigan bo‘lsak, 100
ming qo‘shin haqidagi ma’lumot Eftaliylarga tegishli bo‘lib chiqadi.
Shu o‘rinda Eftaliylarning Sosoniylar hukmdori Peruzga yordam uchun 30 ming
qo‘shin yuborganligi haqida ma’lumot uchrashi, ular qo‘shinining salmog‘i ancha katta
bo‘lganligidan darak beradi (Kurbanov A., 2010:154) Bundan tashqari, Eftaliylar
qo‘shinining katta qismi otliqlardan iborat bo‘lganligi, shuningdek, qo‘shin 2000 ta
filga egaligi haqida yozma manbalarda eslatib o‘tiladi (Kurbanov A., 2010:216)
Ehtimol Eftaliylar Shimoliy Hindistonni qo‘lga kiritgach, bu yеrda mavjud fillarga ega
bo‘lib, hindlar kabi jangda fillardan foydalana boshlaganlar. Shunga qaramay,
qo‘shinning asosiy qismi otliqlardan tashkil topganini yuqorida keltirib o‘tilgan xitoy
yilnomalaridagi quyidagi ma’lumot tasdiqlaydi: “Bey-shi” yilnomasida “Yeda
(Eftaliylar) ... ot va tuyalari ko‘p ... Xalqi qattiqqo‘l va jasur bo‘lib, jang qilishga
mohirdir” (Бичурин Н.Я. 1950, 269).
Eftaliylar qo‘shinining bir qismi yayov (piyoda) askarlardan iborat bo‘lib,
jangchilar boshdan-oyoq po‘lat zirh kiyishgan, boshlarida dubulg‘a, qo‘llarida akinak
(xanjarsimon uzun to‘g‘ri qilich)ga o‘xshash qurollar bilan urushga kirganlar
(Kurbanov A. 2010: 216) Buni ko‘plab arxeologik topilmalar: qurol-yarog‘lar, saroy
devoriy suratlaridagi tasvirlar ham tasdiqlaydi.
Eftaliylar davlati tashkil topishi arafasida O‘rta Osiyoda, xususan, ilk o‘rta
asrlarning dastlabki asrlarida mintaqada Xioniylar, Kidariylar, Juan-Juanlar deb
ataluvchi nisbatan yirik saltanatlar hukm surib, mintaqaning markaziy, shimoli-sharqiy
va janubi-g‘arbiy qismlari va unga qo‘shni hududlardagi o‘nlab katta-kichik
hukmdorliklar ularning qo‘l ostida bo‘lgan. Amudaryo – Sirdaryo oralig‘i, Yettisuv va
Sharqiy Turkistondagi o‘nlab voha hukmdorliklari ushbu saltanatlarning u yoki bu
darajada ta’sirida bo‘lib, o‘z ichki boshqaruvlarida mustaqil bo‘lishgan. Shu bilan
birga, ushbu hududlardagi Choch, Farg‘ona, Sug‘d, Xorazm, Marv, Toxariston,
Koshg‘ar, Xo‘tan kabi vodiy va voha mulklari mazkur hukmdorliklardan birortasiga
o‘lpon to‘lab turish majburiyatida bo‘lgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Mazkur tadqiqot Eftaliylar davlati (V–VI asrlar) davlat mafkurasi, huquqiy tizimi
va mudofaa tizimining asosiy jihatlarini tahlil qilishga bag‘ishlandi. Olingan natijalar
shuni ko‘rsatadiki, garchi tarixiy manbalarda Eftaliylarga qarshi ko‘tarilgan
qo‘zg‘alonlar haqida ma’lumotlar uchramasa-da, ammo mintaqada yangi siyosiy kuch
turklarning paydo bo‘lishini yaxshi qabul qilishi, eftaliylar davlatini mahalliy o‘lka
xalqlari ishonchini qozona olmaganligida deb bilish mumkin. Qo‘shin tuzilishi
Eftallarda turkiy qabilalarga xos tarzda tarkib topgan. Asosini otliq qo‘shin tashkil
etgan Eftaliylar armiyasida piyoda, fillar va kamonchilardan iborat bo‘linmalar ham
mavjud edi. Qo‘shinning tarkibida turkiy elatlardan tashqari mahalliy yеrli xalqlardan
iborat bo‘linmalar ham bo‘lib, ularning etnik kelib chiqishi asosan mintaqaning azaliy
yеrlik va turli davrlarda o‘lkaga kirib kelgan qabilalardan iborat edi. Ushbu fikrmulohazalardan kelib chiqib quyidagi takliflarni berishimiz mumkin bo‘ladi:
- Eftaliylar davlatining mafkurasi va huquqiy tizimini chuqurroq o‘rganish uchun
xitoy, arman, suriy va fors manbalarining yangi tarjimasi va qiyosiy tahlili zarur.
Ayniqsa, “Bey-shi”, “Liang-shu”, “Suy-shu” kabi yilnomalarning to‘liq nashrlari
asosida yangi izlanishlar olib borilishi lozim.
- Arxeologik qazilmalar (Toxariston, Baktriya, Gandhara va Afg‘oniston
hududlari) natijalarini yozma manbalar bilan integratsiya qilgan holda Eftaliylar
madaniyati va harbiy qurollari bo‘yicha maxsus tadqiqotlar o‘tkazish foydali bo‘ladi.
- Eftaliylarning turkiy ko‘chmanchi davlatlar (ayniqsa, Turk xoqonligi) bilan
madaniy-huquqiy umumiyliklarini o‘rganish uchun qiyosiy tadqiqotlar kengaytirilishi
kerak.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO`YXATI:
1. Бичурин Н.Я. (Иакинф) (1950). Собрание сведений о народах, обитавших
в Средней Азии в древние времена. В 3-х томах. – Москва-Ленинград: Изд. АН
СССР. – том II.
2. Бобоёров Ғ. (2018). Ғарбий Турк хоқонлигининг давлат тузуми. –
Тошкент: Янги нашр.
3. Гафуров Б.Г. (1989). Таджики, древнейшая, древняя и средневековая
история. Кн.1. – Душанбе: Ирфон.
4. Koca A. (2002). Eski Türklerde Devlet Geleneği ve Teşkilatı // Türkler. –
Ankara. – Cilt 2.
5. Kurbanov A. (2010). The Hephthalites: Archaeological and Historical
Analysis. PhD thesis submitted to the Department of History and Cultural Studies of
the Free University. – Berlin.
6. Litvinsky B.A. (1999). The Hephthalite Empire // History of Civilizations of
Central Asia. Vol. III. UNESCO. – Delhi.
7. Материалы по истории древних кочевых народов группы дунху (1984) /
Введение, перевод и комментарии В. С. Таскина. – Москва: Наука.
8. Taşağıl A. (2003). Gök-Türkler. I, 2. Baskı. – Ankara.
9. Тер-Мкртичян Л. Х. (1979). Армянские источники о Средней Азии V-VII
вв. – Москва: Наука.
REFERENCES:
1. Bichurin N.Ya. (Iakinf) (1950). Sobraniye svedeniy o narodakh, obitavshikh v
Sredney Azii v drevniye vremena. V 3-kh tomakh. Tom II. Moskva-Leningrad: Izd.
AN SSSR (In Russian).
2. Boboyorov G‘. (2018). G‘arbiy Turk xoqonligining davlat tuzumi. Toshkent:
Yangi nashr (In Uzbek).
3. Gafurov B.G. (1989). Tojiklar, eng qadimgi, qadimgi va o‘rta asr tarixi. Kitob
1. Dushanbe: Irfon (In Tajik).
4. Koca A. (2002). Eski Türklerde Devlet Geleneği ve Teşkilatı // TÜRKLER.
Cilt 2. Ankara (In Turkish).
5. Kurbanov A. (2010). The Hephthalites: Archaeological and Historical
Analysis. PhD thesis. Department of History and Cultural Studies of the Free
University. Berlin .
6. Litvinsky B.A. (1999). The Hephthalite Empire // History of Civilizations of
Central Asia. Vol. III. UNESCO. Delhi.
7. Materialy po istorii drevnikh kochevykh narodov gruppy dunkhu (1984) /
Vvedeniye, perevod i kommentarii V. S. Taskina. Moskva: Nauka (In Russian).
8. Taşağıl A. (2003). Gök-Türkler. I. 2. Baskı. Ankara (In Turkish).
9. Ter-Mkrtichyan L. Kh. (1979). Armyanskiye istochniki o Sredney Azii V-VII
vv. Moskva: Nauka (In Russian).