ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

Xorijiy talabalarda oliy ta’limga moslashish muammosi

Avazyazova Dilfuza Shovkatovna

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

XORIJIY TALABALARDA OLIY TA’LIMGA MOSLASHISH
MUAMMOSI

АДАПТАЦИЯ ИНОСТРАННЫХ СТУДЕНТОВ К ВЫСШЕМУ
ОБРАЗОВАНИЮ

ADAPTATION OF INTERNATIONAL STUDENTS TO HIGHER
EDUCATION
Avazyazova Dilfuza Shovkatovna
Ma’mun universiteti Psixologiya kafedrasi dotsenti,
Psixologiya fanlari bo‘yicha fan nomzodi PhD
Tel:. +998999671488
E-mail: dilfuzaavazyazova@mail.com

Annotatsiya. Ushbu maqolada bugungi kunda global dunyoda ta’limning
xalqarolashuvi masalalari, xorijiy talabalar sonining yillar kesimida oshib borish
statistik ko‘rsatkichlari, xorijiy talabalik maqomining turli davlatlarda belgilanishi,
jahon oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy tadqiqot markazlarida xorijiy
talabalarning oliy ta’lim muasasalariga moslashishining psixologik xususiyatlariga oid
ilmiy tadqiqot ishlaridan tahlillar, xorijiy talabalarning oliy ta’lim muassasiga
moslashish jarayonidagi murakkabliklari, o‘ziga xos xususiyatlari psixologik
nazariyalar va yondashuvlar kontekstida ko‘rib chiqilgan. Shuningdek, O‘zbekistonda
ushbu masalaning bugungi kundagi holati bo‘yicha so‘z yuritilib, xorijiy birinchi
bosqich talabalarda ta’limning dastlabki davrlarida ular uchrashlari mumkin bo‘lgan
qiyinchilik va muammolar tahlili keltirilgan.

Kalit so‘zlar: ta’lim, shaxs, xorijiy talaba, moslashish, akademik ko‘nikma,
emotsional barqarorlik, tashqi muhit, o‘z-o‘zini nazorat qilish.

Аннотация. В данной статье рассматриваются вопросы
интернационализации образования в современном глобальном мире,
статистические показатели роста числа иностранных студентов в разрезе лет,
особенности определения статуса иностранных студентов в различных странах,
а также анализируются научные исследования, посвящённые психологическим
особенностям адаптации иностранных студентов к высшим учебным заведениям
в мировых университетах и научно-исследовательских центрах. Рассмотрены
сложности и специфические черты процесса адаптации иностранных студентов
к высшим учебным заведениям в контексте психологических теорий и подходов.
Кроме того, освещается современное состояние данной проблемы в Узбекистане,
приводится анализ трудностей и проблем, с которыми могут столкнуться
иностранные студенты первого курса на начальном этапе обучения.

Ключевые слова: образование, личность, иностранный студент,
адаптация, академические навыки, эмоциональная устойчивость, внешняя
среда, самоконтроль.

Abstract. This article examines the internationalization of education in today’s
global world, statistical trends in the growth of international student numbers over the
years, and the determination of international student status in various countries. It also
includes analyses of scientific research on the psychological aspects of international
students’ adaptation to higher education institutions, global universities, and research
centers. The difficulties and specific characteristics of this adaptation process are
discussed within the framework of psychological theories and approaches.
Additionally, the current state of this issue in Uzbekistan is addressed, with an analysis
of the challenges and problems that first-year international students may face in the
early stages of their education.

Keywords: education, personality, international student, adaptation, academic
skills, emotional resilience, sociocultural environment, self-regulation.

KIRISH
Jahonda bugungi kunda globallashuv jarayoni odamlarning hayoti hamda
faoliyatiga sezilarli ta’sir ko‘rsatmoqda. Globallashuvning asosiy ko‘rinishlaridan biri
sifatida xorijiy xorijiy ta’lim muassasalarida ta’lim olish imkoniyatini alohida ta’kidlab
o‘tish lozim. Xorijiy talabalar soni bo‘yicha statistik ma’lumotlarni o‘rganadigan
bo‘lsak, 2024-yil holatiga birinchi beshta davlatga AQSH (1 057 188 nafar talaba),
Buyuk Britaniya (718 085 nafar talaba), Kanada (660 230 nafar talaba), Fransiya
(392 630 nafar talaba) hamda Avstraliya (361 247 nafar talaba) kabi davlatlar kirishini
ko‘rishimiz mumkin. Ta’kidlash kerakki, bu o‘rinda xorijiy talabalarning yashash va
ta’lim faoliyatiga moslashishi bilan bog‘liq psixologik xususiyatlarini ilmiy jihatdan
o‘rganish zarurati yuzaga kelmoqda.
Oliy ta’lim muassasalari va ilmiy-amaliy tadqiqot markazlarida xorijiy
talabalarning oliy ta’lim muassasalariga moslashishining psixologik xususiyatlariga
oid ilmiy tadqiqot ishlari olib borilmoqda. Bu borada xorijiy talabalarning ta’lim olish
jarayonida yangicha muloqot hamda munosabatlar tizimi, notanish ta’lim muhiti
talablariga moslashishi, emotsional qulaylikni his qilishi, iqlim, til kabi bir qator
qiyinchiliklarni yengib o‘tishda yordam beruvchi shaxs xususiyatlarini rivojlantirish
zarurati kuzatiladi. Shu sababli, moslashuv jarayonida muammolarga duch kelgan
talabalarni o‘z vaqtida aniqlash dolzarb masala sifatida ko‘rib chiqilmoqda, bu esa
ularni ijtimoiy, psixologik-pedagogik jihatdan qo‘llab-quvvatlash hamda yordam
berish tizimlarini yo‘lga qo‘yish, takomillashtirish imkoniyatini yaratadi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Tadqiqot ishimiz doirasida xorijiy talabalarning oliy ta’limga moslashish
jarayoniga oid psixologik xususiyatlarni tahlil qilish asnosida, dastlab, talabalik davri
hamda xorijiy talaba tushunchasining mohiyatini ochishga qaror qildik.
Oliy ta’lim muhitiga moslashish masalasi, xususan, xorijiy talabalarning o‘ziga
xos ehtiyojlari va psixologik holatlarini o‘rganish, zamonaviy psixologiyaning dolzarb
yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ushbu jarayon, bir tomondan, ta’lim oluvchilarning
kognitiv, affektiv va motivatsion xususiyatlarini chuqur tahlil qilishni, boshqa
tomondan, ularning yangi ijtimoiy va madaniy sharoitlarga integratsiyalashuv
mexanizmlarini o‘rganishni talab qiladi.
Xorijiy talabalar uchun moslashish nafaqat shaxsiy, balki ijtimoiy-psixologik
dinamikalarga ham bog‘liq bo‘lib, mazkur jarayon shaxs va jamiyat o‘rtasidagi o‘zaro
munosabatlarning uzluksiz muvozanatini talab etadi.
Moslashish jarayonining murakkabligi va ko‘p qirrali xususiyatlari psixologik
nazariyalar va yondashuvlar kontekstida chuqur tadqiqotni talab qiladi. Xususan,
A.A.Nalchadjyan, Y.A.Aleksandrovsky va boshqa ko‘zga ko‘ringan olimlarning
fikriga ko‘ra, adaptatsiya – bu shaxsning ijtimoiy tizim va jamiyat qadriyatlariga faol
moslashuvi bilan birga, ichki ruhiy jarayonlarining barqarorligini ta’minlash
mexanizmidir. Shunday qilib, mazkur jarayon ijtimoiy-madaniy talablarga javob
beruvchi yangi ijtimoiy rol va holatlarni egallashni o‘z ichiga oladi.
Ayniqsa, xorijiy talabalar uchun bu jarayon shaxsiy identifikatsiya va ijtimoiy
tizimga integratsiya kabi muhim bosqichlardan iborat bo‘lib, unda ijtimoiy-psixologik
omillar hal qiluvchi rol o‘ynaydi.
Tadqiqotlar shuni ko‘rsatadiki, xorijiy talabalar oliy ta’lim tizimiga kirish
jarayonida ijtimoiy-psixologik omillarga nisbatan sezgirlik darajasiga ega bo‘ladi.
I.V.Shiryaeva va A.A.Reanning ishlarida bu omillar shaxsning yangi muhitga
moslashuvida o‘zaro munosabatlar tizimini shakllantirishdagi asosiy determinantlar
sifatida talqin qilinadi. Xususan, kommunikativ ko‘nikmalar, madaniy tafovutlarni
yengib o‘tish qobiliyati va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash mexanizmlaridan foydalanish
shaxsning muvaffaqiyatli moslashishini belgilovchi muhim faktorlar sifatida ajratib
ko‘rsatilgan.
E.G‘.G‘oziyev bo‘yicha «Talabalik davri o‘spirinlikning ikkinchi bosqichidan
iborat bo‘lib, 17-22 (25) yoshni o‘z ichiga oladi va inson hayotidagi betakror
xususiyatlar hamda ziddiyatlarga boy davr hisoblanadi. Ushbu davr shaxsda axloqiy
qarashlar, estetik did, xarakter, muayyan odat, munosabatlarning shakllantirish va
mustahkamlash hamda ta’lim, fuqarolik, kasbiy, mehnat, siyosiy ijtimoiy rollarining
butun tizimini o‘zlashtirish bilan tavsiflanadi» (G‘oziyev E.G‘., 2020: 132).

Talabalarning psixologik rivojlanishi va shakllanishida bir qator ko‘tarilish va
pasayish davrlari mavjud bo‘lib, bu turli qarama-qarshiliklar, o‘zaro o‘tishlar, o‘zini
namoyon qilish, harakat qilishga undash, faol hayotiy pozitsiyani shakllantirish bilan
bog‘liq. Shu o‘rinda talabalik yoshiga to‘xtaladigan bo‘lsak, ushbu yosh maxsus
ta’limni ta’minlaydigan o‘qish yoshi hisoblanib, yangi bilimlar, harakatlar va
o‘rganishning yangi usullarini muntazam ravishda o‘zlashtirish, shuningdek, bilimlarni
mustaqil ravishda egallashda namoyon bo‘ladigan faoliyat bilan belgilanadi.

V.T.Lisovskiy bo‘yicha, «talaba shaxsidagi «Ideal men» va «Real men»
o‘rtasidagi qarama-qarshiliklar, o‘z shaxsiyatiga nisbatan ichki ishonchsizlikni,
o‘qishga nisbatan esa salbiy qarashlarni shakllantiradi. Jumladan, o‘quv yili boshida
unda yuqori kayfiyat, talabalikdan quvonch hissi kuzatilsa, taʼlimning shart-sharoiti,
talablari, mazmun-mohiyati, muayyan qonun va qoidalari bilan yaqindan tanishish
natijasida ruhiyatida tushkunlik ro‘y berishi mumkin. Ushbu omillar taʼsirida talabada
keyinchalik umidsizlik, kelajakka ishonchsizlik, ikkilanish, xavotir kabi salbiy histuyg‘ular namoyon bo‘ladi» (Лисовский В.Т., 2001: 70).

Odatda talabalar birinchi va uchinchi kurslarda oliy o‘quv yurti va
mutaxassislikni to‘g‘ri tanlagani haqida yanada jiddiyroq o‘ylab ko‘radilar. Ko‘rib
chiqqanimizdek, talabalik yoshi yetuklik davridan ma’lum ijtimoiy-psixologik
farqlarga ega bo‘lib, ushbu bosqichning xususiyatlari o‘zini o‘zi anglash
jarayonlarining faol rivojlanishi va kasbiy o‘zini o‘zi belgilash bilan bog‘liq
muammolarni hal qilishdir. Bizning tadqiqot ishimiz aynan xorijiy talabalar bilan
bog‘liqligi tufayli, keyingi o‘rinlarda shunga to‘xtalamiz.

Xorijiy talabalar oliy ta’limning «to‘liq yoki bir qismini o‘z mamlakatidan
tashqarida olayotgan shaxslar bo‘lib, ular dunyoning turli mamlakat va iqlim
zonalaridan kelishadi hamda butunlay boshqa madaniyat, an’ana, me’yor va
qadriyatlar tizimiga ega bo‘lgan jamiyatlarning o‘ziga xos individual psixologik
xususiyatlarga ega vakillari hisoblanishadi» (Савченко И. А., 2010: 26). Xorijiy
talabalarning dunyoga tarqalishi bo‘yicha statistik ma’lumotlarga nazar tashlaydigan
bo‘lsak, 2023-yilda xorijiy talabalar soni 6,4 million kishiga yetgan va bu ko‘rsatkich
2007-yilgi ko‘rsatkichdan ikki baravar ko‘pdir.

Ta’kidlash lozimki, ta’lim olish uchun yangi muhitga kelgan xorijiy talaba o‘zini
notanish sharoitda topishga harakat qiladi va ijtimoiy hayotni tashkil etish, ta’lim olish
talablari o‘rtasidagi farq, xorijda yashash, ta’lim olish sharoitlariga ko‘nikishi bilan
bog‘liq muammolardan kelib chiqib, yangi muhit, ta’lim tizimi, muloqot tili, o‘quv
guruhining internatsional tabiatiga moslashishi lozim.

Xorijiy talabalarning moslashishi - bu yangi muhitning ijtimoiy-madaniy
g‘oyalarini tushunish, notanish madaniyatda psixologik qulaylikka erishish va

muayyan vaziyatda o‘z xatti-harakatlarida ularga mos kelish qobiliyatiga asoslangan
murakkab jarayon hisoblanadi.

“Xorijiy talabalarni universitetga moslashtirish fiziologik, ijtimoiy, psixologik va
pedagogik darajalarga ta’sir qiluvchi ko‘p tomonlama jarayon bo‘lib, universitet unga
yangi ijtimoiy-madaniy jamiyat munosabatlari tizimiga kirishga yordam berish
sharoitlarini yaratishi lozim” (Гребенникова И.А., 2011: 98).

Xorijiy talabalarning yangi muhitda qolishi bilan bog‘liq muammolar va ularni
moslashtirishning turli xil variantlari ko‘plab xorijiy tadqiqotchilarning ishlarida
o‘rganilgan.

S.Bochner fikriga ko‘ra, dunyo bo‘ylab universitetlarda o‘qiyotgan xorijiy
talabalar bilan bog‘liq muammolarni to‘rt toifaga bo‘lish mumkin: - birinchidan,
xorijiy talabaning notanish muhitdagi xorijlik maqomi bo‘lib, bu muammo xorijga
chiqayotgan barcha odamlarga turli darajada taalluqlidir; - ikkinchidan, xorijiy talaba
o‘zining kelib chiqishi bilan bog‘liq bo‘lmagan, har qanday birinchi bosqich talabalari
uchun umumiy bo‘lgan, ya’ni, maktab va universitet ta’limi o‘rtasidagi farq tufayli
qiyinchiliklarga duch keladi; - uchinchidan, xorijiy talaba barcha yoshlar uchun
umumiy bo‘lgan yoshga bog‘liq muammolarga uchrashadi. “Ko‘p tadqiqotchilar
talabaning xorijlik ekaniga urg‘u bergan holda, uning yoshiga xos bo‘lgan
muammolarni e’tiborsiz qoldiradilar; - to‘rtinchidan, xorijiy talabalar o‘z
mamlakatining xorijdagi vakili sifatida o‘zlarining etnik kelib chiqishiga va notanish
mamlakatda qanday maqomga ega bo‘lishiga nisbatan juda e’tiborli bo‘lishadi”
(Смолина Т.Л., 2024: 24).

Biz esa o‘z tadqiqotimiz davomida xorijiy talabalarning oliy ta’limga
moslashishida ijtimoiy-psixologik omillarning ahamiyati borasidagi xorij hamda MDH
davlatlari olimlarining tadqiqot ishlarini tahlil qilishga harakat qildik.

Tadqiqotchi S.Mori tadqiqotlariga ko‘ra, “xorijiy talabalar mahalliy talabalarga
qaraganda ko‘proq ruhiy salomatlik muammolariga duch kelishlarini va bu ularning
salomatlik darajasiga ham o‘zining ta’sirini ko‘rsatishini aniqlagan” (Mori S.C., 2000).

Ko‘rishimiz mumkinki, xorijiy talabalarning moslashishida psixologik jihatdan
muammolar mahalliy talabalarga nisbatan qiyinroq o‘tishi mumkin.

“Xorijiy talabalar akkulturatsiya jarayonlarini yengilroq o‘tkazishlari uchun
psixologik moslashish asosiy omil bo‘lib xizmat qiladi. Bu yangi muhitda talabalarga
farovonlik va hayotdan qoniqish hissini beradi” (Cemalcilar Z., Falbo T., Stapleton
L.M., 2005: 94).

“Oson moslashish shartlariga ijtimoiy-psixologik yordam, til qobiliyati, yashash
muddati, shaxsning o‘zini-o‘zi boshqara olishi, iroda kuchi, jinsi va kelib chiqqan
mamlakati kabilarni kiritish mumkin. Ular orasida ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash va

psixologik moslashuv o‘rtasidagi munosabatlar ayniqsa olimlar tomonidan
o‘rganilgan” (de Araujo A. A., 2011: 628).

TADQIQOT METODOLOGIYASI
Amerikalik tadqiqotchi A.Trays o‘zining 2004 yilgi miqdoriy tadqiqotlarida
xorijiy talabalarning mahalliy talabalar bilan maqsadli ijtimoiy o‘zaro ta’sirini
o‘rganishga harakat qilib, Amerikadagi xorijiy talabalar o‘zlarini yolg‘izlikda his
qilishlari, ularning samarali ijtimoiy tarmoq va mahalliy talabalar bilan o‘zaro aloqalari
yaxshi emasligini aniqlagan va xorijiy talabalar mahalliy talabalar bilan yaxshi
muloqot va munosabat o‘rnata olsa, bu ularning yangi madaniyat, o‘quv faoliyati
tuzilmasini yaxshiroq tushunishiga va oson moslashishiga olib kelishini tahlil qilgan.
Shuningdek, “u universitetlar xorijiy talabalar uchun samarali yo‘naltirish dasturlarini
ishlab chiqishi lozimligi, unda xorijiy va mahalliy talabalarni birgalikda mashg‘ulotlar
o‘tkazishga jalb qilish, bu kabi muammolarni hal qilishda optimal usullardan biri
ekanligini ta’kidlagan” (Trice A., 2004: 674).
Olimning tadqiqotlaridan ko‘rishimiz mumkinki, xorijiy talabalarning
muvaffaqiyatli moslashishida mahalliy talabalar bilan munosabati hamda ijtimoiy
tarmoqlar muhim ahamiyatga ega.
P.R.Zhong, W.W.Ping “xorijiy talabalarda kommunikativ qobiliyatlar, samarali
ijtimoiy muloqot, individual xususiyatlarga egalik, madaniyatlararo o‘ziga xoslikning
mavjudligi o‘quv faoliyatiga muvaffaqiyatli moslashish omillari sifatida xizmat
qilishini ta’kidlaydilar” (Peng Ren-Zhong., Wu Wei-Ping., 2019: 81). Ya’ni olimlar
moslashishning muvaffaqiyatini ko‘proq tashqi sharoitlarga emas, shaxsdagi
psixologik xususiyatlarning rivojlanganligiga bog‘liqligini keltirib o‘tishgan.
H.S.Shyam, A.Daryani, A.Samdershi Hindistondagi “oliy va o‘rta ta’lim
sharoitida afrikalik talabalarning moslashuvchanligini shakllantirish xususiyatlarini
o‘rgandilar. Oliy ta’limga moslashish omillari sifatida mualliflar moslashishga ta’sir
qiluvchi ijtimoiy va akademik muammolar va iqlim sharoitlarining mavjudligini
ta’kidlaganlar” (Shyam, H.S., 2021: 63).
Shuningdek, D.Konley tadqiqotlarida “ham talabalar ta’lim olish uchun
kelayotgan mamlakatning iqlimi va ta’lim tizimi haqida oldindan to‘liq xabardor
bo‘lishlari lozimligi keltirib o‘tilgan. Ularning kontekstli bilimlari kampus muhitini o‘z
ichiga olishi kerak va ular bu orqali moslashib olgungacha bo‘ladigan o‘tish davridagi
o‘zgarishlarga dosh berishadi” (Conley D., 2007: 36).
Ushbu fikrlarga tayanadigan bo‘lsak, xorijiy talabalar ta’lim olish uchun
borayotgan davlati haqida ma’lumotlarga ega bo‘lishi ularning ushbu muhitga nisbatan
oson moslashishini ta’minlovchi omillardan biri ekan.

V.I.Chirkov, S.Safdar, Guzman.J.de, K.Playford “oliy ta’limga moslashishni
shakllantirishning asosiy omillari qatorida xorijda o‘qish motivi va maqsadlarini
ajratish lozimligini ta’kidlagan holda, xorijda o‘qish uchun yetakchi bo‘lgan
motivatsiya talabalar moslashuvining asosiy omili ekanligi aniqlaganlar” (Chirkov V.,
2008: 428).

Ayni bu borada o‘tkazilgan tadqiqotlarga nazar tashlasak, L.N.Zaxarova
tadqiqotlarida “kasbga yo‘naltirish sohasida noto‘g‘ri yo‘nalishlarga ega bo‘lgan
xorijiy talabalar motivatsion jihatidan qiyinchiliklarga duch kelishlarini va ko‘pincha
ularda - hissiy yetuklikning yetishmasligi, xayolparastlik kabi holatlarni kuzatish
mumkinligini ta’kidlagan” (Захарова Н.Л., Одинцова М.А., 2024: 291). Buning
sababi sifatida aytishimiz mumkinki, faoliyatni olib borishi uchun maqsad va
motivlarning mavjud bo‘lishi, shu faoliyatda shaxsiy rivojlanishga asos bo‘ladi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Tadqiqot ishining diagnostika jarayonida suhbat, xorijiy talabalarning yangi
muhitdagi qiyinchiliklarini o‘rganishga qaratilgan maxsus so‘rovnomadan
foydalanildi. Tadqiqotda suhbat metodidan olingan natijalar asosida, sinaluvchilarning
yoshi, jinsi, fuqaroligi, o‘quv bosqichlari, ta’limning dastlabki bosqichiga xos
muammolar haqida ma’lumotlar to‘plandi (1-rasm).

1-rasm. Tadqiqot obyekti haqida umumiy ma’lumotlar
Olingan ma’lumotlarga asosan sinaluvchilarning 191 (64%) nafari yigitlar, 109
(36%) nafari qizlar hisoblanadi. Taʼlim olayotgan bosqichi boʼyicha birinchi bosqich
120 nafar (40%) xorijiy, 60 nafar(20%) mahalliy, uchinchi bosqich 120 nafar (40%) ni
tashkil qiladi. Xorijiy talabalarni davlatlar boʼyicha taqsimlanishiga nazar tashlasak,
191 nafar (64%) Hindiston, 49 nafar (16%) Pokiston, 60 nafar(20%) O‘zbekiston

fuqarolariga toʼgʼri keladi. Sinaluvchilarning yoshi 16-22 yosh oraligʼida boʼlib, ilk
oʼspirinlik davridagilar, yaʼni 16-18 yosh orasidagi sinaluvchilar 159 nafar (53%), 19-
22 yosh orasidagi sinaluvchilar 141 nafar (47%) ni tashkil qildi.

Tadqiqot ishimizda xorijiy talabalarni yosh xususiyatlariga ko‘ra ajratishda
E.G‘.G‘oziyevning «Ontogenez psixologiyasi» kitobida keltirilgan Ilk o‘spirinlik va
o‘spirinlik davrining psixologik xususiyatlariga bag‘ishlangan 6-7-boblarida
keltirilgan davrlarni asos qilib oldik:

- 1-guruh: birinchi bosqichda xorijiy talabalar 16-18 yosh ( ilk o‘spirinlik ).
- 2-guruh: uchinchi bosqichda xorijiy talabalar 19-22 yosh (o‘spirinlik).
Tadqiqotda (1-jadval) birinchi bosqich xorijiy talabalar ta’limning dastlabki
bosqichida ular uchrayotgan qiyinchilik va muammolar ro‘yxati taqdim qilinib, ushbu
muammolarni eng ko‘p bezovta qilayotganlik darajasiga qarab raqamlash taklifi berildi
va ular birinchi bo‘lib belgilagan muammolar tahlil qilindi.
1-jadval
O‘zbekistonda ta’lim olishning dastlabki oylarida birinchi bosqich xorijiy
talabalar uchrayotgan qiyinchiliklar (n=120).

№ Qiyinchiliklar Xorijiy %

talabalar soni (n)

1 Uy sog‘inchi 24 20,0

2 Til bilan bog‘liq 18 15,0

noqulayliklar

3 Noodatiy hayot tarzi 13 11,0

4 Oziq – ovqat 16 13,0

5 Iqlim 17 14,0

6 Ta’lim jarayoni 21 18,0

7 Atrofdagilar bilan muloqot 11 9,0

Natijalarga ko‘ra, uyni qo‘msash 24 nafar (20 %), til bilan bog‘liq qiyinchiliklar
18 nafar (15 %), boshqacha hayot tarzi 13 nafar (11 %), oziq-ovqat 16 nafar (13 %),
iqlim 17 nafar (14 %), ta’lim jarayoni 21 nafar (18 %), atrofdagilar bilan muloqot 11
nafar (9 %) uchrayotganligi aniqlandi.

Ko‘rishimiz mumkinki, O‘zbekistonda tahsil olayotgan xorijiy talabalardagi
dastlabki va ko‘pchilikda uchrayotgan qiyinchilik bu uy sog‘inchidir. Ya’ni, xorijiy
talabalarda uy sog‘inchi muammosi (homesickness) – bu yangi muhitga moslashish
jarayonida eng ko‘p uchraydigan psixologik holatlardan biridir. U talabaning o‘z ona
yurtidan, oilasidan, do‘stlaridan va odatiy hayot tarzidan uzoqlashishi natijasida paydo

bo‘ladi va uy sog‘inchi tushunchasiga ta’rif beradigan bo‘lsak, bu odamning o‘zini
notanish muhitda yolg‘iz his qilishi, tanish joy va yaqin insonlarga bo‘lgan ehtiyoji
ortishi, natijada kuchli emotsional tanglikka tushishi holatidir. Bu ayniqsa xorijiy
talabalarda kuchliroq bo‘ladi, chunki ular yangi ijtimoiy va ta’limiy muhitda madaniy
farq, til to‘sig‘i,ijtimoiy moslashuv qiyinchiliklari bilan ham yuzlashadilar. Bu holat
albatta ularning xulq-atvor, hissiy-irodaviy sohasiga ta’sir ko‘rsatib, kayfiyatning teztez tushib ketishi, depressiv holatlarga tushish moyilligining oshishi, uyga qaytish
istagining kuchli bo‘lishi, ishtiyoqning pasayishi, darslarda qiziqishning kamayishi,
yolg‘izlik, ijtimoiy aloqalardan chetlashish, uyqusizlik, ishtaha buzilishi, tez charchash
kabi belgilar bilan namoyon bo‘lishi mumkin.

Keyingi o‘rinda talabalar qayd qilgan muammo bu til bilan bog‘liq bo‘lib, u
nafaqat o‘qish samaradorligiga, balki ijtimoiy moslashuv, o‘zini namoyon qilish,
shaxsiy rivojlanish va ruhiy holatga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi. Til to‘sig‘ining
mohiyatini ochadigan bo‘lsak, bu talabaning chet tilida erkin muloqot qila olmasligi,
akademik va ijtimoiy muhitda o‘z fikrini to‘liq ifodalay olmasligi natijasida yuzaga
keladigan kommunikativ qiyinchiliklaridir. Bu muammo xorijiy talabalarda, darslarni
tushunish, ma’ruzalar mazmunini eslab qolish, adabiyotlarni o‘qib anglashda, referat,
esse, ilmiy maqola yozishda, auditoriya oldida chiqish qilish, suhbatlarda faol
qatnashish, kundalik muloqotda qiynalish, do‘st orttirish, jamoat joylarida muloqot
qilish, turmushda mustaqil bo‘lishida ko‘rinadi.

Navbatdagi muammo xorijiy talabalar yangi muhitda to‘qnashadigan boshqacha
hayot tarzi hisoblanib, bu ularning yangi ijtimoiy-madaniy muhitga moslashish
jarayonida yuzaga keladigan psixologik va ijtimoiy qiyinchiliklardir. Yangi
mamlakatga kelgan talaba nafaqat ta’lim tizimida, balki kundalik hayotda ham ko‘plab
yangiliklar va farqlarni boshdan kechiradi. Boshqacha hayot tarzi – bu talabaning
odatiy yashash sharoiti, qadriyatlari va ijtimoiy odatlaridan farq qiluvchi turmush
tarziga duch kelishi. Bu esa moslashuv stressi va madaniy shokni keltirib chiqaradi.
Chunki bu muammo talabaning kundalik hayot tarzi bilan bog‘liq bo‘lib, ovqatlanish
odatlari, uy-joy sharoiti, transport tizimi, vaqtni boshqarish uslubi, diniy marosimlar,
ijtimoiy qoidalar, kiyinish, odob-axloq me’yorlari, yangi do‘stlar orttirish, jamoadagi
rolini topish, muloqot uslubining boshqacha bo‘lishi, yangi mamlakatda yashash
xarajatlari, pulni boshqarish kabi vaziyatlarni o‘z ichiga oladi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Yangi O‘zbekistonda so‘nggi yillarda ta’lim xizmatlari eksportini rivojlantirish
ustuvor masalalardan biri sifatida ko‘rilib, ushbu masalaning huquqiy-me’yoriy
asoslari yaratilmoqda. Mamlakatimizda tahsil olayotgan xorijiy talabalarda aynan
yashash va o‘qish bilan bog‘liq psixologik muammolar uchraydi. Lekin aynan ushbu

muammo bilan bog‘liq masalalar yetarlicha chuqur o‘rganilmagan hamda ularning oliy
ta’lim muassasalariga moslashish jarayonida duch keladigan psixologik xususiyatlari
tadqiqot predmeti sifatida diqqat markazida bo‘lmagan. Tadqiqotimiz universitet
ta’limiga moslashishda turli ijtimoiy-psixologik, akademik muammolarga uchrayotgan
xorijiy talabalar bilan samarali psixologik qo‘llab-quvvatlash ishlarini olib borishga
imkon beradi.

Yana shuni ham ta’kidlash kerakki, talabalik davri inson hayotidagi o‘ziga xos
davrlardan biri bo‘lib, u shaxsdan qiyinchilik va muammolarni mustaqil ravishda yecha
olish ko‘nikmasini o‘zlashtirishni talab qiladi. Xorijiy talabalik maqomi esa, shaxsning
fiziologik, ijtimoiy, psixologik rivojlanishiga qo‘shimcha muammolarni tug‘diradi.
Shu boisdan bugungi kundagi ta’lim migratsiyasining natijasi bo‘lgan xorijiy
talabalarda ularning ta’limga oid, shaxsiy-psixologik rivojlanishi, ijtimoiy
munosabatlari sohasiga oid muammolarini ilmiy jihatdan tadqiq qilish muhim
hisoblanadi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. G‘oziyev E.G‘. (2020) Ontogenez psixologiyasi. – Toshkent, – 288 b.
2. Лисовский В. (2001) Т. Исследовательский центр проблем качества
подготовки специалистов, // Общая стратегия воспитания в образовательной
системе России монография Книга 1. И. А. Зимняя. — Москва, – С. 69-89.
3. Савченко И. А. Иностранный студент в России: условия и барьеры
интеграции // Вестник ОГУ. 2010. №4 (110). – С. 25-31.
4. Гребенникова И.А. Адаптация иностранных студентов: механизм и
факторы // Гуманитарные исследования в Восточной Сибири и на Дальнем
Востоке. 2011. №3. –С.98-100.
5. Смолина Т.Л. (2012) Теории этапов кросс-культурной адаптации //
Актуальные проблемы гуманитарных и естественных наук. №5. – С. 23-30.
6. Mori S.C. (2000). Addressing the mental health concerns of international
students. Journal of Counseling & Development, 78, -Р . 137-144.
7. Cemalcilar Z., Falbo T., Stapleton L.M. (2005) Cyber Communication: A New
Opportunity for International Student’s Adaptation? International Journal of
Intercultural Relations, 2005.№04.002. – P. 91-110.
8. de Araujo A. A. (2011). Adjustment issues of international students enrolled in
American colleges and universities: A review of the literature. Higher Education
Studies, 1, -P. 624-645.
9. Trice A. (2004). Mixing it up: International graduate students' interactions with
American students. Journal of College Student Development, 45(6), – P. 671-687.

10. Peng Ren-Zhong, Wu Wei-Ping. Measuring communication patterns and
intercultural transformation of international students in cross-cultural adaptation. May
2019 International Journal of Intercultural Relations 70: – Р. 78-88.

11. Shyam H.S. (2021) An assessment of climatic awareness and comping mechanisms of international students joining higher education institutions in India from Africa / H.S.Shyam, A.Daryani, A.Samdershi // Materials Today: Proceedings.

12. Conley D. (2007). Redefining College Readiness (Vol. 3). Center for
Educational Policy Research: University of Oregon. – Р. 36.

13. Chirkov, V. (2008) Further examining the role motivation to study abroad
plays in the adaptation of international students in Canada / V.Chirkov, S.Safdar,
J.Guzman, K. Playford // International Journal of Intercultural Relations. № 9.Pp. 427-
440.

14. Захарова Н.Л, Одинцова М. А. (2024) Психология стресса : учебник и
практикум для вузов — Москва : Издательство Юрайт. — 291 с.

REFERENGES:
1. Cemalcilar Z., Falbo T., Stapleton L.M. (2005) Cyber Communication: A New
Opportunity for International Student’s Adaptation? International Journal of
Intercultural Relations, 2005. №04.002. – P. 91-110. (In English)
2. Chirkov, V. (2008) Further examining the role motivation to study abroad plays
in the adaptation of international students in Canada / V.Chirkov, S.Safdar, J.Guzman,
K. Playford // International Journal of Intercultural Relations. № 9. Pp. 427-440. (In
English)
3. Conley D. (2007). Redefining College Readiness (Vol. 3). Center for
Educational Policy Research: University of Oregon. – P. 36. (In English)
4. de Araujo A. A. (2011). Adjustment issues of international students enrolled in
American colleges and universities: A review of the literature. Higher Education
Studies, 1, -P. 624-645. (In English)
5. G‘oziyev E.G‘. (2020) Ontogenez psixologiyasi. – Toshkent, – 288 b. (In
Uzbek)
6. Grebennikova I.A. Adaptatsiya inostrannykh studentov: mekhanizm i faktory
// Gumanitarnyye issledovaniya v Vostochnoy Sibiri i na Dalnem Vostoke. 2011. №3.
– S.98-100. (In Russian)
7. Zakharova N.L, Odintsova M. A. (2024) Psixologiya stressa: uchebnik i
praktikum dlya vuzov — Moskva: Izdatelstvo Yurayt. — 291 s. (In Russian)
8. Lisovskiy V. T. (2001) Issledovatelskiy tsentr problem kachestva podgotovki
spetsialistov, // Obshchaya strategiya vospitaniya v obrazovatelnoy sisteme Rossii
monografiya Kniga 1. I. A. Zimnyaya. — Moskva, – S. 69-89. (In Russian)

9. Mori S.C. (2000). Addressing the mental health concerns of international
students. Journal of Counseling & Development, 78, – P. 137-144. (In English)

10. Peng Ren-Zhong, Wu Wei-Ping. Measuring communication patterns and
intercultural transformation of international students in cross-cultural adaptation. May
2019 International Journal of Intercultural Relations 70: – P. 78-88. (In English)

11. Savchenko I. A. Inostrannyy student v Rossii: usloviya i barery integratsii
// Vestnik OGU. 2010. №4 (110). – S. 25-31. (In Russian)

12. Shyam H.S. (2021) An assessment of climatic awareness and comping
mechanisms of international students joining higher education institutions in India
from Africa / H.S.Shyam, A.Daryani, A.Samdershi // Materials Today: Proceedings.
(In English)

13. Smolina T.L. (2012) Teorii etapov kross-kulturnoy adaptatsii //
Aktualnyye problemy gumanitarnykh i yestestvennykh nauk. №5. – S. 23-30. (In
Russian)

14. Trice A. (2004). Mixing it up: International graduate students' interactions
with American students. Journal of College Student Development, 45(6), – P. 671-687.
(In English)