YANGI TA’LIM TIZIMINI RIVOJLANTIRISH MUAMMOLARI VA
ISTIQBOLLARI
DEVELOPMENT OF A NEW EDUCATION SYSTEM PROBLEMS
AND PROSPECTS
РАЗВИТИЕ НОВОЙ СИСТЕМЫ ОБРАЗОВАНИЯ ПРОБЛЕМЫ И
ПРЕСПЕКТИВЫ
Mardonov Baxodir Baxronovich
Orient universiteti Samarqand kampusi
“Biznes va boshqaruv” kafedrasi
v.v.b. Professori, i.f.d.
Tel.: +998 88 287 55 35
E -mail: boxodir82@mail.ru
Annotatsiya. Maqolada O‘zbekistonda oliy ta’lim sohasida xususiy sektorning
joriy etilishi, uning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdagi roli va raqobat muhitini
shakllantirishdagi ahamiyati tahlil qilinadi. Xususiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim
sifatini oshirish, yoshlarga qo‘shimcha o‘qish imkoniyatini yaratish, tadbirkorlar
sarmoyasini jalb qilish, yangi ish o‘rinlari ochish, professor-o‘qituvchilar mehnatiga
talab oshishi, YaIM hajmi ortishi kabi ijobiy natijalar qayd etilgan. Shu bilan birga,
xususiy universitetlarga test imtihonlarisiz qabul qilinadigan talabalarning bilim
darajasi pastligi asosiy muammo sifatida ko‘rsatilgan. Bu holat davlat va nodavlat
OTMlar o‘rtasida adolatli raqobat shartlarini buzadi. Muammoni bartaraf etish uchun
talabalarni ikki toifaga ajratish, birinchi kursdan keyin majburiy sinov imtihonlarini
joriy etish, ota-onalar bilan hamkorlikni kuchaytirish, ilmiy to‘garaklar tashkil qilish,
moddiy rag‘bat va jazo mexanizmlarini qo‘llash taklif etilgan.
Kalit so‘zlar: ta’lim xizmatlari, xususiy ta’lim, raqobat, mehnat resurslari, ish
haqi, YaIM, ta’lim sifati, mehnat unumdorligi, foyda, tovar, ijtimoiy xizmatlar,
tadbirkorlik.
Annotation. The article analyzes the introduction of the private sector into
Uzbekistan’s higher education system, its role in the country’s socioeconomic
development, and its significance in establishing a competitive environment. Positive
outcomes of private higher education institutions are highlighted, including improved
quality of education, creation of additional study opportunities for youth, attraction of
entrepreneurial investments, generation of new jobs, increased demand for academic
staff, and growth in GDP volume. At the same time, the low level of knowledge
among students admitted to private universities without entrance examinations is
identified as the main problem. This situation disrupts fair competitive conditions
between public and private higher education institutions. To eliminate the problem,
the author proposes categorizing students into two groups, introducing mandatory
screening examinations after the first year, strengthening cooperation with parents,
establishing academic/scientific circles, and applying material incentive and penalty
mechanisms.
Key words: educational services, private education, competition, labor force,
wages, GDP, quality of education, labor productivity, profit, goods, social services,
entrepreneurship
Аннотация. В статье анализируется внедрение частного сектора в систему
высшего образования Узбекистана, его роль в социально-экономическом
развитии страны и значение в формировании конкурентной среды. Отмечаются
положительные результаты деятельности частных вузов: повышение качества
образования, создание дополнительных возможностей обучения для молодежи,
привлечение предпринимательских инвестиций, открытие новых рабочих мест,
рост спроса на профессорско-преподавательский состав и увеличение объёма
ВВП. Вместе с тем основная проблема — низкий уровень знаний студентов,
поступающих в частные университеты без вступительных экзаменов. Данная
ситуация нарушает справедливые условия конкуренции между
государственными и негосударственными вузами. Для устранения проблемы
предлагается разделение студентов на две категории, введение обязательных
отборочных экзаменов после первого курса, усиление сотрудничества с
родителями, организация научных кружков, а также применение механизмов
материального поощрения и наказания.
Ключевые слова: образовательные услуги, частное образование,
конкуренция, трудовые ресурсы, заработная плата, ВВП, качество образования,
производительность труда, прибыль, товары, социальные услуги,
предпринимательство.
KIRISH
Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy yuksalishiga, taraqqiyotning ravon yo‘liga
chiqishiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar juda ko‘p. Ularning mo‘jazgina ro‘yxatida
ta’lim sektori birinchi o‘rinda turadi. Ta’lim sektorining ulkan imkoniyatlaridan
unumli va o‘rinli foydalangan davlatlar allaqachon ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot
poygasida peshqadamlikni qo‘lga kiritdi va taraqqiyotning yuqori cho‘qqilaridan
xalqiga munosib o‘rin egallash sharafiga muyassar bo‘ldilar. Davlatimiz rahbari
tashabbusi bilan yurtimizda ta’lim sektorida amalga oshirilayotgan islohotlar
uchinchi renessans poydevorini qurish tomon qo‘yilgan dadil qadam bo‘lib, u
mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotida tub burilish yasash imkoniyati eshigini
ochib berdi.
O‘zbekiston mustaqillikka erishganidan keyin ham ancha yillar davomida
ta’lim sektori davlat monopoliya iskanjasidan chiqolmadi. Bozor iqtisodiyoti
obyektiv qonunlari talablarini inkor qilish oqibatida ta’lim sektori orqali taraqqiyotda
erishish mumkin bo‘lgan katta imkoniyatlar boy berildi, qo‘lga kiritilishi muqarrar
bo‘lgan iqtisodiy o‘sish sur’atlariga erishilmadi. Ta’lim sektorida raqobat muhitining
yaratilmaganligi uning cheksiz imkoniyatlarini mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy
yuksalishining yetakchi omiliga, drayveriga aylantirish yo‘lida asosiy to‘siq bo‘ldi.
Chunki, aynan raqobat bozor iqtisodiyoti kuch-qudratini, mo‘jizalarini ro‘yobga
chiqarishning asosiy elementi hisoblanadi. Hozirgi kunga qadar O‘zbekistonda ta’lim
sektori raqobat muhitisiz panjara ortida kun kechirgan, ovga yaramay qolgan, nimjon
sher kabi edi.
Kishilik jamiyati taraqqiyotining hozirgi bosqichida jahon iqtisodiyotida ta’lim
sektori mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotining yetakchi omiliga aylandi.
Ta’limning mo‘jizakor kuchini o‘z vaqtida payqagan, uning olamshumul ahamiyatini
idrok etgan, qadrlagan mamlakatlar allaqachonlar o‘z xalqi uchun munosib hayot
farovonligini yaratdilar. Bu borada Yaponiya, AQSh, rivojlangan G‘arb
mamlakatlarining tahsinga loyiq ilg‘or tajribasi fikrimizning yorqin dalilidir.
Yangi O‘zbekistonda Prezident ko‘rsatmalari asosida va bevosita rahnamoligida
ta’lim sektorida yuz berayotgan revolyutsion o‘zgarishlar ta’limdan xabari bor
kishilarga katta quvonch bag‘ishladi, ularning qalbida ta’limning ulkan salohiyati
ona yurt ravnaqi yo‘lida xizmat qilishiga real imkoniyat paydo bo‘lganligiga ishonch
hosil qildi. Ta’lim sektorida izchil amalga oshirilayotgan tub o‘zgarishlar tarkibida
oliy ta’lim sohasida raqobat muhitining yaratilishi bular ichida eng ahamiyatlisi
bo‘ldi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Inson kapitalini rivojlantirishda ta’lim xizmatlarining ahamiyatini, uning
umumiqtisodiy muammolarini tahlil qilgan (Кожевникова М.Н., 2023:45.). Turizm
sohasida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlashda oliy ta’lim xizmatlarning
o‘ziga xos tomonlarini tadqiq etgan (Сахарчук Е.С., 2022:65). Oliy ta’lim sohasida
vizual xizmatlarning kishilar uchun afzalligini yoritgan, uning kamchiliklarini
aniqlagan (Вольчик В.В., Ширяев И.М., 2020:235.). Hududlarning ijtimoiy
rivojlanishida oliy ta’lim muassasalarning o‘rni va ularning ta’sirini baholagan
(Muminov N.G. Zaxirova G.M., 2022:290.). Ushbu olimlar ta’lim xizmatlarning
nazariy asoslarini, uni rivojlantirishning amaliy muammolari va tendensiyalarini ham
tadqiq etishgan. Shuningdek, kadrlar tayyorlashdagi ahamiyatini keng yoritib
berishgan. Respublikamiz iqtisodchi olimlaridan M.M.Muxammedov -
“O‘zbekistonda ta’lim xizmatlarini mustaqillikning dastlabki kunlaridan to hozirgi
kunga qadar bosib o‘tgan evolyutsion yo‘lini, oliy ta’lim sohasining foydalanilmagan
imkoniyatlarini aniqlagan (Muxammedov M.M., 2022:380.). Yuqori malakali
kadrlarni tayyorlash va ularni boshqarish samaradorligini oshirish yo‘llarini
ko‘rsatgan (Ochilov A.O., 2019:78). Oliy ta’lim sohasi xodimlari mehnatini
rag‘batlantirishning zamonaviy usullarini asoslagan (Isxakova S.A., 2021:112.) va
boshqalar mamlakatimizda ta’lim xizmatlarini rivojlantirishning nazariy-uslubiy
masalalari, ta’lim xizmatlarining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishdagi
imkoniyatlari, ta’lim xizmatlari bozorida oliy ta’lim muassasalari
raqobatbardoshligini oshirishning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati, ta’lim sohasida bozor
munosabatlarining shakllanishi, ta’lim xizmatlarining rivojlanishiga ta’sir etuvchi
omillar va shu kabi boshqa mavzularda ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishgan. Lekin
yuqorida nomlari zikr etilgan xorijlik va respublikamiz olimlari tomonidan amalga
oshirilgan ilmiy ishlarida ta’lim xizmatlarining ijtimoiy-iqtisodiy mazmuni va uni
rivojlantirishning ulkan salohiyatidan samarali foydalanishning uslubiy jihatlari
yoritib berilmagan.
Nazariy izlanishlar “Ta’lim xizmatlari” kishilik jamiyatining turli bosqichlarida
ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning muhim omili va harakatlantiruvchi kuchi sifatida
shakllana boshlanganligini aniqladi. Biz bu atamani davlat bo‘lib shakllangan
mamlakatlarning rivojlanish jarayoni bilan bog‘liq voqea sifatida qaradik. Ta’lim
xizmatlarining XX asrning o‘rtalarida shakllanganini va davlatning iqtisodiy o‘sish
sur’atlarida muhim rol o‘ynagani ta’kidlangan, shuningdek, ta’lim xizmatlari
eksportini oshirish, milliy iqtisodiyotda asosiy soha sifatida yetakchilik rolini
ko‘tarish bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqqan (Канунникова А.М., 2024:114.).
Kishilik jamiyatning oldingi davrlarida agrar va industrial jamiyatda ta’lim xizmatlari
ikkinchi darajali tarmoq sifatida qaralgan. Postindustrial jamiyatda esa ta’lim
xizmatlari milliy iqtisodiyotda alohida tarmoq sifatida muhim o‘rin egalladi. To‘rt,
besh yoki sakkiz sektorli iqtisodiyotda ham ta’lim xizmatlari alohida sektor
hisoblanadi.
Ta’lim sektorining hozirgi kundagi cheksiz imkoniyati, yuqori ahamiyati va
xalqaro miqyosidagi mavqei tadqiqotchilarning e’tiborini qaratdi. Ilmiy adabiyotlarda
“Ta’lim xizmatlari”, “Ijtimoiy xizmatlar”, “Iqtisodiy ta’lim xizmatlari”, “Ta’lim
mahsulotlari” kabi atamalar mavjud. YuNESKO xalqaro tashkilotining
mutaxassislari, olimlari ta’lim xizmatlariga quyidagi ta’rifni berishgan: “Ta’lim
xizmatlari - bu qobiliyatlarni takomillashtirish, ijtimoiy yetuklikka erishadigan
shaxsning xatti-harakati va individual o‘sishi hisoblanadi”.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ta’lim sektorining milliy iqtisodiyotdagi o‘rnini, xizmatlarining mohiyatini va
ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyatini yoritishda ilmiy abstraksiyalash, tahlil va sintez,
induksiya va deduksiya, statistik guruhlash, monografik tadqiq etish, taqqoslash kabi
ilmiy tadqiqot usullaridan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Prezidentimiz tashabbusi va rahnamoligida ta’lim sektoriga, jumladan, oliy
ta’lim sohasiga tadbirkorlik faoliyati uchun keng yo‘l ochib berilishi, Yangi
O‘zbekistonda ilm-fan, oliy ta’lim sohasini jadal rivojlantirish chora-tadbirlari
zanjirida eng muhim bosqich bo‘ldi, desak, inkor qilib bo‘lmaydigan ayni haqiqatni
aytgan bo‘lamiz. Uning natijasida oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga katta to‘sqinlik
qilayotgan davlat monopoliyasiga chek qo‘yilib, ushbu soha imkoniyatlarini
taraqqiyot drayveriga aylantirish uchun suvdek zarur bo‘lgan raqobat muhiti
yaratildi.
Oliy ta’lim sohasini rivojlantirishga qaratilgan ushbu muhim qadam uning
taraqqiyotdagi rolini to‘la idrok etmagan odamlar uchun oddiy bir narsa bo‘lib
tuyulishi ham mumkin. Lekin, bizning nazarimizda, bu Yangi O‘zbekiston
taraqqiyotida, uning yuksalishida tub burilish yasashga qodir, katta qoniqish bilan
e’tirof etishga loyiq tarixiy voqelik bo‘ldi. Mamlakatimizda xususiy oliy ta’lim
muassasalari paydo bo‘lishining ahamiyati va ijobiy roli quyidagilardan iborat:
Birinchidan, oliy ta’lim sohasida davlat oliy ta’lim muassasalari bilan xususiy
oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida ta’lim sifatini oshirish muammosini yechishda o‘ta
zarur bo‘lgan real raqobat muhiti yaratildi.
Ikkinchidan, juda ko‘p yoshlarimiz xususiy oliy ta’lim orqali o‘zlarining bilim
saviyasini oshirish, mehnat salohiyatini yuksaltirish imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Uchinchidan, tadbirkorlarning moliyaviy imkoniyatlari yurtimizning bugungi
hayoti, ayniqsa, kelajagi uchun o‘ta dolzarb muammoni yechish – oliy ma’lumotli
mutaxassislar bilan iqtisodiyotning ta’minlanganlik darajasini ko‘tarishga foydalanish
sharoiti yaratildi.
To‘rtinchidan, juda ko‘p professor-o‘qituvchilar hamda yordamchi personal
xodimlari ishsizlik balosidan qutulib, foydali ijtimoiy mehnat bilan band bo‘lish
imkoniyatiga ega bo‘ldi.
Beshinchidan, xorijga yuqori ish haqiga da’vogarlik qilishga loyiq malakali,
oliy ma’lumotli mutaxassislarni eksport qilish imkoniyatlari sezilarli darajada
kengaydi.
Oltinchidan, yangi oliy o‘quv yurtlarining tashkil topishi va yangi ish
o‘rinlarining paydo bo‘lishi professor-o‘qituvchilar mehnatiga talabning
kuchayishiga, demak ularning ilmiy-pedagogik mahoratining qadrlanishiga zamin
yaratildi.
Yettinchidan, xususiy oliy ta’lim muassasalari yaratgan xizmatlar hisobidan
YaIM hajmini sezilarli darajada oshirish va iqtisodiy o‘sish sur’atlarini jadallashtirish
imkoni vujudga keldi. Shuningdek, xizmatlar hajmining nisbatan tez sur’atlar bilan
o‘sishi mamlakatimizning postindustrial jamiyatga o‘tish jarayonlarini tezlashtirdi.
Sakkizinchidan, xususiy oliy ta’lim sohasida faoliyat yuritayotgan iqtisodiyot
subyektlari daromadlari, shuningdek, sohada band bo‘lgan xodimlar ish haqi
daromadlaridan undiriladigan soliqlar hisobidan davlat byudjeti daromadlari
ko‘paydi.
To‘qqizinchidan, “ O‘zbekiston-2030” Strategiyasi, O‘zbekiston Respublikasi
oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” kabi muhim hujjatlarda
ko‘zda tutilgan inson kapitalini tez sur’atlar bilan rivojlantirish g‘oyasini hayotga
tatbiq etishda muhim rol o‘ynaydi.
Shular bilan bir qatorda, xususiy oliy ta’lim muassasalari, har qanday yangi
ishda sodir bo‘lishi muqarrar bo‘lgan, ayrim qiyinchilik va muammolarga duch
keldilar.
Ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga xalaqit berayotgan, uning yo‘lida g‘ov
bo‘layotgan muammolarni aniqlash, izlab topish uni bartaraf etishning, demak,
mazkur sohada taraqqiyotga erishishning, birinchi darajali asosiy sharti hisoblanadi.
Shu sababli, bugungi kunda oliy ta’lim tizimida xususiy sektorning rivojlanishiga
salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim muammolarni keng auditoriya muhokamasiga
chiqarmoqchimiz.
Bizningcha, xususiy oliy ta’limni rivojlantirishda jiddiy muammo – o‘qishga
qabul qilingan yoshlar bilim darajasining pastligi. Hammaga ma’lumki, xususiy
universitetlarga talabalar test imtihonlarisiz, shartnomalar asosida qabul qilinadi.
Natijada xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalar kontingentining deyarli
hammasi davlat oliy o‘quv yurtlariga kirish test imtihonlarini topshirib, bilim
darajasi pastligi tufayli, sinovdan o‘tmay qolgan abituriyentlar hisobidan
shakllanadi. Ushbu toifadagi yoshlarning bilim darajasini davlat ta’lim standartlari
va malaka talablari darajasiga ko‘tarish oson ish emas. Xususiy oliy ta’lim
muassasalari zimmasiga tushgan ushbu jiddiy muammoni uzil-kesil hal qilish uchun
juda ko‘p va astoydil mehnat qilish, o‘qitishning noan’anaviy usullaridan keng
foydalanish, talabalarning bilimga qiziqishini kuchaytirishning samarali choralarini
izlab topish lozim bo‘ladi. Chunki, oliy o‘quv yurti mulkining shaklidan qat’iy nazar,
bitiruvchilarga diplom taqdim etishga qo‘yiladigan shart va andozalar bir
xil.
Bizning nazarimizda, ta’lim jarayonining boshlanish davrida, ya’ni o‘qishga
start berilgan pallada, xususiy universitet talabalarining bilim saviyasi davlat oliy
o‘quv yurtlari talabalarining bilim saviyasiga nisbatan sezilarli darajada pastligi
ular o‘rtasidagi raqobat muhitining samaradorligiga katta salbiy ta’sir ko‘rsatadi.
Ijtimoiy adolat tamoyili nuqtayi nazaridan ular o‘rtasidagi dastlabki start sharoitlarini
tenglashtirish, ularga yuqori malakali oliy ma’lumotli mutaxassis tayyorlashga bir xil
imkoniyatlar yaratish zarur. Aks holda, oliy ta’lim sohasida xususiy sektorga keng
yo‘l ochib berishdan mo‘ljalga olingan bosh maqsad , ya’ni ushbu sohada keskin
raqobat muhitini yaratish g‘oyasi amalga oshmay qoladi. Agar yuzaga kelgan
vaziyatga tegishli tezkor o‘zgartirishlar kiritilmasa, xususiy oliy ta’lim muassasalari
davlat oliy ta’lim muassasalariga munosib raqobatchi bo‘lib maydonga chiqish
imkoniyatidan mahrum bo‘ladi.
Bizningcha, vaziyatni o‘zgartirishning amaliy natija berishi muqarrar bo‘lgan
istiqbolli yo‘nalishlaridan biri – yoshlarning o‘qishga munosabatini o‘zgartirish,
ta’lim sifatini oshirish, ota-onalar imkoniyatlaridan unumli foydalanish. Ushbu
maqsadda talabalarning ota-onalari bilan uzviy aloqalar o‘rnatish, ularning o‘z
farzandlari kelajagiga, taqdiriga befarq emasliklarini hisobga olgan holda, otaonalarni farzandlarining fanlarni o‘zlashtirishdagi ahvolidan o‘z vaqtida xabardor
qilish maqsadga muvofiqdir.
O‘rta maktab yoki kollejda o‘qishga bo‘yin egmagan yoshlar uchun osongina
universitetga kirish – bu katta baxt, omad. Ota-onalar og‘ir mehnat bilan topgan
pullarini o‘zlarining aziz farzandlari uchun ayamay sarflaydi. Lekin sevimli, jondan
aziz farzandlarning hammasi ham ota-ona mehnatining qadriga yetmaydi, ilm olishga
nisbatan o‘rta maktabda o‘qish jarayonida yo‘l qo‘ygan mas’uliyatsizlikni davom
ettiradi. Shuning uchun ota-onalar “erkatoy” farzandlarining kelajakda yuqori
malakali mutaxassis bo‘lib shakllanishi uchun universitet professor-o‘qituvchilari
bilan hamkorlikda, ular bilan yonma-yon turib, mehnat qilishlari, jon kuydirishlari,
bu muhim ishda ularga yaqindan yordam berishlari kerak. Ularga ushbu muhim
vazifani bajarishni esa universitet mutasaddilari o‘z zimmalariga olmoqlari lozim va
shu yo‘l bilan ta’lim sifatini oshirish muammosini hal etish mumkin bo‘ladi.
XULOSA
Bizning nazarimizda, o‘qishga qabul qilingan yoshlarning bilim darajasida
davlat va nodavlat oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida mavjud keskin farqni bartaraf etish
va ularda raqobat sharoitlarini tenglashtirish muammosi imkon qadar tezroq, ya’ni
o‘quv jarayonining dastlabki bosqichlaridayoq, hal etilishi maqsadga muvofiq.
Xususiy oliy o‘quv yurtlari ushbu dolzarb muammoni hal etishning to‘g‘ri va yaxshi
amaliy samara berishi mumkin bo‘lgan yechimlarini izlab topishlari lozim. Bu borada
ularga o‘zimizning ayrim taklifimizni bermoqchimiz.
Bizning taklifimizning mohiyati shundan iboratki, nodavlat oliy o‘quv yurtiga
kirishni tanlagan yoshlarni 2 toifaga ajratish kerak. Birinchisi – davlat test
imtihonlarini topshirib, tanlagan mutaxassisligi bo‘yicha institutga o‘qishga kirishga
yetarli miqdorda ball to‘plagan yoshlar. Bunday talabalarga, davlat oliy o‘quv yurtlari
singari, universitetni o‘qib tugatish uchun imkoniyat yaratib berish maqsadga
muvofiq. Ikkinchi toifa – xususiy oliy ta’lim muassasasiga hech qanday kirish
imtihonlarisiz kirib o‘qishni xohlaganlar. Bunday xohishga davlat test imtihonlaridan
to‘plagan ballarning o‘rnatilgan me’yorlardan past bo‘lganligi yoki kirish
imtihonlarida ishtirok etishni xohlamaslik yoki tabiatan yoqtirmaslik sabab bo‘lishi
mumkin. Ikkinchi toifadagi talabalar uchun xususiy oliy ta’lim muassasasi faqat
birinchi kurs davomida o‘qitishni kafolatlaydi. Ushbu toifadagi talabalar keyingi
kurslarda o‘qishni davom ettirish uchun belgilangan 3-4 ta muhim fanlar bo‘yicha
sinov imtihonlari topshirishlari va kelajakda oliy ma’lumotli mutaxassis bo‘lib
shakllanishga layoqatli, malakali mutaxassis bo‘lishga munosib nomzod
ekanliklarini amalda isbotlab berishlari kerak bo‘ladi. Yaratilgan imkoniyatdan
unumli foydalana olmagan talabalar esa universitet bilan xayrlashishlariga va boshqa
sohalarda ish axtarib topishlariga to‘g‘ri keladi. Natijada xususiy oliy o‘quv
yurtlarida ikkinchi kursda o‘qishga start berilgan paytda talabalarning bilim saviyasi
va yaxshi o‘qib, yuqori malakali mutaxassis bo‘lish uchun salohiyati, davlat oliy
o‘quv yurtlari talabalari darajasiga tenglashadi. Eng muhimi, o‘qishning dastlabki
bosqichidayoq talabalarning bilim darajasi bo‘yicha davlat va nodavlat oliy o‘quv
yurtlari o‘rtasidagi tengsizlikka chek qo‘yiladi.
Bo‘lajak talabalarni toifalar bo‘yicha tabaqalash motivatsiya imkoniyatlaridan
ham unumli foydalanish maqsadga muvofiq. Masalan, birinchi toifa abituriyentlariga
to‘lov miqdorini davlat universitetlariga nisbatan 10 foizga kam, ikkinchi toifa uchun
esa, aksincha, undan 10 foizga yuqoriroq o‘rnatish ham katta ijobiy samara berishi
muqarrar.
Amaliy tajriba va kuzatuvlar shundan dalolat beradiki, bugungi kunda, xususiy
ta’lim muassasalarining aksariyati ushbu dolzarb muammoni yechishda asosiy
e’tiborni o‘qituvchi va talabalar bilim sifatiga talabni va nazoratni kuchaytirishga
qaratadilar. Lekin, faqat ma’ruza va amaliy mashg‘ulotlar sifatini oshirish, talabalar
bilim sifatiga talabni kuchaytirishning o‘zi bilan bu o‘ta og‘ir muammoni hal
qilishning iloji yo‘q. Bizningcha, xususiy oliy ta’lim muassasalarida ta’lim sifatini
oshirishning ayrim yashirin imkoniyatlari mavjud va ulardan unumli foydalanish
mumkin va lozim, deb o‘ylaymiz. Bular quyidagilar.
Birinchidan, universitetda o‘tiladigan asosiy fanlardan ilmiy to‘garaklar tashkil
etib, talabalarga chuqur bilim egallash uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish.
O‘quv rejalarida ko‘zda tutilgan soatlar fanni chuqur o‘zlashtirish uchun yetarli emas.
Ayniqsa, qobiliyati pastroq, bazaviy bilimlari yetarli bo‘lmagan talabalar uchun bu
tadbirning ahamiyati juda katta. Ilmiy to‘garaklar, birinchidan, bilim sifatini
oshirishda muhim rol o‘ynaydi, ikkinchidan esa, talabalarning bo‘sh vaqtlarini
foydali ishga yo‘naltirish uchun real imkoniyat yaratadi. Tajribali o‘qituvchining
bevosita ishtirokida tashkil etilgan to‘garak talabaning imkoniyatiga imkoniyat
qo‘shadi, unga fanni chuqur o‘rganishiga katta yordam beradi.
Ikkinchidan, ko‘pchilik yoshlarda, ularning ota-onalarida xususiy ta’limga
nisbatan hadiksirash, shubha bilan qarash, ishonchsizlik tuyg‘ularining mavjudligi.
Afsuski, juda ko‘p ota-onalarimizda, hattoki o‘qishga kirmoqchi bo‘lgan
yoshlarimizda ham oliy ta’lim muassasasining mulk shakli bitiruvchi diplomni
olgach, ishga joylashishda ba’zi qiyinchiliklar tug‘dirishi ham mumkin, degan
noto‘g‘ri dunyoqarash mavjud. Aslida esa, bozor iqtisodiyoti sharoitida, ishga
tanlov da’vogar mutaxassisning qaysi mulk shaklidagi oliy ta’lim muassasasini
bitirganligiga qarab emas, balki uning kasbiy malakasi va bilim saviyasi darajasiga
qarab amalga oshiriladi.
Uchinchidan, talabalar orasida katta tarbiyaviy ishlarni amalga oshirish.
Xususiy oliy ta’lim muassasalari talabalarining aksariyati o‘z vaqtida o‘rta maktabda
yoki kollejda o‘qishning qadriga yetmaganliklari uchun ham mazkur universitetga
o‘qishga kirganlarini hisobga olish zarur. Ularda o‘qishga kuchli qiziqish uyg‘otish,
o‘qishning mohiyati va ahamiyati to‘g‘risida, uning jamiyat uchun, shaxsan
talabaning o‘zi uchun nechog‘lik muhimligini qayta-qayta singdirish, ular bilan
yetakchi olimlarning qiziqarli uchrashuvlarini o‘tkazish ta’lim sifatini oshirishda
muhim rol o‘ynaydi.
Umuman olganda, yangi ta’lim tizimi Yangi O‘zbekiston uchun muammolardan
holi emas. Ammo uning keng imkoniyatlari yangi marralarni zabt etishga yordam
beradi. Yangi ta’lim tizimini rivojlanishiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni aniqlab,
o‘z vaqtiga yechim topish bugungi kunning muhim vazifalaridan hisoblanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Вольчик, В. В., & Ширяев, И. М. (2020). Дистанционное высшее
образование в условиях самоизоляции и проблема институциональных
ловушек. Актуальные проблемы экономики и права, × 14 ×(2), 235–248.
2. Исхакова, С. А. (2021). Хизмат кўрсатиш соҳаси ва аҳоли даромадлари:
Монография. СамДЧТИ. 204 б.
3. Канунникова, А. М. (2024). Экспорт образовательных услуг России в
условиях современных вызовов развития глобальной экономики. (Диссертация
на соискание ученой степени кандидата экономических наук). Москва. 182 с.
4. Кожевникова, М. Н. (2023). Мир людей. Учить жить вместе, в радости, в
добре. Направление социально-эмоционально-этического образования в
гуманистической парадигме российского образования: Монография. СПб.:
Издательство РХГА. 307 с.
5. Муминов, Н. Г., & Захирова, Г. М. (2022). Национальный университет
Узбекистана – колыбель университетского образования и Академической науки
в регионе: Монография. Сер. «Евразийские университеты XXI века». Москва.
С. 290-304.
6. Мухаммедов, М. М. (2022). Ўзбекистон иқтисодиётининг тарихи: Амир
Темур давридан то ҳозирги кунга қадар: Монография. Т.: “Фан ва
технологиялар нашриёт матбаа уйи”. 440 бет.
7. Организационные вопросы системы образования. (n.d.). In
Электронный-учебно-методический комплекс. Retrieved December 10, 2024,
from http://www.kgau.ru/distance/mf_01/timofeeva-orgosn-obr/2_2.html
8. Очилов, А. О. (2019). Юқори малакали кадрлар тайёрлашни бошқариш
самарадорлигини ошириш: Иқтисодиёт фанлари доктори (DSc) диссертация
автореферати. Тошкент: ТДИУ. 76 бет.
9. Сахарчук, Е. С. (2022). Анализ зарубежных моделей подготовки кадров
для сферы туризма: Монография. Кнорус.
REFERENCES:
1. Kozhevnikova M. N. Mir lyudey. Uchit' zhit' vmeste, v radosti, v dobre.
Napravlenie sotsial'no-emotsional'no-eticheskogo obrazovaniya v gumanisticheskoy
paradigme rossiyskogo obrazovaniya. Monografiya. — SPb.: Izdatel'stvo RKhGA,
2023. 307 s. (In Russian)
2. Sakharchuk Ye.S. Analiz zarubezhnykh modeley podgotovki kadrov dlya
sfery turizma: monografiya. – Knorus. 2022. (In Russian)
3. Vol'chik V. V., Shiryaev I. M. Distantsionnoe vysshee obrazovanie v
usloviyakh samoizolyatsii i problema institutsional'nykh lovushek // Aktual'nye
problemy ekonomiki i prava. 2020. T. 14, № 2. S. 235–248. (In Russian)
4. Muminov N.G., Zakhirova G.M. Natsional'nyy universitet Uzbekistana
kolybel' universitetskogo obrazovaniya i Akademicheskoy nauki v regione.
Monografiya. Ser. «Yevraziyskie universitety XXI veka» Moskva, 2022. S.290-304.
(In Russian)
5. Mukhammedov M.M. Oʻzbekiston iqtisodiyotining tarixi: Amir Temur
davridan to hozirgi kunga qadar. Monografiya. T.: “Fan va texnologiyalar nashriyot
matbaa uyi”, 2022. 440 bet. (In Uzbek)
6. Ochilov A.O. Yuqori malakali kadrlar tayyorlashni boshqarish
samaradorligini oshirish. Iqtisodiyot fanlari doktori (DSc) dissertatsiya avtoreferati-
Toshkent, TDIU, 2019.-76 bet. (In Uzbek)
7. Iskhakova S.A. Xizmat koʻrsatish sohasi va aholi daromadlari. Monografiya.
SamDChTI 2021.-204 b. (In Uzbek)
8. Kanunnikova A.M. Eksport obrazovatel'nykh uslug Rossii v usloviyakh
sovremennykh vyzovov razvitiya global'noy ekonomiki. Spetsial'nost':5.2.5-
Mirovaya ekonomika. Dissertatsiya na soiskanie uchenoy stepeni kandidata
ekonomicheskikh nauk. Moskva.: 2024. 182 s., S.26. (In Russian)
9. Organizatsionnye voprosy sistemy obrazovaniya // Elektronnyy-uchebno-
metodicheskiy kompleks : [sayt]. – Tekst : elektronnyy. – DOI otsutstvuet. – URL:
http://www.kgau.ru/distance/mf_01/timofeeva-orgosn-obr/2_2.html (data
obrashcheniya: 10.12.2024). (In Russian)