ORIENTAL UNIVERSITETIQidiruvПоискSearch
Oriental universiteti nashriyotiIlmiy jurnallar platformasiПлатформа научных журналовScholarly journals platform

Toʻliq matnПолный текстFull text

O‘zbek xalqining etnogenezi masalasi: nazariy-metodologik yondashuvlar va akademik A.Asqarov qarashlari

Sattorov Nurbek Abdurazzoqovich

Matn PDF dan avtomatik ajratilgan: ekran oʻqiydigan dasturlar, telefon va qidiruv uchun. Rasmiy nusxa — PDF.Текст извлечён из PDF автоматически — для программ чтения с экрана, телефонов и поиска. Официальная версия — PDF.Text was extracted from the PDF automatically for screen readers, phones and search. The PDF remains the version of record.

PDF ni oʻqishЧитать PDFRead the PDF → Nashr kartasiКарточка изданияRecord

O‘ZBEK XALQINING ETNOGENEZI MASALASI: NAZARIY-

METODOLOGIK YONDASHUVLAR VA AKADEMIK A.ASQAROV

QARASHLARI

THE ISSUE OF THE ETHNOGENESIS OF THE UZBEK PEOPLE:
THEORETICAL AND METHODOLOGICAL APPROACHES AND THE

VIEWS OF ACADEMICIAN A.ASKAROV

ПРОБЛЕМА ЭТНОГЕНЕЗА УЗБЕКСКОГО НАРОДА: ТЕОРЕТИКО-
МЕТОДОЛОГИЧЕСКИЕ ПОДХОДЫ И ВЗГЛЯДЫ АКАДЕМИКА
А.АСКАРОВА

https://zenodo.org/records/19260679
Sattorov Nurbek Abdurazzoqovich

Oriental universiteti Ijtimoiy - gumanitar fanlar
kafedrasi dotsenti,

tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)
Tel.: +998 90-276-45-32

E-mail: beksattoroff@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada o‘zbek xalqining etnogenezi masalasi zamonaviy
tarixiy-etnologik fan nuqtayi nazaridan tahlil qilinadi. Tadqiqotda etnogenez
muammosini o‘rganishda qo‘llaniladigan asosiy nazariy va metodologik yondashuvlar
yoritilib, ularning ilmiy ahamiyati baholanadi. Shuningdek, akademik A.Asqarovning
o‘zbek xalqining shakllanish jarayoni, uning tarixiy ildizlari va etnik tarkibiga doir
qarashlari chuqur tahlil etiladi. Mazkur maqolada akademik A.Asqarov
konsepsiyasining o‘zbek xalqi etnogenezi masalasini tadqiq etishdagi o‘rni va
ahamiyatini aniqlab beradi hamda uni zamonaviy ilmiy qarashlar bilan qiyoslaydi.
Maqola natijalari o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixini o‘rganishda muhim
nazariy va metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Kalit so‘zlar: o‘zbek xalqi, etnogenez, etnik tarix, nazariy-metodologik
yondashuvlar, akademik A. Asqarov.
Annotation: This article examines the problem of the ethnogenesis of the Uzbek
people from the perspective of modern historical and ethnological scholarship. The
study analyzes key theoretical and methodological approaches used in the investigation
of ethnogenetic processes and evaluates their scholarly significance. Particular
attention is paid to the views of Academician A. Askarov regarding the formation of
the Uzbek people, their historical roots, and ethnic composition. The article assesses
the role and importance of Askarov’s concept in the study of Uzbek ethnogenesis and
compares it with contemporary academic interpretations. The research findings

contribute to a deeper understanding of the ethnic history of the Uzbek people and

provide a solid theoretical and methodological foundation for further studies.

Keywords: Uzbek people, ethnogenesis, ethnic history, theoretical and

methodological approaches, Academician A. Askarov.

Аннотация: В статье рассматривается проблема этногенеза узбекского

народа с позиций современной историко-этнологической науки. Анализируются

основные теоретические и методологические подходы к изучению

этногенетических процессов, раскрывается их научное значение. Особое

внимание уделено взглядам академика А.Аскарова на процесс формирования

узбекского народа, его исторические корни и этнический состав. Проводится

анализ концепции ученого, определяется ее место и значение в исследовании

этногенеза узбеков, а также осуществляется сопоставление с современными

научными подходами. Полученные выводы могут быть использованы при

дальнейшем изучении этнической истории узбекского народа.

Ключевые слова: узбекский народ, этногенез, этническая история,

теоретико-методологические подходы, академик А.Аскаров.

KIRISH
O‘zbek xalqining etnogenezi masalasi Markaziy Osiyo tarixshunosligi va
etnologiya fanining eng murakkab hamda dolzarb muammolaridan biri hisoblanadi.
Mazkur masala nafaqat xalqning kelib chiqishi va shakllanish bosqichlarini aniqlash,
balki mintaqada qadimdan kechgan etnik jarayonlar, migratsiyalar, madaniy aloqalar
va ijtimoiy-siyosiy omillarning o‘zaro ta’sirini yoritish nuqtayi nazaridan ham muhim
ahamiyatga ega. O‘zbek xalqi etnogenezining ilmiy tadqiqi xalqning tarixiy xotirasi,
milliy o‘zlikni anglash va madaniy merosni chuqurroq tushunishda muhim
metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi.
Sovet davri va mustaqillik yillarida o‘zbek xalqining etnogenezi masalasi turli
nazariy va metodologik yondashuvlar asosida tadqiq etildi. Ayrim tadqiqotlarda
etnogenez jarayoniga biryoqlama – faqat ko‘chmanchi yoki faqat o‘troq aholi omillari
asosida baho berilgan bo‘lsa, keyingi ilmiy izlanishlarda arxeologik, antropologik,
etnologik va yozma manbalarni kompleks tahlil qilishga asoslangan yondashuvlar
ustuvorlik kasb eta boshladi. Aynan shunday kompleks yondashuvlar o‘zbek xalqining
shakllanish jarayonini ko‘p asrlik va ko‘p qatlamli tarixiy hodisa sifatida talqin etish
imkonini bermoqda.
Mazkur ilmiy jarayonda akademik A.Asqarovning tadqiqotlari alohida o‘rin
tutadi. U o‘zbek xalqining etnogenezini mahalliy qadimgi aholi asosida, turli tarixiy
davrlarda mintaqaga kirib kelgan etnik komponentlarning uzviy qo‘shilishi natijasida
yuzaga kelgan murakkab jarayon sifatida izohlaydi. A.Asqarov qarashlari arxeologik
va etnologik materiallarga tayangan holda shakllangan bo‘lib, ular o‘zbek xalqi

etnogenezi masalasiga ilmiy xolislik va tarixiylik tamoyillari asosida yondashish

zarurligini ko‘rsatadi.

Ushbu maqolaning maqsadi o‘zbek xalqining etnogenezi masalasini yoritishda

qo‘llaniladigan asosiy nazariy-metodologik yondashuvlarni tahlil qilish hamda

akademik A.Asqarov qarashlarining ilmiy ahamiyatini ochib berishdan iborat.

Shuningdek, tadqiqot doirasida A.Asqarov konsepsiyasining zamonaviy

tarixshunoslikdagi o‘rni va uning o‘zbek xalqining etnogenezi va etnik tarixini

o‘rganishdagi metodologik imkoniyatlari baholanadi.

MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
O‘zbek xalqining etnogenezi masalasi XX asr boshlaridan boshlab Markaziy
Osiyo tarixshunosligi va etnologiya fanida muntazam tadqiq etib kelinmoqda.
Dastlabki ilmiy izlanishlarda mazkur muammo asosan umumiy tarixiy yondashuvlar
doirasida ko‘rib chiqilgan bo‘lsa, keyinchalik arxeologik, antropologik va etnografik
ma’lumotlarga tayangan holda kompleks tadqiqotlar amalga oshirildi. Shu jihatdan,
o‘zbek xalqi etnogenezini o‘rganish jarayonida turli ilmiy maktablar va konsepsiyalar
shakllanganini kuzatish mumkin.
Sovet davri tarixshunosligida o‘zbek xalqining etnik shakllanishi masalasi sinfiy
yondashuv va marksistik metodologiya asosida talqin etilgan. Ushbu davr
tadqiqotlarida etnogenez jarayonlari ijtimoiy-iqtisodiy omillar bilan chambarchas
bog‘lab izohlangan bo‘lib, ayrim hollarda etnik omillarning murakkabligi yetarlicha
hisobga olinmagan. Shunga qaramay, bu davrda to‘plangan boy arxeologik va
etnografik materiallar keyingi ilmiy izlanishlar uchun muhim manba vazifasini bajardi.
Mustaqillik yillarida o‘zbek xalqining etnogenezi masalasiga yondashuvlarda
muayyan metodologik yangilanishlar yuz berdi. Tadqiqotlarda milliy tarixni xolis va
ilmiy asosda yoritish, mahalliy etnik jarayonlarga ustuvor ahamiyat berish,
shuningdek, qadimgi o‘troq dehqonchilik madaniyatlari bilan ko‘chmanchi chorvador
qabilalar o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni kompleks tarzda tahlil qilishga intilish kuchaydi.
Bu jarayonda arxeologiya, antropologiya, etnologiya va yozma manbalar
ma’lumotlarini o‘zaro uyg‘unlashtirgan holda tadqiq etish tamoyili keng qo‘llanila
boshlandi.
O‘zbek xalqining etnogenezi muammosini chuqur o‘rgangan yetakchi olimlar
orasida akademik A.Asqarovning ilmiy merosi alohida ahamiyatga ega. Uning
tadqiqotlarida o‘zbek xalqining shakllanishi uzoq tarixiy jarayon sifatida talqin qilinib,
mintaqaning qadimgi aholisining uzviy davomiyligi asosiy omil sifatida ko‘rsatib
beriladi. Akademik A.Asqarov arxeologik topilmalar va etnografik kuzatishlarga
tayangan holda, o‘zbek xalqi etnogenezida mahalliy substrat bilan turli tarixiy
davrlarda kirib kelgan etnik komponentlarning sintezi muhim rol o‘ynaganini asoslab
beradi.

Shuningdek, mavzuga oid adabiyotlarda o‘zbek xalqi etnogenezi masalasini turli

jihatlardan yoritgan tadqiqotchilar qarashlari ham muhim o‘rin tutadi. Ayrim olimlar

etnik shakllanishda turkiy omilning ustuvorligini ta’kidlasa, boshqalari eroniy tilli

aholi va qadimgi dehqonchilik madaniyatlarining roliga alohida e’tibor qaratadi.

Mazkur qarashlarning xilma-xilligi o‘zbek xalqi etnogenezi muammosining murakkab

va ko‘p qirrali ekanidan dalolat beradi.

Umuman olganda, mavzuga oid adabiyotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek

xalqining etnogenezi masalasi hozirgi kunda ham ilmiy bahs-munozaralarga boy

bo‘lib, uni o‘rganishda nazariy-metodologik yondashuvlarni takomillashtirish, yangi

arxeologik va antropologik ma’lumotlarni ilmiy muomalaga kiritish dolzarb vazifa

bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, akademik A.Asqarov qarashlarini zamonaviy ilmiy

kontekstda qayta tahlil qilish mazkur masalaning yanada chuqurroq ochilishiga xizmat

qiladi.

TADQIQOT METODOLOGIYASI

Tadqiqotda o‘zbek xalqining etnogenezi masalasi tarixiy asoslarini o‘rganishda

xolislik tamoyiliga amal qilinib, tahlil, sintez, qiyosiy tahlil, umumlashtirish, tarixiy

tahlil hamda xronologik yondashuv kabi ilmiy uslublardan foydalanildi.

TAHLIL VA NATIJALAR
Etnologiya fanining nazariy va metodologik asoslariga ko‘ra, har bir millatning
shakllanishi uch asosiy bosqichdan iborat bo‘ladi. Birinchi bosqich – bu xalqning
etnogenezi, ya’ni etnos sifatida shakllanish jarayoni. Etnos vujudga kelgandan keyin,
uning ikkinchi bosqichi – el yoki xalq sifatidagi tarixi boshlanadi. Uchinchi bosqichda
esa bu etnos rivojlanib, millat darajasiga yetadi va shu bilan uning milliy tarixi yuzaga
chiqadi. Har bir bosqich alohida va uzoq tarixiy davrlarni qamrab oladi. Bu nazariya
etnologiya fanining umumqabul qilingan qoidasi hisoblanadi va barcha millatlarga
taalluqlidir.
Ilmiy jihatdan e’tirof etilgan yondashuvga ko‘ra, ma’lum bir xalq yoki millatning
etnogenezi qachon boshlanganini aniqlashda, eng avvalo, uning bugungi ona tilining
ilk asoslari qay vaqtda yuzaga kelgani asosiy mezon sifatida qaraladi. Ana shu mezon,
o‘sha xalqning etnogenezi qay davrdan boshlanganini belgilaydi. Agar shunday
metodologik yondashuvga tayanadigan bo‘lsak, akademik A.Asqarov fikricha, o‘zbek
xalqining etnogenez jarayoni taxminan 3,5 ming yil avval, ya’ni so‘nggi bronza
davrida boshlangan. (Асқаров А., 2015. Б. 640). Chunki miloddan avvalgi II ming
yillikning o‘rtalarida, Turkistonning shimoli-sharqidagi Sirdaryoning o‘ng sohilidan
tortib, Ordosgacha cho‘zilgan keng dashtlarda yashagan turk etnosiga mansub qabila
va urug‘lar O‘rta Osiyoga ko‘chib kelgan. Bu tarixiy jarayon adabiyotlarda “oriylar
migratsiyasi” deb yuritiladi. Shu davrda ular bu hududdagi qadimgi eroniy tilli xalqlar
– sug‘diylar, xorazmiylar, boxtariylar, chochliklar va praganaliklar bilan etnik

aralashuvga kirishgan. Shu bois, aynan shu davrni o‘zbek xalqi etnogenezining

boshlang‘ich bosqichi deb hisoblash mumkin. (Асқаров А., 2015. Б. 640).

Ta’kidlash lozimki, O‘rta Osiyo o‘zbek va tojik xalqlarining etnogenetik hamda

etnik tarixi shakllangan asosiy makon hisoblanadi. Bu ikki xalqning elat sifatida

shakllanish jarayonlari aynan shu makonda, o‘zaro chambarchas bog‘liq va murakkab

sharoitda kechgan. Har ikki xalq bir hududda yashab kelgani sababli, ularni qadimdan

geografik jihatdan aniq ajratish ancha mushkul.

Akademik A.Asqarovning tadqiqotlariga tayanadigan bo‘lsak, til va siyosiy birlik

kabi etnologik mezonlarga asosan, tojik xalqining etnogenezi milodiy IX-X asrlarda,

o‘zbek xalqiniki esa XI-XII asrlarda yakuniga yetgan. Shu davrdan boshlab, bu ikki

xalqning etnik tarixi boshlangan, ya’ni ular mustaqil xalqlar sifatida shakllana

boshlagan. (Асқаров А., 2015. Б. 641).

O‘zbek xalqi tarixidagi elat (xalq) sifatidagi rivojlanish jarayoni XIX asr oxiri va

XX asr boshlarigacha davom etdi. Bu davrda Rossiya imperiyasining bosqini natijasida

O‘rta Osiyoga Rus kapitali kirib kelishi mahalliy jamiyatda katta o‘zgarishlarga sabab

bo‘ldi. Xususan, mahalliy boylar orasida milliy burjuaziya shakllana boshladi. Ular

moliyaviy imkoniyatlarini ishga solib, yangi ijtimoiy harakat – jadidchilikning yuzaga

kelishiga turtki berishdi.

Bu yangi burjua qatlami farzandlari Yevropa mamlakatlarida tahsil oldi, u yerdagi

iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy hayot bilan tanishdi. Ular o‘z vatini ham shunday isloh

qilish mumkinligini anglab, o‘zgarishlarni ma’rifat orqali boshlash kerakligini

tushunishdi. Shu asosda ular mahalliy aholi uchun yangi maktablar ochdi, gazeta va

jurnallar nashr etdi, xalqni uyg‘otish va o‘zligini anglashga da’vat etdi. Keyinchalik bu

harakat mafkuraviy va siyosiy kurashga aylandi.

Aynan shu harakatlar – XIX asr oxiri va XX asrning birinchi choragida kechgan

ijtimoiy, iqtisodiy va mafkuraviy o‘zgarishlar – o‘zbek xalqining millat sifatidagi tarixi

boshlanganini ko‘rsatadi.

Turkiston o‘lkasida ro‘y bergan milliy uyg‘onish jarayoni Sovet hokimiyatining

jiddiy tashvishga solishi natijasida Sovet hokimiyatining O‘rta Osiyo xaritasida

o‘zbek, turkman, qozoq, qirg‘iz va tojik nomlari bilan bir qatorda millatlar nomi bilan

ataluvchi yangi davlatlarni rasmiy ravishda tashkil etildi.

Sovet hokimiyatining dastlabki yillarida, yangi tashkil etilgan respublikalarga –

ya’ni o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va tojik xalqlari nomi bilan atalgan davlat

tuzilmalariga – tarix yozish jarayoni boshlab yuborildi. Bu jarayonda har bir respublika

uchun alohida milliy tarix yaratilishiga harakat qilindi. Natijada, umumiy Turkiston

zaminining yagona tarixi va boy madaniy merosi bosqichma-bosqich parchalanib,

avlodlar o‘rtasidagi an’anaviy tarixiy birlik tamoyillariga putur yeta boshladi.

Yangi tashkil etilgan davlatlarning tarixini yozishni boshlagan sovet tarixchilari

nafaqat tarixni muayyan nuqtadan boshlashga intiladi, balki tarixiy davomiylik va

mintaqadagi elatlar o‘rtasidagi uzviylikni e’tibordan chetda qoldiradi. (Ўзбекистон

тарихи (1917-1991 йиллар), 2019. Б. 77-85). Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Sovet

hokimiyatining ilk yillarida o‘zbek xalqining kelib chiqish tarixini yoritishda asosan

o‘rta asrlarga oid, ko‘p hollarda rivoyat va hikoyalar bilan omuxtalashgan yozma

manbalarga tayanilgan. Buning asosiy sababi shundaki, o‘sha davrda O‘rta Osiyoda

arxeologiya, antropologiya, etnografiya, toponimika, numizmatika, geraldika, tarixiy

lingvistika kabi tarixiy manbashunos fanlar yetarli darajada rivojlanmagan edi. Aslida

esa xalq va elatlarning etnogenezini ilmiy asosda to‘liq o‘rganish ana shu sohalarning

kompleks rivojisiz mumkin emas.

Bundan tashqari, o‘sha paytda turkiy tilli aholining etnik tarixi mavjud an’anaviy

etnosiyosiy voqelikni hisobga olmagan holda tadqiq etildi. Natijada, o‘zbek xalqining

kelib chiqishiga oid murakkab masala soddalashtirilib, “o‘zbeklar faqat turk

qabilalaridan tashkil topgan, ular mintaqaga qadimdan xos, sof turk tilli xalqdir”, degan

bir yoqlama tezis ilgari surildi. (Асқаров А, 2015. Б. 641). Bu g‘oya mintaqada milliy

ziddiyatlar kelib chiqishiga olib kelishi mumkinligi aniq bo‘lib qoldi .

Shu bilan birga, bu g‘oyaga mutlaq qarama-qarshi yondashuvga ega bo‘lgan

guruhlar ham paydo bo‘ldi. Ular “O‘rta Osiyoning qadimgi aholisi faqat eroniy tilli

xalqlar bo‘lgan, turkiylar esa bu hududga keyin kelgan kelginchilardir”, degan tezisni

ilgari surdilar. (Асқаров А, 2015. Б. 641).

O‘lkada o‘tkazilayotgan milliy siyosatni kuzatayotgan islom ulamolari

xalqlarning kelib chiqishiga nisbatan o‘ziga xos munosabat bildirdilar. Ularning

ta’kidlashicha, etnosni shakllantiruvchi asosiy omil til emas, balki dindir. Ulamolarga

ko‘ra, O‘rta Osiyo xalqlari turli tillarda so‘zlashishi mumkin bo‘lsa-da, ularning

barchasini birlashtiruvchi umumiy belgilardan biri – islom diniga mansubligidir.

(Asqarov, 2015. Б. 641).

Aslida esa, bu kabi qarama-qarshi fikrlar va qarashlar, ijtimoiy-gumanitar fanlar

hali rivojlanishning bosh bosqichida bo‘lgan bir davrda shakllangani bois, muayyan

darajada tabiiy edi.

XX asrning 40-yillariga kelib, o‘zbek xalqining kelib chiqishi masalasida

sharqshunos olim A.Yu.Yakubovskiy 1941-yilda “O‘zbek xalqining etnik kelib

chiqishiga doir masalalar” nomli risolasini nashr etdi. Ushbu asarida Yakubovskiy

muhim ilmiy xulosalarni ilgari suradi.

Uning ta’kidlashicha, Movarounnahr va unga tutash hududlar hech qachon bo‘sh,

aholi yashamagan yerlar bo‘lmagan. Shayboniyxon boshchiligidagi Dashti Qipchoq

o‘zbeklari bu hududlarga kirib kelgunga qadar ham bu yerlarda turkiy va eroniy tilli

qabila va elatlar birgalikda, aralash holda yashaganlar. Agar mazkur hududlarda

Shayboniyxon kelguncha aholi yashamagan, “kimsasiz” yerlar bo‘lganida, o‘zbek

xalqining tarixi XVI asrdan, ya’ni Shayboniyxondan boshlangan, deb aytish mumkin

bo‘lar edi. Ammo tarixiy va arxeologik dalillar bu fikrni rad etadi degan fikrni

bildiradi. (Якубовский А.Ю, 1941 Б. 16).

Arxeologik topilmalar va qadimgi yozma manbalar shuni ko‘rsatadiki, bu

hududlarda eroniy va turkiy tilli aholi uzoq davrlardan beri qo‘shnilik va hamkorlikda

yashab kelgan. Ular o‘rtasida iqtisodiy, madaniy va etnik aloqalar tarixan juda qadimiy

ildizlarga ega. Ayniqsa, Buyuk Turk xoqonligining mintaqaga kirib kelishi bu

jarayonni yangi bosqichga olib chiqdi. G‘arbiy Turk xoqonligi davrida esa ikki til

sohibi xalqlar o‘rtasidagi etnomadaniy qorishuv yanada kuchaydi, shu bilan birga,

siyosiy va harbiy ustunlik turk qabilalari qo‘liga o‘ta boshladi.

A.Yu.Yakubovskiyning fikriga ko‘ra, ana shu tarixiy voqelik – ya’ni Turk

xoqonligi davridan boshlangan etnomadaniy va etnosiyosiy jarayonlar – o‘zbek

xalqining etnogenezi uchun boshlang‘ich nuqta hisoblanadi. Uning ushbu ilmiy

konsepsiyasi o‘z vaqtida o‘zbek xalqining kelib chiqishi masalasidagi eng to‘g‘ri va

dalilga asoslangan xulosa sifatida e’tirof etilgan. (Якубовский А.Ю, 1941 Б. 20).

A.Yu.Yakubovskiy tomonidan ilgari surilgan etnogenezga oid ilmiy g‘oyani

keyinchalik arxeolog va etnograf S.P. Tolstov yanada rivojlantirdi. U Movarounnahr

va qadimgi Xorazm hududlarida keng qamrovli arxeologik va antropologik tadqiqotlar

olib bordi. Bu tadqiqotlar natijasida o‘zbek xalqining etnogenezi ildizlari antik

davrgacha, ya’ni miloddan avvalgi ming yilliklargacha qadimiylashtirildi. (Толстов

С.П, 1941 Б. 33).

Ko‘p yillardan beri mintaqaning deyarli barcha hududlarida tadqiqot olib

borayotgan akademik A.Asqarov ilmiy ishlarida bugungi kunda Markaziy Osiyoda

yashab kelayotgan barcha turkiy va eroniy tilli xalqlar – o‘zbek, tojik, qozoq, qirg‘iz,

turkman va qoraqalpoqlar – avtoxton, ya’ni ushbu hududning tub aholisidir degan

fikrni ilgari suradi. Ularning barchasi tarixiy-etnik jihatdan umumiy ildizga ega. Agar

ularni mevali bir daraxtga qiyos qiladigan bo‘lsak, bu daraxtning turli payvand shoxlari

– bir tomonda tojik, boshqa tomonda o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va qoraqalpoq

xalqlaridir. Bu yerda qadim va o‘rta asrlarda yashab o‘tgan buyuk allomalar, din va

ilm-fan namoyandalarining butun Markaziy Osiyo xalqlariga teng darajada taalluqlidir,

degan qarashni o‘z monografiyalarida keltirib o‘tadi. (Асқаров А, 2015. Б. 643).

Zero, mintaqa xalqlarining ajdodlari asrlar davomida o‘zaro iqtisodiy, madaniy

va etnik aloqada bo‘lib, aralash holda yashaganlar, tashqi tahdidlarga qarshi birgalikda

kurashganlar. Ular tomonidan yaratilgan boy madaniy meros esa, tabiiy ravishda,

barcha xalqlar uchun umumiy, umuminsoniy boylik hisoblanadi. Bu boylik,

shuningdek, ajdodlarimizning jahon sivilizatsiyasiga qo‘shgan muhim hissasi sifatida

ham e’tirof etilgan.

So‘nggi yillardagi tadqiqotlar natijasi shuni ko‘rsatadiki, Markaziy Osiyoning

bronza davriga oid dasht chorvador qabilalarining moddiy madaniyatidagi kuchli

o‘xshashlik mavjud ekanligi, shuningdek, antropologik tipning yakdilligi ham

Markaziy Osiyoda yashab kelayotgan barcha turkiy va eroniy tilli xalqlar bitta o‘q

tomirga mansubligini isbotlaydi.

Etnogenez jarayonida hal qiluvchi rol o‘ynaydigan omillardan biri til omili bo‘lib,

tilshunos mutaxassislardan A.S.Omonjolov kushonlar davriga oid bo‘lgan “noma’lum

yozuv”ni Issiq yozuvi bilan taqqoslab tahlil qildi va uning qadimgi turkiy yozuv

ekanini ilmiy asoslab berdi. (Омонжолов А.С, 1975. Б. 61-65).

So‘nggi yillarda Xitoy va yapon olimlarining qadimgi Xitoyning 24 sulolaviy

tarixi bo‘yicha iyerogliflarning asl mohiyati qayta tahlil qilindi. Ushbu ilmiy

tadqiqotlar natijasida N.Ya.Bichurindan farqli ravishda, miloddan avvalgi III ming

yillikning oxiri va II ming yillikning boshlarida Janubiy Sibirda “xu”, “g‘uz”, “tiek”,

“hunnu” kabi etnonimlar mavjud ekanligi aniqlandi. Bu etnonimlarning geografik va

madaniy lokalizatsiyasi Yevrosiyoning eneolit va bronza davri arxeologik

madaniyatlariga bog‘liq ekani ilmiy jihatdan isbotlandi.

Jahon tarixshunosligida g‘uz (og‘uz), tiek (turk), xu (hun) etnonimlari turk etnik

qatlamiga mansubligiga oid tajribalar mavjud. Ular eneolit va bronza davrlarida Tyan-

Shan, Janubiy Sibir dashtlari, Yenisey havzalari, Ordosgacha bo‘lgan hududlarda

yashagan. G‘arb olimlari, xususan Rossiyadagi tarixchilar hindu-oriy nazariyasi

ta’sirida Yevrosiyo dashtlarining eneolit va bronza davri qabilalari qadimgi eroniy til

lahjalarida so‘zlashgan, degan fikrni asoslashga uringanlariga qaramay, ularning

asosiy dalillari qadimgi xitoy iyerogliflarini chuqur o‘rganish natijasida ularning

qadimgi turkiy tilda so‘zlashganligiga asos borligi aniqlandi.

Arxeologik, antropologik, etnografik, lingvistik, tarixiy toponimika va qadimgi

yozma manbalar asosida ilmiy tadqiqot natijalariga ko‘ra, o‘zbek elatining tarixiy

shakllanishi tub joyli turkiy va qadimgi eroniy tilli qabila va elatlarning uzoq asrlar

davomida o‘zaro etnik qorishuvi asosida O‘rta Osiyo ikki daryo oralig‘i va unga tutash

hududlarda vujudga kelganligi o‘z ilmiy tasdig‘ini topdi.

XULOSA VA TAKLIFLAR
Mazkur tadqiqot davomida o‘zbek xalqining etnogenezi masalasi nazariymetodologik yondashuvlar asosida tahlil qilinib, akademik A.Asqarov qarashlarining
ilmiy ahamiyati ochib berildi. O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, o‘zbek xalqining etnik
shakllanish jarayoni biryoqlama omillar bilan emas, balki Markaziy Osiyo hududida
qadimdan kechgan murakkab etnik, madaniy va ijtimoiy jarayonlarning uzviy
uyg‘unligi natijasida vujudga kelgan tarixiy hodisadir.
Tadqiqot natijalari akademik A.Asqarov tomonidan ilgari surilgan
konsepsiyaning ilmiy asoslanganligini tasdiqlaydi. Uning qarashlariga ko‘ra, o‘zbek

xalqi etnogenezi mahalliy o‘troq aholi asosida shakllanib, turli tarixiy davrlarda

mintaqaga kirib kelgan etnik guruhlar bilan uzluksiz aloqalar va integratsiya

jarayonlari orqali rivojlangan. Ushbu yondashuv o‘zbek xalqining etnik tarixini

tushunishda tarixiylik va uzviylik tamoyillarining muhimligini namoyon etadi.

Shuningdek, tadqiqot jarayonida o‘zbek xalqi etnogenezi muammosini

o‘rganishda qo‘llaniladigan nazariy-metodologik yondashuvlarning evolyutsiyasi

aniqlanib, zamonaviy tarixshunoslikda kompleks, fanlararo yondashuvlarning ustuvor

ahamiyat kasb etayotgani asoslab berildi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, quyidagi ilmiy-amaliy takliflar ilgari suriladi:

birinchidan, o‘zbek xalqining etnogenezi masalasini o‘rganishda fanlararo

tadqiqotlarni yanada kengaytirish, ayniqsa zamonaviy arxeologik va bioantropologik

tadqiqotlar natijalarini ilmiy muomalaga faol joriy etish maqsadga muvofiqdir;

ikkinchidan, akademik A. Asqarov ilmiy merosini tizimli ravishda o‘rganish va

uning qarashlarini yangi manbalar asosida qayta tahlil qilish zarur;

uchinchidan, o‘zbek etnogeneziga oid ilmiy natijalarni oliy ta’lim muassasalarida

tarix va etnologiya fanlari doirasida o‘quv jarayoniga keng joriy etish maqsadga

muvofiq bo‘lib, bu yosh avlodda tarixiy tafakkur va milliy o‘zlikni anglashni

mustahkamlashga xizmat qiladi.

Umuman olganda, mazkur maqolada ilgari surilgan xulosalar va takliflar o‘zbek

xalqining etnik tarixini chuqurroq o‘rganish hamda etnogenez masalasiga oid ilmiy

izlanishlarni yangi bosqichga ko‘tarishda muhim nazariy va metodologik asos bo‘lib

xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:

1. Асқаров А. (2015) Ўзбек халқининг келиб чиқиш тарихи. – Тошкент:

O‘zbekiston. – Б. 641.

2. Асқаров А. (2007) Ўзбек халқининг этногенези ва этник тарихи. –

Тошкент.

3. Асқаров А. (2023) Қадимги Турон энеолит, бронза ва илк темир даври

цивилизациялар тарихидан лавҳалар. – Тошкент. – Б. 356.

4. Асқаров А. (2024) Меҳнат ва курашда тобланган ҳаёт онларим. Тошкент:

Donishmand ziyisi. – Б. 510.

5. Каримова Д. Машаққатли ва шарафли илм йўли / Ўтмишга назар. № 3. –

Б. 50-65.

6. Омонжолов А.С. (1975) Материалы и исследования по истории

древнетюркской письменности. Алма-Ата. – С. 61-65.

7. Сатторов Н. (2022) Қадимги Турон аҳолисининг ёзма манбаларда акс

этиши / ҚарДУ Хабарлари Илмий-назарий, услубий журнал. – 5/2. – 28-31

бетлар. – http://xabarlar.qarshidu.uz.

8. Сатторов Н. (2022) Ўзбек халқи этногенезининг шаклланиш жараёни

ҳақида туғилган пантуркизм, паниранизм, панисломизм қарашлари / Марказий

Осиё цивилизация тизимида ўзбекистон тарихи ва маданияти Халқаро илмий-

амалий конференция. – 14 май. – 272-278 бетлар.

9. Толстов С.П. (1947) Основные проблемы этногенезе народов Средней

Азии. СЭ. – № VI-VII. – С. 303.

10. Ўзбекистон тарихи (1917-1991 йиллар). (2019) 1-жилд. – Тошкент:

O‘zbekiston. – 77-85 бетлар.

11. Якубовский А.Ю. (1941) К вопросу об этногенезе узбекского народа. –

Ташкент: Изд.

REFERENCES:

1. Asqarov A. (2007) Oʻzbek xalqining etnogenezi va etnik tarixi. – Toshkent. (In

Uzbek)

2. Asqarov A. (2015) Oʻzbek xalqining kelib chiqish tarixi. – Toshkent:

Oʻzbekiston. – B. 641. (In Uzbek)

3. Asqarov A. (2023) Qadimgi Turon eneolit, bronza va ilk temir davri

sivilizatsiyalar tarixidan lavhalar. – Toshkent. – B. 356. (In Uzbek)

4. Asqarov A. (2024) Mehnat va kurashda toblangan hayot onlarim. Toshkent:

Donishmand ziyisi. – B. 510. (In Uzbek)

5. Karimova D. Mashaqqatli va sharafli ilm yoʻli / Oʻtmishga nazar. № 3. – B.

50-65. (In Uzbek)

6. Omonjolov A.S. (1975) Materialy i issledovaniya po istorii drevnetyurkskoy

pismennosti. Alma-Ata. – S. 61-65. (In Russian)

7. Sattorov N. (2022) Qadimgi Turon aholisining yozma manbalarda aks etishi /

QarDU Xabarlari Ilmiy-nazariy, uslubiy jurnal. – 5/2. – 28-31 betlar. –

http://xabarlar.qarshidu.uz. (In Uzbek)

8. Sattorov N. (2022) Oʻzbek xalqi etnogenezining shakllanish jarayoni haqida

tugʻilgan panturkizm, paniranizm, panislomizm qarashlari / Markaziy Osiyo

sivilizatsiya tizimida Oʻzbekiston tarixi va madaniyati Xalqaro ilmiy-amaliy

konferensiya. – 14 may. – 272-278 betlar. (In Uzbek)

9. Tolstov S.P. (1947) Osnovnyye problemy etnogeneze narodov Sredney Azii.

SЭ. – № VI-VII. – S. 303. (In Russian)

10. Oʻzbekiston tarixi (1917-1991 yillar). (2019) 1-jild. – Toshkent: Oʻzbekiston.

– 77-85 betlar. (In Uzbek)

11. Yakubovskiy A.Yu. (1941) K voprosu ob etnogeneze uzbekskogo naroda. –

Toshkent: Izd. (In Russian)