TIL, MADANIYAT VA TARJIMANING O‘ZARO TA’SIRI
THE INTERACTION BETWEEN LANGUAGE, CULTURE, AND
TRANSLATION
ВЗАИМОДЕЙСТВИЕ ЯЗЫКА, КУЛЬТУРЫ И ПЕРЕВОДА
https://zenodo.org/records/20666897
Usmanova Gulruh Shokirjonovna
Oriental Universiteti
Tillar-2 kafedrasi katta o‘qituvchi
Tel:+998 97-131-40-80
E-mail: gulrukhusmanova@gmail.com
Annotatsiya. Mazkur maqolada “Firdavs-ul-iqbol” asari materiallari asosida
til, madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’siri lingvokulturologik va tarjimashunoslik
nuqtayi nazaridan kompleks tahlil qilinadi. Asarda aks etgan tarixiy voqelik,
ijtimoiy-madaniy muhit hamda milliy qadriyatlarning til birliklari orqali
ifodalanish xususiyatlari aniqlanib, matndagi realiyalar, etnografik unsurlar, tarixiy
terminlar va frazeologik birliklarning tarjimada adekvat ifodalanishi muammolari
ko‘rib chiqiladi. Tarjima jarayonida semantik muvofiqlik, pragmatik adekvatlik va
madaniy ekvivalentlikni ta’minlash masalalari ilmiy asosda yoritilib, tarjimonning
interpretativ faoliyati alohida e’tiborga olinadi. “Firdavs-ul-iqbol” asari misolida
manba til va maqsad til o‘rtasidagi madaniy tafovutlarning tarjima sifatiga ta’siri
ochib beriladi.
Kalit so‘zlar: til va madaniyat, madaniy ekvivalentlik, semantik muvofiqlik,
pragmatik adekvatlik, tarixiy leksika, tarjima strategiyalari, interpretatsiya.
Annotation. This article provides a comprehensive analysis of the interaction
between language, culture, and translation based on the material of the “Firdavsul-iqbol” work from a linguocultural and translation studies perspective. The study
identifies the features of how historical reality, socio-cultural environment, and
national values reflected in the work are expressed through linguistic units. It also
examines the issues of adequate translation of realia, ethnographic elements,
historical terms, and phraseological units found in the text. The problems of
ensuring semantic equivalence, pragmatic adequacy, and cultural equivalence in
the translation process are scientifically substantiated, with particular attention paid
to the translator’s interpretative activity. Using the example of “Firdavs-ul-iqbol”,
the impact of cultural differences between the source and target languages on
translation quality is revealed.
Keywords: language and culture, cultural equivalence, semantic
equivalence, pragmatic adequacy, historical lexicon, translation strategies,
interpretation
Аннотация. В данной статье на основе материала произведения
«Фирдавс-ул-икбол» проводится комплексный анализ взаимодействия языка,
культуры и перевода с позиций лингвокультурологии и переводоведения. В
работе выявляются особенности выражения исторической действительности,
социально-культурной среды и национальных ценностей через языковые
единицы. Также рассматриваются проблемы адекватной передачи реалий,
этнографических элементов, исторических терминов и фразеологических
единиц в процессе перевода. Особое внимание уделяется вопросам
обеспечения семантической эквивалентности, прагматической адекватности
и культурной эквивалентности, а также интерпретативной деятельности
переводчика. На примере произведения «Фирдавс-ул-икбол» раскрывается
влияние культурных различий между языком-источником и языком перевода
на качество перевода.
Ключевые слова: язык и культура, культурная эквивалентность,
семантическая эквивалентность, прагматическая адекватность,
историческая лексика, стратегии перевода, интерпретация
KIRISH
Zamonaviy tilshunoslik va tarjimashunoslikda til va madaniyatning o‘zaro
aloqadorligi fundamental ilmiy muammolardan biri sifatida qaraladi. Til inson
tafakkuri va madaniyatining ifodasi bo‘lib, u millatning tarixiy tajribasi, ijtimoiy
hayoti hamda qadriyatlar tizimini o‘zida aks ettiradi. Bu borada E.Sapir
ta’kidlaganidek, “til – bu madaniyatning mahsuli bo‘lib, u jamiyatning fikrlash
tarzini shakllantiradi”. Shu fikrni Benjamin Lee Whorf ham davom ettirib, til va
tafakkur o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni asoslab bergan.
Tarjima esa turli madaniyatlar o‘rtasida vositachilik qiluvchi murakkab
kommunikativ jarayon hisoblanadi. E.Nida tarjimani “bir tildagi xabarni boshqa
tilga eng yaqin va tabiiy ekvivalentda yetkazish jarayoni” sifatida izohlaydi (Nida
E., 1993:120). Bu jarayonda nafaqat lingvistik, balki madaniy omillar ham hal
qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Chunki har qanday matn o‘zida muayyan madaniy
kontekstni mujassam etadi va uni tarjimada to‘liq ifodalash tarjimon zimmasiga
yuklatiladi. Ayniqsa, tarixiy asarlar tarjimasida madaniy birliklar, realiyalar va
milliy xususiyatlarni adekvat yetkazish muammosi dolzarb hisoblanadi. Bu
jihatdan “Firdavs-ul-iqbol” asari muhim tadqiqot manbai sifatida e’tiborga
loyiqdir. Asarda muayyan tarixiy davrning siyosiy, ijtimoiy va madaniy hayoti o‘z
aksini topgan bo‘lib, u til birliklari orqali ifodalangan boy lingvokulturologik
materialni o‘z ichiga oladi.
Mazkur maqolaning maqsadi – “Firdavs-ul-iqbol” asari misolida til,
madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’sirini ilmiy jihatdan tahlil qilishdan iborat.
Tadqiqot jarayonida lingvokulturologik yondashuv asosida matndagi realiyalar,
tarixiy terminlar hamda frazeologik birliklarning tarjimada ifodalanish
xususiyatlari o‘rganiladi. Shu bilan birga, tarjimada semantik muvofiqlik va
madaniy ekvivalentlikni ta’minlash masalalari ham ko‘rib chiqiladi. P.Newmark
fikriga ko‘ra, “tarjima jarayonida madaniy elementlarni uzatish tarjimonning
asosiy vazifalaridan biridir”, bu esa tarjimonning nafaqat til bilimiga, balki
madaniy kompetensiyasiga ham bog‘liq ekanligini ko‘rsatadi. Demak, til va
madaniyat uyg‘unligi tarjima sifatini belgilovchi asosiy omillardan biri bo‘lib, u
ilmiy tadqiqotlarda alohida e’tibor talab etadi.
MAVZUGA OID ADABIYOTLAR TAHLILI
Til, madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’siri masalasi jahon va o‘zbek
tilshunosligida keng qamrovda o‘rganilgan. Mazkur muammoning nazariy asoslari
Yevropa va Amerika olimlari tomonidan ishlab chiqilgan bo‘lsa, o‘zbek olimlari
bu nazariyalarni milliy til materiallari asosida rivojlantirgan.
Avvalo, Yevropa tarjimashunosligida P.Newmark tarjima jarayonida madaniy
birliklarni yetkazish masalasiga alohida e’tibor qaratadi. U semantik va
kommunikativ tarjima tushunchalarini farqlab, madaniy elementlarni tarjima
qilishda turli strategiyalarni qo‘llash zarurligini ta’kidlaydi (Newmark P., 1988:
95). H.Vermeer tomonidan ilgari surilgan “Skopos nazariyasi” tarjimaning
maqsadga yo‘naltirilgan jarayon ekanligini asoslab beradi. Bu nazariyaga ko‘ra,
tarjima usuli matnning funksiyasi va auditoriyaga bog‘liq holda tanlanadi. Yevropa
lingvokulturologiyasida Wilhelm von Humboldt tilni “xalq ruhi”ning ifodasi
sifatida talqin qilib, til va madaniyatning ajralmasligini asoslab bergan, uning
qarashlari keyingi tarjimashunoslik tadqiqotlari uchun muhim metodologik asos
bo‘lib xizmat qiladi (Humboldt W., 1988: 60).
O‘zbek olimlari orasida G‘.Salomov tarjima nazariyasining milliy maktabini
shakllantirgan yetakchi tadqiqotchilardan biri hisoblanadi. U tarjimada milliy
koloritni saqlash, madaniy moslik va adekvatlik masalalarini chuqur tahlil qiladi.
Olimning fikricha, tarjima jarayonida asliyatdagi madaniy mazmunni yo‘qotmaslik
asosiy vazifa hisoblanadi (Саломов Ғ., 1983: 67). Q.Musayev tilning ijtimoiy va
madaniy mohiyatini o‘rganib, til va tafakkur, til va jamiyat o‘rtasidagi uzviy
bog‘liqlikni ilmiy asosda yoritadi. Bu qarashlar tarjimada semantik va madaniy
ekvivalentlikni ta’minlashda muhim ahamiyatga ega (Мусаев Қ., 2000:115).
E.Ochilov esa tarixiy va badiiy matnlarni lingvistik hamda madaniy jihatdan tahlil
qilib, ularni tarjima qilishda davr ruhini va ijtimoiy muhitni aks ettirish zarurligini
ta’kidlaydi (Очилов Э., 2010: 74). Ayniqsa, tarixiy asarlar tarjimasida realiyalar
va milliy qadriyatlarni to‘g‘ri yetkazish masalasi uning tadqiqotlarida muhim o‘rin
tutadi.
Yuqoridagi ilmiy qarashlar shuni ko‘rsatadiki, til va madaniyat o‘zaro
chambarchas bog‘liq tizim bo‘lib, tarjima esa ushbu tizimlar o‘rtasida vositachilik
qiluvchi murakkab jarayondir. “Firdavs-ul-iqbol” asari misolida bu jarayonni
o‘rganish lingvokulturologik va tarjimashunoslik yondashuvlarini
uyg‘unlashtirishni talab etadi. Mazkur tadqiqotda Yevropa va o‘zbek olimlari
tomonidan ishlab chiqilgan nazariy konsepsiyalar integrativ tarzda qo‘llaniladi.
TADQIQOT METODOLOGIYASI
Mazkur tadqiqotda til, madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’sirini o‘rganish
uchun kompleks va tizimli yondashuvdan foydalanildi. Tadqiqot metodologiyasi
lingvokulturologiya, tarjimashunoslik va matnshunoslik yo‘nalishlari uyg‘unligida
shakllantirildi (Маслова В., 2001:35). Tadqiqotning nazariy asosini til va
madaniyatning uzviy bog‘liqligini yorituvchi ilmiy qarashlar tashkil etadi.
Jumladan, Wilhelm von Humboldt tilni xalq ruhining ifodasi sifatida talqin qilgan
bo‘lsa, P.Newmark tarjimada semantik va kommunikativ yondashuvlarni asoslab
bergan. O‘zbek tarjimashunosligida esa G‘.Salomov tomonidan ilgari surilgan
milliylik va madaniy adekvatlik tamoyillari ushbu tadqiqot uchun muhim
metodologik asos bo‘lib xizmat qildi.
Tadqiqot jarayonida “Firdavs-ul-iqbol” asari asosiy manba sifatida tanlanib,
undagi til birliklari lingvokulturologik jihatdan tahlil qilindi. Xususan, asarda
uchraydigan realiyalar, tarixiy terminlar, frazeologik birliklar va etnografik
unsurlar ajratib olinib, ularning madaniy mazmuni ochib berildi. Shu bilan birga,
asliyat matni va uning tarjimalari qiyosiy-tahliliy metod asosida o‘rganilib,
madaniy birliklarning tarjimada qay darajada adekvat ifodalanganligi
aniqlashtirildi.
Tahlil davomida semantik metod orqali til birliklarining ma’no qatlamlari,
konnotativ va denotativ jihatlari o‘rganildi, pragmatik yondashuv asosida esa
matnning kommunikativ vazifasi va o‘quvchiga ko‘rsatadigan ta’siri baholandi.
Bundan tashqari, interpretativ metod yordamida matndagi yashirin ma’nolar va
madaniy kontekst tahlil qilinib, tarjimonning ijodiy yondashuvi ham hisobga
olindi. Shu tarzda qo‘llanilgan metodologik yondashuv tadqiqot muammosini har
tomonlama yoritish, til va madaniyat o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlikni chuqur anglash
hamda tarjima jarayonida madaniy ekvivalentlikni ta’minlash mexanizmlarini
ilmiy asosda ochib berishga xizmat qiladi.
TAHLIL VA NATIJALAR
Mazkur tadqiqot doirasida “Firdavs-ul-iqbol” asari lingvokulturologik va
tarjimashunoslik yondashuvlari asosida chuqur tahlil qilindi. Tahlil jarayonida
asarda qo‘llanilgan til birliklari – tarixiy terminlar, realiyalar, frazeologik birliklar
hamda etnografik unsurlar tizimli ravishda o‘rganildi va ularning tarjimada
ifodalanish xususiyatlari aniqlashtirildi.
Avvalo, realiyalar (milliy-madaniy tushunchalarni ifodalovchi birliklar) tahlili
shuni ko‘rsatdiki, ular tarjimada eng murakkab qatlamni tashkil etadi. Masalan,
asarda uchraydigan “bek”, “mingboshi”, “devonbegi” kabi ijtimoiy lavozim
nomlari bevosita boshqa tillarga to‘liq ekvivalentga ega emas. Ayrim tarjimalarda
bu birliklar transliteratsiya (masalan, “bek” → “bek”) orqali berilgan bo‘lsa,
boshqa holatlarda izohli tarjima (“devonbegi” → davlat moliya ishlari boshlig‘i)
qo‘llangan. Biroq umumlashtirish yo‘li (“official”) bilan berilgan variantlar
madaniy aniqlikni yo‘qotganligi kuzatildi (Usmanova G.S., 2025: 130-131).
Ikkinchidan, tarixiy terminlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, ular ko‘pincha
konnotativ (qo‘shimcha ma’no) yuklamaga ega bo‘ladi. Masalan, “saroy”, “ark”,
“xonzoda” kabi birliklar nafaqat denotativ ma’noni, balki muayyan tarixiy
ierarxiya va ijtimoiy tizimni ham ifodalaydi. Tarjimada bu birliklar oddiy
“palace” yoki “prince” tarzida berilganda, ularning tarixiy-madaniy mazmuni
to‘liq aks etmaydi.
Frazeologik birliklar tahlili esa tarjimada badiiy-estetik muammolar
mavjudligini ko‘rsatdi. Masalan, “ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi” iborasi bevosita
tarjima qilinsa (“his heart rose like a mountain”), bu ifoda ma’no jihatdan
tushunarsiz bo‘lishi mumkin. Shu sababli bunday hollarda semantik mos variant
(“he became very encouraged”) tanlanadi, ammo bunda obrazlilik darajasi
pasayadi. Bu holat tarjimada ekvivalentlik va badiiylik o‘rtasidagi muvozanatni
saqlash muammosini yuzaga keltiradi (Usmanova G.S., 2025: 132-134).
Etnografik unsurlar ham muhim tahlil obyektini tashkil etdi. Masalan, “to‘y
marosimi”, “kuyovnavkar”, “kelin salom” kabi birliklar o‘zbek xalqining
an’anaviy turmush tarzini aks ettiradi. Ularni tarjima qilishda izohlash usuli
(“traditional wedding ceremony where the bride greets elders”) samarali
hisoblanadi, chunki bu usul madaniy axborotni yo‘qotmasdan yetkazishga imkon
beradi. Olib borilgan qiyosiy tahlillar shuni ko‘rsatdiki, tarjimada quyidagi
strategiyalar keng qo‘llanadi: transliteratsiya, izohlash, moslashtirish va
umumlashtirish. P.Newmark ta’kidlaganidek, madaniy birliklarni tarjima qilishda
birgina usul yetarli emas, balki kontekstga qarab turli strategiyalar
kombinatsiyasidan foydalanish zarur. Tadqiqot natijalari aynan shu yondashuvning
samarali ekanligini tasdiqladi. G‘.Salomov ilgari surgan milliy koloritni saqlash
tamoyili ham amaliy jihatdan o‘z tasdig‘ini topdi. Tahlil natijalariga ko‘ra,
transliteratsiya va izohli tarjima birgalikda qo‘llanganda (masalan, “devonbegi –
head of state treasury”) madaniy mazmunni to‘liqroq yetkazish mumkinligi
aniqlandi (Usmanova G.S., 2025: 133-134).
Umuman olganda, tadqiqot natijalari shuni ko‘rsatadiki, “Firdavs-ul-iqbol”
asari tarjimasida til va madaniyatning o‘zaro ta’siri ko‘p qatlamli va murakkab
jarayon hisoblanadi. Tarjimada faqat lingvistik moslik emas, balki madaniy
adekvatlikni ta’minlash muhim ahamiyat kasb etadi. Bu esa tarjimondan nafaqat til
bilimini, balki tarixiy va madaniy kompetensiyani ham talab qiladi. Mazkur
natijalar tarjimashunoslikda madaniy birliklarni uzatish strategiyalarini
takomillashtirishga hamda tarixiy asarlar tarjimasining sifatini oshirishga xizmat
qiladi.
XULOSA VA TAKLIFLAR
Mazkur tadqiqot natijalari asosida shuni xulosa qilish mumkinki, “Firdavs-
ul-iqbol” asari til, madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’sirini o‘rganish uchun
muhim lingvokulturologik manba hisoblanadi. Asar matnida aks etgan tarixiy
voqelik, ijtimoiy munosabatlar, milliy qadriyatlar va an’analar til birliklari orqali
mujassamlashgan bo‘lib, ular tarjima jarayonida murakkab semantik va madaniy
transformatsiyalarga uchraydi. Tadqiqot davomida aniqlanishicha, tarjima
jarayonida faqat denotativ ma’noni yetkazish yetarli bo‘lmay, konnotativ,
pragmatik va madaniy qatlamlarni ham adekvat ifodalash zarur hisoblanadi.
Lingvokulturologik tahlil shuni ko‘rsatdiki, asarda uchraydigan realiyalar,
tarixiy terminlar va etnografik birliklar milliy-madaniy axborotning asosiy
tashuvchisi sifatida namoyon bo‘ladi. Ularni tarjima qilishda yuzaga keladigan
muammolar, asosan, maqsad tilida to‘liq ekvivalentning mavjud emasligi bilan
bog‘liq. Tarjimon turli strategiyalar – transliteratsiya, izohlash, moslashtirish va
funksional almashtirish kabi usullardan foydalanishga majbur bo‘ladi. Tadqiqot
natijalari P.Newmark tomonidan taklif etilgan madaniy birliklarni tarjima qilish
strategiyalarining amaliy jihatdan asosli ekanligini tasdiqladi.
Bundan tashqari, tahlillar G‘.Salomov tomonidan ilgari surilgan milliy
koloritni saqlash tamoyilining dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi. Tarjimada
milliylikni yo‘qotish matnning badiiy-estetik qiymatini pasaytiradi va tarixiy
asarning autentikligini buzadi. Shu sababli tarjimon asliyat va tarjima o‘rtasida
muvozanatni saqlagan holda, madaniy ekvivalentlikni ta’minlashga intilishi lozim.
Pragmatik tahlil natijalari esa tarjima matnining qabul qiluvchi auditoriyaga
ta’siri asliyat matniga nisbatan farqlanishi mumkinligini ko‘rsatdi. Bu esa tarjima
jarayonida matnning funksional yo‘nalishi va kommunikativ maqsadini hisobga
olish zarurligini anglatadi. Tarjima faqat lingvistik transformatsiya emas, balki
interpretativ va rekonstruktiv jarayon ekanligi yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
Tadqiqotning muhim natijalaridan biri shundan iboratki, til va madaniyatning
o‘zaro aloqadorligi tarjima sifatini belgilovchi asosiy omillardan biri hisoblanadi.
Tarjimada madaniy komponentlarni yetarli darajada hisobga olmaslik semantik
yo‘qotishlar va kommunikativ noaniqliklarga olib keladi. Shu bois
lingvokulturologik yondashuv tarjimashunoslik tadqiqotlarida ustuvor metod
sifatida qaralishi lozim.
Mazkur tadqiqot natijalaridan kelib chiqib, quyidagi ilmiy-amaliy takliflar
ilgari suriladi:
Birinchidan, tarixiy va badiiy asarlarni tarjima qilishda madaniy birliklar
uchun maxsus izohli lug‘atlar va elektron korpuslar yaratish zarur. Bu
tarjimonlarga realiyalar va tarixiy terminlarni to‘g‘ri talqin qilishda yordam beradi.
Ikkinchidan, tarjimonlarni tayyorlash tizimida lingvokulturologik
kompetensiyani rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish lozim. Tarjimon nafaqat
ikki tilni bilishi, balki ularning ortida turgan madaniy tizimlarni ham chuqur anglay
olishi kerak.
Uchinchidan, “Firdavs-ul-iqbol” kabi asarlarni tarjima qilishda
kombinatsiyalangan strategiyalarni qo‘llash (transliteratsiya + izoh + kontekstual
moslashtirish) eng samarali yondashuv sifatida tavsiya etiladi.
To‘rtinchidan, tarjima jarayonida madaniy realiyalarni umumlashtirishdan
imkon qadar qochish, aksincha, ularni izohlash orqali saqlab qolish maqsadga
muvofiq.
Beshinchidan, kelgusida ushbu yo‘nalishda qiyosiy tadqiqotlarni kengaytirish,
turli tillarga qilingan tarjimalarni solishtirish asosida universal va milliy tarjima
strategiyalarini ishlab chiqish zarur.
Xulosa qilib aytganda, til, madaniyat va tarjimaning o‘zaro ta’siri masalasi
tarjimashunoslikning markaziy muammolaridan biri bo‘lib, uni chuqur o‘rganish
ilmiy va amaliy jihatdan muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur tadqiqot ushbu
yo‘nalishda olib boriladigan keyingi izlanishlar uchun nazariy asos va metodologik
yo‘nalish sifatida xizmat qilishi mumkin.
FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR RO‘YXATI:
1. Eugene Nida (1993). Language, Culture and Translating. – Shanghai:
Shanghai Foreign Language Education Press, – P.200
2. Firdavs-ul-iqbol (nashr yili ko‘rsatilmagan). – Toshkent: Sharq, – B.300
3. Маслова В. (2001). Лингвокультурология. – Москва: Академия, –
Б.208
4. Мусаев Қ. (2000). Тилшунослик назарияси асослари. – Тошкент: Фан,
– Б.256
5. Очилов Э. (2010). Бадииий матн лингвистикаси. – Тошкент:
Akademnashr, – Б.180
6. Peter Newmark (1988). A Textbook of Translation. – London: Prentice
Hall, – P.292
7. Рахматуллаев Ш. (2006). Ҳозирги ўзбек адабий тили лексикологияси.
– Тошкент: Университет, – Б.220
8. Саломов Ғ. (1983). Таржима назариясига кириш. – Тошкент:
Ўқитувчи, – Б.120
9. Usmanova G. Sh. (2025). “Firdavs ul-iqbol” asaridagi tarixiy-madaniy
leksikani tarjima qilishda lingvomadaniy xususiyatlar. Fan, ta’lim, madaniyat va
innovatsiya jurnali | Journal of science, education, culture and innovation, 4(10),
130-134.
10. Usmanova G.Sh. (2026). Theoretical foundations of the concept of culture
in modern translation studies. In International journal of artificial intelligence Vol.
6, Number 03, pp. 1080-1084.
11. Usmanova G.Sh. Theoretical foundations of the concept of culture in
modern translation studies. https://doi.org/10.5281/zenodo.1926040
12. Wilhelm von Humboldt (1988). On Language: The Diversity of Human
Language Structure. – Cambridge: Cambridge University Press, – p.326
REFERENCES:
1. Eugene Nida (1993). Language, Culture and Translating. – Shanghai:
Shanghai Foreign Language Education Press, – P. 200. (in English)
2. Firdavs-ul-iqbol (nashr yili ko‘rsatilmagan). – Toshkent: Sharq, – B. 300.
(in Uzbek)
3. Maslova V. (2001). Lingvokulturologiya. – Moskva: Akademiya, – B. 208.
(in Russian)
4. Musayev Q. (2000). Tilshunoslik nazariyasi asoslari. – Toshkent: Fan, – B.
256. (in Uzbek)
5. Ochilov E. (2010). Badiiy matn lingvistikasi. – Toshkent: Akademnashr, –
B. 180. (in Uzbek)
6. Peter Newmark (1988). A Textbook of Translation. – London: Prentice
Hall, – P. 292. (in English)
7. Rahmatullayev Sh. (2006). Hozirgi o‘zbek adabiy tili leksikologiyasi. –
Toshkent: Universitet, – B. 220. (in Uzbek)
8. Salomov G‘. (1983). Tarjima nazariyasiga kirish. – Toshkent: O‘qituvchi, –
B. 120. (in Uzbek)
9. Usmanova G. Sh. (2025). “Firdavs ul-iqbol” asaridagi tarixiy-madaniy
leksikani tarjima qilishda lingvomadaniy xususiyatlar. Fan, ta’lim, madaniyat va
innovatsiya jurnali | Journal of science, education, culture and innovation, 4(10),
130-134. (in Uzbek)
10. Usmanova G.Sh. (2026). Theoretical foundations of the concept of
culture in modern translation studies. In International journal of artificial
intelligence Vol. 6, Number 03, pp. 1080-1084. (in English)
11. Usmanova G.Sh. Theoretical foundations of the concept of culture in
modern translation studies. https://doi.org/10.5281/zenodo.1926040 (in English)
12. Wilhelm von Humboldt (1988). On Language: The Diversity of Human
Language Structure. – Cambridge: Cambridge University Press, – p. 326. (in
English)