TABIIY FANLARNI O‘ZBEKISTONDAGI BOSHLANG‘ICH SINFLARDA
O‘QITISHNING AHAMIYATI
ЗНАЧЕНИЕ ПРЕПОДАВАНИЯ ЕСТЕСТВЕННЫХ НАУК В
НАЧАЛЬНЫХ КЛАССАХ В УЗБЕКИСТАНЕ
THE IMPORTANCE OF TEACHING NATURAL SCIENCES IN PRIMARY
GRADES IN UZBEKISTAN
Egamberdiyeva Yulduz Xamroqul qizi
Oriental Universiteti Uzluksiz ta’lim kafedrasi dotsenti, PhD
Tel.: +998 90 901-44-48
e-mail: syulduz0111@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada O‘zbekiston boshlang‘ich sinflarida tabiiy
fanlarni o‘qitishning ijtimoiy, pedagogik va psixologik ahamiyati chuqur tahlil
qilinadi. Tabiiy fanlarning o‘quvchilarda ilmiy tafakkur, analitik fikrlash,
kuzatuvchanlik, ekologik madaniyat va muammolarni ijodiy hal qilish ko‘nikmalarini
shakllantirishdagi muhim roli asoslab beriladi. Maqolada tabiiy fanlar orqali
bolalarning atrof-muhitga mas’uliyatli munosabatda bo‘lishi, tabiatni muhofaza qilish
ongini rivojlantirish va global ekologik muammolarga e’tiborli bo‘lish kabi
ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari muhokama qilinadi. O‘zbekiston ta’lim
tizimida qo‘llaniladigan mavjud metodik yondashuvlar, o‘qituvchilarning amaliy
tajribasi va xalqaro ta’lim amaliyotlari tahlil qilinib, ularning boshlang‘ich sinflarda
tabiiy fanlarni o‘qitish jarayoniga ta’siri ko‘rib chiqiladi. Shu bilan birga, o‘quv
jarayonini yanada samarali qilish uchun innovatsion metodlar, interaktiv dars usullari
va zamonaviy ta’lim texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha aniq taklif va tavsiyalar
keltiriladi.
Kalit so‘zlar: Boshlang‘ich ta’lim, tabiiy fanlar, pedagogik metodika, ekologik
tarbiya, ilmiy tafakkur, innovatsion yondashuv.
Annotation. This article provides an in-depth analysis of the social, pedagogical,
and psychological significance of teaching natural sciences in primary schools in
Uzbekistan. It substantiates the crucial role of natural sciences in fostering scientific
thinking, analytical reasoning, observation skills, ecological awareness, and creative
problem-solving abilities among students. The article discusses the development of
skills such as responsible attitudes toward the environment, heightened awareness of
nature conservation, and attention to global ecological issues through the study of
natural sciences. Existing methodological approaches applied in Uzbekistan’s
education system, the practical experiences of teachers, and international educational
practices are analyzed to evaluate their impact on the process of teaching natural
sciences in primary schools. Furthermore, specific proposals and recommendations are
provided for enhancing the effectiveness of the learning process through the
introduction of innovative methods, interactive teaching techniques, and modern
educational technologies. The article emphasizes the strategic importance of teaching
natural sciences in promoting students’ intellectual and personal development, as well
as preparing them for future scientific and social endeavors.
Keywords: Primary education, natural sciences, pedagogical methodology,
ecological education, scientific thinking, innovative approaches.
Аннотация. Данная статья посвящена глубокому анализу социальной,
педагогической и психологической значимости преподавания естественных наук
в начальных классах Узбекистана. Обосновывается ключевая роль естественных
наук в формировании у учащихся научного мышления, аналитических
способностей, наблюдательности, экологической культуры и навыков
творческого решения проблем. В статье обсуждаются вопросы развития у детей
ответственного отношения к окружающей среде, формирования сознания по
сохранению природы и внимания к глобальным экологическим проблемам
посредством изучения естественных наук. Анализируются существующие
методические подходы, применяемые в системе образования Узбекистана,
практический опыт учителей и международные образовательные практики, а
также их влияние на процесс преподавания естественных наук в начальных
классах. Кроме того, предлагаются конкретные рекомендации и предложения по
повышению эффективности учебного процесса путем внедрения
инновационных методов, интерактивных форм обучения и современных
образовательных технологий. Статья подчеркивает стратегическую важность
преподавания естественных наук для интеллектуального и личностного развития
учащихся, а также их подготовки к будущей научной и социальной деятельности.
Ключевые слова: Начальное образование, естественные науки,
педагогическая методика, экологическое воспитание, научное мышление,
инновационные подходы.
KIRISH
Ta’lim inson hayotida muhim o‘rin tutuvchi omillardan biri bo‘lib, jamiyatning
har tomonlama rivojlanishida katta ahamiyatga ega. Ayniqsa, boshlang‘ich ta’lim
bosqichi – bu bola hayotining eng muhim davridir. Aynan shu bosqichda o‘quvchilarda
bilimga qiziqish, atrof-muhitni kuzatish, mustaqil fikrlash kabi ko‘nikmalar
shakllanadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, tabiiy fanlar, xususan science fani,
boshlang‘ich sinflarda o‘rgatilishi katta ahamiyat kasb etadi.
O‘zbekiston Respublikasi ta’lim tizimi bosqichma-bosqich isloh qilinib,
zamonaviy talablar asosida takomillashtirilmoqda. 2022-yildan boshlab mamlakat
maktablarida bosqichma-bosqich CLIL (Content and Language Integrated Learning –
mazmun va til integratsiyalashgan o‘qitish) yondashuvi asosida tabiiy fanlar,
matematika, IT kabi fanlarni ingliz tilida o‘qitish tajribasi joriy qilinmoqda. Bu esa
yosh avlodda nafaqat ilmiy tushunchalarni shakllantirish, balki chet tilini mukammal
o‘zlashtirish imkonini ham beradi.
Boshlang‘ich sinflarda science fanini o‘qitish o‘quvchilarning dunyoqarashini
kengaytiradi, ularda ilmiy fikrlash, kuzatish, tahlil qilish, mantiqiy xulosa chiqarish
ko‘nikmalarini shakllantiradi. Bolalar tabiat hodisalarini tushunishga harakat qiladi,
o‘z atrofidagi muhitga nisbatan ongli yondasha boshlaydi. Bu esa keyingi bosqichlarda
fanlarni chuqur o‘zlashtirish uchun poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Boshlang‘ich sinflarda tabiiy fanlarni o‘qitish masalasi zamonaviy pedagogika
nazariyasi va amaliyotida dolzarb mavzulardan biri hisoblanadi. Mazkur yo‘nalishda
olib borilgan ilmiy tadqiqotlar, uslubiy qo‘llanmalar va davlat dasturlari ushbu fanlarni
o‘qitishda turli yondashuvlar va metodlarning samaradorligini ko‘rsatib beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ta’lim sohasiga oid farmon va qarorlari
Mamlakatda ta’lim sifatini oshirishga qaratilgan qator hujjatlar, xususan, 2020-yil 6-
noyabrdagi “Ilm-fanni 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi” tabiiy fanlarning erta
bosqichdan boshlab o‘rgatilishini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilaydi. Bu
konsepsiyada o‘quvchilarda ilmiy tafakkur, ijodiy yondashuv va ekologik ongni
shakllantirish alohida urg‘u bilan qayd etilgan. Mahalliy olimlardan A. Jumayev,
Sh.Yo‘ldoshev, M.Ortiqova kabi mutaxassislarning tadqiqotlarida boshlang‘ich sinf
o‘quvchilarining yosh psixologik xususiyatlari va tabiiy fanlarga qiziqishlarini oshirish
metodikasi keng yoritilgan. Ular darslarda amaliy mashg‘ulotlar, kuzatuvlar,
laboratoriya ishlari, savol-javob va o‘yin metodlarini qo‘llash orqali ta’lim
samaradorligini oshirish mumkinligini ilmiy asoslab berishgan. O‘zbekiston
Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan boshlang‘ich sinflar uchun
tabiiy fanlar bo‘yicha yangi avlod darsliklarida mavzular hayotiy misollar orqali
yoritilgan, rang-barang tasvirlar, izohli tajribalar va mustaqil topshiriqlar orqali
o‘quvchilarning faolligi oshirilgan. Xalqaro miqyosda, ayniqsa, Finlandiya, Yaponiya
va Janubiy Koreya kabi rivojlangan davlatlar tajribasida tabiiy fanlar erta yoshdan
boshlab o‘rgatiladi. Bu mamlakatlarda interaktiv metodlar, tajriba maktablari va
tabiatda o‘rganishga asoslangan “outdoor learning” yondashuvi keng qo‘llaniladi.
Maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda qo‘llanilayotgan elektron resurslar, xususan,
“Maktab.uz”, “Kundalik”, “Edu.uz” kabi platformalarda tabiiy fanlar bo‘yicha
ko‘rgazmali darslar, testlar, simulyatsiyalar taqdim etilgan. Bu vositalar bolalarda
mustaqil o‘rganish va ko‘nikma shakllantirishda foydali hisoblanadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
O‘zbekistonda boshlang‘ich sinflarda tabiiy fanlarni o‘qitishning ahamiyatini
aniqlash, mavjud muammolarni tahlil qilish hamda ta’lim jarayonining samaradorligini
oshirishga xizmat qiluvchi metodik tavsiyalar ishlab chiqish tadqiqotning maqsadi
hisoblanib, uni o‘rganishda umumta’lim maktablarining boshlang‘ich sinflarida tabiiy
fanlarni o‘qitish jarayoni tanlandi. Tadqiqot quyidagi metodlardan foydalanilgan holda
olib borildi: nazariy tahlil: tabiiy fanlarni o‘qitish bo‘yicha mavjud ilmiy adabiyotlar,
davlat hujjatlari, darsliklar va metodik qo‘llanmalarning tahlili qilindi. Taqqoslash
usuli yordamida O‘zbekiston tajribasini xorijiy mamlakatlar (masalan, Finlandiya,
Yaponiya) tajribalari bilan qiyosiy tahlil amalga oshirildi. Tadqiqot zamonaviy
pedagogika nazariyasi, konstruktivistik ta’lim yondashuvi, shaxsga yo‘naltirilgan
ta’lim konsepsiyasi va faoliyatga asoslangan yondashuvlar asosida olib borildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Boshlang‘ich ta’limda tabiiy fanlarni o‘qitish o‘quvchilarning fikrlash va
tushunish qobiliyatini shakllantirishda katta rol o‘ynaydi. Bu fanlar yordamida bolalar
nafaqat atrof-muhitdagi hodisalarni tushunib boradilar, balki hayotiy muammolarni hal
qilishga oid dastlabki bilim va ko‘nikmalarga ham ega bo‘ladilar. Shu sababli,
pedagoglar tabiiy fanlarni o‘rgatishda zamonaviy metod va yondashuvlardan
foydalanishlari zarur.
Bugungi kunda O‘zbekiston maktablarida tabiiy fanlarni o‘qitishda interfaol
usullar, tajriba asosida o‘rgatish, guruhlarda ishlash, loyihaviy faoliyat kabi
yondashuvlar keng qo‘llanilmoqda. Boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun murakkab
nazariy tushunchalarni sodda, jonli va ko‘rgazmali shaklda tushuntirish muhim.
Masalan, “suvning holatlari”, “o‘simliklarning o‘sish jarayoni”, “hayvonlarning
yashash muhiti” kabi mavzularni real hayotiy misollar bilan bog‘lab o‘rgatish
o‘quvchilarda qiziqish uyg‘otadi.
Bundan tashqari, tajriba va amaliy mashg‘ulotlar orqali bolalar ilmiy kuzatuv
qilish, savol berish, tahlil qilish, xulosa chiqarish kabi ko‘nikmalarni
mustahkamlaydilar. Bu esa nafaqat tabiiy fanlarga, balki umuman ilmiy
dunyoqarashga asos bo‘ladi. O‘qituvchi esa bu jarayonda yo‘naltiruvchi,
rag‘batlantiruvchi va muhit yaratib beruvchi sifatida ishtirok etadi.
Kichik yoshdagi bolalarda ilmiy tafakkurni shakllantirish – ularning kelajakda
mustaqil fikrlovchi, tahlil qiluvchi va muammoni hal eta oladigan shaxs bo‘lib kamol
topishida muhim bosqich hisoblanadi. Tabiiy fanlar aynan shu maqsadga xizmat
qiladigan vositadir. Bolalar atrof-muhitni o‘rganish jarayonida o‘zlarining
qiziqishlarini, kuzatuvchanligini va savol berish odatini rivojlantiradilar.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari tabiiy fanlarni o‘rganish orqali “Nega?”,
“Qanday?”, “Qayerdan?” kabi savollarni tez-tez berishadi. Bu esa ularning mantiqiy
fikrlash qobiliyatining shakllanayotganini ko‘rsatadi. Masalan, oddiy tajriba: suv
isitilganda bug‘lanishini ko‘rgan bola “Bu qanday sodir bo‘ldi?” degan savolni beradi
va o‘z bilim doirasida izoh izlaydi. Shu tariqa ilmiy tafakkur asta-sekin shakllanadi.
Tabiiy fanlar o‘quvchilarni faqatgina ma’lumot bilan emas, balki ilmiy yondashuv
bilan tanishtiradi. Ular voqealarni tushunishga intilishadi, ularni sababi va oqibati bilan
bog‘lashga o‘rganadilar. Bu jarayon esa sinfdagi interfaol usullar, tajribalar,
ekskursiyalar, vizual materiallar orqali yanada jonlanadi.
O‘qituvchi bu bosqichda bolaning har bir savolini qadrlashi, unga mustaqil javob
topish imkoniyatini yaratishi lozim. Bu orqali bola o‘z fikrini bayon qilish, uni asoslash
va himoya qilish ko‘nikmalarini egallaydi. Ayniqsa, jamoaviy muhokamalar, guruhli
ishlarda bolalarning fikrlash tezligi va ilmiy muloqoti rivojlanadi.
Bugungi kunda ekologik muammolar butun dunyo hamjamiyatining dolzarb
masalasiga aylangan. Iqlim o‘zgarishlari, suv va havoning ifloslanishi, tabiiy
resurslarning kamayib borishi kabi muammolarni hal qilish uchun, avvalo, yosh
avlodda ekologik madaniyatni shakllantirish lozim. Tabiiy fanlar aynan shu
yo‘nalishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.
Boshlang‘ich sinflarda o‘rgatilayotgan tabiiy fanlar orqali o‘quvchilar tabiatga
nisbatan ongli munosabatda bo‘lishga o‘rganadilar. Ular o‘simlik va hayvonot
dunyosining ahamiyatini tushunadilar, inson faoliyatining atrof-muhitga ta’siri haqida
bilimga ega bo‘ladilar. Masalan, dars jarayonida daraxtlarning havoni tozalashdagi
roli, chiqindilarning qayta ishlanishi, suvni tejash usullari haqida muhokamalar tashkil
etilishi mumkin.
Shuningdek, amaliy tadbirlar – maktab hududida daraxt ekish, chiqindilarni
saralash, tabiatni muhofaza qilish mavzusida plakatlar tayyorlash kabi faoliyatlar
o‘quvchilarda mas’uliyat hissini uyg‘otadi. Ular tabiatga nisbatan mehr, g‘amxo‘rlik,
hamkorlik kabi ijobiy xususiyatlarni o‘zlashtira boshlaydilar.
Ekologik tarbiya bolalarga nafaqat bilim beradi, balki ularni ongli va vijdonli
fuqaroga aylantiradi. Tabiiy fanlar orqali bu tarbiya tizimli, mantiqiy va bolalarning
yosh xususiyatlariga mos tarzda olib boriladi. Bu esa yosh avlodda nafaqat ekologik
madaniyatni, balki umumiy madaniy saviyani ham oshiradi.
Zamonaviy dunyo ilm-fan va texnologiyalarga asoslangan taraqqiyot sari
intilmoqda. Har bir soha, har bir kasb zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni talab
etmoqda. Shu sababli, bolalarda texnologik tafakkur va innovatsion qarashlarni
shakllantirish yoshligidanoq boshlanishi kerak. Tabiiy fanlar bu yo‘nalishda muhim
poydevor hisoblanadi.
Boshlang‘ich sinflarda tabiiy fanlar orqali o‘quvchilar modda va hodisalarni
kuzatadi, ularning o‘zgarishini tahlil qiladi, sabab-oqibat aloqalarini tushunishga
harakat qiladi. Bu esa texnologiyalarning ilmiy asoslarini tushunishga yordam beradi.
Masalan, harorat o‘zgarishi, elektr toki, harakat va kuch kabi tushunchalar keyinchalik
fizika, kimyo, biologiya va informatika kabi fanlarga o‘tishda asosiy tayanch bo‘ladi.
Shuningdek, zamonaviy darslarda raqamli texnologiyalardan foydalanish orqali
o‘quvchilarda ilmiy va texnologik tafakkur uyg‘onadi. Tabiiy fanlar darsida
videomateriallar, interaktiv tajribalar, virtual laboratoriyalar, simulyatsiyalar
yordamida murakkab tushunchalarni soddalashtirib tushuntirish mumkin. Bu bolalarda
nafaqat tushunishni, balki tasavvur qilish, modellashtirish, taxmin qilish kabi muhim
ko‘nikmalarni rivojlantiradi.
Yana bir muhim jihat – tabiiy fanlar orqali bolalarda muammoga yondashuv
madaniyati shakllanadi. Ular oddiy masalani turli yo‘llar bilan hal qilishni o‘rganadilar.
Bu esa har qanday texnologik muammoga ijodiy yondashishni ta’minlaydi. Natijada,
kelajakda muhandislik, dasturlash, texnologiya sohalariga qiziqish paydo bo‘ladi.
Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari o‘ziga xos psixologik va fiziologik xususiyatlarga
ega bo‘lgan yosh guruhidir. Ular harakatchan, qiziquvchan, his-tuyg‘ularga boy va
ko‘proq amaliy faoliyatga moyil bo‘lishadi. Bu yoshda o‘quvchilarning diqqatini uzoq
vaqt davomida bir nuqtaga jamlash qiyin bo‘lishi mumkin. Shu sababli, tabiiy fanlarni
o‘rganishda bolalarning ushbu xususiyatlarini hisobga olish muhim ahamiyat kasb
etadi. Tabiiy fanlar – bu aynan bolalarning ichki qiziqishlariga mos tushadigan
yo‘nalishdir. Chunki ularning har kuni duch keladigan, atrof-muhitda sodir
bo‘layotgan voqealar, o‘simlik va hayvonot olami, ob-havo, moddalar, inson tanasi
kabi mavzular tabiiy fanlar orqali izohlanadi. Bola uchun bu bilimlar nafaqat
darslikdagi ma’lumot, balki hayot bilan bevosita bog‘liq haqiqat bo‘lib tuyuladi.
Yosh bolalar ko‘rish, eshitish, teginish, hidlash va ta’m bilish kabi sezgi organlari
orqali bilimlarni qabul qiladilar. Shu bois tabiiy fanlar darslarida ko‘rgazmalilik,
tajribalar, o‘yinlar, rang-barang tasvirlar, jonli tabiat namunalaridan foydalanish
ularning bilimni mustahkamlashiga katta yordam beradi. Masalan, gullarning o‘sishini
bevosita kuzatish yoki magnitni amalda sinab ko‘rish bolada kuchli taassurot qoldiradi.
Shuningdek, bu yoshda bolalarda taqlid qilish, savol berish, kuzatish, topqirlik
kabi tabiiy qobiliyatlar rivojlangan bo‘ladi. Tabiiy fanlar ana shu qobiliyatlarni to‘g‘ri
yo‘naltirib, izlanishga, mustaqil fikrlashga undaydi. Har bir mavzuni bolalarning
yoshiga mos til va shaklda yetkazish orqali ularda “bilishga intilish” hissi kuchayadi.
Tabiiy fanlarni boshlang‘ich sinflarda muvaffaqiyatli o‘qitish, avvalo,
o‘qituvchining bilim darajasi, metodik tayyorgarligi va bolalar bilan ishlash
madaniyatiga bog‘liq. O‘qituvchi nafaqat bilim beruvchi, balki bolalarning qiziqishini
uyg‘otuvchi, ilmiy fikrlashga yo‘naltiruvchi va dars muhitini qiziqarli qiluvchi
shaxsdir. Samarali dars – bu faqat ma’lumot yetkazish emas, balki bolani o‘ylantirish,
savol berishga undash, tahlil qilishga chorlash demakdir. Shu bois o‘qituvchi dars
jarayonida turli metodlardan foydalanishi kerak. Ular orasida eng samaralilari
quyidagilardir:
Tajriba va kuzatishlar: oddiy tajribalar o‘tkazish, o‘simlik yoki hayvonlarni
kuzatish orqali bilim berish.
Interaktiv usullar: savol-javob, rolli o‘yinlar, “fikrlar buluti”, “klaster” kabi
metodlar orqali o‘quvchilarning faolligini oshirish.
Guruhli ishlar: kichik guruhlar bilan ishlash orqali hamkorlik, muloqot va fikr
almashish ko‘nikmalarini shakllantirish.
Multimedia vositalari: video, animatsiya, interaktiv darslar yordamida
mavzularni jonlantirish.
Loyihaviy ishlar: bolalarni o‘z mustaqil tadqiqotiga undaydigan loyihalarni
amalga oshirish.
O‘qituvchi har bir bolani e’tibordan chetda qoldirmasligi, ularning qiziqishlarini
inobatga olgan holda yondashuvi kerak. Chunki har bir bola o‘z dunyoqarashiga, bilish
sur’atiga ega. Bu jarayonda differensial yondashuv — ya’ni har bir o‘quvchiga uning
imkoniyatidan kelib chiqib topshiriq berish, ayniqsa muhimdir.
Shuningdek, tabiiy fanlarni boshqa fanlar bilan bog‘lab o‘qitish (masalan, rasm
chizish orqali moddalarning holatini ifodalash, adabiyotda tabiat tasvirlarini tahlil
qilish) bolalarning ko‘p tomonlama bilim olishiga imkon yaratadi.
Tabiiy fanlar, odatda, ilmiy tushunchalar va tabiat hodisalarini o‘rgatuvchi fanlar
sifatida qaraladi. Biroq, bu fanlarning o‘quvchilar axloqiy, estetik va ijtimoiy
qadriyatlarini shakllantirishdagi roli ham beqiyosdir. Tabiatni anglash va qadrlash
orqali bola o‘zida insoniylik, g‘amxo‘rlik, sabr-toqat, mas’uliyat kabi fazilatlarni
shakllantira boshlaydi.
Tabiiy fanlar o‘quvchiga tabiatdagi tartib, uyg‘unlik, hayotiy muvozanat haqida
tasavvur beradi. U daraxt bargining fotosintez orqali kislorod ishlab chiqarishini
o‘rganganida, daraxtga faqat “yashil o‘simlik” deb emas, balki hayot uchun zarur
bo‘lgan mavjudot sifatida qaraydi. Bu esa o‘z-o‘zidan mehr, e’tibor va tabiatga
ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lish madaniyatini shakllantiradi.
Darslarda ekologik muammolarni muhokama qilish, atrof-muhitni asrash
bo‘yicha bolalar bilan suhbatlar o‘tkazish ularning fuqarolik mas’uliyatini oshiradi.
Bolalar “chiqindini yerga tashlamaslik”, “daraxtga zarar yetkazmaslik”, “suvni isrof
qilmaslik” kabi oddiy, ammo muhim odatlarni ichki ehtiyoj sifatida qabul qila
boshlaydilar.
Shuningdek, tabiiy fanlar orqali jamiyatdagi ijtimoiy rollar haqida ham tushuncha
berish mumkin. Masalan, qishloq xo‘jaligi, tabiatni muhofaza qilish, sog‘lom turmush
tarzini shakllantirishda kimlarning roli katta ekani haqida bolalar fikr yuritadi. Bu esa
ularning kasb tanlashda, o‘z o‘rnini topishda va jamiyatga foydali inson bo‘lishda
dastlabki qadamlar hisoblanadi.
Tabiatda mavjud bo‘lgan go‘zallikni anglagan bola estetik didga ega bo‘lib
ulg‘ayadi. Tabiatni sevish esa, odatda, odamlar o‘rtasidagi munosabatlarda ham iliqlik
va do‘stona kayfiyatni shakllantiradi. Demak, tabiiy fanlar faqat ilmiy
tushunchalargina emas, balki insoniy fazilatlar targ‘ibotchisidir.
O‘zbekiston Respublikasida ta’lim tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha
amalga oshirilayotgan islohotlar doirasida tabiiy fanlarni boshlang‘ich sinflarda
o‘qitish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki bugungi globallashuv va
texnologik taraqqiyot sharoitida yosh avlodning ilmiy savodxonligini oshirish strategik
vazifaga aylangan.
Maktablarda tabiiy fanlar bo‘yicha yangi, zamonaviy va o‘zbekcha mentalitetga
mos darsliklar va metodik qo‘llanmalar ishlab chiqilmoqda. Interfaol dars uslublari,
STEAM (Science, Technology, Engineering, Art, Mathematics) tamoyillari asosida
o‘quv dasturlariga integratsiya qilinmoqda. Bu esa boshlang‘ich sinf o‘quvchilarini
erta yoshdanoq ilm-fanga qiziqtirishga xizmat qilmoqda.
2023–2025 yillarga mo‘ljallangan Milliy ta’lim dasturida tabiiy fanlar bo‘yicha
o‘quvchilarning kuzatuvchanligi, tahliliy fikrlashi va muammoni hal qilish
ko‘nikmalarini shakllantirish asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Shu
maqsadda darslarda tajriba laboratoriyalari, maktab bog‘lari, mini ekologik markazlar
tashkil etilmoqda.
Shuningdek, o‘qituvchilarning malakasini oshirish bo‘yicha maxsus treninglar va
seminarlarda tabiiy fanlarni o‘qitishning zamonaviy metodlariga urg‘u berilmoqda. Bu
pedagoglarga dars jarayonida o‘quvchining individual imkoniyatlariga qarab
yondashish, o‘z fikrini bayon qilishga yo‘naltirish imkonini beradi.
Ayniqsa, qishloq maktablarida tabiiy fanlarni hayotga yaqinlashtirish, ya’ni real
tajriba maydonchalari, bog‘dorchilik, chorvachilik, ekologik kuzatuvlar orqali
darslarni boyitish amaliyoti kengaymoqda. Bu o‘quvchilarda o‘z yurti, yer boyliklari
va tabiatiga mehr uyg‘otadi, ularni milliy qadriyatlar asosida tarbiyalaydi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Yuqorida bayon etilgan fikr va dalillar shuni ko‘rsatadiki, tabiiy fanlarni
boshlang‘ich sinflarda o‘qitish nafaqat ilmiy savodxonlikni shakllantirish, balki
shaxsiy rivojlanish, ekologik madaniyat, texnologik tafakkur va axloqiy qadriyatlarni
tarbiyalashda ham nihoyatda muhimdir. Tabiiy fanlar orqali bola tabiatga mehr bilan
qarashni, tafakkur qilishni, izlanishni, o‘z fikrini bildirishni o‘rganadi.
O‘zbekiston ta’lim tizimida tabiiy fanlarni erta bosqichdan boshlab o‘qitish
yo‘nalishidagi islohotlar kelajak avlodni raqobatbardosh, ongli va ijtimoiy mas’uliyatli
shaxs sifatida tarbiyalashga xizmat qiladi. Shu boisdan quyidagi tavsiyalarni ilgari
surish mumkin:
1. Tabiiy fanlar o‘qituvchilarining malakasini muntazam oshirib borish —
zamonaviy pedagogik yondashuvlar, STEAM metodlari va ekologik tarbiya
yo‘nalishida doimiy treninglar tashkil etilishi lozim.
2. Boshlang‘ich sinf darsliklarini hayotiy misollar bilan boyitish —
o‘quvchilarning kundalik hayotida uchraydigan hodisalar orqali mavzularni
tushuntirish samaradorlikni oshiradi.
3. Amaliy darslarga ko‘proq e’tibor qaratish — tajribalar, ekskursiyalar, maktab
ichki bog‘lari, ekologik loyihalar orqali darslarni interaktiv shakllantirish zarur.
4. Oilaviy va ijtimoiy hamkorlikni kuchaytirish — ota-onalar ishtirokida
ekologik tadbirlar, “tabiatni sevamiz” aksiyalari orqali bolalarning motivatsiyasini
oshirish mumkin.
5. Hududiy xususiyatlarni hisobga olgan metodik yondashuv — qishloq va
shahar maktablarida mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, mos metodlarni tanlash
foydalidir.
Xulosa qilib aytganda, tabiiy fanlar – bu bolaga nafaqat bilim, balki hayot uchun
muhim bo‘lgan qadriyatlarni beradigan asosiy fanlardan biridir. Boshlang‘ich sinflarda
bu fanni chuqur va zamonaviy metodlar asosida o‘qitish – jamiyatimizning barqaror
va ilmli kelajagini yaratish garovidir.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (2020). Ilm-fanni 2030-
yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi. https://lex.uz
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi. (2022). Boshlang‘ich sinflar
uchun “Atrofimizdagi olam” fani darsligi (1–4-sinflar). – Toshkent: “O‘qituvchi”
nashriyoti.
3. Jumayev, A. (2019). Boshlang‘ich ta’limda tabiiy fanlarni o‘qitish
metodikasi. – Toshkent: TDPU nashriyoti.
4. Ortiqova, M. (2020). Tabiiy fanlarda interfaol metodlar qo‘llanilishi // Ta’lim
va taraqqiyot, 4(18), 45–50.
5. Yo‘ldoshev, Sh. (2021). Tabiiy fanlar orqali o‘quvchilarda ekologik
madaniyatni shakllantirish // Boshlang‘ich ta’lim jurnali, 1(2), 23–28.
6. Karimova, G. (2022). Innovatsion metodlar asosida boshlang‘ich sinflarda
tabiiy fanlarni o‘qitish. – Toshkent: Innovatsion ta’lim markazi.
7. Xo‘jayev, R. (2023). Boshlang‘ich sinflarda tabiiy fanlarni o‘qitishda raqamli
texnologiyalardan foydalanish // O‘zbekiston ta’lim jurnali, 2(1), 15–20.
8. UNESCO. (2020). Education for Sustainable Development: A roadmap.
https://unesdoc.unesco.org
9. OECD. (2019). Trends Shaping Education. https://www.oecd.org/education
10. Maktab.uz (2024). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun elektron resurslar.
https://maktab.uz
REFERENCES:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni (2020). Ilm-fanni 2030-
yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi. https://lex.uz (In Uzbek)
2. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi. (2022). Boshlang‘ich sinflar
uchun “Atrofimizdagi olam” fani darsligi (1–4-sinflar). – Toshkent: “O‘qituvchi”
nashriyoti. (In Uzbek)
3. Jumayev, A. (2019). Boshlang‘ich ta’limda tabiiy fanlarni o‘qitish
metodikasi. – Toshkent: TDPU nashriyoti. (In Uzbek)
4. Ortiqova, M. (2020). Tabiiy fanlarda interfaol metodlar qo‘llanilishi // Ta’lim
va taraqqiyot, 4(18), 45–50. (In Uzbek)
5. Yo‘ldoshev, Sh. (2021). Tabiiy fanlar orqali o‘quvchilarda ekologik
madaniyatni shakllantirish // Boshlang‘ich ta’lim jurnali, 1(2), 23–28. (In Uzbek)
6. Karimova, G. (2022). Innovatsion metodlar asosida boshlang‘ich sinflarda
tabiiy fanlarni o‘qitish. – Toshkent: Innovatsion ta’lim markazi. (In Uzbek)
7. Xo‘jayev, R. (2023). Boshlang‘ich sinflarda tabiiy fanlarni o‘qitishda raqamli
texnologiyalardan foydalanish // O‘zbekiston ta’lim jurnali, 2(1), 15–20. (In Uzbek)
8. UNESCO. (2020). Education for Sustainable Development: A roadmap.
https://unesdoc.unesco.org
9. OECD. (2019). Trends Shaping Education. https://www.oecd.org/education
10. Maktab.uz (2024). Boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun elektron resurslar.
https://maktab.uz (In Uzbek)