ISLOM MANBALARIDA MOLIYAVIY IBODATLARDAGI
MAJBURIYATLARNING TARIXIY BOSQICHLARI
STAGES OF THE HISTORICAL DEVELOPMENT OF OBLIGATIONS IN
FINANCIAL ACTS OF WORSHIP IN ISLAMIC SOURCES
ЭТАПЫ ИСТОРИЧЕСКОГО РАЗВИТИЯ ОБЯЗАТЕЛЬСТВ В
ФИНАНСОВЫХ АКТАХ ПОКЛОНЕНИЯ В ИСЛАМСКИХ
ИСТОЧНИКАХ
https://zenodo.org/records/19260762
Botirov Boburmirzo Mirodiljon o‘g‘li
Oriental universiteti Ijtimoiy-gumanitar fanlari
kafedrasi o‘qituvchisi, mustaqil tadqiqotchi
Tel: +998 90 925-00-93
E-mail: bbotirov.@gmail.com
Annotatsiya. Ushbu maqolada islom huquqi manbalarida moliyaviy
ibodatlardagi majburiyatlarning shakllanishi va tarixiy rivojlanish bosqichlari tahlil
qilinadi. Asosiy e’tibor zakot, ushr, fitr sadaqasi, fidya va haj kabi moliyaviy
ibodatlarning Qur’on, sunnat, ijmo va qiyos asosida tartibga solinishiga qaratiladi.
Ayniqsa, hanafiy mazhabi doirasida Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya”, Imom
Muhammad Shayboniyning “Kitobu-l-asl” hamda Abu Yusufning “Kitobu-l-xaroj”
asarlarida moliyaviy majburiyatlarning huquqiy va ijtimoiy ahamiyati ochib beriladi.
Tadqiqotda moliyaviy ibodatlarning jamiyatda ijtimoiy barqarorlik, adolat va ijtimoiy
himoyani ta’minlashdagi o‘rni asoslab beriladi.
Kalit so‘zlar: islom huquqi, moliyaviy ibodatlar, zakot, ushr, fitr sadaqasi, al-
Hidoya, hanafiy mazhabi, majburiyatlar.
Annotation: This article analyzes the historical stages of the formation and
development of financial obligations in Islamic sources. Special attention is paid to
financial acts of worship such as zakat, ushr, sadaqat al-fitr, fidya, and hajj, which are
regulated on the basis of the Qur’an, Sunnah, ijma, and qiyas. Within the Hanafi school,
the works of Burhan al-Din al-Marghinani’s al-Hidaya, Imam Muhammad al-
Shaybani’s Kitab al-Asl, and Abu Yusuf’s Kitab al-Kharaj are examined as key sources
reflecting the legal and social dimensions of financial worship. The study demonstrates
that financial obligations in Islam played an important role in ensuring social justice,
economic balance, and social protection throughout history.
Keywords: Islamic law, financial worship, zakat, ushr, sadaqat al-fitr, al-
Hidaya, Hanafi school, obligations
Аннотация: В данной статье рассматриваются исторические этапы
формирования и развития финансовых обязательств в источниках исламского
права. Особое внимание уделяется таким видам финансового поклонения, как
закят, ушр, садакат аль-фитр, фидья и хадж, регулируемым на основе Корана,
сунны, иджмы и кияса. В рамках ханафитского мазхаба анализируются труды
Бурхана ад-Дина аль-Маргинани «аль-Хидая», Имама Мухаммада аш-Шайбани
«Китаб аль-Асл» и Абу Юсуфа «Китаб аль-Харадж». В статье обосновывается,
что финансовые религиозные обязанности способствовали обеспечению
социальной справедливости, экономической стабильности и системы
социальной защиты в мусульманском обществе.
Ключевые слова: исламское право, финансовые поклонения, закят, ушр,
садакат аль-фитр, аль-Хидая, ханафитский мазхаб, обязательства.
KIRISH
Islom huquqi tizimida moliyaviy ibodatlar (zakot, ushr, fitr sadaqasi, fidya, haj va
shu kabi to‘lovlar) nafaqat diniy-axloqiy majburiyat, balki jamiyatning ijtimoiyiqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi muhim mexanizm sifatida tan olinadi. Ushbu
majburiyatlar Qur’on, sunnat, ijmo‘ va qiyos kabi asosiy shariat manbalari asosida
shakllangan bo‘lib, ularning tarixiy rivojlanishi islom jamiyatining ijtimoiy adolat,
iqtisodiy muvozanat va kambag‘allikka qarshi kurashdagi o‘rnini belgilaydi.
Moliyaviy ibodatlarning majburiyatlari islomning dastlabki davrlaridan boshlab
bosqichma-bosqich shakllangan. Makka davrida (Makkada nozil bo‘lgan suralarda)
zakot va sadaqa asosan axloqiy va ma’naviy tozalanish (tazkiya) ma’nosida tilga
olingan bo‘lib, boylikni muhtojlarga berish savobli ish sifatida ta’kidlangan (masalan,
Baqara surasi 177-oyat, Ma’arij surasi 24-25-oyatlar). Bu davrda majburiyatlar hali
aniq huquqiy shaklga ega bo‘lmagan, balki imon va taqvo bilan bog‘liq bo‘lgan.
Madina davrida esa (Hijratdan keyin, xususan, Hijratning 2-yilida) zakot rasman farz
qilingan, uning nisob miqdori, to‘lov vaqti va oluvchilar toifalari batafsil belgilangan
(Toba surasi, 60-oyat va tegishli hadislar). Bu bosqichda zakot nafaqat shaxsiy ibodat,
balki davlat darajasidagi majburiyatga aylangan, Abu Bakr (r.a.) davridagi Ridda
voqealari esa uni davlat siyosati sifatida mustahkamlashga misol bo‘lgan.
Hanafiy mazhabining rivojlanishida bu majburiyatlarning huquqiy tizim sifatida
shakllanishi Imom Abu Hanifa (r.h.), uning shogirdlari Imom Muhammad Shayboniy
va Abu Yusuf asarlarida yaqqol namoyon bo‘ladi. Imom Muhammad Shayboniyning
“Kitobu-l-asl” asarida zakotning chorvachilik, dehqonchilik va tijoratga oid batafsil
qoidalari keltirilgan bo‘lsa, Abu Yusufning “Kitobu-l-xaroj” asari zakot va xarojni
davlat moliyasi nuqtayi nazaridan tahlil qiladi. Burhoniddin Marg‘inoniy “al-Hidoya”
asarida esa bu majburiyatlarni mukammal tizim sifatida jamlagan: zakotning nisob va
miqdorlari (tuya, qo‘y, kumush, tilla, hosil va boshqalar bo‘yicha), fitr sadaqasi, fidya
va hajning moliyaviy shartlari aniq belgilangan.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Islom huquqi manbalarida moliyaviy ibodatlardagi majburiyatlarning shakllanishi
va tarixiy rivojlanish bosqichlarini o‘rganishda eng muhim o‘rinni hanafiy
mazhabining klassik fiqh asarlari egallaydi. Ushbu mavzu bo‘yicha tadqiqotlar asosan
Qur’on, Sunnat, ijmo‘ va qiyos asosida yaratilgan quyidagi asosiy manbalarga
tayangan holda olib borilgan.
Imom Muhammad ash-Shayboniyning “Kitobu-l-Asl” (Tarjima, 2012) asari
Hanafiy mazhabining eng dastlabki va eng ishonchli asarlaridan biri hisoblangan
“Kitobu-l-Asl” (12 jild) moliyaviy ibodatlarni batafsil yoritgan ilk yirik fiqhiy asardir.
Asarning 2- va 3-jildlaridagi “Kitobu-z-Zakot” bo‘limi (92 betdan iborat) chorvachilik,
dehqonchilik, tijorat mollaridan zakot, ushr sadaqasi va fitr sadaqasi masalalariga
bag‘ishlangan.
Abu Yusuf Ya’qub ibn Ibrohimning “Kitobu-l-Xaroj” (Tarjimon Mannopova
A.,2021) asari Xalifa Horun ar-Rashidning topshirig‘i bilan yozilgan ushbu asar zakot
va xaroj masalalarini davlat moliyasi va iqtisodiy siyosat nuqtayi nazaridan tahlil
qiladi. Asarda zakotni davlat darajasida yig‘ish, Abu Bakr (r.a.) davridagi Ridda
voqealari, zakot to‘lashdan bosh tortganlarga nisbatan qo‘llanilgan choralar va zakot
bilan xarojni aralashtirib bo‘lmasligi kabi masalalar chuqur yoritilgan. “Kitobu-l-
Xaroj” moliyaviy ibodatlarni nafaqat shaxsiy, balki davlat va ijtimoiy-iqtisodiy institut
sifatida ko‘rsatgan muhim manbadir.
Burhoniddin Marg‘inoniy – “Al-Hidoya sharh bidoyatil mubtadi” (tarjimon
Mustafo Ahmad Boz, 1994:J.1-2.) Hanafiy mazhabidagi eng mukammal va tizimli
asarlardan biri bo‘lib, keyingi asrlarda hanafiy fiqhining eng nufuzli manbasi sifatida
qabul qilingan. “Al-Hidoya”ning ibodatlar qismida zakot, fitr sadaqasi, fidya, ushr,
xiroj va hajning moliyaviy jihatlari juda batafsil va mantiqiy tartibda bayon etilgan.
Hayvonlar, till-kumush, tijorat mollari, ekinlar va ma’danlardan olinadigan zakot
miqdorlari, nisoblar, shartlar va istisnolar bu yerda aniq ko‘rsatilgan.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Tadqiqotda tarixiy-tahliliy, qiyosiy-huquqiy va tizimli yondashuv usullaridan
foydalanildi. Qur’on oyatlari, hadislar va fiqhiy manbalar o‘zaro solishtirilib,
moliyaviy ibodatlardagi majburiyatlarning shakllanish bosqichlari aniqlandi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Tahlil natijalariga ko‘ra, moliyaviy ibodatlar dastlab diniy-axloqiy mazmunga ega
bo‘lgan bo‘lsa, keyinchalik davlat va jamiyat manfaatlariga xizmat qiluvchi huquqiy
majburiyat darajasiga ko‘tarilgan. Zakot, ushr va fitr sadaqasi orqali ijtimoiy tenglik
va kambag‘allikni kamaytirish maqsad qilingan.
Islom dini ta’limotiga ko‘ra, moliyaviy ibodat deganda avvalambor, zakot ibodati
tushuniladi. Shuning bilan birga turli holatlardagi to‘lovlar: ushur, fitr sadaqasi, fidya
va boshqa to‘lovlar ham moliyaviy ibodat turlariga kiradi. Ushbu ibodatlarni ado
etishdagi majburiyatlar Qur’on, sunnat, ijmo, qiyos kabi islom huquqi manbalari
asosida tartibga solinadi.
“Al-Hidoya” asarida moliyaviy ibodatlar zakot kitobida zikr qilingan (1:358-
345). Zero, islomdagi asosiy 5 arkon orasida imon ruknidan tashqari namoz, ro‘za va
haj ibodatlari ham bilvosita moliyaviy jihatlarga ega bo‘lsa-da, ular orasida zakot
bevosita moliya bilan bog‘liq ibodat hisoblanadi.
Ilk islom tarixiga murojaat qilinadigan bo‘lsa, Makkada nozil bo‘lgan suralar
birinchi davrda asosan, yagona Allohga imon keltirishga chaqiriq bilan bog‘liq
oyatlardan iborat bo‘lgan bo‘lsa-da, ularda ham moliyaviy ibodatga kattagina e’tibor
qaratilgan. Masalan, miskinlarga taom berishning naqadar ulug‘ savob ekanligi, bu
ishni qilmaslik yoki boshqalarga uni qilishga chaqirmaslik qay darajada yomon ish
ekanligi ta’kidlanadi (2:2, 576, 595, 602).
Madinada nozil bo‘lgan oyatlarda esa moliyaviy ibodatlarning kimlarga berilishi
kabi ma’lumotlar bayon qilingan. Ammo kimlar berishi, nisob miqdorlari, qancha
muddatda berilishi kabi tafsilotlar hadislarda bayon qilingan.
Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya” asari islom tarixidagi moliyaviy
ibodatlar bo‘yicha majburiyatlarni tartibga solish jarayonining bir bosqichini o‘zida
aks ettiradi. Hanafiy mazhabi tarixiga nazar solinadigan bo‘lsa, Qur’on, hadis, ijmo,
qiyos kabi shariat manbalarini o‘zida aks ettirgan bir nechta bosqichdan iborat
manbalar to‘plami mavjud. Ular 1) usul; 2) navodir; 3) fatovo va voqeot kitoblari
bo‘lib, ularning barchasi moliyaviy ibodatlardagi majburiyatlarni tartibga solish
tarixini tashkil etadi.
Ilk hanafiy manbalaridan bo‘lmish Imom Muhammad Shayboniyning (749-806)
12 jildda chop etilgan “Kitobu-l-asl” (3:52-144) asarining 3-jildida “Zakot kitobi”
qismi 92 betdan iborat hajmda berilgan. Hanafiy mazhabi asoschilari Imom Abu
Hanifa va Abu Yusufdan bevosita ilm olgan bu olim ko‘pgina fiqhiy masalalarda o‘zi
ijtihod qilgan. Shu sababli ham Imom Muhammad Shayboniyning “Kitobu-l-asl” asari
hanafiy mazhabining asosiy manbalaridan hisoblanadi va Burhoniddin Marg‘inoniyga
qadar yetib kelgan fiqhiy masalalarning tarixiy rivojlanish bosqichlarini aynan shu
kitobda ko‘rish mumkin.
“Kitobu-l-asl”ning “Zakot” qismida tuya, qo‘y, qoramollardan beriladigan zakot
miqdorlari, ushr sadaqasi, uning shartlari haqida batafsil to‘xtalib o‘tiladi. Ushbu kitob
hanafiylik mazhabidagi moliyaviy ibodatlarga oid majburiyatlarning ham boshlang‘ich
tarixiy bosqichlarini o‘zida aks ettiradi.
“Kitobu-l-asl” bevosita pul bilan bog‘liq zakotning tartiblari emas, balki tuya,
qo‘y, qoramollardan beriladigan zakotlar haqidagi bo‘lim bilan boshlanadi. Shundan
so‘nggina puldan beriladigan zakot haqida so‘z yuritiladi. Unda ham tijoratchilarning
mollaridan ajratiladigan zakot haqida so‘z boradi. Shundan so‘ng ushr va qimmatbaho
toshlar va taqinchoqlardan beriladigan zakot miqdorlari ko‘rsatiladi. Kitobdagi ushbu
yondashuvdan xulosa qilish mumkinki, fiqhda asosiy savollar chorvachilik va
dehqonchilikka oid masalalarda bo‘lgan. Tijorat va boshqa ishlab chiqarish
vositalaridan tushadigan tushumning va ulardan to‘lanadigan zakotning ulushi nisbatan
kamroq bo‘lgan.
Fitr sadaqasi ham moliyaviy ibodat masalalari ichidagi muhim jihatlardandir. Bu
masalada islom manbalarida asosan, Payg‘ambar (s.a.v.)dan rivoyat qilingan “Har bir
hur va katta yoki kichik yoshda bo‘lgan qul uchun yarim so (صاع)bug‘doy yoki bir so
xurmo yoki bir so arpa berib (fitr sadaqasini) ado etinglar”, degan hadisni keltiradilar
(4,5:173, 434). Ushbu keltirilgan hadisning rivoyat qilinishi qat’iy dalillik darajasiga
yetmagan hisoblanadi. Ammo shunga qaramay, bu kabi hadislar orqali vojib hukmlar
sobit bo‘lishiga misol qilib keltirilgan.
Hanafiy mazhabi asoschilaridan biri bo‘lgan yana bir mujtahid olim Abu Yusuf
Yaqub ibn Ibrohim Ansoriy Kufiy (731-798) qalamiga mansub “Kitobu-l-xaroj”
asarida zakot masalasi batafsil yoritilgan. Xalifa Horun ar-Rashidning (786-809)
talabiga binoan yozilgan ushbu asarda o‘z noiga binoan asosan “xaroj”lar, ya’ni
to‘lovlar haqida so‘z ketadi. Chunki Horun ar-Rashid olimdan asosan aholidan
olinadigan to‘lovlar haqida so‘ragan edi.
“Kitobu-l-xaroj” asarining “Zakot” bobida muallif xalifaga bir qator tavsiyalarni
beradi. Xususan, Payg‘ambar (s.a.v.) Muoz ibn Jabalni Yamanga jo‘natayotib aytgan
so‘zlari, ya’ni: “Alloh taolo ularga boylaridan olinib, faqirlariga qaytariladigan
sadaqani farz qilgan”ligi haqidagi hadis mohiyatini tushuntiradi. Bu ishda zakot
yig‘ishga mas’ul qilinganlarga Payg‘ambar (s.a.v.) va xulafoi roshidin davrlarida amal
qilingan shartlarga rioya qilishlarini buyurishini so‘raydi (6:112).
Qo‘y va qoramollardan beriladigan zakotning miqdori o‘zgarmas etib
belgilanganini Abu Yusuf bir hadis bilan dalillaydi. Unga ko‘ra, “Rasululloh (s.a.v.)
zakot haqida maktub yozib, uni qilichlariga bog‘lab yoki vasiyatnomalariga biriktirib
qo‘ydilar va uni to vafotlariga qadar chiqarmadilar. Rasululloh (s.a.v.)dan so‘ng undan
Abu Bakr (r.a.) vafqotiga qadar foydalandi, so‘ngra esa Umar (r.a.) foydalandi”.
Mazkur maktubda quyidagilar yozilgan edi: 40 tadan to 120 tagacha bo‘lgan qo‘ydan
1 ta qo‘y, va h.k. (6:112-113): Hayvonlardan olinadigan zakot miqdorlari keyingi
manbalar, xususan, Burhoniddin Marg‘inoniyning “al-Hidoya” asarida ham xuddi shu
shaklda takroran keladi (7:99).
Asardagi “Zakot to‘lashdan bosh tortishning haromligi, ...” deb boshlanuvchi bob
alohida e’tiborga loyiq. Chunki unda zakot nafaqat diniy majburiyat, balki davlat
darajasidagi ahamiyatga ega masala sifatida qaralgan. Bunda mamlakat ichidagi
fuqarolarning ijtimoiy himoyasi uchun ham moli nisobga yetgan kishilar uchun uni
olishga haqdor bo‘lgan ehtiyojmand kishilarga ushbu majburiyatni bajarish zaruriy
ekanligiga xalifa Abu Bakr (r.a.) davrida yuz bergan “Ridda” voqeasini keltiradi. Unga
ko‘ra, “Abu Bakr (r.a.) Rasulullohning vafotlaridan so‘ng arablar zakot to‘lashdan
bosh tortganlarida: “Agar Rasulullohga bergan zakotlarini bermasalar, ularga qarshi
urush qilaman”, – degan va ular zakot bermay qo‘yganlarida ularga qarshi urushni
qonuniy deb hisoblagan” (6:119). Zakot va boshqa soliqlar davlat rahbari tomonidan
tayinlangan mas’ullar amalga oshirgan ushbu davrda zakotga shu qadar jidiy qaralgan.
“Kitobu-l-xaroj” da e’tiborga loyiq joylaridan yana biri shundaki, muallif unda
xalifaga nisihat qilayotib, “Zakot yig‘ishni xaroj yig‘uvchilarga topshirma”, deydi.
Shuningdek, muallif zakot va xaroj pullarini bir-biri bilan aralashtirish ham mumkin
emasligini ta’kidlaydi (6:119-120).
Markaziy Osiyoda to‘lov tizimlari har doim ham bir xilda bo‘lavermagan.
Masalan, bu mintaqadagi qoraxitoylar bosib olgan yerlarda xuddi Xitoydagi kabi
mavjud hovli (xonadon)lar soniga bog‘liq holda amalga oshirilgan. Bunda har bir
hovlidan bir dinordan undirilgan. Ibn al-Asirning (1160-1233) “al-Komil fi-t-tarix”
asarida bayon qilishicha, Qoraxitoylar bosib olgan hudud aholisining turmush tarzini
o‘zgartirmagan, faqatgina har bir xonadondan soliq undirish bilan cheklangan (8:19).
Islom huquqi normalari ham insonlarga huquq va erkinliklarini kafolatlagan holda
ularning zimmasiga muayyan majburiyatlarni ham yuklagan. Bu bilan inson oilasi, o‘zi
yashab turgan jamiyat va davlat oldida ma’lum burchlarni bajarishi belgilangan.
Diniy majburiyatlarni ado etishning tarkibiy qismlari mavjud (9:26). Sunniylar
uni tashqi ko‘rinishiga ko‘ra quyidagi uch qismga bo‘ladilar: ibodat (ibodatlar va
ularga tegishli majburiyatlar), muomalot (fuqarolik huquqi munosabatlari), uqubot
(jinoyat va jazo masalalari) (10:430).
Dastavval fiqx ilmida belgilab berilgan haqqulloh (Allohning huquqi) va haqqul
abd (banda, ya’ni kishilarning huquqi) atamalarining tub mohiyatini chuqur anglab
olish maqsadga muvofiq.
Fiqhda haqqulloh ikki qismga bo‘linadi: Birinchi qism Alloh bilan bandalar
orasidagi munosabatdan iborat bo‘lib, yaratuvchiga yaqin bo‘lish uchun barcha
musulmonlar tomonidan bajariladi. Ular diniy va axloqiy mohiyatga ega. Masalan
namoz, ro‘za, zakot, haj va boshqa ibodatlarni bajarishda har bir oqil va bolig‘
kishining o‘zi mas’ul bo‘lib, Allohning oldida javobgar hisoblanadi.
Haqqullohning ikkinchi qismi jamiyat manfaatlarini rioya qilgan holda shaxsiy
huquqdan ustun qo‘yilib bajarilishi zarur bo‘lgan huquqdir. Huquq tili bilan ifodalansa,
ushbu soha ommaviy huquqdan iborat bo‘lib, jinoyat huquqi, xalqaro huquq, xalqqa
tegishli davlat boyliklari, barcha fuqarolar foydalanadigan umumiy yo‘llar va umumiy
muassasalarni qamrab oladi. Ushbu ma’noda agar haqqulloh (ommaviy huquq) bilan
shaxsiy huquq bir-biriga qarshi tursa, haqqulloh ustun qo‘yiladi.
Abdulvahhob Xallof bu sohaga ikkita qo‘shib quyidagicha tasnif etgan:
1. Ikkala haq qo‘shilib, lekin Allohning huquqi ustun turgan haq: Qazf haddi,
ya’ni bir ayolni yolg‘ondan zinokorlikka nisbat berib so‘kish uchun belgilangan jazo.
Qazf jinoyati isbotlangandan keyin ayol o‘z huquqidan o‘tib, uni kechirsa ham
haqqulloh nuqtayi nazaridan jazo soqit bo‘lmaydi.
2. Ikkala huquq qo‘shilib, lekin bandaning haqqi ustun turgan huquq. Masalan,
qasos huquqi, unda maqtulning valiysi qotilni afv etish salohiyatiga ega bo‘ladi
(11:293).
Xaqqul abd esa shaxsiy huquqdan iborat bo‘lmish barcha huquq sohalarini
qamrab olib, oila huquqi, fuqarolik huquqi, vaqf huquqi (jamg‘armaning bir shakli) va
boshqa tarmoqlarga bo‘linadi.
Axloqiy me’yorlar islom huquqida ijobiy ahamiyatga ega bo‘lsa ham, aytib
o‘tilgan sohalarning hech biri sof axloqiy normalardan iborat emas, balki
amaliy-dunyoviy mohiyatga ega bo‘lib, o‘rni kelganda qonuniy majburiyat tusini oladi.
Islom shariatida belgilangan majburiyatlar o‘zining manbasi va huquqiy oqibatiga
ko‘ra quyidagi kategoriyalardan iborat bo‘ladi:
1. Farz yoki vojib, ya’ni amalga oshirilishi mukofotga va tark etilishi jazoga sabab
bo‘luvchi majburiy amal. Shuningdek, farz – shariat ko‘rsatmalarini bajarishga ahd
bo‘lgan kishidan bajarilishi qat’iy talab qilingan amal (5:43). Vojib – farz kabi bajarish
qat’iy talab qilingan, lekin dalillar farznikidan kuchsiz bo‘lgan amallar. Masalan, fitr
sadaqasi va qurbonlik kabi. Ushbu kategoriya farzi ayn va farzi kifoyaga bo‘linadi.
2. Sunna (12:11-12; 72, 32), mandub, mustahab, maqbul, marg‘ub, nafl yo nofila
tavsiya etilgan, ya’ni tark etilishi jazoga sabab bo‘lmay, bajarilishi savob (ma’naviy
mukofot)ga loyiq deb bilingan amallar. Mazkur amallardan har birini bajarish tatavvu’
deb ataladi.
3. Muboh (joiz deb ham ataladi) bajarilishi va bajarilmasligi na mukofot va na
jazoga sabab bo‘lmaydigan amallar. Ularni bajarish yoki bajarmaslik insonning o‘z
ixtiyoriga topshirilgan. Bunday ishlar iboha, ya’ni insonning ixtiyorida bo‘lgan ishlar
sohasini tashkil etib, “ibohai shar’iya” – shariat tomonidan berilgan ixtiyor, deb ataladi.
4. Makruh, ya’ni jazoga sabab bo‘lmaydigan, ammo islom qonunlari me’yorlariga
uyg‘un kelmaydigan ishlar. Keyingi davrlarda ushbu qismda “xilof al-avlo” (maqbulga
qarshi) atamasi ham qabul qilingan. Unga ko‘ra “mandub” bilan “muboh” o‘rtasida
“avlo” (marg‘ub va maqbul) kategoriyasi turadi.
5. Harom (mahzur deb ham ataladi) taqiqlangan yoki jazolanadigan amallar
(13:91). Shuningdek, tark etilishi qat’iy va majburiy uslubda talab qilingan va uni
amalga oshirgan kishi ta’qib ostiga olinib, jazolashga hukm etiladigan ishlar, masalan,
odam o‘ldirish, o‘g‘rilik qilish kabi ishlar. Bunday ishlar muharramot va har biri harom
yoki muharram deb ataladi.
Iboha sohasi, ya’ni muboh yoki joiz ishlar sohasi jamiyat hayotining asosiy
qismini tashkil etgani uchun, qonun sohasiga kirmaydi (10:430-431, 13, 18).
Ushbu kategoriyalar asosida sodir etilgan xatti-harakatlarning huquqiy oqibati
baholanib, unga gunoh yoki savob berilishi islom huquqi manbalarida belgilangan.
Farz, vojib va harom kategoriyalari qat’iy darajadagi majburiyatlar, sunnat, mustahab
va makruh kategoriyalari qat’iy bo‘lmagan majburiyatlar hamda muboh kategoriyasi
esa inson ixtiyoriga havola etilgan va amalga kiritilgan. Shuningdek, islom shariatida
bajarilishi qat’iy talab etilgan majburiyatlar asosan halol va harom kategoriyasidan
kelib chiqadi.
Islom huquq manbalaridagi ijtimoiy ahamiyatga ega majburiyatlardan eng kattasi
– moliyaviy majburiyatlar hisoblanib, bunday majburiyatlar moliyaviy ibodatlar nomi
bilan haj va zakot mavzulariga kiritilgan. Moliyaviy ibodatlar haj, zakot, ushr, xiroj,
sadaqa kabi turlarga bo‘linadi.
Burhoniddin Marg‘inoniy “al-Hidoya” asarida majburiyatga oid masalalarga
keng o‘rin ajratib, ularning kelib chiqish manbalari, mazmuni va ijtimoiy-iqtisodiy va
diniy ahamiyatini ochib bergan.
Moliyaviy ibodatlardan biri zakot (nisobga yetgan molidan ma’lum qismini
ma’lum shaxslarga mulk qilib berish) bo‘lib, “al-Hidoya” asarining ibodat qismida
alohida “Zakot bo‘lim”ida ochib berilgan (7:95). Yuqorida zakot oluvchi shaxslar va
uning ijtimoiy ahamiyati haqida to‘xtalingan edi. Mazkur bobda esa zakot ibodatini
ado etishdagi majburiyatlar haqida so‘z boradi.
Qur’on va u asosida yuzaga kelgan islom fiqhi inson turmushining barcha
sohalarini, jumladan, musulmonning majburiyatlarini ham qamrab oladi.
Tadqiqotchilarning bu mavzuga qiziqishining boisi ham ana shunda (15).
Qur’ondagi ayrim oyatlarda musulmonning o‘ziga xos majburiyatlari ochiq-oydin
bayon etilgan. Masalan, “Baqara” surasining 177-oyatida: “Yuzlaringizni Mashriq va
Mag‘rib tomonlariga buraverishingiz yaxshilik emas, balki Allohga, oxirat kuniga,
farishtalarga, kitoblarga, payg‘ambarlarga imon keltirgan, o‘zi yaxshi ko‘rib turib
molini qarindosh-urug‘lariga, yetim-yesirlarga, miskin-bechoralarga, yo‘lovchi-
musofirlarga, tilanchi-gadolarga va qullarni ozod qilish yo‘lida beradigan, namozni
to‘kis ado qilib, zakotni beradigan kishi va ahdlashganlarida ahdlariga vafo
qilguvchilar va xususan og‘ir-yengil kunlarda va jang-u jadal paytida sabr-toqat
qiluvchilar yaxshi kishilardir. Ana o‘shalar chin imonli kishilar va ana o‘shalar
taqvodordirlar” (2:27), – deyilgan.
“Zakot – o‘ziga xos muhtoj musulmonlar foydasiga olinadigan soliq, – deb
hisoblaydi N. I. Matar. – Qur’onda zakot xudojo‘ylik bilan bog‘lanadi, chunki xudoga
ishonish ezgu ishlarda namoyon bo‘ladi. Musulmon yilda bir marta o‘z mablag‘ining
2,5 foizini zakot sifatida muhtojlarga beradi” (16:53).
Shuningdek, sabiy (bola), majnun, mukotab qulning zimmasiga zakot berish
majburiyati yuklatilmagan.
Zakot berilishi belgilangan mol-mulklarga alohida shartlar ham belgilangan
bo‘lib, kishi yashash joylari (uylar), kiyadigan kiyimi, uy anjomlari, minib yuradigan
hayvonlari, xizmat uchun ajratilgan qullar va ishlatiladigan qurol-aslahalardan zakot
bermaydi (7:96). Yo‘qolgan va topilishidan umid uzilgan moldan ham zakot
berilmaydi.
Zakotni ado qilishda yoki zakot miqdorini ajratish vaqtida “zakot deb” qilingan
niyat bilan zakot berish zimmasidan soqit bo‘ladi. Aks holda majburiyat to‘liq
bajarilmagan hisoblanadi. Ammo bir kishi zakot berishni niyat qilmagan holatda butun
mol-mulkini sadaqa qilib yubordi. Uning ichida zakot berilishi lozim bo‘lgan qism ham
bor edi. Ular istehsoniga ko‘ra u kishidan farz bo‘lgan zakot majburiyati soqit bo‘ladi.
Islom huquqida zakot berilishi lozim bo‘lgan mol-mulk va uning miqdori alohida
belgilab berilgan. Marg‘inoniy “al-Hidoya”ning zakotdan keyingi o‘rinlarida
hayvonlar, mol-mulk, meva, daraxt, hosildan olinadigan zakotlar haqida to‘xtalib
o‘tgan.
Hayvonlardan tuya, qoramol, qo‘y va echkilar hamda otlardan zakot olinishi
belgilangan. Hayvonlardan olinadigan zakotni belgilashda umumiy shart qilib yilning
aksar (ko‘p) qismida o‘tloq (yaylov)da boqilgan bo‘lishi nazarda tutilgan. Hayvonlar
turiga qarab miqdori va soni bir-biridan farqlanadi. Jumladan, tuyalardan olinadigan
zakot miqdori 5 ta tuyadan bir yoshga to‘lgan qo‘y zakot sifatida berilishi belgilangan.
Tuyalar soni undan kam bo‘lsa, zakot berilmaydi (7:97).
Tuyalar soni o‘ntaga yetsa, har yili ikkita qo‘y zakoti uchun berish farz bo‘ladi.
15 tadan 19 tagacha tuyasi bor kishi 3 ta qo‘yni zakot sifatida beradi. 20 tadan 24
tagacha yetsa, 4 ta qo‘y beriladi. Shu tarzda tuyalar soni ko‘paygani sari zakot miqdori
ham ortib boradi. 35 tagacha yetsa bir yoshli tuya, 45 tagacha yetsa ikki yoshli tuya,
60 tagacha yetsa uch yoshli tuya, 75 tagacha yetsa to‘rt yoshli tuya, 90 tagacha yetsa
ikki yoshli tuyadan 2 ta, 120 tagacha yetsa uch yoshli tuyadan 2 ta berish lozim bo‘ladi.
Agar tuyalar soni 150 tadan oshsa, yana dastlabki miqdorga qaytib, 5 ta tuyadan 1 ta
qo‘y zakot sifatida beriladi hamda shu tartib hisoblanadi.
Qoramollardan olinadigan eng kam zakot miqdori esa 30 tadan boshlanishi
belgilangan. Bunda 30 ta qoramoldan bir yoshli 1 ta buzoq zakot sifatida beriladi.
Ularning soni 40 taga yetsa ikki yoshli qoramol zakot qilinadi. Qoramollar soni ortgani
sari zakot miqdorini ham ko‘tarib borish belgilangan. Jumladan, agar qoramollar soni
60 tagacha yetsa, 2 ta bir yoshli buzoq, 70 tagacha yetsa 1 ta ikki yoshli g‘unajin va 1
ta bir yoshli buzoq, 80 tagacha yetsa 2 ta ikki yoshli g‘unajin, 90 tagacha yetsa 3ta bir
yoshli buzoq, 100 tagacha yetsa 2 ta bir yoshli buzoq va 1 ta ikki yoshli g‘unajin zakot
sifatida berilishi belgilangan. Agar qoramollar soni 100 tadan oshsa, dastlabki hisobga
ko‘ra miqdori chiqariladi.
Shuningdek, Janubi-Sharqiy Osiyo, Afrika, Sharqiy Yevropa kabi mamlakatlarda
boqiladigan qo‘tos (buyvol yoki jomus) deb nomlangan hayvonlardan xuddi
qoramollar miqdorida zakot berilishi fiqhiy manbalarda keltirib o‘tilgan (7:98).
Chorva qo‘y va echkilardan zakot olinadigan eng kam miqdor qirqta etib
belgilangan. Ya’ni 40 tadan to 120 tagacha bo‘lgan qo‘y va echkilardan 1 ta qo‘y zakot
sifatida beriladi. 121 tadan 200 tagacha 2 ta qo‘y zakot qilinadi. 201 tadan 399 tagacha
3 ta qo‘y, 400 tadan 4 ta qo‘y zakot sifatida ajratiladi. Bundan oshgan chorva
qo‘ylarining har 100 tasidan 1 ta qo‘y zakot sifatida har yili berilishi belgilangan (7:99).
Otlardan olinadigan zakot miqdori har bir otdan bir dinor etib belgilangan. Agar
hoxlasa, otlarning umumiy narxini belgilab, har ikki yuz dirhamdan 5 dirhamini zakot
uchun ajratadi. Otlar faqat erkak bo‘lsa, ulardan zakot berilmaydi. Chunki ular
ko‘paymaydi (7:99). Shuningdek, xachir va eshaklardan hech narsa vojib emasligi
ta’kidlangan.
Abu Hanifaga ko‘ra, bo‘taloq, buzoq, qo‘zichoqlardan zakot berilmaydi. Biroq
ular bilan kattalari ham bo‘lsa, zakot vojib bo‘ladi (7:100).
Ishlarda foydalaniladigan, yuk tashiydigan va yilning aksar qismida uyda yem-
xashak berib boqiladigan hayvonlardan zakot berilmaydi.
Marg‘inoniy mol-mulklardan olinadigan zakot miqdorini ham alohida bobda
bayon etadi. Unda kumushdan olinadigan zakot miqdori ikki yuz dirham kumushdan
besh dirham miqdorida etib belgilangan. Demak, o‘rtacha 595 gm kumushdan 14.875
gm kumush miqdorida zakot olinadi (7:103).
Agar kumush miqdori ikki yuzdan oshsa, har qirq dirhamdan bir dirham
miqdorida zakot ajratiladi.
Tilladan olindigan zakot miqdori 20 misqol3dan yarim misqol tilla etib
belgilangan. Demak, 80 yoki 85 gramm tilladan 2 yoki 2.125 gramm tilla miqdorida
zakot olinadi. Undan oshsa, har to‘rt misqol tilladan ikki qiyrot4 miqdorida zakot
olinadi. Ya’ni 17 gramm tilladan 0.425 gramm tilla miqdorida zakot belgilanadi.
3 Bir misqol 4 yoki 4.25 grammga teng o‘lchov birligi.
4 Bir qiyrot 0.2125 grammga teng o‘lchov birligi.
Agar, ular tijorat maqsadida saqlanayotgan bo‘lsa, tilla va kumush taqinchoqlar,
zeb-ziynat buyumlari va idishlardan zakot beriladi.
Tijorat mollaridan ham tilla yoki kumush narxida nisobga yetsa, zakot ajratish
belgilanadi. Ya’ni har ikki yuz dirhamdan besh dirham miqdorida zakot olinadi.
Shuningdek, islom huquqi manbalarida hosildan olingan daromadlardan ushr
olinishi belgilangan. Bunda Marg‘inoniy musulmonlardan molining qirqdan bir
miqdorida, zimmiylardan molining yigirmadan biri miqdorida va ahli harbdan
molining o‘ndan bir miqdorida ushr olinishini keltirib o‘tgan (7:105).
Marg‘inoniy aytadi: “Xiroj olinadigan yoki ushr olinadigan yerdan tilla, kumush,
temir, qo‘rg‘oshin, mis kabi ma’danlar koni topilsa, ularning beshdan bir qismi olinadi”
(7:107). Abu Hanifaga ko‘ra, agar kishi o‘z hovlisidan ma’dan topib olsa, undan biron
narsa berishi vojib bo‘lmaydi. Agar bir kishi boylik topib olsa, undan xums (beshdan
birini) berishi vojib bo‘ladi. Yana tog‘dan topilgan qimmatli toshlar, dengizdan
topilgan dur va anbardan ham beshdan bir ulush beriladi.
Ekin va mevalardan zakot berish haqida Marg‘inoniy Abu Hanifa so‘zini
keltiradi: “Erdan chiqqan narsalardan xoh u oz bo‘lsin, xoh u ko‘p bo‘lsin ushr olinadi.
Bu narsalar xoh oqar suv bilan sug‘oriladigan bo‘lsin, xoh osmon suvidan ichgan
bo‘lsin farqi yo‘q. Faqat daraxt, qamish va o‘tlardan ushr olinmaydi” (7:109). Yerdan
olinadigan ushr miqdorini belgilashda bir yil o‘tishi shart qilinmaydi. Ularning miqdori
besh vasaq5 miqdorga yetsa, ushr olinadi.
Yana ushr olinadigan yerda boqilgan asalarining asalidan ham ushr olinadi. Imom
Quduriy aytadi: “Ushr beriladigan yerdan chiqqan neft va qora moy chashmalari uchun
hech narsa berilmaydi” (7:111). Chunki bular yer mahsuloti emas, balki yerdan otilib
chiqqan suv kabilar hisoblanadi.
Moliyaviy majburiyatlardan biri fitr sadaqasi bo‘lib, Marg‘inoniy “al-Hidoya”
asarida bu haqida: “Musulmon, hur kishining moli, agar o‘zining turar joyi, kiyimi, uy
anjomi, ot-ulovi, qurol aslahasi va qullaridan ortiqcha, nisob miqdoriga yetadigan
mulkka ega bo‘lsa, fitr sadaqasini berishi vojib bo‘ladi”, – deydi (7:115). Fitr
sadaqasining miqdori, vaqti, kim berishi hamda ijtimoiy ahamiyati ikkinchi bobda
keltirilgan.
Ramazon oyi ro‘zasi farz qilingan bo‘lib, har bir balog‘atga yetgan musulmon ado
qilishi lozim bo‘lgan jismoniy ibodat hisoblanadi. Ammo ro‘za tuta olmaydigan keksa
kishi (shayxi foniy) yoki tuzalmas kasal bo‘lib, ro‘za tutsa kasali ziyoda bo‘ladigan
kishilar ro‘za tutmay, uning kafforati (jarimasi) uchun ro‘za tutmagan har bir kuniga
bir miskinni ovqatlantiradi. Ya’ni yarim so’ bug‘doy yoki bir so’ xurmo yoki arpa
miqdorida mablag‘ni fidya sifatida beradi (7:123). Shu bilan Ramazon ro‘zasini ado
5 Bir vasaq 195 kg ga teng o‘lchov miqdori.
qilgan savobga ega bo‘ladi. Jismoniy ibodatni bajarish imkoniyati bo‘lmagani bois bu
amal moliyaviy ibodat, ya’ni fidya – bir miskinni ovqatlantirishga almashtiriladi. Bu
ham moliyaviy majburiyatlarning ko‘rinishlaridan biri sanaladi.
Islom shariatida ibodatlar uch tur: jismoniy, moliyaviy va ham jismoniy, ham
moliyaviy ibodatlarga bo‘linadi. Yuqorida moliyaviy ibodatlar va ulardagi
majburiyatlar haqida to‘xtalib o‘tildi. Marg‘inoniy o‘z asarida ham moliyaviy, ham
jismoniy ibotadlardan biri – Haj ibodati haqida alohida bo‘lim ajratgan.
Haj ibodati ozod, balog‘atga yetgan, aqlli va sog‘lom kishilarga umri davomida
bir marta farz hisoblanadi. Agar ular hajdan qaytib kelgunicha turar joy, zarur anjom
va ahli ayolining nafaqasidan ortiqcha oziq-ovqat va ulovga ega bo‘lsa hamda hajga
boradigan yo‘l xavfsiz bo‘lsa farz bo‘ladi.
Demak, haj amallarini bajarish bilan bir qatorda ziyoratchilarga borib-kelish
uchun moliyaviy ta’minlanganlik sharti ham belgilangan.
Marg‘inoniyning “al-Hidoya” asari orqali yuqorida keltirilgan moliyaviy
ibodatlardagi o‘ziga xos majburiyatlarni o‘rganilganda, mana shu kabi majburiyatlar
O‘zbekiston qonunchiligida ham fuqarolarning atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona
munosabatda bo‘lish va soliq to‘lash shaklida namoyon bo‘layotganini qayd etish
zarur.
XULOSA
Moliyaviy ibodatlardagi majburiyatlar islom huquqi tizimining muhim tarkibiy
qismi bo‘lib, ularning shakllanishi va rivojlanishi bir necha tarixiy bosqichlardan
iborat:
1. Makka davri – moliyaviy majburiyatlar asosan axloqiy-ma’naviy tavsiya
sifatida (tazkiya, sadaqa berish savobi) namoyon bo‘lgan. Bu davrda zakot va sadaqa
hali aniq huquqiy shaklga ega emas edi.
2. Madina davri (Hijratdan keyin, ayniqsa 2-hijriy yil) – zakot rasman farz
qilingan, uning nisob miqdori, to‘lov vaqti, oluvchilar toifalari (Toba surasi, 60-oyat)
va umumiy tartibi belgilangan. Zakot shaxsiy ibodatdan davlat darajasidagi
majburiyatga aylangan (Ridda voqealari).
3. Xalifa davri va ilk hanafiy olimlar davri – Imom Abu Hanifa, Imom
Muhammad ash-Shayboniy va Abu Yusuf davrida moliyaviy ibodatlar huquqiy
jihatdan batafsil ishlab chiqilgan. “Kitobu-l-Asl” va “Kitobu-l-Xaroj” asarlari bu
jarayonning muhim bosqichlari hisoblanadi.
4. Keyingi rivojlanish va tizimlashtirish bosqichi – Burhoniddin Marg‘inoniy
“al-Hidoya” asarida oldingi barcha qarashlarni jamlagan holda, moliyaviy ibodatlarni
(zakot, ushr, fitr sadaqasi, fidya, hajning moliyaviy shartlari) mukammal huquqiy tizim
sifatida taqdim etgan.
Natijada, moliyaviy ibodatlar nafaqat shaxsiy diniy-axloqiy majburiyat, balki
islom jamiyatining ijtimoiy-iqtisodiy barqarorligini ta’minlovchi muhim institut
sifatida shakllangan.
Moliyaviy ibodatlardagi majburiyatlarning tarixiy rivojlanishi va ularning
zamonaviy ahamiyatini hisobga olgan holda quyidagi takliflarni berishimiz mumkin:
- Hanafiy mazhabining moliyaviy ibodatlarga oid qarashlarini zamonaviy
iqtisodiy nazariyalar (soliq tizimi, ijtimoiy ta’minot, qayta taqsimlash mexanizmlari)
bilan qiyosiy tahlil qiluvchi tadqiqotlar olib borish.
- “Al-Hidoya”, “Kitobu-l-Asl” va “Kitobu-l-Xaroj” asarlarining moliyaviy
ibodatlarga oid bo‘limlarini zamonaviy o‘zbek tilida to‘liq yoki mavzuli tarjima qilish
va sharhlar bilan nashr etish.
- O‘zbekiston hududida (Movarounnahr) hanafiya mazhabi doirasida moliyaviy
ibodatlar qanday amalda qo‘llanilgani bo‘yicha tarixiy hujjatlar asosida tadqiqotlar olib
borish.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Alimov Z. (2019). Ibn al-Asirning “Al-Komil fi-t-tarix” asarida Qoraxitoylar
davri haqida ma’lumotlar // Meros. – Toshkent.
2. Абу Юсуф Яъқуб ибн Иброҳим Куфий. (2021). Китобу-л-харож /
таржимон А.Маннапова. – Toshkent: O‘zXIA NMB.
3. Бабаханов Ш. З. (1998). Великие мухаддисы о мире и дружбе между
народами (из шести общепризнанных сборников хадисов). – Т.
4. Бурхониддин Марғиноний. (1994). Ал-Ҳидоя шарҳи бидоятил мубтадий.
– Ж. 1-2. – Макка: Мустафо Аҳмад Боз.
5. Бурхониддин Марғиноний. (2020). Ал-Ҳидоя шарҳ бидоятил мубтади.
Ибодатлар қисми. Биринчи жилд / Таржима ва муаллифлари: А.Қамбаров,
А.Икромжонов ва И.Бекмирзаэв. Сўзбоши. М.Комилов. – Т.: Ҳилол-нашр
нашриёт-матбааси.
6. Ерофеев Д. (1991). Шариат – исламский кодекс права и морали // Азия и
Африка сегодня. – №7.
7. Исҳақов С.А. ва бошқ. (2012). Мусулмон ҳуқуқи. – Т.: Ўзбекистон
Республикаси ИИВ Академияси.
8. Қуръони карим маъноларининг таржима ва тафсири / Таржима ва тафсир
муаллифи: Абдулазиз Мансур. (2018). – Тошкент: Тошкент ислом университети.
9. Маттар Н.И. (1997). Islam for Beginners. – New York, London. – P. 53.
10. Muhammad ibnu-l-Hasan ash-Shayboniy. (2012). Al-Asl. – J. 2. – Qatar:
Vizoratu-l-avqof.
11. Xallof Abdulvahhob. (1985). Ilm Usulil fiqh va xulosatut tashri’il islomiy. –
Qohira.
REFERENCES:
1. Alimov, Z. (2019). Ibn al-Asirning “Al-Komil fi-t-tarix” asarida Qoraxitoylar
davri haqida ma’lumotlar // Meros. – Toshkent. (In Uzbek)
2. Abu Yusuf Ya’qub ibn Ibrohim Kufiy. (2021). Kitobu-l-xaroj / tarjimon A.
Mannapova. – Toshkent: O‘zXIA NMB. (In Uzbek)
3. Babaxanov, Sh. Z. (1998). Velikie muxaddisy o mire i drujbe mezhdu
narodami (iz shesti obshchepriznannyx sbornikov xadisov). – Toshkent. (In Russian)
4. Burhoniddin Marg‘inoniy. (1994). Al-Hidoya sharhi bidoyatil mubtadiy. – J.
1-2. – Makka: Mustafo Ahmad Boz. (In Arabic)
5. Burhoniddin Marg‘inoniy. (2020). Al-Hidoya sharh bidoyatil mubtadi.
Ibodatlar qismi. Birinchi jild / Tarjima va mualliflari: A. Qambarov, A. Ikromjonov va
I. Bekmirzaev. So‘zboshi. M. Komilov. – Toshkent: Hilol-nashr nashriyot-matbaasi.
(In Uzbek)
6. Erofeev, D. (1991). Shariat – islamskiy kodeks prava i morali // Aziya i Afrika
segodnya. – № 7. (In Russian)
7. Is’hoqov, S.A. va boshq. (2012). Musulmon huquqi. – Toshkent: O‘zbekiston
Respublikasi IIV Akademiyasi. (In Uzbek)
8. Qur’oni karim ma’nolarining tarjima va tafsiri / Tarjima va tafsir muallifi:
Abdulaziz Mansur. (2018). – Toshkent: Toshkent islom universiteti. (In Uzbek)
9. Matar, N.I. (1997). Islam for Beginners. – New York; London. – P. 53.
10. Muhammad ibn al-Hasan ash-Shaybani. (2012). Al-Asl. – Vol. 2. – Qatar:
Wizārat al-Awqāf. (In Arabic)
11. Xallof, Abdulvahhob. (1985). Ilm Usulil fiqh va xulosatut tashri’il islomiy. –
Qohira. (In Arabic)