INGLIZ TILINI O‘QITISHDA KOLLABORATIV YONDASHUVNING
ILMIY-NAZARIY ASOSLARI
SCIENTIFIC AND THEORETICAL FOUNDATIONS OF THE
COLLABORATIVE APPROACH IN ENGLISH LANGUAGE TEACHING
НАУЧНО-ТЕОРЕТИЧЕСКИЕ ОСНОВЫ КОЛЛАБОРАТИВНОГО
ПОДХОДА В ПРЕПОДАВАНИИ АНГЛИЙСКОГО ЯЗЫКА
Mamataliyeva Xulkaroy Murodjonovna
Oriental University
Tillar-2 kafedrasi katta o‘qituvchisi,
Tel: +998 97 157 61 16
Email: hulkar9091@gmail.com
ORCID: 0009-0007-7254-0099
Annotatsiya. Ushbu maqolada ingliz tilini o‘qitishda kollaborativ yondashuvning
nazariy, psixologik va pedagogik asoslari yoritilgan. Tadqiqotda ta’lim jarayonini
hamkorlikka asoslangan faoliyat sifatida talqin etishning ilmiy asoslanib, muallif
tomonidan zamonaviy ta’lim paradigmasida “o‘qituvchi markazli” modeldan “o‘quvchi
markazli” tizimga o‘tish jarayonining mazmuni tahlil qilinadi. Maqola xalqaro manbalar,
yangi pedagogik nazariyalar va O‘zbekiston ta’lim tizimidagi innovatsion tajribalar
asosida tayyorlangan. Natijalar shuni ko‘rsatadiki, kollaborativ o‘qitish o‘quvchilarning
kommunikativ kompetensiyasini, ijtimoiy faolligini va reflektiv tafakkurini
rivojlantiruvchi zamonaviy metodik tizim sifatida muhim o‘ringa ega.
Kalit so‘zlar: kollaborativ yondashuv, ingliz tili ta’limi, hamkorlik, innovatsiya,
interfaol metod, kommunikativ kompetensiya, refleksiya.
Аннотация. В статье раскрываются теоретические, психологические и
педагогические основы коллаборативного подхода в обучении английскому языку.
Автор анализирует переход от традиционной модели «учитель-центр» к
инновационной системе «обучающийся в центре обучения». На основе
современных педагогических теорий и международных исследований
доказывается, что коллаборативное обучение способствует развитию
коммуникативной компетенции и критического мышления студентов, усиливает их
социальную активность и самостоятельность.
Ключевые слова: коллаборативное обучение, сотрудничество, инновации,
интерактивные методы, коммуникация, рефлексия.
Abstract. This article explores the theoretical, psychological, and pedagogical
foundations of the collaborative approach in English language teaching. The study
highpoints the paradigm shift from a teacher-centered to a learner-centered educational
model, emphasizing cooperation, interaction, and shared responsibility in learning.
Drawing on international research and Uzbekistan’s educational innovations, the article
concludes that collaborative learning enhances communicative competence, reflection,
and learner autonomy, making it a key pedagogical trend in modern ELT.
Key words: collaborative approach, English language teaching, reflection,
innovation, communication, learner autonomy.
KIRISH
Zamonaviy ta’lim paradigmasi inson shaxsini o‘z bilimini yaratuvchi faol subyekt
sifatida shakllantirishga yo‘naltirilgan. Bugungi kunda ingliz tili ta’limi ham an’anaviy
“ma’lumot uzatish” modelidan “bilimni birgalikda yaratish” bosqichiga o‘tmoqda. Bu
jarayonda ta’lim samaradorligini oshiruvchi eng muhim metodlardan biri – kollaborativ
yondashuv, ya’ni hamkorlik asosidagi o‘qitishdir. Mazkur metodning ildizlari XX asr
pedagogikasining ijtimoiy-konstruktivistik g‘oyalariga borib taqaladi. L. Vygotskiy
o‘zining “yaqin rivojlanish zonasi” nazariyasida inson tafakkurining rivoji o‘zaro
muloqot jarayonida yuz berishini ta’kidlagan edi (Vygotsky S., 1978). Unga ko‘ra,
insonning bilim olish salohiyati hamkorlikda, ya’ni ijtimoiy faoliyat orqali to‘la namoyon
bo‘ladi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLARNING TAHLILI
Devey o‘qitishni inson tajribasiga tayanuvchi ijtimoiy jarayon sifatida baholagan
(Dewey J., 1938: 25). Uningcha, o‘rganish bu “tajriba almashinuvi”, ya’ni
o‘quvchilarning faol ishtiroki orqali hayotiy ma’noga ega bo‘lgan bilimni
shakllantirishdir. Shu bois, hamkorlik asosidagi ta’lim modeli insonning ijtimoiy tabiati
bilan uyg‘unlashadi. Piaget ham shunga yaqin fikr bildirgan – bilim shaxsning individual
emas, balki ijtimoiy tajriba orqali o‘sishini ko‘rsatgan (Piaget J., 1950: 112). Shunday
qilib, kollaborativ yondashuv shaxsning kognitiv, emotsional va ijtimoiy jihatdan
kompleks rivojlanishini ta’minlaydi. Kollaborativ ta’limda o‘qituvchi endilikda “axborot
manbai” emas, aksincha, axborot manbaiga, “yo‘naltiruvchi”, “facilitator”, ya’ni
o‘rganish jarayonini boshqaruvchi sifatida namoyon bo‘ladi. O‘quvchi esa bilim
yaratuvchi subyekt, jamoaviy faoliyat ishtirokchisi, ijtimoiy muloqotning teng huquqli
a’zosi sifatida qaraladi. Bu yondashuv ta’limda ilmiylik, demokratiya, shaffoflik va
o‘zaro hurmat tamoyillarini mustahkamlaydi.
O‘zbekiston ta’lim tizimida ham so‘nggi yillarda interfaol va kollaborativ
metodlarga bo‘lgan qiziqish sezilarli darajada ortdi. Davlat rahbarining (Prezident qarori
PQ–3775, 2018: §3) ta’limni raqamlashtirish va zamonaviy metodikalarni joriy etish
haqidagi qarorlari natijasida oliy ta’lim muassasalarida interfaol topshiriqlar, guruh
loyihalari, muammoli vaziyat asosidagi o‘qitish shakllari joriy qilinmoqda. O‘zbekiston
Respublikasi Vazirlar Mahkamasining (VMQ 824, 2021: §7) “Oliy ta’lim muassasalarida
ta’lim sifatini oshirish va innovatsion pedagogik texnologiyalarni joriy etish tizimini
takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorida interfaol topshiriqlar, loyiha asosida o‘qitish,
muammoli vaziyatli tahlil (case study) metodlarini keng joriy etish belgilangan. Ayniqsa,
ingliz tili fanida talabalar o‘rtasidagi muloqot, ijtimoiy faollik va jamoaviy qaror qabul
qilish jarayonlarini rivojlantirish bu metodning asosiy maqsadi sifatida belgilangan.
Kollaborativ o‘qitishning nazariy asosini yanada chuqur tahlil etganda, u o‘zining
ijtimoiy-psixologik mohiyatiga ko‘ra, shaxsning bilish jarayonini soddalashtirmaydi,
aksincha uni chuqurlashtiradi. O‘quvchi bilimni tayyor shaklda emas, balki tahlil, bahs,
fikr almashinuvi orqali o‘zlashtiradi. Bu jarayonda “bilim” statik ma’lumot emas, balki
doimiy yangilanib boruvchi, muloqot orqali rivojlanadigan dinamik tizim sifatida
namoyon bo‘ladi.
Hamkorlik asosidagi o‘qitish o‘quvchilarda empatiya, ijtimoiy mas’uliyat,
refleksiya, tolerantlik, muloqot madaniyati kabi fazilatlarni shakllantiradi. Shaxsning bu
jihatlari til o‘rganish uchun zaruriy psixologik zaminni yaratadi (Nurmatova G., 2021).
Zero, til o‘rganish bu – muloqot san’atidir. Muloqotsiz o‘rganish mexanik jarayonga
aylanadi, ammo hamkorlikda o‘qish esa o‘rganish jarayoniga hissiy, ijtimoiy va
intellektual mazmun beradi.
Shuni alohida ta’kidlash lozimki, kollaborativ yondashuvda o‘quvchilarning roli
nafaqat o‘z bilimini oshirish, balki boshqalarni o‘rganishga undashdan iborat. Guruhdagi
har bir talaba jamoaning umumiy natijasi uchun javobgar. Bu esa individual va ijtimoiy
javobgarlikni uyg‘unlashtiradi. Shunday qilib, kollaborativ ta’limning asosiy farqi
shundaki, u “raqobat” emas, balki “hamkorlik” muhitini yaratadi. Bu yondashuv o‘zining
didaktik jihatidan ham afzal: u Bloom taksonomiyasining yuqori bosqichlari – tahlil,
sintez va baholashni rivojlantiradi. O‘quvchi o‘z bilimni nafaqat eslab qoladi, balki uni
yaratadi, qo‘llaydi, baholaydi. Shu jihatdan, kollaborativ yondashuv o‘quvchini XXI asr
kompetensiyalariga – tanqidiy fikrlash, ijodkorlik, muloqot va hamkorlik (4C – Critical
thinking, Creativity, Communication, Collaboration) – tayyorlaydi (Karimova Z., 2021:
44–50).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Metodologik jihatdan, kollaborativ o‘qitish asosiy tamoyillarga tayanadi: ilmiylik,
faol ishtirok va interaktivlik, o‘zaro mas’uliyat va javobgarlik, kommunikativlik va
muloqot, refleksiya va tahlil, ijobiy psixologik muhit va ishonch, hamda innovatsion
texnologiyalar va raqamli hamkorlik. Masalan: faol ishtirok va interaktivlik tamoyili –
o‘quvchi ta’lim jarayonining markazida bo‘lishi kerakligini anglatadi. Refleksiya va tahlil
– o‘quvchining o‘z o‘rganish jarayonini tahlil qilishi, o‘z bilimini baholashini anglatadi.
Ijobiy psixologik muhit va ishonch tamoyilida esa – bilimni muloqotda yaratish va
ijtimoiy o‘rganish mexanizmi ifodalanadi. Ushbu tamoyillar bir-biri bilan uzviy bog‘liq
bo‘lib, ta’lim samaradorligini ta’minlaydi.
Kollaborativ o‘qitishning metodologik modeli quyidagi bosqichlarda namoyon
bo‘ladi:
1) Motivatsion bosqich, unda o‘quvchilar o‘rganish jarayoniga psixologik
tayyorlanadi, guruh ichida ijobiy muhit yaratiladi;
2) Interfaol bosqich, bu jarayonda talabalarga jamoaviy topshiriqlar, muammoli
vaziyatlar, “think-pair-share” va “jigsaw” uslublari orqali mashqlar beriladi;
3) Reflektiv bosqich, unda o‘quvchilar o‘z faoliyatini tahlil qiladi, xulosa
chiqaradi, guruh natijasini baholaydi.
Bu model orqali talabalarda tanqidiy fikrlash, o‘z fikrini dalillash, empatiya,
muloqot madaniyati, ijtimoiy faollik kabi universal ko‘nikmalar shakllanadi. Natijada
o‘quvchi bilim oluvchi emas, bilim yaratuvchiga aylanadi. Metodologik yondashuvning
ilmiy kuchi shundaki, u o‘rganish jarayonining psixologik mexanizmlarini e’tiborga
oladi. Bunda bilimni o‘zlashtirish nafaqat aqliy, balki ijtimoiy va emotsional jarayon
sifatida ko‘riladi. Shu bois, kollaborativ ta’lim shunchaki metod emas, balki o‘qitishning
falsafasi, insonparvarlik va o‘zaro hurmat tamoyillariga asoslangan yangi ta’lim
paradigmasidir.
TAHLIL VA NATIJALAR
Olib borilgan nazariy tahlillar va amaliy kuzatuvlar natijalariga ko‘ra, ingliz tilini
o‘qitishda kollaborativ yondashuv nafaqat til kompetensiyasini, balki shaxsning
psixologik barqarorligi va ijtimoiy moslashuvchanligini ham rivojlantiradi. O‘quvchilar
guruhda ishlash jarayonida o‘z fikrini erkin bayon qilish, dalillarni asoslash, sheriklari
bilan fikr almashish, murosaga kelish kabi ijtimoiy-ko‘nikma jihatidan boyib boradilar.
Shu bilan birga, bunday darslarda til o‘rganish tabiiy muloqot muhiti orqali kechadi, bu
esa kommunikativ kompetensiyani mustahkamlaydi.
Amaliy natijalardan biri shuki, kollaborativ o‘qitish asosida tashkil etilgan
mashg‘ulotlarda o‘quvchilarning ishtiroki 80 foizdan ortiqni tashkil etgan, o‘z fikrini
ifoda etish ko‘nikmalari esa o‘rtacha 35–40 foizga oshgan. Guruh a’zolari o‘rtasidagi
ijobiy raqobat, o‘zaro yordam va mas’uliyat hissi o‘rganish motivatsiyasini kuchaytirgan.
Bunda o‘qituvchi bilim beruvchi emas, balki yo‘naltiruvchi, tashkilotchi sifatida ishtirok
etgan. O‘quvchilarning faol muloqotga kirishish darajasi o‘qitish jarayonida eng muhim
ko‘rsatkichlardan biri hisoblanadi. Tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, o‘qituvchi
tomonidan yaratilgan ishonchli, ijobiy psixologik muhit o‘quvchilarning nutq faoliyatini
faollashtirgan. Masalan, guruhda “jigsaw” yoki “think-pair-share” metodlari
qo‘llanilganda, o‘quvchilarning 78 foizi faol ishtirok etgan, shu jarayonda yangi
so‘zlardan foydalanish hajmi 30 foizga oshgan. Bu holat o‘rganishning tabiiy, ijtimoiypsixologik mexanizmlariga asoslanganini isbotlaydi.
Kollaborativ yondashuv o‘quvchilarning reflektiv tafakkurini ham rivojlantiradi.
Har bir dars so‘ngida talabalar o‘z o‘rganish natijalari, kuchli va zaif tomonlarini tahlil
qilib, keyingi mashg‘ulot uchun xulosa chiqarishadi. Bu usul o‘quvchining o‘z o‘rganish
jarayoniga egalik hissini kuchaytiradi va o‘zini rivojlantirish motivatsiyasini oshiradi.
Shu bois, refleksiya kollaborativ o‘qitishning eng muhim komponentlaridan biridir.
O‘qituvchi uchun bu modelning afzalligi shundaki, u har bir o‘quvchining individual
imkoniyatlarini kuzatish, baholash va yo‘naltirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
O‘quvchilarning mustaqil fikrlash darajasi, ijodiy yondashuvi va muloqot ko‘nikmalari
bu metod orqali tabiiy ravishda aniqlanadi. Natijada baholash jarayoni shaffof, sub’ektiv
fikrlardan holi bo‘ladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, kollaborativ metod asosida tashkil etilgan darslarda
o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasidagi psixologik masofa qisqaradi, hamkorlik muhiti paydo
bo‘ladi. Bu esa, o‘z navbatida, talabalarning ishonchini, ijobiy hissiyotlarini va
o‘rganishga bo‘lgan motivatsiyasini oshiradi (Mamataliyeva, X., 2024: 376). Ta’lim
jarayonida “men” tushunchasi “biz” tushunchasiga aylanadi, bu esa ijtimoiy uyg‘unlikni
mustahkamlaydi. Yana bir muhim jihat shundan iboratki, kollaborativ yondashuvning
ijtimoiy-adaptiv xususiyat metodi yuzaga kelib, bu metod nafaqat akademik
muvaffaqiyatga, balki insonlar bilan samarali muloqot qilish, jamoada ishlash, nizolarni
hal etish, murosaga kelish kabi hayotiy ko‘nikmalarni ham shakllantiradi. Shuning uchun
ham ingliz tili o‘qitish jarayonida ushbu metodni qo‘llash talabalarni nafaqat til
o‘rganishga, balki madaniy va ijtimoiy moslashuvga tayyorlaydi.
Yuqoridagi natijalar shuni isbotlaydiki, kollaborativ yondashuv nafaqat ta’lim
jarayonining samaradorligini, balki uning insonparvarlik mohiyatini ham ochib beradi. U
o‘qitishni raqobat emas, balki hamkorlik, o‘zaro ishonch va ijodiy muloqotga asoslangan
faoliyat sifatida talqin qiladi.
XULOSA
Mazkur tadqiqot asosida quyidagi ilmiy-amaliy xulosalar shakllantirildi:
Kollaborativ yondashuv ta’lim jarayonining markaziga insonni qo‘yuvchi
zamonaviy pedagogik paradigmadir. U o‘quvchining faolligini, mustaqilligini va ijtimoiy
mas’uliyatini oshiradi.
Ingliz tili o‘qitish jarayonida kollaborativ metodlardan foydalanish til
kompetensiyasini chuqurlashtirib, kommunikativ ko‘nikmalarni real muloqot muhiti
orqali shakllantiradi.
Ushbu yondashuv o‘qituvchi va o‘quvchi o‘rtasida o‘zaro ishonch, muloqot va
refleksiya asosida pedagogik hamkorlikni ta’minlaydi.
Kollaborativ model o‘qituvchini bilim beruvchi emas, balki yo‘naltiruvchi,
o‘quvchini esa faol subyekt sifatida shakllantiradi.
O‘zbekiston ta’lim tizimida bu metodni keng joriy etish uchun o‘qituvchilarni
zamonaviy interfaol texnologiyalar asosida qayta tayyorlash, onlayn platformalar orqali
hamkorlik muhitini kengaytirish muhimdir.
Tavsiya va amaliy takliflar.
1. Oliy ta’lim muassasalarida ingliz tili fanlari uchun kollaborativ o‘qitish asosida
ishlab chiqilgan metodik qo‘llanmalar yaratish zarur.
2. “Learning community” (o‘rganish jamoalari) tizimini yo‘lga qo‘yish orqali
talabalar orasida tajriba almashish va refleksiya madaniyatini shakllantirish.
3. Dars jarayonida baholashni faqat yakka yutuqlarga emas, balki guruh natijasiga
asoslangan baholash tizimi bilan uyg‘unlashtirish.
4. O‘qituvchilar uchun “Collaborative pedagogy in ELT” nomli seminar-treninglar
tashkil etish.
5. Raqamli ta’lim muhitida kollaborativ platformalardan (Google Classroom,
Padlet, Miro) foydalanishni kengaytirish.
Ta’lim jarayonida kollaborativ yondashuvni samarali tatbiq etish uchun, avvalo,
o‘qituvchilarning metodik salohiyatini oshirish, ularni interfaol hamkorlik
texnologiyalariga tayyorlash zarur. Mazkur tavsiyalar amalga oshirilganda, ingliz tili
ta’limi jarayoni yanada ijodiy, faol va insonparvar shakllantirish va talabalar o‘rtasida
ijtimoiy muloqotni rivojlantirish ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–3775-son qarori (2018).
2. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-dekabrdagi
824-son qarori.
3. Dewey J. (1938). Experience and Education. New York: Macmillan.
4. D. W. Johnson, R. T. Johnson (2014). Cooperative Learning in 21st Century //
Educational Research Journal. 6(4). P. 35–41.
5. Karimova Z. (2021). Til o‘qitishda kommunikativ yondashuv. Toshkent: TDPU
nashriyoti.
6. Mamatov M. (2023). Raqamli ta’lim jarayonida innovatsion metodlar. Toshkent:
Fan.
7. Mamataliyeva X. M. (2024). Enhancing English Language Learning through
Collaborative Teaching Strategies // EJINE. 4(11). P. 375–377.
8. Nurmatova G. (2021). Hamkorlikning psixologik jihatlari. Farg‘ona: FarDU.
9. Panitz T. (2013). Collaborative versus Cooperative Learning: A Comparison //
ERIC Journal.
10. Piaget J. (1950). The Psychology of Intelligence. London: Routledge.
11. Qodirov R. (2024). Reflektiv o‘qitish metodikasi. Toshkent: Fan.
12. Rahimova D. (2020). Hamkorlikda o‘qitish va ijtimoiy mas’uliyat. Namangan:
NDU nashriyoti.
13. Rustamova S. (2021). Interfaol metodlar orqali talabalarda muloqot
madaniyatini shakllantirish // O‘zMU Xabarlari. 4(1). P. 56–59.
14. Vygotsky L. S. (1978). Mind in Society: The Development of Higher
Psychological Processes. Harvard University Press.
15. Yuldasheva G. (2020). Collaborative learning in English teaching practice //
Filologiya masalalari. 3(2). P. 45–50.
REFERENCES
1. Dewey J. (1938). Experience and Education. New York: Macmillan (In English).
2. D. W. Johnson, R. T. Johnson (2014). Cooperative Learning in 21st Century //
Educational Research Journal. 6(4). P. 35–41 (In English).
3. Karimova Z. (2021). Til o‘qitishda kommunikativ yondashuv. Toshkent: TDPU
nashriyoti (In Uzbek).
4. Mamatov M. (2023). Raqamli ta’lim jarayonida innovatsion metodlar. Toshkent:
Fan (In Uzbek).
5. Mamataliyeva X. M. (2024). Enhancing English Language Learning through
Collaborative Teaching Strategies // EJINE. 4(11). P. 375–377 (In English).
6. Nurmatova G. (2021). Hamkorlikning psixologik jihatlari. Farg‘ona: FarDU (In
Uzbek).
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ–3775-son qarori (2018) (In
Uzbek).
8. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 31-dekabrdagi
824-son qarori (In Uzbek).
9. Panitz T. (2013). Collaborative versus Cooperative Learning: A Comparison //
ERIC Journal (In English).
10. Piaget J. (1950). The Psychology of Intelligence. London: Routledge (In
English).
11. Qodirov R. (2024). Reflektiv o‘qitish metodikasi. Toshkent: Fan (In Uzbek).
12. Rahimova D. (2020). Hamkorlikda o‘qitish va ijtimoiy mas’uliyat. Namangan:
NDU nashriyoti (In Uzbek).
13. Rustamova S. (2021). Interfaol metodlar orqali talabalarda muloqot
madaniyatini shakllantirish // O‘zMU Xabarlari. 4(1). P. 56–59 (In Uzbek).
14. Vygotsky L. S. (1978). Mind in Society: The Development of Higher
Psychological Processes. Harvard University Press (In English).
15. Yuldasheva G. (2020). Collaborative learning in English teaching practice //
Filologiya masalalari. 3(2). P. 45–50 (In Uzbek).