YOSH VOLEYBOLCHILARNING SAKROVCHANLIK QOBILIYATINI
RIVOJLANTIRISH MEXANIZMLARI
MECHANISMS OF DEVELOPING JUMPING ABILITY IN YOUNG
VOLLEYBALL PLAYERS
МЕХАНИЗМЫ РАЗВИТИЯ ПРЫГУЧЕСТИ У ЮНЫХ
ВОЛЕЙБОЛИСТОВ
Boltayev A’zam Akramovich
Oriental universiteti “Jismoniy madaniyat”
kafedrasi dotsenti,
pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel.:+998 93-610-96-96
E-mail: a.a.boltaev2020@gmail.com
Annotatsiya. Bugungi voleybol o‘z mohiyati jihatidan o‘ta shiddatli hamda keskin
o‘zgaruvchan vaziyatlarda tezkor harakatlanishlar, to‘p kiritish, hujum zarbalari va
to‘siqlar qo‘yish usullarini ijro etish uchun ko‘plab sakrash ko‘nikmalari bilan farqlanadi.
Bundan tashqari to‘r oldida raqib o‘yinchilarini chalg‘itish uchun turli mazmunli sakrash
malakalari ijro etiladi.Yuqorida qayd etilganidek, musobaqa qoidalarining tubdan
o‘zgarishi, jumladan maydonning yon va hujum chiziqlari kesishgan joydan hujum
zonasini chegaralaydigan chiziqni maydon tashqarisiga 175 sm kesim chiziqlar bilan
davom ettirilishi hamda hujum taktikasi doirasining kengayishi himoya zonalaridan zarba
berish imkoniyatlarini kuchaytiradi. Agar hujum zonasining chegara chizig‘idan o‘rta
chiziqqacha bo‘lgan oraliq 3 m ligi e’tiborga olinsa, himoya zonalaridan ijro etiladigan
zarbalar samaradorligi diagonal sakrash qobiliyati bilan ta’minlanishi mumkin.
Kalit so‘zlar: yosh voleybolchilar, sakrovchanlik, diagonal sakrash, o‘yin
mashqlari, pedagogik tajriba, vertikal sakrash, to‘siq qo‘yish, sakrash chidamkorligi,
plyometrik mashqlar, tezkor-kuchlilik.
Abstract. Today's volleyball is characterized by its high-speed movements, ball
penetration, attack strokes and blocking techniques in extremely fast and rapidly changing
situations. In addition, various meaningful jump skills are performed in front of the net to
distract the opponent's players. As noted above, a fundamental change in the rules of the
competition, including the continuation of the line delimiting the attack zone from the
intersection of the side and attack lines of the court with 175 cm diagonal lines outside
the court, and the expansion of the scope of attack tactics, increases the possibilities of
hitting from the defensive zones. If we take into account the 3-meter distance from the
boundary line of the attack zone to the center line, the effectiveness of hits from the
defensive zones can be ensured by the ability to jump diagonally.
Keywords: youth volleyball players, jumping ability, diagonal jump, game-based
exercises, pedagogical experiment, vertical jump, blocking, jumping endurance,
plyometric exercises, speed-strength.
Аннотация. Современный волейбол характеризуется скоростными
перемещениями, проникновением мяча, атакующими ударами и блокирующими
приемами в чрезвычайно быстро меняющихся ситуациях. Кроме того, перед сеткой
выполняются различные значимые прыжковые навыки, чтобы отвлечь игроков
соперника. Как отмечалось выше, принципиальное изменение правил
соревнований, включающее продолжение линии, разграничивающей зону атаки от
пересечения боковой и линии атаки площадки диагональными линиями 175 см за
пределами площадки, и расширение сферы применения тактики нападения,
увеличивает возможности ударов из защитных зон. Если принять во внимание 3-
метровое расстояние от граничной линии зоны атаки до центральной линии,
эффективность ударов из защитных зон может быть обеспечена умением прыгать
по диагонали.
Ключевые слова: юные волейболисты, прыгучесть, диагональный прыжок,
игровые упражнения, педагогический эксперимент, вертикальный прыжок, блок,
прыжковая выносливость, плиометрические упражнения, скоростно-силовые
качества.
KIRISH
Sakrovchanlik va sakrash chidamkorligi boshqa jismoniy sifatlar bilan o‘zaro
bog‘liq bo‘lib, aksariyat sport turlariga (voleybol, basketbol, futbol, gandbol, gimnastika,
yengil atletika va h.k.) xos ayrim texnik elementlarni (masalan, voleybolda sakrab to‘siq
qo‘yish, futbolda sakrab to‘pni bosh bilan darvozaga kiritish va h.k.) ijro etish
samaradorligini ta’minlovchi muhim omildir. Lekin har bir sport turida ijro etiladigan
sakrash elementlari o‘yin usuli va vaziyatga qarab bir-biridan keskin farq qiladi va
bunday sakrash turlarini rivojlantirishda o‘ziga xos mashqlardan foydalanish muhim
ahamiyatga ega.
Mazkur sifat hayotiy zarur harakat ko‘nikmalari turkumiga mansub bo‘lib, go‘daklik
yoshidan boshlab shakllana boradi. Bolalar hayotda, ro‘zg‘or ishlarida, harakatli
o‘yinlarda balandga, uzunlikka, to‘siqlar osha sakraydilar. Sport to‘garaklariga qabul
qilinayotganlarida ham aynan sakrash sifatlariga e’tibor beriladi. Bu sifat voleybolda
o‘ziga xos fundamental xususiyatga ega bo‘lib, uni rivojlantirish masalalari dastlabki
o‘rgatish va tayyorgarlik bosqichidanoq diqqat markazida bo‘ladi. Lekin, voleybol
to‘garaklari (BO‘SM, BO‘OZSM)ning o‘quv-mashg‘ulot dasturlarida sakrovchanlik va
sakrash chidamkorligini bolalar yoshi, o‘rgatish yili va tayyorgarlik bosqichiga qarab
rivojlantirish vositalari hajm, shiddat va soatlar miqdori jihatidan alohida ajratilmagan.
Ma’lumki, voleybolchilar uchun asosiy jismoniy sifatlardan biri sakrovchanlikdir.
Sakrovchanlik tezkor-kuchlilik sifatlariga mansub bo‘lib, oyoq mushaklarining qisqa
muddat ichida kuchli qisqarishi bilan ifodalanadi.
Sakrovchanlikni rivojlantirish uchun eng qulay davr bu 10-11 yoshdir.
Sakrovchanlik sifatining turlari ko‘p. Masalan, ikki oyoq bilan depsinib yugurib
kelib yoki joydan turib vertikal sakrash, bir oyoq bilan depsinib vertikal yoki uzunlikka
sakrash, ikki oyoq bilan depsinib uzunlikka sakrash va h.k. Har bir sakrash turining o‘ziga
xos maqsadi va maqsadga mos ijro etish tartibi (texnikasi) bo‘ladi. Voleybol, futbol va
boshqa sport o‘yinlari bilan shug‘ullanuvchi sportchilarning sakrovchanligi bir-biridan
farq qiladi. Ta’kidlash lozimki, hatto bir sport o‘yinida, masalan futbolda bosh bilan
darvozaga to‘pni yo‘naltirish, to‘pni sherigiga uzatish, havoda aylanib oyoq bilan
darvozaga yoki sherigiga uzatishda ijro etiladigan sakrash malakalarining mazmuni va
yo‘nalishi bir-biridan tubdan farq qiladi. Demak, sakrovchanlik haqida gap ketganda,
bilish kerakki, ushbu sifat texnik malakalarni ijro etish usullariga qarab har xil turlarga
bo‘linadi: sakrab to‘siq qo‘yish, past to‘pdan zarba berish, sakrab to‘p kiritish, orqa
zonadan sakrab zarba berish, baland to‘pdan zarba berish va h.k. Turli o‘yin vaziyatlarida
xoh hujumda bo‘lsin, xoh himoyada bo‘lsin shu vaziyatlar talablariga mos texnik-taktik
kombinatsiyalarni ijro etish samaradorligi aksariyat sakrovchanlik sifatiga borib taqaladi.
Ko‘pgina mutaxassis-olimlarning fikriga ko‘ra, keskin vaziyatlarda, ayniqsa past yoki
gorizontal yo‘nalishda tezkor to‘p uzatishdan zarba berish muvofiq sakrash sifatiga
bog‘liq bo‘ladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Yetakchi olim V.N. Platonovning ta’kidlashicha, umumiy jismoniy tayyorgarlik
tushunchasi bu sportchining harakat sifatlarini har tomonlama (garmonik ravishda)
rivojlanganlik darajasini anglatadi. Masalaga shu tarzda yondashish oddiy inson
sog‘lig‘ini (sportchi ham) shakllantirish nuqtayi nazaridan maqsadga muvofiqdir.
Albatta, “Katta” sportda bu ham zarur. Lekin, bunday amaliyot va shunga asoslangan
trenirovka uslubiyati malakali sportchilarni tayyorlash hamda yuksak musobaqa
natijasiga erishish samarasini susaytirishi ehtimoldan holi emas. Chunki, har bir sport
turining o‘ziga xos va o‘ziga mos xususiyatlari mavjudligi tufayli bir sport turida ko‘proq
kuch-tezkorlik sifati ustun tursa, ikkinchi bir sport turida chidamkorlik sifati yetakchi
rolni o‘ynaydi yoki uchinchi bir sport turida egiluvchanlik sifati asosiy ahamiyatga ega
bo‘ladi. Ammo, qayd etilgan fikrdan muayyan sport turida ma’lum jismoniy sifat juda
zarur, boshqasi esa muhim emas degan xulosa kelib chiqmaydi. Aksincha, har bir
sifatning muayyan sport vaziyatida ozmi-ko‘pmi, lekin muhim “ulushi” mavjud bo‘ladi
(Беляев А.В., 2004, № 3. Россия, с. 37-38)
So‘nggi yillarga kelib olimlar o‘rtasida malakali sportchilarni tayyorlashda jismoniy
tayyorgarlikning o‘rni, jumladan, jismoniy sifatlarning bir-biriga uzviy bog‘liqligi hamda
ularning sport mahoratiga bo‘lgan ta’siri haqidagi muammolar tobora katta qiziqish
uyg‘otib bormoqda (V.M. Zatsiorskiy, Yu.V. Verxoshanskiy, V.N. Platonov, L.P.
Matveev, M.A. Godik) o‘zlarining ilmiy-uslubiy ishlarida jismoniy sifatlarning bir-biriga
uzviy bog‘liqligi hamda ma’lumot berishgan (Ayrapetyans L.R., 2011: 160)
Avvaldan isbot qilinganki, kuch va tezkorlik sifatlarini o‘zaro muvofiq tarzda
shakllantira borish sportchining texnik tayyorgarligiga ijobiy ta’sir etadi (V.P. Filin, J.K.
Xolodov, V.S. Kuznesov, M.A. Godik., 2011: 160)
Jismoniy tayyorgarlik va xususan sportchilarni tayyorlashda, harakat sifatlarini
(tezkorlik, kuch, chidamkorlik, chaqqonlik, egiluvchanlik) bir-biriga bog‘lab
shakllantirish muhimligi haqida borar ekan, bu borada tezkor-kuch sifatiga alohida urg‘u
berish maqsadga muvofiqdir. Sakrovchanlik va sakrash chidamkorligini rivojlantiruvchi
mashqlarni tanlash o‘yin davomida qo‘llaniladigan texnik malakalar (zarba berish, to‘siq
qo‘yish va h.k.) xususiyatga qarab amalga oshirish zarur bo‘ladi (Былеева Л.В., 2012:
224)
A.M. Naraliyev vertikal sakrash misolida malakali voleybolchilarning tezkorlikkuchlilik sifatini “zarbdor” uslubda rivojlantirish imkoniyati afzal ekanligini ko‘rsatib
o‘tgan. Uning fikricha “portlovchi” kuchni rivojlantirishda ushbu uslubdan foydalanish
yaxshi natija beradi, lekin bunday mashg‘ulotlarni musobaqadan 10-12 hafta avval 3
martadan o‘tkazib turish lozim (Верхошанский Ю.В. 2001: 330)
Chan Suan Dong o‘z tadqiqotlariga asoslangan holda shuni ma’lum qiladiki,
voleybolchilarning o‘yin samarasini ta’minlovchi maxsus jismoniy tayyorgarlik
davrining barcha bosqichlarida ikki omil bilan belgilanadi: tezkorlik-kuchlilik
tayyorgarligi va tayyorgarlikning aralash omili (tezkorlik va tezkorlik chidamkorligi). I
bosqichda ularning ulushi 83,3% ga teng. Bunda tezkorlik-kuchlilik tayyorgarligi birinchi
o‘rinda tursa, tezkorlik tayyorgarligi ikkinchi o‘rinda bo‘lishi kerak (Chan Suan Dong,
2017: 123)
E.A. Sergeev fikriga ko‘ra, tayyorgarlikning dastlabki bosqichida tananing
uzunligidan tashqari, sakrovchanlik va chaqqonlik sifatlari ko‘rsatkichlari o‘ta muhim
hisoblanadi. Keyingi usullarni chaqqonlik bilan bajarish va o‘yin davomida voleybolchini
tezlik bilan joy o‘zgartirishni yaqindan ta’minlaydi. O‘yin ketayotgan bir jarayonda
favqulodda har xil vaziyatlar paydo bo‘lib qoladiki, bu vaziyatlar o‘yinchini to‘siq
qo‘yishda va zarba berishda tez va aniq fikrlanishini talab qiladi (Xolodov. J.K., E.A.
Sergeev 2002:200)
TADQIQOT METADOLOGIYASI
Ushbu uslub yordamida mavzu yo‘nalishi doirasiga mansub ilmiy va uslubiy
manbalar o‘rganildi. O‘rganilganlik darajasi aniqlandi. Sakrovchanlik ko‘nikmalarining
shakllanishida boshqa jismoniy sifatlarning ahamiyati ochib berildi. Sakrash turlarini
rivojlantirishda turdosh yoki maxsus moslashtirilgan harakatli o‘yinlardan foydalanish
afzalligi e’tirof etildi. Adabiyotlar tahliliga asosan sakrovchanlik sifati nafaqat
voleybolda, balki boshqa qator sport o‘yinlari turlarida ustuvor ahamiyatga ega ekanligi
qayd etildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Barcha jismoniy sifatlarning bir-biriga chambarchas bog‘liqligi azaldan isbot
qilingan. Bir sifatni rivojlantirish natijasida ozmi yo ko‘pmi ikkinchi bir sifat ham
rivojlana boradi. Masalan, kuchni rivojlantirish ma’lum darajada tezkorlikni ham
rivojlantiradi yoki aksincha, tezkorlikni rivojlantirish kuchni shakllantiradi. Bunday holat
ilmiy adabiyotlarda “sifatlarning ko‘chishi” deb ataladi. Shunday ekan, bir sifatning uzoq
muddatli va samarali namoyish etilishi boshqa sifatlarning shakllanganlik darajasi bilan
belgilanishi muqarrar.
Yuqorida qayd etilganidek, voleybolda sakrash qobiliyati deyarli barcha o‘yin
usullarini ijro etishda muhim rol o‘ynaydi. Aynan shuning uchun ham voleybol
to‘garaklarida faoliyat ko‘rsatayotgan ayrim murabbiylar ushbu o‘yin usullarini o‘rgatish
jarayonining barcha bosqichlarida shakllantirish zarur deb fikr bildiradilar. Ammo
tajribali trener-o‘qituvchilar psixofiziologik va biomexanik qonuniyatlarga asoslangan
holda murakkab o‘yin usullarini ham erta yoshlikdan boshlash muhimligiga e’tibor
berishadi.
Zamonaviy sport amaliyotidan ma’lumki, sportning gimnastika, akrobatika, batut
ustida sakrash, suvga sakrash turlari bo‘yicha shug‘ullanayotgan bolalar 5-6 yoshidayoq
nihoyatda murakkab mashqlarni bajarishadi. Demak, yuqorida qayd etilgan fikr haqiqatga
loyiqdir.
Ana shuning uchun ham voleybol \ga xos sakrash turlarini yosh voleybolchilarda
o‘rganish tadqiqotimizning bosh maqsadi sifatida tanlangan edi.
Buning uchun 6 oylik pedagogik tajriba o‘tkazildi. Tajribaga nazorat va tajriba
guruhlari jalb qilingan bo‘lib, birinchi guruh odatdagi an’anaviy mashg‘ulotlarda ishtirok
etishdi, ikkinchi guruh mashg‘ulotlarida esa 2 bobda batafsil izohlab berilgan maxsus
o‘yin mashqlari muntazam qo‘llanildi.
Ikki guruhda ham tadqiqot tajribadan avval va tajriba tugaganidan so‘ng o‘tkazildi.
Vertikal sakrash va yugurib diagonal sakrash samaradorligi quyidagi test natijalari
yordamida baholandi. Olingan natijalar 2-jadvalda keltirilgan.
Jadvaldan shu narsa ko‘zga tashlanadiki, tajribadan avval barcha testlar bo‘yicha
olingan ko‘rsatkichlar ikki guruh shug‘ullanuvchilarida ham bir-biridan deyarli keskin
farq bilan ifodalanmadi. Binobarin, bunday holat tajribada ishtirok etgan barcha
shug‘ullanuvchilar jismoniy jihatdan nisbatan bir xil tayyorgarlikka ega ekanliklaridan
dalolat beradi.
Devor oldida to‘siq qo‘yish tartibida joydan vertikal sakrash nazorat guruhida
tajribadan avval 19,6 sm ni tashkil etgan bo‘lsa, tajriba guruhida ushbu ko‘rsatkich 20 sm
ga teng bo‘ldi. BO‘SMlarga mo‘ljallangan dastur bo‘yicha sport maktabiga qabul
qilinayotgan 10 yoshli bolalar eng kamida 30-24 sm, 11 yosh – 32-27 sm, 12 yosh – 34-
29 sm ni tashkil etishi kerak (Yu.D. Jeleznyak, K.A. Shves, N.V. Dolinskaya).
Yosh voleybolchilarda to‘siq qo‘yishga xos sakrash sifatini o‘yin mashqlari
yordamida shakllantirish samaradorligi
Test sinovlari Guruhlar Tajribadan Tajribadan
avval keyin
Joydan vertikal sakrash (sm) NG 19,6 22,2
TG 20,0 28,4
O‘ngga bir qadam siljib sakrash NG 18,4 20,6
(sm) TG 17,8 25,2
Chapga bir qadam siljib sakrash NG 20,4 23,6
(sm) TG 21,0 30,4
Yugurib kelib vertikal-diagonal NG 28,6 30,4
sakrash TG 29,0 36,4
Izoh: NG – nazorat guruhi
TG – tajriba guruhi
To‘g‘ri, ushbu dasturda qayd etilgan sakrash testi erkin holatdan, qo‘llar bilan faol
yordam berish asosida bajarilishi ko‘zda tutilgan. Devorga yaqin turib, to‘siq qo‘yish
taqlidini bajarib, sakrashda qo‘llarning yordami chegaralanadi. Ehtimol, shuning uchun
ham bizning tadqiqotimizda qayd etilgan ko‘rsatkichlar ancha past natijalar bilan
ifodalangan.
Pedagogik tajriba davomida nazorat guruhida o‘tkazilgan an’anaviy mashg‘ulotlar
va shu mashg‘ulotlarda qo‘llanilgan standart mazmunli mashqlar 6 oy davomida to‘siq
qo‘yishga xos sakrash qobiliyatini juda sust rivojlanganligi kuzatildi. Chunonchi, ushbu
guruh bolalarida joydan vertikal sakrash tajribadan avval 19,6 sm ni tashkil etgan bo‘lsa,
tajriba muddati tugaganidan so‘ng bu ko‘rsatkich 22,2 sm bilan ifodalangan. Sakrash
qobiliyatini ng o‘sish farqi 2,6 sm ni tashkil etdi, xolos. Sakrovchanlikning bunday
shakllanishi tabiiy, ya’ni biologik taraqqiyot bilan bog‘liq bo‘lishi ham mumkin.
O‘ngga bir qadam siljib sakrash tajribadan avval 18,4 sm, tajribadan keyin 20,6 sm
ga teng bo‘ldi. O‘sish farqi 2,2 sm.
Chapga bir qadam siljib sakrash muvofiq ravishda 20,4 sm va 23,6 sm bilan
ifodalangan. O‘sish farqi 3,6 sm.
Tajriba guruhida qayd etilgan ko‘rsatkichlar dinamikasi sakrash qobiliyatini jadal
shakllanganligiga e’tibor qaratadi. Masalan, joydan vertikal sakrash ushbu guruhda
tajribadan avval 20,0 sm, tajriba yakunida 28,4 sm. O‘sish farqi 8,4 sm.
O‘ngga bir qadam siljib sakrash 17,8 sm va 25,2 sm ga teng bo‘ldi. O‘sish farqi 7,4
sm.
Chapga bir qadam siljib sakrash esa 21,0 sm va 30,4 sm ni tashkil etdi. O‘sish farqi
9,4 sm.
Yuqorida qayd etilgan ko‘rsatkichlarning qiyosiy tahlilidan shunday to‘xtamga
kelish mumkinki, tajriba guruhida qo‘llanilgan maxsus sakrash (to‘siq qo‘yishga xos)
elementlaridan iborat o‘yinsimon mashqlar mazkur qobiliyatni samarali shakllantirish
“kuchiga” ega ekan.
O‘ngga va chapga bir qadam siljib to‘siq qo‘yish ko‘nikmasiga asoslangan sakrash
natijalari yana bir muhim masalani aniqlash imkonini berdi. Jumladan, test topshirish
davomida barcha tajriba ishtirokchilari “o‘naqay” xususiyatga ega ekanligi ko‘zga
tashlandi. Lekin, shunday bo‘lsa-da, o‘ngga bir qadam siljib sakrash ko‘rsatkichlari
chapga bir qadam siljib sakrash ko‘rsatkichlaridan kam miqdorni tashkil etdi. Demak,
“o‘naqay” xususiyatga ega bolalar o‘ng tomonga siljib sakrashlarida natijalar yuqori
bo‘lmasligi ehtimol qilinishi mumkin. Bu borada uzil-kesil xulosa qilish uchun bunday
testlar asosida maxsus tadqiqotlar o‘tkazish zarur bo‘ladi.
Zamonaviy voleybolda 1998-yilda ushbu o‘yin qoidalarining keskin o‘zgarishi,
xususan hujum chiziqlarining yon chiziqlardan 175 sm ga kesim chiziqlar bilan davom
ettirilishi orqali zonalardan hujum zarbalarini ijro etish ustuvorligiga olib keldi.
Boshqacha qilib aytganda, orqa zonalardan shiddatli va samarali zarba berish uchun
voleybolchi hujum zonalarini chegaralovchi chiziqni bosmasdan balandga ham vertikal,
ham diagonal yo‘nalishda sakrab zarba berishlari odat tusiga kirib ketdi. Ishonch bilan
aytish mumkinki, agar voleybolchi qanchalik baland va diagonal sakrash ko‘nikmasini
yaxshi o‘zlashtirgan bo‘lsa, shunchalik uning hujum zarbasi samarali bo‘ladi.
Diagonal sakrab shiddat bilan hujum zarbasini ijro etish nisbatan murakkab
ko‘nikma hisoblanadi. Shunday ekan, diagonal sakrash asosida zarba berish usuli
qanchalik erta yoshdan shakllantirilib borilsa, shunchalik uni o‘zlashtirish imkoniyati
yuqori bo‘ladi. Ammo so‘rov natijalaridan aniqlandiki, sport to‘garaklarida yosh
voleybolchilarni tayyorlash jarayonida diagonal sakrash qobiliyatini maqsadli
shakllantirishga umuman jiddiy e’tibor qaratilmas ekan.
Biz o‘z tadqiqotimizda yugurib kelib vertikal-diagonal sakrash sifatini turli o‘yin
mashqlari yordamida shakllantirish imkoniyatlarini o‘rgandik (2-jadval). Jadvaldan shu
narsa ko‘zga tashlanadiki, pedagogik tajribadan avval olingan natijalar ikki guruhda ham
sezilarli farq bilan ifodalanmaganligidan dalolat beradi. Chunonchi, yugurib kelib
vertikal-diagonal sakrash nazorat guruhida 28,6 sm, tajriba guruhida 29 sm ni tashkil etdi.
Lekin, 6 oy davomida an’anaviy mazmunli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangan nazorat
guruhida va eksperimental mazmunli mashg‘ulotlar bilan shug‘ullangan tajriba guruhida
vertikal-diagonal sakrash qobiliyati turlicha dinamik yo‘nalishda o‘zgardi. Jumladan,
nazorat guruhida ushbu qobiliyatni ifodalovchi ko‘rsatkich 28,6 sm dan 30,4 sm ga
yaxshilangan bo‘lsa, tajriba guruhida bu ko‘rsatkichlar 29,0 sm dan 36,4 sm gacha o‘sdi.
O‘sish farqi nazorat guruhida 0,8 sm ni, tajriba guruhida 7,4 sm ni tashkil etdi. Demak,
ishonch bilan ta’kidlash mumkinki, tajriba guruhi mashg‘ulotlarida 6 oy davomida
muntazam qo‘llanilgan sakrash elementlaridan iborat maxsus o‘yin mashqlari ushbu
qobiliyatni samarali shakllantirish salohiyatiga ega ekan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Mavzu yo‘nalishiga doir adabiyotlar, ilmiy-uslubiy ma’lumotlar, so‘rovnoma
natijalari, tadqiqot va pedagogik tajriba materiallarining qiyosiy tahlili quyidagi xulosa
hamda amaliy tavsiyalarni e’tirof etish imkoniyatini yaratdi:
1. Zamonaviy voleybolda sakrash qobiliyati nihoyatda dolzarb ahamiyat kasb etib
bormoqda. Voleybolchilar tayyorlash amaliyotida sakrovchanlik turlarini samarali
shakllanishi ustuvor jihatdan boshqa jismoniy sifatlarni rivojlangan bo‘lishiga bog‘liq
ekanligi o‘z ifodasini topdi. Deyarli barcha o‘yin usullarini ijro etish samaradorligi
ustuvor jihatdan sakrash qobiliyatiga bog‘liqligi nazariy va ilmiy ma’lumotlarga
asoslanganligi yoritildi.
2. So‘rovnoma natijalari shuni ko‘rsatdiki, yosh voleybolchilarni tayyorlash
amaliyotida, ayniqsa maktab voleybol to‘garaklarida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlarda
sakrovchanlik qobiliyatini rivojlantirishga jiddiy e’tibor qaratilmasligi aniqlandi.
Aksariyat respondentlarning (60-100%) fikrlariga qaraganda tayyorgarlik jarayonida
sakrash, sakrovchanlik sifatlari mohiyati va mazmunini ifodalovchi nazariy bilimlar
berilmasligi, ushbu sifatni shakllantirishda noan’anaviy mashqlardan foydalanish,
sakrovchanlikni nazorat qilish masalalariga urg‘u berilmasligi ayon bo‘ldi.
3. Nazorat guruhida qo‘llanilgan an’anaviy mazmunli mashg‘ulotlar hatto uzoq
muddat davomida sakrash turlari, umuman sakrovchanlik sifatini jadal shakllantirish
qudratiga ega emasligi o‘z tasdig‘ini topdi.
4. Tajriba guruhida sinab ko‘rilgan maxsus ishlab chiqilgan sakrash elementlaridan
iborat o‘yin mashqlari to‘siq qo‘yishga xos sakrovchanlikni jadal shakllantirish kuchiga
ega ekan. Jumladan, 6 oy davomidagi o‘sish farqi 8,4 sm dan 9,4 sm gacha yetdi. Nazorat
guruhida esa bunday farq 2,6 sm dan 3,8 sm gacha bo‘lgan miqdorni tashkil etdi. Yugurib
kelib vertikal-diagonal sakrash nazorat guruhida 0,8 sm ga, tajriba guruhida 7,4 sm ga
o‘sganligi qayd etildi.
5. Olingan natijalar, qo‘llanilgan test mashqlari, sinovdan o‘tkazilgan sakrash
elementlaridan iborat maxsus o‘yin mashqlari yosh voleybolchilar amaliyotiga joriy
etilishi iqtidorli voleybol zaxiralarini tayyorlash sur’atini kuchaytirishi shubha
uyg‘otmaydi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Olimpiya
turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi PQ-336-sonli Qarori.
2. Айрапетьянц Л.Р. Волейбол. (2006) Учебник для высших учебных
заведений. Т.: Zar qalam - 240.
3. Айрапетьянц Л.Р., Годик М.А. (2011) Спортивные игры. Т.: Ибн Сино -160.
4. Ayrapetyans L.R., Pulatov A.A., Isroilov Sh.X. (2009) Voleybol. Oliy o’quv
yurtlari umumiy kurs talabalari uchun o’quv qo’llanma. T– 77 b.
5. Беляев А.В., Булкин М.В, (2004) Прыжковая подготовка волейболистов в
подготовительном периоде на основе анализа их соревновательной деятельности
ТипПФК-230.
6. Былеева Л.В., Коротков И.М. (2012) Подвижные игры // Учебное пособиу
для ИФК. М., ФиС-224 с.
7. Верхошанский Ю.В. (2001) Основы специальной физической подготовки
спортсменов. М- 330.
8. Годик М.А. (1993) Контроль тренировочных и соревновательных нагрузок.
М.: Физкультура и спорт – 136.
9. Годик М.А. (2006) Физическая подготовка футболистов. М.: Терра-Спорт-
272 с.
10. Железняк Ю.Д., Айрапетьянц Л.Р., Пименов М.П., Кунянский В.А. (2000)
Массовый волейбол (обучение, соревнования, судейство) Т.: Ибн Сино – 144.
11. Железняк Ю.Д., Ивойлов А.В. (1999) Волейбол Учебник для ИФК. М.,
ФиС-239.
12. Железняк Ю.Д., Портнов Ю.М. (2004) Спортивные игры: Техника, тактика,
методика обучения: Учебник. М., Академия-520 с.
REFERENGES:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 29-iyuldagi “Olimpiya
turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-336-sonli Qarori. (In
Uzbek)
2. Ayrapetyants L.R. (2006). Voleyybol. Oliy o‘quv yurtlari uchun darslik. T.: Zar
qalam – 240 b. (In Russian)
3. Ayrapetyants L.R., Godik M.A. (2011). Sport o‘yinlari. T.: Ibn Sino – 160 b. (In
Russian)
4. Ayrapetyans L.R., Pulatov A.A., Isroilov Sh.X. (2009). Voleyybol. Oliy o‘quv
yurtlari umumiy kurs talabalari uchun o‘quv qo‘llanma. T. – 77 b. (In Uzbek)
5. Belyayev A.V., Bulkin M.V. (2004). Voleyybolchilarning tayyorgarlik davrida
sakrash tayyorgarligi ularning musobaqa faoliyatini tahlil qilish asosida. TipPFK – 230
b. (In Russian)
6. Byleyeva L.V., Korotkov I.M. (2012). Harakatli o‘yinlar. IFK uchun o‘quv
qo‘llanma. M.: FiS – 224 b. (In Russian)
7. Verkhoshanskiy Yu.V. (2001). Sportchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligi
asoslari. M. – 330 b. (In Russian)
8. Godik M.A. (1993). Mashg‘ulot va musobaqa yuklamalarini nazorat qilish. M.:
Fizkultura i sport – 136 b. (In Russian)
9. Godik M.A. (2006). Futbolchilarning jismoniy tayyorgarligi. M.: Terra-Sport –
272 b. (In Russian)
10. Jeleznyak Yu.D., Ayrapetyants L.R., Pimenov M.P., Kunyanskiy V.A. (2000).
Ommaviy voleyybol (o‘qitish, musobaqalar, hakamlik). T.: Ibn Sino – 144 b. (In Russian)
11. Jeleznyak Yu.D., Ivoylov A.V. (1999). Voleyybol. IFK uchun darslik. M.: FiS
– 239 b. (In Russian)
12. Jeleznyak Yu.D., Portnov Yu.M. (2004). Sport o‘yinlari: Texnika, taktika,
o‘qitish metodikasi. Darslik. M.: Akademiya – 520 b. (In Russian)