XORIJ TAJRIBASI ASOSIDA SANOAT KORXONALARIDA TARKIBIY
O‘ZGARISHLARNI FAOLLASHTIRISH
ACTIVATING STRUCTURAL CHANGES IN INDUSTRIAL ENTERPRISES
BASED ON FOREIGN EXPERIENCE
АКТИВИЗАЦИЯ СТРУКТУРНЫХ ИЗМЕНЕНИЙ НА ПРОМЫШЛЕННЫХ
ПРЕДПРИЯТИЯХ НА ОСНОВЕ ЗАРУБЕЖНОГО ОПЫТА
Xaydarov Xayrulla G‘ulamovich
Oriental universiteti dotsenti v.b., PhD
Tel.: +998 94 413-89-13
e-mail: rashidov.a.r1991@gmail.com
Annotatsiya. Sanoat korxonalarida tarkibiy o‘zgarishlarni faollashtirish xorij
tajribasi asosida zamonaviy iqtisodiyotda muhim ahamiyatga ega. Ushbu mavzu
doirasida rivojlangan mamlakatlarning sanoat sohasidagi muvaffaqiyatli tajribalari
o‘rganiladi va ularni mahalliy sharoitlarga moslashtirish yo‘llari ko‘rib chiqiladi.
Xorijiy tajribada ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, ishlab chiqarish jarayonlarini
optimallashtirish va boshqaruv tizimlarini takomillashtirish kabi strategiyalar muhim
rol o‘ynaydi. Ushbu yondashuvlar orqali korxonalar samaradorligi oshadi, xarajatlarni
kamaytirishga erishiladi va raqobatbardoshlik darajasi yuqori darajaga ko‘tariladi.
O‘zbekistonda ushbu tajribalarni qo‘llash uchun mahalliy iqtisodiy sharoitlar,
infratuzilma va kadrlar salohiyatini hisobga olish zarur. Tadqiqotda xorijiy modellarni
sinchkovlik bilan tahlil qilib, ularning ijobiy jihatlari va mahalliy sanoatga moslashuvi
bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi. Natijada, sanoat korxonalarida barqaror rivojlanish
va modernizatsiya jarayonlarini tezlashishga xizmat qiluvchi amaliy yechimlar taqdim
etiladi.
Kalit so‘zlar: Tannarx, samaradorlik, moliyaviy mablag‘, konsepsiya, davlat
byudjeti, bank tizimi, eksport, globallashuv, modernizatsiya, infratuzilma, innovatsiya.
Annotation. Activating structural changes in industrial enterprises based on
foreign experience holds significant importance in the modern economy. This study
explores successful practices in the industrial sectors of developed countries and
examines ways to adapt them to local conditions. Foreign experience highlights
strategies such as the adoption of advanced technologies, optimization of production
processes, and improvement of management systems, which play a crucial role in
enhancing enterprise efficiency, reducing costs, and elevating competitiveness. To
implement these practices in Uzbekistan, it is essential to consider local economic
conditions, infrastructure, and workforce capacity. The research meticulously analyzes
foreign models, identifying their positive aspects and proposing adaptations for the
local industry. Ultimately, practical solutions are presented to accelerate sustainable
development and modernization processes in industrial enterprises.
Keywords: Cost, efficiency, financial resources, concept, state budget, banking
system, export, globalization, modernization, infrastructure, innovation.
Аннотация. Активизация структурных изменений на промышленных
предприятиях на основе зарубежного опыта имеет важное значение в
современной экономике. В рамках данной темы изучается успешный опыт
развитых стран в промышленной сфере и рассматриваются пути его адаптации к
местным условиям. В зарубежной практике значительную роль играют такие
стратегии, как внедрение передовых технологий, оптимизация
производственных процессов и совершенствование систем управления. Эти
подходы способствуют повышению эффективности предприятий, снижению
затрат и увеличению уровня конкурентоспособности. Для применения данного
опыта в Узбекистане необходимо учитывать местные экономические условия,
инфраструктуру и кадровый потенциал. В исследовании проводится тщательный
анализ зарубежных моделей, выявляются их положительные аспекты и
разрабатываются предложения по их адаптации к местной промышленности. В
результате предлагаются практические решения, способствующие устойчивому
развитию и ускорению процессов модернизации на промышленных
предприятиях.
Ключевые слова: себестоимость, эффективность, финансовые ресурсы,
концепция, государственный бюджет, банковская система, экспорт,
глобализация, модернизация, инфраструктура, инновации.
KIRISH
Mamlakatlar milliy iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi bozor iqtisodiyotiga
o‘tish davri va undagi tarkibiy o‘zgarishlar bilan uzviy bog‘liqdir. Iqtisodiyotdagi
ishlab chiqarish korxonalarining murakkab iqtisodiy sharoiti, iqtisodiy zararlar,
mahsulot qiymatining ishlab chiqarish tannarxidan arzonligi, yetkazib beruvchi va
kreditorlar bilan hisoblashish uchun mablag‘larning yetishmasligi, qarzdorliklarning
ortib ketishi o‘z o‘zidan davlat byudjeti va bank tizimiga keskin zarba bera boshladi.
Bunday sharoitda yagona vosita ishlab chiqarishni tarkibiy o‘zgartirish bo‘lib, unda
eskirgan jihozlarni almashtirish, moliyaviy mablag‘larni tartibga solish va mahsulotni
sotish tizimini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Ushbu maqsadlardan kelib
chiqib, respublikamiz sanoat tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirishga
bo‘lgan konseptual yondashuvlar va ularning qo‘llanilish turlarini tahliliy o‘rganib
chiqish maqsadga muvofiqdir.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ishlab chiqarish faoliyatini rivojlantirishda tarkibiy o‘zgarishlar qilish muhim
omillardan biri bo‘lib, bu borada turli yondashuvlar mavjud. Iqtisodchi olimlar, Merfi
(1989), Polterovich (2004) va Popov (2005) nazariy modellarida, mamlakatni
sanoatlashtirish hamda sanoat ishlab chiqarishining eksport salohiyatini oshirishda
tashqi ijobiy ta’sirlar mavjudligi g‘oyasi ilgari suriladi.
Iqtisodchilar Xan va Gibbs (2007) tadqiqotlarida rivojlanayotgan mamlakatlar
sanoat siyosatidan farqli ravishda, sharqiy Osiyo mamlakatlari siyosatining
muvaffaqiyat sirlari ochib berilgan. Ularning fikricha, tarkibiy siyosatning
muvaffaqiyatiga eksport salohiyatini kengaytirishda ichki imkoniyatlardan samarali
foydalanish hisobiga erishish mumkin.
Hausmanning (2006) ta’kidlashicha, iqtisodiyotda eksportni kengaytirish hisobiga
erishilgan rivojlanish darajasi, ishlab chiqarish samaradorligiga mos kelishi yoki
bog‘liq bo‘lishi lozim. Boshqacha aytganda, murakkab va yuqori texnologiyali
mahsulotlarni eksport qilishni kengaytirish - yangi texnologiyalarni o‘zlashtirish,
sifatli va samarali mehnatni tashkil etish kabi bir qator sa’y-harakatlarni talab etadi.
Hausman va Rodrik (2006) konseptual va nazariy qarashlarida sanoati nisbatan
rivojlangan va texnologik jihatdan murakkab sanoat ishlab chiqarishiga ega
mamlakatlar, o‘zlarining eksport salohiyatini boshqa mamlakatlarga qaraganda tezroq
kengaytirishiga alohida e’tibor qaratishgan. Biroq, zamonaviy globallashuv talablarini
inobatga olgan holda, ushbu konseptual yondashuvlar sanoatni texnologik
modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hamda iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish
jarayoniga har doim ham mos kelavermaydi.
Xitoylik iqtisodchi olim Jastin Ifu Lin (2010) "Yangi tuzilmaviy iqtisodiyot"
nomli tadqiqotida, iqtisodchi olimlar oxirgi yuz yillik tarixga nazar tashlasalar,
Braziliya, Chili, Xitoy, Indoneziya, Hindiston, Janubiy Koreya, Malayziya, Mavrikiy,
Singapur, Tailand va Vetnam kabi sanoqli mamlakatlar o‘zlarini nihoyatda orqada
qolgan qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotidan sanoatlashgan iqtisodiyotga aylantirish
jarayonini tezlashtirishi natijasida iqtisodiyoti tez sur’atlar bilan o‘sganini va bir necha
yuz million aholini qashshoqlikdan olib chiqqanligining guvohi bo‘lishlari mumkin.
Uning konseptual yondashuvlari quyidagi fikrlarga asoslanadi:
- iqtisodiyotning sanoat tarkibi, rivojlanishning har xil bosqichlarida turlicha
bo‘ladi. Tarmoqlardagi kapital sarfining farqlanishidan tashqari, turli xil sanoat
tuzilmalari tushunchasi – firmalarning optimal hajmi, ishlab chiqarish masshtabi,
bozor diapazoni, tranzaksiyalarni amalga oshirishning murakkabligi, shuningdek, turli
xildagi xavf-xatar belgilaridagi farqlarni ham nazarda tutadi. Natijada, har bir sanoat
tuzilmasining tranzaksiya va operatsiyalarini osonlashtirish uchun yumshoq va qattiq
holatdagi infratuzilma talab etiladi;
- iqtisodiy rivojlanishning har bir bosqichi keng spektrdagi past daromadli
natural qishloq xo‘jaligi iqtisodiyotidan yuqori daromadli industriallashgan
iqtisodiyotga o‘tish nuqtasi hisoblanadi. Sanoat tarkibiy siyosatini ishlab chiqishning
har bir bosqichida endogenlikni inobatga olgan holda, rivojlanayotgan mamlakatning
sanoatini modernizatsiya qilish va infratuzilmasini yaxshilash maqsadi, daromadi
yuqori rivojlangan mamlakatlardagi mavjud tarmoqlar va infratuzilmalarga muvofiq
bo‘lishi shart emas;
- bozor, resurslarni samarali taqsimlashning asosiy mexanizmi hisoblanadi,
iqtisodiy rivojlanish bir bosqichdan keyingi bosqichga o‘zgarib boruvchi jarayon
sifatida, sanoatni diversifikatsiya va modernizatsiya qilishni hamda qattiq va yumshoq
infratuzilma holatini yaxshilashni talab etadi. Industrial diversifikatsiya va
modernizatsiyalash jarayoni bu innovatsiya jarayonidir. Diversifikatsiya va
modernizatsiya sohasida birinchilardan bo‘lgan korxonalar iqtisodiyotda boshqa
korxonalar uchun ommaviy (raqobatdosh bo‘lmagan, istisno qilinmaydigan) bilimlarni
ishlab chiqishadi, ya’ni, birining yangi bilimlarni o‘zlashtirishi boshqasining ushbu
bilimlardan foydalanishini chegaralamaydi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqot metodologiyasi xorij tajribasini o‘rganish va sanoat korxonalarida
tarkibiy o‘zgarishlarni faollashtirish jarayonlarini tahlil qilishga qaratilgan. Ushbu
maqolada qiyosiy tahlil usuli qo‘llanilib, ilg‘or xorijiy mamlakatlarning sanoat
sohasidagi strategiyalari va O‘zbekistonning mavjud holati solishtirildi. Shuningdek,
statistik ma’lumotlar va ilmiy adabiyotlarni sharhlash orqali empirik tadqiqot usullari
ishlatildi. Natijalar sintez qilinib, mahalliy sharoitga mos takliflar ishlab chiqish uchun
tizimli yondashuvdan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Ushbu yondashuvlarni qisman qamrab olgan murakkab iqtisodiyot sharoitida
jahon tajribasida bunday tarkibiy o‘zgarishlarning quyidagi 3 xil turlari qo‘llanilgan:
- korxonani boshqarish va mulkchilik tizimida xususiylashtirishning muhim
o‘zgarishlari amalga oshirildi;
- talab qilingan qonunlar qayta ishlandi;
- maqsadli soliq siyosati olib borildi.
Tarkibiy o‘zgarishlarning yuqorida keltirilgan konsepsiyalaridan xulosa qilish
mumkinki, iqtisodiyot rivojlanishining turli bosqichlarida uni tartibga solishning bozor
mexanizmlarini rivojlantirish darajasi, davlat institutlarining iqtisodiyotdagi ishtiroki,
shuningdek, boshqa ijtimoiy, geoiqtisodiy va geosiyosiy omillarning ta’siri turlicha
bo‘lib, har bir bosqichda tarkibiy o‘zgarishlar va sanoat siyosati o‘ziga xos farqli
jihatlarga ega bo‘ladi. Bunda sanoat siyosatining samarali vositasi tarkibiy
o‘zgarishlarni davlat tomonidan tartibga solish, ya’ni, tarmoq va tarmoqlararo
nisbatlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’sir hamda mamlakatning sanoat salohiyati balansiga
bevosita ta’sir ko‘rsatish, resurslarni qayta taqsimlashda oqilonalikni ta’minlaydi.
Rivojlangan mamlakatlarning sanoatlashish davri bizga tarkibiy o‘zgarishlarning
uchta asosiy modelini: import o‘rnini bosish, eksportga yo‘naltirish va innovatsion
modellarni aniqlash imkonini beradi. Modelni tanlash tashqi yoki ichki bozorga
yo‘naltirish mezoniga va investitsiya resurslarini jalb qilish mexanizmiga muvofiq
ajratilgan uchta strategiyadan birini tanlash bilan bog‘liq. Shunday qilib, tashqi
bozorga yo‘naltirilganlik mamlakatdan yuqori darajada ixtisoslashuvni rivojlantirishni
talab qiladi, ichki yo‘nalishda esa an’anaviy va strategik ahamiyatga ega sanoat va
faoliyatni rivojlantirish talab etiladi. Bundan tashqari, ushbu farqlar, asosan, mahsulot
ishlab chiqarish va xom ashyo qazib olish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirishda
investitsiya resurslarining manbai bo‘lishi bilan belgilanadi.
Turli mamlakatlarda, vaqt o‘tishi bilan, amaldagi tashqi va ichki bozorlar,
mamlakatning eng ko‘p talab qilinadigan tovar va xizmatlarni ishlab chiqarishga
ixtisoslashgan mehnatning xalqaro bo‘linmasida ishtirok etish uchun moliyaviy
imkoniyatlarini hisobga olgan holda modellarning o‘zgarishi yuz berdi. Misol uchun,
jahon iqtisodiyotida tarkibiy o‘zgarishlarni rivojlantirish tarixidagi o‘zgarishlar –
avtomobillar yaratish va ishlab chiqarish bilan bog‘liq bo‘lib, bu Yaponiya
iqtisodining tarmoq tarkibini o‘zgartirdi. 1930-yillarning o‘rtalarida qabul qilingan
milliylashtirish qonuni, barcha xususiy korxonalar Yaponiyaning mulkiga aylangan va
1949-yilgacha Amerika avtomobillarini olib kirishga ruxsat berish bilan birga
amerikacha avtomobillarni yapon analoglari bilan import qilishga qaratilgan edi.
Ko‘plab iqtisodchilar fikricha, Yaponiyaning iqtisodiy mo‘jizalari sirini mamlakatning
tashqi tomonga yo‘naltirilgan iqtisodiy o‘sishiga emas, balki iqtisodiyotda tarkibiy
o‘zgarishlarni boshlayotgan, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarini aniqlash, xatarlarni
kamaytirish, investitsiyalarni jalb qilishda hukumatning o‘ziga xos rolini e’tiborga
olib, investitsion loyihalar, subsidiyalar, ma’muriy boshqaruv va boshqalar orqali
siyosat olib borishidir (Кузнесов О., 2002).
Masalan, AQShda sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlar siyosati tadbirkorlik
faoliyatini har tomonlama rag‘batlantirish bilan ajralib turgan. Ya’ni, barqaror
konyunktura va iqtisodiy muvozanatni saqlashga qaratilgan davlat ta’siri choralari
bilan o‘ziga xos bo‘lgan. Ayniqsa, AQSh va Xitoy sanoat siyosatida jahondagi tarkibiy
o‘zgarishlar masalalarining iqtisodiy masshtabdagi yechimlari, geosiyosiy holati va
boshqa makroiqtisodiy o‘lchamlari namoyon bo‘ldi. Ushbu mamlakatlar 80-yillarning
o‘rtalariga kelib, barcha qayta ishlash sanoatining tashkiliy-texnologik tizimini tubdan
qayta qurdi. Ya’ni, nisbatan yakuniy mahsulot ishlab chiqaruvchi kichik sonli
yig‘uvchi korxonalar ishlab chiqarishini iste’molchilar bilan shartnomalar asosida
tashkil qildi; tor ixtisoslashtirilgan korxona-yig‘ish ishlab chiqaruvchilari tugallangan
mahsulot tayyorlashni subpudrat shartnomalar bilan yo‘lga qo‘ydi. Mazkur usullar
milliy iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirishda ustuvor omil bo‘ldi. Ayni vaqtda, kichik va
o‘rta tadbirkorlik ishlab chiqarishida ham tarkibiy o‘zgarishlar qo‘llab-quvvatlandi
hamda innovatsiyalarni amalga oshirish, diversifikatsiya qilish uchun ham qo‘llanildi.
Bunday innovatsion va korxona tarkibiy o‘zgarishlarining “tabiiy” mexanizmi
reinjiniring atamasi bilan yuritildi.
Belorus esa rivojlangan mamlakatlarning ko‘p asrlik tajribasiga tayanib, ushbu
strategiyalarga muvofiq iqtisodiyot tarmoqlarini guruhlashni o‘z ichiga olgan noyob
tarkibiy o‘zgarishlarni aniqladi. Ya’ni, "Belarus Respublikasining tarkibiy siyosati
belgilangan rivojlanish strategiyalarini ularning raqobatbardosh ustunliklaridan
maksimal darajada foydalanishni inobatga olgan holda, respublika tarmoqlararo
komplekslari va tarmoqlarining o‘ziga xos xususiyatlariga nisbatan oqilona
birlashishini ta’minlashi kerak" (Шимова В., 2012).
Iqtisodiyotning innovatsion rivojlanishi samarali milliy innovatsion tizimni
shakllantirish bilan bog‘liq bo‘lib, uning barcha sohalarida va rivojlanish bosqichlarida
(innovatsion infratuzilmaning rivojlanishidan va asosiy ishlab chiqarishni sanoat ishlab
chiqarishda amaliy qo‘llash uchun moliyalashdan) davlat tomonidan qo‘llabquvvatlash choralarini o‘z ichiga oladi. Tarkibiy o‘zgarishlarning innovatsion modelini
yaratish jarayonining ulkan sarmoyaviy intensivligi dunyo tajribasining noldan
boshlab rivojlanish misollari yo‘qligi bilani izohlanadi.
Ushbu modelni iqtisodiyotni samarali, dinamik, barqaror va sifatli o‘sishining
natijasi sifatida qarash mumkin. Shuning uchun ushbu model AQSh, Angliya,
Fransiya, Germaniya, Yaponiya, Honkong va Janubiy Koreyada keng qo‘llaniladi.
Aynan 1971-1974-yillarda GFR iqtisodiyotidagi tarkibiy beqarorlik 1975-1976-
yillarda juda kuchli ishlab chiqarish inqirozini keltirib chiqargan va boshqa
mamlakatlarda ham mazkur holatlar kuzatilgan (Акаева С., Соколов В., 2016:38).
Jumladan, Germaniya sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlarning o‘ziga xos
xususiyatida, faol ravishda “shtandort” siyosatining yuritilishi, sanoat innovatsiyalarini
qo‘llash va uni qayta ishlash jarayonlari samaradorligini oshirish, sanoatda
tadqiqotlarni rag‘batlantirish, kichik va o‘rta korxonalar uchun qulay sharoitlar
yaratish va ularning raqobatbardoshligini oshirish, ishlab chiqarishga yosh va yuqori
malakali kadrlarni jalb etishni qo‘llab-quvvatlash, malaka oshirish dasturlarini amalga
oshirish, ishlanma va tadqiqotlar sohasidagi kooperatsiyani muvofiqlashtirish,
sanoatda fundamental tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, sanoat klasterlari va
texnoparklar rivojlanishiga katta e’tibor berildi. Ayniqsa, ijtimoiy bozor xo‘jaligi
konsernlarining tugatilishi va barcha xo‘jalik yuritish shakllariga (yirik, o‘rta, kichik)
barqaror rivojlanish imkoniyatlarini berish asosida shakllandi. Bunda “mittelshtand”
deb ataladigan kichik va o‘rta korxonalar, fermer xo‘jaliklarining alohida homiyligidan
foydalanildi.
Janubiy Koreya sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlar, subsidiya kreditlarini taqdim
etish (Koreya rivojlanish banki orqali), kompaniyalarni qayta tashkil etish, sanoat
tarmoqlarini oqilona kreditlash (1983-yilgacha), valyuta siyosati orqali sanoat ishlab
chiqarishni qo‘llab-quvvatlash (1990-yillargacha), sanoatning kichik tarmoqlarini
himoyalash, import texnologiyalarni litsenziyalash, milliy korxonalar kapitalida xorijiy
transmilliy kompaniyalar ishtirokini cheklash, yuqori texnologiyali tarmoqlarni
qo‘llab-quvvatlash (nanotexnologiya, biotexnologiya, yashil o‘sish texnologiyasi),
sanoatda ishlanmalar va tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash hamda himoyalash bilan
ajralib turdi.
Iqtisodiyotda sanoat korxonalarini tarkibiy o‘zgartirish modernizatsiya qilishning
yangi ilmiy-texnik yutuqlari va ilg‘or texnologiyalarini joriy qilishni, ilg‘or tarkibiy
siljishlar va iqtisodiy samaradorlikni oshirish, uning xalqaro mehnat taqsimotidagi
raqobatbardoshligini ta’minlashga qaratilgan institutsional islohotlarni amalga oshirish
asosida yangilashni o‘zida mujassamlashtirdi.
Singapur sanoatida tarkibiy o‘zgarishlar, erkin savdo tartibini shakllantirish
(1960-yillar oxiri), sanoat tarmoqlarida xorijiy investitsiyalar hajmini oshirish,
jamg‘arishni rag‘batlantirish (1990-yillar oxirigacha) sanoatda ish haqi va
mutaxassislik darajasini oshirish, faol klaster siyosatini amalga oshirish
(biotibbiyotda), davlat kompaniyalarini rivojlantirish, bevosita xorijiy investitsiyalarni
jalb etuvchi xalqaro kompaniyalarga subsidiyalar taqdim etish orqali qo‘llabquvvatlandi. Tarkibiy o‘zgarishlar va sanoatlashtirish bo‘yicha Osiyo mamlakatlari
(Yaponiya, Xitoy kabi) tajribasidan ma’lumki, rivojlanayotgan mamlakatlar
rivojlangan mamlakatlarga nisbatan mavjud texnologiyalarni o‘zlashtirish va sanoat
ishlab chiqarishi ixtisoslashuvi hisobiga tez sur’atlarda o‘sishi mumkin. Bundan
tashqari, rivojlanayotgan mamlakatlar tarkibiy jihatdan farqlanadi va mehnat
samaradorligi bo‘yicha sezilarli darajada orqada qolgan. Rivojlanayotgan mamlakatlar
yanada boy bo‘lishidan tashqari, ularda sanoat ishlab chiqarish diversifikatsiyasi ham
kuchayib bormoqda. Yaponiya va Janubiy Koreya samarali boshqaruv nuqtai
nazaridan eng muvaffaqiyatli mamlakatlardan bo‘lib, ularda davlat pragmatik tarkibiy
siyosatni amalga oshirish yo‘li orqaligina industrial masalalarga aralashadi. Lotin
Amerikasi mamlakatlarida ham davlatning iqtisodiyotga aralashuvi darajasi past
bo‘lgan. Osiyo mamlakatlarida olib borilgan sanoat siyosati natijalari, xususan
Hindiston va Xitoyda Lotin Amerikasi mamlakatlariga nisbatan ancha yaxshidir. Shu
o‘rinda Xitoy va Lotin Amerikasi sanoatlarida tarkibiy o‘zgarishlar amalga oshirish
quyidagicha bo‘lganini eslab o‘tamiz:
Xitoy sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlarning o‘ziga xosligi, iqtisodiyotni
liberallashtirish (1990-yillar o‘rtalari), transmilliy kompaniyalarga boshlang‘ich
investitsiyalarni jalb etish, turli iqtisodiy zonalar tashkil etish orqali sanoat ishlab
chiqarishini rivojlantirish, yuqori texnologiyali tarmoqlar va ularning
infratuzilmalarini rivojlantirishga ustuvorlik berilishi, energiyani tejashga ustuvorlik
berilishi, proteksionistik vositalardan foydalanish, mahsulotning lokalizatsiya
darajasiga talab qo‘yilishi, eksportni subsidiyalash va uni cheklash, sanoat
tarmoqlariga maqsadli subsidiyalar ajratish (Xitoy eksport-import banki, qishloq
xo‘jaligini rivojlantirish banki, Xitoy rivojlanish banki orqali), klaster siyosati
yuritilishi, faol davlat xaridlarining amalga oshirilishida namoyon bo‘ldi.
Lotin Amerikasi sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlar, ahamiyatli darajadagi indikativ
rejalashtirish (1950-1980-yillar), yangi sanoat tarmoqlarini yaratishga
yo‘naltirilganlik, sanoat ixtisoslashuvidagi o‘zgarishlar, faoliyat turlari bo‘yicha
intensiv texnologik rivojlanish, savdo proteksionizm va import o‘rnini bosuvchi
siyosatning qo‘llanilishi, yuqori import tariflari, import hajmlarini cheklash, qazib
olish va qayta ishlash sanoati bo‘yicha davlat kompaniyalarini rivojlantirishda
siyosatning ustuvorligi, sanoat tarmoqlarida tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish,
savdoni liberallashtirish (1980-yillar oxiri 1990-yillar boshi), makroiqtisodiy siyosatni
barqarorlashtirish (1990-yillar), Braziliyada sanoatni innovatsion rivojlantirish
bo‘yicha ixtisoslashtirilgan moliyaviy dasturlarni qo‘llab-quvvatlash, Chilida esa,
vertikal sanoat siyosatidan foydalanib, subsidiyalashga katta e’tibor berilishi bilan
ajralib turgan.
Finlandiya sanoatidagi tarkibiy o‘zgarishlar samarasi, kapitalni tejovchi
tarmoqlarga (sellyuloza-qog‘oz) va davlat kompaniyalariga katta ahamiyat berilishi
(1950-60-yillar), xususiy sektorga investitsiyalarni yo‘naltirish bo‘yicha
ustuvorlikning berilishi, eksport o‘sishini qo‘llab-quvvatlashi (1957-1982-yillar),
sanoatni innovatsion rivojlantirish maqsadida ilmiy parklarning rivojlanishiga katta
ahamiyat berishi, mintaqaviy sanoatni rivojlantirishda klaster siyosatiga ustuvorliklar
berishida bo‘ldi.
Yuqorida keltirilgan tarkibiy o‘zgarishlarning xorij tajribalarini tahlil qilish bizga
quyidagi xulosalar qilish imkonini berdi:
Tarkibiy o‘zgarishlar mexanizmi alohida xo‘jalik yurituvchi subyektlar uchun
universal yechim emas, chunki ularning ayrimlari o‘ziga xos muammolarga ega
bo‘lganligi sababli unga individual talablar qo‘yiladi. Yirik va katta bo‘lmagan
korxonalarni tarkibiy o‘zgartirish loyihasi uyushmalar tuzish, singdirish yoki bo‘lish,
ajratish kabi usul va rag‘batlar bilan amalga oshiriladi. Ayni vaqtda, loyihani
korxonalar o‘zlari quyidan boshlashi; korxona rahbarlari tomonidan loyihani real
boshqarish (rasmiy emas); loyihani moliyalashtirish manbalarini o‘zgartirish;
konsalting xizmatlarining rag‘batlantiruvchi usullarni o‘zgartirish kabi rivojlanishning
ikkinchi bosqichiga kirdi.
Tarkibiy o‘zgarishlarning barcha tashkiliy usullari orasida holding, o‘zaro egalik
qiluvchi yirik aksiyadorlik jamiyatlari tuzish alohida o‘rin egalladi. Iqtisodiy
rivojlanishning ushbu bosqichida davlatning qo‘llab-quvvatlashi jiddiy ta’sir qiladi,
ayniqsa mintaqaviy darajada.
Iqtisodiyotdagi tarkibiy o‘zgarishlar jarayonida gumanitar infrastrukturani isloh
qilish eng qimmat va murakkab yechim hisoblanadi, bunda xodimlarni ommaviy
o‘qitish, bozorga mos keladigan mehnatga oid imtiyozlarni yaratish talab etiladi.
Jahon mamlakatlari amaliyotida milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va
tarkibiy o‘zgarishlar konsepsiyasi ilmiy jihatdan eng rivojlangan, ijtimoiy va iqtisodiy
jihatdan muvozanatli, eng muvaffaqiyatli islohot hisoblanadi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Bundan kelib chiqadiki, barcha mamlakatlarning ichki iqtisodiy holati nafaqat
iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, balki daromadlar tengsizligi, ijtimoiy siyosat olib
borish, infratuzilmani rivojlantirish maqsadlariga qaratilgan.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, milliy iqtisodiyot tarmoqlarida tarkibiy
o‘zgarishlarning quyidagi tizimli usullarini takomillashtirish maqsadga muvofiqdir:
1. Tarkibiy o‘zgarishlarning normativ-huquqiy bazasini yaratish: bunda uzoq
muddatli istiqbolli normativ-huquqiy bazani ishlab chiqish va hukumat, xususiy sektor
va fuqarolik jamiyatlari o‘rtasida o‘zaro hamkorlik mexanizmini rivojlantirish;
2. Mahsulot sifati va bozorga xos usullar: tarkibiy o‘zgarishlarni amalga
oshiruvchi mas’ullar faolligini oshirish. Bozor tamoyillariga asoslangan iqtisodiy
tartibga solish vositalarini joriy etish lozim;
3. Fan-ta’lim va innovatsion faoliyatni amalga oshirish: tarkibiy o‘zgarishga oid
ilmiy-tadqiqot va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash hamda moliyalashtirish
jamg‘armasini yaratish. Tajriba konstruktorlik ishlarini rag‘batlantiruvchi imtiyozlarni
taqdim etish;
4. Milliy innovatsiya tizimini shakllantirish: sanoat tarmoqlariga oid innovatsiya
infratuzilmasini ishlab chiqish, tarkibiy o‘zgarishlarning tashkiliy, qonuniy, tarkibiy va
funksional tizimini yaratishdan iborat. Innovatsiya jarayonlarini, xususan, ilmiy
tajribalar, moliya va resurslarni muhim yo‘nalishlarga jalb etishga qaratilgan tizimli
chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat.
Iqtisodiyot tarmoqlarida amalga oshirilayotgan tarkibiy o‘zgarishlar ishlab
chiqarishni diversifikatsiya qilish, mahalliy xom ashyo va materiallarni chuqur qayta
ishlash hisobiga ishlab chiqarish hajmini oshirish loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha
izchil chora-tadbirlar qabul qilish lozim. Shuni ta’kidlash lozimki, sanoat
korxonalarida samarali tarkibiy o‘zgarishlarni amalga oshirish boshqaruvning yangi
mexanizmlarini talab etadi. Shuningdek, statistik hisob va ushbu jarayonlarni tahlil
qilishga yangicha yondashuvlar zarurligini namoyon etmoqda.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish sharoitida tarkibiy
o‘zgarishlarning samarali yo‘llarini statistik metodlar asosida o‘rganish va
takomillashtirish masalalari. Respublika ilmiy-amaliy anjuman to‘plami. – Toshkent:
TMI. 2017.
2. Tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yеtakchi
tamoqlarini medernizatsiya va diversifikatsiya qilish. Ma’ruza va tezislar to‘plami. –
Toshkent: TDIU. 2017.
3. Xomidov S. va boshqalar. (2018) Milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini
barqaror rivojlantirish omillari va tendensiyalari. O‘quv qo‘llanma. 373-bet.
4. Xodiyev B., Nosirov N., va boshqalar. (2018) Milliy iqtisodiyotning yetakchi
tarmoqlarini barqaror rivojlantirish omillari va tendensiyalari. Monografiya. –
Toshkent: “IQTISODIYOT”.
5. Кузнесов О. (2002) История экономики. – Москва: Наука. – 207 с.
6. Шимова В. (2012) Нaционалная экономика Беларуси. Учебник. – Минск:
БГЕУ. – 472 с.
7. Акаева С., Соколов В. (2016) Об отраслевих и технологических
структурных сдвигах, необходимих для модернизaции Российской экономики.
МИР (Модернизaция. Инновaции. Развитие). Т. 7. № 3. – С. 38-48.
8. Мискевич В. (1999) Реструктуризaция крупного предприятия: опит,
проблеми, оценки // Економика и жизн. - Москва: 1999, № 33.
9. Financial integration, innovation and the monetary policy transmission
mechanism. OECD Economic Surveys: Euro Area 2009. World Development
Indicators database. World Bank. 2012.
10. Wang, J., Sun, Y., & Meng, Q. (2024). How does industrial policy
experimentation influence innovation performance? A case of Made in China 2025.
Humanities and Social Sciences Communications, 11(1), Article 11.
https://doi.org/10.1057/s41599-023-02523-6
REFERENCES:
1. Iqtisodiyotni modernizatsiya va diversifikatsiya qilish sharoitida tarkibiy
o‘zgarishlarning samarali yo‘llarini statistik metodlar asosida o‘rganish va
takomillashtirish masalalari. Respublika ilmiy-amaliy anjuman to‘plami. – Toshkent:
TMI. 2017. (In Uzbek)
2. Tarkibiy o‘zgarishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yеtakchi
tamoqlarini medernizatsiya va diversifikatsiya qilish. Ma’ruza va tezislar to‘plami. –
Toshkent: TDIU. 2017. (In Uzbek)
3. Xomidov S. va boshqalar. (2018) Milliy iqtisodiyotning yеtakchi tarmoqlarini
barqaror rivojlantirish omillari va tendensiyalari. O‘quv qo‘llanma. 373-bet. (In
Uzbek)
4. Xodiyev B., Nosirov N., va boshqalar. (2018) Milliy iqtisodiyotning yеtakchi
tarmoqlarini barqaror rivojlantirish omillari va tendensiyalari. Monografiya. –
Toshkent: “IQTISODIYOT”. (In Uzbek)
5. Kuznesov O. (2002) Istoriya ekonomiki. – Moskva: Nauka. – 207 s. (In
Russian)
6. Shimova V. (2012) Natsionalnaya ekonomika Belarusi. Uchebnik. – Minsk:
BGEU. – 472 s. (In Russian)
7. Akaeva S., Sokolov V. (2016) Ob otraslevix i texnologicheskix strukturnix
sdvigax, neobxodimix dlya modernizasii Rossiyskoy ekonomiki. MIR (Modernizasiya.
Innovasii. Razvitie). T. 7. № 3. – S. 38-48. (In Russian)
8. Miskevich V. (1999) Restrukturizasiya krupnogo predpriyatiya: opit, problemi,
osenki // Ekonomika i jizn. - Moskva: 1999, № 33. (In Russian)
9. Financial integration, innovation and the monetary policy transmission
mechanism. OECD Economic Surveys: Euro Area 2009. World Development
Indicators database. World Bank. 2012.
10. Wang, J., Sun, Y., & Meng, Q. (2024). How does industrial policy
experimentation influence innovation performance? A case of Made in China 2025.
Humanities and Social Sciences Communications, 11(1), Article 11.
https://doi.org/10.1057/s41599-023-02523-6