MARKAZIY OSIYODA QADIMGI DAVR KO‘CHMANCHI VA
O‘TROQ XALQLARNING SIYOSIY, IQTISODIY HAMDA MADANIY
MUNOSABATLARI
ПОЛИТИЧЕСКИЕ, ЭКОНОМИЧЕСКИЕ И КУЛЬТУРНЫЕ
ОТНОШЕНИЯ МЕЖДУ КОЧЕВЫМИ И ОСЕДЛЫМИ НАРОДАМИ В
ДРЕВНЕЙ ЦЕНТРАЛЬНОЙ АЗИИ
POLITICAL, ECONOMIC, AND CULTURAL RELATIONS BETWEEN
NOMADIC AND SETTLED PEOPLES IN ANCIENT CENTRAL ASIA
https://zenodo.org/records/19260656
Djurayev Ikrom Nematovich
Guliston davlat pedagogika instituti
Tarix kafedrasi dotsenti
tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel.: +998 97-902-20-81
E-mail: ikromgdu@mail.ru
Annotatsiya. Markaziy Osiyoda qadimgi davrda ko‘chmanchi chorvador va
o‘troq dehqon xalqlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni tahlil
qiladi. Tadqiqotda ikki xil xo‘jalik turining o‘zaro bog‘liqligi, mehnat taqsimoti va
iqtisodiy almashinuv (chorva mahsulotlari bilan dehqonchilik va hunarmandchilik
buyumlari ayirboshlash) asosiy o‘rin tutadi. Ko‘chmanchilar yaylovlar yetishmasligi,
qurg‘oqchilik va demografik omillar tufayli o‘troq vohalarga bosqinlar uyushtirgan
bo‘lsa-da, tinch savdo, karvonsaroy va bozorlar orqali aloqalar kuchaygan. Sirdaryo
bo‘yi va tog‘oldi hududlarda statsionar manzilgohlar, shaharlar vujudga kelishi,
Andronovo, Srubnaya, Chust, Burg‘uliq kabi madaniyatlar shakllanishi bu jarayonni
tasdiqlaydi. Ko‘chmanchilar o‘troqlashib, dehqonchilik va hunarmandchilik bilan
shug‘ullangan, natijada urbanizatsiya va davlatchilik (masalan, Yuechji-Kushon,
Parfiya) rivojlangan. Tabiiy-geografik omillar (cho‘l, dasht va voha) va ekologik
inqirozlar migratsiya va o‘zgarishlarga sabab bo‘lgan. Ikki guruh bir-birisiz normal
hayot kechira olmagan, ularning integratsiyasi Markaziy Osiyo tsivilizatsiyasining
asosini tashkil etgan.
Kalit so‘zlar: ko‘chmanchi chorvador, o‘troq aholi, cho‘l sivilizatsiyasi, xonaki
chorvachilik, yaylov chorvachiligi, andronovo madaniyati, srub madaniyati, statsionar
manzilgoh, mozorqo‘rg‘on, ko‘chmanchi – yuechji.
Abstract. The article analyzes the political, economic, and cultural relations
between nomadic pastoralists and sedentary agricultural peoples in ancient Central
Asia. The study emphasizes the interdependence of the two economic systems, the
division of labor, and economic exchange (the barter of livestock products for
agricultural and handicraft goods). Although nomadic groups launched raids on
sedentary oases due to insufficient pastures, droughts, and demographic pressures,
peaceful interactions were strengthened through trade, caravanserais, and markets. The
emergence of stationary settlements and cities along the Syr Darya River and foothill
zones, as well as the formation of cultures such as Andronovo, Srubnaya, Chust, and
Burgulyk, confirm this process. Nomads gradually became sedentary, engaging in
agriculture and crafts, which contributed to urbanization and the rise of statehood (for
example, the Yuezhi-Kushan and Parthian states). Natural-geographical factors
(deserts, steppes, and oases) along with ecological crises triggered migrations and
transformations. The two groups could not sustain normal life without each other; their
integration formed the foundation of Central Asian civilization.
Key words: nomadic cattle breeding, sedentary population, desert civilization,
domestic cattle breeding, cattle breeding, Andronovo culture, Srubnaya culture,
stationary settlement, Mazar-Kurgan, Yuezhi nomads.
Аннотация. В статье анализируются политические, экономические и
культурные отношения между кочевыми скотоводами и оседлыми
земледельческими народами в древней Центральной Азии. Исследование
подчеркивает взаимозависимость двух хозяйственных укладов, разделение труда
и экономический обмен (бартер продукции скотоводства на
сельскохозяйственные и ремесленные товары). Хотя кочевники совершали
набеги на оседлые оазисы из-за нехватки пастбищ, засух и демографического
давления, мирные связи укреплялись через торговлю, караван-сараи и рынки.
Возникновение стационарных поселений и городов вдоль Сырдарьи и в
предгорьях, а также формирование культур Андроновской, Срубной, Чустской и
Бургалыкской подтверждают этот процесс. Кочевники постепенно оседали,
занимаясь земледелием и ремеслами, что способствовало урбанизации и
становлению государственности (например, юэчжийско-кушанское и
парфянское государства). Природно-географические факторы (пустыни, степи и
оазисы) и экологические кризисы вызывали миграции и трансформации. Две
группы не могли вести нормальную жизнь друг без друга; их интеграция
составила основу центральноазиатской цивилизации.
Ключевые слова: кочевое скотоводство, оседлое население, пустынная
цивилизация, домашнее скотоводство, скотоводство, Андроновская культура,
Срубная культура, стационарное поселение, мазаркурган, кочевники-юэчжи.
KIRISH
O‘rta Osiyo xalqlari qadimgi tarixining dolzarb muammolaridan biri ko‘chmanchi
chorvador va xo‘jaligi asosi dehqonchilik bo‘lgan o‘troq aholining o‘zaro
munosabatlari masalasidir. Ushbu masalani tahlil qilishda, dehqonchilik va
chorvachilik sohasidagi yutuqlar, o‘troq manzilgohlarning paydo bo‘lishi va ularning
shaharlarga aylanishi kabi tarixiy jarayonlarni hisobga olish zarur. Ma’lum bir hududda
o‘troq va ko‘chmanchi aholining o‘zaro munosabatlarini tahlil qilishda, bu ikki xil
xo‘jalik turining qaysi biri, qaysi davrda yetakchi rol o‘ynaganligini, jamiyat
taraqqiyotida ulardan qay biriga qachon moyillik kuchli bo‘lganligini va
“ko‘chmanchilikdan shaharlar sari” shakldagi asosiy fikrning qanchalik to‘g‘ri talqin
etilishini e’tiborga olish zarur. U ko‘pchilikni tashkil etadigan ko‘chmanchi
chorvachilik ustun bo‘lgan bir sharoitda, aholi bir qismining o‘troqlashib dehqonchilik,
hunarmandchilik va savdo bilan shug‘ullanishi natijasida shaharlar sonining ortishiga
sabab bo‘lishi kabi konsepsiyaga tayangan (Массон В.М. 1989: 90-93).
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Markaziy Osiyoda qadimgi davrda ko‘chmanchi chorvador va o‘troq dehqon
xalqlar o‘rtasidagi siyosiy, iqtisodiy va madaniy munosabatlarni o‘rganishda
adabiyotlarning tahlili ko‘chmanchilik va o‘troqlikning o‘zaro ta’siri, migratsiya
jarayonlari, xo‘jalik ixtisoslashuvi va urbanizatsiya masalalarini qamrab oladi.
Tadqiqotlar asosan arxeologiya, etnografiya va tarixiy antropologiya yo‘nalishlarida
rivojlangan.
Sovet davri olimlari (Руденко С.И., 1961) ko‘chmanchi va o‘troq aholini yagona
etnik jamoa sifatida ko‘rib, chorvachilik va dehqonchilik elementlarining aralashuvini
ta’kidlaydi. Rudenko ishlarida geografik omillar va ekologik sharoitlarning xo‘jalik
o‘zgarishlariga ta’siri batafsil tahlil qilingan.
V.M. Masson (1989) ko‘chmanchilar va qadimgi sivilizatsiyalarning
dinamikasini tahlil qilib, ko‘chmanchilikdan shaharlashuvga o‘tish jarayonini
ta’kidlaydi. Uning konsepsiyasi mavzuning asosiy g‘oyasiga mos keladi: ko‘chmanchi
chorvachilikning ustunligi o‘troq aholi bilan munosabatlarda shaharlarning paydo
bo‘lishiga sabab bo‘lgan.
L.M. Levina (1971) Sirdaryo bo‘yidagi keramika va manzilgohlarni o‘rganib,
cho‘l va tog‘ vodiylarida ko‘chmanchilarning statsionar manzilgohlari mavjudligini
qayd etadi. Bu ish mavzuning arxeologik bazasini mustahkamlaydi.
Zamonaviy tadqiqotlarda K.M. Baypakov (2008) shahar va dasht o‘rtasidagi
munosabatlarni, sak va usunlardagi o‘troqlik va dehqonchilikni yoritadi.
Baypakovning yondashuvi mehnat taqsimoti va iqtisodiy bog‘liqlikni ta’kidlaydi.
Mahalliy olimlar M.X. Pardayev (1995, 2006) Ustrushona va Jizzax vohasi
tarixini o‘rganib, ko‘chmanchilikning o‘rta asrlar urbanizatsiyasiga ta’sirini tahlil
qiladi. I. Djurayev (2019, 2021) bronza davri munosabatlari va chorvador qabilalar
migratsiyasini ekologik va demografik omillar asosida tadqiq qiladi.
Adabiyotlarning umumiy tahlili shuni ko‘rsatadiki, mavzu sovet arxeologiyasidan
(Akishev, Masson, Levina) zamonaviy tadqiqotlarga (Djurayev, Pardayev, Baypakov)
o‘tgan bo‘lib, ko‘chmanchi va o‘troq munosabatlarni antagonistik emas, balki
integratsion jarayon sifatida ko‘radi. Biroq, bosqinlar, ekologik inqirozlar va
migratsiya masalalari hali ham bahsli bo‘lib qolmoqda va keyingi tadqiqotlar uchun
asos yaratadi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotda ko‘chmanchi chorvador va o‘troq aholi o‘rtasidagi ijtimoiy, iqtisodiy
va xo‘jalik aloqalarining tarixi va etnogenez masalalari tarixiy asoslarini o‘rganishda
xolislik tamoyiliga amal qilinib, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil, umumlashtirish, tarixiy
tahlil hamda xronologik yondashuv kabi ilmiy usullardan foydalanildi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Ko‘chmanchi va o‘troq dehqon aholining o‘zaro aloqalarini o‘rganishda yagona
etnik jamoaga mansub bo‘lgan, sof ko‘chmanchilarning ba’zi guruhlarida chorvachilik
bilan birga o‘troqlik va dehqonchilik elementlari mavjud bo‘lganligini hisobga olish
zarur (Руденко, 1961:5-9). Dehqon aholisi bilan chorvadorlar o‘rtasidagi farq mavjud
sharoitdan kelib chiqib, ma’lum bir guruh aholining o‘troq hayot tarziga o‘tishi bilan
yo‘qolib borgan yoki aksincha holatlar ham kuzatilgan. Biroq, ma’lum bir hududdagi
ba’zi o‘zgarishlarga qaramay Yevrosiyo aholisining xo‘jaligida o‘troq dehqonchilik
katta ahamiyat kasb etib, dehqonchilik vohalarida urbanizatsiya jarayonlari kuchayib
borgan.
“Cho‘l sivilizatsiyasi” dinamikasiga e’tibor qaratib, uning taraqqiyotidagi
ko‘chmanchilikdan shaharlashuvga va qabila ittifoqlaridan davlatchilik sari borgan
bosqichlarni ko‘rish mumkin. Bunda dehqonchilik va chorvachilikning tarkib topish
bazasi, jamiyatning ijtimoiy bo‘linishi, savdo va hunarmandchilikning paydo bo‘lishi,
etnik birlikning tarkib topishi, kuchli boshqaruv hokimiyatiga asos solinishi, yagona
mafkura, yozuv, diniy udum va tasavvurlarning yoyilishi kabilar muhim rol o‘ynagan.
Sirdaryo bo‘yi va unga tutashib ketgan cho‘l va tog‘ landshaftlari o‘zining
geografik xususiyati bilan ko‘chmanchi chorvachilik va o‘troq dehqonchilik
xo‘jaligining aralash holda rivojlanishini ta’minlagan. U yoki bu xo‘jalikning ko‘proq
taraqqiy etishi o‘sha joyning tabiiy xususiyatiga bog‘liq bo‘lgan. Buning oqibatida ikki
xil xo‘jalik, janubda va g‘arbda dehqonchilik, shimol va sharqda esa chorvachilik
intensiv rivojlanib borgan. So‘ngi bronza va ilk temir davriga kelib, Farg‘ona
vodiysidagi Chust, Eylatan, Sho‘robashat madaniyatlariga o‘xshash, Burg‘uliq,
Qovunchi va O‘tror – Qoratov madaniyatlari shakllana boshlagan. Ikkinchi tomondan
esa Avesto yashtlari va Eron bitiklarida ta’kidlangan ko‘chmanchi chorvadorlarning
xo‘jaligi tarkib topgan. Bu chorvador qabilalar hamisha O‘rta Osiyoning janubiga
ko‘chmanchilar ta’sirini yoyuvchi maqomida bo‘lishgan (Пардаев, 2005:68). Sirdaryo
bo‘yi arxeologik madaniyati bu erdagi tarixiy-geografik, xo‘jalik-madaniy va etnik
belgilarning shakllanishini o‘zida aks ettirgan. Bu qaysidir bir vaqtda butun aholining
harakatchan ko‘chmanchi chorvachilikka, keyinchalik esa ma’lum tabiiy va ijtimoiy
omillar tufayli o‘troq dehqonchilikka o‘tish holatini ko‘rsatadi. Ko‘chmanchi
chorvachilikning kelib chiqishi va o‘troqlikkacha bo‘lgan taraqqiyot bosqichlari, tabiiy
geografik va ekologik holat, ijtimoiy-iqtisodiy omillar va siyosiy vaziyatga bog‘liq
holda juda murakkab kechgan. Yevrosiyo aholisi ma’lum qismining o‘troq
dehqonchilikdan ko‘chmanchi chorvachilikka (yoki aksincha) yoppasiga o‘tishi
to‘g‘risidagi fikrlarga qo‘shilib bo‘lmaydi. Haqiqiy ko‘chmanchilar hamisha harakatda
(ko‘chib yurishda) bo‘lishgan.
Ba’zi geografik omillargina ularning u yoki bu darajada o‘troq aholi bilan aloqada
bo‘lishiga sabab bo‘lgan (Руденко 1967. S. 10). Ko‘chmanchilar va o‘troq aholi tinch
munosabatlarining buzilishiga bir qancha sabablar bo‘lgan.
Birinchidan, ko‘chmanchilar hech kim egallamagan, o‘zlashtirilmagan dasht va
cho‘llar bo‘ylab harakat qilishgan, vaqt o‘tishi bilan o‘zlashtirilmagan erlarning kam
qolishi, chorvani ekin erlariga haydashga ham sabab bo‘lgan. O‘troq va ko‘chmanchi
aholining yaylov, o‘tloq va ekinzorlarga bo‘lgan qiziqishi ular o‘rtasidagi
to‘qnashuvlarga asosiy sabab bo‘lgan. Bu chorvani va o‘z hayotini saqlash bilan
bog‘liq iqtisodiy manfaatdorlik edi. Bunday holat nafaqat ko‘chmanchilar va o‘troq
aholi o‘rtasidagi balki ko‘chmanchilarning o‘zlari o‘rtasida ham sodir bo‘lgan. Bu
qabilalar imkon qadar harbiy bosqinchilik yurishlaridan tiyilishga harakat qilgan
(Mirzaahmedov, Odilov, Pardaуev, 2000. 56 b.). Biroq, ko‘chmanchilarning harbiy
ittifoqlari ularni bunday bosqinlarda ishtirok etishlariga majbur etgan.
Ikkinchidan, an’anaviy ko‘chmanchi tarzidagi ekstensiv xo‘jalik qo‘shimcha
bosqinlar uyushtirishni ham taqozo etgan. Bunga, ba’zi paytlardagi qurg‘oqchilik yoki
qishning me’yordan ortiq sovuq bo‘lishi va cho‘zilishi natijasida chorvaning qirilib
ketishi sabab bo‘lgan. Qahatchilik yillarida Dashti Qipchoq ko‘chmanchi chorvachilik
tarzda xo‘jalik yuritish, uzluksiz qurg‘oqchiliklar, doimo sodir bo‘lib turadigan
demografik portlashlar, harbiy ittifoqlarga qo‘shilish va o‘troq vohalarga yurish,
yaylovlar yetishmasligi natijasidagi ijtimoiy-siyosiy tanglik, ijtimoiy-siyosiy va
iqtisodiy omillar yashash uchun so‘nggi umid – o‘troq vohalarga yurish edi. Bu
ahvolga tushgan ko‘chmanchilar o‘z jonini saqlash uchun, yirik xonlarga tobelik
bildirib, yetakchi ittifoqchilar madadida, qo‘shni hududlar va o‘troq vohalar tomon
harakatlana boshlashgan. Ko‘chmanchilar tomonidan uyushtirilgan ko‘pgina yurishlar
nafaqat o‘troq vohaga, balki ularning o‘zlari ustiga ham bo‘lgan.
Uchinchidan, o‘troq vohalarga yurish ko‘chmanchilarning emas, balki harbiy
birlashmalarning harakati edi. S.A. Pletnevaning yozishicha, yurishlarga hamisha
iqlim sharoitining noqulay kelishi va demografik portlashlar sabab bo‘lgan (Плетнева
С.А., 1982:117). Yirik chorvadorlarning ko‘plab xotin va farzandlari bo‘lib, ularni
ham chorva, yaylov va yangi yashash hududlar bilan ta’minlash zarur edi. Aholining
muntazam suratda ko‘payishi yangi yerlarga kelib joylashishni yuzaga keltirgan. Bu
ko‘chmanchilarning yangi yerlarga kelib joylashishi holati ko‘chmanchilikning yo‘q
bo‘lishi degani emas, balki, yashashga yangicha moslashuvdir. Yana shunga
qo‘shimcha iqtisodiy va siyosiy inqiroz davrida ko‘chmanchilarning yoppasiga o‘troq
aholiga aylanishi hamdir. Shu tarzda, chorvaning qirilishi natijasida, oziq-ovqat va
hunarmandchilik mahsulotlarining etishmasligi sababli, bir necha guruh aholining
xo‘jalik yuritish shakllarini o‘zgartirishi sodir bo‘ladi. Yangi ko‘chmanchilar yoki
o‘troqlashganiga ko‘p bo‘lmagan ko‘chib kelganlar o‘zlarining dashtdagi qarindosh
qabilalari bilan aloqa bog‘lab, yangi hududdagi savdo va siyosiy ishlarda imtiyozli rol
o‘ynay boshlaydi. Chegaralardagi bunday vositachilik yoki o‘tkazuvchanlik ikki xil
xo‘jalik vakillarining aloqalarini kuchaytiradi. Ikki tomon uchun ham boshqa xil
ko‘pgina (mavsumiy) shakllarni qabul qilishga imkon beradi. Ko‘chmanchilar bo‘sh
paytlari vohalarga kelib dala faoliyatida o‘z ishchi kuchlarini sotishi ham mumkin
bo‘lgan. Ayriboshlashning bosh manbai (puli) chorva hisoblangan. Ko‘plab chorva
mahsulotlari o‘troq vohalarga keltirib sotilgan. Dehqon aholi hamisha chorvachilik
mahsulotlariga(go‘sht, yog‘, jun va jundan to‘qilgan buyumlar, teri va h.) kuchli
ehtiyoj sezardi. O‘z navbatida, o‘troq voha ustalari tomonidan tayyorlangan ip-
gazlama, kiyim-kechak, xo‘jalik buyumlari va dehqonchilik mahsulotlari (bug‘doy, un,
meva-sabzavot va h.k.)ga dashtda hamisha talab katta bo‘lgan.
Chorvador va dehqon aholining o‘zaro mol ayriboshlashi odatda ko‘chmanchi va
o‘troq aholining chegara hududi bo‘ylab kechgan. Bu erdagi karvonsaroy, yarmarka va
bozorlar doimo gavjum bo‘lib, savdo qizg‘in amalga oshgan. Bunday joylarda yirik
aholi punktlari, madaniyat o‘choqlari bunyod etilgan. Shu asosda Sirdaryoning o‘rta
va quyi qismida ko‘plab shaharlar vujudga kelgan. Qadimda O‘rta Osiyoda o‘troq va
ko‘chmanchi aholini qamrab olgan (birlashtirgan) yagona iqtisodiy tizim
(konfederatsiya) bo‘lgan.
Ba’zi xollarda ko‘chmanchilik bilan shug‘ullangan xalqlar o‘troq aholi tomonidan
barpo qilingan davlatlarga yarim qaram holda kirib, ma’lum majburiyatlarni olgan
bo‘lsa-da (masalan, harbiy yordam), ba’zi hollarda esa, ko‘chmanchi–chorvadorlar
vodiylarni bosib olib, u yerlarda o‘z hukmronliklari ostida yirik davlatlar tuzganlar.
Ko‘chmanchi-chorvachilik bilan shug‘ullangan Parnlar qabilasiga hukmronlik qilgan
arshakiylar sulolasiga asos solgan Parfiya davlati, Turk va Qang‘ xoqonligi
hukmronligi davrida dehqonchilik vohalarida tashkil topgan davlatlarni misol o‘rnida
keltirish mumkin. Xuddi shunday holat Baqtriyada ham yuz beradi. Bu erda
ko‘chmanchi– yuechjilar mahalliy xalqlarni bo‘ysundirib Kushon davlatini tuzganlar.
Tadqiqotlardan ma’lumki, ko‘chmanchilarda bir kishining yashash ta’minoti uchun
dehqon aholiga qaraganda ko‘proq yer talab qilingan. Ko‘chmanchi aholi yashashi
uchun jon boshiga 1,5 desyatina yer kerak bo‘lsa, dehqon aholi jon boshiga hatto u
yerdan primitiv foydalanganda ham 0,78 desyatina yer zarur bo‘lgan. Ya’ni,
ko‘chmanchilarga dehqon aholiga qaraganda yer ikki baravar ko‘p talab qilingan.
O‘rtacha chorvador oilaning 24-25 ta oti bo‘lsa, shu miqdordagi ot uchun 2-3 km. kv
yaylov kerak bo‘lgan (Кшибеков, 1980:124). Doimiy ko‘chishlar oldidan o‘tli joylar
ko‘p bo‘lishi uchun, ko‘chmanchilar bir-biridan 10-15 km uzoqlikda joylashgan va
o‘zlariga ma’lum hududlarni bo‘lib olishgan.
Ko‘chmanchi chorvachilikda ishlab chiqaruvchi kuchlar faqat tabiiy
imkoniyatlar, chorvaning mahsuldor turlarini yaratish, mehnat qurollarini
takomillashtirish va yaylovlarni kengaytirishlar hisobiga oshirilgan. Bu xo‘jalikdagi
ishlab chiqarish kuchlarini rivojlantirishga bo‘lgan qiziqish, tinimsiz ko‘chishlarni
taqozo etgan. Ba’zi olimlar, ko‘chmanchilarning harakatchan tabiatiga qarab, ular
hamisha o‘zlarining qo‘shnilariga tazyiq o‘tkazib kelgan deb ta’kidlaydi To‘g‘ri,
ko‘chmanchi-chorvadorlar va o‘troq dehqonlar o‘rtasidagi munosabatlar doimo ham
silliq kechavermagan. Ular o‘rtasida ishchi kuchi, ishlab chiqarish va mahsulot
taqsimoti ustidan hukmronlik o‘rnatish uchun urushlar ham bo‘lib turgan.
Ko‘chmanchi xalqlarning yashash tarzi va jamiyat tuzilishini tahlil qiladigan bo‘lsak,
ular tabiati bosqinchilik yurishlari uyushtirishga mos emas. Bunday yurishlar faqat
yaylovlar uchun bo‘lishi mumkin. Feodal-patriarxal tarzidagi ko‘chmanchi
chorvadorlar uchun yer va chorva eng muhim hisoblangan. Biroq ko‘chmanchilarning
asosiy yashash tarzi chorvaga bog‘liq. Kimning chorvasi ko‘p bo‘lsa, u yaylovlarning
egasi bo‘lardi. Shuning uchun yer uchun kurash xususiy chorvani saqlash va
ko‘paytirish uchun bo‘lgan (Сулейманов, 1989:67). Ular asrlar mobaynida chorvani
saqlash va mahsuldorligini oshirish borasida, ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritib, yashash
uchun qulay imkoniyatlar yaratishdi.
Insoniyat sanoatlashgan davrgacha butunlay yoki ma’lum tarzda tabiiy sharoitga
qaram bo‘lgan va bu holat xo‘jalik turi va uning rivojlanishini ta’minlagan. Qanchalik
qadimiylikka borgan sari, geografik omillar, kishilarning jamiyat va xo‘jalik
taraqqiyoti va madaniyatida hal qiluvchi rol o‘ynaganligini kuzatamiz Aynan,
Yevrosiyo cho‘llaridagi tabiiy sharoit ko‘chmanchi chorvadorlarning xo‘jalik yuritish
shakli va uning bosqichlarini yuz yilliklar mobaynida – yangi davrgacha saqlanib
qolishi va yetib kelishini ta’minladi. Faqat o‘ziga xos tabiiy sharoitlar, “Qadimgi
Sharqda”, daryo va tog‘ oldi hududlaridagi unumdor vohalarda ilk dehqonchilikning
taraqqiy topishi va jamiyatning baravj rivojiga sabab bo‘lgan.
Sirdaryo bo‘yida mavsumiy yaylovlar ko‘p. Bulardan qishda – cho‘lli mintaqa,
yozda o‘tloqlar (yaylov) mintaqasidan almashinib foydalanilgan. Shuningdek, tog‘oldi
hududlarda xashak jamg‘arib, uy chorvachiligi bilan ham shug‘ullanilgan. Qadimgi
Sirdaryo bo‘yi hududida o‘rganilgan ko‘plab ko‘chmanchilarga mansub
manzilgohlarda yashash va xo‘jalik yuritish uchun qurilgan inshootlar, kichik tog‘li
daryolardan keltirilgan irrigatsiya qoldiqlari, chorva qo‘ralari, shuningdek,
dehqonchilik bilan bog‘liq bronza o‘roq, tosh motiga, yero‘choq, kichik tog‘ daryolari
asosidagi irrigatsiya qoldiqlari o‘rganilgan. L.M. Levina tadqiqotlarida cho‘l va
dashtliklardan tog‘ vodiylariga almashinadigan joylarda ko‘chmanchilarning statsionar
manzilgohlari qayd qilingan (Левина Л.М., 1971:214). O‘rta Sirdaryo bo‘ylarida ham
aholi o‘troqlashuvi va yuksak rivojlangan shahar madaniyatiga asos solinishi aynan
yuqoridagi xususiyatlar bilan mos keladi. Hududdan topilgan ko‘plab manzilgohlar va
shahar qoldiqlari asosan, tabiiy himoyalangan dehqonchilik vodiylari bilan cho‘l
mintaqasi chegarasida, anhorlar va savdo yo‘llari bo‘yiga yaqin joylarda ko‘payib
boradi.
K.A. Akishev Yettisuvdagi Besshatir mozorqo‘rg‘onlarini o‘rganishda
yog‘ochdan yasalgan sag‘anaga duch kelib, qabr yasashdagi statsionar uylarga xos
alomatlarni aniqlagan. Bunga tayanib, Ettisuv sak va usunlari sovuq kunlarini
statsionar qishloqlarda o‘tkazgan va ular faqat chorvador bo‘lmagan degan fikrga
keladi (Акишев К.А., 1970:72-78). Orolbo‘yi saklari ham yuqori darajadagi
quruvchilik san’atiga ega bo‘lib, ular murakkab irrigatsiya tarmoqlari, shuningdek,
qishloq va shaharlar ham bunyod etishgan (Толстов, 1960:139-184).
Ko‘chmanchilar hamisha dehqonchilik va ovchilik bilan shug‘ullanib kelgan.
Ma’lumki, ko‘chmanchilarning katta qismi qishlovlarda yotadi (yotoq) ba’zida
kiyimlari ham o‘troq aholiga xos ko‘rinishda bo‘lgan. Mintaqadagi, antik va ilk o‘rta
asrlarga oid ko‘plab manzilgohlar qishlov ovullari, statsionar manzilgohlar,
hunarmandchilik rivojlangan yirik markaz (poselenie)lar ekanligi ma’lum bo‘ldi.
Atrofi sahrolardan iborat bo‘lgan bu aholi manzilgohlari va shaharlarni mahsulot bilan
ta’minlash qiyin edi. Odam omili resurslarining atrofda yo‘qligi sababli, kuchli siyosiy
hokimiyatning yemirilishi bilan bu manzilgohlar ham inqirozga yuz tutgan.
Shuningdek, suv balansining buzilishi ham manzilgohlarning yo‘q bo‘lib ketishiga
yoki aholining boshqa joyga ko‘chib o‘tishiga olib kelgan. O‘rganilgan yodgorliklar
taqdiri haqida to‘g‘ridan-to‘g‘ri bunday xulosa chiqarish ham to‘g‘ri emas.
Aytilganidek, bu manzilgohlar ko‘chmanchi va dehqonchilik vohalari
chegaralarida paydo bo‘lganligidan ular uchun zarur mahsulotlar savdo aloqalari orqali
keltirilgan. Faqat u yoki bu sabab orqali qurilgan, savdo aloqalari esa bu shaharlarga
hayot bag‘ishlagan. Ikkala tomon o‘rtasidagi aloqalarning buzilishi esa ularning
inqiroziga sabab bo‘lgan (Джураев И., 2019:658-661). Bu holat ko‘chmanchilar
uchun ham taalluqli. Ko‘chmanchilar dashti va dehqonchilik vohasi tutashib ketadigan
hududda joylashgan G‘ulbo mozorqo‘rg‘onlarida ko‘plab ko‘chmanchilar moddiy
madaniyatiga taalluqli ashyolar bilan birgalikda shahar hunarmandlari tomonidan
yuksak did bilan yasalgan sopol idishlarning ham uchrashi fikrimizni tasdiqlaydi
(Джураев И., 2021: 225).
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa qilib aytganda, O‘rta Osiyo sharoitida iqtisodiyotning uzluksiz rivoj
topishi faqat o‘ziga xos mehnat taqsimoti va ikki xil xo‘jalik yurituvchi aholi madaniy
aloqalari faoliyatining integratsiyalashuvi bilan belgilanadi. Ikki tomon ham bir -birisiz
normal hayoti faoliyat ko‘rsata olmagan. Ko‘chmanchilar madaniy taraqqiyoti esa,
asosan ularning uzluksiz o‘troqlashib borishi bilan xarakterlanadi.
Ko‘chmanchilarning yozgi yaylovlari qishlovlaridan qancha uzoq bo‘lmasin, baribir
ular qishloqlarida ko‘p vaqt o‘tkazgan. Bu ularning o‘troqlikka o‘tishi va dehqonchilik
bilan shug‘ullanishiga, o‘rta asrlarda urbanizatsiya jarayonlarining kuchayishi va
shaharlar paydo bo‘lishiga imkon yaratgan. Ular faoliyati tufayli, tog‘, tog‘oldi, dasht
va cho‘l hududlari hech qachon bo‘shab qolmagan.
Demak, bunday qabilalar cho‘l va dashtlardan to, uzoq shimoldagi o‘rmonlarining
janubiy qismi-taygagacha, ya’ni qayerdaki chorva uchun qulay joylarda yashab, u
yerlardagi mavjud imkoniyatlarni ishlab chiqarishga jalb qilishgan va bu orqali dunyo
sivilizatsiyasi taraqqiyotiga o‘z hissalarini qo‘shib kelishgan.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Акишев К.А. О возникновении оседлости и земледелия у древних усуней
Семиречья// По следам древних культур Казахстана. Алма–Ата, 1970.
2. Акишев К.А., Кушаев Г.А.Древняя культура саков и усуней долины р.
Или. Алма–Ата, 1964.
3. Байпаков К.М. Город и степь в древности: оседлость и земледелие у саков
и усуней Жетысу // Культура номадов Центральной Азии. Самарканд, 2008.
4. Вернадский В.И. Философские мысли натуралиста. М., 1988.
5. Джураев И. Mиграционний процес Центрально Азиатских
скотоводческих племен на юг //традицийни та инновацийни пидходи до
наукових дослиджень. – 2021. – С. 225.
6. Djuraev I. On the question of the relationship of the population of the steppes
Eurasia and Central Asia in the bronze age //Theoretical & Applied Science. – 2019. –
№. 11. – С. 658-661.
7. Левина Л.М Керамика нижней и средней Сырдарьи в первой половине
первого тысячелетия н.э. М., Наука, 1971.
8. Массон В.М. Номады и древние цивилизации: динамика и типология//
Взаимодействие кочевых культур и древних цивилизаций. Алма-Ата, Наука,
1989.
9. Мирзааҳмедов Ж., Одилов Ш., Пардаев М., Мақсудов Р. Қазилтепа
қадимиятидан лавҳалар. А.Қодирий номидаги Халқ меъроси нашриёти.
Ташкент, 2002.
10. Пардаев М.Х. Северо–западная Уструшана в эпоху раннего
средневековья (по материалам нижнего течения Сангзара) // Автореф. дисс. канд.
ист. наук. Ташкент, 1995.
11. Пардаев М.Х. Жиззах воҳаси қадим ва ўрта асрлар тарихини
ўрганишнинг истиқболлари ва муаммолари. Тошкент, 2006.
12. Sheraliyevich K. O. et al. The Role of Studying the History of Irrigated
Farming Culture in the Work of Yahya Ghulomov //Naturalista Campano. – 2024. – Т.
28. – №. 1. – С. 1735-1740.
REFERENCES:
1. Akishev K.A. O vozniknovenii osedlosti i zemledeliya u drevnix usuney
Semirechya// Po sledam drevnix kultur Kazaxstana. Alma–Ata, 1970. (In Russian)
2. Akishev K.A., Kushayev G.A.Drevnyaya kultura sakov i usuney dolini r. Ili.
Alma–Ata, 1964. (In Russian)
3. Baypakov K.M. Gorod i step v drevnosti: osedlost i zemledeliye u sakov i
usuney Jetisu // Kultura nomadov Sentralnoy Azii. Samarkand, 2008. (In Russian)
4. Vernadskiy V.I. Filosofskiye misli naturalista. M., 1988. (In Russian)
5. Djurayev I. Migratsionniy protses Sentralno Aziatskix skotovodcheskix
plemen na yug //traditsiyni ta innovatsiyni pidxodi do naukovix doslidjen. – 2021. – S.
225. (In Russian)
6. Djuraev I. On the question of the relationship of the population of the steppes
Eurasia and Central Asia in the bronze age //Theoretical & Applied Science. – 2019. –
№. 11. – S. 658-661.
7. Levina L.M Keramika nijney i sredney Sirdari v pervoy polovine pervogo
tisyacheletiya n.e. M., Nauka, 1971. (In Russian)
8. Masson V.M. Nomadi i drevniye sivilizatsii: dinamika i tipologiya//
Vzaimodeystviye kochevix kultur i drevnix sivilizatsiy. Alma-Ata, Nauka, 1989. (In
Russian)
9. Mirzaahmedov J., Odilov Sh., Pardayev M., Maqsudov R. Qaziltepa
qadimiyatidan lavhalar. A.Qodiriy nomidagi Xalq me’rosi nashriyoti. Tashkent, 2002.
(In Uzbek)
10. Pardayev M.X. Severo–zapadnaya Ustrushana v epoxu rannego
srednevekovya (po materialam nijnego techeniya Sangzara) // Avtoref. diss. kand. ist.
nauk. Tashkent, 1995. (In Russian)
11. Pardayev M.X. Jizzax vohasi qadim va o‘rta asrlar tarixini o‘rganishning
istiqbollari va muammolari. Toshkent, 2006. (In Uzbek)
12. Sheraliyevich K. O. et al. The Role of Studying the History of Irrigated
Farming Culture in the Work of Yahya Ghulomov //Naturalista Campano. – 2024. – T.
28. – №. 1. – S. 1735-1740.