PIRI RAISNING DENGIZSHUNOSLIK ASARI “BAHRIYA” BO‘YICHA
TAHLILLAR
АНАЛИЗ МОРСКОГО ТРУДА ПИРИ РЕИСА «БАХРИЕ».
ANALYSES OF PIRI REIS’S NAUTICAL WORK “BAHRIYE”
https://zenodo.org/records/19260711
Kamolov Jahongir Mamasidiqovich
Oreantal universiteti
Ijtimoiy fanlar kafedrasi dotsenti, PhD.
Tel.: +998 99-843-88-96
E-mail: jahongir.kamolov.88@gmail.com
ORCID: 0009-0005-6245-1004
Annotatsiya. Ushbu maqolada Usmoniylar imperiyasi davrida yashab, dengizchi,
kartograf va olim sifatida shuhrat qozongan Piri Rais qalamiga mansub “Bahriya” asari
tahlil qilinadi. Maqolada, avvalo, ushbu asarning mazmuni qaysi masalalarga
qaratilgani, unda dengiz yo‘llari, portlar va qirg‘oq hududlarini tasvirlashdagi o‘ziga
xos jihatlar yoritib beriladi. Shuningdek, “Bahriya”da tilga olingan sayohatlar qamrab
olgan hududlar, ularning geografik xususiyatlari va navigatsion ahamiyati haqida fikr
yuritiladi.
Matnda Piri Raisning shaxsiyati, uning dengizchi va kartograf sifatida shakllanish
jarayoni, asarni yozishdan ko‘zlagan maqsadi hamda nega aynan “Bahriya”
(“Bahriye”, ya’ni dengizchilikka oid kitob) deb nomlanganiga doir ayrim mulohazalar
ilgari suriladi. Shuningdek, muallifning Xristofor Kolumb tomonidan Amerikaning
kashf qilinishi haqidagi ma’lumotlari, yangi ochilgan qit’aga doir tasavvurlari ham
tahlil etiladi.
Kalit so‘zlar: Bahriya, O‘rta yer dengizi, Usmoniylar, Amerika, Sulton
Sulaymon, nasr, nazm, Magellan, Kolumb.
Аннотация. В данной статье рассматривается произведение «Бахрие»
османского мореплавателя, картографа и учёного Пири Реиса, жившего и
творившего в эпоху Османской империи. Прежде всего анализируется, на какие
вопросы и проблемы направлено содержание этого труда, как в нём описываются
морские пути, порты и прибрежные территории, а также какие особенности
морской навигации в нём отражены. Отдельное внимание уделяется регионам,
по которым, согласно «Бахрие», совершались плавания, их географическим
характеристикам и значению для мореплавания и торговли.
В статье также затрагиваются личность Пири Реиса, формирование его как
мореплавателя и картографа, цели написания им данного труда и причины
выбора названия «Бахрие» (то есть «морская книга», «книга о мореплавании»).
Кроме того, анализируются сведения автора об открытии Америки Христофором
Колумбом и представления Пири Реиса о новом континенте.
Ключевые слова: Бахрия, Средиземное море, Османская империя,
Америка, Султан Сулейман, проза, поэзия, Магеллан, Колумб.
Abstract. This article examines the work “Bahriye” by Piri Reis, a sailor,
cartographer, and scholar who lived and worked during the Ottoman Empire. First, it
analyses the main focus of the book’s content, the way it describes sea routes, ports,
and coastal regions, and the specific features of navigation reflected in the text. Special
attention is given to the regions covered by the voyages mentioned in “Bahriye,” their
geographical characteristics, and their significance for maritime navigation and trade.
The article also touches upon the personality of Piri Reis, his formation as a sailor
and cartographer, the purpose for which he wrote this work, and the reasons why it was
titled “Bahriye” (that is, a “sea book” or “book of navigation”). In addition, it analyses
the author’s information about Christopher Columbus’s discovery of America and Piri
Reis’s perception of the newly discovered continent.
Keywords: Bahriya, Mediterranean Sea, Ottomans, America, Sultan Suleiman,
prose, poetry, Magellan, Columbus.
KIRISH
Turk dengizchisi va sayyohi Piri Rais XVI asrning mashhur tadqiqotchisi
hisoblanib, dengizchilik ilmiga katta hissa qo‘shgan. U o‘zi tashrif buyurgan joylarni
sinchiklab o‘rganib, kuzatuv natijalari shu bilan birgalikda boshqa tadqiqotchi
olimlarning ma’lumotlaridan foydalangan holda muhim kartografik xaritalarni
yaratgan. Shuningdek, tuzgan xaritalarining aksariyat qismini Bahriya asarida keltirib
o‘tadi. Asarda berilgan har bir xaritaga muallif tomonidan alohida to‘xtalib, imkon
qadar kengroq va to‘liqroq yoritilishiga harakat qilingan. Ushbu asarning asosiy
xususiyati shundaki, unda keltirilgan ko‘plab xaritalar O‘rta yer dengizi qirg‘oqlari
haqidagi geografik ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. Shuningdek, Qora va Egey dengizi
haqidagi kartografik ma’lumotlar mavjud. Nafaqat Usmoniylar imperiyasi
geografiyasi va xaritachiligining eng muhim namunasi, balki turli fanlar uchun ham
asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Shu jihatdan ham asar ko‘proq shuhrat qozongan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Ushbu asarni bugungi kungacha juda ko‘plab tadqiqotchilar tahlil qilishgan
bo‘lib, ayniqsa Yevropada ko‘p marta nashr etilgan. Turkiyaning o‘zida ham
Usmoniylar davri tarixiga oid manbalar bugungi kunga qadar juda ko‘p marta tadqiq
qilinib, o‘rganilgan. Xususan, Piri Reisning dengizshunoslik kartografiyasiga oid
Bahriya asari qimmatli asarlar sirasiga kiradi. Uni tadqiq etgan ko‘pgina tarixchilar
asarni o‘z davri uchun nihoyat darajada qimmatli bo‘lganligini e`tirof etishgan.
Usmoniylar davrida, xususan Piri Reis haqidagi tadqiqotlar Turkiya olimlarining
diqqat markazida bo'lgan. Bu olimlar orasida Afet İnan va Yusuf Akçura kabi shaxslar
alohida o'rin tutadi. Afet Inanning “Türk Amirali Piri Reis’in Hayatı ve Eserleri”da Piri
Reisning 1513-yilgi mashhur xaritasini o‘rganishda katta rol o‘ynagan. Yusuf Akçura
1937-yilda “Piri Reis Haritasi” nomli kitob chop etgan, unda xaritadagi yozuvlarni
lotin grafikasiga almashtirib qayd etgan va bu xalqaro e’tiborga tushgan. Yuqoridagi
tadqiqotlardan so‘ng bu asarni tadqiq etish ishlari yanada jonlandi. Piri Reisning
“Kitab-i Bahriye” asari va Amerika qit’asini ko‘rsatgan 1513 xaritasi bo‘yicha Turk
Tarix Kurumi (TTK) tadqiqotlar olib bordi. Bu xarita 20 ta manbadan, shu jumladan
Kolumb xaritasidan foydalanib chizilgani aniqlangan.(https://21yyte.org/milli-
guvenlik-ve-dis-politika-arastirmalari merkezi/piri-reis-haritasi-nasil-cizildi/7354)
Asar ikki qismdan, qisman she’riy va nasriydan iborat. Bu xususda muallifning
o‘zi Bahriya asarida quyidagilarni ta’kidlaydi: “Bu kitobda kompas, xarita va
shamollari sayoz hududlarning ahvolini har doim nazmda bayon qildim. Faqat O‘rta
yer dengizidagi reja ishlarini nasrda yozdim. Chunki nazmda davom etsam, so‘zlar
ko‘payib ketardi. Ish paytida, tun vaqtida, qandaydir qiyinchilik paytida uzun so‘zlar
to‘g‘ri kelmaydi. Birdaniga qisqacha bayon kerak. Endilikda har bir qismning sharhlari
yozilib, so‘ngra hududlarning tafsilotlari qayd etiladigan bo‘ldi. Ish paytida, tun,
qiyinchilik vaqtida darhol bu kitobga qarab, unga ko‘ra harakat qilinsa inshalloh foyda
topadilar” (Piri Reis, 1973:20)
Piri Raisning qachon tug‘ilgani haqida aniq ma’lumotlar mavjud emas. Aksariyat
tarixchilar uni 1465-1470-yillar oralig‘ida dunyoga kelgan degan taxmin qilishadi (Piri
Reis, 1973:23).
Piri Rais Bahriya asarida o‘zini Hoji Mehmet o‘g‘li bo‘lgan G‘oziy Kamol
Raisning ukasini o‘g‘li deb tanishtiradi (Piri Reis, 1973:27).
Dastlab Kamol Raisning oldida o‘zining dengizchilik faoliyatini boshlaydi.
Kotibi Chalabiyga ko‘ra, Kamol Rais vafot etgandan so‘ng Piri Rais Barbaros
Hayriddin Posho bilan birga xizmat qilgan. Barbarosning “ko‘ngilli kemalari”
tomonidan qo‘lga kiritilgan yog‘och ortilgan fransuz savdo kemasi Piri Rais tomonidan
Istanbulga olib kelingan. Buning evaziga Sulton tomonidan unga faxriy libos hadya
etilgan (Gökyay O.Ş., 1980: 42-43).
Shundan so‘ng bir muddat Piri Rais Gallipolida qolib, u yerda (1513-yilda) dunyo
xaritasini tuzgan. Bugungi kunda bizgacha yetib kelgan, Markaziy va Janubiy
Amerikaning sharqiy sohillari hamda Yevropa va Afrikaning g‘arbiy sohillarini
ko‘rsatadigan xarita, ana shu dunyo xaritasining bir qismi hisoblanadi (Mine Esiner
Özen. 2006. VII-2).
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Ushbu tadqiqotda Piri Raisning “Bahriya” asari kompleks yondashuv asosida,
tarixiy-manbashunoslik va matnshunoslik usullari uyg‘unligida o‘rganiladi.
“Bahriya”da keltirilgan xaritalar, portolanlar va navigatsion chizmalar zamonaviy
kartografiya talablari nuqtayi nazaridan o‘rganilib, ularning geografik aniqligi,
proyeksiya xususiyatlari, shartli belgilar tizimi va masshtab ifodasi tahlil qilinadi.
Asarda tasvirlangan O‘rta yer dengizi qirg‘oqlari, portlar va dengiz yo‘llari
boshqa zamondosh xaritalar va portolan atlasi bilan qiyosiy solishtiriladi. Asarning
strukturasi (boblar, fasllar, prolog va xotima qismi), undagi nazariy izohlar hamda
amaliy navigatsion ko‘rsatmalar tizimli tahlil qilinadi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Bahriya asarining yozilishining asosiy sababi Qonunni Sulton Sulaymonga sovg‘a
sifatida taqdim etishdan iborat bo‘lgan. Bu haqida muallifning o‘zi ham ta’kidlab
o‘tgan (Piri Reis, 1973:27).
Nasr va nazmdan iborat bo‘lgan ikki nashrdan iborat bo‘lgan ushbu asarning
nasriy bo‘lgan nashrga tegishli 120-134 ta xarita saqlangan. Birinchi va ikkinchi
nashrlar, shuningdek faqat xarita yoki faqat matn sifatida tasniflanganlar orasida ichki
va tashqi manbalarda aniqlangan oltmishga yaqin qo‘lyozmadan yigirma beshtasi
birinchi nashrdir. Ikkinchi nashrning she’riy qismlarini Seyyid Muradi yozgani uchun,
bu birinchi nashr to‘g‘ridan-to‘g‘ri Piri Reis qalamidan chiqqani uchun muhimdir.
Demak, ko‘rib turganimizdek, asar katta hajmda yozilgan bo‘lib, O‘rta yer dengizi,
Qora va Egey dengizlari haqidagi kartografik ma’lumotlar, bundan tashqari
Amerikaning kashf etilishi, Hind va Atlantika okeani haqidagi fikrlari, sayohatlari
davomida o‘zi guvoh bo‘lgan voqealar haqida bayon qilib o‘tadi.
Kitob-i Bahriya asarida Piri Rais okeanni ikkiga ajratib, Hind okeani bilan
Atlantika okeani aslida bitta ekanini, ularning alohida-ayri emasligini ta’kidlaydi
(Piri Reis, 1973:62). Shuningdek, Janubiy Amerikadan Xitoygacha bo‘lgan sayohat
ilgari ilk bor Portugaliyadan yo‘lga chiqqan yetti ta kema orqali amalga oshirilganini,
bu yetti kemadan faqat bittasi Portugaliyaga qaytib kelganini ta’kidlaydi.Shuni aytib
o‘tish joizki, u bayon qilgan bu voqea Ferdinand Magellanning 1519-yilda amalga
oshirgan dengiz safaridan avval sodir bo‘lgan. Magellan o‘z safarini besh kema bilan
boshlagan va ulardan faqat bittasi Viktoriya kemasi ekipajda 18 ta odam bilan qaytgan
(Bergreen L. 2008. 391-392). Piri Rais yozib qoldirgan ushbu ma’lumotni tasdiqlash
uchun nemis astronomi va kartografi Yohannes Shyonerning 1515-1520-yillar
oralig‘ida tayyorlagan Yer globuslarida Piri Rais xaritasining janubida Magellan
bo‘g‘ozining ko‘rsatilganini misol keltirish mumkin (Дузер, Чет Ваню 2010). Bundan
ko‘rinib turibdiki, muallif tomonidan berilgan fikrlar, ma’lumotlar keyingi yillarda
boshqa olimlar, kartograflar tomonidan ilgari surilgan va ular ham o‘z xaritalarida,
kitoblarida shunga o‘xshash o‘z fikrlarini bildirishgan.
Piri Raisning fikricha, ilk dengiz safarlarini amalga oshirganlar barcha hududlarni
xaritalashtirganlar. Bahriya asarida esa bu xaritalar Portugaliyada bo‘lgan, bir necha
kishi uni muvofiqlashtirgan va ilmda mukammal darajaga yetgan bir ruhoniyga olib
kelingani bayon qilinadi. Ushbu ruhoniy barcha ma’lumotlarni o‘zaro muvofiqligiga
ko‘ra bitta kitobga joylashtirgan. Shuningdek, bu yerda Xitoydan G‘arbiy dengizga,
ya’ni Amerika qit’asigacha bo‘lgan barcha hududlar va orollar o‘lchovlari bilan yozib
qo‘yilgani aytiladi (Piri Reis, 1973: 63). Yuqorida ta’kidlanganidek, olim asarida
Xristofor Kolumbning Amerikani kashf qilishiga ham o‘z mulohazalarini bildirib
o‘tgan. Asarda Xristofor Kolumbning yo‘nalishini bayon qilar ekan, shunday deydi:
“G‘arb tomonda cheksiz bir dengiz bor. Uni Jazoirda deb o‘ylama. Qarab ko‘r, u
qayerda?” – deganidan so‘ng, uning chegaralarini ko‘p izlashgan, ammo topa
olishmaganini aytadi. Oxir-oqibat u chegara-belgisiz, qoramtir bir quruqlik massasi
bo‘lib, oqimlar ta’siri ostida joylashganini ta’kidlaydi. Lodos, ya’ni g‘arb tomonda
joylashgan bo‘lib, Septadan 4000 mil g‘arbga qarab yo‘l bosilgach, San-Salvador
oroliga yetib boriladi. U yerdan 230 mil yurgach, Kuba oroliga kiriladi. So‘ng
“tarixchilar nima deydi, qarang”, deya davom etadi. Hijriy taqvim bo‘yicha 870-yilda,
ya’ni milodiy 1465-yilda topilganini aytadi (Piri Reis. 1973: 105).
Bu esa Kolumbdan 28 yil oldin sodir bo‘lgan. Bundan shunday xulosa chiqadiki,
tarix keyinchalik yana qaytadan yozilgan. Bu hududga Antillia deb nom berilgan, ya’ni
bugungi Antil orollari. Janubiy Amerika esa Bertilya deb atalgan.
Shuningdek, o‘z asarida qiziltanlilar haqida ham to‘xtalib o‘tib, ularning yuzlari
yassi ekanligini, ikki ko‘zi orasidagi masofa ham ochiq bo‘lishini aytadi. “Go‘yo bu
masofa bir qarichdek”, deydi (Piri Reis. 1973:106). Ya’ni bu yerda u aniq “bir
qarich”ni nazarda tutmayapti, balki o‘xshatish ma’nosida ikki ko‘z orasidagi masofani
kattaligini bildirmoqchi bo‘layotganini tushunishimiz mumkin. Shu bilan birgalikda
ularning boshlari qush patlari bilan bezatilganini ham eslatib o‘tadi.
Shundan keyin juda muhim bo‘lgan, e’tiborimizni ko‘proq qaratishimiz kerak
bo‘lgan masalaga o‘tadi. Ularda “kiyah” deb atalgan bir o‘simlikning borligini, uning
barglarini bir marta yeganlaridan so‘ng, O‘rta yer dengizida kofirlarga rahm-shafqat
qilmaganlarini tasvirlaydi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, bu o‘simlik inson
organizmida jasoratni kuchaytiradigan, shijoatini oshiradigan qandaydir gormon ishlab
chiqaradi.
Xristofor Kolumbning Amerikaga kelishini bayon qilar ekan, uning aytishicha,
bir kuni u yerga bir xalqni asir olish uchun Ispaniyadan kemalar kelgan. Avval ham
borib kelingani sababli, bu hudud Ispaniya yo‘li hisoblanganini aytadi. Dengizchilar
dengizda bir qayiqni ko‘rib, uni kuzatib borishadi va shu tariqa bir orolga yetib
kelishadi. Kuba ana shu tarzda topilgan.
Kubada aholi ko‘p bo‘lgani uchun ularni asir olib, qul sifatida ishlatishgan.
Kolumbning qirolga yuborgan xaritasida Kubani ko‘rsatmaganining sababi ham shu
ekanligi aytiladi. Piri Rais u yerdan ikki nafar tub aholi vakilini Ispaniya qiroliga
yuborishganini ta’kidlaydi. Shundan so‘ng Kolumb bu hududning hokimi (volisi)
bo‘lgan.
Kitobda mahalliy aholiga munchoq berib, evaziga oltin olishgani, keyinchalik esa
yana munchoq berib, evaziga marvarid (yoki qimmatbaho buyumlar) olishgani haqida
so‘z yuritiladi. Piri Rais keltirgan bu ma’lumotlarning aynan o‘zi Edvard
Egglestounning 1889-yilda yozilgan Amerika tarixi haqidagi ilk kitobida ham xuddi
shu tarzda bayon etilgan (Edward Eggleston, 1889:10). Ko‘rib turganimizdek, muallif
imkon qadar hududlarning geografiyasi shu bilan birgalikda tarixini imkon qadar
yoritib berishga harakat qilgan. Bu ma’lumotlar to‘g‘riligi bilan ham ayniqsa
qiymatlidir. Asarning nomini nega aynan Bahriya deb atagani ham qiziq, albatta.
Buning sababini ham Piri Rais keltirib o‘tgan bo‘lib, bunday deb ta’kidlaydi: “Bahri
Rumning barcha tavsiflarini sizga yozib berdim, biz uchun bir duo qiling.Chunki, ey
komilligi to‘la kishi, Bu yurt xalqiga Bahr-i Rumni bilish, uning holini anglash zarur.
Shu sababdan men buni yodga oldim va unga “Bahriye” deb nom berdim” (Piri Reis,
1973:110).
Olim bu so‘zlari orqali asarga nom berilishi sababini ochiq-oydin ko‘rsatib o‘tgan.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Xulosa sifatida shuni aytishimiz mumkinki,Piri Raisning “Bahriya” asari
Usmoniylar davri dengizchilik ilmi, geografiya va kartografiya tarixida muhim o‘rin
tutadigan noyob manbadir. Asarda asosan O‘rta yer dengizi havzasi, portlar, qirg‘oqlar,
dengiz yo‘llari, shamollar va suv oqimlari batafsil tasvirlangan. Kartograf olim Piri
Raisning Bahriya asari o‘z davri uchun yetarli darajada mukammal edi. Bunga isbot
tariqasida muallifning o‘z asarida keltirgan ma’lumotlarini boshqa olim va
sayyohlarning yozgan kitoblarida aynan o‘zini yoki qisman o‘zgartirish keltirilgan
holatda ko‘rishimiz mumkin. Bu esa Piri Raisning yozib qoldirgan ma’lumotlarini
aniqliligini,to‘g‘riligini isbotlab beradi. U imkon qadar o‘zi borgan, o‘z ko‘zi bilan
ko‘rgan hududlar, aholi, dengiz va ko‘llarni yoritib bergan. Shuningdek, asarni
bevosita Usmoniylar imperiyasi hukmdori Qonuni Sulton Sulaymonga topshirilishi
uning qiymatini yanada oshiradi. Xususan, “Bahriya”ni o‘z davridagi boshqa
dengizchilik asarlari bilan solishtiradigan bo‘lsak, uning eng katta ustunligi
muallifning shaxsiy sayohatlari va kuzatuvlariga asoslanganidadir. Bu jihati bilan u
faqat nazariy emas, balki amaliy qo‘llanma sifatida ham ahamiyatlidir.
Asar bugungi kunda tarix, geografiya va dengizchilik ilmini o‘rganishda muhim
ilmiy manba bo‘lib xizmat qiladi. Ayniqsa, undagi xaritalar va tasvirlar o‘sha davr
dunyoqarashi, Yevropa va Usmoniylar ilmiy an’analari o‘rtasidagi o‘zaro ta’sirni
anglashga yordam beradi. Masalan, Kolumb va Magellan kabi sayyohlar faoliyatiga
doir ma’lumotlar asarning qamrovini yanada kengaytiradi.
Biroq “Bahriya”ning ayrim kamchiliklari ham mavjud. Masalan, ba’zi geografik
tasvirlar bugungi ilmiy ma’lumotlar bilan to‘liq mos kelmaydi, ayrim hududlar esa
subyektiv qarashlar asosida yoritilgan. Shunga qaramay, asar o‘z davri uchun yuksak
ilmiy darajada yozilgan bo‘lib, Piri Raisni buyuk dengizchi va kartograf sifatida tarixda
mustahkam o‘ringa ega etadi.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Afet Inan (1983) Piri Reis’in Hayati ve Eserlari, Ankara.
2. Bergreen L. (2008) Over the Edge of the World: Magellan’s Terrifying
Circumnavigation of the Globe. HarperCollins e-books.
3. Дузер Чет Ван (2010) Глобус Иоганна Шёнера 1515 года: расшифровка
исследование, издательство американского философского общества.
4. Edward Eggleston (1889) American history, New York: D.Appleton and
company.
5. Fuad Ezgü (1964) Piri Reis, Islam Ansiklopedisi, M.E.B., c. IX.
6. Katib Çelebi (1980) Tuhfetü’l-Kibar fi Esfari’l-Bihar, Istanbul, O.Ş. Gökyay
tarafindan yayima hazirlanan nüsha, c.I.
7. Mine Esiner Özen (2006) Piri Reis ve Müntehab-i Kìtab-i Bahriye, Osmanli
Bilimi Araştirmalari VII/2. Topkapi Sarayi Müzesi Kütüphanesi, Revan 1633
numarada kayitlidir.
8. Piri Reis (1973) Kitab-i Bahriyye. Kervan Kitabçilik A.Ş. ofset tesisleri.
Türkiye cumhurbaşkanliği Ankara.
REFERENCES:
1. Afet Inan (1983) Piri Reis’in Hayati ve Eserlari, Ankara. (In Turkish)
2. Bergreen L. (2008) Over the Edge of the World: Magellan’s Terrifying
Circumnavigation of the Globe. HarperCollins e-books. (In English)
3. Chet Van Duzer (2010) Globus Ioganna Shyonera 1515 goda: rasshifrovka
issledovaniye, izdatelstvo amerikanskogo filosofskogo obshestva. (In Russian)
4. Edward Eggleston (1889) American history, New York: D.Appleton and
company. (In English)
5. Fuad Ezgü (1964) “Piri Reis”, Islam Ansiklopedisi, M.E.B., c. IX. (In Turkish)
6. Katib Çelebi (1980) Tuhfetü’l-Kibar fi Esfari’l-Bihar, Istanbul, O.Ş. Gökyay
tarafindan yayima hazirlanan nüsha, c.I. (In Turkish)
7. Mine Esiner Özen (2006) Piri Reis ve Müntehab-i Kìtab-i Bahriye, Osmanli
Bilimi Araştirmalari VII/2. Topkapi Sarayi Müzesi Kütüphanesi, Revan 1633
numarada kayitlidir. (In Turkish)
8. Piri Reis (1973) Kitab-i Bahriyye. Kervan Kitabçilik A.Ş. ofset tesisleri.
Türkiye cumhurbaşkanliği Ankara. (In Turkish)