ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarish jarayonlarini takomillashtirish masalalari

Akhmedov Murodjon Ubaydullayevich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

UMUMIY O‘RTA TA’LIM SIFATINI BOSHQARISH
JARAYONLARINI TAKOMILLASHTIRISH MASALALARI

ISSUES OF IMPROVING QUALITY MANAGEMENT PROCESSES IN
GENERAL SECONDARY EDUCATION

ВОПРОСЫ СОВЕРШЕНСТВОВАНИЯ ПРОЦЕССОВ
УПРАВЛЕНИЯ КАЧЕСТВОМ В ОБЩЕМ СРЕДНЕМ ОБРАЗОВАНИИ

(Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida 2021–2025 yillarda olib borilgan
tajriba-sinov ma’lumotlari asosida)
Akhmedov Murodjon Ubaydullayevich
Oriental universiteti professori,
Pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori PhD,
Tel.: +998974400577
E-mail: akhmedov_murod@mail.ru
https://orcid.org/0000-0001-7216-2162

Annotatsiya. Maqolada umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarish mexanizmlarini
takomillashtirish masalalari nazariy va amaliy asosda yoritiladi. Ta’lim sifati
monitoringini tashkil etishda Context – Input – Process – Product modeli (CIPP
modeli), Plan – Do – Check – Act sikli (PDCA sikli), Total Quality Management
konsepsiyasi (TQM konsepsiyasi) hamda sinergetik yondashuvning qo‘llanishi ilmiy
jihatdan asoslab berilgan. Mazkur yondashuvlarning integratsiyasi ta’lim tizimini
“nazoratga asoslangan boshqaruv”dan “o‘rganuvchi va takomillashuvchi tizim”ga
o‘tkazishga xizmat qiladi. Xalqaro va mahalliy adabiyotlar tahlili asosida sifat
menejmenti mexanizmlarini takomillashtirish bo‘yicha konseptual modelning
tarkibiy qismlari ishlab chiqilgan. Tadqiqot natijalari umumiy o‘rta ta’lim tizimida
sifatni boshqarish jarayonini izchil, tizimli va dalillarga asoslangan yondashuv
asosida tashkil etishning samaradorligini ko‘rsatadi.

Kalit so‘zlar: ta’lim sifati, sifatni boshqarish, CIPP modeli, PDCA sikli, TQM
konsepsiyasi, monitoring, sinergetik yondashuv, ta’lim menejmenti.

Abstract. The article examines issues related to improving quality management
mechanisms in general secondary education. The use of the Context – Input –Process
– Product Model (CIPP Model), the Plan – Do – Check – Act Cycle (PDCA Cycle),
the Total Quality Management Concept (TQM Concept), and the synergetic approach
are theoretically justified within the framework of educational quality monitoring.
The integration of these approaches contributes to the transformation of the education
system from “control-based management” to a “learning and continuously improving
system”. Based on an analysis of international and local literature, the study develops
a conceptual model for improving quality management mechanisms. The findings

demonstrate the effectiveness of systemic, consistent and evidence-based quality
governance in general secondary education.

Keywords: quality of education, quality management, CIPP model, PDCA
cycle, Total Quality Management (TQM), educational monitoring, synergetic
approach, education management.

Аннотация В статье на теоретическом и практическом уровнях
освещаются вопросы совершенствования механизмов управления качеством
общего среднего образования. Научно обосновывается применение в
организации мониторинга качества образования модели Context – Input –Process
– Product (модель CIPP), цикла Plan – Do – Check – Act (цикл PDCA),
концепции Total Quality Management (концепция TQM), а также
синергетического подхода. Интеграция данных подходов позволяет перевести
систему образования от «управления, основанного на контроле», к
«обучающейся и постоянно совершенствующейся системе». На основе анализа
международной и национальной литературы разработаны структурные
компоненты концептуальной модели совершенствования механизмов
менеджмента качества. Результаты исследования демонстрируют
эффективность организации процесса управления качеством в системе общего
среднего образования на последовательной, системной и доказательной основе.

Ключевые слова: качество образования, управление качеством, модель
CIPP, цикл PDCA, концепция TQM, мониторинг, синергетический подход,
менеджмент образования.

KIRISH
Umumiy o‘rta ta’lim sifatini oshirish zamonaviy global ta’lim siyosatining eng
muhim ustuvor yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, ta’lim tizimlarida raqobatbardoshlikni
ta’minlash, inson kapitalini rivojlantirish hamda ijtimoiy-iqtisodiy barqarorlikni
mustahkamlashda hal qiluvchi omil sifatida qaraladi. Anderson (2006)
ta’kidlaganidek, ta’lim tizimidagi islohotlar muvaffaqiyati avvalo maktab
darajasidagi boshqaruv faoliyatiga bevosita bog‘liq bo‘lib, rahbarlarning strategik
qaror qabul qilish qobiliyati, o‘quv jarayonini tahlil qilish kompetensiyalari va
o‘zgarishlarni boshqarish ko‘nikmalari natijadorlikka sezilarli darajada ta’sir
ko‘rsatadi (Anderson S., 2006:13-37).
Ta’lim sifati ko‘p omilli, murakkab va tizimli jarayon bo‘lib, u maktab
infratuzilmasidan tortib o‘qituvchilarning malakasi, o‘quvchilarning ijtimoiy-status
ko‘rsatkichlari, o‘quv jarayonini baholash mexanizmlariga qadar turli omillar bilan
bog‘liq. Chapman va D. Adams (2002) o‘z tadqiqotlarida ta’lim sifatini yaxlit tizim
sifatida talqin etib, uning samaradorligi faqat o‘quv dasturlari bilan emas, balki

boshqaruv, monitoring, resurslar, pedagogik jarayon va natijalar o‘rtasidagi o‘zaro
bog‘liqlikka asoslanishi lozimligini asoslab bergan.

MAVZUGA OID ADABIYOTLARNING TAHLILI
Mamlakatlar kesimida kuzatilayotgan ta’lim tizimidagi global tendensiyalar
shuni ko‘rsatadiki, umumiy o‘rta ta’lim sohasida sifatni boshqarishning ilmiy
asoslangan, xalqaro standartlarga mos keluvchi tizimlarini yaratish zarurati keskin
ortmoqda. Xalqaro tajriba o‘laroq CIPP — Context – Input – Process – Product
modeli (D. L. Stufflebeam, 2003) ta’lim jarayonining to‘rt asosiy komponentini
kompleks baholashga imkon beradi. Mazkur model kontekstual sharoitlar, kirish
resurslari, jarayonlarni tashkil etish va natijaviy ko‘rsatkichlarni tahlil qilish orqali
boshqaruv jarayonini tizimlashtiradi va qaror qabul qilishni dalillarga asoslaydi.
Sifatni boshqarishda eng keng tarqalgan ikkinchi model — Plan – Do –Check
– Act sikli (PDCA sikli) bo‘lib, W. E. Deming (1986) tomonidan ishlab chiqilgan
ushbu model ta’lim jarayonining uzluksiz rejalashtirish, bajarish, monitoring va
takomillashtirish bosqichlaridan tashkil topgan siklik tizimni ta’minlaydi. PDCA
modeli ta’lim tashkilotlarida ichki sifat jarayonlarini doimiy nazorat ostida ushlab
turish, aniqlangan muammolarni tezkor bartaraf etish hamda institutsional
barqarorlikni saqlashda alohida ahamiyatga ega.
Uchinchi asosiy yondashuv — Total Quality Management (TQM konsepsiyasi)
bo‘lib, E. Sallis (2014) ta’lim tashkilotlarida sifat madaniyatini shakllantirish,
o‘quvchi akademik natijalarini yaxshilash va barcha ishtirokchilar faoliyatining
uyg‘unlashuviga qaratilgan integrativ boshqaruv falsafasini ishlab chiqqan. TQM
konsepsiyasi tashkiliy madaniyat, manfaatdor tomonlar manfaatlarini inobatga olish,
jamoaviy mas’uliyat va sifat ko‘rsatkichlarini doimiy takomillashtirishga asoslanadi.
Ta’lim tizimini boshqarishda yuqoridagi yondashuvlarning nazariy negizini
chuqurlashtiruvchi qo‘shimcha metodologik asos — sinergetik yondashuvdir. I.
Prigogine (1980) hamda H. Haken (2004) tomonidan ishlab chiqilgan sinergetika
nazariyasi murakkab tizimlarning o‘z-o‘zidan tashkil topishi, tartib va tartibsizlikning
dinamik muvozanati, tashqi ta’sirlar bilan ichki imkoniyatlar uyg‘unlashuvi orqali
yangi sifat holatlarining vujudga kelishini ilmiy asoslaydi. Ta’lim jarayonining ko‘p
komponentli, o‘zgaruvchan va ochiq tizim sifatidagi xususiyatlari sinergetik
yondashuvni boshqaruv mexanizmlarini takomillashtirishda muhim metodologiya
sifatida qo‘llash imkonini beradi.
Ushbu ilmiy nazariyalar umumiy o‘rta ta’lim tizimida sifatni boshqarishning
turli jihatlarini yoritgan bo‘lsa-da, ularni bir butun integratsiyalashgan model shaklida
qo‘llash bo‘yicha amaliy metodikalar yetarlicha ishlab chiqilmagan. Xususan,
respublikamizda olib borilayotgan islohotlar ta’lim sifati monitoringi, ichki va tashqi
baholash tizimining uyg‘unligi, indikatorlar tizimi, maktab rahbarlari

kompetensiyalari, ta’lim jarayonini natijadorlikka yo‘naltirish kabi yo‘nalishlarda
yangi boshqaruv mexanizmlarini talab qilmoqda.

Shu sababli ushbu maqolada CIPP modeli, PDCA sikli, TQM konsepsiyasi
hamda sinergetik yondashuvlarning integratsiyasi asosida umumiy o‘rta ta’lim
sifatini boshqarishning takomillashtirilgan mexanizmlari ishlab chiqiladi. Mazkur
ilmiy yondashuvlar o‘zaro uyg‘unlashtirilgan holda ta’lim sifati monitoringi,
boshqaruv jarayonlarining samaradorligi, indikatorlar tizimi va ta’lim tashkilotlari
faoliyatining umumiy natijadorligini oshirish imkonini beradi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarish holatini baholash,
mavjud muammolarni aniqlash va takomillashtirish yo‘nalishlarini belgilash
maqsadida kompleks tahlil amalga oshirildi. Tadqiqot jarayonida boshqaruv
mexanizmlarining samaradorligini baholash uchun CIPP modeli, PDCA sikli va
TQM konsepsiyasining asosiy tamoyillari qo‘llanildi. Shuningdek, Toshkent,
Andijon va Farg‘ona viloyatlarida joylashgan 65 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabidan
olingan ma’lumotlar asosida sifat boshqaruvi jarayonining holati o‘rganildi. Olingan
ma’lumotlar taqqoslash, tizimli tahlil hamda boshqaruv ko‘rsatkichlari o‘rtasidagi
o‘zaro bog‘liqlikni aniqlashga qaratilgan analitik yondashuvlar orqali tahlil qilindi.
Ushbu metodlar ta’lim sifatini boshqarishning takomillashtirilgan modelini ishlab
chiqish uchun nazariy va empirik asos yaratdi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tadqiqot natijalari asosida umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishning
takomillashtirilgan mexanizmlari uch asosiy yo‘nalishda shakllantirildi: integrativ
boshqaruv modeli, monitoring tizimini yangilash hamda sinergetik yondashuvga
tayangan sifat boshqaruvi modeli.
1. Integrativ boshqaruv modeli shakllantirildi:
Tadqiqotda Context – Input – Process – Product modeli (CIPP modeli), Plan –
Do – Check – Act sikli (PDCA sikli) va Total Quality Management konsepsiyasi
(TQM konsepsiyasi) o‘zaro integratsiyasi asosida umumiy o‘rta ta’lim sifatini
boshqarishning yaxlit modeli ishlab chiqildi. D. L. Stufflebeam tomonidan taklif
etilgan CIPP modeli yordamida ta’lim tizimi to‘rt darajada – kontekst (jamiyat
ehtiyojlari, normativ-huquqiy baza, hududiy sharoitlar), input (kadrlar salohiyati,
moddiy-texnik baza, moliyaviy resurslar), process (o‘quv-tarbiya jarayonini tashkil
etish, boshqaruv qarorlari, ichki nazorat) va product (o‘quvchilar erishgan natijalar,
ijtimoiy-madaniy ta’sir, jamoatchilik ishonchi) bo‘yicha tahlil qilindi (Stufflebeam D.
L., 2003:89, 7–98). Bu yondashuv ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillarni fragmentar
emas, balki tizimli ko‘rinishda aniqlashga imkon berdi.

W. E. Deming tomonidan ishlab chiqilgan PDCA sikli esa boshqaruv siklining
uzluksizligini ta’minlovchi mexanizm sifatida modelga integratsiya qilindi (Deming,
W. E., 1986). “Plan” bosqichida strategik maqsadlar, sifat ko‘rsatkichlari va
indikatorlar tizimi aniqlanib, “Do” bosqichida ular asosida tashkiliy-amaliy choratadbirlar amalga oshirildi. “Check” bosqichida monitoring natijalari, diagnostika
ma’lumotlari va baholash ko‘rsatkichlari tahlil qilindi, “Act” bosqichida esa
aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, mexanizmlarni takomillashtirish va yangi
chora-tadbirlarni joriy etish bo‘yicha qarorlar qabul qilindi.

E. Sallis ta’kidlagan Total Quality Management konsepsiyasi (TQM
konsepsiyasi) umumiy o‘rta ta’lim tashkilotida sifat madaniyatini shakllantirish,
barcha manfaatdor tomonlar – rahbarlar, o‘qituvchilar, o‘quvchilar, ota-onalar va
hamkor tashkilotlar mas’uliyatini oshirishga yo‘naltirildi (Sallis E., 2014). TQM
tamoyillari asosida jamoaviy mas’uliyat, ochiqlik, hisobdorlik, mijozga
yo‘naltirilganlik (o‘quvchi va jamiyat ehtiyojlari) hamda uzluksiz takomillashuv
tushunchalari modelning ajralmas qismi sifatida belgilandi. Natijada CIPP, PDCA va
TQM yondashuvlarining integratsiyasi ta’lim sifatini boshqarishning konseptual,
tashkiliy va madaniy jihatlarini yagona tizimga birlashtirgan integrativ boshqaruv
modelini shakllantirishga xizmat qildi.

2. Monitoring tizimi takomillashtirildi:
Tadqiqot doirasida monitoring tizimi alohida yo‘nalish sifatida ko‘rib chiqildi
va uning tarkibiy elementlari zamonaviy xalqaro yondashuvlar asosida qayta ko‘rib
chiqildi. OECD tomonidan ishlab chiqilgan PISA 2022 modeli zamonaviy ta’lim
natijalarini o‘lchashda funksional savodxonlik, kompetensiyaviy yondashuv va real
hayotiy vaziyatlarda bilimlarni qo‘llash qobiliyatini ustuvor yo‘nalish sifatida
belgilaydi (OECD., 2022). Mazkur yondashuv milliy monitoring tizimiga adaptatsiya
qilinar ekan, o‘quvchilar natijalarini faqat reproduktiv bilim darajasi bilan emas, balki
tahlil qilish, muammo yechish, muloqotga kirishish va kreativ fikrlash ko‘nikmalari
bilan baholash zarurligi asoslandi.
UNESCO tomonidan ta’lim sifatini baholashga doir tamoyillar asosida
monitoring tizimining invariant va variativ ko‘rsatkichlari ishlab chiqildi (UNESCO.,
2009). Invariant ko‘rsatkichlar barcha umumiy o‘rta ta’lim tashkilotlari uchun
majburiy bo‘lgan sifat parametrlari – davlat ta’lim standartlariga moslik, o‘quv
dasturlarining bajarilishi, o‘quvchilar davomati, yakuniy nazorat natijalari,
psixologik-pedagogik muhit, boshqaruvning huquqiy-me’yoriy asoslari kabi
ko‘rsatkichlarni o‘z ichiga oldi. Variativ ko‘rsatkichlar esa maktabning joylashuvi
(shahar/qishloq), o‘quvchilar kontingenti, ixtisoslashuv darajasi, qo‘shimcha ta’lim
xizmatlari, innovatsion loyihalar, xalqaro hamkorlik kabi maktabning o‘ziga xos
xususiyatlarini aks ettiruvchi indikatorlardan iborat etib belgilandi.

Shuningdek, monitoring tizimida indikatorlar ustuvorligini aniqlash, ularni
raqamli axborot tizimlariga kiritish va natijalarni boshqaruv qarorlariga integratsiya
qilish mexanizmlari ishlab chiqildi. Bu yondashuv natijasida sifat monitoringi faqat
hisobot va statistik ma’lumotlarni yig‘ish vositasi emas, balki strategik boshqaruvni
axborot bilan ta’minlovchi tizim sifatida qayta talqin qilindi. Tadqiqot davomida
Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi 65 ta maktab bo‘yicha yig‘ilgan
ma’lumotlar monitoring tizimining amaliy jihatdan sinovdan o‘tkazilishiga imkon
berdi va indikatorlar tizimini aniqlashtirishga yordam berdi.

Tadqiqot jarayonida olingan empirik ma’lumotlar, indikatorlar tahlili va 2021–
2025 yillardagi Toshkent, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi tajriba-sinov natijalari
asosida quyidagi bosqichma-bosqich ishlovchi boshqaruv modeli ishlab chiqildi (1-
rasm).

1-rasm. Umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarish modeli (PDCA tamoyillari asosida).

3. Sifat boshqaruvining sinergetik modeliga asos solindi.
Tadqiqotda sifatni boshqarish bo‘yicha yaratilgan modelning nazariy asosi

sifatida sinergetik yondashuv qo‘llanildi. I. Prigogine murakkab tizimlarda
tartibsizlik (xaos) va tartib (strukturaviy tuzilma) o‘zaro ta’siri natijasida yangi sifat
holatlari vujudga kelishini ilmiy jihatdan asoslab bergan. Bu tamoyil ta’lim tizimiga
tadbiq qilinganda, boshqaruv jarayonida to‘liq markazlashgan, faqat yuqoridan pastga
nazoratga asoslangan yondashuv o‘rniga moslashuvchan, refleksiv va o‘z-o‘zini
yangilab boruvchi boshqaruv modeli zarurligini ko‘rsatdi.

Sinergetik yondashuv asosida umumiy o‘rta ta’lim tizimi “yopiq” va faqat
buyruq-ma’muriy boshqaruvga asoslangan tizim emas, balki tashqi omillar (davlat
siyosati, xalqaro talablar, mahalliy sharoit) va ichki omillar (maktab jamoasi faoliyati,
rahbarlik uslubi, o‘qituvchilarning motivatsiyasi, o‘quvchi va ota-onalar ishtiroki)
o‘zaro ta’siri natijasida rivojlanib boruvchi “o‘rganuvchi tizim” sifatida talqin qilindi.
Bu yondashuv boshqaruvda qat’iy, o‘zgarmas sxemalardan ko‘ra, vaziyatga
moslashuvchan, refleksiv va iterativ qaror qabul qilish amaliyotini rivojlantirishni
nazarda tutadi.

Natijada tajriba-sinov ishlari ko‘rsatdiki, sinergetik yondashuv asosida ishlab
chiqilgan model qo‘llanilganda maktab rahbarlarining boshqaruv kompetensiyalari,
jamoa ichida o‘zaro hamkorlik, tashabbuskorlik, innovatsion loyihalar soni va ta’lim
natijalarida ijobiy dinamika kuzatiladi. Empirik ma’lumotlar boshqaruv samaradorligi
va ta’lim sifati ko‘rsatkichlarida o‘sish tendensiyasini qayd etish imkonini berdi.

Tadqiqot natijalariga ko‘ra, umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishning
integrativ, mexanizmlar asosida ishlovchi va qayta aloqa (feedback) tamoyillarini
o‘zida mujassam etgan takomillashtirilgan boshqaruv modeli ishlab chiqildi. Ushbu
modelning nazariy asosi sifatida Context – Input – Process – Product (CIPP) modeli,
Plan – Do – Check – Act (PDCA) sikli, Total Quality Management (TQM)
konsepsiyasi, shuningdek I. Prigogine va H. Haken sinergetik yondashuvlari
qo‘llanildi.

4. Umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishning takomillashtirilgan modeli
samaradorligi oshdi.

Tadqiqot davomida umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishning
takomillashtirilgan modeli ishlab chiqildi va uning amaliy samaradorligi 2021–2025-
yillar davomida Toshkent shahri, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida o‘tkazilgan
pedagogik tajriba-sinov ishlarida baholandi. Tajriba-sinov ishlari PDCA (Plan – Do –
Check – Act) sikliga asoslangan boshqaruv mexanizmlarini maktablar faoliyatiga
joriy etishning real ta’sirini aniqlashga qaratildi. Tadqiqot maydonlarida umumiy
hisobda 825 nafar rahbar-pedagog xodim, shuningdek 2098 nafar o‘quvchi
ishtirok etdi.

Aniqlovchi bosqich natijalari amaldagi boshqaruv jarayonlarida strategik
rejalashtirish, monitoring, axborot-analitika va refleksiv tahlil mexanizmlarining
yetarli darajada ishlamasligi ta’lim natijalarining barqarorligini pasaytirayotganini
ko‘rsatdi. Shu munosabat bilan PDCA integratsiyasi asosida ishlab chiqilgan
yangilangan boshqaruv mexanizmlari maktab rahbarlari uchun “Ta’limda boshqaruv”
modullariga tatbiq etildi hamda tajriba guruhlari faoliyatida sinovdan o‘tkazildi.

Kasbiy rivojlantirish kurslarida rahbarlarning boshqaruv kompetensiyalari
bo‘yicha erishilgan natijalar tajriba guruhida sezilarli o‘sishni ko‘rsatdi. Tajriba
boshlanishida yuqori baholangan rahbarlar ulushi 14,1 % bo‘lgan bo‘lsa, yakunda bu
ko‘rsatkich 45,6 % ga yetdi. Nazorat guruhida esa mazkur ko‘rsatkich 15,2 % dan
17,1 % gacha oshgani kuzatildi. Matematik-statistik tahlil natijasida tajriba
guruhining umumiy o‘zlashtirish samaradorligi nazorat guruhiga nisbatan 31 %
yuqori ekani aniqlandi.

O‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy fanlar bo‘yicha savodxonligi
ham tajriba natijalariga sezilarli ta’sir ko‘rsatdi. PISA-turdagi kompetensiyalarga
yo‘naltirilgan monitoring asosida o‘tkazilgan baholash natijalariga ko‘ra:

 o‘qish savodxonligi bo‘yicha o‘zlashtirish 33 %,
 matematik savodxonlik bo‘yicha 30 %,
 tabiiy fanlar bo‘yicha 26 %

yuqoriligi aniqlangan.
Bu natijalar PDCA modeli asosida joriy etilgan monitoring-baholash, refleksiv
tahlil va strategik rejalashtirish elementlari o‘quv jarayonining sifat ko‘rsatkichlarini
keskin yaxshilashini tasdiqladi.
Tadqiqot natijalari CIPP modeli, PDCA sikli, TQM konsepsiyasi va sinergetik
yondashuvlar integratsiyasi asosida umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishning
takomillashtirilgan mexanizmlari nazariy jihatdan asoslanganini va amaliyotda o‘zini
oqlayotganini ko‘rsatdi.
Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, umumiy o‘rta ta’lim tizimida amal qilayotgan
sifatni boshqarishning an’anaviy yondashuvlari — ma’muriy nazoratga haddan ziyod
tayanish, faqat joriy ko‘rsatkichlarni kuzatish va shaklboz hisobotlarga asoslangan
baholash amaliyoti — zamonaviy ta’lim siyosati talablari bilan uyg‘un emas. Bunday
sharoitda maktab rahbariyati ko‘proq “nazorat qiluvchi subyekt” sifatida faoliyat
yuritadi, ammo real natijalarga yo‘naltirilgan samarali boshqaruv madaniyati
shakllanmaydi. S. Anderson ta’kidlaganidek, rivojlanish jarayonida maktab
boshqaruvining faol, refleksiv va dalillarga tayangan ishtiroki hal qiluvchi omildir
(Anderson S., 2006:13-37). Tadqiqot natijalari ham O‘zbekiston sharoitida aynan
rahbarlarning boshqaruv kompetensiyalari o‘zgarishlar samaradorligiga bevosita
ta’sir ko‘rsatishini ko‘rsatdi.

Mazkur tadqiqotda qo‘llanilgan Context – Input – Process – Product modeli

(CIPP modeli), Plan – Do – Check – Act sikli (PDCA sikli) va Total Quality

Management konsepsiyasi (TQM konsepsiyasi) boshqaruv jarayonini an’anaviy

yondashuvlardan farqli ravishda tizimli, siklli hamda dalillarga asoslangan

boshqaruvga aylantirish imkonini berdi. D. L. Stufflebeam tomonidan ishlab

chiqilgan CIPP modeli ta’lim tizimini kontekst, resurs, jarayon va natijaga ko‘ra tahlil

qilgan holda qaror qabul qilishni ilmiy asoslashga xizmat qildi. W. E. Deming taklif

etgan PDCA sikli rejalashtirish, bajarish, tekshirish va takomillashtirish bosqichlari

o‘rtasidagi uzluksizlikni ta’minladi. E. Sallis tomonidan ilgari surilgan TQM

konsepsiyasi maktab ichida jamoaviy mas’uliyat, sifat madaniyati va shaffoflikni

shakllantirishga yordam berdi.

Mazkur uch yondashuvning integratsiyasi O‘zbekiston sharoitida boshqaruv

mexanizmlarini modernizatsiya qilish, rahbarlarning kasbiy kompetensiyalarini

kuchaytirish hamda ta’limni natijaga yo‘naltirish imkonini berdi. C. Day va P.

Sammons dalillarga tayangan qaror qabul qilishning muhimligini ta’kidlaydi. PDCA

asosida qayta loyihalangan ichki monitoring tizimi rahbarlarga real vaqt rejimida

ko‘rsatkichlarni kuzatish, zaif nuqtalarni aniqlash va tezkor chora ko‘rish imkonini

yaratdi. A. S. Bryk va hamkorlarining ta’kidlashicha, maktab ichki muhitidagi

ishonch, professional hamkorlik va o‘zaro javobgarlik sifat ko‘rsatkichlariga bevosita

ta’sir qiladi. Tadqiqot natijalari bu fikrni tasdiqlab, TQM asosida jamoaviy ishtirok

va ochiqlik kuchayganini ko‘rsatdi.

Quyidagi jadvalda an’anaviy boshqaruv yondashuvlari va CIPP – PDCA –

TQM integratsiyasi asosidagi takomillashtirilgan modelning eng muhim farqlari

umumlashtirildi:

1-jadval. An’anaviy va takomillashtirilgan boshqaruv yondashuvlarining

taqqoslanishi

Т CIPP–PDCA–TQM integratsiyasiga
t/r Ko‘rsatkichlar An’anaviy yondashuv asoslangan takomillashtirilgan yondashuv

1. Boshqaruv Buyruq-ma’muriy model Dalillarga asoslangan, tizimli va refleksiv
falsafasi boshqaruv

2. Nazorat turi Shaklboz, joriy ko‘rsatkichlarga Strategik indikatorlarga tayanuvchi,
yo‘naltirilgan diagnostik monitoring

3. Qaror qabul Subyektiv, tajribaga asoslangan Indikatorlar, tahlillar va tahliliy
qilish ma’lumotlarga tayangan

4. Jamoaviy Past O‘qituvchi, ota-ona va jamoatchilikni
ishtirok qamrab oluvchi yuqori daraja

5. Boshqaruv sikli Uzluksiz emas, epizodik PDCA asosida siklli, doimiy takomillashuv

6. Sifat Deyarli shakllanmagan TQM tamoyillari asosida kuchli sifat
madaniyati madaniyati

7. Natijadorlikka Beqaror, qisqa muddatli Barqaror o‘sish, kompetensiyalarning
ta’sir sezilarli yaxshilanishi

Jadvalda ko‘rinib turganidek, takomillashtirilgan model boshqaruvning ichki
falsafasidan tortib monitoring, qaror qabul qilish, jamoaviy hamkorlik va yakuniy
natijalargacha bo‘lgan barcha elementlarda sezilarli ustunlik beradi. Ayniqsa, PDCA
siklining joriy etilishi boshqaruvni “bir martalik islohot”dan “doimiy takomillashuv
jarayoni”ga aylantiradi. UNESCO, OECD va PISA metodologiyalari asosida
yaratilgan kompetensiyaviy monitoring mexanizmlari esa nazorat va baholashni real
natijalarga yaqinlashtiradi.

Sinergetik yondashuvni ta’minlash orqali tizim ichki va tashqi omillar
ta’sirida yangi sifat holatlariga o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ldi. O‘zbekiston ta’lim
tizimi so‘nggi yillarda jadal islohotlar bosqichidan o‘tayotgani bois, boshqaruvning
moslashuvchan, innovatsion va refleksiv modeli tizim uchun eng maqbul mexanizm
sifatida shakllandi. Takomillashtirilgan modelning qo‘llanilishi rahbarlarning
boshqaruv kompetensiyalarida 31 foizgacha o‘sishni, o‘quvchilar savodxonligida 26–
33 foiz oralig‘ida sezilarli natijalarni ta’minlagani ushbu yondashuvning amaliy
samaradorligini isbotlaydi.

Umuman olganda, CIPP–PDCA–TQM integratsiyasi asosida ishlab chiqilgan
takomillashtirilgan sifat boshqaruv modeli O‘zbekistonning umumiy o‘rta ta’lim
tizimi uchun nafaqat nazariy asosga ega, balki empirik dalillar bilan
mustahkamlangan, samaradorligi isbotlangan boshqaruv texnologiyasi sifatida e’tirof
etilishi mumkin.

XULOSA
1. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatdiki, ta’lim sifati monitoringini tashkil etishda
Context–Input–Process–Product modeli (CIPP modeli), Plan–Do–Check–Act sikli
(PDCA sikli) va Total Quality Management konsepsiyasi (TQM konsepsiyasi)
integratsiyasi umumiy o‘rta ta’lim tizimi uchun samarali boshqaruv mexanizmini
yaratadi. CIPP modeli asosida kontekst, resurslar, jarayon va natijalarning kompleks
tahlili yo‘lga qo‘yildi, PDCA sikli orqali boshqaruv jarayonining uzluksizligi va
siklliligi ta’minlandi, TQM tamoyillari esa maktab ichida sifat madaniyati, jamoaviy
mas’uliyat va ochiqlikni shakllantirdi. Mazkur integratsiya natijasida boshqaruv “bir
martalik” islohotdan “doimiy o‘rganish va takomillashuvga asoslangan tizim”ga
aylandi.
2. Monitoring tizimini takomillashtirish jarayonida ishlab chiqilgan invariant va
variativ indikatorlar ta’lim sifatini obyektiv baholash uchun zarur bo‘lgan metodik
asosni yaratdi. Invariant indikatorlar barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalari uchun
majburiy bo‘lgan asosiy sifat ko‘rsatkichlarini (davlat ta’lim standartlariga moslik,
o‘quv natijalari, davomat, psixologik-pedagogik muhit va boshqalar) qamrab oldi,
variativ indikatorlar esa hududiy, ixtisoslashuv, innovatsion faoliyat, qo‘shimcha
ta’lim xizmatlari kabi omillarni hisobga olib, maktablar faoliyatini differensial

baholash imkonini berdi. Bu yondashuv ta’lim sifatini baholashni faqat yakuniy
raqamlar bilan emas, balki tizimning ichki rivojlanish dinamikasini ham inobatga
oluvchi ko‘p mezonli baholash darajasiga ko‘tardi.

3. Sinergetik yondashuv asosida ta’lim tizimining o‘rganuvchi, moslashuvchan
va takomillashuvchi xususiyatlari aniqlab berildi. Tizim ichki va tashqi omillar o‘zaro
ta’siri natijasida yangi sifat holatlariga o‘tishi, boshqaruv qarorlarining statik emas,
balki dinamik xarakter kasb etishi, rahbarlar va pedagoglarning refleksiv faoliyati,
innovatsion tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash kabi omillar sinergetik yondashuvning
amaliy ifodasiga aylandi. Tajriba-sinov natijalari shuni ko‘rsatdiki, bunday
yondashuv sharoitida maktablar o‘zini “yopiq tizim” sifatida emas, balki o‘rganishga
ochiq, o‘z faoliyatini muntazam tahlil qilib boruvchi va o‘z-o‘zini yangilovchi
tashkilot sifatida namoyon eta boshlaydi.

4. Taklif etilgan model iqtisodiy, tashkiliy va metodik jihatdan umumiy o‘rta
ta’lim sifatini boshqarishning zamonaviy talablariga mos kelishi empirik va
matematik-statistik tahlillar bilan tasdiqlandi. Modelni amaliyotga tatbiq etish
jarayonida rahbarlarning boshqaruv kompetensiyalarida sezilarli ijobiy o‘zgarishlar,
ta’lim natijalari va o‘quvchilarning o‘qish, matematika hamda tabiiy fanlar bo‘yicha
savodxonligi ko‘rsatkichlarida barqaror o‘sish kuzatildi. Shuningdek, modelni joriy
etish katta qo‘shimcha xarajatlarni talab qilmasdan, mavjud resurslardan maqsadli
foydalanish, boshqaruvni optimallashtirish va axborot-analitik tizimlarni samarali
qo‘llash orqali amalga oshirilishi mumkinligi aniqlandi. Shu bois taklif etilayotgan
model umumiy o‘rta ta’lim sifatini boshqarishni modernizatsiya qilishning ilmiy
asoslangan va amaliy jihatdan samarali yo‘nalishi sifatida tavsiya etiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI / REFERENCES:
1. Akyeampong, K. (2011). (Re)Assessing the impact of school capitation grants
on educational access in Ghana. CREATE Research Monograph No. 71. University
of Sussex.
2. Anderson, S. (2006). The school district’s role in educational change.
International Journal of Educational Reform, 15(1), 13–37.
3. Barrera-Osorio, F., Fasih, T., Patrinos, H. A., & Santibáñez, L. (2009).
Decentralized decision-making in schools: The theory and evidence on school-based
management. Washington, DC: The World Bank.
4. Bruns, B., Filmer, D., & Patrinos, H. (2011). Making schools work: New
evidence on accountability reforms. Washington, DC: The World Bank.
5. Bryk, A. S., Sebring, P. B., Allenworth, E., Luppescu, S., & Easton, J. Q.
(2010). Organizing schools for improvement: Lessons from Chicago. Chicago: The
University of Chicago Press.

6. Bush, T., & Oduro, G. K. T. (2006). New principals in Africa: Preparation,
induction and practice. Journal of Educational Administration, 44(4), 359–375.

7. Chapman, D., & Adams, D. (2002). The quality of education: Dimensions and
strategies. Education in Developing Asia, Vol. 5. Asian Development Bank &
University of Hong Kong.

8. Chapman, D. W., Burton, L., & Werner, J. (2010). Universal secondary
education in Uganda: The head teachers’ dilemma. International Journal of
Educational Development, 30, 77–82.

9. Day, C., & Sammons, P. (2013). Successful leadership: A review of the
international literature. CfBT Education Trust.

10. Day, A. L., McLoughlin, C., Aslam, M., Engel, J., Wales, J., Batley, R.,
Kingdon, G., Nicolai, S., & Rose, P. (2014). The role and impact of private schools in
developing countries: A rigorous review of the evidence. DFID, UK.

11. DeJaeghere, J. G., Williams, R., & Kyeyune, R. (2009). Ugandan secondary
school headteachers’ efficacy: What kind of training for whom? International Journal
of Educational Development, 29, 312–320.

12. Deming, W. E. (1986). Out of the crisis. Cambridge, MA: MIT Press.
13. Fullan, M. (2019). The new meaning of educational change. New York:
Teachers College Press.
14. H. Haken, H. (2004). Synergetics: Introduction and advanced topics.
Springer.
15. OECD. (2022). PISA 2022 Assessment and Analytical Framework. Paris:
OECD Publishing.
16. Prigogine, I. (1980). From Being to Becoming: Time and Complexity in the
Physical Sciences. San Francisco: W.H. Freeman.
17. Sallis, E. (2014). Total Quality Management in Education (3rd ed.).
London: Routledge.
18. Stufflebeam, D. L. (2003). The CIPP model for evaluation. New Directions
for Evaluation, 89, 7–98.
19. UNESCO. (2009). Educational assessment systems. Paris: UNESCO
Publishing.