ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Iqtisodiy reklama matnlarining ingliz va o‘zbek tillaridagi xususiyatlari

Muratxodjayeva Feruza Xotamovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

IQTISODIY REKLAMA MATNLARINING INGLIZ VA O‘ZBEK
TILLARIDAGI XUSUSIYATLARI

FEATURES OF ECONOMIC ADVERTISING TEXTS IN ENGLISH
AND UZBEK

ОСОБЕННОСТИ ТЕКСТОВ ЭКОНОМИЧЕСКОЙ РЕКЛАМЫ В
АНГЛИЙСКОМ И УЗБЕКСКОМ ЯЗЫКАХ
Muratxodjayeva Feruza Xotamovna
Tillar-2 kafedrasi dotsenti,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori,(PhD)
Oriental Universiteti, 52A, Noraztepa.
Tel.:+998881986777
E-mail: fmuratkhodjaeva@gmail.com

Annotatsiya. Mazkur maqolada reklama tushunchasining mohiyati, uning
turlari, jamiyatdagi ahamiyati va tutgan o‘rni atroflicha yoritilgan. Shuningdek,
reklama matnlarini maqollar orqali ifodalash masalasi, ushbu usulning afzalliklari
va samaradorligi, ularning yaratilish jarayonida ishtirok etuvchi subyektlar haqida
muhim ma’lumotlar bayon etilgan. Ingliz va o‘zbek tillaridagi iqtisodiy reklama
matnlarining o‘ziga xos lingvistik va pragmatik xususiyatlari qiyosiy tahlil qilingan.
Maqolada iqtisodiyot sohasida keng qo‘llaniladigan ayrim terminlarning o‘zbek
tiliga mansubligi, shuningdek, boshqa tillardan o‘zlashgan holda nutqimizda faol
ishlatilayotgan birliklar izohlangan. Shuningdek, xorijiy davlatlarning iqtisodiy
reklama borasidagi ilg‘or tajribalarini o‘rganish asosida ularning ijobiy jihatlarini
milliy amaliyotga joriy etish masalalari yoritilib, tegishli taklif va tavsiyalar ilgari
surilgan.

Kalit soʻzlar: reklama, kopirayter, demografik, tijorat, maqol, operator,
talab, tendentsiya, texnika, zamonaviy, xaridor.

KIRISH
Bugungi bozor sharoitida hech qanday tijorat korxonasi u yoki bu shaklda
reklamasiz biznesni muvaffaqiyatli amalga oshira olmaydi. Ko‘p asrlar davomida u
insonning doimiy hamrohi bo‘lib, zamon bilan hamnafasdir va u bilan birga
o‘zgaradi. Hozirgi kunda zamonaviy reklamani tushunish uning rivojlanishining
asosiy tarixiy bosqichlarini tahlil qilmasdan turib tatbiq etib bo‘lmaydi. Biznesni
muvaffaqiyatli olib boradigan biron bir tijorat tashkiloti mutaxassislar:
- stilistlar, rassomlar, dizaynerlar, operatorlar, rejissiyorlar
- bir so‘z bilan aytganda, reklama beruvchilarning tajribasi va yordamisiz
amalga oshmaydi.

Reklamaning kuchi va roli hozirgi kunda o‘ta muhim masala hisoblanadi.
Avvalo, reklama odatda ixcham, badiiy ifodalangan, hissiy rangga ega bo‘lgan va
potensial xaridorlarning ongi va e’tiboriga tovarlar va xizmatlar haqidagi eng
muhim faktlar va ma’lumotlarni yetkazadigan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Tashqi muhitda, jamiyatning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida ro‘y berayotgan doimiy
o‘zgarishlar, fan va texnikaning yangi yutuqlarining paydo bo‘lishi reklama
bozoridagi o‘zgarishlarga ta’sir qiladi. (Akobirov S., 1968:27) Shunga asoslanib,
reklama rivojlanishining bir qator muhim tendentsiyalarini ajratib ko‘rsatish kerak:

- reklamani yaratish va tarqatish jarayonida yangi texnologiyalarning paydo
bo‘lishi;

- mahsulotning hayotiylik davrini va iste’molchilar xohish va didlarining
o‘zgaruvchanligini qisqartirish;

- demografik o‘zgarishlar;
- reklama bozoridagi hududiy o‘zgarishlar;
- reklamada zamonaviy targ‘ibot vositalaridan foydalanish;
- reklama ta'sir qilish obyektlarini kengaytirish.

MAVZUGA OID ADABIYOTLARNING TAHLILI
Adabiyotlar tahlili va metodologiya. Dastlab, “reklama” so‘zining kelib
chiqishiga to‘xtalsak, bu so‘z lotincha “advertere” ya’ni “diqqatni qaratmoq”,
“e’tiborni jalb qilmoq” so‘zlaridan kelib chiqqan. 19-asr o‘rtalaridan reklamaning
iqtisodiyotdagi o‘rni keskin oshgan va asosan gazeta va jurnallar orqali yoyilgan.
20-asrdan boshlab televideniye, radio, internet va pochta orqali reklama berish
boshlangan.
Reklama tili ustida ko‘plab olimlar tadqiqot olib borishgan va uni lingvistik
jihatdan tadqiq qilishgan. Masalan, Leech reklama matnining asosiy tamoyillarini
belgilab bergan: E’tiborni jalb qilishi, O‘qishga osonligi, Esda qolishi va Sotuvga
ta’siri (Attention value, Readability, Memorability and Selling power). Zamon
o‘zgarishi bilan reklama matniga qo‘yiladigan talablar ham o‘zgarib borishi bu
sohada olib borilgan so‘nggi ilmiy yangiliklardan doimiy xabardor bo‘lishni talab
qiladi. Shu jumladan, so‘nggi yillarda reklama matniga doir ko‘plab ilmiy ishlar
olib borildi. Ushbu o‘rganishlar reklama matnining turli jihatlarini, jumladan, ta’sir
kuchi, o‘qishga osonligi, samarasi va ishontiruvchi tili kabilarni tadqiq qilgan.
Motes et al. (1992), Myers (1997), Foster (2001), Ding (2003), Kohli et al. (2007),
Christopher (2012), Fatihi (2014) kabi ko‘plab olimlar reklama tili va uning
lingvistik jihatlarini o‘rganish sohasiga sezilarli hissa qo‘shishgan.

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ular reklama matnining turli jihatlarini tahlil qilishgan va bu sohadagi
rivojlanishlarga turtki bo‘lgan. Lekin bu sohadagi taqdidotlar hanuzgacha o‘z
muhimligini yo‘qotgani yo‘q, buning sababi esa, reklama sanoatining o‘rni oshib
borayotganidir. Ushbu maqolada ingliz va o‘zbek tillaridagi reklama matnlarining
lingvistik jihatlarini o‘rganishda qiyosiy tahlil, deduktsiya, lingvistik tasvirlash
(kuzatish, izohlash, taqqoslash, umumlashtirish, tasniflash) usullaridan
foydalanilgan.
Muhokama va natijalar. Fonetik bosqich. Fonetika termini yunoncha
“tovushga oid, tovushli, ovozli” ma’nolarini bildiruvchi “phonetikos” so‘zidan
olingan bo‘lib, tilshunoslikning nutq tovushlarining hosil boʻlish usullarini va
akustik xususiyatlarini; boʻgʻin, nutqning pauza bilan ajraluvchi qismlarini
oʻrganuvchi boʻlimidir. Fonetik bosqich nuqtayi nazaridan reklama matnlaridagi
tovushlar yordamida hosil qilingan o‘ziga xosliklar o‘rganiladi. Tadqiqotning
fonetik qismida reklama matnida qo‘llanilgan lingvistik vositalardan qofiya usuliga
misollar keltirildi. (Salimova N., 2015:7) Qofiya she’riyatda va reklama matnlarida
keng qo‘llaniluvchi fonetik ohangdoshlik vositasi hisoblanib, unga bir xil
tovushlarning takror qo‘llanilishi orqali erishiladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Bozorning tovarlar va xizmatlar bilan to‘yinganligi mahsulotlar hayotiylik
davrining tezlashishiga olib keladi, mos ravishda iste'molchilarning iste'mol didlari
doimiy ravishda o‘zgarib turadi. Bu bozorda tovarlarning yangi yoki modernizatsiya
qilinganlari bilan tez-tez o‘zgarishiga olib keladi. Reklama menejerlari sotuvlar
pasayib borayotgan bozorni tekshirishlari va yangi mahsulotni ilgari surish uchun
reklamadan foydalanishlari kerak. Bu reklamaning harakatchanligi oshganidan
dalolat beradi. Bozorning haddan tashqari to‘yinganligi esa iste’molchilarning
tanlash erkinligiga olib keladi. Demografik o‘zgarishlar bozorga bevosita ta’sir
ko‘rsatadi, iste’molchilarning turli yoshdagi guruhlarini turli xil mahsulotlar bilan
ta’minlaydi. Bunday segmentatsiya maqsadli auditoriyaning har bir toifasi uchun
maxsus reklama ishlab chiqish imkonini beradi. Yirik metropoliyalarning yaratilishi
tovar va xizmatlar bozorlarida hududiy oʻzgarishlarga, shuningdek, mahsulotlar
assortimentining oʻzgarishiga olib keladi. Shu munosabat bilan bozorni ijtimoiy
asosda segmentatsiyalash va shunga mos ravishda maqsadli bozorlar uchun
(masalan, shahar va qishloq aholisi uchun) reklama materiallarini yaratish zarur.
Reklama sifatida turli xil reklama vositalaridan foydalanish mumkin, shu bilan birga
ma'lumot uzatish kanallari qisqaradi va reklama kampaniyasida bir vaqtning o‘zida
juda ko‘p miqdordagi reklama vositalari qo‘llaniladi. Reklama faoliyatning turli
sohalariga: san’at, adabiyot, madaniyat, sport va boshqalarga ta’sir ko‘rsatadi,

jamiyatda estetik va axloqiy xulq-atvor normalarini tarbiyalashga, odamlar
o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlarni rivojlantirishga ta’sir qiladi. Bundan tashqari,
reklama materiallarini yaratish va joylashtirish jarayonida quyidagi qiyinchiliklarga
e'tibor qaratish lozim:

- intruziv reklama;
- reklama materiallarini yaratishda primitivlik;
- idrok etish muammosi;
- reklamaning haddan tashqari yuklanishi;
- yolg‘on reklama;
- qonunchilik bazasining nomukammalligi;
- reklama samaradorligini baholash muammolari.
Haddan tashqari intruzivlik zamonaviy reklamaning eng dolzarb
muammosidir. Ko‘p takrorlanadigan va bir xildagi reklamalar me’daga tegadi va
iste’molchilar bunday reklamalarni e’tiborsiz qoldirishni boshlaydilar.
Samaradorlikni oshirish uchun reklamani tegishli va ma’lum bir maqsadli
auditoriyaga maksimal darajada yo‘naltirish kerak. Har bir inson bir xil
ma’lumotni o‘ziga xos tarzda qabul qiladi, shuning uchun so‘zlar, iboralar,
tasvirlarning muvaffaqiyatsiz kombinatsiyasi reklama mazmuni va ma’nosini
noto‘g‘ri tushunishga olib kelishi mumkin.
Reklamachilar reklamaga juda ko‘p ma’lumot qo‘yishga moyil bo‘lib, hatto
ba'zida bu reklama mavzusiga hech qanday aloqasi yo‘q ma’lumot bo‘lishi ham
mumkin. Haddan tashqari ma’lumot yuklangan reklama uning samaradorligini
pasayishiga olib keladi. Reklamaga salbiy munosabat uni yolg‘onga chiqaradi. Bir
martalik foyda olishga qiziqqan reklama beruvchi o‘z obro‘sini unutib, yolg‘on
reklama yaratadi. Zamonaviy reklama masalalari axloq, vatanparvarlik va jamiyat
manfaatlari masalasi bilan juda chambarchas bog‘liq. Reklamani yaratishda ko‘plab
reklama beruvchilar nafaqat bu haqda, balki odamlarga hurmatning elementar
tuyg‘usini, ularning fikrlarini, hatto o‘z pozitsiyalariga to‘g‘ri kelmasa ham, tan
olishni unutishadi. Iste'molchi o‘z ruhiyatini intruziv va yolg‘on reklamadan himoya
qila olmaydi. Shuning uchun, reklama xabarini ko‘rish yoki o‘qishdan keyin
iste'molchi his-tuyg‘ularida buzilish paydo bo‘ladi. Bu reklamaning ijtimoiy
samaradorligi pasayganidan dalolat beradi.
Reklama nimaligi, u nima uchun kerakligi, vazifalari nimadan iboratligi,
qanday turlari mavjudligi haqida ma’lumotga ega bo‘ldik. Endi oldimizda
reklamani kimlar yaratadi, reklama so‘zlarini kimlar yozadi kabi savollar paydo
bo‘ladi. Albatta bu ishni duch kelgan inson amalga oshira olmaydi. Buni
kopirayterlar amalga oshiradi. Kopirayting (copywriting – ing.) so‘zma-so‘z
tarjimada “matn yozish” ma’nosini anglatadi. Kopirayting deganda, odatda,
reklama materiallari yoki matnlarini biznes uchun tayyorlash tushuniladi. Demak,

kopirayterlar – tijorat matnlarini yaratuvchilardir. Kopirayterlar bilbordlar,
broshyuralar, kataloglar, qo‘shiq so‘zlari, jurnal va gazeta reklamalari, savdo
xatlari va boshqa to‘g‘ridan-to‘g‘ri pochta, televideniye yoki radio reklamalari
uchun skriptlar, shiorlar, veb-sayt va ijtimoiy media postlari va boshqa marketing
kommunikatsiyalarini yaratishda yordam beradi.

Tijorat matnlari formati, maqsadi va e’lon qilinish darajasiga ko‘ra ikki turga
bo‘linadi:

1. Reklama matnlari. Biror bir tovar yoki xizmat turi tashviqotiga oid
matnlar reklama matni deyiladi. Misol uchun, lending matni, xizmat turini
ifodalovchi matnlar, internet-do‘konning tovar kartochkasidagi matn, ijtimoiy
tarmoqlarda tijorat bilan shug‘ullanuvchi postlar matni.

2. Ko‘ngilochar matnlar. Bunga kayfiyat beruvchi (kulguli) to‘plamlar,
suratlar to‘plami, matnlar va o‘yinlar kiradi. Bu turdagi matnlar tez tarqalib, asosan
mahsulotning brend bo‘lishiga xizmat qiladi.

Bu ikkala turdagi matn tovarlar va xizmat turlari haqida foydali axborot berib,
o‘ziga xos imij yaratadi. Ko‘pgina kopirayterlar reklama agentliklarida, kopirayter
agentliklarida ishlaydilar yoki frilanserlik bilan shug‘ullanadilar.

Reklama agentliklari odatda kopirayterlarni media jamoaning bir qismi
sifatida ishga olishadi. Ular badiiy direktorlar yoki ijodiy direktorlar bilan
hamkorlik qiladilar. Kopirayter, asosan, mijozdan olingan ma'lumotlarga asoslanib
reklama uchun matn yoki ssenariy yozadi. Badiiy direktor reklamaning vizual
jihatlari uchun mas'uldir va bosma ishlarida ishlab chiqarishni nazorat qilishi
mumkin. Jamoaning istalgan a'zosi umumiy g‘oyani (odatda, konseptsiya deb
ataladi) o‘ylab topishi mumkin va hamkorlik jarayoni ko‘pincha ish sifatini
yaxshilaydi. Ba’zi agentliklar ma’lum bir sanoat yoki sektorga xizmat ko‘rsatishga
ixtisoslashgan bo‘ladi. Kopirayterlik agentliklari kopirayterni bir qator tahririy va
tegishli xizmatlar bilan birlashtiradi, ular orasida joylashishni aniqlash va xabar
almashish bo‘yicha maslahatlar, ijtimoiy media, qidiruv tizimini optimallashtirish
(SEO), ishlab chiqishni tahrirlash, nusxa ko‘chirish, tahrir qilish, faktlarni
tekshirish, nutq yozishlarni o‘z ichiga oladi. Ba’zi agentliklarda kopirayterlar
doimiy ofisda ishlaydi, boshqalari esa frilanserlardan foydalanadi. Kopirayterlar,
shuningdek, tez-tez reklama qiladigan chakana savdo tarmoqlari, kitob noshirlari
yoki boshqa yirik firmalar uchun masofadan frilanserlik xizmatini ham ko‘rsatadi.
Ular, shuningdek, gazetalar, jurnallar va radio-eshittirishlar uchun reklamalarni
yozishlari mumkin. Kopirayterlar texnik yozuvchilarga o‘xshaydi va martabasi birbiriga mos kelishi mumkin. Umuman olganda, texnik yozuv o‘quvchilarni
ishontirishdan ko‘ra, biror ma’lumot va ko‘rsatmalar berish hisoblanadi. Misol
uchun, kopirayter avtomobil uchun reklama yozsa, texnik yozuvchi esa undan
qanday foydalanishni tushuntirib beruvchi qo‘llanma yozadi.

XULOSA
Yuqorida ta’kidladikki, reklama odatda ixcham, badiiy ifodalangan, hissiy
rangga ega bo‘lgan va potensial xaridorlarning ongi va e’tiboriga tovarlar va
xizmatlar haqidagi eng muhim faktlar va ma’lumotlarni yetkazadigan
ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shundan xulosa qilsak bo‘ladi-ki, reklama matni
tugal fikrga ega bo‘lishi, o‘ziga jalb qiladigan jumlalardan iborat, diqqatni
tortadigan so‘zlardan tuzilgan bo‘lishi kerak. Ushbu faktorlarni o‘zida jam qilgan
ibora sifatida maqollarni olishimiz mumkin. Maqol – xalq ogʻzaki ijodi janri
bo‘lib, qisqa va loʻnda, obrazli va obrazsiz, grammatik va mantiqiy tugallangan
maʼnoli, chuqur mazmunli hikmat yoki ibora. Muayyan aniq shaklga ega.
Maqollarda ajdodlarning hayotiy tajribalari, jamiyatga munosabati, tarixi, ruhiy
holati, etik va estetik tuygʻulari, ijobiy fazilatlari mujassamlashgan bo‘ladi.
Asrlar mobaynida xalq orasida sayqallanib, ixcham va sodda poetik shaklga
kelgan. Maqollar mavzu jihatdan nihoyatda boy va xilma-xildir. Vatan, mehnat,
ilm-hunar, doʻstlik, ahillik, donolik, hushyorlik, til va nutq madaniyati, sevgi va
muhabbat kabi mavzularda, shuningdek, salbiy xislatlar xususida rang-barang
maqollar yaratilgan. Maqol uchun mazmun va shaklning dialektik birligi, koʻp
hollarda qofiyadoshlik, baʼzan koʻp maʼnolilik, majoziy maʼnolarga boylik kabi
xususiyatlar xarakterlidir. Maqollarda antiteza hodisasi koʻp uchraydi, ya’ni bu
uning tarbiyaviy sifati hisoblanadi. Bundan ko‘rinib turibdiki, maqollar bir qator
ijobiylikni o‘zida mujassamlashtiradi. Shunday ekan reklama matnlarini maqollar
orqali ifodalasak, bu o‘z-o‘zidan reklama saviyasini oshiradi va reklama
qilinayotgan tovar yoki xizmat sotuvini yaxshilaydi. Hamda bu usul bugun
yaratilgan usul emas, bu anchadan beri ishlatilayotgan va o‘zini oqlagan usuldir.
Yo‘l bo‘ylarida osilgan afishalarda, katta-katta monitorlarda reklamalarni maqollar
orqali ifodalanganiga ko‘zimiz tushsa, beixtiyor o‘ziga tortishi tayin. Ko‘p bor
eshitib ongimizda shakllangan bu iboralarga nisbatan bizda iliqlik paydo bo‘ladi.
Bu iliqlik natijasida uning ortidagi mahsulot yoki xizmatga nisbatan bizning
qiziqishimiz va ishonchimiz ortadi. Bu esa talabning ortishi demakdir. Va bu
talabning ortishi ortida bevosita to‘gri tanlangan reklama turadi. Shunday qilib,
reklama beruvchilar o‘z mahsulotlari haqida xabardorlikni oshiradilar va boshqa
brendlarni ham qoralash orqali o‘zlarining tovar imidjini yaratishdan qochadilar.
Shuningdek, iste'molchilarda o‘z mahsulotlarini izchil takomillashtirish va
mukammallashtirish haqida yaxshi taassurot qoldiradilar.
Masalan: Amerikaning eng mazali saqichlaridan, shakarsiz Trident. Bu yerda
ikkita hiyla bor: biri reklama Tridentni bilvosita “Amerikaning eng mazali
saqichlari” qatoriga qo‘shadi; ikkinchisi – reklama beruvchi atayin “faqat” so‘zini
o‘tkazib yuboradi (lekin aniq nazarda tutadi). (Toymuhammedov I., 2005:56)
Trident boshqa saqichlar shakarsiz emasligini aytmaydi, lekin “faqat” so‘zi

shunchalik qattiq nazarda tutilgan bo‘lsa, reklama aslida Trident eng mazali saqich
ekanligini anglatadi. Superlativ mahsulotlarning o‘ziga xosligini tavsiflaydi.
Reklamachilar, shuningdek, iste’molchilarning tovarga bo‘lgan istaklarini
qondirish uchun taqqoslashlardan foydalanadilar, masalan: Go‘zallik, donolik,
qadr-qimmatni istasangiz, siz Rimmeldan yaxshiroq sotib ololmaysiz. Bu yerda
solishtirma mahsulotning o‘ziga xos sifatini ko‘rsatish uchun ishlatiladi.
Yuqoridagilardan shuni ko‘rishimiz mumkinki, taqqoslash va ustunlik (berish)
ma'lum bir mahsulot yoki xizmatning afzalligini ta’kidlash uchun yuzaga keladi.
Ular mahsulot yoki xizmatning farqiga e'tiborni tortadilar va shu bilan birga
ishontirishga urinadilar. Mijozlar har doim sezgirlik bilan solishtirish orqali farqni
bilishga moyildirlar. So‘roq so‘zlaridan foydalanish. Reklamani yaratishda reklama
beruvchilar ba'zan yuqori sifat va foydalilikni bilvosita oldindan taxmin qilishga
undovchi ta'sirni hosil qilish uchun so‘roq so‘zlardan foydalanadilar.

So‘roq so‘zlardan foydalanish reklama beruvchining mahsuloti sifati va
funksiyasiga ishonchini ko‘rsatadi, bu esa iste'molchida turli xil to‘g‘ri tanlovlar
haqida jo‘shqin tasavvur qoldiradi va ularni sotib olishga undaydi. Reklamada tilni
samimiy va do‘stona ohangda qilish, reklama beruvchi va o‘quvchi o‘rtasida
yaqinroq munosabat o‘rnatish va unga o‘quvchilar e’tiborini kuchaytirish
maqsadida reklamada kishilik olmoshlari, ayniqsa, “siz” va “biz” olmoshlari
qo‘llanadi. Bir so‘z bilan aytganda, birinchi va ikkinchi shaxs olmoshlari
o‘quvchilarni ruhlantirish va ishontirish uchun do‘stona, samimiy muhit yaratadi.

Va “biz” olmoshidan foydalanish ham o‘quvchida reklama beruvchilarning
itoatkorligi va unga yaxshi xizmat ko‘rsatishi haqida taassurot qoldiradi. Kishilik
olmoshlardan foydalangan holda, reklama beruvchilar o‘quvchilarni ular taklif
qilayotgan barcha mahsulot va xizmatlarda ularning shaxsiy ehtiyojlari va
xohishlari hisobga olinganligiga ishontirishga harakat qiladilar va shuning uchun
o‘quvchini xarid qilishga ko‘ndiradilar. GM reklamasi shunday bo‘ladi: “Vaqt
o‘tishi bilan sifat siz uchun juda ko‘p narsani anglatadi, biz uchun esa bundan ham
ko‘proq narsani anglatadi. So‘nggi bir necha yil ichida biz sizga doimiy sifatni
taqdim etish uchun kompaniyamizni o‘zgartirdik. Bugun biz yangi avtomobilingiz
yoki yuk mashinangizga egalik qilganingizning dastlabki oylaridan boshlab
hayotingizning bir qismi bo‘lgan yillar davomida his qiladigan sifatni
yaratmoqdamiz.” Bu misolda “biz” kishilik olmoshidan foydalanish o‘quvchiga
reklama beruvchini harakatda ekanligini ko‘rish va eshitish hissini beradi, “siz” esa
o‘quvchining ehtiyojlari, istaklari va umidlarini ifodalaydi. Bu esa o‘quvchiga
reklama beruvchilar g‘amxo‘rlik qiladigan va yordam berishga tayyor bo‘lgan ayni
odam o‘zi ekanligini yanada samaraliroq his qildiradi. Natijada, GM kompaniyasi
iste'molchiga o‘z avtomobillari va yuk mashinalarining doimiy sifati borasidagi
jiddiy g‘amxo‘rligidan chuqur taassurot qoldiradi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Akobirov S. (1968) Til va terminologiya. - Toshkent.
2. Аникина А. (1993) Англо-русский словарь экономических терминов.
Tашкент.
3. Bektemirov X., E. Begmatov. (2002) Mustaqillik davri atamalari. –
Toshkent.
4. Barotov Z. (2013) Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi.
Samarqand.
5. Husanov N., Mirahmedova Z. (2005) Iqtisodiy atamalar va ish yuritish.
Toshkent., B. 106.
6. Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi mavzusidagi bitiruv
malakaviy ishi (2013)., Samarqand.
7. Salimova N. (2015) Iqtisodiyotga oid matnlar tarjimasining o‘ziga
xosliklari. Toshkent.
8. Tursunov U. (1933) O‘zbek terminologiyasi masalalari. – Toshkent.
9. Toymuhammedov I. (2005) Bank ishi – Toshkent.
10. Tog‘ayev S. (2016) Bank ishi uslubiy qo‘llanma. – Samarqand.
11. Zoyirov Z. (2004) Iqtisodiyotga oid atamalar va tushunchalar izohli
lug‘ati. Toshkent.
12. Виноградов В. С. (1971) Общие и лексические вопросы. - М.:
Высшая школа.
13. Диниско Н. С. Специальные возможности перевода текста. Серия
«Гуманитарные и социально-экономические науки». Выпуск 5.
14. Карасик В.И. (2000) О типах дискурса. Языковая личность:
институциональный и личный дискурс. Научный сборник. - Волгоград:
Перемена,.
15. Комиссаров В. Н. (2000) Общая теория перевода. − Москва.

REFERENCES:
1. Akobirov S. (1968) Til va terminologiya. - Toshkent. (In Uzbek)
2. Anikina A. (1993) Anglo-russkiy slovar ekonomicheskix terminov.
Tashkent. (In Russian)
3. Bektemirov X., E. Begmatov. (2002) Mustaqillik davri atamalari. –
Toshkent. (In Uzbek)
4. Barotov Z. (2013) Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi.
Samarqand. (In Uzbek)
5. Husanov N., Mirahmedova Z. (2005) Iqtisodiy atamalar va ish yuritish.
Toshkent., B. 106. (In Uzbek)

6. Iqtisodiy matnlarda neologizmlarning tarjima qilinishi mavzusidagi bitiruv
malakaviy ishi (2013)., Samarqand. (In Uzbek)

7. Salimova N. (2015) Iqtisodiyotga oid matnlar tarjimasining o‘ziga xosliklari.
Toshkent. (In Uzbek)

8. Tursunov U. (1933) O‘zbek terminologiyasi masalalari. – Toshkent. (In
Uzbek)

9. Toymuhammedov I. (2005) Bank ishi – Toshkent. (In Uzbek)
10. Tog‘ayev S. (2016) Bank ishi uslubiy qo‘llanma. – Samarqand. (In Uzbek)
11. Zoyirov Z. (2004) Iqtisodiyotga oid atamalar va tushunchalar izohli lug‘ati.
Toshkent. (In Uzbek)
12. Vinogradov V. S. (1971) Obshiye i leksicheskiye voprosi. - M.: Visshaya
shkola. (In Russian)
13. Dinisko N. S. Spetsialnie vozmojnosti perevoda teksta. Seriya
«Gumanitarnie i sotsialno-ekonomicheskiye nauki». Vipusk 5. (In Russian)
14. Karasik V.I. (2000) O tipax diskursa. Yazikovaya lichnost: institutsionalniy
i lichniy diskurs. Nauchniy sbornik. - Volgograd: Peremena,. (In Russian)
15. Komissarov V. N. (2000) Obshaya teoriya perevoda. − Moskva. (In
Russian)