PEDAGOGIK FAOLIYATDA BOLALAR AGRESSIV XULQ-ATVORINI
BOSHQARISHNING PSIXOLOGIK MEXANIZMLARI
PSYCHOLOGICAL MECHANISMS FOR MANAGING AGGRESSIVE
BEHAVIOR IN CHILDREN IN PEDAGOGICAL ACTIVITY
ПСИХОЛОГИЧЕСКИЕ МЕХАНИЗМЫ КОНТРОЛЯ ПОВЕДЕНИЯ
ДЕТИ АГРЕССИВНЫ В ПЕДАГОГИЧЕСКОЙ ДЕЯТЕЛЬНОСТИ
Karshiyeva Dilafro‘z Suyunovna
Oriental universiteti
Uzluksiz ta’lim pedagogikasi kafedrasi professori
Psixologiya fanlari doktori (Dsc).
Tel.: +998 90 946-12-46
Mamanazarov Uchqun Burxon o‘g‘li
Uzluksiz ta’lim pedagogikasi kafedrasi katta o‘qituvchisi
Tel.: +998 97 767-13-93
e-mail: uchqunmamanazarov115@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu ilmiy maqola pedagogik faoliyatda bolalarning agressiv
xulq-atvorini boshqarishning psixologik mexanizmlari va xususiyatlarini atroflicha
tahlil qiladi. Maqolada pedagoglar tomonidan bolalardagi agressiya darajasini aniqlash
jarayoni, bu xulq-atvorni keltirib chiqaruvchi omillar, jumladan, ijtimoiy, psixologik
va oilaviy sabablar chuqur o‘rganiladi. Bolalarda stressning paydo bo‘lishiga olib
keluvchi asosiy omillar, shu jumladan, o‘quv muhitidagi bosim, tengdoshlar bilan
munosabatlar va oiladagi nizolar tahlil qilinadi. Shuningdek, agressiv xulq-atvorning
oldini olish va uni bartaraf etish bo‘yicha psixologik yondashuvlar, masalan,
emotsional regulyatsiya usullari, konfliktlarni boshqarish strategiyalari va pedagogik
muhitda ijobiy xulq-atvorni rag‘batlantirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar keltiriladi.
Maqolada pedagoglar uchun bolalar bilan ishlashda psixologik texnikalar, stressni
boshqarishga yordam beruvchi mashqlar va agressiyani kamaytirishga qaratilgan
individual va guruh mashg‘ulotlari haqida batafsil ma’lumot beriladi. Ushbu tavsiyalar
pedagogik jarayonda bolalarning psixologik farovonligini oshirish va agressiv xulqatvorni samarali boshqarishga xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: agressiya, stress, pedagog, oilaviy muhit, pedagogik jamoa.
Annotation. This scientific article comprehensively analyzes the psychological
mechanisms and characteristics of managing children’s aggressive behavior in
pedagogical activities. The article examines the process of identifying the level of
aggression in children by educators through an in-depth analysis of the factors
contributing to such behavior, including social, psychological, and family-related
causes. The primary factors leading to stress in children, such as academic pressure,
peer relationships, and family conflicts, are thoroughly analyzed. Additionally,
psychological approaches to preventing and addressing aggressive behavior, such as
emotional regulation techniques, conflict management strategies, and methods to
promote positive behavior in the educational environment, are presented with practical
recommendations. The article provides detailed information on psychological
techniques for educators, stress management exercises, and individual and group
activities aimed at reducing aggression. These recommendations are designed to
enhance children’s psychological well-being and effectively manage aggressive
behavior within the pedagogical process.
Keywords: Aggression, Stress, Educator, Family atmosphere, Pedagogical team.
Аннотатция. Данная научная статья всесторонне анализирует
психологические механизмы и особенности управления агрессивным
поведением детей в педагогической деятельности. В статье рассматривается
процесс определения уровня агрессии у детей педагогами посредством
глубокого анализа факторов, способствующих такому поведению, включая
социальные, психологические и семейные причины. Тщательно анализируются
основные факторы, приводящие к стрессу у детей, такие как учебное давление,
отношения со сверстниками и семейные конфликты. Кроме того, представлены
психологические подходы к предотвращению и устранению агрессивного
поведения, включая методы эмоциональной регуляции, стратегии управления
конфликтами и способы поощрения позитивного поведения в образовательной
среде, сопровождаемые практическими рекомендациями. В статье подробно
описаны психологические техники для педагогов, упражнения по управлению
стрессом, а также индивидуальные и групповые занятия, направленные на
снижение агрессии. Эти рекомендации способствуют повышению
психологического благополучия детей и эффективному управлению
агрессивным поведением в педагогическом процессе.
Ключевые слова: Aгрессия, стресс, педагог, семейная атмосфера,
педагогический коллектив.
KIRISH
Inson qaysi sohada faoliyat yuritishidan qat’iy nazar u kasbiy faoliyat bilan
bog‘liq stressogen omillarga to‘qnash keladi. Pedagog kasbi esa “inson-inson”
tizimidagi faoliyat sohasi bo‘lganligi bois kasbiy stresslarga boydir. Stress turli xildagi
psixik buzilishlarning kelib chiqishiga sabab bo‘layotganligini, natijada xodimlarning
ish qobiliyati susayib, ish samaradorligi pasayib ketayotganligini ko‘rsatmoqda.
Xalqaro stressni boshqarish assotsiatsiyasi mutaxassislari tomonidan ish jarayonida
yuzaga keladigan negativ psixik zo‘riqishlar, bolalardagi agressiya, ishchi-xodimlarda
kasbiy charchoq, surunkali toliqish, emotsional-irodaviy jarayonlardagi buzilishlar
aynan kasbiy stresslarni keltirib chiqaruvchi omil ekanligi asoslanilgan.
Hozirgi kunda ta’lim-tarbiya borasida olib borilayotgan islohotlardan ko‘zlangan
asosiy maqsad har tomonlama barkamol shaxsni tarbiyalashdir. Maktabgacha davr –
bolaning o‘sish, rivojlanish, o‘zini namoyon etishga intilish, o‘rganish, bilishga
ishtiyoqi kuchli bo‘lgan davrdir. Aynan shu davrda bola barkamol shaxs sifatida
rivojlanishi uchun poydevor qo‘yiladi (Davletshin M., Do‘stmuhamedova Sh.,
Mavlonov M., To‘ychieva S., 2024).
Maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishi va tarbiyasi – bir butun va uzluksiz
jarayon bo‘lib, u doimo pedagog va ota-onalarning diqqat-e’tiborida bo‘lishi zarur.
Bola qanchalik muvaffaqiyatli rivojlanayotganligi, ijtimoiy taraqqiyot yo‘lini egallash
jarayonida qanday to‘siqlar uchrashi mumkinligini oldindan tushunish malakaviy
yondashishni talab etadi (Davletshin M., Do‘stmuhamedova Sh., Mavlonov M.,
To‘ychieva S., 2024).
Shaxs rivojlanish jarayonida turli o‘zgarishlarni boshidan o‘tkazadi. Turli
xarakterga ega bo‘lgan obyektiv va subyektiv omillar ta’sirida, xususan maktabgacha
yoshdagi bolalar xulq-atvorida o‘zgarishlar, jumladan agressiv holatlar kuzatiladi.
Yuqoridagi fikrlarni inobatga olib, pedagoglar tomonidan bolalardagi agressiya
va uning psixologik jihatlarini tadqiq qilish dolzarb masalalardan biri hisoblanadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ilmiy adabiyotlarda “agressiya”ga (lotin. aggressio – hujum) “yo‘naltirilgan
salbiy xulq-atvor, ijtimoiy muhitdagi qoidalar, normalarga amal qilmaslik, insonlarga
jismoniy va ruhiy zarar keltirish” deya ta’rif beriladi (Vahobova F., Zaynutdinova D.,
2009).
“Bolalar agressiyasi – bolalarga xos tajovuzkorona xatti-harakat. U bolalar alam
yoki g‘azab tuyg‘ularini boshlaridan kechirib, ularni izhor etishning ijtimoiy maqbul
usullarini topa olmagan yoki kattalarga taqlidan yo‘l tutgan paytlarda namoyon bo‘ladi.
Bola o‘z qo‘rquvini yashirishga intilgan holatlarda psixologik jihatdan o‘zini
himoyalash reaksiyasi bo‘lishi ham mumkin” (Vahobova F., Zaynutdinova D., 2009).
Agressivlik holati ko‘pchilik kichik yoshdagi bolalarga xos bo‘lib, ko‘p hollarda
agressiv xatti-harakat o‘tish davrida kuzatiladi. Bola yosh davrlari inqirozi paytida
qiyinchiliklarga ro‘baro‘ bo‘ladi, natijada uning xatti-harakatlarida agressiya
elementlari kuzatila boshlanadi. Odatda, boladagi tushkunlik, siqilish holatlariga
kattalar tomonidan yеtarlicha e’tibor qaratilmaydi. Aslida bunday holat bolada chuqur
taassurot qoldirib, o‘tishi qiyin kechadi.
Agressiv bolalarning xususiyatlari:
- har bir vaziyatda xavf-xatar sezish;
- o‘ziga nisbatan salbiy munosabatni his etish;
- atrofdagilarni salbiy idrok qilish;
- o‘zini nazorat qila olmaslik;
- salbiy xatti-harakatlarning oqibatlarini o‘ylamaslik;
- insonlar va hayvonlarga nisbatan bag‘ritoshlik;
- agressiyadan zavqlanish, u yordamida kuchli bo‘laman, deb o‘ylash.
Agressiv xatti-harakatlar:
- boshqalarga (og‘zaki, imo-ishoralar orqali) tahdid;
- jismoniy zo‘ravonlik;
- zo‘ravonlik qilishda buyumlardan foydalanish, zarar keltirish.
Maktabgacha yoshdagi bolalarda agressiv xatti-harakatlarning paydo bo‘lishi va
rivojlanishiga ta’sir qiluvchi omillar quyidagilardan iborat:
1. Nosog‘lom oila muhiti:
- oilada mehr-muhabbatning yеtishmasligi;
- oilada o‘zini ortiqcha, keraksiz his etish;
- hissiyotlariga nisbatan befarqlikni sezish;
- oiladagi notinchlik, urish, janjallar.
2. Kattalarning munosabatlari:
- bolalar bilan negativ muloqot;
- ko‘p buyruq berish, ayblov va tahdidlar;
- bolani tanqid va haqorat qilish;
- bolaning xohish-istaklariga qarshi chiqish, hisobga olmaslik. Bu holat bolalarda
qasosni rivojlantiradi.
3. Televidenie:
- jangari filmlar;
- multfilmlar.
4. Maktabgacha ta’lim muassasalarida bolaning tengdoshlari bilan munosabati:
- guruhdagi o‘rni;
- tengdoshlarining munosabatlaridan qoniqmasligi.
Yuqoridagi holatlardan shu ma’lum bo‘ladiki, aksariyat hollarda boladagi
agressiyaning sababi oilaviy munosabatlar sanaladi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Bolalardagi agressiv munosabatlar, xatti-harakatlarni bartaraf etishni avvalo
oiladagi munosabatlarni o‘rganish, ota-onalar bilan hamkorlik qilishdan boshlash
lozim. Agressiv bolaning ota-onasi bilan ishlash qiyin jarayon. Buning asosiy sababi
o‘sha ota-onalar ham o‘z vaqtida agressiv farzand bo‘lgan. Ruhiy qiyinchiliklar esa
farzandlarga ham o‘z salbiy ta’sirini o‘tkazadi. Shuning uchun maktabgacha ta’lim
muassasasi psixologi ishni ota-onalar bilan psixoterapevtik ishlarni olib borishdan
boshlashi tavsiya etiladi.
Birinchidan, ota-onalarning bolaga nisbatan fikrini o‘zgartirish kerak. Chunki,
ota-ona agressiv bolasini noshud deb hisoblaydi, bola ularning hissiyotlari va
ro‘kachlariga javoban afsuslanadi, o‘z aybini his qiladi, kechirim so‘raydi va ularni
tinchlantiradi, deb kutadi. Ota-onada bolaga nisbatan rahm uyg‘otish kerak, sababi
agressiv bola har doim baxtsiz bola hisoblanadi.
Ikkinchidan, ota-onalardan o‘zlarining bolaligini eslashni so‘rash, yoshlik
davridagi agressivliklarining sabablarini yodga solish zarur.
3-7 yoshdagi agressiv bolalar bilan olib boriladigan korreksion ishlar.
Agressiv bolalar bilan ishlashda qo‘llaniladigan usullar hozirgi kunda eng
ommalashgan psixoterapevtik ishlarning guruhiy usulidir.
Boladagi agressivlikni bartaraf etish, ya’ni korreksiya qilishni uning sabablari,
kelib chiqishini aniqlashdan boshlash lozim.
Korreksion uslub har bir bolaga alohida yo‘naltirilgan bo‘lishi talab etiladi. Buni
quyidagi korreksion ishlarni ko‘rib chiqishda hisobga olish kerak:
1. Agressiyani bartaraf etishda o‘yindan foydalanish, yangi ijtimoiy yondashishni
tatbiq etish, ma’noni emotsional to‘ldirish.
2. Bolaning agressiv harakatlarini taqiqlash (bolaga agressiyani ko‘rsatishga yo‘l
qo‘ymaslik).
Psixolog korreksion ishlarni faqat bola bilan emas, parallel ravishda ota-onalar va
tarbiyachilar bilan hamkorlikda olib borishi maqsadga muvofiq. Bola har doim uni
yaxshi ko‘rishlarini sezishi va tushunishi lozim. U ota-onasiga kerakligini his qilishi
darkor.
3-7 yoshdagi agressiv bolalar bilan olib boriladigan psixokorreksion ishlarning
vazifalari:
- boshqa shaxs holatini tushunish qobiliyatini rivojlantirish;
- ijtimoiy maqbul tarzda o‘z his-tuyg‘ularini ifoda qilish qobiliyatini rivojlantirish;
- autorelaksatsiyani o‘rgatish;
- muloqot ko‘nikmalarini rivojlantirish;
- shaxsiy yutuqlari asosida o‘zini ijobiy tasavvur qilishni shakllantirish;
- atrofdagilarga nisbatan iliq munosabatni shakllantirish;
- zo‘riqishlarni bartaraf qilishni o‘rgatish.
Bolalarda agressivlikni bartaraf qilish uchun ularga quyidagilarni taklif qilish
mumkin:
- jismoniy harakatli o‘yinlardan foydalanish;
- qog‘oz yirtish;
- urishgisi kelayotgan odam rasmini chizish va yirtib tashlash;
- psixo-gimnastika bilan shug‘ullanish;
- ertakterapiya, izoterapiya (loy, suv bilan ishlash), artterapiya (rasm chizish),
musiqiy terapiya, animaloterapiya (uy hayvonlarini silash, erkalash)dan foydalanish.
TAHLIL VA NATIJALAR
Agressiv xulqni “yomon” xulq bilan bir xil hisoblash mumkin emas. Og‘ir, xavfli
vaziyat paydo bo‘lganida agressivlik himoya vazifasini, ba’zida esa vaziyatni bartaraf
etuvchi vazifasini ham bajaradi. Agressiv xulq, ayniqsa, bolada yoshga xos bo‘lgan
o‘tish davrida kuzatiladi. Bu shundan dalolat beradiki, o‘tish davrida bola har qanday
murakkab vaziyatda qiyinchilikni his qiladi va shu sababli unda agressiv xulqning
unsurlarini kuzatish mumkin. Bu shu davrni boshdan kechirayotgan barcha bolalarga
birdek tegishli. Bola hissiy olamida buzilish bo‘lganida agressiya odatiy hodisaga
aylanadi, hatto xulq-atvorning birdan bir shakli bo‘lib qoladi. Biroq, shunga
qaramasdan, bola xulqida agressivlikning bor bo‘lishi ular bilan o‘zaro munosabatda
qiyinchilik tug‘diradi. Har zamonda kuzatiladigan agressiv tug‘yonlarni tasodifiy
salbiy holat deb baholab bo‘lmaydi.
Shuni esda tutish kerakki, bola hissiy olamining rivojlanishi jarayonida uning
faolligi qonuniy ravishda ortishi mumkin. Odatda, kattalar yordamida o‘tkazilgan ruhiy
tuzatishning bu zaruriy bosqichida bola o‘zini qurshagan reallikka mos keladigan
muloqotni o‘zlashtirishi mumkin.
Bola agressiyasini bartaraf etishni uning sababini aniqlashdan boshlashi lozim.
Agar agressiya hissiy olamning buzilishi sababli bo‘lmasa, tuzatish ishlarini uni
yo‘qotishga emas, balki salbiy oqibatlarga olib keluvchi agressiv xulqni yumshatish va
uning namoyon bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslikka qaratish lozim. Shu bilan birga,
kattalarning o‘zini ham boladagi agressiv harakatni ijobiy idrok qilishga tayyorlash
lozim.
Boshqa holatda, ya’ni agressiya bola hissiy olamidagi buzilishning namoyon
etilishi bo‘lsa, ota-ona harakati bolaning mustahkamlanmagan agressiv harakatiga
yo‘naltirilishi lozim. Ularga quyidagicha ta’sir ko‘rsatish mumkin bo‘ladi:
● Agressiyaga moyillikni e’tiborga olmay qo‘yish, unga atrofdagilarning diqqatini
qaratmaslik.
● Agressiv harakatlarni o‘yin mazmuniga kiritish va unga yangi hissiy mazmun
berish.
Bu orqali bolaning atrof dagilarga zarar yеtkazmagan holda agressiv moyilligini
chiqarib yuborish (masalan, qaroqchi va kazaklar o‘yinida agressiv xulqli bolaga
qaroqchi rolini berish).
Eslatma. Agressiya – shaxsning buzg‘unchilikka intilishi bilan xarakterlanuvchi
xususiyati bo‘lib, asosan shaxslararo munosabatlar sohasida namoyon bo‘ladi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
O‘smirlik davri qarama-qarshiliklarga boy davrdir. Uni ba’zi olimlar “krizislar”,
“tanazzullar” davri ham deb ataydilar. Sababi o‘smir ruhiyatida shunday inqiroziy
holatlar ro‘y beradiki, u bu inqirozni bir tomondan o‘zi hal qilgisi keladi, ikkinchi
tomon-dan, o‘zi hal qilishga imkoniyati, kuchi va aqli yеtmaydi. Psixologik jihatdan
o‘sishida uning ruhiyatida keskin burilishlar yuz beradi. Bu ko‘rinishlarni biz ularning
xarakter xususiyatidagi “og‘ish”liklarda ko‘rishimiz mumkin va bu og‘ishliklar
ularning xatti-harakatlaridagi “portlash” va agressiyaga (tajovuzkorlikka) moyil
bo‘lgan affektiv qo‘zg‘aluvchanlikdir. Bu holat ko‘pincha ijtimoiy adaptatsiyaning
(moslashishning) buzilishini, jumladan qonunbuzarlikning sabablaridan biri bo‘lib
hisoblanadi. Ma’lumki affektiv qo‘zgaluvchanlik ko‘p jihatidan o‘smirlik davriga
to‘g‘ri keladi. Bu holat me’yorda ham kuzatiladi. Uning vujudga kelishi bu yosh
fazasining vegetativ endokren sistemaning qayta qurilishi bo‘lsa psixologik o‘zgarish
portlash va agressiyaga (tajovuzkorlik) moyil bo‘lgan affektiv qo‘zg‘aluvchanlikdir.
Bu holat ko‘pincha ijtimoiy adaptatsiyaning (moslashishning) buzilishini, jumladan,
qonunbuzarlikning sabablaridan biri bo‘lib hisoblanadi. Ammo psixik sog‘lom atrof
muhitning qulay sharoitlarida tarbiyalanayotgan o‘smirlarda affektiv qo‘zgaluvchanlik
adaptatsiyaning buzilishiga olib kelmaydi (Sirliev B., Ismailova N., 2014).
O‘smir shaxsi xarakteridagi og‘ishlarning shakllanishi ularning tiplarini aniqlash,
tibbiy psixologik va tibbiy pedagogik ishlarni aktiv olib borish uchun zarurdir. Xulq-atvori
og‘ir o‘smirlarning shaxsi shakllanishiga ko‘pchilik hollarda oilaviy shart-sharoitlar, otaonaning yoki qarindoshlar-ning ichkilikbozligi, ularning axloqqa zid xulq-atvori salbiy
ta’sir ko‘rsatadi. Tarbiyasi og‘ir o‘smirlar uchun odatda o‘qishga, umum e’tirof etgan
qoidalarga nisbatan zid munosabat bo‘lib, oxir-oqibatda bu uni sinfiga, maktabga, bilim
yurti jamoasiga, qarama-qarshi qilib qo‘yadi. Aksariyat hollarda tarbiyasi qiyin o‘smirlarichki salbiy munosabatlar natijasida maktab jamoasida o‘z o‘rnini topa olmagan
o‘quvchilar bo‘lib chiqadi. O‘smirlik yoshida katta yoshdagilar, ota-onalar va
o‘qituvchilar bilan kelishmovchiliklar ro‘yobga chiqadiki, bu faqat tabiiy o‘sish jarayoni
bilangina emas, balki, o‘smirni katta yoshdagilar va tengdoshlararo munosabatlari
o‘zgarishi bilan izohlanadi (Sirliev B., Ismailova N., 2014).
Tengdoshlar bilan doimiy muloqotga ehtiyojning kuchayishi, o‘zligini
tasdiqlashga intilish,tengdoshlarining o‘zi haqidagi fikr mulohazalariga ta’sirchanlik
o‘smirlik davriga xos xususiyatlardir. Psixolog tadqiqotchilar tarbiyasi qiyin
o‘smirlarning vujudga kelishiga ijtimoiy muhitdan tashqari, pedagogik, psixologik
sabablar ham borligini ko‘rsatadi. Nazariy mulohazalar analizi, o‘smirlarning xattiharakatlari motivini sistemali o‘rganish jarayoni tarbiyada me’yordan chetga og‘ish
sabablari, xilma-xil ekanligini ko‘rsatadi.
Balog‘at davrida o‘qituvchilar, ota-onalar va jamoatchilik o‘smirni nazoratsiz
qoldirishi, bo‘sh vaqtini to‘g‘ri uyushtirmasligi, o‘qishga nisbatan salbiy munosabat,
sinf jamoasi bilan aloqani yomonlashuvi, spirtli ichimlikka o‘rganish, tajovuzkor,
serzardalik tarbiyasi qiyin o‘smirlarni keltirib chiqaruvchi muhim omillardan bo‘lib
hisoblanadi. Tarbiyasi qiyin o‘smirlarni o‘rganishda ijtimoiy muhitdan tashqari
pedagogik-psixologik sabablar mavjudligini hisobga olish, qonunbuzarlikni kelib
chiqish sabablarini diagnostika yordamida aniqlash, tarbiyasi qiyin o‘quvchilar
shaxsini aniqlash ularning psixologik munosabatlarini inobatga olgan holda
tipologiyasini tuzish tipologik xususiyatlarga binoan individual ish olib borish,
qonunbuzarlikni oldini olib va tarbiyasi qiyin bolalarni qayta tarbiyalash metodlarini
amalga tatbiq qilish, bu muammoni yеchilishiga yordam beradi.
Yuqorida ta’kidlangan nomaqbul oilaviy shart-sharoitlar bilan birga tarbiyasi
qiyinlikni keltirib chiqaruvchi maktab, qarindosh-urug‘, mahallalarni bolalar
tarbiyasiga e’tiborsizligini ham kiritishimiz mumkin. Biroq yomon ota-onaning bolasi
albatta yomon bo‘ladi deb hisoblash xatodir. O‘smir nomaqbul tashqi ta’sirlarni o‘z
istaganicha rang-barang tarzda idrok etadi va o‘zlashtiradi. U salbiy ta’sirlarni qabul
qilmasligi, rad etishi, ularga qarshi kurashishi ham mumkin.
Bolalarning tajovuzkorligini kuchayishi nafaqat o‘qituvchilar va psixologlar,
balki butun jamiyat uchun eng muhim muammolardan biridir. Ushbu maqolada
tajovuzkor bolalar bilan olib boriladigan korreksion ishlarining yo‘nalishlari haqida
gap boradi, salbiy holatlarga munosabatni ko‘rsatadigan tuzatish usuli va texnikasi
ko‘rsatilgan. Agressiv bolalar bilan ishlashning ushbu korreksion yo‘nalishining
maqsadlari va vazifalari bolani muammoli vaziyatda o‘zini nazorat qilishning turli
usullarini ko‘rishga o‘rgatish, shuningdek, bolaga konstruktiv xulq-atvor
ko‘nikmalarini shakllantirishga yordam berish, shu bilan muammoli vaziyatda uning
xatti-harakatlariga ta’sir qilish doirasini kengaytirish va minimallashtirish (ideal holda
olib tashlash) dan iborat (Панфилова М., 2008).
Agressiyaga moyillikni bartaraf etishning ilmiy va uslubiy jihatlari o‘smirlarning
tajovuzkor xatti-harakatlarini psixokorreksiya qilish masalalari, ushbu ishning
metodologiyasi, mashg‘ulotlarning tabiati va ularning natijalari keltirilgan. Bunda
kognitiv terapiya, gestalt terapiyasi, xulq-atvor terapiyasi va psixoterapiyaning boshqa
sohalarida qo‘llaniladigan hissiy kasalliklarni tuzatish bo‘yicha uslubiy yondashuvlar
tahlili keltirilgan. Xususan, kognitiv, gestalt va xulq-atvorli yondashuvlar asosida
“Xulq-atvorni modifikatsiya qilish treningi” dasturi ishlab chiqilgan. Trening
davomida quyidagi vazifalar hal qilinadi: o‘z ehtiyojlarini anglash; salbiy histuyg‘ularga javob berish va hissiy holatni tartibga solishni o‘rganish; yetarlicha o‘zini
o‘zi qadrlashni shakllantirish; maqsadli xulq-atvor, ichki o‘zini o‘zi boshqarish va
salbiy ta’sirlarni oldini olish usullariga o‘rgatish; ijobiy axloqiy pozitsiyani
shakllantirish, hayot istiqbollari va kelajakni rejalashtirish shular jumlasidandir [6].
Yuqorida keltirilgan holatlarni hisobga olgan holda pedagoglarda kasbiy stressni
bartaraf etish va stressga barqarorlikni shakllantirish uchun biz eksperimental guruhga
mansub pedagoglarimizda quyidagi xususiyatlarni rivojlantirdik: o‘z-o‘ziga adekvat
baho, o‘z imkoniyatlarini to‘g‘ri baholay olish, analitik tafakkur, psixo-sotsial
salomatligiga nisbatan refleksiv munosabat, shaxslararo munosabatlarda tolerantlik,
ratsional kun tartibiga rioya etish, emotsional intellekt, ijtimoiy intellekt, muloqotga
intilish hissi, vaziyatga adekvat baho berish, ijtimoiy persepsiya, o‘z emotsiyalarini
boshqarish.
Agressiv bolalarning ota-onalariga maslahatlar:
Farzandingiz bilan birga o‘ynang, farzandingiz salbiy hissiyotlarini o‘yin orqali
chiqarib yuborsin.
Bolaga agressiv harakatlarining oqibatlarini bosiqlik bilan tushuntiring, agressiv
harakatlariga nisbatan javobgarlikni sezishga ko‘maklashing.
Farzandingizni kamsitmang, haqorat qilmang.
Uning yutuqlarini, ijobiy xislatlarini ayting.
Bolaga haddan tashqari ko‘p to‘siqlar qo‘ymang, ovozingizni balandlatmang.
Vaziyatni nazorat qilishga harakat qiling, vaziyatni tinchlik bilan tushuntiring.
Jismoniy jazo qo‘llamang.
Farzandingizni yaxshi ko‘rishingizni aytib turing, mehrli nigohlaringiz, shirin
so‘zlaringizni ayamang.
Atrofdagilarga g‘amxo‘rlik qilishiga imkon yaratib bering.
Bolangizga e’tiborliroq bo‘ling, uning emotsional qo‘rquvini his qiling.
Bolangizni eshitishni o‘rganing, qiziqtirgan savollariga javob bering.
Oiladagi agressiv munosabatlarga barham berishga harakat qiling.
Xulosa qilib aytganda, maktabgacha ta’lim muassasasida psixolog, tarbiyachi va
oilada ota-ona bolaga qiyinchiliklarni yеngishga yordam bersa, bolani tinchlantira olsa,
mehribonlik, g‘amxo‘rlik bilan munosabatda bo‘lsa, agressiv xatti-harakatlarini
kamaytirish va yеngib o‘tishiga imkoniyat yaratiladi.
Mashhur oilaviy terapevt Virdjiniya Satir bolani kuniga bir necha marotaba
quchoqlashni tavsiya etadi. Uning fikricha, 4 marotaba bag‘riga bosish har bir insonga
faqatgina yashash uchun kerak ekan, yaxshi kayfiyat uchun esa kuniga 8 marotaba
bag‘riga bosish kerak ekan! Bola intellektual rivojlanishi uchun esa kuniga 12 marotaba uni quchoqlash kerak! Va shuni bilingki, bu nafaqat bolaga, kattalarga ham kerak.
Bola ota-onasi uni doim tushunishlari va nima bo‘lganda ham qabul qilishlarini
his etishi kerak. Bolaga ushbu narsalar o‘sayotgan organizmga ovqat kerak bo‘lganidek
judayam zarur. Ular bolani psixologik rivojlantirib, hissiy oziqlantiradi. Agar bola shu
qo‘llab-quvvatlashni olmasa, hissiy muammolar, xulqida kamchiliklar, agressiv
harakatlar kuzatiladi, hattoki, asab-psixik kasalliklar vujudga keladi.
Shu sababli agressiv bola bilan ishlash jarayoni – ota-onalar va pedagoglardan
sabr, mehr va bola tarbiyasiga ilmiy asoslangan yagona yondashuvni talab qiladi.
To‘g‘ri yo‘sinda olib borilgan tarbiya natijasida bola o‘zini nazorat qilish, atrofidagi
insonlarga mehrli munosabatda bo‘lishni o‘rganadi, ruhiy jihatdan sog‘lom o‘sadi,
mustaqil fikr yuritadi va katta hayotga dadil qadam qo‘yishga tayyorlanadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Davletshin, M. G., Do‘stmuhamedova, Sh., Mavlonov, M., To‘ychieva, S.
(2004). Yosh davrlari va pedagogik psixologiya. – Toshkent.
2. Vahobova, F., Zaynutdinova, D. (2009). Rivojlantiruvchi o‘yinlar. – Toshkent:
Bekinmachoq-Plyus.
3. Nishonova, Z., Alimova, G. (2005). Bolalar psixologiyasi va uni o‘qitish
metodikasi muammolari. – Toshkent: Fan.
4. Rasulova, F. (2020). Psychocorrectional work of a practical psychologist with
aggressive behavior of children and teenager. The Light of Islam, (1), Article 20.
5. Sirliev, B., Ismailova, N. (2014). Stress va agressiya. – Toshkent.
6. Панфилова, М. А. (2008). Игротерапия общения. – Москва: ГНОМ и Д.
7. Ткач, Р. М. (2008). Сказкотерапия детских проблем. – Москва: Сфера.
8. Бодров, В. А. (1995). Психологический стресс: развитие учения и
современное состояние проблемы. – Москва: Изд-во Институт психологии РАН.
9. Леонова, А. Б., Кузнецова, А. С. (2003). Психопрофилактика стрессов. –
Москва: МГУ.
10. Davletshin, M. G., Do‘stmuhamedova, Sh., Mavlonov, M., To‘ychieva, S.
(2004). Yosh davrlari va pedagogik psixologiya. – Toshkent.
REFERENCES:
1. Davletshin, M. G., Do‘stmuhamedova, Sh., Mavlonov, M., To‘ychieva, S.
(2004). Yosh davrlari va pedagogik psixologiya. – Toshkent. (In Uzbek)
2. Vahobova, F., Zaynutdinova, D. (2009). Rivojlantiruvchi o‘yinlar. – Toshkent:
Bekinmachoq-Plyus. (In Uzbek)
3. Nishonova, Z., Alimova, G. (2005). Bolalar psixologiyasi va uni o‘qitish
metodikasi muammolari. – Toshkent: Fan. (In Uzbek)
4. Rasulova, F. (2020). Psychocorrectional work of a practical psychologist with
aggressive behavior of children and teenager. The Light of Islam, (1), Article 20.
5. Sirliev, B., Ismailova, N. (2014). Stress va agressiya. – Toshkent. (In Uzbek)
6. Panfilova, M. A. (2008). Igroterapiya obsheniya. – Moskva: GNOM i D. (In
Russian)
7. Tkach, R. M. (2008). Skazkoterapiya detskix problem. – Moskva: Sfera. (In
Russian)
8. Bodrov, V. A. (1995). Psixologicheskiy stress: razvitie ucheniya i
sovremennoe sostoyanie problemi. – Moskva: Izd-vo Institut psixologii RAN. (In
Russian)
9. Leonova, A. B., Kuznesova, A. S. (2003). Psixoprofilaktika stressov. –
Moskva: MGU. (In Russian)
10. Davletshin, M. G., Do‘stmuhamedova, Sh., Mavlonov, M., To‘ychieva, S.
(2004). Yosh davrlari va pedagogik psixologiya. – Toshkent. (In Uzbek)